OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Og Mandino. Yaxshi yashash siri

BIRINCHI QISM

O‘TMISHIMDAN SABOQLAR

Yo‘l tanlay bilish! Yo‘l tanlay bilish — hamma narsaning kaliti shudir. Sizda imkoniyat bor. Siz omadsizlik, jaholat, azob-uqubatlar va qashshoqlik botqog‘ida, o‘z turmushingizdan uyalib va o‘zingizga achinib yashashga majbur emassiz.
Yaxshi yashash mumkin!
«Yo‘l tanlay bilish» kitobidan.

I

Don Junning Skotsdeyldagi sartaroshxona¬sida faqat bir mijoz bor ekan. Men Donga boshqa ishlardan nihoyat qutulganimni, turli jamiyat va uyushmalarning qurultoylarida qiladigan ma’ruzalarim uchun to‘plangan materiallarim asosida navbatdagi kitobni yozishga tayyorgarligim haqida gapirganimda uning mijozi eshitib turgan edi.
O‘zimning butun yozuvchilik va lektorlik faoliyatim mobaynida men o‘quvchi va tinglovchi¬larga, barcha tabiat qonunlari singari muvaffa¬qiyatga erishishning asl tamoyillari ham biz bilan birga minglab yillardan beri mavjud ekanligini tinimsiz uqtirib kelaman. Ular hech qachon o‘zgarmagan. Bu boqiy tamoyillar, siz o‘z hayotingizni qanday yashashga urinishingizdan qat’i nazar, doimo ular siz uchun (yoki sizga qarshi) ishlaydi.
Afsuski, biz bugun voqea-hodisalar yashin tezligida rivojlanadigandek bo‘lib tuyulayotgan bir davrda yashayapmiz. Biz mudom muammolarimiz¬ning yengil yechimi... oddiy javoblar... tekin ovqat... muvaffaqiyat sari oson yo‘l topishga urinamiz. Kundalik sa’y-harakatlarimizni ko‘pincha qan¬day¬dir sehrli bir tarzda tillo sandiqlarga aylantirishga qodir hikmatli toshni topishga bo‘lgan behuda urinishlarga sarflaganimiz uchun doimo amal qilib kelgan, amal qiluvchi va bundan keyin ham amal qiladigan azaliy qonunlarni anglab yetishimizga xalaqit beradi. Garchi ular hamon shundoqqina tumshug‘imiz tagida turgan bo‘lsa-da, biz ularni ko‘rmaymiz va shu bois ular «sir»ga aylanadi. Naqadar achinarli!
Men yangi kitobimda bu qadimiy tamoyil¬larni va kitobxonlarga darhol o‘z turmushlarini yaxshi tomonga o‘zgartirishlariga yordam beradigan usul va vositalarni tasavvur qilib, so‘ng tushuntirib berish niyatida ekanligimga qaramay, qo‘lyozmani ma’ruza va chiqishlarim singari «Muvaffaqiyatning buyuk sirlari» deb emas, boshqa bir nom bilan atash kerak, degan fikr menga ham va «Bentam Buks» nashriyotidagi noshirlarimga ham tinchlik bermasdi. Xo‘sh, nima deb nom qo‘yish mumkin? Bir necha hafta davomida biz tinimsiz fikr almashdik, ammo yagona to‘xtamga kela olmadik.
Ko‘pgina mualliflar kitobni sarlavhasiz yozishga qiynalmaydi. Ular ish tugaguniga qadar o‘zlari yoki noshirlar muqovani bezash uchun ma’qul biror nima o‘ylab topishiga umid qilib bob ketidan bobni yozib tashlayveradi. Ammo men bunday qilolmayman. To kitobga nom topmaguncha, ishni boshlay olmayman. Nom — bu men uchun bir bayroq; faqat yozuv mashinkasi oldida o‘tirganimda emas, bo‘sh vaqtlarimda ham men o‘z fikrlarim va his-tuyg‘ularimni shu bayroq atrofiga to‘playman.
«Buyuk savdogar» (1967) kitobimdan boshlab, men o‘n uchta kitobimning har birini avval nom qo‘yib, keyin yozishga kirishganman. Bu odat menga dunyoning o‘n sakkiz tilida yigirma million nusxadan ortiq kitobni sotishga yordam bergani tufayli, uni o‘zgartirish niyatim yo‘q edi. Buning ustiga, hayotimda avval ham bo‘lganidek, taqdir, kutilmagan tasodif, omadning kulishi yoki Tangrining aralashuvi bilan (qanday atasangiz — ixtiyoringiz) muammo hal bo‘ldi.
Sartaroshxonadagi o‘sha mijoz sochini oldirib, xizmat haqini to‘lagach, iymanibgina mening oldimga kelib dedi:
— Janob Mandino, menga sizning kitoblaringiz juda ham yoqadi. Kasbim — tish do‘xtiri, uyushmamizning boshqa a’zolari uchun o‘z-o‘zini baholash kursini olib boraman. Afsuski, qandaydir sabablarga ko‘ra, tish do‘xtirlari orasida o‘z joniga qasd qilish darajasi mamlakat bo‘yicha boshqa kasb egalariga nisbatan ancha baland. Men tinglovchilarimga o‘rgatadigan yashash tamoyillarini mustahkamlashda sizning kitoblaringizdan foydalanaman.
U borib eshikni ochgunga qadar men g‘o‘ldirab, ikki-uch og‘iz minnatdorchilik so‘zini aytdim. Ko‘chaga chiqishdan oldin u to‘xtab, men tomon o‘girildi.
— Yozgan kitoblaringizdan menga «Yo‘l tanlay bilish» ko‘proq yoqadi, — dedi.
Men unga jilmayib bosh irg‘adim.
— Ha, bu kitob ustida ancha-muncha ter to‘kkanman.
— O‘zim ham shunday bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim. Ayting-chi, siz oddiy muxlisingizning taklifini qabul qilishga tayyormisiz?
— Bo‘lmasa-chi!
— «Yo‘l tanlay bilish» kitobida qahramoningiz jo‘shqin hayotdan chekinib, juda yaxshi nomdagi kitob yozadi. Bu kitob o‘quvchilar orasida eng xaridorgir asarga aylanadi. Men xuddi shu nomdagi kitobni yaratish haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishingizni istardim. Ehtimol, siz undan hozirgina Donga gapirgan yangi kitobingizda ham foydalanarsiz. Siz qahramoningizning kitobidan yaxshi turmush kechirish qoidalari va bu boradagi takliflarni olib, ularni o‘zingizning so‘nggi yillardagi boshqa ma’ruza va asarlaringizda bayon etilgan juda ko‘p muvaffaqiyat tamoyil va sirlari bilan birlashtirishingiz mumkin. Agar shunday qilsangiz, shubhasiz, juda foydali kitob yozgan bo‘lasiz. Bu kitob millionlab kishilarga kundalik muvaffaqiyatsizliklar girdobidan chiqishga yordam beradi. Faqat siz uni sodda va aniq qilib, zamonaviy «hayot kitobi»ga o‘xshatib yozing.
Shunday deb, u g‘oyib bo‘ldi, Arizona quyoshining yorqin nurlari ortida ko‘zdan yo‘qoldi. Men bo‘lsam o‘tirgan yerimdan yuqoriga bir fut1, balki undan ham balandroq sakradim. Don ishini tamomlashini kutib turolmadim va bir nechta yo‘l harakati qoidalarini buzib, Skotsdeyl yo‘li bo‘ylab uyimga, «Bentam Buks»dagi muharririm Mishel Repkinga sim qoqish uchun oshiqdim.
— Kitobning navbatdagi nomimi? — deb so‘radi u so‘rashish o‘rniga.
— To‘g‘ri topdingiz, xonim. Endi men ish boshlashga tayyorman.
— Aytaqolsangiz-chi, — dedi u sabrsizlik bilan.
— Men Og Mandino to‘qigan qahramonning qalamiga mansub to‘qima kitobning to‘qima nomidan foydalanmoqchiman...
— ...Zotan Og Mandino chindan ham mavjud! — deb xitob qildi Mishel.
Men ko‘ksimni to‘ldirib nafas oldim.
— Kitobimni «Yaxshi yashash siri» deb nomlamoqchiman!
Mishel menga kechqurun qo‘ng‘iroq qilib, «Bentam Buks» rahbariyati taklifimni ma’qullaganini bildirdi.
Sartaroshxonada men bilan gaplashib, siz hozir o‘qiyotgan kitobning nomini taklif qilgan kishi... bilmayman nima: taqdirmi, omadmi yo tasodifmi?
Keling, yaxshisi keyingi qadamni tashlaylik. Har yili taxminan ellik besh ming nomda yangi kitob chop etiladi. Bu kitoblarni sotib olgan do‘konda ham minglab nomda qattiq va yumshoq muqovali kitoblar mavjud bo‘lsa kerak. Ammo siz bu payt o‘qishingiz mumkin bo‘lgan barcha kitoblardan aynan «Yaxshi yashash siri»ni o‘qiyapsiz.
Nima bu — taqdirmi, omadmi yo tasodifmi? Menimcha, birortasi ham emas. Shunga ishonchim komilki, umrimiz mobaynida Tangri oldimizda juda ko‘p imkoniyatlar ochadi, o‘tib bo‘lmaydigandek tuyuladigan to‘siqlar o‘rnatadi yoki dahshatli fojialarga ro‘para qiladi. Ularni qanday qabul qilishimiz yoki qabul qilmasligimiz bizning kelajagimizni belgilaydi. Go‘yo biz ilohiy shatranj o‘yini ishtirokchisiyu dovga qismatimiz tikilgandek.
Siz bilan bu kitob sahifalarida uchrashib turganimiz tasodifmikan? Men bunga ishonmayman. Atoqli ingliz shoiri Semyuel Teylor Kolrij1 aytganidek, «tasodif — bu Tangrining alohida holatlarda o‘zligini bildirmay ko‘rsatgan marhamati, xolos.
Biz siz bilan qandaydir alohida bir sababga ko‘ra uchrashdik. Keling, bu uchrashuvdan imkon qadar ko‘proq foyda olaylik.

II
 
Modomiki, ma’lum vaqtni siz bilan birga o‘tkazishimiz lozim ekan, buni mening ish xonamdan — farzandlarim «dadamning so‘z fabrikasi» deb ataydigan xonadan boshlashga taklif qilaman. Men odatdagidek, o‘zimning yozuv stolim ortida o‘tiraman, siz esa tashrif payti mening ro‘paramga — baland suyanchiqli eski oromkursiga joylashib o‘tirishingiz mumkin.
Asosan men gapiraman, siz esa eshitasiz, xo‘pmi?
Genri Devid Toroning «Uolden» romanidagi nasihati esingizdami? U, agar biz havoda qasrlar qurar — ya’ni xom-xayol qilar ekanmiz, ishimiz behuda emas — demak, ularning joyi o‘sha yerda, degan edi. Keyin u bizga har qanday qurilishni poydevordan boshlashni taklif qildi.
Men bo‘lsam siz faqat qasr qurishda emas, ularga mustahkam poydevor o‘rnatishda ham foydalanishingiz mumkin bo‘lgan kuchli vositalar haqida hikoya qilmoqchiman. Bundan siz o‘z orzularingizni qanday ro‘yobga chiqarishni o‘rganib olasiz. Ammo... siz hikoyamni ochiq ko‘ngil va diqqat bilan tinglab, keyin harakat qilishingiz lozim. Chunki amalga oshirilmas ekan, barcha xayrli niyatlar, ulkan rejalar va ularga erishish «sirlari» hech qanday qimmatga ega bo‘lmaydi. Inson o‘zining kimligini niyatlari bilan emas, ishlari bilan isbotlashi kerak.
Bir necha yil oldin, kitoblarimdan birining reklama kampaniyasi munosabati bilan mamlakat bo‘ylab kezar ekanman, Xyustonda o‘tkazilgan televizion shouda qatnashishimga to‘g‘ri keldi. Men sahnadan o‘rin olganimdan keyin, zalda tomoshabinlarning qarsaklari tinishi bilan tok-shou boshlovchisi Stiv Edvards qo‘liga so‘nggi kitobimni olib:
— Ayting-chi, Og, yangi kitobingiz men uchun nima qilib bera oladi? — deb so‘radi.
Bu juda o‘rinli savol edi. Ammo, shunga qaramay, uning ohangidagi dangallik meni dovdiratib qo‘ydi. Oldingi chiqishlarimdan birortasida ham menga bunday savolni berishmagan edi. Fikrimni bir joyga to‘plashga urinib bir-ikki soniya taraddudlandim va nihoyat:
— Ko‘p narsa qilib berolmasa kerak, Stiv. Axir, bu bor-yo‘g‘i qog‘oz, yelim va bosmaxona bo‘yog‘ining tajassumi, xolos. Agar siz kitobni bugun uyingizga olib borib, kechqurun boshidan oxirigacha o‘qib chiqsangiz va ertalab turmushingiz ajib bir tarzda yaxshi tomonga o‘zgarishini kutib uyg‘onsangiz, vaqtingiz va pulingizni behuda sovurmagan bo‘lasiz, — deb javob berdim.
Stiv jilmaydi va xuddi bundan keyin nima bo‘lishini biladigandek alfozda yastanib o‘tirdi. Men unga va tomoshabinlarga o‘qitib-o‘rgatish, asoslash yoki ilhom berish uchun yozilgan har qanday yaxshi kitobdan to‘la darajada foyda olish uchun zarur bo‘lgan uchta shartni tushuntira boshladim.
Birinchidan, siz o‘z turmushingizda ma’lum darajada yaxshilashni talab qiluvchi bir yoki bir nechta jabha — masalan, ish sohasi, nikoh, hayotiy maqsadlar, moddiy holat, o‘z-o‘zini baholash, bolalar bilan munosabatlar mavjudligini tan olishingiz lozim. Bu qiyin emas. Biz ilohiy mukammallikka ega emasmiz. Garchi biz boshqa odamlarni alday olsak-da, haqiqatni o‘zimizdan yashirishga qodir emasmiz. O‘z kamchiligimizni biz juda yaxshi bilamiz.
Endi, o‘z turmushingizning turli jabhalariga fikran nisbat berib, o‘qiyotgan kitobingizdan — muallifi Pilmi, Maltsmi, Xillmi, Stounmi... yoki Mandinomi, qat’i nazar — imkon qadar ko‘proq foyda olish uchun zarur bo‘lgan aqlning ochiq va idrok etishga qodir holatini hosil qilishingiz lozim. Bunga qanday erishish mumkin? Muallif ko‘p yillik tadqiqotlari, shaxsiy tajribasi va kuzatuvlari natijasida to‘plagan qimmatli ma’lumotlarni siz bilan o‘rtoqlashishga qodir bo‘lishi mumkinligi bilan kelishing. Maslahatchingiz foydasiga bir necha million mamnun kitobxonlar fikr bildirib turgan vaqtda tabiiyki, sizning e’tirozli fikringiz uning obro‘siga zarracha putur yetkazmaydi.
Yana bitta shart. Hayotingiz sahifalari tobora tez varaqlanib borayotganiga qaramay, siz baxt, omad, farovonlik va ruhiy xotirjamlik izlagan yo‘l hanuzgacha hech nimaga olib kelmaganini tishingizni g‘ijirlatib bo‘lsa ham tan oling. Agar siz turmushingizning bu qisqacha ta’rifiga rozi bo‘lsangiz, mohiyat- e’tibori bilan yaxshi turmushga yo‘l ochishi mumkin bo‘lgan ayrim qoida va takliflarga o‘zim va suygan odamlarim uchun amal qiladigan bo‘lsam, nima yo‘qotaman, deb o‘zingizga o‘zingiz savol bering.
Menga ma’lum majburiyatlar kerak bo‘ladi. Men siz bilan o‘rtoqlashmoqchi bo‘lgan tamoyillar ustida chindan ham ishlayman, deb menga chin dildan va’da berishingiz lozim. Xo‘jako‘rsinchiliksiz... va yasama g‘urursiz. Hech kim muvaffaqiyatga yolg‘iz bir o‘zi erisha olmaydi. Buyuk ishlarni amalga oshirish yoki shaxsiy fojiadan o‘nglanish uchun hammaga yordam kerak bo‘ladi. Biron-bir inson orol yanglig‘ yashay olmaydi. O‘z muvaffaqiyatlariga o‘zi zamin yaratgan birorta erkak yo ayol yo‘q, shuning uchun ham sizga yordam berishimga ijozat eting.
Balki siz juda yoshdirsiz, Lilian Rot ismli ajoyib aktrisani eslay olmassiz. Ko‘p yillar muqaddam uning shuhrati ichkilik bot-qog‘iga g‘arq bo‘lgan edi. Biroq, oradan yillar o‘tib Lilian Rotning fojiali qismati va ichkilikka qarshi mardonavor kurashi «Ertaga men yig‘layman» degan yaxshi bir kitobda, so‘ng esa shu nomli film-da batafsil hikoya qilindi. O‘zining keyingi ko‘pgina intervyularida ham u muammoni yolg‘iz hal qilishga uzoq vaqt behuda uringani, nihoyat, kunlardan bir kuni o‘ziga: «Menga yordam kerak», deb aytganidan keyingina bunga yo‘l ochilganini qayta-qayta tan oldi.
Yordam hammamizga ham kerak. Bu munosabat bilan men uzoq yillar muqaddam do‘stim va ustozim, Chikagodagi «Sholom» cherkovining ravvini Luis Binstok gapirib bergan aka-uka Albert va Albrext Dyurerlarning bir qadar rivoyatnamo, ammo o‘ta ta’sirli sarguzashtini ko‘pincha esga olaman.
O‘n beshinchi asrning o‘rtalarida Nyurnberg yaqinidagi kichkinagina qishloqchada bir oila yashagan ekan. Oilada o‘n sakkiz farzand bo‘lgan ekan. O‘n sakkiz farzand! Bunday katta oilani boqish uchun kasbi zargar bo‘lgan oila boshlig‘i — ota kuniga o‘n sakkiz soatlab ishlar va har qanday pullik ishlarni olar ekan. Oila og‘ir turmush kechirishiga qaramay, bolalardan ikkitasining orzusi bor ekan. Ikkala bola ham rassom bo‘lishni orzu qilar, ammo otalari hech bo‘lmasa bitta o‘g‘ilni Nyurnbergga, Akademiyaga o‘qishga yuborish uchun hech qachon pul to‘play olmasligini yaxshi tushunar ekan. Tunlardan birida aka-uka to‘shakda uzoq bahslashib, nihoyat bir to‘xtamga kelishibdi. Ular qur’a tashlashga qaror qilishibdi. Yutqizgan qishloq yaqinidagi konda ishlab, inisining Akademiyada o‘qishiga yordam beradi. G‘olib o‘qishni tamomlaganidan keyin to‘rt yil mobaynida yo chizgan suratlarini sotib, yoki kerak bo‘lsa, konda ishlab, narigi inisiga yordam berishi kerak bo‘ladi.
Ular yakshanba kuni ertalab, cherkov marosimidan keyin tanga otib qur’a tashlashibdi. Albrext Dyurer yutib chiqibdi va Nyurnbergga o‘qishga jo‘nabdi. Albert esa konda ter to‘kib, to‘rt yil mobaynida akasini moddiy jihatdan ta’minlab turibdi. Albrext o‘z iste’dodi bilan Akademiyada shuhrat qozonibdi, gravyuralari, yog‘och o‘ymakorligi va rangtasvirda ishlagan asarlari bilan ko‘pgina ustozlaridan ham o‘zibdi. Akademiyani tamomlaganidan keyin Albrext chizgan suratlarini kattagina pulga sotadigan bo‘libdi.
Yosh musavvir o‘z qishlog‘iga qaytganidan keyin Dyurerlar oilasi Albrextning qaytishi sharafiga o‘tloqda katta ziyofat beribdi. Musiqa va o‘yin-kulgi bilan o‘tgan tantanali ziyofatning oxirida Albrext o‘zining to‘rdagi o‘rnidan turibdi va orzusiga erishishi yo‘lida qurbon keltirgan suyukli ukasining sharafiga qadah so‘zi aytibdi. So‘zining oxirida u:
— Albert, ukajon, endi navbat senga. Nyurnbergga o‘qish-
ga endi sen borasan, men bo‘lsam sen haqingda qayg‘uraman, — debdi.
Hamma dasturxonning narigi adog‘iga — Albert o‘tirgan tomonga bosh buribdi. Albertning za’faron yuzini ko‘zyoshi yuvib tushayotganini ko‘rishibdi. U boshini solintirgancha piqillab, tinimsiz bir so‘zni takrorlar emish:
— Yo‘q... yo‘q... yo‘q...
Nihoyat, Albert o‘rnidan turib, ko‘zyoshini artibdi. Uzun qilib yozilgan dasturxon va uning atrofidagi aziz chehralarga nazar solibdi va qo‘lini oldinga cho‘zib, siniq ovozda:
— Yo‘q, aka, men endi Nyurnbergga o‘qishga bora olmayman. Mana... mana, qo‘llarim to‘rt yil ichida ne ahvolga tushganini bir ko‘ring! Har bir barmog‘im bir nechta joyidan sinib majaqlangan. Artritdan shu qadar azob chekamanki, o‘ng qo‘limga mo‘yqalam olish u yoqda tursin, so‘zingizga javob berish uchun qadah ham ushlay olmayman. Yo‘q, aka, o‘qish... men uchun endi kech, — debdi.
Shundan beri oradan to‘rt yuz ellik yildan ko‘proq vaqg o‘tdi. Bugungi kunda Albrext Dyurerning yuzlab durdona asarlari — moybo‘yoqda, qalamda, akvarel va pistako‘mirda chizgan rasmlari, yog‘och va misni o‘yib ishlagan asarlari dunyodagi barcha buyuk muzeylardan o‘rin olgan. Ammo siz, ko‘pchilik singari, Albrext Dyurerning faqat bir ishi bilan tanish bo‘lsangiz kerak. Kim bilsin, balki uning reproduktsiyasi sizning uyingiz yoki ish xonangizda osig‘liq ham turar.
Albrext Dyurer ukasi Albert keltirgan buyuk qurbonlikni sharaflab, uning osmonga ko‘tarilgan nogiron qo‘llari rasmini chizdi. Bu ajoyib asarni u oddiygina qilib «qo‘llar» deb nomladi. Ammo dunyo ahlini lol qoldirgan bu muhabbat tuhfasini odamlar qayta nomlashdi va u «Iltijo» nomi bilan bugungi kungacha yetib keldi.
Bu g‘oyat ta’sirli asarning nusxasini kelgusi safar ko‘zdan kechirayotganingizda, unga diqqat bilan qarang. Rasm hech kim— ha, hech kim — muvaffaqiyatga bir o‘zi yolg‘iz erisha olmasligini sizga eslatsin (agar eslatishga muhtoj bo‘lsangiz).
Tabiiyki, siz ham hech qachon hamma ishni yolg‘iz qilishga urinmang. E’tiqodingiz kuchli yoki zaif ekanligidan qat’i nazar, boshingizga og‘ir kun tushganida qo‘llaringizni boshingiz uzra ko‘tarib, ko‘kka karab: «Menga yordam kerak», deb aytsangiz bas. Men o‘z hayotim davomida ming martalab shunday qilganman. «Natija-chi», dersiz? Yordam so‘ralgan chog‘da, uning nechog‘li yaqinligini ko‘rib, hayron bo‘lsangiz kerak.
Hozircha suhbat siz bilan men o‘rtamizda ketayotir. Ishoning, siz har doim yordam topa olasiz, ammo muloqotimiz, afsuski, uzoq davom eta olmaydi... shu bois, keling, foydali ishga ko‘l uraylik va turmushingizni yaxshi tomonga o‘zgartirishga urinib ko‘raylik.

III

Qarshimdagi eski oromkursidan joy olishingizdan avval, men asosiy vaqtimni o‘tkazuvchi xona bo‘ylab birrov sayr qilib chiqsak. Kaminaning jamiyatida o‘zingizni yengil va xotirjam his qilishingizni istaganim uchun, o‘tmishimni o‘zida jamlagan ko‘plab kitob, fotosurat va esdalik sovg‘alar bilan to‘lib-toshgan mo‘‘jazgina xona bo‘ylab sayr qilib, bu holatga kirishingiz oson bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bu buyumlar bilan tanishib, ularning ba’zilarini esa ushlab ko‘rib, menga eski va sodiq do‘stingizdek qaray boshlaysiz, deb umid qilaman. Shunda mening g‘oyalarimni tushunishingiz va qabul qilishingiz oson bo‘ladi.
Oyoqlaringiz tagiga diqqat bilan qarang. Mana bu bir taxlam yangi kitoblarni kelgusi bir necha oy ichida o‘qib chiqish niyatidaman. Ularning yonida, gilamchada esa do‘stlarim va notanish kishilardan olingan bir nechta qo‘lyozma turibdi. Ular mening taqrizimni kutishyapti. Men ularning iltimosini sira rad eta olmayman, agar bir kirishib ketsam, butun kunni qo‘lyozma o‘qish va ularni maqtab taqrizlar yozish bilan o‘tkazishim mumkin.
Qo‘lyozmalar uyumi ustidagi uzun-uzun varaqlardan iborat taxlamni ko‘ryapsizmi? Bu eski do‘stim — milliy futbol ligasi hakami Jim Tanneyning «Xolis fikr» deb nomlangan yangi kitobining korrekturasi. Bu kitob haqida uning noshirlariga men kuni kecha taqriz yozib yubordim.
Bu xonaga hatto eng yaqin do‘stlarim ham kamdan-kam qo‘yiladi. Ha, siz uchun men istisno qilaman. Bir necha yil muqaddam, uyimda o‘tkazilgan mehmondorchilikdan so‘ng, Jim xuddi siz hozir turgan joydan ish stolim va yozuv mashinkamga g‘alati tikilib turganini eslayman.
— Nima gap, Jim? — deb so‘radim men hayron bo‘lib.
Superkubok uchun o‘tkazilgan bir emas, uch o‘yinga hakamlik qilgan va zimmasiga ulkan mas’uliyat yukini olgan inson bosh chayqadi va siniq tabassum qildi.
— Hammasi joyida, Og, — deb pichirladi u bazo‘r. — Sen o‘z kitob-laringda hikoya qilgan buyuk kishilar ilk dafa jonlangan bu ajoyib xona menga mislsiz kuch-quvvat berayotgandek tuyulyapti. Qachondir... qachondir men ham o‘z kitobimni yozaman!
Jim o‘z orzusidan voz kechmadi. Oradan ma’lum vaqt o‘tdi va u aytgan «qachondir» keldi: qarshimda korrekturasi. Bu yangi kitob best-seller bo‘lishi shubhasiz.
Ko‘rib turganingizdek, uyimizning janubi-g‘arbiy burchida joylashgan ish xonamning devorlari, derazalardagi pardalar, polga to‘shalgan gilam va mebelga qoplangan jildlar jigarrang, qo‘ng‘irtob va qoramtir ranglarda. Rafiqam Betti uyimizdagi jihozlar uchun ma’qul rangni tanlayotib, bu xonaning devorlari qanday rangda bo‘lishi ahamiyatsiz, bilamanki, baribir hamma bo‘sh joylarni har turli mayda-chuydalar bilan to‘ldirib tashlaysan, degan edi. Tayinki, u haq bo‘lib chiqdi.
Oshxona va qaznoq yaqinida joylashgan ish xonamning kattaligi 12 x 19 fut. Xona menga haddan tashqari tor bo‘lib tuyulganida, sevimli yozuvchim Genri Toroning Uolden ko‘li bo‘yidagi butun uyi 10 x 15 fut bo‘lgani va u hech qachon bo‘sh joyning yo‘kligidan shikoyat qilmaganini o‘zimga eslataman.
Eshikning chap tomonidagi devorni kamina hammaga «ko‘z-ko‘z» qilib ko‘rsataman. Xonamga hatto farrosh xotin ham (uning o‘z iltimosiga binoan) kirmasligi tufayli, men siz hozir ko‘rib turgan bir qadar serhasham ko‘rgazmadan aslo uyalmayman. Ochig‘ini aytsam, men undagi har bir buyum bilan faxrlanaman. Mana, kamina adabiy yutuqlarim uchun 1983 yilda taqdirlangan Napoleon Xill nomidagi oltin medal, uning yonida esa — bir yildan keyin Notiqlar shon-shuhrat saroyiga o‘n uchinchi bo‘lib qo‘yilishim munosabati bilan taqdim etilgan chiroyli esdalik yorlig‘i. Pastroqda — qirqtacha oilaviy fotosuratlardan yasalgan, birgalikdagi turmushimizning ajoyib mozaikasini hosil qiluvchi kattagina kollaj. U «Cheksiz muvaffaqiyat» jurnalini boshqargan yillarim mening Chikagodagi idoramda osig‘liq turgan.
Ulardan sal narida osig‘liq turgan Jimmi Styuart, Norman Vinsent Pil, Maykl Jekson, Joy Bishop, Frenk Klifford, Rudi Uelli, Art Linkletter, Chak Persi, Robert Kammings, polkovnik Garlend Sanders, Ed Sallivan, Klement Stoun va Napoleon Xill-ning dastxatlari qo‘yilgan suratlardagi siymolarni tanigan chiqarsiz. Ajoyib esdalik, shunday emasmi?
Mana, 1919 yilgi «Saterdey Ivning post» muqovasi. Unda chavgonlari joylangan qopchig‘ini yelkasiga osgancha, ofisdan yashirincha chiqib kelayotgan golf o‘yinchisi tasvirlangan. Uni katta o‘g‘lim Den menga sovg‘a qilgan. Uning tagida — mening «Amerikada kim aslida kim» va «Kim aslida kim» bildirgichlaridagi ishtirokimni, Ajoyib Kishilar Tashkilotiga va «Amerika merosi» tadqiqot uyushmasining Inson Resurslari kutubxonasiga a’zoligimni, Notiqlar milliy uyushmasining oliy mukofoti — «Barkamollik» mukofoti bilan taqdirlanganimni tasdiqlovchi guvohnomalar joylangan ramkalar.
Ammo siz devorda ko‘rayotgan mukofotlar ichida eng muhimi va bebahosi kichik o‘g‘lim Mett o‘n besh yil muqaddam, ikkinchi sinfda o‘qiyotgan payti xat bilan taqdim etgan rasm hisoblanadi. Sarg‘imtir qalin qog‘ozga yirik bosma harflar bilan yozilgan «DADAJONIMGA» degan yozuvning tagida boshiga beysbol qalpog‘i, qo‘liga kattakon qo‘lqop kiygan, oyog‘i tagida beysbol chillagi turgan odam aks ettirilgan. U baland shohsupada turibdi. Shohsupada esa: «Janob Mandinoga o‘g‘lidan Eng Yaxshi Dada mukofoti», degan so‘zlarni o‘qish mumkin. Rasmning chap yonida osig‘liq turgan xatda esa shu so‘zlar yozilgan:

Mett Mandinodan
dunyodagi eng yaxshi dadaga

U bu mukofotga akam men bilan o‘ynashni istamaganida, men bilan quvlashmachoq o‘ynagani uchun loyiq topildi. U ellikka to‘lganiga qaramay, juda yaxshi sportchi. Bir gal u men bilan o‘tloqda beysbol o‘ynash uchun 6 fut keladigan devordan oshib o‘tgan. Keyin u menga tomdan beysbol to‘pini ham olib tushib bergan. Bir gal men varrak uchirmoqchi bo‘lib, uddalay olmaganimda, dadam ishdan kelib varrakni shu qadar baland uchirdiki, u telefon simlariga ilinib qoldi. Siz nima deb o‘ylaysiz bilmadim-u, lekin men dadamni dunyoda hammadan yaxshi deb hisoblayman.
Mett.

Xat bilan rasm o‘rtasida Mettning o‘qituvchisi taqdim etgan «A’lo davomati uchun mukofot» deb yozilgan tasma osig‘liq. Mett uni uyga olib kelib menga ko‘rsatganida, dunyoda mendan mag‘rurroq ota yo‘q edi. Men uni mahkam bag‘rimga bosdim, ko‘zimda hatto sevinch yoshlari ham paydo bo‘ldi. Buni ko‘rib u hayratga tushdi.
Bu pastakkina kitob javonida, rasm va mukofotlar tagidagi fotosurat, slayd va albomlar joylangan qutilarda o‘ttiz yildan ortiq davr jamlangan. Polda yana bir taxlam yotibdi: bular — kamina yuqorida tilga olib o‘tilgan uyushma va jamiyatlardan olgan faxriy yorliq va tashakkurnomalar. Ko‘rib turganingizdek, ularga devorda joy qolmagan, ammo men nimagadir ularni bu yerdan olib qo‘yishga o‘zimni majburlay olmayman.
Uch qavatdan iborat keyingi javon Iso Masih hayotiga oid kitob-lar bilan to‘la. Bu — kamina «Masihning vakolati» kitobim uchun tadqiqot o‘tkazgan o‘n yil ichida o‘qigan jami kitoblarning ozgina qismi, xolos. «Masihning vakolati» — mening eng qiyin yozilgan kitobim. Bu kitob haqida: «Nasroniylikning mohiyatiga yangicha va o‘ziga xos tarzda yondashilgan so‘nggi davrdagi eng yaxshi kitoblardan biri», degan maqtov so‘zlarini aytgani uchun «Yunayted Press Interneshnl»dan toabad minnatdorman.
Burchakdagi bu ikkita kitob javonida, boshqa narsalar bilan birga, bir paytlar kitoblarimning qo‘lyozmalari ham saqlangan, ammo keyinchalik borib aqlim kirdi va hozir ularni seyfda saqlayman. Janubiy devorning deraza tokchasiga tiralgan uzun pastak stolda ayni damda garajga olib tushib tashlashimni kutib gazeta va jurnallardan qirqib olingan men haqimdagi maqolalar joylangan karton quti turibdi. Men ba’zan yoqib tomosha qilishni yoqtiradigan chiroqli globus, do‘stlarim mo‘yqalamiga mansub tabiat manzarasi ifodalangan ikkita rasm, Uolter Kronkayt qayta ishlagan «Oltmishinchi yillar — ularni hozir ham tinglashim mumkin» nomli ochilmagan uzoq aylanuvchi albom, Mett bilan ikkimiz golf maydonida tushgan bir nechta surat, ukam Silvioning «Mening eng yaxshi katga zobitim Ogga» degan dastxati qo‘yilgan harbiy kiyimdagi rangli surati, katta Bibliya va hamkasblarim taqriz uchun yuborgan bir nech-ta kasseta ham shu yerda.
Xuddi shu devorda deraza yaqinida men 1943 yilgi Germaniya kampaniyasi boshlanishidan oldin o‘zimning o‘ttizdan ortiq jangovar uchishni amalga oshirgan B-24 bombardimonchi samolyotim komandasi bilan birga tushgan surat osig‘liq. Uning yonida — menga katta leytenant unvoni berilgani haqida shahodatnoma; Dyurerning «Iltijo» asari reproduktsiyasi; Gvadalaxara ma’muriyati va savdo jamiyati Og Mandino nomiga yozib taqdim etgan sirtini ozroq gard qoplagan kattakon kumush quyma; birinchi qahramonim Charlz Lindberg o‘zining «Sent-Luis ruhi» samolyoti oldida tushgan, uning dastxati qo‘yilgan fotosurat; «Dunyodagi eng buyuk savdogar» kitobimda ishlatgan «Savdogar duosi» qadimgi pergamenti solingan ramka.
Hozircha kompyuterim yo‘q. O‘n uchta kitobimning hammasini stol yaqinidagi yig‘ma tokchada turgan 1965 yilgi IVM yozuv mashinkasida yozganman. To‘g‘ri, «Buyuk savdogar» ning birinchi qo‘lyozmasi ishlatilgan «Selektrik»ka pul to‘plagunimizga qadar jajji «Olivetti» mashinkasida yozilgan.
Ish stolimda Ralf Pellet Kolman mo‘yqalamiga mansub «Iso» asarining ramkaga solinmagan nusxasi turibdi. Uni menga o‘n besh yil muqaddam Skotsdeyldagi xotira gospitalining ruhoniysi sov-g‘a qilgan. E’tibor bering-a, rasmda Iso qovushtirilgan qo‘llarini stolga qo‘yib o‘tiribdi, xuddi U — majlis qatnashchilarini tartibga chaqirayotgan raisdek. Men ko‘pincha tunda, kechqurun soat o‘ndan ertalabga qadar ijod qilaman. Ko‘p yiddirki, ishni tugatgach, hamisha chiroqni o‘chirishdan avval Isoning chehrasiga yuz tirab: «Xayrli tun, Ustoz», deb pichirlayman.
Ish stolim tiralgan devorga Mett bilan Denning o‘smirlik davridagi surati, Den o‘zining go‘zal xotini va bir-biridan shirin bolalari — mening jonu dilim — Daniella va Rayan bilan tushgan surat, kattakon rangli bir pesolik Meksika qog‘oz puli (hozir u 12500 dollar turadi), Mett bizga Arizona shtati dorilfununida o‘qigan davrda yozib yuborgan maktub va men bir kuni ertalab, yangi kitob ustida samarasiz o‘tkazilgan bir necha kundan so‘ng, o‘zimning yozuv mashinkam ustidan topgan Bettining xati skotch bilan yopishtirib qo‘yilgan. Siz bu xatni bemalol o‘qib chiqishingiz mumkin, Betti bunga qarshi emas.

18.01.80
Salom!
Men seni yaxshi ko‘raman!
Tushkunlikka berilma. Kechagi kun U sendan boshqa narsani kutayotganiga bir ishora, xolos.
O‘zingni qo‘lga ol, fikringni jamlashga urin. U qo‘lingga aniq yo‘nalish ko‘rsatilgan xaritani tutqazadi. Sen Uning yagona muammosi emassan.
E’tiqod qil... va U tez orada senga qaytadi. U bizga avval hech qachon pand bermagan, bu safar ham pand bermaydi.
Bugun sen uchun omadli kun bo‘lishini tilayman.
 Sening Betting.

Bunday tayanching bo‘lsa, muvaffaqiyatsizlikka uchrashing qiyin, shunday emasmi?
Bilaman, stolimning chap burchagidagi ustiga «kelgan xatlar» deb yozilgan quti hozir ham rang-barang nomalarga liq to‘la. Xudoning bergan kuni shu. Kamina har hafta kitobxonlardan o‘rta hisobda yuzdan ortiq maktub olaman. Ularning har biriga, hatto to‘rt qator minnatdorchilik so‘zlaridan iborat xatlarga ham javobni o‘zim yozaman. Modomiki, kishi xat yozib yuborgan ekan, u rasmiy blankada va muallifning kotibidan emas, uning o‘zidan javob olishga loyiq. Men xatlarni o‘qib juda maza qilaman. To‘g‘ri, ba’zan ajoyib insonlar kitoblarimdan biri hayotlariga kirib, uni yaxshi tomonga o‘zgartirishga yordam berguniga qadar nechog‘li tuban ketganlarini o‘qib larzaga tushaman. Men bu bebaho xatlarning har birini ko‘z qorachig‘imday asrab kelaman. Ular garajdagi karton qutilarga taxlab qo‘yilgan. Naq eskifurushning o‘ziman, shunday emasmi?
Shuningdek, stolda yaqinda Nyu-York, Sietl, Boston, Mexiko, Toronto va Dallasda so‘zlashim lozim bo‘lgan bir qancha ma’ruzalar uchun zarur ma’lumotlar jamlangan arxiv papkalari turibdi. Men bir oyda ikkita ma’ruza o‘qish bilan kifoyalanib, har ikki yilda noshirlarimga bir yangi kitob taqdim etishga harakat qilaman. Qolgan vaqtni esa men tom ma’noda atirgul hidlab o‘tkazaman... ular orqa hovlida, hali ko‘rsataman. Bu gullar u yerda son-sanoqsiz.
Stolda yana padari buzrukvorim va volidamning nikoh surati, Betti yasagan, ko‘kragiga «Jo‘jalar» deb yozilgan (Mett o‘ynagan Kichik liganing yetakchi jamoasi shunday atalardi) beysbol formasi kiygan bolakay tasvirlangan balandligi bir futcha keladigan sopol haykalcha, bu yilning aksar qismi va kelgusi yilning boshida o‘tkazish mo‘ljallangan uchrashuv va o‘qilajak ma’ruzalar haqida belgilar qo‘yilgan taqvim, chiziqli qog‘ozli bir nechta bloknot, «BUNI BUGUN BAJAR!» degan ro‘yxat, son-sanoqsiz bildirgich varaqchalar, o‘zi javob qaytaradigan «Kobra» telefoni, Denning yoshlar fugbol jamoasiga murabbiylik qilgan davrdagi surati, Mett o‘z jamoasi bilan 1987 yilgi Kichik liga birinchiligi oldidan tushgan surat turibdi.
Yozuv mashinkasi yoniga kichkina magnitofon va bir taxlam oq qog‘oz qo‘yilgan. Bitta kitobni yozish uchun men to‘rt mingdan ortiq varaqning boshiga yetaman, axlat chelakni ko‘p martalab to‘ldiraman. Qo‘l yetadigan joyda «Vebsterning yangi kollegial lug‘ati» va «Rojening ideografik lug‘ati» turibdi. Men g‘arbiy devorga orqa o‘girib o‘tirib yozaman. Bu tomondagi yagona deraza tagiga yana bir kitob javoni qo‘yilgan, unda men ko‘p foydalanadigan bildirgich kitoblar turadi. Bu yerda Chikago dorilfununining «Uslub bo‘yicha qo‘llanma» sini, Adler va Van Dorenning «G‘arb tafakkurining buyuk durdonalari» ni, «Yangi fikrlar lug‘ati» ni, Uaytning «Uslub unsurlari» ni va «Tarix kundaliklari» kitobini ko‘rish mumkin. Polda bir qancha telefon bildirgichlari va mening ikkita jomadonim yotibdi. Ularning ko‘pchiligi men bilan faqat yangi kitob ustida ishlayotgan paytim sayohat qiladi.
Chap tomonimdagi burchakda turgan eski stulni ko‘p yildirki sevimli basset-xaundim Slippers egallab keladi. Unga men «Dunyodagi eng buyuk savdogar, II qism. Voqeaning yakuni» kitobimni bag‘ishlaganman. U bizni qariyb ikki yil muqaddam tark etganiga qaramay, uni juda qo‘msayman. Ha, uning ruhi avvalgidek, stul o‘rindig‘ida o‘tirgandek tuyuladi.
Besh qator qilib taxlangan kitoblar so‘nggi, shimoliy devorni to‘liq qoplagan. Bu yerda dindan tortib psixologiyagacha, investitsiyalardan tortib, ruhiy salomatlikkacha bo‘lgan rang-barang mavzudagi kitoblar jamlangan. Uzun kitob javonining usti yillar davomida men uchun qadrli bo‘lgan buyumlar «ombori» ga aylangan. Men ularning ba’zilarini sanab o‘taman. Mana, men 1965 yilda muharrirlik qilgan «Cheksiz muvaffaqiyat» jurnalining birinchi soni. Uning yonida — bir mahbus menga sovg‘a qilgan kichkinagina rasm, unda «Dunyodagi eng buyuk mo‘jiza» kitobimning qahramoni — eskifurush Saymon Potter aks ettirilgan. Mana, Den bolalik paytida kiygan bir juft jajji kovush, uning yonida esa — Mett to‘rt yoshligida taqqan kichkina charm kamar. Mana bu suratda men Alabama shtatining Feyrxoup shahridagi o‘quvchilarimga dastxat yozib beryapman. Uning yonida — kaminaning eski pasporti; AQSh harbiy-havo kuchlari bombardimonchi samolyotining eski parraklari; Mettning tushgan birinchi tishi (tish parisi uni chorak dollarlik tangaga alishtirib olgan); men ma’ruza bilan qatnashgan son-sanoqsiz konferentsiyalardan olib kelgan nomim ko‘rsatilgan nishon va taklifnomalar; o‘smirlar ligasi beysbolining qirqib olingan dastagi; kamina bir necha yil avval ma’ruza qilgan Gvatemala-Sitidagi ajoyib bog‘ning rangli surati; muxlisam — yoshgina xonim yuborgan juda ta’sirli noma (keyinchalik u oqqon kasalligidan vafot etdi); Klement Sotunning sakson yoshlik yubileyiga taklifnoma; kamina Manilaga kitobxonlar bilan uchrashuvga kelganimda chiroyli yosh hamshira Mariya Bernardo meni quchib tushgan surat; bir nechta mo‘‘jaz Injillar; «Dunyodagi eng buyuk mo‘‘jiza» kitobimdan ta’sirlangan kitobxonlardan kelishda davom etayotgan plastik yorongullar; Michigandan olib kelingan «MUVAFFAQIYaT» deb yozilgan raqamli nishona; o‘g‘illarimdan olingan tabriknomalar; Ayova shtatining Klarind shahrida har yili o‘tkaziladigan Glenn Miller1 nomidagi o‘ninchi festival sharafiga chiqarilgan nishon; Ogayo shtatidagi Lima shahri merining 1981 yil 27 iyulni Og Mandino kuni deb e’lon qilish to‘g‘risidagi farmoyishi; eski stereoskop; mening dastlabki o‘n bir kitobim yozilgan IVM yozuv mashinkasining ikkita tasmali eski g‘altagi; Muqaddas Yerdan yuborilgan gerbariyli albom; yangi oilaviy fotosuratlar. Javon ustidagi butun devorni shiftgacha nomim ko‘rsatilgan nishon, mukofot va faxriy yorliqlar egallagan. Ular orasida hayotni sug‘urta qilishni kafolatlovchi (e Xudo, o‘zing qo‘lla!) 1954 yilgi milliy sifat mukofoti ham bor.
Qarshingizdagi mo‘‘jazgina stolda kitoblar uyumi; kamina so‘nggi yillarda tasvirga tushirgan va endilikda video shakliga solish uchun sekin-asta tahrir qilayotgan videokasseta va plyonkali g‘altaklarni ko‘rishingiz mumkin. Asosiy muammom shuki, men eski g‘altaklardagi ortiqcha plyonkalarni tashlab yuborishga o‘zimni majburlay olmayman, chunki ularda tashlashga ko‘z qiymaydigan qadrli xotiralar jamlangan. Natijada, biz kattagina oilaviy videotekamizga egamiz. Bu g‘altaklar stolning rang-barang kvadratli shaxmat taxtasi ko‘rinishidagi sirtiga taxlab qo‘yilgan. Bu stolni Mett maktabni tamomlaganidan keyin o‘zi yasagan, shuning uchun ham u yanada obro‘liroq joyga qo‘yilishga loyiq.
Chap tomoningizda, eshik yonida yana bir nechta esdalik nishonlar va kamina 1976 yili ellik ikki yoshimda «engilroq hayot kechirish» uchun nafaqaga chiqish niyatimni bildirgan «Cheksiz muvaffaqiyat» jurnaliga yozilgan xayrlashuv maqolasining ramkaga solingan nusxasi osig‘liq turibdi. Axir, bu kulgili emasmi? O‘shandan beri men o‘n to‘rt mamlakatda to‘rt yuzdan ortiq ma’ruza o‘qidim va sakkizta kitob yozdim.
Shundoqqina eshik oldida osig‘liq turgan ramkaga solingan suratni ko‘ryapsizmi? U devorda... va mening qalbimda alohida o‘rin egallaydi. Bir necha yil muqaddam menga bir maktub keldi. Unda g‘am kuydirgan bir sho‘rlik ona yoshgina o‘g‘li miya raki bilan xastalangani, o‘limiga sanoqli oylar qolgani, men Baddi Key bilan yozgan «U Akabar «Umidnomasi» kitobini o‘qib, onasidan uning bittadan nusxasini o‘n ikkita eng yaqin do‘stiga, «uni abadiy yodda tutishlari uchun» sotib olishni so‘ragani haqida yozardi. Xat: «Agar sizga kitob-larni yuborsam, ularga sho‘rlik Dugning do‘stlari uchun dastxat yozib berolmaysizmi? Shunda u o‘zini baxtli his qilgan bo‘lardi», degan iltimos bilan tugardi.
Men xatga darhol javob yozib yubordim: faqat bolalarning nomlarini bilsam bas, qolgani menga tan. Shunday mard yigitcha uchun arzimas sovg‘a.
«Akabar «Umidnomasi» kitobida, agar uni o‘qigan bo‘lsangiz, uzun, qorong‘i qish oylarida ishlab, kattakon varrak yasagan laplandiyalik nogiron o‘smir haqida hikoya qilinadi. Keyin u yulduzni tutib olib, qishlog‘ini yoritish uchun yerga yaqinroq tushirish maqsadida varrakni osmonga uchiradi. U niyatiga yetadi... Akabar ismli yulduz o‘smir bilan gaplashib, bahorda, ufqda quyosh yana paydo bo‘lganidan so‘ng osmonga, o‘z makoniga qaytgunga qadar unga ko‘p narsalarni o‘rgatadi.
Dug — Tangri uning ruhini pok etgan bo‘lsin — qandaydir bir mo‘‘jiza bilan yana ikki yil yashadi. Biroq keyin Dugning onasidan uning o‘limi haqida xabar oldim. Xat bilan birga g‘arib qabr toshi tushirilgan surat ham keldi. Qabr toshi oldida... qora sim o‘ramini ko‘ryapsizmi, unda esa — yulduzni quchayotgan qizil varrak!
Men juda baxtli odamman. Yozuv mashinkasi oldida o‘tirib, Dug singari insonlar bilan muloqotda bo‘lishning o‘zi shunday bir mo‘‘jizaki, bu haqda uzoq o‘ylagudek bo‘lsam, shu yoshimda ham dilimni vahima chulg‘aydi.
Nihoyat, devordagi chiroq tugmasi tagida Bettining eski sovg‘asi osig‘liq turibdi. Matoda aks ettirilgan plakatdagi: «Xudoyim, menga sabr-toqat bergin... shu zahotiyoq!», degan shior menga hozirgacha yoqadi.
Xo‘sh, endi o‘zingizni xuddi uyingizdagidek his qilayotgandirsiz?
Yaxshi. Endi o‘tirib tuflingizni yeching-da, oromkursiga bemalol yastaning. Ijozat bersangiz, sizga yordam qo‘lini cho‘zsam...

IV

Men uchun shu manzarani tasavvur qilishga urinib ko‘ring.
Bulutli, nam va rutubatli tong. Klivlendning eng qashshoq va xavfli mavzelaridan biri. Harorat nol atrofida, ertalab qor tushib, so‘ng qor aralash yomg‘irga aylandi. Qovoqhona, do‘kon va qahvaxonalar qator cho‘zilib ketgan iflos, havosi buzuq ko‘chalarda odam qorasi ko‘rinmaydi. Rojdestvo bayramiga bor-yo‘g‘i to‘rt hafta qolganiga bu yerda zarracha ishora yo‘q.
Tuyqus bir harakatda hayot nishonasini payqagandek bo‘lamiz. Ozg‘in tanasini namgarchilik va sovuqdan deyarli asramaydigan yirtiq yupun ko‘ylak kiygan bir daydi panoh ilinjida lombardning darz ketgan derazasiga peshana tirab turibdi. Uning to‘zg‘igan, kir sochlari yelkasiga tushgan, ko‘zlari ertalab ichilgan arzon sharobdan qizarib ketgan, qorni ochlikdan quldiraydi.
Soqolli yuzini derazaga tirab, u lombardning ichini ko‘zdan kechiryapti. Nimadir uning e’tiborini tortdi. To‘pponcha... «29 dollar» deb yozilgan sariq qog‘oz parchasi osilgan kichkina to‘pponcha.
Daydi ingrab, sovqotgan o‘ng qo‘lini qasmoq bog‘lagan shimining cho‘ntagiga suqadi va uchta g‘ijim o‘n dollarlik chiqaradi: bor puli — shu.
— Mana, hamma muammolarimning yechimi! — deb xitob qiladi u hirqiroq ovozda. — Bu pulga mana shu to‘pponchani uch-to‘rtta o‘qi bilan sotib olaman-da, o‘zimning o‘sha isqirt boshpanamga olib boraman. So‘ng to‘pponchani o‘qlab, chakkamga tirayman-da... tepkini bosaman! Mana bu omadsiz nusxani oynada ko‘rish boshqa hech qachon, ha, hech qachon nasib etmaydi!
Bu odam chindan ham omadsiz. Atigi bir necha yil ichida u hayotiga mazmun baxsh etgan hamma narsalardan: sevimli xotini, ajoyib qizi, shinam uyi va yaxshi ishidan judo bo‘lgan, g‘urur, e’tiqod va o‘z kuchiga ishonch haqida gapirmasak ham bo‘ladi. Ko‘pchilik singari, u ham o‘yin qoidalarini o‘rganmay turib, o‘z hayotini dovga qo‘ygan. Endi buning jazosini tortyapti. Bu rutubatli tongda u yomg‘ir ostida turib, o‘z hayotidan voz kechishga tayyor.
O‘zini kelajakdan deyarli mahrum etgan bunday achinishga loyiq kishilar bugungi kunda bisyor.
Afsuski, bunday stsenariy bizning ajoyib mamlakatimizda har kuni yuz martalab takrorlanadi, odamlar bir paytlar ko‘p narsa va’da qilgan ertangi kunga bo‘lgan umidning qolgan-qutganini ham yo‘qotadilar. Yana minglab odamlar o‘z jonlariga qasd qilmasalar-da, baribir taslim bo‘ladilar. Ular o‘z kelajaklariga qo‘l siltab, orzu-umidlarini o‘tmishga g‘arq qiladilar, yashashdan to‘xtab, shunchaki kun kechira boshlaydilar. Toroning ta’biri bilan aytganda, «tushkunlikka to‘la osoyishta hayot» kechiradilar. Garchi ularni odatda yetmishdan oshganda dafn etsalar-da, ellikka, qirqqa, o‘ttizga va hatto yigirma besh yoshga to‘lmasdan o‘likka aylanadilar.
Xayriyatki, Klivlendda yomg‘irda diydiragan o‘sha omadsiz bechora to‘pponcha sotib olmadi. U ko‘p yillar muqaddam, o‘sha rutubatli tong-da o‘z hayoti bilan xayrlashmadi.
Agar u shunday qilganida, men hozir siz bilan o‘z xotiralarimni o‘rtoqlashayotgan... yoki sizga orzularingizni ro‘yobga chiqarishda yordam berayotgan bo‘lmasdim.

V

Fojialar, moddiy beqarorliklar, sevgidan, ishdan ayrilish, ajralish, istiqbolsizlik, ma’lumotning yetishmasligi, norasolik hissi, spirtli ichimliklar va giyohvand moddalar — bular shafqatsiz qismatning sizni bir kun, bir hafta, bir oy yoki bir yilga yaralashga qodir o‘qlaridan ayrimlari, xolos.
Biroq, siz o‘zingizni bir yilda quyosh nuri, muzqaymoq, kulgi va musiqaga to‘la uch yuzu oltmish besh kun hech qachon bo‘lmagani va bo‘lmasligiga ishontira olsangiz, har qanday baxtsizlikni bartaraf etib, turmushingizni yaxshi tomonga o‘zgartirishga qodirsiz. Prezident Kennedi aytganidek, «Hayot marhamatsiz, u hech qachon marhamatli bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham». Hatto insoniyat tarixidagi eng omadli, dongdor va buyuk odamlar ham o‘z hayotlarida umidsizlik va tushkunlik lahzalarini boshdan kechirgan paytlar bo‘lgan.
Xo‘sh, nega men o‘sha to‘pponchani sotib olib, o‘z jonimga qasd qilmadim? Balki menga qat’iyat yetishmagandir. Hatto oddiy suiqasd ham mardlikni talab qiladi, men esam o‘sha payt shu qadar tubanlik va ruhiy tushkunlikda edimki, o‘zimni hatto azob-uqubatlarimga xotima yasashga ham majburlay olmadim.
Matbuot, radio yoki televideniedagi har qanday musohabalarda menga bir xil savollar berishlari tabiiy bo‘lsa kerak — hatto, oradan shuncha yil o‘tib, men buni kutaman ham. Qanday qilib o‘z turmushingizni bu qadar keskin o‘zgartirishga muvaffaq bo‘lgansiz? Qanday qilib o‘n yil ichida tubanlikdan umummilliy jurnalning rahbari darajasiga ko‘tarilishga erishgansiz? Siz, o‘rta ma’lumotli omadsiz bir odam, shuncha bestseller yaratish uchun zarur tajriba va bilimni qaerdan olgansiz? Siz kashf etgan muvaffaqiyat sirlarining (ular buni hanuz «sir» deb atashadi) qaysilari tushkunlik va umidsizlikka tushgan odamlarga yaxshi turmush boshlashlariga yordam bera oladi?
Keling, birgalikda o‘tmishga qaytsak...
Onam oq-sariqdan kelgan matonatli irland ayoli, otam esa — italiyalik mehnatkash muhojir bo‘lib, uning bog‘bonlik mahorati turg‘unlik yillari oilamizni ochlikdan qutqardi. Qashshoqligimizga qaramay, onam mening kelajakda yozuvchi bo‘lishimga qattiq ishonar, bunga meni ham hali maktabga bormasimdan ancha oldin ishontirishga erishgan edi. «Unaqa-bunaqa yozuvchi emas, buyuk yozuvchi bo‘lasan!», derdi u nuqul.
Oyimning bu ishonchi menga ham o‘tdi. «Buyuk yozuvchilik» qismatimdan to‘liq rozi edim, shu bois, oyimni xursand qilish uchun, boshlang‘ich sinflardayoq, boshqalar imlo qoidalarini o‘rgangan bir paytda, men qisqa hikoyalar yozib, kattalarga mo‘ljallangan kitob-larni o‘qiy boshladim. Orzu qilishdan bir daqiqa bo‘lsin to‘xtamadim. Massachusets shtatining Natik shahridagi o‘rta maktabni bitirayotganimda kamina maktab gazetasi muharriri edim. Oyim ikkimiz bir necha oy davomida har xil kollejlarning kataloglarini o‘rganib chiqib, nihoyat, Missuri dorilfununi qoshidagi jurnalistika maktabi menga ko‘proq to‘g‘ri keladi, degan xulosaga keldik va rejalarimizni amalga oshirishga kirishdik. Shahrimizdaga yagona kinoteatrda o‘tkazilgan maktabni bitirish marosimida ota-onam men bu tantanaga bag‘ishlab yozgan va o‘qib bergan «Minnatdorlik so‘zi»ni ko‘zda yosh bilan tingladilar.
1940 yilning iyun oyidagi bu tantanadan ikki oy o‘tib, onam kichkinagina oshxonamizda menga ovqat tayyorlayotgan payt tuyqus yuragi to‘xtab, ko‘z o‘ngimda jon berdi. Bu orzuning nihoyasi edi. Kollejga o‘qishga kirish o‘rniga men shoshilinch ravishda harbiy-havo kuchlariga xizmatga yozilib, bombardimonchilar kursini tamomladim va 1944 – 1945 yillarda Jimmi Styuartning eskadrilyasi bilan birga o‘ttiz marta jangovar uchishga chiqdim.
1945 yili urushdan qaytib keldim va o‘rta ma’lumotli bombardimonchining ish topishi oson emasligini ko‘p o‘tmay tushunib yetdim. Boshda bu meni uncha tashvishlantirmadi, chunki kamina hali amerikaliklar ovoz berish huquqiga ega bo‘ladigan yoshga yetmay turib harbiy unvon va bir nechta jangovar mukofotni qo‘lga kiritgan edim. Albatta biror narsa o‘ylab topishimga shubha qilmasdim.
Jangovar uchishlar oralig‘ida Londonda o‘tkazilgan ulfatchiliklarga oylik maoshimning kattagina qismi sarflanganiga qaramay, xizmatdan bo‘shab, Nyu-Yorkka qaytib kelganimda va o‘zimga ishonch bilan Tayms-skver yaqinidagi uydan bir xonani ijaraga olganimda, qo‘limda to‘qqiz yuz dollardan ortiq pul qolgan edi. Keyin men ishlatilgan jajji «Smit-Korona» yozuv mashinkasi va yozuv anjomlarini sotib oldim. Onamning orzusini ro‘yobga chiqarishga hali kech emas edi. Men baribir yozuvchi bo‘laman... buyuk yozuvchi!
Ammo meni oldinda muvaffaqiyatsizlik kutardi. Suvaraklar in qurib tashlagan oshxonani ijodxonaga aylantirib, keyingi olti oy ichida ellikka yaqin jurnalning tahririyatiga bosh urdim, ammo ularning birortasi ham takliflarimga qiziqish bildirmadi. Men ularga maqolalar, kichkina hikoyalar, she’rlar, hatto qiziqarli krossvordlar tashlab kelar, biroq pochtachi menga noshirlardan sira chek keltirmas edi. Nihoyat, pulimni yeb tugatganimdan keyin men yana orzumdan voz kechdim va Bostonga qaytib kelib, harbiy-havo kuchlarining faxriy xizmatchilariga qirq ikki hafta mobaynida haftasiga yigirma dollar to‘laydigan faxriylar jamiyatiga ariza berdim. Nihoyat, o‘ndan ortiq og‘ir va natijasiz muzokaralardan so‘ng meni yirik davlat idorasiga sug‘urta agenti vazifasiga sinov muddati bilan ishga olishdi. «Sinov» to‘rt kun davom etdi, xolos. Keyin meni dengiz bo‘yidagi Uintrop shaharchasiga debet agenti qilib ishga jo‘natishdi. Bugunda eskirgan bu kasb egalarining vazifasi uyma-uy yurib, mijozlardan sug‘urta mukofotlarini yig‘ishdan iborat edi. Oradan bir necha oy o‘tib men uylandim. Xotinim bilan ikkita oilaga mo‘ljallangan uyga ko‘chib keldik. Men bilan yaqin odamlarim uchun dahshatli kechgan umrimning o‘n yili shunday boshlandi.
Ko‘p o‘tmay men tirikchilik tashvishidan ortmay qoldim. Sug‘urta polisini sotish uchun har qanday payt istalgan yoqqa borishga tayyor edim. Ammo ular juda sust sotilardi. Tangri menga ajoyib qiz berdi va uning farovonligi uchun chandon tirishib ishlay boshladim. Lekin naf bo‘lmadi. Menga qo‘shilib xotinim ham ishlay boshlaganiga qaramay, biz oy sayin qarz botqog‘iga chuqurroq botib borardik.
Bir kuni kechqurun men boy mijoz bilan sug‘urta bitimi tuzolmay, buning alamini bosish uchun yo‘l-yo‘lakay qovoqxonaga kirdim. Demak, Xudo menga shuni ravo ko‘rgan... shunday emasmi? Kun og‘ir kechgan, ustiga naqd bitim boy berilgan, buning evaziga menga to‘lanishi mumkin bo‘lgan oltmish dollar qo‘ldan chiqqan edi. «Ishdan keyingi» bir stakan tez orada ikkitaga... to‘rttaga... oltitaga ortdi... Mulohazasizligim va yengiltakligim tufayli men bir necha oy ichida eng aziz odamlarimning muhabbatidan ayrildim, ularning yerdagi hayotini chinakam do‘zaxga aylantirdim.
Oqibat, men o‘zimning bu ahmoqligimdan qattiq pand yedim. Yakshanba kuni Nyu-Gempshir shtatidagi Bretton-Vuds shahrida o‘tkazilgan sug‘urta agentlari yig‘inidan qaytib kelib, men oshxonadagi stolda qoldirilgan ikki enli xatni topdim. Xotinim qizimni olib ketib qolgan edi. Er bo‘lib er, ota bo‘lib otaga o‘xshamagan mendek bir kimsa bilan azob-uqubat chekib yashash ularning sabr kosasini to‘ldirib yuborgandi. Oradan ikki yil o‘tgach, xotinim men bilan ajrashgani, qizimga homiylik qilish huquqi ham unga o‘tganini eshitdim.
Ular ketganidan keyin holim ne kechishini bilish qiyin emas edi. Dunyodagi yagona suyukli odamlarimdan ayrilgach, men ichkilikka mukkamdan berildim. Bu jarayon to mehnat qobiliyatimni yo‘qotgunimga qadar yuksalib bordi. Daromad manbaidan judo bo‘lgach, men uydan ham haydaldim. Bir kuni ertalab bor bud-shudimni eski qizil «falkon»imning yukxonasiga solib, boshim oqqan tomonga qarab yo‘l oldim. Qadrdon joylar bilan vidolashuv dahshatini men o‘shanda tuydim.
Shundan so‘ng men bir necha oy mamlakat bo‘ylab daydib yurdim, qorin to‘yg‘azish va arzon ichkilik uchun duch kelgan har qanday ishga qo‘l urdim. Texasda mashinada benzin tashidim, Oklaxomada quruvchilik qildim, Long-Bichda kegelbanda kegli1 taxladim... o‘ttiz besh yoshimda!
So‘ng taqdir meni Klivlendga tashladi: bir necha tunni mast-alast o‘tkazdim va yomg‘ir aralash qor yoqqan o‘sha rutubatli tongda lombard derazasi ortidan to‘pponchaga ko‘zim tushdi. O‘shanda nima bo‘ldi — bilmayman. Farishtalarning ovoziyu arfada chalingan musiqani eshitmadim, panoh topganimdak darak beruvchi yorqin nurni ham ko‘rganim yo‘q. O‘girilib, ko‘cha bo‘ylab yomg‘ir ostida uzoq daydiganim va nihoyat, issiq va quruqjoy... jamoat kutubxonasiga kirib qolganimni eslayman, xolos.
Onam meni barcha savollarga javobni kitoblardan izlashga o‘rgatgan edi. Shuning uchun men yana ko‘p vaqtimni shu osoyishta maskanda, kitoblar bilan o‘tkaza boshladim. Men javob izlardim. Qaerda adashdim? Turmushimni o‘zgartira olamanmi, umuman, bu mumkinmi? O‘ttiz besh yashar piyonista va omadsiz odam uchun kech emasmikan? Men yaxshiroq yashash mumkinligini bilardim. Ammo bu jannatga qanday yo‘l topish mumkin?
Men o‘zimning eski mashinamda sharqqa qarab yo‘l oldim va ke-yingi bir necha oy mobaynida duch kelgan ish bilan tirikchilik qilib, asosiy vaqtimni mahalliy kutubxonalarda, o‘qib, o‘rganib va fikr yuritib o‘tkazishga harakat qildim. Arastu, Aflotun, Karlayl, Norman Pil, Emerson, Franklin, Karnegi va boshqa ko‘plab donishmandlar hamrohim va ustozimga aylandi. Ichkilikdan sekin-asta qaytib, kuniga faqat bir-ikki banka pivo ichadigan bo‘ldim. Menda umid paydo bo‘ldi, o‘zim haqimda fikrim sekin-asta yaxshilana boshladi, vaholanki, hanuzgacha doimiy ish topganim yo‘q edi. Keyin, ajoyib tonglardan birida, Nyu-Gempshir shtatining Konkord shahridagi jamoat kutubxonasida turmushimni batamom o‘zgartirib yuborgan kitobni topdim.
Klement Stoun bilan Napoleon Xillning «Ijobiy fikrlash tarzi orqali muvaffaqiyatga erishish» kitobi muqovalarida o‘qiganingizdan bir oy keyin turmushingizda ajoyib o‘zgarishlar ro‘y berishi va’da qilinuvchi aksar qo‘llanmalardan mutlaqo farq qilardi. Stoun bilan Xill kitobxonga yetkazmoqchi bo‘lgan fikr aniq va lo‘nda edi: siz Tangri va odamlar o‘rnatgan qonunlar doirasida istagan ishingizni qilishingiz mumkin, agar talab qilingan bahoni to‘lashga tayyor bo‘lsangiz. Ya’ni orzularingiz uchun haq to‘lasangiz. Stoun bilan Xillning kitobi boshqa kitoblardan asosan shu bilan farq qilardi. U tekin pishloq va’da qilmasdi. Men kitobni bir o‘tirishda o‘qib tugatdim va har bir bob oxiridagi «amal qilish kerak bo‘lgan fikrlar» yod bo‘lib ketmagunicha qayta-qayta o‘qiyverdim.
Keyin Tangrining navbatdagi in’omiga navbat keldi. Stoun bilan Xillning buyuk kitobini o‘rganish va o‘zlashtirish jarayonida men ajoyib bir ayol bilan tanishib, uni sevib qoldim. U menga shu qadar ilhom berdiki, nihoyat, butun irodamni bir yerga jamlab, Bostonga keldim va Klement Stounning sug‘urta kompaniyasiga kommivoyajyor qilib ishga olishlarini so‘rab murojaat qildim. Ne ajabki, ulardan rozilik oldim. Ular o‘ttiz besh yashar omadsiz odamni sinab ko‘rishga qaror qilishdi. Shundan keyin ko‘p o‘tmay men Bettiga uylandim. Shundan beri biz birgamiz... va hanuzgacha bir-birimizni sevamiz.
Bu safar, ma’lum tajriba va ishlashga katta ishtiyoqqa ega bo‘lganim tufayli, omadli tijoratchiga aylandim va hafta sayin ko‘p pul ishlab topa boshladim. Bir yildan so‘ng meni Shimoliy Men hududidagi savdo-sotiq bo‘yicha menejer qilib tayinlashdi. Bu yerda men qishloqdan shaharga omad izlab kelgan qashshoq va izzattalab kishilardan guruh to‘plab, ish boshladim. Bizning oldi-sotdi faoliyatimiz tez orada bosh kompaniyaning e’tiborini tortdi. Ko‘p yillik muvaffaqiyatsizliklardan keyin men nihoyat hayotda yo‘limni topib, farovonlik va shon-shuhratga erishgan edim. Ammo onam ikkimizning eski orzumiz vaqti-vaqti bilan menga o‘zi haqida eslatib turardi. Yozuvchi bo‘lish... buyuk yozuvchi bo‘lish!
Nihoyat, men ichki ovozimga quloq solib, bir haftaga mehnat ta’tiliga chiqdim va yozuv mashinkasi sotib olib, savdo-sotiq bo‘yicha qo‘llanma yozishga kirishdim. Unda Klement Stounning muvaffaqiyat tamoyillaridan foydalanib, qishloq aholisi bilan sug‘urta bitimlarini qanday tuzish kerakligi haqida gap borardi. O‘z asarimni ko‘p martalab qayta yozib, so‘ng mashinkada qo‘limdan kelgancha oqqa ko‘chirdim va jigarrang papkaga joylab, kimdir qachondir uni o‘qib, Shimoliy Menda qanday buyuk iste’dod egasi xor bo‘layotganini anglab yetar, degan umidda pochta orqali Chikagoga, janob Stounning markaziy ofisiga yubordim. Kimdir o‘qib chiqdi... va bir necha oydan so‘ng men bilan Betti yaqinda dunyoga kelgan to‘ng‘ichimiz Denni olib Chikagoga ko‘chib keldik. Bu yerda menga reklama va marketing bo‘limida ish berishdi — rag‘batlantiruvchi dastur va byulletenlar uchun materiallar tuzishga kirishdim. Men nihoyag: yoza boshladim!
1954 yili Napoleon Xill bilan Klement Stoun «Cheksiz muvaffaqiyat» degan jurnal ochishdi. Garchi jurnal bir necha ming obunachiga ega bo‘lsa-da, dastlabki o‘n yil mobaynida u asosan Klement Stoun sug‘urta korporatsiyasining ichki nashri sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Unda har oy ko‘plab maqolalar, savdo-sotiq ma’lumotlari va Stounning o‘zi yozib beruvchi tahririyat so‘zi chop etilardi. Marketing sohasida ikki yilga yaqin ishlaganimdan so‘ng, «Cheksiz muvaffaqiyat» muharriri qarilik nafaqasiga chiqish niyatida ekanligini eshitdim. Men uning o‘rniga ishga o‘tkazishlarini so‘rab murojaat qildim. Vaholanki, o‘sha payt jurnal korrekturasini hojatxona qog‘ozi o‘ramidan ajrata olmas edim. Ammo bilim va tajribasizlik o‘rnini ishlashga ishtiyoq va hayotga ijobiy munosabat to‘ldirardi. O‘zaro suhbat paytida men janob Stounni bu ishni eplay olishimga ishontirishga muvaffaq bo‘ldim. Og Mandino — mas’ul muharrir. Ha!
Men yutishim qiyin bo‘lgan luqmani tishlab olganimni juda tez tushundim. O‘sha payt jurnalning shtatlar ro‘yxati ikki xodimdan: yarim kun ishlaydigan kotiba va bezakchi-rassomdan iborat edi. Men yana uzoq, mashaqqatli ishga kirishdim va jajji jurnalimizni oydan-oyga mayda bo‘laklardan tuza boshladim. Ammo ish shunga arzir edi. O‘n yildan so‘ng shtatimizda ellik nafar doimiy ishlaydigan xodim bor edi. Oylik tiraj esa 2000 nusxadan 155000 nusxaga yetdi. Kattagina o‘sish, shunday emasmi?
Yashash uchun kurashning dastlabki yilida navbatdagi sonlardan birini tayyorlash payti bitta maqola yetmay qolib, arxivimizda ham menga ma’qul hech narsa topilmadi. Hozir, o‘tmishga nazar tashlab, o‘shanda Tangri shatranj donasini surib qo‘yib, Uning yurishiga (bunday yurishlar hayotimda juda ko‘p bo‘lgan) qanday javob qaytarishimni kutganini ko‘raman. O‘sha payt men asosan jurnalni tuzish bo‘yicha texnik ishlar bilan band bo‘lib, yozishga vaqtim yo‘q edi. Biroq, bizga maqola kerakligi, u ertaga taxt bo‘lishi zarurligi, aks holda jurnalni bosishga berishga ulgurolmasligimizni ham yaxshi tushunardim. Men uyga kelib, tun bo‘yi maqola yozdim. Unga qahramon qilib buyuk golf o‘yinchisi Ben Xoganni oldim. Xogan avtomobil halokatida shu qadar qattiq jarohat olgandiki, shifokorlar uning qachondir oyoqqa turishi mumkinligiga ham shubha qilishgan edi. Ammo Xogan faqat oyoqqa turib qolmay, golf ham o‘ynay boshladi va yana umummilliy musobaqada g‘olib chiqdi. Ajoyib inson! Men maqolani jurnalda chiqardim. Shundan keyin taqdir, tasodif, omad (yoki Tangri?) yana turmushimni o‘zgartirib yubordi.
Tishi og‘rib qolgan nyu-yorklik bir noshir o‘zining tish do‘xtiri huzuriga tashrif buyuradi. Qabulxonada o‘tirib, u stoldan kaminaning Xogan haqidagi maqolasi bosilgan «Cheksiz muvaffaqiyat»ning yangi sonini qo‘liga oladi. Maqolani o‘qib chiqadi va Janubiy Park-avenyudagi ofisiga qaytgach, menga xat yozib yuboradi. Unda mening, shubhasiz, adabiy iste’dodga egaligim, agar qachondir kitob yozmoqchi bo‘lsam, uning nashriyoti bilan bog‘lanishim mumkinligini uqtiradi.
Oradan bir yarim yil o‘tib, «Frederik Fell Pablishing» nashriyoti «Buyuk savdogar» nomli kichkinagina kitobni bosmadan chiqardi. Hozir, oradan yigirma bir yil o‘tib, bu kitob mutlaq bestsellerga aylandi: o‘n sakkiz tilda o‘n milliondan ortiq nusxada chop etildi!
Kitob chop etilganidan to‘rt yil o‘tib, uning qattiq muqovadagi nashri 350000 nusxadan oshib ketdi va «Ben-tam Buks» nashriyoti kitobni yupqa muqovada nashr etish huquqini sotib olish masalasini ko‘rib chiqishga qaror qildi. «Frederik Fell Pablishing» 1973 yilda nashr etish huquqini berish uchun aql bovar qilmaydigan pul miqdorini so‘radi: 350000 dollar. Biroq, bu narxga rozi bo‘lishdan oldin, nashriyot rahbariyati muallif bilan uchrashib, uning o‘zini ham kitob qatori reklama qilish mumkinligiga ishonch hosil qilmoqchi bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay men hayajondan to‘lqinlanib, Nyu-Yorkka uchadigan samolyot bortiga ko‘tarilardim. Yaqinda ikkinchi o‘g‘limiz — Mettyu tug‘ilgan bo‘lib, men «Bentam Buks» nashriyotining Beshinchi avenyudagi ulkan konferents-zaliga liftda ko‘tarilayotgan payt oilamizning kelajagi qil ustida turardi. Nihoyat, meni nufuzli odamlar to‘la xos xonaga taklif qilishganida tizzalarim va ovozim hayajondan qaltirar edi. Urushda jangovar uchishlarga chiqqanimda ham bundan yengilroq bo‘lgandi.
Men bir yarim soat davomida nashriyot mas’ul xodimlarining turli mavzudagi savollariga javob berdim. Ular ma’lumotim haqida yoki uning yo‘qligidan tortib, kelgusidagi rejalarimgacha surishtirishdi. Men barcha savollarga tutilmay javob qaytardim. Nihoyat, o‘sha payt «Bentam Buks» nashriyotining direktorlar kengashi raisi bo‘lib ishlagan va hozirgacha men bilan qalin do‘st bo‘lib qolgan Oskar Daystil haybatli stol boshidagi o‘rnidan turib, oldimga keldi va jilmayib menga qo‘lini cho‘zdi:
— Tabriklayman, Og. Biz hozirgina sizning kitobingizni sotib oldik.
Hech qanday ovozga qo‘yish, munozara va chapakvozliksiz. Ish hal bo‘lgan edi.
Men barcha rasmiyat va tabriklar tugashini kutib turolmadim va tezroq «Xilton» mehmonxonasidagi o‘z xonamga qaytib, Bettiga sim qoqish va unga quvonchli xabarni aytishga oshiqdim. Nihoyat, Beshinchi avenyuga chiqqach, oyog‘imni qo‘limga olib yugura ketdim. Ellik yard yo‘l bosmasimdan ko‘kda momaqaldiroq guldirab, chaqin chaqnadi va qattiq sel quya boshladi. Egnimda yomg‘irpo‘shim ham yo‘q edi, shuning uchun men duch kelgan birinchi ochiq eshikka o‘zimni urdim... va kichkina, shinam cherkovga kirib qoldim. Ichkarida mendan boshqa hech kim yo‘q edi. Faqat yomg‘ir ovozi eshitilar, olisdan bo‘g‘iq gumburlash tovushi quloqqa chalinardi.
Hanuz menga bu xuddi kuni kecha bo‘lgandek tuyuladi. Bu qadrli lahzalar hamon ko‘z o‘ngimda. Cherkovga ohista kirganim va tiz cho‘kib yig‘lab yuborganim. Keyin qo‘limni musht qilib tugganim va boshimni ko‘tarib, hayqirganim:
— Onajon, hozir qaerda bo‘lmang, bilishingizni istayman... biz niyatimizga yetdik!

VI

Mana, endi siz men haqimda kamina siz to‘g‘ringizda bilganimdan ham ko‘proq narsalarni bilasiz.
Boshqa tomondan, balki men siz to‘g‘ringizda o‘ylaganingizdan ham ko‘proq narsalarni bilarman.
Yigirmanchi asrning so‘nggi choragidagi «zamonaviy» turmush tarzining dahshatli oqibatlaridan biri shundaki, biz tobora bir-birimizga o‘xshab bormoqdamiz. Biz bir xil televizion tomoshalar va seriallar ko‘ryapmiz, bir xil gazeta va jurnallarni o‘qiyapmiz, bir xil liboslarni kiyyapmiz va oziq-ovqat do‘konlaridan bir xil yarim fabrikatlarni sotib olyapmiz. Biz soatga karab yashayapmiz va o‘lyapmiz, bir-birimizni o‘xshash avtomobillarda quvib o‘tyapmiz, oqshomni ish stoli atrofida emas, keglibanda o‘tkazishni afzal ko‘ryapmiz, yaqinlarimizga yetarli vaqt ajratmayapmiz, dengiz va okeanlarimiz ifloslanib, sekin-asta o‘lib borayotganini bir chekada turib ojiz kuzatyapmiz, shahar yoki qishlog‘imizga tushishi mumkin bo‘lgan vodorod bombasi haqida o‘ylamaslikka urinyapmiz.
Biz hammamiz sekin-asta bitta nog‘orachining nog‘orasiga o‘ynay boshlayapmiz, oldinga yoki orqaga boshqalar bilan bir xil tezlikda shoshilyapmiz, buyruq bilan jilmayadigan, Nabiskodagi oziq-ovqat fabrikasida ishlab chiqariladigan qovurilgan kartoshkali xaltachalardan sira farq qilmaydigan mavjudotlarga aylanib borayotirmiz.
Bunday ommaviy o‘xshashlik yalpi avtomatlashtirish va kompyuterlashtirish davri bo‘sag‘asida nimaga olib kelyapti? O‘zimiz yaratayotgan mashinalarga o‘xshab qolmayapmizmi? Mana bu ayanchli statistikaga qarang: bizning ajoyib mamlakatimizda har yili uch yuz mingdan ortiq kishi o‘z joniga qasd qilishga urinar ekan!
Mana, yana ikkita misol: har oy mamlakat bo‘yicha valium dorisi sotib olishga besh milliondan ortiq retsept yozib berilar va har kuni to‘rt yuz mingdan ortiq ruhiy xastalik holatlari ro‘yxatga olinar ekan!
Biz jazavaga tushib va tushkunlikka berilib, qalbimizni ship-shiydon qilyapmiz hamda sog‘lig‘imizning boshiga yetmoqdamiz. Geroin, kokain, «krek» va shu kabi afyunlarga berilgan giyohvandlar soni shu qadar tez o‘sib bormoqdaki, ularning aniq statistikasini yuritish imkoni ham bo‘lmayotir. Bu dahshatli yuqumli kasallik tusini olib borayotir. Shu bilan birga, biz hozir aholi jon boshiga tariximizning boshqa bosqichlaridagidan ko‘proq miqdorda spirtli ichimliklar iste’mol qilmoqdamiz.
Holbuki, yaxshiroq yashash mumkin.
Yetmishinchi yillarning boshida, kamina dastlabki uch kitobimning shuhrati soyasida ma’ruzachi kasbini egallay boshlaganimda, mening kelgusi ijodimga kuchli ta’sir ko‘rsatgan bir voqea ro‘y berdi.
«Amuey» jamiyati xushchaqchaq va serg‘ayrat vakillarining davomli gulduros qarsaklari ostida sahnadan tushib, foyeda kitoblarimga dastxat yozib bera boshladim. Pichadan keyin, navbat ancha kamaygach, men dastxat yozib berayotgan stolga yoshgina bir juvon yaqinlashib, oldimga kitoblarimdan birini ohista qo‘ydi.
Dastxat yozayotganimda u engashib, xuddi birov eshitib qolishini istamagandek, past ovozda dedi:
— Janob Mandino, menga bugungi ma’ruzangiz juda ham yoqdi, ammo... ammo...
Men zo‘rma-zo‘raki iljaydim.
— Nima «ammo»?
— Siz muvaffaqiyatga erishish haqida juda ko‘p gapirdingiz va bir qancha jiddiy sabablarni keltirdingaz. Lekin sizda hammasi juda oson bo‘lyapti, — dedi u. — Ehtimol, buning sababi siz hech qachon muvaffaqiyatsizlik va turmush qiyinchiliklariga to‘qnash kelmaganingizdadir. Shuning uchun ham siz pastdan o‘ziga yo‘l ochib ko‘tarilish naqadar qiyin ekanligini tushunmassiz.
Uchrashuvdan keyin men qattiq charchaganimga qaramay, tun bo‘yi mijja qoqmadim va hatto yechinmadim. Mehmonxonadagi xonamda u yoqdan-bu yoqqa to‘xtovsiz yurib, ahmoqligim uchun o‘zimni koyidim. Tinglovchi va o‘quvchilarim o‘tmishim haqida hech qanday tasavvurga ega emasdi, chunki men reklama materiallarida ham, kitoblarimning muqovalaridagi annotatsiyalarda ham «avvalgi turmushim»ning ko‘rimsiz tafsilotlarini ko‘rsatishdan haddan tashqari uyalar edim. Faqat ayrim eng yaqin do‘stlarimgina mening tubanlikdan ko‘tarilganim, bir necha yillik dahshatli azob-uqubatlardan keyingina yaxshi yashashni o‘rganganim haqida bilishardi. Tangri hayotimning shatranj taxtasidagi yana bir donani surib qo‘ydi. «Amuey»dagi juvon o‘zi anglamagan holda menga muhim saboq bergan edi.
Bir hafta ichida men ma’ruzamni qayta yozib chiqdim. «Dunyodagi eng buyuk savdogar»ning «Bentam Buks»dagi yangi nashri doirasida mamlakat bo‘ylab reklama kampaniyasiga chiqqanimda, radioda ham, televidenie orqali ham o‘tmishim haqida bor haqiqatni so‘zladim. Men ommaga o‘zimni tirik misol qilib ko‘rsatdim. Tinglovchi, tomoshabin yo kitobxon Og Mandinoning tarixini eshitib, o‘ziga: «Agar u o‘zidagi o‘sha ozgina imkoniyatdan foydalanib, turmushini shunday o‘zgartira olgan bo‘lsa, Xudo haqqi, men ham shunday qila olaman», deb aytishini istadim.
O‘shandan beri men necha yuz marta ma’ruza qilgan bo‘lsam, biror marta ham sahnani tinglovchilarga yomg‘ir ostida diydirab, o‘z joniga qasd qilishni o‘ylagan omadsiz odamning tarixini so‘zlamasdan tark etmadim. Keyinroq, tomoshabinlarga bu omadsiz odam kimligini aytganimda, odatda ular hayratomuz oh tortib, bir-birlariga hayron tikilardilar. Ular bilishmasdi. Ko‘pchilik hanuzgacha bexabar edi. Keyin men ularga, boshqa kitobxonlar bilan bo‘lgan uchrashuvlardan olgan tajribamga ko‘ra, ular menejermi, tijoratchimi, o‘qituvchimi, sportchimi, ota-onalarmi yo hatto talabami — kim bo‘lishlaridan qat’i nazar, oralarida hozir bitta bo‘lsa ham atrofidagi devorlar to‘rt tomondan ustiga bosib kelayotgandek tuyulayotgan, gapimni tinglayotib ko‘zlari kulayotgan esa-da, yuragi yig‘layotgan va... balki, men bilan bir necha yil avval bo‘lgani singari, o‘z joniga qasd qilish haqida o‘ylayotgan odam borligiga ishonchim komil ekanligini aytardim.
Bu bosqichda men odatda tomoshabinlarga qarab:
— Janob X... yoki X xonim... qaerda o‘tirgan bo‘lmang, sizga qutqaruv chambaragini otishimga ijozat bering. Qani, nima bo‘lar ekan.
Bora-bora, vaqt o‘tishi bilan, shunday bir g‘alati hodisa ro‘y bera boshladi. Har safar tomoshabinlar orasidagi noma’lum shaxsga murojaat qilganimdan so‘ng, uchrashuv tugagach, oldimga biror kishi tortinibgina yaqinlashadi va uzatgan kitobiga dastxat qo‘yayotganimda, past ovozda:
— Men siz aytgan janob X (yoki X xonim) bo‘laman... — deb aytadi.
Bora-bora menda shunday bir odat paydo bo‘ldi. Yuqoridagiga o‘xshash so‘zlarni eshitishim bilan qarshimdagi odamni — u erkakmi, ayolmi, qat’i nazar quchaman. Keyin unga: «Boshidan boshlaymiz!», deyman. U menga jilmayib bosh irg‘aydi va javob beradi: «Boshidan boshlaymiz! Rahmat sizga!»
So‘nggi to‘rt-besh yil ichida uchrashuvlardan keyin oldimga keladigan «X»lar soni ko‘payib bormoqda. Ko‘pchilik singari, ularni ham bunday hayotga tushishlariga ruhiy inqiroz yoki moddiy tanqisliklar majbur qilgan, bu vaziyatga qarshi kurashishga ular o‘zlarida kuch topa olmaganlar. Biz so‘ngti vaqtlarda asosiy turmush qoidalaridan birini unutib qo‘ydik: bu dunyo ustidan hokimlik qilish huquqi bilan birga, biz o‘zimizni boshqarish huquqini ham olganmiz. Har bir inson o‘zi tanlagan yo‘ldan boradi. Tangri hech qachon bizga sarbonlik qilmaydi. Bizga qat’iy bir yo‘lni belgilab, o‘ziga asir qilish hech qachon Uning niyatiga kirmagan. Aksincha, U har bir inson o‘z yo‘lini tanlab, o‘zining hayot Kitobini yozishi uchun ularga aql va iqtidor ato qilgan.
Aziz kitobxon! Mana, siz hozir qarshimda o‘tiribsiz.O‘zingizni qutqaruv chambaragiga yopishayotgan «X»lardan biri deb atay olasizmi? Mahkamroq yopishing: hayot juda qadrli narsa, uni osonlikcha boy berish yaramaydi. Urushda har kuni ertalab, jangovar topshiriqni bajarishga otlanishimizdan oldin, duch kelishimiz mumkin bo‘lgan muammolar va ulardan qutulish yo‘llari haqida bizga batafsil yo‘l-yo‘riq ko‘rsatilardi. Siz bilan ham xuddi shunday ish tutamiz. Xayrlashishimizdan oldin men muvaffaqiyatga erishish va turmushingizni yaxshi tomonga o‘zgartirish uchun bilishingiz kerak bo‘lgan narsalar haqida sizga batafsil yo‘l-yo‘riq ko‘rsataman.
Buning asosiy siri, tabiiyki, yo‘l tanlash imkoniyati. U har birimizda bor. Siz ertangi kuningizni muvaffaqiyatsizlik, azob-uqubat va qashshoqlik botqog‘ida, o‘z turmushingizdan uyalib va o‘zingizga achinib yashashga majbur emassiz. Nega atrofimizda baxtsiz odamlar bu qadar ko‘p? Buning javobi juda jo‘n: baxtsiz va o‘zini omadsiz deb hisoblaydigan odamlar — ehtimol, sizning o‘zingiz, — yaxshiroq turmushni tanlash imkoniyatidan hech qachon foydalanmaganlar, zotan ular o‘zlarida tanlash imkoniyatining borligini hatto xayollariga ham keltirmaganlar!
Ammo tanlash imkoniyati chindan ham bor va biz siz bilan foydalanishingiz mumkin bo‘lgan juda ko‘p ajoyib imkoniyatlarni ko‘rib chiqmoqchimiz. Siz bunga ayni damdagi ahvolingiz qandayligidan qat’i nazar, darhol kirishishingiz mumkin, shunda turmushingizda yaxshi tomonga o‘zgarishlar ro‘y bera boshlaydi.
Buyuk frantsuz yozuvchisi va dramaturgi Alber Kamyu har bir inson o‘z turmushini o‘zining quvonch va qayg‘ulari poydevorida barpo etadi, degan edi. Men quvonch va qayg‘ulardan iborat oltmish yildan ortiq umrim mobaynida olgan buyuk saboq hayot — bu o‘yin ekanligini anglaganim bo‘ldi. Ha, hayot — bu ma’naviy, sirli va bag‘oyat og‘ir o‘yin, ammo, shunga qaramay, agar uning qoidalarini bilmasangiz, G‘alabaga umid qilishingiz behuda!
Qiyinchilik shundan iboratki, sizga ham, menga ham bu qoidalarni bolaligimizda hech kim o‘rgatmagan. O‘rta maktabda ham, kollejda ham hech kim bizga o‘z oldimizga aniq maqsadlar qo‘yish va ularga erishish, qiyinchiliklarga qarshi kurashish, yomon odatlardan qutulish, do‘stlar orttirish, boyish, o‘zimiz va atrofimizdagilarning ko‘nglini ko‘tarish, serg‘ayrat bo‘lish va stresslarga qarshi kurashish uchun bilishimiz zarur bo‘lgan oddiy, ammo juda foydali qoidalarni o‘rgatmagan. Afsuski, ko‘pchiligimizga hayot deb atalmish bu buyuk o‘yinda omadi chopganlarga bir chekkada hasad ko‘zi bilan qarashdan nariga o‘tolmagan kuzatuvchi bo‘lish va hatto bu tomosha uchun haq to‘lash «nasib» etgan, xolos!
Yaxshisi, keling, bir sarhisob qilib ko‘raylik. Ayting-chi, siz o‘qish va ma’lumot olish yillaringiz mobaynida bugun, hozirning o‘zida qo‘llay boshlashingiz bilan sizga turmushingizni yaxshi tomonga o‘zgartirishga yordam berishga qodir biron-bir bilim olganmisiz?
Albatta, olgansiz! Siz o‘qishni o‘rgangansiz. Faqat shu benazir qobiliyat yordamidagina siz o‘z hayotingizda mo‘‘jiza yasashingiz mumkin.
Maktabda har hafta kundalik daftaringizga dars jadvalini va turli fanlar bo‘yicha uy vazifalarini ko‘chirib yozganingiz esingizdadir? Yoshingizdan qat’i nazar, faraz qilamizki, siz — mening o‘quvchimsiz. Men siz bilan bir nechta juda muhim qoidalarni o‘rtoqlashmoqchiman, faqat turmushingizni izga solish uchun emas, uni yaxshi tomonga o‘zgartirish uchun ham. Qoida, bu «Vebsterning yangi lug‘ati»da berilgan ta’rifga ko‘ra, «ma’lum harakat yoki qilmishlarni sodir etish uchun belgilangan ko‘rsatma». Juda yaxshi. Bu «qonun» yoki «buyruq»dan ma’qulroq, shuning uchunki, turmushni yaxshilashning ayrim tamoyillari sizning kundalik faoliyatingizni qat’iy ravishda cheklaydigan, bajarish shart bo‘lgan qonunlar emas, balki taklif va maslahatlar bo‘lib hisoblanadi.
Xo‘sh, quyida keltiriladigan «Yaxshi yashash qoidalari»dan qanday foyda olish mumkin? Bu juda oson. Biz hammamiz hayotda muvaffaqiyat qozonish borasidagi imkoniyatlarimizni kamaytiradigan qator zararli odatlarga ega ekanligimizni unutmang. Siz quyida bilib oladigan qoidalarning har biri zararli odatingizdan qutulib, uni yaxshi odat bilan almashtirishingizga yordam beradi. Bu sizning yaxshi yashashingiz kalitidir. Kuniga faqat bitta qoidani o‘rganing. Bu qoidalarning birortasini ham qiyin deb bo‘lmaydi. Murakkablik qadrlilik yoki haqiqiylikning zarur sharti emas. Qoidani ertalab o‘qib oling, kun bo‘yi uning asosiy tamoyillariga rioya qiling, kechqurun sahifaga kichkinagina belgi qo‘yib, so‘ng navbatdagi qoidaga o‘ting.
O‘n yetti qoidaning barchasini o‘qib-o‘rganganingizdan keyin sizda buni takrorlash niyati tug‘ilishi mumkin. Juda yaxshi-da! Qoidalarni o‘qib-o‘rganish jarayonida siz ular bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq ekanligini tushunib yetasiz. Mohiyatan ularning aksariyati bitta maqsadni ko‘zlaydi, shuning uchun ham bitta qoidani o‘rganib, siz bir vaqtning o‘zida boshqa bir qancha sohalarda olg‘a qadam tashlaysiz. Binobarin, yaxshi tomonga o‘zgarishlar siz kutganingizdan ancha tez ro‘y berishi mumkin.
Bu kitob sizning shaxsiy hayot kitobingiz bo‘lib qolsin. Niyat xolis, ammo hammasi faqat o‘zingizga bog‘liq.
Sofdil va tirishqoq bo‘ling. Ko‘p o‘tmay, olg‘a qadam tashlashingizga xalaqit berayotgan zararli odatlaringiz yo‘qolib, sekin-asta foydali odatlarga o‘rin bo‘shatib borayotganini payqaysiz. Xo‘sh, ke-yin nima qilish kerak? Nima qilardingiz, xuddi men o‘z tarixim va bilimimni siz bilan o‘rtoqlashganim kabi, siz ham o‘z tajribangizni boshqalar bilan o‘rtoqlashing.
Faqat shundagina siz muvaffaqiyatning asl ma’nosini tushunib yetasiz va turmushingizni yaxshi tomonga uzil-kesil o‘zgartira olasiz.

IKKINCHI QISM

YAXSHI YASHASH QOIDALARI

Ehtimol, aynan bizga atalgan so‘zlar bordir va agar biz ularni eshitib, anglay olganimizda, ular bizga sahar va bahordan foydaliroq ta’sir qilib, atrofimizdagi narsalarga boshqacha ko‘z bilan qarashga majbur etgan bo‘larmidi.
Ko‘pchilik odamlarning hayotidagi yangi davr ular u yoki bu kitobni o‘qiganlaridan keyin boshlangan. Ehtimol, bizga barcha mo‘‘jizalarning sirini tushuntirib, qarshimizda yangilarini kashf qiladigan kitob bordir. Balki hozir bizga so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigandek tuyuluvchi narsalarni kimdir allaqachon ifoda qilgandir.
Bizni tashvishlantirgan, hayajon va o‘yga solgan savollar bizdan oldin o‘tgan barcha donishmandlarni ham o‘ylantirgan va ularniig har biri bu savollarga baholi qudrat javob topgan, o‘z hayot tajribasi va o‘z so‘zlari bilan ifoda etgan.
Toro.
«Uolden, yoxud o‘rmondagi turmush».

BIRINCHI QOIDA

Yaxshi yashash uchun...

Tangrining sizga ko‘rsatgan barcha marhamatlarini sanab chiqing. Hayotingiz va undagi barcha narsalar nechog‘li qadrli ekanligini tushunib yetganingiz zahoti yuzingizga tabassum qaytadi, osmonda bulutlar tarqab, quyosh charaqlaydi, olamni musiqa sadosi tutadi. Siz oldinga, Tangri sizga ato etgan hayotga... va o‘z kuchingizga umid-ishonch bilan qadam qo‘yasiz.
Men qayg‘u va azob-uqubatlar orqali tagiga yetishga muvaffaq bo‘lgan hayotning eng muhim va eskirmas sirlaridan biri shundan iborat: toki siz o‘zingiz ega bo‘lgan ustunlikni to‘g‘ri baholamas ekansiz, zerikarli va maqsadsiz turmush iskanjasidan qutulmaysiz, yoki ishdan haydalmaslik va yuqori martabaga ko‘tarilishga urinib tinimsiz aylanayotgan olmaxon g‘ildiragidan sakrashga qurbingiz yetmaydi, yoki sizni muvaffaqiyatsizlikka yo‘liqtirib, o‘z kuchingizga ishonchingizni yo‘qotishingizga sabab bo‘luvchi moddiy inqirozdan qutula olmaysiz.
Ustunlik!? Siz kulyapsizmi? Ma’yus kulgi. Menga bir nima demoqchimisiz? Yozuv stolimning tortmasi to‘lanmagan cheklarga to‘la, deysizmi? Ehtimol, to‘ng‘ich o‘g‘lingiz kollejga o‘qishga kirmoqchidir-u, siz unga pul bera olmasligingizni aytishga o‘zingizda kuch topmayotgandirsiz. Balki siz mashinangiz uchun kredit to‘lovini ikki oyga kechiktirib yuborgandirsiz, ishingiz ham avvalgidek ishonchli tuyulmay qo‘ygandir. «Qanaqa ustunlik?» deb o‘ylayotgandirsiz. Men bilan qoling, Tangrining sizga ko‘rsatgan marhamatlaridan ba’zilarini hozirning o‘zida, qarshimda o‘zingizga achinib o‘tirgan paytingizda sanashga yordam beraman.
Keling, asl qadr-qimmatingizni tushunib yetishingiz uchun turmushingizdagi yaxshi narsalarning ro‘yxatini tuzib, ularning naqd qiymatini hisoblab chiqaylik. Menimcha, yashash uchun kundalik kurashga berilib, ularni butunlay unutgan bo‘lsangiz kerak.
Bizning buyuk mamlakatimizda yashash imkoniyatining o‘zi qancha turadi?
Dadilroq, men sizga bu imkoniyatingizga narxi yozilgan yorliqni tirkab qo‘yishni maslahat beraman. Siz qaerda yashashni afzal ko‘rgan bo‘lardingiz?
Agar siz bugun ertalab mehnat birjasida navbatda turgan bo‘lsangiz, hozir ishlayotgan firma yoki kompaniyangizdagi ish joyi qancha turgan bo‘lardi?
Agar dunyodaga odamlarning 95 foizi faqat sizning o‘rningizda bo‘lish uchun umrlarining o‘n yili yoki undan ham ko‘prog‘ini berishga bajonidil tayyor ekanligini inobatga oladigan bo‘lsak, xizmatdagi martabangiz va kasbiy ma’lumotingiz qancha turadi?
Erkingiz qancha turadi?
Siz sevadigan va sizni sevadigan odamlar-chi?
Ularning muhabbatini siz qanchaga baholaysiz? Ko‘zlaringizni-chi? Ko‘zlaringizni million dollarga sotgan bo‘larmidingiz?
Qo‘l-oyoqlaringizni-chi, ularni qanchaga baholaysiz? Besh million dollargami? O‘n milliongami?
Siz inson qavmining juda boy vakilisiz, shunday emasmi? Agar ish ochiq savdoga borib taqalganida, siz, ehtimol, o‘zingizda bor narsalarni Fort-Noksning jami oltiniga ham almashtirmagan bo‘lardingiz. Shunday emasmi? Unda nimaga tumshug‘ingizni osiltirib yuribsiz, o‘zingizni noraso, bu hayotda mag‘lub, keraksiz va xo‘rlangan his qilyapsiz? Nima uchun?
Bas qiling! Siz yaxshi yashashga loyiqsiz va uni bugunoq boshlashingiz mumkin!..

XULLAS, BIRINCHI QOIDA:

Tangrining sizga ko‘rsatgan barcha marhamatlarini sanab chiqing. Hayotingiz va undagi barcha narsalar nechog‘li qadrli ekanligini tushunib yetganingiz zahoti yuzingizga tabassum qaytadi, osmonda bulutlar tarqab, quyosh charaqlaydi, olamni musiqa sadosi tutadi. Siz nihoyat oldinga, Tangri sizga ato etgan hayotga... mardlarcha, obro‘ va o‘z kuchingizga umid-ishonch bilan qaray boshlaysiz.

IKKINCHI QOIDA:

Yaxshi yashash uchun...

Bugun va har kuni sizga haq to‘langanidan ko‘proq ish qiling. Agar sizdan kutganlaridan ko‘proq ish qilish nechog‘li muhim ekanligini anglab yetsangiz, muvaffaqiyatning yarim lazzatini tuyasiz. Sizning ishingizni shu qadar yuqori baholashsinki, bora-bora sizni eng kerakli xodim sifatida tan olishsin. Ishga qo‘shimcha kuch sarflash huquqingizdan foydalaning va buning evaziga berilgan mukofotga quvoning. Siz unga loyiqsiz!

Men so‘nggi paytlarda pochta mahsulotlari bilan savdo qiluvchi aksariyat do‘konlarning peshtaxtalaridan tobora ko‘p o‘rin olayotgan hazil tabriknomalarni titkilashni juda yoqtiraman. Balki men bunday tabriknomalarni o‘z tanish-bilishlarimga keragidan ortiqroq yuborayotgandirman. Menga ayniqsa «Qanday qilib pul topish mumkin» degan so‘zlar chiroyli ramkaga olingan aktsiyadorlik sertifikati ko‘rinishidagi tabriknoma ko‘proq yoqadi. Uning o‘rtasiga to‘q sariq rangda katta qilib: «BORIB IShLA!» deb yozilgan.
Hayotda hamma narsaning o‘z bahosi bor. Agar siz bolaligidan hamma narsaga ega bo‘lgan kam sonli kishilar toifasiga mansub bo‘lmasangiz, unda sizga zarur buyum va xizmatlar evaziga haq to‘lashingizga faqat bir narsa — peshona teri bilan topilgan pul yordam beradi.
Siz bu fikrimni ma’qullab bosh irg‘ayapsiz-u, ammo negadir yuz-ko‘zingizda ma’yuslik ifodasi zohir. Nima, to‘lash lozim bo‘lgan son-sanoqsiz cheklar bilan olishyapsizmi? Xizmat bo‘yicha juda sust ilgarilayapsizmi, anchadan beri yuqori lavozimga ko‘tarilganingiz yo‘qmi? Yangi uyga ko‘chib o‘tmoqchisiz-u, ammo buni cho‘ntagingiz ko‘tarmaydimi? Almisoqdan qolgan mashinangiz to‘kilib boryapti-yu, ammo yangisini sotib olishga sizda imkoniyat yo‘qmi? Turmushingiz soatma-soat belgilab chiqilganday bo‘lib tuyulyaptimi? Xo‘sh, bu sehrlangan qobiqdan qanday qutulib chiqish mumkin? Buning chorasi bormi?
Chorasi bor. Istagan odam bilan bahs boylashamanki, bu chora, aniqrog‘i — oddiy qoida hali hech kimga pand bermagan. Agar sizning xizmat martabangiz haqida gapiradigan bo‘lsak, bu borada muvaffaqiyatga erishishning eng buyuk sirini Iso alayhissalom bundan ikki ming yil muqaddam, tog‘ cho‘qqisidan turib aytgan edi: agar sizni bir chaqirim yo‘l bosishga majburlasalar, siz ikki chaqirim yo‘l bosishingiz zarur. Muvaffaqiyat siri mana shu qo‘shimcha chaqirimda.
Agar siz ertadan boshlab o‘z ishingizga talab etilganidan ozgina ko‘proq kuch sarflashga qat’iy qaror qilsangiz, turmushingizda mo‘‘jizalar ro‘y bera boshlaydi. Bozorda meva-cheva sotasizmi yo bo‘yoqchimisiz, farroshmisiz yo kompyuterchimi — kim bo‘lishingizdan qat’i nazar, agar har kuni o‘zingiz uchun belgilangan me’yordan ozgina oshiradigan bo‘lsangiz, tez orada yaxshi tomonga jiddiy o‘zgarishlar ro‘y beradi.
O‘zni azob-uqubat va muvaffaqiyatsizliklarga to‘la turmushga mahkum etishning eng oson yo‘li — bu faqat oylik maosh bilangina qoplanuvchi zarur ish minimumini bajarishdir. To‘g‘ri, qo‘shimcha urinishlar sizning yo‘q joyda martabaga erishish istagida bo‘lgan hamkasblaringizga yoqmasligi mumkin... ammo bu haqda siz emas, ular bosh qotirishsin. Siz o‘z hayotingiz bilan yashang. Sizga muhtoj.odamlar borligini unutmang. Agar siz har kuni talab etilganidan ko‘proq ish bajaradigan bo‘lsangiz, tez orada faqat o‘z mavqeingizni mustahkamlab qolmay, juda kerakli odamga ham aylanasiz. Atrofingizda har qadamda yangi-yangi imkoniyatlarni ko‘rasiz va oxir-oqibat o‘z mehnatingizning bahosini o‘zingiz belgilay olasiz. Bu juda oddiy qoida. Qo‘shimcha bir chaqirim yo‘lni bosib o‘ting! Bu sizga bir tsentga tushmaydi, ammo turmushingizda jiddiy va uzil-kesil o‘zgarishlar yasaydi.
Endryu Karnegining fikricha, butun umri mobaynida hech narsaga erisha olmaydigan ikki toifa odamlar bor. Birinchisi, bular qilish kerak bo‘lgan ishlarni qilmaydigan odamlar, ikkinchisi esa, qilish kerak bo‘lganidan ortiq hech narsa qilmaydigan odamlardir. Uolter Krayslerdan uning avtomobil zavodi ko‘proq nimaga muhtoj ekanligi haqida so‘rashganida, u: «Menga ish vaqti tugaganligi haqidagi gudokni eshitmaydigan yoki vaqtni soatga qarab bilmaydigan o‘nta yaxshi ishchi kerak», deb javob bergan edi.
Atrofingizdagilarni hayratga soling. O‘zingizning ishdagi odatlaringizni o‘zgartiring. Qo‘shimcha bir chaqirim yo‘lni bosib o‘ting! Bu muvaffaqiyat ketidan quvib oilangiz yoki sog‘lig‘ingizdan ayrilishingizga to‘g‘ri kelishini anglatmaydi. Bu hayotdan sizga atalgan barcha narsalarni olishning ajoyib usuli. Bir so‘z bilan aytganda, xuddi abadiy yashamoqchi bo‘lgandek ishlang va xuddi bugun umringizning oxirgi kunidek yashang.

XULLAS, IKKINCHI QOIDA:

Bugun va har kuni sizga haq to‘langanidan ko‘proq ish qiling. Agar sizdan kutganlaridan ko‘proq ish qilish nechog‘li muhim ekanligini anglab yetsangiz, muvaffaqiyatning yarim lazzatini tuyasiz. Sizning ishingizni shu qadar yuqori baholashsinki, bora-bora sizni eng kerakli xodim sifatida tan olishsin. Ishga qo‘shimcha kuch sarflash huquqingizdan foydalaning va buning evaziga berilgan mukofotga quvoning. Siz unga loyiqsiz!

UCHINCHI QOIDA

Yaxshi yashash uchun ...

Har safar xatoga yo‘l qo‘ysangiz yoki muvaffaqiyatsizlikka uchrasangiz, bu haqda uzoq o‘ylamang. Odamlar o‘z xatolaridan o‘rganadilar. Xatoga yo‘l qo‘yish qobiliyatini qo‘yilgan maqsadga erisha bilish qobiliyatidan ajratib bo‘lmaydi. Hech kim har doim g‘alaba qozonolmaydi. Muvaffaqiyatsizliklaringiz rivojlanishingizning zarur sharti va tarkibiy qismi bo‘lib hisoblanadi. Xato qildim deb ko‘p o‘ksimang. Agar vaqti-vaqti bilan muvaffaqiyatsizlikka uchrab turmasangiz, uni yengishga kuchingiz borligini qaerdan bilardingiz? Harakatni to‘xtatmang va omad sizga albatta kulib boqadi.

Necha asrlardirki, o‘tmishning eng buyuk haqiqatlaridan biri biz bilan yashaydi va har qadamda namoyon bo‘ladi, ammo faqat dono odamlargina uning maslahatiga quloq soladi. Agar siz muvaffaqiyat qozonishni istasangiz, muvaffaqiyatsizliklarga chiday bilishingiz kerak. Biz omad va muvaffaqiyatlarimizdan ham ko‘ra ko‘proq muvaffaqiyatsizliklarimizdan o‘rganamiz. Menga tekis joyda hech qachon qoqilmagan, hech qachon ishni buzmagan, hech qachon xato qilmagan odamni ko‘rsating va men sizga kelajagi tayinsiz odamni ko‘rsataman.
Kundalik turmushda xato, qoqilish va muvaffaqiyatsizliklar muqarrardir. Biroq, agar biz chumchuq pirr etsa, yuragimiz shirr etib yashab, har bir muvaffaqiyatsizlikdan tushkunlikka tushadigan bo‘lsak, o‘zimizni armon-pushaymonlarga to‘la turmushga mahkum qilamiz. Unutmang, biz eng yaxshi saboqni xato va muvaffaqiyatsizliklarimizdan olamiz.
Muvaffaqiyatsizlik! Nima u? Shunchaki bir kichkina saboq, yaxshilik tomon tashlangan birinchi qadam. Faqat ishlamaydigan, olg‘a intilmaydigan odamlargina xato qilmaydi.
Mark Tvenning qaynoq plita ustiga sakrab, qornini kuydirib olgan mushuk haqidagi bir hikoyasi bor. Shundan keyin bu mushuk qaynoq plitaga ham, muzdayiga ham hech qachon sakramaydi. Biz shaxsiy tajribamizning ahamiyatiga ko‘pincha ortiqcha baho beramiz, salbiy taassurotlarni xotiramizda uzoq saqlaymiz, bu esa bir safar qoqilgan joyimizdan qayta o‘tishimizga xalaqit beradi. Skandinavlarda «Vikinglarni shimol shamoli yaratgan» degan ajoyib matal bor. Shimol shamoli siz uchun ham mo‘‘jizalar yaratishi mumkin.
Shuni bilingki, hatto eng omadli odamlarning hayotida ham xato va muvaffaqiyatsizliklarga to‘la davrlar bo‘lgan.
Har birimiz o‘z Hayot kitobimizni yozamiz va uning qanday tugashi faqat o‘zimizga bog‘liq. Biz yashab o‘tgan yillarimizning muallifimiz, xato va muvaffaqiyatsizliklarimiz esa yaxshi turmush sari tashlangan qadamlarimiz, xolos. 1974 yili, Xenk Aaron Beyb Rutning buyuk rekordiga yaqinlashayotgan payt, men bir kuni ertalab u himoya qilgan «Atlanta Breyvs» beysbol klubiga sim qoqdim. Oxiri menga jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limini ulab berishdi va kamina ularga o‘z savolimni berdim:
— Xenk to‘pni yetti yuzu o‘n marta aniq amalga oshirgan, Rutning rekordidan o‘zish uchun unga yana beshta shunday oshirish kerakligini bilaman. Ammo meni boshqa narsa qiziqtiradi: u o‘z faoliyati davomida necha marta to‘pni maydondan chetga chiqarib yuborgan?
— Chetga? — deya hayron bo‘lib so‘radi simning narigi tomonidagi yigitcha.
— Ha, necha marta to‘pni maydondan chetga chiqargan?
— Bilmadim, ser, buni tekshirib ko‘rgunimcha kutib turishingizga to‘g‘ri keladi.
Bir necha daqiqadan so‘ng u yana go‘shakni qo‘liga oldi:
— Janob Mandino, bugungi kungacha Xenk Aaron to‘pni yetti yuzu o‘n marta aniq amalga oshirgan, o‘zingizga ma’lumki, Beyb Rutning milliy rekordidan o‘zish uchun unga yana beshta shunday oshirish kerak...
— Ha, bilaman.
— Xo‘-o‘sh... bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, u bir ming ikki yuz oltmish ikki marta to‘pni maydondan chetga chiqarib yuborgan.
Men unga rahmat aytib, go‘shakni joyiga qo‘ydim va bir muddat hozirgina eshitgan raqamim ustida fikr yuritdim. Kelajak uchun naqadar ajoyib saboq! Gap insoniyat tarixidagi eng buyuk beysbolchi haqida borardi... biroq, hattoki u, hattoki Xenk Aaron ham to‘pni aniq oshirganidan ko‘ra qariyb ikki baravar ko‘proq maydondan chetga chiqarib yuborgan! Darhaqiqat, hayot — bu o‘yin va muvaffaqiyat qozonish uchun uning qoidalariga amal qilish kerak. Ammo, har safar qo‘lingizga beysbol tayog‘ini olganingizda, to‘pni aniq oshirishingiz shart emas. Ishonmasangiz, ana, Xenkdan so‘rang.

XULLAS, UCHINCHI QOIDA:

Har safar xatoga yo‘l qo‘ysangiz yoki muvaffaqiyatsizlikka uchrasangaz, bu haqda uzoq o‘ylamang. Odamlar o‘z xatolaridan o‘rganadilar. Xatoga yo‘l qo‘yish qobiliyatini qo‘yilgan maqsadga erisha bilish qobiliyatidan ajratib bo‘lmaydi. Hech kim har doim g‘alaba qozonolmaydi. Muvaffaqiyatsizliklaringiz rivojlanishingizning zarur sharti va tarkibiy qismi bo‘lib hisoblanadi. Xato qildim deb ko‘p o‘ksimang. Agar vaqti-vaqti bilan muvaffaqiyatsizlikka uchrab turmasangiz, uni yengishga kuchingiz borligini qaerdan bilardingiz? Harakatni to‘xtatmang va omad sizga albatta kulib boqadi.

TO‘RTINCHI QOIDA

Yaxshi yashash uchun...

Uzoq va og‘ir ishni bajarganingiz uchun yaqin kishilaringiz davrasida o‘zingizni har doim mag‘rur tuting. Ularning muhabbatini qadrlang va asrab-avaylang. Farzandlaringizga qattiqqo‘l tanqidchi emas, o‘rnak olish uchun yaxshi namuna kerakligini, agar ular oldida o‘zingizni doimo yaxshi tomondan namoyon qiladigan bo‘lsangiz, ishingiz yanada rivoj topishini unutmang. Jumlai jahon sizni omadsiz deb hisoblasa ham, agar sizni sevuvchi oilangiz bo‘lsa, hayotda omadga erishdim, deb hisoblashingiz mumkin.

Farzandlarim ulg‘ayib, oilali bo‘lib ketishganiga qaramay, mendan ularni qanday tarbiyalab voyaga yetkazganimiz haqida juda ko‘p surishtirishadi. Go‘yo yozgan kitoblarim tufayli bizda barcha sohada, hatto aqlli, tirishqoq va baxtli ertangi kun egalarini tarbiyalash borasida ham yuksak muvaffaqiyatni kafolatlovchi qandaydir o‘ziga xos sirli bir formula paydo bo‘lgandek. Men e’tiborsizligi va o‘z burchlariga loqaydligi tufayli ko‘p yillar muqaddam o‘zining birinchi oilasidan ayrilgan «boshqa Og Mandino» ham bo‘lganligini yodda tutib, ularga har safar bir xil javob beraman...
Biz farzandlarimiz uchun qilishimiz lozim bo‘lgan ishlarning eng yaxshisi — ularga o‘rnak olishlari uchun yaxshi namuna bo‘lishdir. Farzandlaringizni o‘z misolingizda tarbiyalang, ular sizga fe’l-atvoringizni eslab qolishadi va hatto sizga taqlid qilishga urinishadi. Agar ularga bir gapni gapirib, keyin amalda buning teskarisini qiladigan bo‘lsangiz, farzandingizdan ayrilasiz. Farzandlarimiz uchun ularni o‘z misolimizda tarbiyalashdan boshqa faqat bir ish qila olishimiz mumkin: xato qilishsa, yordam qo‘lini cho‘zish uchun har doim ularning yonida bo‘lish. Unchalik ko‘p emas, shunday emasmi?
Stolim yonidagi devorda oq pergamentga jimjimador qilib yozilgan qisqagina she’r ramkada osig‘liq turadi. «Noma’lum muallif» so‘zlari tagiga men Mettning chaqaloqlik paytidagi suratini joylashtirganman. She’r bilan tanishgach, uni kelgusida yana bir o‘qish uchun ushbu sahifaning burchagini buklab qo‘ysangiz, ajab emas.

Har bir bolakayning otasiga

U seni ziyrak kuzatib,
Ortingdan borar.
So‘zlaringga quloq tutib,
Ovozing yodlar.
U sendan olar o‘rnak,
Orzusi bitta:
Sening o‘rningni bosish
Bo‘lib tez katta.
O‘ylari hokimisan,
Oldda mayog‘i.
Senga tayanar u —
Ko‘zing qarog‘i.
Ishonadi so‘zsiz
Nima desang ham.
Qiyofang saqlanar
Unda har dam..

Seni haq hisoblar
Har yerda, har dam.
Uning nigohida
Sen — odil hakam.
Neki qilsang, doim
Sen unga o‘rnak.
Senga o‘xshash istar
Ulg‘aygach, beshak.

Bir necha yil muqaddam, kitoblarimdan birini reklama qilish uchun mamlakat bo‘ylab uzoq safarga chiqishimdan oldin, kichik o‘g‘lim Mett Arizona shtati dorilfununi yotoqxonasida yashab, mustaqil hayot boshlash maqsadida jo‘nab ketadigan bo‘ldi. Onasi ikkimiz dilimiz vayron holda unga buyumlarini yig‘ishtirishga ko‘maklashdik.
Esimda, Mett jo‘nab ketgach, men uning xonasiga kirib, qorong‘ida uzoq o‘tirdim, Betti ikkimiz unga va akasi Denga hayot yo‘llarida duch kelishi tayin ko‘p sonli to‘siqlardan oshib o‘tishlari uchun zarur bo‘lgan hamma narsani berganimizni o‘yladim.
Mening reklama safarim Los-Anjeles radiostantsiyalaridan biridagi tok-shouda qatnashgunimga qadar yaxshi o‘tdi. Dasturning yana bir mehmoni mashhur yozuvchi ayol edi (nomini bu yerda aytib o‘tirmayman). Nimadir bo‘ldi-yu, munozara oiladagi munosabatlarga, ayniqsa, bizning farzandlarimizga borib taqaldi.
Muhtarama yozuvchi ayol mikrofonni jahl bilan yulib olib, o‘zining ikki nafar o‘spirin o‘g‘liga qarata la’nat toshlarini yog‘dira ketdi. Ayol ularni jilovlay olmayotgani, otasi doim ishda bo‘lgani tufayli undan yordam yo‘qligi, bir kunmas-bir kun bolalari «uni jinni qilib qo‘yishlari ham hech gap emas»ligi, ular nuqul ovqatga kech tushishlari, xonalarida hamma narsa doim yoyilib-sochilib yotishi, magnitolalarini turli stantsiyalarga sozlab, ovozini baland qilib qo‘yishlari, buning shovqinidan ham u «jinni bo‘lib qolay deyishi»ni ma’lum qildi. Nomi ulug‘ yozuvchi ayol o‘z farzandlarini ko‘pchilik oldida la’natlayotganini ko‘rib, men chidab turolmadim. Har qancha urinmay, bu qo‘limdan kelmadi.
— Bilasizmi, — deb shartta uning gapini bo‘ldim, — bir kuni siz o‘g‘illaringizning bo‘m-bo‘sh va jimjit xonalari oldidan o‘tasiz... va o‘zingizdan: «Ular nega ketib qolishdi?» deb so‘raysiz. Shunday ekan, bu eshittirishdan keyin uyingizga qaytgach, o‘g‘illaringizni mahkam bag‘ringizga bosib, ularni joningizdan ortiq yaxshi ko‘rishingizni aytganingiz ma’qul emasmikan?

XULLAS, TO‘RTINCHI QOIDA:

Uzoq va og‘ir ishni bajarganingiz uchun yaqin kishilaringiz davrasida o‘zingizni har doim mag‘rur tuting. Ularning muhabbatini qadrlang va asrab-avaylang. Farzandlaringizga qattiqqo‘l tanqidchi emas, o‘rnak olish uchun yaxshi namuna kerakligini, agar ular oldida o‘zingizni doimo yaxshi tomondan namoyon qiladigan bo‘lsangiz, ishingiz yanada rivoj topishini unutmang. Jumlai jahon sizni omadsiz deb hisoblasa ham, agar sizni sevuvchi oilangiz bo‘lsa, hayotda omadga erishdim, deb hisoblashingiz mumkin.

BESHINCHI QOIDA

Yaxshi yashash uchun ...

Har bir kuningizni yaxshi niyat asosiga quring. Mavjud yoki xayoliy kamchiliklaringizni o‘ylab g‘am chekmang. Siz — Xudoning bandasi ekanligingiz, har qanday orzungizni yolg‘iz iroda kuchingiz bilan amalga oshirishga qodir ekanligingizni o‘zingizga tez-tez eslatib turing. Siz hatto qanot chiqarib uchishingiz ham mumkin, faqat shunday qilishga qodir ekanligingizga ishonsangiz bas. Mag‘lubiyatni xayolingizning ko‘chasiga ham keltira ko‘rmang. Shunda dilingizdagi barcha orzularingiz amalga oshadi. Labingizdan tabassum arimasin!

Barcha yutuq yoki mag‘lubiyatlarimiz fikrlash tarzimizning, ya’ni o‘z qobiliyatimiz, irodamiz va ichki salohiyatimiz haqida qanday o‘ylasak, shuning bevosita natijasi ekanligini donolar qadim-qadimlardan beri ta’kidlab keladilar.
«Yaxshi niyat yaxshi hosil, yomon niyat esa yomon hosil beradi», degan edi Jeyms Allen.
Qadimgi Rim donishmandi Mark Avreliy: «Inson hayoti shundayki, u — yaxshi yo yomon, quvonchli yo g‘amgin, g‘olibona yo tushkun o‘ylardan qayta yaraladi», deb aytgan edi.
Budda esa bu haqda shunday deydi: «Inson to‘liq o‘z o‘y-fikrlarining mahsulidir. Inson tafakkurining chegarasi yo‘q. Biz nimani o‘ylasak, shunga aylanamiz».
Xullas, bir so‘z bilan aytganda, ijobiy o‘y-fikrlar yaratadi va rivojlantiradi, salbiy o‘y-fikrlar esa to‘sqinlik qiladi va buzadi.
Donishmandlarning so‘zlarini o‘qir ekansiz, o‘zingizga va o‘z qobiliyatlaringizga qo‘l siltaydigan bo‘lsangiz, muvaffaqiyatsizlikka mahkum ekanligingizni anglab yetasiz. Agar siz o‘z qobiliyatlaringiz yoki bilimlaringizni yerga ursangiz, atrofingizdagi olam sizning o‘zingizga nisbatan bunday munosabatingizga juda tez moslashadi va natijada sizni muvaffaqiyatsizliklarga to‘la kelajak kutadi. Bo‘ldi, yetadi! Salbiy o‘y-fikrlar va qilmishlarga barham bering. Gapimga quloq soling: nechog‘li qudratli ekanligingizni siz o‘zingiz ham bilmaysiz! Ha, siz — ayni dam qarshimda o‘ziga achinib o‘tirgan odam... orqa hovlimizda yashaydigan o‘rdakka o‘xshab ketasiz.
Mett hali maktabda o‘qir edi. Bir kuni u uyga qopqog‘ida yumaloq teshikchalar ochilgan poyafzal qutisini ko‘tarib keldi. U quti qop-qog‘ini ochgach, biz Betti bilan to‘g‘ri taxmin qilganimizni tushundik. Qutida juda sho‘x va sershovqin jajjigina sariq o‘rdakcha o‘tirardi. Bolalar jo‘jani biologiya darsida tuxumdan chiqargach, bir necha hafta boqib, so‘ng qur’a tashlashgan, unda o‘g‘lim yutib chiqibdi. Shu o‘zi yetmay turuvdi, degandek Betti ikkimiz bir-birimizga qarab oldik.
Keyin norozi ota va uning sevinchi ichiga sig‘mayotgan o‘g‘li qurilish anjomlari do‘koniga borib, ozroq taxta sotib olishdi. Mett orqa hovlida o‘rdakka juda ajoyib uya yasab, uni oq rangga bo‘yadi. Uyaning qubbali eshigi tepasiga esa qizil harflar bilan «DISKO» deb yozib qo‘ydi. Disko laqabli o‘rdakcha! Keyin biz bir to‘p sim sotib oldik va yangi oila a’zomiz daydib ketib qolmasligi uchun uychaning atrofini sim bilan o‘rab chiqdik.
O‘n ikki yildirki, Disko biz bilan yashaydi. Tabiiyki, u o‘sib kattakon chiroyli o‘rdakka aylandi. Mett uylanib, boshqa joyga ko‘chib ketganini e’tiborga oladigan bo‘lsak, uning o‘rdagiga hozir kim qarayotganini fahmlagan chiqarsiz.
Disko voqeasida biz yo‘l qo‘ygan xatolardan biri uning katagi va sayr qilishi uchun maydonchani shundoqqina xobgohimizning derazasi tagiga qurganimiz bo‘ldi. Keyingi paytda Disko kallai saharlab uyg‘onib, qorong‘i tushguncha tinimsiz g‘aq-g‘aqlashni odat qildi. Tag‘in shunaqa baland ovozdaki! Avval u faqat qo‘shnining mushugini ko‘rgandagina shunday qilgani bois, biz Betti ikkimiz Disko nimadandir notinch degan qarorga keldik. Yo bergan ovqatimiz yoqmayapti, yo uning kichkina hovuzchasidagi suvni yetarli darajada tez-tez yangilab turmayapman, yo uning uychasiga to‘shalgan poxol nam tortgan va uni almashtirish kerak. Tag‘in kim bilsin? Men o‘rdakni tinchitish uchun qilmagan ishim qolmadi, ammo u baribir baland ovozda, tinimsiz g‘aq-g‘aqlashini qo‘ymadi.
Ko‘rib turganingizdek, Diskoning ham muammosi bor. Bahs boylashim mumkinki, bu muammo siznikiga o‘xshash. Ha, siznikiga! Siz ham, Disko ham o‘z qadringizni bilmaysiz. Disko, agar u o‘z turmush sharoitlaridan norozi bo‘lsa, faqat g‘aq-g‘aqlab, o‘ziga achinishga emas, hadeb o‘z turmush sharoitlaridan shikoyat qilish o‘rniga, ularni o‘zgartirishga ham qodir ekanligini bilmaydi.
Agar Disko o‘z turmush sharoitlarini chindan ham o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, bunga jiddiy jahd qilishi kerak. Bu juda oson. Buning uchun u qanot qoqib, pastgina to‘siqdan oshib o‘tishi... va bizni tark etishi lozim. Ming afsuski, sho‘rlik Disko o‘zining nechog‘li qudratli ekanligini — ucha olishi mumkinligini bilmaydi... Siz ham!

XULLAS, BESHINCHI QOIDA:

Har bir kuningizni yaxshi niyat asosiga quring. Mavjud yoki xayoliy kamchiliklaringizni o‘ylab g‘am chekmang. Siz — Xudoning bandasi ekanligingiz, har qanday orzungizni yolg‘iz iroda kuchingiz bilan amalga oshirishga qodir ekanligingizni o‘zingizga tez-tez eslatib turing. Siz hatto qanot chiqarib uchishingiz ham mumkin, faqat shunday qilishga qodir ekanligingizga ishonsangiz bas. Mag‘lubiyatni xayolingizning ko‘chasiga ham keltira ko‘rmang. Shunda dilingizdagi barcha orzularingiz amalga oshadi. Labingizdan tabassum arimasin!

OLTINCHI QOIDA

Yaxshi yashash uchun ...

Siz haqingizda o‘zingiz emas, qilgan ishlaringiz gapirsin. Yo‘lingizdagi takabburlik va manmanlik tuzoqlariga tushib qolishdan ehtiyot bo‘ling. Keyingi safar maqtangingiz kelib qolsa, teshikkulcha olib yeyishingizni maslahat beraman, undan qoladigan teshik manmanligingizning haqiqiy mezoni bo‘ladi.

Bizni o‘zimizdan o‘tkazib hech kim alday olmaydi. Rivojlanishimiz yo‘lidagi eng xavfli to‘siqlardan biri manmanlik, kibr-havo tuzog‘i hisoblanadi. U muvaffaqiyat ta’mini ilk bor tatib ko‘rganimiz hamon o‘z komiga tortadi. Darhaqiqat, siz juda qattiq ishladingiz, olg‘a siljish uchun bor kuchingiz va iqtidoringizni ayamadingiz. Bu gapingizga men to‘liq qo‘shilaman, ammo dastlabki bir nechta g‘alabadan keyin qandaydir alohida, hech kimda yo‘q xislatlarga ega bo‘lsam kerak, degan xato xayolga borish juda oson. Agar siz bunga ishona boshlasangiz, sizning boshqa odamlarga nisbatan xulq-atvoringiz keyingi rivojlanishingizga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Zero, sizning olg‘a siljishingizga to‘sqinlik qiluvchi haddan tashqari manmanlik va takabburlikdan kuchliroq tuzoq yo‘q.
Biz hammamiz Parvardigorning panohida yashaymiz. Agar biz o‘limdan keyin yerda o‘zimizdan naqadar kichkina bo‘shliq qolishini ko‘ra olganimizda, egallagan o‘rnimiz haqida kamroq o‘ylab, ko‘proq boshqalarga yordam berishga uringan bo‘lardik.
Men manmanlik balosiga qarshi ichimda tinimsiz kurash olib boraman. Har ikki yilda bir yangi kitob yozib, so‘ng uni radio, televidenie va matbuot orqali muhokama qilish uchun mamlakat bo‘ylab sayohatga chiquvchi, o‘nlab uchrashuvlar o‘tkazib, ma’ruzalar qiluvchi odamning manmanlik tuzog‘iga ilinib, ommaviy axborot vositalari o‘z sha’niga o‘qigan hamd-sanolarni tom ma’noda qabul qilishi juda oson. Doimiy e’tibor, eshik tagida muntazir turuvchi limuzinlar va dastxat so‘rab murojaat qiluvchi son-sanoqsiz muxlislar haqida-ku, gapirmayman.
Tangri meni o‘sha paytda, shubhasiz, loyiq bo‘lgan o‘rnimga qo‘yishga qaror qilgan kunni sira yodimdan chiqarmayman. Men mehmonxonadagi xonamda pastga, marosimlar zaliga taklif qilishlarini kutib o‘tirardim. Bu yerda men yirik milliy konferentsiyada ikki mingga yaqin qatnashchi oldida ma’ruza qilishim kerak edi. Nihoyat, kompaniya chopari — mo‘ysafid odam kelib eshikni taqillatgach, men egnimga pidjagimni kiyib chiqdim va uning ortidan yo‘lak bo‘ylab lift sari yo‘naldim.
Foye gavjum va sershovqin edi. Bir necha qadam yurganimizni bilaman, tuyqus kimdir kelib yelkamni qoqdi. Orqamga o‘girilib, ko‘zlari katta yosh bir yigitchani ko‘rdim.
U ko‘krak cho‘ntagiga kompaniya nomi yozilgan nishon taqib olgan, qo‘lida qog‘oz paket tutib, yuzimga savol nazari bilan termilib turardi.
— Siz Og Mandinomisiz? — deb so‘radi u shivirlab. Men yo‘limdan to‘xtamay bosh irg‘adim.
— Ser, bir daqiqa vaqtingizni olsam, maylimi? — dedi u taloto‘pdan chetda, deraza oldida turgan mo‘‘jazgina stol tomon yurib.
Men qovog‘i osilgan kuzatuvchimga qaradim. U istar-istamay bosh irg‘adi.
— Ser, — dedi yigitcha qo‘lidagi qog‘oz paketni stol ustiga qo‘yib, — gap shundaki, xotinim sizning ashaddiy muxlisingiz. U hamma kitob-laringizni bitta qoldirmay o‘qib chiqqan. U shaharchamizdagi maktabda o‘qituvchilik qiladi, shuning uchun ham men bilan birga konferentsiyaga kela olmadi. Hozir u qattiq qayg‘urayotgan bo‘lsa kerak: axir, ma’ruzangizni eshitishni juda istagan edi-da!
— Afsus, afsus...
— Ser, shuning uchun men nimadir qilib Luizaning ko‘nglini olmoqchiman. Atrofdagi hamma kitob do‘konlarini aylanib, qalin muqovada chiqqan beshta kitobingizni sotib oldim. Iltimos... xotinim uchun shu kitoblarga dastxat qo‘yib berolmaysizmi? Men ularni xotinimga kelgusi payshanba, tug‘ilgan kunida sovg‘a qilsam devdim.
— Jonim bilan, — dedim men va pidjagimning ichki cho‘ntagidan ruchkamni chiqarib, beshala kitobga ham: «Luizaga, muhabbat bilan. Tug‘ilgan kuningiz bilan tabriklab, Og Mandino», deb yozib berdim.
So‘ng yigitcha kitoblarni olib, qog‘oz paketga qayta joyladi va qo‘limni minnatdorlik bilan shosha-pisha siqib, ortga burildi.
Tilimni tiyib tursam ham bo‘lardi, ammo o‘sha safar bunday qilmaganimga hanuz xursandman. U mendan o‘n futcha uzoqlashgan edi, ortidan:
— Bu Luiza uchun katta syurpriz bo‘lsa kerak? — deb baqirdim.
Yigit o‘girildi va og‘zi qulog‘ida iljayib, javob berdi:
— Bo‘lmasa-chi, ser, axir xotinim meni unga yap-yangi «Toyota-korolla» sovg‘a qiladi deb o‘ylaydi!

XULLAS, OLTINCHI QOIDA:

Siz haqingizda o‘zingiz emas, qilgan ishlaringiz gapirsin. Yo‘lingizdagi takabburlik va manmanlik tuzoqlariga tushib qolishdan ehtiyot bo‘ling. Keyingi safar maqtangingiz kelib qolsa, teshikkulcha olib yeyishingizni maslahat beraman, undan qoladigan teshik manmanligingizning haqiqiy mezoni bo‘ladi.

YETTINCHI QOIDA

Yaxshi yashash uchun ...

Har bir kun — bu Tangrining alohida in’omi. Garchi hayot doim ham marhamat ko‘rsatavermasa-da, o‘tkinchi muvaffaqiyatsizlik va umidsizliklar sizning o‘zingizga bo‘lgan munosabatingiz va kelajak orzularingizni zaharlashiga yo‘l qo‘ymang. Siz o‘zingizga achinib yashab, hech qachon g‘alaba qozonolmaysiz, mungli nolishlaringiz esa har qanday omadni sizdan qochiradi. Boshqa bunday qilmang. Siz baxtli taqdirga loyiqsiz.

Hayot marhamatli emas va balki, hech qachon marhamat ko‘rsatmas. Ishning ko‘pini siz qilib, obro‘ni boshqa birov topadigan hollar ham bo‘ladi. Siz qo‘shningizdan ikki baravar ko‘proq qunt bilan ishlab, undan ikki baravar aqlliroq ekanligingizni bilishingiz... va shunga qaramay undan ikki baravar kam pul topishingiz mumkin.
Hayot bizga juda ko‘p g‘irromlik qiladi. Xo‘sh, siz bunday hollarda qanday ish tutasiz? Omad sizni chetlab o‘tishini bila turib ham tirishib ishlashda davom etasizmi yoki sizning qiyinchilik va muammolaringiz hammanikidan mushkul ekanligiga ishonib, nolayu afg‘on chekasizmi? Eh, sho‘rlik bola!
Yigirma yilcha avval menga yashil siyohda bir she’r bitilgan kichkinagina sariq tabriknoma keldi. Uni Janubiy Karolina shtatining Anderson shahridan «Iqtiboslar jurnali» noshiri Uilton Xoll yuborgan edi. Shundan beri sariq qog‘ozga bitilgan bu yashil misralar mening hayotimda alohida o‘rin tutadi. Men bu she’rni faqat uchrashuvlarda tinglovchilarga o‘qib berib qolmay, ba’zan kayfiyatim buzilgan paytlar o‘tirib unga uzoq tikilaman. Har safar, ishlarim ko‘nglimdagidek bormayotganida yoki achchig‘im chiqib, hatto o‘zimga jinday achina boshlaganimda shu she’rni olib o‘qiyman-u, taskin topib, yana hayotga qaytaman. Bir lahza tin olib, osmonga qarayman-da, minnatdorlik bilan pichirlayman: «O‘zingga shukr...»
Kursiga qulayroq joylashib o‘tiring. Hozir sizga shu she’rning asl nusxasini ko‘rsataman. Bu chinakam noyob xazina. Ishonchim komilki, u bilan tanishgach, siz ham, xuddi men singari, kelgusida unga tez-tez murojaat qilib turasiz, uni o‘z do‘stlaringiz bilan o‘rtoqlashasiz.
Tangrim, meni kechir...

Bugun avtobusda sochlari tillarang go‘zal bir qizni ko‘rdim. Avval unga havasim keldi — juda quvnoq va xushchaqchaq edi u. Qiz o‘rnidan turib, qo‘ltiqtayoqda avtobus eshigi sari yo‘nalgach, uning bir oyoqsiz ekanligini ko‘rdim. Biroq, oldimdan o‘tayotib, u menga qarab jilmaydi.

Tangrim kechir, oh-voh qilganim uchun,
Oyoq-qo‘lim but-ku, men-la bu ochun!

Men shirinlik xarid qilgani qandolat do‘koniga kirdim.
Peshtaxta ortida turgan yigitcha menga yoqib qoldi. Biz u bilan gaplashib qoldik. Aftidan, unga ham mening suhbatim manzur bo‘ldi. Ketayotganimda, u menga: «Suhbatingiz uchun sizga katta rahmat. Bilasizmi, gap shundaki, men ko‘rman», dedi.

Tangrim kechir oh-voh qilganim uchun,
Axir ko‘zim sog‘-ku, men-la bu ochun!

Ko‘chada ketayotib bir bolakayga ko‘zim tushdi. U maydonchada o‘ynayotgan boshqa bolalarga moviy ko‘zlari bilan ma’yus termilib turardi. Unga yaqinlashib: «Nega o‘yinga qo‘shilmayapsan?», deb so‘radim. Bola menga qaradi va men uning kar ekanligini tushundim.

Tangrim kechir, oh-voh qilganim uchun,
Qulog‘im eshitar, men-la bu ochun!

Ikki oyog‘im but — istagan joyimga bora olaman; ikki ko‘zim sog‘ — tong shafag‘ini ko‘ra olaman; quloqlarim eshitadi — qushlarning sayrashini tinglay olaman...

Tangrim kechir, oh-voh qilganim uchun,
To‘rt mucham sog‘, demak, men-la bu ochun!

 Noma’lum muallif

XULLAS, YETTINCHI QOIDA:

Har bir kun — bu Tangrining alohida in’omi. Garchi hayot doim ham marhamat ko‘rsatavermasa-da, o‘tkinchi muvaffaqiyatsizlik va umidsizliklar sizning o‘zingizga bo‘lgan munosabatingiz va kelajak orzularingizni zaharlashiga yo‘l qo‘ymang. Siz o‘zingizga achinib yashab, hech qachon g‘alaba qozonolmaysiz, mungli nolishlaringiz esa har qanday omadni sizdan qochiradi. Boshqa bunday qilmang. Siz baxtli taqdirga loyiqsiz.

SAKKIZINCHI QOIDA

Yaxshi yashash uchun ...

Boshqa hech qachon kun va tunlaringizni ikkinchi darajali va keraksiz narsalarga to‘ldirib yubormang, aks holda hayotning chinakam chaqirig‘iga javob berishga vaqtingiz qolmaydi. Bu ishga ham, dam olishga ham birdek taalluqli. Shunchaki «xo‘jako‘rsin»ga o‘tkazilgan kun bayram uchun sabab bo‘la olmaydi. Modomiki, siz doimiy kun tartibingizga ozgina o‘zgartirish kiritib, ko‘p narsaga erishishga qodir ekansiz, qimmatli vaqtingizni behuda sarflamang! Mayda-chuydalarga berilishni, omaddan berkinishni bas qiling. O‘sib-rivojlanishingiz uchun ham vaqt va joy qoldiring! Hoziroq! Ertaga emas, shu bugun!

Bunday toifa odamlar sizga tanish bo‘lsa kerak. Ehtimol, o‘zingiz ham ularning qatoriga kirarsiz. Unday bo‘lsa, menga murojaat qilganingizdan bag‘oyat xursandman. Bunday odamlar doim band bo‘ladi, ular nuqul o‘z yelkalariga bir dunyo ish, uchrashuv va topshiriqlarni yuklab olishadi-da, keyin ularning hammasini bajarishga urinib, u yoqdan bu yoqqa tinimsiz — ko‘pincha behuda yugurib yurishadi. Ular muvaffaqiyatdan ongli ravishda zo‘r berib qochishga urinishadi. O‘-o‘, ular ish bilan band. Ular bir vaqtning o‘zida mingta mayda-chuyda ishlar bilan mashg‘ul. Shuning uchun ham turmushlari va farovonliklarida katta o‘zgarishlar yasash imkoniyati tug‘ilganida, ular odatda: «Afsuski, men hozir juda bandman, boshqa ish bilan shug‘ullanishga vaqtim yo‘q», deb javob berishadi.
Juda tanish javob, shunday emasmi? Umid qilamanki, hozir siz faqat eski solingan izdan chiqib ketmaslikka zo‘r berib, ammo behuda urinayotganingiz yo‘q. Agar bu sizga qandaydir tasalli bera olsa, unda siz bu olamda aslo yolg‘iz emassiz. Muvaffaqiyatsizlikka uchrash uchun ham yutuqqa erishishdan kam urinish talab qilinmaydi. Aynan shu bois hayotlarida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y bermayotganiga hayron bo‘lib yashovchi faol va ishchan odamlar juda ham ko‘p.
Agar siz o‘zingizni shu toifaga mansub deb hisoblasangiz, unda ko‘p yillar oldin kimdir sizning «jon murvatingiz»ni burab qo‘ygan bo‘lsa kerak. Ha, aynan «jon murvatingiz»ni! Bir paytlar men bu atamaga bag‘ishlab butun bir kitob ham yozmoqchi bo‘lganman, ammo uni hozir birinchi marta muhokamaga tashlayapman.
Bir kuni men usti ochiladigan juda qimmat avtomobil sotib oldim. Sotuvchi menga bu qimmatbaho harakat vositasini o‘g‘irlashga qarshi moslamani ishga solmasdan ko‘chada qoldirmaslikni maslahat berdi. Mabodo, o‘g‘ri mashina eshigini ochib kirib, uni yurgizmoqchi bo‘lsa, sirenaning quloq pardasini yirtuvchi chinqirig‘i uni qo‘rqitib yuboradi. Tabiiyki, men rozi bo‘ldim.
Bir kuni kechqurun, muhim uchrashuvga kechikayotib, garajga kirdim va mashinamga o‘tirib, kalitni buradim... ammo o‘t olmadi. Hatto nomiga yo‘talib ham qo‘ymadi. Akkumulyatori o‘tirdimikan? Yo‘g‘-e. Men radioning qulog‘ini buradim — o‘sha zahoti musiqa ovozi eshitildi. So‘ng magnitofonga kasseta qo‘yib, tugmasini bosdim — Ella Fitsjeraldning ovozi taraldi. Yo‘q, akkumulyator joyida. Har ehtimolga qarshi oyna tozalagichlarni ham ishga solib ko‘rdim: ko‘rinmas teshiklardan oynaga tizillab suv otilib, tozalagichlar shitob bilan ishlay ketdi. Hafsalam pir bo‘lib va ozroq jahlim ham chiqib, uyga qaytib kirdim. Mashinamga xizmat ko‘rsatuvchi avtomobil dileriga sim qoqdim.
— Biz toychog‘ingizga o‘g‘irlashga qarshi moslama o‘rnatganmiz, to‘g‘rimi? — deb so‘radi u.
— Ha, naqd uch yuz dollar sanab berganman!
— Unda, balki, bilmasdan uning «jon murvati»ga tegib ketgan bo‘lsangiz kerak.
— «Jon murvati»ga?
— Ha. Bu eng murakkab o‘g‘irlashga qarshi moslamalarning xususiyatlaridan biri. Nima, o‘rnatishayotganida sizga tushuntirishmaganmidi?
Mening g‘azabim qaynab kela boshladi.
— Agar birov mashinamga «jon murvati» o‘rnatilganini aytganida, aniq esimda qolgan bo‘lardi. Nima o‘zi u, qaerda joylashgan?
— Bu o‘g‘irlashga qarshi moslamaning bir qismi. Mashinadan tushib eshigini berkitganingizdan keyin qanoti tagiga o‘rnatilgan teshikchadagi kalitni buraysiz, to‘g‘rimi? Shunda signalizatsiya ishga tushadi va kimda-kim eshikni ochishga yoki oynani sindirishga uringudek bo‘lsa, o‘sha zahoti sirena chalinadi.
— Ha, shunday.
— «Jon murvati» — bu qo‘shimcha himoya chorasi. U mashina saloniga, odatda panel yoki gilamcha tagiga o‘rnatiladi. Agar siz uni mashinadan tushish oldidan burab, keyin tashqi signalizatsiyani ishga solsangiz, o‘zingizni o‘g‘irlikdan to‘la himoyalanganman, deb hisoblashingiz mumkin. Hatto birov mashinaga kirib, sirena chinqirig‘i ostida uni yurgizishga urinsa ham qo‘lidan hech narsa kelmaydi. «Jon murvati» akkumulyator ozig‘ini yurgizish tizimi bilan bog‘lovchi elektr zanjirni uzib qo‘yadi. Avtomobilni umuman yurgizib bo‘lmaydi.
Men garajga qaytib keldim. Ammo harchand urinmay, «jon murvati»ni topa olmadim. Shuning uchun bir soatlardan keyin avtomobil firmasining vakili yetib keldi. Tabiiyki, u haydovchi oyoq qo‘yadigan joydagi gilamcha tagiga o‘rnatilgan jajji murvatni qiynalmay topdi. Murvat chindan ham buralgan ekan. Bilmasdan oyog‘im tegib ketgan bo‘lsa kerak. Biroq men boshqa jahl qila olmasdim, hatto o‘zimga ham. Shu voqea sabab kamina noyob iborani qo‘lga kiritdim. Har safar biror-bir kishini o‘z kuchini foydasiz ishga behuda sarflayotganiga ishontirmoqchi bo‘lsam, shu iboradan foydalanaman.
Ko‘rib turibsizki, mashinamga o‘tirib, kalitni buraganimdan keyin u binoyidek ishladi. Chiroqlar yondi, radiodan musiqa yangradi, oyna tozalagichlar ham o‘z ishini bajardi. Men taniydigan ko‘pgina odamlarga o‘xshab ketadigan juda ishchan mashina. Ammo bir ishni u qila olmadi. Har qancha faollik ko‘rsatmasin, mashina joyidan bir qarich ham qo‘zg‘ala olmadi, chunki men bilmasdan uning «jon murvati»ni burab yuborgan edim.
Hammamizning ham o‘z «jon murvati»miz bor. Balki yoshligimizda ota-onamiz yoki boshqa ko‘pni ko‘rgan hurmatli odamlardan biri jahl ustida yoki qizishib, bizdan hech kachon tuzuk odam chiqmasligini aytib yuborgandir. «Shirq» va tayyor! O‘zlari bilmagan va istamagan holda ular «jon murvati»mizni burab yubordilar. Shundan beri biz faqat ularning bashorati o‘ngidan kelishi uchun tirishib mehnat qildik, o‘z qilmishlarimizning sabablarini ham anglashga urinmadik. To‘g‘ri, biz «band»miz, biroq, xuddi mening mashinamga o‘xshab, negadir joyimizdan jilmayapmiz. Naqadar achinarli!
Engashib, «jon murvati»ngizni o‘chirib qo‘ying. Umringizni mayda-chuydalarga sarflashni, arzimas ishlarning ortiga yashirinishni bas qiling. Siz yaxshi yashashga qodirsiz.

XULLAS, SAKKIZINCHI QOIDA:

Boshqa hech qachon kun va tunlaringizni ikkinchi darajali va keraksiz narsalarga to‘ldirib yubormang, aks holda hayotning chinakam chaqirig‘iga javob berishga vaqtingiz qolmaydi. Bu ishga ham, dam olishga ham birdek taalluqli. Shunchaki «xo‘jako‘rsin»ga o‘tkazilgan kun bayram uchun sabab bo‘la olmaydi. Modomiki, siz doimiy kun tartibingizga ozgina o‘zgartirish kiritib, ko‘p narsaga erishishga qodir ekansiz, qimmatli vaqtingizni behuda sarflamang! Mayda-chuydalarga berilishni, omaddan berkinishni bas qiling. o‘sib-rivojlanishingiz uchun ham vaqt va joy qoldiring. Hoziroq! Ertaga emas, shu bugun!

TO‘QQIZINCHI QOIDA

Yaxshi yashash uchun ...

Bu kunni xuddi u hayotingizning so‘nggi kunidek yashang. Shuni unutmangki, «ertaga» so‘zi faqat nodonlar taqvimida uchraydi. Kechagi mag‘lubiyatlar haqida unuting va ertangi kun muammolariga e’tibor bermang. Sizning Qiyomat kuningiz kelgan. Uni yilning eng yaxshi kuniga aylantiring. «Agar umrimni qaytadan yashash imkoni bo‘lganda edi...», degan so‘zlardan g‘amginroq so‘zlar yo‘q dunyoda. Estafeta tayog‘ini oling-da, olg‘a yuguring. Bugun sizning kuningiz!

Omadsiz odamlarning ko‘pchiligi o‘zlarini xuddi zaxirasida ming yil umrlari bordek tutadilar. Nima uchun? Shuning uchunki, ular o‘z kuchlariga ishonmaydilar va mas’uliyatdan qochishni afzal ko‘radilar.
Xo‘sh, ular qobiliyatlarini sinab ko‘rishdan o‘zlarini qanday olib qochadilar? Buning yo‘llari juda ko‘p. Kimdir ichkilikka yoki aysh-ishratga mukkasidan beriladi. Kimdir keragidan ikki-uch soat ortiq uxlaydi. Tag‘in kimdir umrini krossvordlar yechib, boshqotirma suratlarni hal qilib yoki televizor ko‘rib o‘tkazadi. «Tashvish chekmang, — deyishadi ular. — Hamma ishni... ertaga qilish mumkin». Ertaga? Men bu dunyoda ancha-muncha yashab qo‘ydim, umrim davomida minglab taqvimlarni ko‘rdim, ammo ularning birortasida ham «ertaga» degan sanani uchratmadim.
Hech qachon vaqtga bunday bepisand munosabatda bo‘lmang. Siz hayot bilan shartnoma tuzmagansiz. Agar «kecha» — bu puli to‘langan chek bo‘lsa, «ertaga» — bu faqat qarz majburiyati, xolos. «Bugun» esa — qo‘lingizdagi bor naqdina. Agar undan imkoniyatingiz darajasida foydalana olmasangiz, bunga faqat o‘zingiz aybdor bo‘lasiz.
Vaqt bizning erkaligimizni ko‘tarmaydi.
Toki biz har bir kunga xuddi butun umrimizga qaragandek munosabatda bo‘lmas ekanmiz, birortamiz ham chinakam katta muvaffaqiyatga erisha olmaymiz.
«Kuniga bir marta» so‘zlarida qanday kuch zohir ekanligini Anonim piyonistalar jamiyati qutqargan millionlab kishilar juda yaxshi bilishadi. «Har bir inson o‘z yukini, u nechog‘li og‘ir bo‘lmasin, toki qorong‘i tushguncha tashishi mumkin. Har bir kishi hatto eng og‘ir ishni ham bir kun davomida bajarishi mumkin. Har bir inson boshqa odamlarga nisbatan toki quyosh bir kunlik yo‘lini bosib o‘tguncha bag‘rikenglik, mehribonlik va muhabbat bilan munosabatda bo‘lishi mumkin. Hayotning asl ma’nosi ana shunda», deb yozgan edi Robert Luis Stivenson.
Nechog‘lik qiyin bo‘lmasin, siz bugungi yukni yelkangizda ushlab qolishingiz, har kuni bittadan vazifani hal qilib, qo‘yilgan maqsadga sekin-asta yaqinlashib borishingiz mumkin.
Mabodo, siz o‘tmishda yo‘l qo‘ygan xatolaringizdan kuyinib yoki ertaga ro‘y berishi mumkin bo‘lgan dahshatli hodisalar haqida g‘am chekib, soatlab tosh qotib o‘tiradigan bo‘lsangiz, ixtiyoringizdagi bittayu bitta narsa — bu bebaho kun ham barmoqlaringiz orasidan sirg‘alib o‘tib ketadi.
Bugun — sizning kuningiz, siz o‘z qobiliyatlaringizni dunyoga qo‘rsatib, umumiy ishga hissa qo‘shishingiz mumkin bo‘lgan yagona kun. Ehtimol, siz hayotimizni tashkil qilgan buyuk birlikdagi o‘z ulushingizning ahamiyatini hech qachon anglamassiz, ammo siz baribir o‘z rolingizni o‘ynashingiz shart va chiqish navbati hozir sizniki.
Qanchalik band bo‘lmang, siz baribir avval bir lahzani, so‘ng — undan keyingi lahzani boshdan kechirasiz. Siz har qanday mushkul vaziyatdan qutulib chiqa olasiz, faqat butun e’tiboringizni shunga, ha, yolg‘iz shunga qaratsangiz, bas.
Kunni tugatgach, u bilan armonsiz xayrlashing. Kechagi yukni kelgusi tongga qoldirmang. Siz qo‘lingizdan kelgan bor ishni qildingiz. Agar sizga xato yoki muvaffaqiyatsizliklar xalaqit bergan bo‘lsa, ularni yoddan chiqaring.
Bu kunni va undan keyingi barcha kunlarni go‘yo umringiz quyosh botishi bilan tugaydigandek yashang. Boshingiz nihoyat yostiqqa teggach, bu kun qo‘lingizdan kelgan bor ishni qilganingizni o‘ylab uyquga keting.

XULLAS, TO‘QQIZINCHI QOIDA:

Bu kunni xuddi u hayotingizning so‘nggi kunidek yashang. Shuni unutmangki, «ertaga» so‘zi faqat nodonlar taqvimida uchraydi. Kechagi mag‘lubiyatlar haqida unuting va ertangi kun muammolariga e’tibor bermang. Sizning Qiyomat kuningiz kelgan. Uni yilning eng yaxshi kuniga aylantiring. «Agar umrimni qaytadan yashash imkoni bo‘lganda edi...», degan so‘zlardan g‘amginroq so‘zlar yo‘q dunyoda. Estafeta tayog‘ini oling-da, olg‘a yuguring. Bu sizning kuningiz!

O‘NINCHI QOIDA

Yaxshi yashash uchun ...

Bugundan boshlab hammaga — do‘stu dushmanga, tanishu notanishga — go‘yo ular yarim tunda olamdan o‘tadigandek munosabatda bo‘ling. Uchrashuvlaringiz nechog‘li qisqa bo‘lmasin, odamlarga bor mehringiz, e’tiboringiz va muhabbatingizni bering. Buni chin dildan, beg‘araz qiling. Shunda har kuningiz bayramga aylanadi.

Har qanday o‘yin qoidalari singari, turmushning barcha qoidalari ham bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq. Bitta qoidani bajarsangiz, u sizni keyingisiga olib keladi va hokazo. Biroq, hayot atalmish o‘yinni jiddiy o‘ynash kerakligini unutmang.
Har kuni go‘yo u hayotingizning so‘nggi kunidek yashay bilish — baxtli va muvaffaqiyatli turmushning bosh tamoyillaridan biri. Biroq, xuddi shunday kuchli va samarali yana bir qoida borki, uni avvalgi qoidadan farqli o‘laroq, juda kam odam biladi.
Har kunni go‘yo u hayotingizdagi yagona kunidek yashab, o‘zingiz bilan uchrashadigan barcha odamlarga — oila a’zolaringiz, qo‘ni-qo‘shnilaringiz, hamkasblaringiz, mijozlaringiz, ko‘chadagi yo‘lovchilar va hatto dushmanlaringizga ham (agar ular bo‘lsa), xuddi siz ularning har biri haqida qandaydir chuqur va ilohiy sirni biladigandek munosabatda bo‘ling. Mana, bu sir: ular ham yerda o‘zlarining so‘nggi kunlarini yashamoqdalar va yarim tunda jon beradilar!
Qiziq, agar siz kun oxirida bu odamlar chindan ham abadiy ko‘z yumishlarini aniq bilganingizda, ularga qanday munosabatda bo‘lar edingiz? Buni o‘zingiz yaxshi bilasiz: oldingidan ko‘proq mehr, e’tibor va muhabbat bilan. Xo‘sh, ular sizning bu mehribonligingizga qanday javob berishadi? Tabiiyki, xuddi shunday mehr-oqibat, e’tibor va muhabbat bilan. Har kuni shunday qiling. Xo‘sh, agar siz hayotingizni beg‘araz muhabbat bilan to‘ldirsangiz, u qanday o‘zgaradi? Ko‘rib turibman, siz jilmayyapsiz. Demak, javobni bilasiz.
Yigirma yil muqaddam, mualliflarni yangi kitoblarini radio, televidenie va gazetalarda reklama qilish uchun uzoq safarga jo‘natishganida, ular o‘zlarini hozirgidan ko‘proq yolg‘iz his qilishardi. Hozir ularni tom ma’noda qo‘llaridan yetaklab shahardan shaharga olib yurishadi, mehmonxonalarning puli oldindan to‘langan xos xonalariga joylashtirishadi. Oldingi paytlarda esa noshirlar avia-chiptalarni pochta orqali yuborib, mehmonxonada bitta xonani band qilib qo‘yishar, muallifni har bir shahardagi uchrashuvlar ro‘yxati bilan ta’minlashar edi. Aeroport va mehmonxonalarga o‘zimiz borishimiz, joydan-joyga doim taksida yurishimizga to‘g‘ri kelardi. Agar bir kunda yetti-sakkizta uchrashuv belgilangan-u (bu biz uchun favqulodda hodisa emasdi), uchrashuv joylari Los-Anjelesga o‘xshagan katta hududning turli yerlarida joylashgan bo‘lsa, kerakli joyga vaqtida yetib bora bilish uquvi irodamiz, chaqqonligimiz va uddaburonligimizning o‘ziga xos sinoviga aylanardi.
Bir necha yil avval, mamlakat bo‘ylab navbatdagi safarga chiqqanimda Neshvillda ro‘y bergan voqea hech yodimdan chiqmaydi. Qora tanli yoshgina taksichi yigit meni mehmonxonadan shahar atrofidagi mavzelardan biriga eltib qo‘ydi. Bu yerda men WSM-TV studiyasining «Kunduzgi shou» sida qatnashishim kerak edi. Yo‘l olis bo‘lgani tufayli, biz gaplashib qoldik. Haydovchi — uning ismi Reymond Brayt edi, mijozi televizorda chiqishini eshitib, boshi osmonga yetdi.
Uchrashuvlarimning bir necha varaqdan iborat zich ro‘yxatida bu das-tur studiyadan jonli efirga chiqishi ko‘rsatilgan edi, uning uslubi jaz-orkestr va bir nechta mashhur xonandalar ishtirokidagi «Tungi shou»ni esga solardi. Biz manzilga yetib kelgach, taksichi yigit:
— Bu Neshvilldagi eng zo‘r telestudiya! — deb xitob qildi.
Aftidan, odamlarga mehr-oqibat ko‘rsatish haqidagi qoida ongimga chuqur o‘rnashib qolgan edi, chunki bu haqda kechagi uchrashuvimda batafsil gapirib bergandim. Nima bo‘lganda ham, Reyga yo‘lkira haqini berayotib, tuyqus:
— Siz televizion shou qanday suratga olinishini ko‘rganmisiz? — deb so‘radim.
— Yo‘q, ser.
— Xo‘-o‘sh... agar bir yarim soat bo‘sh vaqtingiz bo‘lsa-yu, mashinangiz turib qolgani haqini to‘lasam, men bilan kirib, kamera oldida o‘zimni qanday alfozda ko‘rsatishimni ko‘rishni xohlamaysizmi?
— Gapingiz chinmi?
— Bo‘lmasa-chi. Shou tugaganidan keyin meni Koksberridagi kitob do‘koniga eltib qo‘yasiz, u yerda men soat bir yarimda o‘quvchilarga kitoblarimga dastxat yozib berishim kerak.
Taksichi hisoblagichga sariq bayroqchani ilib (bu uning mashina to‘xtab qolgani uchun haq olish niyati yo‘qligini anglatardi), mashinadan tushdi. Telestudiyada men yangi tanishimni shou boshlovchisi Teddi Bart va prodyuser Eleyn Genik bilan tanishtirdim. Ular bizni keng va charog‘on studiyaga boshlab kirishdi. Bu yerda orkestr allaqachon asboblarni sozlay boshlagan edi. Reyni birinchi qatordagi nufuzli mehmonlarga mo‘ljallangan joylardan biriga o‘tqizishdi. Men Teddi va Eleyn bilan bo‘lajak suhbat mavzusini muhokama qilgunimcha, Rey mashshoqlar asboblarini sozlab, o‘z chiqishlarini mashq qilishlari, kamera va mikrofonlarning esa har tomonga aylanishini hayrat bilan kuzatib o‘tirdi.
Shou tugaganidan so‘ng biz tez kitob do‘koniga yetib bordik. Keyin men Reyga qornim ochganini aytdim. U meni «shaharning o‘z qismi»dagi qahvaxonaga olib bordi. Kamina qahvaxonadagi yagona oqtanli mijoz edim. Shunga qaramay, meni bu yerda juda shirin gamburgerlar bilan siylashdi. Tamaddi qilib bo‘lganimizdan keyin hamyonimni chiqarish uchun cho‘ntagimga qo‘l soldim, biroq kimningdir kuchli qo‘li meni to‘xtatdi. Ovqatning haqini Rey to‘ladi, e’tirozimni u hatto eshitishni ham istamadi. So‘ng meni tag‘in ikkita joyga olib bordi. Bu yerda men radioda chiqishim kerak edi. Rey qaytib chiqqunimcha meni tashqarida kutib turdi. Keyin biz mehmonxonaga keldik. Bu yerdan narsalarimni olib, ro‘yxatdan o‘chib chiqqanimdan so‘ng, nihoyat, Rey meni aeroportga eltib qo‘ydi.
Yo‘lda men taksining orqa o‘rindig‘ida o‘tirib, mudrab qolibman. Bir vaqt:
— Mister Og... — degan do‘rillagan ovozdan o‘zimga keldim. Rey menga xuddi tok-shou boshlovchisi singari murojaat qilardi. — Mis-ter Og, men bu kunni hech qachon unutmayman.
— Nima uchun, Rey?
— Shuning uchunki, bu kun men o‘zimni birinchi marta katta odamdek his qildim.
Yo‘l bo‘yi, aeroportga yetgunimizga qadar men vaqti-vaqti bilan ro‘paramdagi ko‘zguda Reyning o‘zimga qadalgan katta moviy ko‘zlarini ilg‘ab, o‘ziga-o‘zi: «...birinchi marta o‘zimni katta odamdek his qildim», deb pichirlashini eshitib ketdim.
Aeroportda Rey taksidan tushib, yukimni yo‘lovchilar ro‘yxatga olinadigan joygacha olib borib qo‘ydi. Shu yerda men unga yo‘lkira haqini berdim. Kutilmaganda Rey meni quchoqlab oldi. Uning ko‘zlaridan tir-qirab yosh quyildi. Atrofdagilar bizni hayron kuzatishardi.
— Men sizni yaxshi ko‘raman, mister Og, — dedi Rey.
— Men ham seni yaxshi ko‘raman, Rey, — deb javob berdim ko‘nglim buzilib.
«Ular yarim tunda olamdan o‘tadi». Bu tamoyil siz uchrashadigan barcha odamlar bilan munosabatlar uchun yangi ufqlar ochadi. Unga amal qilish qiyin emas. Unga amal qilib siz hayotingizni uzil-kesil o‘zgartirishingiz mumkin. Urinib ko‘ring!

XULLAS, O‘NINCHI QOIDA:

Bugundan boshlab hammaga — do‘stu dushmanga, tanishu notanishga — go‘yo ular yarim tunda olamdan o‘tadigandek munosabatda bo‘ling. Uchrashuvlaringiz nechog‘li qisqa bo‘lmasin, odamlarga bor mehringiz, e’tiboringiz va muhabbatingizni bering. Buni chin dildan, beg‘araz qiling. Shunda har kuningiz bayramga aylanadi.

O‘N BIRINCHI QOIDA

Yaxshi yashash uchun ...

Turmush ustidan ham, o‘zingizning ustingizdan ham kulib yashang. Zaharxanda qilib emas, yo‘q — kulgi azob-uqubatlaringizni yengillashtiruvchi, ruhiy tushkunlikdan xalos qiluvchi, ayni damdagi muammolaringizni kelgusida hal qilishga yordamlashuvchi malham, shifobaxsh vosita bo‘lishi lozim. Og‘ir paytlarda tanglik va g‘am-tashvishni kulgi bilan quvib haydang, aniq va tiniq fikrlab, muammoning yechimini topish uchun aqlingizga joy bo‘shating. Yechim esa doim topiladi. O‘zingizga haddan tashqari jiddiy munosabatda bo‘lmang.
Kulgingiz biror marta ham yangramagan kunlar sizning eng ma’yus va g‘amgin kunlaringizdir. Quvnoq kulgi har bir xonadonga nur olib kiradi, har kuni, hatto g‘am-tashvishlar bilan kurashayotganingizda ham hazil-mutoyiba hissini yo‘qotmang. Har bir tabassum, samimiy kulgi umringizning qimmatli lahzalarini uzaytiradi.
Inson — kulish qobiliyatiga ega va balki, o‘z ustidan kulishga loyiq bo‘lgan yagona tirik mavjudot. Ammo «o‘z ustidan kulish uchun yetarli darajada mardlikka ega bo‘lgan kishilar hammadan yaxshiroq kuladilar. Bu ularda o‘ziga nisbatan xolis munosabatda bo‘lish qobiliyati mavjudligidan dalolat beradi. Agar siz bunga qodir bo‘lsangiz, barcha g‘am-tashvishlaringiz ortga chekinadi.
To‘g‘ri, hayotning og‘ir o‘yinida ma’lum qoidalar mavjud. Biroq, bu har qalay o‘yin ekanligi va uni haddan tashqari jiddiy qabul kilmaslik kerakligini hech qachon unutmang. Agar biz butun boshli kundan hech bo‘lmasa ozgina xursandchilik ololmasak, unda yashashning nima qizig‘i bor? O‘z ustidan kula bilish, o‘ziga haddan tash-qari jiddiy munosabatda bo‘lmaslik — bu men har qadamda eslaydigan o‘yin qoidasidir. Har safar o‘zimni haddan tashqari «ishbilarmon» his etib, oliftalik qila boshlasam yoki mashhur yozuvchi roliga kirsam, Tangri boplab adabimni berib, aqlimni... keyingi galgacha joyiga tushirib qo‘yadi.
Men bir necha kun mobaynida Atlanta atrofidagi radio va televizion stantsiyalarning‘ eshigini qoqib, endi chiroyli qora limuzinda shahardan taxminan ikki soatlik yo‘ldagi yirik savdo markaziga kitobxonlar bilan uchrashgani ketib borardim. Qo‘limdagi uchrashuvlar ro‘yxatida yo‘l-yo‘lakay kichkinagina xristianlar radiostantsiyasiga kirib, «hazrat Jon» nomi bilan mashhur jentelmen bilan jonli efirda yarim soatni o‘tkazishim kerakligi ko‘rsatilgan edi.
Nihoyat, biz bo‘yog‘i ko‘chgan kichkina oq kottej oldiga kelib to‘xtadik. Haydovchi men tomon qarab, xuddi kechirim so‘ragandek:
— Mana u, ser. Radiostantsiya, — dedi. Kiraverishdagi soyabonli pillapoyadan ko‘tarilib ulgurmasimdan eshik ochilib, hazrat Jonning o‘zi chiqib keldi. Men uni darrov tanidim, chunki oq ko‘ylagining ko‘krak cho‘ntagiga «hazrat Jon» so‘zlari qizil ip bilan chiroyli qilib tikib qo‘yilgan edi.
— Stantsiyamizga xush kelibsiz, ser! — dedi u meni quchoq-
lab. — Bu biz uchun katta baxt.
Biz qachondir mehmonxona bo‘lgan, biroq endi elektron uskunalar, kasseta va yozuvli qutilar uyib tashlangan xonadan yetaklashib o‘tdik. Hazrat Jon meni uyning orqa qismidagi o‘z «studiya»siga boshlab borar ekan, qulog‘imga qaerdadir kuylanayotgan diniy qo‘shiqlar ovozi chalindi.
— Bir necha daqiqadan keyin efirga chiqamiz. Bemalol joylashib o‘tiring, — deb mulozamat ko‘rsatdi mezbon.
Hazrat Jon qo‘li bilan ishora qilgan tomonda bo‘yalmagan yog‘och stol, uning ustida esa taxtaga bir nechta mix bilan qoqilgan mikrofon qiyshayib turardi. Men qattiq yog‘och kursiga o‘tirarkanman, Beshinchi avenyudagi xos xonalardagi noshirlarim o‘z mualliflarini qayoqqa yuborayotganlari haqida biron-bir tasavvurga egamikan, deb o‘ylar edim. Keyin meni hayratga solib hazrat Jon ham yonimga kursini surib o‘tirdi. Men tuyqus bu mikrofon studiyada bitta ekanligi va uni hazrat Jon bilan baham ko‘rishimizga to‘g‘ri kelishini tushundim. Atlantadagi zamonaviy radiostantsiyalarning hashamatiga solishtirganda, bu batamom ajablanarli hol edi. Biroq men yarim soatga bundan battarrog‘iga ham chidashga tayyor edim.
O‘sha safarimda men «Masihning vakolati» kitobimni reklama qilardim. Men bilan suhbatdan oldin bu kitobni o‘qimagan aksariyat suhbatdoshlarimdan farqli o‘laroq, hazrat Jon uni faqat o‘qibgina qolmay, yon daftariga qator aqlli savollardan iborat uzun ro‘yxat ham tuzib olgan edi. Efirga chiqqanimizdan keyin u mana shu yon daftariga qarab, meni savolga tutdi.
Munozaramiz juda chiroyli o‘tayotgan edi. Biroq, suhbatning qoq yarmida qo‘shni xonada telefon jiringladi. Tabiiyki, «studiya», aksariyat zamonaviy studiyalar singari, chetdan ovoz kirmaydigan qilib jihozlanmagan edi. Shu bois ayni savolga javob berayotgan paytimda quloqni batang qilib chinqirgan qo‘ng‘iroq meni maromdan chiqardi. Men gapning uchini yo‘qotdim.
La’nati telefon esa chinqirishda davom etardi. Nihoyat, asabi buzilgan hazrat Jon yon daftariga qarab, menga ro‘yxat bo‘yicha navbatdagi savolni berdi-da, zo‘r berib qilgan imo-ishoralarimga ham qaramay, qo‘shni xonaga aftidan, qo‘ng‘iroqqa javob berish uchun, chiqib ketdi. Men endi bo‘sh kursiga qarab gapirar, mikrofon esa so‘zlarimni efirga uzatardi. Kamina javobni tugatsam-u, boshlovchi ungacha qaytib kelmasa, nima qilaman, deb o‘ylab juda sekin, dona-dona qilib gapirardim.
Nihoyat, men bor gapimni aytib tugatdim. Hazrat Jondan esa hanuz darak yo‘q edi. Shunda men, aytish mumkinki, umrimda birinchi marta juda aqlli ish qildim. Qarshimda yotgan bloknotni oldim, savollar ro‘yxati ustidan barmog‘imni yurgizib, navbatdagi savolni topdim va: — hazrat Jon, fikri ojizimcha, siz kitobimning asosiy g‘oyasi qanday tug‘ilganini bilmoqchisiz? — dedim.
Shu asno men keyingi o‘n besh daqiqa davomida o‘zim bilan o‘zim suhbat qurdim!
Nihoyat, kimdir kelib yelkamga qoqdi. Boshlovchi va dastur mehmoni roliga shu qadar jiddiy kirishib ketibmanki, mezbonning qaytib kelganini ham sezmabman. U devorda osig‘liq kattakon soatga qo‘li bilan ishora qildi va mikrofonga engashib:
— Janob Mandino, studiyamizga tashrif buyurganingiz uchun tashakkur. Sizga va ajoyib kitobingizga kattadan-katta muvaffaq yatlar tilayman. Safaringiz bexatar bo‘lsin. Iloyo Tangri sizni o‘z panohida asrasin! — dedi.
Shu so‘zlarni aytib u stoldagi tugmalardan birini bosdi va men peshanamdagi terni artib, nafasimni rostlab olgunimcha efirda «Siondagi Tangriga shukrona» qo‘shig‘i yangradi. Keyin men bizni o‘zimizning ustimizdan kulishga o‘rgatuvchi turmushning juda muhim bir qoidasini eslash baxtiga musharraf bo‘ldim. Hazrat Jon boshdan-adoq yozib tashlangan arxiv varaqchasini qarshimda silkitib, juda mamnun qiyofada jilmaydi.
— Janob Mandino, sizni kuttirib qo‘yganim uchun uzr. Ammo siz bu sinovdan juda ustalik bilan o‘tdingiz. San-Diegodan onam qo‘ng‘iroq qilibdilar, sakson yashar kampir. O‘tgan safar gaplashganimizda menga sabzili pirog pishirishning eski oilaviy retseptini berishni va’da qilgandilar.
Dunyo ustidan, undan ham ko‘proq o‘zingizning ustingizdan kuling. Agar kulgi yaqin dorixonada sotilganida, oilaviy do‘xtiringiz sizga uni har kuni juda ko‘p miqdorda ichishni tayinlagan bo‘lardi. Ishoning, kulgi bilan yashash kulgisiz yashashdan ko‘ra yaxshiroq.

XULLAS, O‘N BIRINCHI QOIDA:

Turmushdan ham, o‘zingizning ustingizdan ham kulib yashang. Zaharxanda qilib emas, yo‘q — bu kulgi azob-uqubatlaringizni yengillashtiruvchi, ruhiy tushkunlikdan xalos qiluvchi, ayni damdagi muammolaringizni kelgusida hal qilishga yordamlashuvchi malham, shifobaxsh vosita bo‘lishi lozim. Og‘ir paytlarda tanglik va g‘am-tashvishni kulgi bilan quvib haydang, aniq va tiniq fikrlab, muammoning yechimini topish uchun aqlingizga joy bo‘shating. Yechim esa doim topiladi. O‘zingizga haddan tashqari jiddiy munosabatda bo‘lmang.

O‘N IKKINCHI QOIDA

Yaxshi yashash uchun ...

Mayda-chuydalarga hech qachon befarq qaramang. Ayni holatda qo‘lingizdan kelganini qilishga, bir necha ortiqcha daqiqa sarflashga, maqtov yoki tashakkur so‘zlarini aytishga hech qachon erinmang. Siz haqingizda boshqalar nima deb o‘ylashi ahamiyatsiz, ammo o‘zingiz qanday o‘ylashingiz juda muhim. Agar og‘ir vaziyatlarni yumshatishga urinib, mas’uliyatdan o‘zingizni olib qochadigan bo‘lsangiz, qo‘lingiz hech qachon baland kelmaydi. Siz o‘ziga xos odamsiz va o‘ziga xos tarzda ish tutishingiz kerak. Hech qachon mayda-chuydalarga befarq qaramang.

O‘qituvchi, talaba, ishchi, savdogar, avtobus haydovchisi, murabbiy, sportchi, liftchi, shifokor, huquqshunos — hayotda qaysi bir kasbni tanlagan bo‘lmang, qaysi bir kasb-hunar bilan tirikchilik qilmang — hech qachon, hech qachon mayda-chuydalarga befarq qaramang.
Darhaqiqat, biz voqea-hodisalar yashin tezligida rivojlanayotgan bir davrda yashamoqdamiz. Bu hovliqma olamda og‘ir vaziyatlarni yumshatish va ayrim majburiyatlarni bajarishdan qochishga o‘rganib qolish juda oson.
Biz tarix saboqlari va donolarning o‘gitlarini unutib qo‘yyapmiz. Nima ish bilan shug‘ullanmang, mayda-chuydalarga befarqlik sizga juda qimmatga tushishi mumkin.
Edison e’tiborsizlik oqibatida o‘ndan birga ajratuvchi nuqtani boshqa joyga qo‘yib, qimmatbaho patentga egalik qilish huquqini qo‘ldan chiqargan.
Robert de Vinchentso o‘zining noto‘g‘ri hisob ko‘rsatilgan hisob varaqchasiga qaramay qo‘l qo‘yib yuborgani tufayli muhim musobaqani boy bergan. Ushbu dono so‘zlarga ko‘pchiligingiz qo‘shilsangiz kerak:

Mix yo‘q edi —
Taqa
Yo‘qoldi.

Taqa tushib,
Ot
Oqsab qoldi.

Ot oqsadi —
Sardor
O‘q yedi.

Sardor o‘ldi —
Qo‘shin
Yengildi.

Yov shaharga kirdi,
Qildi xo‘b qirg‘in.
Nega?
Taqachida
Mix yo‘qligi uchun.
 («O‘rdak Momo qofiyalari»)

Aytishlaricha, Benjamin Franklin shu so‘zlarni takrorlashni yoqtirgan ekan.
Tabiiyki, har bir inson o‘ziga g‘oyat yoqadigan, hatto bepul bajarishga ham tayyor bo‘lgan ish topishni orzu qiladi. Afsuski, bunday baxtli odamlar juda kam topiladi. Shuning uchun ham ko‘pchiligimiz doimiy mehnatdan charchab, sekin-asta mas’uliyatdan qochishga urina boshlaymiz. Bu sizning o‘zingizga bo‘lgan munosabatingizga salbiy ta’sir qilishidan tashqari, mayda-chuydalarga befarqlik yoki yengiltaklik bilan qarash yanada kattaroq muammolarga olib keladi. Siz boshqacha odamsiz. Gaplaringiz yoki ishlaringiz bilan hamma narsani qoyillatib bajarish qobiliyatingizga boshqalarda zarracha shubha uyg‘otmang. Faqat omadsiz va o‘rtamiyona odamlargina mayda-chuydalarga e’tibor bermaydilar.
Bu oddiy, ammo kuchli haqiqatga ajoyib misol Nyu-York bandargohidagi Ozodlik oroli uzra qad rostlab turibdi. Agar qachondir Nyu-Yorkka kelsangiz-u, bir-ikki soat bo‘sh vaqtingiz bo‘lsa, Ist-Riverdagi Sharqiy o‘ttiz to‘rtinchi ko‘chadan boshlanuvchi vertolyot sayriga chipta sotib oling. Bandargoh uzra qad rostlagan Ozodlik haykaliga yaqinlashganda, unga alohida e’tibor bilan qarang.
Ozodlik ma’budasining po‘lat konstruktsiya bilan mustahkamlangan mis tanasi dengiz sathidan 305 fut balandlikda yuksalib turadi. Vertolyot haykalni aylanib o‘tayotganida, uning har bir soch tutami, xuddi ko‘ylagi va tanasining boshqa detallari singari, mayda-chuyda tafsilotlarigacha puxta va mukammal aks ettirilganining guvohi bo‘lasiz. Bu behad nozik ish haykaltarosh Ogyust Bartoldining Parijdagi ustaxonasida qo‘shimcha bir necha hafta mehnatni talab qilgani aniq. Holbuki, buyuk haykaltarosh bu bir necha haftani tejab qolishi ham mumkin edi — chunki o‘sha payt hech kim, hatto istagan taqdirda ham, Ozodlik ma’budasining boshini yaqindan ko‘ra olmasdi!
Haykal prezident Grover Klivlend tomonidan 1886 yil 28 oktyabrda ochildi. 1886 yili hali samolyotlar yo‘q edi! Aka-uka Rayt o‘zlari qurgan birinchi aeroplanda yerdan faqat o‘n yetti yil keyin ko‘tarilishga muvaffaq bo‘ldilar. Bartoldi haykalni tepadan faqat dengiz chag‘alaylarigina ko‘rishi, ma’budaning soch tutamlari puxta va mukammal ishlanmasa, buni hech sezmasligini juda yaxshi bilardi. Biroq buyuk san’atkor yengil yo‘l izlamas edi. Shuning uchun ham ma’budaning har bir soch tolasi, kokili — o‘z o‘rnida!

XULLAS, O‘N IKKINCHI QOIDA:

Mayda-chuydalarga hech qachon befarq qaramang. Ayni holatda qo‘lingizdan kelganini qilishga, bir necha ortiqcha daqiqa sarflashga, maqtov yoki tashakkur so‘zlarini aytishga hech qachon erinmang. Siz haqingizda boshqalar nima deb o‘ylashi ahamiyatsiz, ammo o‘zingiz qanday o‘ylashingiz juda muhim. Agar og‘ir vaziyatlarni yumshatishga urinib, mas’uliyatdan o‘zingizni olib qochadigan bo‘lsangiz, qo‘lingiz hech qachon baland kelmaydi. Siz o‘ziga xos odamsiz va o‘ziga xos tarzda ish tutishingiz kerak. Hech qachon mayda-chuydalarga befarq qaramang.

O‘N UCHINCHI QOIDA

Yaxshi yashash uchun ...

Har bir tongni quvonch bilan qarshi oling. Har bir yangi kunga Tangrining navbatdagi in’omi, kecha tugata olmagan ishingizni nihoyasiga yetkazish uchun berilgan navbatdagi ajoyib imkoniyat sifatida qarang. Kayfiyatingizni kelayotgan kunga sozlang. Birinchi soatdayoq muvaffaqiyat g‘oyasi, bugun qiladigan ijobiy ishlaringizning g‘oyasi tug‘ilsin. Bu kun boshqa hech qachon qaytarilmaydi. Uni dastlabki onlardan boshlab, bekorga sarflamang. Yomon kayfiyat tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchrashdan ortiq bemaza narsa yo‘q.
Kayfiyatingizni kelayotgan kunga sozlang. Har bir yangi tongni quvonch bilan qarshi oling va kechagi natijalaringizdan o‘zish imkoniyatini bergani uchun Tangriga shukrona ayting. Ko‘pchilik yangi kun nima olib kelarkin, deb qo‘rqib, ertalab o‘rnidan turgisi kelmaydi. Ular ertalabki xulq-atvorimiz kunning qolgan qismiga o‘z muhrini bosib, bizni ertangi kunga va kelgusidagi barcha kunlarga tayyorlashini tushunmaydilar.
Navbatdagi kun ham tushkun, quvonchsiz va zerikarli o‘tishini his etgan holda, faqat kun botganidan keyin ko‘rishimiz mumkin bo‘lgan yaxshi tushgagina umid qilib uyg‘onish naqadar dahshatli!
Bundan yaxshirog‘i esa shu: har bir tongni quvonch bilan kutib olish, kun o‘zida yashirgan imkoniyatlar uchun unga rahmat aytish, atrofdagilarga mehr-muhabbat ko‘rsatish, do‘stu dushmanga xushmuomalalik va bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lish, yaxshi bajarilgan ishdan lazzatlanish. Har bir yashab o‘tilgan kun hayotingizda ana shunday iz qoldirishi kerak.
Biroq, eng muhimi — tongni quvonch bilan qarshi oling. Bosh chayqayapsizmi? Nachora, agar bu oddiy mashq ham sizga og‘ir bo‘lib tuyulayotgan bo‘lsa, agar ertalab uyg‘onib quvonish uchun sabab yo‘qligini his qilsangiz, tushkunlikka tushmang. Bu hammaning hayotida bo‘ladi. Shunday kunlar bo‘ladiki, hatto dunyodagi eng quvnoq odamlar ham o‘zlarini qurshagan olam bilan muloqot qilishdan ko‘ra to‘rt devor ichida yolg‘iz o‘tirishni afzal ko‘radilar. «Yomon» kunlar hammada, hatto eng obro‘li siyosiy arboblar, mashhur sportchilar va yirik korporatsiyalarning prezidentlarida ham uchraydi. Hammamiz ham ba’zan gavjum bekatlarda avtobus kutish, qaysar mijozlarga sim qoqish yoki qo‘pol boshliq bilan uchrashish o‘rniga boshimizni yumshoq yostiq ostiga yashirish istagi bilan uyg‘onamiz.
Mabodo, siz ertaga ertalab navbatdagi kun og‘ir kechishi, har qancha urinmang, sizga hech qanday mukofot keltirmasligini his qilib uyg‘onadigan bo‘lsangiz, ruhingizga butun kun mobaynida bardamlik baxsh etadigan bir maslahat beraman. Bu oddiy usul yoki fokus — qanday istasangiz, shunday atang — hech qachon pand bermaydi, sizga bir tsentga ham tushmaydi, shunga qaramay, siz uchun po‘rtahol sharbati, qahva, bifshteks, quymoq yoki ruhni ko‘taradigan musiqa yozilgan kassetadan ham ko‘proq foyda keltiradi. Siz o‘zingizni qurshagan olamga ijobiyroq, qizg‘inroq, unumliroq... va minnatdorona munosabatda bo‘la boshlaysiz.
Agar ertalab o‘zingizga nisbatan qattiq achinish hissi bilan uy-g‘onsangiz, yangi gazetani olib o‘qing. Faqat birinchi sahifasiga qaramang, aks holda chindan ham yerto‘laga tushib yashiringingiz kelib qoladi. Buning o‘rniga... ta’ziyalar bosilgan sahifaga ko‘z tashlang!
U yerda siz bilan bajonidil o‘rin almashishga, barcha g‘am-tashvish, ikkilanish, qo‘rquv va muammolaringizni o‘z yelkasiga olishga tayyor bo‘lgan odamlarning uzun ro‘yxatiga ko‘zingiz tushadi. Keyingi safar ertalab uydan chiqqingiz kelmasa, shu usulni sinab ko‘ring. Keyin menga rahmat aytasiz.
Endi qushlarning sayrashini eshitayotgandirsiz?

XULLAS, O‘N UCHINCHI QOIDA:

Har bir tongni quvonch bilan qarshi oling. Har bir yangi kunga Tangrining navbatdagi in’omi, kecha tugata olmagan ishingizni nihoyasiga yetkazish uchun berilgan navbatdagi ajoyib imkoniyat sifatida qarang. Kayfiyatingizni kelayotgan kunga sozlang. Birinchi soatdayoq muvaffaqiyat g‘oyasi, bugun qiladigan ijobiy ishlaringizning g‘oyasi tug‘ilsin. Bu kun boshqa hech qachon qaytarilmaydi. Uni dastlabki ondan boshlab, bekorga sarflamang. Yomon kayfiyat tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchrashdan ortiq bemaza narsa yo‘q.

O‘N TO‘RTINCHI QOIDA

Yaxshi yashash uchun ...

Agar ulkan orzuingiz sari kundan-kunga to‘xtovsiz intiladigan bo‘lsangiz, unga albatta erishasiz. Shuning uchun har kuni oldingizga yengil va uzoq muddatga mo‘ljallangan, lekin zarur ishlarni bajarishni maqsad qilib qo‘ying. Ular sizni qadamma-qadam orzuingiz cho‘qqisiga olib chiqadi. Agar sizga shu qulay bo‘lsa, ularni yon daftaringizga yozib boring, biroq ro‘yxatni shunday tuzingki, bugungi tugallanmagan ishlarni ertaga qoldirishga to‘g‘ri kelmasin. Ulkan ehromni bir kunda qurib bo‘lmasligini unutmang. Sabr-toqatli bo‘ling. Ish soatlarini asosiy maqsaddan chalg‘itadigan o‘tkinchi narsalar bilan to‘ldirmang. Hamma ishlarni maromiga yetkazib bajaring, bu kunni xursandchilik bilan o‘tkazing va amalga oshirgan ishlaringizdan katta qoniqish hosil qiling.

Oldimizga maqsad qo‘yishimiz juda oson. Istalgan birimiz kelgusida bajarishni mo‘ljallagan ishlarning uzun ro‘yxatini tuzishimiz, keyin esa... uni bir chekkaga surib qo‘yib, avvalgidek yashashda davom etishimiz mumkin.
Keling, bu muammoni hal qilishingizga yordam beray, zero u ba’zan juda ko‘p odamlar uchun katta to‘siqqa aylanadi. Lekin oldin sizni bir narsa haqida ogohlantirib qo‘yay. Sizni kundan kunga, yildan yilga uzoq va tinim bilmay mehnat qilishga majburlaydigan, o‘zingiz va suygan odamlaringiz uchun ham vaqt qoldirmaydigan har qanday maqsad — bu maqsad emas, balki hukmdir. U sizni — moddiy farovonlik va muvaffaqiyatga erishasizmi yo yo‘qmi, qat’i nazar — baxtsiz turmush kechirishga mahkum etadi.
Bizga ko‘pincha: «Hayot — bu darbadarlik», deb uqtirishadi. Sotsiologiya sohasidagi mutaxassislar bu iborani huda-behuda qo‘llayveradilar, uni katta-katta harflar bilan kitoblarning muqovalariga joylashtiradilar, o‘nlab audiokassetalardan ham shu so‘zlar jaranglaydi: «Hayot — bu darbadarlik!» Shu qadar chiroyli jaranglaydiki, eshitgan odam unga laqqa ishonadi.
Aslida bu ahmoqona ibora muvaffaqiyatning birinchi pog‘onasiga yetish uchun har qanday yo‘qchiliklarga chidashingiz, holi-joningiz qolmaguncha tinmay ishlashingiz kerakligini anglatadi. Ammo shuning o‘zi kifoya qilmaydi. Hayot — bu darbadarlikmi? Unda chuqur tin oling-da, suygan odamlaringizdan yo‘lingizdan qochishlarini so‘rab, so‘ng kundan kunga, toki ikkinchi pog‘onaga ko‘tarilguningizga qadar ishlab, zahmat chekishda davom eting. Qoyil! Xo‘sh, endi tinchlansak bo‘lar? E yo‘q, kechirasiz. Buni darbadarlik deydilar, do‘stim. Yana bir chuqur tin olasiz-da, toki keyingi pog‘onaga, so‘ng esa — keyingisiga ko‘tarilgunga qadar zahmat chekaverasiz.
Nihoyat, ajoyib kunlarning birida...
Buyuk rus yozuzchisi Lev Tolstoy odamlar aslida baxt-saodat keltirmaydigan allaqanday maqsadlarga erishishga urinib, har doim mag‘lubiyatga uchrashlari haqida ajoyib bir rivoyat yozib qoldirgan. Paxom ismli bir dehqon agar menda ham, xuddi boylardagidek, juda ko‘p yerim bo‘lganida, ulkan muvaffaqiyatga erishgan bo‘lardim, degan ishonch bilan yashaydi. Buni o‘z hayotining birdan-bir maqsadi deb hisoblaydi. Nihoyat, bir kuni kelib unga taklif qilishadi: tong-dan shomga qadar qancha yerni yugurib bosib o‘tsang, hammasi seniki bo‘ladi, degan shart qo‘yishadi.
Paxom bu ajoyib taklif qilingan olis o‘lkaga ko‘chib borish uchun o‘zining bor bud-shudini sotadi. Yo‘lda ko‘p azob-uqubatlarni boshdan kechirib, manzilga yetib keladi va ertagayoq o‘zining ulkan orzusini amalga oshirishga tayyor ekanligini bildiradi.
Erta tongdan Paxom ikki oyog‘ini qo‘liga olib, shitob bilan yugurishga tushadi. U oldida faqat o‘z maqsadini ko‘radi va unga erishish uchun atrofga ham, jazirama issiqqa ham qaramay, olg‘a intiladi. Kun bo‘yi u tezlikni pasaytirmay, yeb-ichish yoki dam olish uchun ham to‘xtamay yuguradi. Uning yer-suvi dam sayin ko‘payib boradi. Nihoyat, quyosh ufq ortida ko‘zdan yo‘qolib, yerga qorong‘i tushgach, Paxom marraga yetib keladi. G‘alaba! U o‘z maqsadiga erishdi! Muvaffaqiyat!
Biroq... so‘nggi qadamni tashlab, Paxom sillasi qurib yerga yiqiladiyu, joni uziladi. Endi unga kerak bor narsa — faqat olti fut qora yer, xolos...
Bu kun ham, xuddi boshqa kunlar singari, Tangrining sizga qilgan alohida in’omi. Oldingizga shunday maqsadlar qo‘yingki, ularga erishish kun oxirida sizga quvonch baxsh etsin. Ularning ayrimlari sizga kun davomida quvonch va taskin baxsh etsa ham mayli. Kundalik vazifalaringizni shunday rejalashtiringki, ular siz o‘z orzularingizga erishish sari tashlagan alohida qadamlar bo‘lsin. Muvaffaqiyatga erishish uchun bor imkoniyatingizni ishga soling. Bordi-yu, bugun muvaffaqiyat qozona olmasangiz, urinishlaringizni ertasiga davom ettiring.
Rim faylasufi Seneka shunday degan edi: «Bugungi kunidan quvongan, o‘tmishga qaram bo‘lmagan va kelajakdan qo‘rqmaydigan odam chinakam baxtlidir. Umid va xavotirlar bilan o‘zimizni aldamay, boriga qanoat qilmog‘imiz darkor, zero shukr qilgan odam hech narsa istamaydi. Insoniyatning eng buyuk ne’mati insonlarning o‘zida. Dono odam o‘z qismatiga — u qanday bo‘lmasin shukr qiladi va o‘zida yo‘q narsaga ega bo‘lishga intilmaydi».
Uzoq va mazmunli hayot yo‘lini bosib o‘tgan, o‘z iste’dodi va mehnati bilan moddiy farovonlikka erishib, butun dunyoda tan olingan amerikalik buyuk bir komik yaqinda bergan intervyularidan birida o‘z muvaffaqiyatiga doimo shubha qilganini tan oldi. «Ba’zan ertaga ertalab uyg‘onaman-u, hammasi g‘oyib bo‘ladigandek, kimdir kelib: «Bo‘ldi, og‘ayni. Sen uchun hammasi tugadi», deydi-yu, men unga ishonadigandek bo‘lib tuyuladi», dedi u. Yoshi oltmishdan oshganiga qaramay, bu har tomonlama qobiliyatli odam xuddi Paxomga o‘xshab yugurishda — teatrlar, tungi klublar, kino va televidenieda paydo bo‘lishda davom etmoqda. Uning muxlislari bundan, albatta, xursandlar. Biroq, men uning ba’zida to‘xtashi va atirgullarning so‘nggi gulbargi to‘kilib tushmasidan, ularning atridan bahra olishini istardim.
Biz hammamiz hayot girdobida aylanamiz. Shopengauer aytganidek, agar inson yiqilishni istamasa, xuddi dorboz yanglig‘ arqonda muvozanatni saqlab, tinimsiz olg‘a intilishi kerak. Bu naqadar achinarli! Ammo, ishonchim komilki, bundan yaxshiroq yashash ham mumkin.

XULLAS, O‘N TO‘RTINCHI QOIDA:

Agar ulkan orzuingiz sari kundan-kunga to‘xtovsiz intiladigan bo‘lsangiz, unga albatta erishasiz. Shuning uchun har kuni oldingizga yengil va uzoq muddatga mo‘ljallangan, lekin zarur ishlarni bajarishni maqsad qilib qo‘ying. Ular sizni qadam-baqadam orzuingiz cho‘qqisiga olib chiqadi. Agar sizga shu qulay bo‘lsa, ularni yon daftaringizga yozib boring, biroq ro‘yxatni shunday tuzingki, bugungi tugallanmagan ishlarni ertaga qoldirishga to‘g‘ri kelmasin. Ulkan ehromni bir kunda qurib bo‘lmasligini unutmang. Sabr-toqatli bo‘ling. Ish soatlarini asosiy maqsaddan chalg‘itadigan o‘tkinchi narsalar bilan to‘ldirmang. Hamma ishlarni maromiga yetkazib bajaring, bu kunni xursandchilik bilan o‘tkazing va amalga oshirgan ishlaringizdan katta qoniqish hosil qiling.

O‘N BESHINCHI QOIDA

Yaxshi yashash uchun ...

Hech kimga kayfiyatingizni buzib, kelayotgan kunga tushkunlik va omadsizlik soyasini solishiga yo‘l qo‘ymang. Shuni unutmangki, birovning xatosini topish uchun qobiliyat ham, mardlik ham, teran aql ham kerak emas. Agar o‘zingiz bunga yo‘l qo‘ymasangiz, hech qanday tashqi sharoitlar sizga o‘z hukmini o‘tkaza olmaydi. Vaqtingiz oltinga teng, shuning uchun ham siz uni nafrat, rashk va hasadning qora kuchlari bilan olishib, behuda sarflay olmaysiz. Umringiz omonat. Uni ko‘z qorachig‘ingizdek asrab-avaylang. Gulni yolg‘iz Parvardigor yaratmoqqa qodir. Biroq har qanday esi yo‘q bola uni sindirishi mumkin.
Monten aytganidek, hayot juda nozik, uning maromini buzish juda ham oson. Nimadir o‘zimiz istagandek kechmasligi mumkin. Ko‘pincha mayda ko‘ngilsizliklar, xuddi mayda harflar ko‘zimizni charchatganidek, turmushimizni g‘am-tashvishlarga to‘ldiradi.
Umuman olganda, inson — juda nozik mavjudot. Biz yaxshi kayfiyat, mehnat qilishga katta rag‘bat bilan uyg‘onishimiz, biroq ikki og‘iz qo‘pol gap, kiyimimizga to‘kilgan qahva yoki tiqilinch avtobus kayfiyatimizni butun kunga buzishi mumkin.
Hech kim va hech narsa sizni muvozanatdan chiqarishiga yo‘l qo‘ymang. Sizga, sizning iste’dodingiz, ishingiz yoki turmush tarzingizga hasad qiluvchi tanqidchi, g‘iybatchi yo beor odamlar har doim topiladi. Ularga e’tibor bermang: it hurar — karvon o‘tar. Vaqtingiz oltinga teng, uni insonda birorta ham yaxshi xislatni ko‘ra olmaydigan, ammo kamchiliklarini doston qilishdan lazzatlanadigan bir to‘da hasadgo‘ylar bilan olishishga sarflamang. Ular — kechasi ko‘rib, kunduzi so‘qirga aylanadigan odam qiyofasidagi boyo‘g‘li. Bunday odamlar sichqonning shitirini ezgu intilishlardan ajrata olmaydi.
Mabodo, siz mayda ko‘ngilsizliklar va har kuni eshitishingiz mumkin bo‘lgan turli fisq-fasod gaplarni ko‘nglingizga oladigan bo‘lsangiz, o‘zingizga katta zarar yetkazasiz. Agar bunday gaplarni pisand qilmay, o‘zingizdan nari haydasangiz, ular sekin-asta o‘z kuchini yo‘qotadi. G‘iybatchilar hamma yerda topiladi. Shuni unutmangki, hasad ham xuddi qurtga o‘xshab, doim eng shirin olmani qidiradi. O‘z kuchi va iqtidori bilan muvaffaqiyatga erisha olmagan odamlar boshqalarni ham o‘zlariga tenglashtirishdan lazzatlanadilar, degan edi Franklin.
Agar tarki dunyo qilib yashaydigan bo‘lsangiz, muvaffaqiyatga erisha olmaysiz. Shuning uchun o‘zingizni qurshagan olam bilan, demakki, undagi barcha ko‘ngilsizliklar va o‘zingizga nisbatan tanqidiy munosabat bilan ham muomala qilishingizga to‘g‘ri keladi. Biroq, agar o‘zingiz bunga izn bermasangiz, hech qanday tanqid kayfiyatingizni buza olmaydi. Hasadgo‘ylardan yuz buring.
Ularning g‘alamisliklariga hech qachon jahl va qiziqqonlik bilan javob bermang. Bu bitta kalamushdan qutulaman deb o‘z uyiga o‘t qo‘yish bilan barobar. Hech qachon ularga teng bo‘lmang. Qullik va tushkunlik botqog‘idan buyuklik toqiga ko‘tarilgan Buker T. Vashington: «Men hech kimga o‘zimni undan nafratlanishga majburlab, qalbimni tahqirlashiga yo‘l qo‘ymayman», deya bizga hayotdan qimmatli saboq beradi. Kelgusi safar sizni birov xafa qilmoqchi bo‘lsa, shu so‘zlarni eslang va ularning mag‘zini chaqing.
“Tashqi hech narsa menga o‘z hukmini o‘tkaza olmaydi“. Uolt Uitmenning2 bu shiori sizning ham shioringizga aylansin. Shunda turmushingiz tinchlik va osoyishtalikka to‘ladi.
Ko‘p yillar muqaddam, yakshanba kuni ertalab, men Texas shtatining El-Paso shahri yaqinidagi qahvaxonada tamaddi qilib, mijozlar bilan hazillashgancha stoldan stolga qatnab o‘z ishini bajarayotgan chaqqon va shaddod xizmatchi qizni kuzatib o‘tirardim. U o‘z ishini bajonidil bajarar, hayotdan bor bo‘yi lazzatlanar, kayfiyati beixtiyor atrofidagilarga ham o‘tmoqda edi. Shu qiz tufayli biz hammamiz o‘zimizni jinday yaxshiroq his qilmoqda edik.
Chinni idishdan qahva ho‘plab, meni oldinda kutayotgan uzoq safar haqida o‘ylab o‘tirardim. Shu payt qo‘shni stulga og‘ir jomadon ko‘targan keksa bir kishi kelib o‘tirdi. U taomnomaga shoshilinch ko‘z tashlab, so‘ng xizmatchi qizimizni qo‘li bilan imlab chaqirdi. Qiz ildam yurib unga yaqinlashdi, Texasdagi eng chiroyli tabassum bilan jilmaydi va:
— Bugun ajoyib kun, shunday emasmi? — dedi. Kishi ensasi qotib aftini burishtirdi.
— Nimasi ajoyib ekan? — deb to‘ng‘illadi u.
Qiz hech narsa bo‘lmagandek jilmayishda davom etdi.
— Shunday kunlardan bir nechtasini o‘tkazib ko‘ring, ser, o‘shanda bilasiz, — dedi u.
Siz o‘z turmushingizning sohibisiz. Kimdir kayfiyatingizni buzib, dilingizni xira qilayotgan ekan, bunga o‘zingiz sababchisiz. Chunki bunday qilishiga o‘zingiz yo‘l qo‘yyapsiz. Boshqa yo‘l qo‘ymang, xo‘pmi!

XULLAS, O‘N BESHINChI QOIDA:

Hech kimga kayfiyatingizni buzib, kelayotgan kunga tushkunlik va omadsizlik soyasini solishiga yo‘l qo‘ymang. Shuni unutmangki, birovning xatosini topish uchun qobiliyat ham, mardlik ham, teran aql ham kerak emas. Agar o‘zingiz bunga yo‘l qo‘ymasangiz, hech qanday tashqi sharoitlar sizga o‘z hukmini o‘tkaza olmaydi. Vaqtingiz oltinga teng, shuning uchun ham siz uni nafrat, rashk va hasadning qora kuchlari bilan olishib, behuda sarflay olmaysiz. Umringiz omonat. Uni ko‘z qorachig‘ingizdek asrab-avaylang. Gulni yolg‘iz Parvardigor yaratmoqqa qodir. Biroq har qanday esi yo‘q bola uni sindirishi mumkin.

O‘N OLTINCHI QOIDA

Yaxshi yashash uchun ...

Har qanday kiyinchiliklarda ham yaxshilik urug‘ini izlang. Agar bu qoidaga amal qilsangiz, shunday bebaho qalqonga ega bo‘lasizki, u sizni eng og‘ir vaqtlarda ham ishonchli himoya qiladi. Yulduzlar tog‘ cho‘qqisidai ko‘rinmagan payt ularni chuqur quduqning tubidan turib ko‘rish mumkin. Qiyinchiliklar davrida shunday narsalardan xabar topishingiz mumkinki, boshqa vaziyatlarda ular haqida hech qachon bilmasdingiz. Har qanday holatda ham yaxshilik urug‘i bo‘ladi. Bu urug‘ni toping va undan foydalaning.

Bu voqea Klement Stounning «Cheksiz muvaffaqiyat» jurnaliga bosh muharrir qilib tayinlashganidan bir yil keyin ro‘y berdi. Pol Xarvining milliy radiodagi reklamasi yordamida tirajimiz misli ko‘rilmagan miqdorga yetdi. Buni mening ish xonamda osig‘liq turgan jurnalning sotilish jadvali yaqqol ifodalar edi. O‘shanda men bir dahshatli xatoga yo‘l qo‘ydim. Bu xato faqat biz qo‘lga kiritgan barcha muvaffaqiyatlarni yo‘qqa chiqaribgina qolmay, kelajakda kompaniyamizga juda katta moddiy zarar ham keltirishi mumkin edi.
Nima ish qilib qo‘yganimni tushunganim zahoti Klement Stounga sim qoqib, qabuliga kirishga ruxsat so‘radim. Uchrashuvda xatoga qanday yo‘l qo‘yganimni batafsil, hech narsani yashirmay gapirib berdim. Janob Stoun gaplarimni diqqat bilan eshitdi, faqat bir necha marta ma’lum holatlarga oydinlik kiritish uchungina gapimni bo‘ldi. Aybdorlik hissi meni tobora kuchliroq qamrab borardi. Menga ishonch bildirgan odamning yuzini shuvut qilganimni o‘ylab ezilar, bo‘ynimga qilich tushadigan damni sabrsizlik bilan kutardim. Noshir sifatidagi faoliyatim tugaganiga shubha qilmasdim.
Janob Stoun uzun «Gavana» sigarasini tutatgancha bir necha muddat shiftga tikilib o‘tirdi. Nihoyat, u jilmayib men tomon yuz burdi va:
— Juda yaxshi bo‘pti, Og! — dedi.
Yaxshi bo‘pti? Ie, esi joyidami o‘zi? Men unga katta moddiy zarar yetkazib, sevimli jurnalini yopilish xavfiga qo‘ygan bo‘lsam-u, u menga juda yaxshi bo‘pti, deydi-ya! Men miq etmadim; aftidan, hayronlik hissi gapirishga imkon bermadi. Keyin janob Stoun men tomon engashdi va qo‘limdan ohista ushlab:
— Chindan ham juda yaxshi bo‘pti, Og. Sababini senga hozir tushuntirib beraman, — dedi.
Shundan so‘ng bu buyuk inson menga turmushning bebaho bir qoidasini o‘rgatdi. Bu qoidaga men so‘nggi yigirma besh yil davomida qat’iy amal qilib kelaman. Stoun menga ahvolni batafsil tushuntirib berdi. Garchi u vaziyat naqadar mushkul ekanligini juda yaxshi anglasa-da, agar biz yuzaga kelgan muammoni yaxshilab, xolisona ko‘rib chiqsak, unda yaxshilik urug‘ini albatta topishimiz, uni o‘z foydamizga ishlata olishimizga ishonchi komil edi. U, Tangri bir eshikni yopsa, ikkinchisi ochiq qoldirishini menga eslatdi. Keyingi bir necha soat davomida biz muammomizning har turli jihatlarini muhokama qildik. Nihoyat, fikr-mulohazalarimiz bilan bir dunyo qog‘ozni to‘ldirib, reja tuzdik. Bu reja oxir natijada faqat ko‘rilgan katta zararni qoplabgina qolmay, keyingi yillarda reklamadan yanada ko‘proq foyda olishimiz uchun ham imkon yaratdi. Bu bir necha soat men uchun umrimda olgan eng buyuk saboqlardan biri bo‘ldi.
Har qanday qiyinchiliklarda ham doimo yaxshilik urug‘ini izlang. Bu qoidaga amal qilish juda qiyin. Ammo har qanday muammoni «Juda yaxshi bo‘pti!», deya qabul qilib, keyin uni sinchiklab ko‘rib chiqsangiz va mavjud har bir imkoniyatdan o‘zingiz uchun foyda chiqarsangiz, har qanday mag‘lubiyatni ham g‘alabaga aylantira olasiz.
O‘n to‘qqizinchi asr oxirida «o‘zingga o‘zing yordam ber» deb nomlangan muvaffaqiyat mavzusidagi birinchi kitobni yozgan Semyuel Smayls: «Biz yutuqlarimizdan ko‘ra muvaffaqiyatizliklarimizdan ko‘proq saboq olamiz. Boshi berk ko‘chaga kirib qolgach, biz ko‘pincha undan chiqishning yangi yo‘llarini kashf qilamiz, qarshimizda yangi ufqlar paydo bo‘ladi. Umrida biror marta xato qilmagan odam o‘z xatosi tufayli yangi biror nimani anglash zavqini hech qachon tuymaydi», degan edi.
Ko‘ngilsiz vaziyatlardan foyda chiqarish qoidasi insoniyatning o‘zi kabi ko‘hnadir. Hayotlariga xavf solgan buyuk dushmanlarini o‘zlariga xizmat qilishga majburlab, ming yilliklar bo‘hronidan omon chiqqan Santa-Klaus do‘stlari — eskimoslarni eslang. Ular o‘z ixtiyorlaridagi yagona xom ashyo — qor bilan muzdan o‘zlariga issiq, shinam va mustahkam kulbalar qura oldilar. Men bilan birga golf o‘ynaydigan eski tanishim hayotning chinakam sinovi, xuddi golfdagi singari, ochiq maydonda tura bilishda emas, balki to‘p baland o‘tlar orasiga tushgan taqdirda ham yaxshi zarba bera olishda, deb aytadi. Kundalik turmushda ham, xuddi musobaqalardagi kabi, qiyinchiliklar bilan kurashishga qodir odamlar yutib chiqadilar.

XULLAS, O‘N OLTINCHI QOIDA:

Har qanday qiyinchiliklarda ham yaxshilik urug‘ini izlang. Agar bu qoidaga amal qilsangiz, shunday bebaho qalqonga ega bo‘lasizki, u sizni eng og‘ir vaqtlarda ham ishonchli himoya qiladi. Yulduzlar tog‘ cho‘qqisidan ko‘rinmagan payt ularni chuqur quduqning tubidan turib ko‘rish mumkin. Qiyin-chiliklar davrida shunday narsalardan xabar topishingiz mumkinki, bosh-qa vaziyatlarda ular haqida hech qachon bilmasdingiz. Har qanday holatda ham yaxshilik urug‘i bo‘ladi. Bu urug‘ni toping va undan foydalaning.

O‘N YETTINCHI QOIDA

Yaxshi yashash uchun ...

Baxtimiz o‘zimizda zohir ekanligini hamisha yodda tuting. Farovonlik, shod-xurramlik va ruhiy xotirjamlikni atrofdan qidirib ovora bo‘lmang. Oladigan emas, beradigan odamgina baxtli bo‘lishini unutmang. Atrofingizdagilarga yordam qo‘lini cho‘zing. O‘rtoqlashing. Quvoning. Quchoqlashing. Baxt — bu shunday malhamki, uni o‘zingizning ustingizga bir necha tomchi oqizmasdan boshqalarga bera olmaysiz.
Nataniel Gotorn baxt deb atalmish omonat tuyg‘udan ham ko‘ra, kapalakni tutish osonroq, deb bizni ogohlantiradi. «Baxt, — deb yozadi u, — bu dunyoga tasodifan keladi. Agar uni qidiradigan bo‘lsangiz, sizdan tinimsiz qochib boradigan soya ketidan quvasiz». Biroq, Arastuning fikricha, «baxt — bu hayotning ma’nosi va mo‘ljali, inson turmushining maqsadi va sarhisobidir».
Katta shaharlarda har oqshom bir necha soatlik baxt ilinjida ko‘ngilochar tadbirlarga to‘planuvchi odamlarni eslang. Biz har xil ko‘ngilxushliklar orqasidan quvib, necha million dollar pulni havoga sovuramiz? Xo‘sh, natijada biz o‘zimizni baxtli deb atay olamizmi? Yaqinda men kichkina bir tajriba o‘tkazdim. U haqda ko‘p yillardan beri o‘z chiqishlarimda gapirib beraman. Quyoshli kunlarning birida men Nyu-Yorkdagi Beshinchi avenyu va Ellik to‘rtinchi ko‘chaning muyulishida to‘xtab, oldimdan janub tomonga qarab o‘tgan ikki yuztacha odamning yuz ifodasini kuzatdim. Kutganimdek, labida tabassum aks etgan yoki hech bo‘lmasa, hayotdan xursand ko‘ringan o‘ntacha odamni ham sanamadim. Nima uchun? Modomiki, baxt — bu insonning tan sog‘lig‘iga o‘xshash normal holati ekan, unda nega biz uni juda kam his qilamiz?
Ehtimol, biz uning chinakam ma’nosini yaxshi tushunmaganimiz uchundir. Zotan, ko‘pchiligimiz ulkan boylik: yoki hokimiyatga ega inson albatta baxtli bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Ammo men bir nechta g‘arib va o‘ta baxtsiz millionerlarni bilaman. Yaqinda, Panama kanali bo‘ylab «Royyal Printsess» kemasida qilgan safarim chog‘ida bu hashamatli laynerda baxtli chehralar naqadar kam ekanligini ko‘rib hayratga tushdim. Shinam sharoit, doimiy e’tibor va yaxshi xizmat ko‘pchilik yo‘lovchilar uchun hech narsani anglatmasdi. Biroq, hayron bo‘lishimga hojat yo‘q edi. Agar baxt zarralari insonning qalbida bo‘lmas ekan, hech qanday moddiy farovonlik, ko‘ngilxushliklar va platinali kredit kartochkalari uni jilmayishga majbur qila olmaydi.
Eski do‘stim Toro bu mavzuda juda ko‘p gapirgan. Mana, uning kuzatishlaridan biri: «Shaxsiy tajribamdan men shuni bilamanki, agar inson aql bilan sodda hayot kechiradigan bo‘lsa, o‘zining yerdagi turmushini og‘ir zahmat bilan emas, rohatbaxsh va shodiyona mehnat bilan bayramga aylantira oladi. Zeb-ziynat buyumlar va «turmush qulayliklari»ning ko‘pchiligi faqat keraksiz bo‘libgina qolmay, balki insoniyat taraiiga to‘sqinlik ham qiladi».
Lyus Kerrollning «Alisa mo‘‘jizalar mamlakatida» ertagidagi Oq Ritsar esingizdadir? Alisa Oq Ritsar bilan uchrashganida, u yelkasiga va otiga har turli «kerakli narsalar»: asalarilar uchragudek bo‘lsa, ularni tutib olish uchun uya, sichqon va kalamushlardan himoyalanish uchun qopqon va hatto yo‘lda biror saxiy odam puding bilan mehmon qilib qolsa, solib yeyish uchun lagancha ham ortmoqlab olgan, otining oyoqlariga akula tishlashidan saqlovchi halqalar taqib qo‘ygan bo‘ladi. Ortiqcha ashqol-dashqollar yukidan bukchaygan Oq Ritsar baxtni mol-mulk va pul to‘plashdan izlaydigan odamlarning ajoyib timsoli hisoblanadi.
Baxt... bu kapalakmi? Men bunday deb o‘ylamayman. «Baxtli turmush uchun juda kam narsa kerak, — deb yozgan edi Mark Avreliy. — Hammasi insonga, uning tafakkur tarziga bog‘liq». Toki siz o‘zingizga, o‘z qalbingizga ko‘z tashlab, bor boyligingizni boshqa odamlar bilan beg‘araz o‘rtoqlashmas ekansiz, umr bo‘yi baxt izlab uni topmasligingiz mumkin.
Jorj Eliotniig gapiga quloq soling-a: «Mayda ko‘ngilxushliklar haqida qayg‘urib, biz faqat baxtning g‘arib bir ko‘rinishiga erishishimiz mumkin. Chinakam baxt faqat o‘zimiz va atrofimizdagi olamga nisbatan iliq tuyg‘ular va tom ma’noda ulug‘ fikrlar bilan keladi. Baxtning bu alohida turi ko‘pincha shu qadar ko‘p musibatlar keltiradiki, biz uni azob-uqubatlardan faqat erkin tanlash yo‘li bilan farqlashimiz mumkin, zero uning baxt-saodat ekanligini botinan his qilamiz».
Puldor bo‘lish ham, pulga sotiladigan narsalarga ega bo‘lish ham yaxshi, albatta. Biroq, vaqti-vaqti bilan hech qanaqangi pulga sotilmaydigan narsalarni yo‘qotmaganingizga ishonch hosil qilib tursangiz, yomon bo‘lmaydi.
Atrofingizdagilarga yordam qo‘lini cho‘zing. Baxt — bu bor-yo‘g‘i sizning o‘z aqliy qardoshlaringizga nisbatan munosabatingizning qo‘shimcha mahsuli, xolos. Baxtga kelajakda emas, hozir va shu yerda erishish mumkin.
Men yuqorida siz bilan o‘rtoqlashgan qoidalarni o‘qib-o‘rganing va ularga amal qilib yashang. Ularni sizning ko‘magingizga muhtoj odamlarga ham o‘rgating. Faqat shundagina siz havoda pirillab uchayotgan kapalakni tutib olasiz, faqat shundagina olam nurafshon bo‘lib, sehrli musiqa sadolariga to‘ladi. Dunyoda baxtli turmushning bundan yaxshiroq usuli bo‘lmagan va yo‘q.

XULLAS, O‘N YETTINCHI QOIDA:

Baxtimiz o‘zimizda zohir ekanligini hamisha yodda tuting. Farovonlik, shod-xurramlik va ruhiy xotirjamlikni atrofdan qidirib ovora bo‘lmang. Oladigan emas, beradigan odamgina baxtli bo‘lishini unutmang. Atrofingizdagilarga yordam qo‘lini cho‘zing. O‘rtoqlashing. Quvoning. Quchoqlashing. Baxt — bu shunday malhamki, uni o‘zingizning ustingizga bir necha tomchi oqizmasdan boshqalarga bera olmaysiz.

XOTIMA

Ko‘rishguncha xayr. Sizsiz menga qiyin bo‘ladi, ammo do‘stligimiz hech qachon tugamaydi deb umid qilaman. Agar istasangiz, men bilan umr bo‘yi birga qolishingiz mumkin. Buning uchun «yaxshi yashash sirlari»ni o‘rganib, amalda qo‘llasangiz kifoya. Men buni juda ham istayman.
Men bilan bo‘lgan uchrashuvdan xursandsiz deb o‘ylayman. Shaxsan men sizni bu yerda, o‘z xonamda ko‘rishdan boshim osmonga yetdi. Har qanday xayrlashuv kutilmagan bo‘lishi kerak, deb yozgan edi Bayron. Balki u haqdir. Biroq, gap shundaki, men chindan ham sizning bu xonadan so‘nggi bor chiqishingizni ko‘rishni istamayapman. Biz siz bilan ko‘p ishlar qildik... tabiiyki, hali yana ko‘p ishlar qilamiz.
Uzoq umrim davomida juda ko‘p yaqin do‘stlarim bilan ayriliq azobini boshdan kechirishimga to‘g‘ri kelgan. O‘g‘illarim — avval Den, keyin esa Mett ota-ona bag‘rini tark etishganidan so‘ng buning og‘rig‘i qolishi uchun menga ko‘p oylar kerak bo‘lgan.
Men ko‘raverib ko‘nikib qolgan jonsiz narsalardan ayrilishdan ham shunday ko‘p azob cheksam kerak.
Men hozir birorta ham fotolaboratoriya ishlov bermaydigan uch o‘lchovli slaydlarni suratga tushiradigan eski «Stereo-Realist» kamerasini, yog‘och dastakli golf chavgonlarini, eski rusumdagi enli bo‘yinbog‘larni va 1974 yil chiqqan usti olinadigan oq «Kadillak-eldorado» avtomobilini hamon saqlab kelaman.
Shunday qilib, men xuddi oq-qora tasvirli kinofilmdagi singari perronda turib, sizni olib ketayotgan poezd ortidan qo‘l silkiyapman va siz bilan yana o‘rtoqlashishim mumkin bo‘lgan ko‘p narsalar haqida o‘ylayapman.
Biroq, shunga qaramay, kelajagingiz faqat o‘zingizga bog‘liq ekanligini men o‘z tajribamdan juda yaxshi bilaman. Toki siz o‘zingiz vaqt, harakat, qurbonlar va azob-uqubatlar bilan talab qilingan narxni to‘lashga jazm etmas ekansiz, biron-bir kitob, ma’ruza yoki seminar, biron-bir muallim, ustoz, murabbiy yoki ruhoniy sizning turmush tarzingizni o‘zgartira olmaydi.
O‘tgan ish o‘tdi, bo‘yog‘i sindi. Siz kechagi kun, o‘tgan oy va burungi yillarda uchragan muvaffaqiyatsizliklaringizni o‘zgartira olmaysiz. Biroq siz ertangi va qolgan boshqa kunlaringiz o‘zingiz istaganingizdek bo‘lishi uchun ko‘p ishlar qilishingiz mumkin.
Agar siz o‘yin qoidalariga amal qilsangiz, unda siz uchun hali hammasi oldinda. Endi, siz mening o‘tmishim haqida hamma narsani bilganingizdan keyin, garov o‘ynashim mumkinki, hozir: «Agar bu Og Mandinoning qo‘lidan kelgan bo‘lsa, unda istalgan birov shunday qila oladi. Mening qo‘limdan kelishi-ku, aniq», deb o‘ylayapsiz. Hech qanaqangi rad etish va o‘zini oqlashlar ketmaydi, xo‘pmi?
Darhaqiqat, yaxshi yashash mumkin. Zotan, endi siz yaxshi sirlaridan xabardorsiz. Undan foydalaning. Meni uyaltirib qo‘ymang, ammo eng muhimi — o‘zingizning oldingizda uyalib qolmang!
Ko‘rishguncha xayr, aziz do‘stim. Yanagi uchrashuvimizgacha Tangri meni ham, sizni ham o‘z panohida asrasin.
Tinchlik-omonlik sizga yor bo‘lsin!

Rus tilidan Asror Mo‘min, Bahodir Komil tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil, 6-7-sonlar.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.