OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aziz Nesin. Boriga baraka (hajviya)

Uning taksiga o‘tirmaganiga to‘rt yildan oshgandi. Ammo bugun o‘tirishga to‘g‘ri kelib qoldi. Zarurat yuzasidan. Uylanmoqchi bo‘lgan qizi bilan birga edi.
Qatorlashib turgan mashinalar orasidan eng eskisini tanlashdi.Eshagiga yarasha tushovi - yangi mashinaning kira haqi ham o‘ziga yarasha bo‘lishi ma’lum.
Ularning baxtiga haydovchi ham keksaroq ekan. Albatta, tajribali haydovchi insofliroq bo‘ladi. Ular mashinaga o‘tirishdi. Haydovchi hisoblagichni ishlatib qo‘ydi.
U ko‘z qiri bilan hisoblagichni kuzatib borardi: 60- 65 – 70 75...
- Bugun ob-havo ajoyib-a?
- Ha... To‘g‘ri...Ajoyib...
105- 110 – 120...tik-tak, tik-tak, tik-tak. Hisoblagich tinimsiz ishlardi.
Qiz so‘rab qoldi:
- Sizga bir nima bo‘ldimi? O‘ylanib qoldingiz.
- E yo‘-o‘q...Hech nima bo‘lgani yo‘q. Xudo haqqi hech narsa bo‘lmadi...
- Lekin tashvishga tushib qoldingiz.
- Bilmadim. Ho-ho! Aksincha. Men judayam hursandman. Ho-ho! Z55, tik-tak, 360, tik-tak...
- Biz shu yerda tushib qolamiz, janob haydovchi!
Qizga bilintirmay hisoblagichga birrov qarab qo‘ydi – 395 kurush haq yozilgandi. Darhol xayolida hisoblab chiqdi. Hay, boringki to‘rt lira (bir lira 100 kurushga teng ) bo‘lsin. Ikki barobar qilib to‘laydi – sakkiz lira. Yoningda ayol kishi bo‘lganda ular doimo ko‘proq so‘raydi. Hay mayli, o‘n lira bera qoladi!
- Qancha berishim kerak sizga, janob haydovchi!
- Boriga baraka-da, beyafandim.
- Yo‘q, bunaqasi ketmaydi. Ayting, qancha bo‘ladi?
- E nimalar deyapsiz, azizim, bu axir mashina-ku, ot emas, tuya emas, qancha bersangiz shuncha bo‘ladi-da.
- Yo‘-o‘q! O‘rtamizda hafagarchilik bo‘lmasligi kerak!
- Hay, bir nima beraqoling endi. Men oz ekan, ko‘p ekan deb o‘tirmayman.Menga baribir!
- Yo tavba! Men siz uchun nima ozu nima ko‘pligini qaerdan bilaman?
- Men sizga bir nima deyolmayman. Boriga baraka.
Dunyoda shunaqa yumshoqko‘ngil, insofli, yaxshi odamlar ham bor-a! Agar unga o‘n lira bersa kamlik qilmasmikin? Shuncha masofani bosib o‘tishdi. Harqalay, ko‘proq bergani ma’qul. Yo‘nalishli taksilarda buncha joygacha olti yarim lira olishadi.
- Og‘ayni, meni ortiqcha qiynama. Iltimos, aytaqol, qancha xohlaysan?
- Siz ortiqcha tashvishlanmang, beyafandim. Boriga baraka. Men ochko‘z odam emasman. Axir men «Oz berding, ko‘p berding» deya olarmidim? Berganingizga shukur qilib ketaveraman!
- Yaxshi, ammo belgilangan narx yo‘qmi? Men qancha berishim lozimligini qaerdan bilaman?
- Siz ham, afandim, xom sut emgan bandasiz. Biz ancha masofani bosib o‘tdik. Boriga baraka qilamizda endi.
U oz berib qo‘yishdan emas, yanglishib ko‘proq bervorishdan qo‘rqardi. Mayli, nima bo‘lsa bo‘lar! Borini peshonasidan ko‘raveradi. U hamyonidan o‘n liralik tangalar va yana ikki yarim lira chiqarib, haydovchiga uzatdi:
- Marhamat, oling!
Ikki yarim lirani u haydovchining xushmuomalaligi, ochko‘z bo‘lmagani va har ikki gapining birida «Boriga baraka» deb turgani uchun, mukofot tariqasida ustiga qo‘shib berayotgandi. Albatta ortiqchasi bilan to‘layotgandi, ammo unga buning ahamiyati yo‘q edi. Bugun sevgilisining qo‘lini so‘ramoqchi edi. Bunaqa kunda tantilik qilsa arziydi.
 Haydovchi qo‘lidagi pulni sanab ko‘rdi:
- Bu nimasi?
- O‘n ikki yarim lira.
- Siz aqldan ozdingizmi, afandim?- deya tutoqdi haydovchi.- Shunday bemahalda-ya?!
Qiz gapga aralashdi:
- Bundan ikki kun oldin shuncha masofaga yetti yarim lira beruvdik.
Haydovchi pullarni yigitning yuziga otib yubordi:
- Choychaqang o‘zingga buyursin!
Pullar haydovchi bilan boyoqish yigitning o‘rtasidagi yerda sochilib yotardi.
- E uyat-e! Hech bo‘lmasa qizingdan uyalsang bo‘lardi!
Yigit yana ikki yarim lira qo‘shib uzatdi.
Haydovchi battar jazavaga tushdi:
- Sen nima, menga sadaqa beryapsanmi? Keragi yo‘q! Odamda insof bo‘lishi kerak! Men uni oliyhimmat odam deb «Boriga baraka» desamu u bo‘lsa...
Yigitcha haydovchining ovozi o‘chishi uchun bor davlatini berishga tayyor edi. Qizining oldida sharmanda qildi-ya. U yana besh lira chiqardi. Haydovchi hamon javrardi:
- Yana yoniga qizini o‘tqazib olganiga o‘laymi! Oliyjanob odam deb o‘ylabman. To‘qimtabiat ekansan-ku!..Agar « Boriga baraka» degan bo‘lsam, bu menga sadaqa bersayam bo‘laveradi degani emas-ku! Men o‘z haqimni talab qilyapman, o‘z haqimni! Tushunyapsanmi?!
Mabodo haydovchi yerda sochilib yotgan pullarni olmay jo‘navorsa nima bo‘ladi? Yigit hamyonidan yana besh lira chiqardi va yerdagi pullarga qo‘shib haydovchiga uzatdi.
U pulni oldi. Gazni bosdi. Mashina siljiyotganda haydovchi yana qichqirib qoldi:
- Albatta men o‘zim aybdorman. Bunaqalarni mashinaga o‘tqazish kerak emas! Odamning olasi ichida bo‘larkan-da. Men uni oliyhimmat odam deb o‘ylab « Boriga baraka» deb o‘tiribman. U esa meni chuv tushirmoqchi bo‘ldi. Hozirgi odamlar shunaqa aynib ketgan!
Yigit bilan qiz shahar chetidagi yemakxonaga kirishdi. Shu tobda yigitning ichiga qil sig‘masdi. Kallasida hali-hamon haydovchining boyagi shang‘illashi aks-sado berib turardi. Agar u ko‘proq berolganda edi! Qancha lozim bo‘lsa shuncha berardi-da!
- Nima deding?
- Atrofimizdagi manzara chiroyli ekan deyapman,- dedi qiz.
- Sen aytchi, o‘zingga qancha kerak?
- Men... tushunmadim!..
- Nega endi o‘zingga qancha kerakligini to‘ppa-to‘g‘ri aytib qo‘ya qolmaysan?
Qiz keskin yuzini o‘girdi va orqasiga qaramay tepalikdan pastga chopib ketdi. Jon-jahdi bilan bu yerdan uzoqlashdi.
Hammasi tamom bo‘ldi.

Shodmon Otabek tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.