OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nodar Dumbadze. Yuragimning bir parchasi (hikoya)

Jo‘ka daraxtining ostida boshini quyi solgancha buzoqchalarining arqonini ushlab yaltirbosh bolakay o‘tiribdi. Yoshovsiragan ko‘zlarini loy-balchiq qotib qolgan yalang oyoqlariga tikib o‘y suryapti: “Bu chol dadamning xuddi o‘zi! Oppoq sochlari... Qop-qora qoshlari... Keng burni... Chiroyli ko‘zlari... Ovoziyam mayin, shirali... Ko‘zimni yumib tursam tovushidan dadam deb o‘ylayman!..”
Bola ko‘zlarini yumdi.
-Men shuning uchun sizni bezovta qildim, azizim Kishvardi... Ortiq darmonim qolmadi. Umuman qo‘ldan chiqib ketdi bu yaramas. Hamma bolalar bir go‘r – kitobga yaqin yo‘lamaydi, buyam shu. Kechasiyu kunduzi mana shu buzovlari bilan birga. Uchinchi chisloda nima qilganini bilasizmi? Gospodzedagi mahalla qudug‘iga xumday tarvuzni uloqtiribdi! Mana, bir haftadan beri ikkita xonadon suv o‘rniga sharbat ichib o‘tiribmiz!..
-E xudoyim-ey! Shunaqami, o‘g‘lim?! Mayli, siqilmang, azizam Yuliya. Men uni Guriyaga opketaman, chinorning uchiga oyog‘idan osib qo‘yaman. Qo‘yday yuvosh bo‘lib qoladi!
-Nimaga uni osib qo‘yasiz bilmadim-u, lekin bir gap xayolimga keldi: onasining juda baxti kulgan ekan – bu yaramasni ko‘rmay o‘tib ketdi. Aytganday, otasiniyam baxti kulgan...
-Nima deb o‘ylaysiz, qadrdonim Yuliya, uni eplay olarmikanman?
-Bilmayman, hech baloni bilmayman... O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: yaqinda uni tegirmonga bergandim. Eng zo‘r, saralab qo‘yilgan makkajo‘xorini o‘g‘irlab gumdon qilgan. Qo‘lida besh funt, yelkasida un bilan qaytib keldi. Qolgan narsalarni Valiko Kukulashivlining sayoq arzandalariga bo‘lib bergan, menimcha. “Bola chaqam ko‘p, och-nahor o‘tiribdi”, deb zorlanardi bechora. Eh, tavba-ey!
-E xudoyim-ey! Shunaqami, o‘g‘lim?!
-Bu hali holvasi! Avvalgi kuni Kukuri Ugulava degan betayin o‘rtog‘i bilan o‘zining geografiya o‘qituvchisi Datiko Sveravaning bog‘iga o‘g‘irlikka tushgan. O‘ylaganiyam qo‘rqib ketasan odam!.. Shaftoli terishgan-da oborib tovuqqa almashtirishgan! Eh, tavba-ey!
-E xudoyim-ey! Shunaqami, o‘g‘lim?!
-Ha, buncha “shunaqami”, “shunaqami” deb takrorlab qoldingiz! Meni aldayapti deb o‘ylayapsizmi?
-Nega endi, nega endi, azizam Yuliya! Nahotki, uni bu yo‘ldan qaytarib bo‘lmasa?! Nahotki, diydasi qotib bo‘lgan bo‘lsa?!
-Yo‘q, nima deyapsiz... Uni qutqarish mumkin, albatta. Ammo bunga mening qurbim yetmaydi. Buning uchun erkak kishining qattiq qo‘li kerak. Bundan tashqari, peshanamda yana ikkitasi bor – Zurab bilan Vaxtang, Koliginamning bolalari, ular sal tuzuk.
-Him... Nima desam ekan sizga, azizam Yuliya. Ota-onasi hayotlik payti meni bolaga zig‘irchayam yaqinlashtirmasdi. Men unga begonaman, tushunyapsizmi, begona!..
-Bunday demang, azizim Kishvardi. U nima qilsayam o‘g‘il bola, erkak bilan erkakning til topishishi osonroq... Buning ustiga u naslingiz davomchisi...
-Ha, albatta... O‘qishlari qanaqa uning, azizam Yuliya?
-Him!.. O‘z o‘qituvchisining bog‘iga o‘g‘irlikka tushgan, “Dekameron” degan uyat kitob uchun buvisining kumush qoshiqlarini sotib yuborgan bolaning o‘qishi haqida nima deyish mumkin?! Bir o‘ylab ko‘ring-chi, azizim Kishvardi!
-Shunaqami, o‘g‘lim?! Bo‘ldi! Uni Guriyaga opketaman, chinorning uchiga oyog‘idan osib qo‘yaman!
-Buni qarang, biz uning tashvishini chekayotibmiz, pinaginiyam buzmaydi-ya! Kimga gapiryapsan demaydi!
Bola jo‘ka daraxtining ostida ko‘zlarini yumib o‘tirar va o‘ylardi: “Bechora Yuliya buvim charchadi. Oldin ovozi qanaqangi yoqimliydi, hozir shang‘illaydi. Yo menga shunaqa tuyulyaptimikan? Bobom bo‘lsa shoshmasdan, hovliqmay gapiryapti... Ha, ko‘rinib turibdi, buvim charchagan. Agarda meni hozir bobom bilan jo‘natib yubormaganda edi, hech qachon uni qiynamagan bo‘lardim. Qaniydi... Qaniydi...”
-U yetim, azizam Yuliya... Faqat jazolash yaramaydi, mehr ham kerak.
-Yetimdan yetimning farqi bor! Keragicha mehr ko‘rsatdim, qani bilsa! Mehrmish-a...
-Shunaqami, o‘g‘lim?! Men uni Guriyaga opketaman, oyog‘ini osmonga qilib osib qo‘yaman... Qachon olib ketishim kerak, azizam Yuliya?
-Hoziroq! Tayyorlanishiga hech qancha vaqt ketmaydi.
-Shunaqa deng... Hech balosi yo‘q-da, a?
-O‘tgan yili Avchaladan qanday olib kelgan bo‘lsam shunday yuribdi, azizim Kishvardi... Xohlasangiz o‘zingiz shohona sarpo olib berarsiz...
-Bechora bolam...
-Yo‘l oldidan ovqatlanib olsalaring bo‘lardi, azizim Kishvardi...
-Ha yo‘q, tashvishlanmang, azizam Yuliya... Samtrediada tamaddi qilib olamiz, uyog‘iga xudo poshsho.
-Ixtiyoringiz... Oq yo‘l sizga. Xizr yo‘ldoshingiz bo‘lsin!..
-Xudo quvvat bersin, azizam Yuliya!..
-Aytmoqchi, mana bularni ham ovoling.
-Nima bu?
-Uning har xil hujjatlari. Menimcha, sentyabrda maktabga olib borasiz. Shunga kerak bo‘ladi. To‘rtinchi sinfga o‘tdi... Ma’lumotnomada xato ketib qolgan: Lomjariya Nodari o‘rniga Lomjariya Nadiri[1] deb yozishibdi. Menimcha, bu xatoyammas, aslida, to‘g‘ri yozishgan.
-Shunaqami, o‘g‘lim?! Men uni Guriyaga opketaman, chinorning uchiga oyog‘idan ilib qo‘yaman...
-Qaeridan ilsangiz iling, lekin ortiq ko‘zimga ko‘rinmasa bo‘lgani.
-Oyog‘idan ilaman, og‘idan...
-Xudo quvvat bersin.
-Uni shunday ko‘yga solayki, holiga maymunlar yig‘lasin.
-Xo‘p, xayr bo‘lmasa, azizim Kishvardi.
-Yaxshi qoling, azizam Yuliya.
Mazkur oldi-berdi marosimi 1938 yil avgust kunlarining birida, tush payti Xoni qishlog‘ida Nodar Lomjariyaning buvisi, aniqrog‘i, onasining onasi qadrli Yuliya Mikeladze va guriyalik bobosi, aniqrog‘i, otasining otasi janob Kishvardi Lomjariya o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.
Bir soat o‘tgach bola, aniqrog‘i, 1928 yilning 14 iyulida Tbilisi shahrida xizmatchi oilasida tug‘ilgan Nodar Lomjariya tandirday qizigan tuproq yo‘l bo‘ylab bobosining ortidan g‘amgin sudralib borardi...

***

Bobo bilan nevara Xonidan Kulashgacha foytunda, Kulashdan Samtrediaga lineyka[2]da yetib olishdi. Keyin tamaddi ham qilmasdan Choxatauridan o‘tadigan choy fabrikasining yuk mashinasiga chiqishdi. U yerdan Intabueti qishlog‘igacha piyoda ketdilar.
Bobo oldinda, nevara orqada. Bobo qeksalarga xos xasta tovushda yo‘taldi, ihradi. Ro‘paradan kelayotgan yo‘lovchini ko‘rib jim qoldi, tezda imo-ishora bilan salomlashdi-da, so‘ng yana yo‘taldi, ihradi. Gohida u bolaga jim tikilib qoladi. Bu xuddi so‘nggi zurriyodini yo‘qotishdan qo‘rqqan qari otning nigohiga o‘xshaydi.
Bola qadam tashlar va o‘ylardi: “Bechora chol nimjon, kasalmand... U meni daraxtga oyog‘imdan osib qo‘ymoqchi... Bu chol – mening bobom. Dadamning dadasi. Bobom! Uning ortidan ergashib yurishga meni nima majbur qilyapti? Xuddi qulga o‘xshab indamay, ho‘shshayib ketyapman. Ikki marta sakrasam – tamom! Nima meni ushlab turibdi? Charchab, ochqab, issig‘u chanqovdan o‘lgiday bo‘lsam ham qochib ketmayman. Nega? Bu kuchning nomi nima?”
-Nimalar haqida o‘ylayapsan, o‘g‘lim? – o‘girilib to‘satdan savol berdi chol.
-Hech narsa haqida o‘layotganim yo‘q! – dedi dovdirab qolgan bola. U hamma narsani kutgandi, lekin bunaqa savolni emas.
Chol yo‘lning chekkasiga borib o‘tirdi. Yo‘talib, nafasini rostlab olgach bolaga tikildi, keyin barmoqlarini bukib sanashga tushdi: 28, 29, 30, 31, 32, 33, 34, 35, 36, 37, 38.
-Yigirma sakkizinchi yili tug‘ilganding. Hozir o‘ttiz sakkizinchi yil. Demak, o‘n birga kiribsan... Kap-katta yigit bo‘p qolding... Qanday qilib hech narsa haqida o‘ylamasliging mumkin? Yo o‘z bobongdan yashirasanmi?
-Yo‘q, nega endi, hech narsa haqida o‘ylaganim yo‘q edi.
-O‘ylaydigan vaqting kelgan, o‘g‘lim, vaqting kelgan.
Chol yo‘talib, inqillab turdi-da yo‘lida davom etdi. Bola bobosining ortidan xuddi yuki og‘ir aravaday boshini egib, qulog‘ini ding qilib qadam tashlardi...

***

Bola - oftobda qoraygan, sochlari hurpaygan – chinor tagida belkurakka suyanib turibdi, ko‘zlarini loy-balchiq qotib qolgan yalang oyoqlariga tikkancha o‘y suryapti: “Bir yilning ichida butkul qarib, munkayib qolibdi. Yuzida ajin to‘la. Ovozi qanaqadir bo‘g‘iq. Lekin baribir u mening ayamga – yosh, chiroyli, muloyim, qorako‘z, mehribon ayamga o‘xshaydi. Qadam tashlashiyam, ovoziyam... ... Ko‘zimni yumib tursam tovushidan ayam deb o‘ylayman!..”
Lekin bola ko‘zlarini yummadi. Qo‘rqib ketdi.
-Tinchimni yo‘qotdim, azizim Kishvardi! Onasining bezovta nigohi o‘ngimdayam, tushimdayam namoyon bo‘lyapti... Uning ovozi har qadamda meni ta’qib qiladi... Uni olib ketgan kuningizdan beri yuragim sug‘urib olinganday tentirab yuraman... Bolani menga qaytaring, azizim Kishvardi!..
-Him... U, azizam, sizdan olgan vaqtimda bola edi. Hozir – kap-katta yigit, hamma narsani o‘zi hal qiladi. Agar siz bilan ketishni istasa men hech qanday qarshilik bildirmayman.
-U mendan xafa... Uni men bilan qaytishga ko‘ndira oladigan yagona odam sizsiz, azizim Kishvardi...
-Axir unga o‘xshaganidan sizda yana ikkita bor-ku, qadrdonim Yuliya... Hech bo‘lmasa bittasini menga qoldiring!
-Nahotki, gap sonda bo‘lsa?! O‘nta bo‘lsa o‘rni, qirqta bo‘lsa qilig‘i boshqa. U mening nabiram, qadrdonim Kishvardi!
-Shundayku-ya... Lekin men nima qilishim kerak? Axir o‘limimdan keyin avlodimizni davom ettiradigan yagona merosxo‘rim u...
-Men uning familiyasini o‘zgartirmayman! Mayli, ikkita Lomjariya bo‘laqolsin, lekin uni menga qaytaring.
-Demak, bolani olib ketgani kelibsiz-da, azizam Yuliya?!
-Narigi dunyoga gunoh bilan ketishimga yo‘l qo‘ymang! U yerda onasining ko‘ziga qanday qarayman?!
-E, azizam Yuliya, xudo bilar kim oldin ketar. Agarda men sizdan oldinroq o‘lsam, onasi bilan dadasining ko‘ziga qanday qarayman?
-Xudo umringizni uzoq qilsin, azizim Kishvardi.
-Dalam ham, uzumzorim ham, tegirmonim ham, qabrim ham, xokim ham mana shu bolaniki... Yo‘q, o‘lsam ham uni sizga bermayman!
-Bo‘lmasa men o‘zimni o‘ldiraman. Hoziroq, ko‘zingizning oldida!
-Xudo xayringizni bersin, azizam Yuliya, nimalar deyapsiz!.. Buving bilan ketasanmi, o‘g‘lim?
-Rostini aytarmidi... U sizdan iymanyapti!
- Shunaqami, o‘g‘lim?!
-Unga onaning mehri kerak, azizim Kishvardi! Oq yuvib, oq tarash lozim. Siz onasining o‘rini bosa olarmidingiz?..
-Nimalar deyapsiz... Men u bilan shu paytgacha, xudoga shukr, yomon yashamadim... Loaqal sizni yordamga ham chaqirmadim-ku...
-Siz haqsiz, siz haqsiz, azizim Kishvardi. Lekin baribir... Bolaning oyoqlarini uyqudan oldin yuvish, maktabga kuzatib qo‘yish... Bular erkaklarning ishi emas!..
-Bizning maktab azobxona emas... Unaqa narsalar sizlarning maktablaringda edi, bolani yovvoyiga chiqarishgandi, eslashimcha, siz ham ularning fikriga qo‘shilgan edingiz...
-Nega o‘shanda tilim uzilib tushmadi ekan, a!
-U mening qo‘limda farishtaga aylanib qolmagan, shaftoli o‘g‘irlashniyam tashlagani yo‘q...
-Quyilib qolar!
-Yo endi un ulashmay qo‘ydi deb o‘ylayapsizmi?
-E, uniyam boshida qolsin! Hamma narsam uniki, menga desa xonumonimga o‘t qo‘yib yubormaydimi – g‘iring demayman!
-Chekyaptiyam, yaramas!
- Shunaqami, o‘g‘lim?!
-Siz, mana, mendan so‘rang! Tamaki xaltamniyam, hamyonimniyam ship-shiydam qildi!
-Mayli, sog‘lik uchun oz-moz chekib tursa hechqisi yo‘q. Axir o‘zingiz aytdingiz-ku – u endi kap-katta yigit!
-Yana bir oy sabr qiling. Pilla tutganim uchun mukofot puli olaman, bolani kiyintiraman... Bunaqa juldurvoqi ahvolda siznikiga ketmaydi!
-Siz faqat javob bering. Kiyim, poyabzal olib berish – mening ishim! O‘zimnikini yechib bo‘lsa ham unga kiydiraman!
-Him, sizning kiyimlaringiz unga rosa loyiq tushadi!
-Albatta, sizga hazil, o‘yin-kulgi. Mening esa yuragim qon bo‘lib ketyapti!
-Axir, aytdim-ku: u allaqachon kap-katta yigit bo‘lgan. O‘zi hal qilsin!
-Siz – uning uchun avliyo darajasidasiz, nima desangiz ishonadi, nimani qil desangiz qiladi... Ayting unga, azizim Kishvardi!..
-Xudodan qo‘rqsangiz-chi, azizam Yuliya. Axir qanday qilib o‘z jigarbandimga, tomirida qonim oqib turgan bolaga uyimdan ket deb ayta olaman?!
-Nima, men unga begonamanmi? Axir u mening ham jigarbandim, yuragimning bir parchasi. Xudo biladi, bir yil umrim qoldimi-yo‘qmi. O‘tinaman sizdan, ajalimdan besh kun burun o‘ldirmang, bolani menga baxshida qiling!
-Azizam Yuliya!
-Oldingizda tiz cho‘kaman, tiz cho‘kaman!..
-Nimalar qilyapsiz! Turing o‘rningizdan! Xudo xayringizni bersin!..
-E qodir xudoyim, unga baxtu saodat in’om et!
-Endi mening ortiq shodligim ham, baxtim ham qolmadi...
-E bor xudoyim...
-Buving bilan ket, o‘g‘lim...
Mazkur suhbat biz boshda hikoya qilgan bobo-buvi ishtirokidagi voqealardan roppa-rosa bir yil keyin sodir bo‘ldi. Bu galgi jarayon oldi-berdi marosimi emasdi. Bu ikki qaynoq qonning to‘qnashuvi, ikki olovli yurakning volasi edi. Bu ikki mehr o‘tining kurashi sabab bolaning yuragi shiddat bilan tepa boshladi, tomog‘iga allanarsa tiqilganday bo‘ldi, tanasini sovuq ter bosdi, titroq butun vujudini lovullatib yubordi. Qandaydir ko‘rinmas kuch uni zarb bilan buvisi tomon tortardi, biroq xuddi shunday shiddatkor ohanrabo uni bobosi tomon yetaklardi. Bola bir necha bor shunday og‘riqni his qildi – go‘yo uning vujudi qaynoq suv ichida qoldi. Chol bilan kampir o‘rtasida kechgan qizg‘in, shiddatli bahs tugamaguncha bolani qandaydir qo‘rquv, allaqanday ko‘ngilsizlikni kutish azobi tark etmadi.
Buvi o‘rnidan turib bolaga yaqin keldi, uni quchog‘iga oldi.
-Bolaginamdan yodgorim, ko‘zlarimning nuri, yur men bilan, kemtik bag‘rimni to‘ldir, bolajonim!..
Kampir yig‘ladi, uning issiq ko‘z yoshlari bolaning boshiga tomchiladi. O‘pkasini bo‘shatib olgach, bolani sekingina bag‘riga tortdi, biroq u xuddi temir qoziqday, tomirlari yerning qa’r-qa’riga singib ketgan daraxt singari joyidan jilmay, harakatsiz turardi.
-Buving bilan ket, o‘g‘lim, bechora buvingni xafa qilma... Diydoringga to‘yib olsin, keyin mening oldimga yana qaytib kelasan... Men ungacha seni kutib o‘tiraman, g‘amga to‘lib o‘tiraman... Sen nima deb o‘ylaganding? Mana shunaqa, nevara bo‘lish osonmas! Og‘ir, juda og‘ir, ayniqsa men bilan buvingga o‘xshagan dardibedavolarning nevarasi bo‘lish qiyin... Boltang, belkuraging, ketmoning, to‘qmog‘ing, savating, sigiring, aravang hech qayoqqa ketmaydi, qaytishingni kutadi...
Bola boboning so‘zlarini eshitib hayron qoldi: bolta, ketmon, belkurak, savat hovlining boshqa-boshqa tomonida ag‘anab yotardi, sigir, arava, echki bo‘lsa umuman boshqa tarafda edi, lekin bobo ularga qaramay qo‘li bilan turgan joylarini aniq ko‘rsatib berardi.
Bobo so‘zida davom etdi:
-Mana sumkang, darsliklaring – guruzin tili, tarix... Yana nimang qoldi? Hech nima... Shiming, ko‘ylaging, shippaging – egningda. Samtrediagacha yalangoyoq ketgin, bo‘lmasa shippaklaring uygacha yetib bormaydi. Bo‘pti... Bo‘l endi tezroq!

***

Kishvardi Lomjariya nevarasi hozir temir qoziqqa, tomirlari yerning qa’r-qa’rigacha singib ketgan daraxtga aylanganini tushundi, juda-juda chuqur ketgan bu tomirlarni oddiy nasihat bilan sug‘urib bo‘lmasdi. Boshqacha yo‘l tutish kerak edi. Lekin qanaqa?
Kishvardi Lomjariya nevarasi girdobning o‘rtasida chirpirak bo‘layotganini, ikki avlodning shiddatkor, jangovor qoni uni ikki tomonga zarb bilan tortayotganini ham angladi. Ularni qaysi biri ustun keladi? Qay bir qon g‘alaba qozonadi? Bu kurash nima bilan tugashini kutish foydasiz... Ularning qaysidir biri qaynoq qonlar ko‘pirayotgan kurash daryosini yorib chiqishi, yangi o‘zanga qarab oqib ketishi kerak.
Va nihoyat... Kishvardi Lomjariya buvidan oldinroq harakat qildi:
-Ho‘sh, yana nimani kutyapsan? Sen bilan aytishishdan charchadim!
Bola bobosiga qo‘rqa-pisa qaradi.
-Jo‘na, orqangga qayrilib qarama! Tushundingmi?!
Bolaning qalbini bobosiga bo‘lgan qattiq achinish va buvisiga bo‘lgan shafqat hislari birvarakayiga zabt etdi. Ich-ichidan to‘lib kelayotgan yoshlar bolaning ko‘zini xira parda bilan qopladi, boshi o‘z-o‘zidan ko‘ksiga egilib qoldi, bir og‘iz so‘z aytmasdan xuddi yuki og‘ir aravaday Choxataurning tuproq yo‘liga burildi. Qarib-munkillab qolgan, boshdan-oyoq qora kiyingan buvisining ortidan ergashdi...
Kishvardi Lomjariya toshning ustiga borib o‘tirdi-da, mis idishdagi suvning qaynashini kuta boshladi.
Kishvardi Lomjariya olovga tikilgancha xayol surardi. Ayni damda noxush o‘ylardan qutilishga, ulardan yashirinishga urinardi. Lekin o‘zingdan qayga qochib berkinasan? Axir odam ojiz banda-ku... “Bolani berib yubormaslik kerak edi... Lekin kampirning anduhiga dosh bera olmadim... Endi bo‘lsa o‘zim xuddi o‘shanday holatga tushib o‘tiribman. Keyingi hafta kampirnikiga boraman, bolani qaytarib berishini so‘rayman. Bermasa, kuch bilan olaman... “Aytaman, jigarbandimni, yuragimning bir parchasini, tomirimdagi qonimni tortib olishga qanday haqqing bor?! Axir sen xudo emassan!” Lekin... u ham menga xuddi shu so‘zlar bilan javob qaytarishi mumkin-ku! Axir men ham ojiz bandaman... Axir bola menga qanday rishtalar bilan bog‘langan bo‘lsa unga ham shunday yaqin-ku. Eh, odam bo‘lish qiyin, judayam qiyin. Ahvolim yaratganga ayon, bandangga o‘zing rahm qil xudoyim... Keyingi hafta boraman-da, kampirning oyoqlariga yiqilaman. Yo‘q, bir haftagacha sabr qilolmayman... Ertadan keyin boraman... Yo‘q, ertagayoq! Ertaga azon payti yo‘lga tushaman. E xudo, tezroq tong ota qolsaydi...”
Kishvardi Lomjariya toshda o‘tirib shunday o‘ylar surardi. Mis idishdagi suv qaynagan payti darvoza to‘satdan ochildi, bo‘sag‘ada bolaning egilgan boshi va yelkasiga boylangan shippaklari ko‘rindi.
-E xudo! O‘zingga shukur!
-Men qaytdim, - pichirladi nevara.
-Qaytishingni bilardim, - dedi bobo.
So‘ng mis tog‘oraga qozonchadan issiq suv quydi-da, nevarasining horg‘in oyoqlarini uzoq yuvdi. Keyin unga deb so‘riga joy soldi, o‘zi bo‘lsa kichkinagina uychasiga uxlagani kirib ketdi.
Cholni yarim kechasi bolaning ovozi bezovta qildi:
-Bobo, siz bilan yotsam maylimi?
-Kel, o‘g‘lim.
Bola bobosini quchoqlab oldi.
“Bechora, hamma yog‘i muzlab qolibdi!” – o‘yladi nevara.
“Qanaqa tafti bor, a!” – o‘yladi bobo.
Biroz vaqt o‘tgandan keyin bobo so‘radi:
-Bilasanmi, seni nima qaytardi?
-Yo‘q!
-Bilib ol, o‘g‘lim, tomiringda oqib turgan qon seni men tomon yetakladi. Qon, yurak qoni shunaqangi katta kuch, o‘g‘lim!..
Keyin butun tun davomida ular bir og‘iz ham gapirishmadi. Hech nima haqida o‘ylamadilar, hech nima haqida gapirmadilar.
Bobo va nevara shirin uyquga ketdi...
Ikki tanada oqqan bir xil qon – mehr qoni o‘yladi, gapirdi. Lekin u nimalar haqida o‘yladi, nimalar haqida gapirdi – yolg‘iz xudogagina ayon!..

Orif Tolib tarjimasi


_______________
[1] So‘z o‘yini: Nodari – erkaklar ismi, nadiri – yovvoyi degani.
[2] Lineyka – ko‘p o‘rinli uzun arava.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.