OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anton Chexov. Valine’mat (hajviya)

Tabiatimdagi tortinchoqlikni bir amallab yengib, general Shmigalovning kabinetiga kirdim. General stol yonida o‘tirar va qartada “kapriz de dam” usulida fol ochardi.
– Nima xizmat, azizim? – muloyimgina so‘radi u, ishora bilan kresloga o‘tirishga taklif etarkan.
– Huzuringizga, janobi oliylari, ish bo‘yicha keldim, – dedim men, o‘tirayotib Xudo bilsin nimagadir syurtugimni tortib qo‘yarkanman. – Ya’ni, xizmat vazifasiga daxli bo‘lmagan, xususiy xarakterdagi ish yuzasidan. Men jiyaningiz Varvara Maksimovnaning qo‘lini so‘rab keldim.
General yuzini sekinlik bilan men tomon burdi, menga sinchiklab qaradi va qartalarni polga tushirib yubordi. U lab-lunjini imillab yi­g‘ishtirgach, tilga kirdi:
– Siz... nima?.. Aqldan ozganmisiz, nima balo? Aqldan ozdingizmi, sizdan so‘rayapman? Qanday... jur’at etdingiz? – vishilladi u, qip-qizarib. – Qan­day jur’at etdingiz, tirmizak, mishiqi?! Qandoq botindingiz bu yo‘sin hazillashishga... marhamatli afandim...
Shmigalov oyoqlarini tapillatgancha chunon ba­qirdiki, hatto oynalar zirillab ketdi.
– Turilsin!! Kim bilan so‘zlashayotganingizni unutmang! Marhamat qilib chiqing va qayta ko‘zimga ko‘rinmang! Marhamat! Daf bo‘ling!
– Biroq men uylanmoqchiman, janobi oliylari!
– Boshqa yerda uylanasiz, menikida emas! Mening jiyanimga bo‘yingiz yetmaydi, marhamatli afandim! Uning tenggi emassiz! Na mol-mulkingiz, na jamiyatdagi mavqeingiz uning qo‘lini so‘rash huquqini bermaydi sizga! Bu sizning tarafingizdan g‘oyat beadablik bo‘ldi! Xayr, sizni kechirdim, bola, ammo minba’d meni bezovta qilmasligingizni o‘tinib so‘rayman!
– Hm... Siz shu yo‘l bilan allaqachon besh kuyovning kavushini to‘g‘rilab qo‘ydingiz... Biroq oltinchisidan osonlikcha qutulmaysiz. Nega rad etayotganingizni bilaman. Keling, bundoq qilamiz, janobi oliylari... Vijdonim va sharafim ila so‘z beramanki, agar Varyaga uylansam, uning vasiy otasi ekaningizdan foydalanib sarflab yuborgan pullaringizdan bir chaqa ham talab qilmayman! Chin so‘zim!
– Takror ayting, nima dedingiz! – allanechuk chirsildoq tovushda dedi general, qaddini bukkancha misoli g‘azabi qo‘zigan erkak g‘ozdek yonimga zipillab kelib. – Qaytar! Qaytar dedim, yaramas!
Men gapimni takrorladim. General badtar qizarib, xona ichida zir yugura boshladi.
– Shunisi yetmay turuvdi! – yana oynalarni tit­ratdi u, zir yugurgancha qo‘llarini havoda silkitarkan. – Qo‘l ostimdagilar meni o‘z uyimda, dahshatli, dog‘i ketmas so‘zlar bilan haqorat qilishsa-ya! Yo parvardigor, bu ko‘rgiliklar ham bormidi! Tobim... tobim qochyapti!
– Ammo sizni ishontirib aytaman, muhtaram janob! Nafaqat talab qilmayman, balki bandai ojizligingiz vajidan Varyaning pullarini xarjlab yuborganingizga shama ham qilmayman hatto! Var­yaga ham buyuraman, lom-mim demaydi! Chin so‘zim! Nega buncha jahl qilasiz, g‘aladonni sindirmoqchi bo‘lyapsizmi? Sudga bermayman sizni!
– Qay go‘rdagi mishiqi, tirmizak... yalangoyoq... yuzimga tik boqib shunday jirkanch so‘zlarni aytsa-ya! Marhamat qilib chiqib keting, yigitcha, yodingizda bo‘lsinki, men buni hech qachon unutmayman! Meni nihoyatda qattiq tahqirladingiz! Umuman olganda... sizni kechiraman! Yengiltaklik orqasida beadab ish qilib qo‘ydingiz, nodonligingiz tufayli... Oh, stolim ustidagi buyumlarga qo‘lingizni tekkizmang, jin ursin sizni! Qartalarga tegmang! Jo‘nang, men bandman!
– Hech nimaga tegmadim! Nega yolg‘on aytasiz? Vijdonan so‘z beraman, general! So‘z beramanki, hatto shama ham qilmayman! Sizdan biror nima talab qilishni Varkaga ham taqiqlayman! Sizga nima kerak tag‘in? G‘alati odamsiz, Xudo haqqi... Uning otasidan qolgan o‘n mingni o‘z ehtiyojingizga sarflab yubordingiz... Nachora? O‘n ming unchalik katta pul emas... Gunohingizdan o‘tsa bo‘ladi...
– Men bir chaqa ham sarflagan emasman... shun­doq! Hozir sizga isbotlab beraman! Mana ho­zir... Dalil-isbotim bor!
General qaltiroq qo‘llari bilan stol ustidagi qutini oldiga tortdi, undan bog‘langan allaqanday qog‘ozlarni oldi va, xo‘rozning tojisidek qip-qi­zargancha titkilay boshladi. Uzoq, imillab, be­maq­sad titkiladi. Boyoqish juda hayajonlangan va o‘ng‘aysizlangan edi. Uning baxtiga, kabinetga xizmatkor kirib tushki ovqat tortilganini ma’lum qildi.
– Yaxshi... Tushlikdan so‘ng sizga isbotlab be­raman! – g‘o‘ldiradi general, qog‘ozlarni yi­g‘ish­tirarkan. – Uzil-kesil... toki mish-mishlarga o‘rin qolmasin... Faqat ovqatlanishimga imkon bering... ko‘rasiz o‘shanda! Qayoqdagi, Xudoyo o‘zing kechir... tirmizak, muttaham... ona suti og‘zidan ketgani yo‘g‘-u... Boring, tushlik qiling! Men tushlikdan keyin... sizga...
Biz tushlikka chiqdik. Birinchi va ikkinchi taomni tanovul qilish chog‘ida general qovog‘ini solib, jahllanib o‘tirdi. U sho‘rvasiga jon-jahdi bilan tuz separ, yiroqlardagi momoqaldiroq kabi na’ra tortar, stulini qattiq chayqatardi.
– Nega bugun avzoyingiz buzuq? – so‘radi undan Varya. – Bu holingiz men yoqmaydi... nima deyishga ham hayronman...
– Menga yoqmaysiz deyishga qanday hadding sig‘di! – o‘dag‘ayladi unga general.
Uchinchi va so‘nggi taom tanovulida Shmigalov chuqur tin oldi va ko‘zlarini pirpiratdi. Yuzidan ruhan ezilayotgani, dard chekayotgani sezilib turardi... U shu qadar baxtsiz, aftodahol ko‘rina boshladiki! Manglayi va burni ustiga katta-katta ter tomchilari chiqdi.
Tushlikdan so‘ng general meni kabinetiga tak­lif qildi.
– Azizim! – menga qaramasdan va frakim etagini ohista tortqilab so‘z boshladi u. – Varyani xotinlikka oling, men rozi... Siz yaxshi, mehribon kishisiz... Roziman... Sizlarga oq fotiha beraman... unga va senga, mening farishtalarim... Tushlikdan oldin seni bu yerda... so‘kkanim, g‘azablaganim uchun afu et... Seni o‘zimga yaqin olganimdan... ota o‘rnida bo‘lganimdan shunday qildim... Lekin men haligi... o‘n ming emas, haligi... o‘n olti mingni sarflab yuborganman... Varkaga Natalya xola qoldirgan pullarni ham sovurganman... qimorda yutqazganman... Kel, endi, xursandchilikka... shampan ichaylik... Kechirdingmi?
General o‘zining ko‘m-ko‘k, “hozir yig‘lab yuboraman” deb turgan va ayni chog‘da tantana qilayotgan ko‘zlarini menga tikdi. Men qolgan olti mingning ham bahridan o‘tdim va Varvaraga uylandim.
Yaxshi hikoyalar doimo to‘y-tomosha bilan yakunlanadi!

Rus tilidan Oybek Mo‘minov tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 12-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.