OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hiyam al-Muflih. Ayolning ming ohi (hikoya)

Onam meni tuqqanda uni o‘rab turgan chehralar ifodasi unga g‘ayritabiiy “bir narsa” tuqqanini xabar qilganday edi..
Esimni tanibmanki, men bor-yo‘g‘i qandaydir “bir narsa” ekanligimni angladim!

1

Men biror narsaga bo‘lgan ehtiyojimni bildirib yig‘laganimda... istagim amalga oshmas edi.
Mening ukam biror narsaga bo‘lgan ehtiyojini bildirib yig‘laganida esa... butun dunyo uning istagini amalga oshirishga shoshar edi.
O‘shanda men
 yig‘i libosini yechdim.
 So‘ng uni taxlab
 onamning javoniga qo‘ydim.

2

Qalbimda uzoqlarda yaratilgan ikki qanot paydo bo‘ldi.
Qo‘llarimda tunlar bedorligi va yillar horg‘inligi bilan bezatilgan “oppoq sahifa” jilvalanardi.
Onamning lablari qimirlab, u shivirlar edi.
– Qaniydi mana shu yutuqlarni ukangga bersa edi.
Harflar chilashib erib ketadi.
Sahifadan qora yoshlar oqib tushadi.
Uzoqlarda yaratilgan qalbim esa “anqo”ga duch keladi va qanotlari sinib, qonlanib, o‘zimga – ko‘krak qafasimga qaytadi!

3

Uy jihozlari vaqti-vaqti bilan yaraqlatib artib turilganidek, onam ham meni muayyan kunlarda “yaraqlatib” turar edi.
Ayollar ko‘plashib “delegatsiya” bo‘lib kelardilar.
Ular qaddi-qomatimga tasanno aytar edilar.
Bo‘yimni o‘lchar edilar, enimni ham.
Qadam tashlashimga razm solar edilar.
Mening hidimni hidlab ko‘rar edilar.
Nafas olishimni sanar edilar.
Sochlarimni maqtashni joyiga qo‘yar edilar.
So‘ng ketar edilar!..

4

Tushimda u menga derdiki:
– Qo‘lni qo‘lga berib ahdlashamiz, azizim, kelajak hayotimizni quramiz.
Tushimda men unga debman:
– Sen mening tug‘ilgan onimsan!
Lekin...
Men buni senga qanday qilib aytaman?
Atrofimdagi meni o‘rab turgan barcha narsalar xaritam belgilarini o‘chirib yuborar, hududlarim ostonalarini o‘zgartirar va ular mening to‘rt tomonim faqat
sharq
sharq
sharq
sharq
ekanligini eslatar edi.

5

Men uni ko‘rishni xohladim..
Hatto u meni ko‘rishni talab qilmasa ham.
– “Qanday sharmandalik... ovozingni o‘chir, hoy qiz! Uni sen faqat nikoh kechasi ko‘rasan!”
Qalbimda alanga olgan yong‘in... umr orzulari... hissiyot shalolalari... kichik sirlarim...
Men bularning hammasini notanish, hech qanday belgilari yo‘q bir erkakka ochish uchun qalbimda saqlaymanmi?!
– “Biz hammamiz mana shunday turmushga chiqqanmiz. Sen ham ko‘zlaringni chirt yumgin-da, bo‘ldi!”
Yumilgan ko‘zlarim ichida halokatli qop-qora qorong‘ulik, uni oy ham yorita olmaydi, unda yulduzlar ham raqsga tushmaydi.
Qalb tubida yongan savol jo‘shqin uradi:
– Nahotki, men butun umr ko‘zlarimni yumgancha qolishga majbur so‘lsam?

6

Ko‘z yosh tomchilarimni bitta-bittalab yutaman!
O‘qdek qatl etuvchi so‘zlaridan qalbim g‘alvirdek ilma-teshik bo‘ladi, uning ogohlantirishlari tegirmonida ayolligim latofati unday yanchilib ketadi:
– “Agar sen shu oy ham homilador bo‘lmasang, men oy oxirida uylanaman!”
Men Xudoga sajda qilaman, erimga bo‘ysunaman.
U har safar onasini ziyorat qilib, “qizil o‘q”larini jamlab qaytgach, mening ruhimdan ko‘rinmas qonlar oqadi.

7

Qog‘oz pullarning hayotbaxsh hidi bor, agar o‘sha pullar peshona teri mehnatimiz evaziga ishlab topilgan pullar bo‘lsa!
Birinchi luqmai halolning ta’mini kutib, og‘iz ochib, qayerga sarf qilish keragu, qayerga sarf qilish kerak emasligini rejalashtirishda aql shoshadi.
– “Maoshingni menga ber! Senga ham, bu uyga ham men pul sarflayman!”
Shaxsiy ehtiyojim uchun kerak bo‘lgan mablag‘ni olish uchun qo‘l cho‘zganimdagi xo‘rlik tenglashadi, farqi yo‘q – bu uning maoshidanmi yoki mening o‘z maoshimdanmi.
Shuning uchun ishdan bo‘shadim!

8

Turli xil ranglar o‘rmoni ko‘z o‘ngimda jilvalanadi.
Men ular ichidan o‘zimga kiyish uchun kiyim qidirdim.
Bunisi men uchun tor...
Buning rangi juda ham yaltiroq, darrov ko‘zga tashlanadi, men unday emasman.
Bu meni yoshartirib ko‘rsatadi... mening qalbim qari, keksa.
Bu esa viqorlik va muhimlikni yalang‘ochlaydi. Mening ichim bo‘m-bo‘sh.
Mana buni... erim men uchun sotib oldi, u onaxonlarga, uy bekalariga, xonadon asiralariga va talabga qarab chaqiriladigan siyg‘a xotinlarga munosib.
Men uni kiydim.
Erim esa yuzini televizor tomonga burib oldi!

9

Shimoliy qutb uyimda maskan topgan.
Men u bilan non-tuz yeyman.
Men u bilan suv ichaman.
Men u bilan uxlayman.
U bilan suhbatlashishni xohlasam, sukunatli cho‘qqilarining sovuqligi meni chaqirib oladi.
Menga ham sukunat va muzlik ne’mati kelishini tilab, o‘z-o‘zim bilan kifoyalanaman.

10

Uyim sahrosida o‘g‘il bolam chirqillaydi.
Maqtov yorliqlari, rozilik medallari, tabrik va muhabbat qog‘ozlari meni bunday ajoyib yutuq bilan qutlab har tomondan yog‘iladi.
Alohida e’tibor bilan meni o‘rab oladilar, bunday e’tibor hissiyotimning bir qismini eritib yuboradi.
Turli-tuman ovqatlar: “o‘g‘il bolaga foydasi bor!”
Turli-tuman nasihatlar: “o‘g‘il bolaga foydasi bor!”
Pul ham saxiylik bilan oshib-toshadi: “o‘g‘il bolaning manfaati uchun!”
Men shunda har kuni o‘g‘il tug‘ishni xohladim.
Ularning dunyoga kelishi yoritgan doira ichida bo‘lish uchun, ehtimol. Shunda ularning onasi sifatida, ularni o‘z tanida ko‘tarib yurgan inson sifatida ularning yulduzlari yorug‘idan menga ham nimadir nasib qilib qolar!

11

Bolalarimning ikki xizmatkori bor. Biri yollangan, maosh evaziga, ikkinchisi bepul.
Ularning quruq buyruqomuz chaqiruvlari tinmaydi.
Men va bolalarim o‘rtasida o‘zim orzu qilgan mehr to‘rlarini to‘qishga harakat qildim.
Biroq “rox” qushi ularning “aslidan nusxa” – otalarining changallari kabi bo‘lishini xohladi.

12

Men qizimni tuqqanimda meni o‘rab turgan chehralar ifodasi menga xohlanmagan “bir narsa” tuqqanimni xabar qilganday edi.
Qizim esini taniganida, u bor-yo‘g‘i qandaydir “bir narsa” ekanligini anglamasligini umid qilaman!

Arab tilidan Murtazo Saydumarov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.