OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ollanazar Abdiyev. Rizq (hikoya)

Otamurod chol chorbog‘ining ichidagi oftob­shu­­voqda o‘tiraverib zerikib ketdi. Kuniga nevara­sini orqalagan ko‘yi kelaveradigan, besh-olti uy narida yashaydigan tengquri Sanam kam­pirdan ham bugun nimagadir dom-darak yo‘q! Yotib qolmadimi ekan? Kuni kecha “Ko‘kragimda san­chiq bor, gohida havo yetishmay, entikib qolaman” deb hasrat qilayotgan edi. Buyog‘i vaqt ham peshinga yaqinlashib qolibdi. Oyog‘ida yurganida shu paytgacha birrovgina bosh suqib ketgan bo‘lar edi. Cho‘zilib yotgan bo‘lsa kerak. Shunday o‘yda hassasiga suyanib o‘rnidan turdi-da, hovli etagida o‘ynab o‘tirgan nevaralariga ko‘z tashladi. Birovini yugurtirib ol­moqchi bo‘ldi-yu, biroq ularning o‘yinini buzgisi kelmadi. Qolaversa, “Xastalanib yotgan bo‘lsa, baribir o‘zim borib ko‘rishim kerak-ku”, deb o‘yladi-da, darvozaning ichki ilgichini tushirdi.
Tashqariga chiqqach, “Darvozani ichkaridan ilib qolinglar” deb aytishga chog‘landi. Biroq tag‘in nevaralarining qiziq o‘yinlarini buzgisi kelmadi. Qolaversa, “Ikki hatlam joy, bir zumda boraman-u qaytaman-da” deb o‘yladi.
Borsa, haqiqatan ham, Sanam qurdoshi inqil­lab-sinqillab yotgan ekan. Kelini ishiga bormay qarab o‘tiribdi. Hol-ahvol so‘rashdi. Uyoq-buyoqdan gaplashgan bo‘ldi. “Men o‘lib qolsam senga juda qi­yin bo‘ladi-da!” dedi Sanam kampir uning yuragini qattiq shuvillatib.
Bu gapdan toqati toq bo‘lib, ortiga qaytishga shoshildi.
Uyiga endigina yetib kelganida ikki darozgina yigit darvozaning kichkina eshikchasini ochib ichkaridan chiqib keldi. Qo‘llarida o‘ralgan gilam bilan sholcha. Eshik ochgan zahoti cholga ro‘para kelamiz deb o‘ylashmaganmi, avvaliga ikkalasi ham allanechuk dovdirab, kalovlanib qolishdi. Bir-biriga qarab olishdi. Saldan keyin o‘zlariga kelib, biri muloyimlik bilan dedi:
– Darvoza ochiq turganiga kira qolgan edik... Ichkarida hech kim yo‘q ekan. Gilam sotib yurgan edik. Xivaning gilami, olasizmi, otaxon?..
 Ikkinchisi:
– Sholchamiz ham bor. – dedi. – Olib qoling, ar­­­­­zongina, tushib beramiz. Yangi mol olib kelgani ketishimiz kerak edi. Shuning uchun uyma-uy yurib arzon-garov sotib yurgan edik.
– Chiroqlarim-ov, men bilmasam. Agar o‘g‘lim bilan kelinim tushlikka kelgan chog‘i kelmasangiz... Manovi jaziramada terlab-pishib ketibsizlar-ku. Og‘ir yukni ko‘tarib yuraverish ham oson emas. Ishlaringiz o‘ngidan kelsin, chiroqlarim. Ozgina nafas rostlab, chanqovbosti qilib olsalaringiz-chi?..
– Yo‘q, rahmat, otaxon. Olmaydigan bo‘lsangiz yo‘limizdan qolmaylik, – deb ular yo‘lga ravona bo‘­lishdi.
Otamurod chol nevaralaridan xabar oldi. Mol­­­larga o‘t solib, sug‘ordi. Tovuqlariga don sepib, chum­chuqlardan qo‘rigan holda ularning donni cho‘­qilashlarini tomosha qilib turdi. Shu bilan peshin ham bo‘ldi.
Kelini bilan o‘g‘li tushlikka kelishdi.
Ayol zoti sergak bo‘ladi. Ichkariga kirib ketgan kelinning ovozi baland eshitildi. Zum o‘tmay o‘zi ham tash­qariga otilib chiqdi:
– Ota, ayvonning devoriga ilingan gilam bilan yeriga to‘shalgan yangi sholcha qani?! Tashqariga olib chiqib yoydingizlarmi?.. – So‘rashga so‘radi-yu, biroq qaynotasining og‘ir gilamni tashqariga ko‘tarib chiqqaniga aqli bovar qilmay, bir shumlikni sezgan yuragi shuvilladi. Ayol bo‘lganidan keyin mol-dunyoga bir bahya yaqinroq. Nimaga ham olib chiqsin? Mabodo nevaralari sholchani bulg‘ab qo‘yishgani uchun olib chiqqan bo‘lsa, u holda devorda osilib turgan gilam qayoqqa ketdi?!
– Men teginmadim, chirog‘im. Nima edi?.. Yo‘q­mi?.. Bo‘lishi mumkin emas!
Chol alpon-talpon yurib ichkariga kirdi-da, ay­­vonga to‘shalgan sholcha bilan devorga ilingan gilamning o‘rni rostdan ham kaftdek ochilib qol­ga­nini ko‘rdi.
– Yo tavba, jin-shayton chaldimi bularni? Uyda­yoq o‘tiribman-ku!
– Uyoq-buyoqqa chiqmadingizmi, ota? Uyga hech kim kelmadimi?
– Yo‘q, bolam, yo‘q!.. Aytganday, gilam bilan shol­cha sotib yurgan ikki bola keluvdi, shu. “Olasizmi?” deb so‘radi. Men “Bilmayman” dedim. Boshqa hech kim kelmadi.
– Ha, bo‘pti-da. “Hech kim kelmadi” deysiz tag‘in. – Kelin qattiq yulqindi. – Uyoqda ular gilam bilan sholcha sotaman degan bo‘lsa, buyoqda bizning gilam-sholchamiz yo‘qolgan bo‘lsa, shular olib ketgan bo‘lib chiqadi-da. Go‘rga ketadimi bo‘lmasa?! Eshikni hech kimga ochmang, uyga qarab o‘tiring deb zor qaqshab ketasan... – deya zarda bilan to‘ng‘illab, bolalarini chaqirdi kelin. – Quvonishshsh, Marziyayaya, tirikmisanlar, yo o‘lib qoldinglarmi, yergina yutgurlar. Quvonish deyapman. – Kelin Quvonishning otini ata­yin qayta-qayta aytib turibdi. Yo‘qsa boshqa payt otini aytmay, “Oqyigit” der edi. Chunki qoraqalpoq udumiga ko‘ra to‘ng‘ich bola chol-kampirniki hi­sob­lanib, onasiga qayin sifatida bo‘ladi. Bola “oyi” demaydi, “kennoyi” deydi. Bu – uyga durustroq poy­loqchilik qilolmagan Otamurod cholga kelin berayotgan dakki-dashnom. Cholning o‘ziga to‘ppa-to‘g‘ri ovozini ko‘tarib so‘zlayolmaydi. Betgachoparlik qil­­­sa, ishlari bundan besh battar chappasiga ketib qolishidan qo‘rqadi. Chunki ikki-uch yilcha avval bunaqasini ham yaxshigina ko‘rgan. O‘sha mojarodan keyin qaynotasiga qaytib so‘zlamaslikka ichida ham, sirtida ham ont ichgan. Rosa tavbasiga tayangan! O‘shanda mehmon bo‘lib o‘tirgan qayinbekasi bilan yeznasi kelinni qaynotasiga ovozini salgina balandlatib gapirgani uchun qattiq urishib tashlashdi. “Boqmasang boquvsiz qol. O‘zimiz gard yuqtirmay qaraymiz. Sening zahar-olud so‘zlaringni eshitgan ko‘yi bol shimib o‘tirganidan bizning shirin so‘zimizni tinglab, qora non chaynab o‘tirgani afzalroq qarigan chog‘ida!” deb olib ketishdi. O‘z uyini tashlab ketayotganida chol battar mung‘ayib qoldi. O‘zi zahmat chekib yo‘qdan bor qilgan, shuncha yillik umri kechgan uyiga endi o‘zi begona bo‘lib turibdimi?!.
O‘sha lahzadayoq kelin kechirim so‘rab yalinib-yolvordi. Sababi bolalariga qarab o‘tiribdi. Uyi hamisha ochiq – qulf-kalit nimaligini bilmaydi. Hammasi shu cholning sharofati. Buning ustiga, mo‘maygina nafaqasi ham bor. O‘z vaqtida rosa meh­nat qilgan, orden-medallari ham talaygina. Buning ustiga, urush qatnashchisi. Shuning uchun bayramlarda hukumat tomonidan sovg‘a-salom ham kelib turadi.
Bunisi hali holva: chol bir joyga mehmon bo‘­lib borsa, mezbon chopon, ko‘ylak, pul berib, oq fotihasini oladi. To‘y-ma’rakalardan ham quruq qaytmaydi. Olgisi kelmasa ham “Yo‘lingiz ulug‘, yo‘li shu” deyishadi. O‘laman-sattor olmayman de­sa, “Nima, ozsinib turibsizmi?” deb kuydirishadi. Uyiga kelgan qarindosh-urug‘lar ham ko‘pni ko‘rgan nuroniy otaxonning oq fotihasini olish uchun quruq kelishmaydi, yoqali kiyimlargacha olib kelishadi.
Mana shularning hammasidan mahrum bo‘lib qolish kelinga yoqmadi. Shuning uchun ham o‘shanda bekatga qadar yalinib-yolvorib bordi. Agar shan­g‘iligini qo‘ymay, betgachoparlik qilaversa, faqat­gina “sog‘in sigir” qaynotasidan emas, xushbichim, chaqqon, esli-xushli, obro‘si joyida, eng muhimi – qo‘rli-qutli, uyli-joyli eridan ham ajrab qolishi ehtimoldan holi emas. Qayinbekasini yaxshi biladi, achchig‘i chiqsa har nima qilishi mumkin. “Inimni bu alvastidan ajratib olib, boshqa birovga uylantiraman” deyishdan ham toymaydi.
O‘shandan keyin uyidan ketib qolgan qay­no­ta­sining ortidan bir-ikki marta borgan edi, kelmadi. Aniqrog‘i, qayinbekasi ketgani qo‘ymadi. “Agar yana og‘iz ochib, yuziga tik qarasam, yuz-ko‘zimga tuya­ning tovoni” deya qayta-qayta oq tavba-ko‘k tavba qil­ganidan keyingina qayinbekasi cholni zo‘rg‘a o‘zi­ga qaytardi.
Mana shunday mojarolar bo‘lib o‘tganidan ke­yin u qaynotasiga qanaqasiga botinib so‘zlay olsin.
– Quvonish deyman. Marziya deyman. Bu yoqqa kelinglar tez.
Ikkalasi yugurgilab kelishdi.
– Nima deysiz, oyi?
– Men nima deyman?. O‘zlaring o‘z boshlaringcha o‘ynayvermay, bobolaringga ko‘makchi bo‘l­may­sanlarmi? Agar bobolaring tashqariga chiq­qa­nida darvozani ichkaridan ilib qolgan­laringda edi, shu ko‘rgilik bo‘lmas edi.
– Hoy kelin, aylanayin, qo‘y, bolalarga ba­qir­­­­ma-chi. Ayb ularda emas, menda. Ular mening tash­­­­­qariga chiqqanimni bilmay qolishdi... Ayvonda osilib turgan gilamning o‘g‘irlanganini bilib, sen­­dan kam qiynalmayapmanmi men ham, chirog‘im. Chunki u gilam, o‘zingga ham aytganman, bir paytlar mehmonxona to‘rida ilinib turgan joyidan olib, “Modadan qoldi ham sal eskirdi” deb dahlizga to‘­shamoqchi bo‘lganingda “Aylanayin chirog‘im, bu gilam modadan qolib, eskirgan bo‘lsa ham men uchun, shu uy uchun aziz. Chunki uyning barakasini berib, rizq-ro‘zini butun qilib, ahilligini saqlab, xavf-xatardan asraguvchi xosiyatli molimiz, dunyomizning boshi, kampirimning ko‘zi-ku, chirog‘im.” degan edim senga. Nachora, qulay payt poylab qattiq tushirishdi anovi noinsoflar. Iloyo balo-qazo shu gilam bilan sholchaga qo‘shilib ketsin. Bosh-ko‘zimizdan sadag‘a bo‘lsin! Endi jonimiz omon bo‘lsin deb tilaylik, kelinjon. Dunyo – qo‘lning kiri. Xudo beraridan qismasa o‘rni to‘lib ketar. Shunday emasmi, Quvonishjon? – deya chol to‘ng‘ich nevarasining boshini silab erkaladi.
Halidan beri mojaroga aralashmay turgan o‘g‘li Marat og‘zini gapga juftlagan xotiniga o‘ktam qarash qildi:
– Otam to‘g‘ri aytyapti. Bo‘ldi endi, shu gap shu yerda qolsin. Tag-tugini so‘rab-surishtirib qarasang, gilam bilan sholchadan boshlab shu uydagi jamiki qo‘lga ilingulik mol-mulk otam bilan onamning topgan-tutgani-ku. Hattoki uy-joyni o‘marib ketganlarida ham g‘iring deyishga haqqing yo‘q sening. Ikkalamiz ham bu uyga aqalli bitta g‘isht qo‘ygan emasmiz.
– Qo‘y, bunday dema, bolam, – dedi Otamurod chol. – Men bu dunyoni go‘rimga olib ketmayman-ku. Bu dunyo, bu mol-mulk sizlarniki, sizlardan keyin Quvonishjonniki bo‘ladi. Shunday qilib bir-biriga ulanib ketaveradi-da. Kelinning achchig‘i chiqqani ham bekorga emas, bolam. Ayol kishi bo‘lganidan keyin, mol-dunyo ularning qo‘llarida yig‘iladi. Yig‘ilgan dunyo sochilib-to‘kilmay, yo‘q bo‘lmay saqlanadi. Biroq sal-pal sabr qilib, gilam nima sababdan o‘g‘irlanganini so‘rab-surishtirib, ana o‘shandan ke­yin “Hechqisi yo‘q, ota. Gilam-sholcha tengquringiz Sanam momo­ning sog‘ligidan azizroq emas. Qiynalmay qo‘ya qo­ling. Shu uyning tabarruk gilamini olib ket­gan noinsoflarga u buyurmasin. Endi buyog‘iga pishiqroq bo‘larsiz, ota”, deb hurmatimni joyiga qo‘ygan holda yengilroq dakki berib qo‘ya qolganingda uzukka ko‘z qo‘ygandek bo‘lar edi-ya, Sababi “Bir kun urush-janjal bo‘lgan uydan qirq kunlik rizq-nasiba qir­qiladi”, degan gap bor, chiroqlarim, Qolaversa, “Yax­shi so‘z – jon ozig‘i”.
Jo‘yaligina gap o‘z ta’sirini ko‘rsatdimi, kelin:
– Agar gaplarim sizga og‘ir botgan bo‘lsa, meni kechiring, ota. Men manovi quloqsizlarni urishdim-da, – deya o‘zicha uyalgan bo‘ldi.
– Bu bolalarga baqirganing ham menga tegdi-da. Chunki mening ko‘rar ko‘zlarim, mendan keyin qo­ladigan tirnoqlarim-ku bular, – deya Marziya bilan Quvonishni baravariga bag‘riga bosdi chol.
– Bo‘ldi endi, tezroq choy qo‘yib, yengilroq ovqat qilib yubor. Nari borsa yanagi oylikdan bir gilam olib berarman, – deya Marat yuz-qo‘lini yuva boshladi.
Achchiq-alamlar tumandek tarqab, birga-birga bahuzurgina tushlik qilib o‘tirganlarida darvoza taqilladi. Ko‘p o‘tmay bir militsioner kirib keldi.
– Qay bolasan? Omonlikmi? – so‘radi qariya.
– Omonlik, ota, omonlik. Qaytanga sizdan suyunchi so‘rab kelyapman. Men shu aymoqning militsioneriman. Otamurod bobo, mabodo bugun gilam bilan sholcha o‘g‘irlatmadingizmi?
– Ha, shunday bo‘lib qoluvdi. Nima gap?
– Uylarga kirib mayda o‘g‘irlik bilan shug‘ul­lanadigan yosh yigitlar paydo bo‘lib qolgan ekan. Anchadan beri ushlatmay yurishgan edi. Shular ha­­ligina qo‘lga tushdi. Gilam bilan sholcha ko‘­ta­­­rib ketayotganlarida tezkor guruh qo‘lga oldi. “O‘zimizniki” deb nari-beri bo‘yin tovlashgan edi, tillaridan tutib, dalillar keltirib, axiyri bo‘­yinlariga olishga maj­bur qildik. Oxirida sizning uyingizdan olgani­ni aytishdi. Tushdan keyin bo‘limga borib olib ketishingiz mumkin.
– Yasha, chirog‘im, baraka top. Kasbi-koringdan top­­ganingning barakasini bersin. Halol mol-mul­kim biror soat o‘tib-o‘tmay o‘zimga qaytib kelayotgan ekan, senga yana bir marta rahmat, inim. Iloyo bola-chaqangning rohatini ko‘r, – deya hududiy militsioner­ni duoga ko‘mib tashladi chol. – Endi suyunchiga nima bersam ekan-a? – deya ko‘zlaridan oqqan sevinch yoshlarini qiyiqchasi bilan sidirib, oppoq soqolini silagan ko‘yi bir muddat o‘ylanib turib qoldi.
– Yo‘g‘-e, Otamurod bobo, men hazillashib ayt­dim-qo‘ydim-da. Bizning ishimizda bunaqa oldi-ber­­dilar bo‘lmaydi.
– Senlarda bo‘lmasayam bizlarda bo‘ladi-da, inim! Qoraqalpoqda bo‘ladi-da “suyunchi” degani. Qo­raqalpoqsanmi o‘zing?
– Hovva, bobo.
– U holda indama. Yuragimni o‘rtab turgan eng qadrli molim, kampirimning ko‘zi bo‘lgan gilamim bilan sholchamni topib berasan-da, tag‘in suyunchisiz ketasanmi. Buyog‘i biz ham zamona zaylini sal-pal bilamiz. Sababi kichkintoyligimizdan sha­harlik bo‘lganmiz. Hozir Maratjonga pul berib, do‘kondan Nukusning “qirg‘ovul”ini oldirayinmi? Buyoqda ov­qat ham pishyapti, ikkovlaring bir otamlashib...
– Yo‘q, bobo, men ichmayman. Xizmatdagi odammiz. Biroq, mayli, o‘tiray. Osh-ovqatingizdan totinmasam yubormassiz. Lekin shisha kerak emas.
– O‘zing bilasan, chirog‘im, zorim bor-u, zo‘rim yo‘q. Lekin bir shishaning pulini suyunchi hisobida olib ketasan. Mening berganim tabarruk, bolam. Har kuni Otamurod bobong gilam o‘g‘irlatib, sen topib olayotganing yo‘q-ku, – deya chol yayrab kuldi.
– “So‘z jo‘yasini topsa, mol egasini topadi”, deganlar. Sizga ham rahmat, otaxon.
Shu bilan suyunchi atrofidagi gaplar xotima topib, Otamurod cholning oqko‘ngilligidan ustalik bilan foydalangan o‘g‘rilarning o‘z gilamini o‘ziga “Sotib olasizmi?” deb qariyani boplab tushirganlarini aytishib, hammalari kulishib olishdi.
O‘g‘il kelinga ma’noli qaradi-da, yayrab gurung berishga tushdi:
– Haligina kuyib-pishayotgan eding. Gilaming bilan sholchang qaytib keladigan bo‘ldi. Bizning qariyalarning ko‘ngli toza-da. Oqko‘ngilligiga qa­rab beradi. Berib ham kelyapti. Bunga ko‘p marotaba guvoh bo‘lganman. Ovqat pishgunicha gu­runglashib o‘tiraylik, masalan, bir kuni otam bozorlab qay­tayotganida avtobusda bozorligi solingan to‘r­vasini unutib qoldiribdi. Shunda “Ha, endi, nachora, bugun yosh go‘shtning sho‘rvasini ichish buyurmagan ekan-da” deya bo‘shashibgina qaytib kelayotsa, yonidagi soy tomondan “Yordam bering” degan bolakay ovozi eshitilibdi. Apil-tapil borib qarasa, bir bolakay soyda oqib ketayotgan ekan. Qo‘lini bazo‘r ko‘tarib, suvga cho‘kib ketyapti. “Yordam bering” deb baqirgan qirg‘oqdagi jo‘rasi ekan. Suvga cho‘kib borayotgan bolakayning baqirishga ham holi yo‘q. Darhol beliga qadar suvga tushib borib, naryog‘iga hassasini cho‘zibdi. Shunday qilib, hassasi bilan sayozroq joyga tortib chiqarib, yutgan suvlarini qusdirib, bolakayni bir o‘limdan olib qolibdi. Shundan keyin uyga kelib dam olib yotgan ekan, narigi ko‘chadagi Turimboy qassob qo‘lida kattakon sigirning ulkan bir sonini ko‘tarib kelibdi:
– Hali suvga cho‘kib ketayotganida siz qutqarib qolgan bola mening o‘g‘lim edi, oqsoqol. Baraka toping, iymoningiz salomat bo‘lsin, manovini pishirib yeng. Endi so‘yib turgan edim, nima bo‘lganini eshitdim-u bu yoqqa qarab yuguraverdim. Sigirning bir payi ham sizniki. Hali tayyor emas edi. Tayyor bo‘lganida olib kelib berishadi...
– Yo‘g‘-e, qo‘ying, inim. Men qo‘limdan kelgan ishim­ni qildim. Ko‘makka muhtoj odamga yordam qo‘­lini cho‘zish musulmonchilikning qoidasi-da.
– Gapingiz to‘g‘riku-ya, oqsoqol. O‘zi sizdek tabarruk yoshdagi odamni bir mehmon qilaman degan niyatda yurgan edim. Xudoning buyurgani shunaqa ekan-da! – deb qo‘yarda-qo‘ymay tashlab ketdi. Olib ketmaganidan keyin ortidan uloqtirasanmi? Turumboy og‘a ko‘p yillardan beri qassoblik qiladi. O‘ziga to‘q yashaydi. Shuning uchun ham berganning betiga qaramadik. Agar jo‘jabirdek jonning rizqini qiyib olib kelib o‘tirgan nochorgina xo‘jalik egasi bo‘lganida umuman olmay, qoldirib ketganda ham, keyinchalik bizlarga obortirib tashlatar edi otam.
Kechqurun chekiga tushgan pay ham keldi. Buning ustiga salgina o‘tib uch-to‘rt ko‘cha narida yashaydigan bir ayol kelib turibdi, otam unutib qoldirgan to‘rvani ko‘tarib.
Mana shunaqa, bizning cholning jamiki mol-dunyosi haloldan yig‘ilgani, o‘zi ham halol-in­sofli, rizq-nasibasi butun bo‘lgani uchun har bir ishining oxiri baxayr bo‘lib qolaveradi, – deya maqtana ketdi Marat.
– To‘g‘ri aytasiz, inim. Chol-kampiri bor uyning rizq-nasibasi butun bo‘ladi. Bu rizqni hech kim qiyolmaydi ham. Bekorga “Qarisi bor uyning parisi bor” demaydilar, – dedi nazoratchi militsioner. – Mana men tirikligida ota-onamning xizmatini durustroq qilolmadim. Shuning hissasini chiqaray deb qabrlari ustiga hashamatlab ulkan gumbaz qur­dirdim. Har payshanba borib turaman. Ularning xotirasiga chol-kampirlarni uyimga cha­qirib, dasturxon yozib, xayr-ehson qilib, ruhi poklariga duoi fotiha qildirib turaman. Biroq, baribir, ko‘nglim to‘lmaydi. Taskin topavermayman. O‘lgandan keyin tuya berganingdan tirigida igna berganing afzalroq ekan! Bunga aqlim kechroq yetdi-da, oqsoqol, – deb ko‘­ziga yosh oldi militsioner.
Tushlikdan keyin Marat gilam bilan sholchani olib keldi.

Qoraqalpoq tilidan Otauli tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 5-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.