OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bogumil Grabal. Beatriche (hikoya)

Qarag‘ayzorda joylashgan "Agnetsning go‘sht savdosi" atalmish uch qanotli villa yozgi qarorgoh hisoblanar, uning alohida qo‘riqxonasida bug‘u, tog‘ kiyiklari va qirg‘ovullar boqilar, ularni shundoqqina villa yotoqxonasi derazasidan turib otib olish mumkin edi. Basharti villa xo‘jayini pan Agnetsning ko‘ngilxushlik qilgisi kelib qolsa, ulfatlari bilan bu yerga tashrif buyurar, qish kunlari bo‘lsa barcha xonalar o‘t yoqib  isitilar, guldonlarga anvoyi gullar qo‘yib chiqilar, qarag‘ayzor oralab ketgan yo‘laklar qordan tozalanar, qumlar sepilib, tashrif buyuruvchi mehmonlar ko‘z o‘ngida salobatli manzara yaratilar, xuddi gertsog Shvartsenbergerglardagi singari ovchilar kiyadigan yashil kamzul,  kovboy shlyapalari, miltiqlar, xullas, shikorbop lash-lushlar, barchasi shundoq pillapoyaning yonginasida hozirlab  qo‘yilardi. Bularning hammasi azaldan Xudo yarlaqagan pan Agnets va uning ulfatlariga zo‘r vaqtichog‘lik bag‘ishlar edi...
Pan Agnetsning Pragada bir necha restoran va go‘sht do‘konlari ham bo‘lib, tadbirkor xo‘jayin restorandan chiqadigan ovqat sarqitlari va go‘sht do‘konlari chiqitlari hisobiga cho‘chqaboqarlikni yo‘lga qo‘ygan, shundoq villaning biqinida ferma qurdirgan edi. Har to‘qqiz oyda suv tekinga semirgan ellik bosh cho‘chqa yuk mashinalarda kushxonalarga olib ketilar, ularning o‘rniga o‘sha kunning o‘zidayoq yana ellikta hali onasidan ajralmagan cho‘chqa bolalari keltirilar va yana hammasi boshidan boshlanar edi. Deraza va eshiklarini Alp atirgullari va azaliyalar to‘sib turganiga qaramasdan, villa tarafga qarab salgina shabada esib qolsa, shiptir va tezakning o‘tkir, qo‘lansa badbo‘yi hamma yoqni tutib ketar, pan Agnetsning dimog‘i esa bora-bora bunaqa hidlarni sezmaslik darajasiga borib qolgandi...
Pan Agnets villa xonalaridan birini kichik ibodatxonaga aylantirgan naqshli romlar, rangli oynalar bilan jihozlab, chog‘roqqina mehrob yasatgan, uning ustiga mudom miltillab yonib turadigan jinchiroq, quyirog‘ida esa ibodat paytida cho‘k tushiladigan kursicha qo‘ydirgan edi. Mabodo pan Agnets kushxonasi, go‘sht do‘konlariyu restoranlari aro zerikib, siqila boshlaganini seza boshlasa, darhol ibodatxonasiga kirib olib, mehrob poyiga tiz cho‘kar, shikastanafas ovoz ila duogo‘ylikka tushib ketar, toki yonoqlaridan qon tomgudek yashnab, mutoyibaga moyil kayfiyat kelmaguncha o‘rnidan qo‘zg‘olmas, qolaversa, buning panga hech qiyinchilik joyi bo‘lmas, negaki pan Agnets mulkdor edi. Zero, u zamonning mulkdorlari quvnoq va beg‘amliklaridan baayni qo‘ng‘iroqdek jaranglab turishar, seriltifot va hotamtoylikni yoqtirishar, jumladan, pan Agnets ham bunday sifatlardan benasib emasdi... Ha, shunaqa edi. Keyin esa u davrlar o‘tdi. Panning bor molu sarvati yitib-bitdi. Uning o‘zi umrining oxirgi yillari xushfe’lligini yo‘qotib, anchayin odamovi bo‘lib qolgan edi...
Endilikda villa nogiron bolalar  yashaydigan davlat muassasasiga aylantirilgan. Unda besh yoshdan o‘n besh yashargacha bo‘lgan qirq nafar aqlan, jisman zaif bolalar yashaydi. Ulardan o‘n nafari umuman yura olmaydi, nuqul karavotda shiftga ko‘z tikib yotadi. Yana beshtasi maxsus kursichalarga o‘tqazib qo‘yilgan, sho‘rliklar o‘tirgan yerlarida yeb-ichib, kursining tagiga o‘rnatilgan tuvaklarga bo‘shanishadi. Marhum Agnetsning bir paytlardagi hashamdor villasi uzra endi cho‘chqalarning emas, odamzot axlati va peshobidan anqigan badbo‘ylar kezinadi. Bavlu najasni bo‘lsa egniga kraxmallangan oppoq yoqali qora qo‘ylak, boshlariga rohibalar qalpog‘ini qo‘ndirib olgan uch nafar shafqat hamshirasi tozalab yurishadi.
Ertadan shomgacha, shomdan yana tonggacha villadan bolalarning yig‘i-sig‘isi va sokin oh-vohlari arimaydi. Ahyon-ahyondagina qay bir nogiron bola,  nima sababdandir xushhol jilmayar, bu qadar samimiy va mas’um jilmayish mana shu norasidalarning chehrasida ko‘proq ko‘rinsin uchun Beatriche tinim bilmasdi. Ertayu kech Xudo yo‘liga xizmat qiladi. Shunday o‘rgatishgan edi ayollar monastirda unga...
Mana, bir o‘smir ingrashga tushdi. U qon to‘lib taranglashgan olatini tutamlagancha, tushunuksiz jinsiy balog‘at azobidan qiynalar, o‘tirgan yerida tebrangancha baqirib-chaqirar, yoshlari xiyol o‘tib qolgan ikki rohiba uni bu holatda ko‘rib qolib, uyalganidan sholg‘omdek qizarib, pan Agnetsning ibodatxonasiga qochib borishar, tepasida jinchiroq miltillab turgan mehrob poyiga tiz cho‘kishib, ko‘z oldilarida turib qolgan manzaradan qutilib olish uchun poklanish ibodatini o‘qishga apil-tapil kirishar ekanlar, Beatriche bolaning yoniga xotirjam o‘tirib olib, uning sochlarini silab-siypar, uning olazarak ko‘zlariga tikilib, tinchitishga, hovuridan tushirishga harakat qilardi. Beatrichega bunday soniyalar shunday bir ahamiyat kasb etardiki, go‘yo shu daqiqalarda u o‘z Tangrisi roziligiga moil bo‘layotgandek his etardi o‘zini...
O‘smirni tinchlantirgan Beatriche keyin o‘yinxonaga shoshiladi. Bu xonadagi go‘daklar xuddi sog‘lom bolalarnikidaqa o‘yinchoqlar o‘ynashadi. Ammo ular o‘yinchoqning fahmiga borishmaydi. Negaki, ular tug‘ilishidanoq noqis yaralgan, ayrimlari qizilchaga chalinib shu kuyga tushgan bo‘lishsa, boshqasi har turli jarohat tufayli, aksari ota-onalardan  yuqtirgan nasliy kemtiklik orqasidan noraso bo‘lib qolgan. Ular qo‘g‘irchoqlarni qo‘llariga olgan zahotlari burdalab, uzib-yulib, to‘zitib tashlashadi. Hammasidan yomoni o‘yinchoqlarini o‘zlarining bavlu najaslariga bulg‘ab tashlashni yoqtirishadi. Bolalar ko‘p, ularning har biriga alohida e’tibor berish mushkul. Gohida bu esipast sho‘rliklar taglariga qilgan axlatlarini to‘g‘ri kelgan tarafga, xona shiftlariga qarab uloqtirishadi, shiftdan to‘kilgan axlat bo‘lsa ularning boshlariga, aftlariga yopishadi... Xullas, rahmatli pan Agnetsdan qolgan bu xilvat go‘shada xizmat qilish ko‘tara ranju mashaqqat, biroq, ular bu mushkul vazifani astoydil ado etishga, og‘rinmaslikka harakat qilishadi. Bolalar uyida  nimaiki hodisa  sodir bo‘lmasin, birgina Beatriche ma’sum jilmayib, so‘nmas yulduz kabi balqib  turaveradi. Faqat ugina g‘am-tashvish hukmida bo‘lgan va bu uvoqdek nogironlar jismini mudom johil ibtidoiy instinktlar turli qiynoqlarga solib turadigan, har daqiqada oldindan aytib bo‘lmaydigan ko‘ngilsizliklar va berib turadigan bu dargohda vaziyatni qo‘lga olishga qodir. Va uning tanho o‘zigina ko‘ylagining kraxmallangan oppoq yoqalari orasidan bamisli Tereza ona singari, charchoq va jonga tegish nimaligini bilmasdan, mudom jilmaygan holda, bu bedavo bolalarning har birini ismlarini birma bir aytib, yupatib, ovutish hamda jilovlanib bo‘lmaydigan ehtiroslarini tiyib qo‘yish uchun nimalar ham qilmaydi deysiz...
Bir kuni villaga xasta bir bolani ko‘rgani borib, u yerdagi ayanchli manzaralardan etlarim jimirlab ketdi. Maysazorda keksa hamshira qator qilib turg‘azib qo‘ygan o‘n besh chog‘li bola u yoqdan bu yoqqa alpang-talpang yurib turar, yo‘lboshlovchilik esa ularning bir muncha eplirog‘iga yuklatilgan bo‘lib, u ko‘zi ojiz bolalardan birining qo‘lidan tutib olgan edi. Bolalar bir-biriga matashib, sayrga borishayotgan edi. Butun jamiyatga malollik tug‘diradigan ahvolda dunyoga kelgan bu baxtiqarolar chehrasidagichalik shodmonlikni umrim bino bo‘lib ko‘rgan emasman. Bolalarning qadam tashlashlari ham alomat edi, ularning chanqoq va orzumand nigohlari qayoqqa qaratilmasin, mitti burunchalariyu  shalpang quloqlari, barcha sezgi a’zolari bilan nimaiki narsani payqab, qandayin hidni sezishmasin, ular qandaydir ayricha, butun vujudlaridan joy olgan ilohiy his-tuyg‘ulari orqali o‘sha o‘zlari sezgan narsalariyu butun sezgi a’zolari bilan tuygan borliqning iforlariga singishib, ular bilan uyg‘unlashib ketishganday edi nazarimda.
Shu tobda Beatriche ham ularning ortidan ildam yurib borar, mashina yoki traktor o‘tib qolmasin deb yon-veriga alanglab qarar, mening yonginamda bo‘lsa tupuk va so‘lakli qo‘lchalari bilan Beatrichening etagidan tutgancha yetti yoshlardagi bola pildirab borardi. Bolani pan Kreychik degan tanishim rojdestvo bayramida uyiga olib borgandi. Tanishimning savobtalabligi orqasidan birinchi bor xonadon muhitiga tushgan bolakay o‘shanda zavq-shavq bilan "mening uyim bor, mening uyim bor" deb chakagi tinmay javrar, men bo‘lsam uning chulchit tilini zo‘rg‘a tushunar edim. Bolaga hammasidan chiroqchalari yonib-o‘chib  turgan archa juda yoqib tushgan va u mitti mushukchaga o‘xshab rojdestvo archasidan ko‘z uzmay qolgandi. Biz pan Kreychik ikkimiz oldi-qochdilar bilan valaqlashib turarkanmiz, bolasi tushmagur, qo‘liga tushib qolgan gugurtni chaqib, darpardani yoqib yuborgan, chiroqchalar yana ko‘payganidan suyunib, chapak chalib sakragan edi. Bundan panning jon-poni chiqib ketib, "qo‘ling sinsin, jin urgur, nima qilding", deya bolaning kaftdekkina basharasiga tarsaki tortib yuborgandi. Shundayam sho‘rlik bola ayanchli iljayib, mening qulog‘imga "meniyam uyim bor endi-ya, shundaymi, uyim bor-a", deb shivirlagan, ertasi kuniyoq savobtalab tanishim uni yana azalgi joyiga, bolalar uyiga tashlab kelgan edi. Bolakay bu yerda meni tanib, pinjimga  suqildi, men yana uyimga boraman-a, deya ko‘zlarini pirpiratdi.  Men bolaning o‘z uyi, boshpanasi bo‘lishi haqidagi shu qadar intiqlik, shunday bir viqor va his-hayajonga limmo-lim xohishi, yo‘q, yo‘q, ayni shu damda u o‘zini bolalar uyida emas, balki o‘z uyidagi holatini yaqqol tasavvur etayotganligidan rostakamiga qo‘rqib ketdim. Norasidalarning bu qadar ayanchli kun kechirganidan ko‘ra umuman dunyoga kelmaganlari yaxshi  emasmidi, deya xayolga  borib turarkanman, ko‘nglimdagini sezgan kabi Beatriche ma’yus jilmaygancha, "Homer basir bo‘lib tug‘ilgan" dedi. Shunda men xayolan, Homer bilan zamondosh bo‘lgan o‘sha barvasta va sog‘lom yigitlar qani? Garchi ular Homerga nisbatan yashashga yaroqli, nom qoldirishga munosib va layoqatli bo‘lishgan esa-da, nom-nishonsiz yo‘q bo‘lib ketishdi. Homer bo‘lsa, davlat qonunlariga muvofiq o‘z yurtidan badarg‘a qilingan holda ham barcha davrlarga daxldor umumbashariy asarlarida yashab qoldi, degan mavzuda o‘zim bilan luzumsiz suhbatga kirishdim.
Sobit ishonch bilan shodmon holatda bir-birining qo‘lidan tutib borayotgan va  aksarining ko‘zlari a’mo bu norasidalarning chuqur-chuqur, yutoqib nafas olishlaridan tortib, jimitdek yuzlari va mayin sochlarini epkin yanada sezilarliroq siypab, tortqilashini istagandek jajji oyoqchalarini ildam-ildam tashlab borishlarigacha uzoq kuzatib turdim. Shunda beixtiyor Beatrichening bir gapi yodimga tushdi: bolalar uyiga Sadskodan bir ruhoniy kelib turarkan. Va har gal Beatriche ruhoniy huzuriga tazarru qilgani kirib, yo‘q gunohlari kechirilishi uchun vasiy bo‘lishini undan o‘tinib so‘rar ekan. "Faqat cherkovdaligimda oldimga kelib turgan, ko‘rinishidan muqaddas Monikaga o‘xshab ketadigan qoramag‘iz yigit avliyo Avgustinni (uni hozir tushlarimdagina ko‘raman) hisobga olmasa, qaysi gunohlarim uchun ham tavba qilardim", degandi u xokisorlik bilan jilmayib.
Ayni daqiqalarda olaquroq ustivoshda qoqilib-surinib borishayotgan bu  nokom bolalarning tepasidan bir ilohiy nur emas, hamma uchun barobar bo‘lgan oftob charaqlab turardi. Ha, ayni shu daqiqalarda, baland-baland qarag‘aylarning so‘lim-salqin soyasida, yam-yashil o‘tloqlar ustida yayrab yurgan bu norasidalarning shodmon qiyqiriqlariyu ma’sum chehralari menga birdaniga yolg‘iz real borliqqina go‘zal va barkamol bo‘la olishligini, qachonki orzu-umidlar shafag‘i nainki butun olamni, nainki bor nafosatu nazokatni, balki mana shu notavonlarni-da ko‘z olguvchi shaffof yopinchiq bilan liboslantirarkan, faqat real borliq va voqelikkina go‘zallik mohiyatini anglab yetishda tafakkurga ibtido bo‘la olishligini o‘zimda kashf etdim. Mabodo menga butunlay boshqa bir odamga aylanib qolishdek sir-sinoat ato qilinganida men hech ikkilanmasdan butun dunyoda yovuzlik, balo-ofatlarni yo‘qotish evaziga atigi pokdomonlik va ochiq ko‘ngillikdan ajrga musharraf bo‘lguvchi Beatrichega, faqatgina shu insonga do‘nib qolishni jon-jon deb ixtiyor qilgan bo‘lar edim...
Yana birda Beatrichening o‘zi hikoya qilib bergandi: u yiliga to‘rt marta Mtsel shahridagi katta ibodatxonaga borib turarkan. Mtsellik ruhoniy — xushbichim va xushro‘y kishi Beatriche bilan so‘zlashganda negadir o‘z-o‘zidan qizarib-bo‘zarib ketarkan. Tushunarli, demak, mtsellik ruhoniyning ham kishi bilmas gunohlari bo‘lib, Beatrichening shaffof ko‘zgudek siymosida o‘zini ko‘rar va botin sirlari yuziga tepib, o‘zini oshkor etarkan-da...
Shunday xayollar bilan uning ko‘zlariga tikilarkanman, butun vujudimni titroq bosib, boshimni egdim. Chunki shu lahzalarda Beatriche boshim uzra bokira va boqiy muhabbat nash’u namosini nisor aylagan edi. Va men uning Yaratgan Egamning suygan bandasi va habibiga aylanganini, men Agnetsdan qolgan ovloq go‘shada baxtiqaro go‘daklarning boshini silash va ko‘z yoshlarini aritish yo‘lidagi xizmatlari bilan Parvardigori olamning mehru karamini qozonib kelayotganligini teran his etdim.

Rus tilidan Ilhom Hafizov tarjimasi.
MUALLIF HAQIDA

Chex adibi Bogumil Grabalning XX asr adabiyotida o‘ziga xos o‘rni bor. 1914 yilda tug‘ilgan yozuvchi o‘tgan asrning oltmishinchi yillariga kelib katta shuhrat qozondi. Frantsiya, Italiya, Germaniya, Vengriya, Polsha, Skandinaviya, AQSh, Kanadaning nufuzli adabiy jurnallari uning qissa va hikoyalarini bosib chiqardi.
"Ka’rdagi mitti dur", "Maxsus vazifali poezdlar" kabi yigirmadan ortiq kitoblar muallifi bo‘lgan bu yozuvchining qahramonlari asosan murakkab taqdirli, hayotda qiynalgan va lekin qat’iyatli kishilardir. U eng jirkanch va fojeali holatlar zamiridan ham go‘zallik ilg‘aydi, nafislik, latiflik va ezgulikni oddiy va hatto g‘arib kishilar orasidan qidiradi va topadi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.