OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fitz Jeyms O’Breyn. Olmos linzadagi sohibjamol (hikoya)

Bolaligimdan tabiat qo‘ynida xayol surishni yaxshi ko‘rardim. Xayol og‘ushida  bo‘lib, tabiatning eng kichik zarralaridagi hayotni ko‘rgim kelardi. Xayolan o‘zim o‘sha kichik zarrachalardagi hayotni ko‘rganday bo‘laman. Bora-bora bu holat meni batamom o‘ziga maftun qildi. O‘n yoshga to‘lgan kunimni aniq bir iliqlik bilan eslayman. Aynan o‘sha kuni amakilarimdan biri menga mikroskop sovg‘a qildi va uning mo‘jiza ekanligiga ishondim. 
 Bu olamning go‘zalligi hamon meni hayratga soladi. Oyim achib qolgan murabboni to‘kib tashlabdi. Hovliga nimanidir izlab chiqdim-u ko‘zim achib qolgan murabboga tushdi. Murabboning bir tomchisini olib mikroskop tagiga qo‘ydim. Murabbo mo‘jiza to‘la bog‘ bo‘ldi. Mikroskopning sehrli linzalari menga jajji daraxtlarning shoxlarida osilib turgan mevalarni ko‘rsatardi. Men go‘yo o‘sha lahzada yangi bir jannat bog‘iga ro‘para kelgandek bo‘ldim.  Albatta, bu sir haqida hech kimga so‘z ochganim yo‘q. Hayotim butunlay mikroskop bilan bog‘liq bo‘lib qoldi va o‘zimni bu mo‘jizakor kuchga bag‘ishlashga qaror qildim. Mening bu qarorim, tabiiyki ota-onamga yoqmasdi. Oilamiz boy-badavlat bo‘lgani uchun ishlashimga umuman hojat yo‘q edi. Ammo yoshim 20 ga yaqinlashavergach, ota-onam menga biror kasbni tanlashing shart, degan talabni qo‘ya boshlashdi. Nufuzli kasbni egallash o‘rniga allaqanday bo‘lmag‘ur narsa ustida bosh qotirishim ularga yoqmas, bu oilamizning obro‘siga ham to‘g‘ri kelmasdi. O‘ylab-o‘ylab Nyu-Yorkda tibbiyot bo‘yicha o‘qishga qaror qildim. Bu shahar uyimizdan ancha olisda edi. Bu esa albatta, vaqtimni o‘zim istagan narsaga bag‘ishlashga imkon berardi. Agar o‘qish pulini vaqtida to‘lasam bas, uydagilar dars qoldirayotganimni mutlaqo bilmaydilar. Eng asosiysi, bu shaharda ajoyib-g‘aroyib mikroskoplarni sotib olishga, qolaversa, butun dunyo olimlarining ilmiy anjumanlarida qatnashishga, tubsiz savollarimga javob topishga yetarli vaqtim bo‘lardi. Orzularimni amalga oshirish uchun qo‘limda yetarli darajada pul va vaqt bo‘lishidan xursand edim.
Men joylashgan uy kattagina edi, shu sababli xonalardan birini laboratoriyaga aylantirdim, xonani qimmat jihozlar bilan to‘ldirib tashladim. Shu bilan birga menga kerak bo‘lgan, ayniqsa, ishimga taalluqli buyumlarni ham xarid qildim. Yil oxiriga kelib esa mikroskop ustasi bo‘lib ketdim. Mikroskopning turlari-yu ularning ikir-chikirlarini to‘laligicha o‘zlashtirdim. Qimmatbaho mikroskopimning linzalari hayot haqidagi savollarimga javob berishga ojizlik qilardi. Asbobimning chegaralangan kuchi tabiatda hali ham jumboqlar borligidan dalolat berar va mening savollarimni izohlab berishga kuchi yetmasdi. Tunlari bilan adoqsiz savollar yechimini topib bera oladigan linzali kuchli asbob topishni orzu qilardim. Bunday linza kichik zarralardagi rivojlanishni ko‘rishga imkon berishi lozim edi. Men o‘zim orzu qilgan mukammal linzaning yaratilishiga amin edim. Ishga jiddiy kirishib, dastlabki  ikki yilni linzani yaratishga sarfladim. Turli xil narsalarni tajriba qilib ko‘rdim, oddiy shishadan tortib, kristal-u qimmatbaho toshlar ham qolmadi, biroq men kutgan  natija yo‘q edi. Ota-onam tibbiyot sohasidagi erishgan «muvaffaqiyatlarimni» ko‘rib jahllari chiqdi. Axir men biror marta darsga bormagandim-da. Buning ustiga tajribalarim uchun anchagina pul sarflab qo‘ygandim. Otam darg‘azab bo‘lib, meni qattiq so‘roq qildi. Men esa boshimni egganimcha indamay turaverdim. Tavba qilib, bundan buyon o‘qishga jiddiy kirishaman, deb ularga va’da berdim. O‘sha lahzalarda ham ko‘z oldimdan faqat o‘tkir linzali mikroskop o‘tar, ota-onamning tazyiqi ham meni bu ishdan sovutolmasdi. 
Kunlardan bir kun laboratoriyamda tajriba o‘tkazayotganimda,  eshik taqillab qoldi. Ostonada Julis Simonning turganini ko‘rdim. Simon mendan bir qavat yuqorida turardi. U taqinchoqlar, qimmatbaho buyumlar bilan shug‘ullanadi, o‘ziga to‘q kishi. Shunday bo‘lishiga qaramay, Simonning qandaydir menga noma’lum bo‘lgan siri bor edi. U har doim nimadir sotib yurar, qo‘lida qimmatbaho rasm, haykalcha yoki kamyob bo‘lgan qandil ko‘rardim. Simonning nima uchun bunday qilishini tushunmasdim. Chunki u sira pulga muhtoj emas, uning ko‘pgina o‘rtoqlari Nyu-Yorkdagi badavlat oila vakillari edi. Simonning uyiga boyvachchalar tez-tez kelib turishar va ular soatlab ulfatchilik qilishlariga guvoh edim.
Men Simonni laboratoriyamga taklif qilganimda, negadir qattiq hayajonda edi.
— Bilasanmi, og‘ayni, men hozir dunyodagi eng dahshatli narsani ko‘rib kelyapman! — dedi u.
Men taajjublandim. U nafasini zo‘rg‘a rostlab, g‘ayritabiiy va sirli kuchga ega bo‘lgan ayolnikiga borganini aytib berdi. U bir ayol o‘liklar bilan gaplasha olishini va odamlarning fikrlarini o‘qiy olishini aytib, meni lol qoldirdi. Simon ayolni tekshirish uchun qog‘ozga o‘zi haqida savollar yozgan, Valpes xonim esa savollarga to‘g‘ri javob bergan. Bu ayol haqidagi ma’lumot menda ajib bir fikr uyg‘otdi. Balki u mukammal, to‘la-to‘kis bo‘lgan linzalarni yaratishga yordam berar? Ana shu umid bilan ikki kundan so‘ng uning uyiga bordim. Valpes xonim Simon ta’riflaganidek, istarasi sovuq, johil yuzli bo‘lib, menda umuman iliq taassurot qoldirmadi. U meni mehmonxonaga boshladi. Katta stol atrofidagi stullardan biriga o‘tirgach, xonim so‘radi:
— Nima maqsad bilan kelding? 
— Men gaplashmoqchi bo‘lgan odam ancha yil oldin hayotdan ko‘z yumgan! — dedim men.
— U otangmi?
— Yo‘q, u kashfiyotchi olim edi.
— Qo‘lingni stol ustiga qo‘y.
Bir necha daqiqadan so‘ng xonani qorong‘ulik egallay boshladi, biroq Valpes xonim chiroqni yoqmadi. Asta-sekin jarangli tovushlar quloqqa chalindi. Oldin stol, keyin stullar, so‘ngra pol, hattoki derazalar ham taqilladi. Valpes xonim qarshimda haykalday o‘tirar edi.
— Omading bor ekan, bugun ular ancha sergak, sen gaplashmoqchi bo‘lgan odamning ismini qog‘ozga yozishing mumkin, — dedi u.
Men tezda yon daftarchamdan varaq yirtib oldimda, olimning ismini yozdim va qog‘ozchani xonimga ko‘rsatmay ag‘darib qo‘ydim. Kutilmaganda Valpes xonimning qo‘llari shunchalik qattiq qaltiradiki, hatto stol joyidan siljib ketdi. U ruhning kelganini va xat yozish uchun qog‘oz so‘rayotganini aytdi. Stol ustiga qog‘oz va ruchkani qo‘ygach, qog‘ozchaga nimadir yozildi. Tezda qog‘ozchani olib o‘qidim. «Men shu yerdaman, savolingni ber» deb tagiga Livenxok deb imzo qo‘yilgandi. Ko‘zlarimga ishonmasdim, chunki yozuv men yozgan ismning o‘zginasiniki edi. Valpes xonimning Livenxok kim ekanligiga qiziqmasligiga ishonchim komil edi. To‘g‘ri-da, mikroskopni kim ixtiro qilganini bu ayol qayerdan ham bilsin? Tezda savolimni boshqa varaqqa yozdim. «Mukammal linzalarni qanday yaratsa bo‘ladi?» Livenxok shunday javob yozdi: «140 karatli olmos top. Unga kuchli elektr zaryad ber. Elektr olmosning atomlarini o‘zgartiradi. So‘ngra bu toshdan mukammal linza yaratsa bo‘ladi».
Valpes xonimning uyidan kayfiyatim tushib qaytdim. Bunday kattalikdagi olmosni qayerdan topaman? Uni topgan taqdirda ham sotib olishga qurbim yetmaydi. Uyga yaqinlashganimda, Simonning yorug‘lik taralib turgan derazasiga ko‘zim tushdi, tepaga ko‘tarildim. Uning eshigini taqillatdim, sado  yo‘q. Eshikni itarib ko‘rdim, ohista ochildi.
Simon chiroqqa engashib nimadir qilardi. Xayolim 140 karatli olmosda bo‘lgani uchun uning holatini loqaydlarcha kuzatardim. So‘ngra oldiga yaqinlashib stolni chertdim. U o‘girildi, meni ko‘rdi-yu qo‘lidagi narsani cho‘ntagiga solib qo‘ydi, negadir yuzlari qizarib asabiylasha boshladi.
— Nimaga qarayotganding? — deb qiziqib so‘radim. U javob berish o‘rniga, o‘tirishga taklif qildi.
— Simon, men Valpes xonimnikidan kelayapman, — deya gap boshladim.
— Xo‘sh, davom et! — dedi u.
— U menga mukammal linzani yaratish uchun bir necha yo‘l-yo‘riqlarni aytdi. Agar 140 karatli olmos topsam, bu ishni uddalayman, — dedim. Shunda Simonning qo‘llari titrab ketdi, yuzidan asabiylasha boshlaganini payqash qiyin emas edi.
— Senga olmos kerakmi? 140 karatli olmos — mening xazinam. Men uni senga ikki dunyodayam bermayman, uni olishing uchun meni o‘ldirishingga to‘g‘ri keladi.
— Nimalar deyapsan, Simon. Men ilmiy muammom bo‘yicha Valpes xonimdan yordam so‘rab borgandim. Buning uchun menga katta olmos kerakligini aytdi. Senda bunday katta olmos bo‘lmasa ham kerak. Agar bo‘lganida sen bu yerda yashamas eding, — dedim muloyimlik bilan. Uning nima haqida gapirganini o‘sha vaqt payqamadim. Unga tikilib qaraganimda, yuzlari negadir terlaganini ko‘rdim.
— Oldin yuzingni bir artsang bo‘larkan, Simon! 
U indamay cho‘ntagiga qo‘l solib dastro‘molchasini olayotganida nimadir taq etib yerga tushdi. Ikkalamiz ham unga tikilib qoldik. Yerga  tushgan narsa chiroq nurida oppoq bo‘lib yaltirab ketdi. Ko‘zlarimga ishonmadim, bu olmos edi, aynan menga kerak bo‘lgan 140 karatli olmos. Simon uni qizg‘angandek cho‘ntagiga soldi. Men boyagi gaplarini endi tushundim va hech narsani ko‘rmagan kishidek:
— Kel Simon, vino ichamiz. Hammasini unut, uyda ikkita shisham bor, tozasidan, nima deding? — deya taklif kiritdim.
— Zo‘r fikr, — dedi u qo‘llab-quvvatlab. 
Uyga kirib  shishalarni javondan olayotganimda ham xayolim olmosda edi. Shu topda uni qo‘lga kiritish yagona maqsadimga aylangan edi. Shishalarni unikiga olib chiqdim. Biz icha boshladik, birinchi shisha tugagach, Simonni uyqu elita boshladi, u mast bo‘lib qolgandi. Men esa aynan shu daqiqalarni kutayotgandim, chunki uning bisotidagi qimmatbaho buyumni qo‘lga kiritishim uchun imkon tug‘ilgan edi.
U bilan ikkinchi shishani tugatgach, xayrlashib xonamga keldim. Mening butun diqqat-e’tiborim olmosda bo‘lgani bois, hatto vino ham ta’sir qilmadi. Ko‘zlarimni yumib uxlashga harakat qilsam-da, sergak edim. Uni gumdon qilish rejasini tuza boshladim. Simonning uyida ishni bajarish uchun barcha asboblar mavjud edi; uyqu dorisi, uzun katta pichoq. Soat kechasi 3 ga yaqinlashgach, unikiga  ko‘tarildim, ajabo, men eshikni qanday yopgan bo‘lsam, shundayligicha turibdi.
Simon qotib uxlab yotardi. Dastlab cho‘ntagiga qo‘l soldim. Olmosni olgach, qo‘limdagi pichoqni ko‘kragiga sanchmoqchi bo‘ldim. Shu payt zina tarafdan qadam tovushlari eshitildi. Sharpa Simonning eshigiga yaqinlasha boshladi. Qo‘rqqanimdan oshxona tomonga qarab yugurdim. Oshxona eshigi ortiga berkinib, Simon yotgan xonadan ko‘z uzmas edim. Qadam tovushlari eshik oldida to‘xtaganday bo‘ldi. Men qaltirab turardim, ammo eshik ochilmadi. Kimdir eshik oldiga adashib yaqinlashdi-yu keyin uzoqlashdi. Xayriyat! Men Simonga yaqinlashdim. Ajabo, uning yuragi urmas edi, men ishonqiramay uni tekshirib ko‘rdim, Simon allaqachon bu yorug‘ dunyoni tark etgan edi. Oradan ikki-uch kun o‘tgach, uning o‘lgani qo‘shnilarga ma’lum bo‘ldi. Shundan so‘ng tergov boshlandi. Hamma qo‘shnilar qatori men ham so‘roq qilindim. Aybsiz ekanligimni bilishgach, qo‘yib yuborishdi. Oradan biroz vaqt o‘tib, sud tibbiy ekspertiza natijasi ma’lum bo‘ldi. O‘sha kecha Simon vinoni me’yoridan ziyod iste’mol qilgani ma’lum bo‘ldi. Ortiqcha ichimlikni yuragi ko‘tara olmagan, shekilli.

II

Simonning o‘limidan so‘ng kunu tun olmosga ishlov berdim. Nihoyat, men kutgan linzalar tayyor bo‘ldi. Suv tomchisini shisha idishga quyayotganimda, qo‘llarim negadir qaltirab ketdi. Ehtiyotkorlik bilan linza qurib qolmasligi uchun suvga ozgina yog‘ tomchisini qo‘shdim. Shishaning tagidan kuchli yorug‘lik tushirdim va olmos linzalardan qaray boshladim.
Bir necha daqiqagacha suv tomchisida hech narsa ko‘rinmadi. So‘ngra sof, oq nur taraldi. Ehtiyotkorlik bilan mikroskop linzasini suv tomchisiga yaqinlashtirdim. Asta-sekinlik bilan oq nur o‘zgara boshladi. U yerda ajib manzara — bulutlar, daraxtlar, chiroyli gullar paydo bo‘ldi. Butun manzara qizil, yashil, pushti, tilla, kumush ranglarning qorishmasiga o‘xshardi. Daraxtlarning shoxlari mayin shabadada tebrana  boshladi. Hamma joyga ko‘z yugurtirdim, turfa rangdagi mevalar, gullar...
«Qiziq, bironta ham hayvon yo‘q bu yerda» deb o‘yladim. Atrofni sinchiklab kuzatdim. Shu payt daraxt va butalar orasida bir narsaning tebranayotganiga ko‘zim tushdi. Butalarning tillarang shoxlari sekingina ko‘tarildi va qarshimda men hali xayolimga keltirolmagan, umrimda uchratmagan maftunkor sohibjamol paydo bo‘ldi. Ha, u nihoyatda go‘zal edi, tiniq yuzi, ko‘m-ko‘k shahlo ko‘zlari, uzun sochlari yelkasida to‘lg‘onib turardi. U kamalak rangdagi daraxtlardan uzoqlasha boshladi. Go‘yoki suvda suzayotgan gulday u ham havoda sayr qilayapti. U xuddi shamolda tebranayotgan qo‘ng‘iroqlarning jarangli ovozini eslatardi. Sohibjamol kamalak ranglari tovlanib turgan daraxtlar tagiga bordi. Daraxt shoxlari egilib, uni o‘z mevalariga ko‘mib tashladi. U jajji qo‘llari bilan mevani olib yeya boshladi. Qaniydi, o‘sha lahzada uning oldiga borib, mana shu o‘rmonda u bilan birga yursam, sayr qilsam... Uni topishim kerak, tabiatning nodir mavjudoti meni o‘ziga shaydo qildi-qo‘ydi. U suv tomchisidan hosil bo‘lgan mahbuba emasmikan? Laboratoriyamdan yugurib chiqib, o‘zimni karavotga tashladim va uxlab qolgunimcha ko‘zimdan yosh tomchilari quyulaverdi.
Men uni ko‘rish uchun har kuni mikroskop oldiga kelardim. Xonamdan umuman chiqmasdim. Ishtaham yo‘q, uxlolmayman. Sevgilimni ko‘rish uchun mikroskop oldiga borganimda, u joyida o‘tirardi. Kutilmaganda dahshatli o‘zgarish ro‘y berdi. Uning yuzlari nursiz, o‘zi esa zo‘rg‘a yurardi. Sochlaridagi, ko‘zlaridagi nur, tarovat yo‘q, betobga o‘xshaydi. Uning yoniga kirib yordam berish uchun qalbimni, jonimni hadya etishga rozi edim. Qanday dard unga azob berdi ekan? Qiz kuchli og‘riqdan qiynalardi. Ma’shuqamni yaralangan qalb bilan soatlab tomosha qildim. Daqiqalar imillab o‘tmoqda. U borgan sari nimjonlashib boraverdi. Unga qo‘shilib o‘rmon ham o‘zgarib borar, daraxtlar jozibasiz, quruq edi. To‘satdan bir necha kun suv tomchisiga qarashni unutib qo‘yganligim yodimga tushdi. Mikroskop bilan ovora bo‘lib, suv tomchisini butunlay unutibman. Mikroskop tagidagi oynaga qaragach, hammasiga tushundim. Suvni qurishdan asrash uchun unga yog‘ tomchisini qo‘shmaganim yodimga tushdi. Suv qurib bo‘lgan ekan. Ana shuning ta’siri tufayli suv parisi so‘nayotgan yorug‘likning so‘nggi nurlari ostida yotardi. Uning nimjon tanasi qurib, yuzi ajin bilan qoplangandi. Keyin u butunlay ko‘rinmay qoldi. Hushimni yo‘qotib qo‘yib ancha vaqtdan so‘ng o‘zimga keldim. Ko‘zimni ochsam, mikroskop bo‘laklari ustida yotibman. Olmos linzasi singari miyam ham bo‘laklarga bo‘linib ketganday edi. Joyimga zo‘rg‘a sudralib borib, ko‘z oldimdagi sirli dunyoni tark etdim. 
Bir necha oylardan so‘ng pulim tugadi. Odamlar meni batamom tentakka chiqarishdi. Ha, ular meni «Linli tentak olim» deb atashadi. Hech bir kimsa Livenxokning ruhi bilan gaplashganimga ishonmaydi. Ular Julis Simon voqeasini, mukammal linza yaratish uchun uning olmosini o‘g‘irlaganligimni ayta boshlasam, ustimdan kulishadi, hech qachon suv tomchisi ostidagi go‘zal hayotni ko‘rganligimga ishonishmaydi. Biroq men olmos linza haqiqatini bilaman. Odamlarning nima deyishlari men uchun ahamiyatsiz. Eng muhimi, men sizlarga olmos linzalar tarixini hikoya qilib berdim.

Inglizchadan Hulkar va Nilufar Muhammedovalar tarjimasi.
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.