OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ched Oliver. Yulduz shu’lasi (qissa)

Tepasida yulduzi turmagan birorta yo‘l dunyoda yo‘q.
Emerson

1

Ular o‘tirgan xona kattagina, salobatli mebel bilan jihozlangan, fayzli edi. Qizil, qora va kulrang naqshlari bir-biriga uyg‘unlashib ketgan bir necha qadimiy asl navaxo gilamlari, qattiq zarang yog‘ochidan ishlangan parket polni anchayin jonlantirib turardi. Serko‘z qarag‘ay og‘ochlaridan tiklangan xona devorlarida beshta ajoyib suvrat ilingan bo‘lib, to‘rttasi zamonaviy va bittasi Gogen qalamiga mansub ikki yuz yillik rasm edi. O‘sha joyning o‘zida mahobatli yozuv stoli va ikkita qulaygina oromkursi o‘rin olgan.
Oromkursilardan birida o‘tirgan Veyd Drayden oldinga egildi. Ilk lahzalarda u hamsuhbatini yanglish tushundi, ammo ko‘nglining bir chekkasida hech bo‘lmaganda xonaning ortiqcha hashamatsiz jihozlanganidan mamnun edi – bu uning esankirab qolmasligiga yordam berardi, zero u tetiklik hozir o‘ziga nihoyatda zarur ekanligini his etib turardi.
– Ular kimni... topishibdi? – deb so‘radi u, vaholanki, birinchi martadayoq to‘g‘ri eshitganini o‘zi yaxshi anglab turardi.
– Otlarni, – yana qaytardi Heynrik Shamisso. Uning ozg‘ingina qo‘li stol ustida harakatsiz qotgan, barmoqlari stol sirtini asabiy va tez-tez chertmoqda edi. Veyd bunga allaqachon ko‘nikib ketgan bo‘lsa ham, ammo bugun barmoqning beto‘xtov taqillab turishi uning asablarini tinchlantirishi dargumon. – O – T – L – A – R – N – I. Ekvus kaballus.
Veyd tinmay gapirishda davom etardi, nima bo‘lganda ham og‘ir jimlik uning vujudini qayta ezmasa bas.
– Henk, men balki sanasida adashgandirman. Ularni qachon pay-qab qolishibdi deding?
– Agar sen bizning taqvim tizimimizdan foydalanishni ma’qul ko‘rsang, u holda iyun oyida.
Shamissoning ko‘zlari ostida qora doiralar ko‘rinib turar, ammo ko‘zlar tiniq va hushyor edi. Bosh barmog‘i stolni taqillatishdan to‘xtamasdi. – 1445 yilda. Quloq sol, Veyd, davr bo‘yicha hech qanday xato bo‘lishi mumkin emas – tadqiqotchi guruhlardan biri otlar haqida xabar berishi bilanoq, biz shu zahoti u yerga Zamonlar xavfsizligi boshqarmasi vakillarini jo‘natib, bu ma’lumotni qayta tekshiruvdan o‘tkazdik. Deyv Touni – sen uni yaxshi taniysan – yakuniy hisobotni taqdim etdi.
– Ha, men uni bilaman – Veyd boshini qimirlatib qo‘yarkan, oshqozonida xuddi bir nima «chirt» etib uzilgandek bo‘ldi.
– Endi esa keyingi savolingga o‘rin qoldirmasligimga ijozat bersang, – davom etdi Shamisso sezilar-sezilmas tabassum bilan. – Otlar Meksikada topilgan. Aniqrog‘i, Markaziy Meksikada. Iltimos, mendan, hazillashayapsanmi, deb so‘rama. Butunjahon Kengashi a’zolarining teng yarmi hozir bo‘g‘zimga pichoq qadab turibdi, men hozir maynavozchilik qiladigan ahvolda emasman.
– Sen nima chora ko‘rding?
Shamisso yelka qisib qo‘ydi.
– Men nima ham qila olardim? Boshqarma guruhlari 1300 yildan shu kungacha bo‘lgan vaqtni tekshiruvdan o‘tkazishyapti. Zamon osha sayo-hatlar bo‘yicha barcha yangi iltimosnomalarni ko‘rib chiqish ishlari to‘xtatib qo‘yildi. Bugungi kungacha to‘rt yuz nafardan ziyod olim davr chegarasining narigi tomonida turishibdi, ulardan ayrimlari mezozoy erasidan, uch kishi esa paleozoy davridan qo‘nim topgan; biz ularni u yoqdan osongina sug‘urib ololmaymiz, ammo hammasini kuzatib turibmiz.
– Hammasi juda soz, zo‘r, – deya gap qo‘shdi Veyd, – ammo muammoni bular hal etmaydi, shundaymi?
– Bu ishlarni biz vijdonni poklab olish uchungina qilyapmiz, – tasdiqladi Shamisso. – Kengash a’zolarida yaxshi taassurot qoldirishga urinyapmiz, xolos.
– Ular buning qanchalik jiddiy ekanini tushunishadimi?
– Bilmadim. Menimcha, yo‘q. Ochig‘i, bu yog‘ini endi vaqt ko‘rsatadi. Iltimos, bu kutilmagan chalkashlik uchun meni kechir.
– Endi men g‘alvaning davomini topishga urinib ko‘raman, – dedi Veyd yuzini burishtirib. – Sizlar Zamonlar xavfsizligi boshqarmasining navbatdan tashqari yig‘ilishini o‘tkazgansizlar. Shuningdek, senator Vaynens ikkovingiz meni bu ishni ixtiyoriy ravishda bajaradi, degan fikrga kelgansizlar.
– Rosti, hammasi xuddi sen aytganingdek, Veyd. Agar tirik qaytib kelolsang, balki maoshing ham oshib qolar.
– Ko‘rinishdan men yolg‘iz jo‘nayman, shekilli?
– Kechirasan, lekin shunday qilinsa, yaxshi bo‘ladi.
Veyd Drayden pidjagining cho‘ntagiga qo‘l solib, g‘oyatda ko‘rimsiz chubug‘ini oldi. Chubuqqa arzon tamaki bo‘lagini soldi-da, o‘t olishini besh soniya kutib turdi, so‘ngra cheka boshladi. Keyin u o‘rnidan turib xona bo‘ylab yura boshladi, vaqti-vaqti bilan parket ustida sirpanib ketayotgan navaxo gilamlarini oyog‘i bilan u yoq-bu yoqqa surib qo‘yardi. Uning bo‘ychan, daroz vujudi bo‘shashib qolgandek ko‘rinar, ozg‘in yuzida esa zo‘riqish alomati sezilib turar edi.
– Otlar? – uning peshanasidan muzdek ter chiqib ketdi. – Bunday hazil kimning kallasiga kela qoldiykin?
Shamisso stol ichidan bir jild oldi, undan rangli fotosuvratni chiqarib, biror so‘z aytmasdan Veydga uzatdi.
Veyd Drayden fotosuratga qaradiyu, seskanib ketdi.
U Vaqt sayohatchisi pasportidan olingan yaxshigina fotosuvrat edi. Suvratdagi odamning chehrasida qat’iyat va kibr yaqqol ko‘zga tashlanib turardi; Drayden o‘zini shu tobda xuddi qo‘lida odam kallasini ushlab turgandek his qildi.
Fotosuvratdan Veydga salgina zaharxanda qiyofa tikilib turardi. U kuchli kishining qiyofasi edi – jiddiy yuz bichimi, tiniq ko‘k ko‘zlar, o‘tkir nigoh. Oppoq sochlari bir tekis taralgan.
Agar mana shu yuzda qandaydir yovuzlik yashiringan taqdirda ham, hech qanday asbob uni ilg‘ab ololmagan bo‘lardi. O‘zining oddiyligiga qaramasdan, bu chehra yoqimli edi.
Aynan ana shundan Veyd titrab ketdi.
– Uning ismi nima?
Bosh barmoq stolni chertishdan charchamas edi.
– Ochig‘i, uning ismi biror yovuzlikdan darak bermaydi – Deniel Hyuz; boz ustiga uni hamma shunchaki Den deb ataydi. U oltmish yoshda, o‘tmishga sayohat qilish uchun ruxsatnomani ham oddiy tartibda Sintsinnatidagi bo‘limimiz orqali olgan. Albatta, tekshiruvlardan o‘tgan va uni nihoyatda ijobiy shaxs sifatida qabul qilishgan, hatto haddan tashqari ijobiy baho ham berib yuborishgan, ammo biz buni endi tushunib yetayapmiz. Kasbi bo‘yicha u tarixchi, Harvardda falsafa fanlari doktori darajasini olgan, odatdagiday bir necha ilmiy asarlar muallifi va hokazo. Biror marta ko‘ngilsiz ishlarga aralashmagan. Hamkasblari u haqda yaxshi fikrdalar. U Markaziy va Janubiy Amerikadagi, ayniqsa Markaziy Meksikadagi yuqori darajada rivojlangan dastlabki jamiyatlar bo‘yicha ixtisoslashgan.
– Hm, – Veyd yana fotosuvratga tikildi. – Harholda, uning esi joyidadir, deb umid qilaman.
– Aqli joyida, – Shamissoning qovog‘i solindi. – U og‘ir-bosiq odam sifatida tanilgan – nihoyatda beozor, qobil, mehnatkash.
– Ha, u tashqi ko‘rinishidan bunaqa o‘yin ko‘rsatishga qodir odamga o‘xshamaydi.
– Sen qayoqdan bilasan? – dedi Shamisso yuziga sovuq tabassum yugurib. – Axir hali hech kim bunday tomosha u yoqda tursin, shunga yaqinrog‘iga ham qo‘l urishga urinib ko‘rgan emas. Turli xil jinoyatlar har turli jinoyatchilarni o‘ziga jalb etadi.
– Demak, sen buni jinoyat deb hisoblar ekansan-da?
– Huquqiy nuqtai nazardan shunday. Buni yana qanday atash mumkin?
Veyd kulib yubordi.
– Dunyoga o‘t qo‘ygan kishini ham mushakbozlik bo‘yicha texnik, deb ataysan, shekilli.
– Balki.
Veyd Shamissoga tikildi, u esa bu nigohni kiprik qoqmay kuzatdi. Veyd boshini qimirlatib qo‘ydi. U Shamissoni o‘ttiz yildan beri biladi, ammo bu odam uning uchun baribir jumboq bo‘lib qolaveradi.
Veyd fotosuvratni yig‘majildga qaytarib solib qo‘ydi, o‘z oromkursisi yoniga kelib o‘tirdi. U chubug‘ini yaxshilab ko‘zdan kechirib, tamaki butkul yonib tugaganiga ishonch hosil qilgach, cho‘ntagiga solib qo‘ydi.
– Hyuz otlarni qaerdan topgan? – deb so‘radi u. – O‘zi unda nechta ot bor?
– Taxminan elliktacha, – deya javob berdi Shamisso. – Baytallar ham, ayg‘irlar ham bor. Ularning aynan ellikta ekaniga kafillik berolmayman, chamasi, shuning atrofida. Ularni qaerdan topgani bizga noma’lum. Albatta, biz buni aniqlashga harakat qilyapmiz, ammo hozircha barchasi behuda.
– U o‘tmishga sayohat qilganida, otlarni o‘zi bilan birga olib ketgan bo‘lishi mumkin emas, to‘g‘rimi? Menimcha, Sintsinnatidagi bo‘limimizda, shubhasiz, ellik otdan iborat uyurni payqashgan bo‘lishardi.
Shamisso endi o‘ng qo‘lini tinch qo‘yib, chap qo‘lining bosh barmog‘i bilan stolni cherta boshladi.
– Yo‘q, u jo‘nagan paytda uning otlari yo‘q edi, o‘tmishga o‘tish yo‘lida kimdir uni ko‘zdan qochirgan va buning uchun o‘sha kimdir kallasi bilan javob beradi, lekin buning senga daxli yo‘q. Chamasi u – 1900, 1800–yildami yoki yana boshqa qaerdadir to‘xtab o‘tgan va ularni o‘zi bilan olib ketgan. Bu qanday yuz bergan, bilmadim, lekin albatta aniqlayman.
– U otlarni 1445 yilda Yevropadan keltirgan bo‘lishi ham mumkin, – deb so‘z qistirdi Veyd.
– Ehtimol, ammo dargumon. U vaqtda Kolumbning sayohatiga hali yarim asr bor edi, shu bois, ishonchim komilki, u otlarni ummon orqali olib o‘tmagan.
Veydning qovog‘i solindi.
– Qachonlardir Amerikada ham otlar bo‘lgan, shunday emasmi? Ayt-moqchimanki – mahalliy otlar.
– Yomon fikrmas! Haqiqatan ham, Yangi Dunyoda qachonlardir otlar yashagan, biroq ular tosh asri oxirida qirilib ketishgan. Albatta, u otlarni tosh asridan olgan bo‘lishi ham mumkin, ammo buning deyarli imkoni yo‘q – u bir o‘zi yovvoyi otlar to‘dasini qo‘lga o‘rgatishi va ularni yigirma ming yil mobaynida tosh asri oxiridan 1445 yilga qadar haydab kelishi lozim bo‘lardi. Ochig‘ini aytsam, men bunga ishonmayman. Endi nima bo‘lganda ham gap uning otlarni qaerdan olganida emas. Sen bilishing kerak bo‘lgan narsalar shu xolos.
Shamisso Veyd tomonga engashdi.
– Biz yuz yildan ziyod kobalt bombasi tahdidi ostida yashadik, – dedi Shamisso. Uning ozg‘in tanasi hozir yana ham kichrayib ketganday tuyulardi. – Hayriyatki, biz uning portlashi oqibatlarini boshdan kechirmadik. Ammo u har lahzada portlashi mumkin edi. Bu otlar ham, Veyd, – bombaning o‘zi, faqat zamonga daxldor, men bu atamani atayin qo‘lladim. Ehtimol bu bomba vishillab-vishillab, hatto Deniel Hyuzning olov purkab turganiga ham qaramay, o‘z-o‘zidan o‘chib qolar. U portlagan taqdirda ham, uning ta’siri faqatgina kichik ko‘lamda bo‘lishi va har qanday izlari bizning davrimizdan anchagina oldin o‘chib ketishi mumkin. Ammo 1445 yil Markaziy Meksikada 1520 yildan unchalik ham orqada emas – bu esa Kortes suzib kelgan yildir. Agar biz darhol bu xavfning oldini olmasak, bizning butun tamaddunimiz va o‘zimiz ham bir lahzada asfalasofilinga qarab ketishimiz mumkin. Mana, bunisi endi o‘ta jiddiy masala.
Shamissoning so‘zlari Veydni battar tashvishga solib qo‘ydi.
– Seningcha, bu vazifani guruh yaxshiroq bajarmaydimi? Men xatoga yo‘l qo‘ysam nima bo‘ladi?
– Yanglishmaslikka harakat qil, – xotirjam maslahat berdi Shamisso. Bosh barmoq yana stolni chertkilay boshladi. – Ro‘y bergan voqea qanchalik kamroq ovoza bo‘lsa, omad imkoniyati shunchalik ko‘proq bo‘ladi. Dastlab, hech bo‘lmaganda, bir kishini jo‘natish lozim. Bu o‘yinga insonlar hayoti tikilgan, Veyd, hozir kimga nima ma’qulligini hal qiladigan payt emas. Buni o‘zing ham tushunib turibsan.
Veyd chuqur xo‘rsindi.
– Yaxshi, Henk, sen aytgancha bo‘la qolsin. Ishni nimadan boshlayman?
– Mana bundan. Shamisso yig‘majildga imladi. – Sen avvalo Hyuz haqida bizga nimalar ma’lumligini xulosa tarzida taqdim etishing lozim. Keyin esa, uni bilgan odamlar bilan uchrashishingni xohlardim, – darvoqe, uning xotini hali ham shu yerda – keyin u haqda tasavvurga ega bo‘lishing kerak. Deniel Hyuz – hamma narsaning kaliti, sen u bilan qanday munosabatda bo‘lishingni hal qilib olishing shart. Tayyorgarliging haqida aniq qarorga kelib ol, faqat shoshma, sening ixtiyoringda ikki hafta vaqt bor – biz seni 1445 yilga, naq uning tomi ustiga tashlaymiz, agar uning ustida tomi bo‘lsa albatta. Shundan so‘ng, sen o‘zing mustaqil harakat qilishni boshlaysan. Bizda Xavfsizlik boshqarmasining agentlar guruhi tayyor turadi, ammo sen ularni favqulodda zarur vaziyatdagina chaqirtira olasan. Agar sen qaerdadir xato qilsang, biz hamma ishni tinchitish uchun butun boshli ekspeditsiyani yuborib, butun bir xalq madaniyatini o‘zgartirishimizga to‘g‘ri keladi, buning esa doim ham uddasidan chiqib bo‘lmaydi.
Veyd yana bir bor fotosuvratdagi kulimsirab turgan oqsoch kishiga ko‘z qirini tashlab qo‘ydi.
Shamisso bosh irg‘ab qo‘ydi.
– Agar zarur bo‘lsa, uni o‘ldir, – dedi u. Veyd yig‘majildni olib, xonadan chiqdi va o‘z vertolyoti tomon shoshdi.

2

Aprel osmoni g‘aroyib bir nafis moviy rangda, hatto bir parcha bulut ham Arizonaning iliq quyoshini to‘smasdi. Veyd vertolyotni besh ming fut balandlikkacha ko‘tardi va avtoboshqaruv tizimini ishga solib qo‘ydi. Ancha pastda sug‘orish ariqlari kesib o‘tgan dalalar yelib o‘tar, butun dasht bayramona libosga – ko‘klamning iliq yashilligiga burkangan edi. Tabiat qishning sovuq shamollarini unutib ulgurgan, yozning jazirama saratonlari esa uzoq xotira bo‘lib qolgan edi, xolos.
Veyd oldidagi stolcha ustiga yig‘majildni qo‘yib ochdi va sahifalarni shoshmasdan varaqlay boshladi. U hujjatlarga ko‘z yugurtirarkan, hamma narsani birma-bir eslab qolishga urinmas, shunchaki taassurotlarni ongiga singdirib borar edi. Quyosh tafti uni ancha bo‘shashtirdi; oftobning iliq nurlari Veydning kuraklarini qitiqlar, yelkalarini yoqimli qizdirardi. U nafis bir yashillikka burkangan, soylariyu ko‘llar sohilidagi qumlarning namchil isi uzoqlardanoq dimoqqa urib turuvchi olis yerlar iforini tuydi. Atrofda sokinlik hukm surar, faqat vertolyotning motorigina bo‘g‘iq g‘uvillab turar edi.
U otlar haqida o‘ylay boshladi. 1445 yilgi Meksikadagi otlar.
Inson tomonidan yaratilgan har bir buyuk ixtiro, chamasi insoniyat tamadduni ajalining kurtaklarini o‘zida ifodalardi. Veyd buni hamisha his qilgan: har bir kashfiyotning oqibati uchun albatta, uni kashf etgan shaxs javobgar va mas’uldir. Mana, qirq yildirki, odamlar 2040 yilda Kaliforniya texnologiya universitetida bir haftani «yo‘qotgan» vaqtlaridan boshlab, zamonlar osha sayohat qilishmoqda va endi antiqa holat uchinchi bor takrorlanmoqda.
Avval ham bu holat ikki marta tasodif tufayligina yuz bermay qoldi. Bu safar esa tahdid qasddan uyushtirildi.
Hujjatda Deniel Hyuz to‘g‘risida anchagina ma’lumot jamlangan bo‘lib, hatto uning bir nechta monografiyalari mazmunini ham o‘z ichiga olgan edi. Biri «Teotixuakandan so‘ng Markaziy Amerikada shaharlashtirishning xalq jamiyatiga ta’siri» deb nomlanardi. Bosh-qasining sarlavhasi «Madaniy birlik va mumtoz davrda tolteklar». Har ikki monografiya ham jiddiy ilmiy tadqiqot bo‘lib, ularning muallifi bir telba odam ekanini tasavvur qilish anchayin mushkul.
Shubhasiz, Deniel Hyuzni zararsizlantirish oson bo‘lmaydi.
Veyd boshqalarning Hyuzga bergan baholarini fikran yana bir bor sarhisob qildi. U Deniel Hyuzni uning rafiqasi, qo‘shnilari, hamkasb xizmatdoshlari nazari bilan ko‘rib, anglashga harakat qildi. Tasavvurlar bir-biriga o‘xshash bo‘lib, bunda g‘ayrioddiy hech narsa ko‘zga tashlanmasdi.
Binobarin, ular hammasi yanglish fikrlar edi.
Ularning hech biri haqiqiy Deniel Hyuzni bilmasdi – chunki u qilgan ish yig‘mahujjatda ta’riflangan notavon, omadsiz bir odam tomonidan o‘ylab chiqilishi, boz ustiga, amalga oshirilishi mumkin emasdi. Veyd, bu kishilar bilan bo‘ladigan uchrashuvlarda ko‘proq narsa bilib olishi lozimligini tushunardi – yig‘majildda unga kerakli ma’lumot yo‘q edi.
U yana fotosuvratni olib, qarshisiga qo‘ydi.
Veydga fotosuvrat ichidan yoqimli, jilmaygan chehra qarab turardi.
U Ogayoga parvoz qilish uchun avtoboshqaruvni ishga tushirdi va havoga ko‘tarildi.
Veyd pastga, istiqboliga yugurib kelayotgan ufqqa qaradi, ammo uning nigohini boshqa ufqlar o‘ziga jalb etgandi. Bu – zamonlarning sirli ko‘lankasidagi tasavvurga sig‘mas darajada tubsiz, yashirin, noma’lum vaqt sarhadlari edi.

3

Kolumbus shahri Veydga tanish bo‘lgan shaharlardan unchalik katta farq qilmasdi, lekin u qo‘shni Klivlend va Sintsinnati kabi Veydda bu qadar og‘ir taassurot uyg‘otgani yo‘q. Har qanday katta shahar kabi, u kimsasiz va tashlandiq ko‘rinardi, ilgari o‘rta burjuaziya yashagan butun boshli hududlar hozirda vaqti-vaqti bilan bir tashlandiq shahardan boshqasiga ko‘chib yuruvchi yarim daydi skvatterlar tomonidan egallab olingandi.
Barcha shaharlar, albatta, eskilikka aylanib bo‘lgan. Elektron hisoblash mashinalari bilan boshqariladigan, to‘liq avtomatlashtirilgan sanoat hamda quyosh quvvatidan kuchlanadigan arzon, tezkor transportlarning paydo bo‘lishi shaharlarga qaqshatqich zarba berdi.
Shaharlarning paydo bo‘lishi majburiy hol edi – ular odamlarni ish bilan ta’minlar va muhofaza etardi. Ularga ehtiyoj yo‘qolgach esa, odamlar yanada tabiiyroq turmush tarziga qaytdilar. Qishloq joylarda ko‘rimsiz, ammo ozoda qo‘rg‘onlar barpo bo‘ldi. Ularda odamlar hamjihatlikda yelkama-elka mehnat qilib, turmush kechirdilar. Bo‘sh yer maydonlarida uylar qurildi, odamlar yer va osmonni ko‘rdilar, muzdek soylar hamda beqaror shabadalarning kuylarini tingladilar.
Shaharlar balki yana bir muddat saqlanib qolar, ammo ular baribir o‘lib boradi. Qachonlardir ruhsiz beton va po‘lat tomonidan siqib chiqarilgan daraxtlar hamda maysalar qadamba-qadam shaharlarga o‘rmalagandek kirib kelaverdi – qarovsiz ko‘chalarda yashil nihollar yerni yorib chiqa boshladi, ildizlar tuproq tomon intilib, shaharlarning kulrang poydevorlarini qoplab oldi.
Kolumbus avvalgi ko‘rinishini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. U shtatning poytaxti hamda Ogayo shtatining qadimiy universiteti joylashgan shahar sifatida yashab qoldi.
Veyd tarix fakulteti dekani doktor Frederik Klementsning yoqimli chehrasini ko‘rib, jilmayib qo‘ydi. «Qiziq, – o‘yladi u, – shaharda ishlagan kishi qanday tuyg‘ularni his etarkin?».
– Siz Deniel Hyuz haqida nimalar deya olasiz? – deb so‘radi u.

4

Doktor Klements uzun barmoqlarini birlashtirdi – uchburchak ehromsifat shakl hosil bo‘ldi, – uning yuziga chuqur o‘ychanlik soya soldi. U sabrli va parishonxotir qiyofaga kirib oldi, go‘yoki Drayden bilan suhbatlashib, allaqanday haqiqatan Muhim Ilmiy Tadqiqotdan chalg‘ib, o‘zining qimmatli vaqtini boy bergandek. Aslida esa u tadqiqot ishlarini deyarli yuritmas edi; u fakultet dekani lavozimini egallab turardi, yaxshi siyosatchi ham edi, ustiga-ustak majlislarda qatnashishni yaxshi ko‘rardi. Yana u o‘zini doim xuddi o‘z ilmiy ishiga sodiq odamdek tutishga harakat qilar edi.
– Doktor Hyuz qandaydir, ko‘ngilsiz ishga aralashib qolganini tasavvur etolmayman, – dedi doktor Klements.
– Men unday deganim yo‘q.
– Bu gapni qo‘ying, janob Drayden! Siz Xavfsizlik boshqarmasining shu hafta davomida Hyuz haqida menga savollar berayotgan uchinchi vakilisiz. Men siz o‘ylaganchalik nodon emasman.
«Ajoyib fikr», – deb o‘yladi Veyd.
– Ayting-chi, Hyuz bilan o‘rtangizda hech to‘qnashuvlar bo‘lganmi? qandaydir... hmm... ziddiyatmi?
– Yo‘q. Doktor Hyuz o‘z ishini nihoyatda saranjom va muvaffaqiyatli bajarardi. Barcha mashg‘ulotlarni shaxsan o‘zi o‘tkazardi, agar bilsangiz. Uni tadqiqot ishlarida nihoyatda tirishqoq edi, deb bo‘lmaydi – chamasi doktor Hyuzni tashqi yutuqlardan begona bo‘lgan nufuzli olim shuhrati to‘la qanoatlantirar edi. Talabalar uni yaxshi ko‘rishardi.
– Shaxsiy hayoti qanday edi?
– Afsuski, bu borada sizga yordam berolmayman. Bizning muassasamizda o‘qituvchilarning shaxsiy hayotiga suqulib kirish odati yo‘q. Doktor Hyuzning ilmiy faoliyatidan boshqa hech qanday ma’lumotni sizga taqdim etolmayman.
– Nazarimda, siz u bilan yaqin do‘st bo‘lmagansiz, shundaymi?
Doktor Klements ikkilanib qoldi.
– Men doktor Hyuzga nisbatan chuqur ehtiromda bo‘lganman, – dedi u.
– Tushunarli. Siz tarixchi sifatida Hyuzning tadqiqotlari haqida nima deya olasiz? Siz Hyuz tadqiqotlarining asosiy yo‘nalishlari haqida qanday fikrdasiz?
Klements Veydga ajablanib qaradi.
– Nimani nazarda tutayotganingizni tushunolmayapman.
Veyd ham taslim bo‘lmasdi.
– Siz Hyuz bilan uzoq yillar birga ishlagansiz, doktor Klements. Siz kabi mislsiz obro‘-e’tiborga ega olim, shu vaqt davomida uning ishlariga nisbatan o‘z munosabatini belgilab olishi lozim edi, to‘g‘rimi? Bilishimcha, siz tarix faniga qiziqasiz-a?
Klements tuzoqqa ilindi.
– Haqiqatan ham shunday, janob Drayden. Menga doim shunday tuyulardiki – albatta bu gap ikkimizning oramizda qolishi kerak, – doktor Hyuz ilmiy ishlarining ayrim tomonlariga o‘zi ham unchalik ishonmasdi. Tarix, bilsangiz agar, boshqa narsalar kabi sabab va oqibatlar natijasidir. Shu bois unga yaxlit jarayon sifatida qarash lozim. Anglayapsizmi? Boshqa tarafdan esa, biz odamzodga nisbatan butun koinot bo‘ysunadigan qonuniyatlardan tashqarida, mustaqil amal qiluvchi g‘ayritabiiy mavjudot sifatida munosabatda bo‘lishimiz mumkin. To‘g‘ri, doktor Hyuz bu isbot talab qilmaydigan farazlarga e’tiroz bildirmagan, har holda oshkora qarshi bo‘lmagan. Uning ilmiy asarlari, men sizga aytsam, bir oz... hmm... quruq yozilgan. Suhbat chog‘larida esa u odamlarga nisbatan katta qiziqish bildirardi. Tushunyapsizmi? U hatto roman yozishga ham urinib ko‘rgan.
«Nihoyat, – deb o‘yladi Veyd, – omadim keldi».
– U chop etilganmidi? Balki taxallus bilan chiqargandir?
Doktor Klements bosh siltab qo‘ydi.
– Nazarimda hali u tugallanmagan edi.
– Siz uni o‘qiganmisiz?
– Yo‘q. Men doktor Hyuzga... unchalik... yaqin emasdim. U hech qachon o‘z romani haqida men bilan so‘zlashmagan.
Klementsning ovozidan uning g‘ururi toptalgani sezilib turardi va Veyd ilk bor unga nisbatan o‘zida xayrixohlik sezdi.
– Sizningcha, uning eng yaqin do‘sti kim edi, janob? Tarixchilarning qaysi biri?
– Menimcha yo‘q, – deya Klements o‘zini oromkursi suyanchig‘iga tashladi. – Nazarimda u xizmatchi kasbdoshlari bilan unchalik yaqin bo‘lmagan, ammo biz bilan hamisha muloyim munosabatda bo‘lgan. – Uning labida sezilar-sezilmas tabassum paydo bo‘ldi. – Hyuz kanadalik bir yigitdan uzundan-uzun maktublar olardi. Maktublarni mashg‘ulotlar orasidagi tanaffuslarda o‘tirib o‘qirdi, ba’zan shunaqangi qattiq kular ediki, bu bizga bir oz... haligi, bir oz g‘alatiroq tuyulardi.
– U yigitning ismini bilasizmi?
– Karpenter. Herbert K. Karpenter.
– Shoir Karpentermi?
– Menimcha shunday. Doktor Hyuz uning kitoblaridan namuna nusxalarni noshirlardan olardi, men ularning bir nechtasini ko‘rganman.
– Shunday deng? Men sizdan minnatdorman, doktor Klements, o‘ylashimcha, biz sizni boshqa bezovta qilmaymiz. Bizga katta yordam berdingiz.
Klements kulimsirab qo‘ydi.
– Siz bilan suhbatlashish men uchun yoqimli bo‘ldi, janob Drayden. Hammasi joyida bo‘ladi, deb umid qilaman.
– Men ham, – javob qildi Veyd.

5

Ertasi kuni Veyd Kanadada edi.
Mashhur Frenk Lloyd Royt taqdimotidagi ovchi kulbasini eslatuvchi yog‘och xodadan tiklangan uy, Kanadaning poyonsiz qarag‘ayzor o‘rmonlarida u yer-bu yerda sochilib yotgan behisob zumrad ko‘llardan biridagi ko‘zgusimon ko‘rfaz o‘rtasida turgan mittigina orolchada qo‘nim topgandi.
Orolcha xuddi tabiiydek tuyulardi, biroq Veyd bunga kafolat berolmas edi.
Veyd vertolyotini tosh terib qo‘yilgan hovli sathiga qo‘ndirdi, mum isi singigan havodan ko‘ksini to‘ldirib nafas oldi va kulbaning yog‘och eshigini taqillatdi.
Uch daqiqalar o‘tib, u yana eshik qoqdi. Eshik ochildi va ostona yuzida na qiziqish, na hayronlik ifodasi bo‘lmagan, jussador bir odam paydo bo‘ldi. Uning kiyimi dag‘al va g‘ijim, soch-soqoli esa ustaratalab edi. Qo‘l mushaklari har holda qog‘oz-qalamdan bo‘rtib chiqqan emasdi; bu notanish kishining chuqur joylashgan ko‘k ko‘zlari go‘yo sovuq shamoldan yoki ko‘l suvida aks etayotgan oftob nurlaridan himoyalanishga urinayotgandek bir oz qisiqroq edi.
– Siz janob Herbert K. Karpentermisiz? – dedi Veyd.
– Ha, mening ismim Herb. – U baland ovozda, do‘rillab so‘zlardi. – Agar sizga mening dastxatim kerak bo‘lsa, bu sizga o‘n ming dollar va bir tepkiga tushadi.
Veyd ishshayib qo‘ydi.
– Mening ismim Veyd Drayden. Kecha oqshom sizga qo‘ng‘iroq qilgandim.
– A-a. Den bo‘yicha. Kiring.
Herb Karpenter Veydni o‘zining ozoda, sarishta, kitoblarga to‘la uyiga olib kirdi. Ular g‘ishtdan terilgan ajoyib kaminli, devoriga bug‘u kallasi ilib qo‘yilgan ulkan mehmonxonani bosib o‘tib, Karpenterning ish xonasiga kirdilar. Bu kichikkina, yozuv stoli hamda bir qarashda bir-biriga hech qanday aloqasi bo‘lmagan har xil buyumlar, xususan, kitoblar, magnitofon tasmalari, stereo tovushli ovoz uskunasi, odamning kalla suyagi, sayqallangan qip-qizil sarv g‘o‘lasi, ipi hafsala bilan o‘rab qo‘yilgan qarmoq ilinib jihozlangan xona edi.
– O‘tiring, Veyd, – deya taklif etdi shoir, oftobda toblangan qo‘li bilan oromkursilardan biri tomon ishora qilib.
Veyd kursiga cho‘kdi. Xona muhiti tamaki tutatishni talab etardi, shu bois u chubug‘ini olib cheka boshladi.
– Den biror falokatga uchragan, shundaymi? – deb so‘radi Karpenter kulrang tusda tovlanib turgan suvda aks etayotgan yakkam-dukkam qarag‘aylar ko‘rinib turgan deraza tomon egilib. – U nima qiluvdi?
Karpenter ilk qarashdanoq Veydga yoqdi va uning she’rlarini o‘qib chiqishni ko‘ngliga tugib qo‘ydi. Veyd bor haqiqatni Karpenterga so‘zlab berishni istar, ammo buning iloji yo‘q edi. Agar kutalayotgan xavf haqidagi ovozalar tarqalib ketsa, vahima ko‘tariladi, sarosimada esa har narsa yuz berishi mumkin.
– Men afsusdaman, Herb, ammo sizga bor gapni aytolmayman – dedi Veyd. Haqiqatan Deniel Hyuz ko‘ngilsizlikka uchragan. Men hozirda uning nima uchun falokatga yo‘liqqanini aniqlamoqchiman. Balki uni qutqarishga muvaffaq bo‘larman.
Karpenter pastki labini tishladi.
– Deniel Hyuzning qanday odamligini hech kim bilmaydi, – dedi u nihoyat.
– U boshqalarga o‘xshamaydimi?
– Menimcha, ha, – Karpenter o‘zini oromkursiga tashlab, o‘z vazni bilan uni g‘ichirlatib yubordi. – Den ham xuddi Tomas Vulfga o‘xshagan tarixchi.
– Tomas Vulf degani yana kim bo‘ldi?
– Yozuvchi, XX asrning 30-yillarida ijod qilgan. U salmoqli, ajoyib kitoblar yaratgan. Uning romanlarida hayot bor edi. Ertami, kechmi, siz baribir uning asarlari bilan tanishasiz, albatta.
– Hmm. Demak, Den o‘sha Vulfga o‘xshagan ekan-da?
– Yo‘q, lekin, o‘xshashi mumkin edi.
– Tushunarli.
– Hech narsani tushunganingiz yo‘q. Lekin bu ahamiyatsiz. Den mening ko‘pgina tanishlarimga o‘xshardi. O‘zi xohlagan ishini amalga oshirishda unda dadillik yetishmasdi, shu bois u universitet devorlari ichiga qamalib olgandi. Natijada kasbiy ilmlarni bearmon egalladi. Ammo u hech qachon osmondan yulduzlarni uzib olishga, aytmoqchimanki, imkonidan ortiq narsaga intilmagan.
– Men sizni uning yaqin do‘sti bo‘lsangiz kerak, deb o‘ylagandim.
– Haqiqatan ham men uning qadrdon do‘stiman, – deya Karpenter rezina o‘chirg‘ichni olib, devorga qarab otdi. Sizningcha, kishini ang-lash bilan bir vaqtda, uni yaxshi ko‘rish mumkin emasmi?
– Yo‘q, shekilli, – dedi Veyd chubug‘ini tutatganicha. Karpenterning dangalligiga ko‘nikish oson emasdi.
– U yozishga ishtiyoqmand edi, deb o‘ylaysizmi?
– Bilmadim. Ba’zida bu haqda ham o‘ylardi.
– Uning romanini o‘qiganmisiz?
– Ha, u yozgan narsalarning hammasini o‘qiganman. Asarining nomini «Yulduzlarga yo‘l» deb nomlagan edi. Denga uni yoqib yuborishni maslahat bergandim.
– U sizga yoqmaganmidi?
– Do‘stim, bu – rasvo, bundan battari bo‘lmaydi.
– Uning mazmuni qanday edi?
– Bu shaxsiy fikrning badiiy ifodasi edi. Tafakkur oqimi. Men buni «nima uchun»lar deb atayman. Esingizdadir — odam nima uchun kerak? Nima uchun bizning samoviy kurramiz kichkina? Nima uchun bolalar dunyoga keladi? Mitti o‘rmon jonivorlari nima uchun mavjud? Nimaga? Nima uchun? Safsata.
– Siz bu haqda aniq biror narsa ayta olmaysizmi?
– Yo‘q. Bu kitobda Denning o‘zligi yo‘q edi. Shu bois, u boshqacha bo‘lib chiqdi.
– Herb, Den o‘zi aslida kim edi? Buni bilish men uchun nihoyatda muhim!
Karpenter yelka qisib qo‘ydi.
– U hech qanday tasnifga sig‘masdi. Balki hamma gap ana shundadir. U aqlli edi – favqulodda mustaqil tafakkur egasi. U o‘rinli savol bera olardi. Baliq ovlashni yoqtirardi. Uylangan, ammo xotinini yaxshi ko‘rmasdi; farzandlari bo‘lmagan. Deyarli hamma vaqt uning asabiy holda yurishi sezilib turardi. Ishga beparvo munosabatda bo‘lardi. Vaqti-vaqti bilan ichib ham turardi – odatda shu yerda, mening uyimda. U yaxshi yigit edi. Denning ildizi yo‘q edi, bunday ibora uchun meni kechirasiz, albatta o‘zi intilgan narsani topa olmasdi. Ochig‘i, Denning qanday inson ekanligini men bilmayman. Harholda, u oddiy odam emas edi. Agar bilsangiz, odamzod ajoyib xususiyatlarga ega – ularni tushunish oson emas. Tangriga shukrki, odamlar ba’zan bizni hayratga solib turadilar.
– Men uni qaytarib olib kelishga umid qilaman.
– Ehtimol u yangi joyda bu yerdagidan ko‘ra baxtliroqdir.
– Men qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman, Herb.
Karpenter o‘rnidan turdi.
– Siz uylanmagansiz, to‘g‘rimi?
– Yo‘q, – hayratlanib javob berdi Veyd. – Buni qayoqdan bildingiz?
Karpenter jilmayib qo‘ydi.
– Men axir shoirman-ku, og‘ayni. Endi oshxonaga kiramiz. Seni Fey bilan tanishtiraman. Uning qahvasi ham tayyor bo‘lgandir.
Karpenterning rafiqasi latofatli edi: ma’lum ma’noda uni chiroyli deb bo‘lmasdi, ammo uning borligi uyga joziba bag‘ishlardi. U Karpenterga bo‘lgan muhabbati va sadoqatini yashirmasdi, eri ham unga shunday munosabatda edi.
Qahva ajoyib tayyorlangandi.
Karpenter uni eshikkacha kuzatib qo‘ydi.
– Hammasi yakun topgach, – dedi u – biznikiga qaytib kel. Ko‘ramiz, balki ko‘lga qarmoq tashlab, gulmohilardan bir-ikkitasini qarmoqqa ilintirarmiz.
– Rahmat, Herb.
– Tashrifingdan xursand bo‘ldim.
Ular qattiq qo‘l siqishib qo‘ydilar.
Veyd iliq, fayzli uychaga, shaffof ko‘lga, xarsanglar orasida o‘sib yotgan qirqquloqlarga nigoh tashladi. Qalbining qaeridadir ich-ichidan afsus hissini tuydi – ko‘p yillardan buyon u mana shu tuyg‘uni bu qadar kuchli his etmagandi.
U vertolyot kabinasiga ko‘tarilib, oqshom osmoniga parvoz qildi va janubga, zulmat quyuqlashib borayotgan tomonga yo‘naldi.
Deniel Hyuz safarda bo‘lgan paytida uning xotini Kaliforniyaga, singlisinikiga ko‘chib o‘tgandi. U Veyd bilan samimiy salomlashdi va qandaydir bir ichki g‘urur ila suyuqqina choy bilan mehmon qildi, ammo Deniel Hyuz haqida so‘zlab beradigan narsasining o‘zi yo‘qligi ko‘rinib turardi.
U nimjongina bo‘lib, haddan tashqari odmi kiyingan hamda «koi-not avliyolari» – Janubiy Kaliforniyaga o‘rnashib olgan chalatentaklarning ko‘p sonli diniy to‘dalaridan birining «ta’limot»iga telbalarcha e’tiqod qo‘ygandi.
– Ayting-chi, Hyuz xonim, so‘nggi bir necha yil ichida eringizning xulq-atvorida biror-bir noodatiylikni sezganmidingiz?
– O, yo‘q, yo‘q! Sho‘rlik Deniel, – parishonxotirlik bilan dedi u. – Men unchalik sog‘lom emasdim – bezgak, bilsangiz agar, jonginam, Deniel nihoyatda xayolchan bo‘lib qolgandi, o‘ziga o‘zi nonushta tayyorlar, yana boshqa ishlarni ham o‘zi qilardi. Men o‘sha vaqtlarda hech o‘zimga kelolmayotgan edim...
– Tushunaman, – uning gapini bo‘ldi Veyd jilmayganicha, uning tashvishlariga qanchalik achinayotganini ko‘rsatish uchun. – U baxtli edi, shundaymi?
– Bechora Deniel! Baxtli deysizmi? Ha, ehtimol. U ertadan kechgacha o‘z kitoblariga ko‘milib o‘tirardi, axir, siz olimlarni bilasiz-ku! U ba’zan mening uyda ekanimni sezmasdi ham. Chunki mening bezgagim bor edi, yurishga nihoyatda qiynalardim, deyarli o‘rnimdan turmay qo‘ygandim.
– Albatta, albatta! Hyuz xonim, balki siz eslarsiz, eringiz «Yulduzlarga yo‘l» nomli asarini yoza boshlagan ekan.
– Ha, albatta! Azizim Denielning romani shunday deb nomlangandi. Bir qancha vaqt u, agar xotiram pand bermayotgan bo‘lsa, o‘sha romaniga qattiq yopishib olgandi. Biroq bu unga munosib mashg‘ulot emasdi – aytmoqchimanki, u bundan ham jiddiyroq ish bilan mashg‘ul edi, meni tushunyapsiz, deb umid qilaman. Lekin men buni yengib o‘tolmadim – ammo bu haqda unga aytmang – vaholanki, necha marta boshlashga harakat qilganman!

6

– Sizga rahmat, Hyuz xonim. Bizga g‘oyatda katta yordam berdingiz.
Ayol boshini egganicha, dastro‘molini tortqilay boshladi.
– Ayting-chi... Deniel... u hech narsa... aytmoqchimanki, u biror yomon ish qilgani yo‘qmi?
– Albatta yo‘q, bu shunchaki oddiy bir tekshiruv. Undan tashvishlanmang, Hyuz xonim.
– Ba’zan u juda ehtiyotsiz bo‘lib qolardi. – U chetga o‘girilganicha, o‘z ichki dunyosiga sho‘ng‘idi. – Agar unga kerak bo‘lib qolsam, xabar berasizmi, janob Drayden?
Veyd uning qo‘llarini o‘z kaftiga oldi. Deniel Hyuz hech qachon xotinining yordamiga muhtoj bo‘lmagan yoki muhtoj emasman, deb o‘ylaganligi endi Veydga ayon edi...
– Albatta, – dedi u.
Veyd choyni ichib bo‘lgach, xayrlashdi.
Vertolyot tepaga ko‘tarilishi bilanoq Kaliforniya tumani ichida g‘oyib bo‘ldi. Veyd Arizona tomon uchdi.
Yigirma birinchi asrda u imkoni bo‘lgan barcha ishlarni qildi.
Endi o‘tmishga jo‘nash vaqti yetib kelgan edi. O‘tmishga, Deniel Hyuz huzuriga...

7

Arizonadagi noyob go‘zallikka ega bo‘lgan Ouk-Krik darasi yaqinida, Zamonlar xavfsizligi boshqarmasiga tegishli Yo‘naltirish Markazi joylashgan. Ammo kimdir Markazni shu nom bilan ataganini Veyd biror marotaba eshitmagan; unga daxldor har bir odam, ashaddiy qog‘ozbozlar bundan mustasno albatta, Veyd uni Tortish Stantsiyasi deb ataydi.
Tabiiyki, hech kim muayyan davrni mufassal o‘rganmaguniga qadar, zamonlar osha sayohat qilishga jazm etolmaydi.
Mabodo kimdir Sitseron davridagi Rimga borishni istasa, u lotin tilida mukammal so‘zlay olishni o‘rganishi lozim, shuningdek, davrimizdan avvalgi birinchi asr Italiyasining turmush tarzi va madaniyatini ham bilishi kerak.
Vaqt qa’riga sayohat qilgan kishining biror marotaba ham xato qilishga haqqi yo‘q. Birgina noo‘rin harakatning kutilmagan oqibatlari, butun bir tamaddunning halokatiga olib kelishi mumkin – va o‘sha tamaddun sizniki bo‘lib chiqishi ham hech gap emas.
Hatto mayda hodisalar ham ming yilliklar davomida qor koptokcha kabi kattalashib borishi mumkin.
Tortish Stantsiyasi ana shunday xatolarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tashkil etilgandi.
Uning xodimlari hech qanday mansabdorlarni tan olmaydi; nomzodlarni shartta yoqasidan olib, miyasi to‘lguniga qadar zaruriy bilimlarni tiqishtiraverishadi.
Veyd Markazning yerto‘lasida o‘n kun yotdi va shu vaqt davomida biror marta ham hushiga kelmadi. U muhrlab qo‘yilgan xonada shiftga qaraganicha yotar va har olti soatda uning og‘ziga oziqlantiruvchi xapdori tashlab, bir stakan suvni tomchilatib ichirishardi. U sun’iy uyquda bo‘lib, mashinalar uning boshiga o‘rnatilgan mitti elektrodlar orqali miyasiga axborot oqimini jo‘natardi.
Bu narsa yoqimsiz taassurot uyg‘otsa-da, ammo aytishlariga qaraganda, uning azobli og‘riqlari xotirangizda saqlanib qolmas ekan.
Tortish Stantsiyasida bo‘lib qaytganidan keyin ham Veydni dahshat hissi anchagacha ta’qib etib yurdi. Axborot jo‘natuvchi mashinalar o‘n kun davomida tingani yo‘q.
Veyd o‘sha davrdagi mahalliy tilni o‘zlashtirib oldi – bu albatta, naxuatl tili bo‘lib, boshqa hindu lahjalari ham aralashib ketgan edi. U taqvim tizimining asosiy davrlari bilan hamda muqaddas taqvim – tonalpoxualli bilan tanishdi. U mahalliy «iloh»larning kimligini ham bilib oldi: Xittsilopochtli – urush tangrisi, Tlalok – yomg‘ir xudosi, Tonatiuxa – quyosh ma’budi va yana minglab shunday «iloh»chalar. U mamlakat poytaxti – Tenochtitlandagi ko‘chalarning joylashuvi bilan tanishdi hamda chinampas, ya’ni suzib yuruvchi bog‘larda tanovulbop o‘simliklarni yetishtirishni o‘rgandi.
Veydning o‘zi ham mamlakat ijtimoiy tizimining bir qismiga aylandi, u kohinlarni ham, dehqonlarni ham tushuna boshladi, Burgut suvoriysi bo‘lish nima ekanini anglab yetdi. U obsidianni parchalashni o‘rgandi va yovuz kuchlar bilan qanday munosabatda bo‘lmoqlikni o‘zlashtirdi.
Lekin eng asosiysi – u 1445 yilda Markaziy Meksikada yashashning nima ekanini his etdi.
U o‘zini mag‘rur hamda shafqatsiz, buyuk va sabrli his eta boshladi.
U nihoyat, inson qand ay qilib lablarida tabassum va qalbida quvonch bilan o‘zini qurbon qilishini; kohinning qip-qizil qonga belangan holda ehrom qoyasidan turib, olomonga nazar tashlagan chog‘ida nimalarni his etishini angladi...
Veyd Tortish Stantsiyasini tark etgan vaqtda, qandaydir o‘zgarib qolgan edi. Endi esa o‘sha «o‘zgarish» umrining oxiriga qadar u bilan birga bo‘lishi aniq.
Heynrik Shamisso vaqt mashinasi yonida unga qo‘lini uzatdi.
– Patli yopinchiqning zo‘rini topibsan! Uni ehtiyot qil.
Veyd kulimsirab qo‘ydi, uning misrang-qizg‘ish yuzida oppoq tishlari yarqirab ko‘rindi. U nihoyat darajada g‘ayrioddiy ko‘rinardi. Ustida uzun qora yopinchiq, pahmoq sochlarida esa qotib qolgan qon izlari. Qulog‘ining solinchaklari taram-taram qilib qirqilgan, shokila bo‘lib osilib yotardi.
– Omad tilayman, Veyd.
– Meni kut, Henk. Zerikma!
Veyd mashina ichiga kirdi va eshikni berkitadigan mexanizmni ishga tushirdi.
U kursiga o‘tirayotib, patlarni ezib qo‘ymaslik uchun yopinchig‘ini astalik bilan to‘g‘irlab qo‘ydi va kuta boshladi.
2080 yil, 28 aprel.
Chiroqlar lipillab, 2080 yil ham ortda qoldi.
Veyd oromkursiga cho‘zilib, bir oz bo‘shashishga urindi.
U joylashgan mashina kichik bir uychadan unchalik ham farq qilmasdi. Qo‘rg‘oshin devorlar yoqimli och havorangga bo‘yalgan. Xonaga karavot, ko‘zgu qo‘yilgan, to‘siq ortida – cho‘milish burchagi. Devorga osilgan suvratlar ham ko‘zga tashlanmaydigan qilib tanlangan. Javon mutoyibalar ruknidagi kitoblar bilan to‘la.
Mashina nima uchundir Veydga doimo tish shifokorining xonasini eslatardi. U o‘zi bilan chubug‘ini olmaganiga afsuslanib, ko‘zini yumdi. 1445 yilgacha hali to‘rt soat bor, shu bois kutishdan boshqa chora yo‘q. Xonaga birorta deraza o‘rnatilmagan, bo‘lganida ham baribir tomosha qiladigan narsaning o‘zi yo‘q edi.
Uning fikrlari vaqt mashinasini ham ortda qoldirib, olg‘a intilardi.
Ortga, tarixning chalkash yo‘laklari orqali, Xirosimani ortda qoldirib, prezident Linkolnni chetlab, Amerikada oq tanli odam paydo bo‘lishidan avvalgi Buyuk tekisliklardagi yovvoyi ho‘kizlarni chetlab o‘tib, Meksika tog‘lari va changalzorlariga – hali Meksikaning o‘zi mavjud bo‘lmagan davrlar tomon olg‘a...
2080 yildan 1445 yilgacha – olti asrdan salgina ortiqroq, bor-yo‘g‘i 635 yil, qo‘shma Shtatlar esa hali tasavvurda ham yo‘q.
Zamon yo‘lagi bo‘ylab olg‘a.
Deniel Hyuz sari olg‘a.

8

Bu xo‘p g‘alati narsa – zamonlar osha sayohat, – o‘yladi u, – g‘aro-yib va ayni paytda nihoyat darajada oddiy.
Ko‘plab yillar davomida, zamonlararo sayohatlar voqelikka aylanguniga qadar, turli yo‘nalishdagi mutafakkirlar, vaqt ichiga kirib borishda yuzaga keladigan ehtimolli oqibatlar haqida fikrlab, turli bashoratlar qilishardi. Bu bashoratlarning ayrimlari jiddiy, boshqalari shunchaki kulgili, ammo hammasi u yoki bu jumboqlarga va farazlarga asoslangandi. Odamlar bu g‘oya bilan mushuk-sichqon o‘ynagandek o‘ynar edilar.
Faraz qilaylik, yondosh zamon yo‘laklari, turli imkoniyatlar mavjud.
Faraz qilaylik, qaysidir bir zamonda siz o‘z-o‘zingizni uchratib qoldingiz.
Voqelik esa ham sodda, ham murakkab edi.
Agar insoniyatning o‘zi ziddiqoidaviy, ya’ni paradoks bo‘lmasa, tabiatda ziddiqoidaviy narsaning o‘zi yo‘q. Ziddiqoidalar faqatgina mantiqiy tizimlarda, falsafiy tamoyillarda – qisqasi, faqat kishilarning tafakkurida mavjud.
Bashariyatning eng qadimiy orzusi armonligicha qoldi: insoniyat uchun kelajak mutlaqo o‘tib bo‘lmas to‘siqqa aylandi. Chunki kelajak – tom ma’noda vaqtning ayni davrida mavjud emas; aynan shu boisdan ham u kelajak, deb ataladi. Modomiki, u mavjud emas ekan, unga kirishning iloji yo‘q. Doimo shunday bo‘lishi mumkinki – kelajak umuman mavjud emas.
Kelajakka kirib borishning faqat bitta yo‘li bor. Har bir erkak, har bir ayol, har bir go‘dak butun umri davomida kelajak bo‘ylab sayohat qiladi – tiriklikning mazmuni ham ana shunda. Hamma birgalikda va bir vaqtda, har biri alohida tarzda odamzod qadamba-qadam, lahzama-lahza, o‘zgarishlarga bo‘ysunmaydigan, uzluksiz bir rivojlanishda kelajak qa’riga kirib boradi.
O‘tmish mavjud, chunki u bo‘lgan. Mana ular, yilnomalarga muhrlangan tarix kechmishlari.
Hozirgi zamon ham mavjud: surilib borayotgan o‘tmishning eng chekkasida inson faoliyatining yangi izlari sal-pal ko‘zga tashlanib qoladi va g‘oyib bo‘ladi. Albatta, hozirgi zamon bu – shunchaki bir g‘oya, u shundayin bir tezlikda kelib-ketadiki, uni ushlash, tutib qolish, to‘xtatish va: «Mana hozirda, mana shu onda hozirgi zamon ko‘z oldimizda turibdi!», deyishning imkoni yo‘q. Chunki biz shu so‘zlarni aytayotgan vaqtimizda, hozirgi zamon o‘tmishga aylanib ulguradi.
Shunga qaramasdan, hozirgi zamon lahzasining oniy bir zarrasi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Odatda, barcha tarixiy hodisalar bir lahzada – hozirgi zamonning tutqich bermas soniyasida yuz beradi.
Agar o‘tmish o‘zgartirilsa nima bo‘ladi?
Faraz qilaylik, masalan, Rimni kichik bir qishloq paytidayoq yo‘q qilib yuborishdi. Aytaylik, etrusklar umuman mavjud bo‘lmagan. Boringki, Rim saltanati umuman bo‘lmagan. U holda nima bo‘ladi?
Bir qarashda buning javobi oddiy tuyuladi. Veyd Draydenni hozirgi zamonga olib kelgan o‘tmishda Rim saltanati bor edi. Buni o‘zgartirib bo‘lmaydi.
Agar bu qandaydir tarzda o‘zgartirilsa, ayni paytda mavjud bo‘lgan hozirgi zamonning borligi ham imkonsiz bo‘lib qoladi.
Demak, imkonsiz narsa – mavjud narsa emas.
Haqiqatan ham bu hol ziddiqoida bo‘lib tuyuladi. Agar o‘tmish mavjud bo‘lsa, uni o‘zgartirib bo‘lmaydi va u muayyan o‘tmishga olib keluvchi o‘tmishligicha qolaveradi. Aslida bunda nima yuz beradi?
Elektron-hisoblash mashinalaridan javob olindi.
Shoxlab ketgan ulkan bir daraxtni tasavvur qiling. Shu daraxtning ildizlarini ham tasavvur eting, chuqur ildizlar, agar ularni kavlab olsangiz, albatta nobud bo‘ladi. Har biri o‘zicha noyob bo‘lgan novdalar va barglarni ham xayolingizga keltiring.
Endi bolta ko‘targan o‘tinchini tasavvur qiling. Bolta daraxtning tanasiga botib, shu bilan uni o‘zgartiradi.
Vaqt muammosi bilan shug‘ullanuvchi davrshunos olimlar bu hodisani «kesma» deb ataydilar.
Daraxtning kesilgan joyidan yuqorida bo‘lgan qismi yiqiladi. Barcha shoxlar va barglar avvalgidek mavjud, ammo ular nobud bo‘lgan. Daraxtning kesilgan tanasi, qachonlardir tirik edi, endi esa u bir yog‘och xoda xolos; u yangi o‘zakda rivojlana olmaydi. U g‘o‘la sifatidagina mavjud; u yo‘qlikka va chirishga mahkum.
Kesilgan joydan pastda esa tirik ildizdan yangi novdalar o‘sib chiqadi. Balki yangi daraxt eskisiga juda o‘xshash bo‘lar, lekin baribir bu endi boshqa daraxt.
Agar daraxtning yuqori shoxlariga uya qurgan bo‘lsangiz, u holda xulosa aniq: «O‘tinchi, bu daraxtga tegma!».
Veyd soatga qaradi. U ikki soatdan beri shu yerda, vaqt mashinasi ichida. Tashqarida, agar bu so‘z davriylik maydonida qandaydir ma’noga ega bo‘lsa, uch asrning sharpalari shitirlab o‘tdi. U hozir qaerdan o‘tyapti ekan? 1776 yildami? Yoki 1700 yildamikan?
Bu shunchalik muhimmi?
Veyd qulayroq joylashib oldi va ichidan kuchayib kelayotgan asabiy zo‘riqishni bosishga urindi.
Deniel Hyuz o‘z otlari bilan 1445 yilga tushgach, o‘tmishning bir qismiga aylandi. Shu bois uni o‘tmishga yo‘l olgan vaqtidan ilgari to‘xtatishning iloji yo‘q.
Vaqtga bo‘lgan sayohatlarda ziddiqoidalar bo‘lmaydi.
Umuman, bu otlar qanday ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin?
Vaqt sayohatchisining birinchi qoidasi shunday: xuddi hamma kabi bo‘l.
Agar siz Krit oroliga, uning aholisi dunyo mo‘‘jizasi bo‘lgan davrga safar qilsangiz, siz ular kabi o‘ylashingiz, ularning qiyofasida ko‘rinishingiz va eng asosiysi, ular kabi sa’y-harakatda bo‘lishingiz lozim.
Hech narsani o‘zgartirmaysiz. Hamma narsani qat’iy o‘z holicha qoldirasiz.
Bu nima – nekbinlik maylidanmi? Juda unchalikmas.
Eng avvalo bu – yashash istagi.
Endi otlarga qaytaylik – 1445 yildagi Meksika uyurlari.
1445 yilda na Shimoliy, na Janubiy, na Markaziy Amerikada otlar bo‘lmagan – Veyd Drayden yashayotgan hozirgi zamonga olib keluvchi o‘tmishda otlar bo‘lgan emas. Amerikada otlar tosh asrining oxirlaridayoq qirilib ketgan va faqat 1519 yilda ispanlar kelgusidagi Vera-Krus shahri o‘rniga kelib tushganlaridagina paydo bo‘lgan.
Otlar qanday ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin?
Ispanlar paydo bo‘lgunlariga qadar Yangi Dunyoda kamida uchta yuqori darajada rivojlangan tamaddunlar bo‘lgan. Mayyalar «nol» tushunchasini hindulardan ilgariroq kashf etganlar, inklar esa Peruda birinj asrida yashaganlar.
Jamiyatlar, xalqlar tabiat ehsonlarini o‘zlashtirib borganlari sari, rivojlanaveradi. Butun Amerika bo‘ylab, shimoldagi eskimoslardan to janubdagi unalarga qadar hindu qabilalarining rivoji kuchli uy hayvonlarining yo‘qligi tufayli to‘xtab qolgan.
Davrimizdan avvalgi to‘rtinchi ming yillikdayoq hindular bug‘doy yetishtirganlar, ammo uy hayvonlaridan ularda faqatgina itlar va lamalar, shuningdek, dengiz cho‘chqasi hamda kurka kabi g‘aroyib jonivorlar bo‘lgan. Itlar va lamalar, shuningdek, lamaning qarindoshi – alpanalardan ulov hayvonlari sifatida foydalanilgan, ammo ularning barchasi bunday ish uchun moslashmagan edi.
Ulovbop hayvonlarning yo‘qligini shunchaki bilimsizlikka yoki madaniyatsizlikka ham yo‘yish mumkin, ammo gap boshqa yoqda.
Agar yurtingizda yirik shoxli chorva bo‘lmasa, sigirni xonakilashtira olmaysiz. Agar sizda ot bo‘lmasa, otni ham bo‘ysundira olmaysiz.
Yangi Dunyoda juda katta miqdorda yovvoyi hayvonlar – bug‘u, quyon, ayiqlar, turli mushuklar bo‘lgan. Ammo yuk tashish uchun kerakli hayvonlar butun qit’ada yo‘q edi. Bu ishga yaroqli bo‘lgan bizonlarni esa, hatto, XX asrda qo‘shma Shtatlarda bir qancha mukammal ilmiy uslublar qo‘llanganidan keyin ham, xonakilashtirib bo‘lmadi.
Buyuk tekisliklarda hayot kechirgan Shimoliy Amerika hindulariga e’tibor bering. Ispanlar tomonidan Amerikaga keltirilgan otlar, ularning qo‘llariga tushguniga qadar, Amerika g‘arbining afsonaviy hindulari qashshoqlikda kun kechirganlar. 1600 yilga qadar birorta ham amerikalik hindu ot mingan emasdi. Sheyyannlar Minnesotada bug‘doy yetishtirganlar. Komanchlar, Missisipi vodiysidagi nochor qabila bo‘lgan Buyuk tekisliklar ramzi bo‘lmish dakotalik siukslar, Missisipi daryosi bo‘ylarida ziroatchilik bilan shug‘ullanganlar.
Shimoliy Amerikada otlar paydo bo‘lguniga qadar bizonlar va ho‘kizlar ozuqa manbasi bo‘lgan, ammo bu faqatgina tasodifiy va ishonchsiz manba. Vaholanki, Buyuk tekisliklardagi hindular hayoti bizonlarga bog‘liq bo‘lgan. Hukumat bizonlarni qirib tashlashi bilan hindularni ham halok etdi.
Otlarni Ispaniyadan Nyu-Meksikaga keltirishdi. Shundan so‘ng madaniyat darajasi ham ko‘tarildi. Endi hindu qabilalarining yemishi yetarli edi, ular ko‘chib yurish imkoniga ega bo‘ldilar. Ko‘plab qabilalar Buyuk tekisliklarda qo‘nim topishdi. Ilgarigidek tosh asrida yashab kelayotgan yevropaliklarga ma’lum bo‘lgan jangovar harakatlarni yuritish uslublari va texnikasi haqida tasavvurga ham ega bo‘lmagan hindular, Shimol va Janub o‘rtasidagi urushga qadar AQShga qarshi muvaffaqiyatli jang olib bordilar.
Agar, otlar haqiqatan ham yuqori taraqqiy etgan tuzum sharoitlarida ispanlar bosqinidan bir necha yil avvalroq paydo bo‘lgan, deb faraz qilsak-chi?
Dastlabki vaqtlarda Kortesga va uning askarlariga hech ham oson bo‘lmagan, ammo ular qabilalarni Montesuma Ikkinchiga qarshi isyon ko‘tarishga ko‘ndirdilar. Garchi Kortes nihoyatda makkor va qobiliyatli sarkarda bo‘lsa-da, u ketma-ket mag‘lubiyatga uchradi, uning qo‘shini tor-mor qilindi, faqatgina unga sodiq bo‘lgan, uning askarlaridan anchagina ko‘p bo‘lgan tlakskalanlik jangchilarning ko‘maklarigina Kortesni muqarrar halokatdan asrab qoldi. Oxir-oqibat u ariqlarni bo‘g‘ib, poytaxtda ochlikni yuzaga keltirib, Tenochtitlanni o‘ziga bo‘ysundirdi.
Agar 1445 yilda Meksikada otlar bo‘lganida edi, Montesumaning otliq lashkari bo‘lardi va muhimi, xuddi qadimgi Rimdagi kabi tezchopar otlar yordamida aloqa bog‘lab turiladigan haqiqiy yagona saltanatga ega bo‘lardi.
G‘ildirak ham oddiy o‘yinchoq bo‘lmay qo‘yardi.
Yangi dunyoning eng barqaror tamadduni 1521 yilda tag-tomiri bilan qo‘porib tashlanmagan bo‘lardi. U gohida, ispan kemalarida yetkazib turilgan yordamchi kuchlarga qarshi yuz yillar davomida muvaffaqiyatli qarshilik ko‘rsatishi, hatto zafar qozonishi ham mumkin edi.
Shunisi ravshanki, bunday o‘tmish bilan Veyd yashab turgan 2080 yildagi dunyoning mavjud bo‘lishi amrimahol bo‘lardi.
Shu boisdan ham otlarni, ular hayot zayliga ta’sir ko‘rsatmaslaridan avvalroq musodara qilish kerak. Deniel Hyuzni darhol to‘xtatish lozim edi.
Vaqt mashinasi jimib qoldi. Yashil chiroq chaqnadi. Veydning ikkilanishi mumkin emasdi. U eshikni ochdi va tashqariga chiqdi. U o‘zining qaerda ekanini butun vujudi bilan his etmoqda edi.
Shubhasiz, uning qarshisida – dunyoga ma’lum eng g‘aroyib madaniyatlardan biri turardi.
Markaziy Meksika, 1445 yil. Atsteklar.
Veyd Koyoakanadan janubroqdagi daraxtzorga kelib tushgandi. Barglar orasidan yorqin quyosh nurlari to‘kilib turardi. Kun iliq. Ammo ko‘l tarafdan namlik ufurmoqda. Veyd kechga borib havo sal-qin va yoqimsiz bo‘lishini tushundi.
Veyd daraxtlar panasidan chiqdi va keng so‘qmoq bo‘ylab kichkina Koyoakan qishloqchasi tomon yo‘l oldi. U qishloqda to‘xtamay, Teskoko ko‘lidan shimol tomonga qarab yo‘nalgan to‘g‘on bo‘ylab yurishda davom etdi.
Ko‘l yuzasining u yer-bu yerida nuqtadek bo‘lib qayiqlar ko‘zga tashlanar, to‘g‘onning o‘zida ham yo‘lovchilar anchagina edi. Uning yo‘lida uchragan hindularning ko‘pchiligi sochini uzun o‘stirib olgan, soniga bog‘ich bog‘lagan, bir yelkasiga yopinchiq tashlab olgan hamda oyog‘iga charmdan shippak kiygan erkaklar edi. Ular Veydni ko‘rishlari bilanoq o‘zlarini chetga olib, unga yo‘l berishar va u oldinga tikilganicha odimlab boraverardi.
Nefrit va feruza qadalib, zeb berilgan libosdagi badavlat bir savdogar u bilan salomlashishga jur’at etdi; Veyd uning salomiga sovuqqina javob qaytardi.
Kohinlik libosi uni o‘tkinchilar bilan suhbatlashish zaruratidan himoya etar va oddiy xalqning o‘zi ham imkon qadar uning nazariga tushmaslikka harakat qilardi.
 To‘g‘onning ikki tomonini egallab yotgan suv, asta-sekinlik bilan o‘z o‘rnini sabzavot ekilgan kichik, balchiqli yam-yashil orolchalarga bo‘shatib bera boshladi. Yerto‘lalarda yashovchi dehqonlar ularni parvarish qilishardi.
Bunday suzib yuruvchi poliz o‘simliklarining ildizlari ko‘l tubiga mahkamroq ilingani sari ko‘payib boraverardi va ko‘l torayib borib, to‘g‘onning ikki tomonidagi ikkita o‘qariqqa aylangandi.
Har joy-har joyda loydan tiklangan kulbalar ko‘rinib qoladi, uzoqda, olis tog‘lardagi vulqon o‘ymalari atrofida Veyd yirikroq binolarni ham farqlay boshladi.
Endi to‘g‘onda odamlar yana ham ko‘p edi – patlardan bosh kiyim kiyib olgan mansabdorlar, aso tutgan choparlar. Mahsulotlarga to‘la qayiqlar, ariqlar orqali shahar tomon astalik bilan suzib borardi.
Veyd ko‘z oldida yastanib yotgan bu shaharda uch yuz mingdan ortiq odam yashashini bilardi. Bu aslo qishloq emasdi, shunga qaramasdan hayratlanarli darajada sokin edi. Faqatgina ariqlardagi suvning mayin shovullashi, tog‘ qoyalaridan esayotgan shamolning guvuri va shivirlagan tovushlar eshitilardi, xolos. Bu yerda yo‘llar o‘rniga ariqlar bo‘lib, butun boshli shaharda na bitta arava va na birorta ulov hayvoni bor.
U qizil-oq rangli toshlardan tiklangan bino tomondan kelayotgan kulgini va chalpaklarni pishirish jarayonidagi kaftlarning shapati ovozlarini eshitdi.
Endi kohinlar ko‘proq uchray boshlardi va xushbo‘y havoda muattar hid anqir edi.
Ayrim kohinlar Veydga hayrat bilan qarashar, ammo uni gapga tutishmas edi. «Shahar hayotining afzalliklaridan biri shundaki, – Veydning miyasidan o‘tdi, – har bir o‘tkinchini yuzidan tanib olish mumkin emas».
Veyd yo‘lida davom etarkan, tez orada yoqimsiz, qo‘lansa bir isni tuydi.
U buning nima ekanini bilardi, lekin baribir xodalarning uzun qatorlarini ko‘rganida titrab ketdi. Ular to‘rtta edi – butxonaning yonginasida yerga ko‘mib qo‘yilgan nayzasimon xodalarning to‘rtta uzun qatori. Bu xodalarga minglab odamlarning kalla suyaklari ilib qo‘yilgandi.
Albatta, hindular kohinni ko‘rishlari bilanoq chetlashib, unga yo‘l berardilar.
Ehromlar quyoshga qarab bo‘y cho‘zgan, bir burchida esa mamlakat hukmdori Montesuma Birinchining saroyi ko‘rk ochib turgan ulkan ochiq maydon orqali o‘tib borar ekan, Veyd ariq bo‘ylab yurdi va Tlaltelolko bozoriga chiqdi. Bu – taroshlangan toshlar terilgan maydon edi, chetlari bo‘ylab qator ayvonchalar qurilgan bo‘lib, sotuvchilar u yerga o‘z mollarini yoyar edilar. Sabzavotlar, bo‘yralar, obsidiandan ishlangan asbob-uskunalar, patlar, qimmatbaho toshlar – bu yerda har bir tovarning o‘z o‘rni bor. Sabr-toqatli hindu ayollari savdo-sotiq va ayirbosh qilishardi, ba’zan kakao donlarini pul o‘rnida ishlatishar, go‘yoki vaqt ham kechki oftob nurlaridan shu’lalanib turgan bozor maydoniga o‘z hukmini o‘tkaza olmaydigandek – u shu qadar sokin ko‘rinar edi.
Hatto shu yerda ham atsteklarning turmushini belgilab beruvchi asosiy narsa sezilib turardi. Bozordan sal nariroqda, qo‘shdevor ortida Tlaltelolko butxonalari ko‘zga tashlanib turardi. Ular orasida urush ma’budining ulkan ehromi qad ko‘targan. Uning tepasida ko‘zlari obsidiandan ishlangan past bo‘yli Xittsilopochtl va Tetskatlinokka bag‘ishlangan juft butxona bor.
Ehromlar uzun, qop-qora soya tashlab turardi.
Veyd zamonlar osha ko‘chib o‘tishning hayratomuz hissini tuydi. Uning tevaragidagi shahar g‘aroyib darajada voqeiy edi – Veyd uni ko‘rib, eshitib, his etib turardi. Uni o‘rab turgan odamlar – bolalar, ayollar, jangchilar, qullar, xizmatchilar – kular edilar, so‘zlashardilar, qo‘rquvni his etardilar.
Lekin shunga qaramasdan Veydga, u xuddi moziy asrlar oralab borayotgandek, butun atrof esa yuz yilliklar gardiga ko‘milib ketgandek tuyulardi. U hozir yurib borayotgan yo‘l bo‘ylab atsteklar poytaxti – Tepochtitlan shahriga kirib boradi. Yana bir necha yuz yilliklardan keyin Tlekoko ko‘li quriydi va orol boshkent – Tenochtitlan Meksikaning bosh shahri Mexiko-sitiga aylanadi. Zapata ismli boshqa bir hindu esa xalqni yana ispanlarga qarshi kurashga chorlaydi...
Veyd asrlar musibati hamda mashaqqatlarini his etdi.
Ammo u qayg‘uli fikrlarni shuuridan chiqarib tashladi. Agar u qat’iy harakat qilmasa, o‘zi bilgan tarixi voqelikka aylanmaydi, atstek dunyosi ildizlaridan esa yangi tarix o‘sib chiqadi.
Veyd irshayib turgan kalla suyaklari yonidan jiddiy qiyofada o‘tib, ulkan butxonaning yarim zimiston qa’riga kirib ketdi.

9

Ibodatxona tashqaridan mahobatli ko‘rinsa-da, ichkarisi g‘aroyib bir zulmatga cho‘mgan. Makonining asosiy qismini ulkan devorlar egallagan; atsteklar haqiqiy arkalar haqida tasavvurga ega emasliklari bois, ibodatxonaning serbezak tomini ko‘tarib turish uchun qandaydir tirgak kerak bo‘lgan. Tayanch sifatida esa ular qator-qator devorlarni quraverganlar. Qaerdandir yuqoridan, ustunlar orasidan zaifgina yorug‘lik sizib kirar, biroq umumiy taassurot yurakda g‘ashlik uyg‘otardi.
Kohinlarning sir-asrorlaridan saboq olayotgan bolalar guruhiga ahamiyat ham bermasdan, Veyd butxonaning o‘ng tomonidagi torgina bir xonaga kirdi.
Xonada kohin turardi: qora ko‘zlari teshib yuborgudek o‘tkir, past bo‘yli semiz odam edi.
Veyd u bilan quruqqina salomlashdi, imkon qadar o‘zining bu yerda bo‘lishiga to‘la haqli ekani haqida taassurot uyg‘otishga urindi.
– Xo‘sh? – dedi kohin naxuatil shevasida.
Veyd vaziyatni bir oz bo‘rttirishga qaror qildi – ortiqcha vahima zarar qilmaydi.
– Men – Teskokolik buyuk Tetskatlipokning xizmatkori bo‘laman, – u ham xuddi shu shevada javob qaytardi. – Men huzuringga senga ini sifatida tashrif buyurdim, zero sening zakovating barchaga ma’lumdir.
Kohin bu xushomadga parvo qilmasdan, kinoya bilan tomoq qirib qo‘ydi.
– Bizning butxonamizga nima uchun kelding, teskokanlik odam?
– Senga xabar keltirdim, – tantanavor tusda davom etdi Veyd, – Menga yovuz alomatlar ro‘yo bo‘ldi va men bilan g‘aroyib mo‘‘jizalar yuz berdi.
Kohin ko‘ksiga qo‘llarini chalkashtirdi. Qora ko‘zlari Veydga oshkora ishonchsizlik bilan tikildi.
– Qani, gapir-chi.
Veyd vahimani yanada bo‘rttirdi.
– Ayni paytda, To‘rt Zilzila yilida, – Veyd beto‘xtov bidirlashni boshladi, – men g‘alati tushlar ko‘rdim va o‘z shahrimda ajabtovur hodisotga shohid bo‘ldim. Men tushimda, o‘zi bilan dahshatli to‘rt oyoqli mahluqlarni olib kelgan notanish odam paydo bo‘lganini ko‘rdim, bunaqasini ilgari hech qachon ko‘rgan emasman. Bugun esa shaharda o‘sha odamni va u bilan ellikta jahannam mavjudotlarini uchratdim. – U diqqat bilan kohinning qanday ta’sirlanishini kuzatdi, ammo kohinning hissiz yuzidan, u gapning nima haqda borayotganini bilishi yoki bilmasligini anglab bo‘lmasdi. Nahotki u Hyuzning paydo bo‘lganidan hanuzgacha bexabar bo‘lsa? – O, katta og‘a, buni men – buyuk Tetskatlinokning xizmatkori aytmoqdaman, bu iblislar bizga Murdalar hukmdori – Miktlantekutl tomonidan yuborilgan. O‘sha yot kishining aytishicha, u bizga go‘yoki do‘st emish, aslida u barchamizni o‘liklar saltanatiga olib ketish uchun kelgan.
– Bizning nima ishimiz bor? – deb so‘radi kohin hissiz bir ovozda. – Sen Teskoko haqida gapiryapsan: biz esa Tlaltelolkoda yashaymiz.
Veyd sovuq iljayib qo‘ydi va qabilalar o‘rtasidagi azaliy ziddiyatlardan foydalanishga qaror qildi. Kelajakdan xabardor kishining imkoniyatlari cheksiz, o‘yladi u, chunki kohin, hatto xayoliga ham keltirolmaydigan narsalardan Veyd xabardor edi – bir necha yildan so‘ng Tenochtitlan Tlaltelolkoni zabt etadi va o‘z hududiga qo‘shib oladi.
– Men senga xabar berayotgan odam, – dedi u, – fikran Tenochtitlanning hukmdori Montesuma bilan so‘zlashayotib. Bu uning faqatgina orzusi emas – u Montesuma jangchilarini bu iblislar bilan munosabatda bo‘lishga o‘rgatyapti va Tlaltelolkodagi Tetskatlipok ibodatxonasini hozirdanoq o‘ziniki deb hisoblamoqda.
Kohin titrab ketdi. Veyd esa o‘qning nishonga borib tekkanini sezdi. Tlaltelolko va Tenochtitlan o‘rtasidagi raqobat tobora zo‘rayib borar va o‘zaro shubha-gumonlarni alangalatish nihoyatda oson edi.
– Maqsading nima? – deb ochiqchasiga so‘radi kohin.
Veyd gapning to‘g‘risini aytib qo‘yaqolishdan tiyilib, bashoratchilik bilan gapni chalg‘itishga urindi:
– Senga gapim shu, o, katta og‘a: o‘sha odam va uning iblislari yo‘q qilinmog‘i lozim. Agar ular Murdalar hukmdorining o‘ziga qaytarib yuborilmasa, mamlakat osmonini po‘lat tumshuqli qushlar qoplaydi. Va o‘shanda, oradan o‘n yil o‘tib, Yangi Olov Marosimining vaqti kelgach, odamlar ochlikka duchor bo‘ladilar, yerlarda umuman bug‘doy unmaydi. Siz o‘z farzandlaringizni qurbonlikka bag‘ishlaysiz, lekin baribir osmondan yomg‘ir yog‘maydi. Va shunda Yulduz Tepaligida Yangi Olov yoqiladi, olov o‘chadi va mamlakat uzra abadiy zulmat hukmronlik qiladi.
Veydning so‘zlari kohinga ta’sir etgandek edi go‘yo; ammo bu aniq sezilmasdi. Veyd unga 1451 va 1456 yillar orasida qahraton sovuqlar va to‘fonlar oqibatida dahshatli ocharchiliklarning ro‘y berishini aytmadi. Ammo o‘sha hodisalar yuz bergach, uning bashoratlarini yodga olishlari Veydga ma’lum edi.
– Menga isbot kerak, – dedi kohin. Chamasi, uni har narsada ayblash mumkin edi-yu, faqat irimchilikda emas.
Veyd pichirlashga o‘tdi:
– Bir kun ichida o‘sha iblislar Teskokodagi o‘z qurbonlarini halok etdilar. Agar ular to‘xtatilmasa, bu yerga ham yetib kelishadi. U kohinga tikilganicha, yana bitta omadi gapni aytdi. – Ular bizning hududlarimizga tahdid qilishmoqda.
Kohinning ko‘zlari ma’nosiz edi.
Veyd endi xavotirga tusha boshladi – uning suhbatdoshi nihoyat darajada badgumon edi.
– So‘zlarimni boshqalarga ham yetkaz, – gapini tugatdi Veyd. – Mening qudratimdan shubha qilma.
U o‘z ortidagi tosh to‘shama ustiga ikkita tutovchi portlagichni tashladi, orqaga bir qadam qo‘ydi va bir zumda butxona ichini qoplagan qop-qora tutun parda orasida g‘oyib bo‘ldi.
Kohin kutilmagan bu hodisadan o‘ziga kelib ulgurmasidan Veyd butxonadan chiqib, maydondagi odamlar to‘dasi ichiga singib ketdi. Atrofda shunchalik ko‘p kohinlar yurganida yana bitta kohin kelib qo‘shilgani ko‘zga tashlanmaydi.
Demak, birinchi qadam tashlandi, ammo uning qanchalik muvaffaqiyatli bo‘lgani Veyd uchun qorong‘i edi. Atsteklar jamiyati behisob kohinlar to‘dasi tomonidan boshqariladigan, ruhoniylar hokimiyati edi. Agar kohinlarga yoqmay qolsang, ismingni ham, jismingni ham balchiqqa bulg‘ab tashlardilar.
Veyd Teskoko ko‘li sohili tomon shoshildi, katta qayiq oldi va sokin oqshom qorong‘isida shimol tomon eshkak eshib ketdi. Oldinda esa Teskoko yastanib yotar, u yerda qirol-shoir Netsaxualkoatl yashardi.
Uzoqlarda esa Veydning shu joylarga kelishiga sababchi bo‘lgan inson – Deniel Hyuz bor edi.

10

Veyd ko‘lning sharqiy sohilidan Teskoko shahriga yetib kelganida, qirmizi oymoma tog‘ o‘rkachlari tepasida bamaylixotir suzib yurardi. Tun esa rutubatli va sokin edi, ba’zida itlar darg‘azab hurish bilan Veydni kuzatib qolardilar.
U Deniel Hyuzning uyini qiyinchiliksiz topdi. Bu – tol novdalaridan to‘qilib, tashqari tomonidan loy bilan suvalgan, Teskokoning bir chekkasida joylashgan g‘aribona kulba edi. Uy orqasida esa oddiy g‘o‘lalardan tiklangan otxona bor edi.
U otlarni ko‘rdi – ularning behalovat sharpalari ko‘tarilib kelayotgan oyning kumushrang shu’lasida ravshan ko‘rinib turardi. Bu manzarada yovuzlikdan hech qanday asar yo‘q edi; shunchaki otlar shu yerda, qo‘tonda turishar, go‘yoki bu ularning doimiy joylaridek. Odatdagi oddiy otlar.
Ular, ochig‘ini aytganda, kobalt bombasi kabi xavfli emas edilar.
Tulporlar harbiy qo‘shin kabi qirg‘inbarot uchun yaralgan emasdilar. Ammo nima bo‘lishidan qat’i nazar, ular o‘z joylaridan va o‘z davrlaridan tashqarida bo‘lib, bu ajal kabi xatarli edi.
Veyd taraddudlanmadi. Otlarni hech kim qo‘riqlamayotgandi va hech kim Veydning bu yerdaligini bilmasdi. Bunday qulay imkoniyat boshqa hech qachon bo‘lmaydi va u mana shu imkoniyatdan foydalanmasa bo‘lmaydi.
Otxonada bir ayg‘ir nimadandir bezovtalanib, qattiq kishnadi.
Veyd ehtiyotkorlik bilan xoda to‘siqqa yaqinlashdi, suv turgan yog‘och novga otlarni talvasaga soluvchi xapdori tashladi. Dori suvni yengilgina chapillatib, novning tubiga cho‘kdi. Otlar bezovtalana boshladilar. Veyd keskin harakat qilmaslikka intilib, astalik bilan otxonadan uzoqlasha boshladi. Qo‘zg‘atuvchi xapdorilar o‘n besh soatdan keyingina ta’sir qila boshlaydi. Ular otlarni o‘ldirish uchun emas, balki talvasaga solish uchungina kerak. To‘g‘ri, agar biror zahar tanlanganda og‘u albatta hech bo‘lmaganda otlarning bir qismini o‘ldirishi mumkin edi. Ammo ularning hammasi hozir otxonada ekaniga Veydning ishonchi komil emasdi. Boshqarma agentlariga noma’lum bo‘lgan biror boshqa joyda ham Hyuzning otlari bo‘lishi mumkin edi. Nima bo‘lganda ham Veyd otlarni qandaydir qo‘rqinchli, g‘ayritabiiy mavjudotlarga aylantirishi lozim ediki, to Kortes kelguniga qadar Meksika tuprog‘i tomon bir umrga ularning yo‘llari to‘silsin.
Eng yaxshi vosita – xavfning oldini olish.
Buning uchun u barcha otlardan qutulishi shart emas; ularni safdan chiqarishning o‘zi kifoya. Ertalab otxonadan topiladigan bir nechta ayg‘irning jasadi, otlar ham boshqa jonzotlar kabi o‘luvchan ekanini isbotlab beradi, xolos. Ammo yigirmata yoki o‘ttizta aqldan ozgan otlar esa – butunlay boshqa, yoddan chiqmaydigan ish bo‘ladi.
U uyning oldiga keldi. Uy eshiksiz bo‘lib, devordagi tirqishga shunchaki choyshab tortib qo‘yilgan edi. Veydning ko‘zi shundoqqina kirish oldiga ilib qo‘yilgan, bir uchi sirtmoqlangan pishiq arqonga tushdi. U sezilar-sezilmas tirjayib qo‘ydi va loysuvoqli devorni astagina taqillatdi.
Sokinlik. Keyin qadam tovushlari eshitildi. Avval choyshabni chetga surib tashlagan qo‘l ko‘rindi, keyin Veydning qarshisida Deniel Hyuz paydo bo‘ldi.
U o‘zining fotosuratlariga unchalik o‘xshamasdi – oqargan sochlari qora rangga bo‘yalgan, badani misrang-qizil tusga kirgan; u sonbog‘ich bog‘lab, yelkasiga esa yengsiz chakmon tashlab olgandi.
Ammo yoqimli moviy ko‘zlari avvalgi holicha qolgan, yuzidagi samimiylik ifodasi ham ko‘pni ko‘rgan kishi qiyofasini saqlab qolgandi.
– Salom, Den, – dedi Veyd inglizchalab. – Kirsam maylimi?
Ko‘rinishdan Hyuz hecham hayron bo‘lmadi, mabodo hayratga tushganida ham, Veyd buni sezishga ulgurmasdanoq o‘zini tutib oldi.
– Vaqt ancha bemahal-ku, – javob berdi Hyuz yumshoq ohangda xushmuomalalik bilan, – modomiki kelgan ekansiz, marhamat. Men sizni kutgandim.
Veyd bir oz sarosimaga tushdi-yu, buni sezdirmaslikni uddaladi. «Ming la’nat, – o‘zicha o‘yladi u, – agar muvaffaqiyat qozonishni istasam, demak Hyuzni o‘z quroli bilan mahv etishim lozim».
U kulbaga kirdi.
Ichkari ham xuddi tashqaridagi kabi soddagina edi – bo‘yralar, yog‘och kursi va xontaxtaga o‘xshash yana bir anjom. Oshxona uyga taqab qurilgan hujrada joylashgan bo‘lib, binoning o‘zi uy bilan oshxonaning o‘rtasiga qurilgan o‘choqning xira shu’lasida yorishibroq turardi. Shunga qaramasdan uy iliq, quruq va shinam edi.
Ayol kishining qomati – g‘ira-shiradagi zaifgina sharpa – yengil odim bilan burchakdan chiqib keldi va hech qanday tovush chiqarmasdan oshxonaga o‘tib ketdi. U ko‘zdan g‘oyib bo‘lmasidan oldin, Veyd uning yuziga bir soniya nazar tashlashga ulgurdi – u yigirma yoshlardagi g‘aroyib husnga ega bo‘lgan hindu qizi edi.
Deniel Hyuz bo‘yraga chordona qurib o‘tirib oldi.
– Sizning mendan bitta ustunligingiz bor, – dedi u xotirjamlik bilan. – Men sizning ismingizni bilmayman.
– Drayden. Veyd Drayden.
– Demak, Veyd. Siz, albatta Zamonlar xavfsizligi boshqarmasidan bo‘lishingiz kerak. O‘zingni «vaqt» deb ataluvchi bir narsaning hukmi ostida his etish g‘alati-a, shunday emasmi? Bu yerda men o‘zimni uydagidek his etyapman... Marhamat, o‘tiring.
Veyd o‘tirdi. «Unda kishini o‘ziga tortadigan nimadir bor, – degan fikr Veydning xayolidan o‘tdi, – bundan tashqari mana shu yoqimli tabassum ortida benazir aql-zakovat yashiringan».
Hyuz qo‘llarini ko‘ksi ustida qovushtirdi.
– Men gapni aylantirishni yoqtirmayman, Veyd, – dedi u. – Keling, yaxshisi ochiqchasiga maqsadga o‘taylik. Umid qilamanki, men aqli noqislar sirasiga kirmayman, ochig‘ini aytsam, shu bois ham Boshqarma vakilining tashrifini oldindan ko‘ra bilganman. Bir oz izohga hushingiz bormi?
– Eshitaylik-chi, – rozilik bildirdi, vaziyatni boy berayotganini his etganicha Veyd.
– Demak bunday, – so‘zini boshladi Hyuz; uning moviy ko‘zlari Veydga xotirjam boqib turardi, – men ertami-kechmi Boshqarmaning qandaydir biror noziri otlarni payqab qolishini bilardim. Bu ravshan narsa. Shundan so‘ng, bizning umumiy tanishimiz Shamisso «dunyoni qutqarish» degan kulgili bir nom ostida o‘tmishga safar uyushtiradi. Boshqarma mavjud vaziyatni imkon qadar chigallashtirmaslikka tirishgani bois, o‘sha odam yolg‘iz o‘zi keladi – men aynan xuddi shunday bo‘lib chiqqanidan xursandman.
– Endi ayting-chi Veyd, o‘sha agent o‘tmishga kelib tushgach, qanday chora ko‘radi?
Veyd javob bermadi. U kaftlarining terlab, suv bo‘lib ketganini sezdi.
Hyuz ohistagina kulib qo‘ydi.
– Do‘stimiz shunday fikr yuritadi: atsteklar jamiyati ilohiy e’tiqodda bo‘lgani bois, ishni kohinlardan boshlash kerak. Mening fikrimcha, u o‘zini kohin qilib ko‘rsatadi, ibodatxonalardan biriga boradi va kohinlarni otlarga qarshi qilib qo‘yish uchun irim-sirimlar bilan ularni chalg‘itishga urinadi. Keyin, deb o‘yladim men, u otlarni quturtirish uchun biror tadbir qo‘llaydi, va nihoyat mening huzurimga kelib, vijdon haqida ma’ruza o‘qib beradi. Xo‘sh, mening so‘zlarim haqiqatga yaqinmi, janob Drayden?
– Menimcha, unchalikmas, – deb aldadi Veyd.
Hyuz hayronlik bilan qoshlarini chimirdi.
– Nima bo‘lganda ham, men haq bo‘lib chiqishimga amin edim, – dedi u. – Men barcha kohinlarning oldiga birma-bir borib, har bittasiga kelajakdan bashorat qildim: tez orada yot kishi tashrif buyurishini, mening hayvonlarim haqida ularga yolg‘on so‘zlar gapirishini aytdim. Siz mardona ravishda yashirishga urinayotgan ko‘zlaringizning ifodasidan ko‘rib turibmanki, mening bashoratlarim ro‘yobga chiqibdi va bu yerdagi nufuzim yanada ortibdi.
Veyd o‘rnidan turdi. Uning yuragi ko‘ksidan chiqib ketgudek zarb bilan ura boshladi.
– Iltimos, o‘tiring, janob Drayden. Bizning qisqa suhbatimiz endigina boshlandi. Men Zamonlar xavfsizligi boshqarmasining faoliyatini mufassal o‘rgandim, binobarin, sizning ish uslubingiz menga yaxshi ma’lum. Tabiiyki, siz meni unchalik mensimaysiz – chunki sizning falsafangiz, o‘zingizdan ko‘ra aqlliroq odamlar bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi g‘oyani qabul qilmaydi. – U beparvo qo‘l siltadi. – Men ahmoq emasman, Veyd. O‘zingiz bilan qurol olish sizning xayolingizga ham kelmaydi, ammo mening axloqiy qoidalarim siznikidan jiddiy farq qiladi. Sizni ishontirib aytamanki, mening xotinim hech ikkilanmasdan anavi miltiqni ishga solishga qodir.
Veyd oshxona tomonga nazar soldi. Hindu ayoli o‘choq ortida panaga o‘tib olgan, qo‘lida esa eski rusumdagi o‘qotar miltiqni ushlab turardi.
– Afsuski, sizni tirik qoldirishning iloji yo‘q, Veyd, ammo so‘nggi so‘zlaringizni aytib olishingizga imkon bermay, sizni o‘ldirib yuborishim insofsizlik bo‘ladi. Xo‘sh, menga aytadigan biror gapingiz bormi?
Veyd o‘zini ojiz va himoyasiz seza boshladi – u mag‘lubiyat alamini ich-ichidan his etardi.
Tungi kulba ustida oy baland ko‘tarilib turar, tog‘lar tomondan esa muzdek shamol esa boshladi.
Veyd o‘zini bosib olishga urindi. U o‘z fahm-farosatiga suyanishi lozimligini bilib turardi. Uning yagona quroli miyasi edi. Agar u hozir dadilligidan ayrilsa, tamom bo‘ladi. Uning chuv tushganiga hech qanday shubha yo‘q; uning bosgan har bir qadamini Hyuz oldindan bilib, xavfsizlik chorasini ham ko‘rib qo‘ygandi.
Yaxshi, ishni Den Hyuz haqida senga nimalar ma’lum ekanligidan boshlaymiz!
Birinchidan o‘zi tan olishi yo olmasligidan qat’i nazar, u tamom bo‘lgan odam. Hyuz roman yozmoqchi edi, ammo eplolmadi. U o‘zi tug‘ilib o‘sgan muhitdan o‘z o‘rnini topolmagan, biroq favqulodda aql egasi. U yanchilib borayotgan «men»ini quvvatlantirishi mumkin bo‘lgan barcha narsaga erishishga intiladi.
Vaqti kelgach, bu uni iztirobga solib qo‘yishi mumkin.
Hozircha uni gapirishga majbur qilishdan naf yo‘q.
Veyd sholchaga cho‘kdi, qo‘llarini ko‘rinarli qilib tutib turishga harakat qildi. U Hyuzning qanday ishorasi bilan hindu ayol miltiq tepkisini bosishini bilmasdi, ammo bu safar tutun portlagichni qo‘llash kabi qo‘pol o‘yinlari uni asrab qololmas edi.
– Men bu yerga sizning qotil ekaningizni o‘zingizga aytib qo‘yish uchun keldim, – dedi u. – Siz insoniyat tarixidagi eng katta qotilsiz. Bu yerga kelishimdan maqsad – sizning joyingiz ruhiy kasallar shifoxonasida ekanini aytib qo‘yish.
Kutilmaganda Hyuzning yuzidagi xushmuomalalik ifodasi g‘oyib bo‘ldi. Albatta, uning es-hushi joyida bo‘lib, buni boshqalar ham bilishi Hyuz uchun muhim edi.
– Siz meni qotil deyapsizmi, janob Drayden? Nima uchun bunday deb o‘ylayapsiz?
– Bu axir aniq-ravshan-ku, shunday emasmi? Agar bu otlar mahalliy madaniyatning bir bo‘lagiga aylansa, u holda bizning kelajakda ro‘y berishi lozim bo‘lgan tamaddunimiz imkonsiz bo‘lib qoladi. 2080 yilda Amerika hindular millati zaminiga aylanadi – Kolubm-dan keyingi barcha amalga oshirilgan narsalar g‘oyib bo‘ladi. Dunyoning qolgan qismi ham butkul o‘zgacha bo‘ladi; butunlay boshqa odamlar tug‘iladi va ular o‘zgacha hayotda yashay boshlashadi. Demak, siz bizning zamonamizda tug‘ilajak har bir insonni o‘ldiryapsiz.
Hyuz lablarini qiyshaytirdi.
– Hay-hay, sal oshirib yubordingiz, janob Drayden, – dedi u. – O‘zingizni juda savodsiz ko‘rsatishga urinmang. Siz ham xuddi men kabi qotil ekaningiz haqida hech o‘ylab ko‘rdingizmi?
Darhaqiqat, bunday fikr Veydning kallasiga kelgan edi. U Hyuzning yana nimadir deyishini kutib, jim qoldi.
– Agar bilsangiz, – sabru toqat bilan so‘zida davom etdi olim, – otlar allaqachon shu yerda va bu voqelikdir. Agar siz ularni yo‘q qilsangiz, atsteklarning yashab qolish imkonini tortib olgan bo‘lasiz. Kortes farishta emas edi, janob Drayden, va bu sizga yaxshi ma’lum. Albatta, u jang san’atini barcha atstek sarkardalardan ko‘ra ko‘proq bilgan; bundan tashqari, XV asr Meksikasidagi kabi qabilalarning beqaror ittifoqidan emas, balki haqiqiy davlatdan kelgan edi. Agar Montesumada va Kuautemokda otlar bo‘lsa, bu holat tarozi pallasini Kortesning kamsonli qo‘shiniga qarshi og‘dirish uchun kifoya qiladi.
– Demak, buni atayin qilibsiz-da?
– Siz meni umuman tushunmayapsiz, janob Drayden. Endigi vaziyatda atsteklar g‘alaba qozonishadi. Boshqacha qilib aytganda, kelajak ularning tamadduniga tegishli bo‘ladi, faqat siz javob yurishi qilmasangiz albatta. To‘g‘ri, tarix rivojlanishda davom etadi – ajdodlarimizning o‘tmishda insonni qurbonlik qilishdan ham ko‘ra mash’umroq sahifalari bisyor. Agar siz mening otlarimni nobud etsangiz yoki ulardan foydalanishimga to‘sqinlik qilsangiz, bizning kunlarimizdan to oxir-zamonga qadar siz barcha hindularning kushandasiga aylanasiz. Modomiki shunday ekan, menga axloqdan va’z o‘qimang, Veyd. Siz ham xuddi men kabi bir xil vaziyatda ekanligingizni yaxshi bilasiz.
– Menga qarang, – dedi Veyd, – axir bizning jamiyatimiz 2080 yilda mavjud, siz buni inkor qilolmaysiz. Siz olam taqdirini o‘zgartirmoqchisiz, ammo bu qaroringizni amalga oshirishga qurbingiz yetmaydi.
– Safsata! – deb gapni bo‘ldi Hyuz. – Tarixni o‘zgartirish mumkin bo‘lgan paytda, tanlash muammosi paydo bo‘ladi. har safar, siz o‘z xohishingiz bilan qandaydir bir madaniyatni yo‘q qilganingizda, siz unga nisbatan o‘z hukmingizni chiqarasiz. Siz o‘zingizni mazkur madaniyatning taraqqiyot darajasidan ancha yuqori pog‘onada turganingizni da’vo qilasiz. Men esa buning o‘taketgan xudbinlik ekaniga ishonaman.
– Siz o‘z hukmingizni chiqaryapsiz.
– Albatta, men faqatgina sizning qanday vaziyatda ekaningizni ko‘rsatmoqchi edim. Bu ishlarning qaysi biri to‘g‘riligi haqidagi savolning yechimi, ko‘p jihatdan sizning qaerda joylashganingizga bog‘liq. Shu asr uchun to‘g‘ri bo‘lgan narsa 2080 yil uchun noo‘rindir. 2080 yil uchun to‘g‘ri holat esa, xuddi shu kabi bu yerda noto‘g‘ri.
Veyd bahslashmaslikka qaror qildi. Hyuz madaniyat borasida nisbiylik tarafdorlarining ashaddiy namoyandasi edi va shu boisdan ham uni oqilona dalillar bilan ishontirib bo‘lmasdi. Zero bahslashish, vaqtni zoe ketkazish bilan barobar edi.
Asosiy xavf shunda ediki, Hyuz aslo ahmoq emasdi va uning mav-qei Veydnikiga qaraganda anchayin mustahkam edi.
– Den, nima uchun bularning madaniyati biznikidan yuqori, degan qarorga keldingiz? Keling, vaqtincha milliy mansublikni unutaylik. Amerika bayrog‘ini sizga namuna qilib ko‘rsatmaslikka so‘z beraman. Men shunchaki maqsadingizni anglamoqchiman.
Hyuz jilmayib qo‘ydi.
– Men atsteklar bizdan ko‘ra afzalroq, deb o‘ylayotganim yo‘q, – uning so‘zlari Veydni hayratga soldi. – Biror-bir turmush tarzi boshqasidan yaxshiroq bo‘lishi mumkinmi, yo‘qmi, buni ham bilmayman. Bu borada «yaxshiroq» degan tushunchaning nimani anglatishi haqida biror tasavvurga ham ega emasman.
– U holda bu ishlarni nega boshladingiz?
Hyuz Veydning ko‘zlariga tik boqdi.
– Men sevib qoldim, – dedi u. – hindu qizini sevib qoldim. Meni tushunmasligingizni bilib turibman, ammo sizga boshqa izohim yo‘q.
Veyd astalik bilan o‘girilib, ortiga qaradi. Go‘zal hindu ayoli qo‘lida miltiq ushlaganicha, hanuz g‘ira-shira qorong‘ida turardi. «Shu ayol uchun – o‘yladi Veyd, – mana shugina uchun u butun dunyoni halok etishga tayyor».
Umuman, uning nuqtai nazari bilan qaralsa, buning nimasi yomon? Hyuz o‘zining zamonlar osha ilk tadqiqot safarlaridan birida bir qizni ko‘rib, sevib qolgandi. Ammo uni o‘zi bilan olib kelolmagan; uni yashirincha Sintsinnati stantsiyasidan 2080 yilga olib o‘tishning imkoni yo‘q edi. Hyuzning tabiatidagi asosiy xususiyat nima o‘zi? U o‘z jamiyatiga mos emas edi. U o‘z kasbini yoqtirmaydi, o‘z orzusini amalga oshirishda ham omadsizlikka uchradi. Xotiniga nisbatan beparvo, ustiga-ustak farzandi ham yo‘q. Uning eng yaqin do‘sti, shoir Karpenter, halol odam bo‘lgani sabab, yolg‘on xushomad qilmadi. Nega endi Hyuz o‘zini shu ko‘yga solgan tamaddunga sodiq bo‘lishi kerak ekan?
– Menga qarang, – dedi Veyd. – Otlarning nima keragi bor? Siz shu yerda qolib u bilan yashashingiz mumkin. Sizning umringiz davomida Kartes Amerikaga langar tashlamaydi. Agar siz menga boshqa bunday tentaklik qilmaslikka va’da bersangiz, sizni tinch qo‘yishlariga erisha olaman, deb o‘ylayman.
– Ayting-chi, Veyd, siz qachondir sevganmisiz?
Veyd javob bermadi.
– Men o‘z farzandlarim bo‘lishini xohlayman, – davom etdi Hyuz. – Men farzandlarimning ko‘z oldida tanazzul topadigan dunyoga ularni olib kirolmayman, axir hindular olami halokatga mahkum ekanini bilaman-ku; bu aslo taxmin emas, bu – ishonch. Men ilk bor shu yerda o‘z xotinim bilan baxtning nima ekanini his etdim. Shuning uchun ham uning xalqiga qo‘limdan kelgan barcha ishni qilmoqchiman. Agar siz buni jinoyat deb atasangiz, sizga faqat shuni aytishim mumkinki, fikringiz men uchun mutlaqo ahamiyatsiz.
– Yo‘q, – shoshmasdan javob qaytardi Veyd, – bu jinoyat emas. Buning nima ekanini o‘zim ham bilmayman.
Veyd o‘zi o‘tirgan bo‘yraga tikilganicha sukutga cho‘mdi. U chuqur bir xavotirda edi; Hyuzning vajlarini asossiz deb bo‘lmasdi. Veyd siyqasi chiqqan haqiqatlar bilan o‘zini aldashga urinmadi. Ayni vaqtda har ikkala tamaddun ham mavjud. Ularning birortasini aynan qachondir mavjud bo‘lganligi uchungina boshqasidan yaxshi, deb e’tirof etish mumkin emas. Boshqa tamaddunda dunyo qanday bo‘lishi mumkinligini kim biladi?
Bu vaziyatda to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri narsaning o‘zi yo‘q edi.
Veyd qahramon bo‘lmagani kabi, Hyuz ham jinoyatchi emasdi.
Yaxshi. U holda vaziyatni imkon qadar soddalashtiramiz. Ularning yoqtirgan va yoqtirmagan narsalari turlicha, vijdon haqidagi tasavvurlari ham har xil. Veyd uchun 2080 yildan tashqaridagi hayot ma’nosiz. Agar u Hyuzni to‘xtatmasa, o‘zi ham halok bo‘ladi. O‘zini qurbon keltirish istagi esa unda yo‘q.
Hammasi nihoyatda oddiy.
U harakat qilishi lozim. Lekin qanday?
Sharq tomonni shafaq egallab kelishi bilan bir qatorda, kulbaga sovuq, kulrang tonggi yog‘dular sizib kela boshladi.
Veyd hujumga o‘tdi.
– Hyuzning nafsoniyatini nishonga oldi va mo‘ljaldan adashmaslikka intildi.
– Safar oldidan men doktor Klementeni ko‘rdim, – dedi u. – Boshlig‘ingizning aytishicha, sizning oxirgi ishingiz – yodingizdami, shaharlashtirish to‘g‘risidagi tadqiqot – shu qadar hech narsaga arzimas ekanki, u sizning ilmiy darajangizni bekor qilish masalasini qo‘yishga majbur emish.
Bu gap Hyuzga qattiq ta’sir qildi.
– Nima? Bo‘lishi mumkinmas! Daraja umrbodga beriladi. Klemente – eshak. Mening tadqiqotim favqulodda muvaffaqiyatli chiqqan va buni u biladi. Siz qanaqasiga...
– Xotiningiz o‘z joniga qasd qildi, – sovuqqonlik bilan uning gapini bo‘ldi Veyd.
– Sizga ishonmayman.
– Men Karpenter bilan uchrashdim. Romaningizning bir nusxasi unda saqlanib qolganidan xabaringiz bormi? Men «Yulduzlarga yo‘l»ni o‘qib chiqdim. Bo‘lmag‘ur narsa. Lekin bittagina joyi yaxshi chiqqan.
– Nusxasi saqlanib qolibdimi? Qaysi joyini aytyapsiz?
Veyd shu paytda o‘zidan g‘azablanib ketdi, ammo Hyuzni quturtirish zarur edi.
– Siz hech kimni yaxshi ko‘rmaysiz, Den. Siz omadsiz ekanligingizni bilasiz va shu bois o‘z-o‘zingizdan yashirinishga urinyapsiz. Ammo o‘zligidan qochib qutulish aslo mumkin emas. Siz bu yerda ham muvaffaqiyatsizlikka uchraysiz. Siz abadul-abad omadsiz bo‘lib qolasiz...
Hyuz o‘rnidan sakrab turdi. Oftobdan qorayib toblangan yuzi oqarib ketdi. U og‘ir-og‘ir nafas olardi.
– Yolg‘on gapiryapsiz! Aldayapsiz! Men hammangizga isbot qilib beraman...
Mana u, najot onlari!
Veyd chekkaga, bo‘yra tomon otildi, bir umbaloq oshib, eshikni yopib turgan choyshabga yopishdi. Tashqariga chiqishi bilanoq o‘zini chetga urdi.
Miltiq qarsillab, o‘q choyshabni teshib o‘tdi.
Veyd eshik yonida osilib turgan arqonni olib, otxonaga qarab yugurdi. Otlar ichkarida bezovta xirillab, yer tepib turishardi. U bir siltab darvozani ochib yubordi. Ikkinchi o‘q shundoqqina chakkasi yonidan uchib o‘tganini sezdi.
Veyd osilib, to‘siq ustiga chiqdi, yovvoyi o‘kirish bilan sirtmoq tashlab tutib olgan ayg‘irining ustiga mindi. Keyingi lahzada u yerga quladi, biroq yana otning ustiga tirmashib chiqdi va bor kuchi bilan uning yoliga mahkam yopishdi.
U yana qichqirdi va arqonning bo‘sh uchi bilan otlarni savalay boshladi. Otlar har tomonga irg‘ishlay boshladilar.
Uning ostidagi ayg‘ir titrab qoldi, lekin joyidan jilmadi. Veyd ayg‘irning egarlangan holda yurishga ko‘nikkanini sezdi, uning tanasida qayish izlari ko‘rinib turardi. Vahimaga tushgan otlar o‘zlarini har yoqqa urardilar. Otxonada rosmana to‘s-to‘polon boshlandi. Veyd o‘q ovozini eshitdi. Uni chetlab o‘tgan o‘q bir baytalga tegib, odam chinqirig‘iga o‘xshash ovoz eshitildi.
Veyd tizzasi bilan ayg‘irning biqinidan qisdi va bo‘sh qo‘li bilan uning yoliga yanada qattiqroq yopishdi. U har qanday suvoriyning havasini keltiradigan bir chinqirish qildi va otni yeldirib, ochiq darvoza tomon yo‘naldi. Uning ortidan deyarli barcha otlar ergashdilar – ular ko‘zlari kosasidan chiqqudek bo‘lib, xirillagan holda tonggi muzdek havoni yutoqib simirardilar.
Veyd bir necha daqiqa ayg‘irning uyur boshida chopib borishiga qo‘yib berdi; otning bo‘yniga tashlangan arqon bilan uni boshqarish imkonsiz edi. Veyd terga botib ketgan ayg‘ir ustida sakrab borar ekan, yiqilmaslik haqida o‘ylar, hilpirab borayotgan kohinlik yopinchig‘ini ichida la’natlab borardi.
Nihoyat, u borayotgan ayg‘irni asta-sekinlik bilan to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldi. Qolgan otlar ham bo‘shashgan holda og‘irliklarini u oyoqlaridan bu oyoqlariga tashlab turardilar. Veyd otdan sakrab tushdi va bir qo‘li bilan yopinchig‘ini tutib turib, uning bo‘yniga arqon sirtmog‘idan yugan soldi. Keyin u ayg‘irning yuvosh tortganidan quvonib, yana otga tirmashdi. U suvga tashlagan asabiylashtiruvchi xapdorilar hali ta’sir ko‘rsata boshlagani yo‘q, ammo mana bu poyga jarayonni tezlashtirgan bo‘lishi mumkin.
Veydning nihoyatda tinkasi qurigandi, ammo muzdek tong havosi uni bir oz tetiklashtirdi. U ko‘ngilsizliklar hali tugamaganini tushunib turardi, bu ham kamlik qilgandek, uning rejasi o‘ziga qarshi ishlay boshlagandi.
Bu talvasaga soluvchi xapdorilar bilan hali ko‘p balolarga uchraydi, shekilli.
Veyd vaqt mashinasini faqatgina o‘zi qo‘yib ketgan joyga, Koyoa-kan yaqinidagina chaqirtirishi mumkin. Koyoakan tikkasiga kesib borganda, o‘n besh chaqirim keladi – u tomonga qush bo‘lib uchib borish mumkin, ammo Veyd qush emasdi. U Teskoko ko‘lini ham to‘sib o‘tolmasdi, barcha to‘g‘onlar ko‘lning narigi tomonida joylashgan edi.
Demak, uning aylanib o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Buning uchun aholi kamroq bo‘lgan shimol tomonga burilish kerak, ya’ni notekis yo‘l bo‘ylab ellik chaqirim masofani bosib o‘tish lozim.
Shunday bo‘lsa-da, ikki vaziyat unga yordam berishi mumkin edi: quvg‘in yuz bergan taqdirda, ta’qibchilar piyoda yugurishlariga to‘g‘ri keladi, agar Hyuzning o‘zida ot qolmagan bo‘lsa, albatta. Aloqa vositalari esa shu qadar yomon ediki, hech kim uning qaerda ekanligini aniq aytib bera olmasdi.
Hyuz ham qo‘zg‘atuvchi xapdorilar haqida hech narsa bilmasdi.
Veyd ayg‘irni shoshmasdan asta yo‘rg‘alatib, shimol tomonga yo‘l oldi. Deyarli barcha otlar unga ergashdilar. Yasama jilov pand bermadi, Veyd ham quyoshning iliq nurlari ostida bir oz xotirjam edi.
Yo‘lda unga juda ko‘p hindular uchradi; ba’zilar qo‘rquvdan kulbalar ichiga yashirinar, ayrimlari esa u bilan yonma-yon yugurishga urinardilar. Ammo kohinlik libosi uni dushmanlik tahdidlaridan asrar edi.
Juda g‘alati-ya, deb o‘yladi u, undagi ayg‘irning shoshmasdan yo‘rg‘alashi barcha tezliklardan yuqori bo‘lib, butun Markaziy Amerikada bundan tezroq harakatlanishning imkoni yo‘q edi. Veyd harakatda ekan, uni qo‘lga tushirib bo‘lmasdi.
Afsuski, u beto‘xtov harakatlana olmasdi.
Kunning yarmiga kelib Veyd ayg‘irining bezovtalanib, quloqlarini dikkaytirib, xirillayotganini sezdi. Asabiylashtiruvchi modda o‘z ta’sirini o‘tkaza boshlagandi.
Veyd daraxtlar siyrak joyga yaqinlashib, to‘xtadi va sakrab yerga tushdi. Keyin u ayg‘irini sug‘ordi va yuganidan daraxtga mahkam bog‘lab qo‘ydi.
Endi faqat kutish qolgan edi, xolos.
Veyd har ehtimolga qarshi daraxtga chiqib, qulay joylashib oldi. Otlar, hatto qo‘zg‘atuvchi doridan keyin ham chavandozlarsiz o‘zlaricha ketib qolishlari ehtimoldan uzoq edi, ammo u tavakkal qilishni istamadi.
Kechga borib, uning butun tanasi charchoqdan qaqshay boshladi. Tunda yana ham battar bo‘ldi.
Ertalabga yaqin asabiylashtiruvchi moddaning ta’siri to‘xtadi. Veyd o‘z ayg‘irini minib, Teskoko ko‘lining moviy suvi yoqalab, ulkan yarim halqa bo‘ylab safarini davom ettirdi.
Tenochtitlandan shimolroqda joylashgan Tikoman yonidagi dambaga yetib olish uchun, unga uch kun kerak bo‘ldi. Yo‘lda u to‘rtta baliq tutishga va egalari qayoqqadir chiqib ketgan dehqon kulbalari oldidan o‘tib ketayotib bir nechta zog‘ora nonni o‘marib olishga ham muvaffaq bo‘ldi. Lekin baribir Veyd charchagan, och-nahor edi va ochiq osmon ostidagi hayot go‘zalliklaridan ko‘ngli qolgandi.
Vaqt mashinasini chaqirtiruvchi radiouzatgich Veydning chap soniga, shundoqqina tizzasining tepasiga o‘rnatib qo‘yilgan edi. Zamonlar sayohatchisi har qanday holda ham uni yo‘qotmasligi lozim, shu bois radiouzatgich tanaga bir umrga tikib qo‘yilardi.
Veyd uskuna tugmachalarini muayyan tartibda bosib chiqdi, u Koyoakanga eson-omon yetib olishiga umid qilardi. Uzoqroqqa yetib olsa bas.
U so‘nggi bor ko‘ksini to‘ldirib chuqur nafas oldi va daraxtlar panasidan chiqdi. Uning ortidan yana oltita ot ergashib borardi. Veyd ohista ayg‘irini to‘g‘on tomonga qarab burdi.
Qarshisida yo‘liqqan hindular uni ko‘rgan zahoti, vahimada chekkaga qarab qochardilar. Ular qo‘rqoq emas, shunchaki kohinlardan birining g‘ayritabiiy ko‘rinishdagi hayvonni minib borayotganidan hayratda edilar. Agar taqvodorlarga to‘la o‘rta asrning biror-bir cherkoviga ruhoniy vertolyotda kirib kelsa, qavm qay ahvolga tushsa, bu yerdagi hindularning holati ham xuddi shunday edi.
Veyd yo‘lida davom etaverdi. Boshqa oltita ot ham bezovtalik bilan unga ergashdi.
Ortiq kutish mumkin emasdi. Endi uning qaerda ekani ma’lum edi, agar Hyuz hozir Tenochtitlanda bo‘lsa, u, shubhasiz, aholini Veydga qarshi oyoqlantirib bo‘lgan. Agar u shaharga yetib kelmagan bo‘lsa ham baribir kohinlar Veydni qo‘yib yuborishmaydi – ular barcha g‘ayritabiiy narsalarga ishonchsizlik bilan qaraydilar.
U haq bo‘lib chiqdi.
Kun oqshomga qarab og‘ib borardi, old tomondagi ko‘l yo‘llar chetidagi ikki ariqqa aylanar darajada torayib kelib, sun’iy orollarda barpo etilgan yashil bog‘lar ortida, Uedning qarshisida shahar ko‘rindi. Qo‘llariga kamon ushlagan jangchilar guruhi to‘g‘onga ko‘ndalang turardi.
Veyd ayg‘irni yo‘l chetiga burdi va hushtak chalib ularni o‘z yoniga chorladi. U xuddi dalda bergandek otining bo‘yniga shapatilab qo‘ydi.
Keyin vahimali bir hushtak chalganicha, otlarni arqon bilan qamchilay boshladi va tovoni bilan ayg‘irning biqiniga niqtadi.
Otlar shiddat bilan jangchilar safiga borib urildilar. Suvoriylar hujumi, agar unga qarshi kurasha olsangiz ham baribir ko‘ngilsiz bir holatdan o‘zga narsa emas. Agar otlarni biror marta ham ko‘rmagan bo‘lsangiz, inchunun...
Bittadan o‘q uzishga ulgurgan jangchilar o‘zlarini ariqqa ota boshladilar. Otlardan birining yaralanganini hisobga olmaganda, bosh-qa yo‘qotishlar bo‘lmadi.
Hozir yoki hech qachon.
Veyd bor ovozi bilan hayqirganicha otni yeldirib, Tlalletolkoning bozor maydoniga bostirib kirdi. Shamolning zo‘rligidan ko‘zlari qisilib, qarshisidan chiqqanlarni o‘ngga-chapga uloqtirganicha oldinga yelib boraverdi. U atayin odamlarni toptab tashladi, hatto ko‘proq ziyon yetkazish maqsadida hayqiriq bilan bir marta ibodatxona ichiga ham ot qo‘ydi.
Boshqa otlar ham qaerdadir ortda qolib ketishdi, ammo ular ham anchagina to‘s-to‘polon ko‘tarishdi, chunki hech kim ularni qanday eplashni bilmasdi.
Veyd arg‘umoqning bo‘ynidan quchib, uning qulog‘iga nimalarnidir pichirladi va ular Tenochtitlanning markaziy maydoniga bostirib kirdilar, Veyd u yerda ham o‘z tomoshasini takrorladi. U shu qadar tez harakatlanar ediki, aholi bunga qarshi biror chora ko‘rishga ham ulgurolgani yo‘q. Veyd bir joyi tirnalmasdan juftakni rostlab qoldi.
U Koyoakanga olib boruvchi to‘g‘onga chiqqan paytda, kimdir uloqtirgan nayza uning chap kuragiga kelib urildi va uning otdan ag‘darilishiga bir bahya qoldi. Bir necha soniyadan so‘ng nayza jarohat yetkazgan joyidan chiqib ketib, to‘g‘onga taraqlab tushdi. Veyd belidan iliq qon oqib tushayotganini his etdi.
U ayg‘irning kuchini asrash uchun uni lo‘killatib ketdi, keyin esa uni yeldirib Koyoakanga bostirib kirdi.
Quyosh ko‘lning narigi tomonidagi tog‘lar ortiga botib ulgurgan, suv sirtidan esa sovuq tuman ko‘tarila boshlagandi.
Veyd yarim hushsiz holatda, nimalarnidir g‘ulduraganicha olg‘a yelib borardi. Koyoakanda hech kim uning yaqinlashib kelayotganini bilmasdi, shu bois Veyd otni yeldirganicha uyquga ketgan qishloqdan hech qanday to‘siqqa uchramay o‘tib ketdi.
U daraxtzor oldida to‘xtab, qiyinchilik bilan otdan tushdi. Ayg‘ir bir necha soniya tik turdi, tanasidagi son-sanoqsiz jarohatlar tufayli badani qon va ko‘pikka botgan edi, o‘lar holatga yetgan ot asta yerga quladi. Veyd uning yoniga cho‘kkaladi. Holdan toygan Veydning yig‘lashga majoli yo‘q edi. U ayg‘irning jiqqa ho‘l bo‘yniga shapatilab qo‘ydi.
– Xayr, do‘stim, alvido, – tili zo‘rg‘a aylanib qiyinchilik bilan g‘uldiradi. U zo‘r berib nimanidir eslashga va aytishga urindi, ammo bunga kuchi yetmadi.
Veyd butazorga sudralib borib, qiyinchilik bilan vaqt mashinasining ichiga kirib oldi, oromkursiga yetib olishga ham holi kelmay, shundoqqina to‘shamaga cho‘zildi. Tevarak-atrofdagi barcha narsa tez-tez aylana boshladi va nihoyat zulmatga chulg‘andi.
U oyog‘i ostida qonning xalqob bo‘lib borayotganini sezib turardi.
Keyin bu his ham yo‘qoldi va u bo‘shliqqa quladi...

11

Veyd shiftga tikilganicha shifoxonada uzoq vaqt yotdi.
Bir kuni, may oyi iliq, yam-yashil iyun bilan almashingan payt-da uning yoniga Shamisso tashrif buyurdi.
Veyd Shamissoning nimalar deyayotganini tushunishga harakat qilardi.
– U otlarni AQShdagi fuqarolar urushi davridan olgan ekan. Uning ovozi xuddi uzoqlardan kelayotganga o‘xshardi. – Albatta, u Boshqarmaning mahalliy nozirini sotib olgan. Chamasi u pullarini bir umr to‘plagan bo‘lsa kerak.
Umri davomida. Umr bo‘yi.
– Sen vazifani a’lo darajada uddalading, Veyd. Endi ko‘ngling tusaganicha oftobda toblanib yotishing mumkin. Deyarli barcha otlar o‘ldirildi, tushunyapsanmi, omon qolganlaridan esa baribir foydalanishmaydi. Hindular otlarni iblisning maxluqi deb bilishadi. Ular 1519 yilda Kortesning otlarini ko‘rganlarida ham shunday o‘ylaganlar. Zamonlar osha sayohat g‘aroyib hodisa, shunday emasmi? Ham g‘alati.
Ajib va g‘aroyib.
– Denga nima bo‘ldi? – pichirlab so‘radi Veyd.
Jimlik.
– Unga nima bo‘lganini o‘zing bilasan.
Veyd barchasidan xabardor edi. Atsteklar jamiyatida jinoyatchining holi qanday kechishi unga ma’lum edi. U buni o‘zi yotgan xonadan ko‘ra aniqroq ko‘z oldiga keltira olardi...
Oqshom g‘ira-shirasida ehromning qoq ustida turgan qora tosh.
Qora libosga burkangan kohinlar.
Obsidiandan ishlangan, nashtardan o‘tkirroq pichoq.
Ko‘tarilib kelayotgan quyoshga ko‘z-ko‘z qilinayotgan, qoni oqib turgan odam yuragi...
– Shunday qilishga majbur edik, Veyd, – dedi Shamisso. – Bu haqda o‘ylamaslikka harakat qil.
– Ha. Urinib ko‘raman, Henk.
Kunlar esa uzundan-uzun edi.
Veyd shifoxonadan avgust oyidagina chiqdi.
U o‘sha kuniyoq kuzning sokin ranglari og‘ushida, baland-baland qarag‘aylar yam-yashil libosga burkangan Kanadaga uchib keldi. Bu safar u vertolyotini zumrad ko‘lning o‘rtasiga qo‘ndirdi va mashinani astalik bilan yog‘och bandargohga yaqinlashtirdi. Keyin g‘o‘lador kulbaning eshigini chertdi.
Herb Karpenter eshikni ochar ekan, xushmuomalalik bilan iljaydi.
– Den o‘ldi, Herb. Shunda ham meni uyingga kiritasanmi?
Karpenter ikkilanmadi.
– Albatta. Kiraver. Biz Shamissodan maktub oldik. Hoy, kira qolsang-chi, Fey qahva damladi, agar ko‘ngling o‘tkirroq narsani tusamasa, albatta.
– Qahva – eng zo‘ri.
Veydga bu uy xuddi tirik mavjudotdek tuyulardi. O‘choqda o‘tin charsillab alangalanar, shinam, kitoblarga to‘la mehmonxonadagi iliqlik kishini allalardi.
Iliqlik.
Herb bilan Feyning qalblari iliq edi – xotirjamlikka erishganlari va qo‘shiq aytishni bilganlari uchun ham ularning qalblari qaynoq.
Ular o‘z baxtlarini u bilan baham ko‘rishga tayyor ekanliklari uchun minnatdorchilik yuzasidan, Veyd ularga qo‘l uzatdi. U hech qachon bu qadar baxtli bo‘lmagan edi; bu tuyg‘u ko‘pgina kishilarga begona.
Den Hyuz ham baxt nimada ekanini angladi-yu, biroq bu uzoq davom etmadi.
Veyd tunda uydan chiqib, ko‘l bo‘yiga bordi. Uning oyog‘i ostiga to‘lqinlar asta bosh urib kelar, nafasidan chiqqan hovur esa yulduzlarning muzdek nuriga singib ketardi. U tun zulmatiga tikilar ekan, uning qandaydir noaniq sharpalarga to‘laligini his etardi.
Sharpalar.
Millionlab madaniyatlar, millionlab turmush tarzlari. Atsteklar, bantu, polineziyaliklar, avstraliyaliklar, apachlar, tasmanlar. Ularning barchasi mana shu jamiyatning taraqqiy etishi uchungina toptalib ketdi, yuz yilliklarning gardiga aylandi...
Soyalar. Faqatgina sharpalar.
Uning xalqi quyosh tizimining o‘zga dunyolarigacha yetib bordi va mana shu rangpar sayyoralar endi insoniyatga tegishli.
Chizmachilik taxtalaridagi orzular kabi, yangi fazoviy kemalar barpo bo‘ldi – barcha buyuk sarguzashtlar o‘z vaqtida orzu bo‘lgani kabi.
Biz nimalar evaziga shu darajaga yetdik, degan savolga javob topish uchun, uzoq kechmishga kirib bormog‘imiz lozim.
Ko‘l sukunati uzra ulkan qushning vahimali sasi taraldi.
Herb uyidan chiqib keldi va Veydning yonidagi tosh ustiga o‘tirdi.
– Ajab, – dedi u chubug‘ini buruqsitib. – Shularning barchasi bir odam tufayli yo‘q bo‘lib ketishi mumkinligini o‘ylashning o‘zi g‘alati – bizning olamimizdan nimalarnidir izlagan va istaganini topa olmagan birgina odam tufayli.
Veyd yapaloq toshni olib ko‘lga uloqtirdi va u qorayib turgan suv yuzida irg‘iy boshladi.
– Oshnamiz Denga mening uyim yoqardi, – dedi Herb.
Veyd bosh irg‘ab qo‘ydi.
Ular o‘z o‘ylariga cho‘mgan holda unsiz o‘tirardilar.
Xotirlab, hayratlanib.
Va o‘zlarida umidga kuch topa oldilar. Ikkovlon chaqnoq yulduzlar ostida hali sovub ulgurmagan iliqqina toshda o‘tirishardi. Tepada esa son-sanoqsiz yulduzlar charaqlab turardi...

Ruschadan Alisher Sa’dulla, Anvar Sher tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 5-son.




6-son

Dino Butstsati. Afsungar (hikoya)

Shom quyula boshlagan damda ishdan horib-charchab kelayotsam, nimagadir hamma “professor” deb ardoqlaydigan Sk’yassini uchratib qoldim. Uni ko‘pdan beri taniyman, goh u yerda, goh bu yerda baqamti kelsam: “Sen bilan gimnaziyada birga o‘qiganman”, deb doim meni ishontirmoqchi bo‘ladi, sirasini aytganda, buni eslay olmayman.
Sk’yassi degani kim? Nima ish qiladi? Menga qorong‘u. It mujigan oshiqdek chuvak basharasidan zaharxandalik arimaydi. Ajablanarlisi shundaki, u duch kelganga: “Sizni qaerdadir ko‘rganman”, deydi, vaholanki, bu aldamchi taassurot. Ba’zi birovlar uni afsungarga chiqarib qo‘ygan.
– E-e, bormisan? – deydi u menga salom-alikdan so‘ng. – Haliyam qog‘oz qoralab yotibsanmi?
– Boshqa nimayam qilardim, – deya yelka uchirib qo‘ya qolaman.
– Joningga tegib ketmadimi? – bo‘sh kelmaydi u, – ko‘cha fonuslarining mayin shu’lasida uning yuz-ko‘zidagi achchiq kulgini ilg‘agandek bo‘laman. – Bilmadim-u, nazarimda siz yozuvchilarga bo‘lgan ehtiyoj kun sayin yo‘qolib borayotgandek. Nainki yozuvchilar, balki rassomlar, haykaltaroshlaru mashshoqlarga ham. Go‘yo shunchaki ermak uchun ijod qilayotganga o‘xshaysizlar. Nima demoqchiligimni anglayotgandirsan?
– Hammangiz ommaning diqqatini tortish uchun jon-jahdingiz bilan o‘zingizcha yangilik yaratishga, bir-biridan mavhum va g‘alati narsalarni o‘ylab topishga harakat qilasizlar. Muxlislaringiz juda kam, borlari ham sizlardan sovib ketyapti. Ularning qalbiga yetaklovchi yo‘lni yo‘qotib qo‘ymadingizmikan... Andishasizligim uchun uzr, lekin bir kun kelib butunlay el-ulusning nazaridan qolib ketmasangiz, deb qo‘rqaman.
– Bo‘lishi mumkin, – deyman o‘ksingan bo‘lib.
Biroq Sk’yassi aftidan, xumordan chiqquncha qitiq patimga tegmoqchi edi.
– Menga ayt-chi, deylik, sen hashamatli mehmonxonaga kirib bording: daf’atan hujjatingni va nima ish qilishingni so‘rashadi. “Yozuvchiman” deysan. Javobing andak ahmoqona tuyulmaydimi ularga?
– Ajabmas, – deyman, – bizda aynan shunday tuyulishi mumkin, lekin Frantsiyada emas.
– Yozuvchi, yozuvchi! – deydi u ijirg‘anib. – Hali ular seni risolagiday kutib olishlaridan xomtama bo‘larsan ham. Shu zamonda kimning ham ko‘zi uchib turibdi sizlarga!.. Tilyog‘lamalik qilmay menga to‘g‘risini ayt-chi... Deylik, sen kitob do‘konidasan... Yuzlab, minglab kitoblar shiftgacha qalashib yotgan javonlarga ko‘zing tushadi. Shunga shama qilyapsan, to‘g‘rimi? Ularni chang bosib yotgani yetmaganday, kamina yangisini insho qilayotgan bo‘ladi. Gavjum bozorda sarxil meva-sabzavotlarga to‘lib ketgan uzundan-uzun rastalarning bir chekkasida chirigan kartoshkasini o‘tkaza olmayotgan dehqonning holiga tushaman, topdimmi?
– Aqlingga balli! – palag‘da tovushda xiringlaydi u.
– Baxtimizga, – deyman e’tiroz bildirib, – haliyam kitob xarid qilib o‘qiydiganlar topilib turadi.
Shunda “oshnam” Sk’yassi engashib boshmog‘imni obdon tomosha qiladi.
– O‘zingning kosibing bormi, deyman?
 Uning boshqa mavzuga ko‘chganiga shukr qilaman. Zotan, o‘zing haqingda achchiq haqiqatni eshitishdan yomoni bo‘lmasa kerak.
– Qo‘li gul ustam bor. U tikkan pishiq-puxta va qoshiqday bejirim tuflilar uncha-bunchaga yeyilmaydi.
– Qandini ursin! – deydi “oshnam”. – Lekin garov o‘ynaymanki, u ham sen qatori pul topadi.
– Bo‘lishi mumkin.
– Axir shu ham insofdanmi?
–Kim bilsin. Nafsilamrini aytganda, bu haqda o‘ylab ko‘rmagan ekanman.
– Meni tushun, – hech past kelmasdi u, – yozganlaring menga yoqmaydi demoqchimasman. Shaxsan senga zig‘irchayam xusumatim yo‘q. Hamma gap shundaki, sen va yana minglab sendaqalar allanima-balolarni bichib-to‘qib kitob qilib chiqarasizlar. Ularni sotib olib o‘qiydiganlar topilib turganiga o‘laymi yana. Bundan hamyoningizga jaraq-jaraq pullar kelib tushyapti-ku! Kitoblaringizni reklama qilishyapti, tanqidchilar ketma-ket risolalar yozib, ular ham nashr etilmoqda.. Ularning turgan-bitgani uydirma-ku! O‘zingga ham g‘irt bema’ni tuyulmaydimi bular?! Tag‘in bizning asrimizda — atom va sun’iy yo‘ldoshlar asrida-ya!... Seningcha bu mashmasha qachongacha davom etishi mumkin?
– Bilmadim. Ehtimol, sen haqdirsan, – deyman batamom tushkunlikka tushib.
– Gapning po‘stkallasi, kimgayam keragingiz bor o‘zi?! – dedi gapidan zavqlanib Sk’yassi. – Adabiyot, san’at – chiroyli va jarang-dor so‘zlar, xolos! Hozir san’at – narsa. Ayni paytda qanaqangi san’at odamlar qalbida zavq-shavq uyg‘otishini bilasanmi? O‘zing guvoh, hammayoqni bemaza laparlar-u, tumtaroqli she’rlar, vag‘ir-vug‘urlaru, qiyqiriqlar tutib ketgan. Keng iste’mol mollari deysan! Mana shon-shuhrat qaerda! Sen bo‘lsang aqlni peshlab, teran mushohadaga undaydigan mumtoz asarlar yozib yuribsan. Omadi gap, tunu kun qog‘oz qoralab nimagayam erishding?! Eng iste’dodsiz jaz mashshog‘iyam seni bir cho‘qishda qochiradi. Hozir tomoshabinga bir zumlik ehtirosli lazzat bag‘ishlaydigan to‘pori san’at kerak, chunki unda uquvga ham, qobiliyatga ham hojat qolmaydi.
Uni ma’qullagan bo‘lib, bosh irg‘ab qo‘yaman. Qani endi unga e’tiroz bildira olsam. Lekin “oshnam” ga bu ham kamlik qilayotgandi.
– Qirq yillar ilgari san’atkor el-yurt ardog‘ida edi. Hozir-chi, hozir!... Shikast-rext yetmagan bitta-ikkita osori atiqani aytmasa. Xeminguey, Stravinskiy, Pikasso kabi salaflarning zamoni o‘tib ketdi... Yo‘q va yana yo‘q, bu safar sizning oshig‘ingiz pukka tushgan... Sen abstrakt-san’at asarlari ko‘rgazmasida bo‘lgansan, ularni san’atshunoslar qanday tahlil qilishiniyam bilasan. Axir shu ham san’atmi, aji-bujining o‘zginasi-ku! Matoga naridan-beri bo‘yoq chaplab, uni bir, hatto ikki millionga pullashning uddasidan chiqayotgan qalloblarning firibi emasmi bu?! Engak qoqayotgan bemorning akashak qo‘li tortgan chiziqmi, deysan. Siz ijodkorlar bir yoqqa, muxlislaringiz boshqa yoqqa tortmoqdasizlar aravani. Oxiri bir-biringizdan shunchalik olislab ketasizki, ... Ayyuhannos solasiz, jonholatda baqirasiz, lekin dodingizni it ham eshitmaydi.
Ahyon-ahyonda ro‘y berib turadigandek shu on isliqi ko‘cha uzra nimadir uchib o‘tdi. Havo “qilt” etmaydi, shundanmi, borliqqa atir-upalarning emas, balki benzin va achigan narsalarning qo‘lansa isi o‘tirib qolgan, chor-atrofdan kuy-qo‘shiqlarning o‘rniga, u yoqdan-bu yoqqa g‘izillab o‘tayotgan mashinalarning ovozi quloqqa chalinadi.
Tahayyurimdagi tushunuksiz u-bu narsa inja tuyg‘ular va totli xotiralar bilan yo‘g‘rilgan ta’rifu tavsifga bo‘y bermas ro‘yolarga o‘xshab ketgandek bo‘ldi.
– Harholda... – deyman shunda, nafratimni ichimga yutib.
– Nima “har holda?” – deydi u kuydirilgan kalladay tirjayib.
– Harholda baholiqudrat yaratayotgan asarlarimizni hech kimsa o‘qimayotgan, ko‘rgazma zallari huvillab yotgan, san’atkorlar san’-atini bo‘m-bo‘sh o‘rindiqlar qarshisida ijro etishayotgan bir paytda ham ijodimiz mahsuli, yo‘q, yo‘q, men o‘zimni emas, balki shu ishning etagidan tutib nonini halollab yeyayotgan ijodkorlarni nazar tutyapman.
– Dadilroq, ha, bo‘sh kelma! – Meni o‘yib-o‘yib olardi “oshnam”.
– O‘sha sen “safsata” deyayotgan hikoyalar, aji-buji rasmlar, o‘sha sen satta tushunuksiz va ahmoqona hisoblayotgan kuy-qo‘shiqlar abadul-abad ma’naviyatimizning benazir mulki, insoniy qadriyatlarimizning yorqin timsoli bo‘lib qolaveradi.
– Menga aql o‘rgatyapsanmi? – tutaqib ketdi Sk’yassi. O‘zimni tutib turolmadim. Asablarim qaqshab, nimadir yoqamdan bo‘g‘a boshladi.
– Ha-ha! Balki sen buni g‘irt telbalik dersan, lekin san’at hamisha bizni hayvondan ajratib turuvchi mezon bo‘lib qolaveradi. Bu yerda uning samaradorligi yoki besamarligi muhim rol o‘ynamaydi. Ehtimol, adabiyot va san’at atom bombasi, sun’iy yo‘ldoshlar hamda olisga uchuvchi raketalardan anchayin besamardir. Ammo-lekin ro‘zi mashharda, ha, mana shu telbaliklarning bariga so‘nggi nuqta qo‘yiladigan kunda bani basharning haqir qurt-qumursqalardan mutlaqo farqi qolmaydi. Zotan qumursqa uyasi bilan eng zamonaviy texnika o‘rtasidagi masofa shunchalik qisqarib...
– Aytmoqchisanki, syurrealizm yo‘lida yozilgan o‘n qator she’rning misralari orasichalik ham...
– Ha, ha, bir qarashda bema’ni, g‘alati tuyuladigan, nari borsa besh misra she’rdan, demoqchisan-da... She’r yozish, agar bilsang, hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi, shunday ekan, sendaqalar she’riyatni qaerdan ham tushunsin! Balki poeziyani men ham teran anglab yetmasman. Modomiki...
Shunda “oshnam” zavq-shavqqa to‘lib kula boshladi, uzoq yoyilib kuldi, endi uning kulgisi beg‘araz, samimiy edi. Men bo‘lsam tahayyur barmog‘ini tishlab qolgandim.
U kiftimga salmoq bilan urib qo‘ydi.
– Nimani nazarda tutyapsan? – deyman g‘uldirab.
– Hech narsani, hech narsani, –deydi Sk’yassi.
Uning chuvak yuzlari botinidan taralayotgan savqi tabiiy nurdan yorishib ketgandek bo‘ldi. – Bundoq qarasam, suvga tushgan mushukka o‘xshab turibsan. Nima balo, hammasiga qo‘l siltab yuborganmisan deyman. Mendan yozg‘irib yubormagin tag‘in, seni shunchaki g‘aflatdan uyg‘otmoqchi edim, shu xolos.
To‘g‘risi, xuddi qaytadan tug‘ilgandek his qildim o‘zimni: menda anchayin erkin, baqadri imkon ishonch paydo bo‘ldi. Sigaretamni chekib tugatgunimcha Sk’yassi arvoh yanglig‘ yitib ketgandi.
 
Rus tilidan Ilhom Hafizov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 6-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.