OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Alberto Moravia. Dublyor (hikoya)

Biz bir yil sevishib yurdik. Agata va men. Keyin uning sekin-asta mendan sovib borayotganini seza boshladim, uchrashuvlarimiz kun sayin kamayib borayotgan edi. Bu xuddi so‘nayotgan olovga o‘xshardi: boshida hatto nima bo‘layotganini sezmaysiz ham, ammo bir qarasangiz, uning faqat kuli qolganini ko‘rasiz va birdaniga sovqotib ketganingizni his qilasiz. Dastlabki kezlarda xavotirli hech narsa yo‘qdek edi: chala aytilganga o‘xshagan gaplar, jimlik, norizo qarashlar. Keyin turli vaj-korsonlar boshlandi: goh uning tobi qochib qoladi, gohida band bo‘ladi, gohida uy ishlarida onasiga yordam qilishi yoki kursga borishi kerak bo‘ladi. Alal-oqibat, kechikish va shoshilish: u uchrashuvga kamida bir soat kechikadi va besh daqiqa o‘tar-o‘tmas xayrlashish payida bo‘ladi. U men bilan go‘yoki men bir bemavrid gapni gapirib qo‘yganimdek betoqat tarzda, ijirg‘anib gaplasha boshladi. Undan bo‘sa olmoqchi bo‘lganimda, hatto qo‘lidan tutmoqchi bo‘lganimda ham bir necha bor o‘zini olib qochishga urinayotganini sezib qoldim.
Bularning barchasi meni azoblayotgan edi. Uning menga nisbatan o‘ta sovuq munosabatda bo‘layotganiga ishonch hosil qildim, lekin men uni sevaman, axir. U menga tishlari orasidan sizdirib: “Alvido, Jino” deganda xuddi oldinlari “Men seni shunchalik sevamanki!” degan so‘zlarini eshitganimdan ham ko‘proq sevindim. Bir safar Filaminio maydonida uchrashganimizda o‘zimda jasorat topib qat’iy ohangda:
– Kel, ochiqchasiga gaplashaylik, sen menga nisbatan hech qanday tuyg‘u his qilmayapsanmi? – deb so‘radim.
Ishonasizmi, u xoxolab kulib yubordi va:
– Zap gap ta’sir qilmaydigan odamsan-ay!.. Men shuni qachon tushunib yetishingni ko‘rmoqchi edim… Nihoyat anglab yetding-a!
Men angrayib qoldim. Keyin xuddi egasi murvatini burab aylantirgan qo‘g‘irchoqqa o‘xshab ortga qayrilib ketdim. Ammo bir necha qadam tashlaganimdan so‘ng shoyad, u meni chaqirib qolsa! degan ilinjda orqamga qayrilib qaradim Biroq, bunday bo‘lmadi. U bekatga qarab yurdi va o‘ta xotirjam holda tramvay kuta boshladi. Men ketdim.
Hozir, oradan shuncha vaqt o‘tib, o‘sha voqeani eslasam kulgim keladi. Ammo o‘sha vaqtda men oshiq edim, muhabbat ko‘zlarimni ko‘r qilib qo‘ygan edi. Uqubatli kunlarni boshdan kechirgan edim o‘shanda: uni unutishni istaganim sayin ishqim tug‘yoni battar avj olar edi. Agatadan sovush uchun uning kamchiliklarini eslab ko‘nglimga uqtirmoqchi bo‘ldim. O‘zimga o‘zim bunday der edim: “Qiyshiq oyoqlar va beyarashiq yurishlar… Qo‘llari xunukdan xunuk… Kallasi haddan tashqari katta… faqat ko‘zlar va og‘iz baharnav… Yuzi esa bo‘zargan, hatto rangi yo‘q… Sochlari qo‘ng‘ir va barra qo‘zinikidek jingalak, burni bo‘lsa keng, qanshari yuqoriga tortilgan, xuddi kofe qaynatadigan idishning baldog‘iga o‘xshaydi”. Behuda mashg‘ulot: bularni o‘zimga aytar ekanman, uning oyoqlari, qo‘llari, sochlari, burni – aynan chiroyli bo‘lmagani uchun ham menga yoqishini ich-ichdan tan olar edim. Shunda men boshqachasiga o‘ylay boshladim: “U o‘qimagan va yolg‘onchi, uning aqli kanareykanikidan ham past, u kekkaygan, xudbin, tannoz”. Ammo bundan ham bir ish chiqmadi. Negaki, uning aynan ana shu nuqsonlari mening qonimni gupirtirar, tuyg‘ularimni hayajonga keltirar edi. Xullas, men uning ishqini unuta olmadim.
Unga o‘zim haqimda, hech bo‘lmaganda bir oy, hech narsa bildirmaslikka qaror qildim. Shunda uning o‘zi meni izlab qoladi deb o‘ylagan edim. Biroq o‘zimga bergan bu so‘zimning ustidan ham chiqa olmadim. Bir haftadan so‘ng ertalab Flaminio maydonidagi mayxonaga kirib, o‘sha yerdan Agataga qo‘ng‘iroq qildim. Go‘shakni uning o‘zi ko‘tardi va meni og‘iz juftlashga qo‘ymasdan shu vaqtning o‘zidayoq uchrashuv belgiladi. Men mayxonadan chiqib, ko‘chani kesib o‘tdim-da, gul sotuvchidan bir dasta binafsha sotib oldim. Shu vaqtda soat millari to‘qqizni ko‘rsatayotgan edi, Agata uchrashuvni o‘nga belgilagan. Binafshani qo‘llarimda tutib xuddi besabrlik bilan tramvay kutayotgandek, bekatning u boshidan bu boshiga yura boshladim. Tramvay kelardi, odamlar o‘tirardi, yurib ketardi, men esa qolaverardim. Bir oz vaqt o‘tib bekatga yana odam yig‘ilar, yana men tramvay kutishga sabrim yetmayotgandek, u yoqdan bu yoqqa yura boshlar edim, men tramvayni emas, Agatani kutayotganim hech kimning xayoliga kelmas edi. Men bir soat, yana o‘n daqiqa kutdim va ishonch hosil qildimki, u kelmaydi. Aslida o‘n daqiqa kechikish – unchalik ko‘p vaqt emas, ayniqsa, ayol zoti uchun, ammo uning kelmasligiga ishonchim komil edi; masalan, ba’zida charog‘on kunda ham momoqaldiroqning havoda osilib turganini qat’iy ishonch bilan his qilasiz. Men uning kelmasligini bilar edim, u rostdan ham kelmadi. Ammo har ehtimolga qarshi yana yarim soat kutdim, keyin yana o‘n besh daqiqa, keyin yana besh daqiqa, so‘ng oltmishgacha sanadim va bir soat bo‘la qolsin, deya yana besh daqiqa o‘tkazdim. Keyin favvoroga yaqinlashdim va binafshani xira suvga uloqtirdim. Gul sotuvchi mening uzoqlashishimni kutib turdi va darhol gulni suvdan chiqarib oldi.
Bunday vaziyatda o‘zingni qanday tutishing ma’lum: hushing boshingdan uchadi. Bir bema’nilik ortidan ikkinchisini qilasan. Bundan hech narsa chiqmasligi ayon, aksincha, vaziyat butkul qo‘ldan chiqib ketadi. Kun davomida balki Agata qaerda uchrashishimiz kerakligini tushunmagandir deb o‘ylab yana unga qo‘ng‘iroq qildim. Hadik aralash:
– Agata, nega kelmading? Yoki men uchrashuv joyini yaxshi tushuntira olmadimmi… – deb so‘radim.
U darhol:
– Yo‘q, sen juda yaxshi tushuntirding, – deya javob qaytardi.
– Unda nega kelmading?
– Chunki xohlamadim.
Bu safar ham yana odatdagidek hech narsa deya olmadim va go‘shakni astagina ilib qo‘yib ortimga qaytib ketdim.
Boshqa bo‘lsa chidamas edi. Ammo men Agatani sevar edim va uning suyuklisi bo‘lishni istardim. Mayli, u mening tanimni pichoq bilan nimta-nimta qilsin, shunda ham men hali hammasi tugagani yo‘q, bu ishni u mendan nafratlangani uchun emas, sevgani uchun qildi deb o‘ylar edim. Uning ishqi ko‘zimni shunchalik ko‘r qilib qo‘ygan edi-ki, sevish ham har xil bo‘ladi, balki shunday muhabbat ham bordir, qiz bola uchrashuvga chiqmaydi, qo‘pollik qiladi, hazar qiladi va senga tupuradi… Axir u meni umid uzmaslikka undayotganga o‘xshaydi-ku, deya o‘zimga tasalli berdim. Ertasi kuni yana o‘sha vaqtda unga qo‘ng‘iroq qildim. Bu safar go‘shakni uning singlisi ko‘tarib, “Agata uyda yo‘q”, dedi. Men telefonning oshxonada ekanini bilar edim va Agataning unga “Meni uyda yo‘q deb ayt”, deya o‘rgatayotgani aniq eshitilib turar edi.
Bu holdan butkul o‘zimni yo‘qotdim va keyin har xil vaqtda qo‘ng‘iroq qila boshladim: tong chog‘ida, tushlikda, kechki mahalda. Agata hech qachon uyda bo‘lmas edi. Bora-bora telefon budkasiga kirganimda ana shu la’nati raqamni terishdan ko‘nglim ayniydigan bo‘lib qoldi, ammo baribir teraverardim. Telefon chaqirig‘i va go‘shakni olishlarini kutish vaqti esa mening hayotim botib borayotgan cheksiz-chegarasiz bir botqoq, mudhish bir oraliq masofaning o‘zginasi edi. Men buni sezardim, ammo unga qarshi hech narsa qila olmas edim: botqoqlik meni tobora o‘z komiga tortib borayotgan edi. Nihoyat yurak yutib ertalabdan Agataning uyining oldiga borib olib uning uydan chiqishini poylashga qasd qildim. Ikki soat kutdim: o‘zimni juda noqulay sezar edim, bu yerda tramvay bekati yo‘q edi. Xullas, Agata yo‘lakda paydo bo‘ldi, ammo meni ko‘rdi-yu, ortiga qayrilib ketdi. Yana ikki soat o‘tdi. Bu yerda boshqa chiqish yo‘li yo‘qmikan, maboda, deya o‘ylanib uyning atrofini aylanib kuzatdim. Qarasam, orqada ham chiqish yo‘li bor ekan. Shundan so‘ng uni yo‘lakning boshida kutmaydigan bo‘ldim.
Men qattiq ruhiy tushkunlikka tushib qoldim, bir necha oylik ishsizlikdan so‘ng bir amallab ish topganimda ham unchalik sevinmadim. Aslida, men tug‘ma aktyorman. Buni hamma aytadi. Faqat nutqimda nuqsonim bor – gapirmoqchi bo‘lganimda so‘zni yutib qo‘yaman, keyin uni kuch bilan chiqarganimda og‘zimdan tupuk sachrab ketadi. Shu vajdan kinoga bor-yo‘g‘i statist (so‘zsiz rolni ijro etadigan aktyor) vazifasiga ishga olishardi. Ammo bu safar statist ham emas, dublyorlikka arang joylashdim. Uchinchi sortdagi ahmoqona bir filmda o‘ynayotgan yosh aktyor tomoshabinga orqasini o‘girgan vaqtdagi holatini men bajarishim kerak edi. Bu aktyor qo‘yib qo‘ygandek menga o‘xshaydi: xuddi menikidek qomat, menikidik sochlar, yelka, qadam tashlash, hamma-hammasi. Ammo u so‘zni yutib qo‘ymasdi va gapirganda tupuk sachratmasdi. Shuning hisobiga u filmda million ishlab olayotgan edi, men esa arzimagan bir necha ming lira. Xullas, men – dublyor, quruq gavda, qo‘g‘irchoq, tasodifiy nusxa edim.
Kun davomida mening bu yerda qiladigan ishim yo‘q, g‘irt bekorchi edim. Kinostudiyaning yupiter (yorituvchi kuchli elektr asbob) bilan yoritilmagan qorong‘u xonasida zerikib o‘tirib, Agatani yana bir ko‘rmoq uchun ajoyib hiyla o‘ylab topdim. Men uning ham kino ishqibozi ekanini, kinoaktrisa bo‘lishni orzu qilishini bilar edim. Menimcha, u hatto statistlikka ham yaramas edi. Men bunday o‘yladim: agar unga kino xo‘rak qilib qo‘yilsa, u bir zumda qarmoqqa tushadi. Lekin rejissyor faqat pul topishni o‘ylaydigan qahri qattiq odam edi. Undan yordam so‘rashdan foyda yo‘q. Men ko‘p vaqtlardan beri biladigan, deyarli tengdoshim bo‘lgan rejissyor yordamchisi foydasi tegishi mumkin bo‘lgan odam. Men uni studiya qoshidagi restoranda mehmon qildim va ushbu masalada yordami kerakligini aytdim. U qahqaha otib kulib yubordi, kaftini egnimga urib menga nima yordam kerak bo‘lsa hammasini bekamu ko‘st qilishini aytdi.
Ayon bo‘lishicha, Agata ana shu film prodyusseriga o‘zining turli ko‘rinishdagi suratlarini yuborgan va xatida uy manzili hamda telefon raqamini ko‘rsatgan ekan. Bir kuni rejissyor yordamchisi unga qo‘ng‘iroq qilib, ikki soatdan so‘ng kinostudiyaga kelishi lozimligini aytdi: uning foydasi tegishi mumkin emish. Kishini hech narsa kino kabi o‘ziga torta olmaydi: mabodo Agatani qirol saroyga chorlasa, u o‘ylab ko‘rishi mumkin edi, lekin kinofirma yugurdagi bir og‘iz ishora qilsa u kechasimi, kunduzimi studiyaga uchib kelishga tayyor edi. O‘sha kuni ertalabdan statistlikka va kinoga kirish uchun navbat kutib turganlarning orasida turib oldim. Belgilangan vaqtda Agata yetib keldi. Men uni ko‘rmaganimga ikki oy bo‘lgan edi, boshida uni taniy olmay qoldim. Uning yelkasiga tushib turadigan qo‘ng‘ir sochlari endi malla bo‘lib, boshida bir tutamgina qolibdi, quloqlari va bo‘yni butunlay ochilib yotibdi. Qoshlarini shu qadar shafqatsizlik bilan terganki, natijada ko‘zlari shishib ketganga o‘xshab qolgan. Og‘zini burib sirli tarzda jilmayib olgan. Afsuski, u kofe qaynatgich baldog‘iga o‘xshagan burnini to‘g‘rilay olmabdi. Meni uning kiyinishi hayratga soldi: keng, tik yoqali qizil nimcha va to‘g‘ri tikilgan qora yubka, nimchaning qaytarmasiga yelkanlari ko‘tarilgan kema tasviri tushirilgan sariq metall qistirib qo‘yilgan. Qo‘ltig‘iga ko‘rinishidan ilon terisidan tikilganga o‘xshagan sumka qistirib olgan. Ehtimol, u rostdan ham ilon terisidan tikilgandir, qanday qurbonlar evaziga bunga erishilgan, xudo biladi. Agata mayda qadamlar bosib, atrofdagilarga gerdayib boqib, xuddi o‘ziga o‘xshaganlar bilan to‘lgan xonadan changa-pang tegib qolishidan cho‘chigandek qiyofada kirib keldi. U darbonga yaqinlashib past ovozda nimadir dedi.
U surbet esa o‘qib o‘tirgan gazetasidan boshini ham ko‘tarmasdan:
– O‘tirib turing… Navbatingizni kuting, – deya dag‘al javob qildi.
Agata ko‘zlari bilan bo‘sh joy qidirayotib meni ko‘rdi. Shu choqda juda xursand bo‘lib ketdim. U menga uzoq tanishi bilan salomlashgandek, bosh irg‘ab qo‘ydi-da, qarshi tarafdagi burchakdagi bo‘sh joylardan biriga o‘tirdi.
Men uning yaxshi kiyinishga qanchalik harakat qilgani, tayyorlangani, bo‘yangani, qoshlarini terganini, rostdan ham kinofirma chaqirdi degan ishonch bilan kelganini ko‘rib unga rahmim keldi. Bu nayrangdan foydalanish unga nisbatan beshafqatlik bo‘lishini tushunib qoldim. Shunday bo‘lsa ham uni yana ko‘rganimdan o‘zimda yo‘q xursand edim. Biz u yoqdan bu yoqqa o‘tib, sigaret chekib o‘zaro hangomalashib yurgan kinematografistlar bilan to‘lgan qabulxonada uzoq vaqt kutdik. Agata goh sumkasini ochib ko‘zguga qarar, sochlarini to‘g‘rilar, lablarini bo‘yar va burniga pudra surar edi. U oyoqlarini chalishtirib o‘tirar edi, hozir uning oyoqlarini hatto chiroyli deb aytsa ham bo‘lar edi. U shu vaqt ichida menga bir marta ham qaramadi, men esa undan ko‘z uzmadim.
Nihoyat uning navbati keldi. U rejissyor yordamchisi xonasiga kirdi va ikki daqiqa o‘tib ko‘krak kerib chiqdi. Rejissyor yordamchisi uning suratlariga qarab:
– Xonim, siz bizga yaqinda kerak bo‘lasiz… Tayyor bo‘lib turing, yaqin kunlarda sizni chaqiramiz, — deyishi kelishilgan edi.
Shu xolos. Ammo Agataga shuning o‘zi yetarli edi. U xonaga bechorahol qiz bo‘lib kirgan edi, u yerdan o‘zini taniqli kinoaktrisa, hatto “yulduz” deb xayol qilib chiqdi.
Men o‘rnimdan turdim-da uzun yo‘lak bo‘ylab uning ortidan yurdim. U qiyshiq oyoqlarida shoshilmasdan viqor bilan mag‘rurona qadam tashlab borar edi. Yo‘lak ajralgan joyda qayoqqa yurishni bilmay bir oz to‘xtab qoldi-da, keyin vestiyubl tomonga qayrilib, u yerdan ko‘chaga chiqdi.
Kinostudiya paviloni shosse bo‘yining eng oxirida joylashgan. Yo‘lning bir tomoni oktyabr quyoshi charaqlab turgan kuzgi dalalarga, ikkinchi tomoni esa kir yoyilgan hisobsiz derazalardan – ko‘p qavatli uylardan iborat edi. Bu uylarda ishchilar yashaydi. Agata uylarning yonida borayotgan edi. Men uni yetib oldim va nafasim og‘zimga tiqilib:
– Agata! – deb chaqirdim.
U menga qaradi va hech nazariga ilmay, menga yuzlanmasdan ham:
– Salom, Jino, – dedi.
Men o‘ta tushkun kayfiyatda, motamsaro ovozda:
– Agata, nima uchun meni ko‘rging kelmay qoldi?.. Axir men seni sevaman… Nega sen meni sevmaysan?.. Agata, kel, yana ko‘rishaylik, – deya o‘tinch bilan bidirladim.
– Nima hozir meni ko‘rmayapsanmi? – deya yelkasini qisib, ensasi qotganini bildirdi.
– Agata, – dedim men, – menga turmushga chiqasanmi?
– Xayolimga ham keltirmayman, – deya yo‘lida davom etdi.
– Nima uchun?
– Sen hozir nima ish qilayapsan?
– Dublyor bo‘lib ishlayapman, ammo…
– Nima uchun sen aktyor bo‘lishga tirishayapsan? – istehzo qilib so‘radi u. – Sendan aktyor chiqmasligini nahotki tushunmayotgan bo‘lsang? Dublyor bo‘lib ishlaysan va menga uylanmoqchisan… Sen nima, meni ahmoq deb o‘ylayapsanmi?
– Agata! – deya na’ra tortdim va uning qo‘lidan tutdim. U meni siltab tashladi. Bu mening izzat-nafsimga tegdi va o‘zimni boshqara olmay qolib unga: – Dublyor har holda hech nimadan ko‘ra yaxshi… Sen bugun o‘zingni rostdan chaqirishdi deb o‘ylayapsanmi? Rejissyor yordamchisidan seni chaqirishni men iltimos qilgan edim… Chunki seni ko‘rgim kelgan edi. Senga azizim, kadr ortidan shovqin solishni ham ishonishmaydi.
Aytgan gapimga darhol pushaymon bo‘ldim, ammo endi kech bo‘lgan edi. Uning o‘zini tutishidan gaplarimga ishonganini sezdim. Ana shunda barcha umidlarim kesilganini ham his qildim, u endi hech qachon qaytmaydi.
Agata hech narsa demadi, to‘xtamadi ham, yuzidagi qiyofa ham o‘zgarmadi, menga qaramadi ham: u qo‘ltig‘iga sumkasini qistirgan kuyi sekin, mahzun yurishda davom etdi. Men undan kechirim so‘rab ortidan pildirab ergashdim. Biroq u o‘zini go‘yo mening borligimni sezmayotgandek tutdi. To‘g‘riga qarab ketayotgan Agata shoshilmasdan dala va ishchilar istiqomat qiladigan uylar o‘rtasidagi yo‘ldan borar edi. Uning meni eshitishni istamayotganiga ishonch hosil qilganimdan so‘ng yo‘lkaning o‘rtasida to‘xtadim va ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha orqasidan qarab qoldim. Uning qattiq tushkunlikka tushgani va mendan butkul ko‘ngli qolganiga shubha yo‘q edi. Buni uning qadam tashlab ketishidan sezish qiyin emas edi. Shu choqqacha u mag‘rur va gerdaygan edi, endi esa juda g‘amgin. Agata boshini egib oldi. Men unga juda ham achindim va shu choqda uni hech qachon bunchalar sevmaganimni his qildim. “Agata!” deb uni chaqirmoqqa og‘iz juftladim, ammo shu vaqtda u muyulishdan burildi va ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Men faqat Agata ismining birinchi harfi bo‘lgan “A” ni aytishga ulgurib qoldim va ovozim bo‘m-bo‘sh ko‘cha qa’riga singib ketdi.

Ruschadan Damin Jumaqul tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.