OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Najib Mahfuz. Zulmat bandalari (hikoya)

Qorong‘ilik shu qadar quyuq ediki, devorga o‘xshardi. Hech narsa ko‘rinmasdi. Ular yo‘qlikda uchrashganlarida, yong‘oqning yerga tushgandagi to‘qillashidan boshqa ovoz eshitilmadi. Qorong‘ilikda yong‘oq dumalab-dumalab muallimning yoniga yetib boradi. Ko‘pincha muallim shunday deydi:
– Men qorong‘ida yaxshi ko‘raman. Bunga qamoqlarda va bo‘shliqda bo‘lish davomida ko‘nikkanman.
Shunday qilib, u ularni ko‘rib turardi. Ular esa uni va umuman hech narsani ko‘rmasdilar. Qorong‘ilik sababli har kim o‘ziga xos, eshiklari zich yopiq bir dunyoda yashardi. Ular turli joylardan – uzoqdan va yaqindan kelganlar. Ulardan biri boshqasi haqida hech narsa bilmaydi. Barchalarini bu yerga bir narsagina tortardi. Muallim ularni chaqirar ekan, tinchlik va xotirjamlikni va’da qilardi. Ulardan birini chaqirib, dedi:
 – Izbatu an-Naxlda hovlim bor. Uning orqa tomonidagi bo‘sh yotgan yerga baland uy soldim. U yerdan balandda muallaq turadi va unga hech qanday yo‘lning o‘zi yo‘q. Mazkur uyga yog‘och narvon orqali chiqiladi. Uning tagiga xashak g‘arami to‘kiladi. Xona ishg‘ol etib bo‘lmaydigan qal’adek bo‘lib, qorong‘ilik uning oldida yana bir istehkom vazifasini ado etadi.
Ha, ular havoda osilib qolib, qorong‘ilikka g‘arq bo‘ldilar. Ular xuddi ko‘z hanuz ixtiro qilinmagan zamonda yashayotgan edilar. Yong‘oqni yeyayotganda esa qo‘llar bir-biriga tegib ketardi. Ammo kimning qo‘li? Qaysi odam va qanday shaxs?
Muallim kulib dedi:
– Biz tinchlik ne’matidan bahramand bo‘layotganimiz uchun qorong‘ilikka rahmat deyishimiz lozim. Menga ishoninglar, men ko‘pni ko‘rgan insonman!
Bir kunmas-bir kun qorong‘ilik hammani burkab olganda, birining ovozi boshqasini sharmanda qilib qo‘yishini qo‘rqishini muhokama etishlarini kutmagandi. Ularga shunday derdi:
– Agar sham yorug‘iga o‘rganib olib, suhbatga kirishsangiz, uning oxiri bo‘lmaydi, oralaringizdagi kelishmovchiliklarning cheki ko‘rinmay qoladi, o‘tirishingizni jahannamga aylantirishi mumkin. Ammo men undan juda nafratlanaman.
Qorong‘ilikdan kulgu ovozlari keldi.
– Bilaman, oralaringizda turli din va qarashlarga mansub insonlar bor. Mana sizlar qorong‘ilik va sokinlik tufayli osoyishtalikda vaqtingizni yaxshi o‘tkazayapsizlar!
Yana pichirlash ovozlari keldi. Xuddi ular o‘z odatlari bo‘yicha bilintirmasdan bo‘lsa-da, masxara qilayotgan edilar. Diniy va g‘oyaviy farqlarni hal qilishning ajoyib vositasi ekanmi!.. Masxara qiladilar, bilmaydilarki, ular kirib kelgan xonada yozilgan bo‘yralar va namatlargagina tegib turishibdi!.. U qattiq yo‘talib olganidan keyin titroq ovozda dedi:
– Sizlardan birortangiz o‘zi bilan birga o‘tirganni o‘zi bilmaydigan joyda uchratib qolsangiz, ishdagi hamkasabasi yoki oila a’zosi bo‘lsa, unga yaxshilikni tilasa yoxud o‘ldirish istagidan qaytsa, bularning barchasi juda ajoyib bo‘lar edi!
 Ularning barchalari gunohga botganlar. Gunohkor qo‘rqoq bo‘ladi. Shuning uchun ular kulgularini yashiradilar, qorong‘ida o‘rmalab, vishillagan ovoz chiqaradilar. Qah-qah urib kulib, dedi:
– Men Sizlarning barchangizni bilaman. Ismingiz, ishingiz va manzilingiz menga ma’lum. Ammo meni hech narsa qiziqtirmaydi. Inson obro‘sini saqlash niyatida kulgisini bosadi. Qamoqda, bo‘shliqda va beobro‘likdagina inson o‘zini erkin his qiladi!
Ey, taqillagan ovoz! Tomir urishi kesatish va o‘ziga ishonchdan umuman xalos bo‘lmaydi. Agar ma’murlar bilan muomalasida ustomonligi bo‘lmaganida, u bilan birga o‘tirgan insonlarni uning nobopligi qo‘rqitib yuborardi. Jarohatlangan kishi unda boshqalarda bo‘lmaydigan narsalarni topadi. So‘zamol va ko‘ruvchi qorong‘ilikka berkinadi. Bir safar kulib dedi:
– Sizlar barchangiz katta odamsizlar, o‘z mansablaringizdan qo‘rqasizlar. Ammo kambag‘allar hech narsadan qo‘rqmaydilar. Shuning uchun ular bu yerga kelmaydilar. Bunda ular qorong‘ilik va sokinlikka ishonmaydilar.
Bu kishi yaramas bo‘lishiga qaramasdan, kasallikka mubtalo bo‘lganlar unga ishonadilar va yordamlarni xursandchilik bilan qabul qiladilar. Ularni yo‘qlikdan qorong‘i devorga urilgan ko‘zlargina chiqara oladi. U bukur, yuzlari burishgan, past bo‘yli va yoshi yetmishdan oshgan. Ammo shaytoniy quvligi bor. Kulib, ulardan so‘radi:
– Nimaga butun hayotingizni shu o‘tirishning chiroyli davomi qilib qo‘ya qolmaysizlar?
So‘ngra xuddi o‘z savoliga javob berayotgandek dedi:
– Ish... Oila... Tirikchilik, deysizlar.
Istehzo bilan kulimsirab, so‘ngra:
– Ammo qorong‘ilik va sokinlikdan boshqa hech narsa yo‘q! – dedi.
Uzoq vaqt jim o‘tirganidan keyin:
– Men Sizlarni bo‘lar-bo‘lmas gaplar bilan masxara qilayapman. Sizlar esa meni ichingizda mazax qilayapsizlar. Buning ma’nosi Sizlar o‘rganmasliklaringizda ayon bo‘ladi. Ammo men dunyoning bevafoligiga qaramay, o‘zim uchun mo‘‘jiza yaratdim. Mening oilam va ishim yo‘q. Umr tez o‘tib ketadi, kunlar chopadi, shuning uchun hayot menga uzoq, tashvish va muammolarga boy, og‘ir hamda zerikarli ko‘rinadi. Men o‘limdan qo‘rqmayman. Sizlardan hech biringiz o‘limdan qo‘rqmaysizlar!
Yaramasligi kishida unsiz mazax paydo qilishiga qaramay nozik torlarga tegib ketdi. Ammo uning o‘limdan qo‘rqmasligiga kim ishonadi? Unda nima uchun havo va bo‘shliqda bu alohida xonani qurgan?
O‘sha kechada ularga ishonch bilan dedi:
– Bu xonada hayot hikmatining qaymog‘i bor.
Ko‘p gaplar to‘xtab qoldi. Yong‘oq ham dumalashdan to‘xtadi. Ular u o‘z odatiga ko‘ra, ozgina dam olmoqchi bo‘lsa kerak, deb o‘yladilar. Kutdilar. Jimjitlik va qorong‘ilikda kutish cho‘zilib ketdi. Yana kutdilar. Kutaverdilar. Hech narsa o‘zgarmadi. Kutish ham jonlariga tegdi. Ayrimlari nega jimsan, degandek, tomoqlarini ham qirib qo‘ydilar. Foydasi bo‘lmadi. Nima, uxlab qoldimikan? O‘zidan ketib qoldimikan? O‘lib qoldimikan?
U o‘tirgan joydagi qo‘shnisi qo‘llari bilan uni qidirdi. So‘ngra tashvishli ohangda pichirladi:
– U odam joyida emas!
Paypaslab eshikni ochishga urinib ko‘rdi. Ammo taraddudlanib pichirladi:
– Eshik qulflab qo‘yilgan.
Ulardan biri ovozini xiyol ko‘tarib, dedi:
– Birorta deraza bo‘lsa kerak. Har kim devorning o‘ziga yaqin qismidan derazani qidiradi. Birmuncha vaqt qidirgandan so‘ng ketma-ket ovozlar yangradi:
– Deraza yo‘q... Deraza yo‘q...
Bekinmachoq o‘ynashni to‘xtatib, o‘z holatlarini ko‘rish uchun gugurt yoqishga qaror qildilar. Sigareta qutisi joyida turgan bo‘lsada, gugurtdan asar ham ko‘rinmasdi! Bu bekorga emasligi ayon bo‘ldi. Gugurt o‘g‘irlangan! Ammo o‘g‘ri kim va nima uchun o‘g‘irladi? Uning maqsadi nima? Muallimni chaqirdilar, g‘azabli ovozlar bilan chaqirdilar, momaqaldiroqdek guldiragan ovozlar bilan chaqirdilar. Ammo javob bo‘lmadi. Umuman javob bo‘lmadi. Hech qanday ovoz...
– Qachon, qaerga ketdi?
– Qanday qilib chiqib ketdi?
– Berkinib olganligining sababi nimada?
– Qanday qilib va nimaga gugurtni o‘g‘irladi?
– Balkim, biron ish bilan chiqib, falokatga yo‘liqqandir.
– Nega eshikni yopib qo‘yadi?
– Nimaga gugurtni o‘g‘irladi?
– Bular hazilmi yoki yomonlikmi?
– Qorong‘ilikda biz xavf-xatardamiz...
Yana muallimni chaqira boshladilar. Ovozlarini kar devorlargina eshitadilar. Tomoqlari bo‘g‘ilib, devorlarni mushtlashdan qo‘llari qavardi. Qorong‘ilikda, tushkunlik kuchaydi. Endi nima qilish kerak? Oxiri ko‘rinmayotgan bo‘lsa ham kutiladimi? Taqdirimizni hal qilish uchun taslim bo‘lamizmi? Taqdirimiz nima bo‘ladi? Nima, u kishi aqldan ozdimikin? Bo‘yralarning ustidagi joylariga o‘tirdilar. Nima bo‘lganda ham hammalari zaif edilar. Barchalari uzoq masofaga yugurgan yoki jangdan keyin paylari cho‘zilib ketgandek edilar. Noilojlik orqasida qo‘rqinch ham ularni tark etdi. Bittasi ovozini chiqarib esnadi. Ketma-ket boshqalar ham esnadilar. Ovoz keldi:
– Qiziq, faqat gugurtni o‘g‘irlab ketganmikan?
Qo‘llar cho‘ntaklarni paypaslab, noxos bittasi qichqirdi:
– Shaxsiy guvohnomam!.. Guvohnomam ko‘rinmayapti...
Boshqa ovozlar ham yangradi:
– Mening guvohnomam ham yo‘q...
– Pullar joyida. Ammo guvohnoma ko‘rinmaydi.
– Bu topishmoqning ma’nosi nima bo‘ldi?!
Bir necha kishi gapirishga urindi. Ammo ovozlari chiqmadi. Yana esnashlar boshlanib, istehzoli cho‘zilgan “navo”larga aylandi. So‘ngra qorong‘ilikda og‘ir sukunat cho‘kdi, xuddi uyqu yoki o‘lim holatidek.
Qorong‘ilikni kesib, osudalikni buzgan holda savol yangradi:
– Qalaysizlar?
Qorong‘ilikda ovoz yolg‘iz yoyildi. Ammo unga javob bo‘lmadi. Shuning uchun ovozini ko‘tarib takror so‘radi:
– Hoy... Qalaysizlar?
Qorong‘ilikda zaif harakat yuz berib, undan ishonchsizlikka to‘la ovoz chiqdi:
– Muallim!.. Kim?.. Muallim?
Ketma-ket ovozlar keldi: Muallim... Muallim... Ovoz yana istehzo bilan so‘radi:
– Qalaysizlar?
– Ahvolimizni so‘rayapsiz!.. Siz!.. Bu qanaqa qo‘pol hazil?!
– Ahvollaringiz qalay. Shuni so‘rayapman.
– O‘zingiz qaerda edingiz?
– Men joyimdan jilganim yo‘q...
– Haliyam bizlarni mayna qilayapsizmi?
– Ishoninglar menga, shu vaqt davomida joyimdan hech qaerga qimirlaganim yo‘q.
– Yolg‘onchi... Sizni qidirib, nom-nishoningizni ham topa olmadik.
– Sizlar ham joylaringizdan qimirlaganlaringiz yo‘q...
– Ey, dono... Sizni chaqiraverib ovozlarimiz bo‘g‘ildi, devorlarni uraverib qo‘llarimiz qavarib ketdi.
– Sizlardan hech qaysingiz harakat qilmadingiz. Ishonaveringlar menga. Men ham doimo Sizlar bilan edim!
– Haliyam bizlarni aldashda davom etayapman, deb xayol qilayapsiz, shekilli!
– Ishoninglar... Faqat shaxsiy guvohnomalaringiz va gugurt qutisinigina oldim.
– O‘zingiz tan olayapsiz... Bekorchi gaplarni qo‘ying... Sizning bunchalik makkor o‘g‘ri ekanligingizni bilmagan ekanmiz.
– Ammo men ularni olayotganimda uxlab yotgan edingizlar...
– Uxlayotgandik!
– Ha, uxlayotgan edingiz...
– Bizlardan hech birimiz ko‘zimizni yumganimiz yo‘q.
– Kamida bir soat uxladingiz. Shu vaqtning ichida o‘z ishlarimni qilib oldim.
– Siz qilmishlaringiz sababini bizga tushuntirib berishingiz lozim.
– Yaxshi... Men uchun o‘z tajribamni o‘tkazish xavfli.. Sizlarni o‘zim ixtiro qilgan dori bilan uxlatdim...
– Aljirayapsizmi...
– Kun chiqquniga qadar eslash qobiliyatingizni yo‘qotasizlar.
– Bizlarga o‘g‘irlangan narsalarimizni qaytaring va eshikni oching.
– Bir soatdan ko‘proq uyquga g‘arq bo‘ldingiz. Keyin uyg‘ondingiz va esnashga tushdingiz. Sizlar ma’nosiz so‘zlarni pichirladingizlar. Keyin men gapirdim!
–Hiylangiz ish bermadi...
– Bir soat uxladingiz. Buning dalili, Sizlar sezmagan holda, men o‘zim istagan narsalarni oldim.
– Ammo Siz o‘tirgan joyni paypaslaganimda, Sizga qo‘lim tegmadi.
– Qo‘llaringizni qimirlata olmasdingiz.
– Devorni urdik va Sizni momaqaldiroqdek gulduragan ovozlar bilan chaqirdik...
– Bunday qilolmasdingiz. Hozir ham bunday qilolmaysiz. Ammo Sizlar xayol qilgan ishlar faqat Sizlarning onglaringizda sodir bo‘ldi. Boshqa aytayotgan ishlaringiz ham qorong‘ilikdagi kabi aslida yuz bermadi...
– Nahotki, hazillaringizga toqatimiz yo‘qligini ko‘rmayapsiz?
– Tongga qadar eslash qobiliyatini yo‘qotasizlar. Sizlar nafaqat o‘zingizni, boshqalarni ham taniy olmaysiz!
– Bilasizmi...
– Shuning uchun guvohnomalaringizni olib qo‘ydim. Sizlardan birortangiz o‘zini taniy olmaydi, boshqalar ham uni tanimaydi.
– Boshingizni sovuq suvga yuving... Bo‘la qoling...
– Ertaga ertalab Sizlardan hech kim qolmaydi, guvohnomalaringiz kabi yo‘q bo‘lib ketasizlar.
– Siz esingizdan ayrilmadingizmi?
– Balkim. Sizlarga nima farqi bor? Mening jinniligimni sinab ko‘rishingiz uchun o‘zim ham ixtiromdan ajoyib sipqoraman. Omadimni qarangki, menda guvohnomaning o‘zi yo‘q. Qorong‘ilik, sokinlik va tunga minnatdorchilik bildiraylik...
– Ey, jinni, ey, esi yo‘q...
– Xuddi harakat qilishdan mahrum bo‘lganingizdek, gapdan ham qolasizlar. Men va’da beramanki, o‘zim ham orqalaringizdan boraman. Bo‘yra ustiga cho‘zilasizlar. Ertaga bo‘shliq Sizlarning dalalar shudringida namiqqan yosh jasadlaringizni kutib oladi.
Jimjitlik hukm sura boshladi. Hech kim gapira olmadi. Chuqur uyquga ketdilar. Birin-ketin ularga qarab chiqdi. So‘ngra mamnunlik bilan o‘rnidan turdi:
–Dalalar shudringida namiqqan.

Arabchadan Bobir G‘iyosov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 2-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.