OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Albert Malts. Eng baxtli odam (hikoya)

Jessi yig’idan arang o’zini tutib turardi. U stulda Tomning kelishini kutib, yallig’langan oyog’iga dam berib o’tirganidan xursand va Tomning «Nega yo’q derkanman, albatta, xohlagan paytda ish boshlashing mumkin» deyishidan katta umid qilardi.
    Ikki haftadan buyon u yomg’irli kechalarda uxlamay, ham ochiqib, Kanzas shahridan Missuri, Tulza va Oklaxomaga ko’chib yurib, oxiri  qidirgan yerini topdi. Nihoyat, Tom xonaga kirib keldi. U Jessiga e’tibor bermaganday, shunchaki qarab qo’ydi. Uni tanimadi chamasi. Aslida, Jessi Tomning  jiyani edi. To’g’ri, ular besh yil bir-biri bilan ko’rishmadi. Faqat Tom o’sha ilgarigi Tom edi. Yo Xudo, nahotki u shunchalik o’zgarib ketgan bo’lsa? 
    Tom Breket telefonda gaplashib bo’lib, stulga suyanibroq o’tirdi. Xunuk boqib turgan kichkina moviy ko’zlarini Jessiga qaratdi. U ilgarigiday pishik tadbirkorlarga o’xshab  o’tirardi.
    «Eshitaman, dedi u nihoyat, - mendan biror nima xohlaydilarmi?»
    «Siz meni tanimadingiz chamasi, -dedi Jessi. - Men Jessi Fulton bo’laman.
    «A-ha» dedi Breket, boshka hech narsa demadi.
    «Ha-ha, bu menman, Ella senga salom yo’lladi.»
    Breket o’rnidan turdi va burchakda o’tirgan jiyaniga yuzma-yuz keldi. Jessi astagina qo’zg’aldi. Breket burdalangan ot go’shtini ko’zdan kechirayotganday g’alati qarash qildi, uning ko’zlarida achinish alomati bor edi.
    «Ha, ana endi ishondim, bu rostdan ham sen ekansan, faqat Xudo haqqi, butunlay o’zgarib ketibsan.»
    «Besh yil hazil gapmi axir, buning ustiga meni bir-ikki borgina ko’rgan bo’lsangiz.»
    «Juda ozib ketibsan-ku»
Jessi jim bo’lib qoldi. Oraga  sukunat cho’kdi. Birdan Breket jonlanib «Nimaga qaqqayib turibsan, qani kel, o’tir-chi ukam» dedi va Jessining qo’lini qisib qo’ydi. «Seni ko’rganimdan judayam xursandman, shu xolos, boshqa hech narsa deb o’ylama!»
    «Hechqisi yo’q» ming’illadi Jessi va sekingina joyiga o’tirdi.
    «Nimaga oqsoqlayapsan?»
    «Toshga qattiq qoqilib ketdim; tuflimni ham yirtib oldim.» 
U oyog’ini stul ostiga yashirdi, tuflisining yirtiqligidan uyalib ketdi. Ertalabdan beri biror ishni boshlashdan avval tufli sotib olishni o’ylab o’tiruvdi. 
    Breket uning tuflisiga qaradi. U bolaning ahvolini tushundi va rahmi kelib ketdi. Bu holni umrida birinchi marta ko’rib turishi edi. Singlisi unga har hafta xat yozib turgan bo’lsa-da, lekin biror marta shunchalik yomon ahvolda yashayotganini aytgan emasdi.
    «Yaxshi, menga qulok sol, -gap boshladi Breket, - qani, menga hammasini aytib ber-chi, Ellaning ahvoli  kalay?»
    «O, u judayam yaxshi» darhol javob qildi Jessi.
    «Bolalari-chi?»
    «Ular ham yomon emas»
«O’zing-chi? O’zing nima ish qilyapsan? Ishing nima bulyapti?»
Jessi xuddi shu savolni kutib turgan edi:
    «Tom, eshit, sening oldingga maslahatga keldim. Yordamingga muhtojman»
Breket ingrab yubordi. U Jessining shunday deyishini bilardi, shu bois darhol javob berdi: «Qo’limdan kelmaydi. Haftasiga bor-yo’g’i 35 olaman xolos.»
«Bilaman, -dedi Jessi, - bilaman, sen bizga pul berolmaysan. Lekin biz sening qo’lingda ishlaydigan kishi bilan gaplashdik. U shahrimizga kelgan ekan. O’sha odam menga ish topib bera olishingni aytdi.»
    Breket baqirgna bo’lib so’radi: «Sen Kanzas shahridan 2 hafta ichida piyoda kelganing uchun ish  topib berishim kerakmi?»
«Bo’lmasa-chi, Tom, yo’qsa men nima ham qila olaman?»
«Xudo haqqi, menda birorta ishning o’zi yo’q bo’lsa. Buning ustiga neft ishi qanday bo’lishini ham bilmaysan-ku.»  
     Jessi bo’sh kelmadi.
 «Axir o’sha odam senga har doim ishchi kuchi kerakligini aytdi-ku!»
    «Voey... Sen mening bo’limimdagi ishni nazarda tutyapsanmi?» so’radi Breket past ovozda.
    «Ha, Tom, shunday!»
    «Yo’o’q, bo’lmaydi, sen bo’limimda ishlashni xohlamaysan, sen buning qanaqaligini bilmaysan axir!»
    «Nega bilmas ekanman, bilaman!, - qattiq turib oldi Jessi, - o’sha odam sening dispetcher ekaningni aytdi-ku, sen yuk mashinalarini jo’natar emishsan, shundaymi?
    «Kim ekan o’zi o’sha odam?»
    «Adashmasam, uning oti Everet...»
    «Egbert emasmi ehtiyot, bo’yi men bilan teng» so’radi Tom.
    «Ha-ha, Egbert edi, Egbert, endi esimga tushdi.
Tom barmoklarini bir-biriga chalishtirdi. Yuzi g’alati tus oldi. «Yo’q, menga ma’qul emas» dedi u.
    Jessi baqirib yubordi. U Tom ish berishga rozi bo’ladi deb o’ylagandi. «Yo’q, -dedi u va yalinishga tushdi, - boshqa biron ish yo’qmi?»
    «Ish bor, dedi Tom, - Egbertning ishi bor!»
    «U ishdan ketdimi?»
    «U o’ldi. Ish jarayonida o’ldi. O’tgan kechasi tamom bo’ldi, agar bilmoqchi bo’lsang.»
    «Oh! Shunday degin...
    «Endi menga qara Jessi, senga ba’zi narsani aytib qo’yay. Sen haydaydigan narsa oddiy narsa emas. Bu -  nitroglitserin!
    «Xabarim bor, sen meni bilmaydi deb o’ylama»
    «Jim tur bir oz, - buyurdi Breket, -  sen bir marta aksa bersang, bu narsa hama tomonga uchib, birpasda zaharlaydi. Bilasanmi uni qanday qilib olib yurishlarini?
    «Men asta-sekin, ehtiyot bo’lib haydayman», dedi Jessi, - mashina boshqarishni juda yaxshi bilaman.»
    Breket battar baqirib berdi: «Sen Egbert ehtiyot qilib haydamagan deb o’ylaysanmi?»
    «Tom, - iltimos qildi Jessi, - shashtimdan qaytarma, qanday bo’lsa ham eplayman, Egbert 1 mil uchun 1 dollar haq olishini aytdi, men ham shunday qilsam bo’lmaydimi?
    «Albatta, sen ham shuncha olishing mumkin. Bu aytishga oppa-oson. Faqat nimaga kompaniya buncha ko’p pul to’laydi deb o’ylab ko’rganmisan o’zi? Bu oson - Egbertga o’xshab boshing toshga borib urilmaguncha yuraverasan. Vaqti kelib, mashinang bilan birga ag’darilib tushganingda bilasan. Biz endi Egbertdan unga nima bo’lganligini so’rab bilolmaymiz. Biror narsani aniqlash uchun mashinasi ham endi yo’q. Tanasi ham holmadi. Hech vaqo yo’q! Ha yo’q! Endi tushungandirsan?»
    Oraga bir oz sukut cho’kdi.  Jessi uzun oriq qo’llarini chalishtirib o’tirardi. U ko’zini yumdi-da, muloyim ovozda «Hech narsaga ahamiyat bermayman, Tom, sen menga bir yaxshilik qilib, ish bersang bo’ldi», deya o’tindi.
    Breket qo’lini stolga qarsillatib urdi. «Yo’q!»
    «Meni eshit, Tom, - davom etdi Jessi, - nega meni tushunmaysan?» U ko’zini ochdi. Ular jiqqa yoshga to’lgan edi. «Menga qara, men endi ortiq bunday yasholmayman. Agar ko’chada tentirab yuraveradigan bo’lsam, uyda ochimizdan o’lamiz, Tom.»
    «Unday bo’lsa, sen menga aytishing kerak, - baqirdi Breket, - erkak kishi oilasi och turganda, soxta g’urur bilan bemalol yurishga hecham haqqi yo’q! Men ozroq qarz olaman va biz uni Ellaga jo’natamiz.»
    «Undan keyin-chi?»
    «Keyinmi, keyin ozroq kutishga to’g’ri keladi. Yosh bola emassan, hayotdan to’ydim deb aytishga-da haqqing yo’q. Albatta, bir kunmas bir kun ish ham topasan. 
     «Yo’q!,- dedi Jessi o’rnidan sapchib, - yo’q, men ham shunga ishonardim, lekin endi bunday kutib o’tirolmayman. Sen boshimni ko’tarib yurishimga ko’maklash. Yoki yana 5-6 yil kutib o’tiradi deb o’ylayapsanmi?»
    Breket o’rnidan turdi. «Xo’p, shunday deb ham o’ylaylik. Sen nima, o’zingcha Ellani o’ylayapman deysan. Qilayotgan ishing unga yoqadi deb o’ylaysan shekilli. Mabodo bir kori hol bo’lsa-chi?»
    «Balki mening baxtim kulib boqar», - o’zini oqladi Jessi.
    «Afsuski hamma shunday deb o’ylaydi, - to’ng’illadi Tom nafrat bilan. - Bu ishni boshlaganingdan keyin esa, o’z-o’zidan omad so’roq belgisiga aylanadi-qo’yadi. Anig’i shuki, ertami-kechmi baribir o’lasan.»
    «Shunday bo’lsa ham mayli , - darhol javob qildi Jessi. O’ldirsa o’ldiribdi-da! Axir ungacha nimagadir ega bo’laman-ku. O’zimga tufli sotib olaman, bolalarga qand-qurs deganday. O’zimning ham qornim to’yib yuradi. Har kun bir marta bo’lsa ham ozroq pivo ichib turarman. Ellaga yaxshi kiyimlar olib berishni xohlayman. Oilam bilan kinoga borishni istayman...»
    Breket yana joyiga o’tirdi. «Bo’ldi, bas qil!»,-dedi u.
    «Yo’q,-davom etdi Jessi, - mendan asti qutila olmaysan. Eshit, Tom, o’ylab ko’r, agar 3 oy ishlasam, ming dollardan oshiq pul ishlar ekanman. Kim bilsin, balki men bundan ko’prok yasharman. Ellani ham oyoqqa turg’izarman.»
    «Nimaga bunday deb aytyapsan?- qarshi chiqdi Breket, -o’ylashimcha, sen judayam baxtiyor bo’lmoqchisan-a? Har daqiqa, yurganingda, yotganingda tinching bo’lmaydi ahmoq, yuragingni hovuchlab ertaga o’lamanmikin, deb turasan-ku. Eng yomoni hordiq kunlarida ishlamay yotganingda bilinadi. Bu kunlardagi asab qaqshashini kim ortga qaytarib berardi senga? Qanday qilib baxtiyor bo’lishing mumkin-a?»
    Jessi iljaydi. «Men albatta baxtli bo’laman! Sen tashvishlanmay qo’yaver. Shunchalik baxtiyor bo’lamanki... Tom, faqat... men ham boshimni ko’tarib yashasam bo’ldi»,-dedi u.
    «E-e, bo’ldi qil endi»,-jerkidi yana Breket.
    Bolakay jim bo’ldi. Ozroqdan keyin uning pichirlagani eshitildi: «Tom, o’tinaman, unday dema. Tom, yordam ber... Tom, meni tashlab qo’yma...»
    Oraga qayta jimlik cho’kdi. Breket ikki qo’lini boshiga ko’targan holda kaftlarini chakkasiga qattik bosib turardi.
    «Tom, Tom», - yalindi Jessi.
    Breket indamadi. Va nihoyat «Hay, mayli!», dedi u, - «Sen aytgancha bo’laqolsin. Xudoning o’zi madad bersin senga.» Uning ovozi zo’rg’a eshitildi. «Agar bugun kechasi haydayman desang, mayli, bugundan boshlayqol.»
    Jessi indamadi. Aniqrog’i, u hech nima deyolmasdi. Breket unga qaradi. Shashqator yoshlar Jessining yuziga oqib tushmoqda edi.
    Breket turishga shaylanarkan «Ishim ko’p, mayli» deb aytdi. 
     Jessi asta yurib tashqariga chiqdi. Yuragida qandaydir tasvirlash qiyin bulgan quvonch g’imirladi. «Men dunyodagi eng baxtli odamman», pichirladi u o’ziga-o’zi. «Men butun yer yuzidagi eng baxtiyor kishiman.»    

Ingliz tilidan A’zam Obidov tarjima qildi
 
* * *
 
DUNYODAGI ENG BAXTLI ODAM

 Jessi yig‘lab yuborishga ham tayyor edi. U Tomni telefondan bo‘shashini kutaverib xunob bo‘lgandi. Tom uning pochchasi edi. Jessi holi harobligidan o‘zining ham yuragi ezilib o‘tirardi.
 To‘g‘ri, ular besh yildan buyon bir-birlarini ko‘rishmagandi, ammo Tom hozir besh yoshga ulg‘aygan ko‘rinadi, bor farq shunda, xolos. U haliyam Tomligicha turibdi-ku. Xudoyim-ey! Yo u shunchalar o‘zgarib ketganmikan?
 Nihoyat, Tom Braket telefon go‘shagini joyiga qo‘ydi. U o‘rindig‘iga yastangancha o‘tirarkan, gumondor va sovuq boquvchi kichkinagina tiniq moviy ko‘zlari bilan Jessiga bir qur ko‘z yugurtirib chiqdi. U qirq besh yoshlardagi basavlat erkak bo‘lib yetilgandi. Braket aynan o‘tkir biznesmenlarday bo‘lib ko‘rinar – uning asli kasbi ham shunday edi. U Jessiga vaqtini ketkizishga noroziday sovuq bepisandlik bilan ko‘z tashladi.
 “Xo‘sh?”- deb qoldi Braket to‘satdan. “Xizmat?”
 “Meni tanimading chog‘i, Tom”, - deb o‘ng‘aysizlandi Jessi. “Men Jessi Fultonman. Ella senga salom aytib yuborgandi”.
 Braket o‘rnidan turdi-da, chaqirilmagan mehmoni bilan yuzma-yuz bo‘lish uchun u tomonga bir-bir bosib keldi. U esiga tushgan qayinukasiga o‘xshash qiyofani unda topishga harakat qilguday bo‘lib Fultonni boshdan-oyoq ko‘zdan kechirdi.
 “Ha, rostdanam Jessi ekansan”, - dedi Braket oxiri. “Lekin rosayam o‘zgarib ketibsan”.
 “Yo, rabbim, axir oradan besh yil o‘tib ketadi-yu, o‘zgarmay bo‘larkanmi?”- dedi Jessi. “Buning ustiga sen meni faqat bir-ikki bor ko‘rgan bo‘lsang kerak. O‘zgarmay qolarmidim? Hammayam o‘zgaradi-ku, to‘g‘rimi?”
 “Sening qarashlaring jiddiy edi”, - deya so‘zida davom etdi Braket mayin, ajabsinagan ohangda. “Sezishimcha, biroz ozgandaysan?”
 Jessi miq etmadi. U Braket uning jig‘iga tegish uchun o‘zini har ko‘yga solayotganini fahmlab turardi. Biroq burgaga achchiq qilib ko‘rpani kuydirishdan foyda yo‘qligi sababli o‘zini og‘irlikka olardi. Sukunat cho‘zilgan sayin Jessining ichini it tataladi. Braketning vijdoni uyg‘ondi chog‘i, tuyqusdan mulozamat yo‘liga o‘tib oldi:
 “Qani, o‘tir-chi. Yaxshi kelibsan-da, kuyov”, - u Jessining qo‘lidan tutib, uni qisib qo‘ydi. – “Seni ko‘rganimdan xursand bo‘ldim; hech narsani o‘ylama! Negadir ko‘zimga siqilganroq bo‘lib ko‘rinyapsan”.
 “Hammasi joyida”, - deb ming‘illadi Jessi. U stulga o‘tirarkan, barmoqlari bilan jingalak, chigal sochlarini taroqlagan bo‘ldi.
 “Nimaga oqsoqlanyapsan?”
 “Bitta toshni bosib olgandim; qirrasi bilan tufligimning tagini teshib qo‘yibdi”.
 Jessi oyoqlarini stulning tagiga tortdi. U tuflilaridan uyalayotgandi.
 Braket bo‘lsa Jessining oyoqlaridan ko‘zlarini uzmay o‘tirardi. U kuyovining ko‘nglidan nimalar kechayotganini anglab turar, unga qarab yuragini achinish hissi qoplab borardi.
 “Ha, mayli, qulog‘im senda”, - deya so‘z boshladi Braket, “hayotingdan gapir. Ella qalay?”
 “O, u o‘ynab-kulib yuribdi”, - deb javob berdi Jessi parishonxotirlik bilan. Uning mayin boquvchi kulrang ko‘zlari bilan uyg‘unlashib ketgan yumshoq, itoatkorona, anchagina tortinchoq ohangli ovozi bor edi.
 “Bolalar-chi?”
 “O, ular ham zo‘r...Bilasanmi-”, - endi biroz qat’iyat bilan ilova qildi Jessi, “kenjatoyimiz tasma (ikki yelkasidan o‘tkazilib shimga taqiladi) taqadigan bo‘lib qolibdi. Bilasan, u o‘zi pul topolmaydi. Ammo rosayam uddaburron. Rasmlar soladi, u-bu ish qo‘lidan keladi, bundan o‘zingning ham xabaring bor”.
 “Ha”, - deb ma’qullab qo‘ydi Braket. “Bu ishlari yaxshi”. U ikkilanib qoldi. Oraga bir nafaslik jimlik cho‘kdi. “Ella menga ishlaring yomonligi borasida lom-mim demagandi, Jessi. Senga yordam bergan bo‘larmidim”.
 “Xudo sendan rozi bo‘lsin”, - deb minnatdorchilik bildirdi Jessi mayin ohangda. “O‘zingning ham ishlaring boshingdan oshib yotibdi-ku, to‘g‘rimi?”
 “To‘g‘ri.”- Braket o‘rindig‘ining orqasiga suyandi. Uning qizg‘ish yuzlari g‘amgin va achinarli tus oldi.
 “Tom, quloq sol”, - deya muddaoga o‘tdi Jessi. “Men bir maqsad bilan bu yerga kelgandim”. U yana barmog‘i bilan sochini tarab qo‘ydi. “Menga yordam berishingni istayman”.
 Braket shu gapni kutayotgandi. “Men ko‘p pul berolmayman. Haftasiga 35 dollar topaman, xolos, bungayam o‘lganimning kunidan shukr qilib, bir amallab yashab kelayapman”.
 “Albatta, bilaman”, - hayajonlanib ta’kidladi Jessi. Uni tag‘in tong sahardan beri yuragini egallab yotgan yovvoyi g‘ulg‘ula chulg‘ab oldi.
 “Bilaman, sen bizga pul tomonlama ko‘mak berolmaysan. Lekin biz sening qo‘lingda ishlaydigan bir kishi bilan ko‘rishib qoldik! U bizning shahrimizga kelgan ekan. O‘sha kishi seni menga bironta ish topib berishingni aytgandi!”
 “Kim aytgandi?”
 “O, nima uchun shuni menga sen - o‘zing aytmaganding?”- Jessi mana endi ginaxonlik bilan yorildi. “Nimaga aytmading, axir men bu gapni eshitganim zahoti yo‘lga chiqqandim. Mana, ikki haftadirki, xuddi devonaga o‘xshab yo‘l yurib keldim”.
 Braket baland ovozda ingrab yubordi. “Sen meni ish bera oladi, degan umid bilan Kanzas Sitidan ikki hafta ichida yetib keldingmi?”
 “Bo‘lmasam-chi, Tom, albatta-da. Qo‘limdan boshqa nimayam kelardi?”
 “Jessi! Hozir o‘lik mavsum. Ustiga-ustak, sen bizning ishimizni neft bilan bog‘liq ekanligini tushunmaysan ham. Bu esa juda muhim. Mening bu yerdayam do‘stlarim bor, biroq ular ayni damda hech narsa qilib berisholmaydi. Men senga imkoniyat tug‘ilishi bilanoq ish aytgan bo‘lardim, shu o‘y o‘zingning ham kallangga kelmadimi?”
 Jessi dod deb yubordi. “Lekin sen quloq solsang-chi, o‘sha odam seni odam yollaydi, deb aytdi! U menga gapirib berdi! U sening qo‘lingda yuk mashinasi haydar ekan! Uning aytishicha, senga har doim erkaklar kerak bo‘lar ekan!”
 “Oh!..Sen idoramni nazarda tutyapsanmi?”- deb so‘radi Braket past ovozda.
 “Ha, Tom. Shuni aytyapman!”
 “Oh, yo‘q, sen mening idoramda ishlashga chiday olmaysan”, - Braket unga o‘sha past ovozda man qildi. “Sen uning nima ekanligini bilmaysan ham”.
 “Yo‘q, bilaman”, - Jessi o‘z fikrida qat’iy turib olgandi. “O‘sha erkak menga barini tushuntirib berdi, Tom. Sen yuk jo‘natuvchisisan, shundaymi? Sen chetga dinamit ortilgan yuk mashinalarini chiqarasanmi?”
 “Sen aytayogan o‘sha odam kim edi, Jessi?”
 “Everet, Everet edi, yanglishmasam”.
 “Egbertdir balki? Mening gavdamdagi erkakmi?”- deb so‘radi Braket ohista.
 “Ha, Egbert ekan”.
 “Albatta, ish bor. Agar istasang, hatto o‘sha Egbertning ham joyi bo‘sh turibdi.”
 “U ishdan ketdimi?”
 “O‘ldi!”
 “Oh!”
 “Ish paytida o‘ldi, Jessi. Judayam bilging kelayotgan bo‘lsa, bu ish o‘tgan tunda sodir bo‘ldi.”
 “Oh!..Nima bo‘lsa bo‘lavermaydimi, lekin menga baribir!”
 “Unday bo‘lsa, meni eshit!”- dedi Braket. “Men senga kelishingdan avval so‘rashing lozim bo‘lgan bir-ikkita narsalarni aytib qo‘yay. Sen haydaydigan yuk mashinasidagi dinamit emas. U nitroglitserin!”
 “Lekin bundan mening xabarim bor edi”, - dedi Jessi uni tinchlantirib. “O‘sha Egbert menga maslahat bergandi, Tom. Meni hech narsadan xabari yo‘q ekan, deb o‘ylashingning sirayam hojati yo‘q.”
 “Bir daqiqaga ovozingni o‘chirib tursang-chi”, - deb buyurdi Braket g‘azab bilan. “Eshit! Sen shunchaki bu nitroglitserin sho‘rvasiga bir nazar solib ko‘rding, tushundingmi? Sen shunchaki qattiq yo‘talganding, shundan keyin bu sho‘rva qaynab, mana endi toshib ketyapti”.
 “Meni eshitsang-chi, Tom -”
 “Hozir, bir lahzaga shoshmay tur, Jessi. Bilaman, ishga o‘lguday muhtojsan, biroq sen tushunib olishing kerak. Bu mahsulot faqatgina maxsus mashinalardagina ketadi. Qoq tunda! Ular maxsus yo‘nalish bo‘yicha qatnaydi! Birontayam shahar ichidan o‘tisholmaydi! Buning qanday ish ekanligiga aqling yetib turibdimi?”
 “Men ehtiyotkorlik bilan haydayman”, - dedi Jessi. “Men yuk mashinasini qanday qilib boshqarishni bilaman. Sekin haydayman”.
 Braket oh tortdi. “Sen Egbertni ham ehtiyotkorlik bilan haydamagan yoxud yuk mashinasini qanday boshqarishni bilmagan deb o‘ylayapsanmi?”
 “Tom”, - dedi Jessi shiddat bilan. “Sen meni qo‘rqitolmaysan. Men miyamga faqat bitta gapni mixlab oldim! Egbert aytdiki, u bir mil masofa yo‘l uchun bir dollardan ishlardi ekan. U yarim oylik xizmati uchun bir oyda 500-600 dollardan topardim, deb aytdi. Men ham aynan shunday haq olamanmi?”
 “Albatta, shunday olasan”,- dedi Braket unga vahshiylik bilan. “Bir mil uchun bir dollar. Juda oson-a. Biroq nima sababdan sen kompaniyani buncha ko‘p to‘lashi kerak deb o‘ylayapsan? Osonligini qara – xuddi Egbertga o‘xshab old chiroqlarni yoqquningcha qandaydir toshni bosib ketasan. Yoki bo‘lmasam, ko‘zingga nimadir kirib ketadi-da, g‘ildirak aylanib ketib, mashinaga shikast yetkazasan! Xudo biladi, tag‘in kim bilmagan boshqa qanday ko‘rgulik yuz beradi! Biz Egbertga qanday kor-hol yuz berganini aniqlay olmadik. Biror-bir dalil beruvchi hech qanday mashina yo‘q edi. Hech qanday murda ham topilmadi. Hech vaqo yo‘q! Ehtimol, erta bir kun kimdir makkajo‘xori dalasidan bir parchagina majaqlangan po‘latni topib olar. Lekin baribir biz hech qachon haydovchini topolmaymiz. Bor bilganimiz, u jadval bo‘yicha yetib kelmadi. Keyin politsiya bizni chaqirishini kutib turdik. O‘tgan tunda qanday voqea yuz berganini tushundingmi? Ko‘prik ustida qandaydir bir ishkallik chiqibdi. Balki Egbert tajang bo‘lib turgandir. Balki u bir tomonga mashina g‘ildiragining qanoti bilan borib solgandir. Endi bo‘lsa hech qanaqa ko‘prik ham yo‘q. Mashina ham yo‘q. Egbert ham. Endi tushungandirsan? Bir mil yo‘l uchun o‘sha Xudo urgan bir dollarni qanday qilib topish yo‘li shu bo‘ladi!”
 O‘rtaga bir lahzalik sukut cho‘mdi. Jessi uzun, ingichka barmoqlarini bukib-eggancha o‘tirardi. Uning og‘zi ochilib qolgan, yuzi esa alam bilan burishib ketgandi. Bir mahal u ko‘zlarini yumdi-da, ohista so‘zlay boshladi. “Meni nima balo bo‘lgani bilan ishim yo‘q, Tom. Sen hammasini tushuntirib berding. Endi esa menga bir saxovat ko‘rsatib, ish bersang.”
 Braket stoli ustiga qo‘lining kafti bilan tarsaki tushirdi.
 “Yo‘q”.
 “Quloq sol, Tom”, - dedi Jessi g‘aribona holda, “Sen shunchaki tushunishni istamayapsan-da”. U ko‘zlarini ochdi. Uning ko‘zlari yosh bilan to‘lib qolgandi. Bu nigoh Braketni undan yuzini o‘girishga majbur qildi. “Menga bir qaragin-a, Tom. Senga iltijolarim kamlik qildimi? Tom, men ortiq bu ahvolda yashay olmayman, tushunsang-chi axir!”
 “Sen aqldan ozibsan”, - deb ming‘illadi Braket. “Har yili beshta haydovchidan bittasi o‘ldiriladi. Bu o‘rtacha ko‘rsatkich. Shuni havas qilgudek joyi bormi?”
 “Ayni damdagi mening hayotim havas qilgulikmidi? Biz uyda shundoqqina ochlikdan qurbon bo‘layapmiz, Tom!”
 “Buni menga ilgariroq aytishing kerak edi”, - deya xitob qildi Braket cho‘rt kesib. “Bu o‘zingning aybing. Odam oilasi och turganida soxta dabdaba bilan yurishga aslo haqi yo‘q. Men birontasidan ozroq pul qarz olib turaman-da, uni Emmaga telegraf qilib jo‘natib yuboramiz”.
 “Xo‘sh, keyin nima bo‘ladi?”
 “Keyin kutib turasan. Sen qarib qolganing yo‘q. Bu hayotingdan yuz burib ketishga haqing ham yo‘q. Biror kun ish ham topib olarsan.”
 “Yo‘q!” Jessi o‘rnidan sapchib turib ketdi. “Yo‘q, oldinlari bunga ishonardim. Ammo endi ishonolmayman”, - baqirdi u kuyib-yonib. “Sen mening yuragimdagi birdan-bir umidimsan”.
 “Aqldan ozyapsan”, - ming‘illadi Braket yana. “Men bunday ish qilolmayman axir. Xudo haqi, bir lahzaga bo‘lsin, Ellani ham o‘ylasang-chi axir”.
 “Uni deb qayg‘urayotganimni bilmayapsanmi?”- so‘radi Jessi ma’yus. U Braketning yengidan tortdi.
 Braket oyoqqa qalqdi. “Sen Ella to‘g‘risida o‘ylayapman, deyapsan. O‘lib ketsang, uni qay holga tushishini ham o‘ylayapsanmi?”
 “Balki, o‘lib ketmasman”, - iltijo qildi Jessi. “Ba’zan omadim ham kulib turadi”.
 “Hammasiyam shunaqa deb o‘ylashadi”,- javob qildi Braket e’tiborsizlik bilan. “Bu ishni boshlashing bilan sening omading ham savol belgisi bo‘lib qoladi. Bir narsa aniqki, ertami-kechmi, baribir seni o‘ldirib ketishadi”.
 “Unaqa bo‘lsa ham mayli, roziman”, - deb baqirdi Jessi unga javoban. “Lekin bu orada biror nimali bo‘lib olarman, to‘g‘rimi? Jilla qursa, bir juft oyoq kiyim sotib olarman. Menga qara! Bitta kostyum sotib olarman. Sigara cheka olarman. Bolalarim uchun biroz shirinlik sotib olarman. O‘zimning og‘zimga ham biron nima tegib qolar. Ha, Xudo haqi, biroz shirinlik yegim kelyapti. Kunda bir mahal bir stakan pivo ichishni xohlayman. Ellani yasantirib qo‘yishni ham. Unga haftada uch marta, ehtimol to‘rt marta go‘sht yedirishni xohlayman.”
 Braket joyiga o‘tirdi. “Oh, bo‘ldi qilsang-chi”, - dedi u.
 “Yo‘q”, - dedi Jessi unga mahzun, ammo jo‘shqin ohangda, “sen meni to‘xtatib qololmaysan. Eshit, Tom”, - u o‘tinib so‘ray boshladi, “men hammasini o‘ylab chiqdim. Oyiga 600 dollardan topsam, qara, qancha pul jamg‘arar ekanman! Atiga 3 oygina ishlab qo‘ysam, qara, qancha pul bo‘ladi – 1000 dollar-a – undanam ko‘proq! Balkim yana-da uzoqroq ishlarman. Balkim ikki yil ichida Ellaga haqiqiy hayot lazzatini in’om etarman!”
 “Bu sening gaping”, - deya uning gapini bo‘lib qo‘ydi Braket. “Taxminimcha, sen bunaqa ishda ekansan, uni maza qilib yashaydi, deb o‘ylaysan-da?”
 “Men hammasini o‘ylab bo‘lganman”, - javob berdi Jessi hayajonga to‘lib. “U bu haqida sira bilmaydi, tushunyapsanmi? Men unga faqat 40 dollar ishlab topayotganimni aytaman. Sen qolgan pulni uning bankdagi hisobiga o‘tkazib turasan, Tom”.
 “Eh, bas qil”, - urishib berdi Braket. “Baxtli bo‘laman, deb o‘ylaysanmi? Har daqiqada, uyg‘onganingda ham, uxlayotganingda ham, ehtimol ertaga o‘lib ketarman, degan talvasa ichida azoblanib yashaysan”.
 Jessi kulib yubordi. “Men baxtli bo‘laman! Tashvish qilma, men shu qadar baxtli bo‘lamanki, hatto kuylab yuboraman. Xudo guvoh, Tom, yetti yil mobaynida birinchi marta o‘zimdan-o‘zim faxrlanib ketyapman!”
 “Eh, bas qil, bas qil!”- deb qichqirdi Braket.
 Oraga tag‘in jimlik cho‘kdi. Braket ikkala qo‘lini ham boshi uzra ko‘tarib, kaftlarini chakkalariga bosdi.
 “Tom, Tom – ” dedi Jessi.
 Braket uh tortdi. “Oh”,- dedi u nihoyat, “yaxshi, seni ishga olaman, Xudo mening mushkulimni oson qilsin. Agar shu kecha yo‘lga tayyor bo‘lsang, bugun tunda mashinani haydaysan”. Jessi javob bermadi. U javob bera olmasdi. Braket unga qaradi. Jessining yuzidan ko‘z-yoshlari dumalab tushardi.
 “Soat 6:00da bu yerga qaytib kel”, - dedi Braket. “Mana senga ozroq pul. Tuzukroq ovqat olib, yeb olgin”.
 “Rahmat”,- dedi Jessi. “Rahmat, Tom”.
 “Tom.”
 “Nima deysan?”
 “Men shunchaki – ” Jessi gapirishdan to‘xtab qoldi. Braket uning yuziga boqdi. Jessining ko‘zlari hamon yosh bilan yaltirab turar, biroq yuzi endi yashnab ketgandi.
 Braket undan yuzini o‘girdi. “Men bandman”,- dedi u.
 Jessi ko‘chaga chiqdi. Ko‘zlaridagi nam unga ko‘rishga xalal berar, biroq butun dunyo hozir unga tillaga aylanib ketganday bo‘lib yarqirab ko‘rinardi.
 “Men dunyodagi eng baxtli odamman”, - deb shivirladi u o‘ziga-o‘zi. “Men butun yer yuzidagi eng-eng baxtli odamman”.
 
Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.