OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Robert Luis Stivenson. Shaytoniy shisha (hikoya)

Gavayi orollaridan birida bir odam yashardi, uni Keave deb atay qolaylik, chunki, ochig‘ini aytganda, u hanuzgacha hayot va haqiqiy ismi sir bo‘lib qolishi kerak. U g‘orda Buyuk Keavening xoki yotgan Xonaunau degan joy yaqinida dunyoga kelgan. Bu odam qashshoq, ammo serg‘ayrat va dovyurak bo‘lib, savodi maktab o‘qituvchisinikidan kam emasdi. Buning ustiga u ajoyib dengizchi sifatida nom chiqargan, yaqin masofalarga qatnovchi kemalarda suzgan, Xamakua sohillari yoqalab paroxodlarni boshqargan. Shu desangiz, bir kuni uning ko‘ngliga bu yorug‘ dunyoni kezish, begona shaharlarni ko‘rish orzusi tushib qoldi-yu, San-Fransiskoga yo‘l olayotgan kemaga yollandi.
San-Fransisko – ajoyib bandargohi bo‘lgan hashamatli shahar, u yerda badavlat odamlar behisob, hatto bir tepalik borki, nuqul dabdabali qasrlardan iborat. Bir kuni Keave cho‘ntagidagi tangalarini jaranglatgan ko‘yi ana shu tepalikda sayr qilib yurar, ko‘chaning har ikki tomonidagi saroylarga suqlanib boqardi.
“Qanday chiroyli uylar-a! – deb o‘ylardi u. – Ularda ertangi kun tashvishini bilmaydigan baxtli odamlar yashasa kerak, hoynahoy!”
Shu xayollar bilan borayotganida bir uyga duch kelib qoldi, u bosh-qa uylardan sal kichikroq bo‘lsa ham muhtasham va xuddi qo‘g‘irchoqdek chiroyli edi. Pillapoyalari baayni nuqradek yaraqlar, buta-to‘siqlar chamandek yashnab turar, deraza oynalari olmosdek jilolanardi. Keave ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lgan bu qadar mukammallikdan hayratlanib, beixtiyor to‘xtab qoldi.
U shu alfozda uy ro‘parasida turar ekan, ichkaridan qandaydir bir odam unga qarayotganini payqadi, deraza oynasi shunchalik shaffof ediki, Keave uni suv qaytishidan so‘ng toshlar ustidagi ko‘lmakda qoladigan baliqni ko‘rgandek yaqqol ko‘rib turardi. Bu odam yoshi qayt-gan, tepakal, qora soqolli, chehrasi sertashvish va g‘amgin bo‘lib, og‘ir-og‘ir xo‘rsinib qo‘yardi. Xullas, Keave u odamga, u esa Keavega deraza orqali qarab turishar va ishonasizmi, yo‘qmi, har ikkovi ham bir-biriga havas qilardi.
Notanish odam birdaniga jilmaydi va Keaveni ichkari kirishga imlab, ostonada kutib oldi.
– Mening uyim juda chiroyli, – dedi mezbon yana uf tortib. – Uni bir ko‘rib chiqishni xohlamaysanmi?
Shunday deb u Keaveni ichkariga boshladi va butun uyni – yerto‘lasidan tortib chordog‘igacha tanishtirib chiqdi, bu yerdagi hamma narsa shu qadar mukammal ediki, Keave larzaga tushdi.
– Chindan ham ajoyib uy ekan, – dedi u. – Men shunday joyda yashaganimda ertadan-kechgacha shod-xandon yurardim balki. Lekin nega endi sen hadeganda uf tortaverasan, buning sababi nima?
– Agar istasang, – dedi mezbon, – sen ham shu zahotiyoq xuddi shunga o‘xshagan uyga ega bo‘lishing mumkin. Yoningda puling bordir, hoynahoy?
– Ellik dollarim bor, xolos, – javob qildi Keave. – Ammo bunaqa uy ancha qimmat tursa kerak.
Mezbon xayolan nimalarnidir chamalab chiqdi.
– Puling buncha kam, – dedi u keyin. – Bu senga kelgusida ortiqcha tashvish keltiradi, biroq shunga qaramay, ellik dollarga ham olaverishing mumkin.
– Shu uyni-ya? – ajablanib so‘radi Keave.
– Yo‘q, uyni emas, – deya javob qildi mezbon, – aniqrog‘i, shishani Sening nazaringda nihoyatda omadli va o‘ta badavlat odam sifatida ko‘rinayotgan bo‘lsam bordir. Lekin, agar bilsang, ochig‘ini aytganimda, butun mol-mulkim – shu uy ham, bog‘-rog‘ ham – bari-bari bir pintadan* unchalik katta bo‘lmagan bir shisha orqali topilgan. Mana u.
Mezbon shunday deb allaqanday javonni ochdi va ichidan uzun bo‘yinli va qorni baqaloq bir shishani oldi. Shisha sutdek oqish oynadan yasalgan bo‘lib, kamalakning jamiki ranglarida yolqinlanib-tovlanib turardi. Uning ichida esa soyachami, alanga tiligami o‘xshash allambalo bir narsa to‘xtovsiz yog‘dulanib-o‘ynoqlab yotibdi.
– Senga aytgan shisham shu, – dedi uy egasi va Keave kulib qo‘yganini ko‘rib, qo‘shimcha qildi: – Gapimga ishonmayotganga o‘xshaysan-a? Unaqada o‘zing sinay qol. Uni sindirishga, qani bir urinib ko‘r-chi.
Shunda Keave shishani qo‘liga olib, to holdan toygunicha polga ura boshladi, biroq shisha har gal xuddi koptokdek sakrab ketaverardi, biron yeri hatto qirilmadi ham.
– G‘alati narsa ekan, – dedi Keave. – Bunday qaraganda va ushlab ko‘rganda shishadan yasalgandek tuyuladi-ya.
– Aslida ham shunday, – yanada og‘irroq xo‘rsindi uy egasi, – faqat bu shisha jahannam olovida toblangan. Uning ichida shayton yashaydi – soyaga o‘xshash bir nima lipillab turganini ko‘rayotgandirsan. Ana o‘sha shayton bo‘ladi, har qalay men shunday deb o‘ylayman. Shu shishaga ega bo‘lgan odam esa shaytonga buyruq bera oladi. O‘sha lahzadan boshlab nimaniki xohlasa, o‘shanga erishadi. Ishq-muhabbat, shon-shuhrat, boylik, shunga o‘xshash uylar, hatto shunga o‘xshash shaharlar – hamma-hammasi ko‘z ochib-yumgunicha muhayyo bo‘ladi. Napoleon shu shishaga egalik qilib, dunyoni qo‘lga kiritdi, keyin esa uni sotib yuborgach, mahv etildi. Kapitan Kuk shu shishaga ega bo‘lib, uning orqasida ko‘plab orollarni kashf etdi, biroq u ham shishani sotib yuborgandi, Gavayida o‘lim topdi. Chunki shishani sotgan zahoti uning qudratli himoyasidan mahrum bo‘lasan, biroq, ikkinchi tomondan, u qo‘lingdalik paytida topgan narsalaringdan qanoat qilmasang, oxiri falokatga uchraysan.
– U holda nega endi shishani sotmoqchi bo‘layapsan? – deb so‘radi Keave.
– Ko‘nglim tilagan nimaiki bo‘lsa, bariga erishdim, bu yoqda esa umr poyoniga yetib qoldi, – dedi uy egasi. – Shisha ichidagi shaytonning yolg‘iz bir narsaga – inson umrini uzaytirishga qurbi yetmaydi, xolos. Yana bir jihatni sendan yashirib qolsam, insofdan bo‘lmaydi. Bu shishaning bir nuqsoni bor: agar egasi uni sotishga ulgurmay turib o‘lsa, jahannamda abadiy yonishga mahkumdir.
– Ha, nuqson bo‘lgandayam juda zo‘r nuqson ekan, gap yo‘q! – xitob qildi Keave. – Men bunaqa shaytoniy narsalarga umuman aralashmagan bo‘lardim. Parvardigorga shukur, uysiz ham yashashim mumkin. Ammo bilaturib o‘z boshimga jahannam azoblarini sotib olish – bu, endi, borib turgan ahmoqlikning o‘zginasi.
– O‘pkangni bos, bu ishning eng oxirini o‘ylashga shoshmasang ham bo‘ladi, – deya e’tiroz bildirdi uy egasi. – Bu o‘rinda eng muhimi – shaytonning yordamidan foydalanib, bu dunyoda nima xohlasang, bariga ega bo‘lish. Keyin esa shishani hozir men senga sotayotgandek yana biron odamga sotib yuborish. Ana undan so‘ng qolgan umringni tinchlik-xotirjamlik, huzur-halovatda o‘tkazaverasan.
– Meni yana bir narsa o‘ylantirayapti, – dedi Keave. – Avvalambor, og‘ir-og‘ir xo‘rsinayapsan va ayni paytda shishani suvtekinga sotmoqchisan. Buning siri nimada?
– Nega uf tortishlarim sababini hozirgina aytib o‘tdim, – javob qildi u odam. – Sog‘lig‘im zaiflashayotganini sezib turibman va bu meni qo‘rquvga solayapti. Chunki, o‘zing aytib o‘tganingdek, o‘lganidan keyin do‘zaxga ravona bo‘lishni hech kim istamaydi. Endi shishani bunchalik arzon sotishimga kelsak, uning yana bir xususiyatini tushuntirishim kerak. Iblis bu shishani yer yuziga olib kelgan juda qadim zamonlarda uni birinchi bo‘lib Presviter Ioann sotib olgan va evaziga bir necha million dollar to‘lagan. Biroq hamma gap shundaki, bu shishani faqat zarariga sotish mumkin, xolos. Agar sen uni xarid qilgan narxingning o‘ziga sotsang, xuddi kabutar uyasiga qaytganidek, yoningga qaytib kelaveradi. Shishaning bahosi asrlar mobaynida pasayib kelaverib, mana hozir hayratomuz darajada arzimas pulga teng bo‘lib turganining sababi ham shu. Men o‘zim uni badavlat qo‘shnilarimning biridan sotib olib, bor-yo‘g‘i to‘qson dollar to‘laganman. Endi uni sakson to‘qqiz dollaru to‘qson to‘qqiz tsent-ga sota olaman, lekin bir tsent ham qimmatiga emas, aks holda u o‘sha zahotiyoq yonimga qaytib keladi... Ana shu tufayli ham ikkita mushkullik mavjud: birinchidan, shunday g‘aroyib shishani arzimas sakson dollarga sotmoqchi bo‘lsang, odamlar seni shunchaki hazillashayapti deb o‘ylashadi. Ikkinchidan esa... U yog‘i keyin endi... Ochig‘ini aytganda, hamma narsani miridan-sirigacha aytib berishga majbur emasman. Faqat bir narsani qulog‘ingga quyib ol – shisha muomalada yurgan pulga sotiladi, xolos.
– Shu gaplarning bari haqiqat ekaniga qanday qilib ishonishim kerak? – deb so‘radi Keave.
– Ba’zi narsalarni hoziroq tekshirib ko‘rishing mumkin, – dedi u odam. – Menga ellik dollar bergin-da, shishani olib, shu puling yoningga qaytishini xohla. Agar shunday bo‘lmasa, qasam ichib aytamanki, savdoimiz pishmadi deyman-u, pulingni qaytaraman.
– Meni aldamayapsanmi mabodo? – so‘radi Keave.
Uy egasi haqiqatni aytayotganiga qasam ichdi.
– Tavakkal-da, bo‘lmasa, – dedi Keave. – Buning zarari yo‘q-ku, axir.
Shunday deb, pulini uy egasiga berdi, u esa shishani uzatdi. 
– Qani, shisha ichidagi shayton, – dedi Keave, – ellik dollar pulimni qaytar-chi.
U gapini tugatib ulgurar-ulgurmas, kissasi yana avvalgidek to‘lib qolganini sezdi.
– Bu chindan ham ajoyib shisha ekan, – dedi Keave.
– Mana endi xayrlashamiz, oshna, – dedi uy egasi. – Qani, bir jo‘nab qol-chi, bu yerdan!
– E, shoshma! – dedi Keave. – Yig‘ishtir bunaqa hazilingni. Ma, shishangni qaytib ol.
– Sen uning uchun menga narxiga nisbatan kamroq pul to‘lading, – dedi u odam mamnunlikdan qo‘llarini bir-biriga ishqar ekan, – endi shisha seniki. Menga esa bitta narsa kerak: bu yerdan tezroq qorangni o‘chirsang bo‘lgani. – U shunday deb xitoy xizmatkorini chaqirishga qo‘ng‘iroq qildi, xizmatkor esa Keaveni uydan chiqarib yubordi.
Qo‘ltig‘ida shisha bilan ko‘chaga chiqib qolgan Keave o‘ylay boshladi:
“Agar bu odam aytganlarining bari xaqiqat bo‘lsa, rosa chuv tushgan ko‘rinaman. Lekin u shunchaki laqillatgan bo‘lsa-chi?”
Shunda u avvalambor yonidagi pulini hisoblab chiqdi: roppa-rosa qirq to‘qqiz amerika dollari va bitta chili tangasi ekan.
“Hammasi to‘g‘riga o‘xshaydi, – deb o‘yladi Keave. – Qani, endi uni boshqachasiga bir sinab ko‘raylik-chi”.
Shaharning bu qismidagi ko‘chalar xuddi kema sahnidek top-toza, ustiga-ustak, peshin payti bo‘lishiga qaramay, bironta ham yo‘lovchining qorasi ko‘rinmasdi. Keave shishani yo‘l chekkasidagi ariqqa uloqtirib, indamay ketaverdi. Ikki marta o‘girilib qaraganida qorindor, sutdek oqish shisha u tashlagan joyda yotganini ko‘rdi. Keave ortiga uchinchi bor nazar tashlab, muyulishda burildi, lekin hali bir qadam ham tashlab ulgurmagandiki, nimadir tirsagiga kelib urilganini sezdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, baqaloq shisha bushlati** cho‘ntagini egallagan, uzun tumshug‘i tashqariga chiqib turardi.
“Bunisiyam rostga o‘xshaydi”, – deb o‘yladi Keave.
Shundan keyin u nima qildi, deb so‘rarsiz. Do‘konchadan shtopor*** sotib olib, shahar tashqarisiga, kimsasiz dalaga yo‘l oldi. Ana shu yerda shishaning po‘kagini chiqarib olmoqchi bo‘ldi. Ammo u shtoporni po‘kakka burab kiritishga qanchalik urinmasin, shtopor shu zahoti o‘z-o‘zidan qaytib chiqar, po‘kak esa bus-butun turardi.
“Po‘kakning qandaydir yangi turi”, – deb o‘yladi Keave va shu lahzadayoq butun borlig‘i xuddi bezgak tutgandek qaltirab ketdi, badanini muzdek ter qopladi: unda qo‘rquv uyg‘ongandi.
Keave bandargohga qaytar ekan bir do‘konchaga duch keldi, unda allaqanday bir kishi chig‘anoqlar, orollarda yashovchi yovvoyi odamlarning so‘yillari, qadimiy tangalar, ko‘hna ma’jusiy ma’budalarning haykalchalari, xitoy va yapon suratlarini, qisqasi, dengizchi dunyoning turli chekkalaridan sandiqchalarida olib keladigan xilma-xil lash-lushlarni sotib o‘tirardi.
Shu o‘rinda Keavening xayoliga yangi fikr keldi. U do‘konchaga kirib, egasiga undagi shishani yuz dollarga sotib olishni taklif etdi. Do‘kondor avvaliga kulib qo‘ydi, keyin besh dollar bermoqchi bo‘ldi. Biroq bu chindan ham g‘aroyib shisha edi – yer yuzida hali bironta shishapaz bunaqangi shisha tayyorlamagan, uning sutdek oqish tusi kamalakning jamiki ranglarida shunaqangi chiroyli tovlanar, ichida shunaqangi bir sirli soya raqs tushardiki, asti qo‘yaverasiz... Xullas, taomilga ko‘ra savdolashgach, do‘kondor Keavega oltmish kumush dollar berdi va shishani peshtaxtasining qoq Markazidagi javon tokchasiga joylashtirib qo‘ydi.
“Endi nima bo‘larkin? – degan fikr o‘tdi Keavening xayolidan. – Men uni oltmish dollarga sotdim, holbuki o‘zim ellik dollarga, ochig‘ini aytganda, undan ham arzonga sotib olgandim, chunki bitta tangam chili dollari edi-da. Endi bu yog‘ini yana bir bor tekshirib ko‘ramiz”.
Shu xayollarda Keave kemaga qaytdi, sandiqchasini ochib qaraganida esa shisha shu yerda ekanligini ko‘rdi: undan avvalroq yetib kelibdi. Kemada Keavening Lopaka degan bir do‘sti bor edi.
– Ha, nima gap? – deb so‘radi u. – Sandiqchangga namuncha tikilib qolmasang!
Ular kubrikda*** ikkovlon edilar, Keave o‘rtog‘ini sir saqlashga qasam ichirib, bor gapni aytib berdi.
– Aqlga sig‘mas hodisa, – dedi Lopaka. – Nazarimda, bu shisha sening boshingga baloyu kulfatlar yog‘diradigan ko‘rinadi-yov. Juda bo‘lmaganda bitta narsa aniq: senga qanday falokat tahdid solayotganini o‘zing bilasan. Modomiki, shunday ekan, bu ishdan biron foyda chiqarib olishni o‘ylash kerak. Nimani xohlashingni yaxshilab fikrlab ko‘rgin-da, shishaga uni amalga oshirishni buyur. Agar shisha aytganingni bajarsa, uni sendan o‘zim sotib olaman. Chunki ko‘pdan beri bir narsani o‘ylab yuribman – shxunaga***** ega bo‘lib, orollar bo‘ylab savdo bilan shug‘ullanish orzuim bor.
– Bu menga to‘g‘ri kelmaydi, – dedi Keave. – Men o‘zim tug‘ilib o‘sgan Kon sohilida chiroyli uyim va bog‘im bo‘lishini istayman. Quyoshning charog‘on nurlari derazalardan to‘kilib tursa, bog‘da gullar chaman bo‘lib ochilib yotsa, derazalarda oynalaru devorlarda suratlar, stol ustida anvoyi dasturxonlar va o‘yinchoqlar bo‘lsa – xullas, hamma-hammasi men bugun ko‘rgan uydagidek yaraqlab tursa... Hatto mening uyim undan bir qavat balandroq va har tomonidan xuddi qirol qasri kabi ayvonlar bilan o‘ralgan bo‘lishini xohlayman. Ana shunday uyda beg‘am-betashvish, do‘stlarim va qarindoshlarim bilan shod-xurram hayot kechirsam deyman.
– Bunday qilamiz bo‘lmasa, – dedi Lopaka. – Shishani Gavayiga o‘zimiz bilan olib ketaylik, agar orzularingning bari amalga oshsa, boya aytganimdek, shishani sendan sotib olaman va o‘zimga shxuna so‘rayman.
Ular shunga qaror qilishdi va tez orada kema Gonoluluga qaytib, Keave hamda Lopaka bilan birga shishani ham keltirdi.
Do‘stlar sohilga tushib ulgurmagandilar hamki, bandargohda bir tanish odamni uchratib qolishdi, u esa salom-alik tugar-tugamas, Keavedan ko‘ngil so‘ray boshladi.
– Hech baloni tushunolmayapman, – dedi Keave, – nima uchun menga bunchalik hamdardlik bildirayapsan?
– Iye, xabaring yo‘qmi hali? – ajablandi tanish odam. – Axir, amaking... muhtaram qariya... vafot etdi... Keyin esa... ko‘rkamgina bir jiyaning bo‘lardi-ku... ana o‘sha dengizda cho‘kib ketdi.
Keave nogahonda boshiga tushgan musibatdan shu zahotiyoq g‘amga botdi, oh-voh qilishga tushib, shishani ham unutib yubordi. Biroq Lopaka unutmagandi, Keave biroz o‘ziga kelganida undan so‘radi:
– Shu tobda xayolimga bir fikr keldi – Gavayida, Kayu hududida amakingning yer-mulki yo‘qmidi mabodo?
– Yo‘q, – dedi Keave, – Kayuda yo‘q. Xookenadan sal janubroqda, tog‘lik sohilda yer maydoni bor edi.
– Endi bu yer senga meros qoladimi? – so‘radi Lopaka.
– Ha, menga, – dedi Keave va yana marhum qarindoshlarini eslab, yig‘i-sig‘iga tushdi.
– Shoshma, – dedi Lopaka. – Birpasga oh-voh qilmay tur, xayolimga bir fikr keldi. Balki bularning bari shishaning ishidir-a? Chunki sen istagan uy uchun joy tayyor bo‘lib turibdi!
– Agar shunday bo‘lsa, shishaning bunaqangi yordamini boshimga uramanmi?! – deya qizishib ketdi Keave. – Men undan qarindoshlarimni o‘ldirishini so‘raganmidim, axir! Ammo-lekin bu taxminingda jon bor – uyim xuddi o‘sha yerda bo‘lishini orzu qilgandim.
– Biroq uy hali qurilmagan-ku? – dedi Lopaka.
– E, nimasini aytasan! – uf tortdi Keave. – Biror kun kelib qurilishi ham dargumon hali. To‘g‘ri, amakimning biroz qahva, ava, banan daraxtlari bor edi, ammo ularning hosili tirikchiligimga uchma-uch yetadi, xolos. Yer maydonining qolgan qismi esa qop-qora lavadan iborat.
– Qani, yur-chi, sarkor yoniga borib ko‘raylik, – dedi Lopaka. – Har qalay, bu fikr menga tinchlik bermayapti.
Ular Sarkor yoniga borishganda esa birdan ma’lum bo‘ldiki, Keavening amakisi o‘limi oldidan banogoh juda boyib ketibdi va o‘zidan katta davlat qoldiribdi.
– Mana senga uy qurish uchun mablag‘! – xitob qildi Lopaka.
– Agar uy qurmoqchi bo‘lsangiz, – dedi sarkor, – menda yangi me’morning tashrifnomasi bor, uni rosa maqtashayapti.
– Juda soz! – dedi Lopaka. – Ko‘rayapsanmi, hamma narsa oldindan tayyorlab qo‘yilgan ekan. Shishaning aytganini qilish kerak, xolos.
Ular me’morning uyiga yo‘l olishdi, u esa xilma-xil uylarning chizmalarini allaqachonoq stol ustiga yoyib qo‘ygan ekan.
– Siz boshqalariga o‘xshamaydigan g‘aroyib bir uy bo‘lishini xohlayapsiz-a? – deb so‘radi me’mor. – U holda mana buni bir ko‘ring-chi.
Keave u uzatgan chizmaga bir qarashdayoq o‘zini tutolmay baland ovozda oh urib yubordi, chunki chizmada tasvirlangan bino uning orzularida namoyon bo‘lgan uyning aynan o‘zginasi edi.
“Shu uy meniki bo‘lishi kerak, – deb o‘yladi u. – Bilaman, bu qiyin ish, o‘zimning ham ko‘nglim chopmayapti. Lekin ne choraki, shaytoniy kuchga bog‘lanib qolgan ekanman, aqalli biron nafi tegsin”.
Shunda Keave me’morga nimalarni istayotganini, uyni qay tarzda jihozlash kerakligini tushuntira boshladi, devorga osiladigan suratlarni, stol ustida yotishi kerak bo‘lgan o‘yinchoqlarni ham unutmadi. Keyin esa undan bu ishlarning bari qanchaga tushadi, deb dangaliga so‘radi.
Me’mor Keavega ko‘plab xilma-xil savollar berdi, so‘ngra qo‘liga qalam olib, hisob-kitob qilishga tushdi. Hisoblab bo‘lganidan ke-yin u Keavega meros qolgan mablag‘ning aynan o‘zini aytdi.
Lopaka bilan Keave bir-birlariga qarab qo‘yib, bosh irg‘ashdi.
“Hammasi ayon endi, – deb o‘yladi Keave. – Xohlaymanmi, yo‘qmi, shu uy endi meniki bo‘ladi. Uni menga Iblis sovg‘a qildi va bu ishning oxiri yaxshilikka olib bormasligi aniq. Biroq men ham qat’iy ahd qilaman: shu shisha qo‘limda ekan, bundan bu yog‘iga undan boshqa hech narsa so‘ramayman. Shu uy mening bo‘ynimga tushdi, uni hech narsa qilolmayman endi. Shaytoniy kuchga bog‘lanib qolgan ekanman, juda bo‘lmaganda shunga foydasi tegsin, axir”.
U me’mor bilan shartnoma tuzdi va uni ikkovlari imzolashdi. Shundan keyin Keave bilan Lopaka yana kemaga yollanib, Avstraliyaga yo‘l olishdi. Chunki qurilishga aralashmaslik, uyni qanday barpo qilish va bezatishni me’mor bilan shishadagi shaytonga qo‘yib berish to‘g‘risida o‘zaro qaror qilishgandi.
Ularning safari osoyishta kechdi, faqatgina Keave beixtiyor biron tilak-istak bildirib qo‘ymaslik uchun doimo sergak turishiga to‘g‘ri keldi, zotan, u bundan buyon iblisning biron-bir marhamatini qabul qilmaslikka qasam ichgandi. Ikki do‘st uyga o‘z muddatida qaytishdi. Me’mor uy tayyor bo‘lganini aytdi va Keave bilan Lopaka “Nuh kemasi”ga chiqib, Kon sohillari bo‘ylab suzib ketishdi. Qani, yangi uy qanday ekan, Keave orzularida tasavvur qilgan uyga o‘xsharmikan?
Uy baland sohilda qurilgan bo‘lib, dengizdan o‘tuvchi kemalarga juda yaxshi ko‘rinib turardi. Chor atrofda o‘rmonlar naq bulutlarga bo‘y cho‘zgan, pastda – g‘orlarda qadimgi hukmdorlarning xoki yotgan darada qora lava oqimlari qotgan edi. Uy tevaragi gulzor bo‘lib, kamalakning barcha ranglarida jilolanib turibdi. Mevali daraxtlar ham bor – uyning bir tomoniga non daraxtlari, boshqa tomoniga papayya ekilgan. Bino oldida, dengiz sohilida esa kema machtasi o‘rnatilgan bo‘lib, tepasida bayroq hilpirab turibdi.
Uy uch qavatli, xonalari va har bir qavatdagi ayvonlari keng-mo‘lgina. Derazalardagi oynalar suvdek tiniq va charog‘on kundek yorug‘. Xonalarga chiroyli jihozlar qo‘yilgan. Devorlarga oltin halli gardishlarda suratlar osilgan bo‘lib, ularda kemalar, dengiz janglari, yer yuzining turli chekkalaridagi g‘aroyib manzaralar aks ettirilgan yoki dunyodagi eng sohibjamol ayollar tasvirlangan. Keavening yangi uyidagi devorlarga qilgan bu suratlar shunaqangi yorqin bo‘yoqlar bilan ishlanganki, bunaqasi yetti iqlimda ham topilmaydi.
Behisob o‘yinchoqlaru g‘aroyib buyumlarning ta’rifiga esa umuman so‘z yo‘q. Ohangdor zang chaluvchi soatlar, musiqali qutichalar, bosh chayqatuvchi mitti odamchalar, nafis va ajoyib boshqotirmalar bir kishi vaqtini ko‘ngilchog‘lik bilan o‘tkazishi uchun yetarli edi.
Biroq qasr nechog‘li ulug‘vor va hashamatli bo‘lmasin, unda yashovchi odam xonama-xona kezib, ajoyibot-g‘aroyibotlarni tomosha qilaverib zerikadi baribir. Ana shu bois ham uy hamma tomonidan butun boshli shaharning aholisi bemalol va qulaygina joylasha olishi mumkin bo‘lgan nihoyatda keng-mo‘l ayvon bilan o‘rab olingan va undan chor-atrofni yayrab tomosha qilish mumkin edi.
Keave qaysi tomondagi ayvonni afzal ko‘rishni bilmasdi. Negaki, uyning orqasidagi ayvondan mevazor bog‘lar va gulzorlarni ko‘rib ko‘zi quvnasa, tog‘dan esayotgan mayin shabadadan ko‘ngli yayraydi. Uyning old tomonini bezab turgan ayvonda turganida esa u dengizning toza shimolidan bahramand bo‘lar, tepalikdan ummonga qaraganida taxminan haftada bir marta Xookenadan Pele adirlariga yo‘l oluvchi “Nuh kemasi”ni yoki yog‘och, ava hamda banan tashuvchi shxunalar sohilbo‘yi suvlarida suzib yurganini tomosha qilar edi.
Keave bilan Lopaka hamma narsani ko‘zdan kechirib chiqqach, orqa ayvonga o‘tib o‘tirishdi.
– Xo‘sh, qalay? – deb so‘radi Lopaka. – Orzularingga mos keldimi?
– Lolu hayronman, – deya javob qildi Keave. – Bu hatto orzularimdagidan ham ziyoda bo‘libdi, shu qadar xursandmanki, naq boshim aylanib ketayapti.
– Meni esa bir narsa o‘ylantirayapti, – dedi Lopaka. – Shularning bari o‘z-o‘zidan kelishi ham mumkin edi, balki bu o‘rinda shishadagi iblisning hech qanday daxli yo‘qdir. U holda men shishani sotib olganim bilan shxunani yetti uxlab tushimda ham ko‘rmayman, ikki o‘rtada jahannam azobini o‘z ixtiyorim bilan bo‘ynimga olganim qoladi, xolos. To‘g‘ri, shishani sotib olaman, deb senga so‘z berganman, ammo sen ham ahvolimni tushunishga urin va men uchun yana bitta sinov o‘tkazib ber.
– Lekin shishadan endi hech qanday sovg‘a olmayman, deb qasam ichganman-ku, axir! O‘zi shundog‘am qulog‘imgacha gunohga botib ketganman.
– E, men sovg‘alarni mutlaqo o‘ylayotganim yo‘q, – javob qildi Lopaka. – Shaytonning o‘zini bir zumgina ko‘rsam kifoya. Buning senga hech qanday foydasi tegmaydi, demakki, xavotir olishingga ham o‘rin yo‘q. Shunchaki, unga birrovgina ko‘z qirimni tashlasam, bu ishga bo‘lgan ishonchim ortadi deyman-da. Kel endi, og‘ayni, shaytonni bir ko‘rsata qol. Keyin o‘sha zahotiyoq sendan shishani sotib olaman, mana, pulim ham tayyor.
– Men boshqa narsadan xavotirman, – dedi Keave. – Shaytonning qiyofasi balki nihoyatda dahshatlidir, unga shundoqqina qaraganing-dayoq shishani sotib olishdan voz kechib qolishing hech gap emas.
– So‘zim – so‘z! – deya javob qildi Lopaka qat’iylik bilan. – Mana pulim ham tayyor deyapman-ku, axir.
– Bo‘pti unaqada, – dedi Keave. – Unga bir nazar tashlashga o‘zimam qiziqayapman. Shayton janoblari, sizni birrovgina ko‘rishimizga ijozat etsangiz!
U shunday deyishi bilan shayton shisha ichidan bir qaradi-yu, shu zahotiyoq yana g‘oyib bo‘ldi. Keave bilan Lopaka esa tosh qotgancha qolishdi. Hatto kech kirdi hamki, ular o‘zlariga kelisholmas, tillari aylanmasdi. Va nihoyat, Lopaka pulni o‘rtog‘ining yoniga surib qo‘yib, shishani oldi.
– Men halol odamman, so‘zimda turishim kerak, – dedi u. – Aks holda mana bu narsaga qo‘limni ham tekkizmagan bo‘lardim. Mayli, nachora, boshga tushganni ko‘z ko‘rar ekan. Shxuna bilan ozroq pulga ega bo‘lsam bas, o‘sha zahotiyoq manavi la’natini o‘zimdan soqit qilaman. Chunki, ochig‘ini aytganda, uni ko‘rgan zamonim tepa sochim tippa-tik bo‘lib ketdi.
– Lopaka, – dedi Keave, – ko‘nglingga og‘ir olmagin-u, ammo bitta gapni aytmasam bo‘lmaydi sirayam. Hozir tun, yo‘l yomon, ustiga-ustak, bemahalda qabriston yonidan o‘tish bexosiyat hisoblanadi – bularning barini men juda yaxshi tushunib turibman. Biroq anavining maraz turqi-tarovatini ko‘rganimdan keyin toki bu shisha shu yerda ekan, na yegan-ichganimda halovat bo‘ladi, na orom topaman va na Parvardigorga iltijo qila olaman. Yo‘lingga fonus, shisha solib olishing uchun savat beray, boz ustiga shu uyda ko‘nglingga yoqqan nima bo‘lsa – har qanday suratni, har qanday eng ajoyib buyumni olishing mumkin, faqat, Xudo haqqi, bu yerdan tezroq jo‘nab ketgin-u, Xookenada Naxinaning uyida tunay qol!
– Keave, – dedi Lopaka, – mening o‘rnimda har qanday odam bu gapingdan keyin sendan qattiq ranjigan bo‘lardi. Negaki, men senga nisbatan sadoqatli do‘stning ishini qildim – so‘zimda turib, shishani sotib oldim. Bu yog‘i yarim kecha, hammayoq zim-ziyo, qabriston yoqalab o‘tuvchi yo‘l esa gardanida gunohi va qo‘ltig‘ida shaytonli shishasi bo‘lgan mendek odam uchun yuz karra, ming karra dahshatliroq. Ammo o‘zim ham qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrayotganim uchun seni ayblay olmayman. Ketar ekanman, Parvardigordan iltijo qilamanki, sen shu uyda baxtli hayot kechirgin, mening shxunadan omadim chopsin va har ikkovimiz ham umrimizni yashab bo‘lganimizdan keyin jamiki jinlaru shishalarga qasdma-qasd o‘laroq jannatga tushaylik.
Lopaka shunday degach, otini tog‘dan pastga qarab choptirib ketdi, Keave esa ayvonda tuyoqlar dupuriga quloq tutganicha, qadimgi hukm-dorlar xoki yotgan qoya ostida fonus yog‘dusi miltillab borayotganini kuzatib turardi. Keyin, shu turganicha, yaproqdek titragan ko‘yi kaftlarini jipslashtirib, shunday baloi azimdan qutulgani uchun Parvardigorga hamdu sanolar ayta boshladi.
Biroq ertasiga charog‘on, beg‘ubor tong otdi va Keave yangi uyidan hanuz hayratlangancha, qo‘rquvlarini unutib ham yubordi. Shundan so‘ng kun ketidan kun o‘ta boshladi, Keave yangi uyida yashar, shodligining cheki yo‘q edi. Orqa tomondagi ayvon uning sevimli joyiga aylandi: u shu yerda ovqatlanar, butun vaqtini o‘tkazardi. Gonolulu gazetalarini o‘qib, turli voqea-hodisalardan xabar topardi.
Uni ko‘rgani kimlardir kelib qolsa, ularni aylantirib, butun uyni, suratlarni ko‘rsatardi. Keave uyining ovozasi olis-olislarga yetib bordi va Kon orolining barcha aholisi uning qasrini Ka-Xale-Nui, ya’ni “Mashhur Uy” deb atay boshlashdi, ba’zan esa yana “Yarqiroq Uy” deb ham atashardi.
Keyingi nomning sababi shundaki, Keave xitoy xizmatkor yollagan, u esa Xudoning bergan kuni uyning hamma yeridagi chang-chunglarni artib, barcha narsani ko‘z olgudek yaraqlatib chiqardi. Chiroyli o‘yinchoqlaru suratlar ham, deraza oynalariyu oltin hallar ham – bari-bari baayni tong nurlaridek charaqlab turardi. Keavening o‘zi esa xonama-xona aylanib yurar ekan, quvonch-shodligi yuragiga sig‘may, beixtiyor qo‘shiq kuylab yuborardi. Uyi yonidan kemalar suzib o‘tayotganida esa u o‘z machtasidagi bayrog‘ini ko‘tarar edi.
Vaqt shunday o‘tib borar ekan, bir kuni Keave uzoqqa ham emas, yaqinga ham emas, balki Kamluaga yor-birodarlarini ko‘rib kelish uchun yo‘lga otlandi. U yerda Keaveni yaxshilab mehmon qilishdi, ammo shunga qaramay, u ertalab turgan zahotiyoq orqaga qaytib, otini yeldek uchirib ketdi – o‘zining ajoyib uyini yana bir ko‘rish uchun shunchalik oshiqardi. Aksiga olib o‘sha kun, qadimgi rivoyatlarda aytilishicha, ajdodlarning arvohlari qabrlardan chiqib, Kon sohillarida daydib yuradigan tunning arafasi edi. Bir gal shaytonga aylanishib qolgan Keave esa bu gal marhumlar davrasiga tushib qolishni aslo-aslo istamasdi.
U mana shu tariqa, Xonauanuni ham ortda qoldirib ot choptirib borar ekan, to‘satdan olisda – dengizda, shundoqqina sohil yoqasida qandaydir bir ayol cho‘milayotganiga ko‘zi tushdi. Nazarida u yosh, ammo yetilgan qiz bo‘lib tuyuldi, Keave shundan boshqa narsani o‘ylagani yo‘q. Shu zaylda ot uni uchirib borar ekan, avval oq ko‘ylak, keyin qizil yubka – xoloku ko‘zga chalindi: qiz suvdan chiqib kiyinayotgan edi.
Keave yetib borganida u cho‘milishdan keyin guldek ochilib, qizil yubkasida yo‘l chekkasida turar, ko‘zlari kulib, nigohidan bokiralik, nafosat taralar edi. Keave qizga ko‘zi tushgan zahoti ot jilovini tortdi.
– Bu atrofda yashovchilarning hammasini bilaman, deb o‘ylardim, – dedi u. – Ammo seni tanimas ekanman, kimsan o‘zing?
– Men Kianoning qizi Kokua bo‘laman, – deya javob qildi qiz. – Oaxudan uyga endi kelib turishim. O‘zing kimsan?
– Men kimligimni aytaman, – dedi Keave otdan sakrab tushib, – faqat hozir emas, sal keyinroq. Chunki ko‘nglimga bir fikr keldi, agar kimligimni aytsam, to‘g‘ri javob bermaysan, degan xavotirdaman. Sababi – balki men haqimda eshitgan chiqarsan. Biroq avvalambor shuni aytgin-chi: turmush qilganmisan?
Kokua bu gapni eshitib, kulib yubordi.
– Hamma narsani bilging kelayapti, – dedi u. – O‘zing-chi – uylanmaganmisan?
– Yo‘q, Kokua, uylanmaganman, – deb javob berdi Keave. – Ochig‘ini aytganda, uylanish haqida to shu daqiqagacha hech qachon o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Ammo senga asl haqiqatni aytaman: seni shu yerda, yo‘l yoqasida uchratdim, yulduz ko‘zlaringni ko‘rdim-u, yuragim qafasdagi qushdek potirlab sen tomon intildi. Mana endi, agar senga ma’qul tushmagan bo‘lsam, dangalini aytaver, men indamay o‘z yo‘limga ketaman. Lekin, agar sening nazaringda boshqa yigitlardan kam jo-yim yo‘q bo‘lsa – uni bildir. Men yo‘limdan burilib, bu kecha otangning mehmoni bo‘lay, keyin ertalab turib, muhtaram padari buzrukvoringdan sening qo‘lingni so‘ray.
Kokua uning bu gaplariga hech nima demadi, faqat dengizga, olis-olislarga tikilgancha, jilmayib qo‘ydi.
– Sukut alomati rizo, – dedi Keave. – Unaqada, Kokua, uyingga yo‘l boshla, otangning huzuriga birgalashib kiraylik.
Qiz hanuz sukut saqlaganicha oldinga o‘tib yo‘l boshladi, keyin ikki marta o‘girilib, yigitga bir zum ko‘z tashladi va yana o‘z yo‘liga qaragancha, shlyapasining bog‘ichini tishlagan ko‘yi ketaverdi. Ular uyga yaqinlashganlarida Kiano ayvonga chiqib, Kokua Keavening nomini aytib, baland ovozda so‘rashdi. Ana shunda Kokua Keavega ko‘zlarini katta-katta ochganicha qarab qoldi, chunki uning ajoyib uyi haqidagi ovozalar qizga ham yetib kelgandi. Qaramasinmi yana!
Ular butun oqshomni birgalikda nihoyatda shod-hurramlik bilan o‘tkazishdi. Ota-onasining oldida qizning tili ochilib ketib, Keavega hazil-huzul qila boshladi, aqli o‘tkir, tiyrakkina, ziyrakkina ekan. Ertasiga esa Keave Kiano bilan gaplashib oldi, keyin qizni izlab, yolg‘iz holda topdi.
– Kokua, – dedi u, – kecha butun oqshom ustimdan kulib o‘tirding. “Meni tinch qo‘ygin-u, o‘z yo‘lingga ketaver”, demoqchi bo‘lsang, hali ham kech emas. Kecha kimligimni aytgim kelmadi, chunki chiroyli uyim bor va u sening xayolingni mendan – seni sevadigan odamdan ham ko‘proq egallab qo‘yishidan xavfsiradim. Mana endi senga hammasi ma’lum, agar qoramni o‘chirishimni istasang, ochig‘ini aytib qo‘ya qol.
– Yo‘q, – dedi Kokua.
Bu gal u kulmadi, Keave ham boshqa hech nimani so‘ramadi.
Ikkovlari ana shu tariqa unashtirildi. Hamma narsa juda tez ro‘y berdi, lekin yoy o‘qi ham tez uchadi, miltiq o‘qi esa yanada uchqurroq, biroq har ikkalasi nishonga tegishi mumkin. Ha, barchasi juda shitob bilan yuz berdi, biroq ayni paytda juda ko‘p narsa amalga oshdi.
Endi qizning qalbini Keave haqidagi o‘y-fikrlar asir etgandi, qora lava ustiga bostirib keluvchi dengiz to‘lqinlari guldurosi ichra shu yigitning ovozi eshitilardi. Endi Kokua hayotida bor-yo‘g‘i ikki marta ko‘rgani shu odam uchun ota-onasini, tug‘ilib o‘sgan uyini ham tark etishga tayyor edi.
Xo‘sh, Keavening o‘zi-chi?! U qadimgi daxmalar yonidan o‘tgan tog‘ so‘qmog‘ida ot yo‘rttirib borar ekan, shodon qo‘shig‘i marhumlar xoki yotgan g‘orlarda aks-sado berardi. Keave o‘zining “Yarqiroq Uy”iga qanot chiqargandek uchib kelganida ham qo‘shiq aytishdan to‘xtagani yo‘q.
Keng-mo‘l ayvonda kechki ovqatni tanovul qilayotganida ham shunday bo‘ldi, xitoy xizmatkor xo‘jayini har ikki luqma orasida qo‘shiq aytayotganidan ajablanardi. Quyosh dengizga botib, tun ham kirdi, Keave esa baland sohildagi uyining ayvonlarida fonuslar yog‘dusida hanuz aylanib yurar ekan, qo‘shig‘ining sadolari shu yaqin oradan suzib o‘tayotgan kemalardagi dengizchilar ko‘ngliga g‘ulg‘ula solardi.
“Men yuksak-yuksakliklarga ko‘tarildim, – derdi Keave o‘ziga-o‘zi. – Hayot bundan ham go‘zalroq bo‘lishi mumkin emas; men tog‘ cho‘qqisida turibman, bu yerdan yuqoriga yo‘l yo‘q – faqat pastga yo‘l bor, xolos. Bugun ilk bora barcha xonalarni chiroq yoqib charog‘on qilishni buyuraman, issiq-sovuq suvli chiroyli hovuzimda cho‘milaman va yotoqxonamdagi nikoh to‘shagiga yolg‘iz o‘zim yotaman”.
U xitoy xizmatkorini uyg‘otib, hammomni tayyorlashni buyurdi, xizmatkor pastda qozonga o‘t qalar ekan, xo‘jayini yuqorida, charog‘on xonalarda baxtdan entikib qo‘shiq aytayotganini eshitib turardi. Suv isiganida xizmatkor xo‘jayinni chaqirdi va Keave cho‘milishga o‘tdi. Xizmatkor xo‘jayini marmar hovuzga suv to‘ldirayotib ham qo‘shiq aytayotganini eshitib turardi. Keyin qo‘shiq birdan uzildi.
Xizmatkor u yana yangrashini butun vujudi quloqqa aylanib kutib turaverdi va oxiri, pastda turgan joyidan xo‘jayinni chaqirib, hamma narsa joyidami, deb so‘radi. Keave “ha” dedi-da, xizmatkorga uxlashni buyurdi. Biroq endi “Yarqiroq Uy”da qo‘shiq boshqa eshitilmadi. Xitoy xizmatkor uning xo‘jayini butun tunni bedor o‘tkazib naq tongga qadar ayvonlarni kezib yurganini sezib turardi.
Ana endi nima gapligini eshiting. Keave cho‘milish uchun yechinganida qoyada yo‘sin paydo bo‘lganidek tanasida bir dog‘ paydo bo‘lganini ko‘rib qoldi. Ana shunda u qo‘shiq aytishdan to‘xtadi. Negaki u yo‘singa o‘xshash bu dog‘ nimaligini bilardi; “xitoycha kasal”ga, oddiyroq qilib aytganda, moxov dardiga yo‘liqqanini anglab yetgandi.
Nimayam derdik, bunday xastalik – har qanday odam uchun katta baxtsizlik. Bunday achchiq qismatga uchraganlar o‘zining chiroyli va shinam uyini tark etishi, barcha yor-do‘stlaridan ayrilishi hamda Molokai orolining dengiz to‘lqinlari yalang qoyalarga gulduros bilan urilib yotgan shimoliy sohiliga ko‘chib borishi kerak.
Sho‘ring qurg‘ur Keave boyaqish! Peshonasiga bitilgan qaylig‘ini kuni kechagina topgan, uning muhabbatiga shu bugun ertalab sazovor bo‘lgandi-ya! Mana endi jamiki orzu-umidlari, shirin xayollari shishadek chilparchin bo‘lib turibdi!
U marmar hovuz labida uzoq o‘tirdi, keyin faryod bilan oh urib sakrab turdi va tashqariga otildi; g‘am-tashvishlardan ezilgan ko‘yi ayvonlarda yana uzoq vaqt giryon kezindi.
“Ajdodlarimning vatani bo‘lgan Gavayini taqdirga nola qilmay tark etishim mumkin, – deb o‘ylardi Keave. – Qismatimga lom-mim demay bo‘ysunishim, shu uyni, baland sohilda qad ko‘targan ko‘p derazali shu ajoyib uyimni ham tashlab ketishim mumkin. Zarracha noshukurchilik qilmay, Molokaiga, yalang qoyalar orasida yo‘qolib ketgan o‘sha Klaupapuga yo‘l olishim, o‘sha yerda dahshatli dardga mubtalo bo‘lganlar orasida qolgan umrimni bir amallab yashab o‘tishim va o‘sha yerda, ota-bobolarimning yeridan yiroq-yiroqlarda abadiy uyquga ketishim ham mumkin.
Biroq qaysi yovuz ishlarim uchun, qaysi gunohlarim uchun kuni kechagina Kokuani, dengizda cho‘milib, suvdan gul-gul yashnab chiqib kelayotgan shu qizni uchratishim lozim edi? Oh, Kokua, halovatimni olgan qiz! Hayotimning mazmuniga aylangan malak! Endi men seni hech qachon ko‘ra olmayman, menikisan deb hech qachon ayta olmayman, endi hech qachon bag‘rimga bosib erkalata olmayman! Endi faqatgina seni deb, seni o‘ylab, kuyib-yonib o‘taman, o, Kokua!”
Keave qanday odamligini endi tushunib olgandirsiz. U o‘zining “Yarqiroq Uy”ida bir umr beg‘am-betashvish yashashi mumkin edi, bedavo dardga chalinganidan hech kim xabar topmasdi. Ammo Kokuadan ayrilganidan keyin bu hayotning nima qizig‘i bor unga! U yana, kasalligini yashirib, Kokuaga uylanishi ham mumkin edi, ko‘pchilik shunday qilgan bo‘lardi ham, chunki ular chirkin qalb egalaridir. Biroq Keave qizni mard erkaklarga xos fidoyilik bilan sevadi, uning hayotini xatarga qo‘yishni, diliga ozor yetkazishni hatto xa-yoliga ham keltirolmaydi.
Shu zaylda o‘tirar ekan, vaqt yarim tundan oshgan paytida Keave birdaniga shishani eslab qoldi. Keyin uyning orqa ayvoniga o‘tib, uning so‘rovi bilan shisha ichidagi shayton o‘zini ko‘rsatgan kunni xotirasida tiklashga urina boshladi. Keave o‘sha kunni ko‘z oldiga keltirdi va ayni paytda tomirlarida yugurayotgan qon muzlab qolgandek tuyuldi.
“Bu shisha – dahshatli narsa, – deb o‘ylardi u, – shayton ham, jahannam alangasida abadiy yonish ham dahshat. Biroq, bu dardi bedavodan forig‘ bo‘lishim va Kokuaga uylanishim uchun boshqa qanday yo‘l bor, axir? Nachora, modomiki, shu uy uchungina shaytonga bog‘lanib qolishdan cho‘chimagan ekanman, Kokuaga yetish yo‘lida uning xizmatidan yana bir bor foydalansam nima bo‘libdi?”
Shu lahzada Keave “Nuh kemasi” aynan ertaga Gonoluluga qaytishini eslab qoldi.
“Darhol Gonoluluga yo‘l olishim va Lokakani izlab topishim kerak, – deb o‘yladi u. – Endi bor-yo‘q umidim ana shu shishadan. Bir vaqtlari undan qutulishni qanchalik xohlagan bo‘lsam, uni yana qo‘lga olishni shunchalik xohlayman”.
Keave shu kecha mijja qoqmay chiqdi, ertalab tomog‘idan biron luqma o‘tmadi. U shosha-pisha Kianoga maktub yozdi va otga minib, tog‘ so‘qmog‘i bo‘ylab, ajdodlar xoki yotgan qoyani aylanib o‘tib, pastga – kema keladigan joyga tushib bordi. Yomg‘ir yog‘ar, ot yo‘rtib borar, Keave esa g‘orlarning qop-qorong‘i og‘ziga tikilar ekan, ichkarida qayg‘u-alam nimaligini bilmay, abadiy uyquga ketgan marhumlarga havas qilardi. Atigi bir kungina avval shu yerdan shod-masrur holda ot choptirib o‘tganini eslar va bunga ishongisi kelmasdi.
Keave ana shu xayollar bilan Xookenaga yetib bordi, u yerda esa odatdagidek, paroxod kelishini kutib olgani har tomondan odam to‘plangan edi. Hamma do‘kon oldidagi bostirma ostiga joylashgan, o‘zaro hazil-huzul qilib, yangiliklardan gaplashib o‘tirishardi. Yuragini it tirnayotgan Keavegina gap-so‘zlarga aralashmas, boshqalar qatori o‘tirgan ko‘yi tomlarni yuvayotgan yomg‘irga, qoyalar oralig‘ida qaynab yotgan to‘lqinlarga tikilar, ahyon-ahyonda og‘ir-og‘ir xo‘rsinib qo‘yardi.
– “Yarqiroq Uy”da yashovchi Keavening bugun mashqi pastroq, – deya o‘zaro shivirlashardi odamlar. Nachora, chindan ham shunday, boshqacha bo‘lishi mumkin ham emasdi.
Shundan so‘ng paroxod keldi va Keave qayiqda unga yetib oldi. Kemaning quyruq qismi xaole – oq tanlilarga to‘la, ular o‘z odatlari bo‘yicha vulqon otilishini tomosha qilgani kelishgan. Palubaning o‘rta qismiga kanaklar****** tiqilib ketgan, tumshuq qismi esa Xilodan keltirilayotgan yovvoyi buqalar va Kayudan olingan otlar bilan band.
G‘am-g‘ussadan ezilgan Keave hech kimga aralashmay bir chekkada o‘tirar, sohilda Kianoning uyi qachon ko‘rinishini kutardi. Mana, shundoqqina dengiz qirg‘og‘ida, qop-qora qoyalar oralig‘ida, kokos palmalari soyasidagi uy ko‘rindi. Eshik oldida esa uzoqdan xuddi kapalakdek bo‘lib qizil yubka ko‘zga tashlanar, u baayni haqiqiy kapalakdek uchib qo‘nar, tinmay parvoz qilar edi.
– O, qalbim sohibasi! – deya xitob qildi Keave. – Senga yetishish yo‘lida men iymonimni sotishga ham tayyorman!
Tez orada kech kirdi, kayutalarda chiroqlar yoqilib, xaole******* o‘z odatlariga ko‘ra viski ichib, qarta o‘ynashga kirishdi. Keave esa butun tunni va ertasiga paroxod Maun va Molokaini aylanib o‘tar ekan, butun kunni ham palubani kezib o‘tkazdi. Bir yerda tinch o‘tirolmas, qafasga tushib qolgan qoplon misoli bezovtalanib, o‘zini qayerga qo‘yishni bilmasdi.
Qosh qoraygan mahalda ular Olmos Burundan o‘tib, Gonolulu gavaniga kirib borishdi. Keave yo‘lovchilar olomoni bilan birgalikda sohilga tushdi va shu zahotiyoq Lopakani izlashga kirishdi. Biroq ma’lum bo‘lishicha, Lopaka shxuna sotib olib – bunaqa chiroylisi butun orollarda yo‘q emish! – qayergadir olis safarga: Pola-polagami yoki Kaxnikigami, jo‘nab ketibdi. Endi uni topish amrimahol edi.
Shu o‘rinda Keave Lopakaning bir do‘sti – shu shaharda yashovchi sarkorni (ismini aytmay qo‘ya qolay) eslab qolib, o‘shani surishtira boshladi. Unga aytishlaricha, bu odam birdaniga nihoyatda boyib ketibdi va o‘ziga Vaykini sohilidan chiroyli bir yangi uy sotib olibdi. Bu xabar Keaveni o‘ylantirib qo‘ydi va u izvosh yollab, o‘sha uyni izlab ketdi.
Uy ham, bog‘ ham yap-yangi, endigina barpo qilingani yaqqol ko‘rinib turar, uy egasi ham mamnun-shod qiyofada edi.
– Xo‘sh, xizmat? – deb so‘radi u.
– Siz Lopakaning do‘stisiz, – dedi Keave, – u esa mendan bir narsani sotib olgandi. O‘sha narsani izlab topishimda menga yordam berarsiz, degan umidda keluvdim.
Uy egasining chehrasi shu zahotiyoq tundlashdi.
– Mister Keave, – dedi u. – O‘zimni ovsarlikka solib, gap nima haqida borayotganini bilmayotgandek ko‘rsatmay qo‘ya qolay. Bu ish g‘oyat shubhali va oxiri baxayr bo‘lmasligi aniq, faqat, ishoning, men aniq bir narsa aytolmayman, lekin ayrim narsalarni taxmin qilishim mumkin. Menimcha, ba’zi joylardan so‘rab-surishtirib, qo‘shimcha narsalarni bilib olishingiz mumkin, deb o‘ylayman.
U shunday deb Keavega bir odamning nomini aytdi, keling, uni ham oshkor etmay qo‘ya qolaylik. U yog‘iga shu zaylda ketaverdi, Keave Xudoning bergan kuni bir odamdan ikkinchisiga borar, u esa o‘z navbatida yana boshqasiga yo‘llar edi. U hamma joyda yangi liboslarni va yangi ekipajlarni, chiroyli yangi uylarni va bag‘oyat baxtli odamlarni uchratardi. Biroq Keave nima ish bilan kelganini aytgan zahotiyoq bu odamlarning shodon chehrasini go‘yo ko‘lanka qoplab olgandek bo‘lardi.
“Shishaning iziga tushganim aniq, – deb o‘ylardi Keave. – Mana shu boyliklarning bari – shaytonning tuhfasi, bu odamlarning mamnun qiyofasi esa ular xohlagan narsalarini qo‘lga kiritgach, la’nati shishadan eson-omon qutulib olganlaridan dalolat beradi. Qachonki rangpar chehrani uchratsam va og‘ir xo‘rsinishlarni eshitsam, ana o‘shandagina maqsadimga yaqinlashgan bo‘laman”.
Va nihoyat, Keaveni Beritaniya-stritda yashovchi oq tanli bir odamning uyiga yo‘llashdi. Keave u yerga yetib borganida kechki ovqat mahali bo‘lib qolgandi. Bu joyda ham u odatdagidek yangi uyni, yangi bog‘ni, elektr chiroqlaridan charog‘on derazalarni ko‘rdi. Biroq uy egasi chiqib kelganida Keavening yuragi orqasiga tortib ketdi, chunki uning qarshisida ko‘zlari kirtayib, ich-ichiga tushgan, sochlari parishon, rangi murdanikidek oppoq bir o‘smir turardi. Uning qiyofasi boshdan-oyoq xuddi o‘limga hukm qilingan odamning qiyofasini eslatardi. 
“Shisha shu yerdaligi aniq”, – deb o‘yladi Keave va bu odamning oldida o‘z niyatini yashirib o‘tirmadi.
– Men shishani sotib olgani keldim, – dedi u.
Beritaniya-stritda yashovchi oq tanli o‘smir bu gapni eshitib, kalovlanib qoldi va beixtiyor devorga suyandi.
– Shisha deysizmi? – shivirladi u. – Sotib olmoqchimisiz? – U bo‘g‘ilib ovozi chiqmay qoldi, keyin Keavening qo‘lidan mahkam changallaganicha ichkariga sudrab kirdi, so‘ngra ikkita stakanni olib, sharobga to‘ldirdi.
O‘z vaqtida oq tanlilar bilan ko‘p osh-qatiq bo‘lib ko‘nikib qolgan Keave tortinib o‘tirmadi.
– Salomat bo‘lsinlar! – deb ichib yubordi va keyin qo‘shib qo‘ydi: – Ha, men shishani sotib olgani keldim. Bahosi qancha hozir?
O‘smir bu gapni eshitib, qo‘lidagi stakanni tushirib yubordi, so‘ngra Keavega xuddi arvohni ko‘rayotgandek qarab qoldi.
– Bahosi? – arang xitob qildi u. – Qancha deysizmi? Nima, uning narxini bilmaysizmi hali?
– Bilganimda so‘rab o‘tirarmidim, – e’tiroz qildi Keave. – Lekin buning nimasi sizni xavotirga solayapti? Shishaning narxiga bir balo bo‘lgani yo‘qmi, ishqilib?
– Uning narxi judayam tushib ketgan, mister Keave, – yigitga tutila-tutila arang so‘zlardi.
– Nima bo‘pti, kamroq to‘lar ekanman-da, – dedi Keave. – Uni qanchaga olgandingiz o‘zi?
O‘smirning rangi dokadek oqarib ketgandi.
– Ikki tsentga, – pichirladi u.
– Nima? – dedi qichqirib yubordi Keave. – Ikki tsentga deysizmi? Shoshmang, bundan chiqdi, siz endi shishani faqat bir tsentga sota olasiz, to‘g‘rimi? Uni sotib olgan odam esa... – Keavening nafasi ichiga tushib ketdi. – Demakki, bu shishani sotib olgan odam uni hech qachon boshqa birovga sota olmaydi! Shisha ham, ichidagi shayton o‘sha badbaxtning qo‘lida o‘la-o‘lgunicha qoladi, boyaqish omonatini topshirishi bilanoq uni do‘zaxga sudrab ketishadi!
Beritaniya-stritda yashovchi oq tanli o‘smir Keavening oldida tiz cho‘kdi.
– Xudo haqi o‘tinaman, uni sotib oling! – deb yolvorardi u. – Uning yoniga qo‘shib bor boyligimni ham beray. Shishani shu narxda sotib olganimda telbaning o‘zi edim. Davlatning pulini o‘zlashtirib qo‘ygandim o‘shanda, agar shu shishani sotib olmaganimda turmaga qamalishim tayin edi.
– Oh, bechora-ya! – dedi Keave. – Qing‘ir ishing uchun qonuniy jazo olishdan qochib, shu dahshatli ishga qo‘l urgansan, iymoningni sotgansan! Shunday ekan, muhabbat kutib turgan paytda men ikkilanib o‘tiraymi? Qani, ol shishani, qaytimni ham ber – uni tayyor qilib qo‘yganingni bilaman. Mana senga besh tsentlik tanga!
Keave to‘g‘ri topgan, o‘smir stol tortmasida qaytimni tayyorlab qo‘ygan ekan. Shisha qo‘ldan-qo‘lga o‘tdi va barmoqlari uning ingichka bo‘ynidan tutgan zahotiyoq Keave shaytonga shipshib, dahshatli kasallikdan xalos bo‘lish istagini bildirdi. U yog‘iga nima bo‘ldi, deb o‘ylaysiz? U mehmonxonadagi xonasiga qaytishi bilanoq yechinib, badanini ko‘zguga tutdi: terisi xuddi chaqaloqnikidek top-toza edi.
Biroq g‘alati hol yuz berdi, shu mo‘‘jiza amalga oshgan zahotiyoq Keavening qalbida hamma narsa ostin-ustun bo‘lib ketdi. Endi uning nazarida moxovlik dardi ham arzimagandek tuyular, hatto Kokuani ham deyarli eslamay qo‘ygandi. Endi yakkayu yagona bir fikr unga tinchlik bermas – iblis va shisha bilan umrining oxirigacha bog‘lanib qolganini, jahannamning abadiy alangasi hamda otash cho‘g‘laridan endi uni hech nima qutqara olmasligini o‘ylagani-o‘ylagan edi. Uning ko‘z o‘ngida do‘zax olovi lovullagani-lovullagan, qalbi karaxt holga kelib, butun yorug‘ dunyo zimziyo zulmat bo‘lib ko‘rinardi.
Keave birmuncha o‘ziga kelganida kech kirgan, mehmonxonada orkestr kuy-qo‘shiq ijro etishni boshlagan edi. U musiqa ohanglari tomon yurdi, chunki o‘zining g‘am-tashvishlari bilan yolg‘iz qolishdan cho‘chirdi. O‘sha yerda, shodon chehrali odamlar orasida halovat bilmay daydib yurar ekan, musiqa sadolari goh balandlashib, goh pasayishini eshitar, dirijyor qo‘lidagi tayoqchasini sadolarga monand holda o‘ynatishini ko‘rardi. Ammo doimo quloqlariga do‘zax alangasining guvillashi eshitilar, ko‘zlariga jahannamning qop-qora qa’ridan otilib chiqayotgan olov tillari ko‘rinardi, xolos.
Shu payt orkestr “Ki-ki-ao-ao” qo‘shig‘ini boshlab yubordi. Bu qo‘shiqni Keave Kokua bilan birgalikda ko‘p bora kuylagandi, mana endi tanish ohanglar unga dalda berayotgandek bo‘ldi.
“O‘tgan ishga salovat, – deb o‘yladi u, – shu ishga jazm etibmanmi, loaqal biron foydasi tegsin”.
Keave birinchi poroxodda Gavayiga qaytdi va paysalga solib o‘tirmay Kokua bilan to‘yini o‘tkazdi, keyin uni tog‘lar cho‘qqisida qad ko‘targan “Yarqiroq Uy”iga olib keldi.
Xullasi kalom, Keave bilan Kokua birga yashay boshlashdi. Ikkovlari birgalik paytlarida Keavening dard-g‘amlari biroz pasaygandek bo‘lar, ammo yolg‘iz o‘zi qoldi deguncha, yana dahshatli fikrlar uning butun borlig‘ini iskanjaga olib tilkalay boshlar, yana quloqlariga do‘zax alangasining guvillashi eshitilar, ko‘zlariga jahannam qa’ridan otilib chiqayotgan alanga tillari ko‘rinaverardi.
Qiz esa butun borlig‘i bilan Keavega bog‘lanib qoldi, uni ko‘rdi deguncha qalbi o‘z-o‘zidan kuylab ketar, qo‘llari uning qo‘llariga intilardi. Kokua boshdan-oyoq shu qadar ochilib-yashnab ketgan ediki, bu beqiyos go‘zallikka ko‘zi tushgan odam shodon tabassum qilmay turolmasdi. Qiz nihoyatda muloyim, ochiqko‘ngil, har qanday odam uchun bir og‘iz shirin so‘z topa olardi.
Kokua ko‘plab qo‘shiqlarni bilar, “Yarqiroq Uy”ning uchchala qavati bo‘ylab qushchadek uchib-qo‘nib kuylar, shu yerdagi hamma narsadan ham o‘zi ko‘proq yaraqlab ko‘rinardi. Keave unga qarab, qo‘shiqlarini eshitib, baxtidan entikar, keyin esa biroq pastqam, ko‘zdan pana joy topib, yana iztiroblarga berilar, bu baxt unga qanchalik qimmatga tushganini o‘ylab, yurak-bag‘ri pora-pora bo‘lar, oh urib, faryod chekardi.
Keyin yana ko‘z yoshlarini quritib, yuzlarini chayib, Kokuaning yoniga kelar, keng-mo‘l ayvonda uning yonida o‘tirib, qo‘shig‘iga jo‘r bo‘lar, ichini it tirnab turgan bo‘lsa ham uning tabassumiga tabassum bilan javob qaytarar edi.
Biroq asta-sekin vaqt o‘tib, shunday kunlar keldiki, Kokua uy bo‘ylab avvallari kabi kapalakdek parvoz qilmay qo‘ydi. Qo‘shiq aytishlari ham ancha kamayib qoldi. Endilikda Keavening o‘zigina biron burchakda oh-voh qilmas, ikkovlari ham bir-birlaridan uzoqlashishga urinishar, shundoq mahobatli “Yarqiroq Uy”ning qarama-qarshi ikki chekkasidagi ayvonlarda o‘tirishar edi.
Keave o‘zining dardi dunyosiga shu qadar sho‘ng‘ib ketgandiki, bu o‘zgarishlarni deyarli sezmas, va aksincha, yolg‘iz o‘zi qolishiga va achchiq qismatini o‘ylab ezilishiga imkon ko‘proq qolayotganidan xursand ham edi. Negaki, yurak-bag‘ri lov-lov yonayotgan paytda ham hadeganda o‘zini majburlab kulishiga hojat yo‘q-da, endi!
Biroq bir gal u uy bo‘ylab ohista kezinib yurganida xuddi bola yig‘layotgandek bo‘lib tuyuldi. Borib qarasaki – Kokua yuztuban tushib, ayvonning tosh sahniga bosh urib, zor-zor yig‘lab yotibdi.
– To‘g‘ri qilasan, Kokua, bu uy g‘urbatxonaning o‘zi, – dedi Keave. – Lekin har qalay, loaqal sen baxtli bo‘lishing uchun umrimning yarmidan bajonidil voz kechgan bo‘lardim.
– Baxt emish-a! – xitob qildi Kokua. – “Yarqiroq Uy”ingda yolg‘iz o‘zing yashayotgan mahallaring hamma seni oroldagi eng baxtli odam deb bilardi. Chunki chehrangdan tabassum arimas, tilingdan qo‘shiq tushmas, qiyofang boshdan-oyoq tong shafag‘iday charog‘on edi. Keyin sen bechora Kokuaga uylanding-u – u senga nimasi bilan yoqmay qolgani yolg‘iz Xudoga ayon! – o‘shandan buyon shod-xurramlik seni tark etdi. O, Parvardigor! – deya qichqirib yubordi Kokua. – Nima yomon ish qildim, axir?! Men go‘zalman va o‘zimning Keavemni qattiq sevaman, deb o‘ylardim. Xo‘sh, aybim nima? Erimning hayotiga qanday tashvish-anduh keltirdim?
– Kokua boyaqish, – dedi Keave. Keyin uning yoniga o‘tirib, qo‘lini olmoqchi bo‘luvdi, qiz qo‘lini tortib oldi. – Kokua boyaqish, – deya takrorladi u yana. – Bechoraginam... Tengsiz go‘zalim. Holbuki, men seni g‘am-qayg‘udan asrab qolishni o‘ylagandim. Nachora, mana endi hamma narsani bilasan-qo‘yasan. Balki o‘shanda sho‘rpeshana Keavega loaqal achinarsan; balki o‘shanda u seni qanchalik qattiq sevganini, senga yetishish uchun hatto do‘zaxdan ham qo‘rqmaganini tushunib yetarsan. Shu baxtsiz, abadiy azobga mahkum odam seni hali-hanuz qattiq sevishini, seni ko‘rganida kulishga hamon holi kelishini balki o‘shanda anglay olarsan.
Keave shunday degach, bor gapning hammasini, hech narsani yashirmay aytib berdi.
– O Xudo, shu ishlarni sen hali men uchun qildingmi?! – deya oh urib yubordi Kokua. – U holda xavotirlanishga menda hech qanday asos yo‘q ekan! – U shunday deb erining bo‘yniga osildi va quvonch-shodlik yoshlarini to‘ka boshladi.
– O farishtaginam-a! – xitob qildi Keave. – Do‘zax alangasini o‘ylaganimda xavotirlanish uchun menda asos bor-da!
– Bunday dema, – dedi qiz. – Aybing bo‘lmay turib, sadoqatli Kokuangga muhabbatingning o‘zi uchungina oxirating kuyishi mumkin emas. Menga qara, Keave: seni mana shu qo‘llarim bilan qutqaraman yoki sen bilan birgalikda halok bo‘laman. O Keave! Sen meni shu qadar sevar ekansanmi, bu yo‘lda hatto iymoningni sotibsan, shunday ekan, seni xalos qilish uchun men o‘z hayotimni qurbon qilsam arzimaydimi?
– Eh, mening qushchaginam-a, sen o‘z hayotingni yuz marta qurbon qilishing mumkin, ammo bu biron nimani o‘zgartira olarmidi? – deya oh urdi Keave. – To hisob-kitob payti kelmaguncha men qolgan umrimni yolg‘izlikda o‘tkazishga mahkumman, axir!
– Sen hech baloni tushunmayapsan, – e’tiroz bildirdi Kokua. – Men oddiy, besavod qiz emasman – Gonoluludagi maktabda o‘qiganman. Senga aytayapman-ku, men sevimli erimni qutqarib qolaman. Sen bir tsent dedingmi? Biroq dunyoda muomalada bo‘lgan pullar faqat Amerikaniki emas-ku! Angliyada, masalan, farting deb ataluvchi tanga bor, qiymatiga ko‘ra bir tsentning deyarli yarmiga teng keladi.
– Yo‘q, yo‘q, buyam to‘g‘ri kelmasakan! – deya xitob qildi Kokua. – Bu bizga yordam berolmaydi: chunki shishani bir fartingga sotib olgan odam tamom bo‘ldi deyaver, sababi – mening Keaveimga o‘xshagan yana bir dovyurak odam topilishi dargumon!
Lekin yana Fransiya ham bor, u yerda santim deb ataluvchi chaqa tanga muomalada yuradi, bir tsentga ulardan besh-oltitasini beradi. Bundan yaxshiroq usulni o‘ylab topolmaymiz. Safarga otlan, Keave, fransuz orollariga yo‘l olamiz. Kemaga chiqsak, tez orada Taitiga yetib boramiz. U yerda esa shishani to‘rt santimga, uch, ikki, bir santimga sotish ham mumkin. Bir o‘ylab ko‘rgin-a, shishani yana to‘rt marta sotish imkoniyati bor, bu ish bilan shug‘ullanish uchun esa biz endi bir kishi emas, ikki kishimiz! Keaveginam, endi meni bir o‘pib qo‘ygin-da, g‘am-g‘ussalaringni yig‘ishtir. Kokuang seni kulfatda tashlab qo‘ymaydi.
– Seni menga Xudoning o‘zi yetkazdi! – deya xitob qildi Keave. – Sendek xazinaga yetishishni orzu qilganim uchungina Xudo meni jazolashi mumkinligiga ishonmayman! Hammasi sen aytgancha bo‘la qolsin: qayerga desang ketaveraman, o‘z hayotimni ham, iymon-oxiratim taqdirini ham o‘zingga ishonib topshirdim.
Ertasiga ertalabdanoq Kokua safarga taraddud ko‘ra boshladi; Keave dengiz safarlarida o‘zi bilan olib yuradigan sandiqchani topib, avvalambor uning eng tubiga, bir burchagiga shishani tiqdi, ustidan esa eng qimmatbaho kiyimlarni, uyda bo‘lgan eng g‘aroyib o‘yinchoqlarni joylashtirdi.
– Hamma bizni boy-badavlat deb hisoblashi kerak, – dedi u, – aks holda sirli shishaga kim ham ishonardi, axir!
Kokua yo‘lga otlanar ekan, hamisha qushdek shod-xandon edi, faqat ba’zida eriga kishi bilmas ko‘z qirini tashlaganida beixtiyor ko‘zlariga yosh quyilib kelar, keyin yugurgilab yoniga borib, uni mehr bilan o‘pib qo‘yardi.
Keavening esa yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek edi; endi, sirini Kokuaga ochganidan keyin uning oldida umid uchqunlari miltillagandek bo‘ldi; u go‘yo qayta tug‘ilgandek yana shaxdam qadam tashlar, xo‘rsinishlari ham qolgan edi. Biroq baribir qo‘rquv uni butunlay tark etmagan; vaqti-vaqti bilan, shamning zaif alangasi shamol epkinida o‘tayotgandek, uning umidlari ham o‘cha boshlar, shunda yana ko‘z o‘ngida do‘zax alangasi guvillar, olov tillari lopillab turardi.
Ular shu zahotiyoq ko‘ngil yozish uchun Shtatlar bo‘ylab sayohatga yo‘l olayotganlari haqida ovoza tarqatishdi va hamma bundan judayam ajablandi, lekin kimdir asl haqiqatdan xabar topganida hayrati yanada ortishi turgan gap edi. Xullas, Keave bilan Kokua “Nuh kemasi”da Gonoluluga, u yerdan esa oq tanli yo‘lovchilar olomoni bilan birgalikda “Umatilla”da San-Fransiskoga yo‘l olishdi.
U yerdan “Tropiklar qushi” nomli pochta brigantinasiga chiqib, fransuzlarning Janubiy orollardagi bosh qarorgohi bo‘lgan Papeetsga yetib kelishdi. Sayohat ko‘ngildagidek ketdi va ular yo‘lakay passat yordamida quyoshli bir kunda ko‘zlagan manzillariga kelib tushishdi.
Bu yerda to‘lqinlar Marjon orollariga bosh urib yotar; Motputining yuksak palmalari; sohil yoqalab ohista suzayotgan shxuna; dengizning shundoqqina yoqasida, yam-yashil daraxtlar soyasida yastanib yotgan shaharning oppoq-oppoq uylari ko‘zga tashlanar; ularning ortida esa Donishmandlar orollari – Taitining purviqor tog‘lari ko‘kka bo‘y cho‘zgan, bulutlar savlat to‘kib suzib yurishardi.
Ikkovlari maslahatlashib, bironta uyni ijaraga olgan ma’qulroq, degan to‘xtamga kelishdi. Ular shunday qilishdi va pullarini hammaga ko‘z-ko‘z qilish, otlari va ekipajlari bilan boshqalarning diqqatini tortish uchun Angliya konsulxonasining ro‘parasidan bir uy olib joylashishdi.
Bularning bari oson kechdi, chunki ularda shisha bor, Kokua esa Keavedan ancha dadilroq bo‘lib, hali u sabab, hali bu sabab shaytondan goh yigirma dollar, goh yuz dollar talab qilaverardi. Shu tariqa ular tez orada butun shaharga nom chiqarishdi, kelgindi gavayiliklar, ularning otlari va ekipajlari, Kokuaning anvoyi liboslari-yu qimmatbaho taqinchoqlari haqidagi gap-so‘zlar ko‘paygandan-ko‘pa-yib boraverdi.
Ular tanti tilini ancha tez o‘rganib olishdi, chunki u mohiyatan gavayi tiliga bag‘oyat o‘xshab ketar, faqat ayrim tovushlari bilangina farqlanardi. Til o‘rganib olishgach esa shu zahotiyoq odamlarga o‘z shishalarini taklif eta boshlashdi. Lekin o‘zingiz, albatta, tushunib turgandirsiz, bunaqa ishga hatto kirishishning o‘zi ham unchalik oson emasdi.
Niyatingiz jiddiy ekaniga – yoshlik sog‘lomligi va bitmas-tuganmas boylik manbaini atigi to‘rt santimga sotishga tayyor ekanligingizga odamlarni ishontirish bag‘oyat mashaqqatli ekan. Ayni payt-da shisha ichiga yashiringan xavf-xatarlar to‘g‘risida ham gapirishga to‘g‘ri kelar, shundan keyin odamlar yo ularning so‘zlariga mutlaqo ishonmay qo‘yib, ochiqchasiga kulishar, yoki bunaqangi shubhali bitimdan qo‘rqib, chehralari tundlashar va Shayton bilan bog‘lanib qolgan Keave hamda Kokuaning yonidan tezroq nari ketishga oshiqishardi.
Shishani sotish yo‘lida zarracha omadlari kelmayotgan er-xotin ko‘p o‘tmay shahar aholisi ulardan o‘zini olib qochayotganini payqab qolishdi. Bolalar ularni ko‘rganda chinqirib, har tomonga qochishar, bu esa Kokuaning yuragiga o‘tkir xanjardek sanchilardi. Er-xotinga duch kelgan katoliklar xuddi shaytonga uchragandek cho‘qinib olishardi. Bora-bora kattayu kichik barcha o‘zaro kelishib olgandek ulardan iloji boricha nariroq yuradigan bo‘ldi.
Er-xotinning ruhi tushib ketdi. Ular kunni g‘am-tashvishdan ezilib o‘tkazishar, tunlari esa o‘zlarining yangi uylarida mijja qoqmay, bir-birlariga hatto bir og‘iz so‘z qotmay chiqishardi. Bu sukunatni goh-gohida Kokuaning to‘satdan o‘krab-o‘krab yig‘lab yuborishlari buzardi, xolos.
Ba’zan ular Parvardigorga ibodat qilishar; ayrim hollarda shishani olib o‘rtaga qo‘yishar va uning ichidagi beshakl soya betinim lipillashiga qaragancha, butun oqshomni shu alfozda o‘tkazishardi. Shunday lahzalarda qo‘rquv ularni dam olishga qo‘ymas; kipriklariga uyqu ilinmasdi. Mabodo birontasi mudrab ketsa ham uyg‘onganida qorong‘ulik bag‘ridan kelayotgan bo‘g‘iq yig‘i tovushini eshitar yoki o‘zi yolg‘iz qolganini ko‘rardi.
Zotan, ularning har biri uydan qochib chiqishga, shishadan imkon qadar yiroqroq bo‘lishga intilardi. Mo‘‘jazgina bog‘dagi bananlar ostida yoki oydin kechada dengiz sohilida aylanib yurishni ma’qul ko‘rardi.
Bir kuni tunda ana shunday bo‘ldi – Kokua uyg‘onganida Keave ko‘rinmasdi. U yonini paypaslab chiqdi, o‘rni sovib ulgurganiga qaraganda eri chiqib ketganiga ancha bo‘lganga o‘xshardi. Kokuani qo‘rquv bosdi, u o‘rnidan turib o‘tirdi. Deraza qopqog‘ining tirqishlaridan ichkariga Oyning zaif nuri tushayapti. Uning xonani yoritgan yog‘dusida Kokua polda turgan shishani ko‘rdi.
Tashqarida bo‘ron guvillar, uy oldidagi baland daraxtlar kuchli shamol ostida ayanchli g‘ichirlar, shoxlardan uzilib tushayotgan yaproqlar ayvon sahnida shitirlardi. Biroq shu shovqin ichida Kokua bosh-qa tovushlarni ham ilg‘ay oldi.
Bog‘ tarafdan odamningmi, hayvonningmi, baayni o‘lim oldidagi dahshatli ingroqlari eshitilardiki, bu tovushlar Kokuaning naq yurak-bag‘riga tig‘ bo‘lib sanchildi. U ohista o‘rnidan turib eshikni ochdi va Oy nuriga cho‘milgan bog‘ga nazar tashladi. U yerda, banan daraxti tagida Keave yuztuban tushib yotar, ko‘ksidan faryod, ingroq otilib chiqardi.
Kokua erining yoniga yugurib borib ovutgisi keldi, ammo nogahoniy bir yangi fikr uni to‘xtatib qoldi. Keave uning nazarida doimo mard va jasur ko‘rinishga urinib kelgandi, binobarin, endi Kokua uning zaiflik, ojizlik lahzalariga, uyat-nomusiga guvoh bo‘lib qolishi umuman to‘g‘ri kelmaydi. Ana shu fikr uni uyga qaytardi.
“Ey, Parvardigor! – deb o‘yladi Kokua. – Namuncha beg‘am, namuncha tuban kimsa bo‘lmasam-a! Axir, jahannam azobi menga emas, unga tahdid solayapti-ku; iymonidan ayrilib, abadiy qarg‘ishga mubtalo bo‘lgan men emas, u-ku, axir! Meni deb, mendek bir ayanchli, ojiz ayolga bo‘lgan muhabbatini deb u endi ko‘z o‘ngida jahannamning o‘tli qopqalarini ko‘rayapti; oydin kechada, g‘ir-g‘ir shamollar qo‘ynida yotgan joyida do‘zaxning badbo‘y, qo‘lansa tutunlarini simirayapti!
Men esa – men! – haftafahm va toshbag‘ir ayol burchim nimada ekanligini shu paytgacha anglab yetolmasam-a! Balki anglab yeta olgandirman-u, undan o‘zimni olib qochgandirman? Biroq mana endi, fursatni boy bermay turib, muhabbat yo‘lida men o‘z iymonimni o‘z qo‘lim bilan qurbon qilaman! Jannatga eltuvchi oppoq pillapoyalarga, u yerda meni kutib turgan qadrdon yor-do‘stlarimga endi men “Alvido!” deyman! Muhabbatga muhabbat bilan javob qaytarish kerak, mening muhabbatim ham uning muhabbatiga teng kelsin iloyo! U meni deb oxiratidan kechibdimi, uning o‘rniga mening oxiratim kuya qolsin!”
Kokua chaqqon-epchil ayol edi, bir zumda kiyinib bo‘ldi. Keyin chaqa tangalarni oldi – bu bebaho santimlarni ular doimo tayyor holda saqlashardi. Bu tangalar muomalada kam yurgani uchun ularni bankdan zaxira qilib olishgandi. Kokua ko‘chaga chiqqanida osmonda shamol bulutlarni haydab yurar, ular esa Oy yuzini to‘sib qo‘yishgan edi. Butun shahar uyquda, ayol qayerga borishni bilmasdi, shu payt daraxtlar ostidagi qorong‘ilikda kimdir yo‘talayotganini eshitib qoldi.
– Qariya, – dedi Kokua, – havo aynigan shunday kechada siz bu yerda nima qilayapsiz o‘zi?
Chol betinim yo‘talar, qiyinchilik bilan so‘zlardi, lekin har qalay Kokua u qashshoq va keksaligini, bu yerlarda musofir ekanligini tushuna oldi.
– Menga bir yordam ko‘rsata olmaysizmi? – deb so‘radi Kokua. – Bu yerlarga ikkalamiz ham begona ekanmiz. Gavayi qizidan ko‘magingni darig‘ tutmang...
– E, bu senmiding – sakkizta oroldan kelgan jodugar? – dedi qariya. – Hatto mendek bir keksa odamni ham tuzog‘ingga ilintirishni xohlab qoldingmi hali? Biroq men sen haqingda allaqachonlar eshitganman va yovuz jodularingdan qo‘rqadigan joyim yo‘q.
– Kel, birpas o‘tiraylik va men senga bir voqeani hikoya qilib beray, – dedi Kokua va Keavening boshiga tushgan baloyu kulfatlarni boshdan-oyoq aytib berdi.
– Xullas, men uning xotiniman va u bechora menga yetishish uchungina abadiy barhayot ruhini shaytonga sotishga majbur bo‘lgan. Xo‘sh, endi men nima qilishim kerak? Shishani menga sotishini o‘zim so‘ragudek bo‘lsam, u albatta rozi bo‘lmaydi. Lekin shu taklifni agar sen aytsang, u jon-jon deb ko‘nadi. Men esa seni shu yerda kutib turaman. Sen shishani to‘rt santimga sotib olasan, men uni sendan uch santimga sotib olaman. Men baxtiqaroga Parvardigorning o‘zi madad bersin!
– Mabodo meni aldagudek bo‘lsang, Xudo joningni olsin, – dedi qariya.
– Mayli, ola qolsin! – deya qichqirdi Kokua. – Va’damdan aslo shubhalanma, qariya! Seni aldashimga Parvardigorning o‘zi yo‘l qo‘ymaydi.
– U holda menga to‘rt santim bergin-da, shu yerda kutib tur.
Biroq ko‘chada yolg‘iz o‘zi qolganidan keyin Kokuani qo‘rquv bosdi. Shamol daraxtlar tepasida uvillar, bu esa ayolga do‘zax alangasining guvillashi bo‘lib eshitilardi. Ko‘cha fonusi yog‘dusida soyalar tebranar, bu esa ayol nazarida shaytonning dahshatli changallari u tomonga cho‘zilayotgandek bo‘lib tuyulardi.
Kokuaning madori yetganida dod solib qochib qolgan bo‘lardi, ammo nafasi qaytib ketdi. Na qichqirishga va na joyidan qo‘zg‘alishga majoli bor, ko‘cha o‘rtasida xuddi qo‘rqib ketgan go‘dakdek dag‘-dag‘ qaltiraganicha turardi.
Shu paytda u qariya qaytib kelayotganini va qo‘lida shisha borligini ko‘rdi.
– Men iltimosingni bajardim, – dedi chol. – Uydan chiqib ketayotganimda ering azbaroyi quvonganidan yosh boladek yig‘lab yubordi. Bu kecha u endi xotirjam uxlaydi. – Qariya shunday deb shishani Kokuaga uzatdi.
– Shoshmay tur, – ayol nafasi bo‘g‘ilib, arang gapirardi. – Modomiki shaytoniy kuchga bog‘lanib qolibsanmi, bu ishing behuda ketmasligi uchun senam biron foyda ol. Shishani menga berishingdan avval unga seni yo‘taldan qutqarishini buyur.
– Men bir keksa odam bo‘lsam, – dedi chol, – bir oyog‘im go‘rda turgan paytda iblisning marhamatiga muhtoj emasman. Xo‘sh, senga nima bo‘ldi? Shishani nega olmayapsan? Yo fikringdan qaytib qoldingmi?
– Yo‘q-yo‘q, qaytganim yo‘q! – deya xitob etdi Kokua. – Shunchaki bir zaifa ayolman. Andak sabr qilgin. Shu la’nati shisha qarshisida boshdan-oyoq qo‘rquvdan titrayapman, uni olgani qo‘lim bormayapti aslo. Yana biroz kutib turgin, men o‘zimga kelib olay.
Qariya Kokuaga achinish bilan qaradi.
– Ha bechoragina-ya! Butun borlig‘ingni dahshat qamrab olgan, yuraging baloyu kulfatlarni sezayapti chog‘i. Bo‘pti, shisha menda qolaversin. Oshimni oshab, yoshimni yashab bo‘ldim, bu dunyodan kutadigan quvonchlarim ham qolmagan, endi u dunyoga kelsak... 
– Ber menga uni! – deb qichqirib yubordi Kokua. – Ol pulingni. Meni shunchalik pastkashlikka boradi, deb o‘ylaganimiding hali? Shishani uzat menga.
– Seni Parvardigor o‘z panohida saqlasin! – dedi qariya.
Kokua shishani xolokusi ostiga yashirib, chol bilan xayrlashgach, boshi oqqan tomonga qarab ketdi. Chunki endi unga hamma yo‘llar baribir – bari do‘zaxga olib borardi. Ayol goh yurib, goh yugurar, ba’zan musibatga to‘lug‘ faryodi tun bag‘rini tilkalab o‘tar, ba’zan esa yo‘l yoqasida yerga yuztuban tushib yotgancha ohista yig‘lardi.
Jahannam haqida shu paytgacha nimalarniki eshitgan bo‘lsa, hamma-hammasi ko‘z o‘ngida gavdalanardi. U alanganing olov tillarini ko‘rar, oltingugurt hidini sezar, cho‘g‘lar otashi guldek badanini jizg‘anak qilayotganini his etardi.
Faqat tong saharga boribgina u hushini yig‘ishtirib oldi va uyiga qaytdi. Bu yerda barcha narsa qariya aytganidek ekan: Keave xuddi beshikdagi chaqaloqdek shiringina uxlab yotardi. Kokua unga qaraganicha turib qoldi.
“Mana endi, erjonim, xotirjam uxlash uchun sening galing keldi, – deb o‘yladi u. – Uyg‘onganingda esa istaganingcha o‘ynab-kulishing mumkin. Biroq boyaqish Kokua uchun – garchi u hech kimga yomonlik qilmagan bo‘lsa ham! – endi na halovat, na farog‘at bor. Endi u yerda ham, osmonda ham ro‘shnolik ko‘rmaydi”.
Kokua shu o‘y-xayollar bilan erining yoniga cho‘zildi va g‘am-tashvish ezib tashlagan chog‘i, shu lahzadayoq chuqur uyquga ketdi.
Er xotinini uyg‘otib, ajoyib yangilikdan xabar berganida kun peshinga yaqinlashib qolgan edi. Keave quvonch-shodlikdan naq telbalanib qolgandek edi. Kokuaning tili aylanmas, ammo buning ahamiyati yo‘q: eri har ikkovlari uchun ham betinim so‘zlardi. Ayolning tomog‘idan bir luqma ham o‘tmadi, lekin buni kim ham payqardi deysiz! Keave yolg‘iz o‘zi barcha taomni paqqos tushirib qo‘ydi.
Kokua unga qarab turar, gaplarini go‘yo tushida eshitayotgandek edi. Qanday dahshatli hodisa yuz berganini ayol ba’zan bir soniyaga unutib qo‘yar, ba’zan esa hech narsa sodir bo‘lmagandek tuyula boshlar va u qo‘lini peshanasiga olib borardi. Kokua abadiy azob-qiynoqlarga mahkum etilganini bilar, bu ham yetmagandek, eri xuddi yosh boladek bo‘lar-bo‘lmas gaplarni valdirashiga toqat qilishi kerakligini ham tushunar va bulardan dardi-dunyosi tamom qorong‘i bo‘lib ketardi.
Keave esa shodon yeb-ichar, tinmay valaqlar, uyga tezroq qaytish orzusida rejalar tuzardi. Uni qutqarib qolgani uchun Kokuaga minnatdorchilik bildirar, uni suyib-erkalab, xaloskorim deb atardi. Keyin esa azbaroyi ahmoqligidan shishani sotib olgan chol ustidan kula boshlardi.
– Avvaliga menga tuppa-tuzuk qariyadek ko‘rinuvdi, – derdi u. – Ammo hech qachon odamning tashqi ko‘rinishiga qarab baho berib bo‘lmas ekan. Bu qari badbaxtga shisha nima uchun kerak bo‘lib qolganikan-a?
– Balki uning niyatlari yaxshi bo‘lgandir, – ohista e’tiroz bildirdi Kokua. 
Biroq Keave zaharxanda kulib qo‘ydi:
– Bema’ni gap! Senga aytayapman-ku, u nafaqat qari tulki, balki g‘irt eshak ham ekan! Shishani to‘rt santimga sotishning o‘zi qanchalik azob bo‘ldi, uni uch santimga oladigan telba umuman topilmasa kerak. Negaki xavf-xatar nihoyatda katta! Undan u yog‘iga esa jahannam otashi ufurib turibdi! – deb qichqirib yubordi u va keyin yelkalarini qisib qo‘ydi. – To‘g‘ri, men o‘zim uni bir tsentga sotib olganman, lekin o‘shanda bundan ham maydaroq tangalar borligini xayolimga keltirmagandim. Keyin esa tentakdek qiynalib yurdim. Ammo endi boshqa ahmoq topilmasligi aniq, chunki shisha kimning qo‘liga tushsa, uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri do‘zaxga sudrab ketishi shak-shubhasiz!
– O, erjonim! – dedi Kokua. – Odam o‘zini qutqarib, boshqa birovni abadiy azob-uqubatlarga duchor qilishi dahshatli emasmi, axir? Nazarimda, men bu holdan kula olmasdim, uyalgan bo‘lardim. G‘am-tashvishga tushib, shu shisha qo‘lida qolgan sho‘rpeshananing haqiga duoi iltijolar qilardim.
Uning so‘zlari haqiqat ekanligini sezgan Keave yanada jahllanib ketdi.
– Hali sen shunaqamisan? – deb baqirdi u. – Agar ko‘ngling tusayotgan bo‘lsa, mayli, xohlaganing uchun g‘am-tashvish chekaver. Lekin har qalay, eriga mehribon ayol uchun shu ish yarashadimi, munosibmi? Menga salgina bo‘lsa ham joning achiganida shu so‘zlaringdan o‘zing xijolatga tusharding!
U shunday deb uydan chiqib ketdi va Kokua yolg‘iz o‘zi qoldi.
Shishani ikki santimga sota olishdan u qanday ham umid qilsin endi? Buning hech qanaqa iloji yo‘qligini o‘zi yaxshi tushunadi. Hatto shunday umid-ilinji bo‘lgan taqdirda ham bunga fursat qani? Eri bu yerdan tezroq jo‘nab ketish payida, boradigan joylarida esa tsent-dan maydaroq tangalar muomalada yo‘q. Ayol-ku o‘zini qurbon qildi, lekin shundan nima naf bo‘ldi? Mana, ertasiga ertalaboq eri uni siltab tashlab, uydan chiqdi ketdi.
Kokua uning ixtiyorida qolgan vaqtdan foydalanib qolishga hatto urinib ham ko‘rmadi. Uyda yolg‘iz o‘zi o‘tirgan ko‘yi goh shishani olib, unga dahshat-vahima bilan qarar, goh yana titrab-qaqshab ko‘zdan pana joyga olib qo‘yardi.
Nihoyat, Keave uyga qaytib, xotiniga sayr qilib kelishni taklif etdi.
– Hozir tobim qochib turibdi, – deya javob berdi Kokua. – Meni kechirasan-u, lekin yuragimga qil ham sig‘maydi, o‘yin-kulguga hushim yo‘q.
Bu gapdan Keavening battar jahli chiqib ketdi. Xotinim qariyaga achinayapti degan xayolda unga zahrini sochdi, ammo u to‘g‘ri gapirayotganini ko‘rib turgani, o‘zining noo‘rin shodligidan uyalayotgani uchun o‘z-o‘zidan ham nafratlanib ketdi.
– Hali shumi sening vafo-sadoqating! – deya hayqirdi u. – Hali shumi sening muhabbating! Ering senga bo‘lgan muhabbati uchun o‘zini abadiy azob-uqubatlarga giriftor qilgan edi, ulardan arang qutulib qolganida esa sen hatto eringning quvonchiga sherik bo‘lishga ham yaramayapsan! Beburd, bevafo ekansan, Kokua!
Keave yana qahr-g‘azabda uydan otilib chiqdi va kun bo‘yi shaharda daydib yurdi. Do‘stlarini uchratib, ular bilan birga kayf-safo qildi. Keyin ular ekipaj yollab, shahar tashqarisiga yo‘l olishdi va u yerda ziyofatni yana davom ettirishdi. Biroq Keave xotini uyda g‘am-tashvishda ezilib o‘tirgan bir paytda o‘zi yallo qilib yurganini unuta olmas, bundan behad iztirob chekardi. U xotini haqligini yurak-yuragidan his etib turar, lekin shuni tushungani uchun ham bor alamini ichkilikdan olishga urinardi.
Ularning davrasida bir keksa xaole, nihoyatda pastkash va qo‘pol bir odam ham bor edi. Bir paytlari u kit ovlovchi kemada botsman bo‘lib xizmat qilgan, keyin daydi-sayoqlik bilan kun kechirgan, so‘ngra oltin konlarida omadini sinab ko‘rgan, turmada ham o‘tirib chiqqan edi. Yuragi qora, og‘zi shaloq bu kimsa ichkilikka mukkasidan ketgan, boshqalarni ham ichirishga urinar, Keaveni hadeb ichishga qistayverardi. Tez orada davradagilarning birontasida ham sariq chaqa qolmadi.
– Menga qara! – dedi u shunda Keavega. – Sen axir boy-badavlatsan-ku, o‘zing doim maqtanib yurasan. Har xil hunar ko‘rsatadigan shishang bor, axir!
– Ha, – dedi Keave, – men boy-badavlatman. Hozir uyga borib xotinimdan pul olaman, negaki pul uning qo‘lida turadi.
– G‘irt ahmoq ekansan-u, oshna, – dedi botsman. – Qaysi tentak pulni xotin kishiga ishonib berib qo‘yadi! Ularning bari xiyonatkor, makkor, oqar suvdek beqaror-ku, axir. Sen ham xotiningga doimo ko‘z-quloq bo‘lib yurishing kerak.
Bu so‘zlar Keavening yuragiga zaharli nishdek sanchildi, mastligida boshi g‘uvillab, hamma narsa ayqash-uyqash bo‘lib ketdi.
“Balki u chindanam menga xiyonat qilar, qayerdan bilib o‘tiribman? – deb o‘yladi u. – Men najot topganimda suyunish o‘rniga ku-yunishiga balo bormi bo‘lmasa? Biroq bunaqa qiliq-nayranglari menga o‘tmaydi, unga ko‘rsatib qo‘yaman hali. Hozir to‘g‘ri boraman-da, naq jinoyat ustida qo‘lga tushiraman!”
Keave mana shu gumon-shubhalarda shaharga qaytdi, botsmanga uni muyulishda, qadimgi qo‘rg‘on yonida kutib turishni buyurdi va o‘zi uyiga qarab yo‘l oldi. Bu orada kech kirgan, derazalarda chiroqlar ko‘rinar, ammo uydan tiq etgan tovug eshitilmasdi. Keave binoni aylanib o‘tib, orqa eshikka biqinib bordi va uni ohista ochib, ichkariga nazar tashladi.
Xona o‘rtasida, yonib turgan lampa yonida Kokua o‘tirar, uning oldida esa sutrang-oqish tusli va uzun bo‘yinli baqaloq shisha turar, ayol unga qarab yum-yum yig‘lar edi.
Keave bu manzarani ko‘rib ostonada mixlangandek turib qoldi, uzoq vaqtgacha joyidan siljiy olmadi. Avvaliga u haykaldek tosh qotdi, hech narsani o‘ylayolmay turaverdi, keyin esa uni qo‘rquv qamrab oldi. U nima uchundir bitim amalga oshmay qolgan-u, shisha xuddi San-Fransiskoda bo‘lganidek yana yonimga qaytib kelgan, degan xayolga bordi. Shu lahzadayoq tizzalaridan mador ketib, kayfi ham baayni daryo tepasidagi tuman tong saharda erib ketganidek, bir zumda tarqadi qoldi. Lekin birdaniga xayoliga yangi, juda g‘alati bir fikr keldi-yu, uyat-nomusdan yuzlariga qon tepdi.
“Buni tekshirib ko‘rish kerak”, – deb o‘yladi u.
Keave eshikni ohista yopdi, uyni yana astagina aylanib o‘tdi, keyin esa go‘yo endigina qaytib kelayotgandek tapir-tupur qilib ortiga yurdi. Xo‘sh, nima bo‘ldi u yog‘iga? U katta eshikni ochib ichkari kirganida shishaning qorasi ham ko‘rinmasdi, Kokua esa oromkursida o‘tirgan ko‘yi uni ko‘rganida bir seskandi va go‘yo uyqudan uyg‘ongandek bo‘ldi.
– Men butun kunni kayf-safo bilan o‘tkazdim, – dedi Keave. – Ajoyib do‘stlarim davrasida edim, hozir esa pul olgani keldim – ziyofatimizni yana davom ettirmoqchimiz.
Uning chehrasi ham, ovozi ham mudhish tusda edi, ammo o‘z yog‘iga qovurilib o‘tirgan Kokua hech nimani payqamadi.
– To‘g‘ri qilasan, erjonim, chunki bu yerdagi hamma narsa seniki, – dedi u siniq ovozda.
– Ha, men doimo to‘g‘ri ish qilaman, – dedi Keave va to‘g‘ri sandiqcha yoniga borib, ichidan pul oldi. Ayni paytda u sandiqchaning shisha turadigan burchagiga ko‘z tashlashga ulgurdi, ammo u ko‘rinmasdi.
Shu asnoda Keavening birdan ko‘zi tinib, boshi aylanib ketdi, nazarida butun olam ostin-ustun bo‘layotgandek edi. Chunki u endi hamma narsa barbod bo‘lganini, bu yog‘iga hech qanday najot yo‘qligini anglab yetgan edi.
“Aynan ana shundan qo‘rqqandim, – deb o‘yladi. – Demak, shishani xotinim sotib olgani shubhasiz”.
Nihoyat, u o‘ziga kelib, chiqib ketmoqchi bo‘ldi, ammo yomg‘irdek serob va buloq suvidek sovuq ter tomchilari yuzlaridan quyilib kelardi.
– Kokua, – dedi Keave. – Bugun sening ko‘nglingni og‘ritib qo‘yganim chakki bo‘ldi. Hozir do‘stlarimning quvnoq-shodon davrasiga qaytaman va bazmi jamshidni yana davom ettiramiz. – Shu o‘rinda u sal kulgandek bo‘lib, qo‘shimcha qildi. – Lekin agar sen meni kechirsang, ko‘ngilxushligim ham sal tatirmidi.
Kokua unga otilib, tizzalarini quchoqlab oldi, bosh urib, ko‘z yoshlari to‘kdi.
– O! – deyoldi u og‘riqli ohangda. – Menga sening shirin so‘zlaringdan boshqa hech narsa kerak emas!
– Bundan bu yog‘iga bir-birimiz haqimizda yomon xayolga bormaylik aslo, – dedi Keave va uydan chiqib ketdi.
Ana endi keyin nima bo‘lganini eshiting. Aslida Keave ular bu yerga kelishgan zahotiyoq zaxira qilib qo‘yishgan puldan atigi bir necha santim olgandi, xolos. Kayf-safo qilish shu tobda uning xa-yoliga ham kelmasdi. Xotiniki uni deb o‘zini do‘zaxga tutib beribdimi, endi uni deb Keave o‘zini jahannamga otishi kerak. Shu lahzalarda u bundan bo‘lak hech narsani o‘ylay olmasdi.
Botsman uni muyulishda, qadimgi qo‘rg‘on yonida kutib turardi.
– Shishani xotinim egallab olibdi, – dedi unga Keave. – Agar uni qaytarib olishimga sen yordam bermasang, bugun ikkalamiz uchun pul ham, ichkilik ham yo‘q.
– Shisha haqidagi gaplaring rostmi, hazillashmayapsanmi mabodo?
– Qani, fonus ostiga yur-chi, – dedi Keave. – Endi menga bir qara: hazillashayotganga o‘xshaymanmi, yo‘qmi?
– Gaping rost, – dedi botsman. – Arvohning qiyofasi ham senikichalik jiddiy bo‘lmasa kerak.
– Unaqada quloq sol, – dedi Keave. – Mana senga ikki santim. Hozir xotinimning yoniga borasan-da, shishani shu pulga sotib olaman deysan. Agar men to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, u o‘sha zahotiyoq beradi. Shishani bu yerga olib kelasan va men uni sendan bir santimga sotib olaman. Chunki qonun-qoidasi shunaqa: bu shishani faqat zarariga sotish mumkin. Ha, endi bir gap: seni men yuborganimni xotinimga aytib qo‘ymagin-a, yana!
– Meni laqillatmayapsanmi ishqilib, oshna? – deb so‘radi botsman.
– Mabodo aldagan taqdirimda ham sen nima yo‘qotarding? – e’tiroz bildirdi Keave.
– Bu gaping ham to‘g‘ri, – ma’qulladi botsman.
– Agar menga ishonmayotgan bo‘lsang, tekshirib ko‘rishing juda oson, – dedi Keave. – Uydan chiqqan zahoting cho‘ntaging pulga to‘lishini yoki eng yaxshi bir shisha rom paydo bo‘lib qolishini so‘ra. Yoinki, o‘zingga ma’qul kelgan, ko‘ngling tusagan istalgan narsani tilayver. Bu shishada qanday kuch-qudrat borligini ana o‘shanda ko‘rasan.
– Bo‘pti, do‘stim, – dedi botsman. – Sinab ko‘rsam ko‘ribman-da. Ammo-lekin bir narsani bilib qo‘y. Mabodo ustimdan kulishni o‘ylagan bo‘lsang, men og‘zini ochib qarab turadigan anoyilardan emasman. Boplab adabingni berib qo‘yish qo‘limdan keladi.
Kit ovlovchi keksa botsman shunday deb, uy tomon ketdi, Keave esa uni kutib qoldi. Bu joy o‘tgan kecha Kokua qariyani kutgan yer yaqinida edi. Faqat, xotinidan farqli o‘laroq, Keave qat’iyatga to‘liq, zarracha bo‘lsin ikkilanmas, holbuki yuragi pora-pora bo‘lib yotardi.
Uning nazarida juda uzoq kutib qolgandek tuyuldi, lekin, mana, qorong‘ilikdan xirgoyi tovushi eshitildi. Keave botsmanning sarxush ovozini tanib, ajablandi: shu bemahalda qayerdan yutib ola qoldi ekan?
Nihoyat, ko‘cha fonusi yog‘dusida gandiraklab kelayotgan botsman ko‘rindi. Shaytoniy shisha uning qo‘yniga yashirilgan, bushlatining hamma tugmalari qadalgan edi. Qo‘lida esa boshqa shisha, Keavega yaqinlashar ekan, undan ho‘plab-ho‘plab qo‘yardi.
– Ko‘rinishingga qaraganda, ishingni bajarganga o‘xshaysan, – dedi Keave.
– Tort qo‘lingni! – deya o‘shqirdi botsman bir qadam ortga chekinib. – Yaqinlashadigan bo‘lsang, urib abjag‘ingni chiqaraman! Mening orqamda shu ochil dasturxonga egalik qilishni o‘ylabmiding hali!
– Nimalar deyapsan o‘zi? – ajablandi Keave.
– Nimalar deyapman? – takrorladi botsman. – Bu shisha menga juda yoqib qoldi, ana shuni aytmoqchiman. Shunday xazinani atigi ikki santimga qanday qilib qo‘lga kiritdim, o‘zim ham hayronman. Ammo lekin sen uni bir santimga olaman, deb xomtama bo‘lmay qo‘ya qol.
– Uni... sotmoqchi emasmisan hali? – deb so‘radi Keave tili zo‘rg‘a aylanib.
– Yo‘q, ser! – deya xitob qildi botsman. – Lekin seni bir qultum rom bilan siylashim mumkin.
– Sen boshqa bir gapni tushun: bu shishaga egalik qilgan odam do‘zaxga tushishi muqarrar, axir!
– O‘zi, shusiz ham boradigan joyim o‘sha yer, – deya e’tiroz bildirdi botsman. – Jahannamga sayohat qilishda esa manavi shishadan ham yaxshiroq hamrohni uchratganim yo‘g‘idi shu paytgacha, ser! – deya hayqirdi u yana. – Endi bu shisha meniki, sen esa yo‘qol, balki boshqasini topib olarsan.
– Menga qara, shu gaplarni chindan ham aytayapsanmi? – deb baqirib yubordi Keave. – Xudo haqi, sendan o‘tinaman – oxirating kuymasligi uchun sot uni menga!
– O‘tinchingga tupurganim bor! – deya javob qildi botsman. – Sen meni shunchaki bir laqma, go‘l deb o‘ylaganding, endi ko‘rib turibsanki, tuzog‘ingga ilinadigan haftafahmlardan emasman. Xullas, gap tamom, vassalom! Rom bilan mehmon qilishimni xohlamasang xohlama – o‘zim ichaman. Salomat bo‘l, oshna!
U shunday deb shahar markaziga qarab yo‘l oldi, hikoyamizdagi shisha ham u bilan birga ketdi.
Keave esa Kokuaning yoniga qanot chiqargandek uchib bordi va shu kecha ularning quvonch-shodliklariga hech qanday chegara bo‘lmadi. Ana o‘shandan buyon er-xotinning “Yarqiroq Uy”dagi hayoti tinchlik-osoyishtalik, shod-xurramlikda kechdi.

Ruschadan  Rustam Obid tarjimasi

____________
* P i n t a – hajm o‘lchovi birligi.
** B u sh l a t – paxtalik nimcha, dengizchilar kiyimi.
*** Sh t o p o r – butilka po‘kagini ochadigan parma.
**** K u b r i k – kemada komanda joylashadigan xona.
***** Sh x u n a – uncha katta bo‘lmagan yelkanli kema.
****** K a n a k l a r – Tinch okeandagi orollarning tub aholisi.
******* X a o l e – mahalliy aholi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.