OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Akutagava Ryunoske. Rasyomon darvozasi (hikoya)

Bu voqea bir kuni kechga yaqin sodir bo‘ldi. Bir xizmatkor Rosyomon darvozasi tagida yomg‘ir tinishini kutardi.
Keng darvoza oldida undan bo‘lak hech kim yo‘q edi. Faqatgina har — har yerida qizil bo‘yoqlari ko‘chgan yo‘g‘on, yumaloq ustunda chigirtka turardi. Vaholanki, Rosyomon darvozasi gavjum Sudzaku ko‘chasida joylashgan, bu yerda yomg‘irdan qochib, bir necha itimegasa* va momiebosi* kiygan ayollar va yigitlar ham o‘tirishi mumkin edi. Shunga qaramay, xizmatkordan boshqa birov ko‘rinmasdi.
Bu holatni shunday izohlash mumkin: oxirgi ikki — uch yil ichida Kioto ustiga birin — ketin zilzila, bo‘ron, yong‘in, ocharchilik kabi ofatlar yog‘ildi. Oqibatda poytaxt huvillab qoldi. Tarixiy manbalarda hikoya qilinishicha, shu darajaga yetishdiki, Budda haykallarini, muqaddas buyumlarni sindirib, loklangan, oltin suvi yurg‘izilgan yog‘ochlarni yo‘l chetiga uyub, o‘tin qilib sotishdi. Poytaxtda ahvol shunaqa edi, shu sababli, Rosyomon darvozasining taqdiri tabiiyki, hech kimni qiziqtirmasdi. Uning tashlandiqligidan foydalanib, bu yerda tulkilar, bo‘rsiqlar yashardi. O‘g‘rilar yashardi. Oxir — oqibat, hatto egasiz o‘liklarni keltirib tashlash odatga aylandi. Quyosh botgan mahalda bu yer vahimali tusga kirar, darvoza yaqiniga yo‘lashga hech kimning yuragi betlamasdi.
Ammo qaerdandir son — sanoqsiz qarg‘alar to‘planishardi. Kunduzi ular tomning uchi qayirilgan baland xarisi ustida qag‘illashib aylanishardi. Kechga tomon, darvoza tepasida osmon shafaq nurlaridan yolqinlangan payt, qushlar uning ustida xuddi sepib qo‘yilgan kunjut donalariday bir tekis yoyilishardi. Turgan gap, qarg‘alar darvozaning yuqori qavatidagi o‘liklarni cho‘qish uchun uchib kelishardi. Har qalay, bu safar, kech kirib qolgani uchun bo‘lsa kerak, birorta qarg‘a ko‘rinmasdi. Faqatgina yarim xaroba, yoriqlaridan baland o‘tlar o‘sib chiqqan tosh zinaning har — har yerida qurib qolgan qush tezaklari yotardi. Xizmatkor uniqib ketgan ko‘k kiyimda, zinaning eng yuqori, yettinchi pog‘onasida o‘tirar, bekorchilikdan o‘ng yuziga chiqqan chipqonni paypaslab, yomg‘irga parishon termilardi.
Muallif yuqorida: «Xizmatkor yomg‘ir tinishini kutardi», deb yozdi. Aslida esa, yomg‘ir tingan taqdirda ham, xizmatkorning boradigan joyi yo‘q. Boshqa payt u albatta xo‘jayinning uyiga qaytgan bo‘lardi. Ammo bir necha kun oldin o‘sha xo‘jayin uni ishdan bo‘shatdi. Avval aytib o‘tilganidek, u paytlar Kioto har har qachongidan ko‘ra huvillab qolgandi. Alhol, xo‘jayinning ko‘p yillar o‘z qo‘li ostida ishlagan xizmatkorini bo‘shatishi, shunchaki yoppasiga kelgan falokatning bir qismi edi xolos. Shuning uchun, «Xizmatkor yomg‘ir tinishini kutardi» emas, balki «Yomg‘irdan darvoza panasiga qochgan xizmatkor adashgan kimsaday qayoqqa borishini bilmay o‘tirardi», deyish, ehtimol o‘rinliroq bo‘lar. Shu tobda ob — havo ham bu xeyanlik xizmatkorning kayfiyatini rasvo qilayotgandi. Maymun soatining oxiridan boshlab yog‘ayotgan yomg‘irning hali — beri tinadigan siyog‘i yo‘q. Xizmatkor bariga qo‘l siltab, loaqal ertangi kunini yashash, boshqacha aytganda, hech kelishmayotgan ishlarini yo‘lini topib kelishtirish haqidagi tarqoq o‘ylarini qayta — qayta jamlashga urinarkan, Sudzaku ko‘chasiga yog‘ayotgan yomg‘irning shovqinini eshitib eshitmasdi.
Yomg‘ir uzoqdan, cho‘ziq shitirlash bilan darvoza atrofiga kelib urilardi. Qorong‘ulashayotgan osmon tobora pastlashib kelar, agar yuqoriga qaralsa, darvozaning cherepitsali tomi og‘ir, qop — qora bulutlarga tegib turganday tuyulardi.
Hech kelishmayotgan narsani kelishtirish uchun, moddiy imkoniyat bilan hisoblashish befoyda. Agar hisoblashilsa, bitta yo‘l qoladi — devor tagida yoki ko‘chada ochlikdan o‘lish. Keyin esa o‘ligingni shu yerga keltirib, darvozaning yuqori qavatiga itday tashlab ketishadi. Agar hisoblashilmasa…xizmatkor har safar bu haqda o‘ylarkan, uning o‘ylari doim bir narsaga borib taqalardi. Ammo o‘sha «agar» oxir — oqibat avvalgiday «agar»ligicha qolayotgandi. Xizmatkor moddiy imkoniyat bilan hisoblashmaslik mumkinligini tan olgani holda, o‘sha «agar»dan kelib chiqayotgan, istasang, istamasang o‘g‘rilik qilishga majbursan, degan xulosani amalda qo‘llashga jur’ati yetmasdi.
Xizmatkor qattiq aksirdi va horg‘in qo‘zg‘aldi. Kiotoda kechki payt sovuq kuchli edi. Shu tobda pechka xush yoqqan bo‘lardi. Shamol qorong‘ulik bilan birga darvoza ustunlari orasida bemalol izg‘ib yurardi. Qizilga bo‘yalgan ustunda o‘tirgan chigirtka allaqachon qayoqqadir g‘oyib bo‘lgandi.
Sariq ichki kamzul ustidan ko‘k kimono kiygan xizmatkor bo‘ynini yelkalari orasiga qisib atrofga alangladi: agar bu yerda yomg‘irdan berkinib, odamlar ko‘rib qolishidan qo‘rqmay, xotirjam uxlab olish uchun joy topilsa, tunab qolsam bo‘ladi, deb o‘yladi u. Shu payt uning ko‘zi darvoza tepasidagi minoraga chiqiladigan qizil bo‘yoq surtilgan zinaga tushdi. Yuqorida o‘liklar bo‘lishi mumkin xolos. Xizmatkor kamariga osig‘liq qilichini qindan sug‘urilib ketmasligi uchun tutganicha, zinaning birinchi pog‘onasiga oyoq qo‘ydi.
Oradan bir necha daqiqa o‘tdi. Rosyomon darvozasining minorasiga olib chiqadigan keng zina o‘rtasida mushukday harakatlanayotgan qandaydir odam damini ichiga yutib, yuqori qavatga tikilardi. Minoradan tushayotgan yorug‘lik uning chipqon chiqqan o‘ng yuzini g‘ira-shira yoritardi. Xizmatkor dastlab minorada faqat o‘liklar borligiga ishonchi komil edi. Ammo ikki — uch pog‘ona ko‘tarilgach, yuqorida kimdir chiroq yoqib o‘tirganiga amin bo‘ldi. Yorug‘lik goh u, goh bu tomonga yo‘nalayotgandi. Xira, sarg‘ish nur tebranganicha, burchaklariga o‘rgimchak to‘r tortgan shift bo‘ylab sirg‘alayotgani darhol ko‘zga tashlanardi. Shunday yomg‘irli kechada Rosyomon darvozasi minorasida o‘t yonib turishi oddiy hol emasdi.
Xizmatkor xuddi kaltakesakday sassiz, deyarli o‘rmalab, nihoyat zinaning oxirigacha ko‘tarildi. Keyin butun tanasi bilan zinaga qapishgancha, bo‘ynini cho‘zib, minora ichiga hadiksirab nazar tashladi. Mish-mishlar rost bo‘lib chiqdi, ichkarida ko‘plab o‘liklar tartibsiz qalashib yotardi. Biroq nur xonani butunlay yoritmayotgani uchun, xizmatkor ularning qanchaligini aniqlay olmadi. Nimqorong‘ulikda u ba’zi o‘liklarning kiyimi borligi, ba’zilari esa yalang‘ochligini farqlay oldi xolos. Erkaklar va ayollar jasadi aralash, barisi mudhish holatda, jag‘lari osilgan, qo‘llarini kerib, xuddi loydan yasalgan qo‘g‘irchoqlarday yotishar, ularning qachondir tirik odamlar bo‘lganiga ishonish qiyin edi. Xira nur bo‘rtgan a’zolar — ko‘krak va yelkalarni yoritayotganidan, tanalarning botiq qismlariga tushayotgan soya battar qorayib ko‘rinar, ular soqovlarday sassiz, manguga sukutga ketishgandi.
Murdalarning hididan xizmatkor beixtiyor burnini berkitdi. Ammo bir soniyadan keyin burnini berkitish kerakligini ham unutib yubordi; hayratning zo‘ridan u qo‘lansa hidni ham sezmay qo‘ygandi.
Ayni o‘sha lahzada uning ko‘zlari murdalar orasida cho‘nqayib o‘tirgan kimsani ilg‘agandi. U xinoki daraxti po‘stlog‘i rangidagi kimono kiygan, pakana, cho‘pday oriq, oqsoch, maymunga o‘xshagan kampir edi.
O‘ng qo‘lida yonayotgan qarag‘ay payrahasini tutgancha, u o‘liklardan birining yuziga diqqat bilan tikilardi. Uzun sochlariga qaraganda bu ayol kishining jasadi edi.
Xizmatkor qo‘rquv va qiziquvchanlikdan hatto nafas olishni ham unutganga o‘xshardi. Qadimgi solnomanavis ta’biri bilan aytganda, u o‘zini «bosh terisi shishayotganday» his qildi. Bu orada kampir yonayotgan payrahani pol taxtalari orasiga qistirib, ikkala qo‘lini o‘sha, sinchiklab ko‘zdan kechirayotgani o‘likning boshi tomon cho‘zdi va bolasining bitini terayotgan maymun singari timirskilanib, uzun sochlarni birin — ketin yula boshladi. Ko‘rinishidan ular osongina yulinayotgandi.
Kampir soch tolalarini yulgani sayin, xizmatkorning yuragidagi qo‘rquv asta — sekin chekina bordi. Uning o‘rnida kampirga nisbatan cheksiz nafrat qo‘zg‘alayotgandi. Yo‘q, kampirga nisbatan deyish, albatta unchalik to‘g‘ri emas. Aniqrog‘i, uning qalbida daqiqa sayin, har qanday yovuzlikdan jirkanish hissi kuchayib borardi. Agar shu tobda kimdir unga, pastda, darvoza zinasida o‘tirib o‘ylaganidek, ochlikdan o‘lish, yoki o‘g‘rilik qilishdan birini tanla, desa, hech ikkilanmay, ochdan o‘lishni tanlagan bo‘lardi. Uning qalbida yovuzlikka nisbatan nafrat xuddi pol tirqishiga qistirilgan qarag‘ay payrahasiday alanga olayotgandi.
Kampir nima uchun murdaning sochini yulayotganini xizmatkor tabiiyki bilmasdi. Bu ishning ezgulik yoki yovuzlik ekanini ham, harchand bosh qotirmasin aniqlolmadi. Ammo yomg‘irli bir tunda, Rosyomon darvozasi minorasida o‘likning sochini yulishayotganining o‘ziyoq, xizmatkorning nazarida kechirib bo‘lmas yovuzlik edi. Aftidan, u o‘zining boyagina o‘g‘rilik qilish haqida o‘ylaganini ham mutlaqo unutgandi.
Nihoyat, xizmatkor bir sakrab, o‘zini zinadan ichkariga urdi. Qilichining sopidan tutgancha,katta-katta qadam tashlab, kampirga yaqinlashdi. Bundan kampirning o‘takasi yorilay dedi.
U xizmatkorga ko‘zi tushgan zahoti o‘qday sapchib o‘rnidan turdi.
- To‘xta! Qayoqqa? — qichqirdi xizmatkor, murdalarga o‘ralashib, sarosima ichida qochishga chog‘langan kampirning yo‘lini to‘sarkan. Kampir uning qo‘lidan qutulishga urinib ko‘rdi. Xizmatkor uni qo‘yib yubormay orqasiga itardi. Birmuncha vaqt ular bir — birlariga yopishgancha, o‘liklar orasida so‘zsiz olishishdi. Ammo kim ustun kelishi avvaldan ma’lum edi. Axiyri, xizmatkor kampirning qo‘llarini qayirib polga yotqizdi. Uning qo‘llari qoq suyak va teridan iborat, xuddi tovuqning oyoqlariga o‘xshardi.
- Nima qilayotganding? Gapir, yo‘qsa pushaymon bo‘lasan!
Xizmatkor kampirni itarib, qilichini qindan sug‘urdi va yarqirab turgan tig‘ni uning yuziga yaqinlashtirdi. Biroq kampir jim edi. Qo‘llari qaltirab, bo‘g‘ilib, ko‘zlari kosasidan chiqquday baqrayib, o‘jarlik bilan soqovday jim turardi.
Shundagina xizmatkor bu kampirshoning hayoti butunlay o‘zining qo‘lida ekanini aniq — tiniq idrok etdi. Bu mulohaza beixtiyor uning qahrini so‘ndirdi. Faqatgina omadli yakun topgan har qanday ishdan keyin bo‘ladigan xotirjamlik va qoniqish hissi qoldi xolos. U kampirga yuqoridan nazar solgancha, endi yumshoq ohangda so‘zladi:
- Men shahar posbonligida xizmat qilmayman. Men sayohatchiman, shu tobda darvoza yonidan o‘tayotgandim. Seni hibsga olmoqchi emasman. Faqat menga ayt, hozir minorada nima qilayotganding?
Kampir ko‘zlarini yanada kattaroq ochdi. Shusiz ham baqraygan, qovoqlari qizargan ko‘zlari yirtqich qushning o‘tkir nigohi bilan xizmatkorning yuziga qadaldi. Keyin esa ajin bosgan lablarini qartayib osilib qolgan burni bilan birga chaynalayotganday qimirlatdi. Qiltiriqday bo‘ynida turtib chiqqan kekirdakning harakatlanayotgani ko‘rinib turardi. Uning tomog‘idan qarg‘aning qag‘illashiday hirqiroq tovush xizmatkorning qulog‘iga yetib bordi:
- Soch yulayotgandim…soch yulayotgandim…ulamasoch uchun.
Kampirning javobi o‘zi kutganidan farqli o‘laroq, o‘ta oddiy bo‘lib chiqqanidan xizmatkorning hafsalasi pir bo‘ldi. Shu bilan birga uning qalbida qahr aralash jirkanish hissi qaytadan bosh ko‘tardi. Aftidan kampir buni payqadi. Murdaning boshidan yulib olingan uzun soch tolalarini hanuz qo‘lida tutganicha javray ketdi:
- To‘g‘ri, o‘liklarning sochini yulish, ehtimol gunoh ishdir. Biroq bu yerda yotgan o‘liklar bari shunga loyiq. Loaqal manavi, men sochini yulayotgan ayolni olib ko‘r: u ilonni to‘rt sunlik bo‘laklarga bo‘lib quritar, keyin esa saroy posbonlariga quritilgan baliq deb pullardi… Shu bilan tirikchilik qilardi. Vaboga chalinib o‘lmaganida hozir ham shunday yashayverardi. U sotadigan baliq mazali deyishardi va posbonlar uni doim gazak uchun xarid qilishgan. Faqat, men u gunoh ish qilgan deb o‘ylamayman. Shuni qilmasa, ochlikdan o‘lardi, demak majburlikdan qilgan. Shunday ekan, men ham o‘zimni gunohkor hisoblamayman, yo‘q! Axir, shusiz men ham ochlikdan o‘laman, demak men ham majburlikdan qilyapman. O‘sha ayol majburlikdan qilish nima ekanini yaxshi bilardi, o‘ylaymanki, u meni ayblamagan bo‘lardi.
Xizmatkor qilichini qiniga joylab, chap qo‘lini uning sopiga qo‘ygancha, kampirning hikoyasini sovuqqonlik bilan eshitdi. Uning o‘ng qo‘li bu orada yuzidagi chipqonni siypalardi. Kampirning so‘zlarini tinglarkan, uning qalbida boyagina, darvoza zinasi ustida o‘tirganida yetishmayotgan bir jasorat uyg‘ondi. Bu holat, biroz avval minoraga ko‘tarilib, kampirni tutib olgan paytidagi kayfiyatiga tamoman qarama — qarshi edi. U ochlikdan o‘lish yoki o‘g‘rilik qilish borasida ortiq ikkilanmasdi. Shu tobda u ochlikdan o‘lish fikridan shunchalar yiroq ediki, bu narsa hatto uning xayoliga ham kelmasdi.
- Demak, shunaqa degin, — kulimsiradi u, kampirning hikoyasi oxiriga yetgach. Keyin oldinga bir qadam tashladida, to‘satdan kampirning yoqasini g‘ijimlab o‘shqirdi: unda men seni tunab ketsam, o‘pkalama! Aks holda men ham ochlikdan o‘lishimga to‘g‘ri keladi.
Xizmatkor uning egnidagi kimononi yulqib oldi. Keyin etagiga yopishib olgan kampirni tepib murdalar ustiga ag‘anatdi. Tortib olgani, xinoki daraxti po‘stlog‘i rangidagi kimononi qo‘ltig‘iga qistirib, tik zinadan pastga, qorong‘ulik qo‘yniga o‘qday uchib ketdi.
Avvaliga o‘likday harakatsiz yotgan kampir, xizmatkor ketgach, bir zum o‘tib, yalang‘och holida murdalar ustidan qo‘zg‘aldi. Yig‘lamsirab ming‘irlagancha, hali ham yonib turgan payraha yorug‘ida sudralib eshik oldiga keldi. To‘zg‘ib yotgan kalta, oq sochlari peshonasi ustiga osilgunga qadar engashib pastga qaradi. Tashqarida vahimali zulmat hukmron edi.
Xizmatkor o‘shandan buyon izsiz yo‘qoldi.

Shuhrat Shokir tarjimasi
________________________
* Itimegasa — Kiotoda rasm bo‘lgan qadimiy ayollar shlyapasi.
** Momiebosi — erkaklarning yumshoq shapkaga o‘xshash qadimiy bosh kiyimi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.