OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Karel Chapek. Mavhum tasavvur (hikoya)

- Vijdon, - deya so‘z boshladi pan Latsina. - Menimcha hozir bu so‘z sal boshqacharoq ma’noda ishlatiladi. Balkim, uni endilikda “mavhum tasavvurlar” toifasiga kiritsa bo‘lar, haytovur, sizu bizga baribir emasmi?. Bilmadim, sizlar fabrikant Girke voqeasini eshitganmisizlar, yo‘qmi, uni judayam boy va obro‘li, qad-qomati kelishgan, pahlavon kelbatli janob deyishardi.
Anchadan beri so‘qqabosh ekan. U haqda hech kim boshqa hech narsa bilmasdi. Xullas u ana shunday odamovi, sirli va o‘ziga xos kishi edi. U qirqqa kirganida endigia o‘n yettiga to‘lgan, qo‘g‘irchoqdekkina do‘ndiqchani sevib, unga uylandi. Yuragida qo‘ri, belida quvvati bor ekan-da boyaqishning. Haqiqiy go‘zallikdan gohida odamning yuragi g‘ash tortadi, ba’zan nimagadir iching achisha boshlaydi, ba’zan qalbingga nedir nafosat oqib kirganini sezmaysan, ishqilib shunaqa-da! Girke ana shunday latofatli qizga uylangandi – u judayam badavla, qo‘li uzun odam edi-da!
 Kelin-kuyov asal oyini o‘tkazish uchun Italiyaga jo‘nab ketishdi. U yerda g‘alati bir hodisa yuz berdi. Venetsiyadagi mashhur cherkov minorasiga chiqishgach, Girke u yerdan pastga qaragan – aytishlaricha u yerdan hammayoq juda chiroyli ko‘rinarkan, - shunda Girkening rangi oqarib, xotiniga yuzlangan-da, xuddi arralangan daraxtdek uning oyoqlari ostiga qulab tushgan. Shundan beri Girke yanada odamovi bo‘p qoldi. U o‘zini xuddi hech narsa bo‘lmagandek tutishga harakat qilsa-da, tashqi ko‘rinishi anchayin o‘zgargan, bezovtaligi yaqqol sezilib turardi.
  Xullas, o‘shanda xotini juda qattiq xavotirga tushgan va erini olib darrov uyga qaytgan. Ularning uyi juda chiroyli, hashamatli bo‘lib. Derazalari shahar xiyoboniga qarab turardi. Girkening ruhiyatidagi o‘zgarishlar ham ana shundan keyin boshlandi. U har doim derazalarning yonidan ketmas, ularning yopilgan-yopilmaganini tekshirib yurardi. Kutilmaganda o‘tirgan joyidan sapchib turardi-da, yana derazalar tomonga yugurardi. Hatto, kechalari ham xuddi arvohdek butun uy bo‘ylab izg‘ir, hamma savollarga boshi tinimsiz aylanayotgani, derazalar ochiqligi va ularni darhol tambalab olishi kerakligini aytib g‘o‘ldirardi. Shunda xotini hamma derazalarga panjara o‘rnatish kerakligini aytdi. Bu tadbir bir necha kungagina asqotdi. Girke biroz tinchlandi, ammo, ko‘p o‘tmay, deraza panjaralarining mustahkam yokm omonat ekanini bilish uchun silkitib ko‘rishga tushdi. Bu paytda barcha derazalarga mustahkam po‘lat to‘siqlar qotirilgan, er-xotin bu yerda xuddi qamoqxonadagi mahbuslar maqomida edilar. Girke ma’lum muddat xotirjam yurdi. Ammo, keyinchalik zinapoyalardan tushayotganda ham boshi tinimsiz aylana boshlaganini his etdi. U endi falajga uchragandek zinapoya tutqichlarini ushlab arang yurar, bu asnoda naq qora terga botib ketar, zinaning qoq yarmida o‘tirgancha xuddi bezgak tutgandek qaltirardi. Shu darajada og‘ir edi bechoraga.
 Tabiiyki, imkon darajasida shifokorlarga murojaat qilindi. Ularning biri ishonch bilan bosh aylanishi organizmning kuchli zo‘riqishi natijasidir, desa, boshqasi quloq sohasidagi qandaydir kasallik belgisi sifatida baholadi. Yana birovi qabziyat deb tashxis qo‘ysa, to‘rtinichisi miya yarim sharlari faoliyatining buzilishi bilan bog‘ladi.
 Yana bir taniqli mutaxassis uni turfa qiynoqlarga solib, yangicha usullar bilan davolab ko‘rmoqchi bo‘ldi. Yaxshiyamki, Girka hali baquvvat, sog‘lom, irodali yigit ekan, hammasiga chidadi. Ammo, hozir u o‘rnidan ham qo‘zg‘alolmay qolgandi. Hatto polga qarashi bilan ko‘z oldi qorong‘ilashib, boshi tinimsiz aylanardi. U endilikda faqat, ko‘zlarini ham ochmasdan, kreslosida harakatsiz o‘tirar va yelkalarini silkitib unsiz yig‘lardi.
 O‘sha paytlarda allaqanday yangi doktor, nevropatolog Shpitts haqidagi gap-so‘zlar shoyon bo‘lgandi. U aynan mavhum tasavvurlar bo‘yicha mutaxassis ekan. Uning ta’kidlashicha, har qanday odamda hayoti davomida ong ostida xilma-xil qo‘rqinchli tasavvurlar, noxush xotiralar, sog‘inch va ehtiroslar, saqlanib qolar, vaqti vaqti bilan ular uyg‘onib, odamning ruhiyatida tushuniksiz ziddiyatlar, asabiy zo‘riqish va kasalliklarni keltirib chiqararkan. Agar shifokor ana shu mudhish tasavvurni aniqlab, miyadan siqib chiqara olsa, bemor o‘zini yengil his qilishi, hatto butunlay sog‘ayib ketishi ham mumkin ekan. Faqat, shifokor ruhiy tahlil yordamida bemorning ishonchini to‘la-to‘kis zabt etolsagina, uni azoblayotgan eski xotira, tasavvur, yoxud tushdagi alahsirash asoratini ilg‘ay olarkan Shundan so‘ng shifokor aytar ekanki: “og‘aynichalish, bir paytldar sizning hayotingizda shunday-shunday ish bo‘lgan ekan-u (bu juda uyatli ibiror ish bo‘lishi ham mumkin) shu narsa sizning xotirangizda qayta-qayta jonlanaverib. Holi-joningizga qo‘ymayapti ekan, bizning bu ruhiy jarohat deb ataladi. Endi biz bu jarohatni topdik. Siz undan tamomila qutuldim deb hisoblayvering, vallohu a’lam endi siz soppa-sog‘siz, der ekanu, shu bilan olam guliston.
 Lekin tan olish kerakki, shu do‘xtir chin ma’noda mo‘‘jiza yaratdi. Siz aynan mavhum tasavvurlardan qanchadan-qancha boylar aziyat chekishini aqlingizga ham sig‘dirolmaysiz. Bu narsalar kambag‘allarni kam bezovta qiladi. Xullas, Shpittsning mijozlari o‘ziga xos edi. Xullasi kalom Girkeni tibbiyot olamining kazola-kazolari tekshirib ko‘rib, biror iloj topolmagach, shu Shpittsga murojaat qilishdi. Shpitts esa, bu haqda eshitishi bilan bosh aylanishi aynan asab bilan bog‘liq ekani, bu xastalikdan osongina qutulish mumkinligini aytdi. Faqat, shu Girke deganlari bilan gaplashish oson kechmadi. Bemor uning savollariga chaynala-chaynala arang javob qaytardi, keyin esa, doktorni eshikni orqasidan berkitishni buyurdi. Shpitts qattiq hayajonda edi. Bunaqa ruhiy tushkunlik bemorning obro‘-e’tiboriga ham soya solardi-da! Bu holat asab kasalliklari orasida juda kamyob hodisa sanalardi. Ikkinchi tarafdan, bechora, o‘n gulidan bir guli ochilmagan pani Irma... shunday qilib, bizning do‘xtir shu ishga jon-jahdi bilan kirishdi. “Men Girkedagi o‘sha mavhum tasavvur yoxud mudhish xotirani topishim va undan xalos etishim kerak, buni uddalolmasam, tibbiyotni tark etib, do‘konga borib, xotinlarning ichki kiyimini sotganim bo‘lsin” deya o‘ziga o‘zi ahd qildi do‘xtir Shpitts.
 U ruhiy tahlilning yangi uchulini qo‘llashga qaror qildi. Dastavval, Girkening yaqin qarindosh-urug‘lari, aka-ukalari, tog‘ayu ammalari, bojayu qaynog‘alari bilan tanishib, ularning ishonchiga kirib oldi. Tajribali do‘xtir diqqat bilan tinglay bilishi kerak. Qarindosh-urug‘lar do‘xtirning nazokati, xushmuomalaligi, samimiyatiga tan berishdi. Alaloqibat, do‘xtir birdaniga jiddiy qiyofaga kirdi-da, bir nufuzli idoraga murojaat qilib, ma’lum bir manzilga ikkita ishonchli mas’ul xodimni jo‘natishni so‘radi. Xodimlar ishni uning foydasiga hal etib qaytgach, Shpitts ularni rozi qilib, to‘ppa-to‘g‘ri Girkening uyiga yo‘l oldi. U hamon nimqorong‘i xonada, qimmirlashga ham majol topolmay o‘tirardi.
 -Janob, - dedi unga do‘xtir Shpitts. - Sizni ortiqcha bezovta qilib o‘tirmayman. Istamasangiz, savollarimga javob bermasligingiz ham mumkin. Men qanday bo‘lmasin, boshingiz aylanishi sababini bilishim kerak. Siz qandaydir mavhum tasavvurni ongingizga haydab kiritgansiz. U esa, sizning sog‘lig‘ingizni butunlay izdan chiqarayotir.
 -Sizni kim chaqirdi, o‘zi do‘xtir? - xirillagudek bo‘lib, uning so‘zini bo‘ldi Girke va qo‘lini qo‘ng‘iroq tugmasiga yubordi.
 -Sabr, - dedi do‘xtir, bir daqiqa sabr qilasiz. Venetsiyadagi cherkov minorasiga chiqqaningizda, boshingiz aylanishidan sal avvalroq, - yaxshilab eslang, janob, - nimani his qilgansiz?
 Girke qo‘lini tugmadan olmay, turgan yerida qotib qoldi.
 -Siz, - davom etdi do‘xtir, - siz o‘zingizda juda dahshatli, aqlga sig‘maydigan bir yovvoyi xohish – yosh va go‘zal xotinigizni ana shu minoradan itarib yuorish istagini his etgansiz. Ammo, siz uni telbalarcha sevardingiz, va shunda ichingizda kuchli bir ziddiyat paydo bo‘ldi va u kuchli ruhiy iztirob tufayli zaiflashdi. Shunda siz muvozanatni yo‘qotib, yiqilib tushdingiz, to‘g‘rimi?
 Jimlik cho‘kdi. Faqat, qo‘ng‘iroq tugmasiga uzangan qo‘l shalvirab tushdi.
 -O‘shandan beri, -so‘zida davom etdi do‘xtir. - siz ana shu tushuniksiz bosh aylanishga mubtalo bo‘ldingiz. Shundan beri siz derazalarni tambalab, yuqoridan pastga qarashga botinolmay qoldingiz. Chunki, siz qachondir pani Irmani pastga tashlab yuborishingiz mumkinligidan o‘lgudek qo‘rqardingiz.
 Girke xuddi vahshiy hayvondek na’ra tortdi.
 -Ha, - do‘xtir so‘zida davom etardi. - Endi esa, janob, o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: bu mavhum, yopishqoq tasavvur sizda qaerdan paydo bo‘ldi? Siz, janob Girke, o‘n sakkiz yil avval ham uylangan edingiz. Birinchi xotingiz Alp tog‘lariga sayohatingiz paytida vafot etgan. U Xoe Vand tog‘iga chiqayotgan payti pastga qulab tushgan va uning barcha mol-mulki sizga meros qolgan.
 Xonada faqatgina Girkening jon halpida hansirab nafas olishi eshitilardi.
 -Girke! - tantanavor xitob qildi doktor Shpitts. - tan oling, birinchi xotiningizni o‘zingiz o‘ldirgansiz. Siz uni jarlikka itarib yuborgansiz. Shuning uchun, - quloq soling, - shuning uchun sizga xuddi ikkinchi, sevimli xotiningizni ham shu tariqa o‘ldirib yuborish kerakdek tuyulavergan. Shu sababli siz balandlikdan o‘lgudek qo‘rqib qolgansiz. Shuning uchun sizni muttasil bosh aylanishi bezovta qilyapti.
 -Do‘xtir! - o‘zini to‘xtata olmay, o‘kirib yubordi bemor. - Do‘xtir, ayting, endi men nima qilay? Nima qilay, ayting?
 Do‘xtir Shpittsning yuzi birdan hamdard tus oldi.
 -Janob, - dedi xo‘rsinib, - Agar men taqvodor odam bo‘lganimda, sizga qonun oldida bosh egib, tegishli jazoyingizni olishni maslahat bergan bo‘lardim. Ammo, odatda, shifokorlarning aksariyati menga o‘xshab, Xudoga ishonishmaydi. Nima qilish kerakligini o‘zingiz hal qiling. Tibbiy nuqtai nazardan siz, menimcha soppa-sog‘siz. Qani o‘rningizdan turing-chi, pan Girke!
 Girke bo‘rdek oqarib o‘rnidan turdi.
 -Xo‘sh, qalay, - so‘radi do‘xtir. - Endi boshingiz aylanmayaptimi?
 Girke bosh chayqadi.
 - Ana ko‘ryapsizmi, - dedi do‘xtir. -Endi boshqa asar-alomatlar ham o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Boshingiz aylanishi aynan o‘sha mavhum tasavvur natijasi edi, xolos. Biz uni aniqladik, endi o‘z-o‘zidan yo‘qolishi tabiiy. Bemalol derazadan pastga qarashingiz mumkin. Qalay? Zo‘rmi? Menimcha, boshingiz aylanmayapti. Hammasidan qutuldingiz, pan Girke! Siz, mening shifokorlik amaliyotim davomidagi eng noyob hodisasiz. - Do‘xtir Shpitts xo‘rsandchilikdan qarsak chalib yubordi. - Siz mutlaqo sog‘lomsiz. Pani Irmani chaqirsam bo‘ladimi? Yo‘q? Tushundim, demak, siz unga syurpriz qilmoqchisiz! Yo rabbiy. Bechora sizni oqqa turb ketganigizni ko‘rsa, qanchalik quvonadi. Qarang, fan qanday mo‘‘jizalarga qodir!
 O‘z muvaffaqiyatidan cheksiz zavq-shavqqa to‘lgan Shpitts surunkasiga ikki soat vaysashga ham tayyor edi. Ammo, hozir pan Girkega osoyishtalik kerakligini anglab, unga quvvatga kirishi uchun bir-ikkita dori-darmon yozib, kentishga ijozat so‘radi.
 -Men sizni kuzatib qo‘yaman, - dedi Girke tavoze bilan va do‘xtirni zinapoya maydonchasiga qadar kuzatib chiqdi. - Ajoyib. Bosh aylanishidan asar ham qolmabdi.
 -Xudoga shukur, - yengil tin oldi Shpitts. - Siz o‘zingizni tamomila sog‘ayib ketgandek his qilayotgandirsiz?
 -Xuddi shunday, - sokin javob qaytardi Girke zinapoyadan pastga tushib ketayotgan doktorni kuzatib qolarkan.
 Do‘xtir ko‘cha eshikni yopishi bilan orqadan qattiq gursillagan ovoz eshitildi. Girkening zinapoya tagidan topishganida, joni uzilgan, a’zoyi badani mo‘mataloq bo‘lgandi. U yiqilgan paytda boshi zinapoyaning po‘lat panjarasiga zarb bilan urilgan ekan.
 Do‘xtir Shpittsga shu haqda xabar qilishganida, u g‘alati nigoh bilan anchagacha bo‘liqqa tikilib qoldi. Keyin o‘z bemorlarini qayd qilib boradigan jurnalini ochdi-da, Girkening familiyasi qarshisida shu kungi sana va “Suisidum” so‘zini bitib qo‘ydi. Endi bu, sizu biz tushunadigan tilda “o‘zini o‘zi o‘ldirish” degan ma’noni anglatsa kerak.
    
Rus tilidan Rustam Jabborov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.