OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xulq-atvor to‘g‘risida

Madaniyat to‘g‘risidagi tushuncha nihoyatda keng — u yuz yuvishdan tortib, inson tafakkurining eng yuksak cho‘qqilarigacha boradi.
M.I. KALININ

Inson o‘z ishlarining in’ikosidir.
F. SHILLER

Inson o‘zining qator xulq-atvoridan boshqa narsa emas.
G. GEGEL

Inson — xulq-atvor jarayonidir.
A. GRAMSHI

Aqli ravshan, axloqiy pok va jisman ozoda bo‘lish kerak.
A. P. CHEXOV

Ynsonda hamma narsa: yuz ham, kiyim ham, qalb ham, fikr ham go‘zal bo‘lishi lozim.
A.P. CHEXOV

Xulq — har kim o‘z qiyofasini ko‘rsatadigai ko‘zgudir.
I. GYOTE

Dunyo — bir ko‘zgu, u har kimning qiyofasini aks ettirib beradi.
U. TEKKEREY

Faqat qilingan ishlarga qarab biz ichki kechinmalar, o‘y-xayollar, faoliyat va boshqa his-tuyg‘ular to‘g‘risida fikr yuritamiz.
K. GELVETSIY

Jamiyat kishilarning fazilatini faqat ularning xulq-atvoriga qarab belgilaydi.
K. GELVETSIY

Har qanday odob o‘zining ichki negiziga ega.
I. GYOTE

Kishilar jiddiy ishlarda o‘zlarini yaxshi ko‘rsatishga urinadilar; mayda ishlarda esa qiyofalarini namoyon etadilar.
N. SHAMFOR

Odamlar g‘oyalar bilan emas, xulq-atvor bilan yashaydilar.
A. FRANS

Dono kishilarning xulq-atvori — aqldan,    o‘rtamiyona odamlarniki — tajribadan, o‘ta nodonlarniki — noilojlikdan, jonivorlarniki esa — tabiatdan yuzaga keladi.
SITSERON

Odamlarning xulq-atvori kitobdagi izohlar singari ularning eng muhim fazilatlarini belgilab beradi.
D. TOMAS

Ahmoqona xatti-harakatlar pastkashlik,    xavf-xatarsiz qilingan ezguliklar esa oddiy bir holdir. Hayotini xavf ostida qoldirsa ham ulkan va ulug‘ ishlarni qilgan odamgina yaxshi odamdir.
PLUTARX

Faqat aqli va qalbi toza kishigina to‘la ma’nodagi yaxshi va ishonchli odamdir.
K. D. USHINSKIY

Kishilar qusur va fazilatlarimiz xulq-atvorimizdan bilinib turadi, deb o‘ylaydilar-u, ammo o‘sha qusur va fazilatlar har bir daqiqada o‘zini sezdirib turishini esa payqamaydilar.
R. EMERSON

Eng kichik, eng arzimas, eng sezilmas ishimizda ham bizning butun xarakterimiz ko‘rinadi; ahmoqning kirib-chiqishi ham, o‘tirib-turishi ham, sukut saqlashi ham, faoliyati ham aqlli kishinikiga o‘xshamaydi.
J. LABRUYER

Ko‘ylak belni ixchamlashtirib turganidek xatti-harakat ham axloqni oshkor qiladi.
F. BEKON

Odob — jamiyat qonunlari ichida eng ahamiyatlisi va eng hurmatga sazovoridir.
F. LAROSHFUKO

Faqat san’atdagina emas, insonning barcha ishlarida ham nafosat talab etiladi.
ERAZM ROTTERDAMSKIY

O’zingni odob qoidalariga rioya qilishdan xoli tutishing nuqsonlaringni erkin namoyon etishing uchun vosita izlayotganing bo‘lmasin tag‘in?
Sh. MONTESKYE

Bebosh xulq-atvor doimo bebosh printsiplarga olib keladi.
S. SMAYLS

Sotsial buzuqlik o‘zi rivojlanayotgan sotsial muhitdan rang oladi.
O. BALZAK

Nimaiki yaxshi bo‘lsa hurmatga sazovordir, hurmatga sazovor narsa har doim yaxshidir.
SITSERON

Xayrli ishlarning yana bir afzalligi shundaki, u qalbni yuksaltiradi va uni yanada ezgu ishlarga moyil qilib qo‘yadi.
J. J. RUSSO

Yaxshi xulqlar mayda fidoyiliklardan tashkil topgan.
R. EMERSON

Yaxshi ishda doimo saxovat haj, o‘sha ishni qilishga kuch ham yetarli bo‘ladi.
Sh. MONTESKYE

Doimo biror ish qilishni juda istagan paytingda to‘xtab, istayotgan ishing yaxshi-yomonligini o‘ylab ko‘r.
L. N. TOLSTOY

Ishni o‘ylab ko‘rguncha ikkilan, o‘ylab ko‘rgach, dadil bo‘l.
L. N. TOLSTOY

Sening har bir xulq-atvoring boshqa kishilarga ta’sir etadi; yoningda inson borligini unutma.
V. A. SUXOMLINSKIY

Xatti-harakatlar — fikrlar mevasidir. Fikr teran bo‘lsa — ishlar ham yaxshi ko‘chadi.
B. GRASIAN

Yaxshi o‘ylasang, fikrlar pishib ezgulikka aylanadi.
L. N. TOLSTOY

Qilish lozim bo‘lmagan ishni xayolingda ham qilma.
EPIKTET

Kishi biror xushaxloq ish qilib qo‘ygani bilan himmatli bo‘lib qolmaydi; uning shu xush-axloqi xarakterining doimiy belgisiga aylangandagina u himmatlidir.
G. GEGEL

Fazilatlilik shundaki, yaramas niyatlardan voz kechish emas, balki ulardan mutlaqo holi bo‘lish kerak.
B. SHOU

Aql nuri bilan yoritilmagan ezguliklar ham zarar keltirishi mumkin.
O. BALZAK

Inson farishta ham, hayvon ham emas, uning baxtsizligi shundaki, u farishta bo‘lishga qancha ko‘p urinsa, shuncha ko‘p hayvonga aylana boradi.
B. PASKAL

Inson o‘z himmatini haddan tashqari oshirib yuborsa ham uni nuqsonlar qurshab ola boshlaydi.
B. PASKAL

Har qanday ezgulik oshirib yuborilgan hamono illatga aylanadi.
F. KOLLER

Har qanday oshirib yuborish cheklanganlik egizagidir.
V. G. BELINSKIY

...Har qanday oshirib yuborishlar nomaqbuldir; har qanday yaxshilik va foydali narsa ham oshirib yuborilsa, ma’lum chegaradan o‘tgach, yomonlik va ziyonga aylanishi mumkin va albatta aylanadi.
V.I. LENIN

Insondagi nuqsonlar xuddi uning afzalliklari davomiga o‘xshaydi. Ammo agar fazilatlar keragidan ortiq davom etsa, keraksiz vaqtda va keraksiz joyda ko‘zga tashlansa ular nuqsondir.
V. I. LENIN

Har bir kishida va uning yurish-turishida har    doim o‘zingni ko‘rishing mumkin.
L. N. TOLSTOY

Boshqalarning xulq-atvorini muhokama qilayotib, o‘z xulqingni esla.
L. N. TOLSTOY

Boshqa odamlarda xush ko‘rmagan odatlardan o‘zing ham ehtiyot bo‘l.
KATTA KATON

Uxlamoqchi bo‘lganingda kun bo‘yi qilgan barcha ishlaringni bir aniqlab olmaguncha ko‘zingni yumma.
PIFAGOR

Qo‘rqib emas, burch tuyg‘u    haqqi bema’ni ishlardan tiyilish lozim.
DEMOKRIT

Ezgulikda yashashimiz uchun biz doimo o‘z-o‘zimiz bilan kurash olib bormog‘imiz kerak.
J. J. RUSSO

Begunoh bo‘lish — aybsiz bo‘lish degan so‘z, marhamatli bo‘lish esa yaramas tuygularing va niyatlaringni yengib o‘tishing demakdir.
U. PENN

Himmat — nuqsondan o‘zingni tiyishing emas, unga intilmasligingdir.
B. SHOU

Yaxshilikning foydasi shu qadar ravshanki, hatto yaramas odamlar ham naf ko‘rib qolishni ko‘zlab yaxshilik qiladilar.
L. VOVENARG

Axloqiy nopokliging o‘zingga-o‘zing nafrat bilan qara-shing belgisidir.
APULEY

Yaxshilar ketidan agar choparsan,
Istaging baxtingni shunda toparsan.
SA’DIY

Yaxshiga yaxshi bo‘l, yomonga yomon,
Gulga gul bo‘lginu tikanga tikan.
SA ‘DIY

 Iflos pashsha butun devorni bulg‘ashi, arzimas iflos qiliq esa butun ishni buzishi mumkin.
A. P. CHEXOV

To‘kilgan obro‘ singan guldonga o‘xshaydi — uni chegalash mumkin, biroq darz joylar doimo ko‘rinib turadi.
B. SHOU

Ko‘p yaxshiliklarni yo‘qqa chiqarish uchun ozgina nuqson yetarlidir.
PLUTARX

Bema’ni ishning zarari shundaki, u o‘z ichida yangi qabihliklar urug‘ini yashirgan bo‘ladi.
F. SHILLER

«Hamma shunday qiladi-ku» degan so‘zlar bilan yo‘ldan ozdirish og‘ir kulfatlarni boshga soladigan eng oddiy soxtagarchilikdir.
L. I. TOLSTOY

O’zgalarning yaramas ishlarini pesh qilish mag‘zavada yuvinishdir.
J. PETI-SAN

Aqlli odam o‘zgalar aybini ko‘rib, o‘z kamchiligini yo‘qotadi.
PUBLILIY SIR

Sening qandaydir noto‘g‘ri ishlaringni hech kim bilmasligini istasang, bunday ishlarni hech qachon qilma.
R. EMERSON

Be’mani ish uni qilgan paytda emas, balki oradan vaqt o‘tgach, uni eslaganimizda bizg‘a azob beradi, chunki uning jarohati ketmaydi.
J. J. RUSSO

Bizni hech narsa nuqsonlarimizdek kishanlay olmaydi.
O. BALZAK

Aybi ko‘p kishining hokimi ham ko‘p.
F. PETRARKA

Har qanday bo‘lmag‘ur ishning aybdor yelkasiga tushiradigan qamchisi bor.
V.O. KLUCHEVSKIY

Adolatsiz ishning oldini olish lozim. Agar bunday qila olmasak, loaqal adolatsiz ishga yordam bermasligimiz kerak.
DEMOKRIT

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.