OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anna Zegers. Tinchlik (novellalar)

QABR


Yaqinda yangi uyli dehqon besh yil burun pomeshchik yerini taqsimlaganlarida o‘ziga tekkan qarag‘ayzordagi daraxtlarni kesdi. Qabr toshi o‘rnatilgan joydan keng sayhonlikning hammayog‘i ko‘rinadigan bo‘ldi, uning ko‘ksida dehqonlarning paykal-paykal yerlari go‘yo saranjom xotinning peshgiridagi yamoqlardek olaquroq bo‘lib turardi.
Agar bu tosh ostida yotganlarning ko‘zlari ochiq bo‘lsa — bu bepoyon sayhonlik ularning nazari o‘ngida ham butun borlig‘i bilan namoyon bo‘lardi.
Bu qabr katta yo‘ldan uzoqda. Qo‘ziqorin tergani chiqiladigan vaqtdagina aytilmasa, bu yerga kamdan-kam odam keladi... Qabr kattakon: unga tosh ham o‘rnatilgan, gulchambar ham qo‘yilgan, atrofida gullar ham o‘sib turibdi: naparmon, o‘gaygul. Bu yerga butun boshliq oila ko‘milgan.
Nariroqda yog‘ochdan yasalgan jo‘ngina but yotibdi, uni shamol ag‘anatgan. Go‘yo u bu yerda begonadek bir chetda. Katta qabrdan qo‘shni qishloqli dehqon xotin xabar oladi: unga marhumaning singlisi Elbaning naryog‘idan pul yuborib turadi. But ostida yotganning pul yuboradigai xotinga qarindoshlik joyi yo‘q. Gullar uning uchun emas, toshdagi: «Germaniya uchun o‘ldilar. 1945», deyilgan yozuv ham uning to‘g‘risida emas. Hozir uni, aqalli, Gitler va Gebbels davlati sening vataningdir, degan yolgon gap bo‘g‘maydi-ku, o‘sha davlat uni azoblarga va o‘limga duchor qildi.
Uch bolali bu xotin qochoqlar orasida shu yerlarga kelgan paytida urush oyoqlab qolgan edi. Gitlerning ming yillik imperiyasining kuni bitdi, haligi xotin, mening kunim ham bitdi, deb o‘yladi. Chunki uning butun hayoti qalbakilik ustiga qurilgan edi, bu qalbakilik mahv bo‘lgandan keyin — u hech narsasiz qoldi. U birinchi duch kelgan butoqqa bolalarini osdi, keyin o‘zini osdi.
Oradan bir oy o‘tmagan ediki, eri urushdan qaytib keldi. U oilasini anchagacha qidirib yurdi. Oilasiga nima bo‘lganini bilgandan keyin: «Bolalarimni ham bo‘g‘ib o‘ldiribdi-ya!»— dedi.
Uni esa hech kim qidirib yurmadi ham. Uni katta qabrning yoniga ko‘mib qo‘yaqolishdi. Dehqonlar, uning qishloqni boshdan-oyoq aylanib, birontalaringizda to‘pponcha yo‘qmi, deb so‘raganini eslaydilar, xolos. Qulagan butni ko‘tarib qo‘yay degan odam ham yo‘q. Uni o‘zlari orqasidan go‘rga tortgan o‘liklarning u bilan ishlari yo‘q, tiriklarning ham.
Ular shu tariqa yer bag‘rida yotishibdi, o‘rmonda boltalar jaranglagan kundan beri tevarak-atrofda sayhon paydo bo‘ldi; ular esa yolg‘iz qolaverishdi. Ba’zan o‘rmon olmaxoni qabrga sakrab chiqadi, o‘tloqqa aqlli ko‘zlari bilan olazarak nazar soladi, keyin bu bexosiyat yerdan nariroq yurish uchun qayinchadan qarag‘aychaga, shoxdan-shoxga hakkam-dukkam sakray-sakray chakalakzorga kirib g‘oyib bo‘ladi.
Bolalar esa bu qorong‘i, dahshatli qabrdan qochib ketolmaydilar. O’zganing gunohi ularni og‘ir yuk bo‘lib bosib tushgan. Ular ortiq qabr toshini ko‘tarolmaydilar, qishloqdagi bolalar bilan o‘ynolmaydilar, ko‘k bluzada* erkin dalalar bo‘ylab yurolmaydilar, ular janoblarning kuni bitganda, hayot bitmay, balki boshlanganini bilolmaydilar.
Ha, hayot boshlandi... Bu o‘tloq shudgorga aylandi, «Germaniya uchun o‘ldilar» degan soxta so‘zlar o‘chib ketadi, tuproq ham tuproq bo‘lib qoladi, qabr toshi ham qumga aylanadi, hayot esa — mangu davom etadi.
___________
* Nemis pionerlarining kiyimi.

MINA


Anton Shults gitlerchilar armiyasida uning birinchi kunidan oxirgi kunigacha soldatlik qildi; urushning oxirgi kuni u asir ham tushdi, lekin oradan anchagina yillar o‘tgach uyiga eson-omon qaytib keldi. Kelsa, xotini, uchala yosh o‘g‘ilchasining ham tan-jonlari omon ekan, otalik qalbi quvondi.
Xotini — fahmli, vazmin va mehnatsevar bu ayol, mashaqqatli vaqtlar bo‘lsa hamki, bolalarini omon saqlabdi, uyni ehtiyot qilibdi. Mana endi xotini unga to‘rtinchi bola tug‘ib berdi. Eri urushdan ilgarigidagiga o‘xshab xizmatkorlikka yollandi. Qishloqdagilar uni hurmat qilishardi; u esli-hushligina kishi sifatida tanilgan edi. «Endi bu barcha bordi-keldi mashaqatlardan keyin ma’lum bo‘ladiki, uning aytganlari to‘g‘ri ekan», deb o‘ylardi xotini. Eri, xotini uni tanigandan beri — Veymar respublikasi davrida ham, Gitler hukm surgan vaqtda ham, mana hozir, Demokratik respublika davrida ham yakkash bir gapni aytar edi: «Buyurgan ishlarini qil, uningni chiqarma!» «Hoynahoy shuning uchun ham boshginasining ustida hushtak chalib yurgani bilan na o‘q, na snaryad kor qilolgan bo‘lsa kerak unga,— deb o‘ylardi xotini.— Bir chekkada turaversang — bundan ko‘ra omon saqlaydigani yo‘q! Biz falokat ko‘rmadik — hamma narsa ham falokat bo‘lavermasa kerak».
Shu yil bahorda uchta bolasi qum olinadigan chuqur yaqinida o‘ynayotgan edi. Yaqinda yomg‘ir yog‘ib o‘tgan, iliq quyosh yerga yovvosh nur sochar, hammayoq ko‘m-ko‘k, yashnagan edi. Bolalar qumda o‘ynayotib, bundan bir necha yil ilgari soldatlar tashlab ketgan minaga tegib ketishdi... Bolalarni mina portlatib yuborgani ma’lum bo‘lgach, butun qishloq oyoqqa qalqdi. Xotinlar Shultsning xotinini o‘rab olishdi, nima deb ko‘nglini ko‘tarishni bilishmasdi. U esa og‘ir kulfatdan toshday qotib qoldi, ko‘kragidan sut qochdi; qo‘lidagi go‘dakni emizgulik kuchi ham qolmadi. Kimdir: «Xudoning xohishi», dedi. «Takdir», dedi yana birov.
«Nega urush bo‘ldi ekan-a?»— deb so‘radi ona.

TUNUKASOZ


Frants Bandush tunukasoz, kolyaskasida qishloqma-qishloq kezadi. Yonida iti g‘ildirakli yashikni tortib yuradi; bu yashik unga havo aynigan paytlarda boshpanalik ham qiladi, ombori ham, ustaxonasi ham shu. Yashikning yonboshida — tinchlik kaptarining surati.
Bandush urushda oyog‘idan ajralgan, shuning uchun ham hamma ishlariga kolyaskada boradi; yashik o‘rnatilgan aravacha kolyaskaning yoniga tirkalgan. It aravachani tortadi, Bandu esa tutqichlarini ishlatib, unga yordam beradi.
Bandush oyog‘idangina emas — uyidan ham ajralgan. Urushgacha Sileziyada ustaxonasi bor edi. Rost, hozir, kelib qolgan shaharida xonasi ham bor-u, lekin u yerda faqat qish kunlari yashaydi, bahordan kech kuzgacha o‘lka bo‘ylab kezib yuradi. Qishloqqa yo‘rtib keladi, muruvvatli odamlar uni kolyaskasidan tushirib qo‘yadilar, u maynaning uyasiga o‘xshagan g‘ildirakli inini bir chekkaga chiqarib, kavshar lampasini yoqadi. Buyurtmachilar mushtoq qilib qo‘ymaydilar; teshilgan kastryulka va tovalar, bamisoli kasal tabibga yugurgandek, raflardan tusha solib unga qarab yuguradi, deyish mumkin. Hatto yomg‘ir shuvalab turgan bo‘lsa ham xotinlar ensiz tom panasiga biqinib, kavshar lampaga yaqinroq keladilar, go‘yo u yuraklariga iliqlik berayotgandek, ketmaydilar. Bittasi: «Tug‘ilgan kunimga qahva damlaydigan choynak sovg‘a qilishgan edi, kelinim tushmagur — hali quyulmagan-da! — tumshug‘ini eritib qo‘yibdi», deb noliydi. Yana bittasi: «Buvimdan meros qolgan tovam xuddi nevaramni uzatay deb turganimda teshilib qolsa bo‘ladimi!»— deb obidiyda qiladi. Bandush indamaydi. Kelin quyulmagan ekan kimga dod deysan; katta buvingning tovasi teshilgan ekan — teshilmay o‘lsinmi endi! Lekin Bandush mushkulni oson qila oladi. Tova necha yillik umri mobaynida birinchi marta koviya bilan yuz ko‘rishadi, qahva choynagi ruxdan qilingan yangi tumshuq taqadi. Ustaning qulog‘iga xotinlarning ezma-churuk gaplari kiradi, olam-jahon gaplarini eshitib tavba deydi; og‘izlarining tuynugi kavsharlanmagan deyilganicha ham bor ekan-da! To‘y, somsa, mehmonlar, sep, mashinalarni ijaraga beradigan stantsiya, o‘rim-yig‘im, respublika, urush vaqtida ko‘rib-kechirganlari; yangi urush bo‘lmasa yaxshi edi... Vaysanglar-a, vaysanglar, azizlarim, vaysash — uning qo‘lidan keladigan ish emas. Uning ishi — kavsharlash.
Odamlar unga ishonadilar, ular biladilarki, u kerak bo‘lib qolsa — hammavaqt hozir. Ba’zan itini maqtab qo‘yadilar; ba’zan: «kaptaring xuddi tirigiga o‘xshatib chizilgan-a», deydilar. Ular: «Shu suratni nega yopishtirding?»— deb so‘ramaydilar — sababi o‘z-o‘zidan ma’lum. Bandushga bir qarab qo‘yilsa bo‘lgani. Lekin goho: «Xo‘sh, nima deysan, shu narsa tufayli tinchlikni saqlab qolarmikanmiz?»— deb so‘raydilar. U ularga bironta ma’nilik gap aytmaydi-yu, pshidan boshini ko‘tarib taajjub bilan tikiladi. Hamma tushunadi: toki u qishloqma-qishloq yurar ekan — mamlakatda tinchlik hukm suradi. Tinchlik ularning barchasiga kerak, bu hammadan ko‘ra muhim narsa.
Quyosh anchagina pastlab qolgan; uning qiya nurlari eng xilvat burchaklargacha mo‘ralab, kunduz kuni ko‘zga chalinmaydigan ko‘pgina narsalarni yoritadi. Garchand Bandush kichkina kavshar lampasi ustida egilib, g‘o‘lachada o‘tirgan bo‘lsa ham, u uzoqlarni ko‘radi; unga xuddi ufqning ostidagi qishloq ko‘rinib turadi. U bugun o‘sha yerga ham borib ishlamoqchi, o‘sha yerda tunab qoladi. U xuddi katta jangdan keyin aylanib yuradigan markitantkaga* o‘xshab, qamg‘oqdek kezadi.
Uning ko‘magi, jangdan keyin emasu — o‘rimdan keyin ayniqsa zarur bo‘lib qoladi. Ayniqsa hamma narsa kapital remontga beriladigan, bayram o‘tkaziladigan, siniq-mertik, telik-teshiklar tuzatiladigan vaqtida ayniqsa asqotadi.
Uning ko‘ngli xotirjam. Bir vaqtlar, bir daqiqagacha, endi hamma narsa suvga urdi, deb o‘ylagan, qo‘lini yuvib qo‘ltig‘iga urishiga ham sal qolgan edi. Hozir esa hayotdan mamnun. Avvalgi kasbi bilan non topadi. Lekin hozir ochiq havoda, hozirgi ishi — qorong‘i ustaxonasida shaharli injiq mijozlardan gap eshitib qiladigan ishidan ko‘ra xiylagina ko‘ngliga yoqadi; o‘shalardan rahmat eshitish qayoqda edi, kavsharlash bilan qalaylash ham ish ekanmi, degandek istehzo qilishardi.
Bu yerda esa — yaxshi biladiki, ishladimi — ishi zoe ketmaydi. Kampir, tovani olovga qo‘ygan zahotiyoq uni yaxshi so‘z bilan tilga oladi; kelinchak izza tortadi. Qaytishida, ishining naf’i tekkan-tegmaganligidan voqif bo‘ladi.
U lampasini o‘chiradi. Odamlar uni kolyaskasiga chiqarib qo‘yadilar. Iti — Vidu aravachani tortib ketadi. Yo‘lga chiqqandan keyin Bandushning tili yechiladi. U ko‘rayotgan narsalarining hammasini itiga gapirib beradi. Qishloq ko‘chasi shossega olib chiqadi: uni qara Vidu, ana u dalada hali ham bug‘doy o‘rishayapti; hov ana, otlar traktordan hurkib olib qochdi, ular bu qochishida kechgacha Neyenze qishlog‘iga ham borib koladi. Indinga biz o‘sha yerga boramiz. Qara, Vendelning qo‘lida batraklik qilayotgan Gelmer otlarning orqasidan quvib ketayotibdi! Ana, yetib oldi, qaytardi-ya! Indinga u eski krujkasini bizga yana kavsharlatgani olib kelsa kerak. Uning xo‘jayini Vendel o‘zining narsalaridan birontasini ham qalaylatgani bermaydi, xizmatkorlari ovqat yeydigan chaqa tovoqlarni berib qolmasa agar; bironta chelak chiqarib berar.
O’zining idish-tovoqlarini qalaylatib nima qilardi, oshna, men senga aytsam, bu Vendelning hamma idishlari misdan, uzoq xizmat qiladi. Vidu, bu Vendel degani yonboshlab yotaversayu batrak uning o‘rniga ot quvlab yursa, qip-qizil uyat-da. Otlarni hurkitgan traktor ham o‘ziniki, shuning uchun Vendel mashinalarni ijaraga beradigan stantsiya bilan shartnoma tuzgan emas-da. U stantsiyaga ham, yerini stantsiya haydab beradigan dehqonlarga ham tishini qayragani-qayragan.
It qo‘shilgan aravacha qishloqqa kirib boradi. Bandush karvonsaroyning yoniga joylashar-joylashmas, uy-ro‘zg‘or ishidagi xotin-xalaj shikastlangan idish-oyoqlarini olib keladi. Mana, xotinlardan biri zihi qalin, qizil, antiqa kastryul olib keldi. Xotin: «Bu kastryulni menga shaharda, Xalq birdamligi tashkilotidagilar berishdi», deydi. Bandush mushkulini darrov oson qila-qolganidan sho‘rlik o‘zida yo‘q xursand — hozirning o‘zidayoq ovqat pishiraversa bo‘ladi-da. O’z idishingsiz kun ko‘rishing mushkul, begonadan biron narsa so‘rab olishing mahol, har bitta cho‘pini minnat qiladi! Keyin kichkinagina kastryulka ko‘targan xotin keladi; kastryulkasi bitta go‘dak to‘ygulik bo‘tqaga loyiq. Uning teshigi ham kichkinagina. U xotindan keyin kattakon cho‘mich ko‘targan kampir paydo bo‘ladi. Cho‘mich emas — dastasi bor bahaybat kastryul. Axir cho‘michning tagi ham kuyib teshilar ekanmi? Bandush hali so‘rab ulgurmagan ham ediki, yonida ikki egachi paydo bo‘ldi, cho‘mich olib kelgan kampir nima gapligini tushuntira boshladi; kelini yiqilib tushibdi, uni to‘lgoq tutib qolibdi, kampirning esi chiqib ketganidan cho‘michni plita ustida unutib qoldiribdi.
Ular ketayotib kaptarga qaraydilar, kimdir ustadan so‘raydi: «Kaptar qalay — undan foyda bormi?» Bandush bosh silkiydi, ular mamnuniyat bilan xotirjam jo‘naydilar.
Uni pichanxonada tunagani taklif qiladilar, aravachasini g‘ildiratib hovliga olib kiradilar, itiga ovqat beradilar. Bu kulbada tiichlik qaror topadi.
Ertasiga nahorlab, dehqonlar dalaga chiqayotganlarida Bandush yana yo‘lga tushadi. Qo‘shni qishloqqa olib boradigan yo‘l ustida qasr turibdi, uning oldida bir necha azm tup kashtan. Ilgari atrofdagi dalalar shu qasr egasiga qarashli edi. Qarag‘ayzor uning chorvog‘i, qishloq aholisi — xizmatkorlari edi. Hozir yerni taqsimlaganlar. Qasr temiryo‘lchilarning dam olish uyiga aylantirilgan. Ana, tabarruk zot xo‘jayinlaridan ko‘ra temiryo‘lchilar kasaba soyuzini afzalroq ko‘rgan oshpaz kampir suv olayotibdi. Darvoza tomondan tanish itning tumshug‘i ko‘rinishi bilanoq, kampir: «Bormisan!»— degandek nafasini bo‘shatadi. U chelakni yerga qo‘yadi, lekin allaqaeri teshik ekanini eslab, suvini to‘kadi va chelakni tunukasozga olib chiqadi. Keyin u oshxonaga yugurib kirib, zihi qalin kattakon qizil kastryul ko‘tarib chiqadi. Bandush bu kastryulni endi ko‘rayotgani yo‘q. U ilma-teshik, qirq yamoq bo‘lib ketgan. Bandush bu gal o‘zini tiyolmay;
— Men kastryul tuzataman-ku axir, menga nima deb g‘alvir ko‘tarib chiqding?— deydi.
Oshpaz kampir xo‘rsinib qo‘yib, ko‘shnilariga hasrat qila boshlaydi. Ilgari vaqtlarda bunaqa kastryulkalari bir dunyo ekan, hozir nuqul kichkinalari qolibdi, hamma ovqatni shu kastryulka pishirishiga to‘g‘ri kelarmish. Ishlatsa bo‘ladiganidan yana bitta bor ekanu soldatlar olib ketib qolishibdi, binoyidek buyumni gulxanga osib rasvo qilishganmish. Hozir qaerdaligini yolg‘iz xudoning o‘zi bilarmish.
«Men ham bilaman,— deb o‘ylaydi usta,— men uni kuni kecha tuzatgan edim».
Odamlar odatdagidek uning aravasini tomosha qilib so‘raydilar: «Yana urush bo‘ladimi?»
Bandush boshini chayqaydi. Odamlar unga ishonadilar, ular uni, haqiqatdan voqif, deb o‘ylaydilar. Basharti u: «Yo‘q», der ekan — urush bo‘lmaydi.
Urush uni ko‘p narsasidan judo qildi, yaxshi hamki, aqalli iti bor, yordamlashayotibdi. Unga, tinchlik bo‘lsa bas. Bu tinchlik o‘ziniki, u tinchlikni yaxshi ko‘radi.
U itiga shunday deydi:
— Tushundingmi, Vidu? Soldatlar kastryulkani olib ketishibdi. Mana endi oshpaz xotin, men oyog‘imga achinganimday, unga achinayotibdi. Keyin soldatlar kastryulni tashlab ketishganu qochoqlar topib olib, kerakli joyga olib borib topshirgan, keyin uni, kecha bizga kastryulini qalaylatgan xotinga berishgan. Oshpaz xotin buni bilmaydi, men esa hamma gapni bilaman, oshna.
Bali, u shu atrofda, yigirma chog‘li qishloqda yuz berayotgan hamma narsadan voqif. U, kastryullarga nima yetishmaydiyu ularning egalariga nima yetishmaydi, buni ham biladi. Shunday qilib ularning tinch-osoyishta yurtida hamma narsa asta-sekin izga tushmoqda.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.