OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ed Leysi. Merosxo‘rni yo‘qotish (hikoya)

— Mister Kolombo, meni tanimasangiz kerak. Meni Uilyam Senford deyishadi. «Mayerpark ayrplayens» ishida advokatlik qilganman. Menga xususiy izquvar kerak.
— O’sha ishda ko‘rsatgan karomatlarim uchun nega men haqimda ijirg‘anib gapirmayotganingizdan taajjubdaman, mister Senford, — dedim men xushmoumalalik bilan.
— O’tgan ishga salovat, mister Kolombo. Hozir gap boshqa ish ustida ketayapti. Menga shunday inson kerak.
— Politsiyaga murojaat qildingizmi?
— Bu politsiyaning ishi emas. Men sizni yollamoqchiman.
— Yaxshi, — yelka qisdim men. — Lekin men kuniga yuz ellik dollar olaman.
— Roziman, — bosh irg‘adi Senford. — Stiven Massinini topish kerak. Bir yarim yil muqaddam uning amakisi qazo etgan. Undan 800 ming dollardan ziyod meros qolgan. Stivenga 18 mingi tegishi kerak. Vasiyatnoma shartlariga ko‘ra, barcha merosxo‘rlar pulni bir vaqtda olishlari kerak. Bo‘lishishni barcha intizorlik bilan kutmoqda, Siter Massinidan tashqari, albatta. U yo‘qolgan. Bir necha oy ilgari men uni nihoyat Nitssada topdim va xat yozdim. U rassom. Stiven pulni pochta orqali jo‘natishni so‘radi. Men esa unga barcha merosxo‘rlar bir vaqtda yig‘ilishlari kerakligi tushuntirdim. U uchib kelishga rozilik berdi. Ikki hafta muqaddam mister Massini Qo‘shma Shtatlarga qarab uchgan. Siz Kennedi nomli aeroportda halokatga uchragan samolyot haqida eshitgan bo‘lishingiz tabiiy. Stiven tirik qolgan uch yo‘lovchining bittasi bo‘lgan. Jismonan jarohat olmagan bo‘lsa-da, shok holatida bo‘lgan. Bu haqda gazetalardan o‘qigach, ertasi kuniyoq kasalxonaga qo‘ng‘iroq qildim. Tibbiy ko‘rikdan bir soat o‘tgach, Stiven Massini kimgadir sim qoqqan. Uning oldiga yoshgina xonim kelgan va ular birgalikda chiqib ketishgan. Men barcha gazetalarga e’lon berdim, lekin u hanuzgacha qo‘ng‘iroq qilgani yo‘q.
— Stiven boshqa qarindoshlari bilan aloqa qilib turganmi? — so‘radim men.
— Yo‘q, u qarindoshlari bilan gaplashmagan. Ota-onasi vafot etgach, u chet elga chiqib ketgan va hanuzgacha Fransiyada yashab kelgan. Merosxo‘rlar uning to‘satdan g‘oyib bo‘lganidan juda norozi. Ular o‘z pullarini intiqlik bilan kutishmoqda.
— Qiziq, u yana g‘oyib bo‘lgan. Yosh rassom uchun 18 ming chakana pul emas. Stiven uylanganmi?
— Bo‘ydoq, — javob berdi advokat. — Men uni hech qachon ko‘rmaganman. Menda hatto uning fotosurati ham yo‘q. Qarindoshlariga kelsak, ular ham uni so‘nggi marta ancha yillar avval, u 4 yoshdaligida ko‘rishgan. Hozir u 26 yoshda.
U ketgach, men nufuzli kredit firmasidagi tanishimga qo‘ng‘iroq qilib, Senford va Stiven Massinini tekshirib berishni so‘radim. So‘ng kasalxonaga yo‘l oldim. Omadim bor ekan. Ikki hamshira mister Massinini tasvirlab ketishdi: bo‘yi biru sakson, baquvvat, vazni 80 kilodan kam emas. Sochlari tim qora, yuzi oddiy, birorta farqli belgisi yo‘q. Uning yoshi o‘ttizlar atrofida, deyishdi. Ko‘rikdan bir soat o‘tgach allakimga qo‘ng‘iroq qilgan. 20 daqiqalardan so‘ng uning yoniga hayajon iskanjasidagi 25 yoshlardagi mallasoch xonim kelgan. Massini esa hech qanday maslahatlarga quloq tutmasdan, javob berishlarini talab qilgan.
— U palatadan qo‘ng‘iroq qildimi? — umidlanib so‘radim.
— Ha.
— Demak, operatorlaringizda u qo‘ng‘iroq qilgan raqam saqlanib qolgan bo‘lishi kerak? Uni aniqlasam bo‘ladimi?
Besh daqiqadan so‘ng men telefon kompaniyasidagi tanish yigitga qo‘ng‘iroq qilib turardim. Telefon allaqanday Fil Uellsga tegishli ekan. Yarim soatdan so‘ng men Kuinsda edim. Uells bitta mashinaga mo‘ljallangan garajli, bundayroq o‘tlog‘i bo‘lgan kichikroq uyda yasharkan. Men yordamchim Al Pitersga avtomat-telefondan qo‘ng‘iroq qilib, Uelssning uyini tonggi beshdan boshlab kuzatishni tayinladim.
Ertalab sakkizda ishda edim. Soat o‘nda sug‘urta kompaniyasidagi tanishimga qo‘ng‘iroq qildim.
— Mister Stiven Massini haqida bizda hech qanday ma’lumot yo‘q. Menimcha, u ishsiz bo‘lsa kerak... Endi Uilyam Senford haqida. Biz bunday mijozlarni «katta tavakkalchilar» deb ataymiz. O’tgan yili u «Mayerpark ayrplayens» aksiyalarida kasodga uchragan. Amaliyotlaridan yiliga 20 ming dollarcha foyda ko‘radi, lekin shahar ostonasidagi hashamatli uyda yashaydi, ikkita klubga a’zo, ikkita qimmatbaho avtomobili bor. Uylangan. Bu uning uchinchi xotini, juda go‘zal, qimmatbaho taqinchoqlarni yaxshi ko‘radi. Sendford qulog‘igacha qarzga botganlardan. Badavlat oilada tug‘ilgan. Boyvachcha amakisi bor, merosining hammasini Senfordga qoldirib ketishi kerak. Amakisi 79 yoshda, lekin hamon haftasiga bir marta golf o‘ynashni kanda qilmaydi. Hammasi shu, Fred.
Men unga tashakkur aytdim va Fil Uelssni ham tekshirib ko‘rishni iltimos qildim. So‘ng seyfdan mitti eshitish moslamasi — qo‘ng‘iz va mini-magnitofonni oldim. Telefon kompaniyasi emblemasi tushirilgan kombinezonni kiyib, Fil Uelssning uyiga jo‘nadim.
Al Peters o‘zining shaloq aravasida uydan 100 metrcha narida o‘tirgancha, qog‘oz stakandan apelsin sharbatini simirardi.
— Hozircha hammasi tinch, Fred, — hisob berdi u. — Hech kim kirgani ham, chiqqani ham yo‘q.
Men mashinamga qaytdim. Boshimdagi beysbol shapkasini qoshimgacha tushirib, qalin mo‘ylov va ikkita tukli so‘gal yopishtirdim-da, Uelsslar uyiga yo‘l oldim. Magnitofonni Alning mashinasida qoldirdim. Mitta quloqlik va bloknot ham tutqazdim.
— Nima qilishni bilasan-a, Al? Ular nima haqida gaplashishsa yozib ol! Men bir soatdan so‘ng qaytaman.
Eshikni yaxshigina qomatga ega mallasoch xonimcha ochdi. Uning nimadandir asabiylashayotgani shundoq ko‘rinib turardi. Ko‘zining osti qorayib, salqigan, kechasi uyqu haqida o‘ylamagani ham rost.
— Missis Uells, hududlaringizda uzilish ro‘y bergan. Biz hamma telefonlarni tekshirib chiqayapmiz.
— Mening telefonim yaxshi ishlayapti.
— Ehtimol. Lekin qisqa tutashuv ro‘y bergan bo‘lsa, bu boshqa telefonlarning ishiga o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin. Tashvishlanmang, missis Uells, bu ko‘p vaqtni olmaydi.
U meni arzon mebellar bilan jihozlangan mehmonxonaga boshlab kirdi. Men operator bilan «gaplashdim», go‘shakni yechib, garchi xonim meni kuzatayotgan bo‘lsa-da, bilintirmasdan qo‘ng‘izchani joylashtirdim. Go‘shakni yig‘ib, gudokni tekshirdim va qoniqish hosil qilgandek bosh irg‘adim.
— Hammasi joyida! Rahmat, mem.
Bir soatdan so‘ng uning raqamini terdim.
— Missis Uells, sizni Stiven Massinining do‘sti bezovta qilyapti...
— Siz adashdingiz, — gapini keskin bo‘ldi u.
Men yana takrorladim.
— Missis Uells, go‘shakni qo‘ymang. Siz mister Massinini kasalxonadan olib ketganingizni bilaman. Men unga katta pul berishim kerak. Agar siz...
— Men sizga noto‘g‘ri raqam terdingiz dedim-ku?! Meni tinch qo‘ying! — u zarb bilan go‘shakni irg‘itdi.
Mallasoch xonimni qo‘rqitib, Al Piters oldiga shoshdim.
* * *
— Juda oddiy, Fred, — jilmaydi u. — Ikkinchi qo‘ng‘irog‘ingdan dam o‘tmay u Stivensga qo‘ng‘iroq qildi. U «Devenport» mehmonxonasining 121-nomerida yasharkan...
— Mister Stivensga? Adashmayapsanmi? Stiven Massinigamasmi?!
— Mister Stivensga. Sening qo‘ng‘iroq qilganingni aytdi. Men hammasini yozib oldim, — Al bloknotini ochdi. — «Tashvishlanma, Roza, — dedi o‘sha Stivens. — Agar u yana qo‘ng‘iroq qilsa nima haqida gapirayotganini tushunmaganingni ayt. Roza, balkim Nyuarkka oyingnikiga bir necha kunga borib kelarsan? Qachon qaytishingni o‘zim bildiraman». — «Men bu rolni ortiq o‘ynay olmayman, azizim. Qo‘rqayapman». — «Hech narsadan qo‘rqma, azizam. Tinchlan. Bilasanmi nima, oldimga kel. Seni soat ikkida kutaman».
«Devenport» mehmonxonasi aeroportning yonida joylashgandi. 121-nomerning eshigini bo‘ylari uzun, yelkalari keng, sport kiyimi va oq ko‘ylak kiygan erkak ochdi.
— Xo‘sh? — dedi u menga og‘zidan viski bug‘larini purkab. — Nima sotasiz?
— Biz gaplashib olishimiz kerak, mister Massini, — dedim men nishonimni ko‘rsatarkanman.
— Xususiy izquvar! — hiqilladi Massini. — Qani haqiqiy fir’avnlarni chaqirib qolmasimdan, tuyo­g‘ing­ni shiqillat-chi!
— Marhamat, chaqiring, mister Massini. Aftidan mening tashrifimni noto‘g‘ri tushunganga o‘xshaysiz. Men sizga 18 ming dollar taqdim etmoqchiman.
— Sizni advokat Senford yubordimi?
— Ha, u. Nega siz unga qo‘ng‘iroq qilmadingiz? U vasiyatnoma shartlarini bajarishi kerak, axir!
— Unga aytib qo‘ying, qachon istasam o‘shanda u bilan ko‘rishaman.
— Nahotki sizni meros qiziqtirmayotgan bo‘lsa? — hayron bo‘ldim men. — 18 ming dollar oz pul emas...
— Bilmayman... Men ertaga Fransiyaga qaytib ketishim kerak, o‘sha pullarni deb soliqchilar katta muammo paydo qilishlari mumkin.
— Senfordga qo‘ng‘iroq qilib, bo‘lmasa shular haqida ayting.
— Qachon xohlasam, o‘shanda qo‘ng‘iroq qilaman, — dedi u va zarda bilan eshikni yopdi.
Men xollda Senfordga qo‘ng‘iroq qildim va Massinini qayerdan izlashni aytdim.
— Rahmat, mister Kolombo. Men ishingizdan to‘liq qoniqish hosil qildim. Sizni ortiq bezovta qilmayman.
Endi ovoz uzatuvchi qo‘ng‘izchani olshim kerak. Kelajakda uni topib olishsa, muammo yuzaga kelishi mumkin. Men kechqurun bunga urinib ko‘rdim. Uyga kelgach, sug‘urta kompaniyasidagi tanishimga qo‘ng‘iroq qildim.
— Uelsslarning umumiy daromadi 9400 dollar. Uylari 20 ming turadi. 15 mingi garovda. Ular uyni to‘rt yil muqaddam turmush qurishganda sotib olishgan va jihozlashgan. Xotini ko‘chmas mulk bilan savdo qiluvchi kompaniyada mashinistka bo‘lib ishlaydi, eri esa «Trans-Yevropa havo yo‘llari» aviakompaniyasida chiptalarni bron qilish bilan shug‘ullanadi.
— Bu yaqinda anavi samolyot halokatga uchragan aviakompaniya emasmi? — so‘radim men.
— Ha. Aytmoqchi, Fil o‘sha halokatda qurbon bo‘lgan.
Men kutubxonaga borib, Kennedi nomli aeroportda sodir bo‘lgan halokatga oid barcha maqolalarni yig‘ib, o‘qib chiqdim. Fil Uells ha­qiqatdan ham halok bo‘lganlar ro‘yxatida qayd etilgandi. Aviakompaniya xizmatchisi sifatida u bepul uchgan. Uni tanasida ism va familiyasi o‘yib tushirilgan chaqmoqli yon­dirgich orqali tanib olishgan.
Kechqurun men mashinamni Roza Uelss yashaydigan kvartal tomon burdim. Uning uyi oldida to‘rtta politsiya mashinasi va bir to‘da tomoshatalablar turishardi.
— Shunaqa gaplar! — bosh irg‘adi Al. — Bu missis Uells deganlari sening Massininingni boshiga yetgan ko‘rinadi. Ular ayolni bugun tushdan so‘ng mehmonxonada uning jasadi va qotillik quroli bilan birga topishgan.
Men undan magnitofonni oldim, ishga borib tasmaning hammasini eshitib chiqdim. Massini qo‘ng‘iroq qilgan edi.
«Narsalarni yig‘ishtir va qo‘ng‘irog‘imni kut, azizam. Yonimga Senfordga ishlaydigan xomsemiz izquvar kelib ketdi. Tezda joyimizni o‘zgartirmasak bo‘lmaydiganga o‘xshayapti.
«Lekin u seni qanday qilib topdi? — qichqirdi Roza. — Men hozir bu mashmashalarga aralashib qolganimdan juda-juda afsusdaman, Fil».
«O’zingni bos, asalim. Men unga hech qanaqa meros kerakmas, deb javobini berib yubordim. Joylashib olishim bilan senga qo‘ng‘iroq qilaman. Hech narsadan qo‘rqma, Roza. Biz tezda boyib ketamiz».
Shundan so‘ng yana bitta qo‘ng‘iroq bo‘lgan.
«Azizam, men yangi joyga joylashdim, — deb xabar qildi tanish erkak ovozi. — Xona kichkina, lekin toza. Hozir men Long-Aylenddagi «Monro» otelidaman. Soat hozir 2:40 bo‘libdi. Yaxshisi mashinaga chiqma. Sen bu yerga...»
Uni o‘q ovozi uzib qo‘ygandi.
«Fil? — baqirib yuborgan Roza Uells. — Fil? Nima bo‘l...»
Go‘shakdan qisqa gudoklar eshitilgan.
Men yana bir marta so‘nggi suhbatni diqqat bilan eshitib, Al Pitersga qo‘ng‘iroq qildim va Stiven Massinining o‘lim vaqtini aniqlashni so‘radim. So‘ng tungi soat uch bo‘lishiga qaramasdan, Uilyam Senfordga qo‘ng‘iroq qildim.
— Zudlik bilan uchrashishimiz kerak, — dedim. — Stiven Massini o‘ldirilganidan xabar topgandirsiz?
— Menga politsiyadan qo‘ng‘iroq qilishdi. Ular hamyonidan mening xatimni topishgan ekan.
— Men yarim soatlarda yetib boraman. Meni ko‘chada kutib turing.
Senford meni chiroyli shlyapa, yengil plashch va qo‘lqopda kutib oldi. Cho‘chqa terisidan ishlangan qimmatbaho qo‘lqopni ko‘rganimda yuragim hapriqib ketdi. U yonimga o‘tirdi va men kutayotgan savolni berdi:
— Men bilan uchrashayotganingizni biror kishiga aytdingizmi, mister Kolombo?
— Yo‘q.
Men mashinani joyidan qo‘zg‘atdim. Menga bir savol tinchlik bermasdi: U qachon to‘pponchasini chiqaradi. Men tashlandiq yo‘lga burildim va to‘xtadim.
— Nega to‘xtadik, mister Kolombo?— so‘radi Senford. Hamon uning qo‘llari tizzasida edi.
— Gaplashib olishimiz kerak, — dedim men. — Siz meni yo‘qolgan merosxo‘rni topish uchun yolladingiz. Men vazifani bajardim. Lekin hozir qidiruv qotillikka aylanib ketdi.
— Shuning uchun meni issiq to‘shagimdan chiqarib oldingizmi, Kolombo? Mening bu qotillikka mutlaqo aloqam yo‘q, uni missis Uells o‘ldirgan.
— Senford, u o‘ldirmagan. Men uning telefoniga qo‘ng‘izcha o‘rnatgandim. Telefondagi so‘zlashuvlar yozilgan plyonka ana orqa o‘rindiqda. Qo‘yib berishim mumkin. Sudmedekspert Massinini kunduzi soat 3 larga yaqin o‘ldirishganini aniqlagan. Soat 2:40 da u Massini bilan o‘z uyi­dagi telefonda gaplashgan. So‘ng go‘shakdan o‘q ovozi kelgan. Bu plyonka Roza Uelssga metin alibini taqdim etadi.... Siz oldin porteni hushidan kettirib, Massinini o‘ldirib, Rozani «Monro» oteliga kelguncha kutib turgansiz. U xonaga qa­dam qo‘yishi bilan boshiga urib, qulatgansiz, qotillik qurolini tashlab, ketgansiz. Uni mehmonxona nomerida jasad va qotillik bajarilgan qurol bilan birga topishgan.
— Fantastik hikoya, — dedi sekingina Senford. — Nima, meni shantaj qilyapsizmi, Kolombo?
— Men pul haqida biror narsa dedimmi? Bekor meni yollagansiz, Senford. Men axborotlarni qunt bilan o‘rganib chiqaman. Sizning kasod bo‘lganingiz ham menga ma’lum, Massiniga tegishli merosning bir qismini ham ishlatib yuborishga ulgurgansiz. Merosxo‘rlarni esa Stiven Massinini hech topa olmayotganingiz haqidagi cho‘pchak bilan laqillatib yurgansiz. Amakingizning o‘limi moliyaviy muammolaringizni hal qilishidan umidvor bo‘lgansiz. Afsuski, merosxo‘rlardan biri Stivenni topgan. Siz unga xat yozishga majbur bo‘lgansiz. U halokatga uchragan samolyotda bu yoqqa shoshgan. Har qanday holatda ham siz uni o‘ldirardingiz. Siz uchun muhimi — sudda vasiyatnomaning tasdiqlanishi hamda pul to‘lanishini kechiktirish bo‘lgan. Stivenning kasalxonadan ­sirli yo‘kolishi siz uchun juda ma’qul holat edi. Lekin bu vaqtinchalik holat edi. Siz qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da, uni topib, og‘zini berkitishingiz kerak edi. Shuning uchun meni yollagansiz.
— Kolombo, nimalar deyayotganingizni o‘zingiz ham bilmaysiz. Men sizni g‘oyib bo‘lgan merosxo‘rni topish uchun yollaganman. Bunda hech qanday qonunga xilof narsa yo‘q. Siz Stivenni topdingiz. Uni esa o‘ldirib ketishdi. Mening bunga aloqam yo‘q.
— Uning o‘limi vasiyatnomaning tasdiqlanishini yanada chigallashtiradi. Siz hozir kechayu-kunduz amakingizni tezroq jonini olishi uchun xudoga yolvorib yotgan bo‘lsangiz kerak. Lekin Senford, hamma gap shundaki, men Stiven Massinini topolganim yo‘q.
— Men bu gaplarni eshitishga ortiq toqat qilolmayman. Meni tezroq...
— Stiven Massini aviahalokatda qurbon bo‘lgan, — uning gapini bo‘ldim men. — Tirik qolgan uch omadli insondan biri Fill Uelss edi. Siz o‘shani otib qo‘ygansiz. O’zining atrofida tutab yotgan jasadlarni ko‘rib, u murdalardan birining hamyonini chiqarib, o‘zining chaqmoqtoshini unga tashlab qo‘ygan va Stiven Massiniga aylangan. So‘ng u xotiniga qo‘ng‘iroq qilib, kasalxonadan chiqib ketgan. Uning nima o‘ylagani ma’lum. Missis Uells sug‘urta summasini oladi, aviakompaniyani sudga berib, ishni yutib chiqadi. Boyigach, ular chet elga ko‘chib chiqishni rejalashtirishgan. Aviahalokatda yong‘in shu qadar kuchli bo‘lganki, murdalarni tanib olish haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Fil sizdan 18 ming dollarni olishni juda-juda istagan, lekin bu juda katta tavakkalchilik edi. Axir u haqiqiy Massini qanday ko‘rinishga ega ekanligini bilmagan, qarindoshlar bilib qolishidan cho‘chigan... Senford, siz esa barcha havaskor qotillar singari bir talay xatolarga yo‘l qo‘ygansiz. Magnitofon plyonkasida missis Uelssning alibisi borligini aytmay qo‘yaqolay. Siz Uelss-Massini berkinib yotgan joydan xabardor yagona kishi bo‘lgansiz. Mening qo‘ng‘irog‘imdan so‘ng siz «Devenport»­ga shoshib, portedan Massini ko‘chib chiqayotganini aniqlagansiz. Uning ketidan boshqa mehmonxonagacha borgansiz. Nomerga kirgach, u darhol xotiniga qo‘ng‘iroq qilgan. Siz esa yo‘lakda, eshik oldida turib hammasini eshitib turgansiz. Tez orada missis Uelss kelishini eshitib, vaziyatdan foydalanib qolishni maqsad qilgansiz — merosxo‘rni o‘ldirib, barcha aybni Rozaga ag‘darishni o‘ylagansiz.
Uilyam Senfordning yuzi terdan yaltirardi. Nihoyat, u qisqa stvolli to‘pponchasini chiqardi.
— Baribir nimaga erishmoqchi bo‘lganingizni tushunmayapman, Kolombo, — dedi u. — Menga vaziyatdan chiqish uchun yo‘l qoldirmayapsiz. Sizni o‘ldirishimga to‘g‘ri keladi.
U to‘pponchani o‘ng biqinimga tiraganda o‘zimni g‘alati tarzda juda yengil his qildim. Nihoyat u qurolini chiqarib, shu yo‘l bilan qotillikni bo‘yniga olgan edi!
— Qo‘llarim rulda turibdi, — dedim tez-tez men. — Tepkini bosishga shoshilmang. Buni qilishdan avval bardachokka qarang. Hozir siz aytgan va eshitgan narsalarning hammasini politsiyachilar eshitib turishibdi. Bardachokni oching, Senford!
U bardachokni ochdi va ovoz uzatuvchi qurilmagan ko‘zi tushdi.
— Amal qilish radiusi 600 metr, — dedim men.
Kutilmaganda yo‘lni juda yorqin faralar yoritib yubordi.
— Siz qurshovdasiz, Senford! — dedi megafon orqali Al Pitersning yonida turgan kapitan. — Qurolni tashlab, mashinadan chiqing!
Butalar orasidan vintovka bilan qurollangan ikki politsiyachi chiqib keldi.
— Mashinadan chiqing, Kolombo! — Advokat kuchi boricha to‘pponchani biqinimga tiradi. — Sizdan qalqon sifatida foydalanaman.
Unga bo‘ysunish o‘rniga uning to‘pponcha o‘shlab turgan qo‘llariga tashlandim. Biz kurashayotganimizda politsiyachilar mashinaga yetib kelishdi. Ular eshikni ochishganda Senford o‘q uzdi.
Men kuchli zarbani his qildim. Ko‘z o‘ngim qorayib, ko‘nglim behuzur bo‘lib ketdi. Xudoga shukrki, o‘q o‘tkazmas jilet kiyishni unutmagandim. Lekin osh­qozonim doim bezovta qilib turadi...

Rus tilidan Shavkatbek tarjimasi

 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.