OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ivan Bunin. Bernar (hikoya)

Mening bu dunyodagi kunlarim juda oz qoldi endi.
Endi Antib yaqinida, bandargohga qo‘shni bo‘lgan Dengizbo‘yi Alpida bir vaqtlar Bernar haqida qilgan qaydlarim tez-tez yodimga tushadi.
— berner derazamga bir siqim qum otgan paytda men dong qotib uxlab yotardim...
Mopassanning «Suvda» hikoyasi ana shunday boshlanadi, 1888 yilning 6 aprelida, «Balamiy» yaxtasi Antib bandargohini tark etishi oldidan, Bernar Mopassanni shu taxlit uyg‘otgan edi.
— Derazani ochishim bilan yuzimga, ko‘ksimga va vujudimga tunning farahbaxsh epkini urildi. Ko‘kdagi harir moviylik yulduzlarning jonli jilvasidan titrab turardi...
— Havo bugun ayni muddao, janob.
— Shamol-chi?
— Sohildan esyapti, janob.
Oradan yarim soat o‘tdi, ular endi allaqachon ochiq dengizda edilar:
— Ufq bo‘zarib borar, olisda, Farishtalar ko‘rfazi ortida Nitstsaning chiroqlari, undan ham olisroqda esa Vilfranshning aylanib turuvchi mayog‘i ko‘rinar edi... Hali o‘zi ko‘zga tashlanmayotgak bo‘lsa-da, lekin qor bilan qoplangani sezilib turgan tog‘lardan ba’zan quruq va sovuq havo epkini kelib turardi...
— Bandargohdan chiqishimiz bilanoq yaxtaga go‘yo jon kirdi, yayrab ketdi, tezligi oshdi, yengil va mayda mavjlar uzra raqs tusha boshladi... Tong yorishib borar, yulduzlar bir-bir o‘char zdi... Huv olis ko‘kdv. Nitstsa ustida Yuqori Alpning qorli cho‘qqilari allaqanday o‘zgacha bir pushti yolqinga chulg‘anib borardi...
— Men quyosh chyqishini tomosha qilish maqsadida rulni Bernarga berdim. Kuchaya boshlagan shabada yaxtani titroq to‘lqinlar uzra olg‘a haydardi, men qandadir, olislarda yangragan qo‘ng‘iroq sadosini eshitdim. Angelus bong chalardi... Odamlar hali uyquda yotgan, lekin zamin allaqachon uyg‘ongan mana shu mayin, shaffof tong pallasini naqadar yaxshi ko‘raman! To‘yib nafas olvsan, musaffo havoni simirasan, biz uchun abadiy sirli va buyuk iztirobga aylangan dunyoning gug‘ilib kelayotgan borlig‘ini ko‘rasan kishi!..
— Bernar — ozg‘in, chaqqon, hayratlanarli daraja-da ozodalik va sarishtayaikka ruju qo‘ygan, g‘amxo‘r sezgir, U pokdil, sadoqatli inson, ajoyib dengizchi...
Bular Bernar haqidagi Mopassanning so‘zlari. Bernar esa o‘zi haqida mana bunday degan edi.
— Men yomon dengizchi emasdim, deb o‘ylayman. 
Buni u o‘limi oldidan aytgan, bu uning «Balamiy» 1888 yilning 6 aprelida, dengizga yo‘l olgan o‘sha Antibda, o‘lim to‘shagida aytgan so‘nggi so‘zlari edi!
O‘limidan bir oz ilgari Bernarni ko‘rgan kishi shunday hikoya qiladi:
— Ko‘p yillar mobaynida Bernar buyuk shoirning dengizda kechgan sarkash hayotiga hamrohlik qildi, Mopassan to o‘sha mash’um safarga, Parijga, doktor Blansh huzuriga yo‘l olguniga qadar Bernar undan ayrilmadi.
— Bernar o‘zining o‘sha Antibida hayotdan ko‘z yumdi. Lekin men uni yaqindagina ko‘pincha «Balamiy» langarda turadigan mo‘‘jaz Antib bandargohining nurafshon sohilida ko‘rgan edim.
— Baland bo‘yli, qotma, yuzlari dengiz sho‘ridan dag‘allashgan Bernarni gapga solish oson emas edi. Biroq suhbat mavzui Mopassanga borib taqaldimi, bas, moviy ko‘zlari shu ondayoq jonlanib ketardi, Mopassan haqida u shunday to‘lqinlanib so‘zlardiki!..
— Endi u abadiy sukut qo‘yniga cho‘mgan. Uning so‘nggi so‘zlari shu edi: «Men yomon dengizchi emasdim, deb o‘ylayman».
Men bu so‘zlarni u aynan qay taxlit aytganini yaq-qol tasavvur qilaman. Bu so‘zlarni u qat’iyat va iftixor bilan, oftobdan qoraygan, qarilikdan quruqshagan qo‘llari ila cho‘qina turib aytgan:
Xo‘sh bu so‘zlar bilan u nima demoqchi bo‘lgan? Bu dunyoga kelib, yaxshi dengizchi sifatida odamlarga naf yetkaeganidan iftixor tuyg‘usimi bu? Yo‘q: tangri har birimizga hayot ila muayyan bir iste’dod ham ato etganini va uni tuproqqa qorishtirmaslikdek muqaddas burchni zimmamizga yuklaganini aytmoqchi edi u. Xo‘sh, bular nima uchun kerak? Buni bilmaymiz, Biroq biz tubiga hech qachon yetib bo‘lmaydigan bu dunyoda har bir mavjudot uchun ma’no va dunyodagi hamma narsaning «yaxshi» bo‘lishi uchun qandaydir maqsad zarurligini, bu ilohiy maqsadga yetishmoq esa bizning tangri oldidagi xizmatimiz, ayni paytda ham quvonchimiz, ham iftixorimiz ekanini bilishimiz shart. Bernar buni yaxshi bilar va his qilar edi. U zimmasiga xudo yuklagan kamtarin burchni umr bo‘yi munosib ixlos va sadoqat bilan ado etdi, tangriga qo‘rqqanidan emas, vijdonan xizmat qildi. Shunday ekan, u umrining so‘nggi daqiqalarida o‘sha so‘zlarni aytmasligi mumkinmidi? «Bandang tavbasini dargohida qabul aylaguvchi ey birubor tangri taolo, senga va odamlarga qarata bugun shuni aytishga jur’at etamanki, men yomon dengizchi emasdim, deb o‘ylayman».
— Dengizdagi biron bir narsaga Bernar befarq qarayolmas edi, deb yozadi Mopassan: nogahon duch kelgan, qaydadir ochiq dengizda shamol esayotganidan dalolat beruvchi sovuq oqimga ham, g‘arbda izg‘irin shamol turganini anglatuvchi Esterel ko‘kidagi bulutlarga ham... U yaxtani shu qadar ozoda saqlardiki, hatto kemaning mis qoplangan qaysidir bir qismiga tushgan dengiz tomchisiga ham chidab turolmas zdi...
Ajabo, Bernarning bu tomchini darhol artib olishidan kimga naf bo‘lishi mumkin? U esa albatta artib qo‘yar edi. Xo‘sh, nega? Nima uchun?
Axir, hammasi «yaxshi» bo‘lishini hatto xudoning o‘zi xush ko‘radi-ku! Bernar ham o‘z ijodining «yaxshi» ekanini ko‘rib, o‘zi quvonar edi.
Nazarimda, so‘nggi kunlarim bilan xo‘shlashar ekanman, men bir san’atkor sifatida, o‘z haqimda o‘limi oldidan bir paytlar Bernar aytgan o‘sha so‘zlarga o‘xshash gapni aytishga haqqim bor, deb o‘ylayman.

A. SHERMUHAMEDOV tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.