OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Doris Dyorri. Mavsum oxiri (hikoya)

Zeppning aytishicha, vodiyda binafshalar ochilganmish. Zepp – ko‘targichlarga xizmat qiluvchi bo‘lib, bu yerga barvaqt yetib kelib radioni yoqar, gondolalarni yoqib, osib chiqardi. Keyingi uch oy ichida Lili vodiyga bor-yo‘g‘i to‘rt martagina tusha oldi. Har bir tushishi o‘n ikki markaning boshini yerdi. Zepp ko‘targichlarga bosh-qosh bo‘lsa-da, bu sarf-xarajatdan Lilini saqlay olmasdi, chunki to‘lovlarning barchasi tog‘ chang‘isi kombinatining kompyuteri orqali amalga oshirilardi. Boz ustiga vodiydagi qishloq ham xuddi bu yerdagi qorli tog‘dan zerikarli edi.
Onasi o‘shanda, men uchun shu ishni qilgin, umringda bir marta-gina bo‘lsa-da, iltimosimni bajargin deb rosa yalingandi. Shunda Lili xo‘p dedi va oqibatda Xirgialm tog‘ining cho‘qqisida “Xirsh” otelida yuz kun xizmat qildi. Bu vaqt ichida u na chang‘i uchishni, na snoubord boshqarishni o‘rgandi. Lekin har kuni onamning iltimosiga nega ko‘ndim-a, deb o‘zini koyirdi.
Onasining chalakam-chatti, yomon bo‘yalgan sochlarini, rangpar va kasalmand yuzlarini, horg‘in ko‘zlarini, ayniqsa hamma ofitsiant-larnikidek osilinqirab shishgan oyoqlarini har ko‘rganda achinib ketardi. Achinmayman derdi-yu, uddasidan chiqmay achinaverardi. Ayniqsa, bosh barmog‘i ko‘karib shishib, tirnog‘i ostidan biroz yiring sizib chiqadigan oyog‘ini ko‘rganda, oyoqlarim shunaqa bo‘lib qolishini istamayman, sira ham istamayman, deb o‘yladi-yu, ammo o‘shanda onasining o‘rniga to‘rt oy ishlab berishga ko‘ndi. Oqibati esa mana bu. Haligacha mehmonxonaning atrofi uch yarim metrlik qor uyumlariga to‘la. Vodiyda esa Zeppning aytishiga qaraganda qizlar paypoq kiyishmay qo‘yishgan.
 Dekabrdan beri Lilini oqlik qamragan. Oqlik atrofini o‘ragandan tashqari kalamush dori singari ichiga ham kirib zaharlayotgandek bo‘lardi. U esa nihoyatda yashil rangni sog‘ingandi. Atrofini yashillik qoplashini juda-juda orzu qilardi.
Uning xonasida gullar rasmi bilan bezalgan fototaqvim osig‘liq turardi. Lili har bir gulning nomini yod olgan va uyquga ketishda shivirlab ularni takrorlaydi: moviy safsargul, dafna, suvyig‘ar, oqyo‘sin, sariq safsar, kavusho‘t, ayiqtovon, Alp atirguli, Alp edelveysi, gazak o‘t, mojor gazako‘ti. Gabor, Marta, Zoltanlardan, mojorgazak o‘ti qanaqa bo‘ladi, deb so‘raganda, umuman, bunaqa o‘tni eshitishmaganini aytishdi. Bu venger er-xotin o‘g‘illari bilan uch kishi bo‘lib har yili qishda Jirshhalmda ishlashar, aprelda esa ikki hafta dam olib, keyin Vengriyadagi Bolaton ko‘li otellarida ishlashga ketishardi. Ozg‘in, uyatchan Zoltan nima uchun ota-onasidan ketib qolmaydi, degan savolni Lili ko‘p o‘ylardi. Bo‘sh vaqtida oynadan tashqariga tikilib o‘tiraveradi. Shuningdek, qachon menga gap otadi deb ham kutardi. Ingichka devorning narigi tarafida yashovchi Zoltanning ba’zan tez-tez ingrangani eshitilardi. Albatta-da, derdi Lili, bechora yolg‘izlikdan jinni bo‘lib qolmasligi uchun nimadir qilishi kerak. Uch oyni yigitlarsiz yolg‘izlikda o‘tkazish qancha-lik qiyin bo‘lishini hech tasavvur qilolmasdi.
Zepp-chi? “Mehribon, yeb qo‘ygudek qaraydigan” muloyim Zepp. Yuz kunlik yolg‘izlikdan Lili unga taslim bo‘lishiga sal qoldi. Mavsum tugashiga o‘n sakkiz kun qolgandi. Biroq, xuddi shu kuni kutilmaganda O‘tpurkar Ajdar paydo bo‘ldi.

 Avvaliga Lili u haqda hech narsa bilmagani uchun, faqat bu tog‘dan qochib ketishni o‘yladi, xolos. Gobor unga taskin berish uchun dumbasidan chimchilab-chimchilab qo‘ydi. Ishga kirishishganda Gabor bilan Zoltan oppoq ko‘ylak, qora charm jilet kiyib olishadi. Otasi Gabor bo‘yi pastroq va semiz, o‘g‘li Zoltan oriq va naynov. Salfetkalarni taxlasharkan Gabor ba’zan salmoqlanib o‘g‘liga vengerchalab nimalarnidir uqtirardi, ba’zan esa o‘sha ishlarini indamay qilishadi. Gaborning xotini Marta esa o‘choqboshida, zalga kamdan-kam chiqadi. Mavsum oxirlagani uchun vujudida charchoq, yuzi bo‘zargan ko‘rinadi va undan hamisha go‘sht hidi keladi. Lili etemaslar aqidasida ekanligi uchun Martaning o‘rnida ishlash fikrining o‘zi- ni aqliga sig‘dirolmaydi. Marta hamisha, boshini chayqab, sog‘liq uchun ishim zararli deydi-yu, shuncha yildan buyon pishloq quymog‘i, qirol omleti, ismaloqli quymoqlarni pishiraveradi. 
“Mavsum oxiri” degan so‘zlar restoran xizmatchilari uchun o‘zga ma’no anglatadi. Lekin baribir hali mavsum tugamagandi. Otel xo‘jayini frau Pfefferle yil fasllarining har biri o‘z bezagiga ega bo‘lishi kerak degan niyatda, vodiydan butoqlar olib kelgan va tuxumlarni osib qo‘yishni mo‘ljallagandi. Shuning uchun hammani tuxum bo‘yab, rasm chizishga jalb etdi. Yangi yilga ular pufak puflashgan, fashingda* konfet sochishgan va ahmoqona shlyapalar kiyishgandi. 
Hozir esa frau Pfefferle qayerdandir jo‘ja tulumlarini topib kelgan, xizmatdagilar ularga qo‘lbola peshbandlar kiygizishgandi. Lili momiqqina jo‘ja tulumini olganda uning tumshuqchasi kaftiga qattiq sanchildi. Lili o‘zida g‘ayrioddiy irganish his etadi. Gabor buni sezmay, qo‘lini yelkasiga qo‘yarkan, Lilimiz juda ta’sirchan-da, degancha, jo‘jani undan oladi. Lili qo‘liga pichoqni olib hammani o‘ldirib tashlagisi kelardi.
Voy sichqoncham, deb erkalaydi onasi har hafta u bilan telefonda gaplashganda. Hafta sayin onasining ovozi tetiklashayotgandek tuyuladi Liliga. Va Lili onasining oyog‘i u aytayotgandan ancha tez tuzalayotganini tushunadi.
Lili bu tog‘ cho‘qqisiga 27 dekabrda qor bo‘roni paytida yetib kelgandi. Daraxtlar uzra chayqalayotgan gondola yakka o‘zi edi. O‘zini juda yomon his etardi o‘sha daqiqalarda. Lekin, gandolaga tushmasdan oldingi ruhiyati ham undan yaxshi emasdi. Chunki surunkali bazmlar, bola bo‘lib qolishga qarshi ichilayotgan dorilar, aldoqchi yigitlar ich-etini yeyayotgandi.
– O!– deya xitob qilgandi frau Pfefferle uni ilk bora ko‘r-ganda.– Xitoy qizchasi. Ha, Rita bir og‘iz aytib qo‘ysa bo‘lardi!
Lili boshini silkitib qo‘ydi. Uning bu harakati pashsha haydayotgan otning kalla qimirlatishining aynan o‘zi edi.
– Har bir xonaga o‘n ikki daqiqa vaqt ajratiladi,– deb yo‘riq bergandi frau Pfefferle.– Angladingizmi, o‘n ikki daqiqa sochiqlarning faqat polga tashlangani yuviladi.
Ertasiga mijozlarning o‘z xonalarida naqadar cho‘chqalik qilishini o‘shanda bilgandi Lili. To‘rtinchi xonaga o‘tganda o‘kirib yig‘ladi.
– Rita ham birinchi kunlari itga o‘xshab uvillardi,– dedi frau Pfefferle.
Lili bolaligidanoq ko‘krak qafasida kattakon bir qushning qamalib qolib, potirlab uning qovurg‘alariga urilayotgandek tuyganini his qilardi. Lili bu tuyg‘udan qutulish uchun har narsa qilishga tayyorligini ko‘p o‘ylagandi. Keyinchalik, onasining pastki labi titray boshlaganini ko‘rgan zahoti xonadan chiqib ketardi. Onasi uni bemehr qiz deb o‘ylardi va yuragidagi hamma gapni aytib olibgina o‘kirib yig‘lashga tushardi.
Yo‘q, tog‘lar afsonaviy maftunkor emasdilar. Oftob charaqlab tursa, Lili o‘zini ularning oldida ko‘rinmas darajada kichik, Alp cho‘qqilarini tuman qoplasa o‘zi adashib yo‘qolib qoladigandek, sezardi. 
Birinchi kunlari karavotlarni yig‘ishtirib, choyshablarni qaytadan yozib tekislashning o‘zidanoq qo‘llari peshin ovqatiga dasturxon tuzashni boshlardi. Va bu ishni hali oxiriga yetkazishmasdan, changli botinkalarini do‘pillatib mijozlar kirib kelardi.
Lili kelganining to‘rtinchi kuni Yangi yil bayrami o‘tkazishgandi. Yarim kechaga borganda hamma mijozlar tashqariga chiqishdi. Peshayvonning bir tarafida to‘planishib, qo‘l telefonlar zo‘r-bazo‘r ishlasa-da, gapga tushib ketishdi.
Hammaning yuzida frau Pfefferlening o‘pichlaridan qizil izlar qoldi. Atrofini mayda ajin qoplagan, xaltachalari osilib qolgan ko‘zlaridan yosh oqardi otel egasining. Yangi ming yillik bilan! Barcha raqsga tushadi!– deb e’lon qildi u. Ba’zi bir mijozlarning ermak mushaklarni otishayotganini Lili kuzatib turardi. Rang-barang mushaklar qorong‘u osmon ichiga kirgan zahotiyoq o‘chib, izsiz yo‘qola-dilar. O‘zining hayoti ham hali ochilmay turib mana shunday izsiz yo‘qolib ketishi mumkinligi xayoliga kelib, Lili dahshatga tushdi. U pastga tashlanib, gondolaning oldidagi telekamera qarshisiga turdi-da, yenglarini shimarib, yalang‘och qo‘llarini baland ko‘tarib u yoq-bu yoqqa solladi, lekin shu daqiqadayoq o‘zining qilig‘idan o‘zi uyaldi va o‘zini nihoyatda yolg‘izlikda tuydi. Bu holat “Kirsh” tele-filmlaridagi bir manzaraga o‘xshardi.

Yaxshiyamki, ko‘kraklaring xitoylarnikiga o‘xshagan kichkina emas, deb takrorladi onasi. Lekin Lilining ko‘zlari baribir qisiq va qiyiq edi. Bog‘chada unga Xitoy Liliyasi (piyozguli) deb ot qo‘yishgandi. Onasi Liliyadan boshqa ot topolmagan ekan shekilli. Liliyaga ota bo‘lgan o‘sha odamning otini onasi yaxshi eslolmasdi: yo Le Fyun, yo Fen Lyu edi. Rozenxeymdagi xitoy restoranchasida ofitsiant bo‘lib ishlardi, u kishi. Maktabdaligi paytidayoq, Lili onasi ishlaydigan navbatdagi restoranning stollaridan birida o‘tirib darsini tayyorlar ekan, o‘la qolsam ham ofitsiant bo‘lmayman, derdi ichida.
Lili yenglarini shimarib nazorat kamerasi oldida turgan yangi yil kechasidan keyin Zepp har kuni ko‘targichni o‘chirib qo‘yib, restoranda o‘tirar, meva sharbatini asta simirarkan, Lilidan ko‘zlarini uzmasdi. Yirik gavdali, tog‘ oftobida qoraygan, panjalari ham katta-katta edi. Ishqu muhabbat savollaridan uch oy qantarib yurilgan shu kishi ham Lilining diqqat nazariga tusha boshladi. Zepp vodiyda ochilgan binafshalar haqida gap boshlaganida, Lili tushundiki, tez orada undan binafsha gul oladi. Lili tushundi. Sal o‘tmay shokoladli ham bo‘ladi.

Mavsum tugashiga o‘n sakkiz kun qolganda, kichik jussali, sochlari qizg‘ish rangga bo‘yalgan, hushqomat professor ayol boshchiligida bir guruh talabalar kelishdi. Ayolning qaysi soha o‘qituvchisi ekanligini Lili oxirigacha ham bilolmadi. Professor piyoz boshog‘i nusxa soatini stolga qo‘yardi, talabalar daftarlarini ochib shosha-pisha uning aytganlarini yoza boshlardilar. Har ikki soatda tanaffus e’lon qilinardi. Lili termosda qahva keltirardi. Ulardan faqat bittasi choy ichardi. Va bu yigitlarning eng chiroylisi edi. Bo‘yi baland, to‘lqinsimon sochlari qop-qoraligi ayni Liliniki kabi edi. Nikel qolipli ko‘zoynagi ortidan boqib turuvchi ko‘zlarining ko‘m-ko‘kligi xuddi gazan o‘t gulining qo‘ng‘iroqlari rangiga o‘xshardi.
Yuzining ko‘p chiziq va belgilari farishtalarning tasviriga o‘xshab ketardi. Shuning uchun Lili u yigitga o‘zicha “ulkan farishta” deb ot qo‘ydi.
Ertalab, nonushtada yigit ovqatga engasha turib jo‘jaga ko‘zi tushib burnini jiyirib qo‘ydi. Uning jo‘jaga bildirgan xuddi mana shu munosabati Lilini qoyil qoldirdi. Yigit o‘girilarkan, bexosdan tirsagi bilan Lilining ko‘ziga tegib ketdi. Kechirim so‘ragandi, Lili hechqisi yo‘q ma’nosida qo‘l siltadi. Ammo ko‘z ko‘karib chiqdi. Endi har uchrashishganda yigit xijolatga tushadi. Lili esa kulib vujudida titroq sezadi. Yigitning xonasiga kirganda kiyimlarining tartib bilan ilinganini yoki stulga terib qo‘yilganini, chiqindilar esa chelakka tashlanganini ko‘rib undan minnatdor bo‘ldi. Tish cho‘tkasi ham yangi edi. Foydalanayotgan dezodoranti ham, soqolini qiradigan ustarasi ham, xullas hammasi Liliga yoqdi, karavotning yonidagi stolda turgan kitobni ko‘rdi. Ajdar yili. 2000 yilga xitoycha yulduzlar jadvali. Kitobni avaylab olib, o‘zining tug‘ilgan 1979 yilni ochdi. Tug‘ilgan yili echki burji ekan. Hamma tanishlarim bunga rozi bo‘lsalar kerak deb o‘yladi. O‘qiy boshladi: Echki faol, g‘ayratga to‘lib-toshgan. Faqat juda tezsan. Sal hovuringni bosib harakat qil. Xohlaganingni qo‘lga kiritolmasang ham xayol, orzularga berilasan. O‘zingda boridan ko‘proq narsaga egalik qilmoqni istaysan. To‘g‘ri deb to‘ng‘illadi Lili. Lekin hayot senga xayrli boqadi. Hayot menga xayrli boqadi, shivirlaydi Lili. Eski boshqa barcha burjdagilar bilan oson chiqishadi. Faqat Quyon bundan istisno. Quyonga kelganda echkining sabri chidamaydi. Xo‘roz, ot, it bilan birga bo‘lsa oxiri yaxshi bo‘ladi.

Tushlikning taomnomasiga “qizil karam va qiyma bilan sayg‘oq jarkobi” deb yozib qo‘ygandi. Mijozlar oldilariga tortilgan g‘oz go‘shtiga hayron bo‘lib qarashardi. Ulkan farishta xoxolab kuldi:
– Demak sayg‘oqning qanotlari bo‘larkan-da?
Lili qizarib ketdi. Tushlik tugagandan so‘ng Lili peshayvonga yugurib chiqib ulkan farishtani ko‘rmoqchi bo‘ldi. Olisda ko‘targichlar guvillab o‘yingohdek ko‘rinayotgan chang‘ichilarni qiyaliklardan tepaga tortib ketardilar. Balki uning qizil kombinizoni trassada ko‘rinib qolar? Chang‘i uchishni o‘rganmaganiga birinchi marta attang qildi. 
Ey hayotjon, mehribonlik qil, deb shivirladi u.
Qayd jurnalidan uning familiyasi va tug‘ilgan yilini topdi: Peter Bryukler, 1976 y. 7 iyun. Xitoy taqvimidan solishtirib 76 yilnning Ajdarligini aniqladi. Demak, Farishta – Ajdar ekan-da. O‘tpurkar Ajdar ko‘klarga uchdi. U qudratli va taniqli bo‘ladi. O‘ziga ittifoqdosh topadi. Vaqti bilan oilaviy baxtini topadi. Ammo O‘tpurkar Ajdar yolg‘izlikni yoqtiradi, o‘zini zohir etishda unga yordam darkor... Ajdarni Ilon, Sichqon, Maymun burjidagilar tortadi. Ot bilan Echkida Ajdar bilan birga bo‘lish imkoni bor. Imkon bor. Imkon bor, o‘ylaydi Lili. U hali bu yerda bir hafta yashaydi. 10–17 mart: Ajdar uchun qiyin keladi. Ozgina ehtiyotsizlik qilinsa, falokat yuz berishi mumkin. Uydan chiqmagani yaxshi.

“Echki”ga maslahat: Elektr asboblaridan ehtiyot bo‘lib foydalaning. Sevib qolgan Echki bir hafta ichida masalasini hal etmasa kech bo‘ladi. Aks holda hech qachon hal etolmaydi!
Peter o‘ziga “Kuyla mavr” tortini buyurganda yuragi bir orziqib tushdi.
– Chang‘i uchish yaxshi o‘tdimi?
Hayron bo‘lgan yigitning qoshlari chimirildi. Ko‘targichlar kunduzgi ishlarini tugatishdi. Zepp unga kichkina tog‘ binafshasini sovg‘a qildi. Lili sovuqqina qilib “rahmat” dedi.
Peter o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Lili binafshani peshbandi tagiga yashirib oshxonaga kirdi. Gulga ko‘zi tushgach Marta: “Mana, qor erisa, yana muhabbat boshlanadi”, – dab ming‘irladi.
Ob-havoning chang‘i uchishga mos kelishini Lili juda istardi. Axir bor-yo‘g‘i besh kun qolgandi-da. Ajdar uchun ham Echki uchun qiyin keladigan hafta. Seshanba kuni mikroto‘lqinli isitgichning simi ochilib ketdi. Chorshanba kuni Gaborni kuchli gripp yiqitdi. Payshanba kuni Marta kasal bo‘ldi va Lili oshxonada yordam berishga majbur bo‘ldi. Juma kuni Lili charchab ketganidan oyoqda zo‘rg‘a turardi. Ajdar bilan oradagi munosabat bir qadam ham olg‘a jilmadi. Har kuni ertalab u Lilining ko‘zi haqida so‘rar, ko‘zning ko‘kargani rangini o‘zgartirardi, xolos. Sevib qolgan Echki o‘z masalasini hafta ichida hal etishi kerak. Aks holda hech qachon hal etolmaydi.
Uning uchun faqat bir kun vaqt qolgandi. Lili faqat bir narsani, u na faqat sevib qolgan, balki yigitning batamom shaydosiga aylanib es-hushini yo‘qotgan Echki edi. Lekin imkoniyatdan foydalana olmayotgandi.
O‘zlarining oxirgi kunlarida talabalar o‘yin tashkil etishdi. Bunda bironta kimsaning nomi yozilgan qog‘oz odamning peshonasiga yopishtirilar va u odam bu nomni topishi kerak edi. Lili ular orasida vinomi, kokteylmi, tarqatib yurardi. Qizlar o‘zini juda sipo tutishar, yigitlar esa asta-sekin qiziy boshlagandilar. Uning yigiti, faqat suv yoki choy ichar, zerikar, biroq chidab o‘tirardi. Birdan u o‘rnidan turdi-da, hojatxona tomon yurdi.
– Ko‘zguga qarash yo‘q,– deb baqirishdi uning ortidan.

Lili uning ketidan yo‘taldi. U hojatxonadan chiqqanda Lili “voy!” deb xitob qildi. Yigitning peshonasidagi qog‘ozga bir ko‘tarilib yana joyiga yotdi. U Liliga engashdi-da, shivirladi:
– Men kimman?
– O‘tpurkar ajdar,– dedi hayajonda Lili, lekin darrov savolni tushunib,– Garri Potter,– deb javob berdi.
– Bu nimadir o‘zi?
– Ko‘zoynak taqib yuradigan, sehrlashni biladigan yosh bola.
– Shunaqami? – dedi Peter ko‘zoynakni to‘g‘rilab.
Ikkovi nima qilishini bilmay turganda zalga hovliqib boshqa talaba chiqib so‘radi: – Ko‘zguga qaradimi?
– Yo‘q,– dedi Lili. 
Peter unga engashib shivirladi.
– O‘yinlar yoqmaydi menga.
Lilining tizzalari bukilib, shunday zinaga o‘tirib qoldi. Kaftlari terlab, og‘zi qurib qoldi. Echki va O‘tpurkar Ajdar. O‘tpurkar Ajdar va Echki.
Kechasi Lili uxlay olmadi. Xayolida ikkovi birga edi. Birgalikda sayyora uzra to‘g‘ri Xirxalmga qarab yurib kelishardi. Bu juda tabiiy edi. Mantiqqa to‘g‘ri kelardi, Lilining fikricha. Echki va O‘tpurkar Ajdar. Hayot unga mehribonlik qiladi. Soat uchda qor yog‘di. Katta-katta laylak qor. Tashqaridagi chiroqlarning yorug‘ida qog‘oz parchalari uchib yurgandek tuyulardi.
Yana, yana yog‘sin, ko‘proq yog‘sin. Hammayoqni qor bossin, shivirlab iltijo qildi Lili tangriga. Lekin shu ondayoq qor uchqunlari kichrayib, kichrayib keyin qor butunlay to‘xtadi.
Lili soat yetti bo‘lmasidanoq nonushtaga uni kuta boshladi. Peter to‘qqizda keldi. Lili unga kruassadan olib qo‘ygandi. Peter tabassum bilan minnatdorchilik bildirib o‘tirdi-da, ovqatga tutindi. Yigit qizil chang‘i kombinezonini kiyib olgan edi. U derazadan qorni kuzatib, o‘zicha baholardi.
– Bugun ehtiyot bo‘lish kerak,– dedi Lili.– Qor ho‘lroq.
– Ha, oxirgi kun yiqilib tushsam ahmoqlik bo‘lardi,– dedi Peter, keyin chiqib ketdi. Biroz turib Lili uning chang‘ida trassadan oraliq stansiya tomon ketayotganini ko‘rdi. Yaltirayotgan qor nigohini qamashtirayotganidan Lili ko‘zlarini qisdi. Shu payt orqadan kelgan Gabor kaftini qizning yelkasiga qo‘ydi.
– Barchasi tugadi. Mavsum ham, qor ham. Mana bu rasvogarchilik ham tugaydi,– dedi u va kaftini oldi. Kaftini olgan soniyada uzoqlashayotgan Peter korjomaning yaltirashidan paydo bo‘lgan nuqta ham yo‘qoldi.– O‘zingni asra, qizaloq, men seni doim eslab yuraman,– sekin qo‘shib qo‘ydi Gabor.
– Hayot menga mehribonlik qiladi,– dedi Lili baland ovozda dona-dona qilib.
– Bu to‘g‘ri,– g‘o‘ldiradi Gabor.– Faqat uni mahkam ushlash kerak.
Gabor burchakdagi divanda kiyik surati bilan bezatilgan yostiqni olib qattiq silkitib ko‘rsatdi. Yostiqdan mayda chang to‘zidi. Oftob nurida yaltirayotgan bu changni ikkovi kuzatib turishdi. Chang batamom yotgan edi-ki, Lili peshbandini yechib otib, yo‘lakka chiqdi-da, qoziqdagi kurtkani yulqib olib, ko‘targich tomon yugurib ketdi. Qo‘llarida titroq-la avtomatidan bilet uzdi. So‘ng gondolaga o‘tirib, oraliq stansiyaga ketdi.
Olis pastlikda trassadan tushayotgan chang‘ichilardan qor yuzida chiroyli yoy izlari qolardi. Lili qancha tikilmasin qizil nuqtani topolmasdi. Oraliq stansiyada u nazoratchining darchasini qoqdi. Zeppning unga ko‘tarilgan nigohida aks etgan osmonning ko‘kligi haqiqatan samoviy va go‘zal edi. Hayajonlangan Zepp kattakon bir kaftlarini bir-biriga ishqadi. 
– Lilim,– dedi u.– Senmisan?
– Zepp,– dedi Lili uning gapini bo‘lib,– bir iltimos bor.
– Nima desang ham mayli.
– Katta iltimos. Men gondolaga o‘tirib tepaga ko‘tarilganimda, ikki minutga uni to‘xtatasan. Faqat ikki minut. Iltimos!
Zepp taajjubda qotib, tikilib qoldi.
– Men, osmonga yaqin joyda ikki minut qolishim kerak.
– Nimaga?
Lili nigohini yerga qaratdi:
– Men sevib qoldim,– deb g‘udrandi.
– Shunaqa degin.
Zepp boshqaruv pulti tomon teskari o‘girildi.
– Mumkin emas. Favqulodda hollardagina to‘xtatishga ruxsat bor.
Lili og‘irligini u oyoqdan-bu oyoqqa solib ancha kutdi. Chang‘ichilar uchib kelib, yonginasida tirg‘alib to‘xtardilar. Juda uzoq kutdi. Nihoyat qizil chaqmoqdek trassani yorib kirib Peter paydo bo‘ldi. Lili gondola uchun navbatga turdi-da, to Peter orqasidan, navbatga turguncha boshqalarni o‘tkazib yuboraverdi. Peter kelganda siljiy boshladi. Ikki qadam o‘girildi. Peter ko‘zoynagini yechdi-da:
– Salom,– dedi hayron bo‘lib.
– Voy, salom.
– Nahotki dam berishdi?
– Yo‘q, ishlar chiqib qoldi.
Lili taqdirga iltijolar qilardiki, gondolaga ikkovini yolg‘iz chiqarsin deb. Hech bo‘lmasa shu imkoniyat kerak edi unga.
Aytganidek, g‘irchillab tepaga ko‘tarila boshlagan gondolada ular ikkovlon edilar. Xirshxalmning cho‘qqisiga yetti minut vaqt bor edi. Lilining yuzida ikkilanuvchi, qat’iyatsiz tabassum paydo bo‘ldi.
– Chang‘ilaringiz qani? – qiziqdi u.
– Men uchishni bilmayman.
– Shunday qorli tog‘da ishlaysiz-u, chang‘i uchishni bilmaysizmi?
– Bizlarning bari bir vaqtimiz yo‘q.
– Bechora,– Peter boshini chayqadi.
Ular jim qolishdi. Atrof jim-jit. Pastda archalarning qoramtir uchlari teskari tomonga oqardi.
– Huv, ana u yerda kecha qor ko‘chdi,– dedi tog‘ yonbag‘ridagi katta qor dog‘ni ko‘rsatib.
– Ha, hozir xatarli paytlar.
– Ko‘zingiz yaxshimi?
– Ha, hammasi o‘tib ketdi. Rost, – javob berdi Lili.
– Ba’zan juda qo‘pol bo‘lib ketaman.
Ular bir-biriga qarab jilmayishdi. Keyingi cho‘qqidan so‘ng Xirshxalm kelishini Lili bilardi. Tamom. Imkoniyat yo‘qotildi. Birdan-bir imkoniyatni yo‘qotdi. Lili chuqur xo‘rsindi.
– Safsargul, dafna, suv yig‘ar, oq yo‘sin, sariq safsar, ayiq-tovon, Alp atirguli, Alp edelveysi, gazak o‘t, mojor gazak o‘ti, – dedi bir nafasda Lili.
– Ha-ha, – kalovlandi Peter.
– Tez orada gullar ochiladi.
– Ha, – dedi Peter.– Tez orada ochiladi.
U kuldi. O‘zining farishta sifat kulgisi ila jilmaydi. Lili faqat uning kulib turgan lablarini ko‘rardi.
– Men – Echkiman,– shivirladi Lili, buni tashida aytdimi yo ichidami – o‘zi ham anglamay.
– Nima dedingiz?
– Xitoy taqvimi bo‘yicha, Echkiman.
– E-e, shunaqami.
Oraga yana jimlik cho‘kdi. Shunda Peter tushundi.
– Mening Xitoy taqvimimdan o‘qib olgansiz-a?
– Yo‘q, yo‘q, yo‘q,– xijolat bo‘ldi Lili.– Men buni ilgaridan bilaman.
Peter bosh irg‘adi.
– Axir xitoy qiziman-ku. Biz bu narsalarni yaxshi bilamiz.
– Ha, to‘g‘ri, to‘g‘ri,– dedi Peter.– Biz bir xitoydan kelgan ofitsiantning ishini ko‘rayotgandik. Kitob menga shuning uchun kerak bo‘lgandi. Ofitsiant o‘zining muchali otligini, ot esa Ilondan qo‘rqishini vaj qilib, “qasddan og‘ir tan jarohatlari yetkazgan” moddasidan qutulib qolmoqchi edi. Biz huquqshunoslikka o‘qiyapmiz. Professor opamiz esa ekzotik sud ishlarni yaxshi ko‘radilar.
Lili muloyim kuldi. Gondola chayqalib ketdi.
– Echkilar kimdan qo‘rqadilar?
– Faqat quyonlardan.
Peter jilmaydi. Lilining yuragi to‘xtab qolgandek bo‘ldi.
– Men quyonman,– asta gapirdi Peter.
– Yo‘q,– e’tiroz bildirdi qiziqqonlik bilan.– Xato aytdingiz! Siz – O‘tpurkar Ajdarsiz!
– O‘tpurkar Ajdar?
– Xuddi shunday. O‘tpurkar Ajdar.
– E, ha. Bir marta menga aytgandingiz. Lekin unaqa emas, men – Quyonman.
Lili polga tikilib qoldi. Agar o‘sha yerda gondolaning tagini ochadigan va pastga qulash imkonini beradigan tugma bo‘lsa edi, u bir soniya ham ikkilanmay shu tugmani bosgan bo‘lardi.

Rus tilidan Zohir A’lam tarjimasi

______________
* F a sh i n g – maskaradli karnavalli diniy bayram. Ruslarning maslenitsasi davriga to‘g‘ri keladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.