OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anton Chexov. Ko’ngilsizlik (hikoya)

Zemstvo vrachi Grigoriy Ivanovich Ovchinnikov o‘ttiz besh yoshlarga borgan ozg‘in va asabiy kishi bo‘lib, o‘rtoqlari orasida o‘zining meditsina statistikasi bobidagi andak ishlari va «maishiy masala» deb atalgan narsaga mukkasidan ketganligi bilan mashhur edi. Bir kuni u ertalab palatalarni obxod qila boshladi. Vrach orqasidan, odatdagidek uning feldsheri, keksayib qolgan, yuzlari lo‘ppi, moylangan sochlari silliq taralgan, qulog‘iga zirak taqqan Mixail Zaxarovich ergashib borardi.
Doktor kasallarni endi ko‘ra boshlagan ediki, bema’ni bir narsa juda shubhali bo‘lib ko‘rindi, masalan: feldsherning nimchasi qat-qat buklanib qolgan bo‘lib, qayta-qayta tortib, silab qo‘ysa ham, dikkayib turaverdi. Uning g‘ijimlangan sarochkasi ham shunaqa dikkayib tirardi; uzun qora kamzulida, chalvorida va hatto galstugining u yer bu yerida oq par ko‘rinib turardi... Chamasi feldsher bugun kechasi yechinmasdan yotganu shunday turib, jiletkasini tortib-tortib tekislab, galstugini to‘g‘rilab kelavergan. Uning harakatidan kiyimi siqib turganga o‘xshardi.
Doktor unga tikilib razm soldi-yu, ahvolini tushundi. Feldsher gandiraklamas, savollarga ravon javob berar, lekin uning badqovoq, karaxt yuzi, nursiz ko‘zlari, bo‘yni va qo‘llarining qaltirab turishi, kiyimining g‘ijimlangani, hammadan ham, zo‘r berib o‘zini tutib turishga urinishi va o‘z ahvolini yashirish uchun qilayotgan harakatlari — uning hozirgina o‘rnidan turganidan, uyquga to‘ymagan va mast ekanidan, kechadan buyon mast ekanidan darak berardi... U ichkilik «jabrini» tortar, aftidan, qilmishiga juda pushaymon edi.
Feldsherni xush ko‘rmaydigan va buning uchun sabab topib qo‘ygan doktor: «Ko‘rib turibman, siz mastsiz!» demoqchi bo‘ldi-yu, biroq feldsherning nimchasi, ro‘dapo kamzuli, sergo‘sht qulog‘ida osilib turgan ziragi juda hunuk ko‘rinib ketdi-da, o‘zini bosib olib, har qachongiday yumshoq va muloyimlik bilan:
— Gerasimga sut berdinglarmi? — dedi.
— Berdik... — deb javob berdi Mixail Zaxarich ham yumshoqqina.
Doktor bemor Gerasim bilan gaplasha turib harorat varaqasiga nazar soldi-yu, fig‘oni chiqib ketdn; keyin qattiq gapirib yubormaslik uchun nafasini ichiga olib turdi, biroq toqati toq bo‘lib, bo‘g‘ilib ketdi va dag‘allik bilan so‘radi:
— Nega harorati yozilmay qoldi?
— Yo‘g‘-e, yozilgandir! — dedi muloyimgina qilib Mixail Zaxarich, lekin varaqaga ko‘z yugurtirib, chindan ham harorat yozilmaganiga ishonch hosil qilgach, kalovlab, yelkasini qisib, ming‘illadi: — bilmadim, buni haligi, Nadejda Osipovka...
— Kecha kechqurungisi ham yozilmagan! — deb so‘zida davom etdi doktor. — Nuqul piyanistalik qilish bilan ovorasiz, jin ursin sizni. Hozir ham o‘larday mastsiz! Nadejda Osipovna qani?
Akusherka Nadejda Osipovna palatada yo‘q, u har kuni ertalab perevyazka vaqtida qatnashar edi. Doktor atrofiga razm solgan edi, palata yig‘ishtirilmagan, hamma narsa chochilib yotibdi, lozim bo‘lgan ishlardan birontasi qilinmagan, hamma narsa xuddi feldsherning jirkanch nimchasiday iflos edi; u ustidagi oq fartugini shartta yechib, baqirib, urishib, tuflab chiqib ketguday bo‘ldi-yu, lekin bazo‘r o‘zini bosib, obxodni davom ettirdi.
Doktor Gerasimdan keyin, o‘ng qo‘li butun yallig‘langan kasalga qaradi. Unga perevyazka qilish kerak edi. Doktor uning oldidagi taburetkaga o‘tirib, qo‘lini ko‘ra boshladi.
«Mana shu, bular kecha imeninada maishat qilishgan... — deb o‘yladi u sekin o‘rovni ocha turib. — To‘xtab turinglar, imeninalaringni chiqarib qo‘yaman! Zotan men nima ham qila olardim? Qo‘limdan hech narsa kelmaydi».
Doktor qip-qizil, bo‘rtib yotgan qo‘lning yiringlagan yerini bosib ko‘rib:
— Skalpel!* —dedi.
O’zini bardam va bemalol ishga yaraydigan holatda qilib ko‘rsatishga urinayotgan Mixail Zaxarich irg‘ib o‘rnidan turib, darrov skalpelni uzatdi.
— Buni emas! Yangisidan olib bering, — dedi dojtor. Feldsher yo‘rg‘alab borib, perevyazka anjomlari solingan yashik turgan stulni titkilab qoldi. U, kasal boquvchi ayol bilan allanimalar deb shivir-shivir qildi, stuldagi yashchikni hali u yoqqa, hali bu yoqqa surdi, narsalarini shitirlatdi, ikki marta nimanidir tushirib yubordi. Doktor esa qarab o‘tirardi, shivir-shivir va shaqir-shuqurdan asabi qattiq qo‘zg‘alib ketganini sezib turardi.
— Qani? — deb so‘radi u. — Pastda krldirib chiqqandirsiz...
Feldsher yugurib doktorning oldiga keldi-da, ikkita skalpel uzatarkan, o‘zini chetga olmay, doktorga qarab dam urdi.
— Bular emas! — dedi doktor asabiylashib. — Men sizga rus tilida gapiryapman, yangisidan bering. Ha, boring, bir uxlab, o‘zingizga kelib oling, sizdan qovoqxona hidi kelyapti! Esingizni yeb qo‘yibsiz!
— Sizga yana qanaqa pichoq kerak? — deb so‘radi feldsher asabiy bir holda va sekin yelkasini qisib qo‘ydi.
Unga butun kasallar va kasal boquvchi ayollar tikilib turgani alam qildi va uyalib ketdi, o‘zining uyalganini bildirmaslik uchun zo‘rma-zo‘raki kulib turib, yana takrorladi:
— Sizga yana qanaqa pichoq kerak?
Doktorning ko‘zlari yoshlanib, barmoqlari titrab ketdi. U o‘zini bazo‘r tutib, titroq ovoz bilan so‘zladi:
— Boring, bir uxlab oling! Men mast odam bilan gaplashishni istamayman...
— Siz meni ish yuzasida jazolashingiz mumkin, — dedi feldsher, — xo‘sh, men, aytaylik, basharti ichgan bo‘lsam, buni pisanda qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Axir men ishlayapmanmi? Sizga yana nima kerak! Ishlayapmanmi, axir?
Doktor irg‘ib turdi-da, o‘ylamay-netmay kuchining boricha qulochkashlab feldsherning basharasiga tushirib qoldi. U, nima uchun shunday qilayotganini o‘zi tushunmas, lekin mushti borib xuddi basharaga tekkani, va tuppa-tuzuk, basavlat, bola-chaqali, taqvodor, o‘z qadrini biladigan bir odam gandiraklab, koptokday sakrab borib taburetda o‘tirib qolganidan juda huzur qildi. U astoydil, yana bir marta urmoqchi edi-yu, lekin, jirkanch vujud qarshisida rangi quv o‘chib qo‘rqib o‘tirgan kasal boquvchi ayolni ko‘rib, bu huzuridan kechdi va qo‘l silkib, palatadan yugurib chiqib ketdi.
Hovlida unga Nadejda Osipovna duch kelib qoldi; yigirma yetti yoshlarga borgan, oq sariqdan kelgan, sochlari paxmoq bu qiz kasalxonaga kelayotgan edi. Pushti rang chit ko‘ylagining etagi juda tor bo‘lganidan qadamini juda mayda bosardi. U ko‘ylagini shildiratib, xuddi ichida bir sho‘xchan qo‘shiqni kuylab ketayotganday har qadam bosganida kiftini qoqib, boshini chayqardi.
«Aha, Rusalka!» deb qo‘ydi doktor ichida; kasalxonadagilar bu akusherkaga shu laqabni qo‘yib olishgandi. Mana hozir o‘ziga zeb bergan bu bedana qadam oliftani uzib olaman, deb xursand bo‘lib ketdi.
Doktor uning yoniga borish bilan:
— Qayoqda yo‘qolib yuribsiz? — deb baqirdi. — Nega kasalxonada ko‘rinmaysiz? Harorat yozilmagan, hamma yoq betartib, feldsher mast, o‘zingiz soat o‘n ikkigacha uxlab yotibsiz!.. Marhamat qilib joyingizni toping! Endi sizga bu yerda ish yo‘q!
Doktor uyga kelishi bilan ustidagi oq fartukni va belbog‘ qilib olgan sochiqni jahl bilan yulib olib, burchakka uloqtirdi-da, kabinetda u yoqdan bu yoqqa yura boshladi.
— Ye tavba, bular qanaqa odamlar o‘zi-a, qanaqa odamlar! — deb qo‘yardi u. — Bular yordamchi emas, ishbuzarmonlar! Endi ishga darmon qolmadi! Toqat tugadi! Bu yerdan ketaman!
Uning yuragi dukillar, butun vujudi qaltirar, o‘pkasi to‘lib, hatto yig‘lagisi kelardi, yana shu holatdan qutulish uchun u feldsherni urib juda yaxshi ish qilganini va bunda tamom haqli ekanini o‘ylab, o‘ziga-o‘zi tasalli bera boshladi. Hammadan hunugi shuki, deb o‘ylardi doktor: feldsher kasalxonaga o‘zidan-o‘zi kelib qolgan emas, uni zemstvo mahkamasi raisinikida enaga bo‘lib yurgan xolasi dalolat qilgan edi (bu mu’tabar xolasi davolanish uchun kelib, kasalxonada o‘zini xuddi uyidagiday tutishi, yana navbatsiz qabul qilinishini talab etishi alam qiladi). Feldsherning intizomi buzuq, bilimi kam, bilgan narsasini ham butunlay tushunmaydi. U doim mast, qo‘rs, qo‘li egri, kasallardan pora oladi, kasalxona dorilarini o‘g‘rincha sotib yuradi. Yana shunisi ham hammaga ma’lumki, uning o‘zi kasallarni boqadi va meshchan yoshlarining maxfiy kasallarini davolaydi, buning ustiga o‘zi topgan allaqanday dorilarni ishlatadi. Bu shunchaki muttaham bo‘lsa mayliydi, unaqalar ko‘p, biroq bu o‘ziga ishongan va zimdan kemiradigan muttahamlardan. U, qatnab davolanadigan kasallarga doktordan yashirincha banka qo‘yadi, ularga qon quyadi, operatsiyaga qo‘lini yuvmasdan keladi, yaralarni hamisha iflos zond** bilan kavlaydi, doktorlik meditsinasidan, ilmidan va e’tibor talabligidan qattiq va taptortmay nafratlanayotganini tushunish uchun shuning o‘zi kifoya.
Doktor barmoqlarining qaltirog‘i bosilguncha kutib turdi-da, keyin stolga o‘tirib, mahkama raisiga xat yozdi: «Hurmatli Lev Trofimovich! Agarda mazkur xatni olish bilan mahkamangiz feldsher Smirnovskiyni bo‘shatib va menga o‘z yordamchilarimni o‘zim tanlash huquqini bermasa, unda meni bundan buyon N kasalxonasining vrachi deb hisoblamasligingizni (pushaymon qilmayman, albatta) va o‘rnimga boshqa kishi topish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishingizni so‘rashga majburman. Lyubov Fedorovna va Yusga mendan salom. Hurmat bilan G. Ovchinnikov». Doktor bu xatni o‘qib chiqib, uni juda qisqa va bo‘sh yozilgan deb topdi. Buning ustiga, ishga taalluqli, rasmiy xatda Lyubov Fedorovna va Yusga (raisning kichik o‘g‘lini shunday deb erkalatishardi) salom aytish mutlaqo o‘rinsiz edi.
«Bu yerda Yusga balo bormi?» deb qo‘ydi ichida doktor va xatni mayda-mayda qilib tashlab, yana qaytadan bosh qotirib qoldi. — «Muxtaram janob...» deb o‘yladi ochiq deraza oldida o‘tirib tashqariga qararkan; shu choq tashqarida bir to‘da o‘rdaklar bolalarini ergashtirib lapanglashib va qoqila-suqila hovuz tomonga yugurishayotgan edi; bitta o‘rdak bolasi yo‘lda allaqanday bir ichakni topib oldi-da, yutolmay, qattiq chiyillab yubordi; keyin boshqasi yugurib borib, uning og‘zidagi ichakni tortib oldi, u ham yutolmadi... Hu narida, devor oldida, yosh lipa daraxtlari olachalpak soya tashlab turgan o‘tloqda oshpaz xotin Darya imirsib yurib, sho‘rvaga solish uchun shovil termoqda... Har xil ovozlar eshitilardi... Qo‘lida yuganchasini ushlab turgan izvoshchi Zot bilan kir fartuk kiyib olgan kasalxona xizmatchisi Manuylo ikkalasi saroy oldida turib, bir narsalarni gaplashib kulishardi.
«Ular feldsherni urganim to‘g‘risida gaplashyapti... — deb o‘yladi doktor. — Bu janjalni shu bugunoq butun uezd biladigan bo‘ldi... Shunday qilib: «Muhtaram janob! Agar sizning mahkamangiz feldsher Smirnovskiyni...»
Doktorning shunga ishonchi komil ediki, mahkama hech qachon uni feldsherga alishmaydi va butun uezdda bitta feldsher qolmagan taqdirda ham Ovchinnikovday e’tiborli odamdan ajralishga rozi bo‘lmaydi. Ehtimol, Lev Trofimovich bu xatni olishi bilan uch otlik izvoshga o‘tiradi-yu, g‘irillab doktorning oldiga keladi-da, aytadi: — Ey otaxon, nimalar deyapsiz? O’zi nima gap, azizim? Xudo xayringizni bersin! Xo‘sh? Bu qanday bo‘ldi? Qani u? Firibgarni bu yoqqa keltiring! Haydang! Albatta haydab yuboring! U iflosning ertagayoq bu yerda nishoni ko‘rinmasin!» — keyin u doktor bilan birga obed qiladi, obeddan keyin esa manavi malina rang divanda chalqancha yotadi, yuzini gazeta bilan bekitib, xurrak otadi; uyqidan turgach, choy ichadi-da, keyin doktorni uyiga olib ketib shu kecha olib qoladi. Nihoyat, pirovardida shunday bo‘ladiki, feldsher ham kasalxonada qoladi, doktor ham iste’fo bermaydi.
Doktor esa ko‘nglida voqianing bunday tamom bo‘lishini istamasdi. U, feldsherning xolasi yutib chiqishini va shu bilan mahkama, uning sakkiz yillik halol xizmatiga ham qaramasdan, so‘zsiz va hatto jon-dil bilan iste’fosini qabul qilishini istardi. U, o‘zi o‘rganib qolgan kasalxonasidan qanday ketishini, «Vrach» gazetasiga xat yozishini, uni o‘qib o‘rtoqlari achinib qanday nomalar yozishini o‘ylab ketdi...
Yo‘lda Rusalka ko‘rinib qoldi. U bedana yurish bilan ko‘ylaklarni shildiratib, oyna oldiga keldi-da, so‘radi:
— Grigoriy Ivanovich, kasallarni o‘zingiz qabul qilasizmi, yoki o‘zlari qabul qilishaversinmi?
Qizning ko‘zlari go‘yo: «Sen qizishib ketgan eding, lekin endi o‘zingga kelding, mana hozir uyalib o‘tiribsan, ammo men mardlik qilib bunga parvo qilayotganim yo‘q» deyayotganday edi.
— Yaxshi, men hozir boraman, — dedi doktor.
U yana fartugini kiydi, belini sochiq bilan bog‘ladi-da, kasalxonaga jo‘nadi.
«Uni urgandan keyin, chiqib ketganim yomon bo‘ldi... — deb o‘yladi doktor, yo‘l-yo‘lakay. — Xuddi men izza bo‘lganday, yoki qo‘rqqanday bo‘lib chiqdi... Yosh boladay bo‘lib qoldim... Juda noqulay bo‘ldi-da!»
Doktorning nazarida palataga kirganda kasallar unga qarashga hijolat tortadi-yu, o‘zi ham uyalib ketadiganday tuyildi; lekin u kasalxonaga kirganda kasallar krovatlarida jimgina yotishaverdi, unga uncha e’tibor ham berishmadi. Sil bo‘lib yotgan Gerasimning yuzida butunlay beparvolik aks etar va go‘yo: «U seni oyoq osti qilolmadi, sal es-hushiga keltirib qo‘yding... Busiz iloji yo‘q, azizim» deyayotganday bo‘lardi.
Doktor, qip-qizil bo‘rtib yotgan qo‘lning ikki yeridan yiring topdi-da, unga povyazka qo‘ydi, keyin xotin-qizlar bo‘limiga bordi, u yerda bir xotinning ko‘zini operatsiya qildi, Rusalka doktorga ergashib yurib, go‘yo orada hech narsa o‘tmaganday, bemalol unga yordamlashib turaverdi. Obxoddan so‘ng qatnab boqizadigan kasallarni qabul qilish boshlandi. Doktorning kichkinagina qabulxonasida derazalar lang ochiq edi. Deraza tokchasiga o‘tirib, xiyol egilib qarasa, bir oz naridagi ko‘m-ko‘k maysani ko‘rish mumkin edi. Kecha kechqurun momoqaldiroq bilan qattiq jala quygani uchun o‘tlar bir oz egilib, yaltirab turardi. Xiyol nariroqda soyga boradigan so‘qmoq yo‘l xuddi yuvilganday va ikki tomonida sochilib yotgan siniq-mertik dori shishalari ham xuddi yuvilganday, quyosh nurida tovlanib, ko‘zni qamashtirguday yaltirab yotardi So‘qmoq yo‘lning narirog‘ida ko‘k libosga o‘ralgan yosh archalar tizilishib ketgan, undan narida tanalari qog‘ozday oppoq qayinlar turibdi, shamoldan yengilgina silkinib turgan ko‘m-ko‘k qayin shoxlari orasida esa bepoyon moviy osmon ko‘rinib turadi. Qarab tursang, so‘qmoq yo‘lda dikillab yurgan chug‘urchuqlar goh oyna tomonga tumshug‘ini burib: qo‘rqsakmikan yo yo‘qmi? deb o‘ylab qolishar va qo‘rqib, birin-ketin chug‘ullashib, xuddi doktor ucholmayotgani uchun uni yupatayotganday tepasidan o‘tib, oq qayinlarning uchiga chiqib ketishardi...
Iodoformning achchiq isi orasidan bahorning sof va xushbo‘y hidi sezilib turardi... Havo qanday yaxshi! Nafas olish yengil.
— Anna Spiridonova! — deb chaqirdi doktor. Qabulxonaga qizil ko‘ylakli yoshgina juvon kirdi-da, ikonaga qarab cho‘qinib qo‘ydi.
— Qaeringiz og‘riydi? — deb so‘radi doktor. Juvon bir oz hadiksirab, o‘zi kirib kelgan eshikka ko‘z qirini tashlab qo‘ydi-da, keyin aptekaga chiqadigan eshik oldiga, doktorga yaqinroq kelib turib:
— Bo‘yimda bo‘lmayapti! — deb shivirladi.
— Yana kim yozilmay qoldi? — deb qichqirdi aptekadan Rusalka. — Kelib yozilinglar!
Doktor juvonni ko‘rayotib o‘ylar edi: «u shuning uchun ham hayvonki, umrida birinchi marta meni musht urishga majbur qildi. Men onadan tug‘ilib urishmagan edim».
Anna Spiridonova ketdi. Undan keyin bema’ni bir kasal bilan og‘rigan chol, so‘ngra qo‘tir bo‘lgan bir xotin uch bolasi bilan kirib keldi, ish boshdan oshib ketdi. Feldsher mutlaqo ko‘rinmadi. Eshik orqasidagi aptekada ko‘ylagini shildiratib va idishlarni jaranglatib, bidir-bidir qilib Rusalka yurardi; u operatsiyaga qarashayotganda ham, retsept olish uchui qabulxonaga kirib qolganda ham, o‘zini ishlar joyida deganday tutardi.
«Men feldsherni urganimga u juda xursand bo‘lsa kerak, — deb o‘yladi doktor, akusherkaning ovoziga quloq solib. — Axir feldsher ikkalasi it-mushuk edi-da, agar uni bo‘shatib yuborishsa, Rusalkaga bayram bo‘ladi. Kasal boquvchi ayollar ham, xursandga o‘xshaydi... O’zi ham juda rasvo odam-da!»
Qabul marosimining eng qizg‘in paytida doktorning nazarida akusherka ham, kasal boquvchi ayollar ham, hatto kasallar ham o‘zlarini jo‘rttaga beparvolikka solib, quvnoq ko‘rsatishga urunayotganday edi. Ular go‘yo doktorning xijolat tortayotganini bilardilar, ammo sipolik qilib o‘zlarini bilmaslikka solardilar. Doktor ham o‘zini mutlaqo xijolat tortmayotgan qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lib, jahl bilan qichqirib:
— Hoy, kim bor! Eshikni yoping, uy g‘urillab ketdi! — dedi.
Aslida doktor hijolat tortar va qiynalar edi. U, qirq beshta kasalni qabul qilib, kasalhrnadan asta-sekin chiqdi. Akusherka bu orada uyga borib, lola rang ro‘molchasini yelkasiga solib, og‘zida papiros, paxmoq sochiga gul taqib shosha-pisha qayoqqadir jo‘namoqda edi; praktikaga yoki mehmonga borayotgan bo‘lsa kerak. Kasalxona ostonasida kasallar o‘zlarini oftobga solib, jimgina o‘tirishardi. Chug‘urchiqlar boyagiday chug‘urlashib, qo‘ng‘izlarni quvib yurishardi. Doktor atrofga qarab o‘ylab qoldi: mana shu bir zayil, tinchgina hayotda feldsher bilan uning hayoti, xuddi fortopyanoda buzilib qolgan ikkita klavishday ajralib, hech narsaga yaroqsiz ko‘rinar edi. Feldsher hozir uxlagani yotgandir, lekin o‘zining aybdorligi, tahqir etilganligi va ish joyidan mahrum qilinganini o‘ylayverib, uyqisi kelmayotgan bo‘lsa kerak. U qiyin ahvolda. Axir, ilgari hech kimga qo‘l tekizmagan doktor hozir o‘zini nazokatdan butunlay mahrum bo‘lganday sezmoqda-ku. Endi u hozir feldsherni ayblayotgani va o‘zini oqlayotgani yo‘q, faqat hayron qolyapti: o‘zi qanaqa ish bo‘ldi bu. Umrida birorta itni ham urmagan, tuppa-tuzuk odam feldsherni ursa-ya! O’z kvartirasiga kelgach, kabinetga kirib, divanga yotdi-da, suyanchig‘iga o‘girilib olib, o‘ylab ketdi:
«U-ku, mazasi yo‘q, ishga zarar beradigan odam; u ishlayotgandan buyon o‘tgan uch yil mobaynida rosa qonim qaynadi, lekin bari bir mening qilmishlarimni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Men kuchli odam huquqidan foydalandim. U menga qarashli odam, gunohkor va buning ustiga mast, men bo‘lsam, uning boshlig‘i, haqli va hushyorman... Demak men kuchliroqman. Ikkinchidan, men uni, o‘zimni e’tiborli deb hisoblaydigan odamlar oldida urdim va shunday qilib, men ularga eng yaramas qilig‘imni ko‘rsatdim...»
Doktorni obedga chaqirishdi... U shchidan bir necha qoshiq ichdi-da, o‘rnidan turib, yana divanga yotdi.
«Endi nima qilish kerak? — deb o‘yladi yana u. — Uni iloji boricha tezroq ko‘nglini olish kerak... Biroq qanday yo‘l bilan? Tadbirli odam bo‘lgani uchun duelni u ahmoqlik deb biladi yoki tushunmaydi. Bordi-yu, anavi, o‘sha palataning o‘zida kasal boquvchi ayollar va bemorlar oldida afv so‘rasam, bu narsa uni emas, faqat o‘zimni qanoatlantiradi, u yaramas odam mening afv so‘rashimni ustimdan boshliqlarga shikoyat qilmasin deb qo‘rqyapti, deb tushunadi. Buning ustiga mening afv so‘rashim, pirovardida kasalxona intizomini bo‘shashtirib yuboradi. Unga pul taklif qilib ko‘rsammikan? Yo‘q, bu axloqsizlik bo‘ladi va poraga o‘xshab qoladi. Agar, hozir, aytaylik, masalani hal qilish uchun o‘zimizning bevosita boshlig‘imizga, ya’ni mahkamaga murojaat qilsak-chi... Mahkama menga vigovor berishi, yoki ishdan bo‘shatib yuborishi mumkin... Biroq u bunday qilmaydi. Ha, undan keyin, kasalxonadagi xususiy ishlarga mahkamaning aralashib yurishi uncha kelishmaydi ham, darvoqi, bunga hech qanday haqi ham yo‘q-da, axir...»
Obeddan so‘ng uch soatdan keyin doktor cho‘milgani hovuzga keta turib o‘yladi:
«Shunaqanggi ahvollar ro‘y berib qolganda boshqa odamlar nima qilsa, men ham shunday qilaversam-chi? Ya’ni, mayli u meni sudga bersin. Men so‘zsiz aybdorman, o‘zimni oqlab ham o‘tirmayman va sudya meni qamoqqa hukm qiladi. Shunday qilib, tahqirlangan odam qanoatlanadi va meni e’tiborli deb bilgan kishilar oldida men haqsiz bo‘lib chiqaman».
Mana shu g‘oya unga ma’qul tushdi. U xursand bo‘lib ketdi va go‘yo hamma ish joyida, masala hal bo‘ldi, so‘ngra masalaning bundan ko‘ra adolatliroq hal bo‘lishi mumkin emas, deb o‘yladi.
«Xo‘sh, juda soz-da! — deb o‘yladi doktor suvga tushayotib va undan cho‘chib gala-gala qochayotgan mayda tilla tovon baliqlarni tomosha qilib turib. — Bersa beraversin... Qaytaga unga shunisi qulay, chunki bizning xizmat munosabatimiz allaqachon uzilib bo‘ldi va shuncha janjaldan keyin, bari bir, ikkalamizdan birimiz kasalxonadan jo‘nashimiz kerak...»
Kechqurun doktor harbiy boshliq oldiga borib qarta o‘ynab kelish uchun arava qo‘shishga buyruq berdi.
U paltosini, shlyapasini kiyib, yo‘lga butunlay taxt bo‘lgan va kabinet o‘rtasida turib qo‘lqopini kiyayotgan edi, ko‘cha eshik g‘iyq etib ochildi-da, kimdir sekingina dahlizga kirdi.
— Kim bu? — deb so‘radi doktor.
— Menman... — deb sekin javob berdi kirgan odam. Doktorning birdan yuragi dukillab, uyalganidan va allaqanday tushunib bo‘lmaydigan qo‘rquvdan uning etlari uvishib ketdi. Feldsher Mixail Zaxarich (kelgan kishi shu edi) sekingina yo‘talib qo‘ydi-da, qo‘rqa-pusa kabinetga kirdi. Bir oz jim turgandan so‘ng u, aybdor kishiday past ovoz bilan dedi:
— Meni kechiring, Grigoriy Ivanich!
Doktor sarosimaga tushib, nima deyishini bilmay qoldi. Feldsher xristianlarga xos bo‘ysunish bilan haqorat qiluvchini yakson etish maqsadida oyog‘iga bosh urib afv so‘ragani kelmaganini doktor bildi. Feldsher: «O’zimni bosib turib, afv so‘rayman, shoyad meni haydab, yeb turgan nonimdan mahrum etmasa...» deb kelgan edi. Inson qadri-qimmati uchun bundan ko‘ra haqoratliroq narsa bormi?
— Kechiring... — deb takrorladi feldsher.
— Menga qarang... — deb gap boshladi doktor, unga qaramaslikka tirishib va hamon nima deyishini bilmasdan. — Menga qarang... men sizni haqorat qildim, buning uchun... buning uchun jazoimni tortishim, ya’ni sizni qanoatlantirishim kerak... Duelni siz inobatga olmaysiz... Rost, buni men o‘zim ham inobatga olmayman. Men sizni haqoratladim, endi siz... mening ustimdan sudyaga shikoyat qilishingiz mumkin va jazoimni tortaman... Bu yerda ikkimizning qolishimiz mumkin emas... Ikkimizdan birimiz, ketishimiz kerak! («Yo tavba! Men unga bunaqa demoqchimasdim-ku! — xavfsirab ketdi doktor. — Tentaklik bu, tentaklik!») Xullas, arznoma bering! Endi biz bundan buyon birga ishlay olmaymiz!.. Yo men turay yo siz... Ertagayoq bering!
Feldsher doktorga xo‘mrayib qaragan edi, uning qop-qora, xira ko‘zlarida zo‘r nafrat ifodasi chaqnab ketdi. U hamisha doktorni so‘zda bor-u, ishda yo‘q, injiq bir yosh bola deb hisoblardi, hozir esa uning titrab-qaqshashi va poyintar-soyintar gapirishlari feldsherning nafratini qo‘zg‘atib yubordi...
— Beramanam-da, — dedi u jahl bilan qovog‘ini solib.
— Ha, bering-da!
— Xo‘sh, siz nima deb o‘ylovdingiz? Bermaydi debmi? Beramanam-da... Sizning urishga haqingiz yo‘q. Bunday uyalsangiz ham go‘rga edi-ya! Odatda faqat mast mujiklargina mushtlashadi, siz ma’lumotli odamsiz-a, yana...
Doktorning qalbidagi butun g‘azabi to‘satdan olovlanib ketdi-yu, birdan baqirib yubordi:
— Jo‘nang, bu yerdan!
— Feldsher turgan joyidan istar-istamas qo‘zg‘aldi (u xuddi yana biror nima demoqchiga o‘xshardi), dahlizga chiqib ketdi-da, o‘sha yerda xayol surib qoldi. Keyin, allanimani o‘ylab bo‘lgach, keskin qadam bilan chiqib ketdi...
— Qanday tentaklik, qanday tentaklik-a! — deb g‘o‘ldiradi doktor u ketishi bilan. — Hammasi tentaklik va bema’nigarchilik!
U hozir feldsherga xuddi yosh bolalarcha muomala qilganligini sezdi va shuni ham tushunib qoldiki, uning sud haqidagi o‘ylaganlari masalani hal qilish emas, qayta chigallashtirib yubordi.
«Qanday tentaklik qildim-a! — deb o‘yladi u sharabanga chiqayotib va undan keyin harbiy boshliq bilan qarta o‘ynab turib. — Nahotki men shu qadar kam ma’lumotli bo‘lsam va hayotni shu qadar kam bilsam, mana shu oddiygina bir masalani hal qilishga ham qurbim yetmasa? Xo‘sh, nima qilish kerak?»
Ertasiga ertalab doktor, feldsherning xotini qayoqqadir bormoqchi bo‘lib, aravaga chiqayotganini ko‘rib qoldi-da: «Ana, xolajonlariga ketyaptilar. Boraversin!» dedi ichida.
Kasalxona feldshersiz obxod qilindi. Mahkamaga ariza yozish kerak edi-yu, lekin doktor xatning formasini hali ham o‘ylab ololmagan edi. Endigi xatning mazmunidan: «Garchi, aybdor u emas, men bo‘lsam ham, feldsherni bo‘shatib yuborishingizni so‘rayman» degan ma’no chiqishi kerak. Axir durustgina odamni uyatga qoldirmay bu mazmunni bayon qilishning iloji yo‘q-ku.
Oradan ikki-uch kun o‘tgach, feldsherning Lev Trofimovich oldiga borib shikoyat qilgani to‘g‘risida doktorga xabar berishdi. Rais uni bir og‘iz ham gapirtirmasdan, depsinib: «Men seni bilaman! Yo‘qol! Gapingni ham eshitmayman!» deb so‘kib chiqarib yuboribdi.
Feldsher Lev Trofimovichning oldidan chiqib to‘g‘ri mahkamaga boradi, va u yerda tarsaki yegani to‘g‘risida miq etmasdan hamda hech narsa so‘ramasdan turib, doktor mening huzurimda mahkamani va raisni bir necha bor so‘kdi, kasallarga ham yaxshi qaramaydi, uchastkalarga borganda ham chalakam-chatti ish qiladi va hokazo deb, ig‘vo tarqatadi. Bularni eshitgandan keyin doktor kulib yubordi va «Obbo ahmoq-ey!» deb qo‘ydi ichida. Doktor ham xijolat tortar, ham feldsherning tentakligiga achinar edi; kishi o‘zini muhofaza qilish uchun qancha ko‘p bema’nigarchilik qilsa, shuncha nochor va zaifligini ko‘rsatadi.
Rosa uch haftadan keyin ertalab doktor suddan povestka oldi.
«Bu endi o‘taketgan bema’nigarchilik... — deb uyladi u povestkani olishga qo‘l qo‘ya turib. — Bundan ko‘ra bema’niroq narsani o‘ylab ham topib bo‘lmaydi».
U sudga ketayotgan kuni ertalab havo bulut va osoyishta edi; doktor shu paytda uyalmadi, unga alam qildi va ta’bi juda xira bo‘ldi. U, o‘zidan ham, feldsherdan ham, butun vaziyatdan ham diqqat bo‘lib...
«Sudda to‘ppa-to‘g‘ri shunday deyman, — dedi jig‘ibiyroni chiqib, — bu yerdan yo‘qollaring, jin ursin sizlarni! Hammangiz eshaksizlar, hech baloga tushunmaysizlar!»
U, sud kamerasi oldiga kelganda ostonada o‘zida kasal boquvchi xotinlardan uchtasini va Rusalkani ko‘rdi, bular guvoh sifatida chaqirilgan edilar. Xotinlarni va toqati toq bo‘lganidan hadeb oyoqlarini chalishtirib turgan akusherkani ko‘rgach va hatto akusherka bo‘lajak protsessning bosh qahramonini ko‘rish bilan huzur qilib kulib yuborgandan keyin, jaxli chiqib ketgan doktor xuddi ularga qirg‘iyday chang solib: «Kasalxonadan ketishga sizga kim ruxsat berdi? Shu minutdayoq jo‘nang!» deb hammasini dovdiratib qo‘ymoqchi bo‘ldi-yu, ammo o‘zini bosdi; o‘zini bamaylixotir qilib ko‘rsatishga tirishib, bir to‘da odamlar orasidan o‘tib kameraga kirdi. Kamera bo‘m-bo‘sh va sudning zanjiri kreslo suyanchig‘ida yotgan edi. Doktor ish yurituvchining xonasiga bordi. U, bu yerda yuzlari qotma, kolomenka pidjagining cho‘ntaklari do‘ppayib turgan yosh yigitni ko‘rdi, bu ish yurituvchi edi; shu yerda feldsher ham stol yonida o‘tirib, bekorchilikdan sudlanuvchilar to‘g‘risidagi spravkalarni varaqlab o‘tirardi. Doktor kirishi bilan ish yurituvchi o‘rnidan turdi; feldsher ham xijolat tortib, o‘rnidan turdi.
— Aleksandr Arxipovich hali kelgani yo‘qmi? — deb so‘radi doktor uyalinqirab.
— Yo‘q hali. Ular uyida... — deb javob berdi ish yurituvchi.
Kamera sudya qo‘rg‘onidagi uylardan biriga joylashgan bo‘lib, sudyaning o‘zi esa katta uyda turardi. Doktor kameradan chiqdi-da, asta-sekin uyga qarab yo‘l oldi. U borganda Aleksandr Arxipovich yemakxonada samovar oldida turgan edi. Sudya syurtuksiz va jiletkasiz ko‘ylakchan, ko‘krak tugmachalari yechiq, stol oldida ikkala qo‘li bilan choynak ushlab turgan edi; o‘ziga bir stakan, xuddi kofega o‘xshagan quyuq choy quydi; mehmonni ko‘rishi bilan u darrov oldiga boshqa bir stakanni surib oldi-da, salomlashmasdan avval choy quyib:
— Sizga qandlimi yo qandsizmi? — deb so‘radi. Sudya bir vaqtlar, bunga juda ko‘p bo‘ldi, kavaleriyada xizmat qilgan edi; hozirda u, ko‘p yillik xizmatlari tufayli o‘z xohishi bilan haqiqiy grajdanlik mansablaridan birini egallab olgan, ammo hali ham o‘zining harbiy mundirini, harbiy urf-odatlarini tashlamagan. Uning mo‘ylovi ham politsmeysterlarniki singari uzun, shimi baxiyali va qiliqlari, gap-so‘zlari harbiycha edi. U boshini sal orqaga tashlab nutqini generallarga xos «mneee...» degan ibora bilan to‘ldirib, yelkasini uchirib, ko‘zlarini o‘ynatib gapirardi. Salom-alik qilganda yoki birovga papiros tutganda tovonlarini tapillatib qo‘yardi, yurib ketayotgan paytda esa, shporlarini shunday nozik shiqirlatib yurardiki, shporning har bir ovozidan go‘yo uning biror joyi qattiq og‘riyotganday tuyilardi. Doktorni choyga taklif etib o‘tqizgandan keyin, u o‘zining chorpaxil ko‘kragi va qornini bir silab oldi-da, chuqur bir nafas olib, dedi;
— Qani, xo‘sh... Ehtimol, o‘zlarining ko‘ngillari araq ichib, zakuska qilishni tusab turgandir? Mne-e?
— Yo‘q, rahmat, qornim to‘q.
Har ikkalasi ham kasalxonadagi janjal to‘g‘risida gap ochmaslikning iloji yo‘qligini sezib turishar va ikkalasi ham noqulay ahvolda qolgan edi. Doktor jim bo‘lib qoldi. Sudya qo‘llarini nazokat bilan qulochkashlab, ko‘kragini chaqib turgan pashshani tutdi, unga har tomondan diqqat bilan qaradi va qo‘yib yubordi, keyin chuqur nafas olib doktorga qaradi-da, dona-dona qilib gapirdi:
— Menga qarang, nima uchun siz uni haydab yubormaysiz?
Doktor uning ovozida achinish ohangini tuydi; birdan o‘ziga rahmi kelib ketdi, va so‘ngra shu haftada boshiga tushgan mushkilotdan ezilib tinka-madori quriganini sezdi. Nihoyat toqati-toq bo‘lib, yuragi yorilguday, stoldan irg‘ib turdi-yu, titrab-qaqshab, yuzlarini burishtirib, yelkalarini qisib, gapira ketdi:
— Haydab yuborish! Sizlar nima deb o‘ylaysizlar o‘zi, xudo haqi... juda g‘alatisizlar-da! Axir, xaddim bormi uni haydashga? Sizlar bu yerda o‘tirib, meni kasalxonada o‘zi xon, ko‘lankasi maydon-u, ko‘ngilga nima kelsa shuni qiladi, deb o‘ylaysizlar-da! Juda g‘alatisizlar-a! Uning xolasi Lev Trofimovichnikida bola boqsin va Lev Trofimovichga Zaxarich singari pismiq malaylar zarur bo‘lib tursin-da, yana uni haydab yuborishga xaddim bormi? Zemstvo biz — vrachlarni sariq chaqaga olmay, har qadamda oyoq osti qilib turgandan keyin, mening qo‘limdan nima keladi? Jin ursin hammasiniyam, endi men ishlamayman, mana bo‘lgan turgani shu! Ishlamayman!
— Yo‘, yo‘, yo‘... Siz, jonim, juda vahima qilyapsiz, unday deganda...
— Boshlig‘ingiz jon-jahdi bilan bizning hammamizni niglistlar deb isbotlashga urinadi, josuslik qiladi va bizdan xuddi o‘z kotibiday xizmat qilishni talab etadi. Men yo‘q paytimda kasalxonaga kelib, u yerda bemorlar va kasal boquvchi xotinlarni so‘roq qilishga qanday haqi bor? Axir, bu haqoratlash emasmi? Xo‘sh, anavi telba Semyon Alekseichingiz-chi, o‘zi doim gerdayib yuradi. Qorni to‘q va ho‘kizday baquvvat bo‘lgani uchun meditsinaga mutlaqo ishonmaydi, yana hammaga eshittirib, ko‘z oldimizda bizni tekinxo‘r deb, ta’na qiladi, bir burda nonni ravo ko‘rmaydi! Ha, jin ursin uni! Men ertalabdan kechgacha ishlayman, dam olish degan narsani bilmayman, hamma telba-tezik, taqvodor, islohchilar va shu singari masxarabozlardan ko‘ra bu yerda men zarurroqman, axir! Men ish deb sog‘lig‘imdan ajraldim, lekin mendan minnatdorchilik qilish o‘rniga, bir burda nonni ta’na qilishadi! Sizga tashakkurlarimni izhor etaman! Yana har kim birovlarning ishiga tumshug‘ini suqishga, nasihatgo‘ylik va nazorat qilishga o‘zini haqli deb hisoblaydi! Anavi, sizning maxkamangizning a’zosi Kamchatskiy bo‘lsa, Zemstvo majlisida, bizda kaliy aralashmasining ko‘p ishlatib qo‘yilganligi uchun vrachlarga tanbeh berdi va bizga bundan buyon kokainni ehtiyot qilib ishlatishni tavsiya qildi! Uning o‘zi nimani biladi, qani men sizdan so‘raychi? Uning nima ishi bor? Nega u sizlarga sud qilishni o‘rgatmaydi?
— Be... axir u bezbet xushomadgo‘y odam-da, joniginam... Unga parvo qilishning keragi yo‘q...
— Xo‘p, bezbet, xushomadgo‘y odam, lekin sizlar bu vag‘vag‘ni a’zolikka saylagansiz va unga hamma yoqqa tumshuq suqishga yo‘l berib qo‘ygansiz-da! Siz bo‘lsangiz, iljayasiz! Sizningcha bularning hammasi mayda-chuyda, arzimagan narsalar, lekin, o‘ylab ko‘ring, axir, bunaqanggi mayda-chuydalar shu qadar ko‘pki, xuddi shag‘allar yig‘ilib tog‘ bo‘lganday butun hayot ham mana shu mayda-chuydalardan tashkil topgan! Endi chiday olmayman! Madorim quridi, Aleksandr Arxipich! Yana bir oz tursam shu yerda, sizni ishontirib aytamanki, og‘zi-burniga tushirish emas, hatto birortasini otib qo‘yaman! Siz tushuning, axir, mening asablarim, simdan emas, men ham xuddi sizga o‘xshagan odamman...
Doktorning ko‘zlariga jiqqa yosh to‘lib, ovozi ham titrab ketdi; u teskari o‘girilib, derazaga qarab oldi. Oraga jimlik cho‘kdi.
— Ha, hm, muhtaram... — g‘o‘ldiradi sudya taraddudlanib. — Ikkinchi tomondan, agar bunday vazminlik bilan o‘ylab qaralsa unda... (sudya chivin tutib, ko‘zlarini qisib, unga har tomondan qaradi-da, ezib, chayindi idishga tashladi)... Unda, bilasizmi, feldsherni haydashdan ham ma’ni chiqmaydi. Haydab yuboring-chi, bari bir o‘rniga yana bitta shunaqasi, balki undan badtarrog‘i o‘tirib oladi. Yuzta odamni almashtirganingiz bilan yaxshisini topolmaysiz... Hammasi ablah (sudya qo‘ltig‘i tagiga qarab qo‘yib, sekin papiros cheka boshladi). Bu yovuz bilan murosa qilish kerak. Men sizga aytib qo‘yishim kerakki, hozirgi zamonda siz ishonishingiz mumkin bo‘lgan sofdil, idrokli odamni faqat ziyolilar va mujiklar orasidan, ya’ni masalan faqat shu ikki qatlam orasidangina topishingiz mumkin. Siz, aytaylik, pokiza vrachni, olijanob pedagogni, pokiza qo‘shchi yoki temirchini topa olasiz, biroq o‘rta darajadagi odamlar, ya’ni shunday deb ta’riflash joiz bo‘lsa, xalq ichidan chiqib va hali ziyolilargacha borib yetmagan kishilar ishonchsizlik elementlarini hosil qiladi. Shuning uchun ham sofdil va idrokli feldsher, kotib, gumashta va shu kabilarni topish g‘oyat og‘ir. Favqulodda og‘ir! Men Gorox shohi zamonidan buyon adliya sohasida xizmat qilaman va butun xizmatim mobaynida, garchi son-sanoqsiz kotiblarni haydab yuborgan bo‘lsam-da, birorta sofdil va idrokli kotibni ko‘rganim yo‘q. Xalqda axloq intizomi yo‘q, printsip ha-a-a-qida gapirmayoq qo‘yaqolaylik, men sizga aytsam...
«Nega bularni gapiradi? — deb o‘ylab qoldi doktor. — Biz u bilan kerakli narsani gaplashayotganimiz yo‘q-ku».
— Mana uzoqqa bormaylik, o‘tgan jumada, — deb so‘zida davom etdi sudya, —mening Dyujinskiyim, o‘zingiz tasavvur eting, shunday bir qiliq qilipti. Kechqurun oldiga allaqanday piyanistalarni chaqiripti, kim biladi deysiz, ular kim ekan, tuniminam o‘shalar bilan kamerada ichkilikbozlik qilib chiqipti. Xushingizga keladimi? Men-ku, ichkilikka hech qarshi emasman-a. Jin ursin seni, ichsang ichaver, ammo nega noma’lum kishilarii kameraga kiritasan? Axir, o‘zingiz o‘ylang, ishlardan birorta hujjatni, veksel va shu singari qog‘ozlarni birpasda o‘g‘irlab qo‘yish mumkin! Bunga nima deysan? O’sha ayshi-ishratdan keyin men, biror narsa yo‘qolib qolmadimi deb ikki kungacha hamma ishni ko‘zdan kechirib chiqdim... Xo‘sh, bu ablahlarni nima qilardingiz? Haydashmi? Yaxshi — xm... Yana boshqasi bundan battar bo‘lmaydi deb, qanday ishontira olasiz?
— Rost, uni qanday qilib haydayman? — dedi doktor. — Odamni haydash faqat gapda onson... Men uning bola-chaqaliligini, och-yalang‘ochligini bilib turganimdan keyin, qanday haydab, bir burda nondan benasib qilaman? Bola-chaqasi bilan u qayoqqa boradi?
«Ie, nima balo bo‘ldi, o‘zi, munaqa demoqchimasdim-ku!» deb o‘ylab qoldi u, o‘z xayolini biror aniq fikr yoki biror hissiyot ustida jamlay olmayotganiga hayron bo‘ladi. «Buning sababi shuki, men puxta emasman va fikrlashni bilmayman» deb qo‘ydi ichida.
— O’rta darajadagi odamga, xaligi siz aytganday ishonib bo‘lmaydi, — deb davom etdi. — Biz uni haydaymiz, so‘kamiz, afti-basharasiga qarab uramiz, ammo lekin, uning ahvoliga ham qarash kerak-da, axir. U na mujik, na barin, bir dardisar; uning o‘tmishi rasvo, hozirda esa oyiga faqat yigirma besh so‘m oladi, bola-chaqasi och va birovga qaram, kelajakda ham uniki yana o‘sha yigirma besh so‘m pul-u, birovga boqim, yuz yil xizmat qilganda ham ahvoli shu-da. Unda na ma’lumot bor va na mol-mulk; o‘qishga va cherkovga borishga vaqti yo‘q, bizdan hech narsa eshitmaydi, chunki biz uni yaqinimizga yo‘latmaymiz. Shunday qilib u, o‘la-o‘lguncha durustroq bir turmushdan umid qilmay, chala-yarim ovqat yeb, «mana hozir davlat kvartirasidan haydab yuboradi» deb qo‘rqib, bola-chaqasini qaerga qo‘yishini bilmay yuraveradi. Shundan keyin ayting-chi, qalay piyanistalik, o‘g‘irlik qilmasin? Bu yerda printsipga o‘rin qoldimi, endi!
«Biz, chamasi, ijtimoiy masalalarni hal qilishga o‘tib ketdik, shekilli, — deb o‘yladi u. — Juda chetga chiqib ketdik, tavba! Bular nimaga kerak o‘zi?»
Shu orada jarang-jurung ovoz eshitilib qoldi. Kimdir izvosh bilan hovliga kirdi, oldin kamera oldiga bordi, keyin katta uyga kiraverishdagi zina yoniga keldi.
— O’zi keldi, — dedi sudya, derazadan qarab. — Ana endi ta’ziringizni beradi!
— A, siz, marhamat qilib, meni tezroq jo‘nating... — iltimos qildi doktor. — Agar iloji bo‘lsa, mening ishimni benavbat ko‘rsangiz. Xudo haqi, vaqtim yo‘q.
— Yaxshi-yaxshi... Faqat, hali o‘zim bilmayman, taqsir, bu ishni men sud qilib o‘tirishim kerakmikan. Feldsher bilan sizning munosabatingiz, aytaylik, xizmat yuzasidan bo‘lgan, buning ustiga siz uni xizmat vazifasini o‘tayotgan paytda tuzlagansiz. Ammo durustgina bilmayman ham. Hozir Lev Trofimovichdan so‘raymiz.
Shosha-pisha kelayotgan qadam tovushi va og‘ir harsillagan ovoz eshitildi va shu on eshikdan rais — soch-soqoli oppoq, tepakal, soqollari uzun va qovoqlari qip-qizil Lev Trofimovich ko‘rinib qoldi.
— Salom berdik... — dedi u harsillab turib. Uf, tavba! Muhtaram sudya, menga kvas bering! O’lganim yaxshi...
U kresloga o‘zini tashladi, lekin shu zahoti darrov irg‘ib turib, doktorning oldiga bordi va jahl bilan unga o‘qrayib, chiyildoq ovoz bilan gapira ketdi:
— Sizdan juda va benihoyat minnatdorman. Grigoriy Ivanich! Xudo haqi hech qachon unutmayman! Do‘st kishi bunday qilmaydi! Ko‘nglingizga kelmasin-u, lekin sizning tomoningizdan hatto insofsizlik qilingan! Nima sababdan siz menga ma’lum qilmadingiz? Xo‘sh, men nima? Kimman, axir? Dushman yoki begona odammi? Sizga dushmanmanmi? Biron vaqt so‘zingizni yerda qoldirganmidim? A?
Rais ko‘zlarini olaytirib va barmoqlarini silkib, kvas ichdi-da, darrov lablarini artib, davom etdi:
— G’oyat, g‘oyat minnatdorman sizdan! Nima sababdan menga ma’lum qilmadingiz? Agarda sizda menga nisbatan qittak ko‘ngil bo‘lganda, oldimga kelib, do‘stlarcha: — «Jonginam, Lev Trofimovich, shunday, shunday vassalom... Ana shunday hodisa ro‘y berib qoldi va hokazo...» derdingiz. Men sizga bir zumda hammasini to‘g‘rilab bergan bo‘lardim va bunday janjalga o‘rin ham qolmas edi... Anavi ahmoq, xuddi devonaday butun uezdda sandiroqlab, g‘iybat qilib, xotinlar orasida chaqimchilik qilib yuripti; siz bo‘lsangiz sharmanda bo‘lib, ko‘ngligizga kelmasin-u, kim biladi nima balolarni qo‘zg‘ab yuribsiz, sudga berishga o‘sha ahmoqni majbur qilgansiz! Sharmandalik, g‘irt sharmandalik! Hamma mendan nima gap o‘zi, nima asti, deb so‘raydi, xo‘sh, men-chi, raisman, ammo u yoqda nimalar bo‘lyapti, hech narsani bilmayman, mening sizga aslo keragim ham yo‘q-da! G’oyat, g‘oyat minnatdorman sizdan, Grigoriy Ivanich!
Rais shunday past egilib ta’zim qildiki, hatto a’zoyi-badani qip-qizarib ketdi, keyin derazaga kelib baqirdi:
— Jigalov, Mixail Zaxarichni bu yoqqa chaqir! Ayt, shu topdayoq kelsin! Yaxshi emas-s! — dedi u, derazadan nari borib. — Hatto mening xotinim ham ranjidi, xo‘sh, nima sababdan, chamasi, sizga muruvvat qilsa kerak-da! Siz, afandim, juda bilarmonlik qilib yuboribsiz! Oqilona bo‘lsin deb har xil printsiplar va turli qiliqlar qilasiz, lekin chalg‘itasiz, xolos.
— Siz nuqul tavakkal qilaverasiz, xo‘sh nima chiqyapti? — deb so‘radi doktor.
— Nima chiqyaptimi? Shu narsa chiqyaptiki, agar men hozir bu yoqqa kelmaganimda, siz o‘zingizni ham sharmanda qilardingiz, bizni ham... baxtingizga men kelib qoldim!
Feldsher kirib, ostonada to‘xtadi. Rais unga yondamasiga turib, qo‘llarini cho‘ntagiga tiqib oldi-da, bir yo‘talib, dedi:
— Hozir doktordan uzr so‘ra!
Doktor qip-qizarib, boshqa uyga kirib ketdi.
— Mana, ko‘rdingmi, doktor sening uzringni qabul qilgusi kelmayapti! — deb davom etdi rais. — U seni, tovbangni so‘zda emas, balki ishda ko‘rsatishingni istayapti. Bugundan boshlab itoat qilishga va doim hushyor bo‘lishga so‘z berasanmi?
— Beraman... — deb qovog‘ini osiltirib to‘ng‘illadi feldsher.
— Ko‘zingni och! Xudo ko‘rsatmasin! Bir mo‘ylov qilsammi, joydan ajralasan qolasan! Endi biror gap bo‘lsa, mendan yaxshilik kutib o‘tirma... Qani, jo‘na uyingga...
Ishning bu yo‘sinda hal bo‘lishi o‘z xo‘jasi bilan yarashib olgan feldsher uchun hech kutilmagan baxt bo‘ldi. U sevinganidan hatto rangi oqarib ketdi. Feldsher biror narsa demoqchi bo‘lib, qo‘lini cho‘zdi-yu, lekin hech narsa demadi, faqat ma’nosizgina iljayib chiqib ketdi.
— Ana, ish tamom! — dedi rais. — Endi hech qanday sudning ham keragi yo‘q.
U yengil tortib nafas oldi-da, shu topda xuddi juda og‘ir va muhim bir ish qilib yuborganday samovar va stakanlarga qarab qo‘ydi va qo‘llarini ishqalab turib dedi:
— Xudo halloq... Menga bir qultum quy-chi, Sasha. Ha, aytganday, avval zakuskaga biror narsa olib kelgin... Keyin, oqidan...
— Bu mumkin emas, janoblar! — dedi doktor oshxonaga kirayotib; u hamon qizarib-bo‘rtib injiqlik qilar edi. — Bu... bu komediya-ku! Bu qabihlik! Men chiday olmayman! Masalani bunaqanggi masqarabozlik bilan hal qilgandan ko‘ra yigirma marta sudlashgan yaxshi, yo‘q, men chiday olmayman!
— Sizga nima kerak, axir? — dedi rais unga g‘ijinib. — Haydashmi? Mayli, haydab qo‘ya qolay...
— Yo‘q, haydash emas... Menga nima kerakligini o‘zim ham bilmayman, lekin, janoblar, hayotga bunday munosabatda bo‘lish... Ey, xudoyim-ey!
Doktorning asabi qaynab besaranjom bo‘lib qoldi, shlyapasini qidirdi, topolmadi va darmoni qurib kresloga o‘zini tashladi.
— Qabihlik! — deb yana takrorladi u.
— Jonginam, — dedi pichirlab sudya, — ba’zan sizga ham tushunolmayman, bunday qaraganda... Axir bu ishda siz aybdorsiz-ku! Un to‘qqizinchi asrning oxirida birovning basharasiga qarab tushirish — bu, men sizga aytsam, nima desangiz deyavering-ku, bo‘lmaydi-da... To‘g‘ri, u ablah, biro-o-oq, xo‘p deyavering, siz ham ehtiyotsizlik qilib yuborgansiz...
— Albatta-da! — dedi rais.
Araq va zakuska keltirishdi. Xayrlashuv oldidan doktor ham beixtiyor bir ryumka ichib yuborib, rediska bilan zakuska qildi. U kasalxonaga qaytib kelgan paytda uning fikrini xuddi kuz ertasidagi maysaday tuman qoplagan edi.
«Nahotki, — deb o‘yladi u, — so‘nggi haftada tortgan shuncha azob-uqubatlar, bosh qotirishlar va aytilgach gaplar — oqibat shu qadar bema’nigarchilik bilan tugasa! Qanday tentaklik! Qanday tentaklik!»
U o‘zining shaxsiy masalalariga yot kishilarni aralashtirib qo‘ygani uchun uyaldi, bu kishilarga aytgan gaplari va odati bo‘yicha o‘ylab o‘tirmay aroq ichib yuborgani uchun uyaldi, o‘zining tushunib yetmagan, sayoz aqlidan hijolat tortdi... U kasalxonaga kelishi bilan shu zahoti obxod qila boshladi. Yonida feldsher, xuddi muloyim mushukday iymanib, savollarga yumshoq javob berib yurardi... Feldsher ham, Rusalka ham, kasal boquvchi ayollar ham o‘zlarini, go‘yo hech narsa bilmaganday va hamma ish joyida deganday bir qiyofada tutar edilar. Doktor ham kuchining boricha o‘zini beparvo qilib ko‘rsatishga urunardi. U buyruq berar, jahl qilar, kasallar bilan hazil-huzil gap qilib qo‘yardi-yu, ammo miyasidan:
— Tentaklik, tentaklik, tentaklik... — degan gap nari ketmas edi.

A.Aliyev tarjimasi 


_________
Hikoya dastlab «Jiteyskaya meloch» sarlavhasi bilan «Novoe vremya» gazetasida bosilgan, 1888. ?4404, 3 iyun Imzo: An. Chexov. Avtor ba’zi o‘zgartyshlar bilan o‘zining «Xmurne lyudi» to‘plamiga, yana biroz tuzatish bilan 1901 yilda chiqqan 5-tom Asarlar to‘plamiga kiritgan.
* Skalpel — xirurgiya nishtari.
** Zond — rezinka ichak.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.