OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Simon Karmiggelt. Xelente (hikoya)

Qahvaxona gavjum edi. Men deraza tagidagi stoldan joy oldim. Xorg‘in yuzlarini ajin bosgan, chakka sochlariga allaqachon qirov qo‘ngan, did bilan tikilgan kostyumi o‘ziga yarashib turgan novcha bir kishi baland peshtaxta oldida tik turgancha sharob ichmoqda edi. U chayqalibroq qadam tashlagancha qo‘lidagi qadahi bilan yonimga keldi. O‘tirdi. Ma’nosiz nigohini menga tikkancha:
–E, hayron bo‘lmang, sal kayfim oshib qoldi, - dedi. - Birinchi marta shunday ahvolga tushishim. Vinoga uncha tobim yo‘q. Ichsam, tilimning tushovi yechilib ketadi. Aslida, gap vinoda ham emas.
U bir qultim ho‘plab, istehzoli kulamsiragancha gapini davom ettirdi:
– Boshimga bir savdo tushgan... Nima desam ekan? Qisqasi, bittasini yaxshi ko‘rib qoldim.
U shapaloq tortib yuborishimni kutganday menga hadiksirab qaradi.
-    Juda ulug‘ ish bo‘libdi, – dedim men. – Bunday baxt hammaga ham nasib etavermaydi.
Suhbatdoshim o‘ylanib qoldi.
– To‘g‘ri, – dedi bir lahzalik jimlikdan so‘ng. – Gapingiz to‘g‘ri. Boshimga bunday savdo tushmaganida, balki bilmasdim. Ozginadan olasak–chi?
U qadahga imo qildi.
– Bajonidil.
Suhbatdoshim chaqirgan ofitsiant qadahlarimizni to‘ldirib ketdi.
– Uning ismi Xelente, – dedi parishonlik bilan hamrohim. – Uni yaxshi ko‘rib qolganimga ancha bo‘ldi. Lekin Xelentening o‘zi bundan butkul bexabar edi. Endi esa hech qachon bilmaydi ham. O‘zingiz o‘ylang: men allaqachon ellikni urib qo‘yganman. So‘qqaboshman. Xelente esa bor-yo‘g‘i o‘n to‘qqizda. Yoshimizdagi farq juda katta. To‘g‘rimi?.. Salomat bo‘ling!
U qadah ko‘tardi. Kulgisida istehzo, ko‘zlarida og‘ir ma’yuslik zohir edi.
-    Ishq dostonimning boshlanganiga sakkiz oydan oshdi, –dedi u.– Tushlik mahali odatda ishxonamiz yonidagi qahvaxonaga kirib, bir qultim qahva ichardim. Xelenteni o‘sha yerda xo‘randalarga xizmat qilib yurgan paytda uchratdim va bir qarashdayoq yaxshi ko‘rib qoldim. G‘irt bema’nilik. To‘g‘rimi?
Indamadim.
-    Bilasizmi, – dedi u yana parishon alfozda, – Xelentening bo‘yi pastroq, lekin och malla sochlari uzun. Nazarimda, juda chiroyli, dilbar qiz. Tabassumida masu’mlik, ovozida ibo va tortinchoqlik bor. Qachon qahvaxonaga kirsam, darhol yonimga kelib, xizmatimga muntazir turadi. Men esa har gal bir xil gapni aytaman: qahva olib keling, deyman. Shu asno ob-havodan so‘z ochaman. Sezib turganingizdek, aslida bu bir bahona. Xelente nimalardir deb javob beradi. Ovozi juda-juda mayin, yoqimli. Quymuchlaridan esa ko‘z uzolmaysan, kishi. Bu gaplarimni eshitib, mendan ijirg‘anmayapsizmi, ishqilib?
–Nega endi, ko‘zi bor odam ko‘radi–da!
U yana alamli jilmaydi.
-    Kuling, ustimdan kulavering. Hech bir nojo‘ya ish qilmagan bo‘lsam ham, kulishga haqqingiz bor. Men uni, qahvaxona ishlamaydigan yakshanbadan tashqari, har kuni bir soatcha ko‘rsam, ikki mahal ovozini eshitsam bas. Nazokat bilan yurishlarini aytmaysizmi uning! Xullas, Xelenteni o‘ylamasdan turolmaydigan bo‘lib qoldim. Qiz esa hech narsani sezmas, anglamas edi. Oqshomlari, xonamda o‘tirganimda ham u yonimda bo‘ladi. Xayolimda, albatta. Uchiga chiqqan xayolparastman-da, o‘zi. Men unga: «Xelente, kel, televizor tomosha qilaylik», deyman. U: «Bajonidil», deb javob beradi. Xelente hech qachon, hech bir taklifimga yo‘q demaydi. Shunday qilib, uyqu mahali bo‘lgunicha birga televizor ko‘ramiz. Keyin men uni bag‘rimga mahkam bosib: «Shirin tushlar ko‘rib uxla, Xelente», deyman. U qotib uxlab qoladi.
Suhbatdoshim qadahini sipqardi.
-    Bugun nega bosib ichdim, bilasizmi? O‘zim aytaman. Tushlikka yaqin yana o‘sha qahvaxonaga kirsam, boshqa qiz ishlab yuribdi. Yoqimsizdan yoqimsiz. Qo‘polroqmi-ey... Qahvaxona xo‘jayinidan: «Xelente qani?» deb so‘rsam, «Ishdan bo‘shab ketdi», deydi. Yangi ish joyini so‘radim. «Men qaydan bilay?» dedi.
Suhbatdoshim ojiz nigohini menga tikdi.
-    Eshitayapsizmi? – deb hayqirdi.– Endi men uni bu kattakon shahardan, devona shahardan hech qachon topolmayman! Topolmayma-an!..
–Yana bittadan olaylik, –dedim men qadahlarga ishora qilib. – Endi men sizni mehmon qilaman.

Rus tilidan Qulman Ochilov tarjimasi.
"Jahon adabiyoti" jurnali, 2014 yil 6-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.