OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Syugoro Yamamoto. Qurigan daraxt (hikoya)

Xey o‘zi qurib olgan kulbada yolg‘iz yashaydi.
Yerga to‘rtta ustun ko‘mdi-da, eski-tuski taxtalar qoqib, atrofini berkitdi, tomiga esa, axlatxonalarda zanglab yotgan tunukalarni keltirib bosdi. Keyin bir eshik topib o‘rnatdiki, undan kirib-chiqish uchun naqd ikki bukilish kerak. Kulbaning janub tomonidan to‘rtburchak tuynuk ochib, yorug‘likni arang o‘tkazadigan xira oyna qo‘ndirdi.
Bu ko‘chada yashaydigan odamlar qandaydir yo‘llar bilan o‘z kulbalarining g‘aribligini yashirishga harakat qiladilar: devorga chiroyli barglardan bir dastasini ilib qo‘yishadimi, tuvaklarda chirmoviq o‘stirishadimi, uyning oldidagi bir parcha yerga gul ekishadimi, ustunlarni, ostonalarni ishqalab-ishqalab yiltiratishadimi, eshik va romlarni tinmay tozalashadimi-ey, hamma-hammasidan o‘zlari uchun qandaydir zavq va tinim oladilar.
Xey bo‘lsa, bunday ishlarni o‘ylamaydi. Uning kulbasi ovloq joyda, o‘t ham arang o‘sadigan, sopol parchalari, shisha siniqlari va shlak uyumlari bilan to‘lib ketgan tashlandiq bir yerda. Kulbaning eshigidan boshlanib, xarobazorni kesib o‘tgan, bilinar-bilinmas yolg‘izoyoq yo‘l Xeyning qadamlaridan hosil bo‘lgan. Darcha oldida balandligi bir metrdan ham oshmaydigan daraxtning qup-quruq tanasi qo‘qqayib turadi. Ko‘rinishidan u ancha yillar ilgari qurigan va endi, qanaqa daraxt ekanini ham bilib bo‘lmaydi.
Xey,  odamlar bilan onda-sonda gaplashib qolganini aytmasa, hech kim bilan muloqot qilmaydi, salomlashmaydiyam, salomga alik ham olmaydi. Hech kim uning haqiqiy ismini, yoshini bilmaydi. Bir qaragan odam uni ellik-oltmish yoshda, deyishi mumkin, gohida kuch-quvvatdan qolib sillasi qurigan yetmish besh yoshli choldek tuyuladi. Uning bo‘yi baland emas, qotma, biroq mushaklari oftobda qoraygan, terisi yaltirab turadi. Umuman, Xey – sog‘lom odam, nozik va quyuq qoshli chehrasida oliyjanoblik alomatlari bor.
— Yoshligida zap yigit bo‘lgan, shekilli, — deyishadi quduq tepasiga yig‘ilib qolgan xotinlar. – Hozir ham yomon emas. Yaqinda, tun qorong‘isida uning yoniga bittasi  kelganmush.
— Kim unga “o‘lib turgan” ekan?
— Kim kelgan bo‘lsa, o‘sha-da. Birovning ishiga tumshuq suqish kerak emas.
Xey bu yerdagi g‘iybatlardan xabardormi, yo‘qmi, bilib bo‘lmaydi, har holda, indamaygina yuraveradi, bo‘ydoqlik hayotini o‘zgartirish xayoliga kelmaydi.
U latta-puttalardan poyondoz to‘qiydi. Lattafurushlardan eski-tuskilarni sotib oladi. Xarobazorda o‘z qo‘li bilan g‘isht terib, qurib olgan pechkasi bor, shuning ustiga tog‘ora qo‘yib, eski-tuskilarni obdon  qaynatadi, keyin oftobga yoyib quritadi. Qurigan lattalarni ikki enlik-ikki enlik qilib qirqadi-da, burab-burab pishitadi. Xeyning oddiygina to‘quv dastgohi bor. O‘zi yasab olgan bo‘lsa kerak. To‘qigan poyondozlari jo‘ngina bo‘ladi. Bunaqalarni odamlar hammomdan keyin oyoq ostiga yoki xabati tagiga qo‘yishadi. Jo‘n bo‘lsa ham pishiq-puxta poyondozlar, chaqqon sotib olishadi.
Xey har tongda, barvaqt, sochig‘i bilan tog‘orasini va yana bir eski chelagini ko‘tarib, quduq tepasiga keladi. Yuvinadi, chelagini to‘ldirib suv soladi, kulbasiga qaytadi. Tokchasidan mandarin solinadigan qutini olib, undan alyumin kastrilkasiga keragicha guruch va arpa soladi yana quduq tepasiga boradi, guruch va arpani yuvib kulbaga qaytadi, kastrilkani olovga qo‘yadi.
Bu yerning aholisi ko‘pincha kunbay ishlaydi, shuning uchun sahar turib, Xey bilan oldinma-keyin quduq tepasiga borishadi. Ba’zilar u bilan gaplashmoqchi bo‘ladilar, lekin u o‘z odaticha, indamaydi. Kunlarning birida unga duch kelgan jizzaki yigitchaning jahli chiqib ketdi: “Nima, karmisan? Salomlashgandan keyin javob bermaysanmi?” degancha musht tugib, Xeyning ustiga bostirib bordi, biroq uning niqob singari qotib qolgan aftini, qilt etmagan ko‘z qorachiqlarini ko‘rib, to‘xtab qoldi, alamidan qattiq so‘kinib, nari ketdi.
— Etim jimirlab ketdi! – deb yurdi keyinchalik bu yigitcha. – Ko‘zlariga shundoq qaraganimni bilaman. Vuy! Murdaning ko‘zlari! Garov o‘ynayman, uning tomirlarida qon emas, muzdek suv oqadi!
Xey har kuni bir xil ovqat yeydi: guruch va arpadan babbaravar soladi, miso va tuzlamalar qo‘shadi, hammasini qaynatadi. Misoni do‘kondan sotib oladi, tuzlamalarni o‘zi tayyorlaydi.
U doimo harakatda. “Ishlaydi” emas, o‘rganish bo‘lib qolgan harakatlarni bajaradi. Eski-tuskilar tiqib tashlangan qanorni yelkalab keladi, yerga ag‘daradi, saralaydi, qo‘lbola pechga o‘t yoqib, lattalarni tog‘oraga soladi, ustidan ozgina ishqor sepadi, qaynatadi. Vaqti-vaqti bilan tog‘oradagi lattalarni aylantiradi. Bu ishlarning hammasini indamay, hech qayoqqa alanglamay, hatto qandaydir ashulani xirgoyi qilmay bajaradi. Uning gavdasi, qo‘llari, oyoqlari zarur bo‘lganicha harakatlar qiladi, xolos. Xayol, hissiyot degan “narsa”lar hech qaysi harakatida ishtirok etmayotgandek.
Quduqqa kelgan xotinlar Xey to‘g‘risida gapirishni qo‘ymaydilar:
— To‘qigan poyondozlari bozorda talash bo‘lib ketadi. Anchagina yig‘ib qo‘ygan   bo‘lsa kerak.
— Nima qilasan, shuncha pulni? Bir o‘zing yashasang, qarindoshlaring  ko‘rinmasa, go‘ringga olib ketasanmi?!
— Ko‘ngilochar qilib kinoga bormasa, hatto radiopriemnik sotib olmasa! Balki xufyona qilib, qizlarga sarflar?
— Esing joyidami? Bizning ko‘chada o‘yin qilib, bitta hushtak chalsa, har qandog‘i bekorga yugurib keladi-ku...

* * *

Bir kun Xeyning kulbasi oldida yoshi elliklarga borgan ayol, qo‘lida kichkina tuguni bilan paydo bo‘ldi. O‘rta bo‘y, xushbichim, yuzlari oppoq, sochlari qop-qora, quyuq, qo‘g‘irchoqnikidek chehrasida qop-qora qoshlari, tiniq qalin lablari yaqqol ko‘zga tashlanib turadi.
Xey uyida yo‘q edi, ayol kutishga qaror qildi. Kulbani aylanib o‘tib, qurigan daraxt oldida turib qoldi, uning shoxlarini ushlab ko‘rdi, keyin cho‘nqaydi, devor taxtasiga suyanib, ko‘zlarini yumdi.
Kulba ovloq joyda bo‘lgani uchun sinchkov qo‘shnilarning xiralik qilib beradigan savollaridan qo‘rqmasa ham bo‘ladi. Shu yerdan daydi it lo‘killab o‘ta turib, ayolga bir qaradi, undan o‘zi uchun biror qiziq “narsa” topmagach, alanglamasdan yugurib ketdi.
Ikki soatdan keyin Xey keldi. Ayol o‘yga cho‘mib ketganidan uning kelganini bilmay qoldi. Eshik g‘iychillab ochilganini eshitgach, dik etib turdi va hayajondan nafasi   tiqilib, joyida qotib qoldi. Uning chiroyli, oppoq  yuzlariga mo‘yqalam bilan surtib qo‘yilgandek, qizillik yugurdi. Tugunchani ushlagan qo‘llar zo‘riqdi.
Ayol kulbaning eshigini ochganda Xey unga orqa    qilib turgan va eskirib ketgan paltosini yechayotgandi. Ayol eshikni yopib, sekingina “Bu men”, dedi. Xey yarim yechilgan paltosini yerga sudragancha o‘girilib qaradi. Ayol tugunchani ikki qo‘llab ko‘kragiga bosdi, go‘yo shu bilan o‘zini himoya qilmoqchi bo‘lgandek. Ta’zim qildi. Xey unga teshib  yuborgudek qaradi. Ayolning hozirgina chiroyli va jozibali ko‘ringan chehrasi birdaniga xiralashib, so‘lg‘in bo‘lib qoldi.
Xey indamay teskari qaradi, paltosini, unniqib ketgan qalpog‘ini yechib, xonaning narigi yarmiga to‘shalgan taxta kat ustiga tashladi. Ayol xonaning quruq yerdan iborat “dahlizi”ni ko‘zdan kechirib chiqdi: stol, uning ostida   yuvinadigan tog‘ora, ishqor kukuni solingan tunuka quti, katta shisha idishlar, ikkita chelak; ro‘parada, devor ostida – pastak javon, uning yuqori tokchasiga idishlar tartib bilan terilgan, bir quticha piska, sovun idish, pastki tokchada – mandarin solinadigan uchta quti va alyumin kastrilka.
Ayol tugunchasini kat chetiga qo‘yib, ichidan bog‘ichini oldi va kimonosining kent yenglarini tang‘idi. Keyin bo‘sh chelakni ko‘tarib, tashqari chiqdi. Shu kundan boshlab Xeyning kulbasida yashayverdi.
Xey ayol bilan gaplashmadi, hatto betiga qaramadi. Nazar-pisand qilmagani emas, bu. Shunchaki, ayolning kulbaga kelishi va bu yerda yashab yurishi uning uchun mutlaqo bo‘lmagan gap edi. Ayol suv tashidi, ovqat pishirdi, supirdi, kir yuvdi, oziq-ovqat olib kelish uchun yurdi. Xey ayol pishirgan ovqatlarni yeb yuraverdi, yuvib tozalagan kiyimlarni kiydi, solib bergan o‘ringa yotib uxladi. Bularning barini boshqa hamma ishlari singari ongsiz xarakatlar bilan qilardi. Ovqat tanovul qilayotganda ham “men yeyapman” deb o‘ylamas, shunchaki, zaruriy harakatlarni bajarardi: cho‘plar bilan ovqatni ilashtiradi, og‘ziga yuboradi, chaynaydi va yutadi.
Ayol kelgani bilan Xey o‘rganib qolgan kun tartibi tariqcha har o‘zgarmadi. U, ilgarigidek, lattafurushlardan eski-tuskilarni olib keladi,  qaynatadi, quritadi, tasmalar qirqadi, poyondozlar to‘qiydi. Agar ayol unga yordam berishni xohlab qolsa, indamay ruxsat beradi. Xey dastgohiga hech kimni yo‘latmaydi, degan mish-mishlar chippakka chiqdi. Axir, poyondozlarning bozori chaqqonligi shu dastgoh bilan bog‘liq-da. Ayol dastgohda ishlagisi kelganda xotirjamgina joyini bo‘shatib beradida, o‘zi boshqa ishlarga unnab ketadi.
Bir nechta poyondoz tayyor bo‘lgach, Xey bozorga olib boradi. Ayol yolg‘iz qolib, kulbani tartibga keltiradi, tashqarini supiradi, sopol bo‘laklarini, shisha idish siniqlarini, qog‘oz parchalarini va yana ming xil chiqindilarni nariga surib tashlaydi.
Kechki ovqatdan keyin Xey biroz dam oladi-da, soat o‘nlargacha yana poyondoz to‘qiydi. Zaruratdan emas, shunchaki, vaqtni o‘tkazish uchun. Shamning xira yorug‘idan ko‘zlari charchab, yoshlana boshlagach, dastgohni yig‘ishtirib uxlashga yotadi. Ayol uning yoniga asta cho‘ziladi-da, yupqa adyol bilan ustini yopadi. Shamni o‘chirganda, agar osmonda Oy bo‘lmasa, xonani zimiston qoplaydi. Xey uyqusida u yog‘idan bu yog‘iga ag‘anaydi, biroq hech qachon xurrak otmaydi.
Ayol sekingina piqillab yig‘laydi. Uning fig‘oni dalada shamol esishiga o‘xshaydi, goho tebrangan o‘tlarning shitirlashiga monand bilinar-bilinmas shivirlab qo‘yadi:
— Do‘kondagi ishlar yaxshi ketyapti. Kuyovim, baraka topsin, tinim bilmay ishlaydi. Yaxshi odam! Meni hurmat qiladi. Sen to‘g‘ringda gap ochilgudek bo‘lsa, mehmonga chaqiraman, deydi, nuqul...
Yana bir piqillab, davom etadi:
— Men nima qilay, ayt... Ota-onamning yolg‘iz merosxo‘ri, erkatoyi edim, nima ish qilsam, ixtiyorim edi. Goho nojo‘ya ish qilib qo‘yardim, lekin yaxshi emasligini tushunmasdim... O‘sha odam ... hecham yoqtirmaganman... “o‘lib turganim” yo‘q edi... bola undan ekan. O‘zim bilmay qoldim... Hech bo‘lmasa, shu gapimga   ishongin.
Xey qimir etmay yotaveradi.
— Nima qilay, endi? Sen ketib qolganingga ham o‘n besh yil bo‘libdi. Tushunaman, senga og‘ir bo‘ldi, axir, menga ham oson emas, qiynaldim.
Rahmatlik onam, gunohing og‘ir, seni kechirmaydi, derdi. Vafot etgandan keyin, o‘zimni o‘zim  ayblayverib, o‘zimdan nafratlanib ketdim.
Bu gaplar necha marta qaytalangan bo‘lsa, har gal bir xilda, bir tartibda, yodlab olingan monolog singari aytilardi: “og‘ir”, “qiyin”, “chidab bo‘lmaydi”, “o‘zimdan o‘zim nafratlanaman”. Takrorlanaverib, ularning ma’nosi uchib ketgan, faqat, hech narsani bildirmaydigan so‘zlarning  shitirlashi qolgan, xolos.
— Jazo muddatini o‘tab bo‘lgandan keyin hatto qotildan gunoh olib tashlanadi, — shivirlaydi ayol. – Sen nega meni kechirishni istamaysan? Aytsang kifoya, hamma gapingga kiraman.
Ayol nimalar demasin, Xey sukut saqlaydi. U hech nimani eshitmaydi. Yo‘lda yotgan tosh nimayu u nima! Shamol toshni puflab o‘tadi, tosh esa, shamolga javob bermaydi.
Ayol kulbada o‘n ikki kun yashadi, o‘n uchinchi kun ketishga qaror qildi. Xey navbatdagi poyondozlarni sotib kelsa, ayol taxta katning chekkasida, tugunchasini tizzasiga bosgancha o‘tiribdi.
Qish oqshomi  quyuqlashdi.  Xey odatdagidek paltosini, qalpog‘ini yechib, ayolning yonidan o‘tib, taxta kat ustiga chiqdi. Ayol mung‘ayib yerga qaradi. Uning yuzi so‘lg‘in, qoni qochgan, tizzalari ustiga qo‘ygan qo‘llari ancha burushgan. Ortidan Xeyning qadam tovushi eshitildi. Balki, ayol Xey bir nima deb qolarmikin, deb umid qilgandur. Nihoyat, ayol o‘rnidan turdi, sochlarini qo‘li bilan siladi va unsizgina xo‘rsindi.
— Demak, hech narsa o‘zgarmaydimi? – deb so‘radi u arang eshitiladigan ovoz bilan. – Kechirishni istamayapsanmi?
Xey katdan yerga tushdi, tokchadagi alyumin kastrilkani ochdi, u bo‘m-bo‘sh ekan, demak ovqat pishirilmagan.

* * *

Kastrilka bo‘sh yotganini ko‘rib, Xey guruch va arpa olish uchun qutiga qo‘l soldi. Ayol bugun ovqat pishirmagani uchun hech ajablanmadi. Odatiy harakatlar bilan guruchni, arpani o‘lchab soldi, kastrilkasini ko‘tarib, kulbadan chiqdi.
Ayol tizzasiga qo‘ygan tugunchasini qo‘liga olib o‘rnidan horg‘in turdi va hech narsani ilg‘amayotgan ko‘zlarini kulba ichida parishon aylantirdi. Keyin qo‘rqa-pisa tashqariga chiqib, eshikni yopdi.
Osmondagi bulutlarni ufq ortiga botib ketgan Quyosh sal-pal yoritadi va shundan, yerni qoplagan zulmat yanayam qorong‘iroq tuyuladi. Ayol kulbani aylanib o‘tdi, darcha oldidagi qurigan daraxt yonida to‘xtab, uni qo‘li bilan paypasladi.
— Ha, ha, bu – zaytun bo‘lsa kerak, — deb shivirladi. “Daraxt qurigan bo‘lsa-da, zaytunligicha qolgan”, demoqchi emas. Yo‘q. Ayolning ovozi “Bu daraxt umuman daraxtligini yo‘qotgan” deyishga ham borolmaydigan darajada umidsiz edi. U yana ham munkayib nari ketdi.
Xey kastrilkasini pechga qo‘yib, olov yoqdi. Oppoq tutun ingichka tasma bo‘lib, tepaga o‘rladi va olovning qip-qizil tili idishning ostini yalay boshladi. Sho‘‘lada Xeyning ko‘lagasi ajralib ko‘rindi. Uning beparvo yuzi qotib qolgan, qorachiqlari kengaygan, hech nimani ko‘rmayotgan ko‘zlari qorong‘ilik tomon nigoh solgan.
Shamol kuchayib, pechkadan tutun chiqdi, Xey yo‘tala-yo‘tala olovga o‘tin tashladi.

Izohlar:
Xabati – xonani isitadigan ko‘chma manqal.
Miso —  soya donlaridan ezib tayyorlangan achitqi ziravor.

Ruschadan Qudrat Do‘stmuhammad tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnali, 1999 yil, 2-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.