OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mark Tven. Shlyapadagi sariyog‘ (hikoya)

Qish oqshomlaridan biri edi. Qishloq mag‘ozasi mudiri do‘konini bekitmoqchi bo‘ldi. Derazalarni yopayotib ichkarida yurgan odamga ko‘zi tushdi. U shkafdan bir funtcha sariyog‘ oldida, shlyapasiga soldi. «Bir boplayki, o‘g‘irlik qilganiga pushaymon bo‘lsin», deya ahd qildi mudir.
— Ha, Set?— dedi u eshikni ochib.
Set eshik tutqichini ushlab, tashqariga chiqishga shaylanib turardi.
— Qani, mundoq o‘tir-chi, borasan-da uyingga. Shunday sovuqda issiq xonaga ne yetsin.
Set nima qilishini bilmay qoldi. Juftakni rostlamoqchi bo‘lgandi, mudir yelkasidan tutib, pechka yoniga — yog‘ solingan bo‘chkalar orasiga o‘tqizib qo‘ydi.
— Xo‘-o‘sh, endi do‘konni ozgina isitamiz,— dedi u va pechkaning eshikchasini ochib, tarasha qaladi.— Yaxshilab isinib olmasang, sovqotib qolasan.
Set nogoh yog‘ning eriyotganini sezib, o‘rnidan irg‘ib turdi.
— Hali isiganing yo‘q, Set,— dedi mudir beparvo.— O‘tir, gurung qilamiz.
— Vux, juda isib ketdim...
— O‘tir bunday, shoshilib qayoqqa borasan.
— Mollarga qarashim... Yem solishim kerak, axir!..
— Shoshma, Set, mollarga boshqalar qarar. Bechora Set! U nima qilishini bilmasdi. Sariyog‘
erib, ko‘z va yuzlariga oqib tusha boshladi. Mudir esa hech narsa ko‘rmagandek gap sotar, pechkaga tarasha tiqardi.
— Ajoyib oqshom bo‘ldi-da!..— dedi u.— Set, nega shlyapangni yechmaysan? Isib ketibsan-ku. Ke, shlyapangni ilib qo‘yay.
— Yo‘-o‘q!— deya qichqirib yubordi Set.— Yo‘q! Men ketishim kerak! Meni chiqarib yuboring. Mazam qochyap-ti... Ketay, axir!..
Yog‘ boyoqishning bo‘yniga yetib kelgan, hatto tuflisi ichiga sizib tushmoqda edi. U bamisoli yog‘ to‘lg‘izilgan tog‘orada cho‘milardi.
— Nima derdim,— dedi mudir istehzoli jilma-yib,— ketmoqchi bo‘lsang, mayli, ruxsat.
Set o‘rnidan turgach, qo‘shimcha qildi:
— Set, xafa bo‘lma, ozgina ermak qildim-vaqtichog‘lik uchun. Shu bois sendan yog‘ puli olmayman. Xayr. Kep-tur.
Xato o‘xshatish
Do‘stim ikkimiz Nuy-York yaqinidagi Salomanka bekatiga sal kechikib yetib keldik. Bekat sahnida yo‘lov-chilar g‘uj-g‘uj, odamga liq to‘la poezdga chiqib olish uchun yelib-yugurishardi.
«Mendek mashhur yozuvchini ham shunday qisishadimi odamlar», deya o‘ylab, kassaga zo‘rg‘a yaqinlashdim. Chip-tafurush yigitdan xos vagonga ikkita chipta so‘radim. U: «Chipta yo‘q», deb, tuynukni qarsillatib yopdi. Qo‘yarmidim, bekat boshlig‘ini topib, undan xos vagondan joy olib berishni iltimos qildim.
— Joy yo‘q! Meni bezovta qilmang!—U orqasiga o‘girildi. Bu qilig‘i kaminaga og‘ir botdi.
— Men bilan bu ohangda gaplashishlariga sabab shuki,— dedim do‘stimga o‘zimni oqlamoqchi bo‘lib,— ular meni tanishmayapti. Tanimasni esa siylamas deydilar. Agar Mark Tvenligimni bilishganida...
— Tushingni suvga ayt,— dedi do‘stim gapimni bo‘lib.— O‘ylaysanki, agar ular kimligingni bilishsa, poezddan senga yo‘q joyni topib berishadi.
Do‘stimning so‘zlari o‘lganning ustiga tepgan bo‘ldi. Yana o‘sha boshliq huzuriga kirdim va o‘zimni tanishtirdim:
— Men — Mark Tven...
— Sizga aytdim-ku,— deya gapimni bo‘ldi u,— boshqa bezovta qilmang!
Boshliq yana orqasiga o‘tirildi. Najot kutib atrofga qaradim va bir hammol meni kuzatib turganini sezdim. U vagon og‘asining qulog‘iga nimadir deb shivirlardi. Vagon og‘asi hovliqib menga yaqinlashdi.
— Yaxshimisiz? — dedi u takalluf bilan.
— Poezdga chiqmoqchimisiz?
— Ha,— dedim xursand bo‘lib.— Lekin joy masalasi...
— E, u masala ham, o‘ziyam zo‘ridan. Tom, buyoqqa kel,— deya hammolni chaqirdi u.
— Bu kishining jomadonlarini bizning vagonga olib bor. Qani, ketdik.
Tom bizni xos bo‘lmaga joylashtirib, dedi:
— Agar xizmat bo‘lsa, bemalol.
— Xo‘-o‘sh, chiroq xira ekan, shuni boshqasiga almashtirsang,— dedim.
— Bir og‘iz so‘zingiz,— dedi hammol ta’zim bilan. Hammol chiqib ketgach, men hamrohimga g‘o‘daydim:
— Xo‘sh, do‘stim, endi nima deysan? Mening Mark Tvenligimni bilgach, ularning muomalasi o‘zgardimi, a? Mark Tvenning obro‘yini ko‘rib qo‘y!
Shunday deyishim bilan bo‘lma eshigi oldida hammol paydo bo‘ldi.
— Bilasizmi,— dedi u yaltoqlanib,— ko‘chadayoq ko‘-zimga issiq ko‘ringandingiz, janob Makkellan.
— Hm...— dedim yerga qarab.
Hammol kaminaning qo‘lidan tangani oldi-da, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
— U seni Nyu-York hokimi janob Makkellan deb o‘yladi, shekilli,— dedi do‘stim qotib-qotib kular-kan.— «Ko‘chadayoq ko‘zimga issiq ko‘ringandingiz, janob Makkellan». Xo-xo-xo!..

O‘roq Ravshanov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.