OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mahmud Olakosh. Peshonamdagi nur (qissa)

Ko‘z oldimga insonlarni keltirdim. “Miyasiz” yashayotganlar ko‘p edi, biroq baribir miyalari bor edi ularning. Hech ishlatilmagan “yap-yangi” miyalari!..
Men aljiray boshlagandim. Endi yotib uxlashim lozim...
Mehmonxonadan kunduzgi soat o‘n birlar atrofida chiqdim. Eng avval uyga borib bolalarimni ko‘rishni o‘yladim. Ichimga chiroq yoqsa yorishmas darajada g‘amgin edim. Bu holatda bolalarimga ko‘rinishni istamasdim. Shu bois avval do‘xtirga borishni ma’qul ko‘rdim.
Kechagiga nisbatan ancha sokin holatda edim. Do‘xtirimning so‘zlarini diqqat bilan tingladim. Miyamdagi shish peshona tarafimda ekan. Shish o‘ta qaltis yerda joylashganidan, uni operatsiya qilish imkonsiz emish. Hattoki Ovro‘pa va Amerika tibbiyoti ham bu muammo qarshisida ojiz ekan.
Men Ovro‘pagayam, Amerikagayam bormadim.
Avval Istanbulga, u yerdan Anqaraga o‘tdim. Bir hafta ichida mutaxassislar yordamida rentgen suratlarini chiqartirdim. Barcha professorlarning xulosasi Zakiybekniki bilan deyarli bir xil edi...
Shunday qilib, bir hafta davom etgan yugur-yugurlarimdan keyingi farq, qolgan olti oy umrimdan yana bir haftaning kamaygani edi!..

* * *

Izmirga qaytgach, soch-soqolimni tartibga keltirtirdim-da, bir dasta gul olib uyga yo‘l oldim. Oilamdagilarni kasalligimdan voqif qilishni istamasdim. Zakiybekni ham bu xususda ogohlantirib qo‘ygandim. Eshik oldiga kelganimda esa yuragimning hayajondan potirlab urayotganini yanada qattiqroq his qildim. O’zimni qo‘lga olishga urinib bir muddat turib qoldim, so‘ng qo‘ng‘iroqni bosdim. Eshikni Shirin ochdi.
–    Assalomu alaykum!..
“Assalomu alaykum” degach, “Xush kelibsiz, hayotim!..” deya sekingina shivirladi.
Jilmaydim. Qo‘limdagi gullarni uzatar ekanman, “Xush ko‘rdik!” dedim.
Gullarni olayotib ko‘zlari quvonchdan porlab ketdi. U oramizdagi bunday iliq munosabatlardan behad sevinardi. Va buni mehr-muhabbat ifshosi deya qabul qilardi. Haqiqatda ham shunday edi. Ayolimga bo‘lgan sevgimni shoirona shirin so‘zlar bilan ifodalashni uddalay olmaganimdan, menga ham gullar vositasida izhor qilish osonroq edi.
Endi kechki ovqatni yeyish uchun to‘planib o‘tirishgan ekan. Birinchi bo‘lib o‘g‘lim Qutsal peshvoz chiqdi. “Assalomu alaykum, polvon!” dedim. “Vaalaykum-assalom, dadajon!” deya qo‘limni o‘pdi. U bilan shunday salomlashishni yoqtiraman. O’g‘limda bobolarimizdan meros qolgan urf-odatlarimizni ko‘rishni istardim.
–    Assalomu alaykum, dadajon! Xush kelibsiz!
Bu mayin ovoz qizim Asmoniki edi. Suyukli onajonimning ismlarini qo‘ygandik unga. “Xush ko‘rdik sultonim!” deya bag‘rimga bosdim uni. Uyimizning sultoni edi u.
–    Xo‘sh qandaysan, sulton?– erkaladim.
Javob bermadi. Shiringina jilmayib, meni o‘pib qo‘ydi.
Birgalikda ovqatlanish xonasiga kirdik.
Bir-ikki luqma yeyish bilan kifoyalandim-da, bolalarimni kuzata boshladim. Ilgari bolalarimga qaraganimda kelajakka oid narsalar haqida xayol surardim.
Suyukli qizim katta bo‘lsa, onasidek, hatto onasidan-da oqila beka bo‘ladi. Uni o‘zim turmushga uzatib, benihoyat go‘zal, shinam uy olib bermoqchi edim. Bir quchog‘imda nabiramni olib, ikkinchi qo‘limda qizimni quchgancha sayrga chiqishni orzu qilgandim!..
Arslon o‘g‘lim Qutsalni esa, bilimli, tarbiyali ishbilarmon qilib yetishtirmoqchi edim. Barcha ishlarimni unga topshirganimdan keyin, ulkan bir yaxta qurdirib, dunyo bo‘ylab ikki-uch yillik sayohatga chiqmoqchi edim!.. Biroq, barchasi tugagandi!..
Bolalarimga qarar ekanman, olti oydan naryog‘ini ko‘ra olmasdim!..
Olti oy so‘nggidagi manzara esa, mening orzularimni ostin-ustun qilib yuborgan edi. “Yuragim pora-pora bo‘ldi!..” deganlarning ahvoli menimcha xuddi shunday bo‘lsa kerak, qalbim vayron bo‘lgan edi. Ro‘paramda ovqatlanayotgan ikki farzandimni emas, otalaridan erta ayrilgan sakkiz va o‘n bir yoshdagi yetimlarni ko‘rardim!..
G’alati bo‘lib ketdim. Bo‘g‘zimga achchiq bir narsa tiqilib qolgandek tuyuldi. Butun yuzimga harorat yoyilgan, ich-ichimdan toshib kelayotgan qaynoq bir narsa ko‘zlarimni to‘ldirayotganini his qildim.
Yig‘layotgandim!.. Og‘zimni bekitgancha darhol o‘rnimdan turdim.
“Negadir ko‘nglim behuzur bo‘lyapti”, deya o‘zimni vannaxonaga urdim. Eshikni bekitishim barobarida ko‘z yoshlarim seldek quyuldi. Necha yillardir yig‘i ne ekanini unutgan meningdek baxtiyor inson to‘yib-to‘yib yig‘lardim... Ovozimni bosishga nechog‘lik urinmay, o‘krab-o‘krab yig‘lardim... Tashqariga eshittirmaslik maqsadida vannadagi jo‘mraklarni oxirigacha ochib yubordim. Tepadan favvoradek otilib tushayotgan suvning ostiga kiyimlarim bilan kirar ekanman, nima qilayotganimni fahmlashdan ojiz edim... Shiddat bilan oqayotgan suv ko‘z yoshlarimga qorishib yuzimni yuvardi.
Menga nima bo‘ldi, ne ko‘yga tushdim?..
Ha, vannada ikki buklanib o‘tirgancha sel bo‘lib yig‘layotgan bu odam – ko‘pchilik unga hasad qiladigan va uning o‘rnida bo‘lishni istashgan bir janob, katta ishbilarmon kishi bo‘lgan – Saljuqbey edim!..
Mashinamda G’oziyamirga, ya’ni fabrikaga qarab yo‘l oldim. Endi nima qilishim kerakligi haqida hali bir qarorga kelmagandim. Bunday qarorga kelgunimga qadar xuddi hech narsa bo‘lmagandek, eski yashash tarzimni, odatiy bo‘lgan ishlarimni davom ettirmoqchi edim.
Albatta bu tashqi ko‘rinishim edi!..
Ichki dunyomda esa, allaqachon qiyomat qo‘pgan, qiyomatdan keyingi sukunat hukmron edi go‘yo!..
Istasam ham, istamasam ham to‘xtovsiz o‘lim va o‘lishim haqida o‘ylar edim! Hamma narsaga ana shu o‘lim tushunchasi bilan yondashar, har bir narsani o‘lim tushunchasidan kelib chiqib mushohada qilar edim. Fabrikaga borgach, o‘zimdagi bu o‘zgarishni yanada aniq his qildim. Go‘yo boshqa birovning fabrikasiga kirgandek edim! Atrofimga boqarkanman, ish xususida hech qachon bunday beg‘am, beparvo bo‘lganimni eslay olmayman. Hech narsa qiziqtirmay qo‘ygandi. Yetti ming besh yuz kishiga mo‘ljallangan Belchiqa buyurtmasi ikki kun o‘tgan bo‘lishiga qaramay, hanuz tayyor emasdi. Sababini ham so‘rab o‘tirmasdan “hechqisi yo‘q”, dedim.
Qo‘l ostimdagilarning hayrati ko‘zlarida namoyon edi! Ilgari bunday holatda hattoki sababli bo‘lsa ham o‘ta talabchanligim tufayli xodimlarimni jazosiz qoldirmasdim. Fabrikada uzoq vaqt aylanib yurdim. Ilgari ishchilardan ko‘ra qilingan ishlarga ko‘proq e’tibor berardim. Endi esa meni ish emas, ishchilar ko‘proq qiziqtirar, ularni yaqinroqdan tanishga harakat qilardim. Hech biri boshqasiga o‘xshamas, har biri bir olam edi. So‘nggi o‘n yil ichida insonlardan ancha uzoq yashaganimni his qildim.
“Ellikta ishchi, yuzta ishchi oling”, derdim xodimlar bilan shug‘ullanadigan yordamchimga. Buni gapirar ekanman, ko‘z o‘ngimda faqatgina bir guruh jonzotlar namoyon bo‘lardi.
“Men uchun ishlaydigan hamda men tufayli kun kechiradigan bir guruh insonlar!”
Holbuki, har biri o‘zga bir olam edi ularning!..
Ishchilarimga nisbatan kishilik nazari bilan emas, ruhiyat e’tibori ila qararkanman, zehnimning o‘zga-o‘zga inson tiplari bilan to‘lganini his qildim. Ham fabrikani aylanar, ham o‘z-o‘zimga “Ishchilar juda ko‘p ekan-ku!” derdim.
Ishlayotgan bir ishchidan so‘radim:
-    Kim uchun ishlayapsan?
U bir muddat nima deyishini bilmay hayajonlanib turdi-da, soxtakorona bir kulgu bilan “Siz uchun, janob!..” deya javob berdi.
Benomus yolg‘onchi!.. Aytgan so‘zi to‘g‘ri edi biroq, o‘zi yolg‘onchi edi. Uning javobini eshitgan bir necha ishchilar ham kulimsirashdi. Yuzida kulgu aks etmagan birgina ishchiga ko‘zim tusharkan, uning yoniga borib so‘radim:
–    Isming nima?
O’ylab ham o‘tirmasdan javob berdi:
-    Ishchi.
Uning bu javobi mening kulgimni qistagan edi. Ayni savolni unga ham berdim:
-    Sen kim uchun ishlayapsan?
Bag‘oyat xotirjam va jiddiy qiyofada javob berdi:
-    Oilam uchun...
Bu javob menga nihoyatda ma’qul kelganidan bir ozgina o‘ylanib turdim-da, boshimni qimirlatgancha “Juda soz” dedim.
Pastdan yuqori qavatga chiqarkanman, o‘rinbosarim halloslagancha yonimga keldi va:
-    Janob, “Yulduz” guruhining vakillari kelishdi, siz bilan ko‘rishmoqchi ekanliklarini bildirishyapti. Yangi sezonga oid shartnoma tuzishni maslahatlashishmoqchi ekan,– dedi.
Yangi sezongacha sakkiz oy bor edi!.. Yangi sezon boshlangan vaqtda men ikki oylik mayyit bo‘laman, men bilan qanday qilib shartnoma tuzishlari mumkin?! Qo‘limni silkigancha “Qo‘yaver”, dedim. O’rinbosarim hang-mang bo‘lib qoldi. Sal o‘ziga kelgach:
-    Janob, o‘zingizga ma’lum, bu guruhning ko‘rsatkichi juda yuqori,– dedi duduqlanib.
-    Bilaman, senga qo‘yaver dedim-ku,– dedim beparvo ohangda.
-    Ular bilan uchrashmaysizmi?
-    Nasib qilsa, yangi sezonda!..
Biroq, nasib qilishidan hech ham umidim yo‘q edi. Eshikka yo‘nalarkanman, qo‘shib qo‘ydim:
-    Bu hafta ishchilarga hadya sifatida qo‘shimcha maosh tarqating.
Uning esi og‘ib qolayozdi. Chunki, qo‘shimcha maosh haqida uncha-muncha boshliq gapirish u yoqda tursin, xayolidan o‘tkazishni ham xohlamaydi. Ishchilarga beriladigan qo‘shimcha maosh hisobiga mahsulotning tannarxi oshishi aniq edi. Erkin raqobat bor yerda tannarxni oshirish esa, aqlga sig‘adigan ish emasdi.
Tashqariga chiqdim. Haydovchim mashina yonida kutib turardi. Mashinaga o‘tirmadim. Bir oz bog‘ aylanmoqchi edim. Avval qorovulning iti yoniga bordim. Qopog‘on ekani ko‘rinib tursa-da, ajoyib itga o‘xshardi. Uch-to‘rt yil oldingi voqea yodimga tushdi. Dala hovlimiz bog‘ida bir itimiz bo‘lardi. Yetti-sakkiz oylik bo‘lgan itga bejirimgina uya qurdirgandik. Itga bir necha bor ovqat berayotib, bog‘ devori osha qirq-qirq besh yoshlardagi kishining biz tomonga diqqat bilan qarab turganiga ko‘zim tushdi.
Itga qarab turarmidi yoki pishirilgan go‘shtgami, bilolmadim. Ertasi kuni yana ayni manzaraga guvoh bo‘ldim. Uning yoniga borib, “Tinchlikmi?” deya so‘radim. Boshini sekingina yoniga eggancha “Shunday o‘zim...” dedi. So‘ngra iymanibgina:
-    Janob, shu itning o‘rniga meni bog‘lasangiz, tun bo‘yi to tongga qadar qo‘riqchilik qilaman. Zarra qadar xavf sezishim bilan ovoz beraman...– dedi.
Hayrat ichra unga qaradim. Ko‘zlarimdan ko‘zini olib qochdi. Xijolati ortganidan bo‘ynini bukdi. So‘ng past ovozda ilova qildi:
-    Xohlasangiz, huraman ham...
Shundagina uning hazillashayotganini tushunib qoldim. Qah-qah urib kularkanman, hazilga hazil bilan javob bergim keldi:
-    Itning uyasida joy yo‘q, biroq, tovuqxonadan topiladi. Tuxum qo‘ya olasizmi?– dedim.U kulgidan ikki bukilib qoladi, deya taxmin qilgandim. Lekin, u hasrat to‘la ko‘zlarila menga bir bor tikildi-yu, ortiga burilgancha ildamlab ketdi...
Ha... Har bir inson o‘zga bir olam.
Fabrikaning orqa tarafiga kelganimda ko‘zim eng avval masjidga tushdi. O’n kun oldin ikki rakat namoz o‘qigandim unda. Yana Allohni esladim. Keyingi o‘n kun ichida qachon Allohni eslasam, darrov fikrimni boshqa tarafga burishga harakat qilar, Allohni eslashni istamasdim.
Allohdan xafamidim? Rosti, xafa bo‘lgandim!.. Garchi, “Quyon tog‘dan ranjibdi ammo, tog‘ bundan bexabar emish”, degan iborani bilsam-da, baribir Allohga qarshi isyon, norozilikka o‘xshagan tuyg‘ular ich-ichimda mavjud edi. Ochig‘ini aytsam, boshimga tushgan bu dardni hech shubhasiz, Allohdan deb bilardim. Bu Allohning bir taqdiri edi!..
Yaxshi, biroq nimaga aynan shish, boshqa bir xastalik emas?
Va nimaga aynan men? O’z joniga qasd qilgan, yoxud o‘zini o‘ldirishni istagan qanchadan-qancha odamlar qolib, nega aynan men?
Imonsiz, amalsiz shuncha insonlar bo‘la turib, nega men?.. Ramazonlarda ro‘za tutmaganmidim!.. Tarobeh namozlariga bormaganmidim!.. Faqirlarga yordam bermaganmidim!.. Aqlimni taniganimdan beri qaysi juma namozini qoldirgandim!.. Va qarshimda turgan shu masjidni ham dinimning, imonimning amri bilan qurdirmaganmidim!.. U holda, nega-nega endi men?
Bu savollar ostida ezildim. Ma’yus nigohlarimni yana masjidga tikdim. Behudaga masjid qurdirgan ekanman, degan fikr o‘tdi miyamdan!.. O’sha lahzada bu fikrni to‘g‘ri ham, noto‘g‘ri ham deyolmadim. Ammo, bu xato edi!.. Qaysidir sabab bilan bir kun baribir o‘lamiz. Bir masjid qurdirish va unda ikki rakat namoz o‘qish, pushaymon bo‘ladigan ish emasdi. Oxirat hayotida, hisob kunida o‘zimizga foyda beradigan amallar edi bular. Shularni o‘ylarkanman, tahorat olishga va shu masjidda yana ikki rakat namoz o‘qishga qaror qildim. Tahoratga tayyorlanarkanman, ichimdan bir ovoz: “G’urursizlik qilyapsan. Boshqalarga o‘xshab, sen ham ojizlik qilyapsan!..” dedi.
Javob bermadim. Balki to‘g‘ridir... Bir paytlar kimsan Saljuqbey bo‘lgan mendek odamning endi oddiy odamlardan hech qanday farqi qolmagandi. Ortiq bu haqda o‘ylashni istamadim. Ham “Har ishda bir hikmat bordir”, deydilar. Balki, bu xastalikda ham men uchun bir xayr bordir...
Bu so‘zimga o‘zimning ham ishongim kelmasdi. O’limda qanday ham xayr bo‘lsin?

Hulyoning oldiga bordim.
Keyingi kunlar ichida o‘ylab ko‘rib, u bilan ajrashishga qaror qilgandim. O’lmasimdan oldin unga bir narsalar qoldirib, keyin “umr daftarimning bu sahifasi”ni yopishni istardim.
Meni hayajon ichra ochiq chehra bilan kutib oldi. To‘g‘risi, hamisha shunday kutib olardi! Ishlarim bor ekanini, uzoq qololmasligimni aytdim. E’tirozli nigohlar bilan qaradi, ammo bir so‘z demadi. Gapirgani bilan hech narsa o‘zgarmasligini yaxshi bilardi. Chunki, qayerda, qancha qolishimga o‘zim qaror berardim. Choy damlab kelishini so‘radim. Choy icharkanmiz, o‘n besh-yigirma daqiqa u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirdik. So‘ngra, ohistalik bilan ajrashishimiz kerakligini aytdim.
Avval hayrat, so‘ngra ko‘z yoshlar... Haqiqatdan yig‘lardi, biroq, nima uchun yig‘layotgani menga qorong‘u edi. Hulyodan farzandim yo‘qligidan ilk bora sevindim.
-    Nega bunday qarorga keldingiz,Shirin opa shuni xohlayaptimi?..
-    Yo‘q, bu gapni qayerdan olding? Axir u seni bilmaydi-ku!
Shirin rostdan ham bilmasdi. Bilmadim, negadir unga aytmagandim... Zotan, Hulyo bilan turmush qurganimizga ikki yil bo‘lgandi. Nikohimizni o‘qigan imom domla bilan guvohlik qilgan bir nechta yaqinlarimiz bilardi, xolos. Boshqa hech kimga aytmagan, aytishni istamagandim.
Nikohimizni esladim. Shar’an uylanganim bois, shar’an ajrashishimiz lozim edi. Unga qaradim-da, “Sening javobingni berdim!” dedim. Bu so‘zni bir marta aytish kerakmidi, yoki ikki martami, aniq bilmasdim. Har ehtimolga qarshi yana bir bora takrorladim:
- Senga javob!
Ko‘z yoshlarini artarkan, so‘radi:
-    Bu nima deganingiz, nega menga javob bo‘larkan?– dedi.
-    Biz shar’iy nikoh bilan turmush qurganmiz. Ana shu nikoh hozirgi aytgan so‘zlarim bilan buziladi. Endi mening xotinim emassan,– dedim.
Biroq, gaplarimga ahamiyat bermasdan, deraza osha olislarga tikilgancha xayolga cho‘mdi. Menimcha, birga o‘tkazgan onlarimizni eslayotgan edi. Ikkimiz ham bu munosabatlarimiz muhabbatga emas, o‘zaro manfaatdorlik asosiga qurilgan ekanini bilardik.
Bu qayg‘uli ajralish onlarining uzoq davom etishiga toqatim yo‘q edi. Cho‘ntagimdan sotish vakolatnomasi bilan birga bankda uning nomiga ochdirgan hisob daftarini oldim-da, uzatdim va:
-    Shu uy bilan mana bu hisob daftari senga,– dedim.
Bir muddat jim qoldi. Xafaligi bir oz tarqagandek edi. So‘ngra bo‘g‘iq ovozda “Keragi yo‘q”, dedi. Qo‘limdagilarni stol ustiga qo‘yarkanman, “Men shuni xohlayman. Bir-birimizga ko‘p haqqimiz o‘tdi”, dedim.
-    Nima, bu to‘lovmi? Birga o‘tkazgan yaxshi kunlarimizning badalimi?– so‘radi.
Qo‘limning orqasi bilan yuziga urib yuborgim keldi. Fohishalarning gapini gapirgan edi. O’zimni qo‘lga olishga harakat qildim. G’azablanganimni bildi. Aqlini yig‘ishtirishga urinarkan,”Kechiring, nima deganimni bilmay qoldim!..”dedi. So‘ngra bir fursat tin olgach davom etdi:
-    Rostdan hammasi tugadimi?..
-    Ha...
-    Biroq, sababini hamon aytmadingiz!..
-    Ha deb, takrorlayverma. Meni bilasan!..
Hammasini tushungandek, boshini qimirlatdi.
Ketishga tayyorlanarkanman, “Endi hecham ko‘rishmaymizmi?” dedi. Boshimni sarak-sarak qilib,”Yo‘q!” dedim. Eshikni ochib, chetga o‘tdi. Mendan yana nimadir so‘ramoqchi, ammo nima ekanini bilmayotganga o‘xshardi.
-    Bundan keyingi hayotim haqida... biror maslahat bermaysizmi?..– dedi.
-    Mutlaqo o‘lasan! Shuni e’tiborga olib yasha!..– javob berdim.
Yuz ifodasi bir onda o‘zgardi. Ko‘zlarimga qo‘rquv bilan qaradi. Kim bilsin, qanday xayolga bordi. Uni o‘ldirishim yoxud o‘ldirtirishim mumkinligini o‘yladi, nazarimda.
-    Tushunmadim?.. Nega bunday hukm chiqaryapsiz!..– dedi qaltirabgina.
–    Bu hukmni men chiqarganim yo‘q, – ko‘rsatgich barmog‘im bilan yuqoriga ishorat qildim-da,– yashatadigan ham, o‘ldiradigan ham U!– deya javob berdim.

“Alsanjoq” ko‘chalarida edim.
Hulyo haqida boshqa o‘ylashni istamasdim. Ortimdan eshikni bekitgandan keyin, hech shubhasiz darhol hisob daftarini ko‘zdan kechirgan va unda yozilgan mablag‘ni ko‘rar-ko‘rmas, barcha iztiroblarini unutgan bo‘lishi kerak. “Alloh hidoyat bersin. Yaratganning O’zi yordam bersin!..” deya pichirladim.
Lekin, lekin mening aybim nima edi!.. Barcha erkaklar yetishishni istaydigan Hulyodek go‘zal ayoldan uch-to‘rt og‘izgina so‘z bilan vidolashgandim!.. Mayli, nima bo‘lsa-bo‘ldi. Bir oz afsus chekdim, ammo qattiq qayg‘urmadim. Chunki, bu go‘zal ayolga nisbatan yuragimda hech qanday tuyg‘u, rishta qolmagandi. Bir narsani yanada yaxshiroq anglab yetdimki, dunyoda bir qancha narsalar salomatlik tufayli, o‘limni unutishlik bilan boshqacha ma’no kasb qiladi. Biroq, o‘lim bilan ro‘para kelish, o‘lim haq ekanini anglab yetish, ulkan bir o‘chirg‘ich yanglig‘ barcha ma’nolarni o‘chirib tashlaydi!..
Shundayki, so‘ngra hech narsa qolmaydi! Qonuniy Sulton Sulaymon naqadar to‘g‘ri aytgan:
”Yo‘q erur davlat jahonda,
Bir nafas sihat kibi...”
Yoki sal boshqacharoqmidi, unutdim...
-    Amaki, yo‘l bering, o‘taylik!..
Orqamga o‘girildim. Ikki qo‘li bilan ikkita qizni quchib olgan yigitcha yo‘l bo‘shatishimni so‘rar edi. Qizlardan birini qo‘yvorsa, bemalol o‘tib keta olardi. Biroq, bunday niyati yo‘qligi ko‘rinib turardi. Yonidagi qizlarni ko‘rsatib:
–    Ularni qo‘yvorsang, qochib ketadimi?–dedim.
Qizlar kuldi. Yigit esa past ketmaslik maqsadida:
–    Uydagi xonimchangga aql o‘rgatasan. Yo‘ldan qochasanmi, yoki yordamlashib qo‘yaymi?– dedi.
Avval jahlim chiqqanday bo‘ldi. So‘ngra kuldim.”Men senga bundan ham osonroq yo‘lini o‘rgataman”, dedim-da, qo‘ynimdan ruxsat bilan olib yuradigan to‘pponchamni chiqarib:
– Shu qurol bilan meni ot-da, so‘ng ustimdan o‘tib ketaver!– dedim.
Qizlar to‘pponchaga ko‘zlari tushishi bilan dod solib qochishga tushishdi.
Yigit qo‘rqa-pisa ortiga odimlar ekan, bir qo‘lini ko‘targancha:
–    Kechiring, o‘tinaman kechiring!..– derdi.
Xafa bo‘ldim.
Bunday qilmasligim kerak edi. Chetroqqa o‘tib yo‘l bersaydim, balki yaxshiroq bo‘larmidi.
Yo‘limda davom etdim.
Bir paytlar men ham shu yigitga o‘xshardim.Ammo bizning zamonimizdagi yoshlar
katta yoshdagilarga hurmat va odob bilan munosabatda bo‘lishardi. Ba’zi kattalarga tegajoqlik qilib, ular bilan aytishib qolardik. Ammo hozirgilar o‘zlarini bizga teng deb bilgan axmoq yoshlardir.
“Sevinch” qandolat do‘koniga kelgandim.
O’tiraymi, o‘tirmaymi deb turganimda shomga azon aytila boshladi. Azon ovozi yetmish-sakson metrcha naryoqdagi “Alsanjoq” masjididan kelayotgandi.
Bir pas harakatsiz turdim!..
O’zimga-o‘zim “Borib bir shom namozini o‘qisammikin” dedim. O’z fikrimdan o‘zim yotsiradim!..Menga nima bo‘lyapti, o‘limdan qo‘rqqanimdan dindorga aylanyapmanmi? Bu tuyg‘u, bu fikr menga xush kelmadi. Yaxshisi uyga ketaqolay.
-Hoy taksi...

Oradan ikki hafta o‘tdi.
Men hali ham bir qarorga kelolmagandim. Aqlimga birinchi bo‘lib, dunyo bo‘ylab sayohatga chiqaman-da, yer yuzining narigi chekkasigacha boraman, degan fikr keldi. Jumladan, doktor Zakiybek ham xuddi shunday yashashimni tavsiya qilgandi. Oh, jonim sadqa bo‘lsin! Shunaqayam bema’ni fikr bo‘ladimi?! O’limi yaqin ekanini bilgan qaysi odam bemalol yashay olsin! Tongda osilishini bilgan mahkum, tunni rohat-farog‘atda o‘tkazishi mumkinmi? Qatlga hukm qilingan mahkumlarning so‘nggi istaklari so‘ralganda, ba’zilari go‘shtli ovqat berishlarini iltimos qilarmish!..
Fa subxonalloh!..
Ular yo, aqldan ozgan, yoxud dahshatdan o‘zlarini yo‘qotib qo‘ygan bo‘lishlari kerak. Bir necha soatdan keyin o‘lishini bilaturib, u ovqatni qanday qilib chaynay oladi, bu luqmani qanday yutaoladilar?!.
Dunyo bo‘ylab sayohat qilish tushunchasi juda tez fursatda jozibasini yo‘qotdi. Begona yurtlarda, notanish insonlar orasida o‘lib ketishni istamasdim. Shuningdek, boshqalarga o‘xshab Misr piramidalari yoki Amazonka o‘rmonlarini yoxud Bagam orollarini emas, bolalarimni ko‘rishni, ko‘proq ularning yonida bo‘lishni xohlardim.
Men uchun dunyodagi eng aziz ikki narsa, Asmo bilan Qutsal edi.
Juda kichik bo‘lgani uchunmi, nihoyatda shirin bo‘lgani uchunmi bilmayman, qizimni qattiqroq yaxshi ko‘rardim.”Oh mening sultonim!” dedim ichimda.
Xo‘sh, men endi nima qilishim kerak edi? Hech narsa bo‘lmagandek, ishga borar va hech narsa bilmagandek uyga kelardim. Biroq, hech narsa bo‘lmagani yo‘q edi-ku!
Hamma narsa, hamma narsa o‘zgargan edi. Atrofga qaradim, mol-mulkimni, butun boyligimni ko‘z oldimga keltirdim. Barcha to‘plaganlarimning bozor qiymati kecha qancha bo‘lsa, bugun ham xuddi shu qiymatini yo‘qotmagandek edi, biroq, bir xil emasdi! Hammasida bir ma’naviy o‘zgarish sodir bo‘lgandi, go‘yo. Ilgarilari “Men, men”, deganimda, ich-ichimda “tip-tirik” bo‘lgan shu boyligim, davlatimni qasd qilardim. Va menligim shu boyligim bilan butunlashgandek, obro‘-e’tibor qozongandek tuyulardi. Endi-chi? Endi esa, hammasi chappasiga aylanib ketgan, yo‘q-yo‘q, o‘lib bitgandi!..
Ich olamimda mol-mulkim, davlatimning jonliligidan asar ham qolmagandi. Endi, “Men, men” deganimda qasd qilgan narsam kichrayib-kichrayib, o‘limga mahkum ojiz, parishon inson holiga kelgandi!..
O’zgargan men edim! Mening o‘zim o‘zgargan va men bilan birga hamma narsa o‘zgargan edi! Salgina vaqt oldin men yastangancha o‘tirgan qimmatbaho kursi hamon o‘sha-o‘sha edi, biroq unda o‘tirgan kishi o‘zgargandi.
Kursidagining ko‘zlari ochilgan edi!
Kursida o‘tirgan Saljuqbey, uzoq yillardir qattiq ishonch bilan bog‘langan va uni abadiy deya o‘ylagan kursining dengiz uzra suzayotgan ikki bo‘lak yog‘ochdan boshqa narsa emasligini, u bilan birga o‘zi ham dunyo dengizida chayqalib turganini endi farqlab yetgandi!
Birgina to‘lqinga dosh berolmaydigan, bittagina to‘fon olib ketadigan kursi edi bu! Zero, zig‘irning urug‘icha keladigan kichik bir to‘lqin ko‘zga tashlangan va soniya sayin yiriklashib, unga tomon tobora yaqinlashayotgan edi!..
Ha… Zig‘irning urug‘icha keladigan bu kichik shish hamma narsani ostin-ustun qilib yuborgandi!
Qo‘llarimga, oyoqlarimga qararkanman, ular ko‘zimga go‘sht parchasi bo‘lib emas, go‘yo tuproqdek ko‘rinardi. Hozir tirik bo‘lgan, qimirlab turgan qo‘lim, bir yildan so‘ng tuproq bo‘lar edi!.. Yuzimni va ko‘zlarimni esa, o‘ylashni, xayol qilishniyam istamayman! Moviy ko‘zlarim zehnimda moviyligicha qolishini xohlayman!.. Garchi, buning iloji bo‘lmasa-da.
Og‘ir bir yukning ostidan chiqib ketolmasdim. Butun jismim bilan tuproq bo‘lishimni bilaman va men bilan birga bus-butun bir insonni yerga ko‘mgan kichkina shishim ham tuproq bo‘ladi!..
Shish… Hatto nomi ham xunuk! Xuddi”O’lish” degandek eshitiladi!..
Shu onda u miyamda emas, qo‘limda, hovuchimda bo‘lsa edi, qoziq tishlarimla parchalab, oziq tishlarimda yanchib, so‘ngra yerga tuflab tashlardim-da, oyoqlarim ostiga olib ezgan bo‘lardim!.. Kaftimda ushlashim, siqib suvini chiqarishim mumkin bo‘lgan kichik bir narsa hamma narsani o‘zgartirib yuborgandi!

Qiziq, shu darddan qutulolsam, oldingidek salomatligim qaytsa, yana avvalgi holimga qaytarmidim? Dunyo yana ko‘zimga oldingi jozibasida ko‘rinarmidi? Bu savol meni o‘ylantirib qo‘ydi! Haqiqatdan nima qilgan bo‘lardim?
Ehh... Hayotim avvalgidek davom etishiga ishonmayman. Negaki, men o‘lim nima ekanini bir oz bo‘lsa-da, anglab yetgandim. Olti oylik umrim balki, olti yil, balki o‘n olti yilga uzayishi mumkin, biroq natija o‘sha-o‘sha!..
Nega bu haqiqatni avvalroq anglamagan ekanman-a? Yoki ilgari o‘lishimni bilmaganmidim?
Bilardim, faqat o‘limning nima ekanini anglayolmagan edim... Bu haqiqatni tushunadigan holatda emasdim.
Holbuki, onamni ham, otamni ham o‘zim ko‘mgan edim!.. Otamni qabrga olib ketayotib, qalbdan otam uchun g‘am chekar, aqlim esa, fabrikaga kelgan oxirgi buyurtmaning tannarxini hisoblash bilan band edi!.. Qabristondan qaytayotganimda esa, barcha hisob-kitoblarni bitirib olgandim!..
Qayerdan ham bilibman? U paytlar o‘limni oddiy, tabiiy bir holat deya qabul qilardim. Hamma “O’lganning ortidan o‘linmaydi”, derdi. Bu haqiqatdan ham juda to‘g‘ri edi, qolganlar o‘lgan bilan birga ko‘milmaydi-ku!
E, voh!.. Men naqadar badbaxt odam bo‘lgan ekanman...

O’lganning ketidan o‘linmaydi, biroq undan olinadigan biror saboq, ibrat nahotki bo‘lmasa? Otam singari o‘zim ham albatta bir kun kelib o‘lajagimni anglab, o‘limning mutlaqo haq ekanini e’tibordan qochirmagan holda yashasam, bir qancha mazzularda badnafsimga nasihat qilsam, bo‘lmasmidi?
Bechora onajonim!..
Bechora otajonim!..
Endi o‘ylab ko‘rsam, ichiga qaramasdan, balki qarashni xohlamasdan bir chuqurga ko‘zimni yumgancha, tashlab yuborgan, ko‘zimni yumib ko‘mib yuboravergan ekanman, ularni!.. Na o‘limning ne ekanini tushunganman, na o‘lishimni anglaganman...
Qabristonni va undagi qabrlarni boshqalarga taalluqli deya xayol qilgan ekanman. Minglab qabrlarning yonidan bir kun kelib mening ham qabrim joy olishini, men ham bir chuqurni to‘ldirishim mutlaqo haqiqat ekanini o‘ylab ham ko‘rmagan ekanman!..
Olayotgan har bir nafasim, bosayotgan har bir qadamim meni o‘z chuqurimga tomon olib ketayotganini e’tibordan qochirib yashabman.
O’lim, men bilgan, ammo anglayolmagan, qanday ma’no kasb etishini his qilolmagan bir haqiqat ekan!.. Buni shu onga qadar zarracha bo‘lsin, fahmlamagandim... Olovning ne ekanini bilaturib, haroratini his qilmaslik, balki uni bilaturib, sovuq deya xayol qilishdek axmoqlik, aqlsizlik ichra ekanman.
Xuddi shu insonlar singari:
“Albatta bir kun o‘lamiz”, deyishlariga qaramay, hali o‘limlariga juda uzoq vaqt bor, hali uzoq yashaymiz deya xotirjam yurgan;
shu xotirjamlik soyasida o‘limni mutlaqo unutgan;
birni ikki, ikkini to‘rt, to‘rtni sakkiz qilish payida yurgan;
o‘limsizlik daraxtining yagona mevasi o‘laroq ko‘rganlari pulni nima qilib bo‘lsa ham qo‘lga kiritish maqsadida, boyigan sari(!) boyishga jahd qilgan;
Allohni mijozlarining cheklari bilan eslab, “Inshaalloh, natijasi bo‘ladi. Inshaalloh...” zikrini qilgan;
Shamolday shovullab, shosha-pisha uyoqdan-bu yoqqa yugurgan shu insonlar singari!..
Hayotni yeyish-ichish va faqatgina yaxshi yashashdan iborat deb bilgan bu g‘aflatga g‘arq bo‘lgan insonlar hech shubhasiz, o‘limning nima ekanidan mutlaqo bexabar edi.
Ana shu g‘aflat uyqusida bo‘lganlardan biri men edim va uyqudan uyg‘onib ketgandim. Uyg‘ongandim, biroq g‘aflatim mudroqlaridan hali butunlay xalos bo‘lolmaganimdan, tasodifan boshidan zarba yegan kishidek o‘zimga kelolmasdim!..

Kecha bir muddat televizor tomosha qildim. “2000 yilda Dunyo” nomli bir ko‘rsatuv bor edi. Meni qiziqtirmadi. 2000 yildan va 2000 yildagi dunyodan menga nima foyda?! Boshqa kanalda Fenerbag‘chening chempionligi haqida gapirilayotgan edi. Bu haftadagi matchdayam g‘olib chiqsa, chempionlikni qo‘lga kiritarmish! Necha yillardan buyon Fenerbag‘chening ashaddiy fanati bo‘lishimga qaramay, bu xabar meni qiziqtirolmadi. Menga desa, havaskorlar bilan o‘ynamaydimi, degan fikr o‘tdi, xayolimdan. Televizorni o‘chirdim.
Bu orada qizim yonimga keldi. Xomush ko‘rinardi. Sababini so‘rasam, “Dadajon, ikki kundan buyon boshim og‘riyapti”, deya javob berdi. Turgan yerimda qotib qoldim! Ikki kundir boshi og‘riyotganmish!.. “Negadir vahimaga tushdim”, deyolmayman, chunki nega ekanini yaxshi bilaman. Darhol doktor chaqirdim. Tekshiruvdan so‘ng, bir nechta dori yozib berdi va xastalik u qadar jiddiy emasligini aytdi.
–    Doktor! Og‘riqning sababi nima? – so‘radim, har xil xayollardan qutilolmay.
–    Janob, bosh og‘rishining ko‘plab sabablari bor. Qizimiz bir oz shamollabdi, shunga og‘rigan bo‘lishi mumkin,– dedi.

Rostdan ham bosh og‘rig‘ining minglab sababi bo‘lishi mumkin edi. Ammo mening aqlimga kelgani, meni qo‘rqitgani yagona, bittagina sabab edi.
Doktorning so‘zlaridan keyin ancha yengil tortganday bo‘ldim. O’zimni qo‘lga olishga urinarkanman, “Boshimdagi shishning menda emas, qizimda bo‘lishini xohlarmidim?” deya o‘yladim. Bu xayoldan titragan yuragim qa’ridan bir faryod yuksaldi:
“Alloh asrasin!..” Bu faryod yuragimdan tilimga ko‘chdi”Alloh asrasin!..” Qizimni, sultonimni mahkam bag‘rimga bosdim!.. Shishimni peshonamga, qizimni quchog‘imga olgancha, ich-ichimdan Tangri Taologa duolar qildim...
Ko‘nglim to‘lib ketdi. Qalbimni yumshatgan narsa mehr-shafqat tuyg‘usi edi. Otaning, onaning farzandiga nisbatan his qiladigan eng kuchli ikki tuyg‘udan bittasi bo‘lgan rahmdillik edi bu!..
Haqiqatdan ham bolalarimizni hatto o‘zimizdan ham qattiqroq yaxshi ko‘ramiz, ularga o‘zimizdan ko‘ra ko‘proq achinamiz... Va bu tuyg‘ular haqiqatdan ham go‘zal edi.
Sevgi va mehr-shafqat!
Yaxshi, ammo bizlarga ana shu mehr-muhabbat tuyg‘usini bergan Alloh-Taolo bizni sevmaydimi, bizga bizchalik rahmi kelmaydimi?! Agar haqiqatdan ham bizni sevsa, bizga marhamat ko‘rsatsa, u holda peshonamdagi shu dard, baloni nega berdi menga? Axir men endigina o‘ttiz yetti yoshdaman-ku! O’lib ketsam, ikki norasida bolam yetim bo‘lib qolmaydimi? Suyukli ayolimni beva, shirin-shakar farzandlarimni yetim qilib qo‘yadigan bu Ilohiy taqdir, haqiqatdan ham marhamatli taqdirmi?
Agar men bo‘lganimda edi, agar menda rahmdillik tuyg‘usidan bir ozgina bo‘lganda edi!..
To‘xtadim! To‘xtab qoldim... O’ylay boshladim!.. Xo‘-o‘-sh, men bo‘lganimda,nima qilgan bo‘lardim, men?! Bu yer abadiy qolinadigan dunyomi? Yoki, yaxshi bilan yomon ajratilib, yaxshilar rohatga yetishtiriladigan Jannatmi? Oxiratdagi Jannatni dunyoga ko‘chirib, dunyoni abadiy manzil qilarmidim?! Bular naqadar ahmoqona xayollar edi!
Hamma narsani biladigan, har ishni iroda-idora qiladigan yolg‘iz Allohning O’zi!
U holda, nega Uning xohishiga qarshi chiqib, norozi bo‘lyapman? Nega Uning taqdiridan xafa bo‘lib, isyon qilyapman? Imon keltirganim, haqiqatdan ishonganim Alloh-Taolo bizlarga abadiy dunyo hayotini va’da qilgan. Va’da qilib, O’z va’dasidan qaytganmidiki, men Undan xafa bo‘lsam!
Albatta yo‘q! Zotan Rabbimiz bizga bu dunyoning abadiy emasligini, hamma inson albatta bir kun kelib o‘lajagini bildirmaganmidi?! Shubhasiz, bildirgan edi, biroq bilgan bormi? Bilgan bilan anglagan bormi?
Shu insonlarga qarang!.. Olamlarning Parvardigori ularni yaratib qo‘yib, barchasiga “Albatta o‘lasiz”, deya buyurmoqda, biroq tinglaydigan odam yo‘q! Chunki, odamlarga Allohning buyrug‘idan ko‘ra do‘xtirlarning gapi tezroq ta’sir qiladi, garchi ularning so‘zlari xato bo‘lsa ham! Mabodo bir do‘xtir bir kishiga “Yaqinda o‘lasan!” desa, u xasta o‘sha zahoti salkam o‘layozadi!
Va ana o‘shandagina anglaydilar, tushunib yetadilar o‘limning nima ekanini!

O’ylayapman, bemorlar va shifoxonalar haqida fikr yurityapman. Xastalar hamda xastaxonada ular yotadigan o‘rinlarni ko‘z oldimga keltiryapman! Yotog‘iga uzalgancha, dardining iztirobidan qiynalayotgan insonlarning ahvollarini tushunishga urinyapman. Ularni qanchalik anglasam, shunchalik achinyapman, bu bechora xastalarning holiga. Chekkan iztiroblaridan charchagan ko‘zlarla shifokorga termulib, undan bittagina musbat so‘z eshitish ilinjida butun vujudi quloqqa aylanib, o‘zlariga berilgan dorini go‘yo obihayot ichayotgandek ixlos bilan ichayotgan bu bechoralar nima qilsa-qilsinlar, Ilohiy taqdirni o‘zgartirishga kuchlari yetmaydigan o‘lim mahkumlari edi ular!
Albatta, faqat ulargina emas, barcha-barcha insonlar ularnikiga o‘xshash dardlar, iztiroblar qo‘ynida ayni oqibat sari odimlamoqdalar.
Hech narsa bo‘lmagandek, hech narsa bo‘lmaydigandek yashashda davom etayotgan bu insonlar xasta bo‘lganda chekiladigan iztiroblarni, o‘lgandan keyingi azoblarni bilganlarida edi, shubhasiz dunyoga kelishni istamagan bo‘lishardi. Chunki, shu insonlarga yetishadigan, shu insonlarga yetishishi mumkin bo‘lgan shunday azoblar bor ediki, hatto qirq yil safo ichra yashash ham bu iztiroblarni chekishga arzimas edi!.. Dunyo hayotida qirq daqiqa safo surmay turib, shunday dardlarga giriftor bo‘lgan minglab inson, millionlarcha bechora bor edi.
U holda bu dunyoga nega, nega keldik?!
Musulmonlarning, barcha musulmon insonlarning bu savolga beradigan javoblari ma’lum! Bu dunyo hayotini bir imtihon yeri deb biladigan barcha musulmonlar “Biz bu dunyo hayotiga Jannatni qo‘lga kiritish uchun keldik”, deyishadi.
To‘xtadim, jim bo‘lib qoldim, o‘zimni yo‘qotayozdim!..
Ammo men bu so‘zni, bu javobni nega o‘zimga emas, mendan tashqari musulmonlarga nisbatan qo‘lladim? Holbuki, men ham musulmon edim, men ham xuddi shu javobni, xuddi shunday qat’iylik bilan berishim kerak edi! Yoki men bunga ishonmaymanmi?
O’zimni taftish qildim. Allohning borligiga qanday ishonsam, hech shubhasizki, Allohning va’dasi bo‘lgan ushbu so‘zga ham xuddi shunday ishonaman. Biroq, ishonganim bilan unga keragicha ahamiyat bermasdim. Dunyoga nima uchun keldik, degan savolga beradigan yo beshinchi, yo o‘ninchi javobim edi bu.
Juda soz, u holda oldingi to‘rtinchi yoxud to‘qqizinchi javob qaysilar edi? Ortiqcha qiynalmasdan topdim bu savolning javobini: bari pulga, hammasi moddiyatga, barchasi nafsiy orzularga oid narsalar edi.
Kuldim. Uch-to‘rt kungina oldin mutlaqo to‘g‘ri deya marmarga o‘yilgan yozuvdek, qalbimga chuqur qilib yozib olganim javoblar, o‘lim haqiqatining yengilgina bitta shabadasida o‘chib ketgan edi!.. Naqadar bema’ni, qanchalar behuda javoblar ekan, ular. O’limning sovuq shamolida o‘chib ketmaydigan birgina javob bu “Jannatni qo‘lga kiritish uchun!..” bo‘lsa kerak.
Bu to‘g‘ri javobmidi?
Jannatga erishish, unga kirish uchun shunchalik iztiroblarga, azoblarga arzirmikin?! Yoshligimdan beri Jannat haqidagi eshitgan, bilganlarimni o‘ylab ko‘rdim.
Shunday bir hayot rostdan ham bormikin? Albatta bor!
Bu dunyoni hamda shunday ulkan koinotni yaratishga qodir bo‘lgan Alloh taolo shubhasiz Jannatdek manzilni ham yaratishga qodirdir! Biz yashayotgan dunyo hayoti qanchalik haqiqat bo‘lsa, Jannat hayoti ham shunday haqiqat. Chunki, har ikki dunyoni yaratgan Rabbimiz barcha musulmon bandalariga Jannatni va’da qilgan.
Jannat hayoti!..
U abadiy bo‘lgan hayot. U yerda na dard bor, nada biror qayg‘u. Va u hayotda na shish degan balo bor, nada o‘lim! Har go‘zal narsaning eng go‘zal shaklini o‘z ichiga olgan bu hayot, hech shubhasiz haqiqiy baxtiyorlik, chinakam saodat hayoti edi!
Shularni o‘ylarkanman, ancha yengil tortganimni, bu tushunchalar ta’sirida holatim o‘zgarganini his qildim. Shu vaqtgacha musulmon ekanimni bunchalik ahamiyatli deb o‘ylamagan, musulmon ekanimdan bu qadar sevinmagan edim.
Men musulmon edim!..
Abadiy jannat hayoti bilan mujdalangan musulmonlardan bittasi men edim! Go‘yo jannat haqida endigina eshitgandek, hozirgina jannat xushxabarini olgandek edim!.. Qalbimning huzurga to‘lganini, yuragimning sevinchdan titraganini his qildim!
Abadiy jannat hayoti!..

Ha, faqat va faqat uning uchun yashash mumkin, faqat va faqat uning uchun o‘lish mumkin edi!..

Keyingi uch kun davomida o‘tgan hayotimning hisobini qildim. Gunohlarim bilan, savoblarim bilan butunicha hayotimni ko‘z oldimdan o‘tkazishga harakat qildim. Avvallari o‘tmishimga qaragan vaqtimda eng quvonchli damlarimni, faxrlanishga arziydigan onlarimni, bajargan katta-katta ishlarimni, amalga oshirgan ulkan loyihalarimni ko‘rardim. Endi esa, bunaqa dunyoviy ishlarimdan emas, o‘qigan namozlarimdan, bergan sadaqalarimdan sevinyapman. Kechmishimga qararkanman, o‘tkazgan hayotimda qiymatga ega bo‘lgan biror marvarid yoxud yoqut donasidek ko‘ryapman bu amallarimni. Juma namozlarini aslo qoldirmagandim, ramazon ro‘zasini ham deyarli tutardim, tarobeh namozlariga borar, shu kungacha juda ko‘p faqirlarga yordam bergandim, imonim bor, hech qachon junub holimda yurmagandim, cho‘chqa go‘shtini hattoki og‘zimga yaqin keltirmagandim, ba’zi yoshlarni uylantirgan, bir nechta masjid inshooti uchun temir va sement kabi ashyolarni olib bergan, ikkita masjid qurdirgan, shunga o‘xshash yana qancha ishlar qilgandim...
Alhamdulillah!.. Rahmatli otamni muhabbat bilan xotirladim. Qilgan barcha xayrli ishlarimni uning nasihatlari, yo‘l-yo‘riqlari bilan amalga oshirgandim. Rahmatli onajonim ham hayotliklarida haqqimga qanchalar duolar qilgan, kim bilsin...
O’tmishimga qaraganimda albatta ko‘rishni istamaganim, pushaymon bo‘lganim amallar ham bor edi... Hayotim sahifasidan ularni o‘chirib tashlash uchun, nimalar, nimalar berishga tayyor emasdim! Ilgari Alloh hamma gunohlarni istasa, kechiradi, deya o‘ylardim. Endi esa, o‘zim ham sababini bilmaydigan shubha va taraddud ichidaman!..
Ajabo, Alloh shuncha gunohimni afv qilarmikin?..
Meni tashvishga solgan bu shubhalardan qutilish maqsadida bir qancha imomlar, olimlar bilan uchrashdim. Ularga bir yaqin tanishimning xasta ekanini, besh-olti oydan keyin o‘lishi mumkinligini aytdim. Imonli inson bo‘lgan bu tanishimning bir qancha diniy amallarni bajarganligini, lekin gunohlari ham talaygina ekanini bildirganimdan so‘ng, Alloh taolo uning gunohlarini kechirishi mumkinmi, deya so‘radim.
Alloh rozi bo‘lsin, ulardan!.. Menga shunday go‘zal javoblar berishdiki, sal bo‘lmasa, o‘sha odam o‘zim ekanimni aytib yuboray, dedim. Ular menga o‘sha “tanishim”ning xayrli ishlarida yordamchi bo‘lishimni tavsiya qilisharkan, Allohdan aslo umid kesilmasligi lozimligini “unga” yetkazishimni bildirishdi... Men albatta bu nasihatlarni o‘rniga qo‘yishimni aytib, xayrlashdim.
Ancha yengillashgandim!..
O’lim va oxirat haqidagi kitoblarni sotib oldim. Ularni bir necha marta diqqat bilan mutolaa qildim. Bu kitoblarni oldin o‘qiganimda hech shubhasizki, bu qadar anglayolmagan, hozirgidek ta’sirlanmagan bo‘lardim.
Mavzuga oid oyati karimalar, hadisi shariflar meni rostdan ham to‘lqinlantirdi, qalbimni titratdi...
Garchi, o‘lim tushunchasini hamon yoqtirmasdim, ammo bu tushuncha meni oldingidek qo‘rquvga solmay qo‘ygandi. O’limdan qochishning iloji yo‘q edi, barcha insonlar albatta o‘lajakdi. Mening ana shu insonlardan yagona farqim, o‘limim haqida oldinroq xabar olganim va tez orada o‘lishimni bilganim edi. Yaxshi, ammo bu qanday farq edi? Bir kishining o‘z o‘limi haqida xabar olishi, qachon o‘lishini aniq bilishi uning uchun biror qiymatga egamidi?   

O’limning ne ekanini bilgan holda, o‘limini ko‘rgan holatda o‘limga qarab yurish yaxshimi, yo‘qsa, o‘limdan bexabar yasharkan, bir lahzada unga ro‘para kelishmi?
Bu savolga aniq bir javob topolmayman! Masalaga oxirat nazari bilan qararkanman, o‘limning ne ekanini bilgan holda, o‘lim haq ekanini e’tibordan qochirmagan holatda yashashning oxiratdagi oqibati albatta yaxshi bo‘ladi, degan qanoatdaman. Chunki, biz yoqtirmasak-da, o‘limga, o‘limdan keyingi hayotga tomon bir-bir bosib bormoqda edik. Shu bois kun sayin, daqiqalar, soniyalar sayin yaqinlashib borayotganimiz o‘limimizdan xabardor bo‘lish, unga tayyorlanish, o‘limning changaliga tasodifan tushgandan ko‘ra yaxshiroq bo‘lsa kerak...
Biroq, insonlar bunga chiday oladilarmi, o‘lim xabarini ko‘tara olisharmikin? Serqatnov shohko‘chalar bo‘ylab noma’lum sel yanglig‘ oqib ketayotgan shu odamlarning barchasi, hech shubhasiz, hammasi o‘lishi aniq. Ularning orasida albatta mendan avval o‘ladigan kim qancha inson bor edi. Agar ana shu qachon o‘lishlarini bilmaydigan kishilarga qay payt o‘lishlari bildirilganda nima qilishardi? Yoki barcha odamlarga ba’zi hayvonlar singari, ma’lum bir yilgacha umr berilganda, o‘lishlariga bir necha yil, bir necha oy va yo kun qolganda, nima qilgan bo‘lardilar?
Bunga qanday chidashardi, demayman! Chunki, chiday olishmasdi!..
Qo‘llaridan ba’zi mollari olib qo‘yilgan vaqtda jazavaga tushadigan, o‘zini u yoqdan-bu yoqqa uradigan necha insonlar, qo‘llaridan hayotlari olib qo‘yilganda hech shubhasizki, chinakam telba, haqiqiy jinniga aylangan bo‘lardi!..
Dunyoga, boylikka hirs qo‘ygan qancha insonga uch yildan keyin o‘lasan emas, o‘ttiz uch yildan so‘ng o‘lasan, deyilsa, o‘zgarishga harakat qilar, o‘limiga o‘n yil qolganda dunyodan etagini silkigan bo‘lardi!
Hayratlanarli emasmi! O’lishlarini, mutlaqo o‘lishlarini bilgan bu insonlarga, faqat qachon o‘lishlari bildirilsagina, hamma narsa, dunyodagi hamma narsa birdan o‘zgaradi. Chunki, o‘limni bilib, o‘limni ko‘rib yashash, yo‘lbarslar kezib yuradigan o‘rmonda sayr qilishdek bir gap edi!..
Har lahzada ustingizga tashlanishi mumkin bo‘lgan yo‘lbarslarni bila turib, xuddi hech qanday xavf-xatar yo‘qdek, gulxanda go‘sht pishirishingiz, o‘yin-kulgu qilishingiz mumkinmi?! Albatta yo‘q! U holda, bu insonlar o‘limdan bexabar ekan, o‘lim ramzi bo‘lgan yo‘lbarslarni ko‘rmaganlari muddatcha, xatar yo‘qdek g‘oyat xotirjam, qayg‘usiz yashay oladilar, hattoki bo‘yinlariga qo‘ng‘iroq osib o‘yinga tushishlari ham mumkin!
So‘ngra, so‘ngra esa birgina yo‘lbars bo‘kirishi va ortidan bir necha lahzalik tipirchilash bilan qabr sari safar!..

Albatta, o‘lim bu qadar oddiy va oson kechmaydi! Aytilgan bir necha lahzalik tipirchilash, hech shubhasiz, bir necha umrlarga tengdek tuyuladi o‘layotgan kishiga!.. Bilmadim, o‘lim onini tushuna olasizmi, anglay bilasizmi, uning dahshatini!..
Men uch-to‘rt hafta oldin eshitganim va sekin-sekin hazm qilishga uringanim o‘lim haqiqati bilan bir lahzada yuzma-yuz kelishingiz!..
Aqlingizni taniganingizdan buyon ichida yashaganingiz, birga yurib, birgalikda yugurganingiz tirik, tip-tirik vujudingizning bir onda tirgagi qulagandek, yerga yiqilishi!.. Necha yillardir ishlagan yuragingizning indamasdan to‘xtab qolishi, shu onga qadar temirchi sopqonidek tinimsiz nafas olib-nafas chiqargan o‘pkalaringizning boshqa nafas olmay qolishi!.. O’zingizni yo‘qotib, dahshatli qichqiriqdek yoyilgan vahima ichra qolishingiz!..
Siz ichida yashagan go‘sht yig‘indisining o‘lishi bilan, o‘zingiz ham o‘lim topishingizni bilib, dahshatga tushishingiz va vujudingizga qarab: “O’lma, o‘l-ma, o‘l-ma-a-a-!..” deya unsiz qichqirig‘ingiz!..

Yuragingizni ishlatishga, o‘pkangizni nafas oldirishga urinishingiz!..
Harakatsiz qolgan vujud, tinchib qolgan jasad ichra parishon joningizning, tonnalarcha og‘irlik ostida ezilgan, ezilgan sayin og‘irlashgan tikanli bombadek, bo‘g‘zingizga tiqilib qolganini his qilishingiz!..
Shu ongacha qo‘rquvni va qo‘rqinchli narsalarni tashqaridan izlagan ko‘zlaringizning, ichkaridagi dahshatdan tashqariga otilib chiqishga urinishi!..
Hozirgacha ko‘p ishlatganingiz “O’lim” kalimasini, shu paytgacha aslo qo‘llamaganingiz bir ma’no teranligi ila “O’lishim tayin!..”deya tan olishingiz!.. Charaqlab ochilgan ko‘zlaringiz bilan atrofingizga boqib, siz o‘lib ketarkansiz, hech narsa bo‘lmagandek davom etayotgan hayoti dunyoning qanchalar bevafo ekanini anglashingiz!..
Juda uzun deb hisoblaganingiz butun hayotingizni bir lahzada ko‘z oldingizdan o‘tkazishingiz!..
Tug‘ilishimdan, ulg‘ayishimdan, yashashimdan, asosiy maqsad, o‘lishim ekan degan fikrga kelishingiz va “Shu uchun tug‘ildimmi, shu uchun ulg‘aydimmi, shu uchun ishlab, shuning uchun yashadimmi?..” kabi savollarni xomush bir sukut bilan javobsiz qoldirishingiz!..
Ochilgan ko‘zlaringizdan pardalarning ko‘tarilishi va qarshingizda jon olguvchi farishtani ko‘rishingiz!.. Jonni, jon berishni unutib, dahshatli bir hayrat bilan qo‘rquv ichra o‘lim farishtalarini kuzatishingiz!..
Shu paytgacha milyardlab insonning ruhini qabz etgan farishtalarning, cheksiz sokinlik ila qudrat qo‘llarini siz tomon uzatishlari!..
Qochishni istab, qocholmaganingiz, hattoki joyingizdan bir qadam qimirlayolmaganingiz o‘sha onda ikki barmoq orasida qolgan bechora chumolidek ojiz ekaningizni anglab yetishingiz!..
Qilt etolmasdan, “Shoshmang, nima qilyapsiz!..” deyolmasdan, qo‘rquvdan qalt-qalt titragancha bo‘g‘zingizga tiqilib qolgan joningizning sug‘urib chiqarilishi!..
...Va o‘lishingiz, o‘limning nima ekanini o‘layotibgina anglashingiz!..

So‘ngra, so‘ngra cheksiz bir sukunat!..
Yerda yotgan jasadingizga qaraysiz!..
Tirikligingizda “Mening qo‘lim, mening oyog‘im, mening boshim...” deya o‘zingizga nisbat berganingiz bu go‘sht to‘plamining sizdan ayri, sizdan farqli bir narsa ekanini endigina farqlab yetmoqdasiz!..
Ulovini yo‘qotgan suvoriyga o‘xshaysiz!..
Necha yillardir minib yurgan, u yoqdan-bu yoqqa yugurtirgan otingiz endi o‘ldi!..
“Men, men...” derkan, qast qilgan narsangiz, aslida bu ot emas, otni boshqarib yurgan suvoriy ekanini fahmlaysiz, shunda!
Sizga omonat qilib berilgan shu otning, sizga omonat qilib berilgan jasadning Yaratuvchisi keladi aqlingizga!
“Allo-o-oh!..” deysiz shunda dahshat ichra...
Sizlarga shu vujudni bergan Allohning ushbu omonatiga tegishli buyruq va qaytariqlarini eslaysiz, ana shu onda! “Dunyo hayotida nima qilishim kerak edi, men nima qildim?..” degan savol otashtosh yanglig‘ gursillab tushadi ustingizga...
Ezilib ketasiz! Biror harakat qilolmaysiz, hatto qilt etolmaysiz bu savolning ostida!..
Holbuki, siz javobini biladigan, juda yaxshi biladigan bir savoldir bu! Biroq, jim turishni, yaxshisi uning ostida jimgina ezilishni afzal ko‘rasiz! Chunki, tilingizning uchida turgan javob, hattoki tilingizniyam uyaltiradigan javobdir!
Yana bir faryod yuksaladi menligingizdan:
“Allo-o-o-oh!..”

So‘ralgan va so‘ralmagan barcha savollarning hamma javoblari yashiringan ana shu “Alloh” deyishingizda! Menligingizdan yuksalgan bu faryod, ming afsuski, ko‘nglingizni xushnud qilgan sevgiliga yetishish sevinchini emas, Odil va Qahhor bo‘lgan bir hisob so‘rovchi bilan yuzlashishning dahshatini aks ettiradi!.. Dunyo hayotida faqat soyasini, mavhum soyasini ko‘rganingiz qo‘rquvning, aniq-tiniq haqiqati bilan, ochiq dahshati bilan yuzma-yuz kelasiz!
Vahimaga tushasiz... Bu dahshatlarning barchasidan qochishingiz, qocha olishingiz, o‘zingizdan qochishingizga, qocha olishingizga bog‘liq!
Biroq, qani edi buning iloji bo‘lsa!
Sizga sizdan uzoq, sizga Undan yaqin hech narsa yo‘q, atrofingizda!..
O’zingizni chorasizlikning tikanli chohiga tashlab yuboraqolasiz! Pushaymonlik tuyg‘usi olovda erigan bir ma’dan yanglig‘ oqa boshlaydi ichingizga... O’zingizni parchalash istagida parcha-parcha bo‘lib ketasiz!

Va jasadingizning tepasiga to‘plangan insonlarga qaraysiz!.. Sizga ming yildek uzoq tuyulgan shu bir daqiqalik muddat ichida sizga qarab, sizning holatingizni kuzatib turgan kishilarning, jag‘ingizni bog‘layotib, “Rahmatli indamasdan, qanday tinchgina jon berdi-ya!..” deganlarini eshitasiz!..
Boshqalarning o‘limidan o‘limning ne ekanini tanigan bu insonlarning o‘limga qanchalar begona, undan qanchalar yiroqda ekanini ilk bora anglaysiz!
Ha... o‘lish mutlaqo boshqa bir narsa edi!
O’lim bilan hamma narsa emas, faqat bir narsa tugardi!.. Va ana shu bir narsaning tugashi bilan hamma narsa yangidan boshlanar edi!..

Oxirgi paytlar fabrikaga borishni unchalik istamasdim. Juda zaruriy hollarda borar, ish rivojini o‘rganib, kerakli ko‘rsatmalarni berganimdan so‘ng qaytardim. Bir qarashda men faoliyatim suratini deyarli to‘xtatayozgan edim. Biroq, fabrika tinimsiz ishlardi, ishlardi-yu, yugurishdan to‘xtab, og‘ir odimlarla yurayotgan insonga o‘xshardi.
“Yetar!” derdim o‘z-o‘zimga.
Shu zayl ishlashi ham menga ko‘pdek tuyulardi. O’limli dunyoda juda ko‘p ishlab, ortiqcha boyishning nima keragi bor? Holbuki, bir oy oldin boshqacha o‘ylardim. Yengilgina kuldim. Dunyoning o‘tkinchi ekanini, o‘limli dunyo ekanini tushunib yetgandim!
Fabrikadan vaqtli qaytib, g‘alati bir xohish bilan qabristonga keldim. Qabriston eshigida bir oz turib qoldim, so‘ng ichkariga kirdim. Yaqin kunlarda tobutda keltirilishim aniq bo‘lgan qabristonga hozircha oyoqlarimda yurib kelgandim...
Bu yer qabriston edi, bu yer hamma keladigan so‘nggi manzil edi!
Qabristonni og‘ir-og‘ir qadamlar bilan aylanishni boshladim. Atrofimga benihoya hayrat bilan qarar, hamma narsani ko‘rishga, hamma narsani tushunishga harakat qilardim. Ilgari ishxona yoki fabrika qurish uchun mo‘ljallagan yerga kelib, uning hamma tarafini o‘rganib chiqardim. Endi esa, tamoman boshqacha fikrlar ichra boshqa narsalarni o‘rganish bilan band edim!..
Qabriston jim-jit yer edi!..

Qabrlar oralab yurarkanman, qabrdagilarni o‘ylarkanman, tirik ekanimni ilk bora farqlayotganga o‘xshardim. Tiriklik hayratlanarli hol edi. Biror tepalikning xuddi tirikdek yurayotganini yoxud sakrayotganini ko‘rsak hayratdan yoqa ushlab qolamiz. Suv, tuproq va tepalik singari moddalardan iborat bo‘lgan insonning yurishini, yugurishini, gapirishini esa, o‘rganib ketganimizdanmi, tabiiy hol deya qabul qilamiz. Fikr tanballigi bilan esnab, “Joni bor yuradi, joni bor yuguradi, joni bor gapiradi..” deb qo‘ya qolamiz.
Juda yaxshi, lekin ana shu jonning o‘zi nima? Tiriklik nima? Har qanday bir tepalikka jon kiritishga urinsak, jon berish u yoqda tursin, o‘sha bermoqchi bo‘lganimiz jonning nima ekanini, qanaqa narsaligini bilamizmi?
Ih!..
Balki bu savolning javobini biz tiriklar emas, jonidan ayrilgan o‘liklar, mayyitlar yaxshi bilishardi. Ba’zi narsalarning nima ekani, borligida emas, balki yo‘qolgandan so‘ng oydinlashadi. Qabristonni hamon og‘ir odimlarimla kezarkanman, qabrlarni va qabrdagilarni o‘ylashda davom etardim. Na men ulardan, na ular mendan yiroq emasdilar! O’limga yaqin turgan bir inson sifatida qabrdagilarning ahvolini yaxshiroq tushunar, yana ham yaxshiroq his qilardim. Va bir muddat o‘tgach, qabrdagilarning nigohlari bilan tashqariga, tiriklarning nigohlari bilan qabristonga boqdim.
Hayhot!..
Hayratdan seskanib ketdim. Bir-biridan qanchalar farqli, qanchalar ayri qarashlar edi, ular!
Qaraganini ko‘rayotgan, ko‘rganlarini anglay olayotgan nigohlar shubhasiz qabrdagilarniki edi! Juda aniq, nihoyatda tiniq qarashlar edi! Tashqaridan qabristonga, qabr ichidagilarga qaragan insonlar ko‘rish lozim bo‘lganini emas, ko‘rishni xohlaganlarini ko‘rardilar! Ba’zilari qabristondagi daraxtlarni, ba’zisi marmar toshlarni, ba’zilari esa qabr ustidagi tuproqni ko‘rishardi. O’zini teran o‘ylayotganini his qilgan ba’zi birlari esa qabr ichiga kirib, kafanlangan mayyitni ko‘rishardi!
Bu yaxshi, biroq kafanni ochib, uning ichidagiga qarashimiz lozim emasmi?
Go‘shtlari chirib ketgan u kalla suyagining nimasidan qo‘rqamiz? Boshimizga barmog‘imiz bilan urgan paytimizda “taq-taq” deya eshitilgan ovozlar bizning ham ayni oqibatga mahkum, xuddi shunday quruq boshga sohib ekanimizni eslatmayaptimi?!. Go‘shtlaridan ayrilgan u quruq kalla suyagida yolg‘onlardan tozalangan achchiq bir haqiqatni ko‘rmayapmizmi?! Bosh suyagidagi ko‘z chuqurlariga o‘z ko‘zlarimizni qo‘yib, bir lahza narigi dunyoga, undan ham yiroqlarga nega qaramayapmiz?!.
Hamma yerga ko‘z tashlarkan, bosayotgan tuprog‘imizga qararkan, borgan yerlarimizni yaxshilab ko‘rishni istarkanmiz, qabrlarga, qabr ichidagilarga nega qaramaymiz?!
Kun sayin, daqiqalar sayin yaqinlashib borayotganimiz u manzildan nega yuzimizni o‘giramiz, nima uchun qabristonlardan yiroqroq yuramiz! Agar yuzimizni dunyoga bursak, unda abadiy qolamiz, qabristonga umuman yaqinlashmaymiz, o‘lim nima ekanini bilmay baxtiyor yashaymiz, deya o‘ylaymizmi?!
Bu savolga ham qabrdagilar javob berishadi:
“Ha, shunday deb o‘ylaysiz! Biz ham xuddi shunday o‘ylar edik!..”
Bu juda to‘g‘ri javob edi! Zotan, qabristonda hech kim yolg‘on gapirmaydi! Hamma narsa, hamma rost gapiradi,bu yerda... Bu yer haqiqatan ham boshqa bir olam edi! Hamma narsa, sukutda, tiriklar olamidagi g‘ala-g‘ovur ovozlar yo‘q!.. Bu yerda hamma narsa shunday sokinlik bilan, shunday sassizlik bilan anglatiladi!

Ibratomuz bir sukunat, serma’no jimjitlik hukmron qabristonda...
Bu qabristonni to‘ldirgan minglab insonlar hech shubhasiz, bir paytlar ko‘cha-ko‘ylarni, bozorlarni to‘ldirib, u yoqdan-bu yoqqa yelib-yugurgan odamlar edi! Bu yerga kelib yarim soat o‘tirar-o‘tirmas, siqilib-zerikkan, nima qilishlarini bilmasdan, tezroq qabristonni tark etishga shoshilgan shu insonlar, uzoq yillardan beri mana shu qabrlarida ayni shaklda, ayni sukunat ichra jimgina yotishardi.
Qabrlarga qaragancha, takror-takror o‘ylay boshladim: “Ajabo, bu yerda yotgan mayyitlarning hech qanday tashvishi, g‘am-qayg‘usi yo‘qmikin? Shuni o‘ylarkanman, har bir qabrga birma-bir qaradim. Savollarimning javoblarini yana shu qabr ostida yotganlardan eshitishni istardim!
Yo‘q, unday emas! Xudo haqqi, aslo! Ularning hech biri g‘amsiz, qayg‘usiz emasdi! Qabrdagilarning barchasi, qiyomatga qurilgan soat, mahsharga tortilgan kamon singari edi!..
Barchasi nafasini yutgancha, qimir etmasdan, o‘sha onni – qayta tiriladigan lahzalarini kutib yotishardi!..
Yuzlari va nigohlari bir-birinikidan farq qilardi! Qaysi birining so‘nggi tabassumi, qaysinisining oxirgi pushaymonligi, yana kiminingdir eng so‘nggi tomchi yoshi ko‘zlarida qotib qolgan edi!!!
Barchasi ana shunday holatda kutishmoqda edi, Mahshar kunini!..

Ajabo, mening yuzim, mening so‘nggi ko‘rinishim qanday bo‘lar ekan?
Yuzimda eng oxiri qaysi ma’no, nigohlarimda qanday ifoda muhrlanar ekan?!..
Qo‘rqib ketdim, vahimaga tushdim... O’limdan emas, o‘limdan keyingi vaziyatdan qo‘rqayotgan edim...
Allohni o‘yladim, boshim egilib, bo‘ynim bukilib qoldi... Oyoqlarimdan mador ketib, bir qabrning shundoq yonginasiga o‘tirib qoldim. Qanchalik ojiz, qanchalar chorasiz ekanimni his qildim... Xuddi yo‘rgakda qo‘l-oyog‘i bog‘langan bechora bir go‘dakdek yig‘lay boshladim... Bilgan hamma narsamni; barcha insonlarni, barcha jumlalarni, barcha so‘zlarni unutgan edim. Xotiramda yolg‘iz bittagina jumla saqlanib qolgan va butun borlig‘im shu jumlaga mahkam yopishgan edi: “Allohim, menga yordam ber!..”
Tinimsiz ushbu jumlani takrorlardim:”Allohim, menga yordam ber, Allohim, menga yordam ber!..”
Shu paytgacha Allohga juda ko‘p duo qilgandim, ammo, o‘zimni Allohga, Allohni o‘zimga bu qadar yaqin his qilmagandim!.. Go‘yo har bir a’zom, har bir hujayram alohida -alohida qo‘llarga aylangan-u, men ana shu minglarcha qo‘llarim bilan Allohga uzalgancha, tinmasdan Unga yolvorayotgandim va bu duodan to‘xtashni, Allohdan yiroqlashishni aslo istamasdim: “Allohim, menga yordam ber!..”
–    Yordam kerakmi?
Cho‘chib tushdim! Eshitilgan bu ovozdan joyimga mixlanib qoldim. Bu ovoz yerdan eshitildimi, ko‘kdanmi, bilmay qoldim... Yotgan yerimdan atrofimga qaradim. O’ng tarafimda sakkiz-o‘n metrlar uzoqlikda bir kishi turardi. Unga hayrat bilan qarayotganimni ko‘rgach, sekingina “Assalomu alaykum!” dedi.
Bu qirq yoshlardagi soqolli bir kishi edi. Bir muddat jim bo‘lib qoldim. Nima qilishimni, nima deyishimni bilmasdim. O’rnimdan turib, sekingina kiyim-boshimni qoqdim. U kishiga qarab “Vaalaykum-assalom!” dedim-da, to‘g‘ri qabriston eshigiga qarab yura boshladim...
Yuragim siqilgandi... Hech istamaganim bir paytda, istamaganim bir shaklda qarshimda paydo bo‘lgan bu jonzot, jonimni siqqan edi!..

Ichkilik ichishni tashlagan, besh vaqt namoz o‘qishni boshlagan edim. Avval boshida bundan ko‘nglim to‘lmay yurdi. Bularning barchasini o‘lishimni bilganim uchun, o‘limdan qo‘rqqanim uchun qilyapman, degan xayol menga tinchlik bermasdi. Menga aslo yoqmagan bu xayoldan qutulish maqsadida ancha vaqt u bilan ichimda kurashib yurdim.
Biroq, uni yenga olmadim... Negaki, aslida haqiqatdan ham shunday edi!.. O’lishimni bilganim uchun aroq ichishni tashlagan, o‘limim yaqin qolgani bois, besh vaqt namoz o‘qishni boshlagandim. Keyinchalik buni tan oldim. Ham bu haqiqatni qanday qilib inkor qila olardim?! Zotan, Alloh taolo barcha insonlarga o‘lishlarini bildirgan, barcha insonlar har daqiqa o‘limga tayyor turishlarini istagan edi! O’lishini bilgan holda ibodat qilish, barcha musulmon bajarishi lozim bo‘lgan amal edi, zero...
Mana shularni o‘ylab, meni bezovta qilgan, meni vasvasaga solgan shaytoniy xayollardan qutuldim. Shaytoni la’in nima qilib bo‘lmasin, insonni yo‘ldan urishga harakat qilardi! Shaytonning ta’sirida qolib ibodatni tark qilgan insonlar, boshlari va burunlari ko‘tarilib, g‘o‘dayib qolgan, shuningdek, qabrlariga ham g‘o‘daygancha kiradigan insonlar bo‘lsa kerak.
Allohga beadad shukrlar bo‘lsinki, o‘shanday bandalaridan qilib qo‘ymadi!..
Biroq, to‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, besh vaqt namoz o‘qish nafsimga bu qadar og‘ir keladi deb o‘ylamagandim. Qayerdan bilibman, bu ish chekkadan qaragandagidek oson emas ekan!.. Namoz o‘qiyotgan paytlarimda ichim siqilganini, sababini o‘zim ham bilmaydigan bir og‘irlik ostida qolganimni his qilaman. Salom berib, namozdan chiqqach, ancha vaqt suvning ostida qolib, keyin suv ustiga chiqqan odamdek chuqur bir “ohh...”tortaman.
Holbuki, juma namozlarida hech qachon bunaqa og‘ir ahvolga tushganimni eslay olmayman. Garchi shu ongacha o‘qigan juma namozlarida Allohdan ko‘ra ko‘proq insonlarni, o‘zim ichida yashagan jamoani ko‘proq e’tiborga olardim. O’zim uchun tanlagan bir “imij”im bor edi. O’z tarixiga ega, millatchi hamda muhofazakor imij edi bu. O’zimni ana shu imijim bilan tanitar, uning yo‘qolishini istamasdim. Jumladan, juma namozlariga borishim ham aynan shu imijimning majburiy bir xususiyati edi. Allohga ishonardim, imonim bor edi, biroq yolg‘iz Alloh uchun namoz o‘qimasdim...
Hozir esa, ahvol tamoman farqli!.. Endi na imijimni, na jamoaning boshqa hukmlarini inobatga olaman. O’zimni ustidagi libosi yonib ketgan insondek ko‘ryapman. Necha yillardan buyon asrab kelgan imijimni belgilagan shu kiyimlarimni shosha-pisha egnimdan yechib otarkanman, na jamoani ko‘z oldimga keltiraman, na ular meni yalong‘och holatda ko‘rib qolishlarini!..
Bularning hech biri meni qiziqtirmaydi!
Endi men uchun yagona ahamiyatga loyiq bir borliq–Alloh taolo!
Men Allohning quliman va shu qullik nimani taqozo qilsa, barchasini bajarishga mukallafman! Bor-yo‘g‘i shu! Bundan boshqa hech narsa men uchun afzal emas! Nafsim xohlamasa ham, ibodatlar shum nafsimga og‘irlik qilsa ham, boshqa musulmonlar singari namoz o‘qishga, boshqa musulmonlardek haromlardan qochishga harakat qilaman!..
Bundan tashqari, boshqa musulmonlardan mening nima farqim bor? Boy va boobro‘ ekanimmi? Kasal bo‘lmasimdan oldin shunday deb o‘ylardim. Tarozining bir tarafiga mingta ishchini, ikkinchi tarafiga o‘zimni qo‘ysam, albatta men og‘ir kelaman, deya faxrlanardim! Ming ishchini qo‘l ostida ishlatgan, mingta ishchini moddiy jihatdan ta’minlagan bir inson, albatta ulardan og‘ir kelishi, ulardan ancha yuqori turishi tabiiy hol edi!
Biroq, xastalik xabari kelishi bilan hammasi o‘zgardi!..

Alloh bilan yuzma-yuz kelgan, Unga qaytishim muhaqqaq ekanini bir lahzada anglagandim!.. Shu tushuncha sabab taniganim yagona va eng muhim haqiqat, xalq ahamiyat beradigan boylik hamda obro‘-e’tibor singari narsalarga barcha mulkning, butun koinotning sohibi bo‘lgan Alloh taoloning qiymat bermasligi edi! Shu bois ham xalq nazdidagi e’tiborim Haq nazdida yakun topgan edi.
Haq nazdida yagona qimmatli narsa qullik edi!.. Qullikning qadrini joyiga qo‘yish edi! ..
Yana ham aniqroq e’tirof qilish lozim bo‘lsa, Haq nazdidagi tarozining bir tarafiga menga o‘xshagan bir boshliqni, ikkinchi tarafiga Allohga go‘zal qullik qilgan bir ishchini qo‘ysalar, hech shubhasiz, ana shu ishchi og‘ir kelgan bo‘lardi! Shunday ekan, dunyoviy obro‘-e’tibor bilan kibrlanishga, g‘ururlanishga aslo hojat yo‘q edi! Nafsimga qanchalik og‘ir kelmasin, Allohga loyiq qullik qilishga, hatto besh ming mashaqqat bilan bo‘lsa ham, besh vaqt namozni o‘qishga harakat qilaman! Mahkam tutganim bu ma’naviy arqonni aslo, aslo qo‘yvorish niyatim yo‘q!..

Keyingi kunlarda bosh og‘rig‘im bir oz kuchaydi.
Bu og‘riqlarning sababini bilmagan kunlarimda faqatgina og‘riqni his qilar va ulardan tezroq qutilishni istardim. Endi esa bu og‘riqlar ulkan bir daraxtning kichik tikanlaridek ko‘rinardi ko‘zlarimga.
Shifokorim Zakiybek esa, ahvol qanchalik umidsiz bo‘lmasin, tibbiy muolajani boshlashimni istardi. Muolajaning boshqa taraflama ta’sirlarini o‘ylab, bunga rozi bo‘lmadim. Ba’zi yaqinlarimga bir og‘aynimning xasta ekanini aytgandim. Giyohlardan dori tayyorlaydigan bir kishini tavsiya qilishdi. Ularning aytishicha, tabibning dorisidan ko‘pchilik tuzalgan ekan. Tavakkal qilib, shu tabibga bordim. Miyamning rentgen suratlarini ko‘rsatib, ahvolni tushuntirdim. U kishi menga Allohdan umid uzmaslik kerakligini, bergan giyohlarini ma’lum tartib bilan ichishim zarurligini bildirdi. Menga ham aynan mana shu tavsiya ma’qul kelgandi. Chunki, juda oz bo‘lsa ham, meni umidlantiradigan biror chorani qo‘llashni istardim. Bundan tashqari bu giyohlarning boshqa kimyoviy dorilarga o‘xshab, zararli tomoni yo‘q edi. Tabibning aytganiga binoan, giyohlarni icha boshladim.
Tabiat bag‘ridan yig‘ilgan bu giyohlar dorixonadan olingan dorilarga nisbatan yaxshiroq ko‘ringandi, ko‘zlarimga. Sog‘ayishim uchun agar bir mo‘‘jiza lozim bo‘lsa, bu mo‘‘jiza odamlarning qo‘li bilan tayyorlangan dorilarda emas, Alloh tomonidan yaratilgan ushbu o‘simliklarda mavjud bo‘lishi kerak edi.

Fabrikada kechadigan vaqtimning ko‘p qismini asosan kitob o‘qishlik bilan o‘tkazardim. Bu yerda o‘zim uchun mo‘‘jazgina bir kutubxona tashkil qildim. Turli mavzulardagi qiziqarli kitoblarni sotib oldim. Eng menga manzur bo‘lgan kitoblar esa, tasavvufiy rivoyatlarni anglatgan kitoblar edi. Bu dunyoga ne buyuk zotlar kelib-ketmagandi! Barchalarining bir-birdan go‘zal karomatlari bor edi. O’zlarini ziyorat qilish uchun kelgan odamlar bilan bir og‘iz gaplashmay turib, ularning nima maqsadda kelishganini bilishar va ehtiyojlarini qondirishardi. Ana shunday hol ahli bo‘lgan bir kishi bilan uchrashishni, unga yuragimdagi dardlarimni aytishni hamda uning haqiqatdan bahs etgan suhbatini tinglashni istardim.
Bunday insonlar, payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo (s.a.v.)ning “O’lmasdan oldin o‘lingiz” degan tavsiyalariga amal qilib, har kun o‘limning nima ekanini tafakkur qilib, o‘limni eslab yashaydigan kishilar edi. O’layotgan bir odamning ahvolini har holda ular yaxshiroq tushunishardi.
Ajabo, bizning davrimizda ham shunday shayxlar, murshidlar bormikin?
Shunday o‘ylar bilan o‘tirarkanman, xayolimga birdan Ismoil keldi. Do‘kondagi istarali sotuvchi! Barcha unga havas bilan qaraydigan kelishgan yigit. “Alsanjoq”ning shiddatli safobaxsh muhitidan o‘zini tortib ololgan edi. Tungi klublardagi qizlardan ko‘ra masjiddagi keksa kishilarning suhbatini afzal bilgan bu xushsurat yigit, samimiy harakatlari bilan ham atrofidagilarni ham meni hayratda qoldirgan edi!..
Lekin, u paytda Ismoilning bu harakatlari menga negadir erish tuyulgandi, yoshlik gashtini surmaydimi, deya o‘ylagandim, to‘g‘rirog‘i...
Ismoilni tariqatga kirgan deb eshitgandim. Bu qanchalik to‘g‘ri ekanini bilmayman. Suhbati shirin bo‘lgan bu yigit bilan qayerda ko‘rishib qolsak, har doim uzoq gaplashar, hazillashib turardik. Unga: “Nima gaplar, zamonaviy aqidaparast?” derdim. Biroq, bu hazilimdan hech xafa bo‘lmasdi. Menga jamiyatning buzilganidan, tizimning adolatsizligidan, axloqiy me’yorlarga putur yetganidan so‘zlar, va: “Avval inson, keyin musulmon bo‘lishimiz kerak”, derdi.
Albatta, uning gaplariga ko‘pam e’tibor bermasdim!..
Jamiyatda o‘rnini topolmagan bunday kimsalar albatta jamiyatga loy chaplaydilar. Men buni muvaffaqiyatsizlik natijasi sifatida ko‘rardim. Shuning uchun nasihat qilishi va nasihatiga quloq solinishi kerak bo‘lgan kishi, Ismoil emas men edim. Chunki uzoq yillar davom etgan sotuvchilikdan keyin, qancha mashaqqat bilan kichikroq bir do‘kon ochgan omadli inson Ismoil emas, men – akang qarag‘ay edim. So‘ziga quloq solinishi kerak bo‘lgan biror bir kishi bo‘lsa, mendan boshqa kim ham bo‘lishi mumkin!..
Ismoil haqida yana o‘yladim...
Hech ham ikkilanmasdan “Allohga qasamki, mendan aqlli ekan!”– dedim o‘zimga o‘zim. Yoshligidan nafsini jilovlash muvaffaqiyati oldida bir nechta fabrika egasi bo‘lgan meningdek kishining muvaffaqiyati arzimas bir narsa edi.
Nima ham derdim, haloli bo‘lsin!
Soat bir yarim...
Peshin namozini o‘qigandan keyin Qo‘noqqa borib, Ismoilni – o‘zimizning zamonaviy “aqidaparast”ni bir ko‘ray!..

Yarim soatdan beri Ismoilning yonidaman. Meni samimiy hurmat bilan kutib oldi. O’tirdik, choy keltirishdi. Avval bir oz o‘tgan-ketgandan, o‘tib ketgan tanishlarimizni eslab, eski xotiralardan gaplashdik. Ularning ba’zilari dindan, ibodatdan yiroq holda yashagan va o‘sha ahvolda dunyoni tark etishgandi!.. Ismoil “Qo‘limizdan nima ham kelardi...” degandek, nadomat bilan yelkasini qisdi. Yuzidagi ma’yus ifodadan imonsiz ketganlarga achinayotgani ko‘rinib turardi. “Ular bilan ko‘p marta gaplashdim, bilganlarimni anglatdim. Biroq, tushunishmadi, tushunishni istashmadi...” dedi siniq bir ovozda.
So‘ngra menga qaradi. Nigohidan “Sening ahvoling qanday?” degan savolni uqdim. Sekingina besh vaqt namoz o‘qishni boshlaganimni aytdim.
Yuzlarida, ko‘zlarida, nigohlarida bir narsa “yarq!” etib ketgandek bo‘ldi. Quvonchdan o‘rnidan sakrab turib ketdi. “Kel, bir bag‘rimga bosay!” deya sevingancha meni quchoqlab oldi.

Men o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Bir kishi o‘zga birov uchun qanday qilib, shu darajada qayg‘urishi, quvonishi mumkin? Holbuki, namoz boshlaganimdan hattoki, o‘zim ham bu qadar sevinmagandim... Biroq, Ismoilning bu samimiyatini ko‘rib, mamnun bo‘ldim.
– Qanday qilib?
– Nima qanday qilib?
– Namozni qanday boshlading?
Uning savolini tushungandim. Ismoil namoz o‘qishimga qanday voqea sabab bo‘lganini, nima turtki berganini so‘rayotgan edi. Nima deb javob berishni bilmay ikkilanib qoldim. Chunki, ahvolimni hech kimga aytish, tashvishimga yaqinlarimni sherik qilish istagim yo‘q edi.
– Bir yaqin og‘aynimning miyasida shish paydo bo‘lgan ekan. Juda qisqa umri qolibdi. Shu narsa menga qattiq ta’sir qildi...
Ismoil pastki labini tishlagancha boshini chayqadi:
– Necha yoshda?
– Deyarli... deyarli men bilan teng...
– Nima ham deymiz, Saljuq!.. Bu o‘limli, o‘tkinchi dunyo!.. Alloh taqdir qilgan hamma narsada xayr bor, beydilar!.. Inshaolloh, balki do‘sting uchun shu xastaligi biror xayrga vasila bo‘lar!..
Boshim bilan tasdiq ishorasini qilib, “Inshaolloh” dedim.
– Ismoilbek!
Mijozlar chaqirishayotgandi. Ismoil yana bitta choy keltirishlarini so‘rarkan, mendan uzr so‘rab, o‘rnidan turdi. Kelgan mijozlar bir oila a’zolari edi. Ular menimcha, kuyov uchun to‘y libosini olishmoqchi edi.
Men kuyov deya taxmin qilgan yigit bir nechta ko‘ylakni kiyib ko‘rdi, biroq, hech birini yoqtirmadi. Unga qarab turarkanman, “So‘nggi libosing kafan bo‘ladi, ey yigit!..” dedim ichimda. Kafan kiydirilayotganda hech bir mayyit injiqlik qilolmaydi. Hozir ko‘rib turganimdek, “Menga bunisi yoqmadi! Ranggi shunaqa, ko‘rinishi bunaqa bo‘lsin!..” deyisholmaydi.
Shu payt do‘konga cho‘loq bir kishi kirib keldi!
U o‘rta yoshlarda bo‘lib, soqol qo‘ygan, bir oz bechorahol ko‘rinishga ega edi. Bir-ikki qadam tashladi-da, to‘xtab, atrofiga qaradi. Ismoilning xaridorlar bilan gaplashayotganini ko‘rgach, men tomonga burildi. Nima qilishga qaror bergandek, cho‘loqlangancha men tarafga kela boshladi.
Tilanchi bo‘lsa kerak. Yuzidagi sokin ifoda bilan yonimga yaqinlashdi. Bir muddat taraddudlanib turganimdan so‘ng cho‘ntagimni kavlab pul oldim-da, unga uzatdim. To‘xtadi, pulga qarab turdi-da “Alloh qabul qilsin”, degancha uni oldi. Keyin Ismoil turgan tarafga qarab, unga yordamlashayotgan sotuvchi qizni chaqirdi:
– Osmon xonim!
Yonimizga kelgan qiz tabassum bilan:
– Xush kelibsiz, Said domla! – dedi.
“Xush ko‘rdik”, degandan so‘ng qo‘lidagi pulni uzatdi-da:
– Qizim, mana buni bir faqirga bering, iltimos!– dedi.
– Assalomu alaykum, ustoz! Xush kelibsiz!
Bu ovoz Ismoilniki edi. Ismoilga jilmaygancha boshini qimirlatgach, ularni hayrat bilan kuzatib turgan menga qarab ”Assalomu-alaykum!” degancha yonimdagi kursiga o‘tirdi.
O’zimni arang qo‘lga olib, “Vaalaykum-assalom!..” dedim va darhol ilova qildim:
– Kechirasiz!..
Ko‘zlarimga mayin bir tabassum bilan qarab:
–    Astag‘firulloh!.. Alloh uchun sadaqa berish, mag‘firatga, afvga vasiladir. Inshaolloh kechirilasiz!..– dedi.
Bu so‘zlarning ma’nosini to‘la tushunmagan bo‘lsam-da, “Inshaolloh” dedim. Butun diqqatimni jamlab, bu g‘alati kishini ko‘zdan kechirdim. Bu kishi Ismoildan kiyim olib kiymaganligi, yoxud uni Ismoil kiyintirmaganligi ko‘rinib turardi. Kiyimlari bir oz eski edi, biroq top-toza edi. Soch-soqolining uchdan bir qismi oqargandi. Yuzi sokin, jiddiy va o‘ta serma’no ko‘rinishda edi.
Yaxshilab e’tibor berdim. Sotuvchi qiz “domla”, Ismoil “ustoz” deya atagan bu kishi negadir menga juda tanish ko‘rinardi!
Xuddi uni qayerdadir ko‘rgandek edim. Nigohimni boshqa yoqqa qaratgancha, eslashga harakat qildim. Biroq, eslay olmadim!
Balki, bir paytlar qo‘limda ishlagandir, yoki biror masjidda ko‘rgandirman. Baribir emasmi!
–    Ismim Saljuq.
–    Tanishganimdan xursandman, meniki Said.
Xaridorlarni do‘kon eshigidan kuzatgan Ismoil yonimizga keldi. “Ustoz, yana bir bor xush kelibsiz!” degancha qo‘llarini siqdi. Yonimizga o‘tirgandan keyin bizlarni tanishtirdi. U kishini Qur’on ilmiga ega va bilganlariga amal qiluvchi muhtaram bir inson ekanligini bildirdi. Meni esa eski tanishi, do‘sti ekanimni aytdi. Qanday qilib besh vaqt namozni boshlaganimni aytishni ham unutmadi.
U kishi menga shunday nigoh bilan qaradiki, bu nigohlar juda o‘tkir va qat’iy bo‘lib, unda chuqur ma’no va savol yashiringan edi. Boqishlaridagi savolga javob berdim:
– Ismoil aytgandek, og‘aynimning ahvolini ko‘rgach, barchamiz ertami-kechmi baribir o‘lishimiz muhaqqaq ekanligini tushundim...
–    Qiziq!
–    Nima qiziq, o‘lishimizni anglashimmi?
–    Yo‘q! Og‘ayningizning xastaligidan shunday ibrat olishingiz! ..
Bir oz dovdirab qoldim:
–    Tushunmadim?
–    Hozirgi insonlar boshqa birovning hatto o‘limini ko‘rib ham hech qanday saboq olmas ekan, sizning harakatlaringizdan hayratda qoldim!
Nima ham deya olardim? Gapirilayotgan “ og‘aynim” mening o‘zim, deb ayta olarmidim?.. Masalani boshqa tarafga burish maqsadida: “Siz boshqalarning ahvolidan saboq olmaysizmi?” deya so‘radim.
–    O’zgalarning ahvolini ko‘rib, keragicha ibrat olganimda edi, boshqalardan ancha farqli inson bo‘lgan bo‘lardim.
Unga qaradim. “Boshqalarga umuman o‘xshamaysiz”, demoqchi bo‘ldim, biroq indamadim. Suhbatimizni jimgina tinglab o‘tirgan Ismoilga o‘girildim:
–    Ismoil, Shohinbey yaxshi yuribdimi?
Shohinbey Ismoilning eski xo‘jayini bo‘lib, nihoyatda ochko‘z, badnafs tadbirkor edi. Ismoil kulimsirab javob berdi:
–    Keksalik hamda xastaliklar Shohinbeyning qanotlarini sindirdi. Hozir surunkali parhez qilishga majbur. Kamgina ovqatga qanoat qilib yashamoqda.
Men ham yengilgina kulib qo‘ydim. Balki mendan ham boy bo‘lgan Shohinbeyning ahvoli, Ismoilga ham, menga ham kulgili tuyulgandir. Shunda go‘zal bir so‘zni xotirladim. Insonlar boshdan kechirgan tragediya, u haqda o‘ylagan kishilarni kuldirib, his qilgan kishilarni yig‘latarkan!.. Garchi, Shohinbeyning ahvoliga kulgan bo‘lsam-da, ichimda xomush bo‘lganimni yashirmayman.

–    Ismoil, hech narsa salomatlikning o‘rnini bosolmaydi! Qonuniy Sulton Sulaymonning satrlari bor edi-ku, nima edi?
Ismoil bir oz o‘ylagandan so‘ng, Said domlaga qaradi. Ustozi javob berdi:
“ Xalq ichinda mo‘‘tabar hech narsa yo‘q, davlat kibi
Bo‘lmagay davlat jahonda, bir nafas sihhat kibi...”
Domlaga qaragancha “Ha, xuddi shu”, dedim va qo‘shib qo‘ydim:
–    Nihoyatda go‘zal satrlar emasmi?
– Nimasi go‘zal?– dedi sovuqqina qilib.
“Befahm” deb yuborishimga salgina qoldi. O’zimni arang ushlab qoldim.
–    Albatta ma’nosi.
–    Ma’nosi qanday? Nima, nafas qiymatli-yu, davlat qadrsizmi?!
Bu odam yo meni imtihon qilayotgan, yoki sabrimni sinayotgandi. Jahlim chiqayotganini bildirmasdan javob berdim:
–    Bir nafaslik sog‘lik, sihat, albatta ming davlatdan ko‘ra qimmatli!
Bergan javobimni go‘yo eshitmagandek, eshitsa ham ahamiyat bermagandek yuzimga qaradi. Balki bu odamning qalbi tozadir. Jilmaygancha “Tushunmadingizmi?” dedim. Tabassumimga tabassum bilan javob bermadi. Sokin bir ovozda “Tushunmadim, siz ham tushundingiz, deb aytolmayman” degandan so‘ng qo‘shib qo‘ydi:
–    Bugun dunyoda sihatli holatda, sog‘-salomat shaklda nafas olayotgan milyardlarcha inson bor. Menga ayting-chi, qaysi birining olgan nafasi, qaysi davlatdan qadrli?!
Jim bo‘lib qoldim, o‘yga toldim, hayajonlandim!..
Bu g‘oyat mantiqli e’tiroz edi! Necha yillardan buyon, qancha asrlardan beri hamma to‘g‘ri deb bilgan, ma’qullab kelgan so‘zga shunday e’tiroz bildirgan bu kishiga nima deb javob berishimni bilmadim. Eng yaxshisi, savolga savol bilan javob berish edi:
–    U holda bu so‘z qanday ma’noga ega?
–    Menimcha bu so‘zning tayin bir ma’nosi yo‘q. Ma’noga ega emas, ma’noga muhtoj bir so‘z!
–    Qanday?
–    ...Vaqtni qiymatli yoki beqadr qiladigan narsa, bu o‘sha vaqtning qanday o‘tkazilishidir, uni sarflash shaklidir. Ya’ni vaqt–umr qanday, nima amallar bilan o‘tkazilganiga ko‘ra baholanadi.
–    Uning aytayotgan gaplari to‘g‘ri edi. Buni tasdiqlayotganimni ifodalovchi nigohlar bilan unga qaradim. So‘zida davom etdi:
–    Har qanday bir narsaga badal qilib bergan vaqtimiz, o‘sha narsadan ko‘ra qimmatliroq emas. Chunki, haqiqatdan ham qadrli bo‘lganida biz bu oldi-sotdiga rozi bo‘lmagan bo‘lardik. Shu bois, davlatni, mol-dunyoni hamda mansab-maqomni qo‘lga kiritish uchun sarflangan vaqt, xarj qilingan narsalardan ko‘ra qadrsiz holatga tushirilgan.
Uning aytayotgan so‘zlari meni teranroq fikrlashga undardi. Men uning xulosasini eshitishni istab “Alqissa?” dedim.
–    Xulosa shuki, davlatga sohib bo‘lishdan ham muhim, eng qimmatli bo‘lgan nafas, mol-dunyodan ko‘ra qadrli bir g‘oya, yana-da qimmatliroq maqsad sari berilgan so‘nggi nafasdir.
–    Ya’ni?
Hech narsa demasdan Ismoilga qaradi. Bu savolga uning javob berishini istardi. Ismoil menga kulimsirab qaragancha:
–    Buning javobini sen ham o‘rgangansan. Allohni rozi etish uchun, Uning rizosi istiqomatida yashash,– dedi. Uning tabassumiga javoban jilmaygancha “To‘g‘ri” dedim va qo‘shimcha qildim:
–    Ismoil, men buni bir oz kechroq o‘rgandim. Shunisiga ham Allohga beadad shukr!.. Buni bilmaydiganlar, hamon o‘rganolmaganlar juda ko‘p!..
–    O’sha og‘ayning biladimi?
–    Qaysi og‘aynim?
–    Haligi xasta o‘rtog‘ing-chi!
Ismoilning bu savolidan bir oz dovdirab qoldim. Xasta deb aytgan o‘sha o‘rtog‘imni, ya’ni o‘zimni qanday tanishtirishni bilmay ikkilanib qoldim.
Uning o‘zim ekanligidan kelib chiqadigan bo‘lsam, o‘zim qanday bo‘lsam, uni ham xuddi shunday tanishtirishim kerak:
–    Yaqinda u ham besh vaqt namoz o‘qishni boshladi. Zotan, kichik yoshidan buyon juma namozlarini qoldirmasdan o‘qiydi. Savobtalab yaxshi bir o‘rtoq...
Ilgarilari suhbatlashgan kishilarimdek, “E, shunaqami? Mashaalloh, borakalloh!..” deyishlarini kutardim. Ammo hech narsa deyishmadi. Quvonchini yashirmasdan Ismoil Said domlaga qaradi. Yuzida hech qanday o‘zgarish ko‘rinmagan domla menga o‘girilib, so‘radi:
–    Islomni biladimi?
Boshida savolni noto‘g‘ri angladimmi, degan xayolda bir lahza o‘ylanib qoldim. Yo‘-o‘-o‘q, to‘g‘ri tushungan edim! Mendan uning dindan xabari bormi, deya so‘rayotgandi! Shunaqayam bema’ni savol bo‘ladimi? Unga aytadiganimni aytsammikan, yoki indamasdan o‘rnimdan turib ketvorsammikan, deb o‘yladim. Said ismli bu odamga takror qaradim. G’oyat sokinlik bilan mening javobimni kutib turardi. Jim turolmasdim:
–    Bu nima deganingiz? Sizga uning besh vaqt namoz o‘qiyotganini aytdim, shekilli! Yoki eshitmadingizmi?!
–    Eshitdim.
Bu yaramas mening jig‘imga tegayotgandi!
–    U holda nega “Islomni biladimi?” deb so‘rayapsiz? Besh vaqt namoz o‘qigan odam bilmasligi mumkinmi?
Ismoil ham, Said ismli bu nusxa ham menga bir xilda qarab turishardi. Nigohlarida na bir hayrat, na bir hayajon bor edi. Tashqaridan qaralsa, go‘yo ular meni tushunib turishardi, ammo, ammo men ularni anglamayotgandim!
Javobni yana o‘sha Said deganlari berdi:
–    Namoz albatta, dinimizning buyruqlaridan biri. Biroq, Islomga kirishning birinchi, ilk sharti namoz emas. Har qanday bir inson namoz o‘qib boshlagani bilan, Islom dinini bilgan, Islomga kirgan hisoblanmaydi.
–    Siz namoz o‘qiydiganlar musulmon emas, demoqchimisiz?
–    Yo‘-o‘-o‘-q! Men bunday demoqchi emasman. Har bir musulmon albatta namoz o‘qiydi. Biroq, ming afsuski,bugungi kunda hamma namoz o‘qiyotgan kishini musulmon deya qabul qila olmaymiz!..
–    Baribir hech narsa tushunmadim!
Mana diqqat qiling! Islom dini yangi kelgan paytlarda namoz dinning shiori edi. O’sha vaqtlarda namoz o‘qiyotgan bir kishini ko‘rilganda, uning musulmon ekaniga shahodat keltirish mumkin edi. Chunki, u davrlarda mushriklar ham, kofirlar ham namozdan yiroq edi. Islomning boshlarida namoz o‘qigan kishilar faqat va faqat musulmon edi. Biroq, hozir bunday emas. Hozirgi vaqtda mushriklar ham namoz o‘qiydi. Albatta, buni namoz deyish mumkin bo‘lsa!..

–    Bir daqiqa shoshmang!.. Mushriklar qanday qilib namoz o‘qishlari mumkin? Axir Allohga ishonmagan kishi qanday qilib, masjidga borsin, nima uchun namoz o‘qisin?!
–    Mushriklar Allohni inkor qilib “Alloh yo‘q” deyishmaydi. Allohga ishonishadi, faqat Allohga sherik qo‘shishadi!..
Masjiddagi ma’ruzalarda Allohga ishonmaydigan, Allohni inkor qiladigan kofirlarni ko‘p eshitardim. Ammo, Allohga sherik qo‘shadigan mushriklarni hecham eshitmagan ekanman.
Odamzot naqadar g‘alati maxluq!
Ba’zilari inkor qilib, Allohning yagona Yaratuvchi ekanini qabul etmaskan, ba’zilari esa, Unga sherik qo‘shib, Allohning yakka-yu yagona Zotini ikkita-uchtaga chiqarisharmish!.. Astag‘firulloh! Biroq, namoz o‘qiydigan kishilar ichida shunday botil ishonch egalari bormikan?
–    Ham namoz o‘qib, ham Alloh ikkita-uchta deydiganlar bormi?
–    Alloh ikkita-uchta deyish, yakka bo‘lgan Zotida Allohga sherik qo‘shishdir. Masalan, “Allohning xotini, bolasi bor” deya Allohga sherik qo‘shadigan xristianlarda shunday shirk bordir. Xalqi musulmon bo‘lgan o‘lkalarda shirkning bunaqa ko‘rinishi uchramaydi. Bu o‘lkalarda mavjud bo‘lgan shirk shundan iboratki, ular Allohning Zotiga emas, Uning sifatlariga hamda hukmlariga nisbatan sherik qo‘shishadi. Chin dildan “Alloh birdir, U yakka va yagona” deydigan bir qancha kishi bu ifodasi bilan Allohni Zotida bitta deb qabul qilishlariga qaramay, ming afsuski, ijtimoiy hayotlaridagi ko‘plab yo‘nalishda, e’tiqodining ko‘plab o‘rinlarida Allohning sifat va hukmlarida Unga sherik qo‘shadilar.
Boshim “shishib” ketgandi! Biroq, aytilgan so‘zlarning mag‘zini chaqishni, ma’nosini anglashni xohlardim:
–    Hozir gapirganlaringizni yana bir marta qaytaring, iltimos!..
E’tiroz bildirmadi. Gapirganlarini yana bir bor yana-da tushunarliroq qilib takrorladi. Nimalarnidir tushunganday bo‘ldim, biroq keragicha angladim deb aytolmayman. Faqat shu narsani bilamanki, bu odam aytayotgan so‘zlar nihoyatda muhim edi, har bir musulmon bilishi zarur bo‘lgan narsalar edi. Uning gaplaridan yangi bir narsa o‘rganish bilan birga, oldindan bilgan narsalarimning ham o‘zgarganini his qilgandek edim. E’tiborimni tortgan bu kishi bilan ko‘proq, uzoqroq suhbatlashishni istardim:
–    Bu haqda menimcha, bemalolroq o‘tirib suhbatlashganimiz yaxshi. Mehmonimiz bo‘lasizmi?
O’ylangancha yuzimga qaradi-da javob berdi:
–    Men qishloqqa qaytishim kerak.
Ismoil gapga aralashdi:
–    Ustoz To‘rvaliga qarashli qishloqda yashaydi.
To‘rvali Izmir-Oydin yo‘lida bo‘lib, Izmirga kelib-ketayotganda G’oziyamir ustidan o‘tilardi.
–    Yangi fabrikamiz G’oziyamirda. Ertaga Izmirga qaytsangiz, kirib o‘tishingiz mumkin,– dedim.
Bir muddat o‘yladi. Keyin javob berdi.:
–    Inshaolloh, soat o‘nlar atrofida.
Men ham, “Xudo xohlasa”, dedim-da, fabrikaning qayerda ekanini tushuntirdim. So‘ngra ruxsat so‘rab, ketishga chog‘landim. Xayrlashdik. Ismoil meni eshikka kuzatib chiqdi. Undan so‘ramasdan ketolmadim:
–    Ismoil, bu qanday kishi?
U kulimsiradi:
– Bu savolni ertaga o‘zing javoblaysan. Biroq, uning so‘zlarini diqqat bilan tingla!..
Boshimni qimirlatgancha “Yaxshi” deya ishora qildim va qo‘shib qo‘ydim:
– Yaxshi qol!..

Soat to‘qqizlarda fabrikaga keldim.
Kecha Said domla bilan bo‘lgan suhbatimizning ma’nosini chaqishga harakat qilgan, nima qilishim lozimligini ancha o‘ylagandim. Islomiy mavzularda yetarlicha bilim va tushunchaga ega emasdim.
Boshida biror ustoz yoki shayxni suhbatimizga chaqirishni o‘yladim. Chaqirsam, kelishi mumkin bo‘lgan domlalar bor edi. Said domla bilan qiladigan suhbatimizni shu domla ham eshitishini, mohiyatiga e’tibor berishini istardim. Keyin fikrimdan qaytdim. Ustozlarni bir-biri orqali imtihon qilishdek tuyulardi bu harakatim. Ayniqsa, Said domlaga nisbatan odobsizlik bo‘lardi. Eng yaxshisi, suhbatni magnit tasmasiga yozib olib, keyin biror shayx bilan birga eshitib, mulohaza yuritish edi.
Ha, mana shu eng ma’qul fikr.
Uydan olib kelgan magnitofonimni ish stolimning birinchi tortmasiga qo‘yib, yozuv tugmasini bosib qo‘ydim. Keyin xonamning har tarafida yurgancha gapirib ko‘rdim. Tasmani boshiga olgancha, ovozimni eshitib ko‘rdim. Juda yaxshi, ovozimni nihoyatda tiniq yozgandi. Magnitofonni tortmada tayyor qilib qo‘ygancha, domlani kuta boshladim.
Soat beshtakam o‘nda fabrikaga keldi.
Pastga tushib, uni birinchi qavatning eshigida kutib oldim. Birga yuqoriga chiqdik. Yon-veriga unchalik ahamiyat bermasdi. Avvalgi payt bo‘lganda, unga fabrikaning hamma tarafini ko‘rsatgan, ta’bir joyiz bo‘lsa, bir oz “nafas oldirgan” bo‘lardim. Hozir esa, bunday niyatim yo‘q. Chunki, bu ulkan binoning men uchun ham hech qanday ahamiyatli, qiziqarli yeri qolmagan edi!..
Said domla bir oz oqsoqlanib yurardi. Chap oyog‘i ozgina kaltamidi, qiyshiqroqmidi, bilolmadim. Cho‘loqlanib, lekin ohista qadamlar bilan xonamga kirdi. Unga qulay bir o‘rinni ko‘rsatdim. O’tirdi.
–    Nima ichasiz?
–    Choy.
–    Achchiq bo‘lsinmi?
Kulimsiradi:
–    Farqi yo‘q.
Telefon tugmasini bosgancha, choy buyurdim. Darhol mavzuni davom ettirishni xohlardim. Magnitofon tugmasini sekingina bosib qo‘ydim-da, ilk savolimni berdim:
–    Kechagi suhbatdagi so‘zlaringizni o‘yladim. Faqat bittagina tushunolmaganim xusus bor. Siz har bir musulmon namoz o‘qiydi, biroq har namoz o‘qigan odam musulmon emas, dedingiz. Men anglay olmagan jihat, kecha siz kelmasingizdan avval Ismoilga yaqinda namoz o‘qishni boshlaganimni aytgandim. O’sha paytdagi Ismoilning quvonchini bir ko‘rsangiz edi! Namoz o‘qish modomiki, Islomning shiori emas ekan, u holda Ismoil nega bunchalik sevindi?
–    Alloh yoqtirmaydigan har qanday yomon amallarni tark qilib, namozni boshlash hech shubhasiz, har qanday bir insonning chin ko‘ngildan Allohga yo‘nalishi, Islomni talab qilishi demakdir.

Ismoilni sevintirgan jihat, sizning shu talabingiz bo‘lsa kerak.
Uning bu izohida mantiq bordek tuyuldi. Demak, Ismoilni sevintirgan narsa mening Islomga kirishim emas, dinga yo‘nalishim, Islomni talab qilishim ekan! Albatta, Islomga kirgan-kirmaganligim borasidagi sharh, ana shuning sharhi edi. Mening esa, bu mavzuda hech qanday shubham yo‘q edi. Men aqlimni taniganimdan buyon Islom dinida edim. Ba’zi kamchiliklarimga, ba’zi xatolarimga qaramasdan, hech shubhasiz musulmon edim.
–    Men tushunolmagan yana bir narsa bor. Kechagi suhbatimiz davomida besh vaqt namoz o‘qiydigan o‘rtog‘im haqida, u Islomni biladimi, deya so‘radingiz. Keyin esa, Allohga shirk keltirish haqida gapirdingiz. Siz bilgan bu narsalarni albatta, masjiddagi imomlarimiz ham, vo’izlarimiz ham bilishadi. Besh vaqt namoz o‘qiydigan o‘sha og‘aynimni masjidga bormagan, biror marta ham xutba va ma’ruza eshitmagan, deb o‘yladingizmi?
Bir muddat jim bo‘lib qoldi. Nazarimda yuzi sal g‘amgin ko‘rinish olgandi. Endi og‘iz juftlagan edi hamki, choy keltirishdi.
Yana to‘xtadi. Choylarimizni oldik. Choyiga ikki qoshiq shakar solgach, kursisiga suyanibroq o‘tirdi va ko‘zlarimga tikilgancha so‘zini boshladi:
–    Kecha biz juda qisqagina to‘xtalgan shirk masalasini barcha imomlarning, yoxud vo’izlarning bilish-bilmasligidan xabarim yo‘q. Men bilgan yagona narsa, ba’zi istisnolardan tashqari, ko‘plab masjidlarda bu haqiqatning tushuntirilmasligidir. Shunday ekan, har qanday bir kishining namozni boshlagandan so‘ng masjidga borishi, dinga oid hamma narsani, ayniqsa, shirkka taalluqli mavzuda to‘liq tushunchaga ega bo‘ldi, degani emas!
O-la-a! Bu odam oldin musulmonlarni ayblayotgan bo‘lsa, endi masjidlarni va undagi imomlaru vo’izlarni ayblayotgan edi! Allohga shirk qo‘shishdek muhim mavzular xususida masjidlarda gapirilmas emish!
Bir nafas o‘yga toldim.
Bular bir firqa, guruh bo‘lsa kerak! Masjidlarda o‘rgatilmaydi degan masalalari balki o‘zlariga oid masalalar, o‘zlarining tashviqotlari bo‘lishi mumkin! O’z firqalariga, guruhlariga kirmagan kishilarni “kofir” deb ataydiganlar bor deb eshitgandim. Xuddi shunday bir firqa bo‘lsa kerak bular!
–    Sizning firqangizning nomi qanday?– deya so‘radim.
Kulimsiragancha javob berdi:
–    Bizning hech qanday guruh yoki firqamiz yo‘q!..
–    Juda soz, unda sizlarni kimlar deb atashadi?
–    Islomdan xabari bo‘lganlar bizni faqat musulmon, deya ataydi. Bilmaganlar esa, turli nomlarni bizga yopishtirishadi. Masalan, “ aqidaparast” yoxud “fanatik”lar singari...
Ha, men shunday nomlarni eshitgandim. Demak, aqidaparastlar xuddi mana shular!
Choydan bir ho‘pladi-da, menga yuzlandi. Qisqagina bu suhbatdan keyin bezovta bo‘lib, taraddudga tushganimni go‘yo sezgandek edi.
–    Ko‘nglinggizga biror yomon fikr kelgan ko‘rinadi?
–    ...Shunday desam ham bo‘ladi. Sizlar haqqingizda turli mish-mishlar yuradi...
Kulimsiradi.
–    Bo‘lishi mumkin. Xalqni olqishlab, ular oqqan oqimda oqqanimizda, balki biz haqimizda yaxshi gaplar gapirishgan, maqtashgan bo‘larmidi. Bizlar esa, faqat Haqni e’tiborga oldik, Haq tomon bo‘ldik...
–    Haq deganda nimani nazarda tutyapsiz?
–    Avalo Qur’oni Karim, keyin undagi hukmlar. So‘ngra esa, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ning sunnatlari.
–    Mana endi to‘g‘ri gapirdingiz. Zero butun musulmonlarning fikri ana shunday.
–    O’zlarini Islomda deb bilgan har bir kishining Qur’on va sunnat haqida gapirishini bilamiz. Agar so‘zlayotgan so‘zlariga amal qilib yashasalar, albatta oramizda hech qanday farq qolmaydi.
–    Hamma sizga o‘xshab, aqidaparast bo‘lishi kerakmi?
–    Yo‘q, faqat musulmon!
Bu kishining musulmon degan so‘zni aytish ohangi menga umuman yoqmayotgandi. Bu kalimani shunday bir ma’noda gapirardiki, bu ma’nodan tashqarida qolganlarning barchasi kofir edi go‘yo!
Jim bo‘lib qoldim. Nima deyishimni bilmasdim. U ham so‘zlashdan to‘xtadi. Menga shunday bir nigoh bilan qaradiki, ko‘zlarida qayg‘uga o‘xshash bir ma’no bor edi.
–    Saljuqbey! Men bu yerga siz bilan tortishish uchun, sizni ranjitish yoki dilingizga ozor berish uchun kelganim yo‘q!.. Allohning lutfi bilan ko‘rishib turganimizdek, imon keltirganimiz haqiqatlar bor. Bir musulmon sifatida g‘oyat qadrlaganim bu ilohiy haqiqatlarni sizga tushuntirishni, siz bilan o‘rtoqlashishni istadim. Bu yerga kelishdan yagona maqsadim shu, xolos.
Chin ko‘ngildan aytgan bu samimiy so‘zlari menga nihoyatda yoqdi. Balki, ayb o‘zimdadir. Balki, uning so‘zlarini oxirigacha diqqat bilan tinglaganim yaxshiroqmidi?.. Uning ko‘nglini ko‘tarish maqsadida:
–    Zero, men ham sizni xuddi shuning uchun chaqirgandim. Faqat, masjidlar haqidagi so‘zlaringizga qo‘shilmayman. Istisno tariqasida gapirganingiz bilan, ko‘p masjidlarda bunday muhim mavzularga ahamiyat berilmasligini, o‘rgatilmasligini aytdingiz. Holbuki, barcha masjidlarimizda Islomning hattoki eng kichik mavzulariga ham hassoslik bilan yondoshiladi.
–    Men masjidlarda dinning kichik masalalari o‘rgatilmaydi, demadim. Bular o‘rgatiladi. Bir qancha masjidlarda e’tibor berilmaydigan xusus, bilishimiz eng muhim bo‘lgan tavhid hamda shirk masalasi.
–    Bular o‘rgatilmayotganini qayerdan bilasiz?
Bu kishi nihoyatda sabrli inson ekanidan, e’tirozlarimni g‘oyat sokinlik bilan eshitib o‘tirardi.
–    Qancha vaqtdan buyon masjidga borasiz?
–    Kichkinaligimdan buyon.
–    Albatta shuncha yil davomida bir qancha imomlar hamda vo’izlarning ma’ruzalarini eshitgansiz.
–    Shunday.
–    Endi aytadigan so‘zlarimga diqqat bilan quloq soling. Qur’oni Karimga imon keltirgan barcha domlalar, barcha olimlar Rasulullohni (s.a.v.) o‘zlariga o‘rnak deb bilishlari, u kishining sunnatlariga amal qilishlari kerak. Chunki, olimlar Payg‘ambarimizning vorislaridir. Payg‘ambarlar yashamagan, yoxud boshqa payg‘ambar kelmaydigan davrlarda payg‘ambarlarning nasihatlarini, da’vatlarini insonlarga yetkazish, ana shu payg‘ambar vorislari bo‘lgan olimlarning burchidir. Ana endi sizga bir savol, Rasulullohning (s.a.v.) va barcha payg‘ambarlarning eng muhim da’vatlari qaysi edi, bilasizmi?
Bir oz o‘ylab qoldim. Masjidlarda eshitganlarimni esladim. Javob naqd edi:
–    Allohga qullik qilishga chaqirish.
–    Juda to‘g‘ri, biroq bu to‘liq javob emas!..
–    Nega?
–    Yarmi yo‘q, javobingizning.
–    Tushunolmadim?

–    Mana tinglang. Alloh Taolo Qur’oni Karimning Nahl surasida barcha payg‘ambarlarning yuborilish g‘oyalarini ikki asosga bog‘lagan. Insonlarni tog‘utdan va tog‘utga qullikdan qutqarib, Allohga qullik qilishga da’vat etish. Endi menga ayting-chi, kichik yoshdan buyon tinglagan ma’ruza va xutbalarda tog‘utning nima ekanini, va undan qanday saqlanish lozimligini o‘rgandingizmi?
...Tog‘ut! Bu so‘zni umrimda birinchi bor eshitayotgan edim! Balki, turkcha ma’nosini bilishim mumkindir, lekin, nima ekanini baribir tushunolmayman.
–    Tog‘ut nima degani?
Jim bo‘lib qoldi. Nigohlarida yana g‘am bor edi. Ana shu mahzunlik bilan javob berdi:
–    Tog‘ut, insonlarni Allohdan va Allohga qullikdan uzoqlashtirib, o‘ziga qullik qilishga chaqiradigan hamma narsa... Shakli zamon va makonga qarab o‘zgarishi mumkin. Insonlarning qarshisida ba’zan but, ba’zan Fir’avn, ba’zida bir dindor shaxs, ba’zan bir partiya, ba’zida esa, bir davlat tarzida namoyon bo‘lishi mumkin!..
Hayratim ortgandi!
–    Bizning o‘lkada qanday ko‘rinishi bor?
–    Ming afsuski, hamma turi, hatto ortig‘i bilan!..
Boshimni deraza tomonga burgancha, nigohimni olislarga tikdim... Bu odam tog‘utdan so‘zlayotgandi!
Barcha payg‘ambarlar insonlarin tog‘utga qullik qilishdan qaytarish va yolg‘iz Allohga qullik qilishga da’vat qilish uchun yuborilgan!.. Bu tushunarli, lekin tog‘ut nima?..
Tog‘ut, insonlarni Allohga qullikdan qaytarib, o‘ziga qul bo‘lishlariga da’vat qiladigan narsa emish!.. O’lkamizda bir qancha turi bor emish!..
Tashqaridagilarni o‘ylardim,
jamiyatni o‘ylardim,
tariqatlarni o‘ylardim,
davlatni o‘ylardim, ammo, qancha o‘ylamayin, hech qanday tog‘utni ko‘rmasdim!.. Bu diyorda insonlarni Allohga qullik qilishdan qaytaradigan nima ham bo‘lishi mumkin?
Xohlagan kishi istagan masjidida namoz o‘qiy oladi!
Xohlagan paytda ro‘za tutib, qurbonlik so‘ya oladi!
Xo‘sh, unday bo‘lsa, insonlarni Allohga ibodat qilishdan to‘sadigan narsa qayerda?
Shu xayol bilan Said domlaga qaradim:
–    Aytgan hamma gaplaringizni tushundim, ammo siz aytgan o‘sha to‘siqni hech qayerda ko‘rmayapman. Bu o‘lkada insonlarni Allohga qullik qilishdan nima ham qaytarishi mumkin? Xohlagan kishi istagan masjidida namoz o‘qib, ro‘zasini tuta bilsa. Kim to‘sqinlik qilishi mumkin?
Meni g‘oyat yaxshi tushungandek, boshini qimirlatdi.
–    Gaplaringiz to‘g‘ri. Bunga o‘xshash narsalarga uncha mone’lik qilinmaydi. Biroq, masalani bir oz kengroq tushuning. Tog‘utning insonlarni Allohga ibodat qilishdan qaytarishi ikki turlidir. Birinchisi tajovuz hamda zo‘rlashdan iborat. Odamlarni qiynab, “Allohga qullik qilmaysan!” deya majburlashadi. Bunga tarixdan juda ko‘p misollar keltirish mumkin. Masalan, ashobi uhdud, imonlaridan qaytmagan barcha mo‘‘minlarni olovli chuqurga tashlagan. Bu tog‘utning birinchi ko‘rinishidir. Ikkinchisi esa, birinchisidan ko‘ra yumshoqroq, lekin, o‘ta tahlikalidir. Tog‘utning bu turi birinchisidagidek, insonlarga “Allohga qullik qilmanglar!” deya zo‘ravonlik qilmaydi. Ularni siz aytganingizdek, namoz o‘qish va ro‘za tutish kabi ba’zi ibodatlariga to‘sqinlik qilmaydi. Insonlardan faqatgina bitta, yagona kutgan narsasi bor...
Jim bo‘lib qoldi. Balki, bir oz tin olmoqchi bo‘lgandir, biroq men kutolmasdim. Qiziqsinib so‘radim:
–    U nima ekan?
–    Ham Allohga, ham o‘ziga qullik qilishlari!.. Chunki ularning aql o‘rgatuvchisi, vasvasa elchisi bo‘lgan shaytoni la’in juda yaxshi biladiki, Alloh bilan birga boshqa bir narsaga qullik qilgan inson, mutlaqo va mutlaqo Allohga qullik qilgan, ibodat qilgan bo‘lmaydi!.. Allohga qullik qilishning asosi tavhiddir! Chunki, Allohga qullik faqat va faqat Allohning yakka O’ziga qilingan qullikdir. Olamlarning Rabbi bo‘lgan Janobi Haq, O’zi bilan birga boshqa bir narsaga qilingan qullikka aslo va aslo rozi bo‘lmaydi! Va bunday qullikni qabul qilmaydi.
Said domla muhim deya ta’kidlayotgan narsa faqat va faqat Allohning O’zigagina qullik qilish edi. Alloh qabul qiladigan qullik, ana shunday qullik emish! Bunga kimning qanday e’tirozi bo‘lishi mumkin?..
–    Farzandingiz bormi?
–    Ha, bir o‘g‘il va bir qiz.
–    Allohning yo‘lida yuruvchilardan qilsin! Endi o‘g‘lingizni olaylik. Agar o‘g‘lingiz sizni ota demasa, sizning otasi ekaningizni inkor qilsa, jahlingiz chiqadimi, yo‘qmi?
Shunaqayam bema’ni savol bo‘ladimi?
–    Albatta jahlim chiqadi!
–    Allohga qullik qilishni inkor qilganlarni ham shunga o‘xshatish mumkin. Sal oldinroq aytganimdek, tog‘utning birinchi ko‘rinishi, ilk da’vati xuddi mana shudir. Inkor qildirish. Ikkinchi shakli esa, sizni “Ota” deb atashdan voz kechmagan o‘g‘lingizning boshqalarni ham “Ota” deyishiga o‘xshaydi. Mana shunday holatda siz qanday yo‘l tutgan bo‘lardingiz? O’g‘lingiz ba’zi bir kishilarni ham “Ota” deb tursa, sizni “Ota” deyishining biror ahamiyati, ma’nosi bormi?
Qiziq o‘xshatish edi bu.
O’yga toldim. O’g‘limning meni “Ota” deb tan olmasligi, mening otasi ekanimni inkor qilishi bilan men bilan birga yana kimlarnidir “Ota” deyishi deyarli bir-biriga yaqin tushuncha edi!..
Muhim bo‘lgan narsa, mening ota ekanimni inkor qilmasligi va faqat meni “Ota” deb atashi edi.
Mendan javob kutayotgan Said domlaga “Yo‘q!” degan ma’noda boshimni qimirlatgancha:
–    Hech qanday ma’nisi yo‘q! – dedim. U davom etdi:
–    Alloh bilan birga boshqa narsalarga ham qullik qiladigan kishilarning ahvoli, otasi bilan birga boshqa kishilarni ham “Ota” deb ataydiganlarning holatiga o‘xshaydi. Farzandingiz ustida faqat otalik haqqingiz bo‘lgani holda, bunday holatni qanday qabul qilmayotgan bo‘lsangiz, insonlarining ustida Ilohlik haqqi bo‘lgan, ularni yaratgan, odamzodni yashatgan Alloh taolo ham O’zi bilan birga boshqa narsalarga qullik, ibodat qilinishiga aslo rozi bo‘lmaydi!
Kulimsiradim.
Faqat Allohga qullik qilish masalasini qanchalik go‘zal misol bilan tushuntirgan edi!
–    Minnatdorman!
Nigohlarida xursandchilik aks etdi. Mamnun bir ovozda:
–    Tushunganingiz uchun men sizga rahmat deyishim lozim.

Ha, men anglab yetgandim... Alloh bilan birga boshqa hech narsaga qullik qilmaslik kerak. Ham Allohga, ham tog‘utga qullik qiladiganlar, Allohga emas, tog‘utga sig‘ingan kimsalar edi!
Tog‘ut!
Yana ro‘para keldim, shu so‘zga!..
Lekin, hamon ana shu tog‘utning kim yoki nima ekanini, qayerda ekanini, insonlarni qanday qilib o‘ziga sig‘inishga chaqirishini bilolmay hayron edim.
–    Bu o‘lkada tog‘utning nima ekanini, kimlardan iboratligini tushunolmayapman?
Boshini “Bo‘ldi”, degandek qimirlatgancha:
–    Inshaolloh buni tushunib olasiz, – dedi. So‘ngra o‘rnidan turdi. Ketishga chog‘langanini ko‘rib tursam-da, aslo ketkazgim kelmayotgandi.
–    Hojatxonangiz qayerda?
Xursand bo‘lib ketganimdan darhol oyoqqa turdim:
–     Marhamat.
Unga hojatxonani ko‘rsatganimdan keyin xonamga qaytdim. Magnitofon esimga tushdi. Darhol yozish tugmasini bosdim. Kasseta haliyam tugamagan ekan. Har ehtimolga qarshi boshqa yangi kasseta qo‘ydim. So‘ngra o‘tirgancha Said domlaning so‘zlarini mulohaza qila boshladim.
Menga yangi, yap-yangi narsalarni bildirgan bu odamga nisbatan hurmat tuyg‘usi uyg‘ongandi qalbimda. Uni yoqtirib qolgandim.

O’n daqiqalardan keyin kirib keldi.
Yuzi hamda sochlari ho‘l edi. Tahorat qilganligi bilinib turardi. Unga darhol bir sochiq uzatdim. Olarkan, rahmat aytdi. Kursimga o‘tirarkanman, yana sekingina magnitofon tugmasini bosib qo‘ydim. Bu yashirincha harakatim o‘zimga ham yoqmayotgandi, biroq, na iloj?.. Alloh kechirsin!..
–    Tog‘ut haqida bahs yuritayotgandik.
–    Ha, har bir musulmon saqlanishi lozim bo‘lgan tog‘ut haqida gaplashayotgan edik va siz o‘lkamizda mavjud bo‘lgan tog‘utlarni tanitishimni so‘ragandingiz.
–    Shunday.
–    Bizning boshqa choy haqqimiz yo‘qmi?
–    Kechirasiz, umuman xayolimdan ko‘tarilibdi!..
Darhol ikkita choy buyurdim. Soatga qaradim. Peshin kirayozgandi. Telefon tugmasini takror bosdim:
–    Mehmonim bilan shu yerda ovqatlanaman. Tayyorgarlik ko‘ring.
Said domlaga qaragancha so‘radim:
–    Yeydigan hech qanday parhez ovqatingiz yo‘qmi?
–    Parhezda emasman, lekin ishtaham yo‘qroq. Men uchun ovora bo‘lmang.
–    Iye, bu nima deganingiz, ovorasi bor ekanmi!
Shu onda choy keltirishdi. Xizmatdagi xodimimga minnatdorchilik bildirgancha, choyini oldi. Choyiga ikki qoshiq shakar soldi va aralashtirgach, kursiga suyanib o‘tirib oldi. Ko‘zlarimga tikilgancha gapirishni boshladi:
–    Saljuqbey! Din va Iloh tushunchalarining qanday ma’noni bildirishini anglab yetgan vaqtingiz, shubhasiz tog‘utning ham nima ekanini, kim ekanini mutlaqo tushunib olasiz. Men avvalo din so‘ziga to‘xtalaman. Din nima? Din degan paytimiz nimani tushunmog‘imiz kerak?
Bir lahza jim bo‘lib qoldi!.. Javob berishimni emas, o‘ylab ko‘rishimni istayotgandek edi. Holbuki, o‘ylanadigan nima ham bor edi! Hammamiz biladigan narsa emasmi? Din degan paytimiz barchamiz nimani nazarda tutishimiz ma’lum-ku. Allohni rozi qilish uchun U buyurgan ba’zi ibodatlarni bajarishimiz, ichkilik-aroq hamda cho‘chqa go‘shti singari harom bo‘lgan narsalardan saqlanishimiz. Bu javobni bilsam-da, hech narsa demadim. Javobini uning o‘zidan kutayotgandim.
Din, bir yashash shaklidir. Islom dini ba’zi kishilar o‘ylaganlaridek,yigirma to‘rt soatimizning muayyan vaqtlarigagina emas, yashagan butun yigirma to‘rt soatimizga tegishli bo‘lgan, oydinlatgan, umrimizning har bir daqiqasini taftish qilgan, tartibga solgan bir dunyoqarash, bir hayot tarzidir.
Jumladan, dinimizning asl manbasi bo‘lgan Qur’oni Karimga qarasak, unda butun hayotimizni qamragan, hayotimizni to‘lig‘icha taftish qilgan hukmlarning, qonunlarning borligini ko‘ramiz. Chunki, mana shu Dindir! Chunki, din keng doiradagi hayot tarzidir. Shunday ekan, din degan vaqtimizda shuni bilmog‘imiz kerak.
Har din bir dunyoqarash, bir hayot tarzi bo‘lganidek, har dunyoqarash, har bir hayot tarzi ham bir dindir! Butparastlik bir dindir, majusiylik bir dindir, insonlarga ma’lum bir hayot tarzini in’om qilgan har bir g‘oya, har bir tuzum bir dindir.
Uning so‘zlarini jon qulog‘im bilan tinglardim. Aytganlarini tushunishga harakat qilar va anglar edim.
–    Yer yuzida asosan ikki xil din keng tarqalgan. Haq din va botil dinlar. Bashariyatdan manba olgan barcha g‘oyalar, barcha dinlar botildir. Bir qancha botil dinlar bor bo‘lishiga qaramay, bitta, faqat bittagina haq din bordir.
Mushohada qilib o‘tirmasdan gapga aralashdim:
–    Islom!..
So‘zini bo‘lgandim, biroq jahli chiqmadi. Bir muddat ko‘zlarimga tikilib turdi-da, so‘radi:
–    Nega Islom?
Tavba qildim, savolni qarang! Bu odam meni yana taraddudlantirib qo‘ygandi.
–    Nega deganingiz nimasi? Islom dini insoniyat tarafidan o‘ylab topilgan din emas. Alloh tarafidan yuborilgan haq dindir.
–    Juda to‘g‘ri. Biroq, izohlashingiz lozim bo‘lgan bir masala bor. Musoviylik ham, Isoviylik – xristianlik ham samoviy ya’ni Ilohiy manbaga ega bo‘lgan dinlardir. Shunday ekan, nega musoviylik yoxud xristianlik demasdan, Islom dini dedingiz?
Nima deyishimni bilmay o‘ylanib qoldim. Bu to‘g‘ri e’tiroz edi. musoviylik ham, xristianlik ham Ilohiy manbalarga tayangan dinlar edi. Biroq, bir daqiqa!.. Ammo ular dinlarini buzishgan edi!
–    U dinlar ham Alloh tarafidan yuborilgan, ammo odamlar undagi Ilohiy hukmlarni o‘zgartirishgan, dinni buzishgan!..
Mayin tabassum bilan boshini ohista qimirlatdi. So‘zlarimni tasdiqlayotgandi.
–    Ha. Manbasi Ilohiy bo‘lgani bilan, insonlar tomonidan o‘zgartirilgan, ba’zi hukmlari o‘chirilib, ba’zi yangi hukmlar kiritilgan dinlar ham botildir!
Bir oz jim turganidan so‘ng so‘radi:
–    Xo‘sh, musulmonman degan insonlar ham dinlarida yo‘q ba’zi narsalarni kiritib, Alloh buyurgan ba’zi bir amallarni tark qilsalar va nomini Islom deb atasalar, bu din haq din bo‘ladimi?
Nima deyishim mumkin? Javobi ma’lum...
–    Bo‘lmaydi...
–    Ha, bo‘lmaydi. Bularni aytishimning sababi, Islom dinini haq din qilgan unsur, bu dinning faqatgina samoviy bo‘lishi, yoxud nomining Islom deyilishi emas.

Shunday ekan, biz yashayotgan dunyomizda oti Islom deb atalgan har qanday dinga, nomi Islom deb atalgan har qanday hayot tarziga haq dindir, deyolmaymiz. Chunki, nomi Islom bo‘lishiga qaramay, insonlar tarafidan kiritilgan yangiliklar hamda yo‘l qo‘yilgan kamchilik va xatolar, ataylab yoki bilmasdan dinni buzish kabi holatlar mavjud bo‘lgan din, asl e’tibori bilan Haq din bo‘lgan Islom dini emasdir! Manbasi Ilohiy bo‘lishiga qaramay, insonlar tomonidan bid’at, xurofotlar kiritilib, buzilgan dinning musoviylik yoxud xristianlik dinidan hech qanday farqi yo‘qdir.
Bir muddat tin olgach, davom etdi:
–    Alloh Taolo nazdida yagona Haq din bo‘lgan Islom, Qur’on va sunnat chegarasidagi Islomdir. Chunki, haq bo‘lgan din, Haq o‘lchovlariga ko‘ra yashalgan dindir.
Men hayratda qolgandim! Bilaman deb hisoblagan masalamda qanchalik bilimsiz ekanimdan hayratlanayotgandim. Din so‘zining nechog‘lik keng va teran ma’nosi bor ekan!
Mening shu paytgacha mavjud bo‘lgan din haqidagi tushunchamni qanday baholash mumkin?.. Shu paytgacha nomi Islomdan iborat hamma narsani haq deya qabul qilardim. Holbuki, haq bo‘lgan Islom, Said domla ta’kidlaganidek, Haq o‘lchovlariga sodiq bo‘lgan Islom ekan!
Uning so‘zlari nihoyatda to‘g‘ri emasmi? Nomi Islom bo‘lishiga qaramay, o‘zgartirilgan, buzib ko‘rsatilgan bir dinning musoviylik yoxud xristianlikdan nima farqi bor? Bid’atlar kiritilib, Allohning haq hukmlari chiqarib tashlangan xristianlikni botil deymiz-u, ayni shaklda buzib ko‘rsatishga urinilgan dinni oti Islom ekan deb, haq deya olamizmi?
Yaxshi, biroq Islom dini shunday bid’atlar bilan buzilganmi? Islom dini e’tiqodida ekanini bildirgan musulmonlar ham musoviylar yoki xristianlar singari dinlarini buzishganmi?
–    Islom dinini ham o‘zgartirishganmi? U ham buzilgan botil dinmi?
Darhol qo‘lini ko‘targancha menga “Jim!” degandek ishora qildi. Ko‘zlaridagi ma’no keskin o‘zgargan edi!
–    Alloh asrasin, aslo! Islom dinini bunday tahlikadan Allohning O’zi asrasin! Bugungi kunda dunyoda haq bo‘lgan Islomni, haq bo‘lgan o‘lchovlariga asosan yashayotgan milyonlab musulmonlar bor! Bu musulmonlar tobe bo‘lgan din, hech shubhasiz, haq bo‘lgan Islomdir. Faqat, nomi Islom atalishiga qaramay, ba’zi firqalar, ba’zi guruhlar, ba’zi bir tariqatlar tarafidan buzilgan din, haq bo‘lgan Islom emasdir! Men faqatgina mana shuni aytmoqchi, bildirmoqchi edim, xolos.
Masalani anglagandim.
Dunyoda haq bo‘lgan yagona din Islom edi. Ammo, nomi Islom deya atalgan hamma din ham haq din emasdi. “Tushundim”, degandek, boshimni qimirlatdim.
– Din mavzusida shu qisqa ma’lumot hozircha yetadi. Muhim bo‘lgan narsa, dinning nima ekanini bilishimiz, haq va botil dinlarning asosiy mohiyatini tushunmog‘imizdir. Aslo unutmasligingiz kerak bo‘lgan xusus, haq bo‘lgan din, haq o‘lchovlariga sodiq bo‘lgan din ekanligidir. Shu bois, haq bo‘lgan Islom, Qur’on va sunnat chegarasida ta’riflangan hamda ayni chegarada yashalgan Islomdir.
Minnatdorchiligim aks etgan ko‘zlarimla unga boqarkanman, “ Hammasi tushunarli, ustoz!” dedim. Uni birinchi bor ustoz, deb atayotgan edim. Bu so‘zimdan hech qanday xijolat chekmadim. Bu inson haqiqatdan ham muhtaram bir kishi edi va ustozim hisoblanardi.
Telefon jiringladi. Go‘shakni ko‘tardim.
Kotibam kimnidir ulamoqchi ekanini bildirdi. “Ulama, bandman”, deya go‘shakni qo‘ydim. So‘ngra Said domlaga qarab, “Marhamat, davom eting”, deya iltimos qildim.
–    Endi esa, Iloh tushunchasi ustida bir oz mulohaza yuritamiz. Iloh o‘zi nima?
Ozgina tin olgach, davom etdi:
–    Iloh, Buyuk deya Unga sig‘iniladigan, yordam so‘raladigan hamda O’ziga ibodat qilinadigan Ma’bud, Tangri demakdir.
Axir bu men oldindan biladigan ta’rif bilan bir xil-ku! Zotan men ham Iloh deganda xuddi shunday tushunchaga ega edim. “Ha” degandek, boshimni qimirlatdim.
So‘zini davom ettirdi:
–    Shunday qilib, Islomning ya’ni dinga kirishning eng birinchi va eng muhim sharti, yagona Iloh Alloh ekanini bilish va tasdiqlash, faqat Ungagina qullik qilishdir. Xususan, shahodat kalimasida keltirilgan tavhid so‘zining ma’nosi mana shudir. “La ilaha illalloh” ya’ni, Allohdan boshqa iloh yo‘qdir, faqat Alloh bordir.
Bu ham g‘oyat tushunarli va aniq bo‘lgan narsa edi. Barcha musulmonlar iloh o‘laroq faqatgina Allohni qabul qilishadi. Said domlaga qarab, “Buni ham tushundim” dedim.
Jim bo‘lib qoldi. Ko‘zlarimga o‘ychan-o‘ychan tikilarkan, “Shoshilmang, hali yetarlicha tushundingiz, deb o‘ylamayman”, dedi. E’tiroz bildirmadim. Faqatgina kulimsirab qo‘ydim. Biroq uning nigohlardagi jiddiyat o‘zgarmadi.
–    Endi sizdan bir narsani so‘ramoqchiman. Allohdan boshqa iloh yo‘q ekan, u holda nega Rabbimiz bizlarni tavhid kalimasini bilishimiz uchun qattiq qistovga olmoqda, tavhidga chaqirmoqda?
–    Anglamadim?
–    Mana eshiting, sizga bir misol keltiraman: Sal avvalroq o‘g‘lingizdan bahs etgandik. Siz biror marta o‘g‘lingizga “O’g‘lim, sening mendan boshqa otang yo‘q. Sening otang faqat menman”, dedingizmi?
–    Yo‘q!
–    Albatta aytmagansiz. Chunki, bunday deyishingizning hech qanday hojati bo‘lmagan.
Bir muddat jim qolgach, davom etdi:
–    Yaxshi, siz o‘g‘lingizning yagona otasi bo‘lganingiz holda bunga ehtiyoj tuymasdan, bashariyatning yagona Ilohi bo‘lgan Alloh Taolo nega bunday so‘zni aytishni lozim deb bildi? Nima sabab, qayta-qayta “Sizning Mendan o‘zga Ilohingiz yo‘q. Sizlarning yagona Rabbingiz faqat Menman!” degan haqiqatni eslatmoqda?
Bu savol qarshisida jim bo‘lib qoldim.
–    Hayajonlanmang, masala siz o‘ylaganchalik chigal emas. Endi tasavvur qiling, o‘g‘lingizga: “O’g‘lim, sening mendan boshqa otang yo‘q” deb qachon aytishingiz mumkin? Yoxud qanday vaziyatda bunday ta’kidga ehtiyoj tuyasiz?
Juda qiziq savol edi bu!
Men qachon o‘g‘limga ”Sening mendan boshqa otang yo‘q!” deyishim mumkin? Javob topishga qiynalmadim. Agar ba’zi kimsalar o‘g‘limga uning otasi ekanliklarini aytib, yolg‘on iddaolarda bo‘lishsa, tuhmat qilishsa, ana o‘sha paytda ularning so‘zlarini inkor qilish uchun bunga ehtiyoj tuyaman.
– Qachonki, yolg‘onchi kimsalar o‘g‘limga uning otasi ekanliklarini iddao qilishsa, o‘shanda, – dedim.
Kulimsiradi.
–    Juda oddiy! Xususan, tavhid kalimasiga chaqirilishimizning hikmati ham xuddi shu. Allohdan boshqa iloh yo‘q, ammo, bu dunyo hayotida bizga o‘zini “iloh” deya ko‘rsatishga urinadigan, ilohlik da’vosini qilayotgan narsalar juda ko‘p!

Parvrdigorimiz esa, bizlarning “La ilaha” deyishimizni va bu so‘zning ochiq haqiqati o‘laroq bizlarga ilohlik iddaosida bo‘lgan bu singari soxta ilohlarni inkor qilishimizni istamoqda.
Hammasini endi tushunib yetgandim. “La ilaha” deyish bilan bor bo‘lgan yagona Allohni emas, ilohlik da’vosida bo‘lgan barcha soxta ilohlarni rad qilishimiz kerak ekan! Endi men uchun anglashilmagan yagona narsa, soxta ilohlarning kim yoki nimalardan iboratligi edi!
Rasululloh (s.a.v.) zamonlarida butlar bor edi. Insonlar butlarga sig‘inishardi. Biroq bunday butlarning barchasi tarixda qolib ketgandi. Balki, Afrikada butlarga sig‘inadigan ba’zi qavmlar bo‘lishi mumkin. Biroq ularning bizga, bizning jamiyatimizga qanday aloqasi bor? Bizning o‘lkamizda bunaqa butlar ham, butparastlar ham yo‘q-ku!
–    Biz yashayotgan o‘lkada uni iloh deya sig‘inishimizni istagan, ilohlik iddaosida bo‘lgan soxta ilohlar bormi?
–    Qudratli Tangrimizning Ilohlik haqqini o‘zida ko‘rgan har kishi, har ma’muriyat, yoxud har jamiyat insonlarga nisbatan ilohlikni iddao qilmoqda.
To‘g‘risini aytsam, umuman hech narsa tushunmagandim!
–    Anglayolmadim?
–    Rabbimizning barcha insonlarga oid Ilohlik haqqini tushungan paytingiz buni ham tushunib olasiz.
Uzoq sukut ichra ko‘zlarimga tikildi.
Bu nigohlar nihoyatda jiddiy va ta’sirchan edi. Go‘yo menga yuqoridan, juda balandlardan qarayotgandek tuyulardi. Nega bunday qarayotganini anglayolmasdim!..
O’shanday holatda so‘zini davom ettirdi:
–    Rahmon va Rahim bo‘lgan Rabbimiz, bizlarni bu dunyoda o‘z bilganimizcha yashashimiz uchun yaratmagan. Evaziga yo Jannat, Yo Jahannam beriladigan imtihon dunyosidir bu! Bu imtihonning o‘lchovlari, aniqrog‘i chegarasi esa, ba’zi kimsalar o‘ylaganidek, yoxud aytganlaridek, muayyan vaqtlarda namoz o‘qish va muayyan vaqtlarda ro‘za tutishdan iborat emas! Yana ham ochiqroq ifodalaydigan bo‘lsak, Alloh taolo, bu insonlarga “Muayyan vaqtlarda namoz o‘qing, bundan tashqari vaqtlarda xohlagan ishingizni qilavering”, deya erkinlik bermagan, insonlarni o‘z bilganlariga tashlab qo‘ymagan! Chunki, Islom diniga ko‘ra Allohga qullik, muayyan vaqtlarni emas, butun bir hayotni qamragan, inson umrini to‘laligicha o‘z ichiga olgan qullikdir. Shu boisdan mehribon Parvardigorimiz biz insonlarga faqat namozga, faqat ro‘zaga tegishli hukmlarni emas, butun hayotimizga, turmushimizga oid hukmlarni nozil qilgan. Jumladan Qur’oni Karimni ochib o‘qigan har inson, istiqomat ya’ni yashash tarzi bilan bog‘liq bu hukmlarni ko‘radi.
Bir lahza tin olgandan so‘ng, ko‘zlarimga qiziqsinib qaragancha so‘radi:
–    Insonlarni yo‘qdan yaratgan, xilma-xil ne’matlari bilan yashatib qo‘ygan Allohning, insonlar hayotiga doir, ularning qanday yashayotganiga tegishli hukmlar qo‘yishga haqqi bormi-yo‘qmi?
Bu qanday savol bo‘ldi?!
– Albatta bor!
Ana shu bor deganingiz haq, Allohning insonlar va jamiyat ustidagi Ilohlik haqqidir.
Anglayotganimni ko‘rgach, so‘zlarini davom ettirdi:
–    Ilohlik haqqini tushunganingizdan keyin, ikkinchi masalani ham bilib olishingizga to‘g‘ri keladi. Yaratgan Rabbimiz ana shu Ilohlik haqqini hech bir payg‘ambarga, hech qaysi avliyoga, hech kimga, hech qaysi jamiyatga, hech qanaqa ma’muriyatga na-da hech bir davlatga bermagan! Insonlar hamda jamiyatlar ustidagi ana shu Ilohlik haqqi, faqat va faqat Allohga oid bo‘lgan haqdir!
Juda aniq va lo‘nda gapirgan Said domlaga qarab qoldim. Uning aytganlarini g‘oyat yaxshi anglagandim. Insonlar hamda jamiyatlar ustidagi Ilohlik haqqi faqatgina Allohga oid bir haq edi!
–    Tushundim, ustoz!
–    Agar tushungan bo‘lsangiz, shu savolimga javob bering! Har qanday bir inson, har qanday ma’muriyat, harqanday davlat, Allohning Ilohlik haqqini o‘zida ko‘rsa, shunday haq menda ham bor desa, o‘zini kimning o‘rniga qo‘ygan bo‘ladi?
Darhol javob berdim:
–    Iloh o‘rniga!
–    To‘g‘ri, lekin ular ilohmi?
–    Albatta yo‘q!
So‘ng so‘zlashdan to‘xtadi va boshini qimirlatdi.
–    Insonlarning ilohiman, deya da’vo qilayotgan soxta ilohlar mana shulardir! Alloh taolo hukm qo‘ygan bir masalada u hukmni inkor qilib, o‘zi hukm qo‘yishga urinadigan, Alloh harom degan narsani halol, halol deganini esa, harom deydigan har qanday inson yoxud davlat yoki har qanday jamiyat bilib-bilmay insonlarga ilohlik qilishga uringan hisoblanadi! Musulmonning burchi va musulmon bo‘lishning sharti, o‘ziga ilohlik qilmoqchi bo‘lgan har qanday kuchni “La ilaha” deya rad qilishi, Iloh o‘laroq faqat Allohni qabul qilishi, yolg‘iz Unga yo‘nalashidir!
Qotib qolgandim. Hayratga tushdim yoki boshim shishdi, demayman. Chunki, na hayron qolgan, na-da karaxt bo‘lgandim.
Balki, aytilganlarni g‘oyat yaxshi tushungandim, biroq anglaganlarim muallaq turgandek edi. Fikrlarimni bir yerga jamlayolmayotgandim.
–    Bir oz aniqroq tushuntirasizmi?
–    Albatta. Masalan, Rabbimizning namoz mavzusidagi hukmlaridan biri, dunyoning qayerida, qaysi burchagida bo‘lmaylik, Ka’baga yo‘nalmog‘imizdir. Endi har qanday bir kishi yoxud har qanday bir kengash, “Bundan keyin namoz o‘qiyotganda Ka’baga emas, Shvetsariyaga yuzlanasiz” desa, shunday bir qonun chiqarsa nima qilasiz?
–    Nima deyishim ma’lum-ku, ustoz! Ularga, sizni ham, qonunlaringizni ham...
Qo‘li bilan ishora qilgancha meni to‘xtatdi. Va o‘zi davom etdi:
–    Qisqasi bunday hukmni, qonunni rad qilasiz. Bu mavzuda hukm qo‘yish Rabbimning haqqidir va eng go‘zal hukm qilguvchi Uning O’zidir, deysiz. Shunday emasmi?
–    Ha, – dedim.
–    Muhim bo‘lgan narsa shuki, Allohning ushbu hukmida ko‘rsatgan musulmonga xos qat’iyatni, Janobi Haqning qolgan barcha hukmlarida ham ko‘rsatishingizdir! Chunki, Parvardigorimiz bizga faqatgina namoz va ro‘zani buyurmagan. Hukm va hikmat sohibi bo‘lgan Rabbimiz, tug‘ilganimizdan to o‘lgunimizga qadar butun bir hayotimizni qamrab oladigan hukmlarni buyurgandir. Bu hukmlarning bir qismi muhim, qolganlari ahamiyatsiz emas! Namozga tegishli hukmlar qanday muhim bo‘lsa, uylanishga oid, oila hayotiga aloqador, ishimiz, tijoratimiz, jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarimizga tegishli hukmlar ham xuddi shunday muhimdir! Bu hukmlarning barchasi, Allohga qulligimizning isboti o‘laroq yashashimiz, amal qilishimiz kerak bo‘lgan hukmlardir. Allohning bu mavzudagi hukmlariga zid hukmlar qo‘yib, insonlarni shu soxta hukmlarga itoat qilishga chaqiradigan har qanday shaxs yoki jamiyat, insonlarga ilohlik da’vo qilayotgan, insonlarni o‘ziga qullik qilishlarini talab qilayotgan bir tog‘utdir. Musulmonning burchi esa, O’ziga ilohlik da’vosida bo‘lgan barcha tog‘utlarni “La ilaha” deya inkor qilishi va tog‘utlarga qullik qilishdan o‘zini asrashidir.
Ha!..
Tog‘utning nima ekani eng oxirida aniq bo‘lgandi. Allohning hukmi o‘rniga hukm qo‘yadigan, insonlarni ana shu hukmga amal qilishga da’vat qiladigan har qanday shaxs yoki jamiyat tog‘ut edi. Va payg‘ambarlarning barchasi insoniyatni ana shu tog‘utga qullikdan qutqarish uchun yuborilgandi!
–    Zotan payg‘ambarlar ham xuddi shuning uchun yuborilmaganmidi?
Ko‘zlarida sevinch porlagancha boshi bilan tasdiq ishorasini qildi.
Said domlaning aytganlarini o‘ylaganim sayin joyimda turolmay qoldim. Uning fikrlari, izohlari go‘yo har tarafni oydinlatib, nurga to‘ldirib yuborgandek edi!
Xonada mendan bo‘lak hech kim yo‘qdek, o‘rnimdan turdim. Derazaning yoniga borgancha tashqariga, olislarga ko‘z tashladim.
Hamma narsa boshqacha, mutlaqo boshqacha ko‘rinardi ko‘zlarimga! Barcha narsaning yuzidan niqobi tushgan, haqiqiy basharasi namoyon bo‘lgandi go‘yo!..
Allohning hukmlarini inkor qilib,
Allohning hukmlarini ....
Allohning hukmlarini o‘tmishga nisbat etib, bu ilohiy hukmlarga “eskilik sarqiti” degan tamg‘ani urib, insonlarni o‘z hukmlariga bosh egishga da’vat qilgan yuzlab soxta ilohlarni, yuzlarcha tog‘utlarni ko‘rardim atrofda!..
“Voy, benomuslar, voy podalar!” degan bir haqorat yuksaldi ichimdan. Insonlarni qanchalik aldayotgan, qanchalar yo‘ldan ozdirayotgandi ular!..
Shuningdek, meni ham, meningdek madaniyatli ishbilarmonni ham aldayolgandi ular!
Bo‘g‘zimgacha, naq bo‘g‘zimgacha bir shirk botqog‘iga botganligimni his qildim ana shu lahzada! Ilgari hecham ko‘rmaganim, avvallari aslo farqlayolmaganim bir ifloslik edi bu!
Nima qilaman, endi nima qilmog‘im kerak, deya o‘ylamadim. Chunki, bilardim, juda yaxshi bilardim nima qilishim, nima deyishim kerakligini!
La ilaha!..
Allohdan boshqa iloh yo‘qdir!.. Alloh haqqi yo‘q!
La ilaha!..
Insoniyatga ilohlik da’vosida bo‘lgan barcha soxta ilohlarni inkor qilaman!
La ilaha illalloh!
Insonlarga ilohlik da’vosidagi barcha ilohlarni rad qilaman. Chunki, Allohdan boshqa iloh yo‘qdir! Faqat yagona Alloh bordir!
La ilaha illalloh! La ilaha illalloh!..
Eng go‘zal haqiqatni eng go‘zal shaklda ifoda etgan bu so‘zni go‘yo endigina o‘rgangan, bu so‘zning hikmat to‘la sirriga go‘yo yangidan voqif bo‘lgandim!
Naqadar go‘zal va naqadar muhtasham bir so‘z edi bu!
Bu so‘zni har aytganimda, tashqarida ko‘rganim soxta ilohlarning, tashqaridagi tog‘utlarning iflosligidan uzoqlashganimni, pok, top-toza bir shaxsiyatga tomon yuksalganimni his qilardim!
Alhamdulillah!..
Minnatdorchilik to‘la ko‘zlarimla Said domlaga qaradim. Indamasdan o‘tirardi.. Go‘yo hech narsa bilmagandek, hech bir ish qilmagandek!..
Aslida esa, shoxlari o‘sib, har tarafga tarvaqaylab ketgan ulkan bir daraxtni besh-o‘n daqiqalik suhbat yordamida butab qo‘ygan va o‘rtada tekis va chiroyli bir shakl hosil qilgan edi!
Ochiq-ravshan bir haqiqat namoyon bo‘lgan edi!
“Allohdan boshqa iloh yo‘q . Faqat ALLOH bordir”.

Said xo‘ja tushlikka pishirilgan ovqatdan bir-ikki luqma yegach, ketishga izn so‘radi. Uni mashinamda olib borib qo‘yishimni aytsam, rozi bo‘lmadi. Men ham ortiqcha qistamadim.
Domla ketgach, peshin namozini o‘qish uchun masjidga tushdim va namozdan so‘ng xonamga kirib, magnit tasmasidagi yozuvlarni takror-takror eshita boshladim.
Asr namozidan keyin yana suhbat tingladim.
Shom kirgandi.
Ularni necha bor tinglaganimni bilmayman, faqat har eshitganimda yanada yaxshiroq tushunar, tafakkur ufqim tobora kengayayotgandek tuyulardi...
Tasmadagi so‘zlar bor-yo‘g‘i uch kalima yoxud, uchta tushunchani ifodalar edi:
Din, Iloh, tog‘ut...
Faqat shu uchta so‘z, faqatgina shu uch tushuncha, barcha insonlar, ayniqsa va eng avval barcha musulmonlar bilishi lozim bo‘lgan tushunchalar edi! Chunki buni bilmay turib, ularning qanday ma’no anglatishini tushunmay turib, faqat va faqat yagona Allohga qullik qilishimiz, qila olishimiz mumkin emasdi!
Bir paytlar o‘qiganim ikki misra xayolimga keldi:

O’ttiz uch yil soatim ishlabdi, men turibman,
Ko‘k yuzidan bexabar men uchirma uchiribman!..

Adashmasam, bu she’r rahmatli Najib Fozil qalamiga mansub edi. Ushbu misralarni ilk bora o‘qiganimda, masalani Najib Fozilning shaxsiga tegishli deb baholagan, faqat uning g‘aflati haqida so‘z ketmoqda deya izohlagandim. Holbuki, bahs mavzusi bo‘lgan g‘aflat, mening g‘aflatim, tilga olingan g‘aflat ulkan bir jamiyatning g‘aflati ekan!..
Allohga imon keltirgan, Unga qullik qilishni istagan qancha-qancha insonlar afsuski, bu haqiqatdan bexabar edi. Belini to‘g‘rilashdan ojiz bo‘lgan bu insonlar, ham Allohning, ham tog‘utning qarshisida egilishardi. Holbuki, musulmon degani faqat Allohning huzurida egiladigan inson degani. Chunki, Allohning dargohida qabul qilinadigan qullik, yolg‘iz Unga qilingan qullikdir!
Biroq bilishmasdi, anglashmasdi insonlar buning mohiyatini!

Ertasi kun fabrikaga kelgach, barcha ishchilarni ovqatlanish xonasiga to‘plab, barchasidan birma-bir ”Din nima, Iloh nima, tog‘ut nima?” deya so‘ragim keldi. Barchasiga bu haqiqatlarni bildirib, hammasini namoz o‘qishga chaqirishni istadim.
So‘ngra bu fikrimdan qaytdim. Bu suhbatni Said domlaning o‘tkazgani ma’qul edi. Istagimni unga yetkazishim lozim edi. Negaki, qo‘l ostimda ishlayotgan insonlarga nisbatan mas’ul edim. Ularning oldida bajarishim shart bo‘lgan burchim, muhim vazifam edi bu!
Men shunday bo‘lsa ham, peshin va asr namozlarini fabrikaning masjidida o‘qigan ishchilarni yonimga chaqirib, ular bilan suhbatlashgim keldi. Avval ularga savollar berdim. Barchasi bir-birining yuziga termulgancha, savolimga javobni yonidagining aftidan topishni istayotgandek, jim turishardi. Tog‘ut haqida so‘raganimda esa, mutlaqo hayratga tushishdi. Yoshi keksarog‘i esa, “Taqsir, u tog‘ut emas, tobut”, deya mening xatoimni tuzatishga harakat qildi.
Tog‘utning nima ekanini bilmasdan, tobut tomon odimlayotgan bu kishiga achinib qaradim... Uzoq yillardan buyon besh vaqt namoz o‘qiyotgan, necha ming martalab masjidga borgan bu kishining, tog‘utni rad qilishi bir taraf, uning ne ekanini bilmasligi bir taraf edi...
Bir qancha masjid hamda ba’zi masjid imomlari haqidagi gaplar to‘g‘ri edi. Alloh rozi bo‘ladigan dinni o‘rganish maqsadida masjidga borgan ko‘plab insonlar, daraxt ekishning fazilatini o‘rganishardi, biroq Islomning fazilatini o‘rganisholmasdi. Islomga kirishning eng muhim sharti bo‘lgan kalimai tavhidning ma’nosi nima ekanini, “La ilaha” deganlarida nimani inkor qilishganini bilishmasdi!
Qiziq, insonlarga bu haqiqatlarni o‘rgatmagan dindorlar bu holni qanday baholasharkan?! Yoki o‘zlari ham bilishmasmikan? Yo‘qsa, bila turib jim qarab turishganmikan?
Men uchun muhim bo‘lgan bu savolning javobini o‘rganishni, hoziroq bilishni istardim!.. Eng yaxshisi, ularning o‘zidan so‘rash va javobni ularning og‘izlaridan eshitish edi. Shunda aqlimga magnit tasmalar keldi. Ularni chaqirib, tasmadagi yozuvlarni birga eshitishimiz mumkin edi. Zotan, tasmalarni xuddi shu niyatda to‘ldirgan edim.
Darhol ikkita imom domlaga sim qoqib, ularni tushlikka taklif qildim. Taklifimni qabul qilishdi va peshin namozidan keyin kelishlarini bildirishdi.
Masjidda peshin namozini o‘qib, yuqoriga chiqqanimda mehmonlarim ham yetib kelishdi. Ikkalasi ham ko‘p yildan beri va’z o‘qirdi. Ikkisi ham hurmatga, obro‘-e’tiborga ega vo’izlar edi.
Avval tushlik qilib oldik. Mendan xasta “o‘rtog‘im”ning ahvolini so‘rashdi. Hozircha hech qanday o‘zgarish yo‘qligini aytdim. Ular shu masalada chaqirgan, deya o‘ylayotganlari bilinib turardi.
Ularga Said domlaning ismini aytmasdan, masalani qisqacha tushuntirdim. So‘ngra, mening bu mavzuda yetarli bilimim yo‘qligini, shu sabab magnit tasmalarni tinglaganlaridan keyin fikr bildirishlarini aytdim.
Ulardan biri menga shubha bilan qaradi. Soqoli bori esa: “Juda soz, Saljuqbey, eshitamiz!” dedi.
Qahva buyurgancha, birinchi tasmani magnitofonga qo‘ydim. Tinglay boshladik. Ovoz g‘oyat tiniq yozilganidan, juda aniq eshitilardi. Ular mendan Ismoilning kimligini so‘rashdi. “Eski tanishim”, dedim.
Eshitishda davom etishdi.
Said domlaning bir qancha masjidlar hamda ma’ruzachilar haqidagi gaplarini takror eshitmoqchi ekanliklarini bildirishdi. Orqaga qaytargancha, istaklarini bajardim. Soqolsizi yonidagisiga qaragancha, boshini ikki tarafga chayqadi. Bu harakatining ma’nosini tushunolmadim.
Said domlaning tog‘ut haqidagi so‘zlarini ham eshitganlaridan keyin ikkinchi kassetani qo‘ydim. Bezovta bo‘layotganga o‘xshashdi. Soatlariga qaragancha, vaqtlari yo‘qligini, kech qolishayotganlarini aytishdi. Bu kassetaning qisqa ekanini bildirib, tinglashlarini so‘radim.
Istamaygina rozi bo‘lishdi!..
Hech narsa demasdan ikkinchisini ham eshitishdi. Yuzlaridagi ifodadan, tasmadagi gaplarni hech ham xushlamaganliklari ko‘rinib turardi! Magnitofonni o‘chirgancha, soqoli yo‘g‘iga yuzlanib so‘radim:
–    Xo‘sh taqsir, qanday fikrdasiz?

Birdan javob bermadi. Bir oz jim turgach, o‘yga toldi. So‘ngra boshini qimirlatgancha, so‘z boshladi:
–    Muhtaram Saljuqbey! O’zini domla deb ataydigan bunaqangi kishilarning gaplariga e’tibor bermang. Bular qayerda yashayotganini bilmaydigan, o‘tmishdan saboq olmagan kimsalardir. Turkiyada shuncha dinsiz bor ekan, shu dinsizlarni qo‘yib, dindorlar bilan tortishadigan bunday kimsalarni nima deb atashga ham hayronman! Men bular haqida bahslashishni istamayman. Eng yaxshisi, ularni Allohga havola qilishdir!
Men yana gapiradi degan fikrda kutdim. Ammo, boshqa bir og‘iz ham so‘zlamasdan jim bo‘ldi. Hayratim oshdi!.. Said domlani Allohga havola qilish bilan ishni bitirgandi!
–    Bir daqiqa shoshmang! Meni qiziqtirayotgan narsa, bu odamlarning kimligi emas, ularning so‘zlari. Aytganlari to‘g‘rimi yoki xatomi?
–    Qaysi gapi?
–    Tog‘ut haqida, din va iloh haqidagi gaplari.
Jim bo‘lib qolishdi.
Avval bir-birlarining yuzlariga, so‘ngra mening yuzimga termulishdi. Men esa javob kutayotgan edim. Soqol qo‘ygani masalaga oydinlik kiritishni istadi:
–    Eshiting, uning aytganlari to‘g‘ri bo‘lgani bilan, hamma to‘g‘ri gapni duch kelgan joyda gapiraverish to‘g‘ri emas. Bundan tashqari, bizlar hozircha davlat ishida mas’ul lavozimda bo‘lsak!
–    Davlat ishida ishlayotganingizning bunga nima daxli bor?
Jaholatimni ko‘rib, kulishdi. Soqoli bo‘lgani ayni tabassum bilan javob berdi:
–    Saljuqbey! Bu o‘lkada qonunlar bor. Qur’oni Karimda kelgan hamma haqiqatni har yerda gapirolmaysiz!
–    Hattoki masjidlarda hammi?
–    Albatta masjidlarda ham!.. Chunki, masjidlarda ish yuritadigan birodarlarimiz ham davlat maoshi hisobiga ishlaydigan hukumat xizmatchisi. Hamma boshliqlar singari ular ham qonunlarni e’tiborga olishga majbur! Agar shunday qilishmasa, ham ishdan ayriladilar, ham ustlaridan jinoiy ish ochiladi.
–    Tushunmadim?
–    Nimasini tushunmaysiz? Masalan, masjidlarda ish olib boradigan har bir birodarlarimiz, Allohning hukmi bilan hukm qilmaganlarning kofir ekanligini juda yaxshi biladi. Biladi-yu, biroq buni masjidlarda aytolmaydi. Chunki, Qur’oni Karimda kelgani bilan, davlatni tanqid qilgan davlat ishiga tegishli oyati karimalarni kun tartibiga kiritish ma’n qilinadi. Bu qoidaga amal qilmagan bir qancha dindorlar, xalqni davlatga qarshi gij-gijlashda ayblanib, qamoqqa olingan.
–    Qamoqqa olingan o‘sha insonlarning gaplari to‘g‘rimidi?
–    Albatta to‘g‘ri! Hammasi Qur’oniy haqiqatlar, barcha aytganlari rost.
Gapini davom ettirmoqchi edi, biroq. Yonidagi turtib qo‘ygandan so‘ng to‘xtab qoldi. “Nima deysan?” degandek unga qaradi. Ikkinchisi stolga qaragancha, magnitofonga ishora qildi!
Qotib qoldi! Magnitofonga tikilgan ko‘zlari qo‘rquvdan yiriklashdi. Nigohlarini avval menga, so‘ngra magnitofonga tikib, pichirlagan ovozda: ”Magnitofon qo‘shilganmi?” dedi.
Uni tinchlantirgim kelmadi.
“Hamma gapingni eshitdim, kim ekaningni bilaman”, degandek boshimni qimirlatgancha unga qaradim. Oyoqqa turib, magnitofonga qaramoqchi bo‘ldi. Magnitofonni stol ustidan olib, tortmaga solib qo‘ydim.
Bir muddat oyoqda turgancha qoldi! So‘ng joyiga o‘tirdi. Qo‘rqqani, vahimaga tushgani bilinib turardi. Men esa qiyofamni o‘zgartirmasdan unga qarab turarkanman, endi nima qilishini, nima deyishini kutib turardim.
–    Saljuqbey!.. Sizdan o‘tinib so‘rayman, bu gaplar oramizda qolsin. Uch yarim yildan keyin nafaqaga chiqaman. Iltimos!..
“Bu gaplar oramizda qolmaydi”, dedim. Ko‘zlari kattalashdi. Nima qilishini bilolmay, avval soqolini tutamlab turdi, so‘ngra iyagini qashiy boshladi. So‘zimni davom ettirdim:
–    Mana shu suhbatimiz, og‘zimizdan chiqqan har bir so‘z Mahsharda, Huzuri Ilohiyda yuzaga chiqadi!..
Ikkalasi ham baravar chuqur “Uhhh...” deb yubordi! Yuzlaridagi qo‘rquv va xavotir sekin-asta yo‘qola boshladi. Yengil tortishgani ko‘rinib turardi!.. Ularga qaradim.
Allohning dinini o‘rganish uchun masjidlarni to‘ldirgan shuncha inson Islomni mana shulardan, shularga o‘xshash dindorlardan o‘rganishadimi?! Hatto to‘rt devor orasida haqni, haqiqatni gapirishdan qo‘rqadigan bu insonlar, jamoatga ochiq maydonda qanday qilib haqdan gapirsin?!.
Oldiniga ularga achindim!.. Magnit yozuvlar qo‘rquvidan qarshimda qaltirab, bukilib o‘tirgan bu odamlarga avval to‘g‘risi achinib ketdim. So‘ngra ko‘z oldimga masjidlarni to‘ldirgan milyonlarcha chorasiz insonlar keldi! Achinishim kerak bo‘lganlar, hech shubhasizki, haq talabida masjidlarni to‘ldirib, Islomni o‘rganishga intilgan insonlar edi!
Islom diniga tolib bo‘lishlariga qaramay, haqiqiy Islomdan bexabar bo‘lgan bechora insonlarga achinishimiz, ularga marhamat qilishimiz kerak edi! Ularni shu ahvolga solganlar esa, manavilar, shularga o‘xshagan dindorlar edi!
To‘rt-besh so‘m maosh ilinjida haqiqatni bekitgan, nafaqa haqqiga ko‘z tikaman deb, Ilohiy haqdan ko‘z yumgan bu bechora insonlardan jirkana boshladim. Bir lahza nima qilishimni, ularga qanday munosib so‘z aytishimni bilmay o‘ylanib turib qoldim. Ularga faqat “Yo‘qoling!” deyishim mumkin edi. Oyoqqa turgancha “Yo‘qoling!” deya hayqirgim keldi!
Faqat buning iloji yo‘q edi. Negaki, ular mehmonim hisoblanishardi. Bu so‘z ularga juda munosib edi, biroq mening og‘zimga yarashmasdi. Bir amallab o‘zimni qo‘lga olishga, jahlimni zabt qilishga urinarkanman, ularga eshikni ko‘rsatdim:
–    Marhamat keting, endi keting!..

Bugun yakshanba.
Ayolim bilan bu tun uzoq suhbatlashdim. Bolalarni soat o‘nda uxlatganimizdan keyin zalda yolg‘iz qolgandik. Mening boshim ozgina og‘riyotgandi. Choy bilan birga ikkita og‘riq qoldiruvchi dori ichdim. Xotinim Shirin bu og‘riqning sababi ko‘p ishlaganimdan deb o‘ylardi, o‘zim unga shunday degandim. Shuning uchun sal kamroq ishlashimni uqtirdi.
Shirin juda yaxshi ayol edi. Unga mehr va muhabbat bilan qaragancha so‘zlay boshladim. Eng avval unga imon keltirganimiz Zot Alloh haqida gapirdim. Allohga bo‘lgan ishonchimizning har qanday shubhadan yiroq ekanini yana bir bor takrorladim. U ham mening so‘zlarimni samimiy tarzda tasdiqladi. So‘ngra payg‘ambarlar haqida gapirdim. Payg‘ambarlar insonlarni faqat Allohga qullik qilishga da’vat qilishganini va insoniyatga eng to‘g‘ri haq dinni keltirishganini tushuntirdim. Din haqida ta’rif berib, haq hamda botil dinlar haqida qisqagina ma’lumot berdim.Agar insoniyat birinchi bo‘lib kelgan payg‘ambar hamda u olib kelgan haq dinni buzishmaganlarida, Allohning haq diniga o‘zgartirish kiritmaganlarida, ana shu bitta payg‘ambar hamda bir din ularga yetarli bo‘lishini bildirdim. Biroq, insonlar har kelgan yangi dinni buzishganini, shu sabab Alloh taolo har bir o‘zgarishdan keyin boshqa bir payg‘ambar vositasida yana yangi din nozil qilganini tushuntirdim. Mana shu yergacha aytgan so‘zlarimni juda yaxshi tushundi.
Keyin esa, barcha payg‘ambarlarning yuborilish g‘oyasi bo‘lgan, insoniyatni tog‘utga qullikdan qaytarib, Faqat Allohga qullik qilishga da’vat masalasini tushuntira boshladim.
Tog‘utning nima ekanini Shirin ham yaxshi anglayolmadi.
Tog‘utni qiyinchiliksiz tushunishi uchun, Iloh kalimasining ma’nosini hamda tavhidning nima ekanini anglatdim.
Haqiqiy Iloh bilan, insonlarga ilohlik da’vosida bo‘lgan soxta ilohlarning, tavhid kalimasi bilan qanday qilib bir-biridan ayrilganini, soxta ilohlarning inkor qilinib, yagona Iloh o‘laroq Allohning tasdiq etilishi kerakligini tushuntirdim.
U barcha aytganlarimni diqqat bilan tinglarkan, ma’nosini anglashga harakat qilardi. So‘ng ko‘zlarimga tikilgancha:”Sal avvalroq tog‘ut deganingiz, insonlarga ilohlik da’vo qilgan soxta ilohlarmasmi?” deya so‘radi. Allohga hamd aytib:”Ha xuddi shunday!” dedim. Keyin, tog‘utga misollar keltirib, tavhid kalimasini shu idrok bilan aytishi lozimligini uqtirdim.
“La ilaha illalloh” dedi. So‘ng bir nafas to‘xtadi-da, o‘ylay boshladi. Boshini ohista qimirlatgancha, yana “La ilaha illalloh” dedi.
Bir muddat jim qoldik. Keyin mendan:”Juda soz, Saljuqbey! Endi nima qilishimiz kerak?” deya so‘radi. Xotinimning bunday samimiy gapirishi menga juda yoqqan, ham meni to‘lqinlantirib yuborgandi. Unga aniq bir javob berdim:
–    Allohning dinini, kallamizga kelganiga ko‘ra emas, an’ana va urf-odatlarimizga ko‘ra yashashdan voz kechib, Allohning hukmlariga, buyurganlariga ko‘ra yashaymiz! Chunki, yolg‘iz Allohgagina qullik qilishning bundan boshqa yo‘li yo‘q!..
U nihoyatda aqlli inson edi. Bu gaplarimning qanday ma’no kasb etishini bilardi. Kulimsiragancha,”Ya’ni, shariatchi bo‘lamizmi?” dedi.
Men ham jilmaydim:
–    “Chi-chi” degan qo‘shimchalarni tashla!.. Zotan, “La ilaha illalloh” derkanmiz, yagona Iloh va hukm qo‘yuvchi Zot faqat Alloh deb qabul qilamiz.Allohning hukmlarini, ya’ni Uning shariatini inkor qilib, boshqa hukmlarga, boshqa shariatlarga yo‘nalishimiz albatta mumkin emas!
Boshini qimirlatgancha “Albatta!” dedi. So‘ngra jim bo‘lgancha o‘ylay boshladi. Nimani o‘ylayotganini his qilayotgandek edim. Yanglishmagandim!
–    Saljuqbey, o‘ranamanmi?
–    O’ranishni xohlamaysanmi?
Yana jim bo‘lib qoldi. Karaxt ahvolda qolgandek edi!..
–    Bilmadim!.. Juda g‘alati emasmi? O’ranishni o‘ylaganimda xayolimga Alloh emas, atrofimizdagi insonlar, atrofimdagi ayollar kelyapti. Ular nima deb o‘ylashadi, menga qanday qarashlarini o‘ylayapman...
Hech narsa demasdan unga qaradim. Gapirgan so‘zlaridan qanday xulosaga kelishi meni qiziqtirardi. U bir muddat o‘ylanib turdi-da: “Behuda, Xudo haqqi bari bekor!” deya o‘rnidan dast turdi. Shaxd bilan yotoqxonaga kirib ketdi.
Men esa, jimgina kutardim. Kutayotgan narsam, mujda bilan yakunlandi! Chunki, bir necha daqiqadan keyin yotoqxonadan chiqib kelgan Shirin o‘rangan edi!
Mavlidlarda boshiga o‘raydigan oppoq ro‘molini o‘rab olgancha: “Xudo xohlasa, bundan keyin faqat shunday!” deya yonimga o‘tirdi.
Unga qaradim!.. Ko‘zlarimni uzolmay qoldim undan!.. Qarshimda haqiqatdan shirin, ship-shirin bir ayol turardi!.. Ro‘molga burkangan yuzi g‘oyatda nurli ko‘rinardi.
To‘lqinlanib ketdim!.. Ko‘zlarimni qaynoq bir narsa to‘ldirganini his qildim. O’rnimdan turgancha, uning yoniga o‘tirdim. O’ng qo‘lini qo‘llarim orasiga oldim. “Sendan Alloh rozi bo‘lsin!” deya qo‘lini lablarimga bosdim... Qayta-qayta o‘pdim.
Hurkibgina, uyalibgina o‘zini tortdi. Qo‘lini qo‘llarimdan bo‘shatib olarkan, mening qo‘llarimni tutgancha:”Sizdan ham Alloh rozi bo‘lsin!” dedi.
Bir muddat shunday o‘tirdik. Bunday ayolning, bunday umr yo‘ldoshining inson uchun naqadar go‘zal, naqadar bebaho bir ne’mat ekanini yanada yaxshiroq angladim!..
Bunday jufti halolning qimmati boylikdan ham, mol-dunyodan ham, davlatdan ham yuksakroq edi bir inson uchun!.. Menga ana shunday bebaho hayot yo‘ldoshini nasib qilgani uchun Allohga shukronalar aytdim!..
“Men xuftonni o‘qiganim yo‘q”, dedim. Kulimsiragancha “Men ham hali o‘qimadim”, dedi. Namozni birga ado qildik. Ayolim baxtli, juda baxtiyor ko‘rinardi. Bu tundagi suhbatimiz tufayli u yangi, yap-yangi bir dunyoga kirib qolgandek his qilardi o‘zini!..

Dushanba kuni birga mayda-chuyda xarid qilishga chiqdik. Bir nechta do‘kondan ba’zi narsalarni olganimizdan keyin, Ismoilning do‘koniga bordik. Uning do‘konida ayollarning liboslari juda ko‘p va xilma-xil edi.
Ayolim sotuvchi qizning yordamida hijoblar hamda ko‘ylaklarni ko‘zdan kechirarkan, biz Ismoil bilan birga o‘tirdik. Mendan Said domla bilan qilgan suhbatimiz haqida so‘radi. Qisqagina aytib berdim. Men uchun g‘oyat foydali bo‘lganini bildirdim. Said domlaning suhbatlaridan nafaqat mening, balki juda ko‘p musulmonlarning ham foyda ko‘rganligini aytdi.
Men u kishi bilan yana qanday uchrashishim mumkinligini so‘radim. “Bilmadim, o‘zi bilan oldin gaplashishim kerak”, dedi.
Shiringa qaradim. Ba’zi liboslarni tanlashda qiynalayotgandek ko‘rindi. Uning yoniga borib, yoqtirgan hamma kiyimlarini sotib olishini aytdim. Jilmaygancha: ”Unchalik ko‘p kiyimning keragi yo‘q”, dedi. “Men shuni xohlayapman, yo‘q dema!” deya qattiq turib oldim. Haqiqatdan ham shuni istardim.
Indamadi. Sotuvchi qizga qayrilib: “Osmon xonim! Yoqtirgan kiyimlarining hammasini o‘rab bering!..” dedim.
Ismoil telefonda gaplashayotgandi. Bir payt menga qarab: “Ertaga fabrikadamisan?” deya so‘radi. Ertaga nima qilishimni, qayerga borishimni o‘zim ham bilmasdim. Shunday bo‘lsa-da, o‘ylab o‘tirmasdan ”Ha”, dedim. Keyin o‘tirdik. Ismoil menga hozir Said domla bilan gaplashganini, aniq emas-u, ertaga peshindan keyin fabrikaga borishi mumkinligini aytdi. Mabodo biror o‘zgarish bo‘lsa, Said domla o‘zi menga sim qoqarmish.
Ismoilga minnatdorchilik bildirdim, uning xabaridan juda sevingandim!.. Xaridni shu ko‘tarinkilik bilan tugatdim. Peshin namozini Ismolning do‘konida o‘qidik. Shirin yangi hijobini kiyib, boshiga uning ranggiga uyg‘un ro‘mol o‘rab olgandi. Ismoil bilan xayrlashib, ayolim bilan birga do‘kondan chiqdik.
Shiringa ajoyib bir tushlik olib berish niyatida edim. Kamaralti masjidining ro‘parasida ko‘mir cho‘g‘ida juda mazali do‘nar kabob pishirishardi. O’sha yerga qarab yura boshladim. Xotinim bilan ketarkanmiz, do‘konlarning oynalariga qarardim – ikkimiz ham butunlay o‘zgargandik!..
Menda uch-to‘rt kunlik soqol bor edi.
Xotinim Shirin esa, butunlay boshqa bir xonim, tamoman o‘zga bir xonimafandi bo‘lib qolgandi!.. Nima bo‘lganda ham, ushbu yangilikdan begonasiramaganga o‘xshardi! Egnidagi yangi liboslari ichida eski, har doimgi bir rohat bilan yurayotgani bilinib turardi. Go‘yo, shu liboslar bilan tug‘ilgan, shu kiyimlarda ulg‘aygandek rohatlanib o‘tirardi.
Ovqatlanayotib, yangi holatimizdan, yangi dunyomizdan suhbatlashdik.
Garchi, yana avvalgidek yeb-ichayotgan, sayr qilayotgan, yana dunyo ne’matlaridan foydalanayotgan bo‘lsak-da, oldin barcha harakatlarimizni aqlsiz, fikrsiz bir shaxs o‘laroq amalga oshirgan bo‘lsak, endi Allohga tobe bir qul o‘laroq bajarardik. Eng muhim o‘zgarish bizlarda sodir bo‘lgan o‘zgarish edi.
Biz o‘zgargan, biz bilan hamma narsa o‘zgargandi, go‘yo!
Suhbatimiz so‘nggida bu dunyo hayotining abadiy emasligidan, va ertami-kechmi o‘lishimiz aniqligidan gaplashdik. Bir musulmon o‘laroq, o‘limga har lahza tayyor turishimiz kerakligini ta’kidladik. Rafiqam meni tinglash bilan birga, so‘zlarimni aniq va serma’no fikrlari bilan to‘ldirardi. Uning bu holati hamda o‘lim haqidagi g‘oyat teran so‘zlari qarshisida lol qoldim. Unga xastaligim haqida bildirish mavridi yetganmikin, degan o‘yga toldim... Bu savolimning javobini uning sokin va nurli chehrasidan, haqiqatga tik qarayolgan ko‘zlaridan izlardim.
U benihoyat baxtiyor edi. Shu bois fikrimdan voz kechdim. Uning yangi dunyosidagi yap-yangi baxtiyorligiga soya solgim kelmadi. Xastaligim haqida unga keyinroq, fursati bilan aytishga qaror qildim.
Peshingacha umuman telefon ovozini eshitishni istamadim. Har qo‘ng‘iroq ovozi kelganda ajabo, Said domla kelolmasligini bildirib qo‘ng‘iroq qilayotganmikin, degan xavotirda o‘tirdim. Lekin, soat o‘n bir yarim bo‘lganda u kirib keldi. Uni yana eshik tagida kutib oldim. Yuqoriga chiqishda qiynalmasligi uchun, pastdagi katta xonaga taklif qildim.
Qisqagina hol-ahvol so‘rashganimizdan so‘ng, o‘tgan galgi suhbat uchun minnatdorchilik bildirdim. Va bu suhbatimiz men uchun g‘oyatda foydali bo‘lganini bildirdim. Bundan tashqari, uning suhbatini ruxsat so‘ramasdan magnit tasmasiga yozib olganim uchun kechirim so‘radim. Hech qanday e’tiroz bildirmasdan, “Zotan, barcha so‘zlarimiz qayd qilinib borishligini, yelkamizdagi farishtalar orqali amal daftarimizga yozib qo‘yilayotganini his qilgan holda, e’tiborga olgan holda gapiramiz”, dedi.
Bu so‘zlari menga yoqdi.
Kassetani eshittirganim boshqa domlalar xayolimga keldi. Said domla bilan ular orasida qanchalar katta farq bor edi!.. Said domlaga ular haqida va ularning so‘zlari haqida aytib berdim.
Biroq, ularni kamsitadigan, haqoratlaydigan biror so‘z demadi. Faqatgina, barcha imom-domlalar bunday emasligini, ularning ichida haqni gapirishdan qaytmaydigan mard insonlar ham borligini bildirdi.
G’oyatda bosiq kishi edi u! Uning so‘zlari nihoyatda teran va purma’no edi. Ilgari har qanday kishi bilan suhbatlasharkanman, u bilan nima haqida qancha gaplashishimni o‘ylar, o‘zimga ma’lum bir chegara qo‘yardim. Said domla bilan suhbatlasharkanman, bunday chegaraga aslo hojat tuymasdim. Go‘yo har qanday masalada, hamma muammoni bemalol gaplasha olish mumkin bo‘lgan bir inson edi u!..

Va birdan xastaligim esimga tushdi!.. Hech kimga aytolmagan dardim, xastaligimni aytishim mumkin bo‘lgan birdan-bir inson, shu domla edi. Uzoq o‘ylab o‘tirmasdan, “portladim”:
–    Ustoz, miyasida shishi bor bo‘lgan o‘sha “og‘aynim” o‘zimman!.. Shuni aytganimdan keyin ancha yengil tortganimni his qildim. Domlaning yuzlarida na bir hayrat, na bir hayajon izlari ko‘rinmadi. Bir lahza, “Ajabo, yoki avvaldan bilganmikin?” degan fikr o‘tdi xayolimdan.
–    Xayrlisi bo‘lsin!..
Javob bermadim. Ichimda sekingina “Omin!” derkanman, bu xastalikda qanday ham xayr bo‘lishi mumkinligini o‘yladim.
–    Qachon bildingiz?
–    Bir yarim oyga yaqinlashdi.
Jim bo‘lgancha nimanidir o‘ylay boshladi. Yuzi hamda nigohlari shu tushuncha bilan yuvinayotganga, shu tushuncha ta’sirida titrayotganga o‘xshardi. To‘lqinlangani bilinib turardi. Ich-ichidan kelayotgan hazin bir ovozda gapira boshladi:
–    Payg‘ambarimiz (s.a.v.) o‘lim haqiqatiga ishora qilib: “Nasihat o‘laroq o‘lim yetarlidir”, deya marhamat qilganlar. O’limni bilish, o‘lmasdan avval o‘lim haqiqatini tanish haqiqatdan ham buyuk bir nasihatdir. Insonlarga bu nasihatni ba’zan bir musulmon, ba’zida bir payg‘ambar beradi.
Bir muddat tin olgach, davom etdi:
–    Sizga esa, bu nasihatni Alloh taoloning O’zi beribdi. Sizga o‘lmasingizdan oldin o‘lajagingizni bildirib, shu haqiqat sabab uyg‘onishingizni, o‘zingizga kelishingizni istabdi.
Titraganimni his qildim!..
Hozirgacha bu xastaligimning Allohdan ekanini bilardim, ammo uni Allohning bir nasihati deb emas, bir musibati o‘laroq qabul qilgandim!.. Holbuki, ahvol men o‘ylagandek emasdi!.. Said domla juda to‘g‘ri aytgandi, meni eski istiqomatim ichida har lahza o‘ldirishi mumkin bo‘lgan Rabbim menga rahmatini ne’mat qilgan, o‘lmasimdan oldin o‘lajagimni bildirib, olti oydan iborat uzoq bir muhlat bergan edi!.. Shu o‘ylar bilan sevinganimni va menga marhamat ko‘rsatgan mehribon, eng rahmdil bo‘lgan Rabbimni yanada ko‘proq yaxshi ko‘rishimni his qildim.
Said domlaga ohista boshimni qimirlatib, “Gaplaringiz g‘oyatda to‘g‘ri!” dedim va qo‘shimcha qildim:
–    Shu xastalik sababli o‘zimni bir foniy ekanimni nihoyatda yaxshi anglab yetdim.
–    Oldin-chi?
–    Ilgari o‘limning ne ekanini bilardim, biroq o‘zim bilan o‘lim o‘rtasida jiddiy bir munosabat bor deb o‘ylamasdim. To‘g‘rirog‘i o‘limni, o‘lishimni his qilmasdim. O’limni his qilmay turib, albatta o‘lim haqiqatini anglash mumkin emas. Bilmadim, go‘yo dunyoda abadiy yashaydigandek tuyg‘u bor edi ichimda.
–    Bu tuyg‘uni hech o‘ylab ko‘rdingizmi?
–    Qaysi tuyg‘uni?
–    Abadiylik tuyg‘usini.
–    Harholda botil va ahmoqona tuyg‘u bo‘lishi kerak!..
–    Men bunday fikrda emasman.
–    Nega?
–    Menimcha, bu botil tuyg‘u emas. Fitratimizda bo‘lgan haqiqiy tuyg‘u bu!..
–    Tushunolmadim?
–    Tinglang, Saljuqbey! Insonlarning dunyo hayotini abadiy deb bilishi, albatta shaytoniy vasvasadir. Men aytmoqchi bo‘layotgan narsa, shu vasvasaga moyil bo‘lgan fitratimizda, shunday bir tuyg‘uning haqiqatdan bor yoki yo‘qligi!..
–    Bormi?
–    Albatta bor! Agar Rabbimiz bizlarni abadiylik bilan tanishtirmaganida edi, biz abadiylikning qanday ma’noga ega ekanini bilmasaydik, shaytoni la’in, dunyo hayotini insonlarga abadiy o‘laroq ko‘rsata olmasdi!..
Yana boshim shishib ketganga o‘xshadi.
–    Aniqroq tushuntiring,– dedim.
–    Masalan, shaytoni la’in insonlarga turli vasvasalar berib, ularni ochlik va qashshoqlik bilan qo‘rqitadi, to‘g‘rimi?
–    To‘g‘ri.
–    Agar Tangri taolo bandalariga qo‘rquv sifatini bermaganida, insonlarning fitratida bu haqiqat bo‘lmasaydi, ular qo‘rquvning nima ekanini bilishmasaydi, shaytoni la’in odamlarni qo‘rqita olarmidi?
–    Qo‘rqitolmasdi!
–    Abadiylik tuyg‘usini ham xuddi shunday tushunmog‘imiz kerak.
–    Alloh taolo abadiy hayot haqida bizga xabar berib, bizni shu tuyg‘u bilan tanishtirmaganida, shaytoni la’in qanday qilib, bizga dunyo hayotini abadiy qilib ko‘rsata olardi?
–    Ko‘rsatolmasdi!
Bergan javobimdan o‘zim ham hayajonlangan, bergan javobimning qanday ma’no kasb etishini o‘ylay boshlagandim. Haqiqatdan ham ko‘rsata olmasdi! Bu to‘g‘ri javob edi. Qo‘rquv ne ekanini bilmaydigan bir jonzotni qo‘rqitish mumkin bo‘lmaganidek, abadiylik nima ekanidan bexabar jonzotni ham abadiylik xabaridan voqif qilish, unga begona bo‘lgan bu tuyg‘uni singdirish imkonsiz edi.
Qo‘rquv vasfi fitratimizdan qanday joy olgan bo‘lsa, bu tuyg‘u ham xuddi shunday edi. Albatta! Insonlar bilan abadiylik haqida bahslashilganda, hech bittasi: “Abadiylik nima o‘zi, u qanday tuyg‘u?” deyishmasdi! Go‘yo barcha biladigan, hammaga tanish bir tushuncha, har kim his qila oladigan haqiqat edi u!
Biroq, bulardan qanday ma’no, xulosa chiqarish mumkin? Yo‘qsa, inson abadiy borliq deganimi bu?..
–    Ustoz, bularning barchasidan qanday xulosa chiqarasiz?
–    Alloh taolo bizlarni abadiylik bilan tanishtirgan! Alloh haqiqati fitratimizda qanday bor bo‘lsa, abadiylik haqiqati ham fitratimizda xuddi shunday bordir. Biz fitratan biladigan, bizga aslo begona bo‘lmagan haqiqatdir bu!..
Bir lahza tin oldi. So‘ng davom etdi:
–    Va shayton atalgan la’nati borliq, insonlarni ularning fitratlarida bor bo‘lgan mana shu haqiqat bilan aldab qo‘yadi!.. Shaytonning hiylasiga aldangan insonga dunyo hayotini abadiy qilib ko‘rsatadi va uni ishontirishga urinadi!
–    Shayton insonlarni shu bilan aldasa, Alloh taolo insonning fitratiga nega abadiylik tuyg‘usini jo qildi?!.
–    Albatta, bu shaytoniy vasvasaga aldanib, dunyo hayotini abadiy deb bilishlari uchun emas! Qo‘rquv sifatini qandayki, faqatgina Uning O’zidan qo‘rqishimiz uchun bergan bo‘lsa, bu haqiqatni ham abadiy bo‘lgan oxirat hayotini yanada yaxshiroq anglashimiz, his qila olishimiz uchun bergan! Abadiy Jannatning hamda abadiy Jahannamning nima ekanini idrok qilishlari uchun!..
Ha... Ana endi hamma narsa ravshan bo‘lgandi.
Demak, koinotni cheksiz, dunyo hayotini abadiy deb o‘ylagan insonlar, fitratlarida bor bo‘lgan abadiylik va cheksizlik tushunchasini, haqiqatini noto‘g‘ri izohlagan, to‘g‘rirog‘i, bu sifatlarni yanglish narsalarga nisbat qilgan insonlar edi!.. Abadiylik deb ataladigan bir haqiqat bor edi, biroq bu haqiqat bu dunyoga emas, oxiratga nisbat edi, oxirat hayoti abadiy edi! Fitratlarimizdagi bu abadiylik tuyg‘usi abadiy hayotning borligiga ochiq dalil edi!
Azaliy bo‘lmagan va azaliylik tuyg‘usiga begona bo‘lgan biz insonlar, abadiy hayot haqidagi xitobdan boxabar bo‘lganimiz uchun, abadiylik tuyg‘usiga umuman begona emasdik.
G’alati bo‘lib ketganimni his qildim!.. Abadiy hayotni ko‘rgandek, u bilan yonma-yon turgandek edim. Shu tuyg‘ular ichida ekanman, o‘limni o‘yladim.
O’limning ham mohiyati o‘zgargandi ichki dunyomda!.. Ilgari hayotni tugatuvchi bir nuqta, ulkan bir nuqta deb bilganim o‘lim kichik, juda kichkina bir vergulga aylangandi onggimda!..
–    Nimani o‘ylayapsiz?
Said domlaga qaradim. Nigohlarida qaynoq bir munosabat, ichki bir samimiyat bor edi. Tuyg‘ularim bilan, fikrlarim bilan o‘rtoqlashishni istayotgandek edi. Mayin tabassum bilan “O’limni”, dedim va qo‘shimcha qildim: “Zero, bir yarim oydan beri eng ko‘p o‘ylayotgan narsam!..”
–    O’limdan qo‘rqasizmi?
Darhol javob bermadim. Berolmasdim ham!.. Chunki, bu mavzuda ancha farqli tuyg‘ular, ancha farqli o‘y-fikrlar ichida edim.
–    Bilmadim. Faqat kishining qachon o‘lajagini bilishi, g‘alati va mushkul bir tuyg‘u...
–    Qachon o‘lishingizni bilasizmi?
–    Uzog‘i bilan to‘rt-besh oydan so‘ng!..
–    Nimaga bunday deb o‘ylayapsiz?
–    Aytdim-ku, shish deb. Umidim yo‘q...
Kulimsiragancha boshini ikki tomonga chayqadi.
–    Yo‘-o‘-o‘q, sizni o‘ldiradigan shish emas, Alloh!.. O’lim hukmi faqat va faqat Allohning qo‘lida. Istasa to‘rt oy, istasa to‘rt yil, agar istasa qirq to‘rt yil! Kasalim jiddiy, deyapsiz. Lekin hech bir kasallik Hazrati Ayyub alayhissalomning xastaligichalik jiddiy emas. U kishining vujudlaridagi yaralar qurtlab, go‘shtlari to‘kila boshlagandi! Hazrati Ayyubning (a.s.) o‘sha holatlarini bizning davrimizdagi tibbiyot xodimlari ko‘rishganda edi, chidash u yoqda tursin, shunday ahvolda yashaganlarini ko‘rib, hayratdan lol bo‘lib qolishardi. 
So‘ng bir lahza tin oldi. Yengilgina kuldi.
–    Hazrati Ayyub ( a.s.) o‘sha holatda yotgan paytlari bir narsadan jahllari chiqib, xotinlariga nima deganlarini bilasizmi?
–    Nima deganlar?
–    Tuzalganimdan keyin seni qirq darra uraman!.. O’ylab ko‘ring! Hattoki, shunday og‘ir ahvolda ham sog‘ayishdan umid uzmaganlar! Jumladan Alloh taolo O’zidan umid uzmagan qulini sog‘aytiradi. Dardini bergan Alloh, davosini, darmonini ham beradi.
Domlaning so‘zlarini jon qulog‘im bilan tinglardim. Bu go‘zal qissaga qanday ajoyib sharh bergandi!
–    Shuningdek, umidim yo‘q, dedingiz!.. Sizning ahvolingiz, baliqning qornida qolgan Yunus alayhissalomning ahvollaridan ham og‘ir, umidsizmi?!.
–    Tushunmadim?
–    To‘fonli havoda kemadan dengizga tashlangan va bir baliq tarafidan yutib yuborilgan inson haqida nima deysiz! Qutilishiga umid bormi?
“Yo‘q”, demoqchi edim, indamadim. Chunki, Hazrati Yunus alayhissalom qutilgan edi! Kulimsiragancha boshimni qimirlatdim.
Said domla to‘g‘ri gapirayotgandi.
Hattoki eng umidsiz, og‘ir holatlarda ham Allohdan umid uzmasligimiz kerak edi. Hamma narsa Allohning amriga, Uning xohishiga bog‘liq edi.
–    Siz haqsiz, ustoz! Hech qachon umidimizni uzmasligimiz lozim.
“ Shunday” degandek boshini qimirlatdi. Keyin qoshlarini chimirgancha qo‘shib qo‘ydi:
–    Albatta, bularning barchasini hattoki “sakarot-ul mavt” ya’ni, o‘lim shiddati, jon chiqar holatda yotganda ham o‘lishlarini xayollariga keltirmaydigan, sog‘ayishlariga qattiq ishongan kishilarga o‘xshashingiz uchun aytmayapman. Mutlaqo o‘lasiz, barchamiz o‘lamiz!.. Faqat qachon, qayerda va qay holatda o‘lishimizni yolg‘iz Alloh biladi. To‘rt-besh oy dedingiz, balki to‘rt-besh kun, balki to‘rt-besh yildir!.. Alloh biladi. Muhim bo‘lgan narsa, har lahza o‘limga tayyor turish, o‘limga doimo tayyor holda yashash!..
Unga qaradim. Nihoyatda to‘g‘ri hamda go‘zal so‘zlardi. Aytayotganlari haqiqat edi, biroq o‘zi shu gaplarining ma’nosini his qila olayotganmikin? O’limning va o‘lim tuyg‘usining nima ekanini menchalik anglay olar, his qila olarmikin?
–    Ustoz, siz mening ahvolimda emassiz. Shunda ham o‘lim va o‘lim tushunchasi nima ekanini his qilyapsizmi? Bu tuyg‘uni anglay olyapsizmi?
–    Bir do‘stimning go‘zal bir so‘zi bor. Haqiqiy tafakkur egasi, ko‘rlarni o‘ylagan vaqtida ko‘zlari ko‘rmaydigan kishidir. Miyamiz orqali o‘ylaganda, bilamiz, qalb bilan anglashimiz esa, his qilishimizni ta’minlaydi. O’lim tushunchasi miyamizdan qalbimizga ko‘chgan paytda, bu haqiqatni yashayotgandek, boshimizdan kechirayotgandek his qilishimiz mumkin. Bundan tashqari holatlarimiz orasida muhim farq ham yo‘q. Barchamiz o‘limga to‘g‘ri ketyapmiz. U manzilga kim oldin borishini Allohdan boshqa hech kim bilmaydi. Balki men sizdan oldin, ancha avval o‘larman.
Bu qup-quruq, bekorchi so‘zlar emasdi.
Said domla anglaganini his qiladigan, his qilganini anglatadigan bir inson edi. Unga hurmat bilan qaradim. Menga bir narsalarni tushuntirish uchun, menga nimalarnidir o‘rgata olish uchun tinmay harakat qilgan bu insonni rostdan hurmat qilar, haqiqatdan yaxshi ko‘rardim!..
Shu bois uning uchun nimalardir qilgim, uni sevintirgim keldi. Bir muddat o‘ylaganimdan so‘ng aqlimga kelgan birinchi fikrni unga aytishga qaror qildim:
–    Ustoz, sizga minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Men bilan shug‘ullandingiz, juda ko‘p va muhim narsalar o‘rgatdingiz. Uzoq yillar davomida o‘rgangan bilmingizdan meni bahramand qildingiz, bilganlaringizni men bilan bo‘lishdingiz...
Bir lahza tin olgach, davom etdim:
–    Mening esa, uzoq yillik mehnatim evaziga erishgan narsam – dunyo moli. Izn bersangiz, men ham shu qo‘limdagi boyligimni siz bilan bo‘lishmoqchiman. Yuqoridagi seyfimda ishlatmaydiganim, men uchun ortiqcha bo‘lgan ancha pulim bor. Shuni iltimos, qabul qilsangiz!..
Indamadi.
Hech narsa demasdan ko‘zlarimga tikildi.
Nimanidir ko‘rishni,nimalarnidir tushunishni istayotganga o‘xshardi!..
Men esa, qo‘rqmadim, men esa uyalmadim bu nigohlardan. Chunki niyatim xolis edi, chunki samimiy edim. Pulga qiymat berib, pulni ahamiyatli deb bilganimdan buni taklif qilmagandim. Faqatgina kichkina bir istagimni, kichik bir orzuimni tilimga chiqargandim.
Men anglayolmaydigan bir yuz ifodasi bilan “ Bu bilan ikki marta bo‘ladi”, dedi.
– Nima ikki marta bo‘ladi?
–    Meni ikkinchi bor qashshoq deya hisoblayapsiz. Ehson qilish albatta go‘zal fazilat. Ammo kimlarga ehson qilishingiz lozimligini ham o‘rganing!..
Nima deyishimni ham bilmay qoldim. Men bu so‘zlarni, bu dashnomlarni ko‘tara olmadim. Bir oz jahlim chiqqanini, bir oz kayfiyatim tushganini his qildim.
– Said domla, meni noto‘g‘ri tushundingiz. Buni chin ko‘ngildan qilgandim. Men bilmagandim!..Sizga nimadir berib, o‘z minnatdorchiligimni izhor qilmoqchi edim!.. Bundan boshqasi qo‘limdan kelmasdi!..
Boqishlari o‘zgardi, bir oz hovuridan tushdi.
– Qo‘lingizdan keladigan, berishingiz mumkin bo‘lgan boshqa narsa bor edi!..
– Nima bor edi?
Mayin tabassum qilib, gapira boshladi:
– Eshiting, sizga bir hikoyat so‘zlab beraman. Og‘ilidagi sigirining orqasidan kun kechiradigan bir kishi bor ekan. Nimadir bo‘libdi-yu, mol-dunyoga hirs qo‘ygan bir kishi uning qandaydir ishiga qarashib yuboribdi. Dunyoparastning shu kichik yordami oldida qarzdor bo‘lib qolishni istamagan o‘sha odam, bir oz o‘ylanib turgandan keyin unga shunday debdi: “Alloh rozi bo‘lsin desam, bu sen uchun kamlik, men uchun ko‘plik qiladi. Yaxshisi og‘ildagi shu sigirim bilan buzog‘ini olib ketaqol!..”
Vo-ohhh!.. U odamga va uning “Alloh rozi bo‘lsin!” duosiga bergan bahosiga qarang!..
Domlaga qaradim. Bu qissani nima sababdan menga anglatganini tushundim. U mendan xuddi shu “Alloh rozi bo‘lsin!” degan duoni kutgandi. Men esa, unga sigir bilan buzog‘ini emas, bor-yo‘g‘i kichkina bir “buzoqcha”ni tuhfa qilmoqchi bo‘lgandim!..
Kulimsiragancha unga qaradim va “Ustoz, aybga buyurmang”, dedim. So‘ngra “Alloh rozi bo‘lsin!” duosining ma’nosini anglagan holda, uning bebaholigini his qilgan holda:
–    Sizdan Alloh rozi bo‘lsin! – dedim.
–    Inshaolloh, sizdan ham Alloh rozi bo‘lsin! – degancha o‘tirgan yeridan turdi.
–    Ustoz, ketyapsizmi? – deya oyoqqa turarkanman, qo‘limni tayab turgan kursim bilan birga yerga yiqilib tushdim. Nima bo‘lganini, bu qanday yuz berganini o‘zim ham bilmay qoldim!..
–    Yordam kerakmi?
Tushgan joyimda qotib qoldim.
Men bu so‘zni, bu ovozni oldin ham eshitgandim! Ha, bu qabristonda eshitgan ovozim, qabristonda eshitgan so‘zim edi! Said domlaga yotgan yerimdan hayrat bilan boqdim. Ko‘zlarim aldamayotgandi, men qabristonda ko‘rgan kishi edi bu!
Nima deyishimni, nima qilishimni bilolmay qoldim. Ajabo, u ham meni taniganmidi? Sal oldinroq qabristonda uchrashganimizni bilarmikin?
Yuz ifodasidan, nigohlaridan biror narsani ilg‘ash mushkul edi. O’rnimdan turarkanman, menga iliq tabassum bilan qarab turgan domlaga javoban men ham tabassum qildim:
–    Alloh rozi bo‘lsin! Zotan yordam berdingiz!..
Bugun uyga bir oz vaqtliroq keldim.
Rafiqam Shirin bolalar bilan o‘tirar, ularga sura yod oldirayotgandi. Ularning bu harakatidan g‘oyat sevindim. Shunda yana o‘lim haqida, o‘limim haqida o‘yladim. Allohga shukrlar bo‘lsinki, ko‘zimni xotirjam yumishim mumkin edi. Rafiqam, hayotim yo‘ldoshi haqiqatdan ham yaxshi inson, oqila ayol edi!.. Bolalarimni ham yaxshi xulqli insonlar qilib yetishtira olardi.
Oldinlari o‘zimga katta baho berar, Shirin uchun buyuk bir ne’mat va nihoyatda bebaho er deb bilardim o‘zimni. Endi esa, Shirin men uchun Allohning ulkan bir ne’mati ekanini angladim.
Qutsal menga yangi kitoblarini ko‘rsatdi. Payg‘ambarlar haqidagi qissalar hamda diniy hikoyalardan iborat edi. Shiringa qaradim. U bugun bolalar bilan bozorga borganligini, ham o‘ziga ham bolalarga kerakli diniy kitoblar sotib olganligini aytdi. “Juda yaxshi ish qilibsizlar”, dedim.
Payg‘ambarlar haqidagi qissalar alohida-alohida kitoblar holida ekan. O’g‘limni yonimga o‘tqazib oldim-da, kitoblarni birgalikda ko‘ra boshladim. Asmo ham darhol bu yonimga o‘tirib olgancha ularning nomini o‘qiy boshladi. Go‘zal qizim, sultonim o‘qishni ancha o‘rganib olganidan, uni isbotlashni xohlayotgandi. Hazrati Ayyub alayhissalom hamda Yunus alayhissalom haqidagi kitoblarni ko‘rganimda Said domlaning so‘zlarini esladim. Imon keltirganimiz Alloh taolo hamma narsaga qodir edi. Har ishga qudrati yetadigan Allohdan esa, hech qachon, har qanday holatda ham aslo umid uzilmasdi.
Hazrati Ibrohim alayhissalom haqidagi kitobni ko‘rarkanman, yana Yaratganning qudrati haqida tafakkur qildim. Hazrati Yunusni (a.s.) baliqning qornidan qutqargan Alloh taolo hazrati Ibrohim alayhissalomni ham olovdan qutqargandi! Muhimi, Allohdan umid uzmaslik hamda Unga keragicha tavakkul qila bilish edi!
Ovqatdan so‘ng soat o‘ngacha bolalar bilan o‘tirdik. Ham suhbatlashdik, ham hazillashib birga o‘ynadik. Bolalarni uxlatganimizdan keyin Shiringa kasalligim haqida so‘z ochdim. Boshim og‘rishining sababi, miyamda paydo bo‘lgan kichik bir shish tufayli ekanini bildirdim. Ko‘zlari kattalashdi. Hayratga tushdi!
–    Shishmi?..
–    Ha... Faqat xavotirlanishingga hojat yo‘q, kichkina shish...
Bir nafas jim bo‘lib qoldi. So‘ng menga qaradi. Men g‘oyat sokin edim. Nigohlarimda na bir vahima, na bir qayg‘u bor edi. So‘zlarim bilan holatim orasida bir bog‘liqlik ko‘rishga urinar, lekin ko‘rolmasdi!..
–    Doktorlar nima deyishyapti?
–    Shish ekanligini hammasi tasdiqlashdi. Hayotiy xavf bor-yo‘qligi borasida esa, fikrlari turlicha.
–    Masalan qanday?
–    Ba’zisi olti oydan so‘ng xavf boshlanadi deyishsa, ba’zilari olti yildan keyin deyishmoqda. Ya’ni aniq bir fikr yo‘q.!..
Ko‘zlariga yosh to‘ldi. Titroq bir ovozda:
– Olti oymi?.. – dedi.
Xastaligimdan ko‘ra ko‘proq uning ahvoliga achindim. Shamolda qolgan kichik bir maysadek, nafis bir chechakdek titrardi...
–    Shirin, hayotim, bu bor-yo‘g‘i bir doktorning fikri xolos. Axir aytdim-ku, balki olti oy, balki olti yil deb. Kim bilsin, balki o‘ttiz olti yildir!.. Insonning qachon o‘lishini faqat Alloh biladi. Shuningdek biz musulmonmiz. Har lahza o‘limga tayyor turishimiz kerakmasmi?
Boshi bilan “Ha”, degan ishorani qilarkan, o‘ksib-o‘ksib yig‘lay boshladi. Uning ahvolini ko‘rib, men ham yig‘idan o‘zimni arang tiydim. Yoniga o‘tirgancha, boshini ko‘ksimga bosdim. Bir qo‘lim bilan boshini silarkanman, ikkinchisi bilan ko‘z yoshlarini arta boshladim.
–    Meni tingla, azizam!.. Sen bilan bu dunyoda juda baxtiyor umr kechiryapmiz. Alloh sendan rozi bo‘lsin! Sen nihoyatda mehribon rafiqa, tushunadigan turmush o‘rtog‘imsan. Ammo bu birgalikdagi hayotimiz abadiy jannatda ham davom etsa, yanada go‘zal bo‘ladi. Umid qilamanki, biz buni Allohning ko‘magi ila amalga oshiramiz, inshaolloh. Ko‘ksimga qo‘yilgan boshini o‘zimga qaratdim. Yoshlangan ko‘zlariga muhabbatla boqdim. O’ng qo‘lim bilan o‘ng qo‘lini sekingina siqib: “Gapirsang-chi, buni amalga oshiramizmi?”dedim.
Bir muddat tutilib qoldi. Ko‘zlarimga tikildi.
Nigohlarimiz bir-biriga qadalgandek edi go‘yo. Bir-birimizning nafaqat ko‘zlarimizga, balki ko‘zlarimizning ichiga qarayotgandek edik. Ayol bilan erkak birlashdi deganlari shu bo‘lsa kerak.
Qo‘limni sekingina siqib: “Inshaolloh, inshaolloh amalga oshiramiz”, dedi.
Shu zayl yana bir necha soat o‘tiribmiz.
Unga Said domla haqida gapirib berdim. Ismoilning do‘konida u bilan uchrashganimizni hamda qilgan ba’zi suhbatlarimiz haqida aytdim. Bugun unga kattagina miqdorda pul bermoqchi bo‘lganimni, biroq qabul qilmaganini bildirdim. Shirin hayron qoldi. “Hayratlanarli yeri yo‘q, u kishi bizdan ko‘ra boy”, derkanman, puli ko‘p kishilar emas, haqiqiy qanoatli insonlar boy ekanliklarini tushuntirdim. So‘zlarimni samimiyat bilan tinglagach, domlani biror kun uyimizga mehmonga taklif qilishimni so‘radi. “Inshaolloh”, dedim.
Suhbatimiz yakunlangach, xufton namozida qoim bo‘ldik, so‘ng uyquga yotdik. O’ng tomonimda indamasdan yotgan xotinim uxlayotganmidi, yo‘qsa o‘zini uxlaganga solib yotganmidi, bilmasdim. Biroq men uxlayolmay yotgandim. Said domla bilan qabristonda uchrashgan o‘sha kunni va o‘sha damdagi ahvolimni o‘ylardim.
U kun go‘zal, g‘oyat go‘zal tuyg‘ular ichida edim. Hech qachon o‘zimni Allohga o‘sha kundagidek yaqin his qilmagan, hech qachon o‘sha kunda qilganimdek sidqidildan duo qilmagan edim. Qalbimdan yuksalgan bir iltijo bilan “Allohim, menga yordam ber, Allohim menga yordam ber!..” der edim. So‘ngra, so‘ngra eshitganim o‘sha ovoz!..
“Yordam kerakmi?”
Bu tasodif bo‘lishi mumkin emasdi. Avval o‘qigan ba’zi tasavvufiy hikoyalarni esladim. Muridlariga yordamga yetishgan murshidlar haqida yozilgandi ularda. To‘g‘ri-da, zotan men Ismoilning do‘koniga uning murshidi haqida so‘rash uchun borgandim. Va u yerda yana ayni insonni, qidirganimni topgandim!.. Ya’ni Said domla edi. Bularning hech biri tasodif emasdi. Hayajonlanganimni his qildim. Go‘yo bir mo‘‘jizaga, haqiqiy mo‘‘jizaga ro‘para kelgandek edim. Said domlaga bo‘lgan fikrim, munosabatim o‘zgara boshlagandi. U oddiy kishilardan emasdi!..
“Allohim, Senga sig‘inaman, faqat O’zingga sig‘inaman”, deya duo qilardim. Nega bunday duo qilganimni o‘zim ham bilmayman. Harholda, bunday nozik mavzuda yanglishishni, xato qilishni istamasdim.
Qayta-qayta Allohga sig‘indim, Unga tavakkul qildim va tavakkul tuyg‘usi ichra uyquga ketdim.
Said domlaning oldiga boryapman.
Uning yoniga borib, yaxshilab suhbatlashmoqchi, masalaga oydinlik kiritmoqchi edim. To‘rvaliga kelganimda shoshib qoldim. Chunki uning qayerda yashashini bilmayman-ku! Mashinadan tushib, mahallalarni aylana boshladim. Yo‘l yoqasida bir qashshoq kishiga ko‘zim tushdi. Borib sadaqa berdim. U sadaqani olgandan so‘ng, menga qarab:”Huv anavi yerda turgan oq avtobusga chiqasiz”, dedi. Uning gaplaridan hayratga tushdim, lekin unga hech narsa demasdan ayrildim. To‘g‘ri u aytgan avtobusning yoniga bordim. Qayerga borishini so‘ramasdan avtobusga chiqdim.
Avtobus xuddi mening chiqishimni kutib turgandek, darhol qo‘zg‘aldi. To‘rvalidan chiqib, tog‘li bir yo‘ldan keta boshladik. Qayerga, qaysi manzilga ketayotganimizni
bilmasdim, ammo ichki bir tuyg‘u bilan Said domlaga yaqinlashayotganimni his qilardim.
Atrof birdan qoraydi. Bir muddat bu yerosti yo‘lining tugashini kutdim. Faqat bu uzun qorong‘u yo‘lning hech poyoni yo‘qdek edi. Tashqaridan odamlarning ovozlari, faryodlari kela boshladi!.. Dahshat bilan tashqariga qaradim. Shunda bu qorong‘u yo‘lning g‘ira-shira burchaklarida guruh-guruh bo‘lib turgan turli odamlarga ko‘zim tushdi. Ba’zilari gaplashib o‘tirishardi, ba’zilari sharob-ichkilik ichishar, yana qaysi birlari raqsga tushishardi!..
Qichqiriqlar, u qo‘rqinchli faryodlar shularniki edi, biroq o‘zlari buning farqiga borishmasdi!..
Bu vahima uyg‘otuvchi faryodlar o‘zlariniki ekanidan mutlaqo bexabar holda tinmay so‘zlashar, kulishar, o‘yinga tushishardi!..
Avtobus to‘xtadi.
Chiptachi eshikni ochgancha, tashqariga qaradi. Yo‘lovchi olmoqchiga o‘xshardi. G’ira-shira burchaklardagi insonlarga qayta qaradi. So‘ngra o‘ng qo‘lini qulog‘iga tekkizgancha azon chaqira boshladi.
Hayratdan qotib qoldim!..
Ko‘z o‘ngimda sodir bo‘layotgan holatni angraygancha kuzatib turardim. Tashqariga qaradim. Juda ko‘p inson azon ovozini eshitmasdi. Azon ovozini eshitgan ba’zi birlari esa, bir harakat bilan o‘tirishlarini sal tuzatar, so‘ng yana gapirishda, kulishda davom etishardi.
Azon tindi!..
Hech kim kelmadi, hech kim avtobusga chiqmadi!..
Nimadandir xafa bo‘lganimni, kayfiyatim tushganini his qildim. Va avtobus o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
Chiptachiga qaradim. Orqadagi o‘rindig‘iga o‘tirgancha tasbeh o‘girar, nimalardir deb pichirlardi. Tashqaridagi qichqiriq va faryodlar yana-da yuksaldi!.. Ko‘zlarim avtobusning eshigiga tushdi-yu, dahshatdan seskanib ketdim!.. Eshik lang ochiq edi!.. Balandlikdan qo‘rqadigan kishi, yuksak bir yerdan turib, jarlikka qaraganda qanday qo‘rqsa, xuddi shunday vahima bilan ochiq qolgan eshikdan ko‘z uzolmasdim!.. Go‘yo, qandaydir bir mavhum kuch meni shu eshikka tomon tortayotgandek edi!..
O’tirgan o‘rindig‘imga mahkam yopishib oldim.
O’rindiqning qoplamasini changallab olgan qo‘llarimni ozgina bo‘shatsam bas, shamol uchirgan bir pardek avtobusdan tashqariga chiqib ketishimni, otilib ketishimni his qilardim. Chiptachiga: “Hoy birodar, eshikni yopsangiz-chi!” deya hayqirgim keldi. Baqirish uchun og‘zimni katta qilib ochdim, hayqirish u yoqda tursin, og‘zimdan hattoki bir tovush, sas-sado chiqmadi. Go‘yo og‘zim ulkan bir bo‘shliqdan iboratdek edi. Bu bo‘shliqda na nafas , na-da bir havo bor edi.
Go‘yoki fazoda edim. Havosiz bo‘shliqda gapirishning ilojsizligini endi farqlayotgandek edim!.. Ko‘zlarimni mo‘ltiratib chiptachiga qaradim. U ham menga qarab turar, lekin indamasdan tasbeh o‘girishda davom etardi!.. Shu qo‘rquv, shu vahima ichida yakka-yolg‘iz qolgandim. Ahvolimdan o‘zim ham achinib ketdim. O’zim uchun, chorasizligimdan o‘kinib yig‘lay boshladim.
Shunda aqlimga birdan Rabbim keldi!.. Darhol, Allohni eslashim bilan, “Yo Rabbim, yordam ber!..” deya hayqirdim. Ovozim barcha tovushlarni, faryodlarni bosib ketdi, butun chinqiriqlarni to‘xtatdi!..
Bundan o‘zim ham hayratda qoldim. Hozirgina haydovchi yordamchisiga gapirmoqchi bo‘lib, bir tovush chiqmagan og‘zimdan, bunday gumburlagan ovoz qanday chiqishi mumkin?!.
Chiptachiga qaradim. Hayqirig‘imni eshitgan bo‘lsa kerak, u ham menga jilmaygancha boqib turardi. Shunda yonimdan, shundoq yonginamdan bir ovoz keldi: “Yordam kerakmi?”
Allohim!.. Yana o‘sha tanish ovoz edi! Yana xuddi o‘sha so‘z edi!
Tosh qotib qoldim!..
Otash bo‘lib yonayotgan vujudimni hayotbaxsh suvga kirgandek his qildim shu lahzada. Butun jismim rohatlangandek bo‘ldi. Sevindim deyishim, bir oz quyiroq ta’rif bo‘lib qoladi. Chunki sevinishning qanday yuksak tuyg‘u ekanligini his qildim! Go‘yo har bir hujayram sevinch ichra harakat qilardi!
Boshimni sekin-asta ovoz kelgan tarafga bura boshladim. Boshimni burganim sayin atrof yorishar, avtobusning ichi oydinlashib, yerning ustiga chiqib borardi.
Shundoq yonginamda o‘tirgan kishi Said domla edi!.. Hech bir so‘z demasdan menga qarar, jilmayib turardi. Yuzidan taralayotgan nur, avtobusning ichini yoritib yuborgandi go‘yo!.. Nigohlari esa, umuman boshqacha edi. Menga juda olisdan, boshqa bir olamdan qarayotgandek ko‘rinardi.
Bu muborak ko‘zlarga tik qarab gapirolmasdim!.. Tuyg‘ularimni birgina harakat bilan izhor qilish maqsadida qo‘llari tomon egildim. Bu muborak insonning qo‘lini o‘pmoqchi, qayta-qayta o‘pmoqchi edim. Shu paytgacha hech bir kishiga bunday munosabatda bo‘lmagandim. Biroq endi shunday qilmoqchi edim, qilishim kerak edi!.. Chunki Said domla hech kimga o‘xshamagan muborak bir inson edi. Ichimdagi tuyg‘ularim, hissiyotlarimni bilib turganga o‘xshardi!..
Hurmat bilan egildim, egildim, egildim!..
Biroq, g‘alati bir holat ro‘y berdi!.. Men domlaning qo‘liga qanchalik egilsam, qo‘l mendan shunchalik uzoqlashardi. Go‘yo cheksiz bir bo‘shliqqa egilayotganga o‘xshardim! Biroq nima qilib bo‘lmasin, men bu qo‘lni o‘pishim kerak edi. Ko‘zlarimni yumgancha o‘sha cheksiz bo‘shliqqa, undagi qo‘lga tomon talpindim.
Mana nihoyat uning qo‘lini tutdim!.. Darhol lablarimga bosgancha o‘pa boshladim. Biroq, yana hayratim ortdi. Men qo‘lni o‘pganim sayin qo‘l qattiqlashib borardi!..
Ko‘zlarimni ochdim. Tubsiz bir jarlikning labida turardim!.. Ushlagancha o‘payotganim qo‘l esa, haykalning qo‘li edi. Sochi ko‘pikka o‘xshaydigan qandaydir bir odamning haykali edi bu!..
–    Bu yoqqa kel!..
Ovoz kelgan tarafga o‘girildim. Said domla sal nariroqdagi bir daraxtning tagida o‘tirardi. Ayb ish qilib qo‘ygan boladek uning yoniga bordim. Nigohlari o‘tkir va g‘azabnok edi!.. O’ziga yaqinroq yerni ko‘rsatgancha, “O’tir!” deya ishora qildi. O’tirdim.
Bir o‘ralgan kichik qog‘ozni oldimga tashladi va: “Buni ol, bu meni tanishing uchun!” dedi.
Hayrat ichra qog‘ozni olarkanman, so‘radim:
–    Bu nima?
–    Faqatgina men qilgan bir ish...
Qo‘limdagi g‘ijimlangan qog‘ozga qarab turar, ochishga jur’at qilolmasdim. Mo‘‘jizaga, aniq bir mo‘‘jizaga ro‘para kelaman, deya o‘ylardim. Bu kichik qog‘ozning ichida nima ham bo‘lishi mumkin?.. Olmosmi, yoqutmi? Bu oliyjanob, bebaho inson yo‘qsa, bir oddiy toshni yoqut holiga, olmos holiga keltirganmikin?..
Qo‘llarim titragancha ocha boshladim. Nihoyat ochdim. Tilim aylanmay qolgandek bo‘ldi!.. Negaki, qo‘limdagi qog‘ozning ichida bir najas, yong‘oqdek kattalikda inson najasi turardi!.. Ham hayrat ham jirkanish bilan unga qarab turarkanman, Said domlaga o‘girilgancha: “Bu inson najasi-ku!..” dedim.
–    Ha, mening najasim.
–     Uni nega menga berdingiz?..
–    Bir maxluq ekanimni, men ham Allohning seningdek bir bandasi ekanimni bilishing uchun!..
Nima deyishimni bilmay qoldim. Bir so‘z demasdan unga termulib turarkanman, yana nigohlarida keskinlik va g‘azab namoyon bo‘la boshladi:
–    Men senga tog‘utni, meni tog‘ut o‘rniga qo‘yishing, menga sig‘inishing uchun tanitganmidim? Yaxshiyamki, payg‘ambarlarni va ularning mo‘‘jizalarini ko‘rmading! Yo‘qsa, ularga sajda qilgan bo‘larding!
Allohim!.. Bu odam nimalar deyapti?! Ulkan bir uyat tuyg‘usining ostida ezilganimni his qildim. Yer yorilmadi, kirib ketmadim!..
Ahvolimni anglagandek, holimga achinganidan bir oz yumshoq ohangda gapira boshladi:
–    Menga qara, ey yigit! Insonni hamma yerda ko‘rib turadigan, har yerda eshitadigan va barcha duolarni ijobat qiladigan faqatgina yolg‘iz Allohdir. Duolarni qabul qiluvchi Parvardigor, O’ziga iltijo qilgan Nuh alayhissalomni kema, Hazrati Yunus alayhissalomni esa, baliq orqali qutqardi. Hazrati Nuhning qutilishini kemadan deb bilishimiz qanchalik ahmoqlik bo‘lsa, Yunus alayhissalomning qutilishini baliqdan deb bilishimiz ham xuddi shunday aqlsizlikdir! Yagona qutqaruvchi, qutilish vasilalarini yaratgan Allohning O’zidir! Qutilishlarini sababdan deb bilganlar esa, o‘sha sabablarni ilohlashtirgan gumrohlar, johillardir. Tushundingmi?
Tushundim degandek, boshimni qimirlatdim. Bu harakatimdan qanoatlanmagandek, takror so‘radi: “Angladingmi?” Sekingina “Tushundim”, dedim. Bu safar baqirgancha so‘radi: ”Tushundingmi deyapman!” Men ham “Ha, tushundim, tushundim!” deya baqirgancha javob berdim. Va o‘zimning ovozimdan, hayqirig‘imdan uyg‘onib ketdim.
“Angladim!..”

Ikki-uch hafta ko‘rgan tushimning ta’siridan chiqolmay yurdim. Hech kimsaga bu tush haqida gapirishni, hech kimdan uning ta’birini so‘rashni istamadim. Chunki, bu tush men uchun g‘oyat aniq va tushunarli edi. Faqat shu tushga tegishli bo‘lgan “Asmo-ul husna” ya’ni Rabbimizning go‘zal ismlarini, go‘zal sifatlarini anglatgan kitobni sotib oldim. Bu kitobni o‘qirkanman, ko‘rgan tushimni va undagi voqea-xabarlarni yana ham aniqroq, yaxshiroq anglardim.
Basir bo‘lgan, Sami’ bo‘lgan, Hodi bo‘lgan, Qodir bo‘lgan, Molik bo‘lgan faqat va faqat Rabbimizdir! Buyuk bo‘lgan Parvardigorimizning har qaysi sifatidan birini bir insonga, bir maxluqqa nisbat etish, u insonning g‘aybni ko‘rishini, g‘aybni bilishini gumon qilish, hech shubhasiz, o‘sha insonni, o‘sha maxluqni ilohlashtirishga urinishdir!..
Ham nega, nima sababdan bunday qilishga ehtiyoj tuyamiz? Bizni zotan har yerda ko‘radigan, har yerda eshitadigan, yashirin-ochiq har amalimizni haqqi bilan bilgan, biladigan bir Ilohimiz, yagona Rabbimiz bor emasmi?!.
Va shu bir Ilohimiz, yagona Rabbimiz bizga yetmaydimi?
O’z-o‘zimcha kulimsiradim. Kimni ayblayotgan edim?! Shu yanglishlikka tushgan, haq yo‘ldan adashgan kimsalardan bittasi o‘zim emasmidim?! Qadrli bir kishi bo‘lgan, bebaho musulmon bo‘lgan Said domla haqida turli xil xato fikrlarga borgan men edim. Hattoki, tushni ko‘rgandan, tushimda ochiq xabarni olgandan keyin ham, bir lahza, bir muddat bu tushni Said domladan degan vasvasaga borgandim!..
Tangrim meni kechirsin!..
Hech shubha yo‘qki har xayr, yaxshilikning yagona sohibi bo‘lgan Allohdandir. Biz musulmonlar, har yaxshilikni Allohdan deb bilishimiz, har xayrni faqat yagona Allohdan kutishimiz kerak.
Rabbimga hamdlar bo‘lsin, shukrlar bo‘lsin!..
Allohga bo‘lgan ishonchim, e’tiqodim ba’zi xurofotlardan tozalangandan so‘ng, bunday sof e’tiqodning musulmonlar uchun qanchalik muhim, qanchalik bebaho ekanini yana ham yaxshiroq anglab yetdim. Biz yashayotgan bu dunyoda millionlarcha, milyardlarcha inson bor. Allohga imon keltirish muhim, juda muhim, biroq ana shu ishonchni qadrli qiladigan unsur, e’tiqodning har turli bid’at-xurofotdan, har turli shirkdan uzoq bo‘lishi edi.
Hamma narsaning yagona egasi, hamma narsaning yakka Hokimi Allohdir!..
Inson uchun eng ulkan daraja, shon-sharaf, shirk qo‘shmasdan Unga qul bo‘lishi edi!
Haqiqiy sharaf va izzat mana shudir!.. “Sen kimsan, kimning kimisan?” deya so‘raganlarida, ko‘zlari bilan Arshga ishora qilib, “Men Arshning sohibi bo‘lgan Allohning quliman!” deya olishi edi!..
Va men, Saljuq Allohga hamd bo‘lsin-ki, hamdimni eshitgan Rabbimning quliman.
Endi yolg‘iz, endi chorasiz emasman!.. Chunki, har ishga Qodir, hamma narsaga Hokim bo‘lgan bir Rabbim bor! Ana shu Rabbim shunchalar marhamatli va shunchalar shafqatli ediki, menga, meningdek ojiz-notavon bir maxluqqa aziz bir vakil bo‘lishi mumkinligini va’da qilayotgan edi!
Allohning bir mo‘‘minga, bir musulmonga vakil bo‘lishi!.. Hatto tuklarimni tikka qilgan, vujudimning zarra-zarralarigacha ta’sir qilgan, izzat bergan bir ne’mat edi bu! Olamlarning Rabbi bo‘lgan Allohga yo‘nalib, “Hasbunallohi va ne’mal vakil” degan Saljuq endi yolg‘iz ham, endi chorasiz ham emasdi!..
Rahmon va Rahim bo‘lgan bir Rabbim bordir! Meni har yerda, hamma vaqt ko‘rib turgan, menga mendan ko‘ra yaqin bo‘lgan ana shu Rabbim bilan birgalikda yurar, birga o‘tirar, birga yashardim!..
Senga Sen loyiq bo‘lganingdek hamd bo‘lsin, Senga Sen loyiq bo‘lganingdek shukrlar bo‘lsin ey Rabbim!..

Va oradan ancha kunlar, ancha oylar o‘tdi.
O’tgan hafta roppa-rosa olti oy to‘lgandi. Bir necha xil dorilar bilan birga giyohlarni ham ichishda davom etayotgandim. Bosh og‘rig‘imda kuchayish yoki sezilarli bir o‘zgarish bo‘lmadi. O’tgan shu olti oylik vaqt ichida faqat menda va mening oilamda o‘zgarish sodir bo‘lgandi, oila hayotimiz o‘zgargandi.
Top-toza, nurday porloq bir hayot ichiga kirgandik. Bu dunyoga nima uchun kelganligimizni bilardik va shu e’tiqodga ko‘ra, shu idrokka ko‘ra yashay boshlagandik. Bizlarni tiriltirgan va hayotimizga oydin ma’noni onggimizda uyg‘otgan bir idrok edi bu.
Xotirasini yo‘qotgan bir inson uzoq yillar shu ahvoda yashagandan so‘ng, yana xotirasi tiklanganda nimani his qilsa, men ham xuddi shuni his qilayotgandek edim. Shu xastalik vasilasi bilan moziyimni, shu dard tufayli “qolu bala”ni, shu kasallik vasilasidan Rabbimni va Rabbimga bergan ahdimni eslagandim.
Kim ekanim, nima bo‘lganim ma’lum edi endi. Ilgarilari sohib bo‘lganim barcha “etikitka”larni, barcha sifatlarni tark qilgan, faqatgina bitta sifatga, faqat bir shaxsiyatga mahkam yopishgandim.
Menga sharaf bergan, menga izzat bergan bu shaxsiyat Allohga qul bo‘lish shaxsiyati edi!..
Bu orada Said domlani yana ikki-uch marta ko‘rdim. Yana diydorlashdik, yana suhbatlashdik, yana iymonlashdik!.. Fabrikaga ikki marta kelib, barcha ishchilarga nihoyatda go‘zal nasihatlar va tushunchalar berdi. Ko‘pgina ishchilar bilan samimiy va yaqin munosabatlar o‘rnatdi. Go‘yo ularga mendan ko‘ra yaqinroq, ularni mendan ko‘ra ko‘proq sevayotgandek tuyuldi. Ammo, qizg‘anmadim! Unga bo‘lgan hurmatim va muhabbatim yanada ortdi. Qanday go‘zal inson, qanchalar yaxshi musulmon edi u!..
Shifokorim Zakiybek esa, o‘tgan oyda avtomobil halokatidan vafot qilgandi... U menga mening o‘limim xabarini berayotganida, shubhasiz o‘zining mendan oldin o‘lishini bilmagandi!..
Rafiqam Shirinning qistovi bilan, peshonamdagi shishning holatini o‘rganish uchun qaytadan rentgen qildirdik. Aslini olganda men buni umuman xohlamagandim. Shish kattalashdimi, kichiklashdimi, men uchun buning ahamiyati yo‘q edi.
Butun diqqat-e’tiborimni, qiziqishimni Allohga qaratgandim. Hayot tomirim Allohning qo‘lida edi. U xohlagan paytida, xohlagan shaklida, istagan yerida bu tomirni qirqishi mumkin edi.
Hatto, hozir, shu lahzadayoq kesib yuborishi ham mumkin edi.
Rabbim shohid bo‘lsinki, bu o‘y menga hech qanday qo‘rquv yoki xavotir bermayotgandi. Aksincha qalbimda umid to‘la xushnudlik uyg‘otgandi. Chunki musulmoncha yashash qanday go‘zal bo‘lsa, musulmoncha o‘lish ham xuddi shunday go‘zal va xush edi!..
Rabbimning oldida bo‘ynim egilgan, yuzim yorug‘ edi.
Hamma narsaning mutloq sohibi, mutloq Hokimi o‘laroq faqat va faqat yagona Rabbimni ko‘rar, shu imon-e’tiqod bilan yo‘nalgan, Rabbimga shu ishonch bilan qullik qilishga harakat qilardim.
Shunday holatda o‘lish demak, inshaollohu taolo Rahmonning rahmatiga qovushish deganidir.Cheksiz marhamat sohibi bo‘lgan Rabbimning meni haqiqiy musulmon shaxsida o‘ldirishi, menga “Ey bandam, endi Men sendan roziman! Endi sen uchun imtihon, sinov tugadi!..” deyishi edi!..
Muhimi bu shaxsni, eng ahamiyatli bo‘lgan narsa, bu samimiy va shijoatli musulmon shaxsiyatini boy bermasdan, Azroil (a. s.) bilan salomlashish va o‘lim bilan quchoqlashish edi!.. Chunki shunday holatda kelgan o‘lim, Jannatga va Jannatning Sohibiga yetishish degani edi!..
Inshaolloh, inshaolloh yo Rabbi!..

Shirin bilan takror shifokorga bordik. Tushirilgan rentgen natijasiga ko‘ra, shish olti oy oldin qanday bo‘lsa, shundan aslo kattalashmagandi. Shifokorlarning fikriga ko‘ra, uning xavfli bosqichi o‘tgan bo‘lib, sekin-asta yo‘qolib ketishi ham mumkin ekan.
Bu xabarni eshitib, na sevindim, na xafa bo‘ldim. Balki sizga g‘alati tuyular, lekin miyamdgi bu shishning yo‘qolib ketishini sirayam istamasdim. Chunki peshonamdagi bu shish ma’dan konlarida ishlovchilarning peshonasidagi yoritgich yanglig‘ yo‘limni yoritgan, to‘g‘ri yo‘lni topishimga vasila bo‘lgandi!..
Negadir bu shishni yaxshi ko‘rib qolgandek edim. Uni shish deb emas, peshonamdagi nur deya qabul qilgandim!..

QASIDA

Arshning qubbalariga nomi nurla yozilgan,
Ismi samoda Ahmad, yerda Muhammad bo‘lgan,
Yetti qavat osmonda Haq jamolini ko‘rgan
Avval-oxir yo‘lboshchi, yo hazrati Muhammad!

Sizga nur yomg‘irlari yog‘arkan, yetti qatdan
U tunda siz, din kelgan azal qadar uzoqdan.
Malaklar har zarraga mujda berarkan, Haqdan
U tunda siz tug‘ilgan, yo hazrati Muhammad!

Quyosh ham u kechaning nuriga sajda qildi!
Yulduzlar behud bo‘lib, koinot vajda qildi!
Hamdu sanolar bari Yaratganga o‘qildi,
U tunda siz tufayli, yo hazrati Muhammad!

Ka’bada shirk toshlari – butlar yerga qularkan,
Jaholat bayroqlari bari bir-bir sinarkan,
Ming yillik kufr olovi abadiyan so‘narkan
Qutlug‘ qadamingizdan, yo hazrati Muhammad!

Shu tunda Sa’va ko‘li mo‘‘jizayla yo‘q bo‘ldi!
Kisro saroylarining ustunlari yiqildi!
Arzdan Arshgacha olam rahmatingizga to‘ldi!
- U kecha siz, din kelgan, yo hazrati Muhammad!

Go‘daklik yo‘rgagingiz oq bulutdan o‘ralgan,
Tug‘ilib-tug‘ilmasdan, sajda amri berilgan,
Boshingizda olamga rahmat toji ko‘rilgan!
Koinotning sarvari, yo hazrati Muhammad!

Sizning go‘zal xulqingiz, axloqning namunasi,
Go‘zal sabr bobida basharning eng a’losi!
Ul Jannat makoningiz, faqirlarning xonasi!
Ko‘ngillar xazinasi, yo hazrati Muhammad!

Sizga shohid haq so‘zlar azaldan beri har on,
Sizga shohid oyatlar har zarrada bitilgan!
Sizdan ayro qolmoqqa qanday chidasin, bu jon?!
Siz har jonda jononsiz, yo hazrati Muhammad!!!

Me’roj tunida bir-bir, ochildi sizga ko‘klar,
Salom bilan qarshilab, har qavat payg‘ambarlar!
Shunday bir on keldi-ki, to‘xtab barcha malaklar!
Haqqa yolg‘iz bordingiz, yo hazrati Muhammad!

Ko‘ngil ko‘zi ko‘r inson, jon ko‘zini naylasin!
Dunyoda do‘nmagan til, Mahsharda ne so‘ylasin?!
Mavlo butun basharni ummatingiz aylasin!
Bayrog‘ingiz ostida, yo hazrati Muhammad!!!

Haq bilan qul visoli, u ilohiy bir to‘yda,
Hech kimdan hech kimsaga foyda bo‘lmagan kunda
Xayru-sharrni xos tortgan, u tarozu o‘nggida
Siz shafoatchim bo‘ling, yo hazrati Muhammad!

Bilamizki, hukmi yo‘q, bu dunyo ne’matining,
Ko‘ngildir sarmoyasi, oxirat sarvatining
Sizga salovot-salom yo‘llagan har ummatning
Jannat shohidi bo‘ling, yo hazrati Muhammad!!!

Jannat sari yetaklang, yo hazrati Muhammad!
Jannatlarga yetaklang, yo hazrati Muhammad!

Turkchadan Gulbahor Abdulloh qizi tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.