OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gi de Mopassan. Alvido! (hikoya)

Ikki do‘stning kechki ovqat vaqti tugash arafasida edi. Kafe derazalari orqali odamlar bilan gavjum bulvar ko‘rinib turardi. Ular issiq yoz oqshomlari Parij bo‘ylab esayotgan mayin shabboda ta’sirida inson g‘am-tashvishlardan holi allaqaerlarga, daraxtlar ostiga elitilib, oydin ummonlar, yonar qo‘ng‘izlar-u so‘fito‘rg‘aylar haqida hayol surishardi.
Ulardan biri Anri Simon chuqur xo‘rsinib, so‘zladi:
-Eh, qariyapman! Bu naqadar achinarli. Ilgarilari bunday kechalarda o‘zimni bekam-u ko‘st his etardim. Endi esa faqatgina afsus-nadomatlarga ko‘milganman. Umr qisqa ekan.
Qirq besh yoshlar chamasidagi bu odam kal va anchagina semiz edi.
Ularning boshqa biri Per Karnier yoshi kattaroq bo‘lsa-da, ammo ozg‘in va xushchaqchaq edi.
-Eh, bolakay! – hikoya qila ketdi u. – Qachon qarib qolganimni sezmabman, hatto. Men doimo quvnoq, sog‘lom, g‘ayratli va hokazo-xokazolar bo‘lganman. Har kuni ko‘zguga qarab, sekin-asta yoshi o‘tib borayotganini payqamas ekan odam. Aslida u bilimsizgina qiyofangizni o‘zgartirib boraveradi. Ikki-uch yillab hasratda yursak-da g‘am-qayg‘udan o‘lmaganimizning sababi ham shunda. Koshki, vaqt chizgilarini tushuna olsak. Uning qadriga yetish uchun yuzingizga olti oy umuman qaramang... So‘ng... O, qanday zarba!
Do‘stim, afsuski, ayol juda ojiza hilqatdir. Ularning barcha quvonch-u shodligi, bor kuch-g‘ayrati, butun hayoti atigi o‘n yilda tugab bitadigan o‘tkinchi go‘zalligi ortida yotadi.
Boya qachon-qarib ulgurganimni payqamay qolganimni aytgandim. Ellikka kirganimda ham, o‘zimni deyarli yosh deb hisoblardim. Zarracha zaiflikni sezmay, baxtli va xotirjam edim. Meni olti oy ichida yakson qilgan tushkunlik siri juda oddiy va dahshatli edi. So‘ngra men taqdirga tan berdim.
Barcha erkaklar qatori men ham tez-tez sevib qolardim. Ammo aynan uni...
Taxminan o‘n ikki yil oldin, endigina urush tugagan paytlarda uni Etretatdagi dengiz bo‘yida uchratdim. Ertalab dengizda cho‘milish asnosida, bu qirg‘oqdan o‘zga go‘zal manzara yo‘q edi go‘yo. Kichik taqasimon shakldagi sohil atrofini g‘alati o‘ralar bilan o‘yilgan “Portes” nomli baland qoyalar qoplab olib, bir tarafi huddi gigant oyog‘i kabi okeanga qarab cho‘zilgan, ikkinchi tomoni kalta va yo‘g‘on edi. Ayollar o‘zlarining chiroyli xalatlari bilan atrofni ko‘rkam bog‘ga aylantirib, bu baland qoyalardagi tor qum yo‘laklarda to‘planishardi. Quyosh sohilni, rang-barang soyabonlar-u zangori dengizni ayamay qizdirardi. Barcha shod-hurram va mamnun edi. Suv bo‘yida o‘tirib, cho‘milayotganlarni tomosha qilishingiz mumkin edi. Ayollar jimir-jimir to‘lqinlar ko‘pigiga yaqinlashganida, suzish liboslarida latofat bilan o‘zlarini suvga otishardi. Ular tezkor mayda qadamlar bilan suvda harakatlanib, damba-dam muzdek suv va qisqa nafasdan hansirab, to‘xtab olishardi.
Ular qisqa muddatlik suzish sinovidan o‘tishardi. Ularni to‘pig‘idan to halqumiga qadar baholasa bo‘lardi. Ayniqsa, suv yumshoq badanlarga katta quvvat bersa-da, biroq suv ustidagilarning kamchiliklarini fosh etardi.
Men o‘sha yosh juvonni ilk bora dengizda ko‘rganimda, shod va baxtiyor edim. U sinovdan a’lo darajada o‘tgandi. U yerda bir qarashdanoq husn-tarovati bilan o‘ziga maftun qiladigan, bir zumda sizni hayratga sola oladigan chehralarni uchratardingiz. Go‘yoki siz mana shu ayolni sevish uchun yaratilgansiz. Bu hislar butun badanimni qamrab oldi.
U bilan tanishtirishdi va men har qachongidanda abgor ahvolga tushdim. Yuragim unga talpinardi. Yoshgina bir ayolning sizni bunchalar mag‘lub etgani ham yoqimli, ham dahshatli edi. Bu tuyg‘u ham azob, ham g‘alati zavq bag‘ishlardi. Uning qarashi, uning kulgusi, uning shamolda hilpirayotgan sochlari, uning yuzidagi mayda chiziqlar, unga xos nozik harakatlar meni quvontirardi, meni hayajonga solardi, meni adoyi tamom qilardi. U o‘zining imo-ishoralari, xulq-atvori, hattoki qisqa muddat ichida ustiga ilib olgan kiyim-kechaklari bilan-da meni, ongi-shuurimni o‘ziga asir aylardi.
Jihozlar panasidagi uning chimmatli ko‘rinishi azobimni yanada kuchaytirdi. U qo‘lqopini stul ustiga irg‘itdi. Uning liboslari menga betakror tuyulardi. Uning shlyapasiga o‘xshashi hech kimda yo‘q edi.
U turmushga chiqqandi, ammo uning eri faqat shanba kunlari kelib, dushanbada jo‘nab ketardi. Nima bo‘lganda ham eridan tashvishlanmasdim. Negadir undan rashk ham qilmasdim. Hayotda bu odamchalik zarracha e’tiborimga molik bo‘lmagan boshqa mavjudot bo‘lmasa kerak.
Lekin u! Uni naqadar sevar edim! U shunchalar go‘zal, latofatli va navqiron edi-ki! U yoshlik, nafislik va soflikning timsoli edi. Avvallari ayol zotining bu qadar zebo, nozik, maftunkor, jozibali va hurmat-e’zozga sazovorligini his etmagan ekanman. Yonoqlardagi burumlar, lablar harakati, quloqdagi qizg‘ishliklar, ahmoqona shakldagi tana a’zosi bo‘lmish burundagi ajib go‘zallik oldinlari meni hech qachon o‘ziga jalb etmagandi.
Bu uch oy davom etdi... So‘ng g‘am-qayg‘u azobida ezilgancha, Amerikani tark etdim. Ammo uning yodi meni tark etmadi, abadiy va yorqin... Masofa olis bo‘lsa-da hamon u yonimda turgandek butun borlig‘im uniki edi. Oradan yillar o‘tdiki, uni unuta olmadim. Uning fusunkor qiyofasi ko‘z o‘ngimdan, yuragimdan ketmadi. Sevgilim bilan bog‘liq hayotimda uchratgan eng go‘zal va sehrli xotiralarim kabi unga bo‘lgan muhabbatim sofligicha qoldi.
Umr chizgilarida o‘n ikki yil hech qancha vaqt emas. Uning qanday o‘tganini payqamay qolasan kishi. Yillar bir-biriga sekin va tezkor tarzda ergashib ketaveradi. Har biri uzoq vaqtdek tuyulsa-da ammo bir zumda o‘tib ketadi! Yil-yilga ulanib, ortida bir qancha izlarini qoldiradi. Toki o‘tgan davrlarga nazar solish uchun o‘girilganingda, kimdir hech vaqoni ko‘rmaydi, kimdir esa qachon qarib qolganini tushunmay qoladi. Yillar esa bir-birini quvib o‘taveradi. Tasavvurimda, Etretat qumliklaridagi o‘sha bir necha oylik dilbar mavsum men uchun yaratilgandi.
O‘tgan bahor, men Maisons-Laffittega do‘stlarim bilan ovqatlanish uchun yo‘l oldim.
Poezd jo‘nab ketayotganida, bahaybat, semiz ayol to‘rtta kichkina qizlarini ergashtirib, mening aravamga chiqdi. Guldor lentalar bilan bezatilgan shlyapa ostidagi oysimon shaklli to‘la yuz sohibasi bo‘lgan ulkan va dumaloq bu ona tovuqqa bazo‘r ko‘z tashladim.
U tez yurib kelishga majbur bo‘lganidan nafasi tiqilib, pishillardi. Bolalar esa chug‘urlashni boshlashdi. Men qog‘ozlarimni ochib, mutolaa qilishga kirishdim.
Endigina Asnieresdan o‘tganimizda, qo‘shnim menga o‘girilib, kutilmaganda so‘z qotdi:
-Kechirasiz, taqsir! Mabodo siz janob Karnier emasmisiz?
-Ha, madam, – javob berdim.
So‘ng u kulib yubordi, go‘zal ayollar kabi... Bu hol ayanchli edi.
-Siz meni tanimagan ko‘rinasiz, - dedi juvon.
Ikkilandim. Bu qiyofani avval qaerdadir ko‘rgandekman... Ammo qachon? Qaerda?
-Ha va yo‘q, - davom etdim. – Sizni tanishim, shubhasiz. Biroq hanuz ismingizni eslay olmadim.
-Madam Julie Lefevre, - dedi u biroz qizarib.
Hech qachon bunchalik shokka tushmagandim. Bir soniya ichida dunyo ko‘zimga qorong‘u ko‘rinib ketdi. Ko‘zlarimdan pardalar yulib olingandek, dahshatli va yurakni pora-pora etadigan kashfiyot qilgandim go‘yo.
Nahotki u! Mana shu dag‘al, beso‘naqay, bahaybat ayol u bo‘lsa?! U endilikda yonidagi to‘rt qizning onasiga aylangandi. Bu kichik mavjudotlar ham onasi kabi menga hayron tikilishardi. Farzandlari uning bir bo‘lagi edi... Ular katta bo‘lib qolishgan, hayotda allaqachon o‘z o‘rinlariga ega edilar. Holbuki, uni ortiq go‘zallik timsoli va nafislik tilsimi deb bo‘lmasdi. Uning kechagi va bugungi ko‘rinishi meni lol qoldirardi! Axir shunday bo‘lishi mumkinmi? Qayg‘uli iztirob qalbimni ezg‘iladi. Tabiatga qarshi isyon , bunday vahshiylikka qarshi behisob g‘azab va abgorlik alami vujudimni titratdi.
Men unga beixtiyor qaradim. So‘ng qo‘lini qo‘llarimga olganimda ko‘zimga yosh keldi. Uning yo‘qolgan yoshligi uchun yig‘ladim. Men bu semiz juvonni tanimasdim...
U ham hayratlanib, duduqlandi:
-Juda o‘zgarib ketganman, to‘g‘rimi? Siz nimani kutgandingiz – hamma narsaning o‘z vaqti-soati bor! Ko‘rib turganingizdek, endi faqatgina yaxshi onaman, xalos. Qolganiga esa alvido, shu bilan tamom! Eh! Uchrashib qolganimizda meni tanib olishingizni hech qachon kutmagandim. Siz ham o‘zgaribsiz. Hatto siz ekanlingizga ishonch hosil qilish uchun biroz vaqt ketdi. Sochlaringiz oqaribdi. Tasavvur qiling-a! O‘n ikki yil oldin! O‘n ikki yil! To‘ng‘ich qizim allaqachon o‘n yoshga kirdi.
Bolaga qaradim. Uning nimalaridir onasining avvalgi latofatini eslatardi. Biroq nimalaridir hali to‘liq shakllanmagan, nimalaridir kelajakdan darak berardi. Va hayot yurayotgan poezd misoli jadallik bilan o‘tib borayotgandek tuyulardi menga.
Yetib keldik. Maisons-Laffitte. Eski tanishimning qo‘lidan o‘pib qo‘ydim. Men siyqasi chiqqan izohdan bo‘lak mutlaqo hech narsa topmadim. Aytishga-da og‘ir.
Tunda uyda yolg‘iz o‘zim ko‘zgu qarshisida uzoq vaqt, juda uzoq turdim. Vanihoyat qanday bo‘lganimni esladim, vanihoyat hayoliy ko‘zlarimda jigarrang mo‘ylovim, qora sochlarim va yuzimdagi yosh ifoda gavdalandi. Endi men qariman! Alvido!

Ingliz tilidan Gulnoz Mamarasulova tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.