OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tole’siz mushtumzo‘r

Bir mushtumzo‘r bor edi. Hayotini urish bilan o‘tkazardi. Afsuski, omadi hech kulmadi. Ishlari chappasiga ketib, ancha qiynaldi. Biron chorasini topish uchun qattiq harakat qildi. Oxiri bir qarorga kelib otasiga:
–Sayohatga  chiqib uzoqlarga ketmoqchiman. Balki o‘sha joylarda bilagimdagi kuch bilan xohlagan ishimni qilib murodimga yetarman, – dedi. Otasi: 
–O’g‘lim! – dedi. Bekorchi xayollarni miyangdan chiqarib tashla-da, boriga shukr qil. Kattalar, “Saodat tirishganing bilan bo‘lmaydi, uning chorasi bir ozgina jo‘shib toshmoqlikdir” deganlar.
Mushtumzo‘r:
–Ammo, ota... – dedi. Yo‘lning foydalari ko‘pdir. Ko‘ngilni xushlamoq, foydali narsalarni o‘rganib, ajoyib narsalarni ko‘rmoq, eshitilmagan narsalarni tinglab shaharlarni kezmoq, do‘stlar bilan suhbatlashish, obro‘ orttirish, mol-dunyo va do‘st og‘iyni orttirish, omadni sinab ko‘rish kabi... Shuningdek, ba’zi darveshlar, “Ey, sen ham do‘konda, ham uyda o‘ralashib qolsang aslo yetilmaysan! Yur, tark etadigan kun kelmasidan oldin alanib chiq dunyoni!” – debdilar. 
Otasi:
–  Menga qara, o‘g‘lim! – dedi. Aytganingdek, sayru tomoshaning ko‘p foydalari bor. Lekin bu foydalar bir necha mehribon insonlar uchundir.Birinchisi, tujjordir. Sarvati, kuchi, mahbuslari, juda chaqqon xizmatkorlari bor. Har kuni bir shaharda, har kecha bir qo‘noqda, har on bir o‘yin-kulgu joyida dunyo ne’matlaridan foydalanadi. Chunki, moli bor odam tog‘da ham, qirda va cho‘lda ham g‘arib emas. Qo‘li dunyo mulkiga yetmagan kimsa, o‘z yurtida ham g‘arib va nochordir. 
    Ikkinchisi olimdir. Totli suhbatga, chiroyli so‘zlarga va benuqson ifoda etishga qobiliyatlidir. Qaerga borsa, xizmatiga oladilar, hurmat ko‘rsatadilar. Olim kishining borlig‘i zarhal oltini kabidir; borgan joyida qadr-qiymatini biladilar. Bir ulug‘ kishining bolasi bo‘lsa ham, johil bo‘lsa, qalb pulga o‘xshash; uni begona yurtlarda pullari uchun hurmat qilmaydilar. 
    Uchinchisi yoqimli ovoz sohibidir. Dovudning ovozi ila oqqan suvni, uchgan qushni to‘xtatadi. Va bu xislati bilan insonlar qalbini egallaydi. Ilm arbobi u bilan do‘stlashgisi keladi. Do‘stlar qulog‘iga hazin va totli ovoz juda xush yoqadi. Chunki bu Dovudiy sas, ruhning ozig‘idir. 
    To‘rtinchisi hunarmanddir. Bilak kuchi bilan rizqini topadi va bir luqma uchun o‘zgalarga laganbardorlik qilmaydi. Donolar aytganidek, “Yurtidan ayrilib uzoqlarga ketsa ham eskichi azob va qiyinchilik tortmaydi. Nimro‘z shohi o‘lkasidan chiqib, begona yurtga tushsa, shu kecha och yotadi”. 
    Shunday ekan, o‘g‘lim. Safarga faqatgina hozirgi odamlar chiqsa bo‘ladi. Bulardan bebahra inson yo‘lga bekorchi hayollar bilan chiqsa, ularning sonini sanab bo‘lmaydi. 
    Otasining gaplaridan so‘ng mushtumzo‘r:
–Otajon, donolar so‘ziga qanday kirayin? Donolar, “Har kim o‘z rizqi bilan. Faqat uni topish yo‘lida ishtiyoq kerak. Balo peshonamizga yozilgan bo‘lsa-da, kiradigan eshiklarimizdan ehtiyot bo‘lishimiz kerak” –deyishgan. Men esa, dahshatli filga hujum qilib, o‘kirgan arslonga panja otadigan holatdaman. To‘g‘risi shuki, yo‘lga chiqaman. Yo‘qchilikka bundan ortiq chiday olmayman. Yeridan ayrilganidan so‘ng, inson nega g‘amga botishi kerak? Butun ufqlar uniki bo‘ladi-ku. Kechada  har bitta boy saroyiga ketsa, kambag‘alning saroyi kecha kirgan manzildir.
 Mushtumzo‘r shunday deb otasidan yordam so‘radi. So‘ngra va’da berib yo‘lga tushdi. Yo‘lda ketar ekan:
–Omadsiz hunarmand, o‘zi bilmaydigan joylarga boradi, –dedi. Mushtumzo‘r keta-keta bir daryo qirg‘og‘iga kelib qoldi. Daryo juda keng edi. Suvi juda shiddatli, vahimali oqardi. Quloqlari garang bo‘lgudek shovqin-suron bilan oqayotgan bu daryoda  o‘rdaklar ham suzishga jasorat etolmasdi. 
    Daryo chetida ulkan bir qayiqni ko‘rdi. Qayiq insonlarni pul bilan narigi qirg‘oqqa o‘tkazib qo‘yardi. Bir necha inson qayiqqa chiqib ketishga hozirlik ko‘rayotgan edi. Mushtumzo‘rning esa puli yo‘q edi. Va o‘zini maqtab, “Men undayman, men bundayman!” – dedi. Ammo, hech kim qayiqqa mindirmadi. Ortlaridan yalinib yolvordi, lekin kor qilmadi. Unga hech kim yordam qo‘lini cho‘zmadi. Ba’zilar kamsitib:
–Puling bo‘lmasa, birovga zo‘ringni o‘tkazolmaysan. Puling bo‘lsa zo‘r bo‘lishing shart emas, –dedilar. Yaxshilikni bilmagan, marhamatsiz qayiqchiboshi ham qahqaha otib kuldi. Yuzini ters o‘girib:
–Puling yo‘qmi? Daryoni mashaqqat bilan kechib bo‘lmaydi. O’n kishilik quvvatingdan nima ham chiqardi? Sen, bir kishining pulini ber, vassalom! – dedi. Bu so‘zlar yoshgina mushtumzo‘rni ranjitdi. Dilini og‘ritdi. Ulardan o‘ch olgisi keldi. Mushtlarini siqib, qayiq yura boshlaganida:
–Rozi bo‘lsangiz, ustimdagi ko‘ylagimni beraman! – deb baqirdi.  Qayiqchiboshi o‘ta ta’makor, pashshadan ham yog‘ chiqaradigan odam edi. Darhol mushtumzo‘rning oldiga keldi. Yigit bir qo‘li bilan qayiqchiboshining soqolidan, bir qo‘li bilan yoqasidan tutib, o‘ziga tortdi. Va hammaning ko‘z o‘ngida bemalol do‘pposlay ketdi. qayiqchiboshining odamlari yordamga kelishdi. Ularning ham kuchi yetmay, ortga tisarilishdi. Va bo‘lib o‘tgan anglashilmovchiliklar uchun yaltoqlanib mushtumzo‘rning oyog‘iga yiqilishdi. Uni noto‘g‘ri tushunganliklari aytib uzr so‘rashdi. Shundan so‘ng yigit qayiqqa mindi. Daryoning qoq o‘rtasiga yetganlarida ulkan va uchqur bir qoyaga duch kelishdi. Qayiqchiboshi qayiqni qoyaga yaqinroq etib:
–Qayiqning bir nuqsoni bor. Orangizda eng jasur va eng zo‘r, bilagida kuchi ko‘p odam bo‘lsa, mana shu qoyaga chiqsin; qayiqning arqonidan tutsin, biz qayiqni ta’mirlab olamiz, –dedi. Yosh mushtumzo‘r o‘ngu so‘liga qaradi. Hech kimdan sado chiqmadi. Yigitlik g‘ururi bilan o‘rnidan turdi. Yarador dushmanining hech hasratini eshitmagandi shu paytgacha. Donolarning, “Birvning ko‘nglini ozgina qirdingmi, keyin qancha yaxshilik qilsang ham, o‘sha dilozorligingni o‘chidan ehtiyot bo‘l. O’q yaradan chiqadi, achchig‘i ko‘ngilda qoladi”, degan o‘gitiga amal qilmadi. 
    Mushtumzo‘r, qayiq arqonidan tutib, qoyaning teppasiga chiqdi. Arqonni qoyaga o‘rashga kirishdi. Qayiq shu orada  qoyadan ancha uzoqlashdi. Qayiqchiboshi  chaqqongina harakat qilardi. Shoshib qolgan mushtumzo‘r, o‘sha yerda qolib ketdi. Ancha yiroqqa ketgan qayiqdan qayiqchiboshining qah-qah otgani eshitildi. Mushtumzo‘r qoya tepasida bir ikki kun och, suvsiz qolib, aziyat chekdi. Uchinchi kuni, mudrab uxlab qoldi va beixtiyor dumalab daryoga tushib ketdi. Suv uni oqizib ketdi. Soatlab oqar suv bilan kurashdi. Oxiri Allohning qudrati bilan daryoga tashlangan daraxtni ko‘rib, uning shoxlariga osildi va qirg‘oqqacha yetib oldi. Chiqqan joyida bukilib qoldi. Ancha vaqtdan so‘ng o‘ziga keldi. Ammo, juda holdan toygan edi. Ochlikdan me’dasi qurigan; yovvoyi o‘tlar bilan oziqlandi. Bir oz hushiga kelgach, yo‘lga tushdi. 
    Och, suvsiz, bemador ahvolda quduq yoniga keldi. Quduq boshida bir qancha insonlar bo‘lib, ichimlik suvini pulga sotib olishar edi. Mushtumzo‘rda pul yo‘q edi. Suv so‘ragan edi, berishmadi. Keyin zo‘rlik qilib ichmoqchi bo‘ldi, odamlar uni itarib yuborishdi. Oraga o‘zini suqib kirmoqchi bo‘ldi, ammo oldindagilar ustunlik qilib uni ura ketdilar. Mushtumzo‘r chorasiz qolgach, yo‘lda ketayotgan bir karvonni ko‘rdi va unga ilashib oldi. Karvon qorong‘u tushganda, qaroqchilar xatari bo‘lgan yerga kelib qolishdi. Mushtumzo‘r karvondagilarning dir-dir titrayotganilarini, o‘limdan qo‘rqib qaltirayotganlarini sezdi. Va ularga qarab:
–Xavotir olmanglar! – dedi. Yoningizda men borman! Bir boshimga ellik jonga bas kela olaman! Narigi yoshlar ham menga qo‘shilsa, hech qanday xavfga o‘rin yo‘q. 
    Karvondagilar sevinib, uning gaplaridan o‘zlarida yo‘q jasorat tuyishdi. Qo‘rquvlari bosilib, mushtumzo‘rga darhol suv va yegulik berishdi. Ochlikdan sillasi qurigan mushtumzo‘r, oldiga qo‘yilgan taomlarni ishtaha bilan yedi; xohlaganicha suv ichdi. Va nihoyat butun dardlarini unutganday bo‘ldi. Ancha vaqtdan so‘ng uyqu ustunlik qilib uxlab qoldi. Karvonda anchadan beri yurib yo‘lning past-balandini bilib qolgan tajribali bir kishi bor edi. Karvondagilarga mushtumzo‘rni ko‘rsatib:
–Do‘stlar! – dedi. Men sizning bu qo‘riqboningizdan saqlanganimchalik o‘g‘rilardan saqlanmayman. Bir hikoyat bor: Arablardan biri ozroq pul yig‘ibdi. Kechalari o‘g‘rilardan qo‘rqqani uchun, uyda bir o‘zi uxlay olmasmish. Yolg‘izlikning qo‘rquvi ketsin deya do‘stlaridan birini uyga chaqiribdi. Odam bir necha tun yonida qolibdi, ammo pulning joyini bilar-bilmas shartta olib bosibdi. Ertalab qarasalarki, arab ko‘ylakchan, faryod qilib turgan emish. Qo‘shnilari, “Nima bo‘ldi? Pulingni o‘g‘rilar urdimi?” deb so‘rashibdi. Arab: “Yo‘q, vallohi! Qo‘riqchi urdi!” –debdi. 
    Do‘stlar, bu yigitning ham o‘g‘rilardan biri emasligiga, va hiyla qilib, qulay fursat kutayotganligiga, sheriklarini chaqirib kelib bizni ham o‘sha arabning holiga tushirmasligiga kim kafolat bera oladi? Menga ma’qul ko‘ringani, biz uni uxlab yotganidan foydalanib tezroq tark etaylik, –dedi. 
    Yuraklariga mushtumzo‘rning vahimasi tushgan karvondagilar, darhol harakat qila boshlashdi. Tezda narsalarini yig‘ishtirib, yuklarini tuyalarga ortib, jo‘nab ketishdi. Kun yorishib, quyosh yuzini ochganida, mushtumzo‘r ko‘zlarini ochib uyg‘ondi. Boshini ko‘tarib o‘ngu so‘liga qarasa, hech kim yo‘q... Shunda karvonning ketib qolganini tushunib yetdi. Qattiq xafa bo‘lib:
–Tuyalarning turib ketganini ko‘rib, kimga dardimni aytay. Meni tashlab ketishdi. Demak, g‘aribning g‘aribdan boshqa do‘sti yo‘q ekan, –dedi. So‘ngra karvon izlariga qarab yo‘l chiqarishga harakat qildi. Sekin yo‘lga tushdi. Ancha yurib, butazorga borib tutashgan yo‘lga chiqib oldi. Bir payt qarshisida otliq paydo bo‘ldi. Bu ovga chiqqan va askarlaridan ancha ildamlab ketgan shahzoda edi. Shahzoda oldidan chiqqan mushtumzo‘rga mayin nigohi bilan qarabdi. Pok nigohlar va parishon hol bilan:
–Kimsan? Qaerdan kelib, qaerga ketyapsan? Bu yerlarga qanday qilib kelib qolding? – deb so‘radi. Mushtumzo‘r boshidan o‘tganlarni birma-bir aytib berdi. Shahzoda hammasini bilgach, unga juda achindi. Ancha vaqtdan so‘ng shahzodaning odamlari ham yetib keldi. Shahzoda mushtumzo‘rga hadyalar va ko‘p miqdorda pul ham berdi. Yoniga bir odamini hamroh qilib, uni o‘z yurtiga qaytib ketishini ta’minladi. Otasi uni ko‘rib juda sevindi. Sog‘-salomat qaytganiga shukr qildi. Oqshom tushar-tushmas, yigit otasiga bo‘lgan voqealarning hammasini aytib berdi: qayiqchilarni, quduq egalarini, karvondagilar va ularning qilgan yomonliklarini... 
    Otasi eshitgach:
–O’g‘lim! – dedi. Ketayotganingda, men senga: “Pulsiz yigitning qo‘li bog‘liq, arslon panjasi siniq!” demaganmidim?
Mushtumzo‘r:
–Ota! – dedi. Albatta, zahmat chekmaguncha xazina topa olmaysiz; jonini tahlikaga otmaguncha dushmanni yenga olmaslar; donni sepmaguncha, xirmonni o‘rmaslar. Ko‘rmadingizmi, ozgina ranj ko‘rib qancha pul keltirdim? Bir igna yemoq ila ne qadar bol oldim? G’avvos timsohning og‘zini tushunaversa, qimmatli marvaridning hech ahamiyati qolmaydi. 
    Otasi:
–O’g‘lim! – dedi. Yaxshiyamki bu safar tole’ing kuldi. Oyog‘ingga tikan kirdi, tikandan esa gul undi. Bir davlat sohibi oldingdan chiqib senga achindi, hadyalar berdi. Yarani davolab ko‘nglingni oldi. Lekin bu bir tasodifdir va mingdan bir chiqadi. Shunday  ishlar borki, hammasiga bunday hukm chiqarib bo‘lmaydi. Ovchi har safarida ov olib kelolmaydi; bir kuni qoplonning g‘azabiga uchrashi ham mumkin. 
    Xuddi shunday, qoplon podshohlaridan birining uzugida qimmatbaho tosh bor edi. Bir kuni podshoh, ba’zi odamlari bilan sayrga chiqibdi. Uzugini ulkan bir binoning gumbaziga qo‘yishlarini amr qilibdi. Kimda kim o‘qini shu uzukning halqasidan o‘tkazsa, uzuk o‘shaniki bo‘lishini aytibdi. Podshohning yonidagi to‘rt yuz kamonchi birin-ketin o‘q uza boshlabdilar. Ammo, hech kimning o‘qi uzukka yaqinlashmabdi. Bu orada bir o‘smir bola, bir karvonsaroyning tomiga chiqib, o‘ngu so‘lga kamondan o‘q uzib o‘ynab o‘tirgan emish. Tong shamoli, bu bolaning otgan o‘qlaridan birini olib uchiribdi va uzuk halqasining ichidan o‘tkazibdi. 
    Uzukni shu bolaga loyiq ko‘ribdilar va unga juda ko‘p miqdorda pul berishibdi. Bu ishdan so‘ng bola o‘q yoyini sindirib otaribdi. Boladan: “Nega bunday qilding?”  –deb so‘rashibdi. Bola: “Oldingi sharafning o‘z joyida qolishini istadim!” – debdi. 
    Donolar, “Ba’zan oydin fikrli bir kishidan to‘g‘ri bir tadbir kelmas; ba’zan bilimsiz bir bola, o‘qni adashib nishonga otar” – debdilar. Ha o‘g‘lim, bu so‘zni yaxshilab uqib olish kerak. 
    

     Hikmat


Insonga har doim ham imkoniyat berilmaydi; omad hamisha kulib boqmaydi. Ba’zan ishlari  teskari ketib, falokatdan boshi chiqmay qolishi mumkin. Buning uchun yaxshi tushunish va yaxshi qaror qabul qilish lozim.

"Guliston"dan
Kavsar Shodiyeva tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.