OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Alber Kamyu. Isyon va uslub (esse)

San’atkorning voqealikka ruju qo‘yishini ayni paytning o‘zida inkor qilish salohiyati deb ham tushunish kerak bo‘ladi. Voqelikning qaysidir jihatini o‘zi yaratgan badiiy olamda saqlab qolish esa u bu zulmatni ijod mash’ali bilan yoritganidan darak beradi. Zero, voqealik mutlaqo inkor etilsa, bunday paytda biz san’atga emas, faqat asarning shakliga duch kelamiz. Aksincha, san’atga aloqasi yo‘q holda yozuvchi faqat voqelikka maftunlikdan chiqib ketolmasa, biz yalang‘och voqelik bilan uchrashamiz. Birinchi holatda isyon va murosa muvozanatidan tuziladigan ijodiy jo‘shqinlik o‘zini inkorga mutlaqo qurbon qiladi. Bu xil voqelikdan qochishga urinayotgan shaklbozlik zamonamizga xos bo‘lib, uning qiyofasini ochib ko‘rsangiz, nigilizmni uchratasiz. Ikkinchi holatda esa san’atkor boshqa burcha nuqtai-nazarlarni mensimagan holda dunyoni bus-butun, to‘laligi bilan aks ettirishga mukkasidan ketadi. Shu yo‘l bilan u, garchi bu tuban birlik esa-da, bir butunlikka bo‘lgan intilishni namoyish qiladi.
Biroq bu bilan u badiiy san’atning eng birlamchi talabini ham bajarmaydi. Ijodiy tafakkurning nisbiy erkinligini inkor qilgan bu san’atkor o‘zini bevosita moddiy olamga mute qilib qo‘yadi. Har ikkala holatda ham ijodiy salohiyatga putur yetadi. Dastlabki holatda voqelik faqat qisman inkor qilingan edi. Keyingi misolda esa, voqealik butkul inkor etiladi yoki faqat ugina tan olinadiki, oqibatda u yozuvchi mutloq inkorning yoki mutloq e’tirofning changaliga tushadi. Hech qaysi san’at voqelikdan butkul uzilishi mumkin emas. Shaklparastlik qiyofasiz ijodni dunyoga keltiradi. Shuningdek, xayolot ishtirokisiz quruq realizm ham tubanlikka aylanib qoladi. Hatto eng yaxshi fotosurat ham quruq voqelikdan qochadi; hatto u ham realizm va xayolot qorishib ketgan manzarani izlaydi va o‘shani o‘zida zuhr qiladi. Voqeaparast ham, shaklparast ham bir butunlikni u yo‘q joydan – yo quruq voqelikdan yoki voqelikni mutlaq inkor qilgan quruq xayolotdan izlaydi. Aksincha, san’atdagi bir butunlik san’atkor voqelik bilan xayolotni uyg‘unlashtira olgan manzarada mujassam bo‘ladi. Voqelik va xayolot – bir butunlikning ajralmas qismlaridir. San’atkor voqelikdan tanlab olgan unsurlarni badiiy til yordamida xayolot bilan uyg‘unlashtiruvchi va u yaratgan badiiy dunyoning tugal bo‘lishini ta’minlovchi vosita – uslub deb ataladi. Har bir san’atkor isyonkor uslub yordamida – garchi bu kamdan-kam daholarga nasib etsa-da – o‘z badiiy dunyosini va uning qonunlarini yaratadi. “Shoirlar, - degan edi Shelli, - dunyoning tan olinmagan qonun yaratuvchilaridir”.
Ibtidosidan to so‘nggi namunasigacha romanchilik san’ati bu gapning haqligini isbotlaydi. U voqelikni to‘liq qabul qilolmagani kabi, undan butkul yuz o‘girolmaydi ham. Faqat xayolotdan iborat san’at yo‘q va agarki, qaysidir asarda u mavjud bo‘lsa va akl-idrokni o‘ziga jalb qilolsa, unday asar bir butunlikka intilayotgan, boshqalar bilan ham shu bir butunlikni baham ko‘rmoqchi bo‘layotgan ruh ehtiyojini qondirolmaydigan, badiiyatdan yiroq asar bo‘ladi. Chunki voqelikka suyanmaydigan sof xayoliy birlik – yolg‘on birlikdir. Pand-nasihatu tashviqiy romanlar san’atning qonunlaridan chetlashganligi tufayli ham san’at asarlari bo‘la olmaydi. Haqiqiy san’at asari, aksincha, voqelikdan, faqat voqelikdan, uning muhabbatu-g‘azabidan, hasratu-ehtirosidan ilhom olib yaratiladi. Biroq bu voqelik xayolning shaffof go‘zalligi bilan uyg‘unlashadi.
Lyusena Levenning xobgohda paydo bo‘lishini Stendal bor-yo‘g‘i bitta jumla bilan ifoda etadi: tom ma’nodagi realist yozuvchi esa bu manzarani mantiqan to‘la asoslashi uchun mayda-chuyda tafsilotlarni hisobga olmaganda ham bir necha jildda tasvirlashi lozim edi. Shuning uchun ham realizmning aniq hududi yo‘q. U yaxlitlikka emas, balki dunyoning nihoyasizligini targ‘ib qilishga xizmat qiladi, shu tufayli u faqat mustabid inqilobning rasmiy estetikasi bo‘la oladi. Biroq bunday estetika o‘zining yaroqsizligini allaqachon ko‘rsatib bo‘ldi: hatto realist romannavislar ham o‘zlarini o‘zlari fosh qilib, voqelikni tanlab qabul qilishga o‘tishdi. Biroq voqelikni tanlash uchun yana bir narsa – fikr va ifoda imkoniyati, xayolot erkinligi ham bo‘lishi kerak. Yozish – bu tanlay olish salohiyatidir. O‘z-o‘zidan oydinki, na reallik, na xayoliylik uni chetlab o‘tolmaydi: chetlab o‘tganlari esa asarni so‘qir an’anaparastlikka olib boradi... Shuning uchun ham “sotsialistik realizm” deb atalayotgan uslub o‘zini tashviqotchilik va zamonabop mavzular, pandu-nasihatlar ortiga yashiradi. Darhaqiqat, ijodkor voqelikka ruju qo‘yishi yoki uni mutlaqo inkor qilishi bilanoq o‘zini nigilistik san’atga yaqinlashtirib qo‘yadi. Ijod yagona holatda: shakl va mazmun, inkor va e’tirof muvozanatini saqlagan holatdagina taraqqiyot bilan uyg‘unlashadi. Agar bu muvozanat buzilsa, diktatura yo anarxiya, tashviqot yo safsata hukmronlik qiladi. Mohiyatan aql-idrok hurligi bo‘lmish ijod har ikkalasiga ham toqat qilolmaydi. Mabodoki, u faqat jimjima-yu boshqotirmadan iborat puch xayolotga va shuhratparastlikka yoki qamchi zo‘rligida yaratilgan qo‘pol hamda jo‘n voqeanavislikka yon bersa, unda zamonaviy san’at, shubhasiz, mustabidlar va qullar san’atiga aylanib oladi, ijodkor san’ati bo‘lolmaydi.
Shaklga tushmagan mohiyatga yoki mohiyatsiz shaklga yuz burgan asardagi yaxlitlik quruq safsatadan o‘zga narsa emas. Boshqa sohalardagi kabi bu yerda ham uslubdan xoli butunlik parchalinish bilan barobardir. San’atkor qaysi tomondan yondashmasin, u jami ijodkorlar uchun umumiy aqida bo‘lgan bir narsani – voqelik va ruhning muvozanatini saqlovchi, unga shakl beruvchi uslublashtirishni chetlab o‘tolmaydi. Faqat uslublashtirish orqali san’atkor ijodning ham, isyonning ham mohiyatini chuqur tushuntirib bera oladi... Isyonning ijodiy, jo‘shqin jihati ham asardagi uslub va maqsadning o‘zaro uyg‘unligida yaqqol ko‘zga tashlanadi. San’at – bu ushalmas talablar o‘rtaga tashlanadigan sahna. Dilni vayron qiluvchi faryodlar va noroziliklar qat’iy so‘z shaklini olgach, isyon o‘zining birlamchi xususiyatini yo‘qotadi va uning o‘zi yaratuvchi ijodiy kuchga aylanadi. Mohiyat-e’tiboran davrimiz san’atining jo‘shqin uslubi – bu eng oliy isyonga da’vatni ifoda etishdir. Aqlga zid ravishda, san’atparastlik – bu o‘z qobig‘iga o‘ralashib qolish, shaklini topgan isyon esa daholikdir. Shu bois ham daholik mutlaq inkor va mutlaq tushkunlik bilan bir joyda yasholmaydi...
Ammo bundan har qanday uslub shunchaki ustamonlik ekan, degan ma’no kelib chiqmasligi kerak. Agar uslub shunchaki voqelikni tanlay olish ustamonligining o‘zigina bo‘lsa, bunday uslub tezda o‘zini fosh qilib qo‘yadi va u boshqa turlardagi nazariyabozlik kabi ijodiy o‘zlashtiruvchi emas, quruq nusxa ko‘chiruvchiga aylanadiki, bunday paytda ijodning asl mohiyatiga putur yetadi. Mabodo, uslublashtirishda ustamonlik talab qilingan taqdirda ham, u insonning voqelikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashuvining oldini olib turadi. U o‘zining voqelikka bevosita aralashuvini sezdirmasligi, san’atkorning ijodiy erkinligiga to‘liq imkon yaratishi shart. Eng san’atkorona uslub o‘zini sezdirmagan, ya’ni asar mohiyatiga to‘la singishib ketgan uslubdir. “San’atda, - degan edi Flober, - mubolag‘adan qo‘rqmasligi kerak”. Biroq shu gapining izidan darhol mubolag‘a “o‘zini bildirib qo‘yadigan darajada haddan oshib ketmasligi zarur” deb qo‘shib ham qo‘ygandi. Haddan oshib ketgan uslublashtirish ham asarni to‘mtoqlashtiradi va ko‘zlangan jozibani bermaydi. Shuningdek, asarda uslublashtirish hech qanday rol o‘ynamay, voqelik quruq ko‘chirma bo‘lib qolsa ham badiiyatga putur yetadi. Uslub haqiqiy isyon bilan voqelikning uyg‘unlashuvidan paydo bo‘lgan ijodiy muvozanatdir.

Nazar Eshonqul tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.