OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Borden Dil. Qasos (hikoya)

O‘ttiz yoshlardagi oqish-kulrang sochli yoqimtoygina ayol ohista odimlagancha mening stolimga yaqinlashdi. Uning bo‘yi baland emas, bir yarim metrcha kelar, ammo kiyimi odatda kichik shaharchada yashovchi ayollar kiyadigan liboslardan anchagina yaxshiroq bo‘lib, didi balandligi darrov sezilardi. Bu ovloq joylarga bironta kattaroq shahardan kelgandir, balki bashang kiyinish qobiliyati tug‘madir...
– O‘tirsam maylimi? – so‘radi u mening yonginamda to‘xtab. – Qarshi bo‘lmasangiz, siz bilan gaplashib olsam degandim.
Men uning chap qo‘liga nigoh tashladim va bosh irg‘adim. Ayollar bilan uchrashganda doimo ularning qo‘liga qarayman. Ularning qo‘llari yuzlariga nisbatan ko‘proq narsani aytib berishi mumkin. Illo, ular plastik jarrohlar va pardoz vositalari yordamida yuzlarini mo‘‘jizakor tarzda o‘zgartirishadi, ammo qo‘llarini aldayolmaysiz, ular doimo rost so‘zlaydi.
Suhbatdoshimning uzun va nozik barmoqlari meni qiziqtirib qo‘ydi. Birinchidan, ularga bir necha o‘nlab ming dollar turadigan olmos ko‘zli uzuk taqilgandi, ikkinchidan, suhbatimiz qiziq bo‘lishini yuragim sezayotgandi.
Notanish ayol o‘tirdi va asabiylashgan holda qadahni o‘ynarkan, so‘zini kutilmagan tarzda boshladi:
– Men odam o‘ldirishingizni istardim.
– Manzilingizdan adashibsiz, xonim, – dedim men bosh chayqab, unga bo‘lgan qiziqishim darhol so‘ndi. – Bu mening kasbim emas.
– Pul ishlash-chi, bu kasbingizga kiradimi? – sovuqqina so‘radi u va qattiq tikildi.
– Bu borada nishonga bexato urdingiz, – ta’kidladim men. – Men pul ishlashni bilaman va buni yaxshi ko‘raman.
– Unday bo‘lsa, nima uchun yigirma besh ming dollar ishlab olishdan bosh tortyapsiz? – muloyimlik bilan qiziqsindi ayol. Shu bilan birga, u men tomonga odob qoidasi ruxsat beradiganidan ko‘ra anchagina yaqinroq engashdi.
Men unga bir necha soniya tikildim, keyin ko‘zimni likopchaga qaratdim va uni chetga surib qo‘yib, tushuntira boshladim:
– Xonim, men istalgan narsani xohlagan odamimga sotishim mumkin. Bundan tashqari, gapga chechanlikda ham oldimga tushadigani yo‘q. Agar birontasiga gapiraverib, zeriktirib o‘ldirishimni istasangiz, unda bosh ustiga. Ammo rostakamiga...
– Bu odamni gap bilan zeriktirib o‘ldirishingiz qiyin, – og‘ir xo‘rsindi notanish ayol.
– Kimni aytyapsiz?
– Erimni.
– Nega uni o‘ldirmoqchi bo‘lyapsiz? Shunchaki uni tashlab ketish osonroq emasmi? Noxushliklar ham kamroq bo‘ladi, panjara ortiga ham tushmaysiz. Ko‘chada mashinam turibdi, u juda tez yuradi, bir necha soatdan so‘ng boshqa shtatda bo‘lishimiz mumkin.
– Yo‘q, – bosh chayqadi u, – qochish bilan ish bitmaydi. U judayam boy odam, pulini qarg‘a cho‘qimaydi. Agar uni tashlab ketsam, menga bir miri ham tegmaydi. Agar o‘lsa, butun boyligi menga qoladi.
– Sizga judayam achinyapman, ammo bilib qo‘ying: men iflos ishlar bilan shug‘ullanmayman..
– Yigirma besh ming dollar haqida unutmadingizmi? – eslatdi u.
– Men hech qachon hech narsani unutmayman, – jilmaydim men. – Aytgancha, nima uchun aynan menga murojaat qilyapsiz? Buni mahalliy yigitlarning birontasidan iltimos qilganingiz osonroq emasmi?
– Yo‘q, bu yerliklar bunday ishga qodir emas. Menga aynan kelgindi odam kerak. Bu yerda bir-ikki kun bo‘ladi, ishini bitiradi va ertasi kuniyoq juftakni rostlaydi. O‘sha odamni men qaytib ko‘rmayman va uning o‘zi ham bu gadoy topmas joylarga qaytib kelmaydi. Siz bu yerda uzoq ushlanib qolmassiz axir?
– Bunday niyatim yo‘q, – bosh irg‘adim men. – Siz kelganingizda men ovqatlanib bo‘lib, yo‘lga tushishga otlanayotgan edim.
– Hammasi omadli bo‘layotganini ko‘ryapsizmi?! Menga sizni Xudoning o‘zi yetkazdi! Bu ishni shu bugun kechqurun bajarishingiz va darhol jo‘nab ketishingiz mumkin. Sizdan hech kim shubhalanmaydi. Axir sizni men bilan bog‘lab turadigan hech narsa yo‘q – biz hozirgina uchrashdik va darhol ajrashdik... Bu shahardan cho‘ntagingizda yigirma besh ming dollar bilan ketishingizni ham unutmang.
– Pul yoningizdami? – ehtiyotkorlik bilan qiziqsindim men.
U atrofiga alangladi, keyin kattakon sumkasini ochdi va uning ichidagini menga ko‘rsatdi. Sumka siqib bog‘langan dollar taxlamlaridan shishib ketgandi. Men hali shuncha pulni qo‘limga ushlab ko‘rmagandim. Shu sabablimi, kuraklarim jimirlab ketdi.
Suhbatimiz boshlanganidan beri birinchi marta uning taklifi haqida jiddiy o‘ylay boshladim. Nima bo‘lganda ham, bu ayolning gaplarida mantiq bor edi. Haqiqatan ham xavf iloji boricha kamaytirilgan edi. Kelgindi odam qotillikni sodir etadi-yu, darhol jo‘nab qoladi. Uni hech kim tanimaydi, tabiiyki, barcha shubha mahalliy yigitlarning bo‘yniga tushadi.
– Agar restorandagilardan birontasi bizni eslab qolsa-chi? – so‘radim men barcha ikir-chikirlarni ham e’tiborga olishga urinib.
– Qo‘rqmang, – dalda berdi u. – Men bu yerga kamdan-kam kiraman. Restorandagilarning birontasi meni tanimaydi.
– Shunday bo‘lsa ham bu yerdan ketganimiz ma’qul. Men hech narsa va’da qilolmayman, ammo gaplashib olishimiz mumkin. Gaplashganingiz uchun qamoqqa tiqishmaydi.
Ayol tezgina turdi va restorandan chiqib ketdi. Men likopchaga qaradim, ammo ovqatimning qolganini yegim kelmadi – negadir ishtaham bo‘g‘ilgandi. Bir-ikki daqiqadan keyin men ham restoranni tark etdim. Men ayolga restorandan uchta mavze naridagi xilvat ko‘chada yetib oldim. U mening mashinamga o‘tirdi va biz yo‘lda davom etdik. Men ko‘zimni yo‘ldan uzmasdim. Unga qaragim kelmas, yigirma besh ming dollar uchun bir odamni o‘ldirishim mumkinligiga sira ko‘zim yetmasdi.
Uning ko‘rsatmasiga binoan shahardan tashqariga chiqdim.
– Qalay, bir qarorga keldingizmi? – so‘radi u kichikkina tepalik ustida to‘xtaganimizda.
– O‘zingiz ayting-chi, aslida nimani istayapsiz? – ehtiyotkorlikni unutmay, savoliga savol bilan javob qaytardim men.
– Bu judayam oson, – yelka qisdi notanish ayol. – U uyga soat o‘n birdan avval qaytmaydi. Siz mehmonxonada kutasiz. U kirganida o‘q uzasiz, o‘lganligiga ishonch hosil qilasiz, o‘g‘irlik yuz bergandek qilib ko‘rsatish uchun deraza oynasini sindirasiz va darhol jo‘nab qolasiz. Men yotoqxonada bo‘laman. Siz ketganingizdan so‘ng o‘n daqiqa o‘tgach, men politsiyaga qo‘ng‘iroq qilaman va uyimizga o‘g‘ri kirib, erimni otib ketganini aytaman.
– O‘n daqiqa yetadi, deb o‘ylaysizmi? – shubhalandim men.
– Agar darrov shahardan chiqib ketsangiz, albatta yetadi, – ishonch bilan bosh irg‘adi ayol. – Axir ketmoqchi ekanligingizni aytdingiz-ku?
– Pullar-chi? Ularni qachon olaman?
– Hozir sizga besh ming beraman, – ayol tizzasidagi sumkani ko‘rsatdi. – Qolgan yigirma mingini ishni bajargach olasiz. Sumka mening yonimda, yotoqxonada bo‘ladi.
– O‘zingiz keyin nima qilmoqchisiz? – so‘radim men pullarni tezgina cho‘ntagimga solarkanman.
– Shovqin-to‘polon tingunicha biroz kutaman, – jilmaydi ayol. – Pullarni darhol ololmayman, biroz kutishimga to‘g‘ri keladi. Keyin bu yerdan jo‘nab ketaman... Siz uni o‘ldirasizmi? – so‘radi u uzoq jimlikdan so‘ng.
– Ha, – javob berdim men ham undan qolishmaydigan uzoq jimlikdan so‘ng. – Qurolni qaerdan olsam ekan? Menda hech narsa yo‘q.
U o‘zining tubsizdek ko‘rinuvchi sumkasidan 32-kalibrli to‘pponcha oldi va uni sharfi bilan yaxshilab artib, menga uzatdi.
– Uni manavi to‘pponcha bilan oting, keyin shahar tashqarisida tashlab yuborarsiz... Soat o‘n bir yarimlarda uyga yaqinlashing. Eshik ochiq bo‘ladi. Mehmonxonaga kirib, kutib turasiz...
Men soat 22.25 da uning uyi yonida to‘xtadim va cheka boshladim. Gugurt chaqib, sigareta yaqinlashtirarkanman, qo‘llarim titrayotganini ko‘rib, mamnun bo‘ldim. Bu ish osondek, mushkulliklar bo‘lishi mumkin emasdek tuyilardi. Roppa-rosa soat o‘n bir yarimda zinapoya yoniga keldim. Ayol va’da qilganidek eshik ochiq edi. Men yo‘lakdan asta o‘tib, qop-qorong‘i mehmonxonaga kirdim. Xona o‘rtasida to‘xtadim va qaerga berkinishni o‘ylab, atrofga alangladim.
Men endigina eng uzoq burchakka yashirinishni mo‘ljallagan onda to‘satdan mehmonxonada chiroq yondi. Qo‘lim darhol to‘pponcha solingan cho‘ntagim tomon uzatildi, ammo yarim yo‘lda to‘xtab qoldi. Yotoqxona eshigi oldida baland bo‘yli, yuzlarini ajin bosgan oq sochli erkak turar, uning qo‘lidagi to‘pponchaning mili to‘g‘ri mening qornimga mo‘ljallangandi. Turgan gapki, avvaliga faqat to‘pponchani ko‘rdim, keyinroq uning ko‘ylagiga qadalgan sherif yulduzchasini payqadim. “Boplab qo‘lga tushdim-ku!” – deb o‘yladim nima qilishimni bilmay qaqqayib turarkanman.
Baquvvatgina qariya meni diqqat bilan ko‘zdan kechirdi, keyin ortiqcha xavf yo‘qligiga ishonch hosil qildi, shekilli, shoshilmay men tomon yura boshladi. Men xonadan qochib chiqib, bu la’nati shaharchadan juftakni rostlab qolishni istardim-u, ammo turgan joyimdan qimirlay olmasdim, chunki u meni darhol otib tashlashini yaxshi bilardim. Erkakning ortida esa mening yordamimda eridan qutulmoqchi bo‘layotgan yosh ayol turardi.
– Juda vaqtida keldingiz, – ma’qullab dedi erkak. – Bu maqtovga arzigulik fazilat, yigitcha. Puxta odamlar hozir judayam kam qolgan.
– Bu bilan nima demoqchisiz? – hayratlanib ming‘irladim men. – Men vaqtida keldimmi?
– Siz nima uchun kelganingizni yaxshi bilaman, – jilmayib bosh irg‘adi u. – Siz meni o‘ldirgani kelgansiz, shundaymi? To‘g‘rirog‘i, meni o‘ldirish uchun kelganingizga ishonasiz.
– Menga qarang, – xirilladim men tomog‘imga turib qolgan “tosh”ni yutib yuborishga urinib. Men goh ko‘ylagiga sherif yulduzi qadalgan qariyaga, goh joniga tekkan erini o‘ldirtirish uchun yigirma besh ming dollar to‘lamoqchi bo‘lgan ayolga qarardim. – Bu yerda nimalar bo‘lyapti o‘zi, tushuntirsangiz-chi bundoq?
U menga yaqinlashdi va yelkasi osha ayolga buyruq berdi:
– Undan pullarni ol.
Ayol men bilan sherifning o‘rtasiga turib qolmaslikka uringancha yuzimdan ko‘zini uzmay asta yaqinlashdi va kostyumimning ichki cho‘ntagidan hamyonimni chiqardi. To‘g‘ri, u men uyga kirish oldidan kamarimga qistirib olgan to‘pponcha haqida ham unutmadi.
– To‘xtang, – e’tiroz bildirdim men. – U yerdagi pullar besh mingdan ko‘proq. O‘zimning pullarim ham bor.
– Sizniki edi, – iljaydi sherif. – Endi uniki bo‘ldi.
– Hammasi joyida, – dedi ayol pullarni tezgina sanab chiqib. – Mening besh ming dollarim va yana qo‘shimchasiga uch ming...
– Menga qaranglar! – jahl bilan xitob qildim men. – Bu yerda nimalar bo‘lyapti o‘zi?!
U yana kulganida, uning kulgisi hiqildog‘imga kelganini sezdim. Doim og‘zi qulog‘iga yetib yuradigan nusxalarni o‘lardek yomon ko‘raman!
– Sen haliyam hech narsani tushunmadingmi? – ochiqchasiga mazax qildi sherif.
– Tushunmadim.
– Bu Klaraning sevimli nayrangi, – tushuntira boshladi u xuddi yosh bola yoki tentak bilan gaplashayotgandek sabr-toqat bilan. – To‘g‘ri, bu ishdan ko‘p daromad qilmaydi, ammo uning uchun pullar asosiysi emas – erkinlik va mustaqillikning his etish ko‘proq yoqadi. Bugungi kunda ayollar qanday ekanligini o‘zing bilasan. Ular erkinlikni va eriga tobe bo‘lmaslik uchun o‘z puliga ega bo‘lishni istashadi.
– Aytmoqchisiz-ki... – butunlay sarosimaga tushib qoldim men. – Bu gap-so‘zlarning bari...
– Mutlaqo to‘g‘ri, – vazminlik bilan bosh irg‘adi sherif. – Klarada doimo bir nechta o‘ta qiziqarli voqealar taxt turadi. Bunisi eng ishonarlisi, to‘g‘ri emasmi?
Klara pullarni mehr bilan siladi va xush tabassum bilan eriga qaradi.
– Omadli oqshom bo‘ldi, Karl. Shuncha puli bor lapashangni hali qo‘lga tushirolmagandik. Puli ayni menga keragicha ekan o‘ziyam!
– Yulduzni nega taqib oldingiz? – g‘azabim qaynab, o‘shqirdim men. – Nima, bu sizga huquq beradimi?
– Men shu graflikning sherifiman, – xoxolab kuldi Karl mening hayratimdan zavqlanib. – Nima, u sizga bu haqda aytmaganmidi?
– Yo‘q, aftidan, u menga ko‘p narsani aytmagan, shekilli. Agar siz sherif bo‘lsangiz...
– To‘g‘ri, men qonunni himoya qilishim kerak. Ammo men xotinimni ham juda sevaman, – sherif kresloga o‘tirdi va yana to‘pponchasini mening qornimga o‘qtaldi. – U menga turmushga chiqqanida, sevgidan asar ham yo‘qligini, hamma gap mening pullarimda ekanini tushunganman, albatta. Men unga ko‘ngli tilagan narsani bajo keltirishga va’da berganman va baholiqudrat so‘zimning ustidan chiqyapman.
– Seni juda sevaman, Karl, – erkalanib so‘z qotdi Klara, – buni bilasan-a?
– Albatta, meni sevasan-da, – kulib yubordi sherif. – Axir men jajji o‘yinlaringni o‘ynashing uchun ruxsat beryapman-ku!
– Keyingi haftada Floridaga boraman, – mamnun ohangda xabar qildi ayol, u endi menga avvalgidek yoqimtoy ko‘rinmay qolgandi. – Pullarni nimaga sarflashni hali o‘ylaganimcha yo‘q. Balki ot va itlarga tikarman.
– Keyin-chi? – titroq kirgan ovozda qiziqsindim men.
– Agar sen aqlli yigit bo‘lsang, bu shahardan tuyog‘ingni shiqillatib qolasan, – yelka qisdi talonchi sherif. – Boshqa chorang yo‘q.
– Afsuski, siz haqsiz, – alam bilan uning gapini tasdiqladim men.
Menga tavoze bilan eshik tomonni ko‘rsatishdi, ammo nima uchundir bu yerdan chiqib ketolmasdim. Mashinam tomon chopish va tirik hamda ozod ekanligimdan quvonish o‘rniga mehmonxonaning o‘rtasida qaqqayib turar va goh sherifga, goh uning ustomon xotiniga mo‘ltirardim.
Ko‘zlari chaqnab turgan Klara pullarni o‘zining kattakon sumkasiga joylay boshladi.
– Shoshilma, azizam, – uni to‘xtatdi sherif. – Menimcha, besh ming menga tegishli ekanligini unutding, shekilli.
– Karl... – hiqilladi xotini.
– Mening besh ming dollarimni qaytar, – buyurdi sherif qat’iy ovozda.
Klara istar-istamas eriga yaqinlashdi va besh taxlam pulni uning cho‘ntagiga tiqdi. Keyin stol ustiga 32-kalibrli to‘pponchani tashladi va kresloning tirsak qo‘ygichiga o‘tirdi. Bir qo‘li bilan erining yelkasidan quchgancha, ikkinchisi bilan sochlarini erkalatib to‘zg‘ita boshladi. Baxtiyor er-xotinlar jilmaygancha menga tikilishardi.
– Ketadigan vaqting bo‘ldi, – eslatdi sherif.
Kallamda turli xayollar g‘ujg‘on urardi. Men boshqa choram yo‘qligini yaxshi bilardim. U meni otib tashlashi va suvdan quruq chiqib ketishi mumkin. U meni panjara ortiga o‘tkazishi ham mumkin. Axir uning uyiga cho‘ntagimda to‘pponcha bilan bostirib kirganimni unutmaslik kerak. Klaraning aytganlarini quloq qoqmay qaytaradi. Faqat o‘taketgan ahmoqqina shunchalik aldanib qolishi mumkin.
– Bo‘pti, – dedim men. – Men ketdim.
Men eshik tomon yo‘naldim, ammo ostona oldiga kelganda to‘xtadim. Sherifning qo‘lida to‘pponcha bo‘lmaganida edi, ularni eng namunali er-xotin deyish mumkin edi.
– Sherif, – dedim men, – umid qilamanki, xotiningiz hamma ikir-chikirlarni aytib o‘tirmaydi. Ayniqsa, meni qotillikka ko‘ndirish uchun nimalarga rozi bo‘lganini... – Sherifning basharasi bir zumda o‘zgarganini ko‘rib, to ayol gapimni bo‘lmasidan oldin tugatib olishga shoshildim. – Bilasizmi, pul uchun odam o‘ldirishga tayyor kimsalar bor, ammo ko‘pchilikka faqatgina pulning o‘zi kamlik qiladi. Xullas, bundaylar uchun ishq-muhabbat degan narsa ham kerak bo‘ladi. Men ahvolingizni juda yaxshi tushunyapman. Sizning o‘rningizda bo‘lganimda o‘zim ham xuddi shunday ish tutgan bo‘lardim. Bunaqangi ehtirosli ayol uchun esa jinoyatdan ham qaytmagan bo‘lardim!
Oxirgi marta bundan o‘n besh yil muqaddam, yengil atletika bo‘yicha maktab jamoasi sharafini himoya qilayotganimda shunchalar qattiq yugurgandim. Men mashinamga o‘tirib, o‘t oldirdim. Mashina o‘rnidan qo‘zg‘alganida, orqa tarafda o‘q ovozi yangradi...

Xurshid Tojiboyev tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.