OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Konfutsiy hikmatlari

 Ustoz aytardi:
—    Ota-onangizning xizmatini ado etayotganda, ularga ohista so’ylang. Agar ular sizning aytganlaringizni qilishni istamayotganliklarini ko’rsangiz, bari bir tavozeda turavering va odob qoidalarini buzmang. Hatto qon yutib turgan bo’lsangiz ham, koyinganingizni bildirmang.

Xitoydagi ilm-fan taraqqiyotida Konfutsiy va uning maktabi alohida ahamiyatga ega. Uning Xitoy falsafasi tarixida tutgan o’rnini Suqrotning yunon falsafasi tarixidagi o’rnigagina qiyoslash mumkin, xolos.

Konfutsiy miloddan ilgari taxminan 551—471-yillarda yashagan. Uning butun dunyoda mashhur bo’lgan nomi «kun» va «futszi» so’zlari asosida yasalgan «Kun» hozirgi vaqtda familiyani anglatuvchi so’z bo’lsa, «fu» faylasuf, «szi» o’qituvchi ma'nolarini ifodalovchi so’zlardir. Ya'ni Konfutsiy «falsafa o’qituvchisi» degan so’zlarning familiya maqomini olgan shaklidir.
Konfutsiy yashagan davrdan «To’rt asos» va «Besh asos» degan ulkan yozma yodgorliklar saqlanib qolgan. «Besh asos» Konfutsiyga qadar yaratilgan «Qo’shiqlar kitobi», «Taomillar kitobi» («Marosimlar kitobi»), «Rivoyatlar kitobi» va «Folbinlik kitobi» («o’zgarishlar kitobi») singari qismlardan iborat bo’lgan. Lekin bu kitoblarning barchasi konfutsiylik ta'limoti asosida qayta ishlangan va Konfutsiy ta'limotining mohiyatini ochishga xizmat qilib kelgan. «To’rt asos» esa Konfutsiy «Hikmatlar»idan tashqari, «Menszi» («Men-muallim»), «Buyuk ta'limot» va «Oraliq haqidagi ta'limot» sin-gari Konfutsiy shogirdlarining hikmatli so’zlaridan tashkil topgan. 
Konfutsiy ta'limoti markazida «muruwatli zot» turadi. U hukmron tabaqaning ideal vakili bo’lib, Konfutsiy ta'limoti yordamida o’zida jamiyat farovonligini ta'minlay va ma'naviy asoslarini ifodalay oladigan olijanob fazilatlarni shakllantirgan. Konfutsiy «Hikmatlar»i «muruwatli zot»ning shunday yuksak insoniy fazilatlarini aks ettiradi.
Aniqroq aytsak, bu zot oliy hukmdorga nisbatan chuqur ehtiromli, xalqqa esa muruwatli bo’luvchi, butun kuch va qobiliyatini jamiyat oldidagi burchini oqlashga, milliy urf-odat va an'analarning to’la-to’kis bajarilishini ta'minlashga sarf etuvchi kishidir. Shuning uchun ham uning o’gitlari, pand-u nasihatlari Xitoyda hanuzga qadar e'zozlanib va qadrlanib keladi.


* * *

Men Sun ustozdan farzandlik burchi nima, deb so’radi. Ustoz javob berdi:
—    Tuzukdan chiqmaslik.
Fan Chi ot aravani haydab borardi, shunda Ustoz aytdi:
—    Men Sun mendan farzandlik burchi nima, deb so’radi. Men unga: tuzukni buzmaslikdir, deb aytdim.
—    Buning ma'nosi nima? — deb so’radi Fan Chi.
Shunda Ustoz javob berdi:
—    Ota-ona tirikligida ularga yaxshi xizmat qilmoqdir. Qazo qilsalar — ko’mib kelmoq va zarur rasm-rusumlarni ado etmoqlikdir.

* * *

Ustoz aytardi:
—    Agar o’qisang-u o’ylamasang — chalkashib qolasan. Agar o’ylasang-u o’qimasang — shubha-gumonlar tagida qolib ketasan.

* * *

Ustoz aytardi:
—    Ota-onangiz tirik ekan, ulardan uzoq ketmang. Agar borish zarur bo’lib qolsa, qayerga borishingizni ularga malum qilib keting.

* * *

Ustoz aytardi:
— Qadimlarda kam so’ylashardi, o’z so’zlarining ortidan yetolmay qolishdan qo’rqishardi.

* * *

Ustoz aytardi:
—    Ehtiyotkor odamlar kamdan-kam xato qiladilar.

* * *

Ustoz aytardi:
—    Munosib xulqli kishi so’zlarni shoshilmasdan so’ylagani ma'qul va ishlarni jadal ado etmog’i afzal.

* * *

Muallim aytdi:
— O‘qish va doim barkamollikka intilish yaxshi emasmi? Uzoqdan do‘stlaring kelsa, quvonmaysanmi?

* * *
Muallim shunday dedi:
— Gapga chechanlik va yoqimli chehra hamma vaqt ham insoniy fazilatni bildiravermaydi.

* * *
Muallim aytardi:
— Agar olijanob odamda qat’iyat yetishmasa, unda salobat ham bo‘lmaydi, demak, u bilim olishga ishtiyoqmand emas. Muhimi — halol va to‘g‘ri so‘zli bo‘l, maslakdosh bo‘lmaganlar bilan do‘stlashma va kamchiliklaringni tuzatishdan qo‘rqma.

* * *
Muallim dedi:
— Agar olijanob kishi ovqat payti nafsini qondirishni o‘ylamasa, uydaligida saranjom-sarishtalik haqida bosh qotirmasa, ish jarayonida abjir bo‘lsa, o‘ylab gapirsa va yo‘lini topib olganlar bilan yaqinlashib, o‘zini o‘nglab olsa, undaylar o‘qishni yaxshi ko‘rganlardan sanaladi.

* * *
Muallim aytdi:
— Odamlarning seni bilmaganligiga xafa bo‘lma, balki o‘zing odamlarni bilmaganliging uchun xafa bo‘l.

* * *
Konfutsiyning shogirdi Sziyu, “Farzand odobi nima?” deb so‘radi.
Muallim javob qildi:
— Hozir farzand odobi, deganda faqat ota-onalarga mehr ko‘rsatish, ularga qarash tushuniladi. Hayvonlar ham parvarish qilinadi-ku. Izzat-ikrom ko‘rsatilmaydigan bo‘lsa, bu ikkisida farq bo‘lmaydi.

* * *
Muallim aytdi:
— Odamgarchilik bor joyda — hamma narsa go‘zal. Qanday qilib aqlli odam imkoni bo‘la turib, bu joylarga tashrif buyurmasin?

* * *
Muallim aytdi:
— Odamgarchilikka intilish insonni barcha yomonliklardan qaytaradi.

* * *
Muallim aytdi:
— Har kim o‘zining g‘arazgo‘yligi tufayli adashadi. Odamning xatosiga qarasang — uning odamgarchilik darajasini bilib olasan.

* * *
Muallim aytdi:
— Olijanob inson xayrixohlik ko‘rsatishga intiladi, avom odam o‘z yerini sog‘inadi. Olijanob inson jazolanishni afzal ko‘radi, avom odam rahm-shafqatga umid qiladi.

* * *
Muallim aytdi:
— O‘z o‘rningni topa olmasang, g‘am yema. Kamol topmaganliging haqida qayg‘urgin. Seni hech kim tanimasa, g‘am yema, ammo mashhur bo‘lish uchun doimo intil.
* * *
Muallim aytdi:
— Ota va onaning yoshini bilmaslik mumkin emas; bu o‘g‘il uchun ham quvonch, ham tashvish.

* * *
Muallim aytdi:
— Og‘ir, bosiq odamning xatosi ham kam bo‘ladi.

* * *
Muallim aytdi:
— Olijanob kishi sodda gapirishga, mohirlik bilan ishlashga intiladi.
 
* * *
Muallim aytdi:
— Yaxshi fazilat yolg‘iz bo‘lmaydi, albatta, uning qo‘shnisi ham bo‘ladi.
 
* * *
Muallim aytdi:
— Men hozircha mustahkam, bukilmas irodali odamlarni uchratmadim.
Kimdir aytdi:
—Shogirdingiz Shen Chen...
Muallim e’tiroz bildirdi:
— U shuncha ko‘p narsani xohlaydiki, qanday qilib irodali bo‘lsin!

* * *
Jan Syu aytadi:
— Sizning yo‘lingiz menga yoqadi, lekin mening kuchim yetmaydiganga o‘xshaydi.
Muallim aytdi:
— Kuchi yetmaganlar yarim yo‘lda qolib ketadi. Sen bo‘lsang, hali qadam tashlaganing ham yo‘q.


* * *

Yan Yuan haqiqiy odamiylik nima, deb so’radi.
—    Odam o’zini tuta bilishi va adab taomillariga rioya etishi kerak, — deb javob berdi Ustoz, — mana shu chinakam odamiylik bo’ladi. Bir safar o’zingni tutishga o’rgansang va adabga rioya qilgan holda harakat qilsang, shunda butun Osmon seni odamiy ekan, deb ataydi. Odamiy bo’lish yoki bo’lmaslik faqat kishining o’zigagina bog’liq, — axir bu narsa boshqalarga bog’liq bo’lishi sira aqlga to’g’ri keladimi?
—    Marhamat qilib ayting-chi, bunga qanday erishsa boiadi?
Ustoz aytdi:
—    Adabga zid narsalarga qaramang. Adabga zid narsalarni eshitmang. Adabga xilof narsalarni gapirmang. Adabga xilof narsalarni qilmang.

Qornini o‘ylamas olijanob shaxs,
Faqat o‘z tinchini ko‘zlab yashamas.
Shaxdam xizmat qilar, gapi — ma’noli,
Ulug‘ yo‘lga o‘zin tayyorlar doim,
Desa bo‘lar uni a’lo o‘quvchi.

* * *

Tashvish chekma, tanimasa seni odamlar,
Tashvish chekkin odamlarni tanimaslikdan.

* * *

Kim ezgulik yo‘li bilan ish tutar ekan,
U o‘xshaydi xuddi shimol Qutb yulduziga.
O‘z o‘rnida nur sochadi, muqim, ulug‘vor,
Porlab turgan yulduzlarning orasida u.

* * *

Faqat rahm-shafqatli odam
Boshqalarni chin dilidan seva oladi,
Yomonlardan esa nafrat qila oladi.
Intilinsa rahmu shafqatga
Qolmas bu dunyoda yovuzlik.

* * *

Hayotda o‘rnim yo‘q deb aslo chekma g‘am,
O‘zingni barqaror etmoqqa tirish.
Agar seni hech kim tanimasa ham
Ko‘pchilikka mashhur bo‘lishga kirish!

* * *

Ota va onangga qilganda xizmat,
Qilmagin ularga pandu nasihat.
Neni xohlasalar etgin jo-bajo,
So‘zlari yoqmasa jerkima aslo.

Ota-onang hali hayot bo‘lgan choq,
Sira keta ko‘rma ulardan uzoq.
Mabodo ketsang ham aniq joyda tur,
Izlatma o‘zingni bo‘lsang gar zarur.

* * *

Chirigan yog‘ochga naqsh solib bo‘lmas,
Devorni go‘ng bilan oqlab bo‘lmaydi.
Beg‘am shogirdga ham behudadir pand.

* * *

Oldinlari odamlar-la aloqada men
Gaplariga ishonardim va’da berishsa.
Endi esa odamlar-la aloqada men
Gaplarini tinglaymanu kutib turaman —
Toki ular va’dalarin qilguncha ado.
Bu odatga olib kelgan — beg‘am shogirdim.

* * *

Keksalarni doim izzat-hurmat qil,
Vafodor do‘stingga hamisha ishon.
O‘zingdan kichikni ko‘rsang — aziz bil,
Xato qilsang dildan bo‘lgil pushaymon.

* * *

Evoh, ezgulikning holi parishon,
Bilimga intilish ko‘rinmas hamon.
To‘g‘ri yo‘l ko‘rsatsang yurmaydi birov,
Illatlar insonning yo‘lidadir g‘ov.

* * *

Dili kuymaganga bermayman ta’lim,
Hayratga tushmagan ololmas bilim.
Bir burchakda turib qolganin ko‘rmas,
Bundayni o‘qitish foydasi bo‘lmas.

* * *

Yo‘qni bor deyilsa — bu qanday odat,
Bo‘shni to‘la demoq — shumi saodat?
Faqirlikni — boylik, jafoni vafo,
Bunga ne demoqlik kerak, ajabo?

* * *

Naqadar buyukdir Yao podshoh!
Qanchalar sarbaland, ulug‘vor!
Aslida eng baland Osmon-ku,
Go‘yoki ko‘kkacha yetgulik boshi.

Yo‘q nihoya salobatiga.
Ta’rifiga topilmaydi so‘z,
Uning a’moli ham yuksak va ulug‘,
Ma’rifat yo‘lidan taraladi nur!
            
* * *

Doim samimiy bo‘l, intil bilimga,
Takomil yo‘liga tikkil shirin jon.
Yo‘llar bos, bakor kel yurtu elingga,
Bekor o‘zni o‘tga urma hech qachon.

* * *

Uchib kelmayotir baxt qushi — Humo,
Daryo ham ko‘rsatmas yaxshilik — nishon,
Demakki mening ham kunim bitmoqda!

* * *

Sadoqat, soflikni muhim deb bilgil,
Do‘stligu vafoga sen rioya qil.
Ammo do‘st bo‘lmagin tenging bo‘lmasa,
Xatoyu nuqson-la qilma murosa.

She'rlarni rus tilidan Muxtor Xudoyqulov tarjima qilgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.