OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Oldes Xaksli. Pushtirang upa (hikoya)

Vanihoyat Soufi o‘z xonasida dam olib o‘tirar edi.
 U o‘lguday toliqqandi. Kun juda og‘ir o‘tgan; xuddi kechagi kunday, xuddi kechadan oldingi kunday og‘ir o‘tgandi. Aslida-ku, har bir kun shunday og‘ir tarzda o‘tar va bu kunlar Soufining yoshligini ham asta-sekinlik bilan undan uzoqlarga olib ketmoqda edi. Yana ikki yil o‘tgach, Soufi ham ellik yoshni urib qo‘yadi. U uchun har bir kun borgan sari og‘irlashib borardi.
 Pastdagi koridordan Beka bilan xo‘jayinning g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘iri oqsochning qulog‘iga chalindi. Bekaning jahl otiga mingani yaqqol sezilib turardi. Eri bilan gaplashganida uning tepa sochi tikka bo‘lishi odatiy holga aylanib qolgandi.
 Qo‘ng‘iroq chalinishi bilan Soufi sakrab turdi. U dik etib o‘rnidan turdi-yu, koridor tomon halloslagancha yugurib ketdi. Obbo, qo‘ng‘iroq tag‘in chalindi. Beka kutishni yoqtirmasdi.
 “O, Xudoyim-ey, Soufi! Qorangni endi umrbod ko‘rmas ekanmanmi, deb o‘ylagandim!”
 Soufi miq etmadi. Nima ham desin? Beka eshigi ochiq garderob oldida kuymalanardi. U qo‘liga bir dasta qilib ko‘ylaklarini ilib olgan, yana allaqanchasi divani ustida ham yoyilib, sochilib yotardi.
 “Ertaga, Soufi”, - dedi Beka shoshilayotganidan nafasi og‘ziga tiqilib, “bizlar Rimga jo‘nab ketamiz. Ertaga ertalab. Demak, ayni daqiqadanoq tayyorlanishimiz zarur”.
 “U yoqda qancha vaqt bo‘lasizlar, Xonim?”
 “Bunisini bilmayman. Ehtimol, ikki yo uch hafta bo‘larmiz”.
 “U holda kattaroq jomadonni rostlaganimiz ma’qul emasmikan, Xonim, men hozir borib o‘shani olib kelaman”.
 “Kel, senga qarashib yubora qolay, Soufi”, - dedi Beka oqsochi zil-zambil jomadonni keltirishi bilan. Odatda Beka atrofida qari ayolning uymalanib yurishini jini suymasdi. Ammo Soufi o‘z ishini ko‘ngildagidek ado etardi.
 Keksa oqsoch narsalarni joylashtirish bilan band ekan, ko‘ngli negadir cho‘kib borardi.
 “Butun kunni divanda -”, - deya o‘y surardi u, “aynan Xonimniki singari kattagina rohatijon divan ustida o‘tkazish. Faqat uxlash, dam olish, yana Xonim to‘g‘risida va uning qaysi topshiriqlarini bajarish haqida zig‘ircha tashvish qilmaslik – shunaqasi ham bo‘larkanmi?”
 “Uning so‘nggi o‘yinidan keyin , - Beka eri haqida so‘zlab ketdi, - o‘zining aytishicha, bir tiyini ham qolmagan emish. “Biror donayam yangi kiyim sotib ololmayman”, - dedi u”. Beka derazadan tashqariga bir qarab oldi. “Boz ustiga”, - deya gapida davom etdi u, “Erimning qari otasi ham peshonamga kelib qolgan. “Shunday shoir ering bilan faxrlanishing kerak”, deydi-ya qariya tushmagur. Yuziga qarab xoxolab yuborishdan o‘zimni zo‘rg‘a ushlab qoldim”. Beka qah-qah otib kulib yubordi. “O, o‘zimning Soufiginam-ey, nechanchi osmonlarda uchib yuribsan-a? Manavi almisoqdan qolgan yashil ko‘ylakni joylashingga balo bormi?”
 Soufi indamasdan ko‘ylakni garderobga olib borib qo‘ydi.
 “Nima uchun bu aynan shu kecha qovoq-tumshug‘ini osiltirib olibdi?”- deb o‘ylardi Beka ichida. “Yuzlariyam sarg‘ayib, tishlari ko‘karib ketibdi. Bunchalik xunuk bo‘lmasa. Yaxshisi uxlagani jo‘natib yubora qolay. Ammo nima qilib bo‘lsa ham ish yakunlanishi kerak-da. Nima qilsam ekan-a?” Beka o‘z-o‘ziga achinib ketdi.
 “Hayot og‘ir-da”, - deya o‘y surgancha Beka divani ustiga cho‘kdi. “Sarg‘aygan yuz va ko‘kargan tishlar! Rostdanam o‘ta yoqimsiz!” Soufining afti Bekani kasal qilayozdi.
 “Hayot og‘ir-da”, - deya yana takrorladi Beka. U oqsochini xonasiga ketkazib yuborsa ham bo‘lardi. Biroq lash-lushlarini hozirlashni bir o‘zi eplolmasdi. Ustiga ustak, ertaga saharlab Rimga ketishlari juda muhim edi. Beka eriga sayohatga keta olishini aytganida, eri ishonqiramay miyig‘ida kulib qo‘ygandi.
 “Soufi, - dedi xonim nihoyat bir chora topganday, - borib, mening pardoz stolim ustini bir qaragin-a. O‘sha yerda pushtirang bir upa turibdi. O‘shandan yonoqlaringga ozgina surib olgin. Yana o‘sha joyda qandaydir lab bo‘yog‘i ham bor”.
 Keksa Soufi o‘rnidan turib, pardoz stoliga borgunicha va aytilgan topshiriqni adog‘iga yetkazgunicha Beka ko‘zlarini yumib turdi. Obbo, bu xotin muncha ivirsimasa... Nihoyat, Soufi imillagancha joyiga qaytib kelib, narsalarni joylashda davom etdi. Xonim ko‘zlarini ochdi. Voy, shunisi yaxshiroq bo‘ldi, sal bo‘lsa-da odambashara bo‘ldi-qoldi.
 “Rahmat, Soufi. Tuzukkina odamga aylanding-qo‘yding”. Beka o‘rnidan turdi. “Qani endi, chaqqon-chaqqon qimirla, mana bu narsalarni tez joylab olaylik”.

Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.