OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Somerset Moem. Ninachi va chumoli (hikoya)

Bolaligimda meni La Fanten masallarini yod olishga majbur etishar, uning ma’no-mag‘zini obdan uqtirishardi. Masallardan biri ninachi va chumoli haqida bo‘lib, undagi “Mehnat qilsang, yetasan murodga, Yalqov bo‘lsang, qolasan uyatga”, degan xulosa go‘dak aqllar uchun koni foyda edi. Bu ajoyib masalda (hammaga ma’lum narsani takrorlab o‘tirganim uchun aybga buyurmaysiz) chumoli qishlik oziq g‘amlash maqsadida yoz bo‘yi tinmay mehnat qiladi, ninachi esa gul-yaproqqa qo‘nib, oftobda tovlanib qo‘shiq aytadi. Qish keladi. Chumolining yegani oldida, yemagani ketida, ninachining esa ombori bo‘m-bo‘sh. U chumolining huzuriga borib, undan yemak so‘raydi, javob juda oddiy: “Yozda mehnat qilganingda rohatini ko‘rarding!”
– Men yoz bo‘yi kuyladim.
– Yallo qilding, kuylading, endi aravangni tort!
Menimcha, aqli noqislikdan emas, bolalarcha beboshligimdanmi, bunaqa axloqni qabul qila olmasdim. Axir bolalar uchun axloqiy hislar ahamiyatsiz-da. Men hamisha ninachi tarafda edim, ancha vaqtgacha chumolilarni ko‘rsam, bosib-yanchib tashlagim kelardi. Bilishimcha, keyinchalik ham men insonlardagi puxtalik, ehtiyotkorlikka nisbatan noroziligimni bildirishga harakat qilib yurdim.
Bu masal restoranda yolg‘iz nonushta qilib o‘tirgan Jorj Remsini ko‘rganimda beixtiyor yodimga tushdi. Uning yuzi ta’rif etib bo‘lmaydigan darajada qayg‘uli, harakatsiz nigohlari allaqayoqlarga tikilgan, nazarimda, uning yelkasiga butun dunyoning g‘ami tushganday edi. Sho‘rlikka juda rahmim keldi. Ha, ukasi yana bir hunar ko‘rsatgan bo‘lsa kerak. Men uning yoniga bordim, salomlashmoqchi bo‘lib qo‘l uzatdim.
– Ahvollar yaxshimi? – so‘radim men.
– Ishlar chatoq.
– Yana Tommi?
U chuqur xo‘rsindi.
– Ha, yana Tom.

* * *

Har bir oilada bitta takasaltang bo‘ladi. Mana, yigirma yil bo‘libdiki, Tom akasining boshiga bitgan balo. U binoyidek turmush boshlagandi: savdogarlik qilardi, uylangan, ikki bolaning otasi edi. Remsiylar oilasi havas qilgudek e’tiborli, Tomni esa badastur hayot kechiradi deb o‘ylashardi. Biroq kunlarning birida u he yo‘q-be yo‘q ortiq ishlamayman deb turib oldi, u otasiga munosib o‘g‘il bo‘la olmasligini, bundan buyog‘iga rohat-farog‘at qilib yashamoqchiligini aytdi. U yalinib-yolvorishlarga quloq ham solmadi: xotinini, ishini tashladi. Jamg‘arib qo‘ygan pullariga ikki yil Yevropaning poytaxt shaharlarida ayshini surdi. U haqdagi uzunquloq gaplarga qarindoshlari yoqa ushlashardi.Turgan gapki, u tarallabedod qilib vaqt o‘tkazar, qarindoshlari esa puli tugasa, nima qilarkan, deya bosh chayqardi. Tez orada ularning quloqlariga yanada shumroq xabarlar chalindi: u tovlamachilik qilayotgan emish.
U yoqimtoy, ko‘rinishdan izzatparastga o‘xshamasdi. U qarz bermay ketishning sira ilojisi yo‘q kishilar toifasiga kirardi. U hamisha do‘stlaridan qarz olar, do‘stlarining esa sanog‘i yo‘q edi. U hamisha faqat kerakli narsalargagina pul sarflash o‘lgudek zerikarli, ko‘ngling tusagan narsani xarid qilish esa juda yoqimli deb aytardi. Uning daromad manbai akasi bo‘lib, uning yoqimtoyligi Jorj uchun bir chaqaga qimmat edi. Jorj g‘oyatda jiddiy, ukasining uncha-muncha qiliqlariga parvo qilmasdi. U aql-farosatli edi: ukasining endi odam bo‘laman degan so‘ziga ishonib, mayli, oyoqqa turib olsin deb, ancha-muncha pulning betiga qaramadi. Tom esa bu pullarga avtomobil, yana allaqanday qimmatbaho buyumlar oldi. Jorj ukasining odam bo‘lmasligini bilib, qo‘lni yuvib qo‘ltiqqa urganda, Tom vijdonini zig‘ircha ham qiynab o‘tirmay, ochiqdan-ochiq akasini to‘nashga o‘tdi: Axir kimsan obro‘-e’tiborli advokatning ukasi uning sevimli restorani peshtoqida turib kokteyl sotsa yoki klub darvozasi tagida taksi haydayman deb tursa! Tom “Bar peshtaxtasi ortida sotuvchilik qilish ham, taksi haydash ham binoyidek ish, biroq agar Jorj mendan ikki yuz-uch yuz funtini ayamasa, azbaroyi oilamiz sha’nini deb, mayli, men bu ishdan voz kechaman”, dedi. Jorj yon berdi. Kunlarning birida esa Tomning qamalib ketishiga bir bahya qoldi. Jorj dahshatga tushdi: yo‘q! Tom, chindan ham, haddidan oshgandi. Ha, avvallari u isrofgar, yalqov, xudbin edi, lekin nomussiz ishlarga aralashmasdi. (Bu so‘z bilan Jorj qonunbuzarlikni ko‘zda tutayotgandi.) Agar ish sudgacha borsa, shubhasiz, uni qamashadi. Yakkayu-yagona ukangizni qamashlariga jimgina qarab tura olmaysiz-ku axir! Tom bilan yoqa­lashgan kishining familiyasi Kronsho bo‘lib, g‘oyat kekchi odam edi. U ishni zudlik bilan sudga oshishini talab qilar, Tomni “Bu ablah, albatta, jazosini olishi kerak”, derdi. Bu ishlarning yaxshilik bilan tugashi Jorj uchun ancha-muncha bosh og‘rig‘idan tashqari, besh yuz funtga tushdi. Men Tom va Kronsho kassadan chekni olgan zahotiyoq, birga Monte Karloga jo‘nab, u yerda bir oy maza qilib dam olganliklarini eshitgan Jorjning g‘azabdan quturib ketgudek aftini avvallari sira ko‘rmagandim.
Mana, yigirma yilki, Tom qimor o‘ynaydi, ot o‘yinlariga pul tikadi, go‘zal ayollar bilan ishrat qiladi, o‘ynaydi-kuladi, eng qimmat restoranlarda ovqatlanadi, oliftalarcha kiyinadi. U hamisha moda jurnallarining sahifalaridan chiqib kelgandek po‘rim, bashang bo‘lib yuradi. O‘zi qirq olti yosh bo‘lsa ham, nari borsa, o‘ttiz besh yosh deb o‘ylaysiz. U g‘oyat ziyrak ulfat: yengiltakligini bilib tursangiz ham, bahri dilingiz ochilib suhbatlashasiz. U serg‘ayrat, xushchaqchaq, yoqimtoy yigit. U hamisha mendan mayda-chuydaga deb qarz olar, har gal unga ellik funt sanab berarkanman, o‘zimni go‘yo men uning oldida qarzdorday his etardim. Shunday qilib, Tom Remsi hammani, hamma Tom Remsini tanirdi. Turgan gapki, siz uning hayot tarzini yoqlamasligingiz mumkin, biroq uni yomon ko‘rib ham qolmasdingiz.
Sho‘rlik Jorj bebosh ukasidan atigi bir yoshgina katta edi, lekin oltmishni urib qo‘ygandek munkillab qolgandi. Mana, chorak asrki, u yilda ikki haftagina dam oladi. Har kuni ertalab soat to‘qqiz yarimdan boshlab kontorada o‘tiradi va u yerdan soat oltidan erta ketmaydi. U halol, mehnatkash, har jihatdan hurmatga loyiq kishi. Uning xotini bag‘oyat go‘zal, u biror marta ham xotiniga xiyo­nat qilmagan, xiyonat qilishni xayoliga ham keltirmaydi. Uning to‘rtta ajoyib qizlari bor, qizlari uchun u dunyodagi eng yaxshi ota. U daromadining uchdan birini jam­g‘arib, ellikka kirgach, shahar tashqarisidagi chog‘roqqina dala hovlida osoyishta yashashni, bog‘dorchilik qilishni, golf o‘ynab, vaqti chog‘lik qilishni o‘ylardi. Uning hayoti badastur edi. U qariyotganidan mamnun, chunki ukasi Tom ham qariyapti. Jorj qo‘llarini siltab, Tom yallo qilib yashagan paytlari yosh, ko‘rkam edi; u mendan bor-yo‘g‘i bir yosh kichik, to‘rt yildan keyin ellikka kiradi, yashash og‘irligini o‘shanda biladi; men ellikka kirganda cho‘ntagimda uch yuz ming funt bo‘ladi, Tom qariganda biror devor tagida o‘lib ketmasaydi, deb yigirma besh yildan beri aytaman; o‘shanda ko‘ramiz holini, mehnat qilish yaxshimi yoki yalqovlikmi, o‘shanda bilamiz, deb kuyunardi.

* * *

Bechora Jorj! Unga chin yurakdan achinaman. Uning qarshisidagi stulga o‘tirarkanman, Tom bu gal qanday hunar ko‘rsati ekan, deb ko‘nglimdan o‘tkazdim. Jorj nihoyatda xafa ko‘rinardi.
– Nima bo‘lganini bilasizmi? – dedi u menga.
Men yomon xabar eshitishga hozirlanib, “Nahotki, Tom sud qo‘liga tushgan bo‘lsa?”, deya so‘radim.
Jorjning ovozi qaltirab chiqdi:
– Siz meni butun umr halol, mehnatkash, or-nomusli kishi bo‘lganimni, uzoq yillar tejab, peshona terim bilan topganlarimning evaziga o‘limim oldidan davlatning shu bir-ikki so‘mlik qimmatbaho qog‘ozlari bilan ta’minlanishga haqqim borligini ham bilasiz; chekimga tushgan qismatdan norozi bo‘lmay, o‘z burchimni halol bajarganimni ham yaxshi bilasiz.
– To‘g‘ri, mutlaqo to‘g‘ri!
– Siz yana ukam Tomning yengiltak, olchoq, ishyoqmas, dangasa bo‘lganligini ham rad etmasangiz kerak?
– To‘ppa-to‘g‘ri, siz mutlaqo haqsiz!
Jorj qizarib ketdi:
– Bir necha hafta oldin Tom onasi tengi bir ayolga uylangandi. O‘sha ayol vafot etdi. U Tomga butun boyligini: yarim million funt pul, yaxta, Londondagi uyi, dala hovlisini meros qilib qoldiribdi.
Jorj stolga mushtlab urardi.
– Bu adolatdanmas, jin ursin, bu adolatdanmas!
Men o‘zimni tutib turolmadim. Jorjning g‘azabdan burushgan basharasiga qarab kulib yubordim. Stulni mahkam ushlab oldim, polga yiqilishimga sal qoldi. Bu ishim uchun Jorj meni kechirmadi. Ammo Tom meni tez-tez, Meyfrdagi serhasham uyida ajoyib tushliklar bilan siylab turadi. Ba’zan eski odatiga ko‘ra, mendan qarz ham so‘rab turadi, biroq uni hech qachon qaytarmaydi.

Ruschadan Oygul Asilbek qizi tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.