OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Murza G‘aparov. Murg‘obliklar (qissa)

Kechqurun yana yotoqxonaga qaytib keldim. Bir oydan buyon ta’mirlanayotgan uch qavatli yotoqxonaning birorta ham derazasidan yilt etgan shu’la ko‘rinmaydi. Lekin dahliz yorug‘ edi. U yerda dam olishga ketgan eshik og‘asining divanida komentdant yotibdi. Ko‘zida ko‘zoynak, og‘zida papiros, qo‘lida gazeta. Bu kishi xotini va bo‘yiga yetib qolgan qizi bilan binoning bir kunjida istiqomat qilishadi. Hozir xotini uxlab yotgan bo‘lsa kerak, qizi esa so‘zsiz shaharga chiqib ketgan chog‘i, yo‘qsa komendant tun yarmigacha bu yerda yotmas edi. U qizini kutib yotibdi. Qizi esa shunaqa — hamisha kech keladi. Shaddodroq, arzanda qiz.
Men eshikning oynagini chertdim. Komendant qayrilib qaramasa ham, men ekanligimni bilishi shubhasiz, chunki, qizi kelsa menga o‘xshab oynakni chertkilab o‘tirmay, eshikni tepkilay boshlaydi.
Komendant ohista qarshimga kelib:
— Yo‘q, — dedi boshini chayqab, — ochmayman.
— Yana bir kungagina, — dedim men, shahodat barmog‘imni ko‘rsatib.
— Sening «bir kuningga» bir oy bo‘lib qoldi.
— Men bugun joy topib keldim, ertaga ko‘chib ketaman.
— Topganing rost bo‘lsa, bugunoq ko‘chib ket. O‘sha jomadon degan matohingni hozir keltirib beraman.
— Bugun kech bo‘lib qoldi. Topgan hujram uzoqda, Bishkekda edi-da.
— Yetar, og‘ayni, izzating bitdi, — deb komendant yuz o‘girib ketdi.
— Amaki... – dedim, iltijo bilan, lekin, komendant qiyo boqmay divanga borib o‘tirib, o‘chib qolgan papirosini o‘rniga yangisini o‘t oldirib cheka boshladi.
Ensam qotib, noiloj, eski, sinashta usulni qo‘llashga to‘g‘ri keldi — derazadan baqamti qo‘yilgan temir shoti orqali xonamga kirib oldim. Mening bu «hiylam» komendantga ham ko‘pdan ma’lum edi. To‘rtta karavot, to‘rtta javonchadan iborat bu bo‘lmada hozir faqat bir o‘zimman. Karavotlarning uchtasi yaydoq, to‘rtinchisida faqat bittagina to‘shak bor. Yaydoq karavotlarning egalari bir oy avval cho‘ntaklariga diplomlarini solishib, ko‘kraklariga bittadan belgilarini taqishib, bu karavotlar bilan birato‘la xayrlashib ketishgan. Anavu karavotda o‘n kun avval to‘shakdan tashqari ko‘rpa, oppoq choyshabu par bolishlar ham bor edi. O‘n kun ilgari hozirgidek kechasi kelsam, birgina to‘shak qolibdi. Shunisiga ham Xudoga shukur dedim.
Men chiroq yondirmadim, shundog‘am joyimni topaman, yechinsam bas. Aslida ham bu yerga faqat tunash uchungina kelardim. Endigina bo‘yinbog‘imni yechganimda yo‘lakdan oyoq sharpasi eshitilib qoldi.
Eshikdan mo‘ralasam, qorong‘i yo‘lak bo‘ylab papirosning cho‘g‘i hayinchalakdek uchib kelardi. Darhol yo‘lakdan o‘tib, uchinchi qavat zinapoyasiga bekindim. Komendant baribir sharpamni sezib qolibdi.
— Qochma, Oxun, — dedi u. — Baribir bugun seni bu yerga qo‘ymayman.
Men nes bo‘lib, o‘rnimda turib qoldim. Komendant mening xonamga kirib, matrasni ham yig‘ishtirib oldi-da, yo‘lga tushdi. Quruq karavotda yotishning o‘zi bo‘lmaydi. Noiloj ortidan ergashdim.
— Amaki, buguncha yo‘q demang.
Komendant go‘yo eshitmagandek, birinchi qavatga tushib, xuddi men olib qochib ketadiganday to‘shakni divanga to‘shab, ustiga yotib oldi.
Atayin meni «unutdi-qo‘ydi». Men shalog‘i chiqqan kresloga borib, boshimni xam qilganimcha o‘tirib qoldim.
— Men ish topdim, — dedim nihoyat zora diydasini yumshatsam degan ilinjda. Bu sinashta usul bir necha marta kor kelgan edi. — Radioga muharrirlikka taklif etishdi.
— Iya, gazeta bilan xayr-ma’zur qildingmi? — dedi komendant istehzo bilan. — Esiz, muxbirligingga ikki kungina bo‘luvdi-ya!
Jin ursin «muxbir bo‘lganimni» unutib qo‘yibman-da.
— Unisiyam to‘g‘ri edi, — dedim. — Lekin radioga borsam, bizga aynan talantli yoshlar kerak, bizga kelaver, deyishganidan, ularga va’da berib qo‘ydim.
— Sayra-ya, sayra, — dedi komendant. — Ro‘parangda nima desang laqqa tushaveradigan ovsar turibdi-da.
Men mulzam bo‘lib, indamay qoldim. Ayni shu damda eshik taqqillay boshladi. Eshikning oynagidan qarasam, komendantning qizi — Oysha. Menga ko‘zi tushgan qiz (ramziy) o‘pich hadya qildi. Men unga peshvoz chiqmoqchi bo‘lganimda, otasi g‘imirlab qoldi. Komendant — oltmishni qoralab qolgan, burama mo‘ylov, bo‘tqa bet, semiz kimsa, shoh tashlab borib eshikni ochdi.
— Qizim, bemahalda yurma, deb necha marta aytganman senga, – deya odatdagi diydiyosini takrorladi. — Hozir bezorilar ko‘p, birortasining changaliga tushib qolsang, nima bo‘ladi?
— Mendan xavotirlanmang, ota, meni olib kelib qo‘yishadi, — dedi qiz, ichkari kirayotib.
Menga ko‘zi tushgach: — Yaxshimisan, Oxun, ishlaring qanday? — deb so‘radi.
Men ko‘rib turibsan-ku, deganday yelkamni qisib qo‘ydim.
— U bugun gazetadan bo‘shab, radioga ishga kirib kelibdi, — dedi komendant. — Odamlar ish topolmay yursa, bunga kunora yangisi.
Eski dahmazamizni tushungan qiz, hazin jilmayib qo‘ydi. Cholning qizi menga yoqardi. Suluv, aql-hushdan ham xudo bergan. Divandagi to‘shakni unga ishora qilib qo‘ydim.
— Oralaringizdan yana qora mushuk o‘tdimi? — deb so‘radi qiz otasidan.
— Ketsin! — dedi otasi. — Menga bo‘lmasa ham, besh yil shu yotoqxonadan tekin joy berib, o‘qitgan hukumatga rahmat desin-da, ketaversin. Izzati bitdi.
— Sizdan nima ketyapti, ota? Shu uvada to‘shakning nimasini qizg‘anasiz? Imkoni bo‘lganda ketadi-da. Oysha to‘shakni yumaloqlab, kelib menga quchoqlatib qo‘ydi.
Ko‘zining oqu qorasi bo‘lgan qizini komendant jonidan ham yaxshi ko‘rardi.
— Mayli, yana bir kechaga, — dedi menga aynan «kechaga» so‘zini takrorlab. — Ammo, aytib qo‘yayin, bola, ertaga yana keladigan bo‘lsang, Oyshangga ham ishonma, shundoq yelkangdan ushlayman — o‘zingni hovlida ko‘rasan. Yur!
U qizini oldiga solib, o‘zlarining yotog‘i tomon ketdi. Yo‘l-yo‘lakay Oysha menga do‘stona ko‘z qisib qo‘ydi.
Men to‘shagimni karavotimga to‘shab, uyquga yotdim. Kun bo‘yi ko‘p yurganimdan, tezda uyquga ketibman. Bir mahal yuzimga birovning muzdek lablari tekkanini sezdim. Bu, shubhasiz, Oysha edi. Men ko‘zimni ochmasdan, uni quchoqlab, mahkam bag‘rimga bosdim. Egniga xalat kiyib olibdi. Biz bir lahza yalab-yulqashib oldik. Qizdan o‘ta xushbo‘y atir va shampan vinosining hidi burqirardi.
— Xo‘sh, malikam, ayting-chi, bugun qayerlarda, kimlar bilan bo‘lib, nima ishlar qilib keldingiz? — deb so‘radim undan.
Oysha mendan hech narsani yashirmasdi.
— Tushgacha kir yuvdim, tushdan keyin kinoga bordim, — dedi u.
— Kim bilan bording?
— Kandidant bilan.
— Keyin-chi?
— Keyin restoranga, restorandan so‘ng uning uyiga bordik.
— Ox-xo-o! Ilgari ham borganmiding uyiga?
— Yo‘q, borsam aytmasmidim. Hozir ham bormas edim, tanishganimizga bir oy bo‘lsa ham sen mening uyimni ko‘rganing yo‘q deb, yelimdek yopishib oldi. Uyida esa ko‘rishga arzigulik narsasi ham yo‘q ekan. Qo‘ydi-chiqdidan tekkani: bir javon, bir stol, televizor, ikki kishilik eski karavot, xolos.
— Keyin-chi? Keyin nima dedi?
— Nima deyishini uyiga bormay turib ham bilar edim. Nima der edi, karavotga yur deydi-da. E, hozir erkak zoti bilan samimiy, insoniy izzat-hurmat bilan do‘stlasha olmaysan. Birinchi kuni — «siz», «biz». Ikkinchi kuni o‘pishsa, uchinchi kuni karavotga yotishingni talab qilishadi. Hammasi buzilgan! Hammasi! Faqat sen buzilganingcha yo‘q. Sening or-nomusing bor. Men senga ishonaman. Men seni besh yildan beri bilaman, sen biror marta quyushqondan chiqib, qo‘lingni belimdan pastga tushirganing yo‘q...
... Ha, bunisi haq gap edi. Oysha, deyarli mening ko‘z o‘ngimda voyaga yetdi. Bundan besh yil muqaddam men o‘zim, o‘n sakkizdagi bo‘z bola edim, komendant aytgan o‘sha yomon jomadonimni ko‘tarib shu dargohning ostonasiga kelganimda, Oysha o‘n uchdagi yoshgina qiz edi. Ayvon sahnida abituriyent qizlar bilan to‘p o‘ynayotgan shu qizchadan birinchi yotoqxonani so‘raganimda, ko‘rsatib beribgina qolmay, komendantning qayerda turishigacha aytib bergan. Keyin bu qiz komentdantning qizi va mening qo‘shnilarimdan biri ekanligini bildim.
Biz xuddi aka-singillardek apoq-chapoq bo‘lib ketdik. O‘tgan yilgacha mening nazdimda u hamon mishiqi qizchaydi. O‘tgan yili ilk bor, to‘satdan uni go‘zal, ketvorgan bo‘lib yetilib qolganini payqadim. O‘sha kuni bizning filfakning yangi yil kechasi bo‘lgandi. Oysha kunduzi mening oldimga kelib: «Oxun, kechalaringizga bitta taklifnoma topib ber» — deb qoldi. «E, ha-a, yigit topib olibsiz-da-a, oyimcha», — deb hazillashdim men. «E-e, jinni, mening o‘zimga» — dedi Oysha. «Sen chiptasiz ham kiraverasan. Seni butun universitet biladi», dedim. «Buning to‘g‘riku-ya, lekin, men birovga yolvorib emas, maxsus taklifnoma bilan kirishni xohlayman», dedi jahli chiqqan Oysha. «Topib, bermasang qo‘y, o‘zim topib olaman», — deb burilib ketayotganda shosha-pisha o‘zimning chiptamni qo‘liga tutqazdim. U «Rahmat» deb, mamnun jilmayib, yugurib ketdi. Oysha to shu kungacha bizning har qanday marosimlarimizga hech takallufsiz aralashib yurardi. Bugun esa... Uning bugungi «dimog‘-firog‘i» menga jumboq, mo‘‘jizadek tuyuldi. Haqiqatan ham «mo‘‘jiza» tunda yuz berdi: bal rosa avjiga chiqqan payti. Men ham kursdosh qiz bilan raqs tushardim. To‘satdan malikamga ko‘zim tushib qoldi. Bir chetda, tanho o‘zi. E, voh, o‘shanda bir ko‘rsangiz edi uni! Sochini kattalardek qiyomiga keltiribdi. Bari naq to‘pig‘ini o‘pib, navnihol, nozik qomatini ko‘z-ko‘z qilgan bejirim ko‘ylak egnida. Oyog‘ida chiroyli tufli. Xushbichim quloqlarida nozik isirg‘a, oppoq, bo‘ynida marjon, barmoqlarida qimmatbaho uzuklar yalt-yulti... Avvallari bunaqangi kechalarga kelsa, ko‘pkaridagi chavondozdek galaga urib ketaveradigan shaddod qizcha, bugun go‘yo, o‘z husnu-malohatidan o‘zi gunohkordek, iymanib qovushmay turibdi. Ammo, ayni damda, xuddi o‘zining birinchi baliga kelgan Natasha Rostovaga o‘xshab, ko‘zlari porlab, hayajon bilan raqsga talpinib turganday... Men shu kungacha uni bunday qiyofada ko‘rmagan edim. Hozir qarshimda birdaniga bo‘yiga yetib qolgan ilohiy sohibjamol turardi. Ushbu lahzalarda qalbimning qayeridadir nozik bir rishta «chirt» etib uzilganday bo‘ldi... 
Biz raqsga tushayotgan kuy tezroq tugasa ekan deb jonim halak. Raqsimiz tugaguncha uning nigohini bir marta to‘qnashtirib, ko‘zimni qisib qo‘ydim. Qizning chehrasida sevinch alomati ko‘rinib, ibo bilan jilmayib, boshini sarak-sarak qilib qo‘ydi. Kuy tugashi bilan men qizning oldiga borib, uni yangi boshlangan raqsga yetakladim. Bu mening Oysha bilan birinchi raqsim edi.
Raqs tugagach, go‘yo birov mendan tortib olib qo‘yadigandek, uni yuqori qavatga yetaklab chiqib ketdim. Shu yerda, qorong‘i yo‘lakda, sirtda yog‘ayotgan qorning epkini kelib turgan ochiq deraza oldida birinchi bor uni o‘pdim...
— Ox, qanday maza? — dedi qiz.
— Nima maza? — deb so‘radim, merovlanib.
— Sening bo‘sang, — dedi, qizi tushmagur.
Keyinroq bilsam, bu parivash o‘n to‘rt yoshdan beri tengqur yigitchalar bilan «lab urishtirib» kelar ekan... O‘n sakkizga hatlab, o‘ninchi sinfni bitirib, universitetga o‘tmay qoldi. Mana shunaqa bizning bu Suluv...
— Sen nima deding, kandidatning bu taklifiga? — deb so‘radim men.
— Rad etdim, albatta. Men kursida o‘tirib ham dam olaveraman, karavotga ZAGSdan keyin borib yotaman, dedim.
— U-chi?
— Qo‘limga pasportini berib, ishonmasang, mana, ertagayoq borib, ro‘yxatdan o‘tib kelamiz. Karavotga esa bugun yotaveraylik, dedi. Yo‘q, karavot — ZAGSdan so‘ng... Avval ZAGS, keyin — karavot... Hafsalasi pir bo‘lgach, taksi chaqirib, jo‘natib yubordi.
— Barakalla, hamisha shunday bo‘lgin, — dedim men.
— Bo‘lmasam-chi, unga aldanadigan ahmoq bormi?!
— Yana taklif qilsa boraverasanmi?
— Qaydam... Uning va’dalariga hech ishongim kelmaydi. Bilsang, Oxun, shunchalar baxtsizmanki...
— Ovsar, — dedim men, uning manglayidan o‘pib. — Baxt nimaligini qayoqdanam bilarding hozir. 
— Oxun, menga uylan-chi. Men senga binoyidek xotin bo‘laman.
— Yo‘q. Aytgandim-ku, qirq yoshimda uylanaman deb.
Yoshlik ekan-da, haqiqatan ham shunaqa e’tiqodim bor edi.
— Unda men seni qirqqa chiqquningcha kutaman, maylimi?
Men qah-qah otib yuborishdan o‘zimni tiyib qololmadim:
— Kuta olmaysan, — dedim.
— Yo‘qsa, men ungacha bir erga tegib chiqsam, nima deysan?
— Bunisiyam muammo. Men qirqqa chiqquncha, sen besh bolaning onasi bo‘lib qolasan. Besh boladan voz kechish mumkin emas.
— Ha, mayli meni olmasang, olma. Baribir seni sevaman. Mana ko‘rasan, kimga tegmayin, seni o‘ynash qilib olaman.
— Tentak.
— Hoziroq o‘ynash qilib olar edim-u, lekin, birinchi erga bokiraliging bilan borishing kerak-da.
— To‘g‘ri. Birinchi erga iffating bilan borishing kerak.
Oysha meni o‘pib qo‘ydi.
— Mening oqilim, — dedi u. — Mening nasihatgo‘yim. Bilsang, seni otam bilan onam ham yaxshi ko‘rishadi.
— Be-e, qo‘ysang-chi...
— Yolg‘on aytsam til tortmay o‘lay. Tunov kuni dasturxon ustida sening «hasratingni» qilishdi.
— Unda nega otangning meni ko‘rgani ko‘zi yo‘q.
— Otam ikkalamizdan shubha qilib qolibdi. Rost-da, kunora hojat bahona gumdon bo‘lib ketsam... Falokat yuz bermasa deb qo‘rqadi. Quruq karavotni «qizg‘angani» shundan.
Shu choq yo‘lakning bosh tomonidan otasining tahdidli ovozi kelib qoldi:
— Oysha! Hoy, Oysha! Ho‘-o‘ yer yutgur...
Ikkalamiz ham qo‘rqib ketdik. Oysha meni «cho‘lp-cho‘lp» o‘pib oldi-da, xonadan «uchib» chiqib ketdi. Hoynahoy mening bo‘lmamning ro‘parasidagi hojatxonaga kirsa kerak. Men yolg‘ondakam uyquga ketdim. Komendant xonaga kirib lampochkani yondirdi.
— Ha-ya, uxlayapsanmi? — dedi kesatib. — Oysha qani?
Men ko‘zimni ochmadim. Ayni damda hojatxona tomondan suvning qattiq sharillagani eshitildi. Komendant chiroqni o‘chirmasdan chiqib ketdi.
Yo‘lakdan uning: — Shu yerda ekanligingni bilardim! — degan sasi eshitildi. — Nega ayollarniki qolib erkaklarning hojatxonasiga kirding?
— Ayollarning hojatxonasiga suv kelmay qolibdi, — dedi Oysha.
— Qasam ichma! Men hozir o‘sha yerdan keldim.
— Demak, keyin ishlab qolgan-da.
— He-e, yashshamagur seni...
— Voy-voy-voy, — degan Oyshaning chinqirig‘i eshitildi. Chamasi, otasi uning qulog‘idan cho‘zdi.
Ota-bolaning qadam tovushlari eshitilmay qolgach, ko‘nglim joyiga tushib, uxlashga harakat qildim. Lekin ko‘p o‘tmay komendant yana xonamga kirib keldi. Chiroq hamon yonib turardi. Men ko‘zimni yumib, hurrak torta boshladim.
— Yana hurrak otganiga o‘laymi, buni! — dedi komendant. — Hoy bola, o‘rningdan turgin-u, ko‘zimdan daf bo‘l! Yo‘qsa, hozir seni...
Men ko‘zimni ochib, hayron bo‘lgandek tikildim unga:
— E-e, sizmi bu... Tinchlikmi?
— Ho-o, shunaqami, — dedi darg‘azab komendant. — He, otangni arvohiga seni... — U urinib-surinib, karavot tagidan mening jomadonimni tortib oldi-da, ochiq turgan derazadan tashqariga uloqtirdi. — Endi tushundingmi nima bo‘lganini? Qani, jo‘na?
Komendant mening tagimdagi to‘shakni sug‘urib olib, xonadan chiqib ketdi. Men ich kiyimda muzdek karavot ustida qolaverdim. Biroq, sim karavot ustida ko‘p o‘tirish mumkin emasdi. O‘rnimdan turib, kiyina boshladim. Bu yerdan ketmasam bo‘lmay qoldi.
Lekin, qayoqqa?! Besh yilning badalida bu shaharda birorta xonadondan tanish-bilish orttirgan emasdim. Baribir ketish kerak degan qarorga keldim.
Chiroqni o‘chirib, uzun yo‘lakka chiqdim. Quturgan komendantning turqini ko‘rgim kelmay, boyagi shoti bilan jomadonim oldiga tushib bordim.
Bechora jomadonim. Aza tutsang arziydigan ahvolga kelib qolibdi. Besh yillik sodiq hamrohim. Besh yilning ichida besh marta olis Novqatdagi o‘rik va shaftolilarga burkangan shinam qishloqqa borib kelgan. Qishloq xo‘jalik yumushlariga borganimda, boshimga bolish bo‘lgan. Yozsang bir hikoyaga «masalliq» bo‘lguday tarjimai holi bor.
Men jomadonimni olib, uyqudagi shaharning kimsasiz ko‘chasi bo‘ylab yurib ketdim. Biz jomadonim ikkimiz universitetni shunday tamomlab, shu tarzda xayrlashdik. Bizni besh yil tekin o‘qitib, besh yil bepul yotoqxona bilan ta’minlagan hukumatga rahmat. Komendantga ham...

* * *

Men shu ketgancha to‘g‘ri shaharning oliymaqom mehmonxonasiga kirib bordim. Mehmonxonaning yo‘lagida «Cho‘ponlarning slyoti ishtirokchilariga alangali salom!» degan lavha osib qo‘yilibdi. Odatda, bunaqa paytlarda bo‘sh joy topilishi mushkulroq bo‘lguvchi edi. Noumid shayton, zora, omad kulib boqsa.
Ko‘zoynak taqqan, istarasi issiq ma’mur qirg‘iz ayol bilan salom-alik qilgach, joy bormi, deb so‘radim. Ayol boshi bilan tasdiq ishorasini qildi. Men shosha-pisha pasportimni uzatgach, shaxsiy «ishkalimni» bayon qilishga kirishdim: (Pasportimda hamon shahar fuqarosi maqomiga ega edim. Shaharda yashovchilarga esa, mehmonxonalardan joy berilmasdi.)
— Opajon, men o‘zim shaharda yashayman, — deb boshladim, gunohkorona ohangda. — Uy-joyim bor. Lekin, kutilmaganda qishloqdan ota-onamlar kelishib qoldi. Sig‘ishmasdan, noiloj bu yerga keldim. Bir kechaga yo‘q demaysiz.
— Ikkitagina odam kelib, uyingga sig‘may qoldingmi? — dedi ayol pasportimni varaqlarkan.
— Bilsangiz, uyim bir xonadan iborat. O‘zimiz esa to‘rt jonmiz. Xotinim, ikkita bolam bor.
— Pasportingda bola-chaqang yozilmabdi-ku.
Odatda, pasportning tegishli joyida oila a’zolaringizni umumiy ro‘yxati qayd etilgan bo‘ladi. Bu yog‘iga men «qovun tushirgan» edim.
— Biz hali oilaviy ro‘yxatdan o‘tganimizcha yo‘q edik, — dedim.
— Ikki bolali bo‘lguncha-ya? Unda bolalaring kimning nomida?
— Xotinimning nomida.
Ayol ishonqiramay bir qarab olib:
— Mayli, faqat bir kechaga ruxsat, — dedi.
Yelkamdan tog‘ qulaganday bo‘ldi. Qo‘limga ruxsat qog‘ozini berguncha ayolni rahmatu tashakkurga belab tashladim.
Xona ikki kishilik ekan. Karavotlarning birida egnida kiyimi bilan bir qishloqi yigit yotibdi. Yoshi o‘ttizlar chamasida, o‘rta bo‘yli, taram-taram beti tovoqday. Qo‘lida «Chalqan» jurnali. Kulguning zo‘ridan bu dunyoni unutgan edi. Salom bersam ham sezmadi. Men bo‘sh karavotga borib yechina boshladim. Birpasdan so‘ng yigit jurnalni tushirib yubordimi yo o‘zi yerga tashladimi, kulganicha o‘rnidan turdi.
— O‘ta qiziq ekanmi, — deb so‘radim.
— Asti so‘rama, — dedi yigit. — Tavba, ichaklarim uzilib ketdi. Vaha-ha-ha... Bir odam xotinimni o‘g‘irlab ketishdi, topishga yordam beringlar, deb yozibdi. Jinni bo‘lmasa, bitta xotinni eplay olmay, o‘g‘irlatib yuboradimi? Mening bobomning uchta chiroyli xotini bo‘lgan, uchalasiga ham gard qo‘ndirmagan, azamat. Bu-chi, he-e, landovur...
— Issiq suv bormi? — deb so‘radim yigitdan.
— Nima? Ha-a, suvmi... Bilmadim, men sovuq suvga o‘rganganman.
Men nochor jilmayib qo‘ydim.
— Qayerdan kelayapsan? — deb so‘radi u.
— Moskvadan, — deb qo‘ydim.
— Moskvadan? Iya, o‘sha yoqda yashaysanmi?
— Hovva.
— Unda nega men seni u yoqlarda ko‘rmadim? Men bu yil Moskvada bo‘ldim. 
Men sochiqni olib dushga jo‘navordim. Bir lahza lol bo‘lib turgach, kulib yubordim.
— Moskvaga nima yumush bilan borgan eding? — so‘radim undan.
— Yig‘ilishga, — Yigit kursidagi pidjagini olib, unga qadalgan medalni ko‘rsatdi. — O‘zaro tajriba almashdik.
— O‘x-xo‘, do‘stim, sen hazilakam odam emas ekansan-ku, — dedim unga tan berib.
— Men haqimda gazetalarda yozishgan. O‘qigandirsan: ismim Maman, familiyam Sulaymonov.
— O‘qimabman. Lekin, senga qoyilman, Maman.
— Men bilan hamma yerda hisoblashishadi. 
— Hisoblashmay ko‘rishsin-chi, hokimiyatning vakili bo‘lsang...
Dushning bo‘sag‘asiga yetganimda, xayolimdan bir narsa «yalt» etib o‘tdi:
— E-e, o‘lma, Maman, balki menga sening yordaming tegib qolar...
— Qanday, ayt-chi, qanday yordam kerak senga?
— Moskvada yashayman, deb, senga yolg‘on gapirdim.
— O‘zimam shundoq deb o‘ylovdim. Rost bo‘lganida seni u yoqlarda ko‘rardim-da.
— Xuddi shunday. Men universitetni bitirdim. Pomirda Murg‘ob degan bir qirg‘iz tumani bor ekan, o‘sha yoqqa o‘qituvchi bo‘lib borasan deyishuvdi, ko‘nmadim. Bu yerda esa ishning iloji bo‘lmayapti. Sen men uchun bir harakat qilib ko‘rmaysanmi?
— Yo‘q. Mening qo‘lim bu yerlarga yetmaydi. Men — Tojikistonning fuqarosiman. Bu yerga yig‘ilishga vakil bo‘lib kelganman.
— Shunday degin.
Men yana dushga yuzlanganimda:
— Hoy, to‘xta-chi, nega Pomirga bormading, — deb so‘rab qoldi Maman.
— Qo‘yatur-chi, buning tarixi uzun, — dedim. Rost-da, dabdurustdan obi-diyda qilish ham yaxshi emas.
— Bekor qilibsan, — dedi u.
— Nega? — dedim men hayron bo‘lib.
— Bizning yerlarimiz ajoyib, senga so‘zsiz yoqardi.
— Qiziq, sen o‘zing Pomirlikmisan?
— Ha-da, sen aytgan o‘sha qirg‘iz rayonidanman. Xo‘p desang, seni birga olib ketay.
Men jilmayib:
— Ko‘ramiz. Avval dushga tushib olayin-chi, sizlarda dush ham bo‘lmasa kerak, to‘g‘rimi? — dedim.
Men dushga kirib, yechinib ulgurmasimdan, Maman ostonaga kelib turib oldi. Uning oldida yechinishga uyaldim.
— Bacha, sen bekor qipsan, — dedi Maman. «Bacha» degan so‘zning ma’nosini keyinroq bilsam, pomirlik qirg‘izlarning shevasida «do‘st», «og‘ayni» degani ekan. Bizning tuman maktablarida o‘qituvchilar yetishmaydi. Shuning uchun ham shahar bedarvoza — podachisi ham muallimlikka da’vo qilaverishadi. Senga o‘xshagan oliy ma’lumotlilar esa, borishmaydi. Borishsa ham, bir yilgina ishlab, xayr-ma’zurni nasiya qilishadi. Yerimiz binoyidek, elimiz yaxshi. Birgina qusurimiz — shahardan yiroqmiz. O‘zing ayt-chi, o‘qituvchi bo‘ldim deganlarning bari shaharda qolaversa, qishloqdagi bolalarni kim o‘qitadi? — Maman mendan javob kutganday jimib qoldi. Men indamadim. — Men-ku, qo‘yimni boqib yuraveraman, bolalarga uvol bo‘ldi. Bolalar qoloq...
Maman so‘zlashdan to‘xtadi. Men ham nimadir deyishim kerak edi.
Men beixtiyor: — Pomirda odamlar tutakdan* o‘lib turadi, deyishadi, shu rostmi? Havosi siyrak-da, – deb yuboribman.
— O-o-la, rosa laqma ekansan-ku, — dedi Maman. — Tutakdan odam o‘laversa, Pomir allaqachon huvillab qolmasmidi? Oldi-qochdilarga ishonaverma. Undan ko‘ra, o‘zing borib, yashab ko‘r. Agar tutak yoqangdan oladigan bo‘lsa, menga ayt, hokimning qora «Volga»sida Qirg‘izistoningga kuzatib qo‘yaman.
Men jilmayib qo‘ydim. Buni ko‘rib Maman yanada jonlandi.
— Rostdan ham, bacha, bir borib ko‘rmaysanmi? — dedi u. — Yoqsa ishlab qolasan, yoqmasa, zorimiz bor, zo‘rimiz yo‘q. U yerda ham hokimiyat bor, bir yil ishlagach, ketaverasan. Qalay, ma’qulmi?
— O‘ylanib ko‘rayin, — dedim men. Rostdan ham o‘ylab ko‘radigan taklif edi.
— Mayli, — dedi Maman. — Men seni zo‘rlamayman. Ertaga ketaman. Manzilimni qoldiraman. Agar, borging kelsa, shu yerga to‘g‘ri boraverasan. Men u yerdagilarning hammasiga tayinlab qo‘yaman.
— Juda yaxshi, men yuvinib chiqqunimcha manzilni yozib tur.
Maman eshikni yopib, joyiga ketdi...
Yaxshi bo‘lgan ekan. Shaharda yana bir haftacha turib, Pomirga ravona bo‘ldim.

* * *

Men qishloqqa qanday kirib kelganimizni bilmay qoldim. Yo‘lda uxlab qolibman. Haydovchi uyg‘otdi. O‘n sakkiz yoshlardagi bola. Uning bilan tuman markazi — Murg‘obdayoq tanishib oldim. Ismi Sharip ekan.
Men kabinadan chiqib, qishloqni ko‘zdan kechirdim. Bu qishloqni tasavvur qilishingiz uchun, to‘rt fasl cho‘qqisidan qor arimaydigan, yelkalari yaydoq, xo‘mraygan, ayqash-uyqash tog‘larni ko‘z oldingizga keltirishingiz kerak. Tog‘larning orasida son-sanoqsiz daralar, jilg‘alar mavjud. Ilgari bir Olaylik oqin pomirlik qirg‘izlarning turmush manzarasini: «Har jilg‘ada uyi bor, har bir uyda biyi bor», deb she’rga solgan ekan. O‘sha oqin aytganday, bu qishloqlarning barchasi yil o‘n ikki oy mazkur daralar va jilg‘alarda umrguzaronlik qilishar ekan. Men kelgan qishloq ham bir necha jilg‘alarning kindigi — torgina darada edi. Darada hatto bittagina to‘rg‘ay qo‘nadigan birorta nihol yo‘q. Darani ikkiga bo‘lib o‘tadigan katta daryoning suvi sutdek oppoq Sohilning bir tomoni choqqina yam-yashil oroldan iborat. Orolda so‘ppaygan bittagina uy. Qishloqdagilar hazillashib «Tayvan» deb atashadigan ushbu oroldagi yolg‘iz uyda o‘n to‘qqiz yashar qizi bilan To‘liboy degan mergan yashar ekan. Sohilning ikkinchi yuzi baland, tuprog‘i bilqillagan bo‘z daladan iborat. Qishloq mana shu yerga joylashgan bo‘lib, o‘ttiz chog‘li xonadonga ega. Uylarning yigirma beshtachasi yakkash bo‘z rangda, qolgan besh-oltitasi katta-katta, oqlangan imoratlar. Oqlanganlari — kolxozning idorasi, klubi, maktabi, magazini, mehmonxonasi, bittasi esa qishloq raisining uyi. Uylar bari gavjum, lekin tartibsiz joylashgan. Eng chekkadagi uydan besh yuz odimcha narida ko‘rimsizgina qabriston. U yerdagi qabrlarning soni, qishloqdagi uylarnikidan uch-to‘rt hissa ko‘proq edi. Qabristonda pishiq g‘ishtdan urilgan, tepasiga qo‘tosning dumidan tug‘ qadalgan bittagina sag‘ana bor. Qo‘tosning dumi tinimsiz esadigan shamolda hilpirab turadi. Bu sag‘anani qishloq raisi men kelmasimdan ikki yil burun otasining qabri ustiga ko‘tartirgan ekan.
— Pomir deganlari shu ekan-da, — dedim men qishloqni tomosha qila turib. Ichimda bu yerga kelganimga afsuslandim. 
— Siz boshqacha tasavvurda edingizmi? — deb so‘radi Sharip, jomadonimni mening yonimga qo‘yar ekan. Past ohangdagi kesatiq emas, shunchaki qiziqish bor edi.
— Maktablaring qaysi? — deb so‘radim uning savoliga ataylab.
— Ho‘, anavisi, — dedi Sharip, oqlangan uylarning birini ko‘rsatib. Keyin men bir qarorga kelmasimdan, mashinasiga o‘tirib, chang to‘zg‘itganicha, jo‘nab ketdi.
Qayoqqa borishimni bilmay, anchagacha turib qoldim. Atrofda biror kimsaning qorasi ko‘rinmaydi. Oqlangan uylar o‘rtasidagi yalanglikda egar-jabduqli yolg‘iz qo‘tos mudramoqda. Har qaysi uyning devoriga navbat bilan choptirib, qora Bo‘ynoq dikonglab yuribdi. Qishloq sukunat og‘ushida. Bir mahal maktab binosining ichidan bolg‘aning «to‘q-to‘q» degan ovozi eshitilib qoldi. Men jomadonimni joyida qoldirib, o‘sha tomonga yurdim. Maktab ta’miri hali tugallanmagan ekan. Qorong‘i yo‘lakda partalar, sinf doskalari, mashhur kishilarning portretlari sochilib yotibdi. Eshigi ochiq xonalardan ohak bilan bo‘yoq hidi anqiydi. Lekin, biror kimsa ko‘rinmaydi. Xayriyat, boyagi «»to‘q-to‘q» yana eshitilib qolib, mushkulimni oson qildi.
Xonalarning birida bir kishi parta tuzatish bilan ovora ekan. Yoshi qirqlarda novcha, egnida qora chiybahmaldan jomakor, oyog‘ida qayish etik, boshida tumoq.
— Assalomu alaykum, — deb, o‘zimning kelganimdan darak berdim.
U kishi meni ko‘rib, bolg‘asini tashlab:
— Vaalaykum assalom, — dedi, samimiyat bilan qo‘l uzatib. — Xush kelibsiz!
— Xushvaqt bo‘ling. Men Bishkekdan keldim, o‘qituvchiman, — dedim. — Menga maktabning direktori yoki ilmiy mudiri kerak.
— E-ha-a, Maman aytgan yigit siz ekansiz-da, — dedi u quvonch bilan.
— Topdingiz, — dedim men. — Mamanning o‘zi qayoqda bo‘ldi ekan?
— Mamanmi? Kecha viloyatga majlisga ketgandi. Indinlarga kelib qoladi. Zap kelibsiz-da. Qani, bir tanishib olaylik-chi. Mening ismim Mamit. Shu maktabning ilmiy mudiriman.
Men xijolat tortib:
— Uzur, men sizni usta ekan deb o‘ylabman.
— Hechqisi yo‘q, — dedi u. — Ustachilik ham qilaveramiz. Biz maktabimizni har yili o‘z kuchimiz bilan ta’mirdan chiqaramiz. Ko‘ch-ko‘roningiz qayoqda?
— Tashqarida.
— Unda, yuring, men sizni, sizga atalgan uyga eltib qo‘yay.
Biz maktabdan chiqib, jomadonim sari borar ekanmiz:
— Bu deyman, nega qishlog‘ingizda suv quygandek jimjitlik? Hamqishloqlaringiz qayoqda? — deb so‘radim undan avvalgi jimjitlikni ko‘rib.
Ilmiy mudir kulib:
— Bizning turmushimiz shunaqa, erta bahordan, to kech kuzgacha manavi uylarda hech kim yashamaydi. Hammasi yaylovda bo‘lishadi.
— Demak, bu yerda yil davomida uch-to‘rt oygina yashashar ekan-da?
— Ha. Shundayam barcha to‘kis ko‘chib kelmaydi, ko‘pchiligi yil bo‘yi yaylov bilan qishlovlarda qolib ketishadi.
— Nega endi?
— Mol boqishadi.
— O‘qituvchilar, o‘quvchilar-chi, ular qayoqda?
— O‘quvchilar ta’tilni ota-onalari bilan o‘tkazishadi. O‘qituvchilarimiz o‘quv boshlanadigan kunga o‘quvchilarni yig‘ib kelgani ketishgan.
Shu mahal bizga yaqin yerdagi uydan bolaning yig‘isi eshitilib, unga boshqalari ham jo‘r bo‘la boshladi.
— Bu qanaqa «xor» bo‘ldi? — so‘radim men, hayrat bilan.
— Birinchi sinfning o‘quvchilari, — dedi ilmiy mudir. — Bugun yaylovdan kelishgan. Tanishasizmi?
Biz o‘sha yoqqa burildik. Bir necha eshikli uzun uy. Ochiq turgan eshik tomon yurdik.
— Bizning xo‘jaligimiz shu uyda, — dedi ilmiy mudir odatdagidek jilmayib. — Yotoqxonamiz ham, omborimiz ham, oshxonamiz ham shu.
Ochiq turgan eshik — bir dahliz, bir katta bo‘lmadan iborat oshxona ekan. Dahlizda bir ayol kuymalanib yuribdi. Katta bo‘lmada ustiga yelim mato yopilgan uzun stol. Uning ikki tarafiga bittadan uzun o‘rindiq qo‘yilgan. O‘rindiqlarda simdagi qaldirg‘ochlardek tizilishib, yetti-sakkiz yoshlardagi o‘g‘il-qizlar o‘tirishibdi. Bolalar oldilaridagi bo‘tqaga qaramay, yig‘iga zo‘r berishardi. Stolning bir boshida chorpahildan kelgan, kirza etik, tumoq, fufayka kiygan bir erkak, ikkinchi boshida yigirma, yigirma besh yoshlardagi, novcha, chiroyli kelin turardi. Ikkalasi ham bolalarni ovutib, ovqat yedira olmay halak.
Bizni birinchi bo‘lib kelin kutib oldi. U hayron bo‘lib, menga qaradi.
— Yaxshimisizlar, — dedim men kelinga.
— Shukur, keling, keling, — dedi u, sipogina.
Erkak ohista istiqbolimizga yurdi. U yoshi o‘ttizlarda, zahil yuzli, ko‘zlari qiyiq, sovuq nigohli kimsa edi.
— Maman aytgan muallim shu yigit ekan, — deb tanishtirdi meni.
— Saqtan, — dedi erkak menga qo‘l berib. — Saqtan Qachibekov. Matematika muallimiman. Men siz bilan elatdoshman.
Men ham o‘zimni tanishtirib o‘tdim.
— Bu kelinning ismi Roqiya, — shu bolalarning muallimasi, — dedi Mamit.
— Mening xotinim, – deb izohladi Saqtan.
Uning husnbuzarday bu qistirmasi: «Esingdan chiqarmay, qadamingni bilib bos», deganday menga erish tuyuldi.
Men kelinga ta’zim qilib qo‘ydim. Kelin avvalgidek sipogina jilmayib, boshini biroz egib qo‘ydi.
— Nega yig‘layapsizlar? — dedi Mamit bolalarga yuzlanib. 
Uning bu gapidan so‘ng, biz kirganda alahsib, jimib qolgan bolalarning chehrasida yotsirash va qo‘rquv paydo bo‘ldi. Kutilmaganda bir bola «avj pardadan olvordi-yu» qolganlari ham yoppasiga unga jo‘r bo‘la boshlashdi.
— Bo‘ldi! Bas qilinglar! — dedi Roqiya po‘pisa aralash.
— Tog‘ning bolalari shunaqa yovvoyi bo‘ladi, — dedi Saqtan, go‘yo sayyohlarga sharhlovchilik qilayotgan yo‘riqchilardek.
Mamit eshikka chiqib ketdi. Eru xotin bilan xayrlashib, men ham unga ergashdim. Jomadonimni olib, yana bir uzun uyga keldik.
Bu uy avvalgidan ham ancha uzun edi. Yaxshilab razm solsam, bitta deganim yetti xonali uy bo‘lib chiqdi. Xuddi nimadandir qo‘rqqanday, bir-birining «pinjiga kirgan» bu uylarning sonini, ularning tomidan bildim — biriniki past, biriniki baland. Mamit birinchi uyga kelib, eshikka bog‘langan simni yechdi. Biz dahlizga kirdik. Dahlizda ko‘mir qoldig‘i, ayollarning bir juft paypog‘i, yozuv bitilgan daftarlar bor ekan.
Ichkarigi xona katta va yorug‘ edi. Xonaga yorug‘lik esa shiftga qurilgan novsimon derazadan tushib turardi. Unda pechka, stol, temir karavot.
— O‘tgan yili bu uyda Dushanbedan kelgan o‘ris muallima yashab ketgan, — dedi Mamit. — Uch-to‘rt yildan beri rus tilidan mutaxassisimiz yo‘q edi, u kelganida boshimiz ko‘kka yetgandi. Lekin, ikki oydan keyin bechora bezib, darslarni direktorga tashlab, ketib qoldi. O‘shandan beri bu uyda hech kim yashamaydi.
— O‘zlaringiz-chi, o‘zlaringiz bezmaysizlarmi? — Albatta, savolim o‘rinsiz edi. O‘z savolimdan o‘zim uyalib ketdim.
— Bezsak, bu yerlarda yashamas edik. Xo‘p, men borib sizga, ko‘rpa-to‘shak yuborayin. Biror soatdan keyin kelaman, biznikiga borib, tamaddi qilamiz.
— Rahmat, — dedim minnatdorchilik bildirib.
Mamit chiqib ketgandan so‘ng, o‘zimni karavotga tashlab, xayolga cho‘mdim...

* * *

Bir ozdan so‘ng, tish cho‘tka xarid qilgani qishloq magaziniga bordim. magazinda uch kishi bor ekan. Qirq, qirqlardan oshgan, sariqqa moyil uzun mo‘ylovli, ko‘zlari qiyig‘i peshtaxta ortida nimadir yozish bilan mashg‘ul. Ikkitasi unli qoplarning ustida o‘tirishibdi. Biri oltmishlarda, sariq yuzli, ko‘sa edi. Ikkinchisi undan keksaroq, baqaloq kishi. Bu ikki ulfatning baqalog‘i meni ko‘rib, arog‘ini yashirdi.
Uchalasining ham nigohida «bu kim bo‘ldi?» degan ajabsinish zohir edi.
— Assalomu alaykum, — yoppasiga salom berdim men.
Ular xushlamaygina alik olishdi.
— Menga bitta tish cho‘tka bersangiz, — iltimos qildim, xat yozib o‘tirganidan.
U indamay pulimni oldi-da, bitta tish cho‘tkani peshtaxta ustiga qo‘ydi. Men xaridimni olib, eshikka yo‘naldim.
— Inim, bu, sizni tanimadik-ku? — deb qoldi, ko‘sa yuzlisi ortimdan.
— Men sizlarning maktabingizga muallim bo‘lib keldim. Ismim Oxun.
Uchalasida ham o‘zgarish yuz berdi.
— E, ha-a! — dedi ko‘sa yuzlisi. – Maman aytgan muallim siz ekansiz-da? Bizda besh muallimning o‘rni bo‘sh. Qani, tanishib olaylik. Mening ismim Toshmat, maktab direktoriman. Manovi yumaloq esa mening do‘stim. Ismi To‘luboy, o‘zi mergan. Anovi, Maymunni esa Turat deb qo‘yamiz, u ham mening do‘stim. Aroq ichmaydi. Ammo, bersangiz qo‘lingizni qaytarmaydi: qadahni olib, peshtaxtasining tagiga yashirib ketganingizdan keyin boshqalarga pullaydi.
— Hoy-hoy, Toshmat aka, mehmonning oldida odamni qoralamang-da, — dedi magazinchi, miriqib kulib.
— Qani, mehmon, endi biz bilan o‘tiring, qittak-qittak olaylik, — deb direktor, keyin sherigiga buyurdi: — Aroqni ol bu yoqqa.
Mergan shishani chiqarib:
— Og‘ay**, uzr, biz sizni tumandan kelgan kattalardan ekan deb, qo‘rqib ketdik, — dedi.
— Yo‘g‘e-e, men kattalarga o‘xshaymanmi? — dedim men.
— Hozir kazo-kazolar yoshlardan chiqyapdi-da, — dedi direktor do‘stining gapini ma’qullab. — Qani, o‘tir, uka.
— Rahmat, — dedim men. — Hozircha uzr, uzoq yo‘l yurib, charchab keldim. Boshqa safar icharmiz.
Direktor bilan mergan bir-biriga qarab qo‘yishdi.
— Ha, mayli, — dedi direktor. — Ammo, keyingisida yo‘q demaysan...

* * *

O‘sha kuni oqshomda, Mamitning uyidan kelayotib, merganga duch kelib qoldim. Magazinning oldidan o‘tib ketayotsam, qorong‘ida kimdir:
— Og‘ay, bu yoqqa kel! — dedi.
Qarasam, magazinning ostonasida mergan o‘tiribdi. Magazin yopiq. Oldiga borsam: 
— Bacha, men mast bo‘lib qoldim, uyimga eltib qo‘y, — deb qoldi.
Rad etishga uyalib, rozi bo‘ldim. Boz ustiga merganning orolda yashashini hali bilmas edim. Qishloqdan chiqib qabriston tomonga burilganimizda havotirlanib:
— Uyingiz qayerda? — deb so‘radim.
— Narigi betda, bacha, — dedi mergan. — Orolda.
Men rozi bo‘lganimga o‘kindim, lekin endi bo‘lar ish bo‘lgandi.
Go‘ristonga yetganimizda, tog‘ ortidan barkashday bo‘lib oy mo‘raladi. Uning nuri tog‘lar, cho‘qqilarni yoritgani bilan, vohayu daralar hamon qorong‘ulik og‘ushida.
Biz go‘ristonni kesib o‘tgan so‘qmoqqa burildik.
Qo‘ltiqlashib olganimiz uchun, so‘qmoq torlik qilib, qabrlarni ham tepalab ketib borardik. Mergan odatlanib qolgan bo‘lsa kerak, beparvo. Meni esa, xuddi murdalarni bosib borayotgandek hissiyot qiynab, badanim jimirlaydi.
— Bu go‘riston, — dedi mergan, go‘yo men buni payqamagandek. Yo, o‘zi uchun aytdimi, qaydam. — Hayot so‘qmog‘i shu yerga kelganda tugaydi... Qayg‘u, alaming ham, shodu xurramliging ham.
To‘satdan, oldimizdan bir narsa chopib o‘tdi. Men qo‘rquvdan seskanib ketdim. Buni sezgan mergan:
— Quyon, — dedi hiqichoq aralash. — Go‘ristonda yolg‘iz shu quyon bor. Men ba’zan unga: «Hoy uzun quloq, mendan uzoqroq yursang-chi, bir kuni sho‘ringga sho‘rva to‘kilib qolmasin», deb hazillashib qo‘yaman. Yashayversin, bechora. Balki men ham bu yerga kelib yotganimda ustimda raqs tushib yurar, — dedi.
Go‘riston tugab, so‘qmoq tik qirg‘oqdan qiyalab, daryoga olib tusha boshladi. Pastga tushish ikkalamizga ham mashaqqatli edi. Ammo, bu merganning to‘pig‘iga ham kelmay, o‘z urug‘iga mansub qirg‘izlarning ohangida xonish boshladi:

— E-e-ey, qator-qator nor haydab,
Qiyolarda yurmadim.
Qiyomatlik juft bo‘lib,
Siz-man o‘ynab, kulmadim...
— Og‘ay, qo‘llab tursang?

Men hayron bo‘lib:
— Qanaqasiga? — deb so‘radim.
— Qanaqasiga deydi-ya! Birov xirgoyi qilganda, ting‘ir-ping‘ir deb, jo‘rovoz bo‘lib turiladi-da.
Ha, gap bu yoqda ekan-da.
— Mening «ting‘ir-ping‘irga» rag‘batim yo‘q, oqsoqol, — dedim, ijirg‘anib.
Tavba-a, ortmoqlab borayotganim kamlik qilganday, ashulasini ham aytishim kerak ekan-da!
Mergan xirgoyisini bas qildi. Biz qirg‘oqqa tushdik. Bungacha oy havolanib, chor taraf xiyla yorishib qolgandi.
— Shu atrofda osma ko‘prik bor, izlab ko‘r-chi, og‘ay, — dedi mergan.
O‘ngu so‘limga razm solsam, daryoning ustiga tortilgan ikkita yo‘g‘on sim arqon ko‘rindi. Sim arqonlarning biz tomondagi uchida sandiqsimon bir narsa osilib turardi. Osma ko‘prigi shu bo‘lsa kerak deb, merganni o‘sha sandiqqa olib bordim. Aslida, bu ko‘prik degani suvo‘lchagich qurilma ekan.
— Bu narsa bilan qanday qilib u yoqqa o‘tamiz? — deb so‘radim mergandan.
— Manavi kajavaga avval meni tushir, keyin o‘zing tush, — dedi mergan.
Men uning aytganidek qildim. Kajava degani qirg‘oqdagi temir ustunchalarga boylangan edi. Mergan iplarni yechgan edi, kajava xiyla yergacha o‘zi siljib borib, keyin to‘xtab qoldi.
— Endi, bacha, sim arqonning birini ushlab, o‘zingga qarab tortaver, — dedi mergan. — Mana menga o‘xshab.
Ikkalamiz sim arqonni birdan ushlab olib, o‘zimizga tortib, oldinga jila boshladik. Bu qiyin ish ekan. Bir zumda qo‘llarim achishib, charchab qoldim. Pomirning siyrak havosi ko‘nikmagan odamni tez charchatib, damini qaytarib, hatto, hushdan ketkizib qo‘yishi hali menga ma’lum emasdi. Mergan esa, parvoyi falak, yana ashulasini boshladi:

Qator, qator nor haydab,
Qiyolarda yurmadim.
Qiyomatlik juft bo‘lib,
Siz-man o‘ynab, kulmadim.

— Sen ham qo‘shilsang, bacha. 
— E-e, qo‘ysang-chi, oqsoqol! — dedim, bu safar battar jahlim chiqib.
— Ana, mening qizim ham kutib turibdi, — dedi mergan, mening so‘zimga e’tibor bermay.
Haqiqatan ham qirg‘oqda bir qiz turardi. Qizning nariyog‘ida to‘rtta it va bir eshak ham bor edi. Biz ming mashaqqat bilan qirg‘oqqa yetganimizda, qiz sim arqonlar bog‘langan temir ustunchalar yoniga kelib, kajavani tutib, ustunchalarga bog‘lashga kirishdi.
— Qorasoch, mana bu og‘aying bilan tanishib ol, bugun Bishkekdan keldi, — dedi mergan.
Qiz: — Xush kelibsiz, — dedi-da, keyin jimgina otasini tushira boshladi.
Meni qizning salomiga alik olgani ham majolim kelmay, bosh irg‘ab qo‘ydim. Qiz buni payqamadi ham. Mergan yerga tushgandan so‘ng, men kajavani yecha boshladim. Buni ko‘rgan qiz, negadir, otasiga savol nazari bilan qaradi.
— Ey, bacha, nima qilayapsan? — dedi mergan, taajjub bilan.
— Endi men qaytib ketayin, — dedim.
— E, og‘ay, qo‘y. Bahonada bir kelib qolding, mehmon bo‘lib ketasan. Tush kajavadan.
— Rahmat! — dedim.
— Yo‘q, bacha, qolmasang bo‘lmaydi, — dedi mergan, endi qat’iyroq ohangda. — Ketsang, birinchidan, qizim ikkalamiz xafa bo‘lamiz, ikkinchidan, kajavamizni narigi qirg‘oqqa bog‘lab ketsang, bizni shu yagona ko‘prigimizdan mahrum qilasan.
— Ob-bo, bu yog‘ini xudo urgan ekan-ku, dedim ichimda. Qaysi go‘rdan bu nahsga duch keldim, – deb ranjidim. Ammo, shunchalik horib-charchaganimdan, turgan joyimdayoq uzala tushgim kelib turardi. Boz ustiga, bu kecha qayerda tunaganimning farqi yo‘q-ku, degan xayolda, taqdirga tan berdim.
Qiz otasini eshakka mingazdi. Eshak yo‘rg‘asiga solib, manziliga jo‘nadi. Ortimdan to‘rt tozi va qiz ikkimiz ergashdik. Ko‘p o‘tmay mergan yana xirgoyisini boshladi:
— E-e-ey, qator-qator nor haydab...
Uyga yetgunimizcha qiz ikkimizdan ham sado chiqmadi. Uyga yetgach, qiz otasini eshakdan tushirib, uchovlon uyga kirdik.
Merganning uyi ham, boyagi mening uyimdek bir dahliz, bir katta xonadan iborat edi. Xonalarni chiroqlar va derazadan tushgan oy nuri yoritib turardi. Dahlizda idish-oyoq, sandiq, qop, miltiq, qopqon kabi qaqir-ququrlar. Ichkari xonada ko‘rpa-to‘shakdan boshqa hech vaqo yo‘q.
Qorasoch chaqqonlik bilan to‘rdagi to‘shaklar ustiga to‘shak yangiladi.
— Qani, og‘ay, to‘rga o‘ting, — dedi mezbon. — Qizim, ovqating pishgan bo‘lsa, olib kel. Bo‘zangdan bormi?
— Bo‘za bugun ichilgani yo‘q, — deb, qiz dahlizga chiqib ketdi.
— Ichilmagan bo‘lsa, juda soz, mana endi ichamiz-da, — dedi mergan.
Hayallamay dasturxon yozilib, ikki yog‘och kosada sho‘rva, katta mis tog‘oroda go‘sht, yana bir katta yog‘och tog‘orada bo‘za keldi. Uyning ichini sho‘rva, go‘sht va bo‘zaning yoqimli hidi tutib, shiftdagi novsimon deraza oynalari issiq taomlardan chiqqan bug‘dan terladi.
Mergan bir zumda go‘shtni taqsimlab yubordi.
— Qani, mehmon, go‘shtga qara. Kiyikning go‘shti. Qizim, bo‘zadan quy.
Qornim to‘q bo‘lsa ham kiyikning go‘shti deganidan, hazilakam tanovul qilmadim. Go‘sht jonivor juda ham lazzatli ekan. Bo‘zani ham ikkovlon rosa oldik. Xullas, binoyidek mast bo‘lib qoldim. Endi Pomir ko‘zimga o‘zgacha qiyofada ko‘rinib, ovloqdagi xilvat uyda, mergan va uning qizi bilan hamxona bo‘lib, tansiq go‘shtga to‘yib, bo‘za kayfini surib o‘tirganimdan, o‘zimni arshi a’loda his qila boshladim. Merganning o‘zi ham, uning lo‘ppi yuzli, yuvosh, mo‘min qizi ham yoqib qoldi.
— Aytmoqchi, o‘zing asli qayerdansan? – deb, so‘rab qoldi mezbon.
— Novqatdanman.
— Vox-xo! — deb xitob qildi mergan. — Sen menga tog‘a bo‘lar ekansan-ku! Rahmatli onam novqatlik bo‘laman derdi. Qarasang, tomirimiz bir ekan-da. Qani, bacha, go‘shtdan olaver. Qizim, tog‘angga bo‘zadan quy. Novqatda ham bo‘za solishadimi, tog‘a?
— Solishadi.
— Ovchilik ham qilib turishadimi?
— Ha.
— O‘zing hech ovchilik qilganmisan?
Bolaligimda tengqurlarim bilan it ergashtirib, tayoq bilan ancha-muncha kaklik, chil, quyon ovlagan paytlarimiz bo‘lgan. Biroq, hozir bunday katta ovchining oldida unaqangi bachki narsalarni aytgani uyalib:
— Yo‘q, — deb qo‘ya qoldim. — Lekin, ovchilikka ishtiyoqim zo‘r.
— Unda men seni ovchi qilaman, — dedi mergan. — Mana ko‘rasan. Kiyik, ayiq, hatto, yo‘lbars ottiraman. Besh kunlik umrda tog‘a-jiyan bir miriqaylik...
Men jilmayib qo‘ydim. Merganning va’dalari meni ham junbushga keltira boshladi.
— Unda qachon chiqamiz, ovga? — deb yubordim.
— Xohlasang, ertagayoq, — dedi mergan. — Erta tongda, kiyiklar o‘tlagani tushganda, tappa bosamiz. Qizim, biz ilk sahar, yulduzlar botmasidan ovga jo‘naymiz. Kerakli narsalarning barini taxt qilib qo‘ygin. Eshakka yemdan ko‘proq ber. Itlarga ovqat berma — qantarish kerak. To‘q bo‘lsa, ertaga ovga yaramaydi. Senga bir ajoyib tomosha ko‘rsatayin, tog‘a! Bo‘zadan quy, qizim.
— Endi siz quyib turing, ota, men qozon-tovog‘imni yuvib olay, — deb qizi bo‘zali tog‘orani otasiga jildirdi.
— Mayli, qizim, mayli, borib ishingni qilaver, — dedi mergan. Qorasoch bo‘shagan idishlarni olib, dahlizga chiqib ketdi.
— Qizim, esli bo‘ldi, — dedi mergan. — rahmatli onasiga tortgan. Xudo xohlasa, birorta amaldorga uzatsam degan orzuyim bor. Cho‘pon-cho‘liqqa tegsa, xor bo‘ladi, yolg‘izim... Sen uylanganmisan?
Men bosh chayqab, yo‘q ishorasini qildim.
Mergan yana qadrdon xirgoyisini eslab qoldi:

— E-e-ey, qator-qator nor haydab,
Qiyolarda yurmadim...
— E-e-ey! — 

bu gal men ham unga jo‘r bo‘ldim...
Qachon yotganimizni bilmayman. Ertasiga ko‘zimni ochsam, shiftdagi derazadan tushib turgan quyosh nuridan xona ichi charog‘on edi. Yonimda baralla hurrak otib mergan yotibdi. Uning bosh yog‘ida, devorda miltiq, o‘qdon, durbin osig‘liq turardi. Merganning tungi va’dasini eslab, ov barbod bo‘lganini tushundim. 
Ov masalasi keyin ham ko‘p marta takrorlandi. Mergan meni tez-tez uyiga taklif qilib: «Tog‘a, kechqurun biznikiga kelib yotasan, ertaga azonlab ovga jo‘naymiz. Aytmoqchi, haligidan birorta ola kelgin, bo‘zaga qo‘shib, ermak qilib o‘tiramiz», deydi. Men «haligisidan» bittani olib uyiga boraman. Keyin allamahalgacha shakarguftorlik qilib o‘tiramiz. Bechora Qorasoch har gal ov anjomlarimizni taxt qilib, eshakni yemlab, itlarni qantarib, tayyorlab qo‘yadi. Lekin, ertasi uyg‘onsak, yana choshgoh bo‘lib qolgan bo‘ladi...
Haytovur, bir gal ovga borish nasib etdi. O‘sha kuni havo aynib, qor shunchaki elab turardi. Biz endigina tong yorishayotganda o‘rnimizdan turib, apil-tapil bir kosadan bo‘zani simirib, yo‘lga otlandik. Mergan mening bir qo‘limga halacho‘p berib, bir qo‘limga beshta itning yetovini tutqizib, o‘zi yalpayib eshagiga minib oldi. Agar, ovga bo‘lgan ishtiyoq shunchalik jigarimdan urmaganida, bu xo‘rlikka chidamagan bo‘lardim.
Pomirda kiyik ovlash uchun uzoqqa borib o‘tirmaysiz. Ikki burilishdan o‘tib, bir keng jilg‘aga yetganimizda, mergan eshagini to‘xtatib, durbinni ishga soldi. Buni ko‘rib, yetovimdagi itlar ham bezovtalanib, quloqlarini dikkaytirib, egasining har bir harakatini diqqat bilan kuzata boshlashdi. Qari, bo‘z eshak esa o‘z holicha, mudragannamo katta shuvoqning tagini ho‘llay boshladi.
— O‘n chog‘li taka yuribdi, — dedi mergan kutilmaganda.
— Qani? — deb merganning qo‘lidan durbinni yulib oldim.
Qarasam, rostdan ham, novvosday-novvosday keladigan o‘nta taka bamaylixotir o‘tlab yuribdi. Meni hayajon bosdi.
— Endi nima qilishimiz kerak? — dedim, ko‘zimni durbindan olmay.
Mergan mening savolimga javob bermasdan, eshagidan tushib, itlarini yecha boshladi. Itlar hali takalarni ko‘rmagan bo‘lsa-da, bo‘lajak ovning zavqini tuyushib, biri olib-biri qo‘yib g‘ing‘ishlashib, ko‘zlari olma-kesak terib, chor tarafga alanglashardi. Mergan hammasini yechib bo‘lib, kerakli tomonni qo‘li bilan ko‘rsatib qo‘ydi. Itlar yelib ketishdi. Ammo, uzoqqa bormay, keskin burilishib, takalar qolib, tamoman teskari tomonga chopib ketishdi.
— Itlaringiz jinni bo‘lganmi? — dedim men, hafsalam pir bo‘lib.
— Ular takalarni ko‘rishdi, — dedi mergan. — Aylanib borib, orqasidan chiqishadi.
— Unda biz nima qilib turibmiz, bu yerda? Biz ham ortidan bormaymizmi?
— Bizning u yoqda keragimiz yo‘q. Itlar o‘zlari haydab kelishib, huv anavu qoyaga qamab berishadi. Undan ko‘ra ustingdagi to‘ningni yechib, yengillanib tur.
Men merganning aytganini qildim. Bu orada itlar ovozi eshitilib qoldi. Qarasam, to‘rt it bir takaning ortidan quvlab, boyagi mergan ko‘rsatgan qoyaga chiqib borishardi. Taka itlardan yuz metrcha oldinda, bechoraning joni ko‘ziga ko‘rinib, bor kuch-quvvatini, chopqirligini ishga solgandi. U itlarga nisbatan ancha chopqir, boz ustiga, qoyaga yetganda uning ustunligi yanada orta boshladi. Shu zayilda qochaversa, qutulib ketardi. Lekin, taka bu imkoniyatdan foydalanish o‘rniga, ta’qibchilarning vahimali vovillashidan qo‘rqib, keskin burilib, devordek silliq yuza bo‘ylab, qoyaning o‘rtasigacha qiyalab chopib bordi-da, kaftdekkina yerda hansirab turib qoldi. Shubhasiz, u tin olgan yerga it zoti chiqa olmasdi. Merganning itlari ham, u yerga intilish o‘rniga, qoyani qurshab oldi. Ularga shugina kerak edi. Bechora taka endi qutuldim, deb o‘ylagandir, balki. Itlarning ortidan miltiqli odam kelishini u qayoqdan bilsin.
— Mana, endi jo‘na, — dedi mergan. — Naq boshiga otgin!
 Men qoyani ko‘zlab yugurdim. Biroq Pomirda uzoqqa yugura olmaymiz. Tutak degani bor, oyog‘ingizga kishan uradi-qo‘yadi. Bu yerda o‘ru qirga ohista yurib, burningiz qonamay chiqib borsangiz, o‘pka, yuragim sog‘lom ekan deb, faxrlansangiz arziydi.
Men qoyaga eltuvchi qirning qulayroq, takaga ko‘rinmaydigan tomoni bilan yurib, yarim soat deganda, qoyaning bir tomonini to‘sib turgan itning yoniga yetdim. It bilan kiyikning oralig‘i ellik metrcha kelardi. Shu yerdan turib otishga qaror qildim. Katta toshning biqinini panalab, miltiqni o‘qladim. Miltiq pomirliklar tili bilan aytganda — «pirsildoq» degan turidan edi. To‘luboy merganning aytishicha, buning o‘qi kiyikka tekkanda «to‘p» degan, tegmaganda «chaq» degan tovush chiqar emish. Otib ko‘raylik-chi...
Miltiqning masofa o‘lchagichini yetmish besh metrga qo‘yib, mo‘ljalga ola boshladim. Lekin, halloslab kelganimdan, o‘pkamni bosa olmay, qo‘llarim qaltirab, miltiqning mo‘ljalcho‘pi bir joyda turmasdi. Boshimni ko‘tarib, bir-ikki daqiqa kiyikni tomosha qilib turib qoldim. Kiyik nihoyatda katta, chiroyli edi. Uyuridan ajralgan bechora, betinim hurib turgan itlarning qurshovida qo‘rqib, qaltirab, o‘ta ayanchli ahvoldaydi.
Men tepkini bosib yubordim. «To‘p» degan aks-sado eshitildi, tegdi chamasi. Lekin, taka qochish tugul, o‘rnidan ham jilmadi. Faqat, ulkan gavdasi bir silkinib, ohista burilib, menga orqasini o‘girib oldi. Men shosha-pisha ikkinchi o‘qni uzdim. Yana boyagi «to‘p» degan tovush eshitildi. Taka yana qochish o‘rniga, bir aylanib, men tomonga qarab oldi. Yana otdim. Bu gal yovvoyi taka avvalgidek burilmasdan, og‘ir gavdasi bilan qulochdek keladigan shoxlarini qoyaga tirab turib qoldi. Shunda men uning bu fojiali ahvolini ko‘rib, ich-ichimdan zil ketdim. Ishonsangiz, kiyikdan uyaldim. Qochib borayotganda otib olsam ham, bir navi edi. Aksincha, o‘zimdan ellik odim nariga mixlab qo‘yib, go‘yo jonsiz nishonga otgandek o‘q yog‘dirishim insofdan emasdi. Men takani, chorasiz taslim bo‘lgan pahlavonga, o‘zimni esa, uni hayotdan mahrum etgan bag‘ri tosh, qo‘rqoq qotilga o‘xshatdim. O‘zimni bunday noxush hissiyotlardan, kiyikni esa, og‘ir azob-uqubatdan xalos etish uchun apil-tapil yana o‘q uzdim. Takaning gavdasi chiyralib, yana aylanmoqchi bo‘ldi-yu, lekin, aylana olmasdan, baland zovdan pastga qarab uchib ketdi. Kiyik xiyla yergacha havolanib borib, qoyaning etagidagi oppoq, mayda yalanglikka tushdi. Mayda toshlardan ko‘chki hosil bo‘lib, kiyikning sulaygan jonsiz (ehtimol, hali joni bordir?) tanasini to‘ppa-to‘g‘ri To‘liboy mergan tomonga surib ketdi.
Men shoshmay tepadan tushib kelgunimcha, mergan kiyikni bo‘g‘izlab, ichak-chavog‘ini itlariga xomtalash qilib bergandi.
— Kelishgan takani otibsan, bacha, — terisini Mamitga beramiz, muzeyga tulum qilib olsin.
— U qanaqa muzey?
— Sen hali uning muzeyini ko‘rganing yo‘qmi? O‘quvchilariga qoyilmaqom muzey yasab bergan. Men unga ko‘maklashib turaman. Muzeydagi tulum qilingan jonivorlarning barini men otib berganman.
— Shunday deng...
Biz kiyikni eshakka yoppa tashlab, yo‘lga ravona bo‘ldik. Ushbu ov mening ruhiyatimni qarama-qarshi hislar girdobiga g‘arq qilgandi...

* * *

Ertasi kuni maktabda birinchi qo‘ng‘iroq chalindi. Men bir jurnalni qo‘ltig‘imga qisib, o‘qituvchilar bilan xonadan chiqib, yo‘lakning oxiridagi «VIII-sinf» degan yozuvi bor eshik tomon yurdim. Bu mening sinfim edi. O‘quvchilarim bilan tanishadigan kun — birinchi darsimga eng yaxshi kostyumimni kiyib, eng yaxshi bo‘yinbog‘imni taqib, ko‘kragimga universitetning ko‘krak nishonini qadab kelgandim. Shuning uchun odatdagi ust-boshlari bilan kelgan mahalliy o‘qituvchilarning oldida, men xuddi, estrada sahnasidagi olifta xonandaning o‘zi bo‘lib qolgandim. Bu qusurim uchun ancha vaqtga qadar uyalib yurdim. Yo‘lakning oxirigacha Roqiya bilan birga bordim. Uning sinfi meniki bilan yonma-yon edi.
— Birinchi darsingizga omad, — dedi u jilmayib, o‘z sinfiga kirayotib.
Uning bu samimiyati biroz erish tuyulsa-da:
— Rahmat! — deb, bo‘yinbog‘imni to‘g‘rilab eshikni ochdim.
Sinf xonasi kattagina edi. Biroq, xonada sakkizta parta bo‘lib, har bir partada bittadan o‘quvchi o‘tirardi. O‘quvchilar o‘zaro qizg‘in suhbatga berilishib, kulib-yayrab o‘tirishgan pallada meni ko‘rishib, hammasi o‘rinlaridan turishdi.
— Salom, bolalar! — dedim, men ularga.
— Salom, og‘ay! — deyishdi ular bir ovozdan.
Shu asnoda oxirgi partadagi o‘quvchi ruxsatsiz joyiga o‘tirib olgan ekan, mening nigohimni ko‘rib, darrov o‘rnidan tura qoldi. Bu o‘quvchining yoshi sinfdagilardan kattaroq bo‘lib, o‘n sakkizlar chamasida, savlati menikidan kam emas. Uning bu sinfda o‘tirishi menga g‘alati tuyuldi.
— O‘tiringlar, bolalar! — deb, o‘zim ham o‘tirdim. — Bugungi darsimiz tanishuv darsi bo‘la qolsin. Mening ismim — Oxun, familiyam — Matqoliqov. Men sizlarning sinf rahbaringiz, shuningdek, qirg‘iz tili va adabiyotidan muallimingiz bo‘laman. Endi, men ham sizlarning ism-familiyalaringizni bilib olsam. — Men jurnalni ochib, ro‘yxatni batartib o‘qiy boshladim:
— Turotov Toshboy kim?
— Men, og‘ay, — deb tovoqbet, olako‘z bola o‘rnidan turdi.
— O‘tir. To‘qto‘boyev Sodiq?
— Men! — qichqirdi birinchi partada o‘tirgan to‘rg‘aydekkina bolakay.
— Botirova Sora?
Sinfdagi uch qizdan biri jimgina o‘rnidan turdi.
— Do‘o‘lo‘tova Unsun?
Ikkinchi qiz ham indamay o‘rnidan turdi.
— To‘ychiyev Payiz?
Oxirgi partadagi katta bola o‘rnidan turib: — Men, — dedi beso‘naqay ovozda.
— Yoshing qanchada? — deb so‘radim undan.
— O‘n sakkizda, — dedi bola xijolat bo‘lib.
— Nega shu yoshingda sakkizinchi sinfda o‘tiribsan?
Payiz indamadi.
— Og‘ay, bu bola har bir sinfda ikki yil o‘qishni yaxshi ko‘radi, — dedi uning o‘rniga Sodiq.
O‘quvchilar kulib yuborishdi. Payiz Sodiqqa bir yovqarash qilib qo‘ydi.
— O‘tir, — dedim men uni xijolatdan chiqarib. — Mamitova Adolat?
Sinfdagi uchinchi qiz o‘rnidan turdi...
— Esenov Ermek?
Bu ukkiko‘z, burni o‘roqday bolani, keyin bilsam, onasi badaxshonlik tojiklardan ekan.
Men jurnalni yopdim.
— Mana, biz tanishib ham oldik, — dedim, o‘rnimdan turib.
— Endi sizlar ta’tilni qanday o‘tkazganingizni bilmoqchiman.
— Ta’tilimiz yaxshi o‘tdi, og‘ay, — dedi bir necha bola baravariga.
— Hech qanday yaxshi-paxshi o‘tgani yo‘q! — deb, Sodiq ularnikini rad etdi. — Og‘ay, biz ta’til qanday o‘tganini sezmay ham qoldik. Hammamiz xo‘jalikda ishladik. Qizlar qo‘tos sog‘ishdi, bolalar pichan o‘rishdi, jun qirqishdi. Buning nimasi ta’til?
— Hoy, noshukur, — dedi Adolat. — Seningcha, ta’tilda biz nima qilishimiz kerak?
— Dam olib, o‘ynab-kulishimiz kerak, — dedi Sodiq, so‘zini ma’qullab. — Misol uchun shaharlik o‘quvchilarni olib ko‘raylik, ta’tilni qanday o‘tkazisharkin? Ularga hamma narsa muhayyo — maxsus lagerlar tashkil etilgan. To‘g‘rimi, og‘ay?
Men bolaning savoliga javob bermasdan, deraza yoniga bordim. U yerdan idora, maktab, magazin, klub — bu imoratlarning qurshovidagi katta maydon kaftdagidek ko‘rinib turardi. Maydonning o‘rtasida tuproqqa belanib, oftobqoqi bo‘lib, to‘qimi bilan ho‘v o‘sha qo‘tos yotibdi. Shu payt, kutilmaganda, magazinning yonidan bir yangi qora «Volga» yelib chiqdi-da, negadir, maydonda bir doira yasab, qo‘tosning oldiga borib to‘xtadi. Mashinadan esa, mening deputatim tushib, qo‘tosning manglayini silab-siypab qo‘yib, shaxdam yurib magazinga kirib ketdi. Lekin magazinda uzoq turmay qaytib chiqib, maktab tomon kela boshladi.
— Hoy, qaranglar, Maman akaning «Volga»si kelibdi! — deb qichqirdi bir bola.
Shu zahotiyoq yoppasiga derazaga kelib «Volga»ni tomosha qilib qolishdi.
— Qani, joy-joylaringga o‘tiringlar! — dedim men. — «Volga» ko‘rmaganmisizlar?!
Bolalar negadir, mening so‘zlarimga hayron bo‘lishganday, bir-biriga qarashdi. Shu payt, kutilmaganda qo‘ng‘iroq chalinib qoldi. Men hayron bo‘lib, soatimga qarasam, dars tugashiga hali yigirma minut bor ekan. Bolalar birdaniga, mening ruxsatimni ham kutishmay, eshikka yopirilishdi.
— Qayoqqa! Qayoqqa?! Joylaringga o‘tiringlar! — deb qichqirdim jahlim chiqib.
Ammo, o‘quvchilarning birortasi ham quloq solishmadi. Sinfda yolg‘iz o‘zim qoldim. O‘quvchilarimning o‘zboshimchaligidan, bemavrid qo‘ng‘iroq chalgan kimsadan darg‘azab bo‘lib, o‘qituvchilar xonasiga jo‘nadim. Yo‘lakka chiqsam, maktabdagi jamiki o‘quvchilar to‘s-to‘polon bilan tashqariga chiqib ketishayotgan ekan. Xonaga yetmasimdan, bir to‘da o‘qituvchilar qurshovida kelayotgan deputat meni ko‘rib:
— Oxun! — deb, quvonchli xitob bilan kelib, meni bag‘riga bosdi. — Rahmat! Kelganing yaxshi bo‘pti. Qalay, qishlog‘imiz yoqdimi?
— Shoshmay tur, picha vaqt o‘tsin, keyin aytarman, — dedim. So‘ngra mudirga murojaat qildim. — Qo‘ng‘iroq nega buncha erta chalindi?
 U o‘z navbatida istihola bilan deputatga qaradi.
— Qo‘ng‘iroqni men chaldirdim, — dedi deputat.
— Sen? Nima uchun?
— Bolalar «Volga»ni bir tomosha qilib olishsin. Hozir uni tumanga qaytarib yuboraman. 
Men hech narsaga tushunmadim.
— Bu nimasi? Bolalar hech «Volga» ko‘rishmaganmi?
— Ko‘rishgan. Ikki martagina. Ikkalasida ham men o‘zim haydab kelganman. — Deputat meni qo‘ltiqlab, maydonga olib chiqdi. Bolalar qurshovida «Volga» ko‘rinmas edi. — Bizning tumanda bacha, shu birgina «Volga» bor. Bu asli hokimga tegishli bo‘lib, u viloyat markaziga — Xorogga borgandagina minadi. Xo‘jaliklarning yo‘llari yomon, ichki ehtiyojlariga eski «Villis»ini ishlatadi.
— Nega, endi senga mashinasini berib qo‘ydi?
— Mengami? Axir men deputatman-ku... 
Hamqishloq muallimlarga yuzlanib: — Menga bermay ko‘rsin-chi? — dedi.
Men kulib yubordim. Hammamiz mashina yoniga bordik.
— Qani, tomosha tugadimi? — deb so‘radi deputat bolalardan.
— Yana ozgina qo‘yaturing, Maman aka, — deyishdi bolalar.
— Tuman markaziga yuz kilometr masofa, shofyor ham ertaroq yetib olsin. Qani, yo‘l beringlar.
Maman mashinadan jomadonini olib, Payizga uzatib: — Qo‘tosning qanjig‘asiga bog‘la, — dedi. So‘ngra mo‘ylovli shofyorga, Endi sen ketaver, Usenboy, deb buyurdi.
Usenboy mashinaga o‘tirib, chang to‘zg‘itgancha yelib ketdi.
— Yana bir oz qo‘yaturganingizda, — dedi Sodiq o‘kinch bilan.
— Xafa bo‘lma, bacha, — dedi deputat unga. — Maman akang omon bo‘lsa, bu mashinani ko‘p marta ko‘rasan. Endi qorong‘uga qolmay, men ham yo‘lga tushay, bundan nariyog‘iga ham bir kunlik yo‘l.
— Unday bo‘lsa, boyagi «Volga» bilan yetib olsang bo‘lmasmidi? — so‘radim men.
— E-e, bacha, men boradigan yerga «Volga» emas, tanking ham bora olmaydi, — dedi Maman. — Payiz, mening qo‘tosimni keltir. Payiz bir yonboshiga jomadon bog‘langan qo‘tosni keltirdi. Maman qo‘tosga minib:
— Yaxshi qolinglar, — dedi.
— Yaxshi boring! — deyishdi bolalar.
— Uyingga omon-eson yetib ol! — oq yo‘l tilashdi kattalar.
— Xayr endi, Oxun, — dedi Maman.
— Xayr, — dedim men ham bosh irg‘ab.
— Toshmat aka! Mamit aka! — xitob qildi deputat, direktor bilan mudirga qarab. — Oxunni xafa qila ko‘rmanglar!
— O‘libmizmi, xafa qilib! — dedi direktor. — Nima desa, biz tayyor. Jamiki qirg‘iz tili va adabiyoti darsini berdik. Oz desa, yana beramiz. Bizda chet tili muallimi yo‘q, ashula darsi ham egasiz yotibdi. Xohlasa, ularniyam olsin.
— Ularniyam beringlar, — dedi Maman.
Men kulib yubordim.
— Rahmat, shundog‘am keragidan ortiqcha, – dedim.
— O‘zing bilasan, — dedi deputat. — Ish qilib, bizdan xafa bo‘lmasang bo‘ldi. Xo‘p, endi men boray. Qani, Payiz, tizginni ber. Aytmoqchi, Oxun, Payiz mening jiyanim bo‘ladi. Yaxshilab o‘qitaver. Eplab, bu yil sakkizni bitirib olsa, Dushanbega olib borib mol do‘xtirligi o‘qishiga kirgizib qo‘yaman. O‘qib, odam bo‘lsin. Chu, jonivor...
Maman qo‘tosning biqiniga niqtab, lo‘killatganicha yo‘lga ravona bo‘ldi. Shu zahoti, qo‘ng‘iroq chalinib, o‘qituvchilaru o‘quvchilar maktabga oshiqdi.
Shu asnoda: — E-e-ey, tog‘a! — degan ovoz qulog‘imga chalindi.
Qarasam, To‘luboy mergan. Qizi ikkalasi magazindan chiqib kelishayotgan ekan. Mergan sarhushroq, qizi yetaklab olibdi. Qizning qo‘ltig‘ida bo‘g‘chasi ham bor.
— Assalomu alaykum, — merganga salom berdim. — Horma, Qorasoch.
— Bor bo‘ling.
— Tog‘a, sen bugun kechqurun biznikiga borib yot, — dedi mergan. — Ertaga ovga boramiz.
— Rahmat, ertaga darslarim bor, bora olmayman.
— Unda darsing yo‘q kuni bor. Maylimi?
— Mayli.
— Mana ko‘rasan, men seni mergan qilaman. Kiyik otasan, ayiq otasan, yo‘lbars otasan...
Qorasoch menga qarab jilmayib qo‘ydi.
Uning nega jilmayganini anglab yetmasam ham, men ham jilmayib qo‘ydim. Lekin, qizning nigohi boshqa tomonda ekanligini ko‘rib, ortimga qarasam, o‘quvchilardan ortda qolgan Payizni ko‘rdim. U qizga qo‘llari bilan duduqlarcha nimalarnidir ishora qilardi. Qorasochning kimga jilmayganini endi tushundim. Bu o‘sallikning alamini Payizdan oldim:
— Sen nima qilib turibsan, bu yerda?! — deb jerkidim uni. — Yo qo‘ng‘iroqni uqqaning yo‘qmi?
Payiz shoshib jo‘nab qoldi. Mergan eski ashulasini xirgoyi qilib yo‘lga tushdi:
— E-e-ey, qator-qator nor haydab...

* * *

Dam olish kuni bekor o‘tirmayin deb, uyimni oqlay boshladim. Uyim qishloqdagi aksariyat uylar singari, biror marta ham ohak ko‘rmagan. Shuning uchun, ohak durustroq yopishmasdi. Shunday bo‘lsa ham, bir navi deb, ohaklay berdim.
Bir mahal uyga yoshi elliklardan oshgan, o‘rta bo‘yli, to‘ladan kelgan, og‘ir karvon bir kishi kirib keldi.
— Assalomu alaykum, og‘ay, — dedi u, qo‘l uzatib. — Kelganingizni eshitganimga ancha bo‘lsa-da, bir kelib tanishib ketishga imkon topmadim. Men shu xo‘jalikning raisiman. Ismim Jaqip. 
— Yaxshi, rahmat, — dedim men. — Mening ismim Oxun.
— Savob ish qilibsiz. Shuncha uzoq joydan kelib, bolalarimizni o‘qitayotganingiz uchun rahmat. Biz tomonlarga sizdaqangi o‘qimishli yoshlar kam kelishadi, o‘zimizda esa kadrlar yetishmaydi. Kelganingiz uchun minnatdormiz.
Bu maqtovlarga loyiq biror so‘z deyishga tilim aylanmadi.
— Uy oqlayapsiz ekan-da. Buningiz ham biz uchun yangilik. Mayli, siz oqlay bering-chi, agar, yaxshi chiqsa, bizga ham o‘rnak bo‘lsa ajab emas, — dedi rais kulib. Unga qo‘shilib men ham kuldim. — O‘rda*** otib o‘rganganmisiz, og‘ay? — deb so‘rab qoldi rais, qo‘lidagi oshiqni kaftida aylantirib.
— Yo‘q, o‘rganmaganman, — dedim, ajablanib.
— O‘rganmagan bo‘lsangiz, o‘rgatamiz. Yuring, birpas ermak qilamiz.
— Rahmat, boshqa kuni o‘ynarmiz. Bugun uyimni oqlab olay.
— Ha, mayli. Unda o‘zimiz o‘ynaymiz.
Rais chiqib ketdi. Men ortidan kulib qolaverdim.
Keyin bilsam, o‘rda — bu qishloqning yagona ermagi ekan. Turli marosim va bayramlarda sovrin tikilib, ko‘pkari uyushtirishar ekanlar. Lekin, bunday imkoniyat hamisha ham bo‘lavermaydi. Biroq, asosan pomirlik qirg‘izlarning joniga oro bo‘ladigan birgina narsa shu o‘rda otish o‘yini ekan. Qishloq ahlining qo‘li mehnatdan ozgina bo‘shadi deguncha, erkaklar ikkiga bo‘linib, o‘rdani boshlashadi. Aksariyat dehqon bilan o‘qituvchilar bir-biriga raqib bo‘ladilar. Odatda, dovga bir qo‘y tikiladi. O‘yin boshidayoq, qo‘y bechoraning boshi olinib, go‘shti bir xonadonning qozonida qaynay boshlaydi. Yana allaqancha shisha ichimligiyam bo‘ladi. O‘yin tugagandan so‘ng, o‘rda otuvchilarning bari o‘sha uyga borishib, miriqib kayfi-safo qilishadi-da, chiqimning harajati o‘yinni boy bergan tomonning gardaniga tushadi.
Rais Jaqip o‘rdaning mutaassib ishqibozi ekan. U, xo‘jalikning tashvishlari bilan bo‘lib, kunlar, haftalar davomida qishloqda bo‘lmaydi-da, kelishi bilan darhol o‘rdaning payiga tushadi. Ostona hatlar-hatlamas, birinchi sinfda o‘qiydigan o‘g‘liga: «Abdusamad, bor, og‘aylaringga ayt, o‘rda otamiz», — deydi.
Xiyol o‘tmay, magazin qarshisidagi maydonga o‘qituvchilar birin-sirin kela boshlashadi. Ularni ko‘rib, idoradan qishloq faollari chiqishadi. Magazinchi Turat vazifasini mening sinfimda o‘qiydigan o‘g‘li Toshboyga yuklaydi. Kimdir, birov, do‘nglikka chiqib, hovlisida g‘imirlab yurgan To‘luboy merganga imo-ishora qiladi... Zaruriyat bilan uzoq-yaqindan kelgan cho‘pon-cho‘liqlar bo‘lsa, ular ham shu yerda hozir. Tomoshabinlarni qo‘yaverasiz. Ko‘p o‘tmay bir xalta oshig‘ini ko‘tarib rais keladiyu, o‘yin boshlanib ketadi.
Ba’zan tap bosdi uchun raisga birorta ham xarif topilmay qoladi. Muallimlarning darsi bor, qishloq faollarining ham vaqti ziq, magazinchi Turat savdoning sustligidan shikoyat qiladi; mergan toqqa chiqib ketgan bo‘ladi. Qisqasi, raisning bozori kasod. Bunaqangi paytlarda, rais xaltasini qo‘ltiqlab idora, magazin va maktab o‘rtasida tanda qo‘ya-qo‘ya, taqdirga tan berib, uyiga ravona bo‘ladi.
Bir gal shunaqangi vaziyatda o‘quvchim Payizni chaqirib olib, kechgacha u bilan o‘rda otishgan. Lekin, Payiz o‘rda otolmasdi. Rais uni yuta-yuta, hafsalasi pir bo‘lib, bolani so‘kib-so‘kib, haydab yuborgan. Yana bir kuni hatto Payizni ham topa olmay, atrofni tuman bosib, qor elab tursa ham, qosh qorayib, oshiqlar ko‘rinmay qolguncha, o‘zi bilan o‘zi o‘ynab, nihoyat, maydonni tark etgan. Mana shunday fidoyi ishqiboz bu raisi tushmagur.
Men xonalarning ichini oqlab bo‘lib, sirtga chiqdim. Oftobli kun edi. Maktab binosining orqa tomonidagi yalanglikda bolalar to‘p o‘ynashmoqda. Odatdagi maydonda esa, o‘rdachilarning shovqin-suroni avjida. Devorga suyanib o‘ltirib, ularni picha tomosha qildim-da, ishimni davom ettirdim. Dastavval, tikkasiga chiziq tortib, uzun devordan o‘z uyimning chegarasini belgilab oldim. Keyin chelakni kursi ustiga qo‘yib olib, bafurja ohaklay boshladim. Lekin, ko‘p o‘tmay, suvi qochib, ohagim devorga yuqmay qoldi. Bitta bo‘sh chelak topib, suvga jo‘nadim.
Daryoga tik qirg‘oqdagi qiyalama, so‘qmoq orqali tushiladi. Arava yo‘li ham bor, lekin, unisi aylanish — uzoqlik qiladi. Suvni obkash, ot-ulov bilan, hammomga o‘t yoqilgan kunlari arava bilan tashiladi.
Qiyalikka yetganimda, obkashda suv ko‘tarib kelayotgan Roqiyaga duch keldim.
— Yaxshimisiz, Roqiya? — deb, unga yo‘l bo‘shatdim.
Roqiya alik olgach:
— Bu deyman Oxun, birato‘la pomirlik bo‘lish niyatingiz bor chamasi? — dedi.
— Anavi «og‘ilxonangizni» oqlayotganingizga aytaman-da.
— Endi... Besh kun bo‘lsa ham, «og‘ilxonadan» farqlanib tursin-da.
Roqiya kulimsirab, boshi bilan «ma’qul!» ishorasini qilib o‘tib ketdi.
Sohilga, tushganimda bir gala yovvoyi o‘rdak mendan hurkib, havoga ko‘tarildi. Bularni ko‘rib, daryoning o‘rtasidagi orolchadan, ikki sohildagi baland jarlarning tubidan, nariroqdagi manzil ortidan, o‘nlab, yuzlab g‘oz va o‘rdaklar ko‘kka o‘rladi. Osmonni tutgan «g‘at-g‘ut»lardan daryoning shovqini ham eshitilmay qoldi. Men ularning shovqin-suroniyu parvoziga mahliyo bo‘lib, ko‘pga qadar turib qoldim. To‘luboy merganning aytishicha, bular mehmon qushlar bo‘lib, issiq o‘lkalarga ketish mavsumi boshlanib qolgandi. Ularning o‘tish davri yana biror oy davom etib, keyin, kelgusi yilning ilk bahorida qaytib kelisharkan. «Shu qushlarning ichida bitta oq g‘oz bor, o‘sha g‘oz birinchi bo‘lib qaytib kelishi bilan, Pomir zaminida bahor boshlanadi», degan edi To‘luboy. Mergan shunday degandan buyon, men bu ilvosinlar galasidan o‘sha oq g‘ozni ko‘p izladim... 
Nihoyat, qushlar olislab ketishdi. Men daryo labiga keldim. Darvoqe, bu daryoning nomi ham, tumanning nomidek Murg‘ob deb ataladi. Aniqrog‘i — tumanning nomi daryodan olingan. «Murg‘ob» tojikchasiga «murg‘ — o‘rdak», «ob-suv» ya’ni — o‘rdaklisoy degani ekan.
Chelagimni endigina suvga botirganimda, faqat shunaqangi pokiza suvlardagina yashaydigan, mudrab yotgan bir gala gulmohi balig‘i tiraqaylab qochishdi. Bu yerlarning balig‘i juda yuvosh tabiatli. Yosh bolalar to‘g‘nag‘ichdan qo‘lbola qarmoq yasab, nonning kuyigini ho‘rak qilib ovlashar ekan. Agar, To‘luboy merganning gaplari rost bo‘lsa, suvga kelgan qiz-juvonlar ham baliqlarni cho‘mich bilan qirg‘oqqa irg‘itib olar emish. Buning sababi — baliqlarning kamdan-kam bezovta qilinishidadir. Pomirlik qirg‘izlar baliq go‘shtini go‘sht o‘rnida ko‘rishmaydi. Meni baliq oviga ketayotganimni ko‘rishganda, ajablanib qarab qolishardi. Birortasiga o‘ljamdan ko‘z haqi bersam, «qo‘y-chi, bacha, buningni kim tozalaydi?» deb, olishmaydi. Albatta, bunday yerning balig‘i bayov bo‘ladi-da!
Suvni olib, o‘rnimdan turganimda, narigi qirg‘oqda ketayotgan qiz bilan yigitga ko‘zim tushib qoldi. Qo‘ltiqlarida bir tutamdangina quvrayi bor. Ikkovi bir-biriga, erkalanishib, bot-bot o‘pishib ketishmoqda. Sinchiklab qarasam, qiz merganning qizi, yigit esa, mening Payizim ekan...
Hayrat bilan: — Qoyil-e-e, — dedim-u, maboda, meni ko‘rib qolishsa, hijolat bo‘lishmasin deb, burilib ketdim.
Peshingacha ishimni bitirib, kunning qolgan qismini o‘z o‘quvchilarim bilan o‘tkazdim. O‘qituvchilar galma-gal internatda navbatchi bo‘lib turishadi. Ya’ni — internat bolalarining ovqati, o‘zlashtirishiyu yotib turishigacha mutasaddilik qilishadi. Bugun mening navbatim edi. Uyimni oqlab, oshxonaga kelsam, oshpaz ayol kechki ovqat pishirishga o‘tin yo‘q deb qoldi. Men darhol bolalarga birdan qop oldirib, qishloqning u yoq-bu yog‘idan tezak terdira boshladim. Tezak terish asnosida, to‘satdan Unsin:
— Qaranglar! Oxun og‘ayning uyi oq paravozga o‘xshab qolibdi! — deb qiyqirdi, bolalarcha quvnoqlik bilan.
Biz do‘nglikda bo‘lganimiz uchun qishloqning uylari pastlikda yastanib yotardi. Qarasam, mening oqlangan uyim, darhaqiqat o‘zining rangi bilan yondosh uylardan farqli o‘laroq, bir necha ko‘rksiz, g‘aribona vagonlarni shatakka olgan paravozga o‘xshab qolibdi.
— Ha-ha! Xuddi o‘zi! — deb chuvillashdi bolalar.
Faqat Sodiqqina aftini burishtirib, Unsinga:
— Hoy, dovdir, parovoz ham oq bo‘lar ekanmi? — dedi.
— O‘zing dovdirsan, men misol uchun aytayabman! — dedi Unsin jahli chiqib.
— Rostdan ham qanday chiroyli paravoz, — dedi Sora, ularning bahsiga e’tibor bermay.
Sorani boshqalar ham quvvatlashdi.
— Qiziq, qayoqqa ketyapti, bu paravoz?
— Hech qayoqqa ketayotgani yo‘q, vokzalda turibdi.
— Yo‘q, qayoqqadir ketayapti.
— Hammang jinnisan! — dedi Sodiq norozi ohangda.
Bolalar o‘z xayoliy tasavvurlari zavqiga botib, miriqib kulishardi.
— To‘xtanglar! — dedi Adolat, — rostdan ham Oxun og‘ayning uyi paravozga aylanib berigi uylar tirkalgan vagonlar bo‘lib qolsa, biz nima qilar edik?
Endi Sodiq ham qo‘shildi ularga:
— Unda men unga tushib olib, ketib qolardim.
— Qayoqqa? — deb so‘rashdi bolalar.
— Qayoqqaligining farqi yo‘q. Maktabi yo‘q yer bo‘lsa, bo‘lgani...
— Jinnisan, — dedi Sora unga.
— Men, — deb qoldi Ermek. — Afrikaga borardim.
— Oxo-xo-o! — deyishdi bolalar baravar.
Bittasi hushtak ham chalib yubordi.
— Afrikada aslo qish bo‘lmaydi, — deb davom etdi Ermek, ularning masxaralashiga parvo qilmay. — Odamlar doyim yalang‘och yurishadi.
Bolalar yana kulishdi.
— Qasamxo‘r! — dedi Unsin. — Yo‘q, deganda tursi kiyib yurishadi desang!
— Qanday farqi bor? — dedi Ermek.
— Men esa meva-chevalari ko‘p tomonlarga ketardim, — dedi Toshboy.
— Mechkay! — dedi hamma bir ovozdan.
— Sen-chi, sen qayoqqa borar eding? — deb so‘radi Adolat, dugonasi Unsindan.
— Menmi? Men... Men... E, baribir oyim meni hech qayoqqa yubormaydi, — dedi Unsin.
Bunga ham kulishdik.
— Sen o‘zing-chi? — deb so‘radi Unsin.
— Bilasizlarmi, men qayoqqa borardim? — deb Adolat xiyol o‘ylanib turgach. — Bishkekka borardim. Borib o‘zimga shaharlik qizlar kiyadigan liboslardan ko‘plab sotib olib, kun sayin kinoga, teatrga borardim.
— Ox-ox! — dedi Unsin havas bilan.
— Sen-chi, Payiz? — deb so‘rab qolishdi to‘satdan, odamovi Payizdan.
Payiz nima deb javob berishini bilmay, tirjayib, qizarib-bo‘zarib turib qoldi.
— Payiz hech yoqqa ketolmaydi, — deb uning o‘rniga Sodiq javob berdi. — Agar u ketib qolsa, Tuluboy merganning qizi bir umrga ersiz qolmaydimi?
Yana bolalarning umumiy kulgusi yangradi. Payiz darg‘azab bo‘lib, Sodiqqa qo‘l ko‘targan edi. Sodiq vaqtida chap berib qoldi.
— Og‘ay, siz nima qilar edingiz? — deb, so‘rab qoldi Adolat kutilmaganda.
Mening ham nimadir deyishimga to‘g‘ri kelib qoldi.
— Menmi? Men... Men bir kichkinagina yog‘och uychada o‘tirib olib, sizlarga bilet ulashib turardim. Chunki, biletsiz hech kimni poyezdga qo‘yishmaydi-da.
Mening javobimni ham bolalar quvnoq kulgi bilan ma’qullashdi. Shunchaki hazil bilan boshlangan bahs ko‘nglimizni ko‘tarib, ruhiyatimizga ajib bir musaffolik baxsh etdi. Chunki, arzimasdek bo‘lib tuyulgan, mazkur bahslar zamirida ulkan hayotiy mantiq mujassam bo‘ladi. 
* * *

Bugun havoning avzoyi buzuq. Kuchli shamol esib, o‘rda o‘ynaladigan maydonda quyunlar raqsi hukmron.
Men beshinchi sinfda, direktorning darsida o‘tiribman. Ertalabdan beri geografiya va tarix fanlaridan o‘tgan ikki darsida ishtirok etdim. Endi, uchinchisi — rus tilidamiz. O‘qituvchilarning bunday ish uslubini «tajriba almashish» deb qo‘yamiz. Ammo, rostini aytsam, direktor ikkimizning «almashadigan» hech vaqoyimiz yo‘q ekan. Menga uning ikkala darsi ham yoqmadi. Geografiya darsida u butun sinfdan: «Sholi nima degani?» deb so‘rab chiqdi. (Sholi — o‘tmishdagi jazo usullaridan biri bo‘lib, tuyaning xom terisidan tayyorlangan «kallapo‘sh» gunohkorning boshiga kiygizib qo‘yilgan. Teri qurib, qotgan sari, mahkumni mudhish azobga griftor qilgan. 1965 yilgi «Qirg‘izcha-ruscha lug‘at»ning 404-betdagi «kook», 899-betdagi «sholi»ga qarab, izohga hukm chiqarish sizga havola, taqsir. Direktorning ushbu savoli oddiygina «sholi» ya’ni oqlanmagan gurunch bo‘lishi mumkinligini hech mantiqqa «sig‘dirolmadim»...) Sinf bo‘yicha bittagina boladan tashqari, «sholi» nimaligini bilmaganlar «ikki bahoga sazovor» bo‘lishdi. Bilgan bola esa, shu «beshinchida» ikkinchi yil o‘qiyotgan bola bo‘lib, o‘tgan yili aynan shu savolga javob berolmay, imtihondan yiqilgan ekan. (Keyinchalik, buni menga o‘sha bolaning o‘zi aytib berdi). U dars oxirigacha men aytaman deb, qo‘l ko‘tarib turdi. Yonidagi bolalarning (Bizga ham aytib qo‘ysang?) degan yolvorishlariga parvo qilmadi. Nihoyat, direktor undan so‘ragach, bola to‘g‘ri javob berdi. Ammo, direktor «bilganingni boshqalarga aytmaganing uchun» deb, unga ham «ikki» qo‘ydi. Buni ko‘rgan, «alamzada» bolalarning boshi ko‘kka yetgandek bo‘ldi. Bunday uslubning mohiyatiga men aslo tushunmadim.
Tarix darsi hammasidan g‘aroyib bo‘ldi. Direktorning «guldurgup o‘yini» degan uslubi bor ekan. Bu uslub ta’limning yo‘rig‘iga binoan, u taxtani to‘ldirib savollarni yozib, so‘ngra sinfni ro‘yxat bo‘yicha chaqira boshladi. O‘quvchilar doskaga chiqib, savollar qarshisiga bilgan javoblarini jimgina yozishib, qaytib joyiga o‘tirishardi. Har gal chiqqan o‘quvchi, o‘zidan oldinga chiqqan o‘quvchining xatosini tuzatardi. Nihoyat, «guldurgup»dan zerikkan bolalar «eng ichida» kartani boshlab yuborishdi. O‘yinga berilib ketgan bittasi, kutilmaganda: «Dama!» deb qichqirib yubordi. Bu qichqiriq «guldurgup o‘yini»ning qoidasini buzdi. Direktor doskaga Payizni chiqarib, unga javobni yozmasdan, og‘zaki ayta qolishini so‘radi. (Chamasi, o‘zi ham «guldurgup»dan bezgandi). Payiz yolchitib javob berolmagach, direktor doskaga Sodiqni chaqirdi. Sodiq chiqib, yaxshi javob bergach, direktor unga baho qo‘yib bo‘lib, «Qani, endi, Sodiq mana buning yuziga tarsaki tushir» deb, Payizga ishora qildi. Buyruq sinfga ham yoqa tushdi — o‘quvchilar baralla kulishib, buyruqning ijrosini kuta boshlashdi. Biroq, Sodiq, «og‘ay» deb ikkilanib, yuragi dov bermasdi. «Ur! Ur!» deb qiyqirdi direktor. Bolalar ham uning buyrug‘ini takrorlashardi. Bechora Payiz, bu uning hamishalik qismati bo‘lsa kerak, taqdirga tan berib, ikki ko‘zini lo‘q qilib tura berdi. Faqat, bir martagina iltijo bilan menga qarab oldi. Men ojizona boshimni quyi soldim. Bu orada «tars!» etgan ovoz eshitilib, gurra kulgi ko‘tarildi. Qarasam, Payiz chap yuzini siypalaganicha, alamli nigohini deraza tomonga o‘girdi. Derazaning nariyog‘ida esa, shamol uvillab, o‘rda o‘ynaladigan maydonda hamon quyunning raqsi davom etardi...
— Abdusamatov! — deb qichqirdi direktor.
— Qaysi birimiz, og‘ay? — deb so‘radi bir o‘quvchi.
— Sen emas, Qo‘ychumon, chiq!
Doskaga chorpahl, sap-sariq bola chiqdi.
— Gde t? stoish?! — deb o‘dag‘ayladi direktor unga.
Qo‘ychumon ruscha savolga tushunmay, o‘rtoqlariga mo‘ltilladi.
— Doskaga yaqinroq, tur deyapti, — deb tarjima qilib berdi bir bola.
Qo‘ychumon doska tomonga bir qadam jildi-da, burnini shilqil-latib tortib olgach, savolni ham kutmasdan boshlab yubordi:

— Beleyet parus odinokiy
V tumane morya golubom.
Chto i?et... Chto i?et...

deb borib, duduqlanib turib qoldi. Direktor unga g‘azabnok tikilib, menga ham bir yonaki qarash qilib qo‘ydi...
Avvalgi ikki darsini picha muhokama qilganimizda, men salbiy baho bergan edim. O‘zi: «Xolis gapiraver, hamisha dangalchi bo‘lishimiz kerak», dedi. Ehtimol, mendan maqtov kutgandir? Uning darslarini hamisha maqtasharkan. Rayondagi yig‘inlarda ham uni namuna qilib ko‘rsatisharmish. Murabbiylik qilgan yillari chindan ham ibratga arziydi. Yigirma to‘rt yillik umri maktabda o‘tgan. Shundanmi, mening ters bahoyim og‘ir botib, hazilakam «irg‘ishlamadi». Bizning munozaramizni eshitib turgan boshqa muallimlar ham o‘zlaricha o‘ng‘aysizlanib mo‘‘tabar kimsaning oldida men uchun hijolat chekishayotgandek edilar...
— Dumay, dumay, — dedi direktor Qo‘ychumonga. Darsi ruscha-qirg‘izcha aralash olaquroq edi. Begona kimsa bo‘lmasa, darsni qirg‘iz tilidayoq «qoyilmaqom» qilib qo‘yadigan siyohi bor. Qo‘ychumon izlaganini topmay, madad kutib, sinfga jovdirardi. O‘rtoqlaridan biri unga shiftni imo qilib qo‘ydi. U darrov shiftga qaradi. Shiftning vassajuftlari enli-enli taxtalardan iborat edi. Qarasam, har bir taxtaning yuzasi qalam, siyoh va bo‘r bilan turli fanlarga taalluqli tayyor «shpargalka»ning o‘zginasi bitilgan ekan.
Qo‘ychumon «shpargalka»ni xiylagacha hijjalab, o‘qib turib, nihoyat:
— V glu-ibi-nu si-bir-skix rud****... deb entikib, qiroatini keltirib o‘qib berdi.
— Nima deb aljirayapsan?! — deb qichqirdi direktor fig‘oni falakka chiqib.
Men bostirib kelayotgan dahshatli kulgudan qo‘rqib, deraza tomonga burilib, shaytonga hay berdim. Tangrim qo‘llab, bu fojeiy vaziyatga qo‘ng‘iroq ovozi nuqta qo‘ydi. Men darrov eshikka shoshildim.
Yo‘lakka chiqsam, Payiz Sodiqning ikki qulog‘idan mahkam ushlab, bechorani devor suzdirtib, boyagi tarsakining hisob-kitobini qilayotgan ekan.
Men po‘pisa ohangida — «Hoy bola!!» deb qasoskorni shashtidan tushirdim. Payiz Sodiqni qo‘yib yuborib nari ketdi. Men o‘qituvchilar xonasiga kirdim. U yerda o‘tirishgan hamkasblarimning suhbati chortang, kulgi avjidaydi. Kirishim bilan, suhbatga «darz ketdi». Kaminaga qadalgan nigohlarida ilgarigi samimiyat o‘rniga, sirli bir ifoda zuhur etardi. Bu men uchun jumboq edi.
— Ishqilib, tinchlikmi? — dedim ularga.
— Ha, shunchaki, o‘tgan bir hangoma tufayli kulishib o‘tiribmiz, – deb qo‘ydi ilmiy mudir.
Shu asnoda direktor kirib keldi.
— Xo‘-o‘-o‘sh ,Oxun, — dedi u, soxta samimiyat bilan. — Endi bu darsimga nima deysan?
Mening nimagadir g‘ayirligim keldi. Nimaligini o‘zim ham bilmayman.
— Bu safar ham boyagi-boyagi, Toshmat aka, dedim. — O‘quvchilar darsingizni bilishmaydi.
Direktor jonli haykalga aylandi go‘yo, bir qizarib-bir bo‘zarib barchani nigohi bilan kuzatib chiqdi. Hech kimning tili kalimaga kelmasdi. Xayriyat mudir:
— Dars boshlandi, o‘rtoqlar, hamma darsga, — deb, jonimizga oro kirdi.
O‘qituvchilar jurnallarini olib xonani tark etishdi. Direktor ikkimiz yolg‘iz qoldik. O‘rtaga noqulay jimlik cho‘kdi.
Nihoyat, jimlikni direktor buzdi:
— Unda, nima qil deysan menga?
— Bilmadim. Men o‘quvchilarga achinaman. Ularga uvol...
— Uvol bo‘lsa, men o‘qituvchilikka nuqta qo‘yaymi?!
— Bu sizning ishingiz.
— Hoy, bola! Bilasanmi, men qancha yildan beri shu kasbda ishlab kelayapman?! Yigirma to‘rt yildan beri!
Direktorning ko‘zlari chanog‘idan chiqib, g‘azabdan tili kalimaga kelmasdi. Mening ahvolim ham unikidan kam emasdi. Bu turishimizning oxiri xosiyatsiz edi. Men darsni bahona qilib, tashqariga yo‘naldim.
Yo‘lakda Roqiyaga duch keldim.
— Oxun, — dedi u, mening ruhiyatimga e’tibor bermay. — Yangilikni eshitdingizmi?
— Qanday yangilik?
— To‘luboy merganning qizi homilador bo‘lib qolibdi.
U menga sinovchan tikilib turardi.
— Qiziq yangilik ekan, — dedim men, beparvo jilmayib. — Bolaning otasi kim ekan?
— Otasi savalasa ham, qizi aytmayotgan emish.
— Yoshlik-da, — dedim men, hazil aralash.
— Lekin, o‘qituvchilarning ko‘pchiligi sizdan shubha qilishyapti, — dedi u... Ko‘zlari esa, hamon sinovchan tikilib turardi.
Menga hamma narsa endi ravshan bo‘lgandi. Haligi, xonadagi kulgilarning ildizi ham shu yoqda ekan-da...
— Shunaqami? Bu tuhmat! — dedim. Alamli g‘azabdan tomog‘im bo‘g‘ilib, boshqa so‘zga kelolmay, jadal yurib ketdim.

* * *

Shu ketgancha uyimga borib, tappa tashlab, kun botarda tashqariga chiqdim. Tashqarida tuman tushib, xaflasizlik bilan qor elamoqda. Unda-bunda bitta-yarimta kimsaning arvohdek sharpasi elas-elas ko‘rinib qoladi. Qishloqqa vazmin sukunat cho‘kkandi.
Men choy, qand uchun magazinga bordim. Magazinda Sodiq, direktor va mergan bor ekan. Magazinchi peshtaxta ortida, bir qo‘lini iyagiga tirab bir qo‘lida tishni kovlardi. Mergan bilan direktor bochkalar ustiga joylashib, o‘rtaga bir shisha aroqni qo‘yib olishgandi. Mergan mast, shekilli, xuddi yosh boladek ming‘irlab yig‘lardi. Direktor aftidan mast emas, merganni koyib, nimalarnidir qulog‘iga quyardi. Bu manzara meni hushyor torttirdi.
Baribir salom berish lozim: — Assalomu alaykum, — dedim, omonatgina.
Hech kimdan sado chiqmadi. Mergan boshini ko‘tarib:
— Haromining bolasi, — dedi, lablari titrab. — Seni tuppa-tuzuk odam ekan deb, kun ora, hafta sayin uyimga chorlab, topganimni oldingga qo‘yib, siylab yursam, oqibating shumi, qariganimda elga sharmanda qilding. Uv-uv-uv... — Merganning yig‘isi avvalgidan battar avjiga chiqdi.
Hamma narsa oldindan ma’lum bo‘lgani uchun, «mushuk-sichqon» o‘ynashning hojati yo‘q edi.
— To‘luboy aka, bu ishga mening hech qanday aloqam yo‘q, — dedim jahlimni yutib.
— Aloqang bor! — deb qichqirdi mergan. — Sendan boshqa hech kim mening uyimga borgan emas!
Bu so‘ziga men javob qaytarmadim.
— Oxun, — deb oraga suqildi direktor, — Sen bilimli muallimsan, men esa bilimsizman. Sen bolalarga ko‘proq bilim berasan, men esa ozroq. Biroq ikkilamiz ham pedagog degan nomga egamiz. Shundaymi? Shunday? Endi o‘zing ayt-chi, sen qilgan ish taqdirlashga munosibmi?
 «Johil» deb qo‘ydim ichimda.
— Buni men qilganim yo‘q.
— Seni jazolashimiz kerak.
— Kim?
— Direktor, o‘zingga ma’lum — men direktorman. Men seni jazolayman. Jazong shu — bu kecha Pomirda tunaysan. Ertaga e-erta turib, jomadoningni ko‘tarib, qorangni o‘chirasan.
Bunisi suyagimdan o‘tib ketdi.
— Mayli! — dedim, alam bilan, qat’iy. — Men ketaman! Ammo...
— Yo‘q! — deb qichqirdi mergan, mening so‘zimni bo‘lib, — Bu jazo kamlik qiladi, Toshmat. Shuyam jazomi?! Mening qizimni homilador qilib qo‘yib, meni butun Pomirga sharmanda qilib, silliqqina keta beradimi? Bunisi ketmaydi, sadag‘ang ketaylar. Bu bola... uylanishi kerak mening qizimga!
— Mana bu — ayni haqiqat! — dedi, hanuzgacha tishini kovlab, mum tishlab o‘tirgan magazinchi. — O‘shanda six ham kuymaydi, kabob ham.
— To‘luboy, xotiring jam bo‘lsin, sening qizingga kuyov topiladi, — dedi direktor. — Pomirlik yigitlarning bu kelgindidan o‘lsa, o‘ligi ortiq. Bu ketaversin.
Ha, xom sut emgan banda-ya! .. Ayni damda, menga eng alamli joyi — bu johil, chalasavod «murabbiyning» nega bunchalar jon kuydirib, Pomirning izzat-nafsini, g‘ururini himoya qilayotgani, alamzada ota bilan, gumroh magazinchining yetti uxlasa ham tushiga kirmasdi. Direktor uchun, o‘sha qizning or-nomusi emas, fursat-g‘animatda mendan o‘ch olish, «shakkok», «g‘ayripomir» bir kelgindining dumini tugish edi.
— Yo‘q, Toshmat, bu uylanadi mening qizimga, — dedi mergan. U o‘rnidan turib, men tomon yurdi. — Hoy, bola, sen uylanasan mening qizimga. Yo‘qsa... — mergan gribonimdan olib, silkita boshladi, — seni o‘zim jazolayman. Men seni xuddi Pomirning chiyabo‘risini otganday, otib tashlayman!
— Ox-xo! — dedi shu damda, sirtdan kirib kelgan birov. Magazinning ichi qorong‘ilashib qolganidan, kelgan kimsani darrov taniy olmadim. Uning ustida og‘ir po‘stin, tumog‘ini bostirib kiyib olgandi. O‘zi qorboboga o‘xshab qolibdi. Men tugul, berigilar ham taniy olishmadi.
— Chirog‘ingni yoq-chi, Turat aka! — dedi, sabrsizlik bilan.
— Iya, Mamanmisan? — dedi magazinchi uni tanib. — Hozir, hozir... uka...
Mamanning kutilmagan tashrifi hammamiz uchun Ollohning inoyatiday bir gap edi. Mening ko‘zimga esa, xuddi Iso Masihdek bo‘lib ko‘rindi. Deputat engil-boshidagi qorlarni qoqdi. Chiroq yonib, ko‘z-ko‘zga tushgach:
— Qani, bu yerda kim kimni otmoqchi? — dedi, hazil aralash. So‘ng, hammamiz bilan jimgina qo‘l olishib chiqdi.
— E-e, uka, bizda falokat yuz berdi, — deb direktor otini qamchilab qoldi. — Oxun manavu sho‘rpeshonaning qizini bo‘g‘oz qilib qo‘yibdi.
Deputat keskin burilib, menga hayrat bilan tikilib qoldi. Men birinchi bo‘lib uning gapirishini kutdim.
Direktorning so‘ziga laqqa tushgan deputat: — Biz sendan buni kutmagandik-ku, Oxun? — dedi, barmog‘i bilan ko‘kragimga niqtab.
— Yolg‘on aytsam, yigit o‘layin, — dedim men, ishonarli chiqsin uchun, vazmin ohangda, — bolaning otasi men emasman.
O‘zimni oqlash uchun, qasam ichib, bularning oldida tuban ketib o‘tirganimdan, o‘zimdan o‘zim nafratlandim. Lekin, busiz iloji ham yo‘q edi. Chunki, ish chappasiga aylanib borayotgandi.
Deputat menga uzoq sinovchan tikilib turib, keyin ular tomonga burildi.
— Sen tonib ketaman deb o‘ylama, Oxun, — deb, yana boshladi direktor. — Undan ko‘ra, «Og‘aynilar, yoshlik qildim, shayton yo‘ldan urib, qizning boshini aylantiribman», desang mana, Maman ham kelib qoldi, ko‘plashib bir chorasini topamiz. Eng osoni unga uylanib, hammani, jumladan, o‘zingni ham isnod botqog‘idan asrab qol. To‘g‘rimi, Maman?
Direktor so‘zini tugatguncha deputatning ko‘zidan ko‘zini uzmadi.
— Shoshmanglar-chi, — dedi deputat. — Menimcha, Sizlar uni shunchaki gumon qilayotganga o‘xshaysizlar. Qiz o‘zi nima deydi?
— Juvonmarg, menga hech narsani aytmayapti, — dedi mergan, boyagidan xiyla shashtidan tushib. — Urdim, so‘kdim, qo‘rqitdim, natija chiqmadi.
— Unday bo‘lsa, bu mojaroni o‘rtoqlik sudida qilni qirq yorib, batafsil tekshirib, keyin hukm chiqaramiz. Oxun, sen qo‘rqma, sudning raisi o‘zimman. Oq bo‘lsang — oq, qora bo‘lsang — qora, adolatli tarzda hal qilaman. Agar, bola boshqadan bo‘lsa, da’vogarlaringning soqoliga o‘t qo‘yaman. Agar, aksincha bo‘lsa, bacha, mendan o‘pkalama! Ha, shunday.
— Nima deysan?..
— Men hozir tuman markaziga shoshib turibman. Ertaga majlis bo‘larkan. Xudo xohlasa, indinga, o‘n ikkilarga kelib qolaman. O‘shangacha qishloqdagilarni o‘rtoqlik sudiga taxt qilib qo‘yinglar. Uqdingizmi? 
— Uqdik.
— To‘luboy aka, siz qizingizni olib kelasiz, men o‘zim so‘roq qilaman. — Mergan bosh silkib, rozilik bildirdi. — Shunday bo‘lsin. Turot aka, raisni ko‘rmadingizmi?
— Hayronman. Boya Murg‘obga boraman, deb yuruvdi.
— Murg‘obga ikkalamiz bormoqchimiz. Mening kelishimga mashina tayyorlab qo‘ymoqchiydi. Yaxshisi uning uyiga borib ko‘ray-chi...
Deputat chiqib ketdi. Magazinda yana to‘rtovlon qolib, oraga noqulay jimlik cho‘kdi. Nihoyat, men ham eshikka yuzlandim. Eshikka chiqqach, choy va qand uchun kelganligimni esladim. Biroq qaytib kirmadim.
Tashqarida hamon qor yog‘moqda. Hech kimsa ko‘rinmaydi. Mutlaq jimjitlik. Faqat o‘rda otiladigan maydonda Mamanning qo‘tosi turardi.
Maktabning oldidan o‘tib ketayotsam, maktab muzeyining chirog‘i yonib turibdi. Ho‘v, mergan maqtagan muzey-da. Tan berish kerak — maqtovga loyiq muzey. Har qanday viloyatlardagi muzeylardan qolishmaydi. Derazasidan qarasam, oq xalatda, bir kiyikning tulumiga xas-hashak tiqayotgan mudir ko‘rindi. Xiyol o‘ylanib turib, uning oldiga kirib bordim.
Bu muzeyda Pomir hayvonot dunyosining jamiki namunalari, toshu tuprog‘i, o‘simliklarning alvon nusxalari mavjud. Qisqasi, bu mittigina Pomir chinakam muzey. Muzeyni muzey qilganlar esa, darhaqiqat, To‘luboy mergan bilan Mamit aka. Biri tog‘u toshdan otib, termalab, qazib olib kelsa, ikkinchisi qoyilmaqom qilib, eksponat yasaydi. Ikkalasining mehnati ham beminnat, ixtiyoriy. Albatta, muzey Mamit akaga — ayni muddao: u zoologiya, botanikadan dars beradi, To‘luboy mergannikini esa haqiqiy fidoyilik deyish mumkin. Koshki edi, mehnatiga maktab sariq chaqa to‘lab qo‘ysa?! Rosti gap do‘ppisi tor kelib qolgan paytlarda, Mamit aka, o‘z hisobidan besh-o‘n so‘m pul, ba’zan aroq quyib beradi, xolos. Bo‘lgani shu — vassalom. Ikkisini maqtab, rahmat degan biror kimsa yo‘q. Bular ham birovdan ta’ma qilmaydi. men muzeyga kirib, zich qo‘yilgan eksponatlar oralab o‘tib, Mamit akaning yoniga bordim.
— Assalomu alaykum, Mamit aka.
— E-e, senmisan, Oxun, — dedi Mamit aka jilmayib, — kel, o‘tir.
Men Mamit aka ko‘rsatgan eski yashik ustiga o‘tirdim.
— Sen otgan kiyik, — dedi Mamit aka, yasayotgan tulumini ko‘rsatib. — Chiroyli taka otibsan.
Qarasam, rostdan ham o‘sha taka ekan.
— Mamit aka, To‘luboy merganning qizi haqidagi mish-mishlarni eshitdingizmi? — deb so‘radim undan.
— Eshitdim, — dedi u.
Yana biror narsa dermikin desam, indamadi.
— Bu ishga mening zarracha aloqam yo‘q, — dedim, — uning diliga qo‘l solib ko‘rish uchun.
— Aloqang yo‘q bo‘lsa, yo‘q-da, — dedi u.
— Sen sabr qilib tur. Ertami-kechmi, haqiqat yuzaga chiqadi. Mening bittasidan shubham bor.
— Kimdan?
Mamit aka qiynalib, anchadan keyin aytdi.
— Payizdan.
— Mening ham! — dedim deyarli qichqirib. — O‘sha bolaning oyoq olishidan gumonim bor edi-yu, lekin, o‘z o‘quvchim haqida yomon o‘yga borishga istihola qildim.
— Qorasoch bilan Payizning munosabatlarini ko‘pdan bilaman. Ikkalasi maktabga birga kirishib, oltinchi sinfgacha bir partada o‘tirishdi. Oltinchi sinfdan Payiz aynidi, nochor o‘qib, sinfdan-sinfga ko‘chmaydigan bo‘lib, o‘tgan yildan umuman, o‘qimay qo‘ydi. Qorasoch esa o‘ninchini bitirib ketdi. Ammo, ular hali ham bir-birini yaxshi ko‘rishadi. Payizning o‘ziga qolsa, bugunoq maktabni tashlab, Qorasochga uylanib olardi. Menimchayam, shunisi tuzuk edi. Ko‘rib turibsan, u qariguncha o‘qisa ham, hech narsa chiqmaydi. Undan ko‘ra, oila qurib, xo‘jalikning bir koriga yaragani yaxshi.
— Shundoq ekan, uni maktabdan chiqarib yuborsak bo‘lmaydimi?
— Bu Mamanning istagi. Eplab, sakkizni tugatib bersangizlar, texnikumga kirgizib qo‘yaman, deydi. Uning yuzidan o‘ta olmay, sudrab yuribmiz.
Ikkalamiz ham xiyla jim qoldik.
— Shunday... — dedi mudir, — Mening shubham shu boladan.
Men ketishga chog‘lanib:
— Xo‘p, xayr, — deb eshik tomon yurdim.
— Xotirjam bo‘laver, uka, buning tagiga yetmay qo‘ymaymiz.
Men uyimga kelib, chiroqni yoqdim. Pechkaning o‘ti o‘chib, uy ichi muzdekkina bo‘lib qolgan ekan, o‘t yoqdim. Hademay, sovuqdan huvillagan kulbamga fayz kirib, badanimga huzurbaxsh iliqlik yugurdi. Deputat bilan mudirning odamshavandaligi, bezovta ruhimga iliqlik olib kirgandi. Biroq, shunday bo‘lsa ham, ko‘nglimdagi g‘ubor to‘liq arimay, yolg‘izlik hissi qiynab, dilimni mavhum bir sog‘inch ezib, xayolim parishon edi. Zang bosgan eski karavotimni g‘ijirlatib, lopillab yog‘ayotgan laylak qorga derazam osha tikilib, uzoq yotdim. Axiri, yotishdan bezib, pechkaning oldiga kelib, mung‘ayib o‘tirsam, nogahon, ko‘zim burchakdagi bir shisha aroqqa tushib qoldi. Bu Merganning dasturxoniga atab olingan matoh edi. Sizga ilgari ham aytgan bo‘lsam kerak, merganning uyiga hech quruq qo‘l bilan bormasdim. Sababi, mergan meni ovga taklif qilganda, hamisha bir shisha shu «zormandaga» sha’ma qilib turardi.
Men aroqni ko‘rib, xoh ishoning, xoh ishonmang sevinib ketdim. Hargiz yolg‘iz ichmagan jonim, shahd bilan borib, bir chog‘roq piyolaga to‘ldirib quydim-da, bir ko‘tarishda sipqordim. Go‘yo, ichim yondi-yu, og‘zimdan tutuni chiqdi! Och qoringa darrov oldi. Bir zumda binoyidek mast bo‘lib qoldim. Biroq, yuragimdagi asorat hamon turardi. To‘satdan bir yaxshi ulfat bilan yoki bir dilbar ayol zoti bo‘lsa, o‘sha bilan hislarimga erk berishni qo‘msab qoldim. Mo‘‘jiza — kutilmaganda, komendantning qizi yodimga tushdi! Darhol unga maktub yoza boshladim. Xatim taxminan quyidagicha boshlangan edi. «Oydinim, men seni behad sog‘indim. Ushbu xat qo‘lingga tegar zahoti, yo‘lga otlan. Yostig‘imiz bitta bo‘ladi», degan mazmundaydi.
Xatni konvertga solib, manzilini yozib o‘tirsam, Payiz kirib keldi. Mening bor vujudim xatda bo‘lib, Payiz bilan merganning qizi xususida bir og‘iz so‘z ham demabman. Aksincha, salom-alikni ham unutib, uning qo‘liga konvertni tutqazib: — Ma! Pochtachiga borib ayt, xatni bugun kechasiyoq jo‘natsin!
— Og‘ay, mening sizda ikki og‘iz gapim bor edi, — dedi Payiz.
— Keyin! Keyin gaplashamiz! Hozir chop! — deb qichqirdim men.
— Pochtachi bugun kechasi, jo‘nata olmaydi, — dedi Payiz. — Undan ko‘ra, hozir Maman tog‘am rayonga jo‘nayapti, o‘shandan berib yuboraymi?
— Berib yubor! — dedim.
Payiz chopib, chiqib ketdi.
 
* * *

Ikki kundan keyin, dam olish kuni o‘quvchilarning daftarini tekshirib o‘tirsam, beshinchida o‘qiydigan Qo‘ychumon degan bola xalloslab, kirib kelib:
— Og‘ay, Maman aka keldi, sizni kelsin, o‘rtoqlik sudini boshlaymiz deyapti, — dedi.
Qishloq ahli ertalabdan beri mening ustimdan bo‘ladigan ushbu sudni sabrsizlik bilan kutishardi. Men, sudning xotimasidan qo‘rqmasdim, albatta. Lekin «o‘rtoqlik sudi» degan ushbu tomoshadagi «bosh qahramonning roli» boshimni qotirardi... Nachora, kiyinib olib, yo‘lga tushdim.
O‘rda otiladigan maydonda, tanish qora «Volga» turibdi. Uni o‘quvchilar-u, hangomatalablar o‘rab olibdi. Deputatning yonida turgan direktor, meni ko‘rib:
— Qani, hamma klubga! — deb xitob qildi.
To‘planganlar yoppasiga klubga tomon oqdi. Voqeadan bexabar kimsa, bularning chehrasidagi shodlik va quvonch alomatlarini ko‘rib, klubda o‘rtoqlik sudi emas, noyob tomosha bor ekan deb o‘ylashi shubhasiz edi. Bularga ham qiyin — bir qolipdagi, zerikarli hayotning psixologiyasi edi bu!
— Yosh bolalarga nima bor bu yerda?! — dedim, jahlim chiqib, klubga birinchi bo‘lib kirib ketayotgan o‘quvchilarni ko‘rib.
— Bizning o‘rtoqlik sudimizga, hamma birdek ishtirok etadi, — dedi direktor.
— Qo‘rqma, — dedi deputat kulib, yelkamga qoqib. — Oq bo‘lsang — oqqa, qora bo‘lsang — qoraga hukm chiqaraman. Deputatimning ushbu so‘zlari bu gal menga yoqmadi, aksincha, jig‘imga tegdi. Tomoshaga rejissyorlik mavqei shu insonning qo‘lida edi.
— Usenboy! — deb qichqirdi Maman qora «Volga»ning haydovchisiga. — Endi, sen ketaver.
— Qo‘ya tur, bacha, — dedi Esonboy, «Volga»sining eshigini yopib. — Sizlarning tomoshangizni ko‘rib ketayin. Bunaqasi bizda ham kam bo‘ladi.
— Ha, mayli, ko‘ra qol, — dedi Maman. — Borgach, boshqalarga hikoya qilib berarsan.
Men klubga oxirgi bo‘lib kirdim. Klubning ichida igna tashlasang, yerga tushmaydi. Kelganimdan beri bu klubda besh-olti marta kino ko‘rsatildi, bir marta xo‘jalik majlisi bo‘ldi, lekin unda bunchalik el to‘planmagandi. Kirishim bilan, hamma, go‘yo meni birinchi marta ko‘rayotgandek, qarab qolishdi. Men jimgina borib, oldingi qatordagi o‘rindiqdan bir o‘quvchini turg‘izib, o‘rniga o‘tirdim.
— Oxun, sening joying bu yoqda, — deb qoldi Maman.
Prezidiumda undan boshqa yana ikki kishi direktor bilan mudir bor edi. Direktor menga old tomondagi, o‘zining ro‘parasiga qo‘yilgan yolg‘iz kursini ko‘rsatdi. Men g‘ijinib, borib o‘sha kursiga o‘tirdim. Endi orqa tomonimdan butun zal, ro‘paramda hay’at a’zolari. Deputat o‘rnidan turib, stoldagi qo‘ng‘iroqni olib, zalni tartibga chaqirdi. G‘ala-g‘ovur bosilgach, qo‘ng‘iroqni qo‘yib, grafindan stakanga suv quyib, bir ho‘plam ichdi-da:
— O‘rtoqlar! — deb zalga murojaat qildi. — O‘zingizga ma’lum, o‘tgan yildan beri bizda o‘rtoqlik sudi bo‘lgani yo‘q. Biroq, bunga men aybdor emasman. Sud bo‘lishi uchun unga dalil kerak, bizga esa, shu kungacha da’vo tushgani yo‘q. Maman so‘zdan to‘xtab, yana grafinga qo‘l cho‘zdi. Men derazaga qaradim. Derazadan o‘rda maydoni ko‘rindi. Maydonda to‘qim urilgan Mamanning qo‘tosi bilan qora «Volga»dan boshqa hech narsa ko‘rinmaydi. Qo‘tos «mudrab yotgan» qora «Volga»ning «ko‘zoynagi»ni betinim yalardi. — Mana, o‘rtoqlar, endi bizga ariza tushdi, — dedi o‘rtoqlik sudining raisi. — Bugun biz o‘qituvchi Matholiqov Oxunning ishini ko‘ramiz. — Deputat, men tomonga bir qarab oldi. Zaldagilar ham menga qarab, shivir-shivir boshlandi. — O‘rtoqlar, jim! — Deputat qo‘ng‘iroqni yana jiringlatib qo‘ydi. — Endi, o‘rtoqlar, sudimizning navbatdagi majlisini ochiq deb e’lon qilaman! — Maman bosh bo‘lib, zaldagilar bir sidra qarsak chalib qo‘yishdi. Sud raisi joyiga o‘tirib, yana suvdan bir ho‘plab, ikki yonidagi maslahatchilari bilan shivirlashib oldi. — Qani, o‘rtoq Matholiqov, o‘rningizdan turing-chi, — deb menga «siz» deya murojaat qildi.
— G‘o‘ddayib turishim shartmi?! — dedim men.
— Ha, — dedi rais. — Qoidasi shunaqa. — Men o‘rnimdan turdim. — O‘rtoq, kotib aybnomani o‘qib, eshittiring.
Kotib maktab direktori edi. U o‘rnidan turib, tomoq qirib, qog‘ozni qo‘liga oldi. Ayni shu pallada, zaldan:
— To‘xtang! — degan xitob eshitilib, kotibga xalal berdi.
Bu To‘luboy merganning qizi edi. Ko‘p yig‘laganidan bo‘lsa kerak, qovoqlari shishib ketibdi. Qiz o‘rnidan turib, zaldan kimnidir axtara boshladi.
— Payiz! — deb qichqirdi u. — Ayt endi! Turmaysanmi, Payiz?!
Hammaning hayratli nigohi qizda, o‘zaro shivir-shivir boshlandi.
— Ana, aytganim to‘g‘ri keldimi?! — dedi Sodiq atrofidagi sinfdoshlariga.
— E-e, tinchlaninglar! — deb qichqirdi direktor. — To‘luboyning qizi, sen tartibni buzmay, joyingga o‘tir! Bu yerga biz senga qayishib kelib o‘tiribmiz.
— Toshmat aka, qo‘ya turing-chi, — dedi Maman, bir narsani sezganday. — Qorasoch, Payizga nega unaqa deyapsan? Payiz nimani aytishi kerak?
— Maman aka... — dedi qiz, yig‘lamsirab, – Oxun og‘ayda hech qanday ayb yo‘q...
Xudoga shukur, dedim ichimda. Zalda g‘ala-g‘ovur boshlanib, bari menga qarab qolishdi. Aslida, shunday bo‘lishini ko‘nglim sezib turardi. Maman menga qarab olib, yana Qorasochga yuzlandi:
— Unda, kim aybdor?! — deb so‘radi.
Qiz unga javob bermasdan, yana zalga qarab:
— Payiz! Sen o‘zim aytaman degan eding-ku?! — deb qichqirdi.
Shu mahal zalning oxiridagi burchakdan, Payiz otilib chiqib, o‘zini eshikka urdi. Hamma uning ortidan qarab qolaverdi.
— Shumidi?! — deb qichqirdi mergan, qizining yoniga yugurib kelib. Qiz javob berish o‘rniga, yig‘lab yubordi-da, asta joyiga cho‘kdi. — Ayt, yash-sh-shamagur! — Mergan qizining sochidan burab, tortdi. Qorasoch boshini sarak-sarak qilib tasdiq ishorasini qildi. Mergan nes bo‘lib turib qoldi. Xaloyiq esa, biri olib-biri qo‘yib, klubni boshiga ko‘tarishardi. Payizning sha’niga, kulgu aralash, latifa, kesatiq «bolalay» boshladi. «Tomosha»da mening «rolim» tugagan edi! Ko‘zlarim Mamanning ayanchli nigohi bilan to‘qnashdi. U, ko‘zini olib qochib, o‘rnidan turdi-da, qo‘ng‘irog‘ini ishga soldi. Shovqin-suronning dami kesildi.
— O‘rtoqlar, o‘rtoqlik sudining navbatdagi majlisini yopiq deb e’lon qilaman. O‘qituvchilardan boshqa hammaga ruxsat, To‘luboy aka, siz qizingiz bilan qoling.
Hangomatalablar g‘ala-g‘ovur, tapir-tupur qilishib, to‘da-to‘da bo‘lib, chiqib ketishdi. So‘nggi so‘z Mamanda qolgandi! U, uzoq sukutdan so‘ng, nihoyat tilga kirdi:
— Men Payizni yolg‘iz opamning bolasi deb, o‘qitib, odam qilayin degan niyatda edim, — dedi u. — Bo‘lmadi. U, o‘qib bo‘ldi. Endi uni menga bering, og‘aylar. Endi uni o‘zim o‘qitaman. To‘luboy aka! Siz ko‘p koyimang. Bo‘lar ish bo‘ldi. Nachora, ikkovi ham ahmoqlik qilishibdi. Endi ularning boshini qovushtirib qo‘yaylik. Yo‘q, demasangiz, men bularni, o‘zim bilan olib ketaman. Nima deysiz?
— To‘y-po‘ysiz, quruqqinami? — dedi mergan. U, oriyat uchun shunday degani bilan ishning bu tarzda silliq ko‘chganidan, ichida quvonchda ekanligi sezilib turardi.
— To‘yni, xudo xohlasa, bahorda qilamiz, — dedi Maman. — Hozir qish, ish qizg‘in. To‘y qilishga mening ham imkoniyatim yo‘q, to‘y-to‘ylashga elning ham fursati yo‘q. Yaxshi bo‘ldi, bir qo‘ra qo‘yga cho‘pon yetishmayovtuvdi. Qorasoch! Bor singlim, Payizni topib, olib kel. Qo‘rqmay kelaversin, urmayman.
Qorasoch otasiga bir qarab olib, shaxdam yurib, tashqariga chiqib ketdi.
— Oxun, — dedi deputat, — bacha, kechir bizni, seni behuda gunohkor qilibmiz. Toshmat aka, soqolingizni bittalab yulsa bo‘lardi-yu, yoshingizni hurmat qilaman-da.
— E-e, manavi-da, — deb aybni merganga ag‘dardi direktor.
— Imoningni yutma! — dedi mergan. — Men boshdayoq Oxundan zarracha shubha qilgan emasman. Bo‘lgani, senga dardimni yorgandim, xolos. Sen darrov: «Bu, Oxunning ishi! O‘shani mahkam ushla!» deding.
— O‘tgan ishga salovat, — dedi Maman, o‘rnidan turib. — Endi, og‘aynilar, ketaylik. Men ham uyimga barvaqt yetib olay...
Hammamiz tashqariga chiqdik. Odamlar hali ketishmagan ekan. To‘da-to‘da bo‘lib olishib, bugungi bosh mavzuni muhokama qilishardi. Qora «Volga» ketib, qo‘tos bir o‘zi qolibdi. Maman qo‘tosning to‘qim-terligini o‘nglab, ayilini tortib, shay qilib qo‘ydi. Bu orada Payiz bilan Qorasoch kelib, bir chetda shumshayib turib qoldilar. Ularni ko‘rgan el yana «g‘imirlab» qolishdi.
— Balo ekansan, Payiz! — dedi bir yigit.
— Sen, bacha, suyunaver endi. Bizdan kaltak yeyishdan qutulding, — dedi sinfdoshi Sodiq. — Eh, sening o‘rningda men bo‘lib qolsam-chi!
— Esh-shak! — dedi Maman Payizga, g‘ijinib. — O‘qib odam bo‘lar desa, buning hunarini ko‘r... Mana, ushla buni! — Maman unga qo‘tosning jilovini uzatdi. Payiz kutilmagan mushtdan xavfsirab, jilovga qo‘lini cho‘zdi.
— Kel, min, — deb Maman Qorasochni qo‘ltiqdan olib, qo‘tosga mingiza boshladi.
— Kiyim-kechagimni olsam bo‘lardi... — deb ikkilandi qiz.
– Kiyim-kechagingni ortingdan berib yuborishadi, — dedi Maman. — Hoy, To‘luboy aka, qizingizni qaqir-ququrlarini tanishlar orqali berib yuboring.
— Berib yuboraman, berib yuboraman, — dedi mergan. — Boraver, qizim.
— Jo‘na! — dedi Maman Payizga.
Payiz qo‘tosni yetaklab, yo‘lga tushdi.
— Qani, shu ikki yoshga fotiha berib qo‘yaylik, — dedi mergan qo‘lini duoga ko‘tarib. — Iloho, qo‘sha qaringlar, etagingiz bolaga, og‘ilingiz molga to‘lsin. Ollohu akbar.
— Ollohu akbar! — dedi hamma, kimdir yurakdan chiqarib, kimdir til uchida.
— Lalaygan sho‘rpeshona, — dedi Maman merganga qarab, — shu bitta qizini ham eplay olmadi.
— Unaqa dema, Maman! — dedi Mergan. — Sal o‘ylab gapir. Gunoh, faqat mening qizimdami?
— G‘unajin ko‘zini suzmasa, buqacha ipini uzmaydi. 
Hamma kulib yubordi. Ayniqsa, bolalarga xudo berdi.
— Bolalar eshitdinglarmi? — deb qichqirdi Sodiq. — G‘unajin ko‘zini suzmasa, buqacha ipini uzmas ekan. Xoh-xohoho-o! G‘unajin ko‘zini suzmasa...
Maman menga qo‘lini uzatdi:
— Xayr, Oxun!
— Xayr! — dedim men.
Maman nariroq borib, ortiga qayrildi. 
— Aytganday, sening xatingni o‘z qo‘lim bilan pochtaga tashladim.
— Qanaqa xat? — dedim hayron bo‘lib.
— Payizdan berib yuborgan xatingni-da...
— Ha, endi esimga tushdi...
Maman «mashhur» kelin-kuyovlar ortidan yo‘lga tushdi. Xat... Nimalar deb yozdim ekan? Jin ursin!

* * *

Tor va uzun daryo yoqalab ketgan ilang-bilang yo‘l. Yo‘lning ikki tomonida tog‘lar ortimizdan ergashib kelmoqda. Chor taraf pokiza, oppoq qorga burkangan. Qor sahnida beg‘ubor yanvar quyoshining nurlari jilvalanadi.
Qalin qorda mashinamiz arang o‘rmalaydi. Borliqdagi ulug‘vor oqlikka boqib, xayol daryosiga cho‘mgandim. Shofyor Sharipning ikki ko‘zi yo‘lda. Esingizdami, meni birinchi marta ovulga olib kelgan bola.
Bir mahal, kuzovdagi bolalarning qiy-chuvi eshitilib qoldi.
— Ana, arxarlar! — dedi Sharip.
Ellik chog‘li arxar qarshimizdan chopib o‘tdi.
— Arxarlar... — dedim men ham, ularning ortidan zavq bilan.
— Eh, hozir miltiq bo‘lgandami! — dedi Sharip.
Qorning qalinligidan, arxarlar qiynalib chopishardi. Ko‘p o‘tmay, ular qirga o‘rlashdi.
Arxarlardan keyin, ko‘pga qadar gap-so‘zga kelmadik. Bir mahal Sharip:
— Og‘ay, sizdan bir narsa so‘rasam bo‘ladimi? — deb qoldi.
— Nega bo‘lmasin?
— Shaharda, Bishkekda sizning sevgan qizingiz bormi?
Men jilmayib, ikkilanib turib:
— Bor, — dedim.
— Chiroylimi?
— Chiroyli.
— O‘ta chiroylimi?
— O‘ta chiroyli.
— Manavi qizchalik bormi? — deb, Sharip oynaga yopishtirilgan chiroyli qizning fotoportretini ko‘rsatdi.
E’tibor bermagan ekanman, kabinaning ichi shunaqangi suratlar bilan to‘la ekan. Suratlar har xil jurnallardan qirqib olingan bo‘lib, qizlar turli millatdan, bari yosh va go‘zal edi.
Men kulib:
— Yo‘q, mening qizim bundan chiroyli, umuman, bu qizlaringni baridan suluv, — dedim.
— Eh! — dedi Sharip ushkurib. — Siz qanday baxtiyorsiz!
Xiyol o‘tgach, u yana:
— Aytmoqchi, siz manovi qizni taniysizmi? — deb, boyagi suratni ko‘rsatdi. — U Bishkekda yashaydi.
— Bu qiznimi? — deb, go‘yo, eslamoqchi bo‘ldim. — Ko‘zimga issiq ko‘rinadi... Shoshma-chi... Yo‘q, tanimas ekanman.
— Medinstitutda o‘qiydi. A’lochi. Faqat «beshga» o‘qiydi. Faollardan, har xil to‘garaklarga qatnashadi. Bekorga jurnalga suratini bosishmaydi-da.
— Sen buni qayoqdan bilasan? Jurnaldan o‘qidingmi?
— Yo‘q. Jurnalda suratgina berilgan. Qolganlarini o‘zi yozib turadi.
— U qiz bilan xat olishib turasanmi?
— Ha. U juda yaxshi qiz.
— Qolganlari-chi? Ular bilan ham xat yozishib turasanmi?
— Yozgandim. Ammo, ular javob qaytarishmadi.
— Ismi nima?
— Oygul. Yaxshi ism-a? Institutni tugatgach, sizlarning Pomiringizga do‘xtir bo‘lib boraman, deydi. Men esa, biz tomonlarni havas qila ko‘rma, deyman.
— Nega?
— Bu yerga kelib nima qiladi? Bu yerning nimasi yaxshi? Shu tog‘larmi? Bishkekdek katta shaharda yashasa. Eh, yaxshida sizlarning shaharlaringizda, og‘ay...
— Nimasi yaxshi?
— Bari narsa yaxshi. Masalan, u yerda har kuni kinoga, teatrga, tansaga borasan. Yaxshi kiyinasan, karavotda uxlaysan. Ha, u yoqda hayot umuman bo‘lakcha.
— O‘zing, Bishkekda bo‘lganmisan?
— Yo‘q.
— Nega bormaysan?
— Boraman. Birato‘la ketaman. Oygul ham kel deyapti. Faqat, opam ko‘nmay turibdi. Tepadan kabinani taqirlatib qolishdi. Sharip mashinani to‘xtatib, boshini chiqarib:
— Nima bo‘ldi? — deb so‘radi.
Ungacha ro‘paramga oltinchi sinfning bir o‘quvchisi kelib:
— Og‘ay, men shu yerda qolaman, — dedi.
— Yetib keldingmi?
Bola boshi bilan «ha» ishorasini qildi. Atrofga qarasam, birorta uy ko‘rinmaydi. 
— Uying qayerda? Bu yerda hech narsa yo‘q-ku?
— Bularniki narigi jilg‘ada, — dedi Sharip. — Huv, anov ikki qo‘tos o‘tlab yurgan yerda. Ko‘rdingizmi?
— Yaxshi qol, — dedim bolaga. — Esingda bo‘lsin, o‘n ikkinchi yanvarga — mening kelishimga tayyor bo‘lib turgin.
— O‘n ikkinchi kuni shu yerga kelib, mashinani kutib turgin, tushundingmi? — dedi Sharip ham.
Bola ma’qul ishorasini qilib, qo‘toslar o‘tlab yurgan tomonga ketdi. Men uning yelkasidagi bo‘r bilan yozilgan «jinni» degan yozuvni o‘qib, kulib qo‘ydim.
Mashina o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
Ilgarilaganimiz sari, qor qalinlay berdi. Bir qiyalikka kelib, mashinamiz umuman yurmay qoldi. Hammamiz yerga tushib, qum, tosh qo‘lga nima ilinsa, shuni g‘ildiraklar tagiga tashlab o‘tirib, arang do‘nglikka chiqib oldik-da, yana mashinaga o‘tirdik. Yerda faqat Sodiq qolibdi.
— Sen nega chiqmading? — so‘radim undan.
— Men uyimga kelib qoldim, og‘ay, — dedi Sodiq boshi bilan ishora qilib. Men Sodiq ishora qilgan tomonga qarab, olisda, jilg‘aning quymasidagi uch o‘tovni ko‘rdim. O‘tovning oldida, boylovdagi ot va bir necha qo‘y ko‘rindi.
— Yaxshi, boraver, — dedim.
Keyin etigimning qorini qoqib, kabinaga kirdim.
— Og‘ay, biznikiga borib, choy ichib keting, — dedi Sodiq.
— Rahmat. Boshqa safar.
Biz jo‘nab, Sodiq joyida qoldi. Kuzovdagi o‘rtoqlari bilan qo‘l silkib, xayrlashdi-da, o‘tovlar tomon ketdi. Kabina oynasidan uning qalin qorda mashaqqat bilan ketishini kuzatib borardim. Kutilmaganda, o‘tovlarning biridan ayol kishi chiqib, bolaga qarab yurdi. Ayol qorning qalinligiga qaramasdan, deyarli, yugurib kelardi.
— Sodiqning onasi, — dedi Sharip.
Men ham shunday fikrda edim. Biz yiroqlashgan sari, ona-bola bir-biriga yaqinlashardi. Bora-bora, ularning qorasi kichrayib, oppoq, biyday dalada, ikkita to‘p bir-biriga qarab yumalab kelayotganga o‘xshardi. Ko‘p o‘tmay, dalaning o‘rtasida ikki to‘p birlashib, yagona to‘pga aylandi. Ayni damda, mashina keskin burilib, yagona to‘p ham ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi...
Qosh qorayganda bir do‘nglikka chiqdik. Poyimizda keng vodiy yastanib yotardi. Vodiydagi do‘ngliklar va vodiyni o‘rab turgan tog‘larning cho‘qqilarigina ko‘zga ko‘rinadi. Osmonda unda-bunda yulduzlar miltillab, tog‘ ortidan oyning shu’lasi mo‘ralay boshladi.
Yo‘l butunlay qorga singib, mashina arang jila boshladi.
— Bu qarg‘ish tekkan vodiyga qor hamisha qalin tushadi, — dedi Sharip.
Nihoyat, mashinamiz qorga butunlay tiqilib qoldi. Sharip qayta-qayta gaz berib, hech narsa qila olmay, so‘kinardi.
U kabinadan tushib, mashinani bir aylanib chiqib:
— Og‘ay, mashina bundan nari bora olmaydi, — dedi.
— Endi nima qilamiz?
— Yayov ketamiz. Cho‘ponning o‘tovigacha uch-to‘rt kilometrcha qoldi.
Men kabinadan tushib, kuzovning ortiga o‘tdim. Kuzovda birgina Qo‘ychumon qolgandi.
— Qo‘ychumon! Abdusamatov!
Qo‘ychumondan javob bo‘lmadi.
Sharip motorni o‘chirib, kuzovga chiqdi.
— Hoy bola, tirikmisan?
— A-a, ha, — degan Qo‘ychumonning ovozi keldi.
— Tush yerga, bu yog‘iga piyoda ketamiz.
Qo‘ychumon yerga tushdi, Sharip kuzovdan eski to‘shak olib, motorni o‘rab-chirmadi.
— Qanday, sovqotmadingmi? — so‘radim Qo‘ychumondan.
— Yo‘q, og‘ay pichanga ko‘milib oldim.
Oy tog‘dan ko‘tarilib, uning sovuq nurlari o‘ru-qirga birdek to‘shalgandi. Sharip oldinda, yo‘lga tushdik.
Jimgina ketib borardik, to‘satdan Qo‘ychumon:
— Qaranglar, bo‘ri! — deb qoldi.
Qarasak, nariroqda bir narsa ketayotibdi.
— Bu bo‘ri emas, bolakay, tulki, — dedi Sharip.
Keyin tulkiga qarab qichqirib, hushtak chaldi. Tulki xiyla yergacha beparvo yo‘rtib borgach, to‘xtab, bizga qarab turib qoldi.

* * *

Biz yetib kelgan manzil katta do‘nglikning tagida ekan. Oy nurida to‘dalashgan qo‘y va qo‘toslar hamda to‘rt-besh o‘tovning qorasi ko‘rindi. Mezbonlar hali yotishmagan ekan, o‘tovlarning tundugidan***** uchqun sachrab, tutuni ko‘kka o‘rlaydi. Bizni vovullashib itlar qarshi oldi.
— Sizlarniki qaysi? — deb so‘radim Qo‘ychumondan.
— Mana, bu chetdagisi, — deb boladan burun javob berdi Sharip.
— Yo‘q, — dedi Qo‘ychumon. — Uyimiz manovi yerdaydi. Endi yo‘q-ku, — deb, doirasimon o‘tov o‘rnini ko‘rsatdi.
Shu payt chetki o‘tovdan past bo‘yli kishi chiqib:
— Kimsizlar? — dedi.
— Bizmiz, pochcha, — dedi Sharip. Keyin menga tushuntira ketdi. — Bu ferma mudiri tug‘ishgan opamning kuyovi.
— E-e, bu Oxun og‘ay-ku? — dedi ferma mudiri ovozimdan tanib. — Qanday shamol uchurdi?
— Ta’tilga chiqdik, — dedim, uning issiq qo‘lini olib. — O‘quvchilarni ota-onalariga topshirib yuribmiz.
— Shunday sovuqda sizga nima? — dedi u. — Bolalar o‘zlari ham eplashardi. Iya, bu senmi, Qo‘ychumon? Kecha senikilarni Belga ko‘chirib keldim. Qo‘zilatish boshlanib, odam yetishmay qoldi. Endi sen u yerga yeta olmaysan, mashina borolmaydi, ot-ulov yo‘q. Hechqisi yo‘q, sen ta’tilni biznikida o‘tkazib, qaytib ketaverasan. Qani, uyga kiringlar.
Men etigimning qorini tozalab, xiyol engashib ichkariga kirdim.
Uyda o‘ttiz yoshlardagi istarasi issiq, mo‘mingina ayol to‘shak solish bilan ovora.
— Hormang, — dedim, yengil ta’zim bilan.
— Bor bo‘ling, — dedi ayol, bilakuzuklar to‘la ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, tabassum bilan. — Keling. To‘rga o‘ting.
Men oyog‘imga qaradim.
— Hechqisi yo‘q, o‘tavering, — dedi u.
Men to‘rga o‘tib o‘tirdim. Yonimdan Sharip joy oldi. U oyoqlarini uzatib, taxmonga yo‘landi. Keyin Qo‘ychumon kirdi.
— Hormang, — dedi u, kattalardek.
— Bor bo‘l, aylanay, — dedi ayol, uning peshonasidan o‘pib. — Yuqoriga o‘t.
— Qani, Omin! — dedi mezbon qo‘lini ochib.
Hammamiz fotiha qildik.
— Xush kelibsizlar, — dedi uy bekasi.
— Xushvaqt bo‘ling, — dedim men.
Keyin ayol eshikka chiqib ketdi.
Men uy ichiga ko‘z yugurtdim. O‘tovning ichiPomirdagi hamma o‘tovlardagidek bir xil. To‘rda taxmon, qibla tomonda usti kashtali sochiq bilan yopilgan sandiq, sandiqning ustida kosa, piyolalar, tranzistor, soat va chiroq joylashgan. Eshikdan kiraverishdagi kichkina to‘sma ichida o‘n chog‘li qo‘zi, qo‘zilarning oldida bir tutam xashak.
— Xo‘sh, men aytgan narsa nima bo‘ldi? — deb so‘radi mezbon Sharipdan.
— Men tuman matbuot jamiyatiga bordim, hozircha bittasiyam sotilmabdi.
— Og‘zingga shakar!
— Ammo, talabgor ko‘p ekan, Qorako‘lning raisi, Rangko‘ldagi magazin mudiri, Murg‘obdagi choyxonachi... Biroq, mutasaddilar, avvalo, ilg‘or cho‘ponlarga, qahramon onalarga, deputatlarga sotamiz, o‘shalardan ortsagina, boshqalarga sotiladi, deyayotgan emish.
— E, Xudo, — dedi ferma mudiri kaftlarini bir-biriga ishqab. — Menga ham rahmingiz kelib: Meni ham bir qo‘llab yuborsangiz... Og‘ay, siz gap nimadaligini sezdingizmi?
— Qaydam...
— Ish bunday, — dedi Berdi. — Tumanimizga beshta «Ural» motosikli kelgan. Shularning bittasini sotib olmoqchiman. Lekin, hozir eshitganingizdek, bizga o‘xshaganlarga sotishmayapti. Shuning uchun, men bir hiyla o‘ylab qo‘ydim.
Xo‘jaligimizda O‘smon degan cho‘pon bor. Uning xotini shu oyda o‘ninchi bolasiga ko‘zi yoriydi, ya’ni qahramon ona bo‘ladi. Men shu xotinning nomiga olmoqchiman. Tushundingizmi?
— Tushunarli...
Eshikdan tezak ko‘tarib kirgan xotini:
— Sizni Qoliq buva chaqiryapti, — dedi eriga.
— Boyvuchcha, O‘smonning bolalariga choy, qand deganday, u-bu narsalar tayyorlab qo‘y-chi, ertaga bir xabar olib kelay, — dedi Berdi, xotinining so‘zlariga e’tibor bermay.
— Voy, o‘lay, kechagina borib kelgan edingiz-ku, — dedi xotini norozi ohangda.
— Borsam nima qilibdi? — dedi eri, qo‘polroq qilib. — Buyam ko‘zog‘riqday narsa, xohlagan paytda tug‘ib qo‘yishi mumkin. To‘g‘rimi, og‘ay?
Men indamadim.
Ferma mudiri o‘rnidan turib, eshikka yo‘naldi.
 
* * * 

Men tashqariga chiqqanimda, Quyoshning zarrin nurlari oppoq qorda g‘ujg‘on o‘ynardi. Qo‘y-qo‘zilar ma’rab, xotin-xalaj baqirib-chaqirgan palla.
Uyning yonida otni egarlayotgan Berdi, yo‘l tomonga qarab:
— Ho-oy, Qo‘ychumon! Qayt, orqangga! — deb qichqirdi. — Qarang, og‘ay, anovi bola uyiga jo‘navordi.
Qo‘ychumon qalin qordagi yolg‘izoyoq yo‘lda ohista ketib borardi.
— Buni qaysarligini ko‘ringlar! — dedi qo‘ylar orasida qo‘zi emizib yurgan bir ayol.
— Otasiga tortgan-da, — dedi ikkinchisi.
— Ho-o-oy, bola! — deb yana qichqirdi Berdi. — U Belga bugun yeta olmaysan!
Bola qaytmadi. Mening esa bunga ko‘nglim chidamasdi.
— Otingizni berib turmaysizmi, shu bolani ota-onasiga topshirib kelayin, — dedim Berdiga.
Ferma mudiri menga hayron qolib tikildi. 
— Jonim bilan berar edim-u, — dedi u, hijolat aralash. — Lekin, haligi ko‘p bolali ayolga borishim kerak. Boshqa ishlar ham keragidan ortiqcha, o‘zingiz bilasiz, hozir qo‘zilatish mavsumi... Ulovsiz esa, uydan eshikka chiqish ham qiyin.
Men boshqa hech narsa demay, Qo‘ychumonning ortidan jo‘nadim.
Hamma ortimdan hayrat bilan qarab qoldi.
O‘sha kuni o‘quvchim ikkimiz kechgacha yo‘l yurdik. Tushgacha havo ochiq bo‘lib, yo‘l azobi uncha sezilmagandi. Tush og‘ib, horib-charchagan paytimizda, osmonni bulut qoplab, sovuq shamol esib, ona sutimiz og‘zimizga keldi. Kechga yaqin o‘ta qalin tuman tushib, yo‘ldan adashib qoldik. Meni vahima bosa boshladi. Lekin, buni yosh bolaga sezdirmasligim kerak. Baraka topgur Qo‘ychumon, haqiqiy Pomirning bolasi ekan. Qorni och bo‘lsa ham, sir boy bermaydi. Meni bosgan vahima — qahraton qish tunida, kimsasiz dalada adashib qolib ketish qo‘rqinchi uning chehrasidan bilinmasdi. Aksincha, bolaning bu fazilati menga kuch-quvvat baxsh etardi.
Goh tepaga chiqib, goh pastga tushib, ilgarilamoqdamiz. Yo‘l boshlovchi — Qo‘ychumon.
— Hoy, bola, qayoqqa ketayotganimizni bilasanmi, o‘zi? — so‘radim, jahlim chiqib.
— Menimcha, to‘g‘ri ketayapmiz, og‘ay, — dedi Qo‘ychumon. Buni meni ovutish uchun aytdimi, yo, o‘zini oqlash uchunmi, bilolmadim.
— To‘g‘ri ketayotganimizni sen qayoqdan bilasan, to‘rt odim naridagi tuya ko‘rinmasa?
— Og‘ay, uy! — deb qichqirdi Qo‘ychumon, menga javob berish o‘rniga.
Qarasam, rostdan ham, shundoq, qarshimizda o‘tov turibdi. Suyunganimdan nafasim bo‘g‘zimga tiqildi. Darrov uyning eshigini topib, ichkariga mo‘raladim. Ko‘zimga yigirma chog‘li qo‘zi va usti yopiq ikki beshik ko‘rindi. Hech kimsa yo‘q. Men Qo‘ychumonga savol nazari bilan qaradim.
— Yana boshqa uy bo‘lishi kerak, — dedi Qo‘ychumon.
Ikki yog‘imizga alanglab, nari yurdik.
— Hech kim yo‘q, — dedim men.
Shu payt tuman ichidan:
— Kimsizlar? — degan ayol kishining ovozi keldi.
Qarasam, yon tomonimizda oltmishlarga borib qolgan, novcha, oriq ayol turibdi. Ayol g‘amgin ko‘rinardi. U, negadir, chilvir sudrab olgan bo‘lib, chilvirning ikkinchi uchi ko‘rinmas edi.
— Men o‘qituvchiman, — dedim. — Bu bola mening o‘quvchim. Biz Belga ketayapmiz.
— Belga bugun yeta olmaysizlar, — dedi ayol. — Yuringlar.
Biz unga ergashdik.
— Bu yerda shu bittagina uy bormi? — so‘radim ayoldan.
— Nega bitta bo‘lar ekan? O‘nta, — dedi u. Ayol hamon chilvirni sudrab borardi.
Ko‘p o‘tmay, ikkinchi uyga duch keldik. Ayol o‘tovning eshigini ko‘tarib, ichkariga mo‘raladi. Men ham uning yelkasi osha ichkariga qarab, to‘rda o‘tirishgan uch-to‘rt yoshlardagi ikki qizchani ko‘rdim. Qizlar ko‘kraklarigacha to‘shakka o‘ralib olishgan edi.
— Patma opa, opam qachon keladi? — deb so‘radi bittasi, yig‘lamsiragan ovozda.
— Hozir keladi, — dedi-da, ayol eshikni yopib qo‘ydi.
Yana nari yurdik. Galdagi uyda yetti yoshlardagi qizcha beshik tebratib o‘tiribdi.
— Uxlagani yo‘qmi? — deb so‘radi undan haligi ayol.
Qizcha boshini chayqadi. Patma opa eshikni yopdi.
— Bu qizlarning ota-onalari qayerda?
— Qo‘y izlab yurishibdi. Bugun tunda qo‘ylarimiz qo‘radan chiqib ketibdi.
Navbatdagi o‘tovni Patma opa tezda topa olmadi. Nari bordi, beri keldi. To‘xtab, uyoq-bu yoqqa quloq solib ko‘rdi. Bo‘lmagach, ovoz berdi:
— Berdi! Ho, Berdi!
Tuman ichidan yosh bolaning:
— Ha-a! — degan uni eshitildi.
— O‘tiraver. Uydan chiqmagin!
— Patma opa, pechkaga o‘t yoqib olaymi? — deb so‘radi bola.
— Jo‘n o‘tirgin! O‘tin yo‘q, — dedi opa.
Bola yana nimadir deganday bo‘ldi, lekin, ayol unga quloq solmadi. Endi ayol qo‘lidagi arqonni turmaklab, qisqargan sari, arqonga ergashib keta boshladi. Gap nimada ekanligiga fahmi yetgan Qo‘ychumon, ayolning oldiga tushib, ipni «quvlab», tumanga singib ketdi.
Arqon obdon uzun bo‘lib, oxiriga yetgunimizcha, ikki yuz metrday yo‘l bosdik. Ikkinchi uchi bir o‘tovning eshigiga bog‘lab qo‘yilgan ekan. Ayol o‘tovning eshigini ko‘tarib:
— Qani, kir! — dedi menga.
Men ichkari kirdim. Qo‘ychumon allaqachon pechkaning oldidan joy olgandi. O‘tov ichida uch beshik, bir nechta qo‘zilar ham bor ekan.
— To‘rga o‘t, — dedi ayol menga. Keyin pechkaga qapishib o‘tirgan Qo‘ychumonga: — Sen ham yuqoriga o‘t. E-e, o‘t yo‘q, pechkaga yopishganing bilan! Kechadan beri o‘t yoqilmagan. O‘tin tugab qoldi.
Ayol arqonni yerga tashlab, pechkaning eshigini ochdi. Pechka ichida, bo‘lgani, bir tutam quvray, quvrayning tagida gazeta parchasi bor ekan. Ayol bizga bir qur qarab qo‘ydi. Sovuqdan yuzlarimiz ko‘karib, lablarimiz gezarib ketgandi.
Ayol bir ushkurib, cho‘ntagidan gugurt olib, pechkadagi gazetaga o‘t qo‘ydi...

* * *

Men itning vovillashidan uyg‘onib ketdim. O‘tov ichi xiyla ilib qolibdi. Chiroq yonib turibdi. Qo‘ychumon uxlab yotibdi. Beshikdagi buvaklar ham uyquda. Tundagi ayol esa ko‘rinmaydi. To‘satdan poygohda uyulib yotgan tanish arqon ilondek eshilib tashqariga «o‘rmalay» boshladi.
O‘rnimdan turib, tashqariga chiqdim. Qorong‘i tushib qolibdi. (Demak, biz, deyarli, bir sutka uxlabmiz.) Hamon quyuq tuman. Qor sevalab turibdi.
Ostonada birpas turgach, yerda bilanglab borayotgan arqonni qo‘limga olib unga ergashdim. Ko‘p o‘tmay, arqon meni tundagi ayolni oldiga olib keldi. Arqonning adog‘i uning belida ekan. Ayolning qo‘lida uzun mash’ala. Do‘ngda turib olib, olisda kimgadir, mash’ala bilan, nimanidir ishora qilardi...
Mana, odatda suruvning rahnamosi — serkaning bo‘ynida bo‘ladigan qo‘ng‘iroqning nozik «jiring-jiringi», qo‘ylarning ma’raganiyu odamlarning gangir-gungir so‘zlari, quloqqa chalinib mash’alalar oqimi biz tomon kela boshladi. Ko‘p o‘tmay, ayol ikkimiz qo‘ylarning o‘rtasida qoldik. Mash’alalar yog‘dusida, kishilarning qorasi ko‘rinib, gap-so‘zlari oydinlasha boshladi.
— Biznikiga kirib, isinib olinglar! — dedi ayol ularga.
O‘zi ularning oldiga tushib, uyiga qarab yurdi. Uning ortidan mash’alalar ergashdi. O‘tovga yetishgach, hamma mash’alalarini yerga tashlab, o‘zlari ichkariga oshiqdi. Faqat ikki-uchta mash’ala qo‘ylarning ustida nari-beri borib kelardi.
Men anchagacha qor ustida uyilib yotgan mash’alalarga qarab turib, sovuq yegach, ichkariga kirdim.
O‘tovning ichi tirband. O‘tirgani joy yo‘q, bo‘sag‘ada turib qoldim. Meni hech kim sezmadi ham. Hamma sukutda, boshlari xam. Ko‘rinishlari ayanchli, horib-charchab sillasi qurigan, sovuqda qotishgan. Olaquroq jafokashlar: Qarisi bor, yoshi bor, erkagi bor, ayoli bor... Kutilmaganda, ularning orasida eski tanishlarim — Payiz, Qorasoch va Mamanni ko‘rib suyunib ketdim. Barchasi aftodahol. Jafokashlarim...
— Voy, o‘lmasam, mehmon bo‘sag‘ada turib qolibdi! — dedi, pechkadagi o‘t bilan ovora bo‘lgan Patma opa, meni payqab qolib. — Qani, mehmonga joy beringlar!
Hammasi endi e’tibor berishdi.
— Oxun! — deb xitob qildi, mening deputatim.
— Og‘ay, to‘rga o‘ting, — deyishdi Payiz bilan Qorasoch. O‘tirganlar yo‘l berishdi. Men deputatning yoniga borib o‘tirdim.
— Yo‘l bo‘lsin?! — dedi Maman. — Nima qilib yuribsan, bu yoqlarda.
— Ta’til boshlandi, o‘quvchilarni uylariga topshirib yuribman, — dedim, dunyodan bexabar uxlab yotgan Qo‘ychumonni ko‘rsatib.
— Ha-a, Abdusamat cholning o‘g‘li bu, — dedi deputat bolani tanib.
— Muning ota-onasi hozir Belda, — dedi Payiz. — Bu ahvolda Belga yetib bora olmaysizlar, og‘ay.
— Nega?
— Belgacha bir dovon bor. Hozir dovondan oshmoqning iloji yo‘q. 
— Hechqisi yo‘q, — dedi Maman. — Ta’tilni biznikida o‘tkazib, keyin ketaverasizlar. Kelganing ulug‘ ish bo‘libdi, Oyi! — Deputat Patma opaga murojaat qildi. — Qozoningni osib yubor-chi?! — Otasi soqol-mo‘ylovi oppoq, daroz chol bo‘lib, tasbeh o‘girib o‘tirardi. – Bu yigit Bishkekdan kelgan o‘qituvchi. Men olib kelganman.
Otasi menga qarab, boshini arang qimirlatib qo‘ydi.
Deputat belidagi katta pichog‘ini olib, etigining qo‘njisidan qayroq chiqarib, pichoqni qayray boshladi. Hozirgina shalpayib o‘tirgan Mamandan asar ham qolmagan edi.
— Xo‘-o‘sh, turmush-tirikchiliging qanday?! — so‘radi Maman.
— Rahmat, yomon emas, — dedim, shuncha odam turib, faqat men suhbat mavzui bo‘layotganimdan andak hijolatda.
— Hech kim xafa qilayotgani yo‘qmi? Unaqasi bo‘lsa menga aytib qo‘y, o‘zim gaplashib qo‘yaman. Pomirda men bilan hammasi hisoblashadi...
Shu chog‘ mehmonlar chiqib keta boshlashdi.
— Hay, hay! Bu nimasi?! Men qo‘y so‘ygani turibman, og‘iz tegib ketinglar.
— Rahmat, Maman, uylarimizga boraylik-chi, — dedi bittasi. — Bola-chaqalar qay ahvolda...
— Mayli, lekin, go‘sht pishganda chaqirtiraman, kelinglar.
— Xo‘p, og‘ay, yaxshi tush ko‘rib yoting. Ertalab biznikidan ham choy ichib keting, — dedi Payiz.
— Yana, shunday ketavermang, — kuyovini quvvatladi Qorasoch.
— Sizlar qayoqqa? — dedi Maman ularga. — Yo, sizlarning ham yig‘laydigan bolalaringiz bormi? Qolib, dastyorlik qilib turinglar. Qorasoch, sen yangangga qarashib yubor. Hoy, tur endi, beshigingni o‘mrovlab o‘tira bermay! — dedi u, bolasini emizayotgan xotiniga. — Payiz, men bilan yur.
Ikkovlon chiqib ketishdi. Patma opa pechkaga qozon osib, olovni ko‘tardi. Mamanning xotini xamirga unnay boshladi. Qorasoch ikki paqirni olib tashqariga jo‘nadi. Xonada, so‘ppayib, mudrab o‘tirgan cholu men qoldik.
Bir ozdan so‘ng, Qorasoch ikki paqir qor olib kirib, qozonni qorga to‘ldirdi.

* * *

Tun yarmida meni kimdir turtkilab, uyg‘ota boshladi:
— Hoy, tur, tur...
Ko‘zimni ochsam, qarshimda Maman turibdi.
— Ha, nima bo‘ldi?
— Tis-is-s! — dedi u, barmog‘ini labiga bosib. — Sekinroq gapir, chol uyg‘onib ketmasin. Tur...
Men o‘rnimdan turdim. Uydagilarning ko‘pchiligi uyquda ekan. O‘ng tomonimda chol bilan kampir. Chap tomonimda — Qo‘ychumon. Uning nariyog‘ida Mamanning xotini beshigini quchoqlaganicha mudrardi.
— Nega uyg‘otding? — ohista so‘radim, hech narsaga tushunmay.
— Aroq ichamiz, — dedi Maman.
— Topgan vaqtini qara-yu... — dedim-da, qayta yotmoqchi bo‘lsam, Maman kiftimdan ushlab qoldi.
— Qo‘y, yotma. Men seni bir mehmon qilayin deb tursam...
— Ertaga icharmiz...
— Ertaga boboy ichirmaydi.
Noiloj, egnimga choponimni yelvagay tashlab, ko‘rpaning ustiga o‘tirdim.
— Qani, haligi aroqni ber-chi, — dedi xotiniga.
Xotini turmoqchi bo‘luvdi, bolasi yig‘lab qoldi.
— O‘zingiz ola qoling, — dedi eriga.
— Qayerga yashirgansan?
— Junning ichida.
Maman asta otasi bilan onasining ustidan hatlab o‘tib, qopdagi junning ichidan bir shisha aroq olib keldi.
— Ko‘pdan beri asrab yurgandim, senga nasib qilgan ekan, — dedi jilmayib.
U pechkaning oldiga dasturxon yozib, go‘sht to‘g‘radi. Keyin ikkita piyolaga limmo-lim aroq quydi-da, bittasini menga uzatdi.
— Qani, omonchilik uchun!
— Buncha ko‘p quymasang?
— Qo‘yaver. Qani oldik!
Ikkalamiz baravariga ko‘tardik. Mening nafasim qaytdi. Mamanni jin ham urmadi.
— Isitmasi tushgani yo‘qmi? — deb so‘radi xotinidan, go‘shtdan gazak qilar ekan.
— Tushmayapti, — dedi xotini.
— Issiqroq o‘ra, ertalabgacha pasayib qolar... Endi, sen o‘tira tur, bacha, men bir qo‘ylarimni ko‘zdan kechirib kelay.
U poygoh tomonda ilinib turgan fonusni olib, chiqib ketdi.
Ohista beshik tebratib, nimuyquda o‘tirgan ayolning oldida yolg‘iz qoldim.
Bir piyola aroq meni tez sarxush qilib qo‘ydi. Ko‘nglim suhbatdosh qo‘msab qoldi. Mamandan esa darak yo‘q. Kuta-kuta, kira bermagach, chala-chulpa kiyinib, tashqariga chiqdim. Chiqdim-u, sanjob bo‘lib turgan qo‘ylarga munkib ketdim. Qo‘ylarning ustida u yon-bu yonga chayqalib yurgan fonus ko‘rindi.
Men qo‘ylarni yorib, urunib-surunib, Mamanning yoniga bordim. Shu payt Maman, hozirgina tug‘ilgan qo‘zichoqni topib olib, uni shilta-shalabbosidan tozalay boshladi. Men uning yonida xiylagacha inmaday turdim. Keyin:
— Hoy, Maman, nega, shu qarg‘ish tekkan Pomirni tashlab, boshqa yoqqa ko‘chib ketmaysizlar? — dedim.
Deputat ishdan to‘xtab, menga angrayib qarab qoldi.
— Pomirni tashlab? Nega endi, Pomirni tashlab?...
— B-b... Bir yaxshiroq, muqim yashaydigan uy-joy qurib, ekin-tikin ekib, bog‘-rog‘ qiladigan yerga borib o‘troqlamaysizlarmi?
Deputat ilgari bunaqa gapni sira eshitmagan bo‘lsa kerak, hamon menga angrayib qarab turardi. Nihoyat:
— Qiziq gap bo‘ldi-yu, nima, sening-cha, bizning turmushimiz yomon ekanmi?
— Bunaqa yashashning nimasi yaxshi? Yil o‘n ikki oy o‘tovda...
— Nima, senga o‘tovdagisi yoqmaydimi? Tavba-a... — Deputat qo‘zini emiza boshladi. — O‘tovdan hazar qilgan qirg‘izni birinchi marta ko‘rishim?
— Men ham... — dedim. Go‘yo, gapimni birov bo‘lib qo‘yadigandek, shoshib so‘zlaganimdan, nafasim yetmay qolardi. — Men ham o‘tovini maqtamagan birorta qirg‘izni ko‘rganimcha yo‘q. Qirg‘iz hamisha o‘tovini maqtaydi, o‘tovi bilan faxrlanadi. Hamisha. Asrlar davomida shunday. Boshqa xalqlar uylarini yog‘ochdan, toshdan, marmardan qurishadi. Qirg‘izlar esa, alimsoqda o‘tov deganni kashf etishgan ekan, shundan buyon unga mehr qo‘yib, medasiga tegmabdi...
Maman: — Ovsar, — dedi, hazin jilmayib.
— Ayt-chi, — deb, davom etdim, — Sizlarni bu yerlarning nimasi ushlab turibdi?!
Maman kiftini uchirib qo‘ydi.
— Bilmadim... Lekin, nega bu yerlarni tashlab ketishimiz kerak ekanligini o‘zim ham bilmayman...
Birpasdan keyin Maman qo‘zichoqni qo‘ltiqlab o‘rnidan turdi. — Yur, endi uyga kiraylik.
Men tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushib, unga ergashdim...

* * *

Biz, Qo‘ychumon ikkalamiz, oldindan bashorat qilinganidek, Belga yeta olmadik. Keyingi kuni ertalab, Maman bizni bir tuyaga mingashtirib, ortimizga qarab haydadi. Biroq, tuyaning kafolati Berdining o‘tovida tugar edi. Mamanning ko‘rsatmasiga binoan, ferma mudiri bizga boshqa ulov topib berib, tuyani ortiga qaytarishi kerak. Chunki, tuya — Mamanning ovulidagi ro‘zg‘orining yagona dastyori edi. Aksiga olib, ferma mudiri uyida yo‘q ekan, u — bugun ham, ho‘v o‘sha, ko‘p bolali ayolning ko‘z yorishini poylab ketgan ekan.
Shunday qilib, tuyani Berdining qo‘rasiga tashlab, nari yog‘iga yayov ketdik.
...Qishloqqa kun botganda kirib keldik. Ko‘cha-ko‘yda birorta zog‘ ko‘rinmaydi. Qo‘ychumonni yotog‘iga tashlab, uyimga qarab ketdim.
Uyimda meni ajoyib bir yangilik kutib turgan ekan: uyning eshigi ochiq, tokchadagi chiroq yonib turibdi. Pechkada olov gurillab, ustida choy qaynamoqda. Uy ichi yog‘ tushsa yalagudek. Ashqol-dashqollarim batartib — joy-joyida. Eng qizig‘i — mening g‘arib jomadonim yonida oxori to‘kilmagan yana bitta jomadon paydo bo‘lib qolibdi. Hayratdan lol bo‘lib qolgandim. Bir zumda ming bir ko‘chaga kirib chiqdim, baribir, yangi jomadonning ta’birini topmadim. Kutilmaganda ilmiy mudirning kirib kelishi, meni boshi berk ko‘chadan olib chiqdi:
— Hayron bo‘lib turibsizmi? — dedi Mamit aka, kulimsirab.
— Nimasini aytasiz...
— Sizni yo‘qlab Bishkekdan bir qiz keldi.
— Oysha! — deb qichqirib yubordim. — Qayoqqa ketdi o‘zi?
— Hozirgina magazin tomonga ketayotuvdi.
Men boshqa so‘zga kelmay, uydan uchib chiqib, magazinga qarab chopdim. O‘rda o‘ynaladigan maydonga yetganimda, birovning qorasi ko‘rindi. Qarasam, Oysha ekan. Quchog‘i to‘la qog‘ozga o‘ralgan u-bu narsalar. He yo‘q-be yo‘q, belidan olib ko‘tardim-da, chirpirak qilib aylantira boshladim.
— Oxun! — deb qichqirdi Oysha, quvonch bilan. — To‘xtab tur, jinni, hammasini sochib yubording!
Rostdan ham, quchog‘idagi narsalar yerda sochilib yotardi.
— Oydinim, — dedim, uni yerga qo‘yib, manglayidan o‘pib, — Oydinim!
Oysha ham meni bir o‘pib oldi-da, yerda sochilib yotgan choy, qand, pechene va konservalarni tera ketdi. Men ham unga yordamlasha boshladim. Ayni damda meni faqat sevinch hissi qamrab olgan edi. Oysha bu yerga nega keldi, endi bu yog‘iga ikkalamiz nima qilamiz, bu haqda o‘ylash xayolimga ham kelmasdi. Qalbimda faqat sevinch hokim. Pomirga kelganimdan beri yolg‘izlik, qalbimga yaqin kimsaga bo‘lgan intizorlik meni ezib kelayotganini endi aniq his etdim.
— Uyat ish bo‘ldi-da, anov kishilar qarab turishibdi, — dedi Oysha.
Qarasam, magazinning yorug‘ ayvonida direktor, magazinchi va mergan uchalasi bizni jimgina tomosha qilib turishardi.
Men atay, ularga basma-basiga Oyshani yana bir bor o‘pib qo‘ydim.
OYDINIM!..

Qirg‘iz tilidan Qurbon Sattor va Tursunboy Adashboyev tarjimasi

_____________
* T u t a k – baland joylarda havo yetishmasligi kasali.
** O g‘ a y – muallim, o‘qituvchi degani.
*** O‘ r d a – oshiq otib o‘ynaladigan milliy o‘yin.
**** I z o h – muallif yuqorida qoloq o‘quvchi vositasida, Lermontovning «Yelkan» she’rining satrlariga Pushkinning «Sibir konlarining tagida» satrini tirkab, qoyilmaqom yumor yaratgan edi. (Tarj.)
***** T u n d u k – o‘tov shiftidagi doirasimon tuynuk.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.