OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dino Butssati. Eynshteyn bilan iblisvachcha (hikoya)

Kuz oqshomlarining birida Albert Eynshteyn Priston (Nyu Jersi shtati) yo‘lkalari bo‘ylab kezib yurar ekan, bir g‘ayritabiiy voqeani boshidan kechirdi. Uning o‘z holiga tashlab qo‘yilgan o‘y-fikrlari bu damda zanjiridan xalos bo‘lgan it misoli daydishar, o‘z sohiblarini nazar-pisand qilishmasdi. Qizig‘i shundaki, ayni befayz va behalovat lahzalar Eynshteynni umr bo‘yi intilgan-u, ammo ro‘yobiga umidi so‘ngan orzusi bilan qovushtirdi. Kiprik qoqqudek fursat ichida u makon evrilishiga guvoh bo‘ldi, uning nigohi, xuddi siz ushbu varaqni chor tarafdan ko‘rib turganingizdek, o‘zga olamni birbutun qamrab oldi.
Garchi, insoniyat ko‘zlari ilg‘ay oladigan makondan o‘zga o‘lchamda ham olamlar mavjudligi allaqachonlar isbotini topgan bo‘lsa-da, bunga hamon inson tafakkuuri uchun jumboq bo‘lmish voqelik deya, shubha bilan qarab kelinadi. Go‘yoki o‘sha olam bilan biz yashayotgan olam o‘rtasida ko‘rinmas bir devor bordek o‘zining uchqur tafakkuri qanotida tobora ko‘kka yuksalib borayotgan inson nogahon shu devorga peshonasini uradi-da, parvoz nihoya topadi. Na Platon, na Pifagor, na Dante, bugun hayot bo‘lganlarida ham, ushbu devorni ishg‘ol qila olishmagan bo‘lardi, illo, bizning miyamiz bunday haqiqatlarni sig‘dirishga qodir emas.
Zotan, dunyoda o‘sha begona olam sarhadlarini tajriba va uzluksiz riyozat orqali egallash mumkin, deya fikr qilguvchilar ham yo‘q emas. Yer yuzida paravozlar suron solib kezar, domna pechlari guvillar, urush va o‘lim vahshati davom etar, so‘lim xiyobonlar oshiq-ma’shuqlar bo‘salari tovushiga bezabonlarcha some’lik qilar, bir so‘z bilan hayot oqimi o‘z yo‘lida oqar ekan, qandaydir darveshnamo olimlarning mislsiz riyozatlari orqasida bir lahza o‘sha makon chegaralariga qadam qo‘yganlari, uning sir-sinoatlaridan voqif bo‘laroq, ko‘z yumguncha o‘tgan vaqt orasida ortga qaytganlari, inson oyog‘i yetmagan cho‘qqini zabt etganlari haqida afsonalar yuradi.
Biroq ushbu buyuk hodisotdan kimsa xabar topmaydi, birov u qahramonni tabriklamaydi ham, na tantanalar, na intervyular uyushtiriladi, na qahramonga biror nishon berishadi. Chunki bunday hodisalar xoslar uchun maxsus. Qahramon bu haqda bor-yo‘g‘i “Men u dunyoga borib keldim”, deyishi mumkin, vassalom. Axir unda o‘zga olamda bo‘lganini tasdiqlovchi na biror surat, na hujjat-dalil bor.
Voqean, shunday hodisa ro‘y berib qolgudek bo‘lsa, o‘z tafakkurimiz vositasida o‘sha o‘zga olamga tirqish topa olsak – biz uchun mavhum bir formuladan boshqa narsa bo‘lmagan, bizdan tom ma’noda tashqarida bo‘lgan olam ayni chog‘da hayotimizning o‘ziga aylanadi. O! U lahzalarda o‘zligimizdan, qayg‘u, quvonch, tashvish atalmish yuklarimizdan birato‘la xalos bo‘lamiz. Inson tafakkuri naqadar bepoyon-a!
Xuddi shunday voqea, osmon billuriy ranglarga chulg‘angan, shahar chiroqlari go‘yo Zuhro yulduzi bilan bahs boylashgandek, u yer, bu yerda miltillay boshlagan ajoyib kuz oqshomlarining birida professor Albert Eynshteyn bilan ham sodir bo‘ldi. Uning qalbi – o‘sha sir-sinoatga boy bir parcha go‘sht – Xudoning marihamatini his qildi. Zero, Eynshteyn donishmand odam edi. Dunyo havaslariga parvo qilmasdi. Ammo ayni lahzalarda u o‘zini odamlar izdihomidan yuksaklarda his qildi. Non ushog‘iga intizor gado favqulodda bir xumcha oltin topib olgandi go‘yo.
Go‘yo Eynshteynning nomunosib o‘ylariga jazodek, sirli haqiqat qanday paydo bo‘lgan bo‘lsa, shunchalik kutilmaganda, daf’atan ko‘zdan yo‘qoldi. Ayni damda professor hozir bo‘lgan makonining o‘ziga tamomila notanish ekanini anglab qoldi. U chetlari jonli devor bilan to‘silgan uzun yo‘lak bo‘ylab ketib borar, atrofida imorat tugul biror tirik jon ko‘rinmasdi. Yo‘lak oxirida sariq-qora zebra tusida bo‘yalgan, shiftini sharsimon chiroq yoritib turgan benzakalonka ko‘rinardi, xolos. Yon tarafdagi skameykada, chamasi mijoz yo‘qligidan zerikibgina bir zanji o‘tirardi. Uning egnida ish kombinizoni, boshida esa beysbol shapkasi bor edi.
Eynshteyn uning yonidan indamay o‘tib ketmoqchi edi, biroq zanji o‘rnidan turib u tomon odimladi.
-Janob!-dedi u.
Zanji o‘rnidan turgach, barzangi kelbati, xushbichim yuzi, bor bo‘y-basti bilan mukammal bir afrikalikni o‘zida mujassam etgani ko‘zga tashlandi. Tun qorong‘usida jilmayar ekan, marjondek tishlari yarqirab ko‘rinardi.
-Janob,-dedi u,-sizda gugurt topilmaydimi?-va cho‘g‘i so‘ngan sigareta bilan unga yaqin keldi.
-Chekmayman,-Eynshteyn javob bera turib to‘xtadi, to‘g‘rirog‘i uni qiziqish va hayronlik to‘xtatgan edi.
Shunda zanji so‘radi:
-Balki menga aroq puli berarsiz?
U mirzaterakdek naynov, navqiron, ustiga-ustak surbetgina edi.
Eynshteyn cho‘ntaklarini timiskiladi.
-Bilmadim-da… Yonimda sariq chaqa ham topilmasov… Sayrga pul olib chiqadigan odatim yo‘q…Rosti gap afsusdaman…-der ekan ketishga chog‘landi.
-Shunisiga ham qulluq,-dedi zanji,-ammo, ma’zur tutasiz…
-Yana nima?-malollandi Eynshteyn.
-Siz menga keraksiz. Bu yerga asli shuning uchun kelganman.
-Men kerakman?! Nima gap o‘zi?!
-Menga keraksiz,-takrorladi zanji,-bir muhim ish yuzasidan. Buni faqat qulog‘ingizga aytishim mumkin.
Ayni damda tun pardasi yanada quyuqlashgan, bunga sari zanjining tishlari olldingidan ham oppoqroq ko‘rinardi. Zanji Eynshteynning qulog‘iga engashdi.
-Men – jon olguvchi farishtaman,-shivirladi u,-joningni olgani keldim.
Eynshteyn bir qadam ortga chekindi.
-Menimcha,-dedi u ovozi jiddiylashib,-menimcha, ko‘proq ichib qo‘yganga o‘xshaysan, og‘ayni.
-Men – o‘lim farishtasiman,-ta’kidladi zanji,-qara…
U jonli devordan yam-yashil bir novdani sindirib oldi. Oradan lahza o‘tmay uning qop-qora qo‘llarida yashnab turgan barglarning rangi siniqdi, so‘lishga tushdi, so‘ng esa kulga aylandi. Zanji bir puflab kaftidagi kulni ko‘kka sovurdi.
Eynshteyn boshini egdi.
-Jin ursin. Demak, kunim bitibdi-da…Qanday qilib – shu ahvolda, tun qorong‘usida, yo‘lning qoq o‘rtasidami?!..
-Menga shunday buyurilgan.
Eynshteyn atrofiga olazarak boqdi, tirik jondan nishon yo‘q edi. Hammasi avvalgidek: uzun yo‘lak, pastlikda chiroqlar mo‘ltiraydi, chorraha tomondan avtomobillar qizil ko‘zlarini tikadi.
Falak gumbazida yulduzlar jimiri, Zuhro yulduzi quyi ingan.
Eynshteyn chuqur tin olib dedi:
-Menga qara, birodar, bir oy muhlat berolmaysanmi? Tugata olmagan bir muhim ishim bor, shuni yakunlagan kunim kelsang degandim. O’tinaman faqat bir oygina…
-Kashf etmoqchi bo‘lgan narsangni,-ta’kidladi “zanji”,-men bilan boradigan joyingda so‘zsiz topasan.
-Bu boshqa-boshqa narsalar: u dunyoda mehnatsiz topilgan kashfiyotning qiymati nima bo‘lardi. Mening kashfiyotim esa odamlar uchun koni foyda. O’ttiz yildan beri shuning ustida ter to‘kaman. Orzuyim ushalay deganda-ya…
“Zanji” ishshaydi.
-Bir oy deysanmi?..Mayli, ammo muddating yetgandan so‘ng qochib qolishni xayolingga ham keltirma. Osmonga chiqsang oyog‘ingdan, yerga kirsang qulog‘ingdan tortib olaman.
Eynshteyn yana nimadir demoqchi bo‘lib boshini ko‘targanida, suhbatdoshidan asar ham topmadi.
Bir oy deganlari hijrondagi oshiq uchun qanchalar ko‘p muddat bo‘lsa, ajalini kutayotgan bechora uchun soniyadan-da qisqa ekan. Soniya nima bo‘pti bir nafas singari shiddatkor va aniq. Mana u o‘tdi-ketdi. Eynshteyn va’dasiga vafo qilib, belgilangan joyga yo‘l oldi. O’sha benzakalonka, o‘sha skameyka, unda “zanji” o‘tiribdi. Faqat bu safar u kombinizoni ustidan harbiylar kamzulini kiyib olgan: axir havo sovib qolgan-da.
-Men keldim,-dedi Eynishteyn uning yelkasiga turtib.
-Qalay, ishlaringni bitirdingmi?
-Yo‘q, tugata olmadim,-og‘ir xo‘rsindi olim,-menga yana bir oy muhlat ber! Qasam ichaman. Bu safar tugataman. Ishon, kunu tun quldek ishladim, baribir ulgurmadim. Ammo arzimagan ish qoldi.
“Zanji” orqa o‘girib o‘tirgan holatida yelka qisdi.
-Siz – Odam bolalari, hammangiz bir go‘rsiz. Sizga mudom nimadir yetishmaydi. Sira birovdan minnaddor bo‘lmaysiz. Bir soniya ortiqroq yashash uchun tiz cho‘kib oyoq o‘pishga-da tayyorsiz. Bahona topishni-ku qiyib qo‘yasiz.
-Men qilayotgan kashfiyot o‘ta murakkab. Hali inson zotiga nasib etmagan…
-Bo‘ldi, bilaman, bilaman,-gapni shart kesdi “zanji”, -hikmat toshi yaratmoqchisan, shundaymi?
Shundan so‘ng har ikkisi jim qolishdi. Sertuman, sovuq kuz oqshomi etni junjuktiradi. Bunday tunda uyda yotganga ne yetsin.
-Men nima qilay endi?-so‘radi Eynshteyn.
-Bo‘pti ketaver…Lekin bir oy ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketadi.
Chindan ham bir oy ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketdi. Vaqtning bu qadar ochofatligi shunda bilindi.
O’sha dekabr tunida izg‘irin esar, yakkam-dukkam chirindi xazonlarni o‘ynatar, olimning bosh kiyimi ostidan chiqib turgan oppoq sochlariga changal solardi. O’sha benzakalonka, bu safar skameykada boshiga qalin salla o‘ragan o‘sha “zanji” sovuqning zo‘ridan dildirab o‘tirardi.
Eyniishteyn unga yaqin kelib, yelkasiga dadil turtdi.
-Men keldim.
“Zanji”ning sovuqdan tishlari takirlar, kamzo‘liga o‘ranib olgandi.
-Ha, senmisan?
-Men.
-Demak, tugatibsan-da?
-Xudoga shukur, tugatdim.
-Yuz yillik o‘yini intiho topibdi-da! Har holda armoning qolmagandir? Boqiylik sirini ochgandirsan?
-Ha,-Eynshteyn jilmayib javob qilar ekan, yo‘talib qo‘ydi,-nafsilamrini aytganda hammasi joyiga tushdi.
-Ketdikmi bo‘lmasam? Safarga tayyormisan?
-Albatta, kelishganmiz-ku.
“Zanji” ilkis sakrab turdi va shunday qahqaha otdiki, faqat iblisgina bunday kulishi mumkin edi. Keyin o‘ng qo‘lining kursatkich barmog‘i bilan Eynishteynning qorniga bir turtgan edi, u muvozanatini yo‘qotib, oyog‘ida zo‘rg‘a turib qoldi.
-Yaxshi, yaxshi keksa qaroqchi…uyingga jo‘na, tez bo‘l, yugur, bu sovuqda o‘pkangni oldirib qo‘ymasingdan… Hozircha menga keraging yo‘q.
-Meni qo‘yvormoqchimisan? Unda bu ko‘rsatgan hunaringni qanday tushunish kerak?
-Bularning barisi ishingni tezroq tugatishing uchun edi, vassalom. Men maqsadimga erishdim…Seni shunday qo‘rqitmaganimda, kim bilsin yana qancha cho‘zar eding?!
-Mening ishim?.. Buning senga nima qizig‘i bor?
“Zanji” tirjaydi.
-Menga-ku kerak joyi ham yo‘g‘-a… Ko‘rmaysanmi, rahbariyat, yer osti dunyosining hukmdori – ustozim iblis… Uning aytishicha, avvalgi kashfiyoting ham shaytanat dunyosi uchun katta foyda bergan. Bunda shaxsan sen aybdor bo‘lmasang ham, shunday bo‘lgani rost. Senga bu yoqadimi, yoqmaydimi ixtiyoring o‘zingda, janob professor, lekin kashfiyoting jahannamga mislsiz foyda olib keldi… Endi yangi kashfiyotingdan foydalanishni o‘ylayapmiz.
-Bo‘lmagan gap!-norozi chinqirdi Eynishteyn.-Dunyoda undan bezararroq narsa bor ekanmi? Bu shunchaki formula, mutloq mavhumiyat xolos…
-Yashshavor,-qichqirdi iblisvachcha, yana olimning qorniga turtar ekan.-Yashshavor, azamat! Seningcha meni bu yoqqa o‘ynagani yuborishganmi? O’ylaysanki, ular xato qilishganmi?.. Yo‘q-yo‘q, sen yaxshi ishlading. Zulmatdagi og‘alarim sendan xursand bo‘lishadi endi!.. Eh sen bilganingda edi!..
-Nimani, nimani bilganimda edi?
Ammo iblisvachcha g‘oyib bo‘lgan, atrofda na banzakalonka, na skameykadan nishon bor edi. Yolg‘iz tun, izg‘irin shamol va uzoq chorrahadagi avtomobil chiroqlarigina ko‘zga tashlanardi…

Rus tilidan Uzoq Jo‘raqulov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.