OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jan Jak Russo. Ilm-fan va san’at ravnaqi axloqning poklanishiga yordam beradimi?

“Bu yerda men musofirman,
Hech kim meni tushunmaydi”.

Ovidiy

ESLATMA[1]

Mashhur bo‘lish odamga katta mas’uliyat yuklar ekan. Mana shu mashaqqatli mehnatim evaziga shon-shuhratga erishdim. Shubhasiz, bu asarim nomimni elga tanitish bilan birga mukofot ham olib berdi, lekin u, nari borsa, o‘rtachadir, to‘g‘rirog‘i, nashr qilingan asarlarim ichida arziguligi, deb ham aytolmayman. Agar shu birinchi asarim o‘z darajasida qabul qilinganda edi, men bunchalik qiynalib yurmagan bo‘lardim. O‘sha paytda menga bildirilgan o‘rinsiz xayrixohlik hademay qattiqqo‘llikka duch kelishini kim o‘ylabdi deysiz, bu esa undan-da adolatsizroq bo‘ldi[2].

MUQADDIMA

Payti kelib, ko‘tarishga arziydigan katta va juda zo‘r masalalardan biri mana shu. Bu MULOHAZALARda adabiyotning barcha sohalarini to‘ldirib yuborgan, hatto akademik dasturlardan ham yuqori bo‘lgan metafizikaning nafis tomonlari haqida emas, balki inson zotining baxtiga bog‘liq bo‘lgan haq yo‘llaridan biri haqida so‘z boradi.

Bu bahsda o‘z xulosamni taklif qilishga jur’at etganim uchun meni kechirishlari oson bo‘lmasligini ham sezib turibman. Garchi bir nechta DONISHMANDning ma’qullashlariga sazovor bo‘lsam-da[3], hozirgi paytda odamlar nimadan qoyil qolishlarini bilgan holda, shu narsaga to‘g‘ridan- to‘g‘ri hujum qilganim uchun ulardan faqat meni yomonotliqqa chiqarishlarini kutishim mumkin, xolos. Lekin JAMIYATNING ma’qullashlariga suyanmoqchi emasman, shuning uchun men o‘z yo‘limni tanladim: aqli zukkolarga ham, turli sanamlarga ham yoqish niyatim yo‘q. O‘z davrining maslagiga, o‘z MAMLAKATIGA va o‘z JAMIYATIGA bo‘ysunuvchi insonlar har bir zamonda ham bo‘ladi. Bugungi kunda ayrimlar o‘zlarini erkin fikrlovchi va faylasuf deb ataydilar, shu sababli ular (Fransiyada diniy urushlar vaqtida tuzilgan) Muqaddas Liga davrida albatta fidoyilar bo‘lur edilar (Varfalomey kechasini eslang – tarj.). Agar o‘z zamonangdan uzoqroq yashamoqchi bo‘lsang, bunday kitobxonlar ya’ni, mutaassiblar uchun yozib o‘tirma.

Yana bir so‘zni aytay. Menga ko‘rsatilgan izzat-hurmat bunchalik darajada bo‘ladi, deb o‘ylamagandim, MULOHAZALARIMNI yuborganimdan so‘ng ham uning ustida juda ko‘p ishladim, kengaytirdim, qaysidir ma’noda uni yangi asarga aylantirdim. Endi esa bu asarim mukofotga sazovor bo‘lgan paytda qanday bo‘lsa, shundayligicha qayta tiklashga o‘zimda majburiyat sezdim. Men unga faqat bir necha izoh kiritdim, ikki joyda qo‘shimcha ilovalarni qoldirdim, ularni osonlikcha ko‘rish mumkin. Ular Akademiya tomonidan, balki ma’qullanmasligi ham mumkin. Adolat, hurmat va minnatdorlik mendan shu tarzda ogohlantirib qo‘yishimni taqozo etadi, deb hisobladim.

Ilm-fan va san’atlar ravnaqi axloqning poklanishiga yordam beradimi? degan savol yuzasidan

MULOHAZA

Biz soddadil odamlarmiz,
Yuzaki gaplarga aldanamiz

Goratsiy, She’r san’ati, 25.

Ilm-fan va san’atlarning ravnaqi axloqning poklanishiga yordam beradimi yoki uning buzilishigami? Shu masalani ko‘rib chiqishimiz zarur. Bu xususda men qaysi tarafda bo‘lishim kerak? Hech narsadan xabari yo‘q (ya’ni, tarafkashlik qilmaydigan va bu bilan o‘z hurmatini yo‘qotmagan halol insonlar tarafida bo‘lishim kerak, janoblar.

Bu muhokama hakamlari oldida aytmoqchi bo‘lganlarimni qattiq turib himoya qilishim ancha qiyin bo‘ladi – men buni sezib turibman. Yevropaning eng bilimdon olimlari majlislarining birida ilm-fanlarni yomonlash, mashhur Akademiya oldida nodon (ko‘ringan) odamlarni ko‘klarga ko‘tarish va haqiqiy fozillarni hurmat qilgan holda, ilmiy mashg‘ulotlarga bo‘lgan nafratli munosabatlarni murosaga keltirishga qanday haddim sig‘adi? Men bu barcha ziddiyatlarni ko‘rdim, lekin ular bu gaplarni yozishdan to‘xtatib qololmadi.

Ilm-fanlarni haqorat qilmayapman,– dedim o‘z-o‘zimga – fazilatli insonlar oldida ezgulikni himoya qilayapman, xolos.

Fozil insonlar uchun bilim qay darajada qimmatli bo‘lsa, halol insonlar uchun rostgo‘ylik undan-da qimmatroqdir. Nimadan qo‘rqaman? Meni tinglayotgan majlis ahli o‘qimishliroq bo‘lgani uchunmi? Ha, qo‘rqqanimni tan olaman, lekin gapimdagi mulohazalarim uchun emas, balki nutqimdagi jumlalar g‘aliz chiqib qolishidan xavotirdaman. Adolatli hakamlar bahslashayotganida shubhaga borsalar, nohaq ekanliklarini ikkilanmay tan oladilar; haq yo‘lni himoya qilayotganlar uchun esa halol va bilimdon raqib oldida so‘zlash ma’qulroq, chunki ular o‘z vijdonlari hukmiga qarab yashaydilar.

Ruhimni ko‘targan bu fikrga boshqa yana bir fikr qo‘shildi-yu, qat’iy bir qarorga keldim: tabiat menga ato qilgan aqlimga suyanib, haqiqat tarafini tanladim: nimaga erishmayin, bitta mukofot men uchun tayin – men uni qalbimning eng tubidan topaman.

BIRINCHI QISM

Qaysidir ma’noda inson o‘z kuch-g‘ayrati bilan o‘zining borligini bildirishi; tabiat o‘rab qo‘ygan zulmatni o‘z aqli ziyosi bilan yoritishi; o‘zligidan ham yuqoriroq ko‘tarilishi, o‘z aql-zakovatida samolargacha ko‘tarilishi, Koinot kengliklaridan Quyosh kabi ulkan qadamlar bilan o‘tib borishi – eng muhimi va mushkuli – o‘z ichki dunyosiga kirishi, o‘zidagi insonni o‘rganishi, uning tabiatini tushunishi, uning majburiyati va taqdirini bilishi qanchalik ulug‘vor va go‘zal manzara. Bunday barcha ajoyibotlar yaqin avlodlarimiz xotirasida qaytadan jonlandi.

Yevropa birinchi asrlardagi yovvoyilik darajasiga yana tushib qoldi. Dunyoning shu qismida yashovchi, hozirgi paytda eng ziyoli hisoblanmish bu xalqlar bir necha asr muqaddam nochor ahvolda yashar edilar. Bilmadim, nodonlikdan ham jirkanch bo‘lgan soxta ilm haqiqiy ilm nomini o‘zlashtirib oldi va uning qaytish yo‘liga o‘tib bo‘lmas to‘siq qo‘ydi. Odamlarni sog‘lom fikrlashga qaytarish uchun keskin burilish zarur edi va nihoyat u keldi, lekin kutilmagan tarafdan keldi. Konstantin taxti qulagach, Qadimiy Yunoniston madaniyati parchalari Italiyaga olib o‘tildi. Fransiyada o‘z navbatida mana shu qimmatbaho qoldiqlardan boyib ketdi. Tez orada adabiyot bilan izma-iz turli ilmlar kirib keldi; yozish san’atiga fikrlash san’ati qo‘shildi; bu izchillik qiziq tuyulganiga qaramay tabiiyroq ko‘rinadi. Har holda ilhom parisi aksariyat odamlar o‘rtasida yaqin munosabatlar o‘rnatilishiga olib keladi; umum e’tiboriga sazovor bo‘lgan asarlar odamlarni yaqinlashtiradi, bir-birlariga yoqish istagi tug‘iladi.

Badanda bo‘lgani kabi, ruhning ham ma’naviy ehtiyojlari bor. Keyingisi jamiyat asoslarini tashkil qilsa, oldingisi ham ijobiy hodisa hisoblanadi. Jamoaga birlashgan odamlarning xavfsizligi va farovonligini hukumat va qonunlar ta’minlaydi. Ilm-fan, adabiyot va san’at esa, garchi unchalik qattiqqo‘l bo‘lmasa-da, harholda ulardan kuchliroqdir, bular kishanlarni gullar bilan bezab turadi, erkinlik deb atalmish azaliy hisiyotlarni bostirib turadi, qullik holatidagilarni o‘z ahvollariga shukur aytib, hayotni sevishga majburlaydi, shu bilan ularni madaniylashgan xalqlar qatoriga qo‘shadi. Zarurat toj-taxtni yaratdi, ilm va san’at ularni mustahkamladi. O, zamon hukmdorlari, iste’dodlarni ardoqlang, ilm va san’atni rivojlantirayotganlarga yaxshi karanglar.

Madaniylashgan xalqlar, iste’dodlarni rivojlantiring, baxtiyor qullar, o‘zingiz maqtanib yurgan nafis va nozik didingiz, bir-biringiz bilan oson muomala qilishni ta’minlaydigan, og‘ir-bosiq xulq-atvoringiz uchun ulardan minnatdor bo‘ling. Xullas, iste’dod sizlardagi barcha fazilatlarni ko‘rsatishga xizmat qiladi, garchi birorta fazilatingiz bo‘lmasa ham.

Afina va Rim hashamatli darajada yuksaklikka ko‘tarilgan paytlarida ham xushmuomalalik bilan shunday qulay yo‘l tutganlar, bu bilan ular maqtanishga o‘rin qoldirmaganlar, binobarin, boshqalardan ajralib turganlar. So‘zsiz, bizning asrimizda xuddi shunday yo‘l tutish bilan Millatimiz barcha zamonlarni va xalqlarni quvib o‘tadi. Nasihatgo‘ylikka yo‘g‘rilmagan falsafa – tabiiy, lekin ogohlantiruvchi, ayni paytda olmon qo‘polligidan va italyan nayrangbozligidan uzoq bo‘lgan nozik muomala madaniyati barchasi zodagonlarga mansub, takomillashgan madaniy munosabatlardan olingan tajribalar mahsulidir.

Agar tashqi qiyofamiz haqiqiy ruhiy intilishlarimizni doimo aks ettirib tursa edi, ma’qul ishlarimiz yaxshilik bilan tugallanib, oliy darajadagi axloqiy hikmatlarimiz kundalik turmush qoidalari sifatida xizmat qilsa, haqiqiy falsafa faylasuf nomining ajralmas qismiga aylansa, ana shunda jamiyatda birga yashash yoqimli bo‘lur edi! Lekin bunday ko‘p sifatlarning birga kelishi kamdan-kam uchraydigan holat, yaxshilikning bunday sifatlar bilan doimo birga bo‘lishi amri mahol. Qimmatbaho kiyimlar odamning o‘ziga to‘qligidan, liboslarning nafisligi esa uning didli ekanligidan dalolat beradi. Lekin odamning sog‘lomligi va baquvvatligi boshqa belgilarida namoyon bo‘ladi: saroy ahlining zarbof kiyimlari ostida emas, balki yer haydayotgan dehqonning eski choponi ostida, ya’ni uning kuch-qudratga to‘lgan jismida ko‘rinadi. Ruhiy quvvat – yasan-tusanda emas, insoniy fazilatlardadir. Fazilatli inson yalang‘och holatda kurash tushayotgan polvonga o‘xshaydi – arzimas taqinchoqlaru, yaltiroq kiyim-kechaklardan u jirkanadi, chunki bor kuchini ko‘rsatishga ular xalaqit beradi, qolaversa, bunday narsalar ko‘pincha, xunuklikni yopish uchun o‘ylab topilgan.

San’at odamlarning fe’l-atvorini silliqlamasidan avval, ehtiroslarini siyqa so‘zlar bilan bildirishni o‘rganmasidan oldin ularning muomalasi qo‘polroq, lekin tabiiyroq edi. (Shu tabiiylik tufayli) bir qarashdayoq, odamlarning muomalasidan ularning tabiati, fe’l-atvorini bilib olish mumkin edi.

Insonlarning xulq-atvori, hozirgidan qo‘polroq bo‘lsa ham, bir-birini oson tushunardilar, shu sababli ular bexavotir, tinchroq yashar edilar. Bu narsalar ularni ko‘pgina gunoh ishlardan saqlar edilar. Biz bugungi odamlar bu qadriyatlarni allaqachon unuta boshladik, his etmay qo‘ydik.

Hozirgi ayyorona chapdastligimiz, nozik didimiz, birovga yoqishdagi ustomonligimiz ma’lum tamoyillarga aylandi. Axloqimizda tuban darajadagi soxtalik hukmron bo‘ldi, aqlimiz esa xuddi bir qolipdan chiqqanday: hushmuomalalik doimo bir narsaning ilinjida, odob saqlash xuddi buyruqdek, urf-odatlarga tinimsiz ergashamiz, o‘z aqlimiz, vijdonimizga esa bo‘ysunmay qo‘ydik. Odamlar o‘zlarining haqiqiy basharalarini ko‘rsatishga jur’at eta olmayaptilar, Doimo shunday majburiyat ostida, jamiyat deb atalmish podaga birlashgan bir xil sharoitdagi bunday odamlar, qudratliroq biror sabab ularni bundan qaytara olmas ekan, shu tarzda yashayveradilar. Kim bilan muloqot qilayotganingni hech qachon bilmaysan: do‘stingni kim ekanligini bilish uchun esa jiddiyroq va kattaroq hodisa ro‘y berishi kerak, uni kutish uchun esa vaqt yo‘q, holbuki o‘sha hodisa tufayligina do‘sting kim ekanligini yaxshiroq bilib olasan.

Bunday ishonchsizlik ketidan qanchadan-qancha yomonliklar chuvalashib kelmoqda. Na chin do‘stlik, na haqiqiy hurmat, na komil ishonch bor. Madaniyatli asrimizning bizga tuhfa qilgan bunday hamdu sanoga loyiq boadablik va makkor xushmuomalaligi zamirida shubha, gumon, qo‘rquv, sovuqlik, befarqlik, yomonlik kabi illatlar doimiy qo‘nim topgan. Odamlar Yaratgan Egamni, Parvardigorni eslamay, nomini tilga olmay qo‘ydilar. Xudobezorilar Uni haqorat qilsalar-da, biz bunga chidab kelamiz. Odamlar o‘z xizmatlarini ko‘klarga ko‘tarmay qo‘ysalar-da, birovlarning xizmatlarini maqtashdan tiyilmadilar. Hech kim o‘z dushmanini ochiqdan-ochiq tarzda haqorat qilmay qo‘ydi. Lekin unga ustalik bilan tuhmat uyushtira oladi. Milliy nizolar so‘ndi, ammo u bilan birga Vatanga mehr ham so‘ndi. Jirkanishga loyiq bilimsizlik o‘rnini yanada xavfliroq pirranizm – shubhakorlik egalladi. Ortiqcha dabdaba, benomus qilmishlar paydo bo‘lmoqda: ularning ayrimlari esa ezgulik deb mukofotlanmoqda; shu mukofotni egallashing zarur yoki yolg‘ondan bo‘lsa ham, shu mukofot egasiman, deb hisobla o‘zingni. Mayli, kimlardir zamonamiz donishmandlarining sabr-qanoatini ko‘klarga ko‘tarsin; men esa bunda nafislashgan buzuqlikni ko‘raman, xuddi ularning soxta soddaligidek, maqtanishimga arzigulik emas ular.

Mana, qanday axloqiy poklikka erishdik: mana, qanday fazilatli insonlarga aylandik. Bu “Haloskor” o‘zgarishlarda adabiyot, ilm-fan va san’atning o‘z hissasi bor va ular lozim darajada baho berishlarini talab qilishga haqlidirlar. Men faqat birgina fikrimni qo‘shaman: mabodo uzoq o‘zga yurtlardan kelgan birorta musofir yevropacha axloq to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lishni istasa, mamlakatimizdagi ilm-fan ahvoli, mukammal san’atimiz, teatrlarimizning xushaxloq tomoshalari, muomalalarimizdagi yumshoqlik va gaplarimizdagi sertavozelik, yoshu-qarining ertalabdan kechgacha bir-birlariga gal bermasdan, kattalarga yaltoqlanib xizmat qilishdan boshqa ishlari yo‘qdek yurishlarini ko‘rgach, axloqiy poklikning aksini ko‘rgan bo‘lur edi.

Hech qanday natija yo‘q joyda, sababni qidirish ham befoyda. Lekin bu yerda antiqa ahvol – yaqqol ko‘rinib turgan buzuqlik: ilm-fan, san’at rivojlangan sari ruhimiz ham shunga yarasha buzuqlashib bormoqda. Bu baxtsizlik faqat asrimizga xos deyish mumkinmi? Yo‘q, janoblar, keraksiz qiziquvchanligimizdan paydo bo‘lgan bunday balolar qadimdan ma’lum. Ilm-fan va san’at yutuqlarining axloq va halollikka ta’siri, tungi yoritqichimizning okean suvi ko‘tarilib va pasayib turishiga ta’siridan kam emas. Bu yutuqlar qanchalik darajada ufqdan ko‘tarilib, porlab nur sochsalar, ezgulik shunchalik darajada yo‘qolib borayotganligi va bunday hodisalar har doim, har yerda sodir bo‘layotganligini kuzatmoqdamiz.

Insoniyat beshigi bo‘lmish qadimiy Misrni oling. Quyosh olov purkab tursa-da, lekin o‘zining tabiati, mo‘‘tadil iqlimi qulay bo‘lgan bu mashhur mamlakatdan turib Sezostris[4] dunyoni zabt etish uchun yurish boshladi. Dastlab mana shu yerda falsafa va nafis san’atlar dunyoga kelgan, lekin oradan ko‘p o‘tmay, bu mamlakatni, dastlab Kambiz[5], so‘ngra yunonlar, rimliklar, arablar va nihoyat turklar bosib oldilar.

Bir vaqtlar qahramonlar vatani bo‘lmish Yunonistonni oling: ular ikki marta Osiyoni yengishga muvaffaq bo‘lganlar – birinchisi Troya urushi, ikkinchisi o‘z ostonasida (Marafon jangida. mil. av. 497 yil). Bu yerda tug‘ilib kelayotgan adabiyot hali odamlarni axloqan buzishga ulgurmagandi, lekin san’at rivojanishi, axloq buzilishi va makedoniyalik Aleksandr istilosi birin-ketin yopirilib keldi. Garchi oldingidek ma’rifat, shahvatparastlik va istilo davom etib kelayotgan bo‘lsa-da, u yerda bo‘layotgan to‘ntarishlar natijasida Yunoniston yangidan-yangi istilochi-hukmdorlarga ega bo‘laverdi. (Avval Makedoniya, so‘ng Rim, so‘ng Vizantiya, so‘ng Turkiya hukmronligi) dabdaba va san’atlardan holsizlangan Yunoniston jismini Demosfenning otashin nutqlari ham hushiga keltira olmadi.

Cho‘pon Romul asos solgan va Vergiliy bukolikalari – cho‘poniy she’rlarida shuhrati kuylangan Rim Enniy va Terentsiy (kabi shoirlar) davriga kelib, tanazzulga yuz tutdi. Hatto nomlarini ham xijolatsiz tilga olib bo‘lmaydigan Ovidiylar, Katullar, Martsiallar va shularga o‘xshash uyatsiz yozuvchilar olomoni tufayli bir mahallar ezgulik maskani bo‘lgan Rim jinoyatchilar tomoshagohiga, vahshiy rimliklarning qo‘g‘irchog‘iga aylanib, boshqa xalqlarga sharmanda bo‘ldi. Jahon markazi bo‘lmish bu shahar ko‘p xalqlarning bo‘yniga o‘zi osgan bo‘yinturuq yukidan o‘zi qulash arafasida uning fuqarolaridan biri “Nafosat hakami” unvoniga sazovor bo‘ldi-yu, (Russo bu yerda Neron davridagi jur’atli adib Petroniy Arbitrni ko‘zda tutadi –tarj.).

Balki jaholatdan ko‘ra ehtiyotkorlik tufaylidir, Yevropaning boshqa joylarida quvg‘inga uchragan ilm-fan va san’atga panoh bo‘lgan, egallab turgan holati bo‘yicha jahon markazi bo‘lishi zarur bo‘lgan Sharqiy Saltanat markazi (Konstantinopol – Istambul) haqida nima ham deyishim mumkin? Hiyonat, qotillik va zaharlash, buzuqlik, sharm-hayosizlik, barcha jinoyatlarning asosi bo‘lgan shafqatsizlik Konstantinopol tarixi poydevorini tashkil qiladi va shu yerdan sizib chiqayotgan oqava asrimizdagi biz maqtayotgan bilimlardir.

Ko‘rinib turgan haqiqatni tasdiqlash uchun uzoq o‘tmishdan dalil qidirishga hojat bormi? Osiyoda ulkan bir mamlakat bor (Xitoy). U yerda adabiyot izzat-hurmatda va davlatning eng oliy mansablariga poyondoz bo‘lib xizmat qiladi. Agarda ilm-fan axloqni poklaganida, odamlarga qahramonlikni singdirib, o‘z vatani uchun qon to‘kishni o‘rgatganida Xitoy xalqlari dono, erkin va yengilmas bo‘lardi. Ular ustidan hukmronlik qiladigan buzuqlik bo‘lmasa, jinoyatchilik odatga aylangan bo‘lmasa, qonunlar donolik timsoli bo‘lib, vazirlari esa bilimdon bo‘lsa, bu ulkan saltanatning ko‘psonli aholisi, yaxshi ko‘rgan ta’limotlari (daochilik va konfutsiychilik) ham yordam berolmasdan, bilimsiz va qo‘pol bir mo‘g‘ul (Chingiz) istilosiga qaram bo‘lib qolarmidi? Adabiyotga ko‘rsatilgan izzat-hurmat juda yuzaki bo‘lib, bundan mamlakatga qanday naf tegdi? Aholining qullar va yovuzlarga aylanganimi?

Axloqning shu ko‘rinishlariga qarshi oz sonli xalqlar axloqini qo‘yadigan bo‘lsak, ular keraksiz bilimlardan o‘zlarini himoya qilib, boshqa xalqlarga ibrat bo‘larli darajada ezgu ishlarni amalga oshirib baxt- saodatga erishganlar. Qadimiy forslar shunday ishlar qila olgan ajoyib millat edi va ular osonlik bilan butun Osiyoni zabt etdilar. Biz ilm-fanni qanday o‘rgangan bo‘lsak, ular ezgulikni shunday yo‘l bilan o‘rgandilar (Ksenofont “Kiropediya” asarida Eronda farzandlar tarbiyasi haqida yozgan). Ularning qaror topish tarixini falsafiy romanga qiyoslash mumkin.

Skiflar ham shularga o‘xshash bo‘lib, ular haqidagi hayrat sadolari bizgacha yetib kelgan. O‘qimishli, boy-badavlat va shahvatparast xalqning jinoyatlari, jirkanchliklarini yozaverib charchagan qalam ahli ham yengil nafas olgandek, germanlarning soddadilligi, begunohligi va ezgu ishlari haqida ko‘plab yoza boshladi. (Russo tarixchi Tatsitni ko‘zda tutadi – tarj.). Rim ham, boyib ketmasdan oldin va nihoyat kambag‘allik belini bukmagan, yomonlardan ibrat olmagan, hozirgi kunlargacha ham jasoratli millat bo‘lgan dehqonlar (shveytsariyaliklar) shunday fazilatli insonlar edilar.

Zinhor, ular bu fazilatlarni axmoq bo‘lganliklari tufayli topmagan albatta. Ular boshqa mamlakatlardagi takabbur oliftalar oliy ezguliklar haqida, buzukliklarni yomonlab, yaxshi ishlar haqida og‘iz ko‘pirtirib, o‘zlarini buyuk, tahsinga loyiq odamlar deb, boshqalarni yovvoyilar (varvarlar) qatoriga qo‘shib, ularni mensimasdan, jirkanib qarashlarini bilar edilar. Lekin xuddi ana shu yovvoyilar (forslar turklar) rimliklarning axloqini kuzatib, ularning (soxta) bilimdonligidan jirkana boshladilar.

Yunonistonning barcha hikmatlari jamlangan, qonunlari donolikning ramzi va ezguliklarda insoniyat yetakchisi bo‘lgan, aholisi odamlardan ko‘ra ko‘proq yarim ilohlardan tashkil topgan bu shahar (Afina)ni esdan chiqarib bo‘ladimi? O, Sparta, behosil bilimdonlikni mangu sharmanda qilgan tabiiy odamlar makoni! Buzuqlik bilan birga nafis san’at Afinaga kirib kelganida, bu yerda hukmdor birinchi shoir (Homer) asarlarini to‘playotganida, sen, o, Sparta, o‘z uyingdan san’atni, rassomlarni, ilm-fan va olimlarni haydaganding!

Voqealar yakuni qadr-qimmatini ko‘rsatdi. Afina hushmuomala va noziktabiatlilar makoniga, notiqlar va faylasuflar mamlakatiga aylandi; me’morchilik nafis so‘z san’atiga tenglashdi, qo‘li gul ustalar toshlarga jon bag‘ishladi; asrlar osha barchaga o‘rnak bo‘ladigan ajoyib asarlar yaratildi. Lakedemon (ya’ni, Sparta) u darajada shuhratga erishmagandi. “U yerda,– der edi boshqa xalqlar,– ezgu insonlar tug‘iladi, havosining o‘zi shuni taqozo etadi”. Ularning qahramonona ishlari haqida faqat xotiralar qolgan. Bu xotiralar, chindan ham, Afinadan qolgan marmar yodgorliklardan kam emas.

To‘g‘ri, ayrim donishmandlar bu buzuqlik oqimidan o‘zlarini saqlab, muzalar maskanidan makon topdilar. Dastlabki donishmandlarning eng baxtsizi (Suqrot) o‘z davridagi san’atkorlar haqida aytgan fikrlarini eshiting:

“Shoirlarni kuzatdim,– deydi u.– ularga ato qilingan iste’dod o‘zlarini ham, o‘zgalarni ham adashtiradi: ular o‘zlarini donishmand deb hisoblaydilar, boshqalar ham shu fikrda, lekin ular donishmand emaslar”.

“Shoirlar qolib, endi rassomlarga o‘taman,– deb davom etadi Suqrot,– San’atda mendan ko‘ra bilimsizrog‘i yo‘q. Men ularni ajoyib sir egalari ekanliklariga ishonardim. Holbuki, rassomlarning hayoti shoirlarnikidan yaxshi emasligini ko‘rdim, ular ham, bular ham bir xil xayol og‘ushida, xayoliy olamlarda yasharkan. Ularning eng iqtidorlilari mukammallikka erishib, o‘zlarini donishmand deb bilarkan. O‘zlarini yuqori qo‘yishlari bilimdonliklariga bo‘lgan hurmatimni so‘ndirdi va men o‘zimni bashoratchi o‘rniga qo‘yib o‘zimdan so‘radim: ular bilgan narsalarni bilishim kerakmi yoki bilmasdan o‘zligimcha qolishim kerakmi? O‘zimga o‘zim va Xudo oldida javob berdim: O‘zligimcha qolishni istayman.

Haqiqat, yaxshilik va go‘zallik nima o‘zi – biz bilmaymiz – na sofistlar, na shoirlar, na notiqlar, na rassomlar va na men. Lekin o‘rtamizda farqimiz bor – ular hech narsani bilmasalar-da, nimalarnidir bilamiz, deb o‘ylaydilar, mening esa hech narsa bilmasligimga shubham yo‘q. Bashoratchining menga bergan afzalligi shundan iboratki[6], mening hech narsa bilmasligimga o‘zim qat’iy ishonaman”. (Suqrotning bu fikrlarini Aflotun va Arastu unchalik ma’qullamagan – Tarj.)

Demak, ko‘rib turganingizdek, insonlarning eng donishmandi, butun Yunoniston tan olgan, afinaliklarning eng bilimdoni bo‘lmish Suqrot bilimsizlikni afzal ko‘rmoqda! Agar u hozir oramizda bo‘lganida, olimlarimiz, san’atkorlarimiz uni fikrini o‘zgartirishga majbur qila olarmidi? Yo‘q, hurmatli janoblar: bu adolatli inson keraksiz bo‘lgan bilimlarimizdan jirkanardi, har tomondan bostirib kelayotgan keraksiz asarlarni ko‘paytirishga yo‘l qo‘ymasdi; xuddi o‘z shogirdlariga o‘rgatganidek, bizga va avlodlarimizga ibrat bo‘ladigan yaxshi ishlar va ezguliklar haqidagi xotiralarni qoldirardi. Odamlarni yaxshilikka o‘rgatish shunday bo‘lishi kerak.

Dastlab Suqrot Afinada, undan keyin keksa Katon Rimda o‘z vatandoshlarining jasoratlariga putur yetkazib, ularga tuzoq qo‘ygan makkor va ayyor yunonlarga qarshi hujumga o‘tdilar. Lekin shunga qaramay, ilm-fan, san’at va dialektika g‘alabaga erishdi; Rim faylasuflarga, notiqlarga to‘lib ketdi; harbiy intizomga e’tibor susaydi; dehqonlarga jirkanch nazar bilan qaray boshladilar; odamlar turli oqimlarga bo‘linib, umumiy vatani borligini esdan chiqardilar. Erkinlik, sofdillik, qonunlarga itoatgo‘ylik kabi muqaddas so‘zlar o‘rnini Epikur, Zenon, Arkesilay ismlari egalladi. “Oramizda olimlar paydo bo‘lganidan boshlab,–der edi ularning faylasuflari, fazilatli fozil insonlar ko‘rinmay qoldi. Shu paytgacha ezgu ishlarni qilib kelgan rimliklar, ezgulik ilmini o‘rgana boshlashi bilanoq hammasi barbod bo‘ldi. (Bu fikrda qisman haqiqat bor, lekin to‘liq emas, chunki ezgu ishlarni qilishga axloq ilmini o‘rganish xalaqit bermaydi. Lekin Russo fikrining haq tarafi shundaki, ezgu, fazilatli ishlarni qilolmaydigan takabbur, xudbin va janglarda jasurligi bilan mashhur odamlarga ezgulik, yaxshi xulq ilmini (estetikani) yuz marta o‘rgatsangiz ham yaxshi xulqli bo‘lib qolmaydi. Arastu ham “Axloqi kabir” (“Katta axloq kitobi”)da shu fikrni aytgan. Shunga yaqin fikrlarni Seneka (milodning I asri Rim), Monten (XVI asr, Fransiya) va boshqa mutafakkirlar ham aytganlar. Russo esa bu fikrni yanada chuqur va keng talqin qiladi – Tarj.).

O, Fabritsiy! (Plutarxning “Qiyosiy hayotnomalar”i qahramoni, Rim konsuli) Qachonlardir siz qutqargan, o‘zi erishgan yutuqlardan ko‘ra siz tufayli mashhur bo‘lgan Rim hozir qanday yasanib olganligini ko‘rganingizda edi, buyuk qalbingiz nimalarni his qilgan bo‘lardi? “Ey, Xudoyim, bu poxol tomli oddiy xonadonlardagi soddalik va ezguliklar o‘rnini nimalar egalladi? – degan bo‘lardingiz.– Rimga xos soddalikni yo‘qqa chiqargan bu qanday dabdababozlik? Bu qanday begona til? Bu qanaqa tegma nozik fe’l-atvorlar? Bu haykallar, rasmlar, binolar nimani anglatadi? Ey, telbalar, nima qilib qo‘ydinglar? Siz, xalqlarning (ma’naviy) rahnamolari, o‘zingiz tarbiya qilgan pastkash, arzimas odamlarning qullariga aylanib qolibsiz! Ey, hukmdorlar, Sizlar me’morlar, rassomlar, haykaltaroshlar va masxarabozlarni boyitish uchun Yunoniston va Osiyoni o‘z qoningiz bilan sug‘ordingiz! Karfagen vayronalarini naychi egallapti! Rim imperatori Neron nay chalar va she’r yozar edi. Ey, rimliklar, bu amfiteatrlarni tezdan yo‘q qilinglar, marmar haykallarni sindiringlar, rasmlarni yoqib yuboringlar! Sizlarni bo‘ysundirayotgan, o‘z san’atlari bilan sizni buzuqlik botqog‘iga tortayotgan qullarni haydanglar! Bu keraksiz iste’dodlardan boshqalar shuhrat qozonaverishsin. Rimga munosib bo‘lgan iste’dod – dunyoni zabt etish va ezgulik saltanatini o‘rnatishdir. (Demosfenning shogirdi), Epir shohi Pirning elchisi Kiney Rim senatini podsholar majlisi, deb o‘ylaganida ortiqcha dabdabadan, nafis nazokatdan ko‘zi qamashmagandi; bekorchi odamlarga huzur bag‘ishlovchi keraksiz notiqlik san’atini eshitmagandi ham. Xo‘sh, Kiney qanday buyuklikni ko‘rgandi? Hech qanday boylik, hech qanday san’at bera olmaydigan, dunyoda hali hech kim ko‘rmagan go‘zallikni ko‘rgandi u; Rim va unga tegishli yerlarni boshqarishga munosib bo‘lgan ezgu insonlar majlisini ko‘rgandi u”. (Bu yerda davlatni xalq nomidan boshqaruvchi respublika tuzumiga xos oliy kengash – ikki yuz vakil, deputat haqida so‘z boradi – tarj.).

Kelinglar, zamonlar va makonlar osha yana o‘z davrimizga qaytaylik va hissiyotlarimizga yomon ta’sir qilayotgan yoqimsiz manzaralarni chetga uloqtirib, o‘tgan narsalarni qaytaravermasdan, ko‘z o‘ngimizda nimalar sodir bo‘layotganligini ko‘raylik. Fabritsiy ruhini bekorga chaqirganim yo‘q; Lyudovik XII yoki Genrix IV tilidan eshitmoqchi bo‘lganlarimni uning tilidan eshitmoqchi emasman. (Russo bularni adolatli rahbar deb o‘ylardi –tarj.). To‘g‘ri, bizning davrimizda davlat Suqrotga tsikuta sharbati (zahar)ni ichirmagan bo‘lardi, lekin agar hozir Suqrot bo‘lsa, bundan ham achchiq va yoqimsiz bo‘lgan zahar – masxaralashlar, jirkanishlarni tatib ko‘rgan bo‘lardi – bu o‘limdan ham yuz marta battar. Shu tariqa, abadiy Donolik bizga ravo ko‘rgan baxtli bilimsizlikdan chiqishga urinishlarning natijasi bo‘lgan manmanlik, dabdaba, buzuqlik va qullik barcha zamonlarda (madaniyat uchun) jazo bo‘lib xizmat qildi. Endilikda donolik o‘z qilmishlarini parda ortiga yashirgan bo‘lsa-da, u bizni keraksiz va xayoliy narsalarni qidirib ovora bo‘lishga majbur qilmas edi, u bizni yetarli darajada ogohlantirgan edi. Biz shu imkoniyatdan foydalana oldikmi yoki ularning saboqlaridan, o‘zimizga ziyon yetkazmagan holda, xulosa chiqara oldikmi? Tabiat bizdan sir-asrorlarini, xuddi ona bolasidan xavfli o‘yinchoqlarni yashirgandek, yashirib, muruvvat ko‘rsatdi – shu narsani uzil-kesil bilib olinglar. Bizdan yashirilgan barcha sir-asrorlar – falokatlar edi. (Yunon mifi Pandora sandig‘ini eslang – tarj.). Tabiat bizni shunday asrab keladi; ilm olish mashaqqatlari esa bizga ko‘rsatilgan himmatdan kam emas. Odamlar buzilib ketdi: agar ular bilimdon bo‘lib tug‘ilganlarida bundan ham yomon bo‘lardi.(Odobsizga bilim berish xavflidir – Tarj.)

Shu tariqa fikr yuritishning o‘zi insoniyat uchun naqdar xo‘rlik! Naqadar g‘ururimiz poymol bo‘ldi! Nima! Rostgo‘ylik bilimsizlikning farzandimi? Ilm-fan va ezgulik bir-biri bilan chiqisholmaydimi? Bulardan qanchalik xulosa chiqarib olish mumkin? Ilm-fan va san’atni o‘z holicha ko‘rib chiqaylik: ularning yutuqlari nimalarga olib kelishini ko‘raylik; mulohazalarimizdan kelib chiqib bergan xulosalarimiz tarix chiqargan xulosalarga muvofiq kelsa, hech ikkilanmay qabul qilamiz.

IKKINCHI QISM

Misrdan Yunonistonga o‘tgan qadimiy rivoyatda aytilishicha, ilm-fan ixtirochisi, inson halovatini buzgan ma’bud (Germes, Xurmuz Xirmis), hisoblanadi. Misrliklar o‘zlari bu haqda qanday fikrda edilar? Gap shundaki, ilm-fan asoslari ularning ko‘z o‘ngida sodir bo‘layotgan narsa va hodisalar natijasidan kelib chiqqan. Darhaqiqat, dunyodagi barcha qo‘lyozmalarga ko‘z tashlasak, hatto turli falsafiy qarashlar bilan birga qo‘shib ko‘rilganda ham, poyma-poy tuzilgan yilnomalar sahifalarini varaqlaganimizda ham, insoniyat bilimlarining kelib chiqishiga asosiy sabablarni, topa olmaymiz. Astronomiya – bid’at va xurofotdan; notiqlik san’ati – shuhratparastlik, nafratlanish, xushomad va yolg‘onchilikdan; xandasa – xasislikdan; fizika – bekorchilik, qiziquvchandan, ularning barchasi – axloq ilmini ham qo‘shib hisoblaganda – inson takabburligidan kelib chiqqan. Demak, ilm-fan va san’atning kelib chiqishi inson kibru havosiga borib taqaladi; ezgulikka borib taqalganda edi, ularning qadr-qimmatli ekanligiga shubha qilmasdik.

Ilm-fanlarning kelib chiqishi inson hoyu-havasiga asoslangani sababli, nimaga xizmat qilishlari yaqqol ko‘rinib turgan narsa. Dabdabaga moyil bo‘lgan bunday ilm va san’atlarning bizga nima keragi bor edi? Insoniyat adolatsizligi bo‘lmaganda edi, huquqshunoslikning keragi bormidi? Zolimlar, urushlar va fitnalar bo‘lmaganda edi, tarixni nima qilardik? Bir so‘z bilan aytganda, kim ham vaqtini (ilm-fanlarni) besamar o‘rganishga mahliyo bo‘lib o‘tkazardi? Buning o‘rniga insonlar tabiat qonunlariga suyangan holda o‘z odamiylik majburiyatlarini bajarib, bor vaqtini vataniga, baxtsizlarga, o‘z do‘stlariga sarflamasmidi? Nahotki biz umrimizni haqiqat cho‘kib ketgan quduq chetiga bog‘lanib o‘tkazsak? Shu fikrning o‘zigina falsafani jiddiy tarzda o‘rganib, bilim olishga bel bog‘lagan har bir odamni cho‘chitib yuborsa kerak.

Ilmiy izlanishlarda bizga qancha xatarli va aldamchi yo‘llar xavf solmoqda! Haqiqatga yetishish yo‘lida bizni foydadan ko‘ra minglab marta ko‘proq zararlar va xatolarni boshdan kechirishimizga to‘g‘ri kelar? Sarf-harajatlarimiz natijalarni oqlamasligi ayon: chunki yolg‘on cheksiz darajada, turli-tuman ko‘rinishda bo‘lsa, haqiqat yagona ko‘rinishdadir. Darvoqe, kim ham uni chin dildan qidirardi? Yengib bo‘lmas istak bo‘lganida ham, qaysi belgilariga asoslanib haqiqatni tanib olamiz? Turli fikrlar aralashmasidan qaysi o‘lchovga asoslanib to‘g‘risini aniqlaymiz? Eng qiyini – baxtimiz chopib o‘sha o‘lchovni (masalan, mantiqni) topib olsak – qaysi birimiz uni to‘g‘ri qo‘llay olamiz?

Agar ilm-fanimiz o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarni yecha olishga ojizlik qilsa, u holda erishilgan natijalar yanada xavfliroq bo‘lardi. Bekorchilikdan tug‘ilgan ilm-fan yana bekorchilikka xizmat qilishi yomon, ya’ni bekorga sarflangan vaqt o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydi va bu eng avvalo, jamiyatga jiddiy zarar yetkazishi muqarrar. Siyosatda, xuddi axloqdagi kabi, ezgu ishlar qilmaslik – katta yovuzlik; foyda keltirmaydigan fuqaro zararli inson sifatida baholanadi. Nima sababdan bo‘shliqdagi jismlar o‘zaro tortishish kuchiga ega, bir vaqtning o‘zida harakat qilayotgan sayyoralarning fazodagi masofa nisbati qanday? Egri chiziqlarning umumiy og‘ish va egilish nuqtalari qanday bo‘ladi? Xudoda hamma narsa mujassamligini inson qanday ko‘ra oladi? Garchi ikki joyda turgan ikkita soatdek aloqa bog‘lamasdan turgan bo‘lsalar-da. Qanday qilib ruh va tana biri uchun biri javob bera oladi? “Qanday osmon jismlarida yerdagidek hayot bo‘lishi mumkin? Qaysi hasharotlar g‘ayrioddiy tarzda ko‘payadi?”– degan savollarga javob topib, ajoyib yangiliklar kashf qilgan, ey mashhur faylasuflar, menga javob bering, agar yuqoridagi masalalarga javob topa olmaganingizda hayot yomonlashib qolarmidi? Biz hozirgiga qaraganda oz sonli bo‘lib qolarmidik? Bizni boshqarish qiyinlasharmidi? Dushmanga xavfsizroq bo‘lib qolarmidik? Bunchalik gullab-yashnamasmidik? Illatlarimiz ozayib qolarmidi?

Asarlaringizning ahamiyati haqida yana bir bor o‘ylab ko‘ring, ey olimlar! Eng yaxshi fuqarolarimizning ma’rifatli ishlari aytarli foyda bermasa, u holda hech qanday foyda keltirmasdan davlatni kemirib yotgan notanish yozuvchilar va takasaltang savodxonlar olomoni haqida nima deyish mumkin?

Takasaltanglar dedimmi? Qani edi, Xudoga xush kelib, shunday bo‘la qolsa! U holda axloqimiz sog‘lom, jamiyatimiz tinchroq bo‘lardi. Ammo bu foydasiz, arzimas va takasaltang so‘zamollar har tomondan qurshovga olib g‘ayrimantiqiy zararkunandaliklari bilan qurollangan holda dinimiz ildiziga bolta urib, ezgulikni yakson qilmoqdalar. Ular “Vatan”, “din” kabi qadrli so‘zlarni eshitgach, zaharxandalik bilan tirjayib, barcha qobiliyatlari va falsafasini ishga solib, muqaddas narsalarimizni toptash va isnod keltirish bilan ovora. Ezguliklarimiz va ta’limotlarimizni yomon ko‘rishlari yetmagandek, ular jamoatchilik fikrining dushmanlari hamdir. Ularni ibodatxonalarga qaytarishdan ko‘ra xudosizlar, deb qo‘ya qolgan ma’qul. Ommadan ajralib turish, ularga nasib etmagan bo‘lsa-da, ayrimlari uchun bu yengib bo‘lmas istakdir.

Vaqtni bekorga boy berish – aslida ko‘ngilsiz voqea. (Vatan, millat, xalq uchun jon kuydirmaydigan) adabiyot va san’at bundan ham battar yomonlikni boshlab keladi. Bu yomonlik – zeb-ziynat, dabdaba – u ham bekorchilikdan va shuhratparastlikdan kelib chiqadi. Kamdan-kam hollarda zeb-ziynat, dabdaba ilm-fan va san’atni niqob qiladi, ammo ilm esa ko‘pincha dabdabasiz ko‘rina olmaydi. Mayli, zebu ziynat boylik alomati bo‘la qolsin; mayli, kerak bo‘lsa, boylik ko‘payishiga xizmat ham qilsin; lekin bu kelishmovchilikdan hozirgi kunimizga munosib xulosa chiqarib bo‘larmikan? Agar odamlar nima qilib bo‘lsa ham, boyib ketishni maqsad qilsalar, u holda fazilatning holi nima kechadi?

Qadimgi siyosatchilar axloq va fazilat haqida tinmasdan gapirardilar, hozirgilar esa faqat savdo va pul haqida vaysaydilar. Biri falon mamlakatda odamning bahosi shuncha ekan, agar uni Jazoirga sotsam, qanchaga olarkin, desa, boshqasi hisob-kitobni davom ettirib, odamning bahosi hech qancha turmaydigan mamlakatlarni va undan ham arzonroq bo‘lgan mamlakatlarni aytadi. Odamlarni, xuddi sotiladigan hayvonlar podasiga tenglashtiradilar. Ularning fikricha, odamning o‘zi yashayotgan davlatdagi bahosi, iste’mol qilganiga qarab belgilanadi; shunday qilib, bir sibarislik odam bahosi lakedemoniyalikning o‘ttiztasiga teng. Qani toping-chi, bir hovuch rimlik dehqonlar shu respublikalardan qay birini bo‘ysundirgan – Spartanimi yoki Sibarisnimi? Qaysi biri Osiyoni titroqqa soldi?

Kir saltanatini Fors shohlari ichidagi eng kambag‘allaridan ham kambag‘alroq bo‘lgan bir hukmdor – makedoniyalik Aleksandr o‘ttiz mingtacha askari bilan bosib olgan; xalqlar ichida eng qashshog‘i bo‘lgan skiflar olamda eng qudratli bo‘lgan hukmdorlarga qarshi turganlar. Ikki mashhur respublika (Rim va Karfagen) dunyoga hokimlikni da’vo qilganlar; ulardan biri juda boy, ikkinchisida esa hech vaqo bo‘lmagan, aynan mana shunisi birinchisini vayron qilgan. Dunyo boyliklariga ega bo‘lgan Rim imperiyasi, boylik nima ekanligini bilmagan odamlarning qurboni bo‘ldi. Jasorat va kambag‘allikdan boshqa narsasi bo‘lmagan franklar – Galliyani, sakslar – Angliyani bosib olishgan. Bisotida bir nechta qo‘y terisidan boshqa hech vaqosi bo‘lmagan faqir tog‘liklar olomoni, avstriyaliklarning g‘ururini poymol qilib, badavlat va dahshatli Burgund sulolasini yo‘q qilib, Yevropa hukmdorlarini titroqqa soldi. Va nihoyat, Hindistonning behisob xazinasidan yanada dadillashgan, qudratli va dono Karl V ning vorisi (Filipp II) bir hovuch baliqchilarga (gollandiyaliklarga) to‘qnash kelib mag‘lub bo‘ldi. Mayli, siyosatchilarimiz bizni ma’zur tutsinlar va behuda hisob-kitoblarni yig‘ishtirib, yaxshilab o‘ylab ko‘rsinlar; yaxshi xulq-atvor, odob-axloq va urf-odatga ega bo‘lgan fuqarolardan boshqa barcha narsalarni sotib olish mumkin.

Jiddiyroq aytadigan bo‘lsak, zeb-ziynatni muhokama qilganimizda gap nima haqida edi? Gap shu haqda ediki, hukmdorlar uchun muhimroq narsa nima – uzoqqa bormasdan parchalanib ketadigan yaltiroq saltanatmi yoki ezgulik qaror topgan yurtmi? Yaltiroq deyapman, lekin qanday yaltiroqlik? Tantanabozlik rostgo‘y qalbda yashay olmaydi. Mayda-chuyda, arzimas narsalar bilan o‘ralashib qolgan aql hech qachon yuksaklikka ko‘tarila olmaydi, garchi bunga kuch yetgan taqdirda ham, jasorat yetishmaydi.

Har bir san’atkor olqishlarga o‘ch. Mukofotlarning eng qimmatlisi – zamondoshlarning maqtovidir. Nomi chiqqan olimlar yengiltak yoshlarga shunday yo‘nalish berib qo‘ygan bo‘lsalar; erkaklar o‘z erkining zolimlariga (chiroyli ayollarga) yoqish uchun nozik didlarini qurbon qilsalar; bir jins vakili ikkinchisining qo‘rqoqligiga mos ravishda farosati yetmaydiganlarni ham maqtayversa, shuning uchun yuksak poeziya[7] durdonalari kasodga uchrab, ajoyib mo‘‘jizakor uyg‘unlikdan voz kechilayotgan bo‘lsa[8]; shunday xalq orasida, shunday zamonda tug‘ilgan u bechoralar (Moler, Ramo) maqtovlarga erishish uchun nima ham qilsin? San’atkor nima ham qilardi, janoblar? Yuksak daholikdan o‘z zamonasi darajasiga tushib, o‘rtacha asarlar yaratgani ma’qulroq, toki zamondoshlari u hayotlik paytida hayratga tushsin. U o‘tib ketgach, asrlar osha ajoyib san’at asarlaridan hayratga tushishlaridan foyda yo‘q. Ayting-chi, bizga, atoqli Arue (Volter) soxta xushmuomalalik uchun qancha samimiy va ta’sirchan go‘zallikni qurbon qildingiz? Taqinchoqlarga aylangan xushmuomalalik uchun qancha buyuk bunyodkorlikni sarfladingiz?

Axloq buzuqligi zeb-ziynatning muqarrar oqibatidir, o‘z navbatida xulq buzuqligi – didlar buzuqligiga yetaklaydi. Mabodo, buyuk, iste’dodli odamlar orasidan tasodifan qat’iyatlirog‘i chiqib, o‘z davrining ruhiga mos – arzimas asarlar yaratishni o‘ziga or deb bilsa, u odamning holiga voy! U xor-zor bo‘lib, zabunlikda o‘ladi. Bu bashorat emas, achchiq tajribaning mevasidir! Karl, Per, (iste’dodli rassomlar Karl Van-Kool bilan Jan-Batist Per – tarj.) mo‘yqalamingiz ibodatxonalar, ulug‘vor dargohlarimizni yuksak va muqaddas avliyolar tasvirlari bilan bezash o‘rniga, faytun aravalarning eshiklarini uyatsiz rasmlar bilan bezashga xizmat qilib (san’atni) bulg‘adi. Endi esa mo‘yqalamni tashlab yuboradigan vaqt keldi. Sen-chi, ey betakror Pigal (haykaltarosh) – Praksitel va Fidiyning raqobatchisi, toshkeskichlar yordamida qadimgilar sig‘inish uchun toshsanamlar yaratib, butparastlikni ko‘z oldimizda oqlagan bo‘lardi, endi esa o‘sha asbobing badbashara tasqaralarning, meshqorinlarini yo‘nishga xizmat qiladi, aks holda u ishsiz qoladi.

Axloq haqida mulohaza yuritar ekanmiz, ibtidoiy davrning sodda odatlarini rohatlanib eslamaslik mumkin emas. Bu – tabiatning o‘zi bezagan ajoyib sohillar manzarasi – ulardan ko‘z uzib bo‘lmaydi, tikilib to‘ymaysan. U paytda odamlar beg‘ubor, ezgu ishlarga moyil, tabiat bilan hamnafas bo‘lib, Xudoga xush keladigan ishlar bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Keyinchalik odamlar ezgu ishlardan qochib, gunohga botganlar va ularga ibodatxonalar ravo ko‘rilgan. Bora-bora ular bu muqaddas dargohlarni ham bulg‘agach, uy nima, ibodatxona nima – farqi yo‘qolgan. Bu esa axloqning tanazzulga yuz tutishi bo‘lib, buzuqlik hech qachon bunchalik darajada muqaddas dargohlarning peshtoqlarigacha kirib bormagandi.

Hayotdagi qulayliklar ko‘paygan sari, san’at takomillashib, dabdaba, zeb-ziynat kengaygan sari, haqiqiy jasorat zaiflashib, harbiy qudrat yo‘qolib bordi; bular barchasi sokin ishxonalarida rivojlanayotgan ilm-fan va san’atning ta’sirida sodir bo‘lmoqda. Gotlar Yunonistonni ship-shiydam qilib ketganlarida, talonchilardan biri barcha kutubxonalarni yong‘indan asrab qolishga sababchi bo‘lgan; chunki u o‘ylagandek, harbiy mashqlardan chalg‘itgan va o‘tirib olib ishlashga, yalqovlikka o‘rgangan dushmanning bu mulkini o‘zlariga qoldirishi kerak bo‘lgan. Karl VIII deyarli qilichini yalang‘ochlamasdan Toskanaga hukmdor bo‘lib oldi, saroy ahli bu kutilmagan osongina g‘alabani Italiyaning hukmdorlari va aslzodalari mashqlar o‘tkazib, harbiy kuch-qudratini rivojlantirish o‘rniga askiyabozlik va ilm-fanga ruju qo‘yganliklaridan deb hisobladi. Yuqoridagi ikki voqeani misol qilib keltirgan, sog‘lom fikrlovchi bir odam (Mishel Montenr) o‘ziga saboq bo‘ladigan bu voqealardan xulosa chiqarib oldi: (ilm-fanni bunday tarzda o‘rganish mardlik va jasoratni ruhlantirmaydi, aksincha, bu hissiyotlarini susaytiradi, harbiy tartiblarga putur yetkizadi.

Rimliklar orasida tasviriy san’atni, oltin va kumushdan yasalgan o‘ymakorlik buyumlarini, nafis san’at asarlarini tushunadiganlar ko‘payib borgan sari, harbiy jasorat yo‘qolib borayotganligiga iqrorlik ham ko‘paygnan. Har doim boshqa xalqlarga o‘rnak bo‘lish mabodo bu mamlakat taqdiriga yozilganida edi, Medichilar xonadoni va san’atning rivojlanishi, ehtimol, Italiyaning bir necha asr ilgari qozongan harbiy shuhratini qaytadan badnom qilgan bo‘lardi.

Ma’naviy barqarorlikni barvaqt so‘ndiradigan, vujudni tez qaritadigan, tinch holatda o‘tirib ishlaydigan kasb-korlar qoidalarini Qadimiy yunon davlatlari o‘z fuqarolariga taqiqlab qo‘ygan edi. Darvoqe, siz qanday deb o‘ylaysiz, birozgina muhtojlik va qiyinchilikni yenga olmagan odamlar ochlikka, tashnalikka, charchoqqa va o‘limdek dahshatli xavf-xatarga qarshi bora oladimi? Askarlar shu qiyinchiliklarga o‘rganmagan bo‘lsa, chiday olmasa, mardlikni qayoqdan olsin? Egarda bazo‘r o‘tirgan askarda, buyruqni bajarish uchun, shijoat qaerdan paydo bo‘lsin? Hozirgi askarlarning o‘ta bardoshli ekanliklarini, jangda ko‘rsatgan jasoratlari, qahramonliklari va mardliklarini menga maqtamay qo‘yaqolishsin. Ammo ular har bir faslning qiyinchiliklari, ob-havo injiqliklarini qanday ko‘tarayotganliklari menga ma’lum emas. Quyosh biroz qizdirsa yoki qor yog‘sa, jangchilarni qulayliklardan biroz cheklasa, armiyamizning eng yaxshilari parokandalikka uchrab, yengilishlari uchun bir necha kun kifoya.

Ey, mardonavor jangchilar, bir nafas toqat qilib, kamdan-kam aytiladigan haqiqatni eshitinglar! Sizlar dovyurak ekanligingizni bilaman: Hannibal davrida yashaganingizda Kann va Trazimen ostonalaridagi janglarda g‘alaba qozongan bo‘lardingiz; Sezar sizlar bilan Rubikonni kechib o‘tib, o‘z mamlakatini bo‘ysundirardi; ammo Hannibal Alp tog‘larini sizlar bilan oshib o‘tolmagan, Sezar esa sizlar bilan ajdodlaringiz ustidan g‘alaba qozonolmagan bo‘lardi.

Urush natijasini har doim ham jang hal qilavermaydi va omadli natijaga erishish san’ati har bir sarkarda uchun jang omadidan ko‘ra yuksakroq san’atdir. Ko‘ksini o‘qqa tutib, hayotini qurbon qilishdagi jasoratdan ko‘ra, kuch-quvvatini avaylab, bardoshli bo‘lib, o‘limdan saqlanish muhimroq. Jangchilarning qay tarzda o‘lishi: bezgakdanmi, shamollashdanmi yoki dushman o‘qidanmi – davlat uchun ahamiyati yo‘q.

Ilm-fan rivojlanishining harbiy ishlarga ta’siri yomon bo‘lar ekan, axloqqa ta’siri bundan-da yomon. Hayotimizning dastlabki yillaridayoq o‘ylamasdan berilgan yomon tarbiya aqlimizni buzib, fikrlarimizni aynitishga sababchi bo‘ladi. Juda katta mablag‘ sarflanib, behisob tarbiya muassasalari bor va ularda o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarda yoshlarga ko‘p narsalarni o‘rgatadilar, ammo ularga bevosita zarur bo‘lgan bilimlarni, (sof vijdonli va mard bo‘lishni) o‘rgatmaydilar. Bolalaringiz o‘z ona tillarini emas, balki boshqa, biror joyda qo‘llanmaydigan tillarni o‘rganadilar; o‘zlari ham yaxshi tushunib yetmaydigan, haqni nohaqlikdan, yaxshini yomondan ajrata olmaydigan, yaxshilik niqobi ostiga yashiringan san’atni egallaydilar. Yoshlarimiz olijanoblik, adolat, yomonlikdan tiyilish, odamiylik kabi so‘zlar ma’nosiga tushunib yetmaydilar; “vatan” so‘zining asl ma’nosi ularga yetib bormaydi, ularga Xudoi taolo to‘g‘risida, faqat qo‘rqitish uchun gapiradilar. Bir donishmand (M.Monten), agar shogirdlarim koptok o‘ynasa ham xursand bo‘lardim, har holda harakatchan bo‘lardi-ku, degan. Bolalar nima bilandir shug‘ullanishlari zarur, bekor qoldirish xavfli ekanligini bilaman. Xo‘sh, ular nimalarni o‘rganishlari zarur? Mana bu haqiqatan ham ajoyib savol! Voyaga yetganlarida nima ishlar bilan shug‘ullansalar, shunga o‘rgansinlar, unutishlari kerak bo‘lgan narsalarga emas.

Istirohat bog‘larimiz haykallar bilan, galereyalarimiz rasmlar bilan bezatilgan. Sizningcha, bu ommaviy tomosha uchun qo‘yilgan san’at asarlarida kimlar tasvirlangan? Vatan himoyachilarimi yoki buyuk ishlari bilan hayotimizni boyitgan insonlarmi? Yo‘q. Bu rasmlar qadimiy afsonalardan tanlab olingan, sarson-sargardon qalblar va adashgan aql-idrokni ifodalovchi ramziy siymolar (dabdabali, hashamatli Rokoko san’ati, Bushening mifologik, erotik manzaralari bo‘lib, shubhasiz, farzandlarimiz yoshlik chog‘laridanoq, o‘qish-yozishni o‘rganmaslaridanoq shu ko‘z o‘ngidagilardan yomon o‘rnak olishlari uchun, ularning ongiga axloqsizlikni singdirish uchun qo‘yilgan.

Odamlarning imkoniyatlari va iste’dodlaridagi farqlardan, ezgu ishlarning kamsitilishidan kelib chiqqan halokatli tengsizlik tufayli paydo bo‘lmaganmi bu adashishlar? Barcha mashg‘ulotlarimizning mevasi – eng xavfli natijasi mana shu. Inson haqida endi uning rostgo‘yligi emas – iste’dodi; kitob haqida esa uning foydaliligi emas – yaxshi yozilganligi so‘raladigan bo‘lib qoldi. So‘zamollikka saxovat bilan mukofotlar tarqatilmoqda, ezgulik esa e’tiborsiz qolmoqda. Notiqlik minglab mukofotlarga sazovor, ajoyib ishlarga esa mukofot yo‘q. Har holda menga aytishsin, akademiyada eng yaxshi fikr uchun beriladigan mukofot shuhratini, shu mukofot ta’sischisining xizmatlari bilan tenglashtirish mumkinmi?

Donishmand hech qachon boylik ketidan quvmaydi, lekin u shon-shuhratga befarq emas; bu boradagi adolatsizlikni ko‘rgach, unda musobaqa ruhi uyg‘onib, jamiyat uchun foydali bo‘lgan ezgu niyatlari barbod bo‘ladi, o‘zi esa azob chekib, so‘nib boradi, muhtojlikda unutilib, harob bo‘ladi. Munosib tarzda mukofot berishdan ko‘ra o‘rtachalarga mukofot tarqatishni afzal ko‘rish oxir-oqibatda, mana, nimalarga olib keladi – hozirgi paytda ilm-fan va san’atning yangilanish tajribasi buni yaqqol ko‘rsatib turipti. Tabiatshunos, muhandis, kimyogar, falakiyotshunos olimlarimiz, shoirlar, mashshoqlar va rassomlarimiz bor – lekin fidokor fuqarolarimiz yo‘q. Agar chekka qishloqlarimizda tarqoq holda qolgan bo‘lsalar-da, ular unutilib, qashshoqlikda, zabunlikda halok bo‘lmoqdalar. Bizga va bolalarimizga rizq-ro‘z berayotganlarning shu ahvolga tushib qolishlariga o‘zimiz sababchimiz.

Yovuzlik bundan ham kuchayib ketmasligiga ishonaman. Tangri taoloning donoligidan zararkunanda o‘t-o‘lanlar yonida shifobaxsh o‘simliklar ham o‘sadi, zaharli jondorlar tanasida davosi ham bor, hukmdorlar dilida donolik urug‘i ko‘karadi. Shuhrati asrlar osha yuksalib borishga loyiq bo‘lgan buyuk shoh yaratgandan o‘rnak olib minglab muammolar manbai bo‘lmish ilm-fan va san’atga bag‘ishlangan mashhur (ilmiy) jamiyatlarni yuzaga chiqardi. (Fransiyada kardinal Rishele davrida qirqqa yaqin turli ilmiy jamiyatlar va fan, san’at akademiyalari tashkil etilgan – tarj.). Bu jamiyatlar insoniyat to‘plagan bilimlarning zalvorli va xavfli yukini, ayni zamonda axloqning muqaddas burchini ko‘tarib, ham o‘zlaridan, ham boshqalardan axloq pokligini saqlash talabini qo‘yganliklari bilan shuhrat topmoqdalar.

Donolik bilan o‘rnatilgan bu tartiblar taxt vorisi (Lyudovik XV) tomonidan yanada mustahkamlanib, Yevropa qirollari uchun namuna bo‘lib xizmat qildi. (Fransiyadan o‘rnak olib, Germaniyada, Rossiyada, Italiyada shunday ilm-fan va san’at akademiyalari tashkil etildi – tarj.). Adiblar uchun esa bu bir mezon bo‘lib, ularning har biri bu jamiyatga a’zo bo‘lishni sharaf deb hisoblaydigan, buning uchun esa doimo imkon qadar foydali ishlar bilan shug‘ullanishga, yaxshi xulq-atvorga ega bo‘lishga harakat qilishlari lozim bo‘lib qoldi. Adabiyot sohasida mukofot beruvchi hay’at a’zolarida mavzu tanlash, asarning qadr-qimmatiga, insonlar qalbiga ezguliklar olib kirish fazilatlariga qarab baho berish imkoniyati paydo bo‘ldi, tanlov qatnashchilarini esa shularga rioya qilgan holda inson zotiga nafaqat yoqimli, balki ularni yaxshilikka yetaklovchi asarlar ijod qilishga chorladi.

Faqat bular, go‘yoki mening haqligimni isbotlash uchungina dalil bo‘lib xizmat qiladi, deb menga e’tiroz bildirmasinlar. Biz aslo yo‘q kasalliklarga dori izlamayapmiz. Unda nimani izlayapmiz? Balki olimlarimiz foydasi uchun tashkil qilinayotgan bu jamiyatlar omma e’tiborini ilm-fanga va ularni o‘rganishga jalb qilishi uchundir? Ko‘rilayotgan ehtiyotkorlikka qaraganda dehqonlar juda ko‘pchilikni tashkil qilib, faylasuflar ozayib qolarmikan, degan xavotirga tushib qolishdi, deb o‘ylash mumkin. Dehqonlar bilan faylasuflarni taqqoslashdek xatarli ishga qo‘l urmoqchi emasman – buni hech kim qiyoslamagan bo‘lardi. Men faqat so‘ramoqchiman – falsafa nima o‘zi? Mashhur faylasuflarning yozganlari nimalardan iborat? Bu donolik do‘stlaridan qanday saboq olish mumkin? Agar ularning minbardan turib bir-birlariga gal bermasdan, faqat mengina yanglishmayman, mening oldimga kelinglar deb baqirishlarini eshitsangiz, ularni lo‘ttibozlar to‘dasi deb qabul qilish mumkindir? Bittasi tabiatda jism degan narsaning o‘zi yo‘q – bu mening tasavvurimdagi narsalar xolos, desa (Berkli), boshqasi materiyadan boshqa hech narsa yo‘q, koinotda bor narsadan tashqarida xudo yo‘q, deb ta’kidlaydi. (Lametri, “Jonning tabiiy tarixi” asari muallifi – tarj.). Bunisi, ezgulik ham, yomonlik ham yo‘q narsa, ahloqdagi yovuzlik va ezgu ishlar – uydirma desa, (Volter), unisi – inson mohiyatdan bo‘ri, vijdoni qiynalmasdan bir-birining go‘shtini yeyishi mumkin, deydi. (T.Gobbs). Ey, buyuk faylasuflar! Nega do‘stlaringiz va farzandlaringizga foydali saboqlaringizni meros qoldirmadingiz? Bu bilan mukofotlarga sazovor bo‘lardingiz, biz esa tarafdorlaringizni topgan bo‘lardik!

Mana shunaqa bu ajoyib odamlar, hayot chog‘laridayoq zamondoshlari ularga saxiylik bilan nazokat ulashgan, vafotidan so‘ng esa (shon-shuhrat bilan) boqiylikka yo‘l ochib berishgan. Avlodlardan-avlodlarga qoladigan dono vasiyatnomalar mana shular!

Nahotki majusiylik (madaniyati) insoniyat ongini to‘g‘ri yo‘ldan ozdirishdan boshqa avlodlarga biror narsa qoldirmagan bo‘lsa? Yo‘q, hatto Injil hukmronlik qilgan davrda kashf qilingan, kitob bosish san’ati mahsuli bo‘lgan asarlarda ham uyatsiz yodgorliklardan boshqa narsani ko‘rmaymiz. Atomchi, moddiyunchi, dahriy Levkipp va Diagorlarning behayo bitiklari o‘zlari bilan birga yo‘q bo‘ldi; inson ongining g‘alati tentakliklarini abadiylashtiruvchi Gobbs va Spinozalarning xatarli yangilishishlari bosmaxona harflarini qo‘llashimiz tufayli abadiy saqlanadi.

Shonli bitiklar yozishga qobiliyatsiz, bilimsiz va qo‘pol otalarimizning asarlari bilan birga hozirgi avlodlarimiz yozgan zamondoshlarimizning buzuq axloqi ufurib turgan xavfli asarlarni, ilm-fan va san’atimiz rivojining haqiqiy tarixini, “yutuqlarini” asrlar osha kelajak avlodlarimizga yetkazsak, avlodlarimiz ularni o‘qisa va bizdan ko‘ra aqlliroq bo‘lsa, biz ko‘targan masalalar yuzasidan, shubhasiz, to‘g‘riroq xulosaga keladilar va qo‘llarini osmonga ko‘tarib,– “Ey, Qodir Xudo, Sen bizning aql-ongimiz hukmdorisan, otalarimizning bu halokatli bilimlari va san’atlaridan bizni xalos et, bizning yagona ne’matimiz va baxtimiz bo‘lgan, Sening oldingda eng qimmatbaho bo‘lgan bilimsizligimiz, gunohsizligimiz va kambag‘alligimizni bizga qaytar”,– deb iltijo qilgan bo‘lardilar.

Agar ilm-fan va san’at yutuqlari haqiqiy baxtimizni yuksaltirmas ekan, agar ular axloqimiz, pokiza didimizga ziyon yetkazar ekan, u holda soddadil yozuvchilar to‘dasi haqida nima deb o‘ylaymiz? Bilimga qiziqib qolganlarning kuchlarini sinash maqsadida, tabiat tomonidan, ilhom parisining makoniga kirish yo‘llarini himoyalash uchun qo‘yilgan to‘siqlarni shular olib tashladilar-ku! Ilm-fan eshiklarini beandishalik bilan buzib, muqaddas dargohga noloyiq madaniyatsizlar uchun yo‘l ochib bergan ko‘chirmachilar haqida nima deb o‘ylaymiz? Adabiyot sohasida uzoqqa bora olmaydiganlarni bu muqaddas dargoh ostonasidan quvib, jamiyat uchun boshqa biror foydaliroq kasb-hunarga jalb qilinsa bo‘larmidi? U holda umr bo‘yi yaramas qofiyaboz yoki o‘rtamiyona mutaxassis bo‘lgan odam mato to‘qishda ustasi farang bo‘larmidi?

Tabiat tomonidan maktab yaratish ato etilgan insonga hech qanaqa o‘qituvchi zarur bo‘lmaydi. Inson zotining ustozlari – Bekonlar, Dekartlar va Nyutonlarning ustozlari bo‘lmagan – qaysi muallimlar ularni shu darajaga olib chiqa olardi? Oddiy o‘qituvchilar nari borsa o‘zlarining tor bilimlari doirasida o‘rganish bilan chegaralangan bo‘lardi[9]. Aynan, yo‘llarida uchragan dastlabki to‘siqlar daholarni bor kuchlarini sarflab, ularni bartaraf qilishga, ulkan masofalarni bosib o‘tishga o‘rgatdi. Agar qandaydir odamlarga o‘z hayotini ilm-fan va san’atni o‘rganishga bag‘ishlash uchun imkoniyat beriladigan bo‘lsa, shunday odamlar bo‘lishlari kerakki, toki ular mustaqil tarzda daholar izidan borib, ulardan ham o‘tib ketsin; ozchilikni tashkil qiladigan ana shundaylargina inson zakovatini ko‘klarga ko‘targanliklari uchun yodgorlik qo‘yishga sazovordirlar. Ularga tenglashmoqchi bo‘lgan zakovat egalari, ushbu daholar kutgan darajadan kam bo‘lmasliklari kerak – bu ular uchun yagona mukofotdir.

Qalbimizni nima egallasa ruhimiz asta-sekin shunga moslashadi; buyuk voqealar faqat buyuk insonlarni yaratadi. Qadimda notiq (Sitseron) Rim konsuli bo‘lgan, faylasuflarning biri Angliyaning kantsleri edi (F. Bekon). Agar ulardan biri qaysidir universitetning kafedra mudiri, boshqasi esa atigi akademiya ta’minotidagi oddiygina xodim bo‘lganda, ularning asarlarida jamiyatda tutgan mavqelarining ta’siri bo‘larmidi, deb so‘rayman sizlardan? Yaxshi maslahatchi bo‘lishga qobiliyati bor odamlardan maslahat olishga qirollarimiz jirkanib yurishmasin; bu eskidan qolgan xato fikrlardan qaytsinlar. Xalqlarni boshqarish san’ati ularni ma’rifatli qilishdan ko‘ra qiyinroq degan tushuncha amaldorlarning takabburligidan paydo bo‘lgan. Odamlarga o‘z xohish-istaklari bilan yaxshilikka intilishni o‘rgatgandan ko‘ra, ularni shunga majburlash osonroq, degan tushunchadan voz kechsinlar; mayli, a’lo darajadagi olimlar saroydan faxriy joy egallasinlar, mayli, ular o‘zlari uchun munosib mukofotga sazovor bo‘lsinlar; xalqlarning baxt-saodati uchun ularni donolikka o‘rgatishga yordam bersinlar. Ana o‘shanda oliyhimmat musobaqa ruhi bilan sug‘orilgan ezgu ishlar, ilm-fan va hokimiyat inson zotining farovonligi yo‘lida nimalarga qodir ekanligini odamlar ko‘radi. Toki hokimiyat bir tomonda, bilimlar va donishmandlar boshqa tomonda bo‘lar ekan, olimlar yuksak narsalar haqida kam o‘ylaydilar, hukmdorlar yaxshi ishlarni undan-da kamroq qiladilar, xalqlar esa axloqsiz, buzuq va baxtsiz bo‘lib qolaveradilar.

Bizga o‘xshagan oddiy odamlarga kelsak, tabiat yuksak qobiliyat bermaganligi tufayli, shon-shuhratga da’vo qilmasdan, ilgarigidek soyada yuraveraylik. Mashhurlik ketidan quvmaylik – unga yetisha olmaymiz, chunki bizning haqiqiy holatimiz, garchi bizga huquq berilganda ham, buni ko‘tara olmaydi. Baxtimizni o‘zimizdan topishimiz mumkin bo‘lgan holda, uni o‘zgalardan qidirishga hojat yo‘q. Biz o‘z burchimizni qoyil-maqom qilib bajaraylik-da, xalqlar burchini bajarishga o‘rgatish tashvishini boshqalarga beraqolaylik, bundan boshqa bilimga ega bo‘lishning zaruriyati yo‘q.

Ey, fazilatli, sodda qalblarning yuksak sabog‘i! Seni anglamoq uchun shunchalik zo‘r berish, moslashish kerakmi? Mohiyating qalblarga muhrlangan emasmidi? Qonun-qoidalaringni bilish uchun ehtiroslar sukut saqlaganda o‘zligimizga kirib, vijdonimizga quloq tutish yetarli emasmidi?

Haqiqiy falsafa mana shu – u bilan qanoatlanishga o‘rganishimiz kerak. Mashhur insonlarning unutilmas shon-shuhratlariga hasad qilmasdan, ular bilan oramizda bo‘lgan izzat-hurmatdagi farqni belgilab olmog‘imiz kerak, zero, bir zamonlar ikki buyuk xalq (Afina va Sparta xalqlari) o‘rtasidagi bunday farqni sezar edilar – ulardan biri yaxshi gapirishni, boshqasi esa yaxshi ish qilishni bilgan.

Abdunabi Abduqodirov va Mahkam Mahmudov tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 6-son.

JENEVALIK DONISHMANDNING SEVINCH VA QAYG‘ULARI

Barcha taraqqiyparvar odamlarning hurmat-e’zozini qozongan Jan Jak Russo “Dil izhori” asarida yozishicha, yoshlik chog‘larida ma’rifatli kambag‘allar oilasidan chiqqani uchun, odatda boylarning ko‘pchiligi ma’rifatsiz bo‘lib, ma’rifatli yaxshi odamlarni qul qilib ishlatishni o‘z boshida anglab yetgan. Otasi uni hunar o‘rganishi uchun zolim ustaga shogird qilib bergan. Zolim ustani esa zodagonlar va burjuaziya – yangi boylar ezib ishlatar edilar. Ko‘pchilikning kambag‘allikda kun kechirishi, bir to‘da boylar, zodagonlarning zeb-ziynat va hashamatda yashashi, ya’ni jamiyat fuqarolari o‘rtasidagi tengsizlik, shaxs erkinligi yo‘qola borib, mehnat ahliga jabr-zulm kuchayishi Russoni iztirobga solgan. Bu tengsizlik Yevropaning ma’naviy ustozlari bo‘lmish, zodagonlardan chiqqan xalq himoyachilari Mishel Monten (“Tajribalar”), Laroshfuko (“Maksimalar”), “Labryuyer (“Xarakterlar”), Sharl de Monteske (“Qonunlar ruhi”) kabi moralist-nasihatchi donishmandlarni ham tashvishga solgan edi. Russo bularni o‘qib, ulg‘aygan.

Jan-Jak Russoga bulardan ham avval, Rim imperiyasi qo‘l ostidagi xeroneyalik yunon donishmandi Plutarxning “”Qiyosiy hayotnomalar” asarida tasvirlangan vatanga beg‘araz xizmat qilgan Perikl, Demosfen, Solon, Fales kabi qahramonlarning istibdodga qarshi qahramonlarcha kurashlari ilhombaxsh ta’sir ko‘rsatgan.

Zolim podshohlarga, qirol Lyudovikka, Rossiya imperatori malikasi Yekaterinaga ustozligi bilan maqtanuvchi, zeb-ziynatda, nodir san’at asarlari orasida yashashni xush ko‘ruvchi, musulmonlarning sevimli payg‘ambarini masxara qilib, drama yozgan Fransua Volter ijtimoiy tenglik uchun, shaxs erkinligi ideallari uchun otashin kurashchi Russoni yoqtirmasligi tabiiy edi. U, turli ig‘volar yo‘li bilan Russoning Fransiyadan quvg‘in qilinishiga erishdi. Volter “Kandid”, “Zodig yohud qismat” kabi falsafiy qissalarida Russo kabi sofdil qahramonlarni tentak deb, masxara qildi.

Lekin, Jan-Jak Russoni sevgan, e’zozlovchi odamlar orasida Pol Golbax, Monteske, Byuffon, Mabli, Marivo, Didro Lametri, Fontenel kabi buyuk ma’rifatchilar bor edi. Xususan, entsiklopediyachilar guruhi yetakchisi Deni Didro jenevalik erkparvar Russoning ilk asari, Dijon akademiyasi mukofoti olgan “Ilm-fan va san’atlar ravnaqi axloqning poklanishiga yordam beradimi?” risolasini qizg‘in kutib oldi va uni nashr etishga hissa qo‘shdi. Bu asarida Russo umuman ilm-fanlarga va san’atlarga qarshi emas, balki axloqni, tabiiylikni buzuvchi ilm va san’atlarga qarshi edi.

Jan Jakning yoshlik yillari Fransiyaning chekka mustamlakalaridan bo‘lmish Savoyada o‘tdi, ko‘p o‘qish, ma’rifat tahsili bilan shug‘ullandi. Katolik mazhabiga berilgan, har bir shaxsning iste’dodiga yo‘l ochishga intilgan Luiza de Varran xonim o‘z mehmonxonasi – salonida ko‘pchilik zodagonlar va oddiy xalqdan chiqqan olimlar, san’atkorlar qatorida Russoga ham homiylik qildi. Uning ilm-fanlarni o‘rganishiga va ijod qilishiga qulay sharoitlar hozirladi.

Lekin boy, zodagonlar muhitida boylikka ochko‘zlik, yolg‘on, riyokorlik, kibru havo avj olganini yoqtirmagan Jan Jak ular davrasini tark etib, Fransiyaning Venetsiyadagi elchisi bo‘lgan bir “ma’rifatli” zodagonga kotiblik xizmatiga kirdi. U qattiq ishlasa ham injiq boshlig‘idan bir og‘iz rahmat eshitmay, faqat so‘kish eshitavergach, bu ishni tashlab, Parijga qaytdi. Bu yerda mashhur faylasuf Deni Didro mashhur “Entsiklopediya” ning musiqa san’atlari bo‘limiga doir maqolalar tayyorlashni Jan-Jakka topshirdi.

Lekin ko‘p o‘tmay, Didro “Ko‘rlar haqida maktublar” asarida Fransiya hukumati rahbarlarini ko‘rlarga o‘xshatgani uchun vaqtincha qamoqqa tashlandi. Russo do‘stini ko‘rishga Parij yaqinidagi Vensen qamoqxonasiga borganida u yerda mahbus o‘qiyotgan jurnallardan birida (“Fransuz Merkuriysi”) Dijon Akademiyasining konkursi – tanlovi haqida e’lonni o‘qib qoldi. Dijon Akademiyasi o‘z ustavi – nizomiga ko‘ra, zodagonlar va mansabdorlarning ishlarini qabul qilmas, asosan kambag‘al iste’dodlarga yordam berardi. Bu tanlov mavzui Russoning ko‘nglida yig‘ilib qolgan ko‘pgina muammolar haqida fikr bildirishga imkon berardi. Bu imkoniyat Russoga jo‘shqin ilhom baxsh etdi. Va u tanlov maqola-risolasida ma’rifatchilik davrining yechimi topilishi mushkul, ziddiyatli muammolarini, ilm-fanlar va san’atlar insonlarga ma’rifat berishdan ko‘ra, ulardagi tabiiy tug‘ma insoniy fazilatlarning yo‘qolishiga, odamlarning ilm-fanlarga yaqinlashuvi insonlikdan uzoqlashuvga olib borayotganini ko‘rsatib berdi. Keyinchalik Russo bu fikrlarini qisman o‘zgartirgan ham.

Jan Jak Russo ilm-fanlar va san’atlarning ravnaq topishi, mehnat unumini oshiruvchi turli dastgohlar, usullar, zeb-ziynatga ishqiboz boylarning ehtiyojlarini qondirish uchun hosil qilinayotgan tilla buyumlar, turli naqqoshlik ziynatlarini yasovchi ustalarga ish topib berishi mumkin, lekin millionlab kambag‘allarning hayoti og‘irlashgani, ularning insonlik qadr-qimmati oyoqosti qilinayotgani, jamiyat axloqida tabiiylik, samimiylik, o‘zaro xayrixohlik, hamdardlik yo‘qolib, aldov, munofiqlik, kibru havo, poraxo‘rlik avj olayotgani haqida jamiyat va davlat o‘ylashi va mehnat ahliga hurmat bildirish, g‘amxo‘rlik qilishi zarurligini aytadi. Jan Jak Russoning «Ijtimoiy kelishuv”, “Tengsizlikning kelib chiqishi” asarlarida yozgan, taraqqiy etgan davlatlar va jamiyatlarda ijtimoiy, sinfiy tafovutlaridan qat’i nazar, barcha fuqarolarning inson sifatida tengligi, birodarligini qaror toptirish zarurligi haqidagi g‘oyalari katta ahamiyatga ega.

 Jan Jak Russo “Emal yohud tarbiya haqida”, “Yuliya yoxud Yangi Eloiza” romanlarida ham ilm-fanlar va san’atlardan ko‘ra tabiiylik, samimiylik, miskin, muhtojlarga xayrihohlik, daryodillik, mardlik, go‘zallikni e’zozlash muhimroq ekanligini ko‘rsatadi. Munofiqlikni yomon ko‘ruvchi, shaxs erkinligi, qadrini himoya qiluvchi Bayron “Chayld Harold” dostonida, Rossiyada Radishchev, Karamzin, Pushkin, Belinskiy, Gertsen, Dostoyevskiy, Lev Tolstoy o‘z asarlarida Russoga va uning g‘oyalariga qizg‘in hurmat-ehtirom bildirganlar.

Mahkam Mahmud



[1] Asar 1749 yilda yozilib, 1750 yilda Didro yordamida nashr etilgan. Mazkur bildirish esa 1763 yilgi nashr uchun yozilgan.

[2] Bu yerda Russoning “Emil yoxud tarbiya” romani Fransiya va Shveytsariyada qoralanishiga ishora bor. (Tarj.).

[3] Didro va d’Alamber ko‘zda tutilgan.(Tarj.)

[4] Sezastris – Misr fir’avni.

[5] Kambiz – Eron shohi.

[6] Delfa ibodatxonasi bashoratchisi Suqrotning buyukligini, kelgusidagi shuhratini e’tirof qilgan.

[7] Molerning “Mizantrop” (“Odam sevmas”), Jan Rasinning “Fedra” dramalarini yengiltak aslzodalar ko‘rmay chiqib ketganlariga ishora.

[8] Bastakor Jan Ramoning “Zardusht” operasi.

[9] Jan Jakning ustozlarni inkor etuvchi bu fikri to‘g‘ri emas, chunki uning o‘zi ma’naviy ustozlari – Plutarx, Monten, Laroshfuko asarlarini o‘qib voyaga yetgan – (tarj.)

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.