OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Somerset Moem. Ijod alangasi (hikoya)

Missis Foresterning “Axilles haykali” nomli ilk detektiv asari chop etilganda u 57 yoshni qoralagan, bir qator asarlari bilan ko‘zga ko‘rinib qolgandi. Avvallari uning o‘ziga xos iste’dodi o‘quvchilar nazariga tushmagan, bu esa uning kitoblari sotilmasligi sababli edi. Lekin tanqidchilar Foresterning yangi asarini maqtab ko‘klarga ko‘tarishdi.
Ijod bilan birga bu ayol siyosatda ham kuchini sinash va hatto parlamentga chiqish fikridan ham holi emasdi. U har shanba kungi ziyofatida ko‘pchilik qatnashishini istardi. Bazmlarga faqat bir kishi, ya’ni eri Albert Foresterning xushi bo‘lmasdi, xolos. Ko‘pchilik uni ziqnaligi bois ziyofatlarga ishtiyoqi yo‘q deb hisoblardi. Forester xonimning unga qanday turmushga chiqqani ham jumboq edi. Albertning marka yig‘ishga moyillishni sezgan tanish-bilishlar unga “Filatelist” deb laqab qo‘yishgandi. Albert kattagina boylikka ega biznesmen edi. O‘zi g‘amgin, ma’yus yursa-da, goho huda-behuda so‘zlab qolar, egnidan ohori to‘kilgan kiyimlar tushmasdi. Biroq xotini bunga mutlaqo e’tibor bermas, aksincha unga mehribon, o‘rni kelganda erini mensimaganlarni izza qilardi. Missis Foresterning hayotini tubdan o‘zgargirgan voqea yil oxiridagi ziyofatda sodir bo‘ldi. O‘sha kuni stol atrofida bu ayol barchani og‘ziga qaratgan edi, butun vujudi bilan tinglayotgan mehmonlar faqatgana savol berish mavrudi kelgandagana notiqning so‘zini bo‘lishardi. Ziyofat qizigandan qizib borardi. Kutilmaganda shovqin-suron ko‘tarildi.
— Nima bo‘ldi, Karter? — deb so‘radi missis Forester oqsoch ayoldan. — Uy qulab tushmadimi mabodo?
— Kechirasiz, xonim, yangi oshpaz jomadoni bilan kirayotib qoqilib ketdi.
— Yanga oshpaz deganing nimasi?
— Missis Bulfinch bugun ishga chiqqani yo‘q.
— Janob Foresterning xabari bormi? — so‘radi xonim go‘yoki bu ishga eri mas’uliyat bilan qarashi lozimdek.
— Janob Forester chiqib ketganlar. Mana bu xatni yetkazishimni aytdi, — deya buklangan qog‘ozni uzatdi oqsoch.
Xat mazmuni missis Forester kayfiyatini asta-sekinlik bilan o‘zgartira boshladi. Uning yuz ifodasidan Albertdan butunlay ajralganligani uqib olish mushkul emasdi.
Forester xonim o‘qib bo‘lgach, xatni g‘ijimlagancha yig‘lab yubordi:
— Qanday nohaqlik! Qanday dahshat!
— Nima bo‘ldi? Tinchlikmi? — so‘radi hamkasbi janob Simmons.
— Olib o‘qing, — dedi xonim g‘ijimlangan qog‘ozni uzatarkan.
Janob Simmons ko‘zoynagani taqib o‘qishga kirishdi: “Azizim, missis Bulfinch ishini o‘zgartirganligi va usiz yolg‘iz qololmasligim bois birga ketishga qaror qildim. Bunday hayotdan sabr-kosam to‘lgan. Missis Bulfinchni nikoh qiziqtirmaydi, ajrashishni istasang, qaytadan oila qilishga qarshi emas. Uning joyiga yangi oshpaz yolladim. U bilan til topishasan degan umiddaman. Biz Kenington-rouddagi 41-uydamiz.
Albert”
Uzoq davom etgan sukunatni javob Simmons buzdi:
— Bu nima qiliq?
— Bu qanday xo‘rlik! Chidayolmayman, — baqirdi Forester xonim qo‘llari bilan yuzini yashirgancha. Vaziyatni tushunib turgan janob Simmons vazminlik bilan nasihat qildi:
— Agar osuda hayotni ma’qul ko‘rsangiz, uning oldiga borishdan o‘zga chorangiz yo‘q.
— Uni deb men oshpaz bilan urisha olmayman, axir, — jahl bilan gapirdi Forester xonim.
— Aslzoda ayollari sizga ziyon yetkazmaydi. Biroq bunday ayollar adoyi tamom qshidi sizni, — tushuntirishga harakat qildi Simmons.
— Bugungi ishni ertaga qo‘ymasdan borishingiz kerak, — qo‘llab quvvatladi mehmonlardan biri.
— Xo‘sh, bir qarorga keldingizmi?
Missis Forester biroz o‘ylanib turdi, qo‘llari musht bo‘lib tugildi, so‘ngra javob berdi:
— Xonu monimdan kechamanmi, obro‘siz bo‘lamanmi, baribir, uning oldiga bormasdan qo‘ymayman.
Missis Forester ertasiga yo‘lga chiqqanida kun choshgohdan oshgandi. Janob Simmonsning sa’y-harakati zoe ketmadi, u tez fursatda manzilni topib berdi. Qo‘ng‘iroq chalingandan so‘ng peshvoz chiqqan ayolni u tanigan edi.
— Salom, Bulfinch. Ahvollaringiz tuzukmi? — hol-ahvol so‘radi o‘zini bardam va mardona tutgan missis Forester. — Xo‘jayiningiz uydami?
Bekasini ko‘rib, garang ahvolda turib qolgan Bulfinch salomlashgandan keyingina o‘ziga kelib, mehmonni ichkariga taklif qildi:
— Keling, xonim, kiravering... Albert, missis Forester keldilar, — xabar berdi u keng xonaga bosh suqib Forester xonim uyga kirganda Albert kamin oldida, kursida gazeta o‘qish bilan band edi.
— Ahvollar qanday, azizim, — so‘rashdi u eski qadrdonlarcha gazetani chetta irg‘itib.
— Aft-angoringdan chakki emas, — ko‘zini uzmay xulosa chiqardi janob Forester javobni ham kutmasdan.
— Marhamat o‘tiring, xonim. — joy ko‘rsatdi Bulfinch.
— Men xoli gaplashsak degandim, Albert, — deya maqsadini bayon qildi mehmon.
— Buning iloji yo‘q, — dedi Albert bosh chayqab.
— Nachora, unda shunday gaplashaveramiz,. — rozilik bildirdi missis Forester.
— Xo‘sh, azizim, qulog‘im senda.
Forester xonim vazminlik bilan gap boshladi:
— Albert, bu odatdagi hazillaringdan biri bo‘lsa kerak. Uyga qaytsang degandim.
— Vaqtni bekorga sarflayapsan. Meni endi hech narsa sen bilan yashashga majbur qila olmaydi.
— Men bilan baxtli emasmiding? — so‘radi missis Forester yuragi qalqib.
— 33 yil durustgina yashadik. Ma’lum ma’noda sen o‘zingga xos eding, ammo menga emas, Sen ijodkorsan, men esa yo‘q.
— Lekin men har doim ish bilan ovunmaganman, seni ham qiziqtirishga harakat qilganman. Bir zum ham e’tiborimdan chetda qolmagansan.
— To‘g‘ri. Hayotimning bir tekisligiga balki o‘zim aybdorman. Biroq bunday hayot, umuman barchasi jonimga tekkan. Meni bir narsa qiziqtiradi. Shu mehmonlaringning yeb-ichishdan bo‘lak qo‘llaridan biror ish kelarmikan?
— Bu nima deganing, Albert? — suhbatga aralashdi Bulfinch.
— Bulfinch ishdan bo‘shashimni iltimos qilayapti, davom etdi Albert avzoyini buzmay. — Hamkasblarim bilan maslahatlashdim. Hal qilamiz deyishdi. Daromadim 900 paund bo‘lsa, uchalamizga yiliga 300 paunddan tushadi, — deya hisob-kitob qildi u.
— Bu pulga qanda yashab bo‘ladi? — so‘radi lablari titragan missis Forester.
— Sening qalaming bor, — eslatdi Forester muloyimlik bilan.
— Kitoblarim daromad keltirmayotgani ayon-ku senga, — qoshlarini chimirdi ayol.
— Detektiv hikoyalar yaratib ko‘ring-chi, — taklif kiritdi oshpaz ayol to‘satdan. Forester xonim bexosdan aytilgan gapni kulgiga oldi va xitob bilan dedi:
— Menmi? Bu aqlga sig‘maydi. Bunday hikoyalar bilan odamlar talabini qondirib bo‘larkanmi? O‘zi detektivga qaramagan insonman.
— Yomon fikrmas, — tasdiqladi Albert.
— Detektivlar jonu-dilim. Kutubxonada tungi ko‘ylakda hushdan ketgan ayol haqidagi syujetni o‘qisam hikoyani qanday tugatganimni sezmay qolaman, — entikib gapirdi Bulfinch xonim vujudida ajib bir yengillik his etib.
— Men esa Xayd-parkda tillo soatli jentelmanning o‘lik yotishini afzal ko‘raman. Bunday voqea jiddiy e’tibor uyg‘otadi, — dedi Albert qizishib.
— U muhim sirni bilgan. Qotillar unga og‘zidan gullamaslik sharti bilan omon qoldirishni va’da berganlar.
— U dushmanlaridan qochishga ulgurmagan, — lo‘nda qilib yakun yasadi Forester xonim.
— Sen yaxshigina detektivlar yaratishing mumkin, dalda berdi Albert uni ijodga chorlab. — Qo‘limdan o‘tmagan detektivlar bo‘lmasa kerak.
— Sening-a? — ko‘zlari chaqnab, hayratda so‘radi Forester xonim.
— Mana shu narsa missis Bulfinch bilan ikkimizni bog‘ladi. O‘qib bo‘lgan kitoblarni unga bermadim. Bir-biriga o‘xshashlarini topolmaysan. Solishtirsang, o‘ziga xos bo‘lgan fazilatni topasan, — past, osuda tovushda gapirdi janob Forester.
— Oramizdagi tafovutni endi angladim, — dedi missis Forester ovozi qaltirab va iztirob bilan bosh chayqab. — 30 yildan buyon adabiyotdan panoh izlagan ekansan-da.
— To‘g‘ri anglabsan. Detektiv haqida o‘ylab ko‘r.
Bulfinch xonim mehmonni kuzatarkan, undan taksida ketish-ketmasligini so‘radi.
— Tramvayga chiqaman, — javob berdi xonim.
— Missis Forester, siz janobdan havotirlanmang. Ro‘zg‘orni binoyiday eplayman. O‘zingiz bilasiz, oyday oshpazman...
Missis Forester og‘iz ochishga chog‘langanda, bekatga tramvay kelib to‘xtadi va u chiqib oldi.
Vaqtni so‘rash uchun u yoniga o‘girildi-yu, tillo soatli, salobatli kishiga ko‘zi tushdi. Bu Xayd-parkda o‘lib yotgan, Albert tasvirlagan kishi edi. U konduktordan to‘xtashni iltimos qildi va tushib, kichik, qorong‘u ko‘chaga kirib ketdi. Nima uchun? Xayd-parkda tushish fikri Forester xonimning miyasiga yashindek bir kuch bilan urildi. U Axilles haykalidan biroz o‘tgach, to‘xtadi, haykalga razm soldi.
Yuragi haddan ziyod tez urardi.
Edgar Allan Po detektivlari mana shu tariqa dunyoga kelgandir.
Uyga kelgach, zaldagi bir necha shlyapalarga ko‘zi tushdi. Hamma jamuljam edi. Xonim ko‘ksini to‘ldirib nafas oldi va mehmonxonaga asta kirdi.
— Ancha kuttirganim uchun uzr. Choy ichdilaringizmi?
— Bizdan tashvishlanmang.
— Men muhim bir yangilik aytmoqchiman. Endi detektiv hikoyalar yozishga kirishmoqchiman.
Mehmonlar bu gapdan hangu-mang bo‘lib qolishdi.
— Detektivni adabiyot cho‘qqisiga ko‘taraman. Ilk hikoyamni “Axilles haykali” deb nomlayman.
— Albert nima bo‘ldi?
— Umi? U butunlay yodimdan ko‘tarilibdi.
— Uni ko‘rdingizmi?
— Kelinglar, Albertni o‘z holiga quyaylik. Hozir uni o‘ylaydigan vaqt emas. Men detektiv hikoya yozmoqchiman, — takrorladi baland ruhda yana Forester xonim.
— Siz judayam ajoyib ayolsiz! — maqtashdi mehmonlar uning soz kayfiyatidan mamnun bo‘lib.

Ingliz tilidan Hulkar Muhammedova tarjimasi.
«Yoshlik» jurnali, 2001 yil, 5-6-son
 
* * *
 
IJODIY PARVOZ

Forester xonimning ilk detektiv qissasi “Axilles haykali” chop etilganda u ellik yetti yoshni qoralab qo‘ygan, bir necha asar muallifi edi. Biroq shunga qaramay uning iste’dodi mahsullari oddiy o‘quvchilargacha yetib bormagan, kitoblarini tanqidchilar nuqul maqtashsa-da, ular sotilmay turib qolayotgandi. 
Forester xonim siyosatga juda qiziqar, hatto parlament a’zosi bo‘lish haqida ham o‘ylardi. Faqat nomzodini ko‘rsatadigan partiyani tanlashda muammoga duch kelardi.
Xonimning har shanbada uyushtirib turadigan o‘tirishlariga talabgorlar ko‘pligiga qaramay, faqat sanoqli kishilargina uning mehmonlari qatoridan joy olishga musharraf bo‘lardi.
Bu mehmondorchilikni buzadigan yakka-yu yagona shaxs Forester xonimning eri janob Albert Forester edi. Xonimning davradoshlari unga zerikarli odam, deb qarashar, Forester xonim nima jin urib bu kimsaga turmushga chiqqan o‘zi, deb bir-birlaridan so‘rab turishardi. Albert Foresterga ular filatelist, deb laqab qo‘yishgan. Sababi bir safar qaysidir yosh yozuvchi uning marka yiQishga qiziqishini aytgandi.
Sizga ochiQini aytsam, Albert oddiygina, o‘rtamiyona tadbirkor edi. Egniga kiygan kamzullari doim ohori to‘kilib, eskirganga o‘xshab ko‘rinar, o‘zi ham boshini solib, ma’yus tortib o‘tirar va hech qachon eshitishga arziguli biror oQiz gap aytmasdi. Lekin Forester xonim eriga mehribon edi. Albert yonida o‘tirganda uning ustidan kulmoqchi bo‘lganlarni uyaltirib qo‘yishni xonim yaxshi uddalardi.
Forester xonimning adabiy faoliyatida jiddiy burilish yasagan voqea u uyushtirgan eng jonli o‘tirishlardan biri yakunlay deb qolganda sodir bo‘ldi. Mehmonlar davra qurib o‘tirishar, Forester xonim esa o‘rtada. Xonim maroq bilan gapirar, boshqalar ora-sira savol tashlab uning ma’ruzasini jon quloqlari bilan tinglayotgandi. Bir mahal kutilmaganda qarsillagan tovush chiqib oQir narsa qulaganday bo‘ldi, keyin tashvishli ovozlar eshitildi.
— Nima bo‘ldi, Karter? — so‘radi Forester xonim xizmatkoridan. — Uy qulayaptimi?
— Bu yangi oshpazning qutisi, mem, — dedi xizmatkor. — Yuk tashuvchi qutini olib kirayotib tushirib yubordi. Shunga oshpazning jahli chiqayapti.
— Yangi oshpaz deganingiz nimasi?
— Missis Bulfinch bugun kunduz ketib qoldi, mem, — dedi xizmatkor.
— Janob Foresterning bundan xabari bormi? — so‘radi xonim. Darvoqe, xo‘jalik ishlarini xonimning eri nazorat qilardi. — Janob Forester kelganda unga gapim borligini ayting.
— Janob Forester ketgan, mem, — javob qildi xizmatkor. — Uni so‘raganingizda mana bu xatni berib qo‘yishimni buyurgandi.
Xizmatkor xonadan chiqdi va Forester xonim xatni ochdi. Xonimning dugonalaridan biri menga: xatni o‘qiyotgan missis Foresterning avzoyiga qarab, oshpazning ketib qolishiga yo‘l qo‘ygani uchun jazolanishdan qo‘rqqan sho‘rlik Albert endi o‘zini Temza daryosiga tashlasa kerak, degan xayolga bordim, deb aytdi.
Xatni o‘qib Forester xonim:
— Oh, bu qanday xiyonat!? Qanday dahshat! — deb chinqirib yubordi.
— Nima gap Forester xonim? — so‘radi uning xodimi janob Simmons.
— O’qing, — dedi xonim. — Bir o‘qib ko‘ring.
Ko‘zi xiralashib qolgan janob Simmons ko‘zoynagini taqdi va xatni yuziga yaqin keltirib o‘qidi:
“Azizam,
Bulfinch xonim vaziyatni o‘zgartirish ilinjida bu yerdan ketishga qaror qildi. Usiz qolishni xohlamaganim uchun men ham ketayapman. Adabiyotdan to‘ydim, san’atdan ham charchadim. Bulfinch xonimni nikoh masalasi qiziqtirmaydi. Biroq ajrashmoqchi bo‘lsang, u menga turmushga chiqishga rozi.
Bulfinch xonimning o‘rniga yangi oshpaz yolladim va u senga ma’qul bo‘ladi, deb umid qilaman. Bulfinch xonim ikkovimiz Kenington Roud, 411-uy yashayapmiz.
Albert”
Og‘ir sukunatni janob Simmonsning: “Eringizni ortga qaytarishingiz kerak”, degan gapi buzdi.
— Uning basharasiga qarashni ham istamayman! — dedi Forester xonim hammaga eshittirib. Lekin janob Simmons pinagini ham buzmay gapini davom ettirdi:
— Yigirma yildan beri sizning xodimingizman. Meni qadrdon do‘stingizday ko‘rasiz. Sizga ochig‘ini aytishim kerak, yozayotgan kitoblarim bilan tirikchilik qilaman, deb o‘ylasangiz yanglishasiz.
— Erimni deb oshpaz bilan yoqalashmayman-ku, axir! — dedi missis Forester fiQoni falakka chiqib.
— Shuni aytmoqchi bo‘lib turuvdim o‘zi, — dedi Simmons zarda bilan. — Mashhur raqqosami yoki biror zodagon ayolning sizga tishi o‘tmaydi-yu, lekin oshpaz dabdalangizni chiqaradi.
— Xodimingiz to‘Qri aytayapti, — dedi mehmonlardan biri. — Filatelistni ortga qaytarishingiz kerak.
— Ertaga borib, eringiz bilan uchrashing, xo‘pmi? — dedi janob Simmons. Forester xonim bir oz jim turdi-da, nihoyat dedi:
— Xo‘p, lekin o‘zim uchun emas, ijodim uchun!
Ertasiga Forester xonim Kennington Roudga yo‘l olganida kun yarimlagandi. Janob Simmons telefonda manzilni miridan sirigacha tushuntirgani bois xonim Albert yashayotgan uyni qiynalmay topdi. Qo‘nQiroqni bosgan edi eshikni sobiq oshpazi ochdi.
— Xayrli kun, Bulfinch, — dedi Forester xonim. — Xo‘jayiningni ko‘rmoqchi edim.
Missis Bulfinch bir soniya angrayib turdi-da, keyin xonimni ichkariga boshladi.
— Kiravering, mem, Albert, seni ko‘rgani Forester xonim kelibdi.
Xonim tez-tez yurib ichkariga kirdi. Albert kamin yonidagi eskirgan oromkursiga yastanib kechki gazeta o‘qiyotgandi.
— Qalaysan, azizam? — dedi u gazetani bir chetga qo‘yarkan, xush kayfiyatda. — Yaxshi yuribsanmi?
— O’tiring, mem, — taklif qildi stul keltirgan Bulfinch xonim.
— Albert, sen bilan yolg‘iz gaplashsam maylimi? — so‘radi xonim o‘tirgach. 
— Afsuski buning iloji yo‘q, — dedi Albert. — Chunki mening Bulfinch xonimdan yashiradigan sirim yo‘q.
— O’zing bilasan.
— Xo‘sh, azizam, menda nima gaping bor edi? — so‘radi Albert.
Forester xonim unga qarab jilmaydi.
— Albert, men seni biror narsada ayblamayman. Bilaman, bo‘lib o‘tgan voqeada sening aybing yo‘q, sendan xafa emasman. Lekin har qanday hazilning ham chegarasi bo‘ladi. Seni uyga olib ketgani keldim. 
— Vaqtingni bekorga o‘tkazayapsan-da, azizam, — dedi Albert. — Endi meni hech narsa sen bilan yashashga majbur qilolmaydi.
— Men bilan baxtli emasmiding? — so‘radi Forester xonim ko‘ngli ozor chekkanini sezdirmaslik uchun past ovozda.
— Azizam, turmush qurganimizga o‘ttiz yetti yil bo‘ldi. Bu juda uzoq muddat, to‘g‘rimi? Sen, aslida, yaxshi ayolsan, lekin biz bir-birimizga to‘g‘ri kelmaymiz. Sen adabiyot deb yashayapsan, men esa yo‘q. Sen san’atni yaxshi ko‘rasan, men esa unga qiziqmayman.
— Lekin seni san’atga, adabiyotga qiziqtirish uchun shuncha yil qo‘limdan kelguncha urindim, — dedi missis Forester.
— Gaping to‘g‘ri, e’tiborsizligim uchun faqat o‘zimni ayblashim mumkin, xolos. Lekin ochig‘i, sen yozayottgan kitoblar menga yoqmaydi. Atrofingdagi odamlar ham yoqmaydi. Senga bitta sirni aytaymi, azizam? Sen uyushtirayotgan mehmondorchiliklaringda ust-boshimni yechib tashlab, tomosha qilgim keladi — qani, keyin nima bo‘larkan, shuni bilishni xohlayman.
— Uyalmaysanmi, Albert? — dedi Bulfinch xonim. — Buning uchun kelishgan qaddu qomat bo‘lishi kerak odamda!
— Bulfinch xonim ishdan bo‘shashimni xohlayapti, — gapini davom ettirdi Albert. — Bugun sheriklarim bilan ish masalasini muhokama qildik, hamma ikir-chikirlarni hal qilishga rozi bo‘lishdi. Ular mening ulushimni sotib olishadi, shunda to‘qqiz yuz funtga yaqin foyda olaman. Uchchovimizga yiliga uch yuz funtdan tegadi. 
— Bu pulga men qanday yashayman? — dedi missis Forester miyasiga kelgan so‘nggi bahonani ishga solib.
— Axir, sening o‘tkir qalaming bor-ku, azizam. 
— Kitoblarimdan bir tiyin foyda kelmayotganini sen yaxshi bilasan. Noshirlar ularni chiqarib, nuqul zarar ko‘rishayotgan ekan.
Shu payt kutilmaganda Bulfinch xonim savol berdi:
— Detektiv asar yozsangiz bo‘lmaydimi?
Forester xonim xoxolab kulib yubordi. 
— Men-a?! — xitob qildi u. — Qanday bema’ni taklif! Olomonning ko‘nglini olish haqida hecham o‘ylamaganman. Shu yoshga kirib biror marta detektiv kitob o‘qimaganman hatto.
— Yaxshi taklif, — dedi Albert.
— Detektiv asarlar mening jonu dilim, — dedi missis Bulfinch. — Kutubxonada tungi ko‘ylakda o‘lib yotgan ayol haqida yozing, mazza qilib o‘qiyman.
— Shaxsan menga Gayd parkda, qo‘lida tilla soati bor, o‘ldirib ketilgan obro‘li jentlmen haqidagi asar yoqadi, — dedi Albert. — Obro‘li jentlmen, albatta, kitobxonni qiziqtirib qo‘yadigan biror-bir sabab tufayli o‘ldiriladi-da.
— Nima demoqchiligingni tushunib turibman, — dedi Bulfinch xonim. — O’sha jentlmen qandaydir muhim sirni bilgan. Qotillar unga shu sirni aytmasang o‘ldiramiz, deyishgan. Jentlmen ulardan qochib qutulolmagan.
— Biz senga shunga o‘xshash juda ko‘p voqealarni gapirib berishimiz mumkin, azizam, — dedi Albert Forester xonimga mehribonlik bilan jilmayib. — Men yuzdan ortiq detektiv kitobni o‘qiganman.
— Sen-a?
— Missis Bulfinch bilan inoqligimizga ham shu kitoblar sabab bo‘lgan. O’qib tugatgach, ularni xonimga berardim. Bilasanmi, bir-biriga o‘xshash ikkita detektiv kitobni topolmaysan. Qiyoslasang biri biridan farq qiladi. 
Forester xonim o‘rnidan turdi. 
— Oramizda qanday jarlik borligini endi tushundim, — dedi u xiyol titragan ovozda. — O’ttiz yildan beri ingliz adabiyotining eng oldi vakillari davrasida bo‘lib, shuncha vaqt faqat detektiv roman o‘qigansiz! Ketib qolganing sababini o‘zimcha o‘ylab, seni uyga qaytarish uchun kelgandim bu yerga. Endi niyatimdan qaytdim. 
— To‘g‘ri qilasan, azizam, — dedi Albert. — Lekin detektiv yozish haqida, albatta, o‘ylab ko‘rgin.
Forester xonim zinadan pastga tushdi. Bulfinch eshikni ochib, taksida ketasizmi, deb so‘raganda, u bosh chayqadi: 
— Tramvayda ketaman.
— Janob Foresterga o‘zim ko‘z-quloq bo‘laman, xonim, xavotir olmang, — dedi Bulfinch Forester xonimni tramvay bekatiga kuzatib borarkan. — Uyga qarash, ovqat pishirish qo‘limdan keladi. Albert o‘ziga biror-bir mashQulot topadi, albatta. Pochta markalarini yiQish haqida o‘ylayotgandi. 
Forester xonim nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, tramvay kelganini ko‘rib, unga chiqdi. 
Xonim soat necha bo‘lganini so‘ramoqchi bo‘lib qarshisida o‘tirgan odamga qaradi va seskanib ketdi. Chunki ro‘parasida tilla soat taqqan obro‘li jentelmen o‘tirardi. Bu Albert Gayd parkda o‘lib yotganini gapirgan jentelmenning o‘zginasi edi. Jentelmen haydovchidan tramvayni to‘xtatishni so‘radi va tushib tor, qorong‘i ko‘chaga kirib ketdi. Nega? Nima uchun? Gayd park bekatida xonim kutilmaganda tramvaydan tushishga qaror qildi. U endi bir joyda o‘tira olmasdi. Yayov yurgisi kelayotganini his qilayotgandi. Axilles haykali yonidan o‘tayotganida bir daqiqa to‘xtab uni tomosha qildi. Forester xonimning yuragi tez urayotgandi. Edgar Alan Podek yozuvchi ham detektiv romanlar yozgan-ku, axir...
Forester xonim nihoyat uyiga kelib, eshikni ochganida dahlizdagi bir talay shlyapalarga ko‘zi tushdi. Ulfatlari jamuljam edi. Xonim mehmonxonaga kirdi. 
— Oh, bechoraginalar, men sizlarni shuncha vaqt kuttirib qo‘ydimmi? — dedi u. — Choy ham ichmadinglarmi?
— Xo‘sh? — deyishdi mehmonlar. — Eringizni olib keldingizmi?
— Azizlarim, sizlarga ajoyib bir yangilik aytmoqchiman. Men detektiv kitob yozmoqchiman.
Mehmonlar oQizlarini ochgancha anqayib xonimga qarab qolishdi. 
— Detektivni haqiqiy san’at darajasiga ko‘tarmoqchiman. Bu fikr Gayd parkda miyamga kelib qoldi. Qissa qotillik haqida bo‘ladi. “Axilles haykali” deb nom qo‘yaman!
— Albert nima bo‘ldi? — so‘radi yosh yozuvchi.
— Albert? — hayron bo‘ldi missis Forester. — Qandaydir ish bilan Albertning yoniga borganim yodimda. Lekin nima uchun borganimni hech eslolmayapman.
— Uni ko‘rdingizmi o‘zi?
— Aytyapman-ku, azizim. U esimdan chiqib ketdi. 
Forester xonim kulib yubordi. 
— Albert oshpazi bilan yashayversin. Albert haqida bosh qotirishga endi vaqtim yo‘q. Detektiv asar yozmoqchiman.
— Ajoyib ayolsiz-da! — deyishdi mehmonlar.

Ingliz tilidan Alisher OTABOYEV tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.