OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jubron Xalil Jubron. Qo‘shiqlar

OHANG

Ruhim teranliklarida ohang, kalomlar libosin istamas. Ohang yuragim suvaydosida, siyoh ila qog‘ozga muhrlanishni xohlamas. His-tuyularim Chin shoyisiday o‘rab-chirmar-da, hech qachon zabonim ila bulbulday kuylamas.
Bu taronani ne asno og‘oz aylay, axir hatto g‘uborlardan ham xavfsirayman. Uni kim uchun ijro etay, axir qalbim qasri ichra dorilomon maqomi ila mast va bironta ham tinglovchi anglay olmasligidan xavotirdaman.
Ko‘zlarimga nazar solsang, lahn jilvasini ko‘rajaksan; barmoqlarim uchlariga xiyol teginsang, bas, sirli tebranishini his etajaksan.
Yulduzlar jilvasi ko‘lda jimirlagandek qo‘llarim imo-ishorasida tarannum namoyon; bag‘riga jazirama hayajon solganda gul g‘unchasi sir-asrorini tomchi shabnami kashf aylagani kabi ko‘z yoshlarim surud qulfini ochadi. Bu shunday alhonki, osoyishtalik og‘ushida ochiladi, shovqin-suronda yopiladi; uyqu og‘ushida uzluksiz kuylaydi, biroq xushyorlik xonishiga chek qo‘yadi.
Bu muhabbat alyori, o, mo‘minlar! Uni qaysi Ishoq kuylaydi-yu, qaysi Dovud og‘oz eta oladi?
Tarannumki, yosuman atridan ham muattar — qay mahoratli hofizi zamon amriga bo‘ysindira oladi? Navrasta hurliqo sirlaridan ham gizli — qay bir nafis soz tori ifoda etishga qodir?
Bezovta dengiz to‘lqinlari pishqirishi bilan bulbul xonishi qovusha oladimi? Bo‘ron ila norasida nafasini kim payvasta etadi?
Ma’budalar alyorin qay bandai ojiz kuylagay?

TO‘LQIN ALYORI

Men va sohil — oshiq-ma’shuqlarmiz; ehtiros ikkimizni payvasta aylagay, havo bir-birimizdan judo etar. Nuqraday ko‘piklarim ila zardo‘zi qumlog‘ini qovushtirish va qalbi otashiga mayi nobday suvim ila hayot baxsh etish uchun lojuvard tong quchog‘idan kelarman.
Tonglar ma’shuqamga ishqim izhor aylarman va u meni bag‘riga bosar. Oqshomlar esa ehtiros oyatini kuylayman va u otashin bo‘salar ila jismu jonim kuydirar.
Men bezoriyu beboshman, ma’shuqam sabru toqat ila bitishgan, qat’iyat ila dugona.
Ummon yuksalgani hamono azizamni qucharman, ummon chekingani hamono poyiga qo‘shqo‘llab yopisharman.
Parilar ummon qa’ridan chiqib, qoyalar uzra yulduzlarga mahliyo termilganda, atrofida necha bor parvonaday charx urib, raqs tushganman. Dardi ishq iskanjasida oshiq fig‘on tortganini necha bora eshitganman va qalbining malikasi hijroni dardini yengillashtirganman. Qoyalar ila necha bora suhbatlashganman, lekin ular soqovday javob bermagan va ularni qizishtirish ilinjida qancha kulsam ham, hatto jilmaymagan. Qancha cho‘kayotganlarni halokatdan qutqarganman va salomat keltirganman! Qanchadan-qancha durlarni ummon qa’ridan olib chiqib, husn mulki malikalariga hadya qilganman!
G‘aflat sharpasi jamiki jonzotlarni og‘ushiga olgan tun sukunatida men bedor — goh kuylarman, goh oh tortarman. Oh, sho‘r peshonam-a! Uyqusizlik holdan toydirdi, vale oshiqman, muhabbat mohiyati esa — bedorlik!
Hayotim muhabbat iztirobi ila yo‘g‘rilgan, to tirik ekanman, faqat ishq iztirobi girdobi ichra yashagayman.

YOMG‘IR ALYORI

Bizlar — kumush rishtalarmiz, Parvardigor amri ila samolardan zaminga inarmiz, bizni ona tabiat avaylab oladiyu vodiy-vohalarni bezaydi.
Bizlar — farishta Astarta — Ishtar tojidan duvillab to‘kilgan mo‘‘jizavor javohirlarmiz, bizni tong arzanda qizi o‘g‘irlaganu dalalar bag‘riga sochib yuborgan. Men yum-yum yig‘larman – va adirlar tabassum ulashadi; men quyi inaman va gul-chechaklar samovotga talpinadi.
Bulut va dala – oshig‘u ma’shuq, men esa ular orasida xolis ishq xabarnigoriman. Men tutday to‘kilaman va birining qaynoq tashnaligini qondiraman, yana birovi bag‘ridagi po‘rtanalarni davolayman.
Momaqaldiroq gumburi va chaqmoq zulfiqori tashrifimni ovoza qiladi, naykamalak sargardonliklarimga nuqta qo‘yadi. Shu asno bu ma’vodagi hayot ham qahrli moddiyat poyida ibtido olib, osuda zavol dastpanjasida intiho topadi.
Men ummon qalbidan yuksalaman va nasimi havo qanotlarida parvoz aylayman. Jannat misol bog‘-rog‘ni ko‘rganim hamono quchog‘iga sho‘ng‘iyman va gullar dudog‘idan bo‘salar teraman, daraxtlar shoxlariga payvastalanaman.
Osuda lahzalarda billuriy oynalarni barmoqlarim bilan ohista chertib kuylayman. Taronam inja qalblarga obi zamzamday hayot ulashadi.
Doyam jazirama havo, men esa havoning alangali taftini pasaytiraman — juvon mastona oshig‘idan olgan quvvati ila uni shu asno yengadi.
Men — ummon nafasi, men — samovotning obi rahmati, men — yaylovlaru ekinlar tabassumi.
Shu asno muhabbat ham – tuyg‘ular ummonining otashin nafasi, tafakkur samovotining obi rahmati va qalb kengliklari ufqlarini bezagan alvon tabassum.

GO‘ZALLIK ALYORI

Men — muhabbat sarboni, men – ruhiyat mayi nobi, men – qalb qanoti.
Men – atirgulman, subhi sodiqqa qalbim ocharman; meni pari paykar oladiyu ardoqlab bag‘riga bosadi.
Men – saodat qasri, men – quvonch sarchashmasi, men – halovat ibtidosi.
Men – dilbar dudog‘idagi shirin tabassum; menga bo‘z bola nigohi tushgani hamono mashaqqatlarini unutadi, hayoti lazzatli tushlar xiyoboniga do‘nadi.
Men – shoir ilhom parisi, men – musavvirlar peshvosi, men – mug‘anniylar murabbiysi.
Men – bolakay nigohida porlagan mash’ala, uni mushfiq volida ko‘radiyu tiz cho‘kib, tavallolar ila Parvardigori olamga beadad hamdu sanoyu shukronalar aytadi.
Momo Havvo qiyofasini kasb etdimu Odam Atoni mahliyo ayladim; Sulaymon payg‘ambar qoshida rafiqasi qiyofasida muhayyo bo‘lib, uni donishmand va shoir qildim.
Men Yelenaga tabassum hadya ayladimu Troyani vayron qildim; men Kleopatra boshiga malikalik tojini kiydirdim va Nil vodiysini shodiyona quchdim.
Men – baayni qismat: bugun barpo aylaganimni ertaga vayron qilaman.
Men – Olloh amri bilan ham jon baxsh etaman, ham jon olaman.
Men binafsha iforidan nafisu bo‘rondan qudratliman.
Men – haqiqatman, o, ahli bashar! Men – haqiqat! Va siz anglagan fununi oliy!

SAODAT ALYORI

Insonni sevaman, bashar hamshirasiman. Vasliga topinamanu u ham firog‘im iskanjasida. Vo darig‘! Kundoshim borki, baxtim kushandasi, insonni esa azoblaydi. Yovuz kundoshim – moddiyat, qay tomon yuzlanmaylik qora ko‘lankaday ergashadi va o‘rtamizda qora tog‘day yuksaladi.
Men sevganimni dala-dashtlardan, dov-daraxtlar soya-salqinidan, ko‘llar sohilidan axtaraman – topolmayman! Moddiyat boshini aylantirib, shaharga, olomon orasiga, halokat va kulfat chohiga giriftor aylagan.
Uni tafakkur maskanlariyu donishmandlik qiroatxonalaridan qidiraman – topolmayman, illo ming bir qiyofali moddiyat uni xudparastlik sahrosiga – axloqsizlik shaytanatiga mubtalo qilgan.
Uni mamnuniyat kengliklaridan axtaraman – topolmayman, zero g‘addor kundoshim uni tiyiqsiz nafs g‘ori ichra zanjirband aylagan.
Sharq samosi alvon tong tabassumi bilan jilvalanganda qoshimga chorlayman, da’vatlarim eshitmaydi, g‘aflatzada ko‘zlarin illo-billo ocholmaydi.
Osoyishtalik qanot yozib, gul-chechaklar uyqu bag‘riga bosh qo‘ygan oqshomlarda og‘ushimda ovutsam deyman, biroq undovlarimga parvo ham qilmaydi, chunki fikru zikri bo‘sag‘adagi kun tashvishlari domida.
Do‘stim meni sevadi. Meni a’mollarida qidiradi, biroq faqat ilohiy amallardan topadi. Zaifu zaifalar bosh suyaklaridan tap tort-may barpo etgan shon-shuhrat qasridan, tilloyu kumushlar orasidan topishga urinadi, men esa hissiyotlar jilg‘asi bo‘yida Tangrilar ijod qilgan odmilik qarorgohidagina unga peshvoz chiqaman. Hukmdorlar va qotillar guvohligida dudog‘imdan bo‘sa olishni orzu qiladi, holbuki faqat bokiralik chechaklari orasida yolg‘iz la’li lablarim mayi nobidan sipqorishga izn beraman. U o‘rtamizda makkorlikni elchilikka tanlaydi, menga esa halol mehnatdan, benazir zahmatdan o‘zga sovchining keragi yo‘q.
Qonimga tashna kundoshimdan do‘stim dodu faryodu ayyuhannoslarni o‘rgandi, men esa taskin-tasalli topishi uchun ko‘ngil ko‘zi bilan yig‘lashga va shukronalik bilan entikishlarga o‘rgataman.
Do‘stim – men uchun, men ham do‘stim uchun yaralganman!

ATIRGUL ALYORI

Men – tabiat kalomiman, irod qilgach, qalb dafinasiga berkitadi, so‘ngra yana namoyon etadi. Men – yulduzman. Lojuvard falakdan yam-yashil gilamga inganman.
Men – tabiiy qudrat qiziman, qish bag‘rida yetilaman, bahorda tavallud topaman, yoz bo‘yi ulg‘ayaman, kuzda uyquga ketaman.
Men – sevishganlarga sovg‘aman, men – nikoh shodiyonalari gulchambariman, men – barhayot Zotning marhumga alvido ehsoniman.
Saharlar yorug‘lik tashrifini ovoza qilishida shabadaga ko‘maklashaman, oqshomlar esa qushlar ilhoni uyg‘unligida u bilan xayrlashaman.
Men – yaylovlar quchog‘ida yayrayman va ular chehrasini durdona xol kabi bezayman, havodan nafas olaman va uni muattar atrim bilan mast aylayman, mudragan karaxtlikni quchaman va tun beadad ko‘zlarini mendan uzolmaydi. Men yagona alangali nigohi xirom aylashi uchun nurafshon kunni sog‘inaman.
Men shabnam mayi nobini sipqoraman, qumrilar nolishini tinglayman va maysalar qarsagi-olqishidan mastona raqs tushaman. Olam oftobini ko‘rish uchun samolardan nigohimni hech uzmayman va ko‘lankam mavjudligi xayolimga ham kelmaydi. Bu shunday yuksak donishmandlikki, insoniyat hali hanuz o‘zlashtirgani yo‘q.

BASHAR ALYORI

Haq taolo o‘lik tanangizga jon berdi (yo‘qdan bor qildi), keyin o‘lim berdi, so‘ngra yana tiriltiradi va o‘z huzuriga qaytaradi, shunday Zotni inkor qilasizmi?
(Baqara surasi, 28-oyati sharifa)

Abadiyatdan ham oldin mavjud zoti sharif – kamina o‘sha. Va ro‘zi mahshargacha bezavolman va hayotim abadiy.
Men cheksizlik kengliklarida suzdim, xayolot olamida parvoz qildim va ilohiy yog‘du mehvariga yovuqlashdim – va nihoyat moddiyat tutquniman.
Men Konfutsiy ta’limotini tingladim va Barohim donishmand-ligi ummoniga cho‘mdim va tafakkur niholi poyida Budda yonida hozir bo‘ldim – va nihoyat jaholat ila inkor bilan jang qilayapman. Turi Sinoda Muso bo‘lib, Tangri jamolini talab qildim. Urdun daryosi sohillarida Ibrohim bo‘lib, cho‘ponlik qildim, Nasoro qishlog‘ida, Iso Masih g‘aroyibotlariga guvoh bo‘lganman; Madinai munavvarda bo‘lib, Rasuli Akram(s.a.v.)ning qiroatiyu va’zlarini sel bo‘lib tinglaganman – va nihoyat shubha domidaman. Bobil qudrati, Misr shon-shuhrati, Yunoniston viqori shohidiman – ularning jamiki a’mollarida zaiflik, xo‘rlanish va haqirlikni azob ila muttasil kuzatganman. Fir’avn afsungarlari, Ossiriya kohinlari, Falastin anbiyolari bilan ham hamnafas bo‘lganman. Men Hindistonga ingan donishmandlikni asraganman, arablar orollaridagilar qalbidan mayi nobday quyilgan ash’orlarni qiroat qilganman, g‘arb aholisi hissiyotlari tajassumi bo‘lgan musiqalarni qalbim lavhiga zarb etdim, biroq hali-hanuz ilgarigidek so‘qirman va hech vaqo ko‘rmayman, quloqlarim tom bitgan va eshitmayman. Men nafsi o‘pqon bosqinchilar shafqatsizligi, zolim mustabidlar qulligi azoblarini tortganman, o‘zboshimcha hukmdorlarning adolatsizliklari boshimga ne savdolarni solmadi – va men kuch-quvvatimni ilgarigidek asradim, uning sharofati bilan sanalar ila bellashayapman.
Men bularning barchasini bolaligimda idrok etganman va tinglaganman, men yoshlik va u olib keladigan savdolarni ham idrok etaman va tinglayman; keyin esa qartayaman, belgilangan muddatga yetaman va Olloh dargohiga qaytaman.
Abadiyatdan ham oldin mavjud zoti sharif – kamina o‘sha. Va ro‘zi mahshargacha bezavolman, va hayotim abadiy.
 
SHOIR NIDOSI

I

Qudrat qalbim ekinzorlariga don sepadi, men esa hosil ko‘taraman – boshoqlar teraman – va ochlarga etak-etak ulashaman. Ruhiyat — bir parcha uzumzorim serhosil aylaydi, men esa uzum shingillari sharbatin olib, chanqaganlar tashnaligini qondiraman. Samovot chirog‘donimni yog‘ bilan to‘ldiradi, men esa chirog‘imni yoqib, deraza rahiga qo‘yaman – tungi sayyohlar yo‘llarini yoritaman. Bular barchasini jonu dilim bilan sidqidildan ado etaman, va basharti kunlar qarshilik qilsayu tunlar qo‘llarim kishanlasa, o‘limimga roziman, illo ummati rad etgan payg‘ambaru do‘stu dushmaniga yetti yot begona shoir yashashdan ko‘ra o‘limga munosib.
Olomon bo‘roni guvillaydi, kamina xilvatda oh tortaman: bo‘ron quturishi muvaqqat, uni vaqt komi mahv etadi, Parvardigor saltanatida ohu vohu entikishlar boqiy.
G‘ofillar qorday yaxlagan moddiyatga tish-tirnoqlari bilan chang soladilar. Men esa ishq gulxanini axtaraman, topib bag‘rimga bosishni istayman – ko‘krak qafasimu qobirg‘alarim bilan birga ular muhofazasida nimaiki bo‘lsa, barcha-barchasini jizg‘anak qilsin, illo bilamanki, beozor moddiyat bashariyat boshiga yetadi, muhabbat – muqaddas iztiroblar bilan hayot baxsh etadi.
Odamlar qabilalar va xalqlarga bo‘linadi, o‘zlarini u yoki bu mamlakat fuqarosi biladi, biroq bu xislat menga begona, o‘zimni biron-bir mamlakat fuqarosi, biron-bir millatu elat vakili hisoblay olmayman.
Vatan – kurrai arz, qabilam – bashariyat. Odamlar ojiz, guruh-guruh, qabila-qabilaga ajratilgach, yana ham zaiflashadi: axir zamin anorday mo‘‘jaz, uni qirolliklaru amirliklarga nimtalash nodonlik.
Bandai nodonlar ruhiyat qadamjosini vayron qilish uchun bir yoqadan bosh chiqaradilar, jasadlar uchun saroylar barpo etishda bir-birlariga ko‘maklashadilar, va yolg‘iz men bunday jiddu jahd guvohi ekanimdan yum-yum yig‘layman.
Biroq qalbimga quloq tutib, umid shivirini eshitaman: ”Azob iztirob vositasida muhabbat inson qalb ko‘zin ochgani kabi g‘ofillik ham tafakkur yo‘liga chorlaydi”. Binobarin, iztirob va g‘ofillik ilohiy rohat-farog‘at hamda bashariy donishmandlikka yetkazgay, zero abadiy tafakkur ro‘yi zaminda hech vaqoni behikmat yaratmagan.

2

Vatanimni go‘zalligi uchun sevaman va baxtsiz fuqarolari bilan hamdardman. Biroq mening xalqim soxta “vatanparvarlik” yalovi ostida qo‘zg‘alsayu qo‘shni yurtga hujum qilsa, mol-mulkini talasa, erkaklarni mahv etib, juvonlarni beva va bolalarni yetim qilsa, yerini o‘g‘lonlari xuni bilan sug‘orsa hamda botirlari tanasini o‘laksaxo‘r quzg‘unlarga yemish etsa – u holda vatanim va hamyurtlarimdan nafratlanaman.
Kindik qonim to‘kilgan zaminni kuylayman, ulg‘aygan uyimni sog‘inaman; biroq musofir boshpana va yegulik so‘rasayu uni haydab solsalar va hech vaqo bermasalar – u holda o‘z uyim uchun aza ochaman, sog‘inchim nafratga do‘nadi va o‘zimga o‘zim deyman: “Bahaqqi Xudo, xasislik bilan ochdan nonni qizg‘aniladigan va toliqqan musofirga tunash uchun joy berilmaydigan uy vayron qilinishu kunfayakun bo‘lishga mahkum”.
Uyimga muhabbatim – shahrimga muhabbatimning arzimas qismi, shahrimga muhabbatim esa – ona zaminga muhabbatimning bir zuvalasi, xolos. Zaminni joni dilim bilan sevaman. Illo, ona Yer insoniyat – ilohiyotning kurrai arzdagi xalifasi voyaga yetgan qadamjo. Shubhasiz, insoniyat – muqaddas, ilohiyotning kurai arzdagi xalifasi. Bashariyat vayronalar ichra abgor, uryon tanasi uzra qirqyamoq uvada, qaynoq ko‘z yoshlari rangpar raftorini kuydiradi; o‘g‘lonlariga madad so‘rab yolvoradi va dodu faryodidan zaminu samo titraydi, o‘g‘lonlari esa jangarilarcha zikru samo asnosida iltijosini eshitmaydi, va nigohlari qilichlar yarqirashidan qamashgani bois uning ko‘z yoshlarini ilg‘amaydi. Sho‘rlik so‘qqabosh bashariyat bandalarga madad bering deya yolvoradi, ular esa parvo ham qilmaydi, basharti kimdir eshitib, yaqinlashsayu ko‘z yoshlarini arta taskin berishga urinsa, odamlar jirkanganday deydi: “Unga qayralib ham qaramang, axir ko‘z yoshlari faqat zaiflar ko‘nglida hamdardlik tug‘diradi”.
Insoniyat – zamin uzra ilohiyot ma’budasi. Ayni ma’buda xalqdan xalqqa o‘tadi, ularga muhabbat dostonini kuylaydi, hayotiy yo‘llarga undaydi, odamlar esa uni masxaralab qarshi oladilar. Kalomi va ta’limotini haqoratlaydi. Kecha uning kalomiga Iso Masih quloq tutgandi – va odamlar uni chormix qildilar; Suqrot “Labbay!” deb javob berdi – va ular uni zaharladilar. Bugun esa Ma’buda nolasini Iso Masih va Suqrotni ulug‘layotganlar eshitdilar. Ma’buda ismini barchaga oshkora aytdilar; ularni odamlar o‘ldira olmaydi, biroq “Masxaralash o‘limdan achchiq va beshafqat”, deya mayna qiladilar.
Yo‘q, Quddusi sharif Iso Masihni o‘ldira olmadi – u mangu; shahri Afina Suqrotni mahv etolgani yo‘q – u abadiy; va insoniyat nidosini tinglaganlar qarshisida og‘uli pichinglar ham ojiz, Ma’buda da’vatiga “Labbay!” deb javob berganlar ham to abad barhayot.

3

Sen — birodarimsan; ikkalamiz ham yagona muqaddas samoviy ruh o‘g‘lonlarimiz. Sen menga o‘xshaysan, illo har ikkimiz ayni bitta xoki turobdan bino bo‘lgan jasad asirimiz. Hayot yo‘lida hamrohlik qilib, bulutlar panasiga berkingan haqiqat mohiyatini anglashda ko‘maklashasan. Sen – insonsan va birodarim. Men senga mehr qo‘ydim.
Men haqimda ko‘nglingga kelgan gapni ayt – ertangi kun senga nisbatan hukmini chiqaradi va sening e’tirofing uning adolatli qarori uchun yorqin isbot hamda haqqoniy shahodat negizi bo‘lajak.
Bisotimdan neni xohlasang, ol – axir sen faqat mol-mulkimni olishing mumkin, uning bir qismi halol xasming va ehtiyojlarim uchun foydalanadigan yerni olarsan; uning bir qismi ham seniki, basharti shu bilan qanoatlansang.
Meni nima qilsang qil – mohiyatimga daxl qila olmaysan. Qonimni to‘k, kulimni ko‘kka sovur – bular bilan ruhiyatimni shikastlay olmaysan va hech qachon mahv etolmaysan. Qo‘l va oyoqlarimga temir kishan solishing, zulmatli zindon qa’riga uloqtirishing mumkin – biroq tafakkurimni kishanband qilolmaysan, illo, ong-shuurim bepoyon kengliklar bo‘ylab yelayotgan yelvagay kabi ozod.
Sen – mening birodarimsan va men seni sevdim. Masjidda sajdaga bosh qo‘ygan, ibodatxonada tiz cho‘kkan, cherkovda cho‘qinayotgan birodarim, seni sevdim: sen va men – har ikkimiz yagona ruhiyat e’tiqodi dilbandimiz, axir uning barcha bo‘g‘inlari muhofizlari – qalb kamoloti yo‘lini ko‘rsatuvchi Ma’buda dastining bir-biri bilan jipslashgan, bir tanu bir jon barmoqlari.
Senga mehrim ziyoda, illo dunyoviy aql-idrok hosilasi – mohiyatingni sevaman. Bu mohiyatni ayni palla so‘qirligim bois ko‘ra olmasam ham muqaddas deya e’zozlayman, illo u – ruhoniyat mo‘‘jizalaridan. Bu mohiyat kelajak olamda mohiyatim ila yuzlashajak, va atirgullar ifori kabi qovushajak va muhabbatu go‘zallik singari samoviy va abadiy yagona mohiyatga do‘najak.
Senga mehrim beadad, illo qudratlilaru qattollar poyida naqadar zaifliging, makkor boyvachchalarga qiyosan qanchalar qashshoq va aftoda ekaning shohidiman. Binobarin, g‘arib holing ko‘rib, ko‘z yoshlarim selday quyiladi, biroq ko‘zimda shashqator yoshim ila seni adolat og‘ushida ko‘raman, adolat senga tabassum hadya aylab, g‘animlaringni masxaralaydi.
Sen – jonajon birodarim va men seni sevdim.

4

Sen – jonajon birodarim, men seni sevdim. Nima uchun men bilan qasdlashasan?
Nechun vatanimga bostirib kirib, hukmdorlar manfaati uchun mute qilmoqchisan; axir xukmdorlar sening zahmating evaziga halovatli hayot kechiryaptilar, boz ustiga sha’niga hamdu sano aytishingni talab qiladi! Hamshirayu farzandlaring tark etib, begunoh qoning sharofati bilan shonu shuhrat va onai zoring kulfati evaziga yuksak ehtirom xarid qilish istagida yonayotgan lashkarboshilar uchun olis o‘lkada ajal axtarib yo‘lga otlanding?
Inson tug‘ishgan birodarini mahv etishi jasoratmi? Unday esa hamdu sanolar ayta Kain - Qobilga muhtasham haykal barpo etaylik!
O, qadrdon birodarim! Aytishlaricha, shaxsiy muhofaza – azaliy tabiiy qonuniyat, biroq anglashimcha, birodaringga nisbatan hukmronlikni qo‘lga kiritishga zo‘r berib, o‘zgalardan yuksalish xastaligiga chalinganlar joningni qurbon qilish – bag‘oyat xayrli deya ishontirmoqchi bo‘ladi. Shaxsiy muhofaza tuyg‘usi odamdan o‘zgalar huquqlarini toptashni talab qiladi, deydilar, menimcha, o‘zgalar huquqlarining muhofazasi – bashariy eng olijanob va savobli a’mol. Yana aytaman: “Basharti, hayotimni saqlab qolish uchun kimdir juvonmarg bo‘lishi zarur bo‘lsa, men uchun hammasidan o‘lim afzal va lazzatli. Basharti, meni o‘ldiradigan olijanob zoti sharif topilmasa, u holda, kunim bitishini kutmay, o‘z qo‘lim bilan o‘zimni asfalasofilinga jo‘nataman”.
Shaxsiyatparastlik, o, jigarim mening, so‘qir raqobat doyasi; raqobat odamlarni to‘dalarga ajratadi, ajralish hokimiyatni paydo qiladi, hokimiyat esa – nizolaru bandi etish vositasi. Qalb - jaholat va jabru zulmning aksi, ya’ni donishmandlik va adolat hukmronligi tasarrufida, biroq har to‘rt tomonda jaholat va jabru zulm-ni urchitish uchun komidan qayralgan qilichlarni chiqaruvchi hukmfarmoni qat’iyan rad etadi. Bu manfur hukmfarmolik Bobilni halokatga duchor qilgan, Quddusi sharifni xarobazorga aylantirgan, Rim imoratlarini vayron etgan; bu shunchalar manfur zo‘ravonlikki, qonxo‘ru odamxo‘rlarni yaratgan, vo darig‘ki, ularni buyuk vallolmatlar sifatida ardoqlaydilar! Shoirlar ular sha’niga qasidalar bitadi, barcha kitoblarda ularning ismi sharifi zikr qilinadi, bag‘rini begunohlar qoni bilan lolazor qilganidan qat’i nazar zamin ularga quchog‘idan joy berishdan bosh tortmaydi. Biroq, o, birodari aziz, ishtibohlaring domidasan, kushandalaring amridan chiqolmaysan.
Samoviy adolatli tabiiy qonunni muhofaza qiluvchi donishmandlik – chinakam hukmronlik. Qotilni qatl etib, to‘g‘rini zindonband etib, amalda qo‘shni mamlakatga bostirib kirib, minglab aholi yostig‘ini quritadigan va ming-minglab kishilarni xonavayron qiladigan hokimiyatni qay asno adolatli deyish mumkin? Qotilni qatl etadigan jallodlar va o‘g‘rini jazolaydigan qaroqchilar haqida to‘dalariga sodiq kimsalar nima deydi?
Sen – jonajon birodarim va men seni sevdim, bu – oliymaqom adolat bilan yo‘g‘rilgan muhabbat. Basharti, shoir bo‘lsam, qaysi mamlakatda bo‘lishingdan qat’i nazar senga muhabbatim adolatli va xolisona bo‘lmasa, afsuski, jirkanch xudparastligini yaltiroq muhabbat libosi bilan niqoblaydigan munofiqqa aylanaman.

QISSADAN HISSA

Ay ko‘nglim-ay, kunlar kulfatlar girdobida quyunday charx urganda taskin beradigan, boshim uzra baxtsizlik quzg‘uni qanot yozganda yupatadigan munisam! Kimki o‘z ko‘ngli bilan do‘st bo‘lmasa, o‘zgalar g‘animiga aylanadi. Kimki o‘z siyratidan taskin-tasalli topmasa, tushkunlik iskanjasida jon taslim etadi, illo hayot insonning botinidan quvvat oladi va zinhor-bazinhor yon-atrofdan kuchlanmaydi.
Men dilimdagi ardoqli kalomimni irod qilish uchun yaraldim va uni aytaman. Basharti o‘lim jonimni qaytarib olsayu aytishga ulgurmasam, kalomimni ertangi kun aytajak. Iqbol intihosizlik sardaftarida yashirin sir qoldirmagay.
Men muhabbat shon-sharafi va go‘zallik yog‘dusi og‘ushida davru davron surish uchun yaraldim, va men, beadad shukrki, dorilomon yashayapman va odamlar hayotimga barham bera olmaydi. Basharti ular ko‘zlarimni o‘yib olsa, muhabbat alyorlari va go‘zallik taronalari quchog‘ida yayrayman. Quloqlarimni berkitsalar, sevishganlar nafasi va go‘zallik ifori ila omuxta muattar shaffof nasimlar bilan huzurlanaman. Basharti, meni toza havodan mahrum qilsalar, qalbim qudrati bilan yashayman. Axir, qalb – muhabbat va go‘zallik huriliqosi.
Men barcha uchun va jamiki ashyolar uchun yaraldim; yakka-yolg‘iz ado etayotgan a’mollarimni kelajak insonlar nazdida yuksaltirajak. Bugun yolg‘iz til ila ovoza qilayotganimni istiqbol minglab zabonlar ila og‘oz qilajak!

Rus tilidan Abduhamid Pardayev tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 8-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.