OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nagarjuna

NAGARJUNA
(Taxminan 113-213 yillar)


Nagarjuna Qadimiy Hindistonning Kucha shahrida istiqomat qiluvchi aslzoda xonadonlarning birida dunyoga keldi. U to‘qqiz yoshidan boshlab Shimoliy Hindiston, Qashqar, Yorkent hamda Kucha shaharlarida budda aqidalari va ta’limotidan saboq oldi.
Nagarjuna yoshlik chog‘ida Kashmir-Gandxar viloyatidagi ibodatxonada rohiblikni qabul qiladi.
Shunisi qiziqki, bir nechta tarixiy shaxslar — turli oqimga mansub faylasuflar, afsungarlar, kimyogarlar, hakimlar va ba’zi qo‘lyozma asarlar mualliflari o‘zlarini Nagarjuna deb atashgan.
Afsuski, hanuzgacha «Birinchi Nagarjuna kim edi, u hayotiy shaxsmi yoki afsonaviy timsolmi?» — degan savolga oydinlik kiritilmagan.
Ba’zi taxminlarga qaraganda birinchi Nagarjuna Hindistonning janubida faoliyat ko‘rsatgan.
Nagarjuna g‘ayritabiiy ruhiy imkoniyatlar sohibi bo‘lish bilan bir qatorda fanning kimyo, tabobat, ilmi nujum, tabiatshunoslik, ma’danshunoslik kabi sohalarini puxta egallagandi.
U umrining ko‘p qismini sayyohlikda o‘tkazgan. Manbalarda yozilishicha, u muhabbat ilmi va yosharish san’atiga oid qator qo‘lyozmalarning muallifidir.
Nagarjuna «ilm g‘ildiragini ikkinchi bor burab yuborgan» donishmand sifatida «Ikkinchi Budda» deb atalgan.


* * *
Bu dunyoda «paydo bo‘lish» degan tushuncha yo‘q. Chunki mutlaq yangi narsani anglab ham, tushunib ham bo‘lmaydi. Chindanam har qanday «yangilik» «eski» narsalar qatoridagi yoki «eskilik»dan yaralgan voqelikdir. Endi ayting-chi, «eskilik»dan yaralgan narsani «yangilik» deb atash mumkinmi? Axir, u doimo mavjud bo‘lgan-ku?

* * *
O’limning muqarrarligi va jon taslim qilish azobini ko‘rganingizda tiriklik halovatiga erishish uchun yovuzlik qilmaslik zarurligini anglang.
* * *
Mehribon, maslahatgo‘y ustozlarni ular nimalardan voz kechganlariga qarab ajratib olish mumkin. Ulardagi shukronalik, hamdardlik, axloqiylik va qalban his etish g‘am-g‘ussaning yo‘lini to‘suvchi vositalardir.

* * *
Boyligingni huzur-halovat yo‘lida sarflasang, bu dunyoda farog‘atga erishasan. Agar uni xayr-ehsonga sarflasang, u dunyoda — o‘limingdan so‘ng rohatini ko‘rasan. Demak, azob-uqubat huzur-halovatga erishish yoki xayr-ehson qilishning imkoni yo‘qligi tufayli paydo bo‘ladi.

* * *
Saxiylik va axloqiylikdan atrofingdagilar foyda olsa, sabr-toqat va qat’iylik o‘zingga manfaat keltiradi.

* * *
Taomni noto‘g‘ri tanlab, bemavrid tanovul qilgan odam halokatga yuz tutadi, to‘g‘ri ovqatlanish evaziga esa umruzoqlik, salomatlik, kuch-quvvat va huzur-halovatga erishadi. Ilm olish jarayonini ham shunga qiyoslash mumkin. Ya’ni, ilmsiz kishilarning halokatga uchrashlari muqarrar, ilm egalari esa ma’rifatga yuz tutib, rohat-farog‘atda yashaydilar.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.