OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ko‘rlar qishlog‘i

Tog‘u toshlarni, qir-adirlarni kezishni yoqtiradigan bir ko‘zi ko‘r odam bor edi. Bir kuni, xilma-xil rangdagi g‘alati bir qishloqni ko‘rib qoldi. Qishloqqa yaqinlashdi. Bu yerning yo‘llari, uylari va hatto u yerda yashovchi aholi ham ajabtovur edi. Buning boisini qishloqqa kirgach, tushundi. Bu yer ko‘rlar qishlog‘i edi. Erkagu ayolning, hatto bolalarning ham ko‘zlari yumiq edi... Odam shu yerda yashashga qaror qildi. 
–    Hech bo‘lmasa, mening bitta ko‘zim bor. “Ko‘rlar o‘lkasida g‘ilaylar qirol
bo‘ladi”, deydilar. Men ham bularga boshliq bo‘lib yashayveraman, – deb o‘yladi.  
Ko‘rlarning ko‘zi bo‘lmasa-da, qo‘llari, quloqlari, burunlari juda sezgir edi. O’zlari o‘ylab topgan qonunlar asosida yashar edilar. Odam ularning xatti-harakatlarini kuzatar ekan, hayron qolardi. Chunki, gapirishlari, yurishlari tamoman boshqacha edi. 
    Bir kuni ko‘rlardan bittasi sherigining narsasini o‘g‘irladi. Buni ko‘rib turgan bir ko‘zli odam: “Falonchi falonchining narsasini o‘g‘irladi” deya baqirdi. Buni eshitgan ko‘rlar:
–    Qaerdan bilding? Shuncha uzoqdan eshitilmaydi-ku, – dedilar. Shunda u:
–    Men eshitganim yo‘q, ko‘rdim. Men ko‘ra olaman, – dedi. Ko‘rlar esa na
ko‘zni, na ko‘rishni bilishardi. Ancha bo‘lgan edi bu hisni unutib yuborganlariga.
–    “Ko‘raman” deganing nimasi? Qanday qilib ko‘rasan? Ya’ni
eshitilmaydigan masofadan nima bo‘layotganligini bilib turasanmi? – deb so‘radilar. 
–    Albatta, –  dedi odam.  
–    Senga ishonmaymiz. Imtihondan o‘tishing kerak, – deyishdi ko‘rlar. Va
odamni o‘zlari turgan joydan ancha uzoqroqqa olib borishdi. Bu masofadan hech nima eshitilmasligi ularga ayon edi.
–    Ayt-chi, biz hozir nima qilyapmiz? – deb so‘rashdi. 
–    O’tirib gaplashyapsizlar. Falonchi o‘rnidan turdi, bu qo‘lini qimirlatdi.
Mana bunisi esa, oyog‘ini qimirlatdi, – dedi odam. Shu payt ko‘rlar bir uyning ichiga kirib dodlashdi va:
–    Endi-chi?.. – deyishdi. 
–    Ichkariga kirdingiz, ko‘rolmayapman...
Ko‘rlar  buning farqiga bormagani uchun:
–    Ichkariga kirsak, nima bo‘pti? Bor yo‘g‘i ellik santimetr farq qiladi.
–    Ayt-chi endi, – dedilar va:
–    Sen bizni laqillatyapsan.  Boya tasodifan to‘g‘ri chiqdi. Mana endi aytolmayapsan. 
–    Tashqariga chiqing, aytaman, – dedi odam. 
–    Shuncha uzoqdan eshitganingdan keyin; xoh ichkarisi xoh tashqarisi bo‘lsin
nima farqi bor...
–    Men eshitmayapman, men ko‘ryapman, – der edi odam.
–    Bo‘lishi mumkin emas. Senda nuqson bor. G’alati gaplarni gapiryapsan.
Seni tabibga ko‘rsatib, davolash kerak, – deya odamni apil-tapil qishloq tabibiga olib bordilar. Tabib ham ko‘rlardan edi. Qo‘llari bilan paypaslab, odamni tekshira boshladi. Barmoqlarini uning yuzida aylantirdi. Va nihoyat:
–    Topdim.  Mana bu yerda nuqson bor ekan, – deya uning ochiq ko‘zini nazarda
tutardi, tabib. – Shuning uchun ham g‘alati gaplarni gapirgan. Qolgani mening ishim, uni o‘zim davolayman, –  deya ishga kirishib ketdi. 
Ko‘rlar qishlog‘iga hokim bo‘lishni niyat qilgan odam zo‘rg‘a u yerdan qochib qutildi.  
Ko‘rlar ko‘zi ochiqlarni bilmaydilar. Shuning uchun ham, bir ko‘zi ochiq odamni o‘zlariga o‘xshatmoqchi bo‘ldilar. 

Turk tilidan Sumayro, Muna Xolmurodovalar tarjimasi
 “Sirli, ibratli va hayotiy voqealar” kitobidan

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.