OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nikolay Gogol. Dilijon (hikoya)

Otliq askarlar polki tura boshlagandan keyin, B. shaharchasi juda xushchaqchaq bo‘lib ketdi. Ungacha o‘lgudek ko‘ngilsiz edi... Goho yo‘ling tushib qolib undan o‘tganingda ko‘cha yuzida g‘oyat mung‘ayib turuvchi pastak va kichik guvala uylarga ko‘zing tushsa, ta’bing shu qadar xira bo‘lardiki, buni ifodalab berish qiyin, xuddi bor-yo‘g‘ingni qimorga boy bergandek yoki bemahal biron noma’qulchilik qilib qo‘ygandek g‘ussaga botardi kishi, xullasi, noxush bo‘larding. Uylarning loysuvoqlari yomg‘irdan ivib-o‘pirilib tushgan-u, devorlar ola-quroqqa aylangan; aksari tomlarga, odatda bizning janubiy shaharlarimizda bo‘lganidek, qamish yopilgan; bog‘larni esa shahar hokimi, manzara chiroyli bo‘lsin deb, allaqachon choptirib tashlatgan. Ko‘chalarda jon asarini uchrata olmaysan, tizza bo‘yi chang bilqillab yotgan yo‘lni kesib bironta xo‘roz o‘tib qolmasa... Agar jindek yomg‘ir yog‘ib qolgudek bo‘lsa bormi, botqoqqa aylanadi-yu, innankeyin B. shaharchasining ko‘chalariga uning hokimi: «Faranglar», deb atagan bo‘rdoqi hayvonlar to‘lib ketadi. Ular beso‘naqay tumshuqlarini cho‘zib chunonam xir-xirlashadiki, o‘tkinchilarning otlarini tezroq qamchilashdan boshqa iloji qolmaydi. Shunisi ham borki, B. shaharchasida o‘tkinchini uchratish qiyin. Ahyon-ahyonda, o‘n bir jonning* egasi, mallarang cho‘zimdan dag‘al to‘n** kiygan biron pomeshchik allaqanday shaldiroq aravada tosh yo‘lni taraqlatib o‘tib qoladi, un to‘la qoplar orasidan mo‘ralaganicha jiyron biyaga qamchi uradi, biyaning ketidan quluni chopib ketayotgan bo‘ladi, albatta. Bozor maydoni deyiladigan joyning turqi undan ham ko‘ngilsiz: tikuvchining uyi juda beso‘naqay tushgan, peshtoqi ko‘rinib tursa ham mayli-ya, burchagi turtib chiqqan, uning qarshisidagi ikki derazalik g‘ishtin imorat o‘n besh yildan beri qurilmoqda, undan nariroqda taxta devorli, mundoq qarashda tuzukkina bir qo‘ra turibdi, u balchiqqa o‘xshash kulrang moyga bo‘yalgan, uni shahar hokimi yoshlik vaqtida o‘ega imoratlarga ibrat tarzida qurdirgan, u vaqtlarda hali hokimning tushki ovqatdan keyinoq uxlash, kechasi yotish oldidan allaqanday shifobaxsh qaynatqi ichish odati yo‘q edi. Boshqa devorlarning deyarlik hammasi chetandan; maydon o‘rtasidagi mayda-chuyda do‘konlarda hammavaqt bog‘lam-bog‘lam teshik kulchalar sotiladi; bundan tashqari qizil durra bog‘lagan ayolu bir pud sovunni, bir necha qadoq achchiq bodomu miltiqning o‘q-dorilarini, ip gazlamayu eshik oldida hamisha mixqoziq o‘yini bilan band bo‘lgan ikki gumashtani ko‘rish mumkin. Ammo, B. degan bu shaharchada otliq askarlar polki tura boshlashi bilanoq hammayoq o‘zgarib ketdi. Ko‘chalar ola-g‘ovur bo‘lib, jonlandi, boshqa tusga kirganday tuyuldi. Pastak uylar yonidan o‘tib boruvchi abjir, sersavlat, boshiga jig‘a taqqan ofitser tez-tez ko‘zga tashlanib qolar, u ish yuzasidan, noyob tamaki borasida do‘sti bilan gaplashmoq uchun, ba’zida generaldan yashiriqcha polkka o‘tib ketgan ot-aravani qimorga tikish uchun o‘tar edi: negaki, bu arava polk doirasida hammaning qo‘liga bir-bir kirib chiqardi; unda bugun mayor sayr qilsa, ertaga poruchikning otxonasida paydo bo‘lardi, bir hafta o‘tgandan keyin qarabsanki, tag‘in mayorning navkari moylayapti. Uylarning oraliqlaridagi chetan qoziqlarni askarlarning oftobga yoyilgan furajkalari bosib ketgan, surrang shinel albatta allaqaerdagi darvozada qo‘nqayib turar, tor ko‘chalarda etik cho‘tkasiday dag‘al mo‘ylovli soldatlar uchrab qolar edi. Qaerga qarasang, shu mo‘ylovlar. Yog‘log‘i ko‘targan meshchan xotinlar bozorda to‘planib qolgudek bo‘lsa, ularning kiftlari osha ham mo‘ylovlar ko‘rinib qolardi. Dor qurilgan joyda mo‘ylovdor askar bir omi qishloqining soqolini uqalar, unisi esa, ko‘zlari ola-kula bo‘lib, yakkash inqillar edi. Shu vaqtga qadar allaqaysi ruhoniyning bevasi bilan bir uyda istiqomat qiluvchi hakamdan va salgina fahm-farosatlirog‘-u, lekin tunu kun — tushdan to oqshomgacha, oqshomdan tushgacha uxlaguvchi shahar hokimidangina iborat ma’rakalarni endi ofitserlar qizitib yuborishdi. Brigada generalining mahkamasi bu yoqqa ko‘chirilgandan keyin esa, ma’raka yana ham serfayz bo‘lib, qiziqarli tus oldi. Olamda bor-yo‘qliklari shu vaqtgacha birovning xayoliga ham kelmagan ovloq qishloqlarning mulkdorlari janob ofitserlar bilan ko‘rishmoq niyatida, ba’zida esa qarta o‘ynash uchun shaharchaga tez-tez kelib turadigan bo‘lib qolishdi, ko‘ngilxushliklar ularning ekin-tikin tashvishi, xotinlarining xarxashalariyu quyonlar daxmazasi bilan g‘ovlagan kallalarida shirin xayol singari favqulodda shavq tug‘dirardi.
Afsuski, brigada generalining nima munosabat bilan katta ziyofat berib qolganini eslay olmayman, lekin ziyofatga tayyorgarlik juda zo‘r bo‘ldi: general oshxonasidagi pichoqlarning taqir-tuquri harbiy shaharcha naryog‘idan ham eshitilib turar edi. Ziyofat uchun bozordagi bor-yo‘q narsa ko‘tarib ketildi, natijada hakam bilan ruhoniy bevasining kuni nimaningdir unidan yopilgan kulchayu kartoshkadan tayyorlangan bulamiqqa qoldi. General turgan uyning kichkina hovlisi dilijonu izvoshlar bilan to‘lgan bo‘lib, ma’rakaga ofitserlar, shu tevarakdagi ba’zi yer egalari taklif qilingan edi. Mulkdorlar orasida diqqatga sazovorrog‘i — saylovlarda hammadan ko‘ra ko‘proq jar soladigan Pifagor Pifagorovich Chertokutsskiy ko‘z-ko‘z qilishga arzigulik dilijonda kelgan edi. U ilgari otliq askarlar polkidan birida xizmat qilgan, ancha tuzuk va ko‘zga ko‘ringan ofitserlar jumlasidan hisoblanardi. Ularning polki ko‘chib borgan joylarda bo‘lib o‘tgan talay bazmu ma’rakalarda uni ilgari ham ko‘rganlari aniq, darvoqe, bu haqida Tambov va Simbir guberniyalarining qizlaridan so‘ralsa ham bo‘ladi. Agar, odatda xunuk mashmasha deb ataladigan bir ko‘ngilsizlik tufayli iste’foga chiqmaganida, u boshqa joylarda ham shuhrat orttirishi ehtimoldan uzoq emas edi. Qarigan chog‘ida birovni tarsakilaganmi, yo o‘zi tarsaki yeganmi, bunisi aniq esimda yo‘q, haytovur undan iste’foga chiqa qolishini o‘tinib so‘radilar. Ammo bu bilan o‘z qadrini qittak ham yo‘qotgani yo‘q: hamon harbiy mundir bichimidagi xipchabel frak kiyar, beliga taqilgan aslahasiyu burni tagidagi mo‘ylovlari ham boyagi-boyagidek edi. Yo‘qsa, dvoryanlar uni piyoda askarlar polkida xizmat qilgan, deb o‘ylashlari mumkin edi-da, piyodalarni esa u goho-goho kalaka qilib turishni yaxshi ko‘rardi. U Rossiyaning ayollaru go‘daklar, qizlaru semiz mulkdorlardan iborat butun avra-astari ko‘ngilxushlik qilish uchun barcha turdagi naqliyot vositalariga, hech kimning yetti uxlab tushiga ham kirmagan alomat izvoshlarga tushib boradigan gavjum yarmarkalarning bittasidan ham qolmasdi. Qaerga otliq askarlar polki kelib qo‘nmasin, darhol iskab topardiyu kelib, albatta janobi ofitserlar bilan uchrashardi. Ularning oldiga yengil dilijondan yoki izvoshdan chaqqonlik bilan sakrab tushardi-da, darrov hol-ahvol so‘rashib ketar edi. O‘tgan saylovlarda u dvoryanlarga juda yaxshi ziyofat berdi, ziyofat chog‘ida, agar uni peshvolikka saylashsa, dvoryanlarning ishini rivoj toptirajagini ma’lum qildi. O‘sha viloyatda istiqomat qiladigan odamlardan eshitishimcha, u o‘zini to‘ralardek tutar, yaqinda bitta do‘ndiqqa uylangan — uni ikki yuz jondanu bir necha ming sarmoyadan iborat sepi bilan xotinlikka olgan ekan. Sarmoya esa o‘sha zahotiyoq oltita ajoyib arg‘umoq va naqshin qulflar, o‘rgatilgan maymunu frantsuz eshikog‘asi olish uchun sarf qilinibdi. Ikki yuz jon esa qandaydir tijorat ishlarini yurgizish uchun garovga tikilgan emish. Xullas, mulkdor desa deguday, borib turgan pomeshchik edi. General ziyofatida undan boshqa ham ancha-muncha pomeshchiklar bor edi-yu, lekin ular haqida gapirishning hojati yo‘q. Ularning hammasi o‘sha polk harbiylari va ikkita katta ofitser polkovnik bilan xiyla yo‘g‘on mayordan iborat. Generalning o‘zi dard ko‘rmagan, xo‘ppa semiz, ofitserlar bergan bahoga qaraganda chakki boshliq emas edi. Xiyla do‘rillagan, salmoqdor ovoz bilan gapirardi. Ziyofat juda quyuq bo‘ldi: maromiga yetkazib qovrilgan baliqlaru tuvaloq, sarsabil, bedana, kaklik, qo‘ziqorinlar oshpazning kechadan beri tuz totmaganidan, to‘rtta askar qo‘lida pichoq bilan tun bo‘yi unga qiyma qayla tayyorlashda ko‘maklashib chiqqanidan dalolat berardi. Musallas, o‘tkir sharoblaru ajoyib yoz kuni, lang ochilgan derazalaru muz solib stolga qo‘yilgan likobchalar, janobi ofitserlarning oxirigacha yechilmagan tugmalariyu keng-mo‘l fraklarining g‘ijimlangan o‘ngirlari, g‘ala-g‘ovuru hangoma — hammasi bir-biriga mos tushar edi. Ziyofatdan keyin, qorinlaridagi og‘irlikdan huzur qilib, mehmonlar o‘rinlaridan turishdiyu uzunqisqa bo‘lishib zinapoyaga chiqishdi. General, polkovnik, hattoki, mayor mundiridagi tugmalar butunlay yechig‘liq bo‘lganidan ularning noyob ipak tasmalari ko‘zga chalinib turardi, janobi ofitserlar o‘zlariga yarashgulik odob saqlab, so‘nggi uch tugmani nazarga olmaganda, qolgan hamma tugmalarini taqib olgan edilar.
—    Mana endi ko‘rmoq mumkin, — dedi general. — Azizim, marhamat qilib... — dedi u ad’yutanti bo‘lmish xushsurat, xiyla abjir yosh yigitga murojaat qilib, —    aytib qo‘y, jiyron baytalni buyoqqa olib chiqishsin!.. Mana hozir o‘z ko‘zlaringiz bilan ko‘rasizlar. —General trubkasini tortib, tutun chiqardi. — Baytal uncha ham boquvda emas, parvarishi kam, la’nati shaharchada tuzukroq otxona ham yo‘q!
—    Zoti oliylari, puf-puf, baytalni qachon olgansiz? — dedi Chertokutsskiy.
—    Puf-puf, puf-puf, xo‘sh... puf, yaqinda. Ot zavodidan olganimga atigi ikki yil bo‘ldi!
—    Olganlarida o‘rgatilgan ekanmi, yoki olganlaridan keyin shu yerda o‘rgatib oldilarmi?
—    Puf-puf... shu yerda, — dediyu tutun ichida tamom g‘oyib bo‘ldi general.
Bu orada otxonadan otilib bir askar chiqdi, tuyoq dupuri eshitildi, nihoyat, uzun oq chakmon kiygan, bahaybat, qora mo‘ylovlik boshqa askar paydo bo‘ldi. U dir-dir titragan, hurkkan otning jilovidan tutib, yetaklab kelmoqda edi. Ot birdan boshini tepaga siltadiyu yerga cho‘nqayib o‘tirib qolgan askarni mo‘ylov-po‘ylovi bilan birga osmonga irg‘itishiga sal qoldi.
—    Hay, deyman, hay, Agrafena Ivanovna! — dedy askar otni zinapoya tagiga yetaklab kelayotib.
Baytalning nomi Agrafena Ivanovna ekan. Janub go‘zaliday asov baytalning tuyoqlari zarbidan yog‘och zinapoya gumbirlab ketdiyu ot taqqa to‘xtadi.
General og‘zidan trubkasini oldi, chiroyi ochilib, ko‘kragi ko‘tarilib Agrafena Ivanovnaga qaradi. Shaxsan polkovnik zinadan tushib, Agrafena Ivanovnaning tumshug‘idan ushladi. Shaxsan mayor Agrafena Ivanovnaning oyog‘ini silab qo‘ydi, boshqalar tanglaylarini taqillatishdi.
Chertokutsskiy zinadan tushdiyu aylanib baytalning orqasiga o‘tdi. Askar tizginini ushlaganicha qaqqayib turar, xuddi bir sakrab qadalib qolmoqchi bo‘lganday, mehmonlarga qarab o‘qrayar edi.
—    Obdon, obdon yaxshi baytal! — dedi Chertokutsskiy.— Ajab kelishgan ot! Ha, minmoqlikka ijozat bering, zoti oliylari, yurishi qanday?
—    Oyoq olishi yaxshi, lekin... ne bilay, manovi ahmoq otboqar qanday yem yegizgan ekan, mana ikki kun bo‘ldiki, aksirgani-aksirgan.
—    Obdon, obdon yaxshi! Xo‘sh, zoti oliylarining shu otga munosib aravalari shaymi?
—    Arava... Axir bu salt minadigan ot-ku!
—    Bunisini bilib turibman, ammo men zoti oliylaridan boshqa otlari uchun munosib aravalari bormi-yo‘qligini bilmoq maqsadida so‘radim.
—    Ha, menda aravalar uncha yetarli emas. Men sizga rostini aytsam, ko‘pdan buyon yangi dilijon olishni orzu qilaman. Bu to‘g‘rida Peterburgda turadigan akamga xat yozgan edim, qaydam, yuborarmikin, yo‘qmi?
—    Menimcha, zoti oliylari, — deb gapga aralashdi polkovnik, — Vena dilijonidan tuzugi bo‘lmas.
—    Fikringiz to‘g‘ri, puf-puf...
—    Menda, zoti oliylari, naq Venada yasalgan degulik antiqa dilijon bor.
—    Qaysi u?.. Hali tushib kelganingizmi?
—    Yo‘g‘-e! Bunisi shunchaki, u yoqbuyoqqa borib turishim uchun, ammo unisi... juda hayron qoladigan — qushday yengil, unga tushgan vaqtingizda-chi, zoti oliylarining ijozatlari bilan aytsam, xuddi enagangiz beshikda tebratayotganday bo‘lasiz.
—    Shunaqa beozor deng?
— Judayam beozor: bolishlari, ressorlari bamisoli suratga solinganday!
—    Yaxshi ekan.
—    Keng-mo‘lligini aytmaysizmi! Chunonchi, men, zoti oliylari, munaqasini hali ko‘rgan emasman. Xizmat qilgan vaqtimda mening qutimga o‘n butilka rom, yigirma qadoq tamaki joylanar, bundan tashqari, yonimda oltitagacha mundir, ich kiyim, hamda zoti oliylari ijozatlari bilan aytsam, nayi gijjadan ham uzun ikki trubkam yurar edi, yon xaltalariga butun boshli ho‘kiz sig‘ar edi.
—    Yaxshi ekan.
—    Zoti oliylari, u menga to‘rt mingga tushgan!
—    Narxiga qaraganda, yaxshiga o‘xshaydi, siz o‘zingiz sotib olganmidingiz?
—    Yo‘q, zoti oliylari, qo‘limga tasodifan tushib qoldi. Uni bir og‘aynim — o‘zi noyob odam, bolalikdan o‘rtog‘im, o‘zini ko‘rsangiz didingizga yoqib qolardi — o‘sha sotib olgan, ikkovimizning oramizda senikiyu meniki degan gap yo‘q, hammasi o‘rtada edi-da. Men undan dilijonni qarta o‘yinida yutib oldim. Zoti oliylari, ertaga kaminanikida ovqatlanishga rozilik berib, marhamat ko‘rsatsalar bir yo‘la dilijonni ham ko‘rib kelardilar.
—    Qaydam, taklifingizga nima desam ekan? yolg‘iz o‘zim borishga sal... yo janobi ofitserlar bilan birga borishga ruxsat etarmikansiz?
—    Janobi ofitserlarni ham ojizona taklif etaman. Janoblar, sizlarni o‘z uyimda ko‘rar kunga yetishsam, buni zo‘r sharaf deb hisoblayman! Polkovnik, mayor va boshqa ofitserlar quyuq ta’zim bilan minnatdorchilik izhor qildilar. So‘ng Chertokutsskiy davom etdi: — Men, zoti oliylari, shunday fikrdamanki, agar buyum sotib olar ekansan, albatta, yaxshisini olish kerak, yomonini olish ovora bo‘lishga ham arzimaydi. Mana, ertaga qadam ranjida qilib meni shu sharafgag‘arq etganlarida, men o‘zim ro‘zg‘orda o‘rnatgan ba’zi qoidalarimni ko‘rsatarman.
General bir qarab qo‘ydiyu og‘zidan tutun chiqardi. Chertokutsskiy janobi ofitserlarni uyiga taklif qilganidan og‘zi qulog‘ida edi. U xayolida halitdanoq turli-tuman qiymalaru qaylalar buyurmoqda... Chertokutsskiy taltayibroq o‘rtaga chiqdi, bu shavqu zavqi behad oshib ketganidan edi.
—    U yerda zoti oliylari uy bekasi bilan tanishadilar.
—    Men juda xursandman, — dedi general mo‘ylovini silab.
Chertokutsskiy bu gapdan keyin ertaga mehmonlarni kutib olishga hamma hozirlikni barvaqt ko‘rish uchun darrov uyiga jo‘namoqchi bo‘ldi, u shlyapasini qo‘liga olmoqchi ham edi-yu, biroq bir balo bo‘ldida, tag‘in xiyla vaqt qolib ketdi. Bu orada xonaga maxsus stollar tizib qo‘yilgan edi. Hademay, butun ma’raka to‘rtta-to‘rttadan davraga bo‘linib, general uyining burchak-burchaklarida qimor o‘ynashga tushdilar.
Shamlar yoqildi. Chertokutsskiy o‘yinga o‘tirish yo o‘tirmasligini bilmay uzoq garangsib turdi. Lekin, janobi ofitserlar yonlariga taklif qilishgach, rad etish ulfatchilik qoidalariga juda xilofday ko‘rindi-da, o‘tirib qoldi. Oldida qayoqdandir araq to‘la stakan paydo bo‘lib qoldiyu o‘sha zahotiyoq ichib yubordi. Chertokutsskiy ikki qo‘l o‘ynagandan keyin qarasa, yana liq to‘la bir stakan paydo bo‘lib qolipti, uni ham... Lekin ichishdan avval:
—    Vaqt bo‘ldi, janoblar, rostda, uyga kech qoldim shekilli, — deb qo‘ydi. Ammo beixtiyor keyingi o‘yinga ham bay tikib yubordi.
Bu orada uyning burchak-burchaklaridagi gurunglar g‘alati tus oldi: qarta o‘ynayotganlar xiyla kamgap, biroq o‘yinga aralashmay, chetdagi divanda o‘tirganlar qizg‘in suhbatda edi. Bir burchakda, og‘zida trubkasi, bolishga yonboshlagan shtab-rotmistr o‘z ishqiy sarguzashtlarini xiyla betakalluf va ravon hikoya qilar, atrofdagilarning diqqatini o‘ziga qaratib olgan edi. Kaltabaqay qo‘llari beso‘naqay bitgan kartoshkaga o‘xshabroq ketgan, so‘qimday semiz bir mulkdor yuzlari ming turlanib, huzur qilib gapga quloq solar, faqat onda-sonda tamakidonini olish uchun qo‘lini serbar beliga cho‘zganida qiynalib qolar edi. Boshqa burchakda harbiy mashqlar borasida ancha qizg‘in bahs boshlanib ketdi, bu vaqt, ikki kichik qarta o‘rniga bitta ko‘zir tashlagan Chertokutsskiy noxos chetdagi gapga aralashib, turgan joyida «Qaysi yilda?.. Qaysi polkni?» deb baqirishga tushdi. Savolining suhbatga hech qanday munosabati yo‘qligini payqamas edi. Nihoyat, kechki ovqatdan bir necha daqiqa oldin qarta o‘yini to‘xtatildi, lekin o‘yin gapda davom etar edi. Go‘yo hammaning kallasi hamon qimor bilan band edi. Chertokutsskiy yaxshi eslardiki, u juda ko‘p yutdi, qo‘l cho‘zib hech nima olgani yo‘q, hozir u o‘rnidan turarkan, burun artish uchun cho‘ntagidan dastro‘molini qidirganday uzoq ivirsib qoldi. Bu orada kechki ovqat ham keltirildi. O‘ngu so‘lida butilka turganidan keyin Chertokutsskiy ora-chora beixtiyor o‘ziga quyib olishi kerakligi o‘z-o‘zidan ma’lum edi, albatta.
Ovqat ustida gurung cho‘zilib ketdi. 1812 yilgi urush vaqtida xizmat qilgan bir pomeshchik shunaqangi bir jang haqida gapirardiki, aslida, bunaqasi sira ham bo‘lgan emas. Keyin u, he yo‘q-be yo‘q, grafinning tiqinini olib o‘rniga pirojnoe tiqib qo‘ydi. Xullas, tarqala boshlaganlarida soat uch bo‘lib qolgan, izvoshchilar ba’zi aslzodalarni xuddi xarid buyumlari solingan bo‘xchani quchoqlagandek dast ko‘tarib, aravaga solishga majbur bo‘ldilar. Chertokutsskiy esa asl aslzodaligiga qaramay, izvoshda o‘tirgan joyidan chunonam egilib ta’zim qildiki, natijada mo‘yloviga ikki dona to‘ng‘iztaroq ilashib uyiga qaytdi.
Uyda katta-kichik hamma uxlardi, izvoshchi kamerdinerini izlab-izlab arang topdi, u esa xo‘jayinini mehmonxonadan olib o‘tib, oqsoch qizga topshirdi. Chertokutsskiy qizning ortidan amal-taqal qilib yotoqxonasiga yetib oldiyu qorday oq, ichki ko‘ylagida, gul-gul yonib yotgan yosh va suxsurdekkina xotini yonidan joy oldi. Erining karavotga tap etib tashlashidan u uyg‘onib ketdi. Kerishib, kipriklarini ochdi, lekin bu gal eri qitdek ham erkalashni istamaganini ko‘rgach hafsalasi pir bo‘ldi-da, o‘girilib oldi va gulgun yonoqlarini qo‘liga qo‘yib, yana uxlab qoldi. Yosh beka xurrak otayotgan eri yonidan turgan paytni qishloqdagilar «choshgoh» deyishadi. Eri uyga yarim kechasi kelgani esiga tushib, uyg‘otgani ko‘zi qiymaydi-da, Peterburgdan oldirgan xonaki boshmog‘ini kiyib, egnida quyilayotgan suvdek jilvagar, nafis oq koftada pardozxonasiga chiqdi, o‘ziday tiniq va toza suvga yuvinib, oyna yoniga keldi. Bir-ikki marta oynaga qaragandan keyin payqadiki, bugungi ko‘rinishi uncha ham chakki emas. Oyna oldida kundagidan ikki soat ortiq turib qolishga majbur etgan sabab ham shu bo‘lsa kerak. Nihoyat, u silliqqina kiyinib, salqinlash uchun boqqa chiqdi. Havo ham janubdagi yoz kuniga xos — orombaxsh edi. Choshgohdan oqqan quyosh shu’lalari butun taftini to‘kib lovullatmoqda, lekin xiyobon soya-salqin, quyosh nuriga cho‘milgan gullar hidi anqib yotar edi. Beka soat o‘n ikki bo‘lganini ham, eri hamon uxlab yotganini ham butunlay unutib qo‘ydi. Tushlikdan keyin bog‘ orqasidagi otxonada uyquga ketgan ikki aravakash va bitta foreytorning xurrak tortishlari uning qulog‘iga yetib kelmoqda. Lekin beka hamon salqin xiyobonda o‘tirar, shu yerdan aniq ko‘rinayotgan kimsasiz katta yo‘l manzaralariga parishon nazar solmoqda ediki, to‘satdan olisdan ko‘tarilgan chang uning diqqatini jalb etdi. U tikilib bir necha ekipajni ko‘rdi: oldinda ikki kishilik yengilgina ochiq kolyaskacha kelmoqda, unda epoletlari quyoshda yarqiragan yo‘g‘on general, yonida polkovnik o‘tirar edi. Uning ketidagi to‘rt kishilik izvoshda mayor va generalning ad’yutanti, ularning ro‘parasida ikki ofitser, uning orqasidan hammaga ma’lum bo‘lgan polkaravasi izma-iz kelar, bu gal u yo‘g‘on mayorning ixtiyorida edi, arava ketidan kelayotgan to‘rt kishilik bonvoyajda  to‘rt ofitser o‘tirar, beshinchisi osilib olgan, bonvoyaj orqasida jiyron otlarda uch ofitser ko‘rinar edi.
«Biznikiga kelishayotgan bo‘lsa-ya,— deb o‘yladi uy bekasi.— Voy sho‘rim! Chindan ham ko‘prikka burilishdi-ku!» U qiyqirib yubordi, chapak otdiyu gullarni bosib o‘tib, erining yotoqxonasiga yugurib ketdi. Eri dang qotib yotardi.
—    Tur! Tur! Tezroq tur! — deb baqirardi beka, erining qo‘lini silkab.
—    Ha? — deb qo‘ydi kerishib, hamon ko‘zlari yumuq Chertokutsskiy.
—    Turgin, pulpuljon! Eshityapsanmi? Mehmonlar kelishyapti!
—    Mehmonlar, qanaqa mehmonlar? — shunday degach, tumshug‘i bilan onasining yelinini timirskilayotgan buzoqqa o‘xshab mo‘ngrab qo‘ydi. «Im...», deb ming‘illadi:
—    Qani jonim, bo‘yningni cho‘zchi, bitta o‘pay!
—    Jonginam, xudo haqqi, tezroq tur. General ofitserlari bilan kelyapti. Voy sho‘rim, mo‘ylovingga to‘ng‘iztaroq yopishib yotipti-ya!
—    General? Iya, kelyapti degin? Bu nima degan gap, hech kim meni uyg‘otmapti! Ziyofat-chi, ziyofat nima bo‘ladi, har tugul, ovqatlar shaymi?
—    Qanaqa ovqat?
—    Men buyurmovdimmi?
—    Sen?!. Sen yarim kechasi kelding-ku, shuncha gapirsam ham hech narsa demading. Pulpuljon, seni shuning uchun ham uyg‘otmadimki, juda oz uxlading, rahmim keldi...— dedi beka yolvoruvchan ohangda.
Chertokutsskiy yashin urgan odamday ko‘zlarini baqraytirib yana bir daqiqa to‘shakda yotdi. Oxiri yolg‘iz ko‘ylakda to‘shakdan sakrab turdi, bu odobdan emasligini ham unutdi.
—    Oh, otga o‘xshamay o‘lay! — dedi u peshonasiga urib. — Men ularni ziyofatga chaqirgan edim. Endi nima qilsa bo‘ladi? Ular hali uzoqdami?
—    Qayda-a-m... hozir kirib kelishsa kerak.
—    Jonginam... bekin! Hoy, menga qara! Hoy qiz! Kelaver, nimadan qo‘rqyapsan, esi past!.. Hozir ofitserlar kirib keladi, ularga: to‘ra uyda yo‘qlar, de, kelmaydilar, nahorlab chiqib ketgan edilar, deb ayt, uqdingmi?! Hovlidagilarga ham shunday deb tushuntir, bor tezroq!
Shundoq dediyu apil-tapil choponini olib bekinish uchun saroyga qarab yugurib qoldi, u yerda xatardan xoli bo‘laman deb o‘yladi. Lekin saroyning burchagiga borib turar ekan, bu yerdan ham ko‘rib qolishlari mumkinligini payqadi. «Shunday qilsam tuzuk bo‘lar» degan xayol lip etib boshidan o‘tdi, shu daqiqaning o‘zidayoq yonida turgan dilijonning zinalarini tushirdi-yu, sakrab ichiga kirdi, eshiklarini berkitib oldi, bexavotir bo‘lsin deb fartuk va charm g‘ilofni yopinib oldi, choponiga o‘ralib nafasini ichiga yutdi.
Bu orada ekipajlar eshik oldiga yetib keldilar. General pastga tushib, ust-boshini qoqdi, ketidan shlyapasidagi jig‘asini tuzata-tuzata polkovnik tushdi. Keyin aravadan qo‘ltig‘idagi qilichini ushlab, yo‘g‘on mayor sakrab tushdi. Bonvoyajda osilib kelgan praporshchik bilan birga xipcha podporuchiklar tap-tap tashladilar. Nihoyat, ot ustida ko‘ringan ofitserlar ham egardan tushdilar.
—    Xo‘jayin uyda yo‘qlar, — dedi yon eshikdan chiqqan xizmatkor.
—    Nega yo‘q bo‘ladi? Har qalay tushki ovqat paytiga yetib kelsa kerak?
—    Aslo. U kishi kun bo‘yi bo‘lmaydilar. Ertaga shu vaqtlarda kelib qolishlari mumkin.
—    Ana, xolos!—dedi general, — Nima gap o‘zi?..
—    O‘ypaymanki, bu hazil, — dedi polkovnik kulib.
—    Yo‘g‘-e, shunaqayam hazil bo‘larmidi!—dedi general ranjib.— O‘l-e... la’nati, axir, kutib ololmas ekansan, nega qistaysan?..
—    Men, zoti oliylari, tushunolmay qoldim, bunga qanday jur’at qilish mumkin, — dedi bir yosh ofitser.
—    Nima? — dedi general, — ober-ofitserlar bilan gaplashganda shu savolni ko‘ndalang qo‘yish unga odat bo‘lib qolgan edi.
—    Men aytdimki, zoti oliylari, qandoq qilib shundoq qilish mumkin?
—    Shuni ayting-a... Axir, biron hodisa yuz bergan bo‘lsa loaqal xabar ber, yoki iltimos qilib chaqirma-da!
—    Mayli, zoti oliylari, nachora, qaytaylik!—dedi polkovnik.
—    Turgan gap, boshqa yo‘li yo‘q. Darvoqe, dilijonni usiz ko‘rib ketsak, ham bo‘ladi-ku. Yonida olib ketmagandir deyman... Hoy, kim bor? Qani, beri kel, og‘ayni!
—    Xizmat?
—    Sen otboqarmisan?
—    Otboqarman, zoti Oliylari.
—    Xo‘jayinning yaqinda olgan yangi dilijonini bizga ko‘rsatginchi!
—    Saroyga marhamat!
General ofitserlar bilan saroyga qarab yurdi.
—    Ijozat bering, men uni beriroqqa g‘ildiratib chiqay, u yer sal qorong‘iroq.
—    Bo‘ldi, bo‘ldi, yaxshi!
General va ofitserlar dilijonning atrofida aylanib, g‘ildirak va ressorlarini sinchiklab ko‘zdan kechirdilar.
—    Vahima qiladigan joyi yo‘q, — dedi general, — oddiygina dilijon.
—    Juda ko‘rimsiz, — dedi polkovnik, — qitdek ham maqtaydigan joyi yo‘q.
—    Men o‘ylaymanki, zoti oliylari, to‘rt mingga arziydigan holi yo‘q, — dedi yosh ofitserlardan biri.
—    Nima?
—    Men aytyapmanki, to‘rt mingga arzigulik arava emas, zoti oliylari!
—    To‘rt ming nimasi, ikki mingga ham arzimaydi! Hech balosi yo‘q, agar ichida biron gap bo‘lmasa... qani, azizim, charm g‘ilofini torting-chi...— Ofitserlarning ko‘z oldida choponiga o‘ralib ikki buklanib o‘tirgan Chertokutsskiy namoyon bo‘ldi.
—    Iya, shu yerdamisiz? — dedi ajablangan general va Chertokutsskiyning ustiga fartukni tashlab, dilijon eshigini tarsillatib yopdi-da, janobi ofitserlar bilan birga jo‘nab qoldi.

1835 yil
Mirtemir tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.