OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Paulo Koelo. Yangi hayot (hikoya)

Bir odam nafi bo‘lmasa-da, har qanday sharoitga moslashib ketaveradigan qadrdon o‘rtog‘ini uchratib qoldi. «Unga ozroq pul bersammikan»,-o‘ylandi u avvaliga uning ko‘p muvaffaqiyatsizliklariga guvoh bo‘lganini eslab. Biroq suhbatdan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, u davlat orttirib, qarzlarini ham uzishga ulgurgan ekan.
Ikkov avvallari bo‘sh vaqtlarini birga o‘tkazadigan, ko‘ngilxushlik qiladigan qahvaxonaga yo‘l olishdi. Qadrdon ikki do‘st qahvaxonadagi bir stolga joylashib, otamlashishdi. Xarajatlarga davlatmandroq do‘st pul to‘ladi. Gurung qizib, birinchi do‘st badavlat o‘rtog‘idan qanday boylikka ega bo‘lgani, omad qozongani haqida so‘raganida u «yangi hayot» deb aytdi.
- Bu nima deganing, biror siri bormi?-hech narsaga tushunmay so‘radi birinchi do‘st.
- Yangi hayot deganim, bu ustozlarimning men qanday inson bo‘lishimdan qat’iy nazar, kim bo‘lib yetishishim yo‘lidagi bergan saboqlari, olgan tahsilimdir. Bir o‘ylab ko‘r-a, odam keksayganida ochidan o‘lib qolmaslik uchun umr bo‘yi pul jamg‘arishga urinadi, boylik orttirish maqsadida beqiyos rejalar tuzadi. Biroq umri oz qolganini fahmlagach esa tadbiri xato ekanligini, bir umr adashib yashaganini favqulodda anglab yetadi. Afsuski, bu vaqt kech bo‘ladi.
- Nimalar deb valdiryapsan? -yana hech narsaga tushunmadi do‘st.
 - Men o‘z qalbi amriga quloq tutadigan odamlardan biriman. Shu paytga dovur ko‘nglim azoblanadigan, qiynoqlar komiga tortadigan biror ish qilganim yo‘q, qo‘rqinch hissi yuragimni chulg‘amagan.
 - Axir xohlaysizmi-xohlamaysizmi, baribir, dard chekasiz, iztirobga tushasizku?-dedi ikki do‘stning shirin suhbatiga quloq tutib turgan qahvaxona noziri davraga kelib qo‘shilib.
 - Hamma gap mana shu dardni tan olganingizda. To‘g‘ri, dunyoda hali hech kim o‘z qayg‘u-alamlaridan qocha olgani yo‘q, umuman bundan qutulishning iloji ham yo‘q. Eng yaxshisi, yuragingizdagi orzu-umidlarning ro‘yobi uchun tinimsiz kurashish lozim. Bu yo‘lda yutqiziqlar, deylik, yo‘qotishlar bo‘ladi, buning uchun qayg‘urish shartmas.
-Bor-yo‘g‘i shu, xolosmi?-so‘radi har ikki tinglovchi ham.
-Ha. Qachonki men shu haqiqatni anglab yetganimda, paysalga solmay kurashishga tushdim. Nimagaki erishishim darkor bo‘lsa, nimaniki maqsad qilgan bo‘lsam shu yo‘lda kurashishdan chekinmadim. Men avvalgi dunyoimni butkul tark etganman. O‘zgacha hayotim menga bosh-oyoq nazar solib, hech qaerga qo‘yib yubormaslikka qancha tirishmasin, muvaffaqqiyatsizlik va mag‘lubiyatlar haqida cho‘pchak to‘qimasin, men oydin kelajagim haqida qayg‘urib, jangga kirishdim. Mana avvalgi hayotim qobig‘idan ajralib chiqqanimdan buyon yangi hayotimdan quvvat olib yuribman.

Umid Ali tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.