OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Chingiz Aytmatov. Askar bola (hikoya)

U besh yoshlarida otasini birinchi marta kinoda ko‘rdi.
Bu voqea har yili sovxozning jun qirqimi o‘tkaziladigan o‘sha katta qocharida sodir bo‘lgan edi. Qochar shifer bilan yopilgan, u shundoqqina adirning etagida, yo‘l yoqasida joylashgan bo‘lib, uzoqdan oqarib ko‘rinib turardi.
Avvalbek bu yerga onasiga ergashib o‘ynab kelardi. Onasi, Jiyangul, sovxozning aloqa bo‘limida telefonistka edi. Har yili qirqim mavsumi boshlangach, u qirqim punktiga yordamchi bo‘lib ishga joylashardi. Buning uchun Jiyangul o‘zining otpuskasini va ekish, qo‘zilatish mavsumida kommutatorda kechayu kunduz ish vaqtidan tashqari ishlaganligi uchun beriladigan dam olish kunlarini ham olib, bu yerda ham qirqimning to oxirgi kunlarigacha tinim bilmay mehnat qilar edi. Jun qirqishga haq to‘lash ishbay asosida bo‘lib, yaxshigina daromad olish mumkin edi. Eri urushda o‘lgan bir bechora beva uchun har bir tiyinning o‘z o‘rni bor-da axir! Haliyam oila katta emas, ular nihoyati ikki jon: o‘zi-yu, bolasi. Baribir kattami-kichikmi, oila oila-da: oziq-ovqat, o‘tin-cho‘p, kiyim-kechak va yana allaqanday narsalar deganday, hammasini o‘z vaqtida g‘amlab qo‘yish kerak.
Tashlab ketadigan kishisi bo‘lmaganligi uchun Jiyangul o‘g‘lini ham o‘zi bilan birga ishga olib borardi. U esa bu yerda qirqimchilar va cho‘ponlarning o‘zi tengi kir-chir bosgan bolalari va pahmoq yungli cho‘pon iti bilan kuni bo‘yi chopqillab o‘ynagani-o‘ynagan edi.
Kunlarning birida Avvalbek qocharga ko‘chma kino kelganidan birinchi bo‘lib xabar topdi va boshqalarni ham kutilmagan bu quvonchli voqeadan xabardor qilishga oshiqdi:
— Kino keldi! Ko‘ryapsizlarmi, ana kino keldi!
Kino ishdan so‘ng, qorong‘i tushishi bilan boshlandi. Bungacha esa kutaverib uning toqati toq bo‘ldi. Ammo kino ham o‘ylaganidek urush haqida ekan. Qocharning to‘ridagi ikkala ustunga osilgan oppoq matoda shiddatli jang boshlanib ketdi, o‘q ovozlari gumburladi, vizillab osmonu falakka uchayotgan raketalar tun zulmatini yashindek yoritib, yer quchib yotgan razvedkachilarni aynan yoritar edi.
Raketalar ham tindi, razvedkachilar yana olg‘a tashlandi. Pulemyotchilar esa yarim tunda shunaqayam o‘q yog‘dirishardiki, vahimadan bolaning nafasi ichiga tushib ketdi. Ha, urush deb mana buni aytsa bo‘ladi!
U bilan onasi odamlarning ortida, jun solingan kandir qopning ustiga o‘tirib olishgandi. Bu yoqdan, yuqoridan yaxshi ko‘rinardi. Unga qolsa, albatta; shundoqqina ekranning yonginasida, sovxoz bolalari joylashgan birinchi qatorda o‘tirgani ma’qul edi. U bunga intilib ham ko‘rdi, ammo onasi uni ushlab qoldi:
— Bas qil, ertadan kechgacha yugurganing yugurgan, o‘tir yonimda,— dedi-da, uni tizzasiga olib o‘tirdi.
Kinoapparat lentani bir maromda yamlab-yutar, urush esa davom etardi. Odamlar uni churq etmay hayajon bilan tomosha qilishardi. Onasi ularni mo‘ljalga olib, yaqin kelayotgan tanklarni ko‘rib xo‘rsinib ketardi. Shunda ularning yonginasida o‘tirgan allaqanday bir ayol o‘zicha pichirlab qo‘ydi:
— E, xudo, nimalar bo‘lyapti, o‘z panohingda saqla!..
Bular Avvalbek uchun unchalik qo‘rqinchli emas, aksincha, ba’zida, ayniqsa fashistlar o‘qqa uchib, kunpayakun bo‘lgan paytlarda hatto zavqli edi. Biznikilar qulaganda esa, bola ularning yana turib, jangni davom ettirib ketishlariga katta umid bog‘lar edi.
Umuman olganda urushda kishilarning o‘qqa uchishlari o‘zgacha bir tomosha. Urush-urush o‘ynagan bolalarning ayni o‘zginasi, yugurib borayotib bunday yiqilishni uning o‘zi ham qoyillatadi. Ammo o‘ziga yarasha azobi ham bor-da, to‘g‘rimi, lat yeyishing mumkin, biroq hechqisi yo‘q, irg‘ib turasan-u, yana hujum boshlaysan, og‘riqni unutasan. Bular esa o‘rinlaridan turmay yiqilgan buyicha yerbag‘irlab qolishar ekan. Avvalbek o‘qqa uchishning o‘zgacha yo‘lini ham bilardi. Masalan, bolalardan birining qorniga o‘q tegdi deb faraz qilaylik. Shunda u darhol qulab tushmaydi, avvalo qornini g‘ijimlab ushlagancha bukchaya boshlaydi, so‘ngra qo‘lidan qurolini tushirib yuborib, sekin-asta o‘t ustiga ag‘anab tushadi. Oradan sal o‘tib, «men hali tirikman» deya yana jangga kirib ketadi. Bular esa yotgan bo‘yicha o‘rinlaridan turishmas ekan.
Kinoapparat lentani bir maromda yamlab-yutar, urush esa davom etardi. Endi ekranda artilleriyachilar paydo bo‘ldi. Ular qasir-qusur portlashlaru burqsib yotgan dud aralash olovli jang maydonlarini kechib, to‘plarni itarib-sudragancha yon-bag‘irlardan, o‘ydim-chuqurliklardan o‘tib tepalik sari tanklarni to‘g‘ri nishonga olib borar edi. Tepalik osmonni yarmisigacha to‘sib turardi. Ana shu cho‘zilib ketgan qiyaliklar orqali qora quyun, portlashlar aralash bir to‘da artilleriyachilar olg‘a tomon yopirilib borishardi. Ularning butun harakatlaridan, qiyofalaridan bolaning yuragi hapriqib, achishib, iftixor tuyg‘ulariga to‘lgancha allaqanday dahshatli hodisa yuz berishini kutar edi. To‘pchilar hammasi bo‘lib yetti kishi edi. Ulardan biri ko‘rinishidan ruslarga o‘xshamasdi. Ehtimol, onasi ishora qilmaganda, bola bunga e’tibor ham bermagan bo‘larmidi. Onasi unga:
—Ko‘ryapsanmi, bunisi sening otang,— deb shivirladi.
Shu daqiqadan boshlab o‘sha jangchi bolaning otasiga aylandi. Shundan boshlab butun film u haqda, bolaning otasi xususida hikoya qildi. Otasi uning ko‘ziga sovxoz yigitlari singari hali juda yosh ko‘rinardi; jussasi kichkina, kulcha yuzli, ko‘zlari esa o‘ynab turardi. Tutundan qorayib ketgan yuzida ko‘zlari g‘azab bilan yonardi, umuman, u turish-turmushi bilan arslonday pahlavon, chaqqon, shiddatli edi. Ana: u yelkasi bilan to‘p g‘ildiragini itarib borar ekan, pastga o‘girilib qaradi-da, kimgadir: «Qani tezroq shaylaning!» deya qichqirdi. Uning qichqirig‘i yangi portlash ovozlarini bosib ketdi.
— Oyi, bu mening otammi? — so‘radi Avvalbek onasidan.
— Nima deyapsan? — ona uning so‘zini darhol tushunmadi.— Tinchgina o‘tirib tomosha qil, ana, ko‘ryapsanmi?
— U sening otang, deb aytding-ku o‘zing.
— Ha, albatta, u sening otang. Ammo gapirmay o‘tir, boshqalarga xalal berma.
Qaerdan ham shu gapni ayta qoldi? Nega endi? Balkim shunchaki, o‘sha daqiqalarda o‘ylamasdan, tasodifan, ehtimol, hayajon aralash erini xotirlab shunday qilgandir. Bu tentak bola esa bunga ishonib o‘tiribdi: noma’lum va kutilmagan quvonchdan sarosimaga tushib, go‘yo jangchi otasi bilan uchrashganday faxrlanib, unga mehr qo‘yib, o‘zida yo‘q quvonib o‘tiribdi. Haqiqiy ota shunaqa bo‘ladi-da! Bu qahramon — uning otasi, ha, ayni o‘zginasi! Ba’zi bolalar uni otasi yo‘q deb masxara qilishar edi. Endi ular uning otasini ko‘rib qo‘yishsin, mayli, cho‘ponlar ham ko‘rishsin! Bu cho‘ponlar qishin-yozin tog‘u toshlarda kezib yurib, bolalarni ham durust tanimay ketganlar. Avvalbek qo‘ylarni qirqim punkti hovlisiga haydab kiritishga yordamlashar, cho‘pon itlari talashib urishib qolishsa, ularni haydab yuborar, cho‘ponlar esa turli xil savollarni yog‘diraverib bolani jon-holiga qo‘yishmas edi. Har qaysi cho‘pon, ular olamda nechtaki bo‘lsa, hammasi ham, albatta, shunday savol berishardi.
— Balli, balli, azamat, isming nima?
— Avvalbek.
— Kimning o‘g‘lisan?
— To‘xtasinning o‘g‘liman!
Cho‘ponlar gap kim haqida ketayotganligini darhol anglab yetishmasdi.
— To‘xtasinni? — egardan engashgancha ular qayta surishtira boshlashardi. — Shoshma-shoshma, bu qaysi To‘xtasin?
— Men To‘xtasinning o‘g‘li bo‘laman,— derdi bola yana qat’iy ravishda.
Onasi shunday amr etgandi unga, ojiz bo‘lib qolgan buvisi ham, otangni ismini unuta ko‘rmagin yana, deb uning qulog‘ini cho‘zib, adabini berardi. Juda badjahl edi...
— Ha-a, to‘xta, to‘xta, e, sen haligi pochta telefonida ishlaydigan juvonning o‘g‘limasmisan, shunday emasmi-a?
— Yo‘q, men To‘xtasinning o‘g‘liman! — davom etardi u yana o‘z so‘zida qat’iy turib. Shunda cho‘ponlar gap kim haqida borayotganligini fahmlay boshlardilar.
— Darvoqe, sen To‘xtasinning o‘g‘lisan! Barakalla, o‘g‘lim! Shunchaki biz seni ko‘rmoqchi bo‘ldik. Ko‘nglingga olma, yigit, yil bo‘yi tirikchiligimiz tog‘da o‘tadi, sizlar esa bu yerda o‘sib-unayapsizlar, bola-chaqalarni ham tanimay qolyapmiz.
Endi ular uzoq vaqt uning otasini o‘zaro xotirlab yuradilar. U frontga juda yosh ketgan edi, shu boisdan ham ko‘pchilik uni yaxshi eslay olmasdi. Haliyam, xayriyatki, undan yodgorlik qolibdi. Qanchalab yigitlar frontga bo‘ydoq holda ketgandi, endi ularning nomi farzandlarida abadiylashtirilmay qoldi!
Mana endi onasi bolaga: «Ko‘ryapsanmi, bunisi sening otang» deb qulog‘iga shivirlagan lahzalardan boshlab ekrandagi jangchi uning otasi bo‘lib qoldi. Bola uni beixtiyor o‘z otasiday his etib, qalbiga muhrlab olgandi. Jangchi, chindan ham, nimasi bilandir otasining armiyada tushgan suratiga, pilotkadagi yosh askarga juda-juda o‘xshab ketardi. Ular bu suratni keyinchalik kattalashtirib, ramkaga solib osib qo‘yishadi...
Shu damda Avvalbek otasiga mehribon o‘g‘il nigohi bilan nazar tashlardi; uning nozik qalbini hali boshidan kechmagan allaqanday qaynoq, muqaddas bir tuyg‘u, bolalarga xos mehr va quvonch chulg‘ab olgan edi. Otasi ekranda go‘yo o‘zini o‘g‘li kuzatib turganligini sezganday, go‘yo o‘zining kinodagi bir lahzalik hayotini, o‘tgan urushda qahramonlik ko‘rsatgan jangchini umr bo‘yi eslab qolishini va u bilan mangu faxrlanib yurishni istayotgandek edi. Shu daqiqalardan boshlab urush bolakay uchun tomosha maydonidan haqiqiy urush maydoniga aylandi, odamlarning o‘qqa uchib qulashlari ham uning uchun kulguli bo‘lmay qoldi. Urush qizigandan-qizib, tobora dahshatli tus olib borardi. Bola esa eng yaqin kishisi uchun, endigina topgan qadrdon kishisi uchun birinchi bor qo‘rqish hissini tuymoqda edi.
Kinoapparat charxi shirillab aylanar, urush esa davom etardi, Oldinda hujumga o‘tgan tanklar ko‘zga tashlandi. Ular g‘ildiraklari bilan yerni tilkalab, dahshat solib, millarini burgancha yo‘l-yo‘lakay o‘q uzib borishardi. Bizning artilleriyachilarimiz esa shu payt holdan toyib, qurol-aslahalarini yuqoriga sudrab chiqay deb qolgan edilar. «Tezroq, tezroq bo‘ling, otajon! Tanklar kelyapti, tanklar!» deya otasini shoshirardi bola. Nihoyat ular to‘plarni tepalikka chiqarib olgach, yong‘och butalari orasiga joylashib, tanklarga qarshi o‘q yog‘dira boshladilar. Tanklar ham ularga qarshi o‘t ochdi. Ular ko‘pchilik edi. Dahshatdan bolaning yuragi hapriqib ketdi.
Go‘yo otasi bilan birga uning o‘zi ham olatasir otishmalar ichida yurganday tuyulardi. Avvalbek tanklar qop-qora tutun ichida yonayotganda g‘ildiraklaridan zanjirlari otilib chiqib ketganda va raqiblar bir-biriga o‘chakishib dahshat, adovat bilan kalla qilayotganlarida, onasining tizzasidan sakrab turib ketardi. Bizning jangchilarimiz zambaraklar yonida o‘qqa uchib qulayotganlarida u jim bo‘lib, kesakdek qotib qoldi. Ular endi dam sayin kamayib borayotgan edi. Onasi yum-yum yig‘lardi, uning yuzi qizib, ko‘z yoshlaridan jiqqa ho‘l bo‘lib ketgan edi.
Kinoapparat bir maromda tirillab, lentani yamlab yutar, jang esa davom etib, qizigandan-qizib borar edi. Tanklar tobora yaqinlashib kelardi. Otasi to‘p o‘rnatilgan stanokka engashib, dala telefoni trubkasiga jon-jahdi bilan baqirgancha nimanidir aytayotgan edi, biroq suronli otishmalar ichida biron narsani ilg‘ab olish mumkin emas edi. Mana, jangchilardan yana biri zambarak yoniga qulab tushdi: u ingragancha turishga harakat qilib ko‘rdi, biroq turtinib yana yiqildi. Uning qonidan yer qorayib qoldi. Nihoyat, ulardan ikki kishi — otasi va bir jangchi qoldi, xolos. Ular yana bir bor, so‘ngra qatorasiga ikki bor o‘q uzdilar. Ammo tanklar yopirilib kelardi. Mana, zambarakning yonginasida yana bir snaryad yorildi. Chaqin va zulmat. Bu gal yerdan faqat bir kishi, Avvalbekning otasi bosh ko‘tardi, xolos. U gandiraklaganicha yana zambarak sari tashlandi. O‘zi o‘qlab, o‘zi mo‘ljalga oldi. Bu — u otgan so‘nggi o‘q edi.
Yana ekranni portlash manzarasi qoplab oldi. Bu safargi chiyillab uchib kelgan snaryad otasining zambaragini bir chekkaga uloqtirib tashladi. Biroq hali uning o‘zi tirik edi. U garangsib, yotgan yeridan arang turib, kuyib, ilma-teshik bo‘lib ketgan ust-boshda, qo‘lida granatasi bilan yaqinlashib qelayotgan tankka qarshi chiqdi. U hech narsani ko‘rmas va eshitmasdi. Nihoyat, so‘nggi kuchini to‘pladi.
— To‘xta, o‘tish mumkin emas! — dedi u va granatani otishga hozirlab, qo‘lini ko‘targancha, alam va nafrat aralash aftini burushtirib, bir lahza turib qoldi.
Ona o‘g‘lining qo‘lini shu daraja siqib ushlagan ediki, sal bo‘lmasa u ingrab yuboray derdi. Shunda Avvalbek onasi qo‘lidan sitilib chiqib, otasiga tashlanmoqchi bo‘lgan ham ediki, tank pulemyotidan o‘q yog‘dira boshladi, otasi esa kesilgan daraxt singari qulab tushdi. U yerda ag‘nagancha turishga harakat qildi va qo‘llarini keng yozib, yana chalqanchasiga yiqilib tushdi...
Kinoapparat birdan jimib qoldi, urush to‘xtadi. Filmning birinchi qismi tugagan edi. Kinochi lentani joylashtirish uchun chiroqni yoqdi.
Qocharda chiroq yoqilishi bilan hamma ko‘zlarini qisib, kipriklarini pirpiratib kino olamidan, urush dahshatlaridan xoli bo‘lib, yana odatdagi o‘z holatlariga qaytdilar. Shu payt bola yung solingan qop ustidan sirg‘alib tushib, quvonchi ichiga sig‘may:
— Bolalar, bu mening otam! Ko‘ryapsizlarmi? Mening otamni o‘ldirishdi!!! — deya qichqira boshladi.
Hech kim buni kutmagan va nima sodir bo‘lganini hech kim anglab yetmagandi. Avvalbek esa tantanali ovozda qichqirgancha birinchi qatorda, ekran qarshisida o‘tirgan tengqur do‘stlari sari chopib borardi, ularning fikrini bilish bola uchun judajuda muhim edi. Qocharda allaqanday noqulay bir jimjitlik hukm surardi. Ilgari o‘z otasini biron marta ham ko‘rmagan bu murg‘ak bola qalbidagi behuda, aldamchi quvonch mazmuni hali odamlar qalbiga yetib borgancha yo‘q edi. Hech kim hech narsani tushunmasdi, hamma sarosimada, yelka qisib sukut saqlardi. Kinomexanik lenta solingan tunuka qutichani qo‘lidan tushirib yubordi. U ikki pallaga bo‘linib, jaranglagancha g‘ildirab ketdi. Biroq bunga ham hech kim e’tibor qilmadi, kinomexanikning o‘zi ham uni yerdan ko‘tarib olishga oshiqmasdi. Halok bo‘lgan jangchining o‘g‘li esa hamon o‘zinikidan qolmasdi:
— O‘zlaring ko‘rdilaring-ku, u mening otam!... Uni o‘ldirishdi!—der edi bola odamlar qanchalik sukut saqlab turganini ko‘rib, shunchalik hovliqqancha, hayajonlangan holda. Nega ular Avvalbek singari uning otasi uchun quvonib faxrlanmaydilar?!
Kattalardan kimdir norozi ovozda:
— He, tentak bola, bunday gapni zinhor gapira ko‘rma! — dedi.
Ammo boshqasi unga e’tiroz bildirdi:
— Nega axir? Uning otasi urushda halok bo‘lgani yolg‘onmi?
Shunda qo‘shnining o‘g‘ilchasi, dabdurustdan unga bor haqiqatni aytishga jazm qildi:
— E, bu sening otang emas. Nega muncha qichqirasan? Sening otang emas, u artist-ku, ishonmasang anavi kinomexanik amakidan so‘rab ko‘r.
Kattalar bolakayni uning qayg‘uli va ajoyib xom xayolidan mahrum etishni istashmadi. Ular kinomexanik voqea qanday sodir bo‘lgan bo‘lsa, hammasini bemalol aytib berishiga umid qilishardi. Hammalari unga o‘girilib qarashdi. Biroq u ish bilan juda band odamday, apparatga tikilgancha ko‘zini uzmay turardi.
— Yo‘q, u mening otam bo‘ladi, mening otam! — deya tinchimasdi bola bechora.
— Qaysisi sening otang? — deya yana bahslasha boshladi haligi qo‘shnining o‘g‘li.
— U tankni o‘qqa tutdi-ku! Nahotki sen uni ko‘rmagan bo‘lsang? U mana bunday qilib yiqilib tushdi-ku!..
Bola o‘zini yerga otib, otasi qay tarzda yiqilganligini dumalab ko‘rsatdi. U qo‘llarini keng yozgancha ekran qarshisida yotib oldi.
Tomoshabinlar beixtiyor kulib yuborishdi. Bola esa kulmasdi, o‘lganga o‘xshab cho‘zilib yotardi. Yana noqulay vaziyat yuzaga kelgandi.
— Bu nimasi, qayoqqa qarayapsan, Jiyangul? — dedi keksa bir cho‘pon ayol. Va hamma beixtiyor Jiyangulning ko‘zlarida yosh, qayg‘u-alam aralash, motamsaro jiddiy qiyofada bolasi tomon borayotganini payqadi.
U bolani yerdan ko‘tarib oldi.
— Yur, bolam, yuraqol. U sening otang, — dedi Jiyangul ohistagina shivirlab va o‘zi bilan birga bolani qochardan olib chiqib ketdi.
Oy ko‘kka bo‘y cho‘zgan edi. Tiniq moviy tun qa’rida tog‘ cho‘qqilari oqarib ko‘rinardi, pastda esa girdob singari bepoyon dashtlik yastanib yotardi...
Faqat endigina, hayotida birinchi bor bola judolik dardini qalbdan tushunib yetgandi. Uni nogahon urushda halok bo‘lgan otaning chidab bo‘lmas g‘am-anduhi chulg‘ab olgan edi. U birdan onasini quchib, alamdan dod solib yig‘lagisi keldi va onasining ham o‘ziga qo‘shilib yig‘lashiga umidlandi. Biroq ona o‘zini bardam tutib turardi. Bola ham mushtchalarini qattiq qisib, ko‘z yoshlarini ichiga yutgan holda yig‘idan tindi.
Xuddi mana shu daqiqalarda allaqachonlar urushda halok bo‘lgan ota bolaning qalbidan mangu joy oldi, ammo buni bolaning o‘zi ham bilmas edi.

Asil Rashidov tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnali, 1990 yil, 1-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.