OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rabindranat Tagor. O’likmi, tirik? (hikoya)

I

Ranigxat zamindori Sharodashonkorning uyida yashovchi tul xotin Kadominining qarindoshlari yo'q edi. Hammasi birin-ketin vafot etgan. Qayin og'asi Sharodashonkorning kichik o'g'li uning yagona ovunchog'i, quvonchi edi. Bu go'dak tug'ilgandan so'ng onasi uzoq kasal bo'lib, bolani Kadomini boqib o'stirdi. Xotin kishi birovning bolasini tarbiya qildimi, garchi unga muhabbatdan boshqa hech qanday huquqi bo'lmasa ham, mehru muhabbati tobora ortib boraveradi. Muhabbat esa o'z huquqini hech qan¬day hujjat bilan isbot qilolmaydi. Zotan, muhabbat bunga muhtoj ham emas, u o'zining ishonchsiz sanamiga kun sayin zo'rroq ehtiros bilan xizmat eta beradi.
Kadomini bolaga bo'lgan mehrini sarf etib bo'lgach, bir kuni kechasi qo'qqisdan o'lib qoldi. Bu baxtsiz hodisa srabon oyida yuz berdi. Uning yuragi birdan urishdan to'xtadi. Dunyoda hamma ish o'z navbatida davom etardi, faqat mehr bilan to'la shu nozik yurakdagi davr soati mangu to'xtadi. Politsiyaning xarxashasidan qutulish uchun zamindorning to'rt braxmani jasadni tezroq kuydirishga qaror qildilar.
Dafn gulxani yoqiladigan qabriston qishloqdan ancha uzoqda edi. Bu yerda, ko'l bo'yida bir kulba bo'lib, yonida baland banyan daraxti o'sardi. Qachonlardir bu yerdan daryo o'tganu hozir qurigan. Uning o'zanida dafn marosimlari o'tkazish uchun ko'l qazilgan edi. Atrof-tevarakdagi aholi bu ko'lni qadimgi muqaddas daryoning bir qismi deb, unga zo'r ixlos qo'ygan edi.
Xizmatchilar jasadni kulbaning o'rtasiga keltirib qo'yib, dafn gulxani uchun o'tin kutib o'tirdilar.
Vaqt shunday sekin o'tardiki, xizmatchilardan Nitay bilan Guruchoronning toqati toq bo'lib, nega o'tin keltirishmadi, deb bilgani ketdilar. Bidxu bilan Bonmali esa, jasadni poylab qoldi.
Zim-ziyo kecha edi. Qalin bulutlar bilan qoplangan osmonda birorta yulduz ko'rinmasdi. Ikki kishi xonada xomush o'tiribdi. Birining sham va gugurti bor edi, lekin gugurt nam tortib qolgani uchun, har qancha urinsa ham yondirolmadi, chiroqlari esa o'chib qoldi.
Uzoq jimlikdan so'ng ularning biri:
— Hozir tamaki bilan trubka bo'lsa xo'p soz bo'lardi-da, — dedi.
— Men chopib borib, birpasda hammasini olib kelishim mumkin, — dedi Bonmali.
Bonmalining muddaosini payqagan Bidxu qichqirib yubordi:
— Nima, bu yerda men yolg'iz qolamanmi?
Yana jimlik cho'kdi. Har daqiqa bir soat bo'lib tuyulardi.
Ular o'tinga ketganlarni ich-ichlaridan la'natlardilar. Hatto, ular bir joyda o'tirib chilim chekayotgandir, deb gumonsiray ham boshladilar.
Atrofda sukunat hukmron edi, faqat tinmagur baqalarning vaqillashi, tungi chigirtkalarning chirillashi jimlikni buzardi. Braxmanlarga tobutdagi jasad qimirlaganday, go'yo ayol boshqa yonboshiga ag'darilganday tuyuldi. Bidxu bilan Bonmalini vahm bosib «Ram! Ram!» deb qichqirib yubordilar.
Kutilmaganda, kulbada og'ir xo'rsinish eshitildi. Xizmatkorlar bir lahza kulbadan chiqib qishloqqa qarab qochdilar. Uch mil chamasi chopib borgach, qaytib kelayotgan sheriklarini ko'rib qoldilar. Ular chindan ham chilim chekib, hech narsa bilmay qaytayotgan edilar, ammo, daraxt kesilgan, hademay o'tin keltiriladi, deb xabar qildilar. Bidxu bilan Bonmali kulbada ro'y bergan hodisani so'zlab berishdi. Nitay bilan Guruchoron bunga ishonmasdan, ularni qo'rqoqlikda aybladilar. To'rtovlon qabristondagi kulbaga qaytib kelishdi. Tobutni bo'sh ko'rib hang-mang bo'lib qoldilar. Hammasi hayratda edi, bir-birlariga qaradilar. Jasadni qashqirlar olib ketdimikan desalar, atrofda biror parcha latta ko'rinmasdi. Xizmatkorlar tashqariga chiqib, kulba yonida, loyda zoifona oyoq izini ko'rib qolishdi.
Sharodashonkor ahmoq emasdi, agar bo'lgan haqiqatni unga so'zlaganlarida ham, uning bunga ishonishi dargumon. Uzoq muhokamadan so'ng, o'lik kuydirildi, deb xabar qilishga ahd etdilar.
Tong otarda, odamlar o'tin olib kelishi bilan, kulbada ozroq o'tin bor ekan, jasad kuydirildi, deb aytdilar. Bu gapning to'g'riligiga hech kim shak-shubha qilmadi. Rostdan ham kulbada jasad yo'q edi, jasad esa unaqa boylik emaski, birov o'g'irlab ketsa.

II

Hammaga ayonki, odam ba'zan o'lganday tuyulsa ham, jon uning badanini ilitib turadi. Xuddi shunday Kadomini ham o'lmagan, faqat o'likka o'xshab qolgan edi.
O'ziga kelib, qarasa — atrofi qop-qorong'i. U go'yo o'z joyida yotar edi.
— Singlim, — deb chaqirdi u. Hech kim javob bermadi. Qattiq qo'rqqan Kadomini tobutda yotganini birdan payqadi. Og'rib nafasi bo'g'ilganini esladi. Bu vaqtda ovsini bolasi uchun o'choqda sut ilitib turgan edi. Kadominining majoli qurib, o'zini ko'rpaga tashladi.
— Singlim, bolani olib kel, men olaman, — dedi u uzuq-yuluq ovoz bilan hushdan ketayozib.
Shundan so'ng, go'yo siyoh quyilgandek hamma narsa birdan qoraydi. Kadominining xiralangan tushunchasida olam kitobining hamma harflari bir onda bir-biriga qo'shilib ketdi. Bola oxirgi marta uni chaqirdimi-yo'qmi, buni eslolmaydi. Bu tanish olamdan o'limning nihoyasiz, noma'lum yo'liga ravona bo’lganda, bolaning mehr bilan vidolashish armug'onini oldimi, yo'qmi, buni ham eslol¬maydi.
Bu kimsasiz zulmatni u dastlab, hech narsa ko'rinmaydigan, hech bir sado eshitilmaydigan, mehnatsiz, abadiy tetiklik talab etadigan makon — o'lim tangrisi Yamaning makoni deb o'yladi. Ochiq eshikdan rutubat aralash shamol esib, baqalarning vaqillashi eshitilgach, Kadomini juda yoshligidan boshlab azob-uqubatlar bilan to'lgan qisqa hayot yo'lini o'ylab, o'zining hali bu dunyoda ekanini sezdi. Birdan chaqmoq chaqib ko'lni, banyan daraxtini, keng dalalarni va uzoqda qorayib turgan qator daraxtlarni yoritdi. Ayol, oy o'n besh kunlik bo'lgan kezlarda bu ko'lda cho'milganini, dam gulxani ustida yotgan o'liklami ko'rib qo'rqqanlarini esladi.
U dastlab uyga qaytmoqchi bo'ldi. Keyin o'ylab qoldi: «Axir men o'lganman! Qanday qilib ular meni uyga kiritadi. Men ularning badbaxtligiga sabab bo'lmaymanmi. Men tiriklar saltanatidan quvilganman. Men endi arvohman, xolos. Agar shunday bo'lmasa, men Sharodashonkorning yaxshi himoya qilinadigan ichkari uyidan ne yo'sinda bu uzoq qabristonga tushib qoldim? Jasadim kuydirilmagan. Meni kuydirishi lozim bo'lgan odamlar qayoqqa ketishdi?» Ayol Sharodashonkorning charog'on uyini esladi, so'ngra o'zini uzoq qorong'i qabristonda tanho, tashlandiq holda yotganini o'ylab, endi kishilik jamiyatining a'zosi emasligini payqadi. U faqat qo'rqinchli tush, vahmali ko’lanka yoxud arvoh edi!
Kadomini, shularni xayoldan kechirgan hamono, yerdagi qonunlar zanjiridan xalos bo'lganday, o'zida favqulodda kuch va cheksiz erkinlik his etdi. Endi u xohlaganini qila olar va istagan tomoniga keta olardi. Bu yangi fikrdan devonavor holga kelgan Kadomini kulbadan chiqib qabristonda namoyon bo'ldi. Uning yuragida na iymanish va na qo'rquvning soyasi bor edi.
Lekin u andak yurib, butun vujudida horg'inlik sezdi. Chor-atrof, ba'zi joylari sholipoyalar bilan qoplangan ko'z ilg'amas tekislikdan iborat edi. Goho Kadomini tizza bo'yi suvda turganini payqab qolardi. Tong yorishib, uylar atrofidagi daraxtlarda qushlar nag'masi eshitilganda, boyoqish juvonni qo'rquv bosdi. U endilikda bu olam va tirik odamlar bilan qanday aloqada bo'lishini tasavvur etolmasdi. Kadomini zim-ziyo kechada qabristonda ekan, o'zini ozod va o'z joyida his etgandi. Ammo tong yori¬shib, uylar va odamlarni ko'rgach, u dahshatda qoldi. Odamlar arvohlardan, arvohlar esa odamlardan qo'rqadi, ularni o'lim daryosi bir-biridan ajratib turadi.

III

Kadominining kiyimlari iflos, o'zi vahimali xayollar tufayli aqldan ozib telbaga o'xshab qolgan edi. Shu alfozda uni odamlar ko'rsa qo'rqar, bolalar ko'rsa yo tosh otar, yoxud qo'rqib yashirinar edilar. Xayriyat, uni bu ahvolda birinchi marta uchratgan kishi yolg'iz bir yo'lovchi bo'ldi.
— Xonim, siz mo'tabar ayolga o'xshaysiz, — dedi yo'lovchi unga yaqin kelib, — bu ahvolda qayoqqa bormoqchisiz?
Kadomini nima deb javob berishini bilmay, xomushlik bilan unga termilib qoldi. U hali ham tirik ekaniga va mo'tabar ayolga o'xshashiga, u bilan gaplashishlari mumkinligiga ishonmas edi.
— Yuring! Men sizni uyingizga eltib qo'yaman. Ayting, uyingiz qaerda? — dedi yo'lovchi.
Kadomini o'ylab qoldi. U qaynag'asining uyiga qaytishni xotiriga ham keltirmasdi. Biroq, boshqa boshpanasi yo'q. Shunda yoshlikdagi dugonasi Jogomaya yodiga tushdi. Dugonasi erga tekkandan beri u bilan ko'rishmagan, ammo ora-sira bir-birlariga xat yozishib turardilar. Ular goho bir-birlaridan o'pkalab qo'yardilar, sababi ma'lum, albatta: Kadomini Jogomayani juda yaxshi ko'rganini isbot qilishga tirishar, Jogomaya esa, sening muhabbating menikichalik emas, deb o'pkalar edi. Lekin har ikkalasi, mabodo yana uchrashguday bo'lsak, ortiq gina qilishmay, totuv yashaymiz deb ahd qilgan edi¬lar.
— Men Nishindapurga, Patichoron janoblarining uylariga boraman, — dedi Kadomini.
Yo'lovchi Kalkuttaga borayotgan edi. Nishindapur garchi uzoqroq bo'lsa ham har holda uning yo'li ustida. U Kadominini dugonasining uyiga boshlab bordi. Boshda Kadomini bilan Jogomaya bir-birlarini tanimay turdilar. Taniganlaridan so'ng:
— Voy, kela qol, o'rtoqjon, marhamat! Qadamlaringga hasanot, — dedi Jogomaya gul-gul ochilib, — men seni qaytib ko'rarman deb xotirimga ham keltirmagan edim. Xo'sh, azizim, qanday shamol uchirdi? Nahotki qaynag'ang kelishingga rozi bo'lgan bo'lsa?
Kadomini xomush turardi.
— Opajon, — dedi u yolvorgan ohangda, — qaynag'am to'g'risida surishtirib o'tirma, yaxshisi uyingdan boshpana ber, senga cho'ri bo'lay. Sen nima desang barini bajo keltiraman.
— Nimalar deyapsan o'zing? — xitob etdi Jogo¬maya.— Menga cho'ri bo'larmish! Axir sen mening eng yaqin, jonajon o'rtog'imsan-ku!
Shu palla xonaga Patichoron kirib keldi. Kadomini bir lahza unga nazar solib, so'ng ohista xonadan chiqib ketdi. U boshiga soriysining uchini ham yopmadi, uy xo'jasiga izzat-ikrom ham ko'rsatmadi. Bu qiliq eriga xush kelmasligidan qo'rqib, Jogomaya voqeani batafsil tushuntirishga kirishdi. Patichoron hamisha Jogomayaga yon bersa-da, bu gal so'zlariga e'tibor qilmay, xotinini o'ng'aysiz vaziyatda qoldirib chiqib ketdi.
Kadomini dugonasining uyida tura boshladi, lekin ular orasida ilgarigi ishonch yo'q edi. O'lim ularni bir-biridan ayirib turardi. Juvon boshqalar bilan inoq bo'lolmas, uning barhayotligi hali o'ziga ham jumboqday tuyulardi. Kadomini Jogomayaga qarab, uning eri, uy-joyi bor, u mendan uzoq bir olamda yashaydi, dugonam bebaqo dunyoning tirik odami, shu olamning burchini ado etib, uning huzur-halovatidan bahramand bo'ladi, men esa, faqat bir soyaman, deb o'ylardi. Jogomaya foniy — o'tkinchi dunyoda yashaydi, Kadomini esa abadiylikda.
Jogomayaning ham ko'ngli qandaydir g'ash edi, lekin buning sababini o'zi bilmaydi. Xotin kishi sirni yoqtirmaydi, chunki sir mayda oilaviy tashvishlarni emas, she'riyat, qahramonlik va olimlikning yo'ldoshidir. Shuning uchun, agar xotin kishi biror narsani tushunmasa yo bu narsadan aloqani butunlay uzadi, yoxud uni o'zi tushunadigan qilishga tirishadi. Bordiyu bu ikkisi ham muyassar bo'lmasa, jahli chiqadi. Kadomini parishonroq ko'ringan sari, uning yuragidagi dardini bilolmay, Jogomayaning tobora jahli chiqaverdi. Kadomini o'zidan-o'zi qo'rqar, lekin o'zidan qochib qutulishning ilojini topolmasdi. Ajinadan qo'rqqan odamlar orqalariga qayrilib qarashga hayiqadilar: ularga hamma yer mudhish tuyuladi. Ammo Kadomini hammadan ko'proq o'zidan qo'rqardi, zotan uning atrofini o'ragan kishilardan qo'rqadigan joyi qolmagan. Tunda yolg'iz xonada yotib vahimaga tushar, oqshomlari chiroq shu'lasida o'z soyasini ko'rib larzaga kelar edi. Uning vahimachiligi bu uyda yashovchi boshqa odamlarni ham o'z soyasidan qo'rqadi¬gan qilib qo'ydi. Xizmatchilar va Jogomayaga chor-atrofda arvohlar ko'rinadigan bo'lib qoldi.
Kunlardan bir kun Kadomini yarim kechada Jogo¬mayaning eshigi oldiga chopib kelib:
— Singlim, singlim, sendan yolvorib so'rayman, meni yolg'iz qoldirma! — deb faryod qildi.
Jogomaya qo'rqib, yana jahli chiqdi. U Kadominini shu zahotiyoq uydan quvmoqchi bo'ldi. Rahmdil Patichoron mehmonni arang yupatib, qo'shni xonada yotishga ko'ndirdi. Ertasiga, kutilmaganda, xotini uni o'z xonasiga chaqirib dag'dag'a qila boshladi:
— Siz qanaqa odamsiz. Begona bir xotin qaynag'asining uyini tashlab siznikiga kelib olgan bo'lsa. Mana salkam bir oy bo'lib qoldi, siz bo'lsangiz, unga, bu uyda turishing mumkin emas, deb loaqal shama ham qilib qo'ymadingiz. Zarracha noroziligingizni ham ko'rmadim. Siz erkaklar hammangiz shunaqasiz.
Ayollar erkaklarni g'ayriixtiyoriy ravishda doim xotin jinsiga moyillikda ayblaydilar. Garchi Patichoron, kimsasiz, lekin suluv Kadominiga muhabbatim odob doirasidan chiqmaydi, deb qasamyod qilishga tayyor bo'lsa ham, u o'z xatti-harakati bilan buni isbot etolmadi. Uning fikricha, qaynag'a uyida sababsiz xo'rlangan Kadomini boshqa iloj topmay, toqatsizlikdan qochgan va uning uyiga boshpana qidirib kelgan. Bas, shunday ekan, qanday qilib u, bu ota-onasiz juvonni o'z uyidan ketkiza oladi. Patichoron Kadomini bilan savol-javob qilib, uning yarasini yangilashni istamay, yuqoridagi mulohazalarini xotiniga so'zlab, shu bilan bu gapga xotima bermoqchi bo'ldi. Bundan hech ish chiqmagach, Jogomaya erinchoq eriga ta'sir qilishning boshqa vositalarini qidira ketdi. Nihoyat, eri ham oilada osoyishtalik barqaror bo'lmog'i uchun, Kadominining qaynag'asiga xabar qilish lozimligini payqadi. U maktubdan natija chiqmaydi deb, Ranigxatga o'zi bormoqchi bo'ldi. Eri jo'nashi bilan Jogomaya Kadominini chaqirib:
— O'rtoqjon, sen bundan so'ng biznikida turishing aqldan emas. O'zing bilasan: el og'ziga elak tutib bo'lmaydi, — dedi.
Kadomini bo'lsa dugonasiga g'amgin nigoh tashlab:
— Odamlar nima desa der, menga nima? — deb javob berdi.
Jogomaya bunday javobdan taajjublandi:
— Agar sen odamlarning gap-so'ziga beparvo bo'lsang, biz beparvo qaray olmaymiz! — deb baqirdi u.— Boshqa joydan kelgan bir juvonning buncha vaqt uyimizda turib qolishini biz odamlarga ne til bilan tushuntiramiz?
— Mening uyim bormi, axir?
«Ana xolos, — deb o'yladi. Jogomaya, — nimalar deb javrayapti bu baxti qora xotin?»
— Men sizlar uchun kimman? — deb ohista davom etdi Kadomini. — Ayting-chi, men yerda yuribmanmi? Sizlar kulasizlar, yig'laysizlar, har qaysingiz o'z ishingiz bilan bandsiz. Men-chi, men faqat mushohada qilib turaman. Sizlar — odamsizlar, men bo'lsam, faqat bir soyaman. O'ylab o'yimga yetmayman, nega parvardigori olam meni sizning dunyongizda qoldirdi? Sizlar mendan hayotimizga raxna soladi, turmushimizni achchiq qiladi oilamizga badbaxtlik keltiradi, deb qo'rqyapsizlar. Meni sizlarga bog'lab turgan narsa nima? Modomiki tangri menga hech qanday o'rin qoldirmagan ekan, men bu zanjirni uzib sizlardan ham ketaman.
Shu asnoda, uning nigohi g'alati, so'zlari shundav g'ayritabiiy ediki, Jogomaya nimanidir payqagandav bo'ldi-yu, bu sirni oxirigacha anglay olmadi. Ortiqcha savol-javob qilishga yuragi dov bermay, og'ir xayolga cho'mib, asta chiqib ketdi.

VI

Patichoron Ranigxatdan qaytib kelganda kech soat o'nga yaqinlashgan edi. Yomg'irdan har joy, har joyda ko'lmak suv, go'yo kechaning ham, yomg'irning nihoyasi yo'qday tuyulardi.
— Xo'sh, nima gap? — deb so'radi Jogomaya.
— Gap ko'p, andak sabr qil, — dedi eri. Patichoron ho'l kiyimlarini yechib, qayta kiyindi, kechki ovqatni yeb, karavotga cho'zilib yotdi-da, papiros cheka boshladi. Uning ko'zlarida tashvish bor edi.
Jogomaya kunjikovligini bir oz bosib turgach, oxiri erining oldiga kelib:
— Gapira qolsangiz-chi, nimalarni bilib keldingiz? — deb so'radi.
— Sen yanglishibsan, — dedi Patichoron.
Bu gapni eridan eshitar-eshitmas Jogomyaning jig'ibiyroni chiqdi. Xotinlar sira yanglishmaydi, bordiyu shunday hol ro'y berguday bo'lsa ham aqlli erkak o'zini bilmaslikka solishi, yoxud shu aybni o'z bo'yniga olishi kerak.
— Xo'sh, nimani bilib keldingiz? — jahl bilan yana so'radi xotini.
— Sen uyimizdan boshpana bergan juvon Kadomini emas!
O'z eridan bunday behuda gapni eshitgan xotinning jinni boiishi ham hech gap emas.
— Nima, men o'z dugonamni tanimaymanmi? — deb baqirdi Jogomaya, — buni ham sizdan so'rashim kerakmidi? Sizning es-hushingiz joyidami o'zi?
Patichoron bu haqda munozara qilishning befoyda ekanini payqadi. U o'zi haq ekanini isbot etadi. Jogomayaning dugonasi Kadomini oigan, bunda hech qanday shubha yo'q.
— Siz hamma narsani chatoq qilib kelgan ko'rinasiz,— dedi Jogomaya. — Yo boradigan joyga bormagansiz, yoxud aytgan gaplarini tushunmagansiz. U yerda sizga kimning ko'zi uchib turuvdi. Bundan ko'ra xat yuborgan yaxshi emasmidi?
Xotinining gapga ishonmaganidan Patichoronning ko'ngli ozor topib, o'z fikrini isbotlash uchun dalillar keltira boshladi, lekin xotinini ishontira olmadi. Ammo shu bahs paytida eru xotin bir fikrga keldilar: nima bo’lsa ham Kadominini uydan ketkazish kerak. Bu borada har ikkovining ham asoslari bor edi. Patichoron: bu juvon, dugonangman deb xotinini aldagani uchun, Jogomaya esa: bu juvonni yengiltak ayol deb o'ylagani uchun. Qattiq munozarada har ikki tomon ham bo'sh kelmadi. Eru xotin qo'shni xonada Kadomini uxlayotganini unutib, borgan sari jazavalari tutib, baqirib tortishar edilar.
— Oldimizda xavf-xatar bor! Men bu so'zlarning barini o'z qulog'im bilan eshitib keldim, — dedi er.
— Bu gapning tagida nima borligini o'zim ko'rib turib, nega endi sizning gaplaringizga quloq solar ekanman, — deb javob berdi xotini.
Nihoyat, Jogomaya:
— Yaxshi, ayting-chi Kadomini qachon o'libdi? — deb so'radi. Bu so'roqdan murod Kadomining o'limi bilan so'nggi maktubi orasida qancha vaqt o'tganini aniqlab, erining xatosini isbotlash edi. Eri Kadominining o'limi tarixini so'zlab berdi. Hisoblab qarashsa, Kadominining o'limi uning bu dargohda paydo bo'lishidan sal ilgari ekan. Shunda Jogomayaning sodda ko'ngli dahshatdan qaltirab ketdi. Patichoron ham vahimaga tushganday bo'ldi. Shu asnoda eshik ochilib sovuq shabada chiroqni o'chirdi. Xona zulmatga chulg'anib, Kadomini kirib keldi. Kechasi soat birlar chamasi edi. Tashqarida yomg'ir shibbalab quyardi.
— Jogomaya, men dugonang Kadominiman, ammo men tirik emasman. Men o’lganman, — dedi ayol.
Jogomaya dahshatdan qichqirib yubordi. Erining esa vahimadan tili kalimaga kelmasdi.
— Men o’lganman, xolos. Axir bundan bo'lak sizlarga biror zarar-zahmat yetkazmadim-ku! — davom etdi ayol. — Menga na tiriklar, na o’liklar orasida o'rin bor. Sho'rim qursin, men qayoqqa bosh uray endi? — iztirobdan go'yo uxlagan tangrini uyg'otmoqchi bo'lganday, u yana takrorladi. — Qayoqqa bosh uray? — shu ahvolda xushsiz yotgan dugonasini qoldirib, Kadomini yugurgancha uydan chiqib ketdi.

V

Kadominining qanday qilib Ranigxatga yetib kelganini aytish qiyin. Dastlab u hech kimga ko'rinmadi. Boyoqish ayol tuz totmay, butun kunini xaroba bir ibodatxonada o'tkazdi.
Yomg'ir kuchayib, qosh qorayib, momaqaldiroqdan qo'rqqan odamlar oshg'ich uyga jo'naganda, Kadomini yo'lga chiqdi. U o'z qaynag'asining eshigiga yaqinlashgach, yuragi zo'r berib tepa boshladi. Ayol boshiga ro'molini tashlab hovliga kirdi. Eshikdagi posbon uni oqsochlardandir deb o'ylab, yo’lini to'smadi.
Yomg'ir quyar, bo'ron shiddat bilan hayqirardi. Uy bekasi, Sharodashonkorning xotini, o'zining tul singlisi bilan karta o'ynab o'tirardi. Xizmatchi ayol oshxonada. Yotoqdagi karavotda bezgakdan azob chekkan kasal bola yotibdi. Kadominining yotoqqa kirganini hech kim payqamay qoldi. Bu ayolni qaynag'asining uyiga kelishga nima majbur etganini men bilmayman, buning sababini u sho'rlikning o'zi ham bilmasdi, uning birgina orzusi shu go'dakka yana bir nazar solish edi. Kadomini qayoqqa borishini, so'ng nima qilishini o'ylamagandi. U chiroq yorug'ida jajji qo'llarini musht qilib, isitmada yonib turgan bolaning yuzlarini ko'rdi. Alamdan yuragi ezilib ketdi. Qani endi bu go'dakkinani olib bag'riga bosa olsa... «Mensiz buning holidan kim xabar oladi? — deb o'yladi Kadomini. — Uning onasi o'yin-kulgini, laqillashni, kartabozlikni yaxshi ko'radi. Go'dak mening qo'limda chog'ida, u bola tarbiyasi haqida o'ylab ham ko'rmas, tamom ozod edi, endi bu go'dakka kim g'amxo'rlik qiladi?»
Shu payt bola ikkinchi yonboshiga ag'darilib, uyqusirab qichqirdi:
— Xolajon, suv bering!
Bola hanuz g'amxo'r xolasini unutmagandi. Kadomini darhol ko'zadan ozgina suv quyib, bolani qo'liga olib ichirdi. Bola uyqu orasida ham o'ziga tanish qo'ldan suv ichganiga taajjublanmasa bo'ladi. Kadomini o'zini tutolmay, bolani o'pib, uni qo'lida tebrata boshlagach, bola ham uyg'onib xolasini quchoqlab so'radi:
— Xolajon, siz o'lganmisiz?
— Shundoq, qo'zim.
— Endi yana qaytib keldingizmi? Boshqa o'lmang! Ayol javob berishga ulgurmay, ovoz eshitildi: xizmatchi xotinlardan biri likobchada sago olib kirdi, Kadominini ko'rishi bilan qo'lidan likobcha tushib ketdi-da, qichqirgancha polga yiqildi. Bu ovozni eshitib, uy bekasi ham kartani tashlab, chopib xonaga kirdi; kirdi-yu, dong qotib qoldi, na so'zlashga, na yurishga majoli bor edi. Bola bu ahvolni ko'rib vahimadan yig'lab qichqirdi:
— Xolajon, keting! Xolajon, keting!
Ana shunda, shuncha kundan keyingina, Kadomini o'zining o'lmaganligini angladi. Tanish xona, bundagi jihozlar, kichik jiyani, o'zining unga bo'lgan muhabbati — mana shularning hammasi bilan aloqasi borligini payqadi. Bu sinashta olam bilan uning orasida hech narsa yo'q ekan. Dugonasining uyida bo'lsa, Kadomini o'zini rostdan ham o'lganday sezardi.
— Singlim, nega mendan qo'rqyapsan? — hayajon ichida so'radi boyoqish juvon. — Qaragin, men ilgari qanday bo'lsam, hozir ham shundayman-ku!
Uning ovozini eshitib, beka behush bo'lib yiqildi.
Bu hodisani singlisidan eshitib Sharodashonkor kirib keldi. U qo'llarini qovushtirib, yolvorgan holda Kadominiga qarab so'zladi:
— Kichkina kelin, shu ish sizga munosibmi? Shotish — mening bittayu bitta o'g’lim, nega unga azob berasiz? Begona emasmiz-ku! Siz ketgandan buyon bola faqir ichikib, ozib-to'zimoqda. Kasaldan chiqmaydi. Kechayu kunduz: «Xolajon! Xolajon!» deb chaqirgani chaqirgan. Siz bu dunyo bilan vidolashgansiz. Keling bu munosabatlarni ham uzing. Biz sizning arvohingizni noumid qilmaymiz.
Kadominining toqati toq bo'lib, qichqirib yubordi:
— Axir men tirikman, o'lgan emasman! O'lik emasligimni ne yo'sinda sizga isbot qilsam ekan!
Shundan so'ng ayol polda turgan xurmachani ko'tarib o'z peshonasiga urdi. Bir zumda peshonasidan qon tirqirab chiqdi.
— Qaranglar, men tirikman! — deb takrorladi ayol. 
Sharodashonkor qimir etmay turar, bola qo'rqib qichqirar, uy bekasi bilan xizmatchi ayol polda hushsiz yotardi.
«Men tirikman! Men tirikman!» deb faryod qilgancha ayol xonadan qochib chiqdi va zinapoyalardan chopib, to'g'ri hovlidagi ko’l bo'yiga borib o'zini suvga tashladi. Sharodashonkor suvning chayqalganini eshitdi, xolos.
Kechasi va ertasiga kunbo'yi yomg'ir yog'di. Kadomini o'zining tirik ekanini o'limi bilan isbot qildi.

1892-yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.