OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Leonid Andreyev. Himoya. Bir kun tarixi (hikoya)

Sud koridori bo‘ylab frak kiygan novcha, ozg‘in, mallasoch kishi u yoqdan-bu yoqqa yuryapti. Uning ismi sharifi Andrey Pavlovix Kolosov, uch yildan buyon sud oqlovchisiga yordamchi. Har bir kattaroq ish oldidan Andrey Pavlovich qattiq hayajonga tushadi, ammo bu gal hammasidan ham oshib tushdi. Buning sabablari ko‘p edi. Eng avvali, asablari adoyi tamom bo‘lgani bilan bog‘liq. Oxirgi vaqtlarda xuddi asablarining bardoshi tugagandek, qabul qiladigan suv muolajalari ham sezilarli yordam berayotgani yo‘q. Chekishni tashlashi kerak edi, biroq kashandalikka haddan tashqari berilgan Kolosov bunday qaror qabul qilishga o‘zida iroda topolmadi. Hozir ham, garchi og‘zidan surunkali chekuvchilarda bo‘lganidek badbin hid kelayotgan bo‘lsa-da, tamaki tutatgisi kelyapti. Kolosov shu onda bo‘sh bo‘lgan do‘xtirning xonasidagi divanga yonboshladi va cheka boshladi.
  Oh, naqadar toliqqan edi u. Butun hafta davomida frakini yechmasa-ya! Qanaqa hafta? Bir qarasang, yarashtiruv sudida, bir qarasang, s’ezdda, kecha bo‘lsa arzimagan fuqrolik ishini deb kun bo‘yi boshini og‘ritishiga to‘g‘ri keldi.Og‘aynilari uning ko‘p pul topayotganiga hasad qilishadi, uning hormas va tolmas ekanini misol keltirishadi, ammo o‘sha pullar qayoqqa ketyapti? Bir yilda uch ming rubl, mana shunaqa mashaqqatlar evaziga topadigan shuncha mablag‘ barmoqlari orasidan sirg‘alib ketgandek g‘oyib bo‘ladi. Hamma narsa qimmatlashib, bolalar ham yildan-yilga kattaroq, ko‘proq harajat talab qilmoqda. Qarzlari oshib ketayotgani-chi? Indinga kvartira haqqining muddati keladi, ellik rubl to‘lash kerak, unda bo‘lsa bor-yo‘g‘i o‘n rubl qolgan xolos. Yana tirmashish talab etiladi chamasi. Bu yoqda xotini...
 Qarzlari va xotini haqida o‘ylasa, Kolosovning afti burishib, chuqur nafas oladi.
- Menga qara, qayoqqa yo‘qolding? Men bo‘lsam seni izlayman, axtaraman! – xonaga Kolosovning bugungi himoya bo‘yicha hamrohi Pomerantsev otilib kirdi, u ham oqlovchining yordamchisi, yosh bo‘lsa-da istedodli kriminalist sifatida nom qozongan yigit.
Qorachadan kelgan, ko‘rkamgina, serg‘ayrat, so‘zamol va sho‘x, ammo ozg‘ina quv va xira odam. Pomerantsev hayotda erkatoy bo‘lib yashaydiganlar sirasidan. Boy-badavlat xonadonda uni ko‘kka ko‘tarishadi, unga har qanday jabhada baxt kulib boqqan, - shuhrat ham, pul ham o‘z-o‘zidan keladi.
 - Biz himoya borasida kelishib olishimiz lozim, - tez gapirdi Pomerantsev.
- Xudo haqqi, meni tinch qo‘y, keyin gaplashamiz, dedi seskanib ketgan Kolosov.
- Qanaqasiga keyin?
Kolosov horg‘inlik bilan qo‘llarini siltadi, va Pomerantsev yelkasini silkitib, xonani oshig‘ich tark etdi.
 Kolosov bilan Pomerantsev ishtirok etayotgan ish unchalik murakkab emas edi. Moskva atroflaridagi gazakxona, choyxona o‘rnini bosib, keyin yana qovoqxonaga aylanadigan va poytaxt aholisidan chiqqan gazandalar qo‘nim topgan joyda qotillik sodir etilgan. Qandaydir kelgindi yigit, aftidan ishboshimi, olibsotarmi, pul to‘la xaltasini ko‘rsatib ikkita juldurvoqi va “Tanka-Beloruchka” ismli suyuqoyoq qiz hamrohligida ishrat qilgan. Ertasiga u o‘ldirilgan va talangan holatda topiladi. Bir hafta o‘tib Tanka va juldurvoqilar qo‘lga olingan va ular qotillikni bo‘yinlariga olishgan. Kolosov “Tanka–Beloruchka”ni himoya qilishi kerak. Ayblanuvchi bilan suhbatlashgani qamoqxonaga borib u kutilmagan vaziyatga duch keldi. Tanka, yoki Kolosov atay boshlaganidek, Tanya yosh, sariq sochlari silliq taralgan, kamtar va qo‘rqoq qiz bo‘lib chiqdi. Yolg‘iz kamerada saqlanganimi yoki shafqatsiz ruhiy iztiroblardan irodasi quvvat olganmi, xullas, Andrey Pavlovich kutganidek, unda odatda duch kelinadigan jirkanch va ayanchli mavjudotdan asar ham yo‘q edi. Faqatgina fahsh va ichkilikbozlik bilan o‘tgan tunlar haqida gapirar ekan, uning ovozida bo‘g‘iqlik va dag‘allik bor edi.
 Birinchi suhbatlashishdanoq Kolosov tushunib yetdi, Tanya bu qotillikda na ma’nan, va jisman aybdor emas. U qo‘rquvdan juvonmargga aylanayotgan edi. Bu jamoatchilik nazdidagi eng pastkash toifaga mansublikdan, qolaversa, o‘zidan balanddagi hammaning bosimidan qo‘rquv edi. Uning urishqoq va beshafqat jazmani bo‘ladimi, yoki bu sariq bilet sohibasini o‘zining yaltiragan har turli nishonlari-yu znachoklari va ham yupiterlarga xos ko‘rinishi bilan vahimali dahshatga soluvchi mirshabmi, Tanyani urar va yana uraverar edi.Tanya shunday ehtiros va shiddat bilan gapirdiki, zug‘um o‘tkazuvchilarga qarshi yig‘ilib qolgan nafratdan uning ko‘zlari porlab ketgan va holsizgina jussasi ham titrab ketardi. Kolosov shu vahima ichidagi qiz o‘zini o‘zi himoya qilishga ham qodir ekanligini ko‘rib turardi.
Uyqudagi yirtqich jonivorlar shunday himoyalanadi, boshini yonboshiga tashlagan, tishlari ko‘tarilgan qo‘llarga g‘azabdan tashlangudek bo‘lib vahima qiladi, ammo mana shu yasama, yolg‘ondakam g‘azabda chinakam o‘kirgandagidan ortiqroq dahshat va o‘lim vajohati namoyon bo‘ladi. Tanya ko‘zda yosh bilan bu qotillikning qanday bo‘lib o‘tganini hikoya qilar ekan, kimdir uning so‘zlariga ishonishiga ham shubha qilardi.Ularning bari qovoqxonadan chiqib xarobalar oralab yurishganida boshlandi, uning jazmani Ivan Goroshkin va Vasiliy Xobotevlar notanish kimsaga tashlanishadi va uni bo‘g‘a boshlashadi.
 - To‘ram, o‘lguday qo‘rqib ketdim. Ularga siz yaramas, qonxo‘rlar, nima qilmoqdasiz, deya baqirdim.
Vanka menga po‘pisa qilgan vaqtda bu boyaqish xirillay boshlagandi. Ularga yopisha ketdim, yaramas Vanka bo‘lsa mening qornimga qarab tepdi. “O‘chir ovozingni, yo‘qsa, seni ham shunday qilaman”, deya baqirdi. Men ulardan qochib chorbog‘lar oralab ketdim, Marfushkaning to‘shagiga qanday yetib kelganimni o‘zim ham bilmayman... Ro‘molimni o‘sha qochgan paytimda yo‘qotdim...
 Keyingi kuni Tanya Ivanga sodir qilingan jinoyatni eslatgandi, u bo‘lsa ikki musht bilan bo‘lib o‘tgan voqeani o‘zgartirib bo‘lmasligini tushuntirib qo‘ya qoldi, bir yarim soatdan so‘ng esa Tanya talon-taroj qilingan pullar evaziga olib kelingan aroqni ichib bir qo‘shiq aytar, bir kular edi. Kolosov yana bir-ikki marta Tanyadan xabar oldi va har galgi suhbatdan keyin tobora uni himoya qilish qiyin ekanligiga amin bo‘la bordi. Olaylik, u sudda nima ham deya oladi? Axir bu olamdagi nimaiki achchiq haqiqat va adolatsizlik bor ekan, hammasini aytib berishi, hayot uchun to‘xtamaydigan va tinmaydigan kurashni gapirishi, bir ko‘kragi bilan qonga botib yotgan g‘oliblar-u mag‘lublar haqidagi bor gapni aytishi lozim... Ammo bu ingroq ovozlar haqida uni o‘zi eshitmagan va eshitmaydiganlarga aytib berish mumkinmi?
 Kecha tunda (u kunduzi bind edi) Andrey Pavlovich himoyaga tayyorgarlik ko‘rdi. Dastavval ishi qovushmadi, biroq bir necha stakan achchiq choy ichib o‘ntadan ko‘p papirosni burqsitganidan keyin tarqalib yotgan fikrlarini bir joyga jamlaay oldi. Tobora junbushga kelib, o‘zini quyilib kelayotgan iboralari, chiroyli jumlalari bilan yanada avjlantirib nihoyat keskin va ishonarli, aniqrog‘i eng avvalo, o‘zi uchun ishonarli nutq tayyorladi. Bir daqiqaga unda go‘yoki Tanyadan yuqqandek qo‘rquv yo‘qoldi va u o‘ziga va g‘alaba qozonishiga ishonch bilan uyquga yotdi. Ammo uyqusizlik baribir uni tark etmagandi. Bugun uning boshi og‘irlashib qolgan, keyin bo‘m-bo‘sh holatda. Kechagi otashin nutqidan yulib olingan ayrim ibora va jumlalar unga notabiiy va haddan ortiq balandparvoz ko‘rinyapti. Hamma umidi asablari joyiga tushib, kerak paytda o‘zini idora qilishida qoldi.
 U bugun Tanya bilan ko‘rishdi va uning ovozining qotib qolganidan yanada xunobi oshdi.
Menga qarang, Tanya, siz hamma gapni xuddi menga aytib berganingizdek qilib hikoya qilib bering. Xo‘pmi?
- Yaxshi, dedi bo‘ysinuvchan ohangda Tanya, ammo ana shu bo‘ysunish ohangida ham uning butun borlig‘i singishib ketgan bir o‘ziga ma’lum bo‘lgan qo‘rquv zohir bo‘lib turardi.
Ish boshlandi.
 Koridordan sudlanuvchilar joylashadigan panjara ortiga olib kiruvchi eshik ochilib ular birin-ketin kirib kela boshlaganida kutishdan zerikkan jamoa harakatlanib qoldi. Jandarmlarning pixlari jaranglab, yalang‘och qilichlari yaltiradi, va tomoshabinlar tushunishdiki, drama boshlanyapti. Xona bo‘ylab taralgan shivir-shivir-u shitirlashlardan ma’lum ediki, odamlar taassurotlarni bir-biriga yetkazmoqda. Ivan Goroshkin va Xobotevlarning o‘rtamiyona ko‘rinishi salbiy taassurot uyg‘otgan bo‘lsa, Tanya – dramaning haqiqiy qahramoni bo‘lib hammaga ma’qul kelib turardi.
 Sudlanuvchilarning ismi-sharifi haqidagi odatdagi savol-javoblardan keyin sud raisining nima ish bilan shug‘ullunasiz, degan savoliga Tanya :
- Fohishaman, deya javob qildi.
O‘zlariga oro berib, yasan-tusan qilib olgan toza ayollar-u, to‘q va mamnun erlar orasiga tashlangan mana shu bir so‘z xuddi dafn marosimidagi qo‘ng‘iroqdek, xuddi o‘lgan kishining barcha tiriklarga tahdidli iddaosidek jarangladi. Ammo hech kimning boshi egilgani, hech kimning ko‘zi yerga qaragani yo‘q. Qaytanga ular ko‘zlarini yanada baxil qiziqish bilan baqraytirib turishardi – sudlanuvchi o‘zining rolini qanday chiroyli bajaryapti...
   Birinchi bo‘lib Goroshkinni tinglashdi, u qoramag‘izdan kelgan, o‘ziga bino qo‘ygan maneradagi ko‘rkamgina kishi. U shoshilmasdan, iboralarni tanlab-tanlab va xuddiki atrofdagilarga nisbatan ustunligini yaxshi his etib turgandeg-u, yana bu alohida namoyon bo‘lib turganidan uyalib turgandek tutayotgan edi. Uning gaplaridan bu har uch kishi qotillikda bir xil ulushda aybdor degan ma’no kelib chiqardi. U o‘sha notanish kimsaning qo‘lidan ushlab turgan, Tanya uning bo‘yniga sirtmoqni osgan, Xobotev esa bo‘g‘ib o‘ldirgan. Har qanday ma’noda, hech bir o‘ziga xos jihati ko‘rinmaydigan Xobotev ham qariyb Goroshkinning gaplarini tasdiqladi, faqatgina mayda bir jihatlarda, ya’ni pullarni taqsimlash masalasida ularning fikri ikki xil chiqdi. Uni kutib turgan katorga oldida o‘zini osoyishta tutgani bilan Ivan talon-taroj qilingan pullarning juda ozginasi unga tekkanidan norozi edi. Navbat Tanyaga keldi.
 Kolosov uning gapirishini qo‘rquv bilan kutayotgan edi, siniq ovozdagi ilk so‘zlardanoq tushundiki, ishlar pachava. Boyagi o‘ziga mahliyo qiladigan samimiylik va oddiylikdan asar ham yo‘q edi, axir bu Tanyaning yagona quroli edi-ya. Ahamiyatsiz tafsilotlar va chekinishlarga chalkashib ketgan Tanya o‘zini zo‘r berib oqlashga intilar, bu esa aksincha taassurot uyg‘otmoqda edi.”Yaxshisi, umuman gapirmasa bo‘lardi!” Tanyaga nisbatan qahr bilan o‘ylardi Kolosov, u har bir xato dalilni azob bilan tinglab o‘tirardi. U maslahatchilar va jamoaga qaragani yo‘q, ammo ulardagi noxush kayfiyat va ishonchsizlikni butun vujudi bilan sezib turardi.
 - Agar siz qotillikda aybdor emas ekansiz, unda nega politsiyada va tergov vaqtida bunga iqror bo‘lgansiz? – so‘radi rais.
Tanya avval dovdirab qoldi, keyin uni politsiyada urishganini aytdi. Bu javobda to‘g‘ridan to‘g‘ri va “surbetlarcha” yolg‘on sezilib turardi. Ha, haqiqatdan ham, Tanya o‘zining himoyachisiga bu haqida hech nima demagandi. Darvoqe, bu muhim janoblar oldida u unga ko‘z qirini tashlab turgan va xayoliga qanday tentakliklar kelgani yolg‘iz Xudoga ayon bo‘lgan pristav ro‘baro‘sidagi qo‘rquvini urishganidan boshqa yana qanaqa izoh bilan ham tushuntira olardi. Tilla tugmali bu zodagon faqat shu bir yaltiroq tugmalardan ham qo‘rqish mumkinligini tushunarmidi deysiz? Bu holatda nafaqat bu oqsuyak, balki Kolosov ham Tanyani tushungani yo‘q.. Tishlarini g‘azab bilan g‘ijirlatib u anavi o‘ynoqi va ishonchsizlik alomatini ifoda etuvchi iljayishlarni ko‘rmaslik ilinjida o‘zini pyupitr panasiga oldi.
 - Tergovchi ham sizni urdimi? Yengil istehzo bilan so‘radi raislik qiluvchi.
Orqadagi qatorda o‘tirganlarning kinoyali kulgisi eshitildi.
Tanya sukut saqlardi.
- Siz mast odamning hamyonini o‘marganlik uchun sudlanmaganmidingiz? Yarashtiruv sudyasi sizga ikki oyga qamoq jazosi bermaganmidi?
Tanya jim edi. Nima ham deya olardi? Yomoni, u risoladagidek gapirib bera olmay Andrey Pavlovichning ham jahlini chiqarib qo‘ydi.
 Guvohlarni so‘roq qilishdek uzundan-uzoq jarayon boshlandi. Kolosovning tobora xiralashib borayotgan ko‘zi o‘ngida qovoqxonalarning muomalali, so‘zamol va istarasi issiq xo‘jayinlari, uxlayverib yuzlari solqigan va bamisoli nima bilandir ovozi o‘chirilgan xizmatchilar bir-bir o‘ta boshladi. Ularning ba’zi birlari o‘z nutqlarida minglab mayda tafsilotlarni keltirib boshni og‘ritdi ham, ammo ularni to‘xtatishning imkoni yo‘q edi, ammo boshqa birlaridan esa har bir so‘zni sug‘urib olishga majbur bo‘lindi. Yana bir guvoh paydo bo‘ldi, istarali, toza kiyingan, ozg‘indan kelgan va tortinchoqkina bolakay. Ikki og‘iz ma’qullovchi so‘zlardan keyin raislik qiluvchi Beloruchka va boshqalar uning buvisinikiga kirib nima qilganini so‘radi.
 - Kartoshka tozalashdi, - dedi bola va zimdan raisga qarab jilmayib qo‘ydi.
 Sud raisi ham, maslahatchilar ham, unsiz yig‘layotgan Tanya ham jilmayishdi. Tanyaning ko‘zlarida yosh yiltirardi. Kolosov o‘z bolasini yerga qo‘ygan onaning mehrli jilmayishini payqadi va “Birgina shu tabassumi uchun ham uni oqlash kerak!” deya o‘yladi. Soatlar ketidan soatlar o‘tib Andrey Pavlovich tobora o‘zini yomon his qila borardi. Uning toliqqan ko‘zlari oldida yaltiroq iplar o‘tgandek bo‘ldi, u ovozlarni qiyinchilik bilan qabul qilardi, rais tomonidan bir savolni ikki bora taklif etgani uchun ogohlantirilganidan ham ma’lum ediki, uning uchun bu yerda aytilayotgan gaplarning ahamiyati ham yo‘qolgan edi. U mutlaqo loqayd va zerikkandi. U o‘zini idora qilib olishga harakat qildi, tanaffusda boshi aylanguncha chekdi, bir ryumka konyak ham ichib oldi, ammo bir zumlik bedorlikdan keyin quvvatini butunlay yo‘qotdi. “Ey xudoyim, menga nima bo‘lyapti o‘zi?”- uning xayoliga kelgan savol shu edi, u qo‘rquvni, yelkalari bo‘ylab sovuq terni his etdi. Pomerantsev esa tergovni dadil, kurashchan, qat’iyatlilik bilan ajoyib tarzda o‘tkazdi: guvohlarning tinkasini quritib kerakli gaplarni sug‘urib oldi, rais va prokuror bilan keskin tortishuvlar qildi va to‘planganlarda ijobiy taassurot uyg‘otishga erishdi.
 Muzokaralar kechki o‘n birga borib boshlandi. Keksayib, bellari bukchayib kolgan prokuror aqlli, ko‘p ma’noni ifodalamaydigan qiyofadagi kishi ekan, uning nutqi sokin, bir maromda va chiroyli, shu bilan birga, olamda undan-da yolg‘onrog‘i bo‘lmagan mantiq kabi qaqshatqich va keskin edi. Dalillar va faqat dalillar tegrasida qolib prokuror tamtaroq iboralar va qanaqadir iddaolarsiz Tanyani o‘rab olgan to‘rning ipidan ignasigacha mohirona chizib berdi. Jinoyatchilar yashagan muhitning manzarasini xayolan ehtiroslarga berilmay chizib berar ekan, u jinoiy harakatni tavirlashga kirishdi.
 Sovuq qo‘llarini yozib qo‘ygan qaydlari ustidan asabiy yurgizar ekan, Kolosovning nazarida qoralovchining har bir so‘zidan so‘ng zalda chiroq o‘chayotgandek va tobora qorong‘u bo‘lib borayotgandek edi. U o‘zining orqasida mung‘ayib, jim o‘tirgan Tanyani sezib turardi. Uning ko‘zlari har bir so‘zdan keyin xuddi boshiga tegirmon toshi bilan urishayotgandek katta–katta ochilayotgandi. Kolosov endi ilk bor uning yelkasida qanchalar beo‘lchov va og‘ir mas’uliyat turganini butun dahshatli aniqlik va madorsiz quvvat bilan tushunib yetdi. Uning yuragi muzlayotgan, qo‘llari qaltirar, keskin ovoz esa qat’iyat bilan ta’kidlardi:”Sen qotilsan, sen qotilsan!...” Kolosov orqaga qarashga botinolmasdi, bexosdan Tanyaning ko‘zlari bilan to‘qnashib ketishdan va uning nigohlaridagi najot va unga bo‘lgan ko‘r-ko‘rona umidni ko‘rib qolishdan cho‘chirdi. Negayam uni qamoqxonada tinchlantirdi va oqlanib ketishi ham mumkinligi haqida gapirdi-a?...
 ...Tanyaning boshi uzra ayblovlar buluti tobora quyuqlashib borardi. Prokuror xuddi boyagidek xotirjamlik bilan “Tanka-Beloruchka”ning sharmandali o‘tmishidan, uning oppoq qo‘llarini begunoh qonlarga botirganidan gapirmoqda edi. O‘g‘rilik haqida to‘xtaldi, balki bu uning hayotida birinchisi bo‘lmagan bo‘lishi ham mumkinligiga ishora qildi...
 Sukunatga cho‘mgan zalda havo yetishmasdi. Kolosov bo‘g‘ilib ketdi. U xuddi hozir qatl etiladigan jinoyatchidek ko‘zlarini yumdi, va uzoq-uzoqlarda quyoshni, yam-yashil maysazorni, ko‘m-ko‘k osmonni ko‘rgandek bo‘ldi. Hozir uning uyida qanday xotirjamlik va sokinlik hukmron? Bolalar o‘z krovatlarida uxlashayotgan bo‘lsa kerak. Ularning yoniga borsa yaxshi bo‘lardi. Tiz cho‘kib, ulardan himoya kutib ularni quchsa. Bu dahshatlardan qochib ketsa! Qochmoq kerak! Qochmoq! Ammo uning ham farzandi bor edi-ku! Faqat birgina, davomli, iztirobli, alamli, yovvoyi qichqiriq bilan Kolosov o‘z hissiyotini bildira olishi mumkin. O, qani endi unda ilohiy zabon bo‘lsa? Qanaqangi vajohatli, hadsiz nutq irod etilgan bo‘lardi bu olomon tegrasida! Mana bu shafqat bilmaydigan yuraklar erib ketardi, fig‘onlar zaldagilarga yetib borardi, shamlar dahshatdan o‘chib qolardi, va rahm-shafqat va g‘am-anduhdan xona devorlari ham titrab ketarmidi?! Odam bo‘lish, oddiy odam bo‘lish qanchalar og‘ir ish-a?...
 Prokuror o‘z so‘zini tugatdi. Yo‘tal ovozlari, burun tortishlar, oyoqlarning qimirlashi bilan o‘tgan bir daqiqalik tanaffusdan so‘ng Pomerantsevga so‘z tegdi. Uning ravon nutqi xuddi oqib turgan jilg‘a kabi ohangda edi. Tetik, yengil tebranuvchi ovoz zulmatni yoritayotgandek. Mana, yengil kulgi ko‘tarildi – Pomerantsev gap orasida prokuror sha’niga ham keskin fikr bildirib o‘tdi. Kolosov o‘rtog‘ining to‘la, chiroyli yuziga qarab uning bildirayotgan ravon sha’malarini kuzatdi: “Senga yaxshi, sen g‘am nimaligini bilmaysan va uni tushunmaysan ham!...” Kolosov o‘z so‘zini boshladi, ammo u o‘z ovozini tanimasdi, g‘o‘ldirardi u, do‘rilloq ovozi shu tobda uning o‘ziga ham yoqimsiz edi. Maslahatchilar, boshida hadiksirab turishgan maslahatchilar uning gaplarini eshitib harakatga tushishdi, soatlariga qarab qo‘yishar, ularning ensalari qotayotgani ko‘rinib turardi. Notabiiy, sun’iydan-sun’iy iboralar toliqqan sudyalar uchun yanada zerikarli edi. Qolipga tushgan, yuzlab aytilgan va ular eshitgan gaplarning takroridan iborat nutq edi bu. Rais ham uning so‘zlariga e’tibor bermay qo‘ydi, u sud a’zosi bilan bir nimalar haqida shivirlashib turibdi. “Tezroq bas qilsa edi!” – deb o‘yladi Kolosov.
 Sud maslahatchilari kengash xonasiga kirib ketishdi. Yarim soatning o‘tishi ham shunchalar azob bo‘ldiki... Kolosov o‘rtoqlaridan chetlashdi, u ular bilan to‘qnash kelishni istamagandi, ammo bir yosh, semiz va nima gapirish mumkin-u, nima mumkin emasligini tushunmaydigani baribir unga yopishdi:
- Sizga nima bo‘ldi, otaginam, bunaqa emasdingiz-ku! Bizlar atay sizning nutqingizni eshitish uchun kelgandik...
Kolosov iltifot bilan tabassum qildi, bir nimalar deb g‘udrandi, ammo bu yigit Pomerantsevni ko‘rib qolib, uzoqdan unga qichqira ketdi:
 - Tasanno, Sergey Vasilevich! Gap yo‘q!
 Mana, qo‘ng‘iroq ham chalindi. Valdirayotgan, xayoli chalg‘igan va tamaki burqsitgan jamoa yoppasiga tiqila-tiqila eshikdan zalga kirdi. Kengash xonasidan maslahatchilar turnaqator bo‘lib chiqib kelishdi, zaldagilar sukut saqlab ularning qarorini kutardi. Odamlar og‘izlarini yarim ochgan, ko‘zlar esa rais maslahatchilarning starshinasidan olayotgan qog‘ozga tikilgandi. U qog‘ozdagi yozuvni xotirjamlik bilan o‘qib ko‘rdi va imzoladi. Kolosov Tanyaning oqarib ketgan yuzlaridan ko‘zini uzmay eshik oldida turibdi.
 Maslahatchilarning boshlig‘i g‘aliz yozilgan yozuvlarni qiynalib o‘qimoqda:
- Moskva guberniyasi, Bronnitskiy uezdida yashovchi dehqon qizi yigirma bir yoshli Tatyana Nikanorovna Palashova sakkizinchi dekabrdan to‘qqizinchiga o‘tar kechasi ... mol-mulkidan foydalanish maqsadida ... boshqa shaxslar bilan uyushgan, kelishgan holda... bo‘g‘ib o‘ldirishda... aybdormi?
- Ha, aybdor.
 Kolosovga shunday tuyuldimi yoki Tanya rostdan ham silkinib ketdimi? Yoki uning o‘zi shunday bo‘ldimi?
 Sud hukm chiqarishi uchun yana yarim soat kutish lozim. Andrey Pavlovich bu junbushga kelgan jamoa ichida qoladigan holatda emasdi va u koridorning olisdagi, yorug‘lik kam tushadigan tomoniga ketdi. U oldinga va orqaga ohista qadam tashlar, odimlari esa baralla eshitilardi. Zal tomondan esa qadam tovushlari, shovqin, ovozlar eshitiladi – demak hammasi tugadi. Kolosov shu olomon orasiga shoshib kirib bordi, shodu-xurram odamlarning baland ovoz bilan takrorlayotganini eshitdi: “O‘n yil katorgaga!”... u eshik oldida to‘xtadi, bu yerdan jinoyatchilar chiqayotgan edi. Tanya uning yonidan o‘tayotganida uning jonsiz osilib turgan qo‘llaridan tutdi, engashdi va dedi:
- Tanya, meni kechir!
Tanya nursiz ko‘zlari bilan unga qaradi va hech nima demasdan yo‘lida davom etdi.
 Kolosov va Pomerantsev qo‘shni turishadi, shu bois ham ular bitta izvoshda ketishdi. Hurmatli Pomerantsev bugungi ish haqida to‘xtamasdan gapirardi, Tanyaga rahmi kelganini, Xobotevga shafqat qilinganidan xursandligini ta’kidlardi. Kolosov bu gaplarga qisqa-qisqa, istar-istamas javob berib keldi. Uyiga kelgach, shoshmasdan kiyimlarini yechdi, xotini uxlayotganini so‘radi, uning yonidan o‘tib bolalar xonasiga kirdi va beixtiyor eshikning tutqichini tutdi, u odaticha, kirib bolalarini o‘pib qo‘ymoqchi bo‘ldi, ammo o‘ylanib qoldi va o‘zining yotog‘iga kirib ketdi.

Husan Ermatov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.