OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dino Butssati. O’liklar nega tirilmaydi (hikoya)

Skripkasoz usta Amedeo Torti va uning xotini qahva ichmoqda edilar. Bolalar allaqachon uxlab qolgan, er-xotin odatdagidek jimgina o‘ltirishardi. Birdaniga xotini so‘z boshlab qoldi:
— Senga nima deb aytishni ham bilmayman... Kun bo‘yi allaqanday g‘alati bo‘lib yuribman... Nazarimda xuddi kechqurun biznikiga Appasher kirib keladigandek.
— Gaping qursin, bu to‘g‘rida hatto hazillashib ham bo‘lmaydi, — dedi eri ranjib.
Gap shundaki, bundan yigirma kun avval uning eski, qadrdon do‘sti skripkachi Toni Appasher vafot etgan edi.
— Tushunib turibman... Odamning vahmi keladi! — dedi xotini. — Ammo, nima qilay, shu xayol hech miyamdan ketmayapti.
— Agar bordiyu... —deb g‘o‘ldiradi Torti g‘amgin tovushda, lekin fikrini davom ettirib o‘ltirmadi. Faqat bosh chayqab qo‘ydi.
Ular yana jim bo‘lib qolishdi. Soat chorakam o‘n edi. Nogoh eshik qo‘ngirog‘i jiringladi. Qo‘ng‘iroq astoydil hafsala bilan uzoq jiringlab turdi. Er-xotin seskanib tushdi.
 — Kim ekan bemahalda? — dedi xotin.
 Yo‘lakdan oqsoch qiz Inesning shipillab o‘tgani, so‘ngra eshik ochilgani, bo‘g‘iq tovushlar eshitildi. Zum o‘tmay Ines yemakxonaga mo‘raladi. Uning rangida rang qolmagan edi.
 — Kim u, Ines? — deb so‘radi beka.
Oqsoch xo‘jayinga bnr qarab qo‘ydi-da, duduqlanib:
— Sinor Torti, bir munutga bu yoqqa chiqsangiz. U yerda... Voy, agar bilsangiz edi! — dedi.
— Kim ekan o‘zi? Kim deyapman? — deya betoqat ohangda so‘radi beka, garchi gap kim haqida borayotganini bilib turgan bo‘lsa-da.
Ines oldinga enkayib, go‘yo ularga maxfiy bir gapni aytmoqchidek, shivirladi:
— U yoqda... u yoqda... Sinor Torti, o‘zingiz chnqing... Maestro Appasher qaytib kepti!
— E, nima deb valdirayapsan! — dedi Torti bu jumboqdan g‘ijinib va xotiniga yuzlandi: — Qani, ko‘ray-chi... Sen shu yerda qol.
U qorong‘i yo‘lakka chiqdi va qandaydir javonning raxiga urilib ketdi-da, shahd bilan dahliz eshigini ochdi.
Ostonada, doimgidek beo‘xshov qiyshayib, Appasher turardi. Yo‘q, u odatiy ko‘rinishda emasdi. Shakl-shamoyili bilinar-bilinmas tarzda xira tortganidan u allanechuk mavhum qiyofada ko‘rinarmidi-ey. Bu Appasherning sharpasimidi? Chamasi, buni sharpa deyish ham qiyin, chunki u hali biz moddiylik deb ataydigan xususiyatdan butkul xoli bo‘lmagan edi. Agar u sharpa bo‘lgan taqdirda ham, qandaydir moddiy belgilarini saqlab qolgan sharpa edi. U odatdagidek kiyimda edi: kulrang kostyum, havorang chiziqli ko‘ylak, qizg‘ish-moviy bo‘yinbog‘. Qo‘lida ezg‘ilanib ketgan fetr shlyapa bo‘lib, asabiy g‘ijimlab turardi. (Albatta, uning egnidagi kostyum ham kostyumning sharpasi edi, galstuk va hokazolar ham shu ahvolda edi, deb aytsak, to‘g‘ri bo‘lardi).
Torti mutaassir odam emas edi. Aslo. Ammo oshnasini ko‘rib u ham nafasini chiqarmay qotib qoldi. Hazil gapmi — yigirma kun burun o‘z qo‘ling bilan qabrga qo‘yib kelgan eski va qadrdon do‘sting ostonangda irjayib tursa!
— Amedeo! — deb tovush chiqardi boyoqish Appasher va vaziyatni yumshatish uchun beo‘xshov iljaydi.
— Senmisan? Nima qilib yuribsan bu yerda?! — deb xitob qildi Torti zarda aralash.
Uning qalbini chulg‘ab olgan qarama-qarshi va noaniq tuyg‘ular birdaniga g‘azabga aylandi. Axir judo bo‘lgan do‘sti bilan qayta diydor ko‘rishuv unga cheksiz quvonch baxsh etishi lozim emasmidi? Axir taqdir unga shunday uchrashuvni nasib etsa, u millionlarnnn bermasmidi? Albatta, o‘ylab-netib o‘ltirmay shunday qilgan bo‘lur edi. Do‘stining diydorini yana bir bor ko‘rmoq uchun har qandan qurbonga tayyor edi. Ammo nnma uchun Torti ayni lahzalarda hech qanday quvonch hissini sezmayotir? Bu bema’ni zarda qayoqdan paydo bo‘ldi?
Demakki, shuncha g‘am-iztiroblar, ko‘z yoshiyu armonlar, tegishli rasm-rusumlarni ado etish bilan bog‘liq yugur-yugurlardan keyin hammasini yana boshqatdan boshlash kerak ekan-da? Dafn marosimidan so‘ng o‘tgan vaqt mobaynida Tortining qalbidagi ezgu tung‘ular zaxirasi tugab bitgan, ular qaynab chiqadigan boshqa manba qolmagan edi.
— Ko‘rib turibsan-ku. O’zimman, — dedi Appasher shlyapasinnig gardishini battar ezg‘ilab. — Lekin... Bilasan-ku, sen bilan mening o‘rtamda qanday takalluf bo‘lishi mumkin? Xullas, gapning qisqasi... Agar senga noqulay bo‘lmasa...
— Noqulay? Sen hali buni noqulay deb yuribsanmi? — deb qichqirdi Torti o‘zini yo‘qotib. — Qayoqdandir allambalo qiyofada kirib kelasanu yana noqulay emasmi, deysan! E, surbetlik ham evi bilan-da! — Jahl ustida shunday deb baqirib yubordi-yu pushaymonlik bilan g‘o‘ldiradi: — Endi nima qildim-a?
— Menga qara, Amedeo, — dedi Appasher. — Mendan xafa bo‘lma... Menda ayb yo‘q... U yoqda, — deya noaniq ishorat qildi u, — qandaydir chalkashlik bo‘pti... Xullas, men yana bir oycha bu yerda bo‘lib turishimga to‘g‘ri keladi shekilli... Bir oymi yo undan ko‘proqmi... Xabaring bor, endi mening uyim yo‘q, u joyda yangi egalari turibdi...
— Shuning uchun menikida qolmoqchisan? Shu yerda uxlamoqchisan?
— Uxlash deysanmi? Men endi uxlamayman... Gap bunda emas... Menga bir kichkina burchak bo‘lsa... Men hech knmga xalaqit bermayman — chunki yemayman-ichmayman, hojatga ham bormayman. Bilasanmi, men shu kechasi daydib yurmasam, degan edim, ayniqsa, yomg‘ir yog‘ib turganda.
 — Kechirasan, sen... yomg‘irda ivib ketasanmi?
— Ivishga-ku ivimayman, — deb hiringladi u, — lekin bari bir yomg‘irda yurish o‘larday yoqmaydi-da.
— Demak, sen har kechani shu yerda o‘tkazmoqchimisan?
 — Agar ruxsat bersang...
— Ruxsat bersang emish! Men senga tushunolmay qoldim. Sen aqlli odamsan, eski do‘stimsan... sening butun hayoting, aytish mumkinki, orqada qolgan... Nahotki shuni o‘zing tushunmasang? Albatta tushunmaysan, chunki sening hech qachon oilang bo‘lmagan-da!
Appasher xijolat bo‘lib, eshik tomonga chekindi.
 — Kechirasan, men o‘ylabmanki... Axir bor-yo‘g‘i bir oygina, xolos.
— Yo‘q, sen mening ahvolimni tushunishni istamayotibsan-vassalom! — dedi Torti tutaqib. — Men o‘zim uchun tashvish qilayotganim yo‘q... Mening bola-chaqam bor, axir!.. Bola-chaqa, tushunyapsanmi!.. Hali o‘nga ham to‘lmagan ikkita begubor go‘dak kecha o‘lib ketgan odamni ko‘rib turishi, sening nazaringda, balki hech gap emasdir? Qolaversa, hozir o‘zingning kim ekaningni ham bir o‘ylab ko‘rdingmi?! Qattiq gapirayotgan bo‘lsam kechirasan-u, ammo sen... sen hozir — sharpasan, mening bolalarim bor joyda esa sharpaga o‘rin yo‘q, jon do‘stim...
— Demak, hech iloji yo‘q ekan-da a?
— Yo‘q, azizim... Boshqa hech narsa deyol...
Uning gapi og‘zida qoldi: Appasher to‘satdan g‘oyib bo‘ldi. Faqatgina kimningdir zinapoyadan yugurib tushib ketayotgani eshitilar edi, xolos.
Konservatoriya direktori maestro Tamburlani kontsertdan chiqib uyiga qaytganida soat o‘n ikki yarimga zang urgan edi. Eshik oldiga yaqinlashib, qulf teshigiga kalit solarkan, u orqasida kimdir turganini, «Maestro, maestro!» deb nshvirlayotgapini sezdi. Shartta o‘girilib, Appasherga ko‘zi tushdi.
Tamburlapi o‘tkir diplomat odam sifatida nom qozongan, ehtiyotkor, o‘z ishiga pishiq kishi edi; shu fazilati (yoki nuqsoni) tufayli u jamiyatda kamtarona xizmatlari imkon bergan darajadan ko‘ra yuqoriroq mavqeni egallagan edi. U bir zumdayoq vaziyatga baho berib ulgurdi.
— U, azizim! — deya xush-xandon sayray ketdi u qo‘llarini skripkachi tomon cho‘zib. Lekin orada bir qulochcha masofani saqlab qoldi. — U, azizim, qadrdonim!.. Bilsang edi, o‘rning qanchalik bilinayotganini...
— Nima-nima? — deb qayta so‘radi Appasher. U eshitmadi, chunki sharpalarning jamiki qobiliyati pasayib ketadi. — Bilasanmi, endi qulog‘im og‘ir, ilgaridek emas...
— U, tushunaman, azizim, tushunaman. Ammo men nima qilay, baqirolmayman-ku, ichkarida Ada uxlayapti, keyin qolaversa...
— Qechirasan-ku, birpasga uyingga kirsam maylimi? Kun bo‘yi tik oyoqda yuraverib jonimda jon qolmadi...
— Yo‘g‘-e, nimalar deyapsan! Xudo ko‘rsatmasin, Blits sezib qolsa bormi!
 — A? Nima deysan?
— Blits, ovcharkam-chi? Itimning yomonligini bilasan-ku? Shunaqangi shovqin ko‘taradiki!.. Qorovul ham uyg‘onib yetib keladi. Keyin shunaqa mashmasha boshlanadiki, asti qo‘yaver. Buning ustiga...
 — Demak, loaqal bir-ikki kunga ham...
— Menikida turmoqchimisan? U, azizim, Appasher, albatta, albatta!.. Sendek do‘stim uchun... Ammo-lekin anavi... Menga qara... kechirasan-ku, lekin itni nima qildik-a?
Bu javob Appasherni qattiq ranjitdi. U do‘stini insof-diyonatga chaqirmoqchi bo‘ldi.
— Axir sen yaqindagina qabristonda meni tuproqqa qo‘yishdan oldin nutq so‘zlab yig‘lamaganmiding? Esingdami? O’ylaysanki, hiqillab yig‘laganingni eshitmaganman-da? Eshitganman.
— U, azizim, unday dema... Dardim og‘ir. — U shunday deb qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi. — E xudo, Blits uyg‘onib ketdimi, deyman!..
Darhaqiqat, eshik ortidan bo‘g‘iq, ogohlantiruvchi irillash eshitildi.
— To‘xtab tur, qadrdonim, men bu yaramas maxluqni tinchlantirib qo‘yay... Hozir, bir minutgina, azizim.
U lip etib o‘zini ichkariga urdi-da, eshikni qarsillatib yopdi, barcha ilgagu lo‘kidonlarini solib qulflab oldi. Hammayoq jimjit bo‘lib qoldi.
Appasher bir necha daqiqa kutib turdi, so‘ng shivirlab chaqirdi:
 — Tamburlani, Tamburlani.
Eshik ortidan hech kim sado bermadi, U qoqsuyak barmoqlari bilan eshikni taqillata boshladi. Javob o‘rniga — sukunat.
Tun endigina yarimdan oqqan edi. Appasher Jannaning huzuriga borib omadini sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi. Janna suyuqoyoq, oqko‘ngil qiz bo‘lib, Appasher u bilan don olishib yurardi. Janna shahar chetidagi odam vij-vij eski bir uyda ikki xonali ijara kvartirada yashardi. Appasher bu yerga yetib kelganida soat to‘rtga yaqinlashgan edi. Baxtiga, chumoli iniga o‘xshash bu uyning yo‘lak eshigi ochiq ekan. Appasher ming mashaqqat bilan bazo‘r oltinchi qavatga ko‘tarildi — kun bo‘yi obdon tinka-madori qurigan edi.
Qorong‘i bo‘lishiga qaramay, u maydonchadagi kerakli eshikni qiynalmay topdi. Eshik ortida qadam sharpasi sezilgunga qadar qayta-qayta taqillataverdi. Nihoyat, uyqusiragan ayol tovushi eshitildi:
— Kim u? Nima kerak bemahalda?
 — Bir o‘zingmisan? Och, bu men... Toni.
— Shu vaqtda-ya? — deb so‘radi u ishtiyoqsiz, ammo o‘ziga xos yuvosh ohangda. — To‘xtab tur... hozir...
Erinchoq qadam sharpasi, chiroq murvatinpng chiq etgani, kalitning buralgani eshitildi. «Shu paytda nima qilib yuribsan?» — deya Janna eshikni ochdi va issiqqina to‘shakka qarab chopqillamoqchn bo‘ldiyu, Appasherning g‘alati qiyofasi uni hayratga soldi. Garangsib unga tikilib qoldi va nihoyat, uyqu aralash ongiga haqiqat yog‘dusi yetib bordi.
 — Axir sen... Axir sen... Axir sen...
U: «Axir sen o‘lgan eding-ku, aniq esimda», demoqchi bo‘lardi-yu, jur’ati yetmasdi. Orqasiga tislapib, ikki qo‘lini oldinga cho‘zdi — mabodo yaqinlashguday bo‘lsa.
— Axir sen... Axir sen... — Shu asno bo‘g‘zidan qichqiriq otilib chiqdi. — Ket bu yerdan!.. Xudo haqqi, ket bu yerdan! — deya baqirardi u ko‘zlari ola-kula bo‘lib.
Appasher esa unga tushuntirishga urinardi:
 — O’tinaman sendan, Janna... Ozgina dam olivolsam bas.
— Yo‘q-yo‘q, ket bu yerdan! Qolishni xayolingga ham keltirma. Sen meni aqldan ozdirasan. Ket bu yerdan! Ket, deyapman! Butun uyni boshingga ko‘tarmoqchimisan?
Appasher hamon joyida tosh qotib turardi. Qiz undan ko‘z uzmay javonni titkilay boshladi; qo‘liga qaychi tushib qoldi.
— Ketaman, ketaman, — dedi Appasher dovdirab. Ammo qiz jonholatda qo‘lidagi beo‘xshov qurolni uning ko‘ksiga sanchdi: qaychining ikkala tig‘i ham hech qanday qarshilikka uchramay sharpaning ko‘kragiga osongina botib ketdi.
 — Voy, Toni, kechir, men bilmasdan! — deb chirqillab qoldi qiz qo‘rqa-pisa.
— Yo‘q-yo‘q... Qitig‘im kelyapti! — deb hiringladi u. — Iltimos qilaman, to‘xtat. Voy-voy, qitig‘im kelyapti! — U jinniga o‘xshab qah-qah otib kula boshladi.
Tashqarida, hovli tomonga sharaqlab deraza ochildi va kimdir darg‘azab ohangda baqirdi:
— Hoy, nima gap? Soat to‘rt bo‘lgan bo‘lsa! Bu qanaqa bema’nilik-a, jin ursin!
Appasher shamol tezligida qochib qoldi.
Yana kimning oldiga borsa ekan? Shahar darvozasidan tashqaridagi San-Kalisto cherkovining nozirigami? Uning janozasini o‘qigan, gimnaziyadosh eski do‘sti, olijanob hazrat don Raymondoga murojaat etsamikan?
— Daf bo‘l, daf bo‘l, jahannam maxluqi! — Muhtaram pastor huzurida paydo bo‘lgan skripkachini ana shunday so‘zlar bilan qarshi oldi.
— Meni tanimading-a? Men — Appasherman... Don Raymondo, biror burchakda bekinib turishga ijozat ber. Hademay tong otadi. Birorta ham it menga boshpana bermadi... Do‘stlarim mendan yuz o‘girdi. Balki, loaqal sen...
— Men sening kimligingni bilmayman, — deya horg‘in va balandparvoz ohangda javob qaytardi ruhoniy. — Ehtimol sen iblis yoki ro‘yodirsan, bilmayman. Ammo sen chindan ham Appasher bo‘lsang, unda ichkari kir, mana senga mening to‘shagim, yotib damingni ol...
 — Rahmat, rahmat, don Raymondo, bilardim sening...
— Mayli, menga allaqachondan buyon yepiskop ko‘z tikib turgani seni bezovta qilmay qo‘yaqolsin, — deya soxta muruvvat bilan davom etdi ruhoniy. — Mayli, sening bu yerda bo‘lishing boshimga balo olib kelishi ham seni xijolat qilmay qo‘yaqolsin... Xullasi kalom, sen mening tashvishimni tortmay qo‘yaqol. Agar seni bu yerga meni butkul xonavayron qilmoq uchui yuborgan bo‘lsalar, nachora, bu ham Yaratganning irodasi!.. To‘xta, qayoqqa? Ie, ketyapsanmi?
O’liklar nega tirilmasligini endi bilgandirsiz?

Xayriddin SULTON tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.