OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gi de Mopassan. O‘lib tirilgan (novella)

Dam olish uyining muhtasham yemakxonasi kechki ovqatga oshiqayotgan xo‘randalar bilan asta-sekin to‘lmoqda edi. Kurortlar va dam olish uylarida shunday bir ermak bor, kechki ovqat mahali hammaning ko‘zi kiraverishdagi eshikni kuzatish bilan band bo‘ladi: yangi kelganlarga baho beriladi, ularning kimligiyu kasb-kori nima ekani taxmin qilinadi.
Alqissa, o‘sha oqshom biz ham yangi qiyofalarni kutmoqda edik.
Kirganlar ikki kishi bo‘lib, g‘ayrioddiy qiyofali erkak — ota va ayol — qizdan iborat edi. Ularni ko‘rishim bilan ko‘z oldimga Edgar Poning qahramonlari keldi. Erkak nihoyatda novcha, qaddi bir oz egik, sochlari hali yosh ko‘rinadigan qiyofasiga yarashmagan darajada oppoq edi. Uning yigirma ikki-yigirma beshlarga borib qolgan qizi ham o‘ta qotma, lekin past bo‘yli, chehrasi horg‘in va siniqqan edi. Qizning rangpar yuzida go‘zallik asarlari ko‘zga tashlanardi. Uning bu yerga davolanish uchun kelganiga hech bir shubha yo‘q edi.
Ota-bola mening qarshimdan joy oldilar.
Stol atrofida o‘tirar ekanmiz, erkakning qandaydir g‘ayritabiiy, asabiy harakatlari diqqatimni tortdi. Har gal biror nimani olishdan avval uning qo‘li havoda g‘alati doiralar chizardi. Bu hol bir necha bor qaytarilgach, men zada bo‘lgandek, ko‘zimni olib qochdim.
Juvonning ovqat paytida chap qo‘lidagi qo‘lqopni yechmagani ham e’tiborimni jalb etdi.
Ovqatdan so‘ng xiyobonda sayr qila boshladim. O‘sha oqshom havo nihoyatda dim edi. Men salqin xiyobonning u boshidan-bu boshiga borib kelmoqda edim. Nogahon, boyagi ota-bolaning qarshimdan asta yurib kelayotganlarini ko‘rdim. Yo‘llarimiz to‘qnashgach, dam olish uylaridagi taomilga ko‘ra, ular bilan qayta salomlashdim.
— Avf etasiz, taqsir, — dedi salomimga alik olish uchun to‘xtagan ota. — Malol kelmasa shu atrofdagi sayr qilish uchun qulayroq, xushmanzara yerni ko‘rsatib yuborsangiz...
Ularni o‘rtasidan kichik bir irmoq oqadigan vodiyga taklif qildim.
Ketayotib, turgan gapki, kurortlarning foydasi haqida so‘zlashib bordik.
— Asti qo‘yaverasiz, — dedi u. — Qizginamning g‘alati kasali bor. Bir qarasangiz, o‘z-o‘zidan asabiylasha boshlaydi. Bir qarasangiz, yuragi sanchiydi yoki jigaridan shikoyat qiladi. Bugun, masalan, oshqozonim og‘riyapti, deb noliyapti... Shuning uchun bu yerlarga kelib qoldik. Fikrimcha, hammasi asabdan bo‘lsa kerak. Har holda bu narsa meni juda iztirobga soladi.
Erkakning asabiy xatti-harakatlarini esladim.
— Balki bu hol irsiy dardning asoratidir? Asablaringiz joyida ekanligiga ishonchingiz komilmi?
U xotirjam javob berdi:
— Meni aytyapsizmi?.. Yo‘q-e... asablarim doimo mustahkam bo‘lgan. — Keyin so‘zida davom etdi: — Ha-ya!
Siz biror narsaga qo‘l cho‘zganda barmoqlarim asabiy qaltirashiga ishora qilyapsiz, chog‘i? Bu hol juda og‘ir ko‘rgilikni boshimdan o‘tkazganimdan keyin paydo bo‘lgan. Qizginamni tiriklayin yerga ko‘mib qo‘yganimni tasavvur qila olasizmi?
“Nahotki!” deya oldim hayratga tushib.
— Quloq soling, — dedi hamrohim. — Voqea bunday bo‘lgan...
Keyingi vaqtlarda Jyulettaning yuragi tez-tez bezovta qiladigan bo‘lib qolgan edi. Umidimni deyarli uzib qo‘ygan edim. Kunlarning birida uni badani sovigan, jonsiz ahvolda ko‘tarib keldilar. Qizginam bog‘da sayr qilaturib yiqilib tushgan ekan. Shifokor o‘lim holatini qayd qildi. Tobutni Lotaringiya qishloqlaridan biridagi qabristonga eltib, oilaviy xilxonamizga qo‘ydik.
Qizimni o‘ziga atab tiktirilgan nikoh ko‘ylagida, o‘zim unga sovg‘a qilgan bilaguzuklar, marjonlar va uzuklarini taqib tobutga solgan edik. Qabristondan qaytgandan keyingi ahvolimni tasavvur qilish qiyin emasdir. Axir, qizalog‘imdan boshqa hech kimim yo‘q edi. Xotinimning vafot etganiga ko‘p bo‘lgan.
Shunday qilib, yarim telba ahvolda, yolgiz yurib uyga qaytdim. Nafaqat biron bir harakat qilishga, hatto fikrlashga ham holim kelmay o‘zimni o‘rindiqqa tashladim.  
Jyulettani kiyintirishda menga ko‘maklashgan, ancha yoshga borib qolgan xizmatkorim Prosper oyoq uchida huzurimga kirdi va:
— Xujayinning ko‘ngillari biror nimani tusaydimi? — deb so‘radi. Bosh chayqab “yo‘q” degan bo‘ldim. Prosper chiqib ketdi.
Qancha vaqt o‘tganini bilmayman. Xona sovib ketgan, kamindagi o‘t o‘chib bo‘lgan, derazaga sovuq shamol hamla qilmokda, meni esa allaqanday qo‘rquv qamray boshlagan edi.
Yana talay fursat o‘tdi. Ko‘zlarim hamon ochiq, a’zoi badanim madorsiz, ruhim so‘nik edi. To‘satdan ko‘cha eshikning qo‘ng‘irog‘i chalindi. O‘girilib soatga qaradim. Soat millari tungi ikkini ko‘rsatib turardi. Bemahalda kim kelgan bo‘lishi mumkin? Qo‘ng‘iroq yana ikki marta chalindi. Chamasi, eshikni ochishga xizmatkorlarning yuragi betlamadi. Yonib turgan shamni qo‘limga olib, pastga tushdim.
Shahd bilan eshikni ochgan edim, ko‘zim qorong‘ilikda arvohga o‘xshab turgan oq sharpaga tushdi.
— Kim u? Siz... kim bo‘lasiz? — dedim tutilib.
“Menman, ota”, degan ovoz keldi.
Aqldan ozdim shekilli, deb o‘yladim va qo‘lim hali siz ko‘rgandek asabiy qaltirab ketdi. O‘shandan beri bu qiliq meni tark etmaydi.
— Qo‘rqmang, ota, — dedi sharpa. — Men o‘lmagan ekanman. Qo‘limdagi uzuklarni olish maqsadida o‘g‘rilar barmog‘imni kesishibdi, qon oqa boshlab, hushim o‘ziga qaytibdi.
U chindan ham boshdan-oyoq qonga belanib turardi.
Es-hushimni bir oz yig‘ib olgach, ishonib-ishonmay qizimni xonamga olib kirib, o‘rindiqqa o‘tqazdim. O‘choqqa qayta o‘t yoqish, choy damlash va tabib chaqirib kelish kabi yumushlarni buyurish uchun qo‘ngiroq chalib, Prosperni chaqirdim.
Eshikdan kirgan Prosper qizimni ko‘rib, hayratdan dong qotib qoldi va chalqanchasiga ag‘darilib, shu zahotiyoq jon berdi.
Xilxonaga kirgan, tobutni ochib, qizimni jarohatlagan kimsa Prosper bo‘lib chiqdi. Ishonchimni butkul qozonganiga amin bo‘lib, hech kim shubha qilmaydi, deb o‘ylagan chog‘i...
Hamrohim so‘zini tutatib, jim qoldi.
Sokin va kimsasiz vodiyga qorongi tusha boshlagan edi. Bu gg‘ayrioddiy kimsalar — bir o‘lib tirilgan qiz va xatti-harakatlari g‘alati asabiy ota bilan yonma-yon turarkanman, xavotirga o‘xshash allaqanday tuyg‘uni his qildim.
“Qanday dahshat!” deya oldim, xolos.
Shundan keyin biz orqaga qaytdik.

Fransuz tilidan Shoazim Minavvarov tarjimasi
“Tafakkur” jurnali, 1995 yil, 2-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.