OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Chingiz Aytmatov. Hayot-mamot (hikoya)

Qon sachramagan faqat 
quyosh qoladi va tulpor 
chavandozsiz chopib boradi. 
Lo‘li ayolning folidan.


I

Samolyotni pastdan to‘plar shiddatli olov purkayotgan zonadan olib chiqar ekan, uchuvchi otishma joyidan keragicha uzoqlasha olganiga ishonch hosil qilish uchun pastga nazar soldi, - pastdagi xo‘rpayib yastangan oqimtir-yashil o‘rmon aylanayotgan samolyot bilan birga go‘yo qiyshayib, og‘ib borar, hozir to‘nkarilib qandaydir tubsizlik qa’riga tushib ketadiganday edi.  Keyingi daqiqada qiruvchi samolyot parvozda rostlanib oldi va o‘rmon ham go‘yo birdaniga o‘zining muqim o‘rniga qaytdi, olisdagi g‘uborli ufq bilan qo‘shilishdi. Olam o‘zining azaliy ko‘rinishiga ega bo‘ldi. Uchuvchi o‘ziga kelib ulgurib-ulgurmay, samolyot qarshisida nimadir kutilmaganda va shu qadar daf’atan paydo bo‘ldiki, uchuvchi havoda nimaga yuzma-yuz kelganini anglashga ham ulgurolmadi, - qandaydir shakl-shamoyilsiz yuk tirik tanasining butun zalvori bilan samolyotga og‘ir urildi. Zarbadan samolyot keskin silkindi va uchuvchining ko‘z oldi bir lahzaga qora tortdi... 

Bu dovdirab uchib borayotgan, go‘yo uchayotib ko‘zlari qamashgan, ko‘r bo‘lgan qushlarning katta to‘dasi edi... 

Uchuvchini qaynoq ter bosdi. Boshqaruvni yo‘qotib qo‘ymaslik uchun uchoqni zo‘rg‘a o‘z izmida ushlab qolgan uchuvchi qushlar bilan urilganda kabina oynalariga mijig‘lanib ketgan qonli go‘sht parchalarini ko‘rib, ko‘ngli ayniganidan behol u yon-bu yon o‘girildi. 

Qushlar kuz kelishini ham kutmasdan bu o‘lkalarni birinchi bo‘lib tark eta boshladilar. Ular jazirama yozning avj pallasida gala-gala bo‘lib yoki alohida-alohida, kechasi ham, kunduzi ham uchib ketayotgandilar, hali bola ochib chiqmagan tuxumlarini ham tashlab borardilar, qotib ulgurmagan bo‘yinlarini zo‘rg‘a cho‘zib yolvorayotgan, chumdukdan ovqatlanadigan polaponlariniga ham qaramay uchib ketayotgan edilar. Hammadan keyin hatto botqoqlik ukkilari ham gumdon bo‘lishdi, tunlari ularning quv-quvlashi eshitilmay qoldi... 

Jonivorlar tum-taraqay bo‘ldi... 

To‘rt tomonda achchiq-achimsiq tutunini uzoq-uzoqlarga taratib o‘rmonlar ayovsiz yonardi, asriy o‘rmon qaro yerga qulardi – ulkan qayinlar bo‘ronda qolgandek qasirlab yiqilardi. Zambaraklar va minalarning betinim zarbasidan, samodan tashlanayotgan bombalardan, tanklar hujumidan, tanklarga otilayotgan o‘qlardan qaynab ketgan zamin portlashlardan to‘lg‘ona-to‘lg‘ona titrab qaqshardi... Portlashlardan tilka-pora bo‘lgan soylar qirg‘oqlaridan tisarilib, o‘zanidan o‘ngu-so‘lga qayrilib oqar, jarlik va chuqarlarni suvga botirardi. Tanklardan biri, o‘z-o‘ziga qasd qilganday, dala o‘rtasida o‘qotar tumshug‘ini keskin osmonga ko‘targancha suv to‘la jarga manguga botdi... 

Va bularning bari muqarrar ravishda har kuni yuz berardi va uni to‘xtatishning iloji yo‘q edi, sababi bu joyda, zobitlar tili bilan aytganda, frontlar jangi borardi. Front frontga tashlanib yotardi. Har bir tomondan tegishlicha g‘anim mudofaasini yorib o‘tish, keskin hujum uyushtirish, dushmanni yon-veridan va ortidan turib zabt etish, tirik kuchlarini bartaraf qilish talab etilardi. Va har bir tomon birinchi bo‘lib yorib o‘tishni, birinchi bo‘lib hujum uyushtirishni o‘zining muqarrar vazifasi deb bilardi... 

Ammo bu maqsadni amalga oshirish hozirgacha hech kimning qo‘lidan kelmayotgandi. Va hali-hanuz pozitsiyaviy urush borardi, kun o‘tardi – tun o‘tardi, kun o‘tardi – tun o‘tardi... 

Vaqt esa o‘z azaliy ravishi bilan o‘tib borardi. Harbiy teatr deb ataladigan bu makonda kuzgacha ham na kunduzi, na kechasi, na yomg‘ir ostida, na do‘l ostida o‘qotar zambaraklar va miltiqlar ovozi tinmadi... O‘sha yili qushlar ham qaytib o‘z inlariga kelib qo‘nmadilar, oyoqosti bo‘lgan maysalar gullamadilar, urug‘lanolmadilar.

Ayni paytda bir-birini o‘zaro parchalab tashlash uchun qarama-qarshi turgan fronlar qoshidagi shtablar shoshilinch tarzda yangi-yangi tezkor rejalarni ishlab chiqardilar, yo‘qotishlar, o‘lganlar va jarohatlanganlarning soni haqidagi maxfiy rejalarni jo‘natardilar,  bu shtab ham u shtab ham bir ovozdan aynan bir narsani -  zarba salohatidani oshirish kerakligini -   isbotlash harakatida edilar va shuning uchun bir xil tarzda o‘zlarining Oliy qo‘mondonlaridan yana va yana qo‘shimcha tirik kuchlarni, yangi texnikalarni, qurol-aslahalarni jo‘natishni so‘rardilar: bir tomon buni hayot uchun zarur bo‘ladigan yangi kengliklarni zabt etish uchun so‘rardi, ikkinchi tomon ana shu kengliklarni mudofaa qilish uchun kuch so‘rardi. Nima bo‘lmasin, u tomonga ham va bu tomonga ham zahira kuchlar yetkazilar, kuchlar jangda yana ado bo‘laryava yana yangi kuchlar kelardi...
 
Ayni vaqtda urush qontalash qilgan yoz ham tugab borar, jang qilayotgan har ikala tomon uchun ham tayyorgarlikning so‘nggi muddatlari, so‘ngi chegaralari kechayotgandi, endi yorib o‘tish lozim edi, zamin o‘zra tizginsiz kuch yoyilishi – hujum taloto‘pi bosishi kerak edi... 

Bu qonga qorishgan sahnaga, qon sachramagan faqat ko‘kda quyoshgina qolgan taloto‘pga, qushlar ham tark etgan bo‘ o‘lkalarga taqdir o‘sha zamonlar ko‘plab odamlarni izillatib haydab kelar ediki, go‘yo bu odamlar, ehtimol, aynan ana shu qismatlarni hal qilayotgan xodisa uchun, shu yilning shu kunida shu joyda bo‘lish uchun qachonlardir dunyoga kelganday edilar.   

Shunday odamlarning biri o‘zi bilmagan holda shu yoqqa kelardi. Volgabo‘yidagi jazirama Oldosiyodan, ya’ni Saratov shahridan yo‘lga chiqqan harbiy eshelonda kelardi u. Eshelondagilarning hammasi urushga ketayotganliklarini tushunishardi, albatta, ammo aynan qayoqqa – qaysi frontga, jabhaning qaysi qismiga - ketayotganliklarini  bilmasdilar, buni faqat yuqori qo‘mondonlik bilishi mumkin, askarning ishi – qayga haydasalar, o‘sha yoqqa...  Shivir-shivirlarga qaraganda, yo‘nalish Moskov tomonga olingan va undan naryog‘i ayon – front. Aslida ham shunday bo‘lib chiqdi. Shunday harakatlanish bo‘lishini oldindan aytib berish unchalik qiyin emasdi. 

Saratovdan kunbotarda jo‘nab chiqishdi, nafasni siqadigan tunni o‘tkazganlaridan so‘ng, jaziramasi kuydirgan, yoz bo‘yi jonga tekkan volgabo‘yi sahrolari ortda qolib, goh yaqindan, goh temir yo‘llarning tutashgan yerlaridan yaylovlar va yam-yashil o‘rmonlar ko‘zga tashlana boshladi, qarab to‘ymaysan – xuddi qadimgi suratlarning o‘zginasi. Askarlar va o‘qotar qurollar bilan tirband bo‘lgan issiq xonalarning ochiq eshiklaridan salqin shabada ham sezilarli esa boshladi. Endi o‘rmonlar yaqinlashib kelardi. 

- Qara – naqadar go‘zal o‘rmonlar! Rossiya ko‘rinmoqda, onajonimiz-Rossiya! – askarlar go‘yo o‘zlari rossiyalik emasday, qaysidir uzoq yerlardan kirib kelayotganday bir-birlariga so‘z qotishardi. 

Askarlar orasida bittasi juda ham yosh edi, ko‘rinishidan bo‘sh-bayov tuyular, askarlik kiyimi xuddi otasinikini kiyib olgan o‘smirdagiday osilib turardi, - Sergey Vorontsov yoki, uni vzvoda atashganiday, - Sergiy, ruhoniy, ya’ni Sergiy ota. Aytish kerakki, yigitcha bir marta Xudoni tilga olgandi, Xudo – bu sig‘iniladigan sanam emas, u – xodisa, deganday bo‘luvdi, xodisa nima-yu, uning sharhi holi qandayligi haqridagi yigitning gapini hech kim tushunmadi, ammo yigitchani cherkovchasiga – Sergiy hamda ruhoniy deb atay boshlashlariga shuning o‘zi yetarli bo‘ldi. Askarlar o‘z qochirimlaridan o‘zlari zavqlanardilar – yigitchaning yoshi bor-yo‘g‘i o‘n to‘qqizda edi. Bu mahmadananing ustidan kulib olishsa, nima bo‘pti?! Uning o‘zi ham bunga xafa bo‘lmasdi. Bu Sergiy soatlab vagon eshiklari oldida, ko‘ndalang dastakka suyangancha turar, yo‘lakda hammadan ham ko‘p o‘ralashib yurardi. Boshqalar qarta o‘ynashar, kimdadir vokzaldagi kechagi kuzatuvlardan qolgan ichkilik ham saqlanib qolgan ekan, odatdagiday, yo‘ldagi majburiy bekorchilikdan zerikkan yo‘lchilar harakatning shovqini va taqa-tuqi ohangida har xil olatasir suhbatlar qurishardi, boshqalar qo‘shiq aytishar – yo‘lning maromida o‘z ovozlariga quloq tutishardi, uni, Sergiyni, tinimsiz eshik o‘ziga chorlar, yo‘lda yuz ko‘rsatib o‘tayotgan yangi manzillarni  ko‘rgisi kelardi. U hammadan ko‘proq tashqariga boqar, bolalarcha qiziqsinardi – bu azaliy rus yerlariga Sergiy ilk bor kelayotgandi, to‘g‘ri, uning maktabni bitirgach, Moskovga o‘qishga borish orzusi bor edi, ammo endi bu orzular barham topdi, poezd uni urushga tomon olib borardi. Hozircha hayot eshelonda, taqa-tuq harakatda, temir choynikni ko‘targancha bekatlarda issiq suv izlab chopishlarda, askarlik nasibasini chaynash-yutishlarda, alqissa, Volga bo‘yidagi harbiy lagerdagi uch oylik mashqlardan so‘ng yo‘l taassurotlarini yangilashlarda kechardi. Har gal, g‘ayriodatiy, avval ko‘rilmagan, ko‘pincha boshqa uncha-munchani ko‘rganlar uchun e’tiborga arzimas bo‘lsa-da, Sergiyga ajabtovur tuyuladigan nimadir ko‘ringanda, u yonida turganlardan birining yengidan tortib, turtkilardi: ana, uni qara-ya! Qarashsa, qandaydir temir yo‘lga egilgan, kesib tashlash kerak bo‘lgan daraxt, qamishlar orasidagi sokin ko‘l bo‘lardi, yoki, ana, qandaydir devona nima uchundir sigirni minib borardi – ajabo, chavondoz bo‘lib ket-a, bu tomonda zavod yaqinidagi dalada osmonga bo‘y cho‘zgan quvurdan olov mash’ala bo‘lib osmonga o‘rlab turibdi. Sergiy bularning barini tushuntirardi, hikoya qilardi, osmonga o‘rlayotgan mash’ala o‘z-o‘zicha yonib turibdi, bu ortiqcha gazni chiqarib yuborish uchun zarur; otasi ishlagan yerda, neft qazib chiqaradigan quduqda ham xuddi shunday mash’alali quvur bo‘lardi. Zim-ziyo qish tunlarida, qor yog‘ayotganda u juda chiroyli ko‘rinardi – yuqorida mash’ala yonar, qor uchqunlari olov bilan o‘ynashib aylanishar, tirik olov go‘yo osmonga intilardi. Yangi yilda, ba’zi-ba’zida, onasi va singillari bilan mash’alani ko‘rgani borishardi, bir-birlarining qo‘llarini ushlagancha, g‘irchillatib qorni bosib yurishardi. Uyga qaytganlarida, xonadonning issig‘i, tafti jonga boshqacha orom baxsh etardi, bolalar she’rlar o‘qishardi, onasi shirinliklar pishirib berardi, otasi – korxonaning talabchan hisobchisi – u ham quvnardi. Bu ruhoniy bola g‘alati-ya, tushunmaydi, boshqalar uning ustidan kulishardi – she’rlar, shirinliklarni gapiradi-ya... Axir bu hardamxayol frontga ketyapti!

Tutash bekatlarning biridan o‘tarkan, poezd bir qadar sekin harkatlanayotgandi; g‘ira-shira qorong‘ulik tusha boshlagandi, Sergiy hammaning diqqatini bomba tushib kuygan, va, ehtimol, shuning uchun zahira yo‘lga o‘tkazib qo‘yilgan sostavga qaratdi, uning parovozi majaqlanib ketgan va vagonlari vayrona, shikastlangan edi. Hech kim biror so‘z demadi, ammo, albatta, har kim bu poezdga qay tarzda bomba yog‘ilgani, poezd o‘t ichida qolgani, fashistlarning uchoqlari quzg‘unday yog‘ilgani, oqibatda vagonlarda nimalar bo‘lganini o‘zicha tasavvur qildi. Qancha odam o‘lgan, qanchasi pastga sakragan, yana qanchasi jizg‘anak bo‘lib yongan ekan? Bu urushning ular duch kelgan dastlabki belgisi edi. Qabristondagiday jimgina uchrashdilar va qorong‘ulikda sokingina tarqaldilar. Ko‘pchilik askarlar maxorkali sigaretalarini tutgancha, og‘ir sukutga botdilar.

Biroq yo‘lda bir qiziqarli voqea ham yuz berdi, Sergiy yana kimningdir yengidan tortib, gap qotganda, hamma qahqaha urib kuldi:

- Qara! Ko‘ryapsinmi, bu yerda quduqlar qanaqa chiroyli, anavi usti yopiq quduqqa qara, o‘ymakor naqshlar bilan bezalgan, bo‘yoq berilgan! Naqadar go‘zal-a!

Uning bu gapini qitmirona kinoyalar bilan qarshilashdi:

- Sen quduqqa qarama, naqshli-bezakli emish! Urushga ketyapsan, axir. Sen anavi quduqdan suv olayotgan jononga qara. Qara, oftobda qoraygan, maykasini, o‘zini aytmaysanmi, orqasidan bir qara! Sen quduqni gapirasan-a! Eh, rohibbachcha, sening o‘rningda bo‘lganimda, hozir eshelonda sakrab tushardim, qochoqlikda ayblashlaridan qo‘rqaman-da!

Gurros kulgu ko‘tarlidi.

Aytish kerakki, aslida ham uning shundoqligini –landovurligi, mo‘min-qobilligi, bolafe’lligini odamlar tezda tanib olishdi, - xudo bo‘ydan siqmagan bo‘lsa-da, qarash kerak bo‘lmagan tomonga qaraydi, qomati ham kelishgan, yelkalari ham kengishgina, fikrlashi ham joyida, to‘g‘ri, Sergiy ko‘p tomondan hali o‘smirligi, uyatchanu hijolatpazligi ham rost. Sergiyning o‘zi ham gohi-gohida bu haqda qisinib o‘ylaydi, tortinchoqlikni tezda unutib, birdaniga dadillashgan, boshqa ishlarini aytmaganda ham, ayollar bilan tezda til topishib ketadigan o‘rtoqlariga qarab havas qiladi. U-chi! Sal-pal sevgi ishorasi bilan bir voqea bo‘luvdi, mana, u ham noqulay bir tarzda tugadi.

Mana, kecha vokzalda, poezdga o‘tirishda ham g‘alati voqea yuz berdi, balkim bu qiziqdir, balkim qiziqmasdir... Butun yo‘l davomida miyaga o‘rnashib olgan, ketay demaydi. Hammasiga shu narsa sababki, odamlar uning shunaqaligini, soddaligini, dandovurligini darov bilib olishadi, vassalom...
 
Gap shundaki, ularning qismi jo‘nashi kerakligini kutilmaganda, shoshilinch, tong-saharda e’lon qilishdi. Nega bu qadar shoshilinch jo‘nash kerakligini aytish qiyin, ammo buyruq shunaqa bo‘ldi. Urush davom etayotgandi va bu izoh bilan hamma narsani tushuntirish mumkin edi. Buyruq baribir buyruq-da. Shoshilinch tarzda jo‘nash taraddudi ko‘rildi. Askarlar tezda shahar tevaragidagi lagerdan rota-rota bo‘lib,  piyoda yo‘lga chiqishdi va Saratovning cheka ko‘chalari orqali stantsiyaga qarab yo‘l olishdi. Jo‘nayotganlarning ko‘pchiligi asli armiyaga chaqirilgan saratovliklar edi. Ko‘chalardan o‘tarkanlar, ularning ba’zilari o‘zlari  yashagan yotoqxona va uylarning derazalari yonidan, kechagina o‘zlari ishlagan fa’rikalarning darvozalari oldidan o‘tib borardilar. Bu yerdan qanday qilib jigina o‘tishlari mumkin? Hamma voqea shu tufayli yuz berdi. Albatta, hech Kim safdan ajralib chiqishni istamasdi, komandirlar ham bunga yo‘l qo‘ymasdilar, ammo qarindoshlari Bilan xayrlashib qolish maqsadida yoz bo‘lgani uchun lang ochib qo‘yilgan derazalarga qarab baqirganlar ham bo‘ldi. Yoki yo‘lovchilarni chaqirib, salom aytib qo‘yishlarini tayinlashardi. Hovli changitib yurgan bolalar ham har tomondan to‘planib, bir-biriga navbat bermay, chug‘urlashib kelishardi: «Askarlar ketishyapti! Qizil askarlar urushga ketishyapti!" Bu yoqda ayllar – xotin-xalajlar, opa-singillar, qo‘ni-qo‘shnilar! Ularning hammasi, go‘yo shu kunni kutib turganday, qay alfozda bo‘lsadlar, shundayligicha ko‘chaga yugurganlar – kimdir yupqa kalishda, boshqasi butkul yalangoyoq yugurardi, sakrardi, kimdir, soch yuvib turgan, shekilli, boshiga ho‘l sochiqni yopgancha yo‘lga chiqqan, birov g‘ijim kuylakda askarlarga ergashib borardi. Ular safga tizilib borayotgan, etiklari bilan qasirlatib yer tepib borayotgan Askar bilan hamqadamlikda chopar, urushga ketayotgan yigitlarga yo‘l oldidan safarlari bexatar bo‘lishini tilashardi, ularni Xudoning o‘ziga topshirishardi; go‘yo bu askarlarning barchasi shu soatda bu ayollar uchun qondosh, aziz bo‘lib qolgandi; ular yugurishar va birin-ketin, tinmay askarlarga tezroq g‘alaba bilan uyga, Saratovga, Volga bo‘yiga, jonajon yurtlariga qaytishlari zarurligini eslatishardi, bitta sho‘ring qurgur beva yig‘lar va: «Stalinga shon-sharaflar! Stalinga shon-sharaflar!», - deya qichqirib borardi. Keyin, stantsiyaga yaqinlashgan sari ayollar izillay boshlashdi, ayriliq oldidan o‘zlari haqida, o‘z fojialari va taqdilari haqida, sho‘rlari quriyotgani haqida eslab qolishdi, zero, ular frontga, ehtimol, abadiy ayriliq sari ketayotgan erlari, farzandlari uchun dod solasalar arzirdi, chunki ularning bundan keyingi hayotlari endi batamom urushga qurbonlikka keltirilayotgan edi, ular endi muqarrar ravishda umrlari oxirigacha beva bo‘lib qolayotgan edilar...

- Qani, yetar, ayollar, baqirishni bas qilinglar! Harakatga xalaqit bermanglar! Tarqalinglar!

Ammo hech bir iltimoslar va qo‘mondonlarning jiddiy buyruqlari ham ularga ta’sir etmasdi.  Ular shu taxlit yurib borishardi – askarlar safda va ularning yon-atrofida shoshilib yugurayotgan Xotin-xalajlar va bolalar, ular Saratovning egri-qiyshiq qirg‘oqbo‘yi ko‘chalaridan goh yuqori ko‘tarilib, goh quyi enib borishardi.  Qadam-baqadam Volgadan uzoqlashib borardilar... 

Sergiy ayrilish bu qadar og‘ir bo‘ladi, deb hech o‘ylamagandi, u umirida birinchi marta odamlar ko‘z o‘ngida xayrlashayotgandi. Garchand yonida borayotgan askarlar singari o‘zini dadil tutishga urinsa-da, ich-eti ezilardi, shunga qaramay, ko‘zi tushgan har bir odamga jilmayib qarashga harakat qilar, hech qisi yo‘q, uddalaymiz, deganday qo‘l silkitardi. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas! O‘zi esa ich-ichidan kuyunardi, axir yaqinlari bilan xayrlasha olmadi – ota-onasi keksayib qolgan edilar, Sergiy ularning kenja farzandlari edi. Katta opasi Qozog‘istonda, Xitoy chegarasidagi qandadir chegarachilar qo‘nalg‘asida yashardi, kichik singlisi – Veronika shu yerda, Saratovda yashar, Eri frontga ketgan, tirikmi-yo‘qmi – noma’lum, Veronikaning yoshgina bolasi bor, o‘zi ishga ketadi, go‘dakka oxirgi paytlarda birdan munkillab qolgan onasi qaraydi, otasi – butun umri davomida volgabo‘yidagi neft’ qazib chiqaruvchi korxonalarda idora xodimi bo‘lib ishlagan Nikolay Ivanovich Vorontsov – o‘sha kunlari anchadan beri betob bo‘lib, kasalxonada yotgan edi. Bularning barchasi haqida Veronika shahar tashqarisidagi askarlarga harbiy burchni ado qilishga doir saboq berilayotgan lagerga, Sergiy xizmat qilayotgan harbiy qismning dala pochtasiga yozgan edi.  Hatto yaqin qarindoshlarga ham lagerga tashrif buyurishga ruxsat etilmas edi, shuning uchun Veronika o‘z maktublarida boshlariga tushgan hamma tashvishlarni yozar, hamma yerga – ishga, uyga va ksalxonaga ulgurish tobora qiyinlashayotganini yozardi. Veronika hamisha ko‘ngilchan qiz bo‘lgan, u hamma narsadan xabardor, hamma uchun kuyunardi. U singlisini ochiq chehraligi, haqgo‘yligi, hamma narsani boricha yozishi uchun ham yaxshi ko‘rardi. Biroq Sergiy singlisining so‘ngi xatiga javob bermadi, qachondir javob berish-bermasligini ham bilmaydi, xat unga juda yomon ta’sir qildi. Singlisining bu so‘ngi maktubi unda g‘alati, qandaydir noqulay his-tuyg‘ularni paydo qildi. Veronikaning yozishicha, bularni u qaydan bila qolgan ekan, uning sobiq sinfdoshi, yettinchi sinfda o‘qishganda Komintern haqida, Ispaniyada kominternchi jangarilar ishchi-dehqonlar baxt-saodati uchun kurashgani haqida she’rlar yozgani va ularni Moskovga jo‘natgani, Moskovdan minnatdorchilik xati olgani, xatni hammaga o‘qib ko‘z-ko‘z qilgani hammaga ma’lum bo‘lgach, bu shov-shuvli voqeadan so‘ng maktabda hamma «kominterka» deb ataydigan Natashka, ha-ha, ana shu kurashchan va cho‘rtkesar Natashka-kominterka hozir jamoatchilik faoliga aylangan, hamma yig‘ilishlarda nutq so‘zlaydi, hamma uni biladi va u ham hammani biladi. Aynan o‘sha paytda, urush boshlanishi oldidan, bahorda bir voqea yuz berdi. Bir kuni u Natashka bilan maktabda uyushtirilgan kechada raqsga tushdi. Qizning o‘zi Sergiyni raqsga tortdi, u deraza oldida raqsga tushayotganlarni kuzatib turgan edi, Natashka birdan o‘z juftini qoldirib, unga tomon keldi va yigitni dadil qo‘lidan tortqiladi: «Ketdik, Seryoja, hammadan ham ko‘ra sen bilan raqs tushgim kelyapti!» Garchand qiz bor-yo‘g‘i uning yelkasidan kelsa-da, yigit yetakchisiga ergashgan pioner singari unga itoat qildi. Bu qizda bunchalik o‘ktamlik qay yerdan zohir ekan? Yigitga xuddi shu taklifni kutib turganini bilganday tashlandi, Sergiyning issig‘i oshib ketdi. Ular raqs tushayotgan olomonga qo‘shilishdi. Hammasi shu yerdan boshlandi

Sergiy hali shu paytgacha bir shirin azobda qoldi – musiqa ohangida raqs tushayotganlar orasida boshi aylandi, go‘yo raqqos va raqqosalardan vujud va nafasni yondirib, ko‘zga ko‘rinmas bir otash ufurayotganday edi, bosib kelayotgan ehtirosga berilish istagi qalbda chirpirab, jo‘sh urardi, ayni paytda raqsga tushuvshilarning gavjumligidan tortinar, bu olomondan qochib ketishni, Natashka bilan odamlarning nazari tushmaydigan darajada yuqoriga, osmonga uchib chiqishni, uni bag‘riga bosgancha, yuqoriroq va yuqoriroq uchgisi kelardi. Natashka-kominterka shunday go‘zal aylanardiki, go‘yo u charmdan yasalganday qayishqoq, yengil edi, yigitni hayratga solgan narsa yana shu bo‘ldiki, uni boshida ushlab turgan tortinchoqlik qayoqqadir yo‘qoldi, uning o‘rnini o‘zaro yaqinlik egallab borardi – yurak tinmay dukillar, bu dupurlashni jilovlashning imkoni yo‘q edi. Bu tortishuv kuchi uni tobora o‘z zabtiga olar, qizning qaynoq nafas ufurib turgan yuzini, garchand yaqin turgan bo‘lsa-da, payqay olmasdi va hoyajon bosib, nimalar bo‘layotganini tushunmay borayotgandi. Faqat qiz to‘satdan: «Bilaman, Seryojka, sen meni sevasan, sen men Bilan bo‘lishni orzu qilasan!» - deganidan so‘ng, Sergiy uning qattiq qarab turgan ko‘zlarini va atayin yaqinlashgan chehrasini ko‘rdi.  

Sergiy juda hijolat bo‘ldi, u buni kutmagan, ishning bu yoqqa ketishiga tayyorlanmagan edi, yaxshiyamki, o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi, sur’atni pasaytirmay, aylanishda davom etdi. Biror nima deb javob berishni, boshqa yigitlarga o‘xshab sharttaki, oshkora biror gapni aytib yuborgisi keldi – ular aytganda, nafas ichga tushib ketadi, Sergiy aytsa, hammasi jiddiy bo‘lib eshitiladi. Avval bu haqda, seni qanchalik sevishim haqida o‘ylamaganman, ammo sen menga yoqasan, juda yoqasan, demoqchi bo‘ldi. Biroq Natashka, buni bilganday, tashabbusni Yana qo‘liga oldi, uning gapini boshqacha qilib aytib qo‘ya qoldi: «Javob berma, Seryoja, aytishga urinma! Hazillashdim, - qiz musiqa ohangida aylana turib, boshini chayqagan holda so‘z qotdi, -  men seni yaqqon ko‘rib turibman, nima demoqchiligini bilaman». Natashka raqsga tushayotganlarning bir chetida to‘xtadi, hammaga eshittirib gapirdi. «Men hammani yaqqol ko‘rib turaman, kimning nimalar haqida o‘ylayotganini bilaman, - davom etdi u. – Raykomda menga hushyor tashviqotchi-komsomol qizsan, deyishadi. Seni ham ko‘rib turibman. Sen meni sevasan va yaqinda bu haqda menga o‘zing aytasan! Sen, axir, hamisha shunaqasan. Boshqalarga o‘xshamaysan. Uzoq o‘ylaysan. Oy, juda uzoq o‘ylaysan! Sen to harakat qilguncha!.. Men hammasini bilaman. Sen hali qizlar Bilan hali hech narsa qilmagansan! Shunqami? Ha, bu aniq! Yashirib o‘tirma! Men ko‘zlaringdan ko‘rib turibman! Men seni bilaman. Men hammasini bilaman. Yaqinda hamma senga osila boshlaydi! Bu qanday ajoyib! Ammo, sen menga qara ! Men birinchiman! Sen meniki bo‘lasan!» Ular Yana raqsga tusha boshlashdi. Natashka jim bo‘lay demasdi. «Hamma yerga birga boramiz, - derdi u, - Men yig‘ilishlarda nutq so‘zlayman, sen bu haqda gazetalarga yozasan, jurnalist bo‘lasan. Sen yaxshi yozasan, buni ham bilaman. Tushunasanmi o‘zi – men jangovor qizman, zo‘r nutqlar so‘zlayman, sen esa juda aqllisan, menga aynan shunaqasi kerak. Tushundingmi?"

Ana shunaqa gaplar, bu hazilmidi yoki jiddiy gapmidi, bu haqda o‘ylab ko‘rish kerakmi yoki butkul unutish zarurmidi, Sergiy buni bilmadi, ammo u o‘sha kecha uxlay olmadi, ertalabgacha go‘yo uni 
Elektr toki urib ketganday to‘lg‘onib chiqdi. Keyin u qizga darhol xat yozishga qaror qildi-yu, so‘ng xatni ham yirtib tashladi. Jiddiy yozishning o‘rni emasdi, shunchaki, ko‘ngilxushlik uchun, qizga erkalanish ilinjida yozishning Sergiyga qizig‘i yo‘q. 

Ancha kunlar o‘tdi, u biroz tinchlandi. Keyinchalik, maktabni tugatganlaridan so‘ng, Sergiy pedinstitutga kirish harakatida bo‘lgan, urush allaqachon boshlangan paytlarda, ular ikki marta yo‘l-yo‘lakay ko‘rishib qoldilar, ammo endi unaqa gaplardan darak yo‘q edi, esda qolarli biror gap bo‘lmadi, muhabbat haqida-ku, umuman gaplashishmadi. Har gal Sergiy o‘shanda, raqs paytida boshlangan gapga qaytishlarini intiqlanib kutdi. Ammo na o‘zi gap boshladi, na qiz biror og‘iz so‘z qotdi. O‘sha voqeani butkul unutish to‘g‘riroq bo‘lardi, ammo bu yoqda harbiyga chaqiruv qog‘ozi kelib qoldi-yu, hammasi teskari bo‘ldi. Sergiy o‘zini xotirjamlikka, unutishga ko‘ndirolmadi, qiz yashaydigan ko‘p qavatli uy tomonga yurdi, ezilib, hayajonlanib, ketaymi-qolaymi degan istaklar o‘rtasida chilparchin bo‘lib, qiz kelgunicha kutdi – qiz uyga qaytardi. Hamma narsa qandaydir oddiyroq kechdi. Gulxan o‘chganida shunday bo‘ladi. Uchquni bor, ammo olov alangalanishi uchun quruq shoxchalarni topib qalash kerak. Sergiy harbiyga ketayotganligini va u bilan xayrlashgani kelganinip aytdi. Qiz buni butkul xotirjamlikda eshitdi, endi hamma frontga ketayotganligini, safarbarlik boshlanganini, hozir esa shoshib turganligini, ishlari ko‘pligini, ammo unga, albatta, xat yozishini aytdi. Tezroq dala pochtasining manzilini xabar qilsa bo‘ldi. Sergiyni shu gap ham quvontirib yubordi, go‘yoki u xuddi shu uchun – yozishma haqida kelishib olish uchun kelganday edi, albatta, xatda ko‘p narsani yozsa bo‘ladi, ko‘z-ko‘zga tushib turganda aytib bo‘lmaydigan gaplarni ham maktubda yozish mumkin. Xatda ko‘pincha tik qarab aytishga yurak botinolmaydigan gaplarni ham bitish mumkin. Biroq Sergiy o‘z xatlariga, u ketma-ket uchta xat yozgandi, va’da qilingan javoblarni olmadi, birorta xam javob xati kelmadi, xolbuki u intiqlanib qizdan xat kutdi, xayolida turli iboralarni, qizning kelishi kerak bo‘lgan xatlariga javob bo‘lishi mumkin bo‘lgan fikrlarni pishitib yurdi. Askarlikning tinkaquritar tashvishlari ichida qizdan javob olish borasidagi umidlari tamoman so‘nib bo‘lganda, singilchasi Veronika, qay yerdan bila qoldi ekan, Natasha-kominterka erga tegayotganligini, aniq biladigan odamlarning aytishicha, kuyov undan ancha katta yoshdagi, bir yil avval xotini o‘lgan, frontdan qolish uchun broni bor kishi ekan. Natasha beva qolishni istamasdi. Xat davomida Veronika shunday yozgandi: "Sereja, jonajon akajonim, bu xabardan ezilib yurma. Men seni yaxshi bilaman, har xil romanlarni o‘qiyverib, hamma narsaga kitob varag‘idan qaraydigan bo‘lib qolgansan, o‘ylab ichingni qizitasan. Bunaqa qilmagin, aka. Tushunasanmi, sen boshqachasan, u esa butkul boshqacha. Sizlarning boshdan –oyoq boshqa-boshqa odamsiz. Qizni ham ich-ichingda qoralama, erga tegishni istagan bo‘lsa, bu uning ishi. Sizlar bir-biringizga mos emas edinglar. Menga ishon. Uyga tirik va salomat kelaqolsang edi, bu urush tezroq tugay qolsaydi, seningbaxtli bo‘lishinga va ajoyib qizlarning bittasi sen bilan baxtiyor bo‘lishiga juda ishonaman... Sereja, bunga shunchalar ishonamanki, bilmadim, yana boshqa nimaga shunchalar ishonarkinman! Faqat 
ezilma, jonim akam. Tezroq bizga, uyga qayt... Bu urush tezroq tugasin, tezroq... " Ana shunaqa xat. Ha, rostini aytganda, u va Natashka-kominterkaning o‘rtasida keyinchalik kuyunib qoladigan aytarlik hech narsa bo‘lmagan. Ammo singlisi uni har holda tinchlantirib qo‘yishga qaror qilgandi.

Endi bu Natashka bilan yuz bergan o‘ng‘aysiz voqea uning uchun xira tortgan tushday, o‘tgan o‘n to‘qqiz yillik hayotining o‘tgan qismidagi unutilgan saboq singari ortda qolgandi. U urushga ketayotib shu hislar bilan yo‘lga otlangandi, jo‘nab ketar ekan, u o‘zini-o‘zi tushunmas, qalbida ham ayriliqdan achinish, ham murg‘ak qalbi ishonishga tayyor bo‘lgan tushuniksiz hislardan xolos bo‘lish, tozalanishga o‘xshash murakkab tuyg‘ular jo‘sh urardi. U endi o‘z bolaligi o‘tgan shahardan askarlar bilan saflanib, yo‘l-yo‘lakay ergashib chopayotgan ayollar va bolalar qurshovida to‘ppa-to‘g‘ri urushga ketayotgandi. Bu odamlar orasida singlisi veronikaning yo‘qligidan afsuslandi, agar ularning shoshilinch frontga ketishlarini eshitganda, u, albatta, nima qilib bo‘lsa ham, ko‘rishib, xayrlashib qolish uchun chiqardi. 

Ammo, hamma vaqt ham aytishadi-ku: dunyo mo‘jizaga to‘la. Ehtimol, bu aynan o‘shanday bir voqea edi – taqdir yigitning kuzatuvchilar orasida singlisining yo‘qligi tufayli huvillagan qalbini butkul boshqacha kutilmagan bir tarzda to‘ldirdi. Ammo bu haqda keyinroq, yo‘lga tushganlaridan so‘ng, vagonlarga joylashib olib, nafasini rostlagach, o‘yladi. 

Ular hali vokzal tomonga piyoda ketayotganlarida askarlar tomon talpinib kelayotgan ayollar orasida bir lo‘li qiz ko‘rinib qoldi. Uning qayoqdan kelib qolgani yolg‘iz xudoga ayon, to‘g‘ri, yozda Saratovda lo‘lilar har doim ham serob bo‘lardi. Bu lo‘li o‘zining qoramag‘iz aft-angori, yugurganida shaqirlaydigan, silkina-silkina osilib turgan mis sirg‘alari, ochiq yelkasida sirg‘algan yorqin ro‘moli va deyarli yerga tegib-tegmay borayotgan yubkasi  bilan ko‘zga tashlanar edi. Nima qipti, lo‘li baribir lo‘li-da! Ko‘chadagi odamlarning taloto‘pi va harakatiga hamohang holda, u ham safning yonida borar, nimanidir imo-ishora qilib ko‘rsatar, baqirar edi, go‘yo safdagilar orasida kimnidir izlayotganday edi. Unga javoban askarlar yelka qisib, bir-birilariga ko‘z solar, yonlaridagilarni turtkilardilar, qara, lo‘li qiz seni so‘roqlayotgandir. Safda borayotganlardan biri o‘zini tiqishtirdi:

- Ey, lo‘li qiz, ey, bechora, men bu yerdaman! Eshityapsanmi? Axir, bu menman! Sen fol ochish uchun meni qidiryapsanmi? – Askar lo‘li qizning javobidan hayron bo‘ldi, ha, bir kun kelsa, senga ham fol ocharman, hozir esa menga kim kerak bo‘lsa, uni o‘zim topib olaman. Ajab – u nima degan bo‘lsa, shunday bo‘ldi.

Harakatga qo‘shilgan lo‘li qiz, ko‘p o‘tmay, ehtimol, xudo bergan ichki sezgisi bilan, balkim, o‘z qalbining amri bilan izlagan odamini topdi. Safda qadam tashlab borayotganlarning hayron qoldirgan va qiyqiriqqa sabab bo‘lgan narsa shu ediki, lo‘li qizning tanlagani Sergiy bo‘lib chiqdi. Nimaga aynan u? Nima uchun lo‘li qiz, qatorda yugura-yugura, aynan unga, Sergiyga murojaat qildi:

- Eshit, yigit! Eshit, juvonmard, ey sen, qoraqoshligim, chetroqqa chiq, qo‘lingni uzat, safring oldidan bir fol ochib qo‘yaman, baxtingdan ochaman!

Sergiy qatorda chetdan uchinchi bo‘lib turgandi. Ammo gap uning qay yerda turganida ham emasdi, gap shunda ediki, u  sira kutilmagan bunaqa vaziyatda nima qilish kerakligini bilmasdi. Avval hech bunaqasiga duch kelmagan, shu paytgacha hali hech kim unga fol ochmagan, oilada ham hammalari bunaqa sehru jodulardan yiroq edilar – otasi ham hech qanaqangi qartalarga ishonmas, onasi bo‘lsa har xil irim-sirimlarga bee’tibor edi, endi esa qaydandir bu lo‘li qiz chiqib qoldi. 

- Kerakmas! Men fol ochtirishni istamayman! – u qizga baland ovozda baqirdi, kulimsirab, yelka qisdi, o‘zining rad qilganidan hijolat bo‘ldi, kechirim so‘rash kerakligini tushunsa-da, nega va nima uchun hijolat bo‘lish lozimligini bilolmadi, bu yoqda esa safdoshlari qitiq patiga tega boshladilar - mana, qarnglar, lo‘li qiz kimga fol ko‘rishni biladi, ruhoniyimizni tanladi. Bo‘lmasa, kimni tanlasin! Bu yigitsa, axir, Xudoga ishonadi, aynan unga fol ochish kerak!

Ammo lo‘li qiz bilganidan qolmadi:

- Menga qara, yigitcha, bosh tortma – bu taqdir!

Saf chetida borayotganlardan kimdir qizga aytib qo‘ydi:

- Uning ismi Sergiy.

- Sergiy? Ay, Sergiy, azizim, ey qoraqoshligim! Men senga gapiryapman – bu qismat, bosh tortma, Sergiy, sen hali juda yoshsan, sening taqdiringni aytib beraman! Chin ko‘ngildan aytaman. Nima bo‘lsa, hammasini aytaman!

Biroq shu yerga kelganda qaysidir bir dalli askar shovqin ko‘tardi:

- Hoy, lo‘li qiz, xalaqit berma! Ko‘rmayapsanmi – urushga ketyapmiz.

- Xalaqit bermayman, yigitlar, men faqat kaftlariga bir qarayman, yurib ketayotib bir qarasam, bo‘ldi!

- Bas qil, hoy, jonga tegding, xalaqit berma, senga aytayapmiz!

Lo‘li qiz yosh emasdi, ammo unchalik qari ham emasdi. Sergiyga shunday tuyuldiki, uning chehrasida lo‘lilarcha odatiy makkoronalikdan asar ham yo‘q edi, aksincha – xuddi singlisi Veronikaning chehrasidagiday oqiqyuzlilik, mehribonlik barq urib turardi. Veronika doim kimgadir yaxshilik qilish payida bo‘ladi, shuning uchun bir nafas tinim bilmaydi. Ha, bu lo‘li qiz Veronikaga juda o‘xshab ketardi – ko‘zlaridan, to‘g‘rirog‘i, ko‘z qarashlaridan u Veronikani eslatar, Sergiyning nazarida, ayniqsa lo‘li qizning: «Senga singil sifatida aytaman? Akasiga aytayotgan singilday aytaman!" – degani uning yuragiga jiz etib tegdi.

Lo‘li qiz qaydadir olomon orasida aralashib, ko‘zdan pana bo‘lganda, Sergiy o‘zidan o‘ksindi, qizga ichi achidi, javob qaytarsa bo‘lardi, nega u bu qadar uyatchan yaraldi ekan-a. Chakki bo‘ldi-da. 

Ayni paytda ular stantsiyaga yetib qolgan edilar, safma-saf kirib keldilar, rota ketidan rota, vzvod ortidan vzvod stantsiyaga kirdi, atrofda askarlar ortidan kelgan saratovliklar to‘da-to‘da bo‘lib, baqir-chaqir,  shovqin-suron qilishardi. Eshelon allaqachon yo‘lda turar, tovar vagonlarning eshiklari askarlarni o‘tqazish uchun lang ochilib turardi. Uzun-uzoq poezdning vagonlari ko‘p, oxiri ko‘rinmasdi. Ana shu vagonlarda frontga ketish kerak edi. 

Safaroldi taloto‘pi boshlandi, qaysi vzvod qaysi vagonga kirishini taqsimlashar, askarlar poezd yoqalab shovqin-suron bilan u yoq bu yoqqa yurishar, ayollar va bolalar oyoq ostida o‘ralashardi, ularni hech bir kuch quvib yuborolmasdi. 

Yuklash ancha uzoq davom etdi. Perronda ham issiq, ham tiqilinch edi. Poezdga chiqish uchun navbatini kuta-kuta Sergiy lo‘li qizni unutayozgan edi, qiz yana odamlar orasida paydo bo‘ldi. Qiz balo ekan, baribir Sergiyni topdi:

- Ey, Sergiy! Men seni izingdan kelganman, Sergiy! Yo‘q, dema, yigitcha, meni, lo‘li qizingni eshit. Taqdir yo‘l oldidan senga fol ochishimni buyuryapti. Rad qilma, urushga jo‘nayapsan, qismatingni bilib ket.

Sergiy hatto sevinib ketdi:

- Yaxshi. Fol ocha qol, agar, aytganingday, bu shunchalik zarur bo‘lsa, - Sergiy yukxaltasini oyog‘i oldiga qo‘yib, avtomatini yelkasiga osib olgan holda, qizga qo‘lini, o‘ng kaftini uzatdi. 

Mana shunday, jo‘nash oldidan, vzvoddoshlari qurshovida o‘sha olamshumul fol ochish yuz berdi. Lo‘li qiz kaftdagi chiziqlarni diqqat bilan kuzatar, nimalarnidir shivirlar, lablari qimtingan holda, bosh chayqardi:

- Oy - to‘xta! Buyuk jang bo‘ladi, hali hech kim ko‘rmagan, hech kim eshitmagan jang. Oy, qismat, qismat! Qon sachramagan faqat osmondagi quyosh qoladi, tulpor chavondozsiz yo‘rtib ketadi, - u hech kimga ham qaramasdan so‘zlardi, keyin Sergiyning ko‘zlariga tik qaragancha, qo‘shib qo‘ydi, - tushuniksiz bir ishqni boshdan kechirgansan. U senga bexuda g‘am keltirgan. Sen juda bokirasan, yozilmagan oq qog‘ozday tozasan. 

Shu yerga kelganda tevarakdagi qiziqsinib turgan askarlar darhol kinoya qilishga tushishdi:

- Aniq, bu bokiramiz oshiq bo‘lgan, ammo hech narsa chiqmagan!

- Hech balo bo‘lmagan! – boshqa bir askar yasama tarafkashlik bilan gap tashladi. – Sizlarga faqat tish qayrash bo‘lsa. Bu ruhoniy yigitchamiz azob chekkan, ko‘rinib turibdiki, aybsiz azoblangan, uni shu kuyga solgan qiz tushmagur juftakni rostlagan! Bu esa, mana, bokiraligicha qolib ketavergan!

- Ularga quloq solma, yigitcha, meni eshit, - lo‘li qiz uni o‘ziga qaratdi. – Endi chap qo‘lingni uzat va faqat menga quloq ber.

Sergiyning chap kaftini o‘rganar ekan, lo‘li qiz jiddiylashdi, bir lahza sukut saqlab turdi-da, so‘ng tantanali ravishda e’lon qildi:

- Sen o‘lmassan! O‘zim ham shunday deb o‘ylovdim! Yuragim aytib turgan edi. Mana, ko‘r – sen o‘lmas insonsan! Sening yulduzing shunaqa! Bilgan ekanman! Shuning uchun ortingdan kelayotgan edim!

Tevarakdagi odamlar g‘imirlab qolishdi. Ayni paytda Sergiy hech bir ma’nosiz jilmaydi, u nima qilishini bilmasdi – xursand bo‘lsinmi yoki iltifot bilan ta’zim qilisinmi, kulsinmi, - endi qo‘lini tortib olaman deb turuvdi, bitta Kuz’min degan kimsa gapga aralashdi. Shunaqa bir bachkana, maydagap erkak bor edi, birov kutilmagan nimadir gapni aytsa, albatta aralashardi, xiralik qilardi. Pand-nasihat qilishni xush ko‘rardi.

- To‘xta, lo‘li qiz, to‘xta, nimalar deyapsan, azizam, - u boshini keskin chayqadi. – Sen boshqa yoqqa o‘tlab ketding. O‘lmas deganing nimasi? Biror narsani tushunasanmi o‘zing? Birorta odam o‘lmas bo‘lishi mumkinmi? Bu gap qayoqdan chiqdi? Dunyoda hamma odam o‘larkan-da, u bita o‘lmas ekan. Qara-ya! Darvoqe, biz tomoshaga ketayotganimiz yo‘q, urushga ketyapmiz, Kim bilsin – qay birimiz o‘qqa uchrarmiz, qay birimiz tirik qolarmiz. Frontda hozir o‘lim odam tanlayotgani yo‘q, sening folingga qarab o‘tirgani ham yo‘q. Hammani birvarakayiga qiryapti. Bizni masxara qilishing nega kerak?

- Men mazax qilmayapman, taqdirlaringni fol ochyapman. Uning yulduzi o‘lmas-o‘chmas yulduz! Peshonasiga bitilgan, - lo‘li qiz ortga chekinay demasdi. Keyin lo‘li qiz u qadar tushunarldi bo‘lmasa-da, deyarli hammani qoniqtiradigan bir gapni aytdi: 

- Taqdir o‘limdan yuksakroqdir. Taqdir taqdirni yetaklab keladi, o‘limdan esa hech narsa kelmaydi. Bu yigitning yulduzi o‘lmas, taqdiri shunaqa... Uning yulduzi abadiy!..

Kuz’min yana ancha vaqt ming‘irlab turdi, qo‘llarini paxsa qilib, mitingda nutq so‘zlayotganday, lo‘li qizning foli bema’ni ekanini dalillash payida bo‘ldi, biroq, u haq bo‘lsa-da, askarlar nima uchundir kun’minga emas, folbinga ishondilar. Jo‘nab ketayotganlarida, vagonlarga o‘tirish kerak bo‘lgan paytda, ko‘pchilik lo‘lining qo‘lidan ushlab xayrlashishdi, lo‘li qiz jo‘nashning oxirigacha, poezd yo‘lga tushgunicha ham turdi, keyin boshqa ayollar va bolalar qatori yurib ketayotgan poezdning ortidan ergashib yugurdi, to poezd bekatdan tamom uzilib jo‘nab ketgunicha, Sergiyga qo‘llarini silkitib turdi... 

Juda issiq edi. O‘sha kecha yo‘lda uyqu kelmadi. +ildiraklar tun bag‘rida taqillab borardi, parovoz uzundan-uzoq chinqirab ovoz berardi, uning chinqirig‘i yurakka adadsiz, dilni uvushturadigan sog‘inch va xavotir solardi. Tarix to‘lqini jahon urushiga tomon oqizib ketayotgan Sergiy ko‘p narsalarni o‘ylab borardi. Xayoliga kelgan boshqa ko‘plab narsalar qatorida, u dam-badam lo‘li qizni ham eslab qo‘yardi. Bu g‘aroyib follar ochadigan g‘aroyib lo‘li qiz qayoqdan paydo bo‘ldiekan. Uning bir gapi xayolda muhrlanib qoldi: «Qon sachramagan faqat quyosh qoladi va tulpor chavandozsiz ketib boradi...» Bu nima degani ekan, nimani anglatarkin? Tushunarsiz va sirli gap. Qon sachramagan faqat osmonda quyosh qolishi uchun nima yuz berishi kerak? Chavandozsiz tulpor-chi? Bu nima degani? O‘lmas-o‘chmas yulduz-chi? Bu qanaqa yulduz? Uning nima daxli bor? Bu nima? Bu yulduz o‘zi qaerda? Qay yerda makon topgan? Balkim, bularning bari afsonadir. Shunday bo‘lsa kerak. Yulduzning insonga nima aloqasi bor? Agar gap samodagi yulduzlar haqida bo‘lsa, yulduz qayda-yu, inson qayda? Yo‘q, hech bir aloqasi yo‘q. Yulduzlar o‘z osmonida, odamlar o‘z yerida. Ammo taqdir bor-ku? Taqdir taqdirga bog‘liq. Taqdirning o‘zi nima? Taqdir taqdirni qanday yetaklab keladi? Qanday qilib bunday bo‘lishi mumkin?..

+ildiraklar temir izlarga urilib taqillardi. Askarlar o‘rindiqlarda cho‘zilgancha, xurrak otib yotardilar. Oy goh eshik tirqishlaridan mo‘ralar, goh bulutlar orasida g‘oyib bo‘lardi, yulduzlar poezdning ketidan miltirab qolardi... 

Buni qara – bu lo‘li qiz Natashka-kominterka haqida qanday bildi ekan, yigitning xatlar yozgani, oqibatda hech narsa chiqmagan haqida qanday fol ochdi ekan. Hammasini aniq aytdi. Ha, lo‘li qiz aytganday – bexuda qayg‘u. Demak, qayg‘u ham bexuda bo‘lar ekan. Oldinda nimalar kutyapti? Frontda holi ne kechadi? Albatta, qo‘rqinchli bo‘lsa kerak. Saratovga kelgan yarodor janchilar urush haqida gapirib berishgan edi. Endi, mana, uning o‘zi urushning nimaligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘radi... 

+ildiraklar taqillar, uyqudan esa darak yo‘q edi. U yana xayolga botdi, ha, hammaning va har bir odamning tepasida turgan qandaydir kuch bor – taqdiri azal deyishadi.  Axir kimdir taqdirni shunday - taqdir deb atagan. Hech Kim uni to‘xtatib ham qololmaydi, tushuntirib ham berolmaydi. Ammo taqdir qaerda o‘zi? Ehtimol, urush ham – taqdirdan, yashash yoki yashamaslik, tirki qolish yoki halok bo‘lish, g‘alaba yoki mag‘lubiyat  - hammasi taqdirdandir? Shunday emasmi? Mana, bu odamlarning barchasi frontga ketishyapti, taqdir ularni urushga yetaklayapti. Shuning uchun ular hozir eshelonda, taxtada cho‘zilgan kuyi yotishibdi, poezd ularni bor-yo‘q tezligi bilan fashistlarga qarshi urush avjiga chiqqan tomonga olib bormoqda. U yoqda nima bo‘larkin? Yana taqdirmi? O‘ldirisharmikin yoki yo‘qmi? Kim kimni yengishi shunga bog‘liq. Kim-kimni o‘ldirishiga bog‘liq. Hamma urush tezroq tugashini, ochlik chekinishini istaydi. Ular ko‘chada ketib borishayotganda, ayollar shu haqda gapirib chuvillashgandi, hatto bolalar ham shuni tilagan edilar. Buning uchun urushish kerak, urushni tugatish uchun kimnidir o‘ldirish kerak, g‘alaba qilish kerak. Demak, shunday. Uyda otasi va onasi ham shu to‘g‘rida gap talashishdi. Uni harbiy xizmatga chaqirish to‘g‘risida chaqiruv qog‘ozi kelganda,  ular tayyorgarlikni, yig‘ishtirishni boshlashdi, ertalab harbiy komissarlikda bo‘lish lozimligini muhokama qilishdi. O‘tirg‘ichning bir chekkasiga qo‘ngan onasi qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib: «Seryojkaginam, faqat hech kimni o‘ldirma, qon to‘kma!» - dedi. 

Nima uchun bu gapni aytdi? Bexosdan aytib yubordimi yoki oldin uzoq o‘ylab olganmikin? Onasining bu so‘zlarni uning ko‘ziga tik qarab, go‘yo hozirgina olis bir yerdan kelganday, hozirgina ostona hatlab uyga kirganu, butun yo‘l davomida o‘ylab kelgan fikrini aytgani endi hech qachon yodidan chiqmaydi, bir umrga esida qoladi.  O‘zi ham go‘yo onasini umrida birinchi marta ko‘rayotganday edi, uning avvalgi tillorang chaqnog‘ini yo‘qotayotzgan ko‘zlarini, ajin bosgan yuzlarini, puturdan ketgan satin ko‘ylakdagi mung‘ayib turishlarini, shoyi ro‘mol sirg‘algan yelkalarini endigina to‘satdan yaqqol ko‘rayotgandi. Allaqachon tanish bo‘lgan narsalar uning uchun g‘alati tarzda boshqatdan ochilayotgandi – volgabo‘yi neft quduqlari bo‘ylab sang‘igancha o‘tgan butun hayotlari, oyoqyalang bolakay bo‘lib yugurganlari, basavlat, sarvqomat bo‘lgan onasining mallarang sochlarini boshida jamlagancha doimo uy-ro‘zg‘or, bola-chaqa, maktab va erining doimiy qand kasalligi tashvishida yugurishlari, bularning bari, ayon bo‘lishicha, bir kun kelib, uni harbiyga kuzatayotib o‘g‘liga manna shu gapni aytishi uchun zarur bo‘lgan ekan. Onasining urushda hech kimni o‘ldirmaslik, qon to‘kmaslikka chaqirgani o‘shanda uni juda ajablantirgan edi va u mujmalgina javob qilib qo‘ya qolgandi:

- Nimalar deyapsan, ona! Bu gaplar nimaga kerak. Men harbiyga ketyapman, - gapdan qochish uchun taxmondagi kitoblari va darsliklarini titkilashga tuqdi. - Oyi, bu yerda kutubxonadan olingan kitoblar turibdi. Men ularni ajratib qo‘yaman, Veronika ularni olib borib topshirsin.

Ammo bu suhbat davom etishi lozim bo‘ldi, chunki gapga otasi ham qo‘shildi. Ha, Nikolay Ivanovich hamisha keskin va cho‘rtkesarlik bilan gapirardi, qiziqqon edi, salginaga olovlanib ketar – darg‘azab bo‘lguncha bahslashar, ehtimol, shuning uchundir, boshliqlar bilan chiqisholmas, jigar-bag‘ri ezilib og‘rirdi. 

- O‘ldirma, deganing nimasi! – dedi u g‘azab otiga minib. – Qanday o‘ldirmaslik, qon to‘kmaslik mumkin! Buni qara-ya! O‘zi u qayoqqa ketyapti? Urushga-ku, axir. Eh, onasi, o‘zing ham boplab gapirasan-da, - xona bo‘ylab chekishlik tamaki izlay boshladi. Onasi tamakini bekitib qo‘yar, otasi doimo hayajonlanganda chekardi, tamaki bargini ezg‘ilab berish kerak bo‘lardi. Onasi otasiga doim chekkani tufayli shunaqa ozg‘in va jizzaki ekanini ta’na qilardi. 

- Faqat shu zormandani chekmagin, Kolya, - u eriga o‘tindi, - o‘zingni ayagin. Qachongacha chekish mumkin.

- Ha-ha, Sergiyga aytgan bu gapingdan keyin chekmay bo‘ladimi? U ertaga frontga ketadi. U yoqda nima qiladi?

- Shuning uchun aytyapman-da. Mayli, aytganlarimni xudo bilsin. Hammaning tilida shu bo‘lib qoldi - o‘ldir, o‘ldir! Dushmanlar bizga o‘lim keltirishmoqda, biz ularga – dushmanlarga o‘lim! Keyin bu dunyoda qandoq bosh ko‘tarib yashaymiz – hammaning qo‘li qonga botsa, dunyoda faqat qotillar qolsa? Nima men ham nimalarni o‘ylayotganingni tushunmaymanmi, o‘ldirmasang, seni o‘ldirishadi, o‘ldirsang – barbir qotilsan. Mana, kuyovimiz Anatoliy nima bo‘ldi, tirikmi, o‘likmi – bilmaymiz, yo uni o‘ldirishgan, yo u o‘ldirgan? Veronikaga ham aytishga qo‘rqaman. Hech bo‘lmasa, o‘z o‘g‘limga dilimdagini aytay, - onasi sassiz, unsiz yig‘lardi, o‘z savollariga javob topolmasdan, o‘z fikrlariga o‘zini ishontirolmasdan yig‘lardi. 

- Mana-qara, - kinoyali ohangda otasi gapida davom etdi, - shunaqa gaplarni gapirasanki, odam lol qoladi. Sening bu gaplaring uchun xalq dushmaniga chisharib, Sibirga surgun qilishadi. Hozir jahon urushi ketayotgan payt, Kim zo‘r chiqsa, o‘sha yutadi, yo biz yo lura, sen bo‘lsang – o‘ldirma, deysan! Nima, men uchun o‘z o‘g‘limga achinmaymanmi? Yoki Anatoliyni deb kuyumaymanmi? Xotin, men ham ado bo‘ldim. Ammo boshqacha bo‘lishi mumkinmi? Askar o‘z yerini himoya qiladi, unga shunday buyruq berilgan. Agar askar dushmanni gumdon qilsa, ya’ni o‘ldirsa, u buyruq bilan o‘ldirgan bo‘ladi, burchini ado etgan bo‘ladi, bu hatto qahramonlik, bilsang!

Onasi sukut saqlardi, o‘g‘li uchun safar xaltasini tikib o‘tirardi, otasi bo‘lsa, yoshlik paytlarini eslashga tushib ketdi, o‘n to‘qqiz yoshida, yoshi Sergiyning hozirgi yoshiga teng bo‘lganda, Birinchi jahon urushida suvoasti kemasida dengizchilik qilganini gapirdi. Uning fikrlari shunga qarab yo‘naldiki, dushmanning tirik kuchlarini yo‘q qilish – bu bosh masala va to‘g‘ri ish. Mana, masalan, ular o‘z suvosti kemalari bilan dushmanning Boltiq dengizidagi harbiy-transport kemasini suvga g‘arq qildilar. Avval dushman kemasining ortidan uzoq yurdilar. Keyin o‘qqa tutdilar. Hammasi aniq bajarildi, ikala snaryad ham nishonga tegdi, suv yo‘nalishi bo‘yicha bortga zarba berildi. Kema o‘t ichida qoldi, suvga cho‘ka boshladi. Ular suvosti kemasida chuqurlikka tushib, bir sotacha kutdilar va so‘ng yuqoriga ko‘tarilib, dengiz yuzasida kechayotgan voqealarni periskop orqali kuzatdilar. Burun qismi osmonga ko‘tarilgan dushman kemasining yarmi allaqachon suv ostiga botgan, kema atrofida ko‘plab odamlar jon talvasasida suzib yurardilar. 

Albatta, shu zahoti qo‘mondonlar va yuqori tarkib ofitserlari periskopga tikildilar, ularning so‘zlarini aloqachilar o‘sha zahoti Kronshtatdagi Bosh shtabga xabar qildilar, Morze alifbosi orqali harbiy topshiriq muvafaqqiyatli bajarilgani haqida raport berdilar, topshiriq – bu buyruq. Dushmanni yo‘q qilishga buyruq berildi - vassalom!

Avval odamlar dengizda qanday cho‘kayotganligini faqat periskop orqali kuzatdilar. Keyin, dushman kemasi batamom cho‘kib, suv qa’riga botib ketgach, yon-atrofda suvosti kemasi uchun hech qanaqa xavf yo‘qligiga ishonch hosil qilishdi, suv yuzasiga suzib chiqishdi. Buyruq berildi – hamma yuqoriga chiqadi, butun ekipaj a’zolari palubaga ko‘tarilishdi va komandirning minnatdorchilik e’lon qilishini eshitish uchun safga tizilishdi. Atrofda dushmanlar cho‘kayotgan edi, ulardan ozginasi hali tipirchilardi. Ayrimlari suvosti kemasigacha suzib kelishga harakat qilishardi, ammo kuchlari qolmagandi, qurbi yetib, iltijo bilan suzib kelganlarni esa naganni niqtagancha, otib tashlashardi... Dengizda to‘lqinlar g‘ujgon urar, kech tusha boshlagandi, yana suv ostiga tushishdi va yana dengiz ostidagi qorong‘ulik bag‘rida gumdon qilinishi kerak bo‘lgan dushmanni izlab, izg‘iy boshlashdi...   

Mana, anna shu urush, har gall urush shunaqa bo‘ladi. Kim o‘ldirishni bilsa, urushda shu g‘alaba qiladi, Kim g‘alaba qilsa – shu haq bo‘ladi, shuniki to‘g‘ri hisoblanadi. Hamisha shunday bo‘lgan va bundan keyin ham shunday bo‘ladi. 

Onasi na bahslashdi, na-da inkor qildi. Faqat boshini chayqab qo‘ydi. Keyin qo‘shnilari xayrlashish uchun kirishdi, xolasi va xolabachchalari ham kelishdi. Veronika ishdan keldi va onasiga uy ishlarida qarasha boshladi, yarim kechagacha uyda gap-so‘zlar tinmadi. 

Endi otasi va onasiga ichi achiy boshladi – onasi u hech kimni o‘ldirmasligini istardi, otasi esa uni o‘ldirmasliklarini xohlar va buning uchun dushmanni o‘ldirish kerakligini talab qilardi. Avvallari shunchaki oddiy, uy-ro‘zg‘orga taalluqli bo‘lgan hamma narsalar yo‘lda qandaydir yangiyaa qimmatga, o‘ziga xos ma’noga ega bo‘la boshladi va yurakni achitib og‘rita boshladi. O‘tmish har lahza sayin uzoqlashar, ortda qolib borardi. Saratovning tog‘ yon-bag‘irlaridan oqqan Volgani esladi. Yozda kezgan sevimli yerlarni, yashil orolchalarni va dengizning sirli, yorug‘ kengliklarini, yelkanlarni xotirladi. Ammo bolalik paytlarida Sergiyni hammadan ham ko‘proq daryo tepasidagi temir yo‘l ko‘prigi o‘ziga jalb etar edi. Ko‘prik juda balanda qurilgan bo‘lib, u boshini yuqoriga ko‘targancha, pastdan, suv yoqasidagi qirg‘oqdan turib, sotalab o‘tayotgan poezdlarni kuzatardi, poezdlarning ko‘prikka urilib taqillayotgan g‘ildiraklari ovoziga quloq solardi; ko‘prikning temir ustunlari jaranglar va osmondagi bulutlar ostida tiroqqa tushardi, Sergiy shunday lahzalarda Volga ustidagi shu ko‘prik orqali poezdga minib qayoqqadir ketayotgan, kitoblarda tasvirlangan qaysidir go‘zal yurtlarga yo‘l olgan odamlarga havas qilardi... 

Yana bolaliklaridagi manzara xayoliga keldi, manna, ular Yangi yil kechasi butun oila bo‘lib, yung etiklari bilan qor bosgan dalani g‘arch-g‘urch bosgancha, yuqoridagi quvurda neft yonib turgan yuksak mash’ala tomon bormoqdalar. Tirik olov, olov yallig‘iga tinimsiz quyilayotgan tirik qor. Olov qor uchqunlarini sassiz yamlaydi, qor esa yog‘averadi, yog‘averadi, olovni yoqtiradiganday, orqaga tortilishga quvvati yetmayotganday quyulaveradi...  Olov ham o‘chmaydi, qorning ham adog‘i ko‘rinmaydi... 

Yillar o‘tgan sayin hamma narsa moziyga ketaverdi. Mana, endi  urush – o‘ldirish kerak yoki o‘lish zarur. Boshqa chora yo‘q, faqat shunday, urushning yo‘rig‘i shu. Endi u urushga jo‘nayapti, u yerda yo o‘ldirish kerak, yo o‘lish... Sergey qorong‘ulikda unsiz yig‘ladi, otasini, onasini, singlisi Veronikani eslab, uxlayotgan askarlar orasida unsiz yig‘ladi. Yana qo‘l ushlagancha, qor bosgan dala bo‘ylab osmonda lovullab yonayotgan tungi mash’alaga tomon yurib borishni u qanchalar istaydi... 

+ildiraklar temir izlarga urilib taqillaydi, vagon yo‘l maromida chayqaladi. Tun bag‘rida yalt-yult etgan chiroqlari bilan g‘ira-shira lipillab qandaydir qo‘nalg‘alar ortda qolib boradi. Askarlar va qurol-aslahalar bilan tirband bo‘lgan eshelon o‘ldirish va o‘lish kerak bo‘ladigan tomonga qarab yelib boradi. O‘ldirilish sening irodangga bog‘liq emas, hech kim o‘lishni istamaydi va hech kim aynan u o‘lishini bilmaydi. Ammo, o‘ldirish – irodaga bog‘liq, urushda esa o‘ldirish – majburiy, muqarrar ish. Ammo o‘zingga qanday buyurasan: o‘ldir – o‘ldirma. 

... Temir izlarning bandlariga urilayotgan g‘ildiraklar taqillaydi: o‘ldir-o‘ldirma, o‘ldir-o‘ldirma, o‘ldir-o‘ldirma...

Kipriklarida yosh qalqiganicha mudrar ekan, Sergiy o‘zicha urush, jang qanaqa bo‘lishini, kimni o‘ldirish keragu qanday qilib o‘ldirish kerakligini – otish kerakmi yoki bo‘g‘ish kerakligigini tasavvur qilishga urindi, axir unga Volga bo‘yida butun yoz davomida qanday o‘ldirish kerakligini o‘rgatishdi. Kimdir uni o‘ldirish uchun xuddi shu ishni qanday bajarishini ham tasavvur qilishga urindi. O‘sha dushmanni – nemisni, fashistni o‘zicha tasavvur etdi... Hech narsani bilolmadi – xuddi otasining hikoyasi orqali suvosti kemasi tevaragida cho‘kib o‘layotganlarni tasavvur qilish qiyin bo‘lgani kabi, dushman kimligini orqavorotdan tasavvur qilish qiyin edi. To‘lqinlar yuz-ko‘zlarga urilardi. Chehralarni ko‘rish qiyin edi. Kim yaqinlashsa, uni suvda otib tashlashar edi... Va u girdob qa’rida sassiz va izsiz g‘arq bo‘lardi. 

Temir izlarning bandlariga urilgan g‘ildiraklar taqillaydi: o‘ldir - o‘ldirma. Sergiy maktabda o‘rgangan nemischa so‘zlarni eslashga urindi, ammo nemis tilida so‘zlarning xuddi shunday qatori shu tarzda jaranglashiga ishonchi komil emasdi: o‘ldir-o‘ldirma, o‘ldir-o‘ldirma, o‘ldir-o‘ldirma...

Poezd zim-ziyo zulmat qa’rida ketib borardi... 

Karim Bahriyev tarjimasi


Muayyan inson hayotining qadr-qimmati kundan-kunga pasayib ketmayotganmikin? Yoki hamisha shundoq bo‘lganu, bizga – bugun yashayotganlarga ham shunday tuyulayotganmikan? Insoniyat bu haqda har kuni, har lahza o‘ylashi zarurmi? Yoki «boshiga ish tushganda» bosh qotiradimi? Balkim muayyan insonning qo‘lidan hech narsa kelmas, uning uchun hammasini «tepada» hal qilib qo‘yishgandir? U kimningdir qo‘lida «buyuk rejalar» amalga oshishi uchun bir o‘yinchoqdir? 
Chingiz Aytmatovning hikoyasi – ana shular haqida. Yozuvchi mazkur hikoyani yozishni 20 yil avval boshlagan, ammo tashlab qo‘yavergan. Bugungi globallashuv asriga kelib, xalqaro terrorizm, mintaqaviy qirg‘in-barotlar begunoh odamlarni siyosiy maqsadlar yo‘lida qurbon qilayotgan, giyohvandlik, OITS singari dardlar, tabiiy ofatlar odamzodni izchil qirayotgan bir dorulzamonda inson hayotining qimmati masalasi yanada ko‘ndalang turibdi. Bularga guvoh bo‘layotgan adib, mana, nihoyat bu hikoyani 2005 yil ostonasida yozib tugatdi. 
Hikoya boshlanishidayoq o‘quvchini taxayyul ummoniga g‘arq qiladi: hozirgina odamlar ustiga ajal urug‘ini sochib, o‘zi o‘qqa duch kelmaslik uchun qochib chiqayotgan uchuvchi uchoq oynasiga urilgan qushning qonini ko‘rib, talvasaga tushadi. Odamlarni o‘ldirishni burch deb bilgan odam, bir qushning o‘limidan seskanadi...
Hikoyada hayot va o‘lim, inson va olam, taqdir va iroda borasida falsafiy mushohadalar, mushohadlarga undovchi timsollar juda ko‘p. Eng yuksak g‘oyalar uchun ham inson boshqa insonni o‘ldirishi mumkinmi yoki yo‘qmi? Bu savol xaddan ziyoda ko‘ndalang qo‘yilgan.
Insonlarni taqdir jang maydoniga yetaklab kelar ekan, adibning so‘zlari dilni o‘rtaydi: nahotki bu odamlarning bari aynan shu bugun, aynan shu yerda o‘lish uchun qachondir dunyoga kelgan bo‘lsalar?
Urush haqidagi mazkur hikoya urushning adolatli yoki adolatsizligi haqida ko‘tarinki tashviqotlardan xoli, umuminsoniy nuqtai nazardan fikr yuritadi.    
Askarni urushga jo‘natayotgan ona odam o‘ldirmaslikni tayinlaydi: «Dushmanlar bizga o‘lim keltirishmoqda, biz ularga – dushmanlarga o‘lim! Keyin bu dunyoda qandoq bosh ko‘tarib yashaymiz – hammaning qo‘li qonga botsa, dunyoda faqat qotillar qolsa?». Otasi esa dushmanni albatta o‘ldirish kerakligini, aks holda uni o‘ldirishlarini aytadi, urushda odam o‘ldirish burch, hatto jasorat ekanini urg‘ulaydi. 
Hikoya qahramonining o‘lmasligi, ehtimol, ana shu shafqatsiz dilemmani anglaganidadir.   
Men hikoyani elektron pochtadan olganimda va qayta-qayta mutolaa qilganimda, uzoq kunlar uning ta’sirida yurdim va bu ta’sir kundan-kunga kuchayib boraveradi. Endi kunlar uni o‘qiganimdan avvalgidagiday emas, boshqacha kechayotganday. Haqiqiy sanhatning ta’siri shunda bo‘lsa kerak.

Mutarjim

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.