OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Umar Sayfiddin. Ont (hikoya)

Men Go’nanda* tug’ildim. Yigirma yildan beri ko’rmagan bu qasabam xayolimda sarobday tuyulardi. Tug’ilgan joyimning xayoli ancha avval ko’rgan tushimday tuyulardi. O’sha paytlar yuzboshi* bo’lgan dadam bilan birga har doim yonidan o’tgan bozor oldidagi masjidni, uning qarshisidagi kichkina, harob shodirvonni,* ichida minglab yog’och bo’laklari suzadigan daryochani, bazan yuvinishga borgan issiq suvli xammomning chuqur hovuzini eslashga harakat qilyapman. Faqat ko’p narsalarni aniq eslay olmasdim, oppoq tuman ko’z oldimga yig’ilardi. Bu tuman yodimdagi ranglarni o’chirar, shakllarni yo’q qilardi. Uzoq davom etgan g’urbatdan so’ng, Vataniga qaytgan kishi tug’ilgan yerining ufqini quyuq tuman ostida topib, sevgan narsalarini uzoqdan ko’rolmagani uchun qanday mahzun bo’layotgan bo’lsa men ham xuddi shunday qiziqishga, sabrsizlikka o’xshash alamni his qilardim. Har oqshom sigir va qo’toslardan iborat podaning o’tgan changli, toshsiz yo’llar, yo’sinli, qora keramitli tomlar, yiqiladiganday turgan buyuk devorlar, kichkina taxta ko’priklaru oxiri bo’lmagan dalalar, pastak taxta devorlar, hamma hammasi afsuski doimo bu tuman ichida erib ketardi.
Faqatgina uyimiz bilan maktabimni ko’z oldimga keltira olaman. 
Buyuk bir hovli…O’rtasida ko’shk tarzida qurilgan oppoq bir uy….O’ng tarafida esa har doim o’tiradigan oq pardali xonamiz…Ertalablari onam meni chaqaloq kabi derazaning chekkasiga o’tirg’izib darsimni takrorlattirar, sutimni ichirarardi. Bu derazadan ko’ringan hovlining narigi tarafida tuproq rangidagi binoning oynasiz, romsiz bir dona derazasi bor edi. Bu qora teshik meni juda qo’rqitardi. Ovqatlarimizni pishirgan, kirlarimizni yuvgan, otamning otiga yem bergan, ov itlariga qaragan hizmatchimiz Abil Onaning har kecha anglatgan qo’rqinchli, bitmas-tuganmas hikoyalaridagi ayiqni qorong’u derazada ko’rganday bo’lardim. Bu vahima bilan ro’yo tinglash, uning ta’birini aytish qiziqishida bo’lgan bechora onamga har kuni ertalab ayiqli tushlar to’qir, yirik, quzg’un ayiqning meni ushlab toqqa olib ketganini, o’rmondagi iniga yashirib, qo’llarimni bog’laganini, burnimni, dudoqlarimni yeganini, so’ngra Bayramich* yo’lidagi suv tegirmonining charxiga otganini aytib unga bir necha marotaba “Yahshilikka bo’lsin insholloh” degizardim. Onam tushimning ta’birini aytar ekan, mening kelajakda ulug’ kishi, buyuk bek, mashhur olim bo’lishimni, menga hech kimning yomonlik qila olmasligi aytib tasalli bergani zamon yolg’on to’qiganimni unutar, qanchalar sevinardim!
Qanday ko’chalardan, kim bilan ketardim? Bilmadim…Maktabimiz bir qavatli, devorlari suvalmagan edi. Eshikdan kirishda usti yopiq hovli joylashgan edi. Biroz ilgarida kichkina, daraxtsiz bir bog’, bogning orqasida esa hojatxona, tahorat olish uchun kattakon suv to’ldirilgan, jo’mrakli bochka turardi… 
Sinfda o’g’il bolalar bilan qizlar aralash o’tirishar, birgalikda o’ynashardi. “Katta muallima” deb ataganimiz o’qituvchimiz esa qo’llariga xina surilgan, sochi to’kilgan, bukri, bo’yi uzun, qari va telbanamo xotin edi. Moviy ko’zlari juda keskin porlar, tumshuq kabi egri, sariq burni bilan tuki to’kilgan xoin kalxatni eslatardi. Kichkina muallim erkak kishi bo’lib katta muallimaning o’g’li edi. Bolalar undan hech qo’rqishmasdi. Ehtimol biroz telbaroq edi. Men orqadagi qatorlarda, katta muallimaning hatto eng uzun tayog’ini yetkiza olmaydigan yerda o’tirardim. Qizlar balki sochlarimning ochiq sariq bo’lganidanmi meni doim ”Oq Bek” deb atashardi. O’g’il bolalarning kattaroqlari ismimni aytishar, yoki “Yuzboshining o’g’li” deb chaqirishardi. Sinf eshigining ochilmagan tarafida osilgan “keldi-ketdi” lavhasi yapaloq, jonsiz yuzday bizga boqardi. Qalin devorlarning shipga yaqin tor derazalaridan kirgan so’nik oydinlik to’xtamasdan baqirgan, hayqirib kitob o’qigan bolalarning hech tinmas, keskin hayqiriqlari bilan aralashib yana ham og’irlashar, loyqalanardi. 
Maktabda faqat bir tur jazo bor edi: Kaltak...Katta nojo’ya ish qilganlar, hatto qizlar ham falaqaga yotardi. Falaqadan hamma qo’rqar, titrardi. Kichik ayblarning jazosi esa bir-biriga o’xshamasdi. Kichik muallimning og’ir mushti…Katta muallimning uzun tayog’i tekkan boshni mutlaqo shishirardi. Men hech kaltak yemagan edim. Balki menga yon bosishardi. Faqat bir marta katta muallima yolg’on gapirganim uchun quruq suyak qo’llari bilan chap qulog’imni cho’zgandi. Shunangi qattiq cho’zgandiki, ertasi kun ham qip-qizil bo’lib lov-lov yonardi. Holbuki aybim yo’q edi. Yolg’on gapirmagandim. Hovlidagi tahorat bochkasining jo’mragi sindirilgan edi. Katta muallim bu ishni qilgan kishini qidirayotgandi. Bu ishni qilgan moviy nimchali, qizil belbog’li, kasalmand ozg’in bola edi. Muallimaga xabar berdim. Aybdor falaqaga yotqiziladigan edi, lekin u aybini inkor etdi. So’ngra boshqa bir bola chiqdi. Jo’mrakni men sindirdim, uning aybi yo’q, dedi. Yerga yotib, baqira-baqira kaltak yedi. O’sha payt katta muallima: “Nimaga yolg’on gapirib, bu bechoraga bo’xton qilyapsan?” deb qulog’imga yopishdi. Yuzini burishtirib menga achchiq qildi. Rosa yig’ladim. Chunki yolg’on gapirmayotgandim. Ha, jo’mragni sindirayotganini o’z ko’zim bilan ko’rgandim. Kechki payt dars tugagandan keyin kaltak yegan bolani to’xtatdim va unga:
- Nima uchun meni yolg’onchiga chiqarding, - dedim, - jo’mrakni sen sindirmading-ku?
- Men sindirdim…
- Yo’q sen sindirmading. Narigi bolaning sindirganini o’z ko’zim bilan ko’rdim.
U oyoq tirab olmadi. Yuzimga qaradi, biroz shunday tikilib turdi. Agar muallimaga aytmaslikga ont ichsam, sirini aytadigan bo’ldi. Men darrov ont ichdim, chunki buning sababini o’rganishga qiziqayotgandim:
- Jo’mrakni Ali sindirgan edi, - dedi, - men ham bilaman. Ammo u zaif, ham kasal. Sen ham ko’rding, falaqaga chidayolmasdi. Balki o’lib qolardi, yotoqdan endi turdi o’zi. 
- Ammo sen nima uchun uning o’rniga kaltak yeding?
- Nimaga bo’lsin. Biz u bilan ont ichganmiz. U bugun kasal, men yaxshiman, quvvatim bor. Uning yeriga kaltak yeyish bilan uni o’limdan qutqardim.
Aytganlarini unchalik tushunmaganligim uchun takror so’radim:
- Ont nima?
- Bilmaysanmi?
- Bilmayman!
U “men bilmayman” deyishim bilan kuldi, mendan uzoqlashar ekan javob berdi:
- Bir-birimizning qonlarimizni ichamiz. Ana unga “Ont ichish” deydilar. Ont ichganlar qondosh aka-uka bo’ladi. Bir-birlariga o’lguncha yordam beradi, har tahlikada yoniga chopadi. 
So’ngra diqqat qildim, maktabda bir qancha bola bir-biri bilan ont ichib qondosh aka-uka bo’lishgan ekan. Hatto ba’zi qizlar ham oralarida ont ichishibdi. Bir kuni yangi o’rgangan odatimni qanday qilishlarini ko’zim bilan ko’rdim. Yana orqa qatorlarda o’tirgandim. Kichik muallim tahorat olish uchun tashqariga chiqqandi. Katta muallima esa bizga orqasini o’girib, shilliqqurt misoli sekin-sekin namoz o’qirdi. Ikkita bola taxta sopli bir pichoq bilan qo’llarini chizishdi. Chiqqan qizil tomchi qonlarni qo’llariga chizgan chiziqning ustida surtib aralashtirdilar. So’ngra bir-birlarining qo’llarini shimdilar. 
Ont ichib qondosh aka-uka bo’lmoq…Bu fikr meni o’ylantira boshladi. Agar mening ham qondoshim bo’lsa, muallimaga qulog’imdan torttirmas, ehtimol falaqaga yotadigan paytim meni qutqarardi. Kattakon maktabning ichida o’zimni yolg’iz, o’rtoqsiz, himoyasiz his qilardim, onamga fikrimni har bola kabi ont ichmoqchi ekanligimni aytdim. Ontning nima ekanligini ta’rif etdim. Rozi bo’lmadi. Onam: “Unaqa munosib bo’lmagan ishlarni xohlamayman. Aslo qilma bu ishni haa…” deb koyidi. Lekin men uni tinglamadim. Ont ichishga ahd qilgandim. Faqat kim bilan? Bir tasodif, kutilmagan voqea menga qon qardoshimni belgiladi. Juma kunlari hovlidagi qo’shni bolalar to’planishardi. Kechga qadar birga o’ynardik. Orqamizdagi uylarning egasi Hoji Budaklarning men bilan tengqur o’g’illari bor edi, eng ko’p uning ismi menga yoqardi: Mistiq…Bu so’zni aytar ekanman rosa lazzat olar, ismini doimo takrorlardim. Shunchalar ohangli va jarangdor ediki... Qizlar bu go’zal ismga to’qigan qofiyalarni Mistiqni bog’da, ko’chada ko’rishlari bilan birvarakayiga aytishar edi, haliyam esimda: 
Mustafo Mistiq 
Arobaya qistik, 
Uch mum yoqtik,
Sayriga boqtik!, 
deya baqirishar, qo’llarini musht qilib unga qarshi turar edilar. Lekin Mistiq hech jahl qilmasdi, aksiga kulardi. Biz ham uni ko’rishimiz bilan bu she’rni baqirib aytar, maza qilardik. 
Bu mittigina she’r xayolimga ham ta’sir etgandi. Tushimda ko’pgina orsiz qizlarning Mustafani buyuk muhojir mashinasida siqishtirib olib, atrofida uchta mum yoqqandan keyin uni tomosha qilishganini ko’rdim. Nima uchun Mistiq shunchalik odobli o’tirardi. Nimaga birdan sakrab qizlarni kaltaklamas, siqilib o’tirgan qatron hidli mashinadan qochmasdi. Chunki u hammamizdan quvvatli edi. Xuddi ismiday har tarafi yumaloq edi: boshi, bilaklari, oyoqlari, vujudi…Hatto qo’llari…Butun bolalarni kurashda yengardi. Yozda har juma kuni ertalab bir quchoq tol shoxi olib kelardi. Bu shoxlardan o’zimizga ot yasar, chavgon o’ynab musobaqa qilardik. Mustafo musobaqada ham hammamizni yengardi. Uni hech birimiz tutolmasdik. Yana bir juma kuni Mistiq tol shoxlari bilan keldi. Men eng uzunini o’zimga ayirdim. Qolganlarini bolalarga tarqatdim. Bir pichoq bilan shoxlarning uchlarini kesar, qobiqlaridan ikki quloq, bir burun chiqarar, xuddi otga o’xshatardik. Bu ishni eng yaxshi men bajarardim. 
O’z otimni yasarkanman, Mistiq bilan boshqa bolalar navbat kutishardi. Qanday bo’lganini sezmay qoldim, tolning qobig’i birdan yorildi. Orqasidan sirg’algan pichoq chap qo’limning ko’rsatkich barmog’ini kesti. Birdan suvli, qizil qon oqa boshladi. Shu payt kallamga bir fikr keldi: Ont ichmoq…Barmog’imning achishini unutdim. Mistiqqa:
- Qani, nima bo’lsa ham barmog’im tayyor kesildi. Qondosh aka-uka tutinaylik. Sen ham kes…
Mustafo ikkilandi. Qora ko’zlarini yerga qadab buyuk, yumaloq boshini chayqadi:
- Bunaqasi bo’lmaydi….Ont ichish uchun qo’l kesish lozim…
- Nima zarari bor, deb uni majbur qildim, qon emasmi? Hammasi bir. Xoh qo’ldan, xoh barmoqdan…Qani tezroq bo’l…
U rozi bo’ldi. Qo’limdan olgan pichoq bilan o’z qo’lini ancha chuqur qilib kesdi. Qoni shunchalar quyuq ediki, oqmas, bir tomchi shaklida qavarib, yiriklashardi. Barmog’imning qoni bilan aralashtirdik. Avvalo men shimdim. Qon tuzli, issiq narsa edi. So’ngra u mening barmog’imni shimdi. 
Bilmadim, oradan qancha vaqt o’tdi. Balki olti oy…Balki bir yil…Mistiq bilan qondosh bo’lganimizni deyarli unutgandim. U bilan yana o’ynar, maktabdan uyga birga qaytardik. Bir kuni havo juda issiq edi. Katta muallima bizni yarim kundan keyin ozod qildi. Xuddi payshanba kuni kabi… Mistiq bilan ko’chaning changlari ichida sekin-asta yurardik. Men fesimning* ichiga ro’molchamni qo’ygandim….Terimni artmaganim uchun yuzim jiqqa ho’l edi. Katta yo’ldan o’tayotgandik. Burchakda yiqilgan devorning qoldiqlari bor edi. Birdaniga qarshimizdan yirik, qora it chiqdi. U bizga qarab yugurib kelardi. Orqadan ko’ringan bir necha odam qo’llarida qalin tayoqlar bilan itni quvalashardi. Bizga: “Qochinglar, qochinglar, tishlaydi!”, deb baqirishdi. Qo’rqib ketganimizdan nima qilishimizni bilolmay joyimizda qotib qoldik. Men biroz o’zimga kelib: “Voydod, qochaylik…” dedim. Ko’zlari olovday yongan it bizga yetib olgandi. Xuddi shu payt Mistiq: “Sen mening orqamga yashirin!”, deb hayqirdi, o’zi esa oldimga o’tdi. It uning ustiga tashlandi. Dastlab tezlik bilan bir-birlariga urilishdi. So’ngra xuddi kurashayotganday tikkama-tikka kelishdi. It ham orqa oyog’ida tikka turardi.
Biroz shunday kurashgandan so’ng ikkalasi ham yerga yumaladi. Mistiqning kichkina fesi, moviy ro’molchasi yerga tushdi. Bu jang menga juda uzun tuyuldi. Titrardim. Tayoqli amakilar yetib kelishdi. Itga qo’llaridagi tayoqning bor kuchi bilan bir necha marotaba urishdi. Mistiq itdan qutildi. Bechoraning qo’llaridan, burnidan qon oqardi. It dumini chotiga qisib og’zi yerda xalloslab qochdi. Mistiq esa: “Hech narsa bo’lgani yo’q… Achimayapti… Birozgina chizildi…” derdi. Uni, uyiga olib ketdilar. Men ham darrov uyimizga qarab chopdim. Onamga boshimga kelganlarni aytib berdim. Abil Ona meni darrov yerga yotqizib uzoq muddat qovug’imga, “qo’rquv” tomirlarimga bosdi. Shunday duo o’qib yuzimga puhladiki sarimsoq hididan aksirib yubordim.
Ertasi kuni Mistiq maktabga kelmadi. Uning ertasi kuni yana kelmadi….Onamga Hoji Budaklarning uyiga borib Mistiqni ko’raylik, dedim. “Kasal ekan bolam, insholloh tuzalgandan keyin yana birga o’ynaysizlar, hozir ularni bezovta qilsak uyat bo’ladi”, dedi. Undan keyin men har kuni ertalab Mistiqni tuzalgan holda ko’raman, degan umid bilan maktabga borardim. Faqat hayhot…. U hech kelmadi…It quturgan ekan. Qaratish uchun Mistiqni Bandirmaga* olib ketishibdi. U yerdan Istambulga jo’natar emishlar.
Nihoyat bir kuni eshitdikki, Mistiq o’libdi….
Saharlab turganimda ochiq, bulutsiz havolar hammada bo’lgani kabi menga ham bolaligimni eslatadi. Yodimda azaliy va safsar tongning qizg’ish mamlakatiday qolgan tug’ilgan joylarimni, ko’z oldiga keltirgim keladi. Doimo farqiga bormasdan chap qo’limning ko’rsatgich barmog’iga qarayman. Birinchi bo’g’imning ustida haliyam oq chiziq shaklida turgan bu kichkina yara izi men uchun juda muqaddasdir. Onti uchun o’lgan, hayotini mahv etgan qahramon qon-qardoshimning issiq lablarini takror barmog’imning uchida his qilar, meni qutqarish uchun o’zidan katta quturgan cho’pon iti bilan kurashgan arslon va bahodirning hayolini ko’rganday bo’laman.
O’z qavmimizdan, durust Turklikdan uzoqlashgan paytimiz, battar chirigan chuqurlarga yumalagan qorong’u jarlikning, bu axloqsiz va buzuqilik, vafosizlik, faqatgina o’z dardini o’ylashlik, pastkashlik, miskinlik jahannamining eng tubida ma’yus va shartlangan, to’lg’onarkan sof va nurdan paydo bo’lgan moziy, yo’qolgan bir jannatning haqiqatdan uzoq bir sarobi shaklida qarshimda ochilar, meni ovutib baxtli qilardi. Soatlab Mistiqning hotirasi bilan bu muhtaram va jo’mard motamning eskirib unutilgani sayin yana ham ziyoda qiymati ortgan totli va mahzun achinishi bilan lazzatlanaman…

Turk tilidan Zamira Hamidova tarjimasi


_____________
* Go'nan - Turkiyadagi Balikesir viloyatining nohiyalarindan biri. 
* Yuzboshi - Leytenant
* Shodirvon - Masjidlarda tahorat olinadigan, atrofidagi jo’mraklardan su oqadigan usti ochiq, kichik hovuz. 
* Bayramich - Umar Sayfuddin yashagan joydagi yo’lning nomi.
* Fesim - Qizil duxobadan tikilgan, tepasida popuklari bo’lgan, silindr shaklidagi shapka.
* Bandirma - Turkiyadagi Balikesir viloyatinig nohiyasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.