OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Visente Blasko Ibanes. Ma’yus bahor (hikoya)

Keksa Tofol va uning qizi qullardek mashaqqatli kun kechirishardi. Ular beto‘xtov hosil beraverganidan sillasi qurigan bog‘chalarining quli edilar. O‘zlari ham shu bir parcha, qo‘shnilarning ta’rifi bilan aytganda, dastro‘moldan sal katta yerga ildizi bilan kirib ketgan ikkita daraxtga o‘xshashar, ota-bola pushtalarda go‘yo chuvalchangdek g‘imirlaganlari-g‘imirlagan, ayniqsa, shu zahilgina qiz mardikor singari tinmas edi. 
Qo‘shnilar qizga Borda deya laqab qo‘yishgandi, chunki Tofol amakining marhuma xotini tug‘masligi ma’lum bo‘lgach, uni yetimxonadan asrab olishgandi. Borda shu bog‘chada katta bo‘ldi. U o‘n yetti yoshlarda bo‘lsa-da, ko‘rinishidan o‘n bir yashar qizaloqdan farq qilmas, ozg‘in yelkalari egik, ko‘kraklari botiq, qizlarga xos zarofat ko‘rinmasdi. 
Borda ko‘rimsizligi ustiga tinimsiz yo‘talaverganidan qo‘shni ayollarni, ayniqsa, o‘zi bilan Valensiya bozorida yonma-yon turib savdo qiladiganlarni cho‘chitib qo‘ygan. Shunday bo‘lsa-da, uni hamma yaxshi ko‘rardi. 
Qizgina biram tirishqoq ediki! Bozor rastasidan joy olishga ulgurish uchun tong otmasdanoq bog‘chaga kirar, sahargi izg‘irindan junjikib qulupnay terar yoki gullarni kesib, Valensiya shahri darvozasidan birinchi bo‘lib kirar edi. Polizlariga suv olish uchun Tofol amakining navbati yetgan tunlarda qiz etak­larini lippasiga qistirardi-da, og‘ir so‘qani itoatkorona olib cholga ergashar, zovur bilan ariq tutashgan joylarga tuproq tashlab yasalgan g‘ovlarni ochishga yordamlashardi. Zang rangi urgan suv ariqlarga taralishi bilanoq, chanqagan yer uni qulqullatib yutib yuborardi. 
Madridga jo‘nash uchun karvon to‘plana boshlasa, qiz shamoldek yelib, jo‘yaklarni titib chiqar, qadoqlovchi ayol sabzavotlarni katta-katta savatlarga joylab ulgurmasdan, quchoq-quchoq atirgul, chinnigullarni kesib kelardi. 
Shu qadar kichik bog‘ orqasidan tirikchilik qilish uchun bosh ko‘tarmay ishlash, bir lahza bo‘lsin, yerni unutmaslik kerak. Ota-bola xuddi o‘jar, xala urmasa, qimirlamaydigan xachir uchun jon kuydirgandek urinishardi. Tofol amakining ekinzori inqilob vaqtida musodara etilib, ijara yerlari sifatida taqsimlab yuborilgan keng monastir bog‘ining bir qismi edi. Shahar kun sayin kengayib, atrofdagi ekinzoru bog‘larni yutib borar, chol bog‘chasini qanchalik la’natlarga ko‘mmasin, yer egasi bir kunmas-bir kun mo‘may pulga uchib yerni shahar uchun sotib yuborishi mumkinligi xayoliga kelib qolsa, qaltirab qolardi. 
Chol o‘zining butun umrini, oltmish yillik mehnatini shu bog‘chaga ko‘mgan, yerning bir qarichi ham bo‘sh qolmagan. Daraxtu butalar zichligidan, bog‘chaning o‘rtasida turib har burchiga nazar solganda ham devor o‘rnidagi to‘siqlar ko‘rinmasdi. 
Magnoliya, qizil mevali butazorlar, pushti yasmin butalari, chinnigul va atirgul – barining narxi bor, ularning hammasi fe’l-atvori g‘alati shaharliklar jon deb pul to‘laydigan mol. 
Chol bog‘ining go‘zalligiga loqayd, faqat tushumni o‘ylaydi. U gullarni xuddi maysadek, quchoq-quchoq kesib yuborishga tayyor, aravalarni meva-chevaga to‘ldirib tashlashni istaydi, ochko‘zlikka mukkasidan ketib, bechora Bordani qiynagani-qiynagan. Qiz yo‘tali tutib, bir daqiqaga to‘xtasa, qo‘pol o‘shqiriq yanglig‘, kuragiga kesak kelib tegardi.
Qo‘shni ayollarning achchig‘i chiqardi. Bu chol qizni adoyi tamom qiladi-ku! Axir boyaqishning yo‘tali kun sayin kuchayib boryapti! Lekin cholning javobi tayyor: qizcha yo‘talayotgan bo‘lsa, nima qilsin, taqdiri shu ekan, qorni to‘q, nonsiz, guruchsiz qolib ketmayapti, ba’zan hissasiga kamyob ne’mat – qonli kolbasa bilan piyoz tegib qoladi. Yakshanba kunlari qizining xursandchilik qilishiga, ya’ni xonimchalardek cherkovga jo‘nashiga xalal bermaydi, yubka sotib olish uchun uch peset berganiga hali bir yil ham bo‘lgani yo‘q. Qolaversa, u qizning otasimi yo yo‘qmi? Tofol amakining otalik hissi xuddi qadim rimliklar tarozisida o‘lchangandek: farzandning hayoti ham, o‘limi ham otaning izmida, dilining qat-qatiga yashiringan mehrini uyulgan qosh-qovoqlari, g‘azabnok qarashlari, ba’zida jahllanib turtishlari bilan ifodalaydi.
Qiz boyaqish zorlanmasdi. O‘zi ham ko‘proq ishlashga urinardi, faqat bog‘larini tortib olishmasa bo‘lgani. Ko‘pincha bog‘cha so‘qmoqlarida o‘zi ona deb atagan, bir vaqtlar yorilib ketgan qo‘llari bilan uni erkalagan keksa ayolning yamoq etaklari lipillab o‘tgandek tuyulardi. Bu yerda qiz sevgan hamma narsa: bolaligidan tanish daraxtlar, qizlik ko‘nglida onalik muhabbatiga o‘xshash hislar uyg‘otuvchi gullar bor edi. Qiz uchun gullar go‘yo farzanddek, chunki ular g‘arib bolaligining qo‘g‘irchoqlari edi. U har tong g‘unchalardan yangi gullar bunyod bo‘lishini taajjub bilan kuzatar, g‘unchalar avval uyalibgina, xuddi begona nazardan yashirinmoqchi bo‘lgandek, o‘z gul yaproqlarini qisib olishini, keyin birdan dadillanib, mitti rangdor mushaklardek portlab yorilishini ko‘rardi. 
Bog‘cha qiz uchun tuganmas qo‘shiq kuylardi, unda ranglar kuyi, yaproqlar shitiri va yashil gumbaz ostida yugurayotgan, itbaliqqa to‘la loyqa zovurdagi suvning bir tekis jildirashi bilan qo‘shilib ketardi. 
Jazirama tush payti chol mizg‘igani yotganda, Borda bog‘chani kezar, bahorni qutlash uchun eng soz libosini egniga ilgan nihollarning go‘zalligiga mahliyo bo‘­lib tikiladi. 
Oppoq liliya bal liboslariga o‘rangan qizlar misoli nafis tebranadi. Nimpushti kameliya kishi tasavvurida o‘zining ko‘rkam sirlarini yashirmasdan to‘shakda osoyishta cho‘zilgan go‘zalning iliq badanini jonlantirardi. Tannoz binafsha barglar orasiga yashirinib, nozik islari bilangina o‘zini oshkor qilardi. Hamisha bahor gullari o‘tlar orasida oltin so‘lkavoy singari sarg‘ayar, chinnigullar oqimi alvon qalpoq kiygan inqilob qo‘shinlaridek pushtalarni to‘ldirib, so‘qmoqlarni qamal qilgan, ular ustida magnoliyalar fil suyagidan yasalgan ladandonga o‘xshash kosalarini tebratib, sarxush qiluvchi cherkov ladanlaridan ham xushbo‘y hidlar sochar, kapalakgullar – nafarmon baxmal qalpoqcha kiygan sho‘x mittilar qizning nazarida:
– Borda, Bordeta! Muncha issiq! Xudo haqi! Suv... – deya shivirlayotgandek tuyulardi.
Ha, gullar shivirlardi, qiz buni aniq eshitardi! Horg‘inlikdan suyaklari zirqillasa-da, qiz gulchelakka suv to‘latgani zovur sari yugurar, gulchelakdan yog‘ilgan yomg‘irdan ruhlangan gullar unga minnatdorlik ila bosh tebratardi.
Nozik bandlarni kesar ekan, ko‘pincha Bordaning qo‘llari titrar edi. Gullar o‘z umrini yashab o‘tishi uchun jon deb ularni pushtalarda qoldirgan bo‘lardi! Lekin tirikchilik uchun savatlarni gullarga to‘ldirish, ularni Madridga jo‘natishdan boshqa iloji yo‘q edi. 
Uzoq safarga ketayotgan gullarga qizning havasi kelardi. Madrid! Qandoq shahar ekan u? Uning xayoliga ertaklarda tasvirlangandek shohona saroylar – devorlari chinnidek yarqiroq keng xonalar kelardi, atrof to‘la ko‘zgu, ularda minglab chiroqlar, sochlariga gullar taqilgan bashang xonimlar aks etadi.
Bu tasavvur shunday jonlanar ediki, xuddi qiz bularni qachonlardir, balki hali dunyoga kelmasidan avval ko‘rgandek!
Madridda xo‘jayinning o‘g‘li yashardi. Bola choqlari ular birga o‘ynardilar. O‘tgan yili u balog‘atga yetgan ko‘rkam yigit bo‘lib bog‘lariga kirib kelganida, Borda uyalib qochib ketdi. Hayajonli xotiralar! Qiz bir vaqtlar zovurning labida yonma-yon o‘tirganlarini, bola unga birdaniga go‘zal malikaga aylangan kambag‘al, yetim bir qiz – Zolushka haqida hikoya qilganlarini eslab, yuzlari yondi. 
Unutilgan barcha bolalarning doimiy orzusi uni ham oltin qanotlari ostiga oladi. Go‘yo eshik oldiga ajoyib arava kelib to‘xtaydi, undan go‘zal bir xonim tushadi-da: “Qizalog‘im! Nihoyat, topdim seni!” – deydi.
Xuddi ertakdagidek. Keyin – bashang liboslar, saroydagi baxtli hayot, nihoyat, u haqiqiy janobga turmushga chiqishga rozi bo‘ladi (senga uylanishga tayyor shahzoda doim ham topilavermaydi-ku!).
U borlig‘i bilan orzulariga berilgan mahal, gardaniga kesak kelib tegadi.
– Hoy, muncha anqayasan? – deya o‘shqiradi otasi.
Yana ishga beriladi, tag‘in yerni o‘yib, qiynay boshlaydi, nazarida zamin gullarga burkanayotib, og‘riqdan ingraydi.
Quyosh bog‘chani qizdiradi, daraxtlarning po‘stlog‘i darz ketadi. Odatda salqin bo‘lgan erta tongda Borda xuddi kun tikkaga kelgan paytdagidek terga botadi, yanada ozadi, kuchliroq yo‘taladi.
O‘zi tushunarsiz ma’yuslik bilan o‘pgan gullar uning hayotini tortib olayotgandek, yuzidagi qizillikni o‘chirib yuborayotgandek tuyuladi.
Doktorni chaqirish hech kimning esiga kelmasdi. Nega? Doktorga pul to‘lash kerak, Tofol amaki esa tibbiyotga ishonmasdi. Mana, jonzotlar, tabibsiz ham, dorisiz ham yashaydi, derdi u. 
Bir kun ertalab Borda qo‘shni ayollarning achinish bilan qarab pichirlashganlarini eshitib qoldi. Qizning o‘tkir quloqlari shivirlab aytilgan gapni darrov ilg‘adi: “U kuzga, xazonrezgiga ham yetolmaydi”. Shu kundan boshlab bu xayol uni tinmay ta’qib qila boshladi.
O‘lish! Na iloj, mayli... Faqat bechora cholga qiyin: bir o‘zi, yordamchisiz qoladi. Agar hayot bilan vidolashmoqqa to‘g‘ri kelsa, juda bo‘lmasa, onasi ketgandek – avji bahorda, ranglar qo‘shig‘i baxtiyor kulgu singari ko‘kka o‘rlaganda ketsa! Faqat kuzda o‘lmasin, faqat bu ma’yus faslda, yer yalang‘ochlanib, himoyasiz daraxtlar xuddi supurgidek sho‘ppaygan, pushtalarda qish gullari hazin tebrangan pallada ketmasin!
Daraxtlar barg tashlagan kunlar! Borda kuzda xunuk og‘ochlarga aylanuvchi daraxtlarni yomon ko‘rib qoldi, u xuddi o‘lim olib kelayotgandek tuyulgan daraxtlarni qo‘riqlab yurgan kezlari bundan yuz yil avval monaxlar o‘tqazib ketgan palmani – qomati raso, hilpiroq patlardan jig‘a taqqan yuksak daraxtni jon dildan sevdi. Palmaning barglari hech qachon to‘kilmas edi!
Qiz bu aqldan emasligini anglardi, lekin mo‘‘jizaga moyillik hissi uning diliga umid baxsh etardi, bechora Borda istirohat chog‘lari Bibi Maryam oyoqlari ostidan davo izlagan ba’zi xudojo‘ylar misoli o‘tkir uchli yaproqlar soyasidan panoh izlardi. 
Uning so‘nggi yozi palma ostida o‘tdi. Bir kuni qiz go‘yo yer qa’rida biqirlayotgan vulqonga yo‘l ochgandek, tuproqdan bug‘ siqib chiqarayotgan quyosh endi uning junjikkan badanini isita olmaydigan bo‘lib qolganini sezdi. U xuddi shu yerda, palma ostida daraxt yaproqlarini uzib olayotgan dastlabki izg‘irinlarni kutib oldi. U odamlarning ko‘z o‘ngida kun sayin so‘lib, ma’yuslanib borardi, endi uning quloqlari bog‘chaning inson ilg‘amas shitirlashlarini ham eshitar edi.
Oppoq parvonalar Bordaning boshi ustida aylanarkan, uni o‘zga olamga, xush isli ajoyib gullar o‘zini parvarish qilganlarning hayotini tortib olmaydigan shafqatli dunyoga olib ketishni tilagandek, qizning nam peshonasiga astagina qanot tekkizardi. 
Qish yomg‘irlari qizni bog‘chadan topa olmadilar. Og‘ir tomchilar Tofol amakining bukik beliga tushdi. Chol doimgidek so‘qani qo‘lida mahkam tutgan, ko‘zlarini yerga tikkan, qismatiga tushgan yo‘ldan qashshoqlikning itoatkor askariga xos bema’ni loqaydlik bilan ketib boradi. Ishlash kerak, bir siqim guruch sotib olish, vaqtida ijara haqini to‘lash uchun ishlash, ishlash kerak!
Endi u yolg‘iz, qiz onasining ortidan ketdi. 
Cholning serhosil, go‘yo o‘lim nafasi tegmagandek gullab-yashnab, muattar islar taratib yotgan, odamning umrini yemiruvchi, bir kun kelib, cholni ham adoi tamom qiluvchi mana shu diydasi qattiq yerdan boshqa hech narsasi yo‘q. 
Chol yetmish yoshida ikki kishining yumushini qilishga mahkum. U yerni avvalgidan ham tirishib chopadi, atrofidagi aldoqchi go‘zallikka qaramay, bosh ko‘tarmay ishlaydi. U biladiki, bu go‘zallik uning mashaqqatli mehnatlari samarasi, chol faqat bitta istakka mubtalo – o‘zi yaratgan go‘zallikni qimmatroqqa pullash. Shuning uchun chol daladagi pichanni o‘rgandek, gullarni bamaylixotir kesib boraveradi. 

Rus tilidan Risolat Haydarova tarjimasi

«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 4-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.