OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O'Genri. Yigirma yildan so‘ng (hikoya)

Politsiyachi posbon ko‘chadan vajohat bilan o‘tib borardi. U yakkam-dukkam uchraydigan yo‘lovchilarni hayratga solish uchun ataylab vajohatli ko‘rinayotgandir, balki bu unga odat bo‘lib qolgandir. Havo nam, hali soat kechki o‘n bo‘lib ulgurmagan esa-da, qattiq esayotgan shamoldan yomg‘ir hidi kelardi, ko‘chalar deyarli bo‘m-bo‘sh edi.
Yo‘l-yo‘lakay eshiklarni tekshirgan, chaqqon va g‘alati harakatlar bilan tayoqchasini silkitgancha ora-sira o‘z mulkining barcha burchaklariga ziyrak nigoh tashlagan ko‘yi bo‘ydor, baquvvat gavdali, oyoqlarini xiyol kerib yuruvchi politsiyachi jamoatchilik osoyishtaligini ta’minlovchi posbonning ajoyib qiyofasini o‘zida mujassam etgandi. Unga tegishli daha ahli allaqachon osuda uyquda. Faqat allaqayerlarda, tamaki do‘konimi yoki tungi bardami, hamon chiroqlar miltillaydi. Bu atrofdagi binolarning ko‘pchiligini idoralar band qilgan, ular esa allaqachon berkilib bo‘lgandi.
Mahallalardan birining yarmiga yetar-etmas politsiyachi birdan odimini sekinlatdi. Qorong‘ilikda, temir buyumlar sotiladigan do‘kon eshigi yonida og‘zida yondirilmagan sigareta tishlagan bir odam turardi. Politsiyachi unga qarab yurgan zahoti u tez-tez gapira ketdi.
– Hammasi joyida, serjant, – dedi noma’lum kishi xotirjam ohangda. – Oshnamni kutib turibman, bor-yo‘g‘i shu. Mana shu uchrashuvni u bilan yigirma yil muqaddam kelishib olgandik. Bu sizga sal g‘alati tuyulsa kerak, shundaymi? Nachora, istasangiz, buni bir boshdan tushuntirib beray, ko‘nglingiz tortarmidi? Hozir mana bu do‘kon turgan joyda ilgari “Ota Jo Bredi” restorani bo‘lguvchi edi.
– Besh yil oldin, – dedi politsiyachi, – o‘sha uyni buzib tashlashdi.
Notanish kishi gugurtni “chirt” yoqib, sigara tutatdi. Gugurt alangasida uning yuzi, chorburchak jag‘i, o‘tkir ko‘zlari va o‘ng qoshi yonidagi kichkina oq chandiq ko‘rindi. Yupqa bo‘yinbog‘idagi yirik olmos ko‘zli to‘g‘nog‘ich charaqlab ketdi.
– Bugun, – so‘zida davom etdi haligi kishi, – “Ota Bredi”da mening eng yaxshi o‘rtog‘im va dunyodagi eng ajoyib yigit Jim Uels bilan birga ovqatlanganimga roppa-rosa yigirma yil bo‘ldi. Ikkalamiz ham shu Nyu-Yorkda tug‘ishgan aka-ukalardek birga katta bo‘lganmiz. Tong otishi bilan baxtimni qidirib, men o‘arbga yo‘l olardim. Men o‘n sakkizga qadam qo‘ygan, Jim esa yigirma bahorni ko‘rgan bo‘z yigitlar edik. Jimmini Nyu-Yorkdan sug‘urib olib chiqish o‘limdan qiyin edi, u bu shaharni yer yuzidagi yagona ma’qul va manzur joy deb bilardi. Xullas, o‘sha oqshom biz rosa yigirma yildan keyin uchrashishga kelishdik, hayotimiz qanday kechmasin va taqdir bizlarni har qancha uzoqqa uloqtirmasin, o‘sha kun, o‘sha soatda uchrashishimizni shart qilib qo‘ydik. Biz shuncha vaqt ichida bemalol ahvolimizni o‘nglab, baxtimizni qaror toptirib olamiz, deb o‘ylagandik.
– Juda qiziq ish bo‘lgan ekan-ku, – gap qotdi politsiyachi. – Garchi, nazarimda, uchrashuvlar oralig‘idagi muddat hazilakam bo‘lmasa-da. Xo‘sh, nima bo‘ldi, ajrashganlaringizdan buyon oshnangizdan dom-darak topoldingizmi, ishqilib?
– Yo‘q, dastlabki vaqtlarda bir-birimizga xat yozib turdik. Biroq, bir yo ikki yil o‘tib, bir-birimizni izsiz yo‘qotdik. o‘arbni o‘zingiz bilasiz, o‘ziga yetgancha keng yurt, mening esa unda bormagan joyim qolmadi. Ammo bir narsaga imonim komil edi: agar o‘lib ketmagan bo‘lsa, Jimmi shartlashilgan joyga, albatta, keladi. Bunday vafodor va subutli do‘stni kunduz chiroq yoqib topolmaysan. Uni esdan chiqarishi mumkin emas. Bu yerga vaqtida yetib kelish uchun necha ming millik yo‘lni bosib o‘tdim, agar Jim ham so‘zida tursa, bundan sira pushaymon bo‘lmayman, albatta.
U bashang soatini chiqardi – soatning qopqog‘iga mayda olmos donachalari qadalgan edi.
– Uch daqiqasi kam o‘n, – dedi u. – Biz restoran eshigi oldida ajrashganimizda soat roppa-rosa o‘n edi.
– Nazarimda, o‘arbda ishlaring yomon ketmagan, shekilli? – o‘smoqchilab so‘radi politsiyachi.
– O’-ho‘, bo‘lmasa-chi! Agar mening yarim omadim Jimga kulib boqqanida, do‘ppimni osmonga otardim. O’zi biroz lanjroq bo‘lsa-da, bahosi yo‘q yigit. Unga gap uqtirgunimcha naq ona sutim og‘zimga kelgandi. Nyu-Yorkda esa odam to‘nkaligicha qolib ketadi. Faqat o‘arb odamni charxlaydi.
Politsiyachi tayog‘ini aylantirib, bir qadam olg‘a yurdi.
– Bo‘pti, men boray. Ishqilib, do‘stingiz aytilgan vaqtda kelsin-da. Juda soniyama-soniya aniq kelishini talab qilmassiz undan?
– Ha, albatta. Ko‘pi bilan yana yarim soat kutaman-da. Agar joni omon bo‘lsa, shu paytgacha, albatta, yetib kelishi kerak edi. Yaxshi boring, serjant.
– Tuningiz xayrli bo‘lsin, ser, – politsiyachi eshiklarni yo‘l-yo‘lakay ko‘zdan kechirgancha kelgan yo‘lida davom etdi.
Endi yomg‘ir maydalab, shig‘alab yog‘a boshlagandi, o‘qtin-o‘qtin esib turgan shamol ham bir maromga o‘tib, izg‘iringa aylangandi. Yoqalarini ko‘tarib va qo‘llarini cho‘ntaklariga suqib olgan siyrak yo‘lovchilar ma’yus va holda ovoz chiqarmay, shoshib o‘tib ketishardi. Necha ming millab yo‘l bosib kelgan kishi esa do‘stiga bo‘lgan qariyb bema’ni va’dasida turmoq uchun sigarasini tortgancha kutib qolaverdi.
Yigirma daqiqacha o‘tgach, paltosini quloqlarigacha ko‘tarib olgan baland bo‘yli odam ko‘chani shoshib kesib o‘tdi-da, do‘kon eshigi oldida kutib turgan kishi tomon qarab yurdi.
– Bu senmisan, Bob? – so‘radi yangi kelgan odam ishonqiramay.
– Sen Jimmi Uels emasmisan? – o‘sha zahoti javob qaytardi unisi.
– Yo Parvardigor! – dedi novcha odam sigarali kishining har ikkala qo‘lini qo‘llari bilan tutib. – Qara-ya, Bob ekaning kunday ko‘rinib turibdi. Agar hali ham yorug‘ olamda bor bo‘lsang, seni bu yerda topishimga zarra shubha qilmagandim. Buni qara-ya! Yigirma yil – hazilakam gap emas. Ko‘rdingmi, Bob, restoranimizni buzib tashlashibdi. Afsus, o‘shanda sen bilan ikkovimiz kechki ovqatni qanaqangi tushirgandik unda. Xo‘sh, gapir, do‘stim, o‘arbda kunlaring ne kechdi?
– Zo‘r. U yerda nasibamga nima yozilgan bo‘lsa, hammasiga erishdim. Sen esa butunlay o‘zgarib ketibsan, Jim. Esimda, sen mendan ikki-uch dyum pastroq eding.
– Ha, yigirmaga to‘lganimdan keyin biroz bo‘yga tortdim.
– Sening ishlaring qalay, Jimmi?
– Chidasa bo‘ladi. Shahar muassasalaridan birida xizmat qilaman. Bo‘pti, Bob, ketdik. Men bir kunjakni bilaman, ikkovimiz u yerda xumordan chiqquncha gaplashamiz, eski paytlarni eslaymiz.
Ular bir-birlarining qo‘ltig‘idan olib, yo‘lga tushishdi. Bob o‘arbdan omadi yurishib, ko‘zini yog‘ bosib kelgani, ishdagi muvaffaqiyatlari haqida labi labiga tegmay hikoya qila ketdi. Boshini yoqasi ichiga birato‘la tiqib olgan sherigi esa uni qiziqish bilan tinglar edi.
Mahalla burchagida dorixona do‘konining chirog‘i miltillardi. Yoruqqa yaqin kelib, har ikkala yo‘lovchi bir vaqtda bir-biriga qarab burildi-da, bir-birining yuziga ko‘z tashladi. o‘arbdan kelgani birdan to‘xtadi va qo‘lini oldi.
– Siz Jim Uels emassiz, – dedi u shartta. – Yigirma yil – uzoq muddat, ammo kishining rimcha burni tugmachadek bo‘lib qoladigan darajada uzoq emas.
– Bu muddat ichida ajabtovur odam ham muttahamga aylanadi goho, – javob berdi novchasi. – Gap bunday, Bob, o‘n daqiqa bo‘ldiki, siz hibsdasiz, Chikagoda xuddi shuni taxmin qilishgandi, siz, albatta, bizning yerlarga kelib-ketishni kanda qilmaysiz, siz bilan suhbat qurishimiz mumkinligini ham xabar qilishgandi. Xo‘sh, ortiqcha shovqin-suron ko‘tarish niyatingiz yo‘qmi, mabodo? Unday bo‘lsa, oqilona yo‘l tutganingizdan minnnatdorman. Endi esa sizni politsiyaga topshirishdan oldin men yana bir topshiriqni bajarishim kerak. Mana bu xatni oling. Uni shu yerda, deraza oldida o‘qib ko‘rishingiz mumkin. Buni menga Uels politsiya posboni berdi.
o‘arbdan kelgan odam uzatilgan bir parcha qog‘ozni ochdi. Xatni o‘qib bo‘lgach, uning qattiq qo‘llari xiyol titradi. Xat qisqagina edi:
“Bob! Men tayinlangan joyga vaqtida yetib keldim. Sen gugurt chaqqaningda, men Chikago qidirayotgan odamning basharasini tanib qoldim. Men bu ishni o‘zim qila olmasdim va seni hibsga olish uchun o‘zimizning mahalliy agentlardan birini yubora qoldim.
Jimmi”.

 
Ruschadan Amir Fayzulla tarjimasi
«Kitob dunyosi» gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.